Xorxe Luis Borxes. Funesning mo‘jizaviy xotirasi (hikoya)

Men uni birinchi marta ko‘rganimda, qoramtir “ehtirosgul”ni ushlab turardi. U gulga qarab turib nimalarni ko‘ra olishi faqat o‘zigayu, xudogagina ma’lum edi. Oddiy odamlar umr bo‘yi erta tongdan qorong‘u tungacha tomosha qilsalar-da, u ko‘rgan narsalarni tasavvur ham qila olmaydilar. Esimda, ehtirossiz, hindularga xos siymosi kuchli taassurot uyg‘otardi. Uning harakatchan barmoqlari ozg‘in qo‘llari hamon ko‘z oldimda. Bir qo‘lida “Sharqiy sohil” ramzi tushirilgan choy quti, derazasida esa ko‘l manzarasi tasvirlangan qamish darparda ham esimda. Shoshmasdan, o‘ziga xos ohangdagi ovozi, gapirishlari aniq yodimda. Men uni bor-yo‘g‘i uch marta ko‘rganman — oxirgi 1887 yilda. Uni ko‘rgan odam, albatta, u haqda biror narsa yozishi kerak, degan fikrga men ham qo‘shilaman. Men bergan ma’lumotlar, ehtimol, eng qisqasidir, lekin dangal, ro‘y-rostligi bilan nashr qilinayotigan kitoblardagi boshqa ma’lumotlardan qolishmaydi. Men bir argentinalik miskin odamman. Urugvayda odat bo‘lgan, ayniqsa, gap urugvayliklar to‘g‘risida ketganda, madhiyabozlik, maqtovlarga to‘la bo‘lgan janrda yoza olmayman, men bu janrda no‘noqman. “Yozuvchi”, “Poytaxtlik olifta”, “Ipak muloyim” kabi haqoratomuz iboralarni Funes menga nisbatan qo‘llamagan bo‘lsa-da, uning nigohidan meni shu toifali odamlar qatoriga qo‘shib qo‘yganligi ko‘rinib turardi. Pedro Leonardo o‘z maqolasida Funesni mo‘jizakor, “Allaqanday tug‘ma qobiliyatli Zardusht” deb ta’riflaydi: Men bahslashib o‘tirmayman, Inuche uning Fray-Bentoslik hamqishlog‘i ekanligini, tuzalmas dardi — savodsizligini ham unutmaslik kerak. Funes haqida dastlabki xotiralarim. Men uni sakson to‘rtinchi yili mart yoki fevral oyining oqshomlaridan birida ko‘rgan edim. O‘sha yili yozda otam meni Fray-Bentosga olib borgandi. Amakivachcham Bernardo Aedo bilan San-Frantsiskodagi xo‘jaligimizdan qaytayotgandik. Biz otda xirgoyi qilib kelardik, ko‘tarinki kayfiyatimizning sababi faqat buning o‘zi emasdi. Kunduzgi diqqinafaslikdan so‘ng osmonni momaqaldiroqdan darak beruvchi ulkan qoramtir bulutlar qopladi. Ularni janub shamoli haydab kelar edi. Daraxtlar shamolda g‘uvillay boshladi. Men kuchli yomg‘irda yaydoq cho‘l o‘rtasida qolib ketmasaydik, degan xavotirda edim, biz go‘yo momaqaldiroq bilan quvlashmachoq o‘ynardik. Ko‘p o‘tmasdan biz ikki chetiga baland qilib g‘isht yotqizilgan yo‘lakli ko‘chaga yetib oldik. Birdan qorong‘i tushdi, tepa tomondan tez-tez tashlangan qadam tovushlarini eshitib, boshimni ko‘tarib qaradim: bir yigit tor yo‘l bo‘ylab, xuddi ensiz devordan yugurayotgandek chopqillab ketardi. Oqargan, yuzi jiddiy, qo‘lida esa sigareta, cholvorda, cheksiz qora bulutlar soyasida yugurayotganligi yodimda qolgan. Bernardo kutilmaganda undan “Soat necha bo‘ldi?” deb so‘radi. U to‘xtamasdan, osmonga ham qaramasdan javob berdi: “To‘rt minuti kam sakkiz, do‘stim Bernardo Xuan Frantsisko”. Uning ovozi ingichka va kinoyali edi.
Men parishonxotir odamman, agar amakivachcham o‘sha gaplarni qaytarmaganda, esimdan ham chiqib ketgan bo‘lardi. Har uchala ismini masxaraomuz ataganiga u go‘yo beparvodek, shu yerlik ekanidan faxrlangandek sezdi o‘zini.
Biz uchratgan yigit Ereneo Funes bo‘lib, u g‘alatiroq fe’li borligi, birov bilan do‘st tutinmasligi, qachon undan vaqtni so‘rasang, xuddi soatdek aniq bilishligini so‘zlab berdi. U, shu yerlik Mariya Klementina Funes ismli dazmolchi ayolning o‘g‘li ekan, ba’zan odamlar uning otasi shu yerlik shifokor ingliz O’ Konnor, ba’zilari esa Salto departamentida yashovchi ot o‘rgatuvchimi yoki qassobmi deyishar ekan. U onasi bilan shahar chetidagi “Lavrlar” xo‘jaligi orqasida istiqomat qilar ekan.
Sakson beshinchi va sakson oltinchi yillarning yoz oylarini biz Montevideoda o‘tkazdik. Sakson yettinchi yili biz yana Fray-Bentosga bordik. Tabiiyki, men o‘sha yerlik barcha tanish-bilishlarimni va nihoyat, xronometrchi Funesni ham surishtirdim. Aytishlaricha, uni San-Frantsisko xo‘jaligida bir o‘rgatilmagan ot uloqtirib tashlabdi, shundan u falaj bo‘lib, umrbod to‘shakka mixlanib qolganmish. Bu xabarni eshitishim bilanoq, meni allaqanday sehrli hissiyotlar chulg‘ab oldi: o‘sha amakivachcham Bernardo bilan otda ketayotganimizda yugurib borayotgan Funesni uchratganimiz, amakivachchamning u haqda aytganlari — qachonlardir hayotimda bo‘lib o‘tgan bu uzuq-yuluq lavhalar go‘yo tushda kechgandek edi. Funes umuman o‘rnidan turolmay, hovlidagi kaktusgami, yo shiftdagi o‘rgimchak inigami tikilib yotganligini aytishdi. Kechqurun u karavotini derazaga yaqinroq surib qo‘yishga rozi bo‘larkan. Boshiga tushgan musibatni tan olishga g‘ururi yo‘l qo‘ymas, bu unga nasib etgan bir marhamat, deb hisoblarmish. Men uni ikki marta deraza panjarasi ortida ko‘rdim — xuddi umrbod jazo o‘tayotgan mahbusdek taassurot qoldirdi. Birinchi ko‘rganimda u ko‘zlari yumilgan holda haykaldek qotib o‘tirar, ikkinchi marta ham xuddi shu holatda, lekin nigohi santolinaning xushbo‘y poyalariga qadalgan edi.
O‘sha paytda men biroz g‘urur bilan lotin tilini o‘rganishga kirishgandim. Chamadonimda lotin tilidagi Lomonning “De uirris illusribus” “Mashhur kishilar haqida”, Kisherning “Thesaurus” — “Xazina xona”, Yuliy Sezarning “Sharhlar” kitoblari hamda mening lotin tilidan kamtarona bilimimga to‘g‘ri kelmaydigan (hozir ham bu imkoniyatga ega emasman), Pliniyning “Historia haturalis” — “Tabiat tarixi” kitobining bir jildi ham yotardi. Kichkina shaharchada yangilik tezda ovoza bo‘lib ketadi. Ireneo Funes ham o‘zining olisdagi ranchosida turib, men bu yerga ajoyib kitoblar olib kelganligimni tez bilib olgan. U menga tantanali ravishda xat yo‘llab, unda sakson to‘rtinchi yilning yettinchi fevralidagi uchrashuvimiz, afsuski, qisqa bo‘lganligini eslatib o‘tgan va o‘sha yili vafot etgan amakim don Grigorio Aedoning Itusaingoga qilgan safari haqida jasorat ko‘rsatib, har ikki vataniga shuhrat keltirganligini maqtab yozgan. U mendan iltimos qilib, kitoblarimdan birortasini lug‘at bilan berib turishimni so‘ragan. “Hozircha lotin tilini bilmayman, asliyat tilini lug‘atdan foydalanib bilib olaman”, — degan. U kitobni tez orada yaxshi saqlagan holda qaytarishga va’da bergan. Xat juda aniq va chiroyli yozilgan edi. Andres Belo* tavsiya qilgan imlo lug‘atida “i” harfi o‘rniga “y”, “j” o‘rniga “d” ishlatilgan edi. Dastlab, u meni masxara qilyapti, deb cho‘chidim. Amakivachchalarim Ireneo xuddi shunday usulda yozardi, deb meni tinchlantirishdi. Bilmadim, bu bezbetlikmi, bilimsizlikmi yoki ahmoqlikmi: eng murakkab bo‘lgan lotin tilini faqat lug‘at yordamida o‘rganish mumkinmi? Uning bu xom-xayolini chippakka chiqarish uchun unga Kisherning “Parnasga bir pog‘ona” kitobi va Pliniyning kitobini yubordim.
O‘n to‘rtinchi fevral kuni Buenos-Ayresdan telegraf xabarini oldim. Unda mening zudlik bilan yetib borishim zarurligi, otamning ahvoli “unchalik yaxshi emas”ligi aytilgandi. Xudo o‘zi meni kechirsin-u, o‘sha paytdagi boshimga tushgan g‘am-tashvishni bo‘rttiribroq ko‘rsatish, Fray-Bentos aholisi oldida o‘zimni stoiklardek jasoratli qilib ko‘rsatish istagimi, maqtanchoqligim tufaylimi, xullas, haqiqiy musibatimni o‘sha paytda to‘liq his qila olmadim. Narsalarimni chemodanga joylashtirayotib, “Parnasga bir pog‘ona” va “Tabiat tarixi” kitoblari yo‘qligini payqadim. “Saturn” paroxodi ertalab yo‘lga chiqishi kerak edi, shuning uchun Funesnikiga yo‘l oldim. Kunduzgi diqqinafaslik kechqurun ham tarqamaganligiga hayron bo‘ldim.
Ozodagina ranchoda meni Funesning onasi kutib oldi.
U menga Ireneonning xonasi uy ichkarisida ekanligini, agar xona qorong‘u bo‘lsa, hayron bo‘lmasligimni tushuntirdi. Ireneo soatlab chiroq yoqtirmas ekan. Men tosh yotqizilgan patio — hovlidan yo‘lak orqali ikkinchi hovliga o‘tdim. Tok novdalari devor bo‘ylab o‘sib yotardi. Anchagina qorong‘i edi. To‘satdan Ireneoning ingichka, kinoyali ovozini eshitib qoldim. Ovoz qorong‘ilikdan kelar, lotin tilida sarkashlik va qoniqish bilan aytilayotgan bu so‘zlar ibodatmi, madhiyami, bilib bo‘lmasdi. Lotin tilida eshitilayotgan bu so‘zlar, afsuski, tushunarsiz va adoqsiz edi. Keyinchalik kechasi bilan bo‘lgan suhbatimizdan ma’lum bo‘ldiki, bu so‘zlar “Tabiat tarixi”ning yettinchi kitobi, yigirmanchi bobi, birinchi abzatsidagi so‘zlar bo‘lib, u bob xotira haqida edi, oxirgi jumlasi quyidagi so‘zlar ekan…ut nihil non jisdem verbis redderebur auditum.**
Ovozini o‘zgartirmasdan Irineo meni xonasiga taklif qildi. U karavotda chekib yotardi. Men uning yuzini to tong otgunga qadar ko‘ra olmadim, faqat sigareta cho‘g‘i yaltillab turardi, xolos. Xonada nam-lik hidi sezilib turardi. O‘tirib olgach, undan telegramma olganim va otamning betobligi haqida gapirib berdim.
Hikoyamning eng qiyin joyiga kelyapman. Kitobxon (o‘quvchi) allaqachon tushungan bo‘lishi kerak, bu yerda yarim asr oldin bo‘lib o‘tgan dialog — suhbatdan boshqa biror syujet yo‘q. Men buni aniq-tiniq jonlantirishga ojizman, lekin Ireneodan eshitgan gaplarimni imkon boricha aniqroq qilib tasvirlashga harakat qilaman. Hikoyani birinchi shaxs nomidan bera olmayotganligim uning chiroyli va jonli chiqishiga putur yetkazdi, lekin o‘sha tundagi mening ahvolimni tasavvur qilish o‘quvchilarga havola.
Ireneo “Tabiat tarixi”da qayd qilingan ajoyib xotira egalarini lotin va ispan tillarida birma-bir sanab o‘tishdan boshladi: Eron shohi Kir o‘z qo‘shinidagi har bir jangchini noma-nom bilishligi; Mitridat Yevpator o‘z saltanatida yigirma ikki tilda odil sudlovni o‘tkazishi; mnemotexnika*** ixtirochisi Simonid, bir marta eshitgan narsasini aniq esida saqlab qoluvchi Metrador (Epikurning shogirdi) bo‘lganligini aytib berdi. Bunday oddiy narsalarni, nahotki, ajoyib hodisa deb o‘ylashadi deb Ireneo, chindan ham hayron bo‘lardi.O‘sha yomg‘irli oqshomga qadar, ya’ni uni oq ayg‘ir ko‘tarib otgan kungacha u hamma qatori savodsiz qovoqkalla va xotirasiz bir kimsa bo‘lganini gapirib berdi. Men unga vaqtni ajoyib tarzda aniq aytib berish qobiliyati, ismlarni esda saqlash iqtidoriga ishora qilmoqchi bo‘lgandim, u hatto eshitgisi kelmadi. O‘n to‘qqiz yil u xuddi tushdagidek yashagan: qarab turib ko‘rmagan, quloq solib eshitmagan, deyarli hamma narsani unutgan (esda saqlab qololmagan).
Otdan yiqilgach, u hushini yo‘qotgan, o‘ziga kelganda esa idrok etish hissiyoti shu darajada boy va aniq bo‘lganki, u nafaqat atrofdagilarni, balki o‘tmishda bo‘lgan voqea-hodisalarni ham eng mayda-chuyda tafsilotlarigacha jonlantira olgan. Birozdan so‘ng u falaj bo‘lib qolganligini bilgan. Falaj bo‘lib qolganligini o‘zi uchun arzimagan jazo, deb bilgan. Uning hissiyoti va xotirasi bexato bo‘lib qolgan.
Bir qarashda biz dasturxonda uchta qadahnigina ko‘ramiz, u esa tok novdalariyu barglarini, uzumlargacha ko‘rib turgan. U bir ming sakkiz yuz sakson ikkinchi yilning o‘ttizinchi apreli tongida janub tomondan suzib kelgan bulutlarning shakli, ispan qog‘ozsozligi mahsuli bo‘lgan kitob varaqlaridagi chiziqlarni, Kebracho yaqinidagi jangdan oldin Rio-Negro daryosida suzib ketayotgan qayiq eshkagidan paydo bo‘lgan jimjimador ko‘piklarni, garchi birinchi marta ko‘rgan bo‘lsa-da, fikran ularni taqqoslab ham ko‘ra olgan. U ko‘rib turgan manzara faqat shunchaki xotira bo‘lmasdan, balki butun vujudi bilan his qila oladigan darajada aniq bo‘lgan. U ko‘rgan barcha tushlarini, hatto mudroq holatda ko‘rganlarini ham, xotirasida tiklay olgan. Ikki-uch marta u o‘tmishdagi bir kunini to‘la ravishda tiklab ko‘rgan, lekin bularni jonlantirish uchun ham to‘la bir kun ketgan. U menga: “Yorug‘ olam paydo bo‘lgandan beri yashab turgan barcha odamlarning xotiralarini jamlaganda ham mening xotiralarim ko‘proq”, — dedi. Yana u: “Mening tushlarim sizning uyg‘oq paytingizdagi singaridir”, dedi.
Tong ota boshlaganda, u yana “Mening xotiram, og‘ayni, xuddi oqar suvga o‘xshaydi”, deb aytdi. Qora taxtaga chizilgan aylana, to‘g‘ri burchakli uchburchak yoki romb shakllarini biz qanchalik aniq tasavvur qila olsak, Ireneo ham otning yoki tog‘ yonbag‘irlarida o‘tlab yurgan hayvonlarning chigallashib ketgan yollarini, alanganing tovlanishidan hosil bo‘layotgan ranglarni, kulning har bir zarrasini jasadning to dafn qilingunga qadar o‘zgarishini xuddi shunday aniq tasavvur qila olgan. Bilmadim, u osmonda qancha yulduz borligini ko‘rgan.
U aytib bergan narsalari haqiqatligiga men o‘sha paytda ham, hozir ham shubha qilmaganman. U paytlarda kinematograf ham, fonografiya ham yo‘qligi hammaga ma’lum bo‘lsa-da, lekin hech kim Funes bilan tajriba olib bormagan. Hayotda biz ko‘pincha keyinga qoldirish mumkin bo‘lgan narsalarni orqaga surib kelganmiz, balki, qalbimiz tubida, go‘yo barcha narsalarni bilamiz, abadiy yashaymiz, ertami-kechmi har bir inson hamma narsani bilib oladi va bajaradi, deb o‘ylaymiz.
Qorong‘ulikda Funes gapini davom ettirdi.
Aytishicha, 1886 yilda u raqamlashning original usulini o‘ylab topgan va bir necha kun mobaynida u yigirma to‘rt mingdan oshgan. U, bir marta o‘ylaganini umrbod esida saqlash qobiliyati borligi sababli, ularni yozib qo‘ymagan. Uni bunga rag‘batlantirgan omillardan biri shu bo‘ldiki, u “o‘ttiz uch peso” iborasini qo‘llash uchun ikki raqam yoki uch so‘z zarurligi, bir so‘z yoki bir raqam bilan ifoda qilib bo‘lmasligi uni afsuslantirgan. Bu ma’nosiz tamoyilni u boshqa raqamlarga nisbatan ham qo‘llagan. Masalan, “etti ming o‘n uch” o‘rniga “Maksimo Peres”, “Etti ming o‘n to‘rt” o‘rniga “Temir yo‘l”, boshqa sonlarni esa “Luis Melian Lafinur”, “Olimar”, “oltingugurt”, “chillak”, “kit”, “gaz”, “qozon”, “Napoleon”, “Avgustin de Vedia” degan iboralarni ishlatgan. Har bir so‘z alohida belgilangan — xuddi shu tamg‘aga o‘xshash, oxirgi katta sonlar esa juda murakkab bo‘lgan. Men unga bu ma’nosiz so‘zlar yig‘indisi umuman raqamlar tizimiga to‘g‘ri kelmasligini tushuntirmoqchi bo‘ldim. Men unga “365” raqamini aytish uchun biz uni tahlil qilib — uchta yuzlik, oltita o‘nlik va beshta birlik sonini nazarda tutishimizni, uning “negr Timoteo” yoki “hayfsan” kabi atamalarida bu narsa yo‘qligini tushuntirmoqchi bo‘ldim, lekin Funes meni tushunmadi yoki tushunishni istamadi.
XVII asrda Lokk**** tilning imkoniyatiga ko‘ra, har bir narsa, har bir tosh, har bir qush va har bir novda o‘z shaxsiy nomiga ega bo‘lishi mumkinligi haqida taklif kiritgan inkor ham qilgan) edi. Funes ham xuddi shunga o‘xshash tilni o‘ylab topmoqchi bo‘lgan, lekin so‘zlar judayam umumlashib ketishini, ikki xil ma’noli bo‘lib qolishini o‘ylab, bu fikridan qaytgan. Haqiqatan ham Funes nafaqat har bir o‘rmonni, undagi daraxtlarni, ularning har bir bargini esida saqlab qola olgan, balki biror bargni ko‘rib qolganda yoki tasavvur qilganda ham ularning barchasi xotirasida tiklanavergan. U o‘zining o‘tmishidagi sayohatlarini yetmish mingtagacha chegaralab, ularni raqamlab chiqishga qaror qilgan. Bu narsa cheksiz va befoyda ekanligi uni bu ishdan to‘xtatib qolgan. U bolaligidagi xotiralarini tasniflamoqchi bo‘lganda, bu ishni to o‘limiga qadar ham oxiriga yetkaza olmasligiga ko‘zi yetgan.
Uning yuqoridagi ikki rejasi telbalikdan boshqa narsa emas, lekin unda buyuklikni elas-elas eslatuvchi pinhona nimadir bor. Ular bizga Funesning aql bovar qilmas darajadagi olamini biroz bo‘lsa-da, tasavvur qilishimizga imkon beradi. Esdan chiqarmasligimiz kerak, Aflotunning g‘oyalari uning uchun tushunarsiz edi. “It” so‘zining tushunchasi tur sifatida juda ko‘p shakl, jussa va boshqa ko‘rinishlarni qamrab olishligini tushunishga u qiynalardi: itning yonidan ko‘rinishi (profil) bilan old tomonidan (anfas) ko‘rinishi itning nomini o‘zgartirishga hech qanday asos, bo‘la olmasligi unga yoqmasdi. Har gal ko‘zguga qarab o‘zi hayron bo‘lardi.
Sviftning hikoya qilishicha, Liliputiya imperatori soatning daqiqani ko‘rsatuvchi millari harakatini ko‘rib turar ekan: Funes asta-sekinlik bilan o‘tadigan har qanday yemirilish, buzilish, tishning chirishi, charchoqning rivojlanishini ko‘ra olgan. U o‘limning ham, namlikning ham asta-sekin kirib borishini sezib turgan. Funes son-sanoqsiz ko‘rinishga ega bo‘lgan bu o‘zgaruvchi turfa olamning chidab bo‘lmas darajadagi turlanishlari o‘tkinchiligini aniq-tiniq ko‘rib turuvchi yolg‘iz tomoshabin va bashoratchi edi. Bobil, London va Nyu-York o‘zlarining shiddatli manzaralari bilan inson tafakkurini lol qoldiradi. Lekin ulardagi tinim bilmas, tumonot odamlarning birortasi ham o‘zining kulbai vayronasida erta-yu kech voqelikning chidab bo‘lmas darajadagi qaynoq va og‘ir yukini bechora Ireneochalik o‘zida his etmagan bo‘lsa kerak. Uning uyqusi juda qiyinlik bilan kechardi. Uxlamoq — dunyoni unutmoq, demakdir. Funes chalqancha yotar, qorong‘ulikda qo‘shni uy devoridagi buralgan, yorilgan har bir chiziqlarni tasavvur qilardi. Xotirasining har bir mayda-chuyda, arzimas tafsilotlarigacha aniq va ravshan his etib turgan.
Shaharning sharq tomonida hali qurilishi bitmagan, yangi – unga notanish bo‘lgan imoratlar qad ko‘tarayotgandi. Funes ularni yoppasiga qop-qora zulmatdek tasavvur qilardi, uxlash uchun u ko‘pincha shu tomonga o‘girilib yotardi. U yana o‘zini daryoda oqib ketayotgandek his qilar, oqim uni o‘z domiga tortib, go‘yo eritib yuborardi.
U hech qanday qiyinchiliksiz ingliz, frantsuz, portugal, lotin tillarini o‘rganib oldi. Lekin, fikrlashga unchalik qobiliyati yo‘q, degan gumonim bor. Fikrlash — bu farqlarni vaqtincha unutish, umumlashtirish, mavhumlashtirish degani. Turli-tuman narsalar qalashib yotgan Funesning bu olamida esa faqat tafsilotlaru bevosita aniq ma’lumotlargina bor.
Ertalabki quyoshning nurlari xonani yorita boshladi. Shundagina men uning yuzini ko‘rdim, tun bo‘yi uning ovozinigina eshitdim, xolos. Ireneoning yoshi o‘n to‘qqizda, 1868 yilda tug‘ilgandi (hozir esa 1887 yil edi). U, xuddi bronzadan quyilgan haykaldek qadimgi Misrdan ham, u yerdagi ehromlaru payg‘ambarlardan ham qadimiyroq bo‘lib tuyuldi. Men ortiqcha harakat qilishdan qo‘rqardim, mening har bir behuda harakatim, har bir so‘zim uning ayovsiz xotirasida abadiy qolib ketishidan qo‘rqardim.
Ireneo Funes ikki yildan so‘ng, 1889 yilda o‘pka silidan vafot etdi…

Ruschadan Mahkam Mahmud tarjimasi

___________
* A n d r ye s B ye l o — venesuelalik yozuvchi, Lotin Amerikasi filologiyasi asoschilaridan.
** Lotincha. Mazmuni: bir xil so‘zlar quloqqa yoqimsiz eshitiladi.
*** M n ye m o t ye x n i k a – xotirlash san’ati usuli.
**** Ingliz faylasufi.