Vitaliy Bianki. Bolalar uchun hikoyalar

SURATDAGI PAT

Bir rassom tanishlari bilan ovga bordi. U miltiqdan yaxshi otardi. Lekin ko‘pdan beri o‘rmonda bo‘lmagan. Ko‘zini qamashtiruvchi, yashillikka burkanib yotgan daraxtlar orasida, ko‘zga yalt etib tashlanib, tezda yo‘qoladigan qizg‘ish-sariq qanotli loyxo‘raklarni yaqindan ko‘rmagan.
To‘satdan uning oyog‘i ostidan bir qush parillab havoga ko‘tarildi. Loyxo‘rak yerdan qanday tez ko‘tarilgan bo‘lsa, rassom otgan o‘q uni shunday shiddat bilan yerga qulatdi.
Birinchi ov zavqidan hovliqib ketgan rassom, qushni yerdan oldi-da, kamalakdek tovlanayotgan rangli patlariga mahliyo bo‘lib qoldi. Uning ko‘nglida shu zahoti mo‘yqalam bilan ana shu qushni asl holatidek qilib chizish istagi uyg‘ondi. O‘rmon tasviri binoyiday chiqdi. Lekin loyxo‘rak negadir asliga o‘xshamadi. Rassomning niyati loyxo‘rak qanotlaridagi juda nozik chiziqlarni o‘ziga o‘xshatib tasvirlash edi. Uzoq urinish zoye ketdi. To‘rt-beshta sara mo‘yqalamidan ayrildi. Qayerda adashyaptiykan? Loyxo‘rak tanasini qo‘lga olib, sinchiklab kuzata boshladi. Mana u, rassomning o‘tkir nigohi qush qanotining qayrilgan yeridagi juda ingichka, ammo simday mustahkam patga tushdi. U ana shu patni astagina yulib oldi-da, bo‘yoqqa botirib chiza boshladi. Rassomga o‘shanday mo‘yqalam yetmayotgan edi. Topildi. U rasmdagi loyxo‘rak qanotlarini shunday bejirim, shunday tabiiy qilib chizdiki, bu rasmni ko‘rganlar hayratdan yoqa ushlaydigan bo‘lishdi.

SOZANDA AYIQ

Keksa ovchi hovlisi oldidagi supachada o‘tirib, skripkada o‘zicha kuy mashq qilardi. Yaxshi chalolmasada, xafa bo‘ladigan joyi yo‘q. Sababi, har kimniki o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga.
Tanish o‘rmonchi ko‘chadan o‘tayotib, unga gap qotdi:
– Ey, og‘ayni, qo‘y o‘sha g‘iyt-g‘iytingni, yaxshisi miltig‘ingni ol. Sening qo‘llaringga miltiq yarashadi. Asl hunaring bilan shug‘ullansang-chi? Hozir o‘rmonda ayiqni ko‘rdim.
Ovchi skripkani qo‘yib, oshnasidan ayiqni qayerda ko‘rganini so‘rab oldi-da, o‘rmonga jo‘nadi.
Ayiq ko‘ringan joyimda turaman deb va’da bermagan, shekilli, o‘rmonchi aytgan joydan uning izini ham topib bo‘lmadi. Ovchining tinkasi qurib, biroz nafasini rostlamoqchi bo‘lib, to‘nkaga o‘tirdi. O‘rmon suv quyganday jimjit edi. Tiq etgan tovush eshitilmasdi. Hatto jinqarcha qushlarning ham ovozi o‘chgandi. Birdan ovchining qulog‘iga tor chertilganday “dzinn” degan tovush eshitildi. Sal o‘tmay yana o‘sha tovush keldi: “Dzinn!..” Ovchi hayron. O‘rmon ichida yashirinib olib, kuy mashq qilayotgan kim bo‘ldi ekan? “Dzinn”… Yana o‘sha tovush.
Ovchi tovush kelayotgan tomonga qarab yurdi. Musiqa shu yaqin-atrofdan eshitilyapti-yov. Ha, xuddi shunday…
Chol archa shoxlarini ohista qayirib, ortiga qaradi. Yashin urib yiqilgan kattakon daraxt tanasi yorilib, payraxa bo‘lib osilib turibdi. Ayiqpolvon payraxani tortib, qo‘yib yuborar, undan chiqayotgan “dzinn” degan yoqimli tovushni boshini xam qilib eshitib ko‘rmoqda edi. “Dzinn”… Bu ayiqqa yoqyapti. Ovchiyam eshitib ko‘rdi. Yaxshi. Payraxa uni biroz tingach, ayiq uni tortib, qo‘yib yuborardi: “Dzinn”… Har holda yomon emas. Ayiqqa yoqib tushyapti.
Kechqurun o‘rmonchi yana o‘sha tanish hovli yonidan o‘tayotib, ovchining hamon skripka bilan ovora ekanini ko‘rdi. Barmog‘i bilan torlarni birin-ketin tortib, qo‘yib yuborardi: “Dzinn!..”
O‘rmonchi so‘radi:
– Hey, nima bo‘ldi? Ayiqni otmadingmi?
– Yo‘q.
– Ie, nega?
– Qo‘lim bormadi. U bechorayam menga o‘xshab havaskor ekan.
Ayiqpolvonning qanday qilib daraxt tanasidagi payraxani tortib chalib turganini ovchi kula-kula gapirib berdi.

PAShShA AYIQNI O‘LIMDAN QUTQARDI

Sulining boshog‘i to‘lishib, doniga maza kirdi-yu, har tunda ekinzorga ayiq oralaydigan bo‘ldi. Ayiqpolvon sulini yeb ketayotgani yetmaganday, bosib-yanchib, payhon qilib tashlamoqda edi. Suli – xo‘jalik mulki, uni qo‘riqlash kerak. Dehqonlar ovchiga yalinishdi:
– Sisoy Sisoich, siz keksa bo‘lsangizda, tajribali mergansiz. Bizga yordamingiz kerak.
Ovchi indamay rozi bo‘ldi.
U suli ekilgan maydon chetidagi daraxt shoxlari orasiga xodacha terdi-da, ustiga xas-xashak tashlab, kuzatishga qulay supacha – pistirma yasadi. Kun bo‘yi erinmay miltig‘ini tozaladi, rosa yarqiratib artdi. Kun botishi bilan hamma ishini yig‘ishtirdi-da, daraxt shoxidagi pistirmaga joylashib oldi. Xavf-xatardan narida, daraxt shoxiga o‘tirib kuzatganga nima yetsin?
Oqshom to‘rini yoydi. O‘rmonning tungi sirli sasi: shitir-shitir, shatur-shutur, shivir-shivir boshlandi. Sulizorda esa boshoqlar silkinib, qisir-qisir tovush eshitildi. Ayiqpolvon keldi, shekilli, hammayoq qop-qorong‘i bo‘lgani uchun hech narsani ko‘rib bo‘lmasdi. Nihoyat imillab oy chiqdi. Sulizor kumush ko‘lday oqarib, chayqala boshladi. Huv ana ayiq. Sisoy Sisoich miltig‘ini asta unga to‘g‘riladi. Ko‘zlarini qisgancha nishonga oldi. Shu payt kattakon qora pashsha to‘g‘ri uchib keldi-da, miltiqqa qo‘ndi. U aslida mitti bo‘lsayam, burunga tegay-tegay deb, shinakda o‘tirgani uchun filday katta ko‘rinardi. Pashsha o‘chakishganday joyidan jilmay qo‘ydi. Bu qanaqasi, oldindagi nishonni ko‘rib bo‘lmasa? Qo‘l ko‘tarsa, ayiq sezib qolishi mumkin. Sisoy Sisoich pufladi.
– Puff! Kishsh!.. – Pashshaning parvoyi falak.
– Puff! – Pashsha yana jim.
– Pu-fff!.. – Mergan qattiq pufladi. Pashsha bir qo‘zg‘aldi-yu, ovchi mo‘ljalga olishga ulgurmay uchib kelib, avvalgi joyiga yana o‘tirib oldi.
Jonga tegdi-ku bu! Sisoy Sisoich yanayam qattiqroq pufladi:
– Pu-ffff!..
Pashsha uchdi-yu, jo‘rttaga qilganday yana qaytib miltiqqa qo‘ndi. Ko‘zga chiqqan so‘galday dardisar bo‘ldi-da bu. Qo‘l uzatib haydamasa bo‘lmaydi, shekilli? Sisoy Sisoich asta cho‘zilib mushti bilan quroldagi pashshani bir tushirganini biladi, “qars-qurs”, “chars-churs” degan tovushlarga o‘ralashib pastga quladi. Ovchi pashshani uraman deb egilganda tagidagi xoda qimirlab, sinib ketdi, miltiq ham gumburlab otildi. O‘zi esa to‘ppa-to‘g‘ri ayiqning yonginasiga kelib tushdi. Hech narsadan bexabar, sulining mazali boshog‘ini so‘rib turgan bechora ayiq kutilmagan hujumdan qo‘rqib ketdi. Yonginasiga kim kelib tushganini bilmasa-da, shosha-pisha jo‘nab qoldi. Sisoy Sisoich ham unchalik ozor ko‘rmagan, shekilli, tez kunda sog‘ayib ketdi.
Har qishda olti oy uxlab ochiqsa-da, ayiqpolvon sulizorga qaytib qadam bosmaydigan bo‘ldi.
Bir chimdim joni bo‘lsa-da, ayiqpolvonni o‘limdan qutqargan pashsha ekanini ovchidan boshqa hech kim bilmadi…

BOYQUSh

Qariya nonushtaga o‘tirdi. U har doim choyga sut qo‘shib, sutchoy qilib ichardi. Yaqindagi o‘rmondan Boyqush uchib kelib, izzat-ikrom bilan unga gap qotdi:
– Salom, yaxshimisan, do‘stim?
Uning “do‘stim” degani cholga yoqmay, g‘udrandi:
– Sen, kallasi xum qush, sho‘rpeshona shum qush, yorti quloq, tumshug‘ing qarmoq, yorug‘dan o‘lguday qochasan, tunda hu-hulab qo‘rquv sochasan, men senga qanaqasiga oshna, do‘st bo‘lay?
Cholning gapi Boyqushga malol keldi.
– Mayli, qariya, ko‘ramiz, bugundan boshlab yaylovingda uchmayman, tunda yugurib-elib sichqon tutmayman. Ularni kerak bo‘lsa o‘zing tutaver.
– Ol-a, qo‘rqitadigan odamingni topibsan. Jo‘na, jo‘na, o‘rnimdan qo‘zg‘almay, izzating borida qorangni o‘chir!
Boyqush indamay uchib ketdi. Eman daraxti kovagiga yetdi, kuni bilan tumshayib, hech qayoqqa chiqmay yotdi.
Oqshom cho‘kdi. Cholning bedazoridagi sichqonlar uyalaridan chiqib, bir-birining ortidan quvib, chiyillab qolishdi.
– Birodarlar, atrofga qaranglar-chi, o‘sha kallasi xum qush, sho‘rpeshona shum qush, yorti quloq, tumshug‘i qarmoq ko‘rinmaydimi?
– Yo‘q, og‘aynilar, ushalibdi armonimiz, gumdon bo‘pti dushmanimiz. Bugun bizniki yaylov, xalaqit bermas birov.
Ular yugurgilab o‘tloqqa yopishdi, go‘yoki ko‘pkari chopishdi. Boyqush o‘tirgan joyidan qo‘zg‘almay qariyaga shunday dedi:
– Ho-ho-ho, qariya! Sho‘ringga sho‘rva to‘kildi. Bedapoyangga qara, nima bo‘lyapti? Badnafs sichqonlarning qilmishini ko‘r…
– Voy, vahimachi-ey, sichqonlar bo‘rimidi, kelib buzog‘imni yorib ketsa, ularning qo‘lidan nimayam kelardi?
Bu paytda sichqonlar yovvoyi arilar uyasini qidirib topgandi. Ular butun o‘tloqda qashqirday izg‘ib, birovi ekinlar tomirini qiyratib, birovi g‘o‘ng‘illagan ari zotiga qirg‘in keltirmoqda edi.
Boyqush yana turgan joyidan qichqirdi:
– Ho-ho-ho, qariya! Qaragin, o‘tlog‘ingda bittayam ari qolmadi, narigi dalaga uchib ketayapti.
– Sadqaisar, ketsa ketaversin. Ulardan menga na foyda-yu, na zarar. Asal yo mum berishsa, boshqa gap edi. Qovjiragan yapasqi uyasidan boshqa hech vaqosi yo‘q…
Bedazorda yo‘ng‘ichqa yetilib, yerga bosh egadi. Uzoq-uzoqda arilar g‘o‘ng‘illaydi, ammo bedapoyaga yaqin yo‘lamaydi. To‘lishgan beda gullarini changlatmaydi.
Boyqush yana tilga kiradi:
– Ho-ho-ho, qariya! Qaragin-a, binafsharang beda gullarini endi o‘zing changlatasan, shekilli? Voy bechora gullar!
– G‘am yema, – qo‘l siltaydi chol, – hozir shamol yelib, ularni changlatib ketadi.
O‘tloqda daydi shamol esadi, beda gullarini yerga to‘kadi. Gullarning armoni ichida qoladi. Kun sayin bedazor siyrak tortib boradi. Chol esa lab tishlab, o‘yga toladi.
Yana Boyqushning ovozi:
– Ho-ho-ho, qariya! Govmishing nimani so‘rab bo‘kirayapti? So‘lqildoq beda, shirali yo‘ng‘ichqa, qani u? Eshitib qo‘y: yo‘ng‘ichqasiz xashak – yog‘siz mastava.
Chol hayronu lol. Bu yog‘i qandoq bo‘ldi? Avvallari o‘tloq to‘la beda, ishlar joyida, sigir semiz, suti mo‘l edi, endi-chi, o‘zi oriq, suti suyuq.
Boyqush esa shod-xandon mazax qilaverdi:
– Ho-ho-ho, qariya! Aytmabmidim, hali kelib menga yalinasan deb, mana oqibati, kallangni ishlat!
Chol Boyqushga yalingani or qildi. Ahvol esa kundan-kunga og‘irlashardi. Qaniydi arazlagan Boyqush joyidan chiqsa! Sichqonlarni iniga quvib, tiqsa! Yo‘q, aksincha, sichqonlar yugurib o‘tloqqa yopishadi, arilar inini topadi, go‘yo ko‘pkari chopadi. Alamzada arilar cholning bedapoyasiga yaqin kelmay, uzoq-uzoqlarga qochadi. Chol-chi, bezovta, sarson. Yakkam-dukkam yo‘ng‘ichqa, boriyam kalta, ingichka. Sigir oriq, suti kam, garchi zotdor bo‘lsa ham. Sutchoy qayda, chol garang, yomon bo‘ldi, eh, attang!..
Noiloj chol Boyqushga bo‘yin egib bordi:
– Sen, Boyqushim – moyqushim, ozod qil meni g‘amdan, mo‘l bo‘lsin sutu qaymoq, ikkov bo‘laylik o‘rtoq.
Boyqush – moyqush, quloqli boshini kovagidan chiqarib, bir zum o‘yga toldi. Chol tag‘in yolvorishga tushdi:
– Jon Boyo‘g‘li, Boyo‘g‘li, eski ginangni unut, mayli, meni do‘st deb tut. Axir, sen ham o‘ylagin, ahvolimga bo‘ylagin. Erta-yu kech sutsiz choy, cholning ahvoliga voy!
Boyqush cholni kechirdi. Eman kovagidan chiqib, to‘g‘ri o‘tloqqa uchdi. Avval sichqonlarni qo‘rqitib, keyin tutishga kirishdi. Buni ko‘rgan arilar ingichka bellari buralib, sibizg‘asini chalib, g‘ung-g‘ung qo‘shig‘ini aytib, choling bedapoyasiga qaytib keldi. Guldan shira olib, gulga qo‘ndi. O‘tlar ko‘paydi, ishlar yurishdi. Bedalar so‘lqillab o‘sdi, dalani o‘t-o‘lan to‘sdi. Sigir kelib to‘yib-to‘yib o‘tladi, yelini to‘ldi, cholning esa sutu qaymog‘i yana mo‘l bo‘ldi.
“Bir piyola choyga!” deb chaqirdi chol Boyqushni, ikkovi bo‘lar, albat, bordi-keldili qo‘shni.

Rus tilidan G‘ozi Rahmon tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 6-son