Darvoza yonidagi yog‘och o‘rindiqda bir qariya o‘tirardi. Uning aft-angori rangsiz, o‘zi ancha charchagan edi. Qariyaning ham ancha avvallari quyoshli kunlari bo‘lgan, u yer yuzida yengil qadamlar bilan yurgan, yerning borligini his qilgan ham. Endi esa boshqacha. Qishloqdagi kechki tutunli oqshom. O‘rindiqqa oriq, qo‘llari uzun, yuzlari ajin bosgan yigit kelib o‘tirdi.
Bunaqalar ko‘rinishidan ramaqijonga o‘xshashsa ham, ishga chidamli bo‘lishadi, xuddi otlarga o‘xshab. Hammomda ham boshqalardan ko‘ra ko‘proq terlashadi. Yigit chuqur xo‘rsindi va cheka boshladi.
– Aylanib yuribsanmi?
– Bu sayr emas, boboy, –dedi Ivan birpasdan keyin. – Kuchukning ko‘z yoshi. Bir yarim so‘m yo‘qmi senda?
– Qayerdan bo‘lsin?
– Boshim tars yorilay deyapti.
– Ishing masalasi nima bo‘ldi?
– Hech qanday. Panshaxani ol-da, molxonaga bor deyishayapti
– U kim? Direktormi?
– Ha-da. Mening esa cho‘ntagimda uchta mutaxassisligim turibdi, bundan tashqari, deyarli to‘qqizinchi sinf ma’lumotim bor. O‘zi ishlasin eshakday, agar shunchalar aqlli bo‘lsa.
– Haydovchilik guvohnomangni qancha muddatga olib qo‘yishdi?
– Bir yilga. Bor-yo‘g‘i bir kurujka (sarxum) pivo ichgandim! Va bir stakan qizilidan. U bo‘lsa yopishib oldi. O‘tgan yildan buyon poylab yurardi, maraz. Huv o‘sha payti men uni «onasinikiga jo‘natgandim», tish qayrab yurardi…
– Sen o‘zing ham qandaydir… judayam kelisholmaydiganlar xilidansan-da, yigit. Sal muomalaliroq bo‘lish kerak. Xo‘sh, mana endi nima qilasan ularni? Ular – boshliqlar…
– Xo‘sh, nima bo‘pti?
– Endi jimgina o‘tiraverasan. Uchta mutaxassisligingdan nima foyda. Lozim joyda jim bo‘lish, tilni tiya bilish kerak.
Ekinzorlarda poya yoqishardi. Hademay yerni ag‘darish kerak. Har yili shu ish takrorlanar, odamlarning joniga ham tegmasdi, har doim shu achimsiq hiddan – yerdan ko‘tarilgan bug‘ aralash namxush havodan nafas olish, nafas chiqarish og‘ir kechardi.
– Kerak payt tilni tiya bilish kerak, yigit, – takrorladi qariya ekinzorlardan ko‘rinayotgan gulxanlarga tikilib. –Bizning ishimiz shunday.
– Ey, men uncha ko‘p hurganim ham yo‘q edi, – istamaygina javob qaytardi Ivan. – Agar har narsaga yopishib olaverishmasa… Eng asosiysi, men yo‘l qoidasini buzmaganman! – yana achchig‘lanib xitob qildi u. – Bir stakan vino, bir sarxum pivo uchun odamni transport boshqarish huquqidagi mahrum qilish… Marazlar.
– Chetandan uzalib qara-chi, mening kampirim ekinzordamikan?
– Nega?
– Uyda, pechkaning tagida qo‘lbolasidan bor. Men senga bosh og‘riqqa olib chiqardim.
Ivan shoshib o‘rnidan turdi, bo‘ynini cho‘zib ekinzorga qaradi.
– O‘sha yerda, – dedi u, – to‘rdagi burchakda. Bu tomonga umuman qaramayapti.
Qariya uyiga borib keldi. Bir shisha qo‘lbola aroq bilan ozroq gazak va stakan keltirdi.
– Nega sen shuni darrov aytmaganding, – dedi shosha-pisha Ivan. – Indamay o‘tirishingni qara-ya!..
U stakanga aroq quydi-da, bir ko‘tarishda sipqordi.
– Men mana shunaqasini yoqtiraman. Bunaqasini ko‘p hidlab o‘tirmay, shartta ichish kerak. Ki-h-hi… Ich. Faqat birdaniga.
Qariya shoshilmay ichdi, batatdan olib gazak qildi..
– Rostdan ham benzinday, to‘g‘rimi?
– Qo‘lbolaga o‘xshagan, qo‘lbola. Qanaqangi benzin?
– Mana, ko‘rdingmi?! – Ivan kafti bilan ko‘kragiga urdi. – Endi yashasa bo‘ladi. Rahmat, boboy. Manovindan. Xohlaysanmi menikidan? – U «Pomir» qutisidagi sigaretdan uzatdi.
Qariya bukilmay qolgan barmoqlari bilan bir dona sigaretani qutidan arang chiqardi, ezg‘ilab-ezg‘ilab unga diqqat bilan tikildi-da, tutatib oldi.
– Petka yozayaptimi o‘zi?
– Yozayapti. Yaqinda men o‘laman, Ivan.
– E, qo‘ysangchi..
– Qo‘ysang, qo‘ymasang… joyiga tushadi, – qariya xotirjam gapirardi.
– Biron yering og‘riydimi?
– Yo‘q. Sezayapman. Senam shuncha yoshga kirsang, seza olasan.
Ivanning kayfiyati chog‘ bo‘lganligi uchun o‘lim haqida gaplashishni istamasdi.
– E, qo‘y, hali yashaysan. Garmonni olib chiqsammikan?
– Olib chiq.
Ivan yo‘lni kesib o‘tdi-da, uyiga kirdi… U uzoq vaqt chiqmadi. Keyin garmonni ko‘tarib keldi, ammo qovog‘i yana soliq edi.
– Onam, –dedi u, – umuman-ku, achinaman…
– Haliyam ketmoqchimisan?
– Boshqa nimayam qilaman? – Ivan hozirgina onasiga ham shunday deb chiqqandi. – Axir, men qilolmayman anu ishni… E bori, kirsa kirib ketmaydimi shaytonning…
uyasiga? Men Shimoliy dengiz yo‘lini bosib o‘tganman… Motor ustasiman, beshinchi razryadli chilangarman. Xo‘p, mayli, bir yil haydamasam haydamabman, nahotki… Ey, shayton ko‘tarsin!
U garmonni oldi va biror narsa chalishga urindi, keyin yana qo‘ydi. U g‘amgin bo‘lib qoldi.
– Hech omadim kelmayapti, boboy. Hecham. Uzoq Sharqda uylangan edim, to‘g‘rimi? Qizim tug‘ildi… U bo‘lsa qulog‘imga lag‘mon osdi-da, Leningradga, onajonisinikiga ketdi-qoldi. Bildingmi? U turmushi haqida tez-tez gapirardi.
– Nimaga endi Leningradga, a?
– U Uzoq Sharqqa texnikum yo‘llanmasi bilan kelgan edi. Menga uning keragi ham yo‘q. Qizimga achinaman. Tushlarimga kiradi.
– Sen endi uning yoniga borasanmi?
– Xotinimning yonigami? Uning erga tekkaniga ikki yil bo‘ldi. Yosh, chiroyli, kalamush.
– Bo‘lmasa, qayoqqa?
– Bir jo‘ramning yoniga… Shaxtaga. Balki butunlay emasdir. Balki bir yilga.
– Bir yilga, sizlarda bunaqa bo‘lmayapti-da. Osongina hamma ketib qolmoqda.
– Xo‘sh, men bu yerda nima qilaman?! – Yana qizishdi Ivan. – Boyagi joyga borish… Ey bor-ey , shayton olsin!
U garmonni oldi-da, chala boshladi. Xuddi zarda qilganday, qo‘shiq kuylay boshladi:
Sevganim bilan yashayapman, mana,
Oh pra-ra-ra-ra-pra-ra,
Sevganim-chi, ketib boradi,
Meni tashlab, sen ham bir qara.
Jajjiginam, qo‘rqmagin aslo
Azoblashga yaralgan dunyo…
Qariya hamon xotirjam tinglardi.
– O‘zim to‘qiyman, –dedi Ivan. – Birdan, to‘ppa-to‘g‘ri to‘qib ketaveraman. Kechasi bilan aytib chiqishim mumkin:
Biz sizga ta’zim qilmaymiz
Olddan ham, yonboshdan ham:
Tilla hal berilgan «ramkadan»…
– Vaysaqisan, Ivanjon, – dedi qariya, – xo‘sh, borsang nima bo‘pti, bir ishlab berarding cho‘chqaxonaga… Onangga rahming kelmaydimi? U axir bir umr mana shunday yolg‘iz yashab kelayapti.
Ivan chalishdan to‘xtadi. Ancha vaqt jim qoldi.
– Gap bunda emas, boboy. Menga alam qiladi-da. Nima, o‘ylaysanki, meni joylashtirish uchun ularda boshqa ish joyi yo‘qmi? Nima, ularga yana bitta chilangar xalaqit qiladimi? Direktor ham menga tish qayrab yuribdi. Men uning qizini ikki marta klubdan kuzatib qo‘ygan edim, u xavfsiray boshladi. U xavfsirashi mumkin: chunki aqli yarimta. Men gaplashishni qoyillataman… Men unga yaxshi bir sovg‘a hadya qilishim mumkin edi. Afsuski, bu ishni qilmabman.
– Nima deb keltirarding sovg‘ani?
– Aha. Shundoq kamtargina, sakkizinchi martga atab.
– Ha, sizlar buni eplaysizlar.
– Umuman kayfiyatim yo‘q, boboy. Nima uchun bunaqa? Hech narsa qilgim kelmaydi… nimaga… xuddi guvohdek. Men bir marta guvoh bo‘lganman: bittasi birovning ko‘zoynagiga tushirdi, uni esa ko‘zi xiralashib qolibdi. Shunday qilib men sudda o‘tiribman va hech nimaga tushunmayman; nima uchun men bu yerda o‘tiribman, bunga mening nima aloqam bor? Judayam bema’ni ish! Xo‘sh, ko‘rganman, nima bo‘pti. Sud tugaguncha qiynalib ketdim. – Ivan ekinzorda yonayotgan gulxanlarga tikilib xo‘rsindi va jim bo‘lib qoldi. – Bu yerda ham go‘yo shunday. O‘tiribman-u, o‘ylayman: «Mening nima aloqam bor?». Sud uzoq cho‘zilsa ham tugadi va men chiqdim. Bu yerdan qayoqqa borasan? Chiqolmaysan.
– Bu yerdan bitta yo‘l – narigi dunyoga yo‘l bor.
Ivan stakanga quydi-da, ichdi.
–Bu hayotda baxt yo‘q, –dedi u va tufladi. – Sengayam quyaymi?
– Yetadi.
– Mana, senga yashash shirin bo‘ldimi?
Qariya uzoq vaqt jim bo‘lib qoldi.
– Sening yoshingda men bunday deb o‘ylamasdim, – dedi u astagina. – Bilardim, uch kishining ishini qilardim. Nonning o‘zidan qancha tayyorlardim… Agar hammasini yig‘sa, qishloqni bir yil to‘yg‘izsa bo‘ladi. O‘ylashga vaqt bo‘lmagan.
– Men esa nima uchun ishlayotganimni bilmayman. Tushunyapsanmi? Xuddi ishga yollangandayman. Xo‘sh, «Nima uchun?» – deb so‘ra – bilmayman. Nahotki faqat qorin to‘ydirish uchun bo‘lsa. Xo‘sh, qornim to‘ydi. Keyin-chi? – Ivan jiddiy so‘radi va qariyaning nima deyishini kutdi. – Keyin nima? Ko‘ngil xuddi lattaga o‘xshab qolgan…
– Charchab yetilgan,– tushuntirdi qariya.
– Sen ham bilmaysan. Sizlarda hech qanaqa ulug‘ niyat bo‘lmagan, shuning uchun qoniqtirgan… Sizlar uyqusirab yurgansiz. Men sizlarga o‘xshab yashay olmayman. Menga nimadir, ulkanroq narsalar kerak.
– Qani quy-chi, – dedi qariya. Ichdi. U ham tufladi. – Qirqoyoqlar, –dedi birdan jahli chiqib. – Yer yuzida u yoqdan-bu yoqqa, bu yoqdan- u yoqqa yurib kalovlanasizlar, hech qanday ma’no yo‘q. Har xil mashinalarni yasab tashlashgan… Tfu-u. Rak qayerdan paydo bo‘layapti? Sizlarning benziningizdan, uning tutunidan. Hademay bola tug‘ishni ham esdan chiqarasizlar.
– Yo‘g‘-e, undaymasdir.
– O‘zlaring boshqacha yashayotganlaringni bilasizlar, yana «ulkan ishlar» deb, dod solasizlar. Unda nimaga jirkanasan?
– Senga qaysi gapim tegib ketdi? Sizlar «uyqusirab» deganimmi? Xo‘sh, unda sizlar qanaqasizlar?
– Dangasasizlar. Oqsuyaklar. Sizlar hozir shunday: siz yaramaslarga bir qatnov uchun bir so‘m yigirma tiyin to‘laydilar, bir kunda to‘rt so‘m ishlashing mumkin, ular esa ikki qatnov qiladi-yu, otni bo‘yinturug‘idan chiqarishadi. O‘zi esa cho‘chqani bir urib ag‘dargudek baquvvat. Masalan, menga bir qatnab borib kelganimga yigirma besh to‘lashardi, kuniga besh marta qatnardim, uch-to‘rtta aravada. Mehnat kunlarini ishlardik-da, yil bo‘yi qilgan mehnating uchun qancha to‘lashlarini kutardik. Bizga esa moylangan shimildiriq («shish» ikki barmoq orasidan ko‘ringan uchinchi barmoq) berishardi. Sizlar esa nima uchun ishlayin deb noliysizlar! Sen oyiga bir yarim ming so‘m ishlab topging kelmaydi, men esa bunaqa pul uchun yoz bo‘yi mehnat qilardim.
– E-e, menga buncha pulning keragi yo‘q, – dedi Ivan xuddi kariyaning jig‘iga tegmoqchidek. – Sen buni tushuna olasanmi? Menga nimadir boshqa narsa kerak.
– Kerak emasmish, bosh og‘rig‘iga esa bir yarim so‘ming yo‘q. Yuribsan, xuddi tilanchiday… Unga kerak emas! Onang mehnatdan ado bo‘ldi. Iblislar… Dangasalar. Quyosh hali tikkada turibdi-ku, bular ishdan qaytib kelishadi. Yana mashinada qo‘shiq aytib! O‘rgildim, sizlardaka ishlovchidan, sizlar faqat klubda hushtakvozlik qilishga-yu, otalarga «sovg‘a» yasashga ustasizlar.
– Yo‘q, endi avvalgiday hayot kechirmayman, endi… Umuman olganda, rasman sen haqsan, ammo ot ham ishlaydi-ku…
– Bu kishim cho‘chqaxonada ishlashdan uyalarmish! Go‘sht yeyishdan uyalmaysan-ku?
– Boboy, baribir, tushunmaysan, – xo‘rsindi u.
– Bizga yo‘l bo‘lsin!
– Men senga aytayapman, to‘ydim. Keyin-chi, men bilmayman. Lekin bitta narsani bilaman, bu meni qoniqtirmaydi. Men faqat qornim uchun ishlashni xohlamayman.
Qariya zaharxanda kuldi.
– Landovur. Xotining nimadan ketib qoldi? Ichishingdan bezibmi?
– Men olifta emasman, lekin zo‘r dengizchi mutaxassis edim. Ketganinimi?.. Bilmayman. Aynan, oliftaroq bo‘lmaganim uchun bo‘lsa kerak.
– Sen kim bo‘lmagan eding?..
– Bu haligidaqa… – Ivan garmonini taxtaga qo‘ydi-da, chekdi, uzoq vaqt o‘ylanib qoldi. Qo‘qqisdan esi og‘ib emas, qandaydir xavotir bilan kasalga o‘xshab dedi:
– Rostdan ham nima uchun yashayotganimni bilmayman.
– Uylanishing kerak.
– Hayron qolaman. Men ahmoq emasman- ku, ko‘nglimni qanday xotirjam qilay? U mendan nima so‘rayapti? Nega men uni tushunmayapman!
– Uylan, salanglab yurmaysan. Bunga vaqting ham bo‘lmaydi.
– Yo‘q, bunaqa emas. Men sevgidan otash bo‘lib yonishim kerak. Bu yerda qanday yonasan! Tushunmayman: faqat men shunday ahmoqmanmi yoki boshqalar ham ahmog‘-u, indamay yurishadimi. Ishonasanmi, yo‘qmi: kechasi o‘ylayman, o‘ylayman-u, o‘zimni shu darajada yomon his qilamanki, dodlab yuborgim keladi. Nimaga?
– Tfu-u! – Qariya boshini sarak-sarak qildi. – Xalq umuman buzilib bo‘ldi.
Kun esa asta-sekin og‘ib, namxush iliqlikdan eriyotganday qorayib borardi. Polizlardagi gulxanlar yorqinroq ko‘rina boshladi. Tutun yana ham achchiqroq taralardi. Hali ancha vaqtgacha gurunglashib, batatni yoqishadi. Ovozlar ham tiniqroq eshitila boshlaydi, qishloqda shovqin va g‘ala-g‘ovur asta-sekin tinadi. Qorong‘ulik quyuqlashadi. Ekinzordagi gulxanlar o‘chadi. Va qayerdandir – yaqindan erkak kishining tiniq ovozi eshitiladi.
– Xo‘sh, ketdik endi.
Bugungi kun qanchalik sekin, osoyishta va xomush o‘tgan bo‘lsa, ertaga shu darajada yorug‘, shodon, yangroq yangi kun keladi. Qishloq bo‘ylab xo‘rozlarning qichqirgani eshitiladi. Odamlar shoshilib g‘imirlashadi. Kechikishadi.
Ivan vaqtli turdi. Karavotda o‘tirib, polga tikildi. Ko‘ngli g‘ash, tushkun ahvolda edi. Kiyina boshladi. Onasi pechkani yoqdi, yana tutun hidi keldi, ammo bu boshqacharoq – quruq, tonggi qishloq hidi edi. Onasi tashqariga chiqmoqchi bo‘lib eshikni ochganida, ko‘chadan toza havo kirdi. Bu toza havodan muzlagan shishadek ko‘lmaklar hidi anqirdi.
– Borib direktorga uchrashsammikan-a, iltimos qilardim, – gap qotdi onasi.
Ivan soqolini olayotgandi.
– Yana nima! Oyog‘ining ostiga yiqil, xursand bo‘ladi.
– Xo‘sh, unda endi nima qilsak bo‘ladi? – Onasi bu gapni yalinganday bo‘lib tuyulmasligi uchun ishonchliroq, qat’iyroq qilib gapirdi. U bu balki oxirgi suhbatlari bo‘lishi mumkinligini tushunardi. – Odamlar borishayapti, iltimos qilishayapti, tillari kesilgani yo‘q.
– Men bordim. Iltimos qildim.
– Sen tanqay burunni bilaman-ku, qanday so‘raganingni. Hurishni bilasan faqat…
– Ona, bo‘ldi qil.
Onasi boshqa chiday olmadi, o‘rindiqqa o‘tirdi-da, sekin yig‘lab yubordi va asta koyiy boshladi:
– Ayt, qayerga bormoqchisan? Shaytonning o‘chog‘igami. Mening peshonamga butun umr qiynalib yashash yozilgan ekan. O‘g‘lim, nima uchun yolg‘iz o‘zing haqingda o‘ylaysan-a?
Ko‘z yoshlari to‘kilishini Ivan bilardi. Shuning uchun ham ko‘nglining tubida og‘ir tosh yotardi, yuragi zirqiradi. Shu sababdan ham u vaqtidan avval qovog‘ini uyib olgandi.
– Nima, sen meni… urushga jo‘natayapsanmi? Men u yerda nima?.. E, hammasi yo‘q bo‘lsin. Birdan ko‘z yoshi. Bu ko‘z yoshlaringdan menga kun yo‘q.
– Borib kelsam, so‘rasam bo‘lardi, u tosh emas-ku, biror yumush topib berar. Bo‘lmasam, inspektorga borib uchrash. Nimaga darrov ketamanga tushasan. Ana Kolka Zavyalovning ham haydovchilik guvohnomasini olib qo‘yishgandi, bordi, gaplashib to‘g‘riladi… Odamlar bilan gaplashish kerak…
– Haydovchilik guvohnomam endi militsiyaga o‘tib ketdi. Kech.
– Unda militsiyaga borsang…
– Xo-xo! – qizishdi Ivan. – Gapini qarang!
– Ey Xudo, ey Xudo… Bir umr shunday. Nega endi mening peshonamga bunday qismat bitilgan ekan! Nima, menga qarg‘ish tekkanmikan?..
Noqulay vaziyat ro‘y berayotgandi. Ivan hovliga chiqdi, qo‘lyuvgich yoniga borib yuvindi, maykachan holda darvoza yonida turib qoldi. Qishloqqa qaradi. Bu yerdagi hamma narsa ko‘ngliga yaqin. Uzoq yo‘l oldidan esa ko‘nglida xotirjamlik tuymasdi. U yo‘lga chiqishdan qo‘rqmasdi, ammo ko‘ngli xotirjam emasdi, jo‘nayotganda xursandchilik bilan jo‘nash kerak edi. Qayerdandir chiroyli iti Dik kelib qoldi va erkalanib suykala boshladi.
– Qoch! – Itni nari itarib, uyga qarab ketdi.
Onasi dasturxon tuzayotgan edi.
– Cho‘chqaxonada ishlab tursang bo‘ladi-ku…
Ular – onalar qat’iyatli va doim yordamga muhtoj.
– Hech qanday qistov o‘tmaydi, – dedi uzil-kesil Ivan. –Butun qishloq kuladi, men yaxshi bilaman nima uchun ular meni cho‘chqaxonaga tiqishtirayotganlarini. Faqat, ularning aytgani bo‘lmaydi.
– Voy Xudo, voy Xudo…
… Nonushta qildilar.
Onasi buyumlarni jomadonga joyladi-yu, shu yerning o‘zida – ochiq jomadon yonida polga o‘tirib oldi va yana yig‘lay boshladi. Endi hech narsa demay yig‘lardi.
– Qo‘y endi. Bir yilcha ishlayman-u, kelaman?
– Balki uchrashib kelarman, o‘g‘lim? – Pastdan turib o‘g‘liga qaradi onasi, ko‘zlaridagi g‘am shundoq sezilib turardi, umid va iltijo, toqatsizlik akslanardi. – Undan iltimos qilaman. U yaxshi odam.
– Ona… menga ham og‘ir, axir.
– Balki militsiyadagilarning birortasiga berish kerakdir. Nima, olmaydi deb o‘ylaysanmi? Ha, olishmaydi! Kolka Zavyalov bermagan deysanmi? Bergan… Qandaydir yo‘l bilan berishgan.
– Hali bu yerda hech nima ma’lum emas, kim kimga tiqishtirganiyam. Men ulargami yoki ular mengami.
Oldinda pechka bilan xayrlashish ham bor edi. Har doim Ivan biror yoqqa – uzoqroqqa jo‘nayotganda, onasi uni pechka bilan xayrlashib, uni uch marta o‘pishga majbur qilardi va: «Onajonim pech, sen meni qanday yedirgan, ichirgan bo‘lsang, shunday oq yo‘l tilab, fotiha ber, uzoq yo‘lga chiqmoqdaman», deb ayttirardi. Bundan tashqari, u Ivan bu gaplarni ancha oldin yodlab olgan bo‘lsa ham, har doim qanday so‘zlar aytilishi kerakligini so‘zma-so‘z eslatib turardi.
Ivan uch marta peshonasini pechga tegizib: «Pechka, onajon, sen meni qanday yedirgan, ichirgan bo‘lsang, uzoq yo‘l oldidan menga shunday oq fotiha ber», – dedi.
… Ona, o‘g‘il va it ko‘chada ketib borishardi: Ivan onasining kuzatgani chiqishini istamasdi, odamlar derazalaridan ko‘z tikib: «Vanka ketayaptimi… qayoqqa?» deyishlarini xohlamasdi.
Yo‘lda kecha kechqurun gaplashgan qariyaga duch keldi. Ivan to‘xtadi. U onasini birpasdan so‘ng qo‘shni qariya bilan uyga qaytar, deb o‘yladi.
– Ketayapsanmi?
– Ketayapman.
Chekishdi.
– Baliq tutdingmi, deyman?
– Bir-ikki tuzoq qo‘ygandim, hali erta ekan.
– Ha, hali erta.
Onasi qo‘llari bilan fartugini g‘ijimlagancha, suhbatga e’tibor bermay, o‘g‘li ketadigan tomonga o‘ychan tikilib turardi.
– U yoqlarda ko‘p ichma, – tayinlardi qariya. – Shahar – bu shahar, hamma begona. Avval ko‘nikib o‘rgan…
– Nima, men piyonistamidim?
Ular yana birpas turishdi.
– Xudo yor bo‘lsin! – dedi qariya.
– Omon bo‘l.
Qariya o‘z yo‘liga ketdi. Ivan onasiga qaradi… U hamon uzoq-uzoqlarga tikilardi, ona-bola ozroq yurishdi.
– Ona… uyga qaytsang bo‘lardi.
Onasi eshitib to‘xtadi, Ivan uni ohista quchoqladi… O‘g‘lining ko‘ksiga qo‘ygan boshi qaltirab ketdi. Eng og‘iri shu edi. Hozir uni o‘zidan ajratib, ketishi kerak.
– Mayli, ona, boraqol. Borgan zahoti xat yozaman. Shundoq yetib boraman-u… Menga jin ham urmaydi! Boshqalar nima, ketishmayaptimi? Boraqol.
Onasi uni cho‘qintirdi… Va joyida turib qoldi. Ivan esa ketib borardi. Iti uning ortidan ergashdi. U doim xo‘jayini bilan ishga borardi.
– Yo‘qol! – dedi jahl bilan Ivan.
Dik esa dumini likillatib, hamon uning oldida yugurib borardi.
– Dik! Dik! – chaqirdi Ivan.
Dik yugurib keldi. Ivan uni qattiq tepdi, it vangillab chetga qochdi. Va hayron bo‘lib xo‘jayiniga boqdi. Ivan teskari qaradi. Dik dumini likillatdi-yu, o‘rnidan turdi, ammo uning ortidan chopmay joyida qoldi. Lekin, baribir, xo‘jayiniga qarab hayron tikilardi.
Undan sal narida esa onasi turardi… «Yo‘q, hayotda yolg‘iz yashash kerak. Shunda oson bo‘ladi», o‘yladi Ivan tishlarini mahkam qisib. Tezda katta-katta qadam tashlab, avtobus tomon yura boshladi. Onasi esa unga tikilgancha joyidan qimir etmay turardi.
Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi