Vasiliy Shukshin. Mikroskop (hajviya)

U bunga jur’at qilolmay yurardi. Endi jur’at qildi.
O‘sha kuni uyga bir ahvolda kirib kelib, xotiniga qaramasdan dedi:
— Bor… pulni yo‘qotdim. — Aytdi-yu, sap-sariq, pachoq, qiyshiq qirg‘iy burni qizg‘ish tusga kirdi. — Bir yuz yigirma so‘mning hammasini yo‘qotdim.
Xotinning jag‘i pastga osilganicha, yuzida “hazilingni qo‘ysang-chi”, degan ifoda paydo bo‘ldi! Yo‘q, bu qiyshiqburun hazilni bilmaydiyam, uni eplolmaydiyam. Erining aftiga qarab turgan xotin nihoyat:
— Qayerda? — degan ahmoqona savolga tili keldi.
Er beixtiyor “hih” dedi.
— Qayerdaligini bilganimda, borib…
Xotin jon-jahdi bilan:
— Yo‘-o‘-o‘-o‘qq! — deb chinqirib yubordi. — Men senga “hih” deyishni ko‘rsataman! — Xotin tovaga yugurdi. — Naq to‘qqiz oygacha “hih” demaydigan qilaman, ablah!
Er tovadan o‘zini himoya qilish uchun karavotdan yostiqni oldi. (Qadimgilar zarbdan saqlanish uchun yaltiroq qalqon ishlatishgan, aslida qalqon oliftagarchilikka yaraydi, himoya uchun yostiqdan o‘tadigani yo‘q! Er-xotin biri yostiqni yuziga tutgan, ikkinchisi tova ko‘targancha xonada gir aylanishardi.
— Yostiqni, yostiqni iflos qilasan! — derdi er! — Buni o‘zing yuvasan!
— O‘zim yuvaman. Yuvaman, qiyshiq burun! Lekin ikki qovurg‘ang meniki bo‘ladi. Meniki! Meniki!
— Qo‘lga tegdi, uh, mana, qara!
— Mana senga kalta! Mana senga qiyshiq burun!
— Yaramas, qo‘lga urma! Ertaga byulleten olib uyda o‘tiraman, ishga yaramayman! O‘zingga yomon bo‘ladi!
— O‘tirasan!
— O‘zingga yomon…
— Mayli!
— Voy!
— Mana senga!
— Bas endi!
— Yo‘q, xumordan qichib olay, xumordan, qiyshiq burun, kasofat! Qizilishton…
Xotin epchillik qilib, tova bilan erining boshiga ketma-ket tushirdi. Bundan kelinning o‘ziyam qo‘rqib ketdi. Er yostiqni tashlab, qo‘llari bilan boshini ushlaganicha yerga o‘tirib qoldi. Xotini uning chindanmi yoki yolg‘ondan qilayotganini bilish uchun eriga diqqat bilan tikildi. Rostligiga ishonch hosil qilgach, tovani daranglatib yerga tashladi va kursiga o‘tirib olib uv tortishga tushdi, uv tortish bilan barobar kafti bilan tizzalariga shapillatib urar edi.
— Nega peshonam bunchalik sho‘r bo‘lmasa? Yemay-ichmay tiyin-tiyinga qo‘shib, norasidalardan ham ayab-asrab yiqqan esiz pullarim-a! Tishimni kovagida asragan edim-a, qiyshiq burun, kasofatdan voy-dod! Tiyinlab yig‘ib, bu yil qishga bolalarga pocha-po‘stin oberaman, deb quvonganlarim-a! Boyqushlarim maktabga yirtiq-yamoqda borishmaydi, deb o‘ylaganlarim-a!
— Qachon ularing yirtiq-yamoqda yurgandi? — dedi er toqatsizlanib.
— Gapirma, kasofat! Gapirma! O‘z bolalaring nasibasini yutib, tiqilib o‘la qolmaysanmi! Tiqilib o‘lganing yaxshi emasmidi-ya!
— Yaxshi niyating uchun rahmat! — dedi er alam bilan.
— Eh, sen kasofat qayerga boruvding? Esingdami o‘zi? Ishxonada unutib qoldirmadingmi? Dastgoh tagiga qo‘yib esdan chiqargandirsan?
— Qanaqa ishxonada? …Omonat kassaga ishdan keyin bordim-u. Ishxonadamish…
— Balki birortanikiga kirgandirsan, kasofat?
— Hech kimnikiga kirmadim.
— Balki aroqxo‘r ulfatlaring bilan do‘konda pivoxo‘rlik qilgandirsan?.. Esla! Balki o‘sha yerda tushirib qo‘ygandirsan? Yugur, so‘rab ko‘r haliyam bo‘lsa, qaytib berishadi.
— Yo‘q, do‘kongayam kirganim yo‘q, pivoxo‘rlik ham qilganim yo‘q.
— Unda qayerda yo‘qotding, kasofat?
— Qayoqdan bilay?
— Bu yoqda men o‘tiribman ana pul keladi deb!.. Hozir bolalar bilan borib pocha-po‘stinlarini o‘lchab ko‘rmoqchi edik. Eng yaxshilaridan tanlab keluvdim… Ulardan ham ayrildik endi. Voy, kasofat er, hammasining boshiga yetding.
— Bo‘ldi-da, namuncha kasofat-kasofat deyaverasan?..
— Unda kimsan?
— Endi iloj qancha?
— Ikki smenada ishlaysan, kasofat! Kuningni ko‘rsataman!.. Endi hammomdan chiqqandan keyin choraklikni ichib bo‘psan! Quduqdan xom suv olib ichasan!
— Choraklikka qarab qolibmanmi? Usizam kunim o‘tar.
— Ishga piyoda qatnaysan! Endi avtobusda yurib bo‘psan!
Er-xotinning so‘nggi gapidan hayratga tushdi:
— Ikki smena ishlab yana piyoda qatnaymanmi? Zo‘ru…
— Ha, piyoda qatnaysan! U yoqqayam, bu yoqqayam piyoda borib kelasan, kasofat! Kechiksang yugurasan. Pul yo‘qotish qanday bo‘lishini hali necha marta tatib ko‘rasan!
— Xoh ikki smena bo‘lsin, xoh bir smena — bir yarim oyda o‘rnini to‘lg‘azaman, — dedi er zarb yegan joyni kafti bilan silab. — Usta bilan kelishib qo‘ydim… — Avvaliga u og‘zidan nima chiqib ketganini anglamadi. Xotini unga hayrat bilan qaraganidan keyin xatosini to‘g‘riladi. — Pulni yo‘qotganimni bilgandan keyin ishxonaga qaytib borib, kelishib keldim.
— Omonat daftarchani bu yoqqa ber, — deb xotin uni qo‘lga olib, ichini ochib unga tikilib turdi-da, alam bilan qo‘shib qo‘ydi: — Shuncha pulni yo‘q qildingmi-ya, go‘ringda to‘ng‘iz qo‘pgur!
Qishloqlaridan to‘qqiz kilometr naridagi “Zagotzerno”da duradgor bo‘lib ishlaydigan Andrey Yerin bir haftagacha o‘zini juda yomon his qilib yurdi. Xotin hamon darg‘azab, vaqti-vaqti bilan “kasofat”dan olib “kasofat”ga solishini qo‘ymasdan jonini xalqumiga keltirsa-da, ovoz chiqarib g‘iring deyishga jur’at qilmasdi.
Kunlar o‘taverdi… Xotin tinchlandi. Andreyga shu kerak edi. Nihoyat, hammasi joyiga tushdi, degan qarorga keldi u.
U kech oqshom uyiga bir quti ko‘tarib kirib keldi. Qutining ichida og‘ir narsa borligi sezilib turardi. U ko‘pincha uyga ish ko‘tarib kelar, ular qog‘ozga o‘ralgan yog‘och buyumlar bo‘lgani uchun uning bu kelishi uydagilarni ajablantirmadi. Andreyning quvonchi ichiga sig‘masdi. U ostonada to‘xtab, unga e’tibor berishlarini kutib turdi.
— Nima gap, oydinda yaltiragan yalang‘och dumbaga o‘xshab kelibsan? — dedi xotini kinoya bilan.
— Mana… zarbdor mehnat sharafiga berishdi… — Andrey kelib qutini stolga qo‘ydi-da, uni o‘zi ocha boshladi. Nihoyat, quti ochilib, stol ustida mikroskop paydo bo‘ldi… — Mikroskop.
— Buni nima qilasan?
Andrey Yerin xotiniga qandaydir achinish bilan tikildi, so‘ng:
— Oyni kuzatamiz! — dedi-da, qah-qah urib kuldi.
Beshinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘liyam oyni mikroskopda kuzatishni eshitib kulib yubordi.
— Nega kulasanlar? — dedi ajabsinib xotin.
Ota-bola hamon qotib-qotib kulishardi. Xotin eriga o‘qrayib qaradi. Er kulishdan to‘xtadi.
— Mana sen atrofingda mikroblar bijib yotganini bilasanmi? Aytaylik, ichish uchun bir cho‘mich suv olding… Xo‘sh?
Andrey chelakdan cho‘michda suv olib, xotiniga tutdi. — Buni ichib, suv ichyapman deb o‘ylaysanmi?
— E, qoch-e!!
— Yo‘q, javob ber.
— Xo‘p, suv ichayapman deb o‘ylayman.
Andrey o‘g‘liga g‘olibona qarab, yana qah-qah urib kuldi.
— Suv ichyapganmishlar! Yoirt jinnisan!
— Kasofat! Hozir tovani olib, kimligimni ko‘rsataman!
Er yana jiddiy tortdi.
— Mikrob ichasan, azizim, mikrob. Suvga qo‘shib-da. Ikki million mikrob yutasan. Mazza! Gazak o‘rnida ketadi!
Ota-bola yana kulgidan o‘zlarini tutib turisholmadi. Xotin tova keltirgani dahliz tomon yugurdi.
— Bu yoqqa qara! — qichqirdi Andrey cho‘mich bilan mikroskop tepasiga kelib. Mikroskopni uzoq sozlagach, dumaloq shisha ustiga suv tomizib, mikroskop ustiga engashdi, nafas olmay unga tikildi.
Ortda turgan o‘g‘il toqatsizlik bilan otasining yelkasidan tutib:
— Dada, menam ko‘ray! — dedi.
Ota shoshma deganday bir oyog‘ini silkitdi.
— Ana, ana, u yoqdan-bu yoqqa, bu yoqdan-u yoqqa g‘imirlashini!.. Voy itvachchalar-ey!
— Dadajon!
— Bolayam ko‘rsin! — amrona dedi xotini, o‘zi ham azbaroyi qiziqqanidan yuzlari bo‘g‘riqib.
Andrey boshini chayqagancha naychadan boshini ko‘tarib, o‘g‘liga joy bo‘shatdi. U mikroskopga engashgan bolasining yelkasi osha qarab qo‘yarkan, toqatsizlanib so‘radi:
— Xo‘sh?
Bola indamadi.
— Xo‘sh?!
— Ana ular! — qichqirdi bolakay. — Oppoq…
Ota bolasini mikroskopdan tortib, xotiniga:
— “Endi sen qara”, dedi. — Ichadigan suvingni bir ko‘rib qo‘y.
Xotin naychaga uzoq tikildi… Avval bir ko‘zi bilan, keyin ikkinchi ko‘zi bilan qaradi…
— Hech baloni ko‘rmayapman.
Andreyning fig‘oni chiqdi:
— Ko‘zdan qolganmisan, nima balo?! Kissadagi mayda chaqani ko‘rgan ko‘zing shuncha mikrobni ko‘rmaydimi? Ko‘zingni o‘ynatib irg‘ishlayotganlar nima bo‘lmasa?.. Oppoq-oppoqlari…
Xotin o‘sha “oppoqqina”larni ko‘rmay, eri bilan bolasi ko‘rganiga jahl qilmadi:
— Ha, ana… — dedi u. Kim biladi, balki yolg‘ondan shunday degandir. Ba’zi-ba’zida uning yolg‘on ham gapirib turadigan odati yo‘q emasdi. Andrey xotinini nari surib o‘zi mikroskopga engashdi va pichirlab so‘zlay boshlaydi:
— Voy, onaginanglarni qiliqlarini qara!
— Ular tussizmi? — so‘radi orqadan xotini o‘g‘liga qarab, — xuddi sho‘rvadagi yog‘ dog‘lariga o‘xshaydi-a? O‘shalarmi?
— Sekin! — asta o‘shqirdi Andrey mikroskopdan ko‘zini uzmasdan. — Yog‘ dog‘larimish. O‘zing yog‘ dog‘isan! Bir butun lahmsan.
Andrey Yerin shu tobda uyning baqiroq egasiga aylangandi-qolgandi.
Beshinchi sinfda o‘qiydigan to‘ng‘ich o‘g‘il hiringlab kuldi. Ona uning gardaniga asta musht tushirdi. Keyin kichkinalarni mikroskop yoniga olib kelib:
— Qani, achigan sho‘rva doktori! Bolalar ham ko‘rishsin, buncha yopishib olmasang! — dedi zarda bilan.
Andrey mikroskop oldini bolalarga bo‘shatib, o‘zi hayajonini bosolmay xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. O‘zi qattiq xayolga cho‘mgan edi.
Kechki ovqat paytida ham Andrey o‘sha-o‘sha o‘y surganicha, mikroskopga qarab, bosh chayqab qo‘yardi. U qoshiqda sho‘rva olib, o‘g‘lidan so‘radi:
— Bunda qancha bor?.. Taxminan?
O‘g‘il peshonasini tirishtirib, o‘zicha hisoblab chiqib:
— Yarim millionchadir! — dedi.
Andrey ko‘zlarini pirpiratib qoshiqqa tikildi:
— Undan kam emas. Biz esa buni ham! — U sho‘rvani yutib, ko‘ksiga mushtladi. — Ana, tamom! Hozir buni oshqozon o‘zi do‘pposlaydi. O‘zi mikroblarni yengadi!
— O‘zing so‘ragandirsan-da? — dedi xotin qovog‘ini uyganicha mikroskopga ishora qilib — So‘ramaganingda changyutgich berisharmidi. Chang tozalashga u ham yo‘q.
Xudo ayolni yaratganida uni juda murakkablashtirib yuborgan, shekilli. Aftidan ilhomi jo‘shib, berilib ketganidan shunday bo‘lgan. Harholda ijodkor ijodkor-da. Haliyam ularni donishmand qilib yaratmaganiga shukr qiling.
Tunda Andrey ikki bor o‘rnidan turib, chiroqni yoqib, mikroskopga tikilib, pichirladi:
— Voy itvachchalar-ey! Nima qilishayapti. Nima qilishayapti ular. Uxlashmaydiyam yaramaslar!
— Aqldan ozmasang bo‘lgani, — ming‘irladi xotin uyqusirab. — Yana jinday bo‘lsa, butunlay toming ketib qoladigan.
— Yaqinda kashfiyotni boshlayman, — dedi Andrey xotinining issiq pinjiga tiqilib — Hech olim bilan yotganmisan?
— Endi shu kamidi.
— Endi yotasan! — dedi Andrey xotinining momiq yelkasiga kafti bilan urib. — Azizam, olim bilan endi yotasan…
Bir hafta Andrey Yerin huddi tushdagiday yashadi. Har kuni ishdan keliboq shoshib yuvinib, apil-tapil ovqatlanib, to‘g‘ri mikroskop tepasiga kelib engashardi.
— Gap shundaki, — derdi u. — Inson bir yuz ellik yil yashashi kerak. Nima uchun u oltmish, nari borsa yetmish yil yashab, keyin oyog‘ini cho‘zadi? Mikroblar! O‘sha ablahlar inson umrini qirqadi. Organizmga kirib olishadi. Odamzod jinday bo‘sh keldimi, yeyishni boshlashadi.
O‘g‘li ikkalasi mikroskop oldida soatlab o‘tirib olib, tadqiqot o‘tkazishadi. Quduqdan olingan suvning tomchisini, chelakdagini kuzatishadi, yomg‘ir yoqqanida yomg‘ir suvini tekshirishadi. Yana ota o‘g‘liga ko‘lmakdan namuna olib kelishga yuboradi. Ko‘lmak suvida oq tanachalar bijg‘ib yotardi.
— Bu “onangni”larni qara! Bular bilan qandoq kurashasan? — Andreyning hafsalasi pir bo‘ldi. — Odam ko‘lmakni kechib, uyga bularni olib keladi, chaqaloq go‘dak degani yalang oyoq o‘tib, mikroblarni yuqtiradi. Ko‘rib turibsanki, go‘dakning organizmi mikrobga taslim-da.
— Shuning uchun doim uyga oyoqni artib kirish kerak, — dedi o‘g‘il. — Siz bo‘lsangiz artmay kirasiz.
— Gap unda emas. Bu marazlarni ko‘lmakning o‘zida gumdon qilishni o‘rganish kerak. Men-ku, bildim, endi artarman, lekin Senka — anovi Marov… o‘shanga o‘rgatib ko‘r-chi, molga o‘xshab ko‘lmakni qanday shaloplatib yurgan bo‘lsa, yaramas shunday uyning to‘riga chiqib ketaveradi.
Yana u o‘g‘lining ter tomchisini tekshirib ko‘rdi. Buning uchun o‘g‘il ko‘chada holdan toygunicha yugurdi, keyin ota qoshiq bilan peshonasidagi terni sidirib, uni mikroskop tagida tekshirdi.
— Bor! — Andrey alam bilan tizzasiga mushtladi. — Bir yuz ellik yil yashab bo‘larmidi! Terdayam bor-da.
— Qonni tekshirib ko‘rmaymizmi? — taklif qildi o‘g‘il.
Ota igna bilan barmog‘ini teshib, qip-qizil tomchini siqib chiqarib, uni oynachaga silkib tushirdi. — U mikroskopga engashib turib, ingrab yubordi.
Dabdala! Qongayam o‘tibdi! — Andrey Yerin qaddini tiklab, atrofga hayrat bilan tikildi. — Xo‘-o‘sh… Haromzodalar bilishadi, mendan yaxshiroq bilishadi, lekin lom-mim deyishmaydi.
— Kim? — tushunmasdan so‘radi o‘g‘il.
— Olimlar! Ularning mikroskoplari biznikidan yaxshiroq!
Hammasini ko‘rishadi, lekin bildirishmaydi. Xalq xavotirlanmasin deyishadi. Xo‘sh, nega aytmaslik kerak? Aytishganda hamma bir bo‘lib ularni qanday yo‘qotishni o‘ylab topisharmidi? Yo‘q, kelishib olishgan-da, g‘ing deyishmaydi. Yoalayon ko‘tariladi, deyishsa kerak-da.
Andrey Yerin kursiga o‘tirib, cheka boshladi.
— Ana qanday mayda maxluqlardan odamlar nobud bo‘lishadi! — Andrey g‘ussa ichida dedi.
O‘g‘il mikroskopga engashdi.
— Bir-birlarini quvlashayapti. Bular jinday boshqacha, dumaloq ekan.
— Dumalog‘iyu uzuni — hammasi bir go‘r ularning. Mening qonimdayam ular borligini hozircha onangga aytmay tur.
— Mening qonimniyam ko‘ramizmi?
Otaning ko‘zlarida ham qiziqish, ham hadik jilva qildi. Uning tizzalari ustiga qo‘ygan mehnatdan chayir, yelim hidli qo‘llari qaltiray boshladi.
Hojati yo‘q. Balki kichkinalarda… Eh, senlarni! — Andrey o‘rnidan turib alam bilan kursini tepib yubordi. — Bit, qandala, qayoqdagi qumursqalarni qirishni o‘rganishdi, bunda bo‘lsa, eng mayda, sirkadan kichiklarini qirisholmaydimi? Hayf senlarga olimlik unvoni?!
— Bit ko‘rinadi, bular… Ularni qanday qirishadi?
Ota uzoq o‘ylandi.
— Skipidar bilan-chi? Kuchi yetmasmikan yo? Aroq undan kuchliroq-ku… Men uni ichaman, lekin qonimda nima borligini ko‘rib turibsan!
— Aroq qonga o‘tadimi?
— Qayoqqa o‘tadi bo‘lmasa? Uni ichganlar nega jinni bo‘lishadi?
Bir gal Andrey ishxonasidan uzun, ingichka igna olib keldi… Yuvinib bo‘lgach, o‘g‘liga im qoqdi. Ular ichkari xonaga kirib ketishdi.
— Qani, urinib ko‘raylik-chi… Simning uchini yaxshilab charxladim, balki bir juftini sanchib o‘ldirarmiz.
Charxlangan simning uchi g‘oyat ingichka, soch tolasiday kelardi.
Andrey u bilan suv tomchisini uzoq cho‘qiladi. Pishillab, jiqqa terga botib ketdi.
— Qochib ketishayapti, marazlar. Yo‘q, sim yo‘g‘onlik qiladi, sanchib bo‘lmayapti. Yanayam ingichka bo‘lishi kerak ekan, bundan ingichkalatib bo‘lmaydi. Mayli, hozir ovqatlanib olaylik, keyin tok bilan urinib ko‘ramiz. Batareyka olib keldim, ikki simni tutashtirib, nima bo‘lishini ko‘ramiz.
Kechki ovqat ustida bemahalda Andrey bilan “Zagotzerno”da ishlaydigan Sergey Kulikov kirib qolsa bo‘ladimi. Shanba munosabati bilan Sergey mast edi. Shuning uchun ham sanqib yurib kelib qolgan ekan. So‘nggi kunlarda Andrey ichkilikni og‘ziga olmay qo‘yganidan ichgan odamni yoqtirmasligini payqadi. Mast odam o‘zini ahmoqona tutadi, kurakda turmaydigan so‘zlarni gapiradi.
— O‘tir, ovqatlanamiz, — dedi Andrey unga g‘ashi kelib.
— Nimaga o‘tiraman? Biz shu yerda… Bizga hech nima… Bizga chekka bir burchak bo‘lsayam bo‘laveradi.
“Bu namuncha o‘zini qozonlik yetimday tutmasa?” — deb o‘yladi Andrey.
— Ixtiyoring…
— Mikrobni ko‘rsat.
Andrey xavotirga tushdi.
— Qanaqa mikrob? Seryoga, borib yaxshisi uxla… Menda hech qanaqa mikrob yo‘q.
— Nimaga yashirasan? Qurolmidiki, yashirsang? Ilmiy ish… O‘g‘lim “Andrey amakim mikroblarni qirmoqchi”, deb gapiraverib miyamni achitib yubordi.
— Andrey! — Sergey ko‘ksiga mushtladi. “Olim” unga o‘qrayib qaradi. — Senga tilladan haykal qo‘yamiz!.. Dunyoga mashhur qilamiz! Men sen bilan yonma-yon ishlayman!.. Andryuxa!
Zoya Yerina ham mastlarni yoqtirmasa-da, shu tobda erini “olim” deb atashlari yoqib ketdi unga. Jahli chiqmadi-yu, shunchaki odatdagiday javragisi kelib, ming‘irladi:
— O‘rniga boshqa narsa berishsa bo‘lardi, mikroskopmish! Shuning dastidan tunlari uxlamasdan erim aqldan ozmasa bo‘lgani. O‘rniga changyutkich berishsayam bo‘lardi. Uyning changini tozalardik, o‘zimizda yo‘q, sotib olishga gal kelmaydi.
— Nimani berishdi? — tushunmasdan so‘radi Sergey.
Andrey Yerinning tanasi muzlab ketdi.
— Mukofotga berishdi, anovi mikroskopni…
Andrey ko‘zlari bilan Sergeyga imo qilib, ogohlantiray desa, u Zoyaga xuddi echkiday baqrayib turardi.
— Qanaqa mukofot? Sizlarga mukofot berishdimi?
— Ha, berishdi mukofotni! Qo‘lga berib, qolganini ortimizdan quvlab, yana tepki bilan berishdi. Mukofot berarmish-a!
— Andreyga anovi mikroskopni berishdi, zarbdor mehnati uchun… — xotinining ovozi dahshatli darajada past eshitildi. U hammasini tushungan edi.
— Ha, berishadi! — dedi jazavaga tushib Sergey. — Men o‘tgan oy naryadni 130 foiz qilib yopdim… Shundaymi? Yolg‘on bo‘lsa, Andrey aytsin.
Andrey oyog‘i ostidagi yer o‘pirilib, xuddi tubsiz jarga qulayotganday bo‘ldi. U o‘rnidan dast ko‘tarilib, Sergeyning yoqasidan tutamlaganicha, uydan tashqariga sudrab chiqdi, hovlida gardaniga ikki musht tushirib, so‘ng so‘radi:
— Uch so‘ming bormi? Maoshgacha.
— Bor… Nega urasan meni?
— Oldimga tush, botqoqdan chiqqan alvasti, pishirib qo‘yibdimi uyma-uy sanqib yurishni senga? He, to‘nka.
O‘sha tun Andrey Yerin Sergeynikida tunab qoldi. Ular burunlaridan chiqquncha ichishdi. Kissalaridagi pul tugab, yana kimdandir maoshgacha qarz olib ichishdi.
Andrey faqat ertasi tush payti uyga kirib keldi… Uyda xotini yo‘q ekan.
— Onang qayoqda? — so‘radi o‘g‘lidan.
— Shaharga ketdi… Haligi komission do‘konga.
Andrey stolga o‘tirib, egilganicha qo‘llariga tikildi. Shu alpozda uzoq o‘tirdi.
— Qarg‘andimi?
— Yo‘q, uncha ko‘p emas… Qancha ichdingiz?
— O‘n ikki so‘mlik… Eh, Petka… O‘g‘lim…
Andrey Yerin boshini ko‘tarmasdan aftini bujmaytirdi, tishlarini g‘ijirlatdi, — gap undami? Sen g‘o‘r bo‘lganing uchun tushunmaysan. Tushunmaysan…
— Tushunaman, onam uni sotadi.
— Ha, sotadi. Pocha-po‘stin kerak. Mayli, po‘stin kerak, mayli, zarari yo‘q… Albatta, kerak…

Ruschadan Mehmon Islomqulov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2006 yil, 12-son