Har kuni ahvol shu.
Qishloq sal tinchib odamlar uxlagach, u boshlaydi. Avjiga chiqadi. La’nati, qishloqning adog‘idan boshlaydi-yu, kelaveradi. Chali-ib kelaveradi. Uning garmoni ham qandaydir boshqacha – qichqiradi. Ovoz chiqarmaydi – qichqiradi. Ninka Krechetovaga maslahat qiladilar:
– Tezroq erga tegaqolsang-chi, unga. U shayton bizga kun bermay qo‘ydi-ku. Ninka esa sirli kulumsirab:
– Sizlar tinglamanglar uni. Yaxshisi, uxlanglar, – deb qo‘yadi.
– Qanday uyqu bo‘lsin, derazaning tagiga kelib olib garmonini cho‘zaversa. U yaqin yo‘ldan, daryo qirg‘og‘i bo‘ylab emas, bu yerda avjiga chiqaradi! Ataylab qilganday. Kolka Malishkin esa, lablari qalin, kelbatli yigit, kichkina ko‘zlari bilan baqrayib qarab turadi-da, da’vo qiladi:
– Haqqim bor. Qonunda bu haqda hech qanday taqiq yo‘q, – deydi.
Xo‘jalik raisi Matvey Ryazantsevning uyi ham shu yerda, Kolka ko‘chaning muyulishidan chiqib kelib, qayriladigan joyda avjiga chiqaradi. Bundan chiqadiki, garmonning g‘iyqillagani burilishdan, uyni aylanib o‘tib ko‘chaning oxiriga borguncha eshitilib turardi.
U ko‘chada jaranglay boshlashi bilan Matvey karavotga o‘tirib, oyoqlarini polga qo‘yardi-da:
– Bas, ertadan boshlab xo‘jalikdan quvib solaman. Biror narsani bahona qilaman-da, haydayman, – derdi.
U har kechasi shunaqa derdi, ammo haydamasdi. Faqat kunduz kunlari Kolkani uchratib qolsa:
– Sen qachongacha kechasi bilan daydib yurmoqchisan? Odamlar mehnat qilganlaridan keyin dam olishlari kerak, sen esa quloqni batang qilib yuborasan!
– Haqqim bor, – derdi Kolka yana.
– Men senga haqqingni ko‘rsatib qo‘yaman, shoshmaytur!
Shu bilan bo‘ldi, po‘pisa tugardi. Lekin har kuni Matvey karavotida o‘tirib olib, va’da qilardi:
– Ertaga haydayman.
Shunday deya karavotda uzoq vaqt o‘tirar va o‘ylardi…
Garmon endi ko‘chaning oxiriga yetgan, ovozi deyarli eshitilmas, u bo‘lsa hamon o‘tirardi. Qo‘llari bilan stulda osig‘liq shimini kovlashtirib papiros olar va chekib xayol surardi.
– Bas qilsang-chi, tutatishni! – g‘o‘ldirardi xotini Alyona uyqusirab.
– Uxla, – derdi qisqa qilib Matvey.
Nima haqida o‘y surardi? Shunday… Hech narsa haqida. Hayotni eslardi. Aniq biror narsani emas, uzuq-yuluq hodisalar kelardi xayoliga
Osmondagi to‘lin oydan sutdek yorishgan kechalarning birida derazadan garmon ovozi kelayotgan tunda, «qayin»ning achchiq hidi dimoqqa urilayotgan paytda qop-qorong‘i tunni esladi. U otasi va ukasi Kuzma bilan pichan o‘rimida edi. Yaylov qishloqdan o‘n besh chaqirimlar uzoqda, soylikda edi. Shunday kechalarning birida Kuzma birdan xirillay boshladi; kunduz kuni ayni issiq payti u terlab turib muzdek buloq suvidan ichgan edi. Kechasi uning tomog‘i xippa bo‘g‘ildi.
Otasi Matveyni uyg‘otdi va eng tez, uchqur «o‘ynoqi» otni ushlab kelishni, zuvillab borib, iloji boricha tez yugurtirib qishloqdan sut olib kelishni buyurdi.
– Men bu yerda o‘t yoqib turaman… Olib kelganingdan so‘ng qaynatamiz. Ukangga qaynoq sut ichirishimiz kerak, tezroq bo‘l, Xudo ko‘rsatmasin, bo‘lmasa…
Otasi uyog‘ini aytolmadi. Matvey otlarni tovushidan qayerda o‘tlab yurishganini aniqladi va «o‘ynoqi»ni egarlab, qamchi bosgancha qishloq tomon yelib ketdi. Mana… Hademay Matvey oltmishga kiradi. O‘sha paytda u o‘n ikki yoshlarda edi. Hamon o‘sha tun yodidan chiqmaydi.
Ot va odam bir bo‘lib qorong‘ida uchib ketishardi. Tun ularga qarab yugurar, maysalarning shabnamdan nam tortgan hidi yuziga urilardi. Yigitchani qandaydir yovvoyi toshqinlik chulg‘ab olgandi: qoni gupirib, boshi g‘uvillardi. Bu parvoz edi – odam xuddi yerdan uzilib uchib ketayotganday. Atrofda hech nima ko‘rinmas – yer ham, osmon ham, hatto otning boshi ham – faqat quloqlarida tuyoq shovqini va butun olam o‘rnidan qo‘zg‘alib, unga qarab yelib kelardi go‘yo.
Ukasining ahvoli og‘ir ekanligi xayoliga kelmasdi. Hech narsani o‘ylamasdi. Qalbi jo‘shar, vujudining har bir tori tarang tortilgandi. Qandaydir yoqimli istak vujudini qamrab olgandi.
Davomi g‘amgin bo‘ldi… U sutni olib keldi, otasi kichkintoyini ko‘ksiga bosib gulxan atrofida chopar, go‘yo uni allalaganday bo‘lardi:
– Hoy o‘g‘lim… nega bunday qilasan-a? Ozroq chidagin. Ozroq chidagin. Hozir sut qaynatamiz, hozir nafas olasan, o‘g‘lim, kichkintoy… Mana, akang sut olib keldi! – Kichkintoy Kuzma esa bo‘g‘ilar, ko‘karib ketgandi.
Matveyning ortidan onasi yetib kelganida Kuzma o‘lgandi. Otasi qo‘llari bilan boshini changallab o‘tirar, tebranib tovushsiz cho‘zib ingranardi. Matvey hayron bo‘lib, qandaydir g‘alati qiziqish bilan ukasiga qarardi. Kechagina u bilan pichan g‘arami ustida dumalab o‘ynagandilar, hozir esa notanish, oq-ko‘kish, begona bola yotardi.
…Faqat g‘alati: nima sababdan la’nati garmon xotirasida o‘sha tunni, shu voqeani jonlantirdi ekan? Undan keyin butun bir hayot o‘tdi-ku: uylandi, kollektivlashtirish, urush yillari. Shunga o‘xshash yana qancha kechalar o‘tdi-ketdi! Hammasi qandaydir unut bo‘lgan, xiralashgan. Matvey bir umr nima qilinishi lozim bo‘lsa, shuni qildi: jamoa xo‘jaligiga kirish kerak deyishdi – kirdi, uylanish vaqti kelganda uylanib, Alyona ikkalasi bolalarni dunyoga keltirishdi, ular ulg‘ayishdi. Urush boshlangach, jang qilgani jo‘nadi. Yarador bo‘lib, boshqalardan avvalroq qaytib keldi. «Matvey, xo‘jalikka rais bo‘l, boshqa hech kim yo‘q», – deyishdi. Bo‘ldi. Tez kirishib ketdi bu ishga, unga ham o‘rganib qolishdi, hozirgacha sudrab kelayapti shu tashvishlarni. Butun umri davomida xayolida faqat ishlash, ishlash. Urushda ham ish edi. Hamma quvonchu tashvishlari ish bilan bog‘liq bo‘lgan. Qachonki, masalan, atrofidagilar «muhabbat», deb gapirganlarida, u sal anglay olmas, sal tushunmas edi. U olamda muhabbat degan narsa borligini bilardi, balki o‘zi ham Alyonani oz-moz sevgandir (qizligida u chiroyli edi), ammo bu haqda shundan ortiq narsani bilmaydi. U boshqalardan ham shubhalanar, go‘yoki ularning sevgi haqida qo‘shiq kuylashlari, azob chekishlari va, hatto, bir-birilariga gap
otishlarini xo‘jako‘rsinga deb tushunar, odat bo‘lib qolgan odamlarga: sevgi haqida gapirish lozimmi, marhamat, sevgi haqida gapiringlar, lekin, oxir-oqibat bari bir narsa uchun, uylanish uchun kerak! Nima, anavi Kolka sevadimi? Ha, albatta. Ninka unga yoqadi, sog‘lom, silliqqina qiz. Aslida uylanish vaqti yetib keldi, shuning uchun u ahmoq kechasi bilan daydib yuradi. Nima uchun yurmasligi kerak ekan? Yosh, kuchi tanasiga sig‘maydi… Har doim ham shunaqa bo‘lgan. Yaxshiyam hozir qiz talashib, urushmaydilar, avvallari tevalashardilar. Matveyning o‘zi ham bir necha bor solishgan. Qo‘llari qichiganidan, kuchi tanasiga sig‘may qolganidan shunday bo‘lardi. Kuchni qayergadir sarflash kerak-da. Bir kuni Matvey karavotida mana shularni o‘ylab o‘tirarkan, chidolmadi, xotinini turtib uyg‘otdi.
– Menga qara, eshityapsanmi, uyg‘on, men sendan bir narsa so‘ramoqchiman…
– Senga nima bo‘ldi? – hayron bo‘ldi Alyona.
– Senda qachonlardir sevgi bo‘lganmi? Mengami, boshqa birovgami. Farqi yo‘q. Alyona hayron bo‘lib ancha vaqt jim yotdi.
– Mabodo, sen ichganing yo‘qmi?
– E, yo‘q! Sen meni sevganmiding yoki shunchaki… odatga ko‘ra turmushga chiqqanmiding? Men jiddiy so‘rayapman. Alyona eri ichib olmaganini tushundi, ammo yana uzoq vaqt jim qoldi – u ham bilmasdi, esidan chiqib ketgandi.
– Nimaga kallangga bunday narsalar kelib qoldi?
– Hay, shu bir narsani bilgim keldi, jin ursin. Ko‘nglimda… alg‘ov-dalg‘ov nimadir bo‘ldi. Issig‘im bo‘lsa, joyida.
– Sevganman, albatta! – ishonch bilan gapirdi Alyona. – Sevmaganimda tegarmidim. Anovi Minka Koralyov ortimdan qancha yugurgandi. Tegmadim-ku. Nimaga sen yarim kechasi sevgi haqida eslab qolding. Uyqusiraydigan bo‘lib qolmadingmi?
– E, bor yo‘qol, – xafa bo‘ldi Matvey. – Uxla.
– Sigirni ertalab podaga qo‘sh, sal bo‘lmasa yodimdan chiqayozibdi. Biz saharda xotinlar bilan meva tergani chiqib ketamiz deb kelishib qo‘ydik.
– Qayerga?
– E, sening o‘roq tushadigan joylaringga emas, qo‘rqma.
– Agar maysani toptayotganlaringda ushlab olsam, jarima – o‘n so‘m.
– Bizlar bir joyni bilamiz, o‘roq tushmaydigan, u yerda mevalar qip-qizil, sigirni qo‘shib yuborgin.
– Mayli.
Xo‘p mayli, aslida nima bo‘lgan edi o‘sha tunda, ukasiga sut olib kelish uchun borayotganida. Nimaga bu uning xotirasida jonlanayapti?
«Esim og‘ayotgan bo‘lsa kerak, – o‘yladi g‘amgin Matvey. – Qariganda hamma esdan og‘adi». Qalbidagi og‘riq bosilmasdi. U endi Kolkani, uning jarangdor garmonini kutayotganini tushunib qoldi va Ninaga jahl qildi «uyquchi g‘unajin»… Qachon u paydo bo‘lar ekan.
O‘tirib kuta boshladi. Chekdi.
Va, nihoyat, ko‘chaning boshidan garmonning ovozi kela boshladi. Ko‘ngildagi g‘ashlik ham yo‘qoldi. Lekin bu g‘ashlik, qandaydir g‘alati edi. Usiz nimadir yetishmayotganday bo‘lardi. Yana… yodiga qandaydir tong payti tushdi. Yalangoyoq maysazorda ketayapsan. Maysalar ustida yurganingda izing qoladi, to‘q yashil iz. Shabnam esa oyoqlaringni «kuydiradi». Hatto, hozir ham o‘shani eslab oyoqlari sovqotganday bo‘ldi.
Nimagadir hozir o‘lim haqida eslab qoldi. Yaqinda bari tugaydi – tamom. Hech bir qo‘rquvsiz, og‘riqsiz, to‘g‘ri, shunday bo‘ladi, bu tushunarli, seni qabrga olib borishadi-yu, ko‘mishadi. Ammo shunisi tushunarsizki: unda bu yerda nima yuz beradi, xuddi avvalgidek-mi? Xo‘p, deylik, tushunarlisi, quyosh chiqadi-botadi, u hamisha chiqqan, botgan. Lekin boshqalar qishloqda bo‘ladi-ku, ular haqida hech narsa bilmaysan-ku… buni qanday tushunasan?
Xo‘p, deylik, yana o‘n yil yo o‘n besh yil mana shunday Matvey Ryazantsev deganlari bo‘lgan deb eslashar, keyin – tamom. Axir, bu yerdagilarning qanday ekanliklarini bilging keladi-ku. To‘g‘ri, hech narsaga achinmaysan; quyoshni ham to‘yguncha ko‘rding, bayramu sayri tomoshalar ham bo‘ldi, quvonchli kunlar ham…yo‘q achinmaydi. Ko‘p narsalarni ko‘rdi. Ammo bundoq o‘ylab qarasang, sen yo‘qsan, boshqa hamma narsa bor, sen esa endi hech qachon bo‘lmaysan… sen bo‘lmasang ularda qandaydir bo‘shliqlik bo‘ladimi yoki bo‘lmaydimi?
«Tfu-u! Ha, qariyapman».
Bu o‘ylardan u, hatto, charchagandi.
– Menga qara, eshitayapsanmi?.. Uyg‘on, – Matvey xotinini uyg‘otdi, – sen o‘limdan qo‘rqasanmi?
– Esi og‘ibdi bu erkakning! – g‘o‘ldiradi Alyona. – Kim ham Azroildan qo‘rqmas ekan?
– Men esa qo‘rqmayman.
– Xo‘p, shunday ekan, uxla. Nimaga buni o‘ylab qolding?
– E, bor-e, o‘zing uxla!..
Ammo yana o‘sha qora yovuz tunni eslarkan, otda qanday yelib uchgani… yuragida xavotir va yoqimli og‘riq turardi. Yo‘q, hayotida judayam achinarli nimalardir bor. Ko‘z yoshlaringni oqizib achinadigani.
… Kunlardan birida, kutgani – Kolyaning garmoni ovozi eshitilmadi. O‘tirdi, chekdi… U esa hamon yo‘q edi. Shunday qilib garmon ovozini eshitolmadi. Ezilib ketdi. Tong payti Matvey xotinini uyg‘otdi.
– Nima uchun bugun qo‘ng‘iroqchimizning ovozi eshitilmadi?
– Uylanyapti-ku, u! Yakshanba kuni to‘y.
Matvey ma’yus bo‘lib qoldi.
U yotib uxlamoqchi edi, bo‘lmadi, uxlolmadi. Shu ahvolda tonggacha, ko‘zlarini yumib-ochib yotdi. Hayotida sodir bo‘lgan yana nimalarnidir eslamoqchi bo‘ldi, ammo xayoliga hech narsa kelmadi. Yana boshini xo‘jalik tashvishlari egallab oldi. Hademay pichan o‘rimi boshlanadi, ammo moslamalarning yarmi qiyshayib-bukilib ustaxonada yotibdi. Anavi shayton g‘ilay temirchi Filya bo‘lsa ichayapti. Endi yana to‘y bo‘lsa – yana semiradi, yana bir hafta havoga uchdi deyaver.
«Ertaga Filya bilan gaplashib olish kerak» … Ertasi kuni do‘rdoq Kolyani uchratgan Matvey kulumsib o‘smoqchiladi:
– Qalay og‘ayni, o‘yining tugadimi?
Kolya kuldi… Uning og‘zi qulog‘ida edi.
– Bo‘ldi, Matvey Ivanovich, endi tunlari sizning uyqungizni buzmayman. Tugadi.
– Ha, mayli, – dedi Matvey va ishiga qarab ketdi, lekin o‘ylardi: «Nimaga buncha xursand bo‘layapsan, ho‘kiz? U endi sening shoxlaringni qayirib oladi-ku, Ninka. Ular – Kerchatovlarning hammasi shunday».
Yana bir hafta o‘tdi.
Yana kechalari avvalgidek derazadan oyning sutdek yorug‘i tushib turar, hovlilardan kartoshka poyasining achimsiq hidi kelar… Atrof jimjit edi.
Matvey uxlolmadi. Uyg‘onib ketib, chekdi… Kvas ichgani dahlizga chiqdi. Bo‘sag‘aga chiqib, zinaga o‘tirdi-da, cheka boshladi. Qishloq yop-yorug‘ va qo‘rqinchli darajada tinch edi.
Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi