Mariya Artemevna Ojegovaga
Muhammad o‘g‘li o‘lyapti.
U burchakdagi mayishib ketgan karavotda yotibdi. G‘ira-shira palatada ko‘zlari shishadek yiltiraydi. Ingramaydi, biron nima so‘ramaydi ham. U unsiz o‘lyapti.
Ertalablari uning karavoti oldiga Bannikov degan askar keladi. Bannikov palatada o‘z oyog‘i bilan yura oladigan yagona kishi. U hammaga xabar qiladi.
— Haliyam tirik.
— Tirikmi-a?! — hayron bo‘lishadi yaradorlar. — U o‘g‘il bola-e, qaysarning qaysari ekan-e!
Palatadagi yaradorlar biri qo‘yib biri gapiradi:
— O‘lsayam o‘jarligidan o‘ladi. Begonalarning qonini olmaydi.
— Begonaning qonini olish ularning urf-odatiga botmaydi-da. Tanasiga begonaning qoni qo‘shilganini ovullarida bilib qolishsa, bari-bir uni sog‘ qo‘yishmaydi.
— Sen qayerdan bilasan?
— Bilaman-da.
— Bari eskilik sarqiti! O‘laman degandan keyin o‘lsin-qo‘ysin-da, yotadimi o‘ylab.
— O‘zi ular tarafda onglilik masalalari chatog‘roqmikan deyman-da. Urush odamzotning boshiga yomon kunlar soldi. Nahotki, hamqishloqlarining aqli shunga yetmasa? Hech nima deyishmas. Hammaniyam qoni qizil-ku.
Bannikov yaradorlarni jerkib tashladi:
— E, qo‘ysalaring-chi. Shusiz ham unga qiyin. Endi sizlarniki qoldimi?
Bannikov karavot boshidagi kursida turgan ovqatga imo qilib Muhammad o‘g‘lidan so‘radi:
— Jindak totinsang bo‘larmidi, a?
Muhammad o‘g‘li boshini sarak-sarak qildi. Bir lahza ko‘zini yumdi. Bu yemayman, degani edi.
— Uff, hay dardisar-e, dardisar-e, — dedi Bannikov unga ichi kuyib. So‘ng Muhammad o‘g‘lining ulushini yaradorlarga berdi.
Askarlar avval tortinishib, ovqatni yemadilar. So‘ng, birovlarga berib yuborishdan nima naf, yaxshisi o‘zimiz yeb, ertaroq sog‘ayib ketaylik, degan xulosaga kelishib, Muhammad o‘g‘lining ulushini baham ko‘rdilar.
Bir kechasi, Muhammad o‘g‘li bu yerga kelgandan beri birinchi marta ingrab yubordi. Uyqudagi Bannikov ingroqni eshitmadi. Starshina Susekin qo‘ltiqtayog‘i bilan Bannikovni turtdi.
— Trofim!
— Ha? — Bannikov sapchib turib, boshini ukkiday aylantirdi. — Nima deysan, starshina?
— Anovi kavkazliging o‘lyapti deyman-ov.
Bannikov xuddi beo‘xshov qush kabi xalatini hilpiratib, burchakka chopdi. Jelak bari tumbochka ustidagi oynaga tegdi. Oyna yerga tushib chil-chil bo‘ldi.
— O‘lik chiqadimi deyman. Hamshirani chaqirsalaring bo‘larmidi, — dedi birov qorong‘uda xo‘rsinib.
— Indamay tur qani, Bannikov nima deydi.
Yaradorlar uxlashmagan ekan. Muhammad o‘g‘lining ingrashini butun palata eshitibdi. Ular tivit adyollariga burkanib, dim bemorxona sukunatida ma’yus xayollar surib yotgan ekanlar.
— Nima gap o‘zi? — dedi bir yarador qorong‘uda o‘rnidan turayotib.
— Uxlayapti deyman-ov, — asta javob berdi Bannikov. — Uyqusirab ingragan shekilli. Bo‘lmasa ovozini chiqarmas edi. Chaqmoqtoshday erkak ekan!
— Kavkazliklar o‘zi shunday el-da, — deydi starshinaning yonidagi kishi.
U shu munosabat bilan nimalarnidir so‘ylab bergisi kelayotgan edi, lekin starshina Susekin uning gapini bo‘ldi:
— Ay, bolalar, indamanglar, uxlasin, Bannikov, sen kavkazlikning boshida o‘tir. Urf-odat shunday. U o‘z eli, yurtida bo‘lsa boshqa gap edi.
— Qo‘y-e, nasihatingni, — ming‘irladi Bannikov.
Palatada sukunat cho‘kdi. Gapi bo‘linib qolgan starshina qo‘shnisining chekkisi keldi. Susekin uning labidagi papirosni yulib olib otib yubordi. Qo‘shni og‘rinib, burnini bir tortdi. Ko‘p o‘tmay uyquga ketdi.
Boshqa askarlar ham uxlashdi. Bannikov kursida mudrab o‘tiradi. Uning oldida oppoq to‘shakda yotgan soch-soqoli o‘sgan Muhammad o‘g‘li qorayib ko‘rinardi. Uning yoshi nechadaligini hech kim bilmaydi. Darhaqiqat, palatadagilar kim qayerdanligini, qanday yarasi borligini biladilar. Ammo bir-birlarining yoshlarini bilishmaydi.
Muhammad o‘g‘lining beliga bomba parchasi tekkan. U ko‘p qon yo‘qotgan. Dastlabki kuniyoq unga qon quymoqchi bo‘ldilar.
— Yo‘q! — dedi Muhammad o‘g‘li keskin va hamshirani quvib yubordi.
Bemorxonaning bosh doktori Agniya Vasilevna keldi. Qon olishni rad etadigan bo‘lsangiz, omon qolishingizga kafolat berolmayman, dedi. Muhammad o‘g‘li olis o‘yga toldi. Lablari pir-pir uchib, uzib aytdi:
— Yo‘q!
Agniya Vasilevna qayrilib ketdi. Shu-shu doktor yaradorlarni ko‘rgani kelsa, Muhammad o‘g‘li aybdorlarcha ko‘zini yumib oladi. Doktorning aytganini yo‘q demay bajaradi, biror gapini qaytarmaydi. Hatto belidan pastgacha ham o‘zi yechinadi. Ammo begona odamlarning qonini olishga aslo ko‘nmaydi.
Bir kuni Agniya Vasilevna yolg‘iz o‘zi kirib keldi. Muhammad o‘g‘lining yoniga cho‘kdi. Bilagini ushlab, tomir urishini sanab yana iltijo qildi:
— Buncha qaysar bo‘lma, jonim, o‘lib qolasan.
Muhammad o‘g‘li hamisha kuydi-pishdi, horg‘in yuzli, oppoq sochli, qoshlari Kavkaz qizlariniki misol qop-qora bu doktorga olis termulib qoldi. Agniya Vasilevnaning chin ruslarga xos yuz ifodasi kavkazlik Muhammad o‘g‘lining ko‘ngliga o‘tirib qoldi. Nimadir, nimadir uni o‘ziga tortdi. Bu mehribon ayolga, o‘z onasiga ishonganday, ishongisi keldi. Biroq bor kuchini yig‘ib shunday dedi:
— Bo‘lmaydi, bo‘lmaydi… Meni kechiring.
Muhammad o‘g‘lini operatsiya qilish zarur edi. Bunchalik ko‘p qon yo‘qotgan odamni esa operatsiya qilib bo‘lmaydi.
Doktor Muhammad o‘g‘lini davolay berdi. Unga yangi-yangi dori-darmonlar berdi. Kuniga uch bor kelib qaradi. Bular ham naf bermadi.
Muhammad o‘g‘li jon taslim qilib borardi.
— E, parvardigorim, dunyoda qanday odamlar bor-a! — pichirladi Bannikov esnagancha.
Uning ko‘zlari Muhammad o‘g‘liga tushib, eti junjikib ketdi. Muhammad o‘g‘lining ko‘zlari katta-katta ochilib, unga baqrayib qarab turibdi. Bannikov seskanib to‘lg‘ondi, kursidagi suv to‘la grelkani tushirib yubordi. Grelka yerga baliqday shaloplab tushdi. Bannikov xuddi qochib ketmasin deganday uni oyog‘i bilan bosdi.
– Trofim, – dedi Muhammad o‘g‘li zaif ovozda. – Trofim.
– Ha? Nima deysan? – hayron bo‘lib so‘radi Bannikov. U kavkazlikning kutilmaganda gapirganidan, yana uning otini aytib chaqirganidan hayratga tushdi.
– Trofim, bor uxla, bor…
– Qo‘yaber, o‘tiribman-da, – dedi Bannikov picha qo‘zg‘alib. – Qiynalayotganim yo‘q. Ovqat yeyish bilan uxlashdan bo‘lak nimayam ishim bor. Qalay, yaxshi bo‘p qoldingmi o‘zi?
Muhammad o‘g‘li javob bermadi. Bannikov gapirishini ham, gapirmasligini ham bilmay qoldi. Yaxshisi uni gapga solmagan ma’qul, degan xulosaga keldi. Kavkazlikning peshonasiga kaftini qo‘yib, bosh chayqadi.
— Isitmang baland-ku. Peshonang qaynoq g‘ishtday.
Bannikov o‘ylab o‘tirib-o‘tirib, o‘zining karovati oldiga bordi. Sochig‘ini suv bilan ho‘lladi. Bannikovning nazarida, ho‘llangan sochiq ko‘p dardlarga, jumladan isitma, shamollashlarga shifo bo‘ladi. Muhammad o‘g‘li peshonasiga ho‘l sochiq tekkanidan seskanib ketdi. Bannikov ohista gapirdi:
– Ay, Muhammad oshna, qo‘y shu o‘jarligingni. Qon quydir. Qoning bizning qonimiz bilan bir tuproqqa to‘kildi-ku.
– Bo‘lmaydi, Trofim ilojim yo‘q, – dedi ingrab Muhammad o‘g‘li lablarini yalarkan. – Aybimdan o‘t.
– Qanday ayb qildingki, aybingdan o‘taman. Aybimdan o‘t emish. Ota-onang seni shunday obodli qilib tarbiyalabdi, bu yaxshi. Lekin boshing bo‘lmag‘ur fikr-o‘ylar bilan to‘lib ketibdi. Bunisi yomon. Ko‘nglingga olma-yu, oshna, juda yomon. Nechaga kirding?
– Kecha yigirmaga to‘ldim, – pichirladi Muhammad o‘g‘li. Og‘ir entikib, qo‘shib qo‘ydi. – Hozir uyda mening salomatligim uchun vino ichishayotgan bo‘lsa kerak.
Bannikov vinoni eshitib, bir yutinib qo‘ydi. Orziqib dedi:
– Eh-eh, tug‘ilgan kunni nishonlash qanday yaxshi-ya! Sovg‘alar, vinolar, “Ot yetaklovchi bo‘lganimda” degan qo‘shiqlar… shunaqa, birodar, u yoqda sening sog‘lig‘ing uchun vino ichadilar, sening holing esa bu…
Bannikov ertalab ham o‘zining, ham Muhammad o‘g‘lining ulushini paqqos urib qo‘ydi. Yana qo‘shimcha ovqat so‘radi. Bermadilar. Palatadagilar, Bannikov Muhammad o‘g‘lining ovqatini kechasi bilan uning boshida o‘tirib chiqqani uchun olyapti, deb o‘ylashdi. Biroq Bannikov boshqa kunlari ham shunday qilardi. Shunda starshina Susekin hayratlanib bosh chayqadi:
– Bunday ochko‘z ekanligingni bilmagan ekanman!
Bannikov adyolga jimgina burkanib oldi. Uxlay olmay, u yog‘idan bu yog‘iga ag‘darildi. Kechqurun yana ikki odamning ulushini yedi. Ertasiga Agniya Vasilevna keldi. Bannikov ko‘ylagini ko‘tarib, badanini unga tutib shunday dedi:
– Suqing!
Yarador o‘rnidan turib o‘tirdi.
– Nima?
– Badanimga igna suqing deyman. – dedi Bannikov yelkasini qimirlatib.
– Nega endi? – hayron bo‘ldi doktor.
– Muhammadga qonimdan beraman.
Doktor Bannikovga hayron bo‘lib qarab turdi-da, qo‘lidagi naycha bilan kaftiga urdi.
– Qani, ko‘ylagingni tez kiy-chi, – dedi doktor. Bannikov itoat etabermagach, yer tepinib do‘qladi: – Bo‘l deyapman!
– Nima desangiz deyavering, doktor, lekin bir inson bekordan-bekorga o‘lib ketmasin-da. – Bannikov o‘z dadilligidan uyalib, terlab ketdi. Yana asta qo‘shib qo‘ydi: – U hali juda yosh, kechagina yigirmaga to‘ldi.
Doktor Bannikovning ko‘ylagini tushirdi. Yelkasiga shapatilab mehribonlik bilan dedi:
– Juvonmard bola-ey! Axir, sening qoning boshqa-ku, esing joyidami o‘zi?
– Nima farqi bor? Bari bir – qizil qonda. Urushda har balo bo‘lishi mumkin. Hozir qonni ajratadigan vaqtmi…
– Bannikov, bema’ni gaplar gapirib menga xalaqit berma. Soyaga o‘xshab ketimdan yurma. Bor, karovatingga borib yot.
– Nimaga endi bema’ni gap bo‘lar ekan? Qon yig‘ayin deb uning nasibalariniyam yedim! Siz bo‘lsangiz bema’ni gap deysiz!
– Nima-nima?
– Muhammad o‘g‘lining nasibasiniyam o‘zim yeganman deyapsanmi! – dedi Bannikov yig‘lamoqdan beri bo‘lib. U doktor qoshida xuddi general oldida turgan aybdor askarday turardi. Doktor naycha bilan kaftiga urib, unga tikildi. Birdan qo‘lidan yetaklab, Muhammad o‘g‘lining oldiga olib bordi. Muhammad o‘g‘liga Bannikovni ko‘rsatib, so‘radi:
– Senga shuning qonini quysak nima deysan?
Muhammad o‘g‘li o‘zini aybdorlarcha tutayotgan Bannikovga, so‘ng Agniya Vasilevnaga qaradi. Muhammad o‘g‘lining yiltiragan ko‘zlarida zilday og‘ir dard, qayg‘u ko‘rindi. Ko‘zlarida yosh aylandi. Ammo u ko‘nmadi. Tishini tishiga qo‘yib yuzini o‘girdi. Palatada norrozi ovozlar eshitildi:
– O‘z joniga qasd qilayapti-ya! Odamlar uni o‘limdan qutqarib qolmoqchi bo‘lyapti-yu, u bo‘lsa…
Agniya Vasilevnaning yuragi qon bo‘lib ketdi. Muhammad o‘g‘liga egilib, umid bilan so‘radi:
– Bordi-yu, men qon bersam-chi?
Muhammad o‘g‘li keskin burildi. Ko‘zlari katta-katta ochildi. Soqol-mo‘ylovga ko‘milib, quruqshab qolgan lablari pichirladi:
– Siz qon berasiz?!
– Ha, men qon beraman.
– Siz-a?! – Muhammad o‘g‘li yana qaytarib so‘radi. Ko‘zlarini yumdi. Go‘yo ko‘z yoshlarini quvayotganday qop-qora kipriklari pir-pir uchdi. Qo‘lini zo‘rg‘a ko‘tarib, ko‘zlarini artayotganday yuzlari, paxmoq sochlarini siladi. Bu, mayli, deya rozilik bergani edi.
– Bannikov, hamshiraga chop, – bamaylixotir qo‘l silkidi doktor. – Qon quyadigan apparatni olib kelishga yordam ber.
Bannikov darhol eshik sari yo‘naldi. Xalatining bari tegib tumbochkalar ustidagi narsalar pastga to‘kilar, o‘zi esa norozi bo‘lib g‘o‘dillardi:
– O‘rgatishini qarang, koshki qanaqa apparat zarurligini bilmasam…
…O‘n besh yildan keyin Agniya Vasilevna o‘zining oltmish yillik to‘yi sharafiga ko‘p maktublar oldi. Ulardan biri shunday boshlanar edi:
«Assalomu alaykum, katta doktor! Bu maktubni Muhammad o‘g‘li yozayapti…»
Muhammad o‘g‘li o‘z maktubida nimaga shu vaqtgacha xat yozmagani uchun uzr so‘rabdi. Qolaversa, men, Muhammad o‘g‘li, maktub yozishni xush ko‘rmayman, ochig‘ini aytsam, savodim yo‘q, debdi. Nasib etsa, Kavkazning Chebarko‘l ovuliga yo‘lingiz tushsa, uy-ichimiz bilan sizni menga qayta jon ato etgan ona kabi kutib olamiz.
Tog‘ay Murod tarjimasi