Birinchi bob
MANA BIZ QANDAYMIZ!
1
Tayyora past suzib yurgan bulutlar orasidan sassiz-sadosiz tushib keldi-da, mushuk panjalarini yozgandek, g‘ildiraklarini tushirib qo‘na boshladi. G‘ildiraklar namiqqan betonga urilgach, zo‘riqib kuchandi-da, ovozi o‘chdi, ajabtovur tayyora oddiy temirga aylandi-qoldi.
Birpasda uning qappaygan biqiniga ikki trap kelib yopishdi. Orqa eshikdan, yoshlari o‘tgan bo‘lishlariga qaramay, yaxshigina kiyingan, xushqomat, sertabassum kishilar tushib kelishdi. Ularni uzun aeroport avtobusi kutib turardi. Oldingi trap esa bo‘shligicha qolaverdi. Birinchi salonning ochiq eshigidan chiqishi kerak bo‘lgan odamga mo‘ljallangan hashamdor pushti «Rolls-roys» zinapoyaga qadalib turardi.
Lekin negadir birinchi salondan hech kim chiqmasdi…
«Rolls-roys»ning orqasidan kattakon, oynalari zim-ziyo qora «Shevrale-Suburban» turardi. Mashina atrofida qora kostyum kiygan, sochlari kalta olingan, bo‘yni yo‘g‘on, keng yelkali tund yigitlar o‘ralashardi. Chor tarafga ko‘z-quloq bo‘lib turgan bu barzangilarning qarashlari sovuq edi. Ularning boshlig‘i – keksa, oq soch (laqabi ham Oq soch-Sedoy edi), yuzlari qip-qizil kishi «Suburban» zinasiga oyog‘ini tiraganicha uyali telefonga nimalarnidir baqirib gapirardi. U baqirgan sari yuzi battar qizarib borardi.
Birinchi salondan esa hanuz hech kim chiqmasdi…
Sedoy baqirar, yigitlar asabiylashar, ahvol tanglashib borardi. Faqat ikkinchi salondagi kishilar hamon tirjaygancha bo‘m-bo‘sh turgan zinapoyaga qarashar, yigitlar «Rolls-roys»dan ko‘z uzishmasdi. Ajnabiylar hatto Sedoy telefonga qarab kimnidir bo‘ralab so‘ksa ham kulib turaverishdi…
Xuddi shu payt tayyora eshigida boyadan beri kutishayotgan kimsa paydo bo‘ldi. U bola edi… Pushtirang «Rolls-roys» unga ajratilgandi. Shovvoz yigitlar o‘shani qo‘riqlashi kerak edi. Qo‘lida kattakon guldasta tutgan Sedoy unga qarab chopdi…
U tayyoradan g‘alati tarzda, yonboshi bilan, xuddi buni xohlamagan holda chiqib keldi. Uni orqa tomondan sochlari kalta oldirilgan, kichkinagina qora ko‘zoynak taqib olgan bahaybat qo‘riqchi to‘sib kelardi.
Haligi bola, to‘g‘rirog‘i, bolaga o‘xshash o‘smir yigitcha past bo‘yli, nozikkina, lekin chiroylikkina edi. Agar yoshiga mos kelmaydigan jiddiy va horg‘in ko‘zlarini hisobga olmaganda bu bolani bemalol mishiqi desa ham bo‘laverardi. U ko‘krak cho‘ntagiga zar ip bilan uchta tog‘ cho‘qqisi aksi tikilgan qo‘pol qizil kurtka kiyib olgandi. Tor va kalta shimda, masxaraboznikiga o‘xshash kattakon botinkada yigitcha chindan ham g‘alati ko‘rinardi.
Sirli yigitcha zinaning yuqori maydonchasida to‘xtab qoldi, yongan kerosin hidi anqib turgan nam havodan nafas oldi, g‘alati jilmaydi-da, pastga qarab yengilgina tushib ketdi.
2
Aeroport darvozasi g‘iyqillab ochildi. Darvoza ortida ularni davlat avtonazoratiga tegishli “Ford” kutib turardi. U yaltiroq mash’alni yoqdi-da, chinqirganicha “Rolls-roys”ni boshlab ketdi. Safning oxirida “Suburban” borardi. Unda o‘tirgan yigitlar avtomatlarini shay tutgancha jim borishardi.
Sedoy «Rolls-roys»da, haydovchi yonida o‘tirardi. U formali kamzul kiyib olgan, laklangan soyabonli furajkada edi. Plashining tugmalarini yechib, dastro‘mol bilan tez-tez yuzi va bo‘ynini artib qo‘yardi. U hazillashib qo‘yar va o‘zi ham zavq bilan kulardi. Haydovchi esa, aksincha, vazmin, yo‘ldan ko‘z uzmay mashinani haydardi.
Yigitcha burchakda jimgina o‘tirardi, uning borligi sezilmasdi ham. O‘rtada oyna — to‘siq bo‘lgani uchun u Sedoyning hazil-mutoyibasini eshitmasdi, aftidan, qiziqmasdi ham. Ko‘zlaridan horg‘inligi sezilib turgan yigitcha beparvo edi.
Ular Moskvaga kirishmadi, hali ko‘zdan g‘oyib bo‘lmagan shaharni jimgina, diqqat bilan kuzatib borishardi. Qurolli yigitlar, Sedoy, hatto «Rolls-roys»ning haydovchisi ham o‘girilib, orqaga qarab qo‘yishdi.
Moskva juda katta, vahimali, tetik edi.
Yigitcha esa beparvo edi, uni Moskva qiziqtirmasdi.
Simferopol tosh yo‘lida «Ford»ni DANning «Volga»si almashtirdi va ular janubga qarab yo‘l oldilar.
Yigitcha har zamon-har zamonda ko‘zini ochib, tevarakka loqayd qarab qo‘yardi. U mashina oynasi ortidan lip-lip etib o‘tib turgan Rossiya hayotining faqirona manzaralari: nursiz qishloqlarga, kimsasiz huvillab yotgan ovullarga, yo‘l chetida turib, o‘tgan-ketganga, yo‘lovchilarga choynak, sochiq va baliq taklif qilayotgan ayollarga hissiz qarab qo‘yardi.
Bir joyda mashinalar safi sekinlashdi. Yo‘lda to‘ntarilgan mashina yonayotgandi. Mashinalar to‘xtab qolgan, tashvishga tushgan kishilar uymalashgandi. Sedoy to‘siq oynani taqillatib, yigitchaga yonayotgan mashinani ko‘rsatar, xuddi bolaga o‘xshab halokatdan quvonayotganini yashirmasdi. Yigitcha u qo‘lini cho‘zgan tomonga bir nigoh tashladi-yu, keyin diqqat bilan Sedoyga tikildi, g‘azab bilan labini jiyirib qo‘ydi.
Ular tun bo‘yi janubga qarab yo‘l bosishdi, faqat yo‘lda boshlab boruvchi DAN mashinalari almashinib turdi, xolos. G‘aribona o‘rta-rus manzaralari endi kimsasiz bo‘m-bo‘sh cho‘llar bilan almashindi. Sedoy uxlar, boshi ko‘ksiga osilib tushgandi. Yigitcha esa, aksincha, jonlangandi. U kimsasiz keng dalalarni diqqat bilan kuzatib torardi…
3
Tong g‘ira-shirasida «Rolls-roys» va «Suburban» mashinalari «yangi rus» mulki keng qo‘rg‘onining lang ochiq darvozasidan kirib kelishdi. Ulkan dang‘illama uyning hashamatli ustunlari oldida, ko‘plab xizmatkorlar qurshovida qo‘rg‘on sohiblari – er-xotin Pechenkinlar – Vladimir Ivanovich va Galina Vasilevna serrayib turishardi. Er bahaybat, kuchli, yorqin sport kiyimida, shudring tushgan sovuq maysa ustida yalangoyoq turardi.
Ayol – juda did bilan kiyingan, xuddi hozir tongotar pallasi emas, balki kiborlar ziyofatiga taklif etilganday hayajonda.
Erkakning ko‘zida quvonch va quvnoqlik, ayolning ko‘zlarida g‘am va alam…
– Oyijon, – dedi bola va to‘xtagan mashinadan tushib ayol tomon yugurdi. Ayol yigitchani bag‘riga bosdi.
– Bolaginam… Ilyushajon… Jajjiginam… – shivirladi Galina Vasilevna. Uning kipriklari uzun-uzun chiroyli ko‘zlaridan ikki tomchi tiniq yosh yumaladi.
– Qo‘ysang-chi, onasi. Ko‘z yoshiga balo bormi? – dedi quvnoq ohangda Vladimir Ivanovich. U o‘g‘lining yelkalaridan ushlab o‘ziga tortdi, ko‘zlariga tikildi. Bola ham unga diqqat bilan qaradi. Birdan otasi uni ikkala qo‘ltig‘idan ushladi-da, xuddi go‘dakka o‘xshatib osmonga irg‘itdi va bor ovozi bilan:
– Mana biz qandaymiz! – dedi qichqirib. – Ko‘rib qo‘yinglar! Havas qilinglar! Biz – Pechenkinlarmiz!
U shunday dedi-da, bolani xuddi kattakon latta qo‘g‘irchoqday silkita boshladi.
– Volodya! – qichqirdi Galina Vasilevna hovliqib, – Qo‘yib yubor, mayib qilib qo‘yasan!
– Mayib qilmayman! – kuldi Vladimir Ivanovich. – Uning o‘zi meni mayib qiladi hali! – Lekin gapga kirdi – o‘g‘lini yerga qo‘ydi.
Sochlari hurpayib, yeng-boshi g‘ijimlangan va qip-qizarib ketgan yigitcha o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, hayratda edi. Uni har tomondan son-sanoqsiz oqsoch va uy xizmatkorlari o‘rab olishgandi. Bog‘bonlar va oshpazlar, farroshlar va sartaroshlar, massajchilar va ekstrasenslar boshlarini egganlaricha bo‘yinlarini cho‘zib, bir-biriga gal bermay ko‘pdan beri kutilgan yosh sohibni olqishlay ketdilar:
– Assalomu alaykum, Ilya Vladimirovich!
– Xush kelibsiz, Ilya Vladimirovich!
– Yo‘lda toliqqandirsiz, Ilya Vladimirovich?!
– Mehmonda yaxshi-yu, uyga nima yetsin!
– Ilya Vladimirovich…
Yigitcha boshini liqillatar, jilmayar, har bir olqishga mulozamat bilan javob qaytarardi. Lekin uning hayrat to‘la ko‘zlari uni o‘rab olgan odamlar orasidan chiqib ketishga joy qidirardi. Nariroqda nimadir gumburladi, tonggi nam havoda bo‘g‘iq portlash eshitildi, bola shunday qo‘rqib ketdiki, bir sakrab tushdi. Otasi «xo-xo»lab yubordi, o‘g‘liga barmog‘ini niqtab kula boshladi, ularni o‘rab turganlar ham kulib yuborishdi. Faqat onasi, bir seskanib tushdi-da, bolani bag‘riga bosdi. Bola hozir yig‘lab yuboradiganday zo‘r-bazo‘r tirjayib qo‘ydi.
Atrofdagilar esa «ura» deya qichqirishga tushishdi. Hammadan ko‘ra uy sohibi qattiqroq qichqirardi. Bolani shunchalik qo‘rqitib yuborgan portlash uning qaytib kelishi sharafiga maxsus uyushtirilgan mushakbozlikning birinchi yolqini edi. O‘tlar orasidan uchib chiqqan dumli raketalar oppoq osmon bag‘riga singir va olovli uchqunlar sachratib, g‘ujg‘on o‘ynardi. Mushakbozlik boladan tashqari hammani o‘ziga jalb qildi. Yigitcha qovog‘ini uydi, baland va jahldor ovoz bilan qisqa va tushunib bo‘lmas so‘zni aytdi:
– KYaJ!
Biroq uni hech kim eshitmadi, hatto onasi ham – Galina Vasilevna barcha qatori mushakbozlikni tomosha qilardi.
Yosh yigit, Ilya Vladimirovich Pechenkin olti yillik ayriliqdan so‘ng yurtiga qaytib keldi. U Shveytsariyada saralangan badavlat oilalar farzandlari uchun maxsus «Trua some», ya’ni «Uch cho‘qqi» degan kollejda o‘qib qaytdi.
Ikkinchi bob
KARAVOT TAGIGA YaShIRINIShNI YaXShI KO‘RARDI
Yo‘ldan charchab kelganligini aytib, Ilya darhol o‘rniga kirib yotib oldi, ota-onasi bo‘lsa yotishga shoshilmasdi. Ular nimqorong‘u yotoqxonada, pastakkina tor divanda bir amallab o‘tirishguncha o‘zlarining uxlayotgan bolajonlaridan ko‘z uzisha olishmasdi. Aftidan, mehri jo‘sh urib ketdi shekilli, ota birdan kaftini ona tizzasiga qo‘ydi va asta-sekin ko‘ylagini ko‘tara boshladi. Lekin Galina Vasilevna uning bu noo‘rin harakatini qat’iyat bilan to‘xtatdi. Biroq u erining bu qilig‘idan sirayam xafa bo‘lgani yo‘q, balki uning chayir yelkasiga yanada yaqinroq surildi.
– U shunaqayam farosatli, hozirjavobki, – shivirladi Galina Vasilevna. – Men undan: «Hammadan ko‘ra nimani yaxshi ko‘rasan?» – deb so‘radim. Nima deganini bilasanmi? «Lenin va pepsi-kolani… deydi». – U jilmaygancha nima der ekan deb eriga qaradi.
«- Yangi avlod…» – izohladi Pechenkin va yelkasini qisdi.
Ko‘pchilik erkaklar singari u shivirlab gapirishni bilmasdi. Uning ovozi juda baland chiqdi. Galina Vasilevna ko‘zlarini olaytirdi, Vladimir Ivanovich gunohkorona boshini yelkalari orasiga tortdi.
– Men faqat bir narsadan qo‘rqaman, — hayajon bilan pichirladi onasi. – U qizlar haqida umuman gapirmaydi.
– Nima qilibdi? – hayron bo‘ldi Pechenkin. – Hali yosh-ku! Men harbiy xizmatdan qaytgach qizlarga aylanishganman.
– Unda zamon boshqa edi. Hozir bo‘lsa… Esingdami, San-Frantsiskoda ko‘rganimiz.? O‘sha dahshatli saflar…
– Nima deyapsan, Galya? Mening o‘g‘lim-a? Pechenkin-a?
Galina Vasilevna xijolatomuz jilmaydi-da, shivirlab dedi:
– Yo‘q, yaxshiyamki, biz Pridonskda yashayapmiz va o‘sha maraz bizgacha yetib kelgani yo‘q…
Ilya qimirladi, yuzi bilan devorga o‘girilib yotdi. Ota-onasi nafaslarini ichlariga yutgancha unga qarab jim qolishdi.
Ilya kaftlarini chakkasiga qo‘ygancha xuddi murg‘ak go‘daklarday uxlab yotardi. Lekin nafas olishi kattalarnikiga o‘xshardi- tekis va bir maromda.
Ota-onasi bir-biriga qarab olishdi.
– Men undan «yodladingmi?» deb so‘rayman, – deya gap boshladi Pechenkin, lekin xotini gapini bo‘ldi:
– Nimani yodlading?
– Lotin… Lotinni yodladingmi?
– Yodladi, barini yodladi, – erini tinchlantirdi Galina Vasilevna. – Kuniga ikkita she’r…
– Nima, kuniga ikkita she’r? – so‘radi u tushunmay.
– Ilyusha kichikligida men uni kuniga ikkita she’r yodlashga majbur qilardim. Esingdami? Ertalab bitta, kechqurun bitta. «Trua some»ga kirayotganda ular menga aytishgandi: «O‘g‘lingizning xotirasi juda zo‘r ekan». Bilasanmi, ularga nima deb javob berdim?
Pechenkin savol nazari bilan xotiniga tikildi.
Galina Vasilevna jilmaydi, mag‘rur holda bundan olti yil burun nima deganini takrorladi:
– O‘zim bilaman.
Pechenkin «ha» deganday boshini egdi. Oraga jimlik cho‘kdi. Bolakay bir tekis va chuqur nafas olardi.
– Esingdami, bizni qo‘rqitishni yaxshi ko‘rardi? – shivirladi Galina Vasilevna.
– O‘shanda to‘rt yoshlarda edi… Ketib borayotsam burchakdan – «vov!» deb qolsa bo‘ladimi! Biram qo‘rqib ketdimki… esingdami?
Vladimir Ivanovich eslashga urindi va tan oldi:
– Negadir esimda yo‘q…
– Ana xolos, – hafsalasi pir bo‘ldi Galina Vasilevnaning, – axir bu odatini o‘zing tashlattirganding-ku! O‘zing devorning narigi tomonidan unga vovullab tashlanding. U shunaqayam qo‘rqib ketdiki! Ho‘ngrab yig‘lagandi… Shundan keyin hech qachon qo‘rqitmaydigan bo‘lgandi. Esingdami?
– Esimda shekilli, – dedi xijolat bo‘lib Pechenkin. – Lekin kamarga yopishganim esimda – u elektr ustaramni buzib qo‘ygandi. Bir adabini berib qo‘yay deb kamarni qo‘lga oldim-u, bundoq qarasam, joyida yo‘q! Osmonga uchdimi, yerga kirdimi, hayronman… Hech qayerdan topib bo‘lmadi! U bo‘lsa, karavotning ostiga berkingan ekan, voy tentak-ey! Karavot ostiga yashirinishni yaxshi ko‘rardi… Voy, mishiqi-ey…
Galina Vasilevna qoshlarini chimirdi va tergaganday:
– Volodya! – deb qo‘ydi.
Pechenkin jilmaygancha o‘sha voqea uchun ozor chekkanday boshini sarak-sarak qildi va soatiga qaradi.
– Bo‘ldi, turish kerak, – dedi u qat’iyat bilan. – Kun juda tig‘iz bo‘ladi. – U bir oz o‘ylab turdi-da, takrorladi: – Tig‘iz kun.
Galina Vasilevna erining kaftini o‘z kaftlari orasiga oldi:
– Yana bir oz, Volodya! Bolalikda har bir soniya uyqu naqadar shirin bo‘lganini eslab ko‘r…
Vladimir Ivanovich, bolalikdagi uyquning naqadar shirin bo‘lganini esladi, shekilli, chuqur xo‘rsindi, ha-a, deganday boshini liqillatib, iqror bo‘ldi.
Va ular shu ko‘yi, pastakkina, noqulay divanda yakkayu yolg‘izgina bolajonlariga anchagacha termulib o‘tirishdi.
Agar shu topda, Vladimir Ivanovich bilan Galina Vasilevna o‘g‘illarining uxlamayotganini bilib qolganlarida bormi, hayratdan lol qolishlari hech gap emasdi… Ilya uyg‘oq edi. U ko‘zlari ochiq yotardi. Nimalarnidir o‘ylayotgandi…
Uchinchi bob
TIG‘IZ KUN
1
Vladimir Ivanovich aytganiday, kun juda tig‘iz bo‘ldi. U etik kiygan mushuk va qirol sayohati haqidagi ertakni eslatardi. Faqat farq shunda ediki, Pechenkinga o‘g‘lini aldashning hojati yo‘q edi. Uning ko‘rsatganlari chindan ham o‘z mulki edi: fermalar, ulkan elevator, uchta zavod, ikkita fabrika, to‘rtta bank va «Pechenkin» kompaniyasining markaziy idorasi. Bu idora Pridonskdagi eng baland – yigirma qavatli binoda joylashgan edi. Ammo ushbu sayohatning o‘sha ertakdagi sarguzashtdan yana bir farqi bor edi: esingizda bo‘lsa, qirol ko‘rgan narsalaridan hayratga tushardi. Yosh Pechenkin bo‘lsa indamas, otasining mol-mulklariga sovuqqina nazar tashlardi. Vladimir Ivanovich bunga uncha parvo ham qilmas, chunki o‘zi bolalardek quvonib borayotgandi. Nihoyat o‘q o‘tmas qora «Mersedes» ichida qo‘riqchilari bo‘lgan «Suburban» kuzatuvida Pridonsk aerodromining bir chekkasida to‘xtaganida, mashinadan birinchi bo‘lib sakrab tushdi-da, badiiy havaskorlik to‘garagining ko‘zboylog‘ichiday quvnoq hayqirdi:
– Xop-lya!
Zanglay boshlagan «kukuruznik»lar va parraksiz vertolyotlar orasida Pechenkinning shaxsiy samolyoti – «Falkon» yaqqol ko‘zga tashlanib turardi. Uning uchuvchisi ham tayyoraga juda mos – xushbichimgina, oppoq kiyingan, ko‘kko‘z mallavoy, ikkinchi jahon urushi davri Germaniya «Lyuftvaff»larining mohir uchuvchilarini eslatardi.
Vladimir Ivanovich o‘g‘lining yelkalarini quchdi-da, o‘ziga tortdi.
– Uchamiz, Ilyuxa! Shunday o‘tiramiz-u uchamiz! Qayerga desang, o‘sha yerga… Uni sotib olganimga bir hafta bo‘ldi. Seni olib kelishi uchun Shveytsariyaga yubormoqchi edim-u, Moskva ruxsat bermadi.
– Uchish sertifikati hamda parvoz qilish uchun uni oldindan rasmiylashtirish zarur, – tushuntira ketdi Pechenkinning yonida turgan kotib-referenti Pribilovskiy. O‘ttiz yoshlar chamasidagi bu janob juda po‘rim kiyingan, o‘zini bemalol tutar, gapini dona-dona, qat’iy gapirardi.
Pechenkin qovog‘ini solib, qo‘lini siltadi:
– E-e, bilaman o‘sha Moskva tekinxo‘rlarining sertifikatini! Mening oyog‘imga bolta urmoqchi bo‘lishayapti! – U yana jilmaydi va o‘g‘liga murojaat qildi: – Uchuvchini bo‘lsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Germaniyadan so‘rattirib oldim. Uchuvchi nemislardan bo‘lishi kerak. Bilasanmi, nima uchun? Ular rulni bolalarga berib qo‘yishmaydi! – Pechenkin xoxolab kulganicha uchuvchining yelkasiga qoqib qo‘ydi: – Xo‘sh, nima deysan Frits, Moskvani bombalashga uchamizmi?
– Xa, xa, – dedi kulib nemis.
– Xa, xa – qoniqish bilan takrorladi Vladimir Ivanovich va o‘ychan nigoh bilan o‘g‘liga qaradi. O‘g‘il esa qimmatbaho bu o‘yinchoqqa loqaydgina qarab turardi.
2
Tig‘iz kun dasturining amaliy qismida PKZ – Pridonsk kemasozlik zavodi tsexiga sayohat rejasi ham bor edi. Bu korxonani keyingi paytlarda Pechenkin kemasozlik zavodi deb ataydigan bo‘lishgandi.
Shamol to‘lqinlarni avj oldirar, uch rangli bayroqni hilpiratar va Pechenkin nutqini yulib-yulqib, pastda to‘planib turgan yuzlab kishilar ustidan uchirib o‘tardi. Bu taloto‘pda uning so‘zlari ma’nosini yo‘qotar, lekin uning ohangi o‘zgarishsiz qolardi.
Ohang esa tantanavor edi:
– M-e-n!
– Me-ee-nn!
– M-e-e-n-n!
Ilya otasidan sal narida, faxriy mehmonlar to‘dasida turardi. Ular uchun maxsus qurilgan baland yog‘och minbar, anchagina nozik edi, g‘ichirlar, chayqalib turganga o‘xshardi. Lekin buni hech kim sezmasdi. Barcha goh pastga, goh uzoq-uzoqlarga tikilgancha jilmayishib turishardi. Faqat Ilyagina minbarning sezilar-sezilmas chayqalishiga diqqat bilan quloq solardi. Aftidan, u qo‘rqayotganga o‘xshardi…
Vladimir Ivanovich bo‘g‘izidan ip bog‘langan shampan shishasini ohista pastga tushirdi-da, uni yarim doira shaklida aylantirib yap-yangi tanker sag‘riniga urdi. «Daryo-dengiz» tipidagi tanker tanasida ko‘pikli iz qoldi. «Pridonskiy-1» deb atalgan yangi tanker ohista suzib suvga kirdi, hamma baravariga «ura» deb qichqirdi, pastda turganlar esa qalpoqlarini osmonga otishdi.
– Endi yoqayaptimi?! – baqirdi Pechenkin o‘g‘liga, uning ko‘zlaridagi qo‘rquvni hayrat deb o‘ylab.
Harbiy orkestr Rossiya madhiyasini chaldi.
Vladimir Ivanovich bir oz quloq solib turdi-da, xo‘rsinib qo‘ydi va tashvishli ohangda:
– Madhiya bizlarda, haligiday… So‘zlari yo‘q, kuyi ham unchamas…
Lekin shu zahoti og‘zining tanobi qochib, tirjaydi. Bu bilan u buni tuzatsa bo‘ladi, hammasi o‘z qo‘limizda, demoqchi bo‘ldi. Keyin hammani taklif qildi:
– Qani, endi baliq sho‘rva ichgani boramiz! Shohona! Qo‘lbola baliq sho‘rva…
To‘rtinchi bob
TIG‘IZ KUN
(Davomi)
1
«Nadejda» deb yozilgan mag‘rur qayrilma burunli va baland quyruqli ajoyib oq kater Don suvini ikkiga yorib, jadal suzib borardi. Uning burun qismidan Pechenkinlarning baxtli oilasi joy olishgandi. Vladimir Ivanovich olg‘a intilgancha shiddatli salqin shamolga ko‘ksini tutib borardi. Erining orqasini pana qilib turgan Galina Vasilevna o‘g‘lini bag‘riga bosganicha, uni o‘zining issiq nimchasi bilan o‘rab olgan edi.
Pechenkin boshini xotini tomon burdi:
– Men bu yerda bir gapni eshitdim… Faqat tushunolmay qoldim, latifami bu yoki haqiqat. Do‘xtir bir erkakka me’dang yallig‘lanibdi degan ekan, u bo‘lsa uyiga kelib o‘zini osib qo‘yibdi…
– Albatta, latifa-da. Kim ham me’dasi yallig‘lansa o‘zini osarkan? – dedi Galina Vasilevna kulib. – Bizning adamiz, Ilyusha, bolaligida qanday bo‘lsa, shundayligicha qolgan. Turmush qurganimizning yigirma yilligida menga nima sovg‘a qilganini bilasanmi? Kinoteatr! Yana qanaqa degin, xuddi bir vaqtlar ikkalamiz tanishgan kinoteatrga o‘xshaganidan. O‘shanda u o‘tirvolib pista chaqar va yerga tuflab tashlardi.
Pechenkin sho‘xlik bilan Ilyaga qaradi:
– O‘zi bo‘lsa menga tanbeh berib o‘tirdi!
– Hammasi shundan boshlangan edi, – Galina Vasilevna o‘g‘lini bag‘riga mahkamroq bosdi. – Endi bo‘lsa, Ilyusha, dadang har kuni kechqurun o‘sha yerda hadeb bitta filmni ko‘raveradi…
– Qo‘ysang-chi, har kunimas, – norozi bo‘ldi Pechenkin, o‘zini himoya qilganday.
– Har kuni, har kuni, – turib oldi Galina Vasilevna.
– Bordi-yu, men shu tariqa dam olsam-chi! – Hujumga o‘tdi Vladimir Ivanovich. – Axir, shundagina sal o‘zimga kelaman! – U orqaga burilib o‘g‘li tomon bir odim tashladi, xuddi qo‘lida pichoq borga o‘xshatib harakat qildi-da, hazilomuz baqirdi: – Agar Jagani aldaydigan bo‘lsang, mana buni yeysan!
Galina Vasilevna o‘g‘lini o‘ziga tortib bir qadam orqaga chekindi. Pechenkin xoxolab kuldi. Kater «Tinch» zavodi bandargohiga yaqinlasharkan, chinqirib ovoz berdi. Zavod hududi ham Pechenkinlar mulki doirasiga kirardi. Ilya ertalab kirib kelgan uy tepada, tikka jarlik ustida turar, yaqindagiga qaraganda uzoqdan ancha yaxshi ko‘rinardi.
Bir tomoni maysazor yaylovga borib taqaluvchi keng qumloq qirg‘oqda odam ko‘p edi. O‘rtada yorqin chodir savlat to‘kib turar, yonida oq dasturxon qoplangan stollar bor edi. Sal uzoqroqda olov yonar, uning ustida ulkan dudlovchi qozon osig‘liq. Uning atrofida ko‘plab oshpazu dastyorlar girdikapalak edilar.
– Baliq sho‘rva tayyormi? – Pechenkinning sohilga chiqqan zahoti birinchi so‘zi shu bo‘ldi.
– Tayyor, Vladimir Ivanovich, dudlash qoldi, xolos, – dedi oppoq kiyinib olgan oshpaz.
Pechenkin qo‘llarini yoyib, hayqirdi:
– Mana bu hammasi meniki!
Bu yerda sodir bo‘layotgan voqealar Pyotr 1 atrofida uymalashayotgan odamlar aks etgan manzarani eslatardi. Pechenkin bir qadam tashlasa, yonidagilar uch-to‘rt odim qo‘yishardi. Uning orqasidan ergashib, yugurib borayotib Vladimir Ivanovichni olqishlashar, hazillashishar, iltimoslar bilan murojaat qilishardi. Vladimir Ivanovich ularning gapiga quloq solmas, eshitmasa ham, baribir, orqasidan yugurishib tabriklashar va iltimos qilishda davom etishardi.
– Madaniy tarzda dam olayapmiz! Sho‘x va quvnoq, lekin mushtlashuvlarsiz! – hazillashardi Pechenkin hammaning kulgisiga jo‘r bo‘lib. Yo‘l-yo‘lakay yechinishga tushdi. Yechib otayotgan qora ipak kamzulini, oq ko‘ylagini, yorqin galstugini duch kelgan odam ilib olardi. Faqat yumshoq charm g‘ilofli kattakon to‘pponchasini Sedoy ilib oldi.
– Patrik Lesaj, Vladimir Ivanovich, «Ekspress» jurnali. Intervyu va’da qilgandingiz. Ertaga u uchib ketayapti, – eslatdi yoniga yugurib kelgan Pribilovskiy.
Pechenkin yon tomoniga qarab chet ellikni ko‘rdi. Ajnabiyning aft-angori, ust-boshi shunaqa ahvolda ediki, Vladimir Ivanovich ijirg‘anib, referentidan so‘radi:
– Qaysi mamlakatdan o‘zi?
– Frantsiyadan, – dedi Pribilovskiy. Pechenkin hiringladi:
– Do‘stim Jelud aytganiday, Frantsiya – eng so‘nggi buyuk millat, deb o‘ylayotgan so‘nggi buyuk millatdir. – U kulib yubordi. Uning atrofidagilar ham kulib yuborishdi. Holbuki, uning qanday piching qilganini ko‘pchilik eshitmagan ham edi.
Pribilovskiy o‘zini kulgidan arang tutib turardi. Frantsuz yer tagidan ijirg‘anib unga ko‘zini tikkandi.
– U mening do‘stim, Vladimir Ivanovich, – dedi Pribilovskiy.
Pechenkin uzr deganday yelkalarini qisdi:
– Agar do‘sting bo‘lsa… Erkaklar do‘stligi men uchun muqaddas. Umuman olganda men intervyu bermayman. Ont ichdim. Hammasi gapni olib qochadi, yolg‘onni oshirib yuboradi. Buning ustiga, sizlar xalajoy haqida ko‘p yozasizlar, bizlarda hojatxonalar juda iflos bo‘ladi… Shunchalar zarilmikan o‘sha hojatxonalar… Hammaga rad etayapman! Faqat yaponlargagina yo‘q demayman. Ular shunaqa yozishadiki, hech kim o‘qiy olmaydi. – Vladimir Ivanovich yana kuldi. Unga qo‘shilib atrofidagilarning hammasi kulib yubordi.
Pribilovskiy frantsuzga uning tilida nimadir dedi va yana Pechenkinga murojaat qildi:
– Janob Lesaj yangi rus biznesining falsafasi, aniqrog‘i, uning mafkurasi haqida katta maqola tayyorlayapti…
– Mafkura? – uning so‘zini bo‘ldi Pechenkin yanada jonlanib. – Mafkura – menga daxldor emas. Bu, ana, gubernatorga tegishli. Bu sohada u ustasi farang, yigirma yil mafkura ustida o‘tirgan.
Vladimir Ivanovich gapirarkan, yaqinlashib kelayotgan mo‘ylovli kishini kuzatardi. Hozirgina suvdan chiqqan kalta va qizil cho‘milish ishtonidagi bu odam tipirchilayotgan kattakon zog‘ora baliqni ko‘kragiga bosib olgandi.
– Baliqlar Donga qaytib keldi, Ivanich! – qichqirgancha chopib kelardi gubernator. – Oddiygina olti metrli to‘r bilan tutdik! – U yugurib keldi-da, o‘ljani Pechenkin oyoqlari ostiga tashladi.
Vladimir Ivanovich xoxolab yubordi:
– Voy-bo‘y, sovuqdan ko‘karib ketibsan-ku, Pavel Petrovich! – Sal isi-nib ol…
Gubernator boshini sarak-sarak qildi:
– Yo‘q, Ivanich, baliqni ko‘rsam o‘zimni tutib turolmayman! – U qo‘lini siltadi-da, qaltiragancha to‘r bilan baliq ovlayotgan yugurdaklari oldiga chopib ketdi.
Pechenkin nihoyat gulxan yoniga kelib to‘xtadi. Bu yerda oshpaz va dasturxonchilar saf tortib uni kutishardi. Bosh oshpaz maxsus tayyorlangan, kuydirib ko‘mirga aylantirilgan va hamon tutab turgan qoziq-kosovni oppoq sochiqqa o‘ralgan tomonidan ushlaganicha Pechenkinga uzatdi. Pechenkin esa jiddiy qiyofaga kirib, ko‘sovni boshi uzra baland ko‘tardi-da, tantanavor vaziyatda, shoshilmasdan qozonda qaynab turgan baliq sho‘rvasining o‘rtasiga sanchdi.
– Mana endi dudli bo‘ladi! – dedi u g‘olibona, atrofdagilar unga jo‘r bo‘lishdi, «ura» deya hayqirishdi, bu yerda yoshlar ko‘p bo‘lganidan amerikancha ohangda «vau» deb qichqiruvchilar ham topildi.
Shu bilan tantanali qism tugagani yo‘q. Pechenkin mikrofon yoniga keldi. Nariroqda turgan xotini va o‘g‘lini nigohi bilan yoniga chorladi-da, gapira ketdi:
– Bundan olti yil avval men xotinim bilan o‘g‘limizni Shveytsariyaga, mashhur «Tri soma» kollejiga yuborganimizda…
– «Trua some», – deb to‘g‘riladi Galina Vasilevna, kulib. Lekin eri quvnoq va uyalinqirab qo‘l siltadi:
– Buni men hecham eslab qololmayman… «Tri soma»!
Atrofdagilar bir eriga, bir xotiniga qarab kulib yuborishdi.
– Mana, adashtirvordi! – dedi Pechenkin Galina Vasilevnadan o‘pkalab, nima demoqchi bo‘lganini eslashga urinib. – Ha! O‘shanda men unga: «Lotinchani o‘rganib, qaytib kelasan! Pridonskda lotinchani biladigan faqat sen bo‘lasan», – dedim. Bu bir telbalik emas, agar ma’qul ko‘rsangiz, bu printsip. Men Shveytsariyaga telefon qilib, undan «Lotinchani o‘rgandingmi?» deb so‘radim. «Ha»,- dedi u. «Qaytib kel», – dedim men. Hozir meni uning uch tilni bilishi, iqtisodiyotni, huquqni va boshqa narsalarni o‘rgangani qiziqtirmaydi. Meni lotin qiziqtiradi!
Vladimir Ivanovich jim bo‘lib, jilmayib qo‘ydi. Hamma unga qiziqib qarab turardi. Faqat, Ilya, xuddi gap u haqda bormayotganday, beparvo edi.
– Hozir biz imtihon qilamiz, – qichqirib yubordi birdan Pechenkin. – Qani, tekshirib ko‘raylik-chi, lotinchani qanchalik o‘rgangan ekan…
O‘sha zahoti Pechenkinning yonida paydo bo‘lgan Pribilovskiy unga eski charm g‘ilofli kitobchani uzatdi.
– Men ushbu kitobchani ataylab bugungi kun uchun «Sotbis» kimoshdi savdosidan olganman, – tushuntira ketdi Pechenkin. – Qanchaga olganimni aytmayman, baribir ishonmaysizlar. Bu Pliniy Kenjatoyning kitobi. U yangi eraning birinchi asrida yashagan. Faqat lotin tilida yozgan, o‘zi u paytda hamma lotinda yozardi. Mana, men bitta sahifani ochaman, qaramasdan… Taxminan… Bir satrni olamiz, buni ham taxminan… Qani, o‘g‘lim, o‘qi! Mana bu yerdan bu yergacha! – Ilya kitobchani qo‘liga olib xira tortgan qadimiy harflarni ko‘zdan kechirdi, keyin bir ohangda, past ovozda o‘qiy boshladi. Shamol tindi va Ilya o‘qiyotgan o‘lik, sirli, xavfli tilni eshitayotgan ommani tashvish qopladi… Tushunib bo‘lmaydigan qandaydir so‘zlar Pridonsk kengliklari uzra aksi sado berdi:
– Timere potes… potes… potes…
… sed omnes timent… timent… timent…
… dolores mortis… mortis… mortis…
– Endi tarjima qilib ber, – baqirdi Pechenkin o‘g‘lining o‘qishini bo‘lib.
Ilya «xo‘p bo‘ladi» deganday boshini silkidi va tutila-tutila past ovozda tarjima qila boshladi:
– Men sendan qo‘rqmayman, makkor shoh Parsena, – xitob qildi Mutsiy Stsevola.
– Mendan qo‘rqmasliging mumkin, lekin o‘limdan hamma qo‘rqadi. Ayniqsa, o‘lim azoblari dahshat soladi! – dedi Parsena va qah-qah urdi.
– Men o‘limdan qo‘rqmayman! – shunday deganicha jasur yigit qo‘lini o‘t purkayotgan o‘choqqa tutdi.
– Qani ko‘raylik-chi, – xitob qildi shoh, lekin qo‘rquvdan birinchi bo‘lib o‘zi baqirib yubordi.
Ilya jim qoldi va ko‘zlarini otasiga qadadi. Uning bu qarashidan har qanday imtihonga ham tayyor ekani ko‘rinib turardi. Pechenkin o‘g‘liga g‘urur bilan boqardi. Galina Vasilevna dastro‘molining uchi bilan namlangan ko‘zlarini artardi. Mehmonlar qarsak chalishga shay turishardi. Lekin Pechenkin haykalday qotib turgani uchun botinolmay jim kutishardi. Vladimir Ivanovich qimirlab qo‘ydi, yelkalarini qimtidi, o‘zini o‘rab turgan odamlarga qarab chiqdi. Uning ko‘zidagi minnatdorlik zavqi g‘oliblik g‘azabi bilan almashindi.
Birdan yerga engashdi-da, kattakon toshni qo‘porib oldi, uni boshi uzra baland ko‘tarib, shunday chinqirdiki, bo‘ynidagi qalin tomirlari ko‘karib ketdi:
– Mana bu tosh! U jonsiz bir narsa, men uni poydevorga qo‘yaman. Ana shu poydevor ustiga uy quraman! Eng ajoyib uy! Bugun jonsizdan jonli vujudga keladi!
Pechenkin toshni oyoqlari tagiga tashladi, shunda hamma birdan chapak chalib yubordi…
2
Ona va o‘g‘il Pechenkinlar dudli baliq sho‘rva ichishdan iborat umumiy bayramda ishtirok etishmadi. Ular boshqalardan ajralib chiqishdi-da, majnuntol shoxlari osilib turgan joydagi taxta bilan to‘silgan cho‘milish maydoniga o‘tishdi. Galina Vasilevna shundoqqina suv bo‘yida turardi. Ilya undan orqaroqdagi yog‘och panjaraga omonatgina qo‘ndi.
– Bu yer men uchun eng muqaddas joy, – dedi Galina Vasilevna, olislarga tikilib. – Dilim quvonganda va g‘amga cho‘mganda doim shu yerga kelaman. Bu yerda qalbim orom oladi. – U qo‘llarini yoyib, baland va ko‘tarinki ovozda, xuddi sahnadagi aktrisalarday gapira boshladi: – Nima uchun odamlar uchmaydi! Nega odamlar qushlarga o‘xshab uchishmaydi, deyman. Tog‘ ustiga chiqib turganingda, seni osmon o‘z bag‘riga chorlaydi. Shunday yugurib kelsang-u, qo‘llaringni yoyib, uchib ketsang!
Galina Vasilevna birdan kulib yubordi, boshini burib yelkasi osha o‘g‘liga muloyim boqdi-da, izohlay ketdi:
– Yoshligimda aktrisa bo‘lishni orzu qilardim. Mumtoz asarlardan parchalar yodlardim. Ayrimlari hamon yodimda saqlanib qolgan.
Aftidan, onasining gaplari Ilyani unchalik qiziqtirmadi shekilli, o‘zini o‘nglab nimadir demoqchi bo‘lgan edi, panjara qarsillab sindi va bolakayning suvga tushib ketishiga sal qoldi.
– Voy! – deya chinqirib yubordi Galina Vasilevna va bolajonini mahkam ushlab bag‘riga bosdi.
– O‘risona ish-da, – to‘ng‘illadi Ilya onasining bag‘ridan sirg‘alib chiqarkan.
– Voy, xudoyim-ey, yuragim tars yorilayozdi… – pichirladi Galina Vasilevna.
– O‘risona ish-da, rus-skaya rapota, – takrorladi Ilya baland ovozda, ijirg‘anib va negadir estoncha talaffuzda.
– Voy, xudoyim-ey, shunaqayam qo‘rqib ketdimki, – xitob qildi onasi o‘g‘lining yelkasidan quchib, sohilga boshlarkan. – Ketaylik bu yerdan, Ilyushajon. Bu yer salqin ekan, shamollab qolishing mumkin.
Ona va bola sohil bo‘ylab borishardi, ularning oyoqlari yoniga koptok yumalab keldi – nariroqda yoshlar voleybol o‘ynashayotgandi. Ular orasidan chiroyli bir yosh qiz ajralib chiqdi-da, koptokni olgani yugurib keldi. Ilya koptokni olib, unga irg‘itdi. Qizcha koptokni ilib oldi-da, tiz bukib ta’zim qildi.
– Yaxshi yuribsizmi, Galina Vasilevna? – kulib salom berdi qiz Ilyaning onasiga.
– Esonmisan, Dashajon, – bosh irg‘adi Galina Vasilevna. – Shamollab qolma tag‘in. Kun sovuq-ku.
– Yo‘g‘-e, Galina Vasilevna, issiq! – dedi qiz. Ilyaga uyalinqirab qarab qo‘ydi-da, yugurib ketdi.
– Issiq emish, – g‘amgin jilmaydi Galina Vasilevna, chopib borayotgan qizning orqasidan qarab. So‘ng o‘g‘liga murojaat qildi: – Bu qiz Dasha Kanisheva, chindan ham zo‘r-a? Juda andishali qiz. Uning otasi shahardagi kir yuvish, kimyoviy tozalash maskanlari va hammomlarning xo‘jayini. Adajonimiz aytganiday, «eng toza biznes». Kulgili-a?
– Oyijon, shaharga borgim kelyapti, – dabdurustdan dedi Ilya.
– Shaharga? – hayron bo‘ldi Galina Vasilevna. – Qaysi shaharga?
– O‘zimizning Pridonskka.
Boshini yonga tashlab, Galina Vasilevna huzurli jilmaydi.
– Pridonskni o‘zimizning shahar deb ataganing qanday yaxshi… «Bu mamlakat… bu xalq» deganlari biram g‘ashimga tegadiki. Bu bizning yurtimiz! Bu bizning xalqimiz!
3
Frantsuz turkchasiga chordona qurib o‘tirardi. Benuqson Pribilovskiy esa cho‘kkalab olgan. Pechenkin kattakon naqshindor gilamda razinchasiga yonboshlab olganicha yog‘och qoshiqda chuqur sopol tovoqdan baliq sho‘rvani ichardi. Uning tepasida bilagiga sochiq tashlab olgan dasturxonchi yigit shay turardi.
– Mening mafkuram bitta. Ishlash! Yelib-yugurish! Ter to‘kish! Bor-yo‘g‘i shu… – Pechenkin jim bo‘lib qoldi va o‘ychan jilmayib qo‘ydi: – Lekin, bilasizmi, nimasi qiziq… Oldinlari – odamlarga yaxshi haq to‘lansa yaxshi ishlashadi, deb o‘ylashardi. Hecham-da! Oldin bir tiyin uchun tinib-tinchimagan odam, hozir ham katta pul uchun tinim bilmay ter to‘kadi. Unga baribir, ish bo‘lsa bas. Dangasalar esa haliyam o‘shandayligicha qolmoqda. Unga qancha to‘lasang ham dangasalik qilaveradi. Shunday ekan, mehnatsevar odamga men tan beraman. Dangasani esa ko‘rgani ko‘zim yo‘q! Qolganlarining hammasi menga baribir. Millati, diniy e’tiqodi va boshqasi meni qiziqtirmaydi… Mendagi direktorlar kengashida – bitta chechen, ikkita yahudiy…
– Uchta, – kutilmaganda aniqlik kiritdi Pribilovskiy.
– Kim u, uchinchisi? – so‘radi Pechenkin.
– Uralov. Otasining daragi chiqdi. Isroilda yasharkan.
– Uralov yahudiymi? – avvaliga hayratlandi Pechenkin, keyin iqror bo‘lib qo‘ya qoldi:
– Hay, yahudiy bo‘lsa, yahudiy-da. – Yelkasi osha dasturxonchiga nazar tashladi-da, iltimos qildi: – Baraka topkur, yana suz. Laqqasi ko‘proq bo‘lsin.
4
Galina Vasilevna eriga olisdan juda g‘amgin va muloyim qarab turardi. Pechenkin bo‘lsa yog‘och qoshiqni silkitganicha diqqat bilan quloq solayotgan frantsuzga safsata sotardi. Pribilovskiy tarjima qilishga zo‘rg‘a ulgurardi. Ayni paytda Galina Vasilevna o‘g‘liga gap uqtirardi:
– Rus ayollari, Ilyusha, dunyodagi eng yaxshi ayollar bo‘ladi. Eh-he, bu haqda qancha aytilgan, qancha yozilgan. Barcha buyuk odamlarning xotini rus ayoli bo‘lgan. Salvador Dali, Pablo Pikasso, bu ro‘yxatni istagancha davom ettirish mumkin.
– Oyi! – qo‘pol ohangda uning so‘zini bo‘ldi Ilya.
– Nima? – hayratlandi Galina Vasilevna.
– Pridonskka bormoqchiman.
– Ha-a, – jilmaydi ona o‘g‘lining iltimosini eslab. – Biz u yerga, albatta, boramiz, sen hali ona shahringni tanimay qolasan. Buning hammasini bizning adajonimiz bunyod qildi. O‘zimiz bilan birga Dasha Kanishevani ham olivolamiz. – U bir zumga o‘ylanib qoldi. – Bilasanmi, nima uchun butun dunyoda rus ayolini bunchalik qadrlashadi? Chunki, rus ayoli tabiatan o‘ta fidoyi bo‘ladi. U sevgan kishisi uchun jonini fido qilishga tayyor bir xilqat.
Galina Vasilevna yana eriga qarab qo‘ydi. Chunki uning qulog‘iga erining baland ovozda «hayot» degan so‘zi yetib kelgandi.
5
– Lekin hayot – bu tirikchilik-da. Faqat ishlashning o‘zi bilangina yashab bo‘lmaydi! – deya Vladimir Ivanovich borgan sari ilhomi jo‘shib o‘z faoliyati falsafasidan gap so‘qardi. – Mana men, masalan, baliq sho‘rvani dudlanib turgan holda ichishni yoqtiraman. Oldin ichib turardim, lekin mana yetti yildirki, og‘zimga ham olmayman. Ishlashga halaqit beradi bu qurg‘ur… Mendan kompaniyam muvaffaqiyatining siri nimada deb so‘rashganda, «Biz uchun barcha odamlar xudolarga ibodat qilishadi», deb javob beraman. Biz barcha konfessiyalarga yordam beramiz. – U kuldi: – Haligi, bir safar, to‘g‘risi, pul so‘rab kelishdi. Avvaliga bilolmay qoldik. Buni qarangki, shayton malaylari ekan. Haligi, qo‘riqchi yigitlarimiz, boplab adablarini berishdi, albatta!
Frantsuz shosha-pisha diktofondagi kassetani almashtirdi. Pechenkin tag‘in jiddiy qiyofaga kirdi.
– Bizning shahrimizda Zavod maydoni bor. Aytishlaricha, o‘sha joyda bir vaqtlar monastir bo‘lgan ekan, keyin cherkov bo‘libdi. Hozir esa mening billur zavodim… Haligi, shu desangiz hozir o‘sha maydonda ibodatxona qurayapman. Payg‘ambar Ilya nomiga… Ibodatxonamas, aniqrog‘i, butxona… Ammo qanaqa! Billur butxona! Bu dunyodagi yetti mo‘jizaning biri bo‘ladi. Yoki sakkizinchisi? – kotib-referentga murojaat qildi u.
– Sakkizinchisi, – o‘ylab o‘tirmay javob berdi Pribilovskiy.
– Sakkizinchi mo‘jiza. Buning ustiga, yana o‘sha joyda, maydonda Leninning haykali turibdi. Qo‘porib tashlash kerak, – degan gaplar ham bo‘ldi. Lekin xudoga ishonmaydigan, ammo Leninga ishonadigan odamlar ham bor-ku, axir. Ularga nima deymiz? «Turaversin!» dedim men. Uni biz o‘rnatganimiz yo‘q – olib tashlash ham bizning ishimiz emas! Qo‘porib tashlashdan osoni yo‘q, qani bir qurib ko‘ring-chi… – Vladimir Ivanovich kulimsiradi, yelkalarini qisdi va yakun yasadi: – Mana mafkuraning turgan-bitgani…
Pechenkin frantsuzning oldidagi tovoqqa qarab hayron bo‘ldi. U baliq sho‘rvasini tatib ham ko‘rmagandi. Vladimir Ivanovichning peshonasi tirishdi, gina qila ketdi:
– I-e, bu nima qiliq? Bizning ovqatimizdan irgandingizmi hali? Dudlangan, axir…
Frantsuz o‘zini oqlash uchun shosha-pisha sho‘rvani ichishga tutindi. Vladimir Ivanovich bo‘lsa, boshini chayqaganicha to‘ng‘illardi:
– Yo‘q, birodar. Bunaqasi ketmaydi. Men seni hurmat qildimmi, sen ham hurmatimni joyiga qo‘y…
6
– Ha, bu shahar o‘zimizniki, lekin sen u yerga qo‘riqchisiz, Nilichsiz borolmaysan… – derdi Galina Vasilevna o‘g‘lining ko‘zlariga tikilib.
– Hech qanaqa Nilichning keragi yo‘q menga! – baqirdi Ilya.
– Nilichsiz seni qandaydir chechenlar o‘g‘irlab ketishi mumkin! – dedi Galina Vasilevna qat’iy ovozda.
Ilyaning pastki labi titrardi. U hozir yig‘lab yuboradiganday bir holatda edi.
Onasi hamdardlik bilan jilmaydi, o‘g‘lining yelkasiga qo‘lini qo‘yib, taklif etdi:
– Kelaqol, yaxshisi, seni Dashenka Kanisheva bilan tanishtirib qo‘yaman, maylimi?
Birdaniga bayramona maydonda taloto‘p boshlandi. Kimdir jon achchig‘ida ayanchli chinqirib yubordi. Nariroqda turgan «tez yordam» mashinasidan ikkita sanitar sakrab tushdi-da, zambilni ko‘targancha yugurib qolishdi.
– Nima? Nima bo‘ldi? – tashvishlanib so‘radi Galina Vasilevna yugurib ketayotgan odamlardan.
– Frantsuz! Frantsuz jurnalistiga baliq qiltanog‘i tiqilib qolibdi!
Galina Vasilevna bo‘ynini cho‘zganicha chopayotgan odamlar orqasidan ergashdi. Lekin, birdan to‘xtadi-da, qayrilib o‘g‘liga qaradi. Ilya kulayotgandi. U shu qadar yayrab kulardiki, ko‘zlaridan yosh chiqib ketgandi.
Beshinchi bob
TIG‘IZ KUN
(Oxiri)
–
1
Kechasi tunda, ko‘cha chiroqlari o‘chirilgan bir paytda, Pridonsk «Cheremushka»sidagi besh qavatli panelli uylardan biri oldiga Pechenkinning qora «Mersedes»i kelib to‘xtadi. Uyga kirish yo‘lagi oldida «Suburban» va qotib turgan qo‘riqchilar ko‘rinardi. Beshinchi qavatning burchakdagi oynasi yop-yorug‘ edi. Vladimir Ivanovich unga yana bir bor qarab oldi-da, qorong‘i yo‘lakka sho‘ng‘idi. Zinani ikkitalab hatlab, u o‘smirlarday zumda beshinchi qavatga chiqib oldi. Eshik oldida malla soqchi turardi. Ilyani samolyotdan shu yigit kuzatib tushgandi. Pechenkin nafasini rostlab oldi, mallavoyga ko‘z qisdi va hazilomuz so‘radi:
– Xo‘sh, sambochi, qachon bellashamiz?
Qo‘riqchi yigit uyalinqirab jilmaydi:
– Qachon desangiz, shunda, Vladimir Ivanovich.
Pechenkin quloq soldi – taxta eshik ortidan gitara ting‘ir-ting‘iri eshitilardi. U eshikni asta itardi, eshik ochilib ketdi.
2
Bir xonali uyning mo‘jazgina hujrasida yerdan shiftgacha kitobga liq to‘la javonlar qalangan. Shu yerning o‘zida ko‘plab mayda buyumlar: yog‘och, loy va metalldan yasalgan odamchalar, kuchukchalar, qushlar, kemachalar, fotosuratlar uyulib yotardi. Eng katta fotografiya – Marina Svetayeva singari mardona boqishli surat rasm uchun maxsus o‘yilgan tokchada turibdi, unda qurib qolgan guldasta ham bor. Televizor turadigan burchakda katta quti turardi. Qutining ustida esa chamadoncha – eski patefon quti, uning yonida bir dunyo plastinka. Yuqoridagi konvertda mashhur orkestrning mashhur dirijyori aks ettirilgan. Pechenkin uning yonidan o‘tib ketayotib tirnog‘i bilan chertib qo‘ydi.
Qalin jun ro‘mol yopilgan kattakon eski taxta yonida, ensasini devorga tirab, sochlari kalta qilib oldirilgan, qirq yoshlardagi ayol yonboshlab o‘tirardi. U juda odmi kiyingan, qo‘lidagi gitarani chertib qandaydir kuyni chalish bilan ovora edi. Pechenkin unga hadiksirab qaradi.
Ayolni Gelya, Angelina, Angelina Georgiyevna Vseslavinskaya deb chaqirishardi.
– Eshikni berkitib olmaganing yaxshimas, – dedi Pechenkin past, ehtiyotkor ovozda.
Yopib yurmang eshikni hech,
Eshik doim bo‘lsin ochiq,
– deya kuyladi Gelya mazax qilganday.
Taxta yonidagi uchoyoqda og‘zi ochilgan araq, qadah, yog‘och taxtachada kesilgan non, talinkada kolbasa va tuzlangan bodring bor edi. Pechenkin ichimlik bilan gazakni ko‘zdan kechirib chiqdi-da, hayron bo‘ldi, lekin indamadi, so‘rashga botinolmay turdi. Gelya sirli tirjayar, hamon o‘sha kuyni chalish bilan ovora edi.
Pechenkin stolcha yoniga keldi, shishani ko‘tarib qaradi, yorliqda o‘z tasvirini ko‘rib biroz ko‘ngli joyiga tushdi. Araq «Pechenkin» deb atalardi. Shundan so‘ng Vladimir Ivanovich derazaga nigoh tashladi, olis-olisda shahar ustida qizil neon harflarida yozilgan «Pechenkin» so‘ziga ko‘zi tushganday bo‘ldi va ko‘ngli butunlay tinchidi. Yelkalarini g‘urur bilan kerib xabar qildi:
– Tushirildi.
– Qayerga tushirildi, nima tushirildi? – qiziqsinib so‘radi Gelya.
– Tanker suvga tushirildi, – dedi Vladimir Ivanovich va maqtanib qo‘ydi: – «Xoqonning o‘zi tabarruk qildi».
Gelya istehzoli iljaydi:
– «Xoqonning o‘zi»… Qarab tur, Pechenkin, poplar seni boplab ketishmasin.
Gelya gitarani bir chetga qo‘ydi, taxtaning chetiga o‘tirdi, qadahga araq quyarkan, gapira ketdi:
– Men «Literaturka»da nijegorodlik bir militsioner haqida o‘qidim. Boyib, badavlat bo‘lganidan keyin o‘zining bor millionlariga o‘rmonda monastir quribdi! Endi o‘zi o‘sha monastirda oddiy rohibga shogird tushibdi…
– Bilaman men uni. Undan yog‘och sotib olgandim. Familiyasi Belkin, – dedi Pechenkin, negadir tundlashib.
– Sen shunday qila olarmiding? – so‘radi tirjayib Gelya.
Pechenkin javob bermadi, yuzi battar xira tortdi.
– Qila olarmiding? – qayta so‘radi ayol.
Pechenkin qovog‘ini uydi va iltijoli ohangda dedi:
– Qo‘ysang-chi, bunaqa savollaringni…
Gelya qadahni zavq bilan ko‘tardi-da, bodringni karsillatib tishladi va maqtanib qo‘ydi:
– Men bo‘lsam yangi qo‘shiq to‘qidim. Bilasanmi, nomi nima? «Kichkina odam» deyiladi.
– Aytib berasanmi? – so‘radi Pechenkin.
– Yo‘q, albatta, – dedi battar g‘urur bilan Gelya va gitarani qo‘liga olib, tanish ohangni chalib, kuylay ketdi:
Keldi kichkina odam –
Ko‘kda tong yulduzi porlagani dam.
Kim ekan o‘sha inson?
Don-dili-don! Don-dili-don!
Kichik odam, kichkina odam.
Demak, aytar gapi bor uning,
Demak, bordir qo‘shiqlari ham –
Senu menga har qachon.
Don-dili-don! Don-dili-don!
Kichik odam, kichkina odam.
Sayyorani chiqar aylanib,
Yog‘och otin yeldirib ildam –
O‘sha mitti pahlavon!
Don-dili-don! Don-dili-don!
Kichik odam, kichkina odam.
O‘z qo‘llari bilan tutar u
Erning otash qalbini mahkam.
Irg‘itar osmon tomon!
Don-dili-don! Don-dili-don!
Kichik odam, kichkina odam.
Quvoninglar, yayranglar endi –
Keldi kichkina odam!
Senu menga qadrdon
Don-dili-don! Don-dili-don!
Kichik odam, kichkina odam!
3
Ilyaning ko‘zi ilingan o‘sha damda uning xonasi quyuq qizil nurlarga to‘lib ketdi. U ko‘zlarini ochdi va yana berkitdi. Chunki hech qanaqa qizil nur yo‘q edi. Lekin yana hammayoq qizil bo‘lib qoldi… Ilya karavot chekkasiga o‘tirib, hayron bo‘lgancha derazaga qaradi. Huv naridagi qarag‘aylar ortida birin-ketin yirik neon harflar yonboshladi: Oktyabr.
Ilya quvnoq va bosiq holda kulib qo‘ydi. Harflar o‘chdi. U shoshib-pishib shippaklarini oyog‘iga ildi-da, balkonga chiqdi. Qizil so‘zning paydo bo‘lishini kuzatdi. Balkonning shundoq yonginasida qarag‘ay o‘sib turardi. Ilya pastga ko‘z yugurtirdi, chamaladi, panjaraga oyoq qo‘ydi. Qarag‘ayning qalin shoxini ushlab oldi, tirmashib tanasigacha yetib bordi. Qarag‘ay tanasini maymunga o‘xshab quchoqlab oldi-da, sirg‘alib pastga tushdi…
Bu chindan ham kinoteatr, haqiqiy kinoteatr edi!
Yalangoyoq, yozgi ich kiyimida chiqqan Ilya kinoteatrning yop-yorug‘ va bo‘m-bo‘sh dahlizida turardi. Hayrat bilan atrofga ko‘z yugurtirdi. Kinoteatrning oynavand eshigi ochiq edi. Har tarafda chiroqlar yonar, dahliz devorlarida vaqt ta’sirida rangi bo‘zargan sovet kinosi yulduzlarining suratlari osig‘lik turardi. Ana, xushruy Ivashov, go‘zal Svetlichnaya… hamma yoq jimjit. Ilya atrofga alangladi va yarim ochiq eshikdan kinozalga kirdi. Pushti rangga bo‘yalgan zal ham bo‘m-bo‘sh edi. Ilya oppoq ekranga qaradi va eng chekkadagi o‘rindiqqa o‘tirdi. Xuddi shu payt qayerdadir uning orqa tomonida kimdir garmonni chalib yubordi. Chalishni uncha yaxshi bilmasligi sezilib turardi. Tovushi juda baland, kishining g‘ashiga tegadigan darajada edi. Garmon ovozi kino qo‘yiladigan xona darchasidan kelardi.
– Tali, tali, tali, – deya kuylardi ko‘rinmas odam zo‘rma-zo‘raki. – Tali, tali, tali…
Ilya jilmaydi. Tatar ohangini eslatuvchi jarangdor kuy hindcha ohangga o‘tdi.
O-vo-ra-man,
Men day-di-man,
– deya kuyladi haligi odam.
Ilya o‘rnidan turdi, bildirmasdan chiqib ketmoqchi edi, lekin o‘rindiq gumburlab ag‘darildi. Garmonning ovozi o‘chdi va quvnoq qichqiriq eshitildi:
– Yosh barin!
Ilya hayron bo‘lib orqaga qaradi. To‘rtburchak darchadan kulayotgan kattakon bashara zo‘rg‘a ko‘rinardi.
– Kino ko‘rgani keldingizmi? – so‘radi baland ovozda kinomexanik.
– Yo‘q-yo‘q, o‘zim shunday, – bosh chayqadi Ilya va shoshib eshikka yo‘naldi.
Kinomexanik Ilyaga dahlizda yetib oldi. Oyoqlari kalta, to‘ladan kelgan, kartoshkaburun bu odam kichik-kichik dumaloq ko‘zlari bilan kulib, qarab turardi. Ilya ham iljaydi.
– Yosh barin, – ehtirom bilan takrorladi u.
Ilya qovoqlarini uydi:
– Meni bunday atamang! Men barin emasman!
– Kimsiz bo‘lmasa? Esingizdami, Nikita Mixalkov «Shafqatsiz romans»da kelgani? O‘shanda hamma baravariga «Barin keldi! Barin keldi!» deb qichqirgandi.Bu yerda sizni hamma yaxshi ko‘radi. Vladimir Ivanovichni yaxshi ko‘rishadi… Galina Vasilevnani qanchalar yaxshi ko‘rishadi! Ular bizni xafa qilishmaydi. Yaxshi pul to‘lashadi. Sizlarsiz xarob bo‘lamiz. Men tilla tish qo‘ydirdim, ko‘rayapsizmi? – Kinomexanik og‘zini katta ochdi. – Mening tishimda teshik paydo bo‘lgandi. Vladimir Ivanovich: – tish qo‘ydirib olgin, Noil, dedilar. «Qanaqasidan? – dedim, – temirmi yoki tilladan?» «Tilladan, albatta», – dedilar. Pul berdilar. Men tish qo‘ydirdim. Oyim kasal bo‘lib qoldilar. Vladimir Ivanovich eshitibdilar: «Noil, – dedilar, – xohlasang onangni davolanish uchun Moskvaga yuboramiz, xohlasang chet elga. Pulini o‘zim to‘layman». Onam rozi bo‘lmadi. «Noil, menga tatarcha qo‘shiq aytib ber», – dedilar. «Men tatarcha qo‘shiq bilmayman» desam, «Bu nima degan gap, aytib ber» dedilar.
Tatar jim qoldi, tirjayib dedi.
– Kunduzi uxlayman. Kechasi hushyor turaman. Vladimir Ivanovich sim qoqib: «Noil, qani qo‘yib ber-chi», – deb qolishi mumkin.
4
Pechenkin Gelya bilan yonma-yon, indamay o‘tirardi. Qo‘li ayolning tizzasida edi. Gelya jim turardi. U ko‘zlarini yumib olgandi.
– Bu sening eng yaxshi qo‘shig‘ing, – dedi ishonch bilan Pechenkin.
U ko‘zlarini ochdi, kinoyali jilmaydi.
– Sen mening har bir yangi qo‘shig‘imdan keyin shunday deysan.
Vladimir Ivanovich eshitmay qoldi.
– Gel, ayt-chi, sen nega qofiyaga qarab yozmaysan? – qiziqsindi u.
Gelya peshonasini tirishtirdi:
– Chunki hamma qofiyaga kuy bastalaydi.
Pechenkin «tushunarli» deganday boshini egdi.
Gelya jilmaydi, unga erkalab qaradi-da, so‘radi:
– Sen yaxshisi, ayt, Ilya qanday?
Vladimir Ivanovich uni tizzasidan qo‘lini oldi-da, bosh barmog‘ini ko‘rsatdi.
– Men xursandman, judayam xursandman, – dedi u.
– Lotinchani yodladi, – maqtandi Pechenkin.
– Men xursandman. Juda xursandman, – takrorladi Gelya.
U qo‘lini yana ayolning tizzasiga qo‘ydi. Ular yana jim bo‘lib qolishdi.
– Gel, haligi kichkina odam – obrazmi yoki aniq bittasimi? – so‘radi Pechenkin.
– Obraz… yoki aniq, – ma’yus takrorladi Gelya va o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Lekin Pechenkin uning turishiga yo‘l qo‘ymadi. U o‘zi uchun ham kutilmagan bir holatda ayolni taxtaga ag‘dardi.
Gelya sassiz, lekin jonholatda qarshilik ko‘rsatardi. Vladimir Ivanovich birdan chinqirib yubordi, oyoqqa turdi-da, og‘riqdan g‘ijinib, tishlangan barmog‘iga puflay boshladi.
– Voy quturgan-ey, – pishillardi Pechenkin.
– Voy bemaza-ey, – dedi unga javoban Gelya. Sakrab o‘rnidan turdi va ko‘krak tugmalarini qaday boshladi. U javondan nimanidir qidirishga tushdi.
– Baqirib yuborganimda nima bo‘lardi? Eshik orqasida soqchi turibdi! – dedi g‘azab bilan Vladimir Ivanovich.
– Unda meni otib tashlashardi, – dedi yelkasini qisib Gelya, qo‘lidagi bint bilan unga yaqinlasharkan.
– Quturib ketibsan-ku, – takrorladi u barmog‘iga bint o‘rayotgan Gelyaga qarab.
– Emlattirib ol, – hazilga yo‘ydi ayol.
– Judayam sog‘inib ketdim, – o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi Pechenkin.
– Tez-tez kelib tur bo‘lmasa, – dedi Gelya.
– Tez-tez kelib tur?! – Jahli chiqdi uning. – Huzuringga shoshilayapman-u, uydamisan, yo‘qmi, bilmayman. Hatto telefon ham qilolmayman. Yo‘q, uyali telefon ol deb necha marta aytdim!
Gelya: «keragi yo‘q» deganday jilmayib, boshini chayqadi. Bundan Pechenkinning battar jahli chiqdi, qo‘lini tortib oldi, barmog‘iga o‘ralgan bintni yechib, irg‘itdi va qichqirdi:
– Xrushchevkada yashayapsan!.. Har kuni ishga borasan!.. Tag‘in trolleybusda!… Shuyam yashash bo‘ldi-yu…
– Nima qipti… Axir, Shveytsariyada o‘qish hammaga ham nasib qilavermaydi, kimgadir Pridonsk tuprog‘ini yalashga to‘g‘ri keladi, – dedi zaharxandalik bilan Gelya.
– Es-hushi joyida odam bunaqa yashamaydi, – baqirdi Pechenkin.
– Aksincha, es-hushi bor odamlar faqat shunaqa yashashadi, – big‘illadi unga javoban ayol ham.
– Seningcha, es-hushli odamlar kambag‘allarmi?
– Seningcha-chi, boylarmi?
– Albatta, boylar-da! Es-hushi joyidagi odamlar – boylar!
– Yo‘q, es-hushli odamlar – ziyolilar!
Pechenkin telbalarcha kuldi:
– Ziyolilar? Qanaqa maxluqlar ular? Hamma gapiradi, lekin hech kim ko‘rmaydi ularni.
– Nega endi ko‘rmaydi? – rad etdi Gelya. – Ko‘rgan, ko‘rishgan. Men ko‘rganman.
– Qanaqa toifa odamlar, o‘zi o‘sha ziyolilar? O‘zlari hech narsa qilishmaydi, boshqalarga yo‘l berishmaydi – o‘shalarmi? Demak, ho‘kizday ishlaydiganlar, o‘n olti soatlab ter to‘kadiganlar bosqinchi va o‘g‘rilar, shundaymi? Ular bo‘lsa… Mening huzurimga bu ziyolilaring har kuni qadam ranjida qilishadi, bilganlari shu: «ber-ber». Bittasiga bersang, boshqasi yugurib keladi: «Siz unga berib noto‘g‘ri qildingiz. U yomon odam. Mana biz yaxshimiz, bizga bering». «Nima, men undan tortib olib, sizlarga beraymi?» deyman. «Bering!» deyishadi. Ziyolilarmish…
Pechenkin g‘ijinib so‘kindi : «- Lenin to‘g‘ri aytgandi: «Bizning ziyolilar ziyoli emas, tezak!» – deb.
Gelya chidab turolmadi, yer tepinib qichqirdi:
– Pechenkin, chiqib ket sinfdan!
– Qanaqa sinfdan! – kulib yubordi Vladimir Ivanovich. U yarashishga tayyor edi.
Gelya gapni chalkashtirib yuborganini tushundi. Lekin hozir na hazillashishga, na yarashishga moyil emasdi, Pechenkinni eshikka qarab itararkan ming‘illardi:
– Bor, bora qol, Pechenkin, chiqib ket…
– Bo‘ldi endi, Gel, nima bo‘ldi senga, – aybdorona tirjayib, orqaga tisarildi Pechenkin.
– Bora qol, Volodya, iltimos qilaman! – Gelya mehmonni eshikdan itarib chiqardi-da, birdan xijolat ichida shivirlab tezgina dedi: – Men homiladorman.
– Nima? – u yaxshi eshitmagandi.
– Men homiladorman! – dedi Gelya va eshikni qarsillatib yopti. Qulf chirq etdi.
Pechenkin ayol aytgan gapning ma’nosiga endi tushundi. U ajablangancha tirjaydi-da, eshikni avval qo‘li bilan, keyin yelkasi bilan itara boshladi.
– Yordamlashvoraymi, Vladimir Ivanovich? – u yelkasi osha eshitilgan mallavoyning hamdard tovushidan o‘ziga kelib to‘xtadi va o‘ylanib qoldi.
Oltinchi bob
NIMADIR KUYDIMI?
Oradan bir necha kun o‘tgach, Pechenkinlar uyida mashhur dirijyor rahbarligidagi Moskva orkestrining kontserti bo‘lib o‘tdi. Bu o‘sha Gelyaning uyida Vladimir Ivanovich ko‘rgan plastinkada tasvirlangan va u tirnog‘i bilan chertib qo‘ygan dirijyor edi. Aftidan o‘shanda u kelajakda bo‘ladigan madaniy voqeani nazarda tutgan edi.
Mashhur ijrochilar va musiqiy guruhlarning kontsertlari Pechenkinlar uyida muntazam o‘tib turardi. «Kamin oldida uchrashuvlar» nomi ostida o‘tadigan bunday ko‘ngilochar tadbirlar tashkilotchisi Galina Vasilevna edi. Tomoshabinlar va tinglovchilar – yangi pridonskliklar, shahar rahbarlari, shuningdek, mahalliy madaniyat arboblarini ham Galina Vasilevna taklif qilardi. Kontsertlar an’anaviy tarzda Pechenkinlar uyining kaminli zalida o‘tar, bu yerda artistlar uchun maxsus sahna qurilgan bo‘lib, mehmonlar yarim doira shaklida o‘rnatilgan stullar, divanlar va o‘rindiqlarda o‘tirardilar.Tadbir oldidan katta, malaxit tosh bilan bezalgan kamin, hatto yozda ham yoqilardi.
Pechenkinlar hamishagiday birinchi qatorda joylashardilar, markazda – Vladimir Ivanovich kattakon qo‘ltiqli o‘rindiqda, uning yonida divanda Galina Vasilevna va Ilya. Divanda uchinchi bo‘lib Dashaxon Kanisheva o‘tiribdi. Chunki Galina Vasilevna shunday bo‘lishini xohlardi.
Dashaxon Kanisheva o‘zini juda noqulay sezardi – boshqa qizlar unga hasad bilan qarashardi. Umuman, kontsertda yoshlar ko‘pchilikni tashkil qilardi. Qizig‘i shundaki, yoshlar xuddi kattalarday kiyinib olishgandi: o‘smirlar kapalakli smoking, qizchalar esa, tungi ko‘ylakda. Ilya ular davrasida juda g‘alati ko‘rinardi – u qip-qizil krassovka, sap-sariq jinsi va yashil sviter kiygan edi. Buning ustiga tinimsiz saqich chaynardi.
Pridonskliklar jim o‘tirgancha kiprik qoqmay mashhur dirijyordan ko‘z uzishmasdi. Mashhur dirijyor tinimsiz tirjayar, albatta, oppoq tishlari ko‘rinib ketar, serg‘ayrat harakati bilan hammaning ko‘nglini olishga intilardi. U xuddi yumorchi-konferanselar singari tez-tez gapirar, tomoshabinlarni junbushga keltirishga harakat qilardi:
– Motsartning, shunaqa bir mashhur bastakor bo‘lgan edi, shunday asari bor, uning birinchi sahifasida «tez chalinsin» deb yozilgan. Ikkinchi sahifasida «imkoni boricha tezroq», uchinchisida esa: «yanada tezroq» deb yozilgan. Xo‘sh, biz qanday chalaylik? – so‘radi u tomoshabinlardan.
Pridonskliklar nima deyishga hayron edilar.
– Yaxshi, biz bugun Motsartni ijro etmaymiz, – tinchlantirdi ularni mashhur dirijyor. Boshqa, undan kam emas, balki mashhurroq bastakor bor… Bu o‘zimizning qizil Motsart… Isak Osipovich Dunayevskiy. Bu chinakam avliyo odam! U o‘z xotiniga bitgan maktubida shunday yozgandi: «Biz uchun o‘rtoq Stalin bilan bir davrda yashayotganimiz katta baxtdir». Bizga esa, jin ursin, sira omad kelmadi! – Mashhur dirijyor jimib qoldi, qushlarga o‘xshab boshini yon tomonga egib, kulgi ko‘tarilishini kutib turdi. Pridonskliklar jur’atsiz kulishdi.
– Shunday qilib Dunayevskiy! «O‘n besh yoshli kapitan» filmiga uvertyura! – deya xitob qildi taniqli dirijyor va orkestrga tomon burildi-da, tilla suvi yugurtirilgan dirijyorlik tayoqchasini silkiy ketdi.
Shunda yoshlikdan tanish bo‘lib qolgan, garchi tashvishli bo‘lsayam umid baxsh etuvchi ohang tarala ketdi. Tinglovchilar darhol tanishdi bu kuyni, bir-biriga qarab olishdi, taniqli dirijyorga minnatdorlik bilan boqib, jilmayib qo‘yishdi. Galina Vasilevna berilib musiqa tinglayotgan mehmonlarga homiyona ko‘z bilan qarab chiqdi. Nihoyat uning nigohi o‘g‘liga kelib to‘xtadi. Ilya hamon saqich chaynardi… Lekin birdan kutilmagan voqea yuz berdi: sozandalar o‘z cholg‘u asboblarini bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, uvertyurani, og‘iz va lablari yordamida chalishda davom etdilar: Tu-u-du-u-du-du-du…
Dastlab tinglovchilar hangu mang bo‘lib qolishdi, o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishdi va qo‘rqib ketishdi, keyin buning hazil ekanini bilib qolishdi. Mahalliy madaniyat xodimlari taniqli dirijyorning shunaqa hazillari borligidan xabardor bo‘lishgani uchun lablarining tanobi qochib tirjaya boshlashdi. Va faqat Vladimir Ivanovich sho‘x, erkin va quvnoq bir holda qahqaha urgach – hamma kulishga tushdi.
Birgina Galina Vasilevna bu umumiy qahqahada ishtirok etmadi. Bu shodiyonalikda nimadir unga yoqmadi, nimadir uni tashvishga sola boshladi. Galina Vasilevna boshini burib, Dashaxon Kanishevaning nigohi bilan to‘qnashdi. Qizcha o‘zini yo‘qotib, zo‘rma-zo‘raki jilmaydi. Ilya uning yonida yo‘q edi.
– Ilyusha qani? – so‘radi Galina Vasilevna.
– Bilmadim, – dedi shikoyatomuz Dasha Kanisheva. U ko‘p hollarda Galina Vasilevnaga taqlid qilishga urinardi.
Musiqachilar bo‘lsa avji pardalarda chalishardi. Taniqli dirijyor baland sakrab tushib, oyoqlarini chechetka raqsiga mos o‘ynata boshladi. Bundan ayrimlar kulgiga zo‘r bersa, ayrimlar chinqirib yuborishdan o‘zlarini tiyisha olishmasdi.
Galina Vasilevna alamli yutoqib, chuqur nafas oldi va birdan qandaydir g‘alati, yoqimsiz hidni his qildi. U yana havoni iskab ko‘rarkan Dasha Kanishevaning nigohiga duch keldi. Qizchaning burun kataklari kengaygan edi.- Sezyapsanmi? – so‘radi undan Galina Vasilevna.
– Nimadir kuyayaptimi? – qo‘rqib so‘radi Dasha.
Galina Vasilevna orqaga o‘girildi: Uning yotoqxonasida nima kuygan bo‘lishi mumkin?
Qovurilgan hid anqirdi, bu aniq, qovurilgan hid anqirdi, yo‘q, yana aniqrog‘i, hid anqimasdi, balki sasimoqda edi, i-e, bu qovurilgan hid emas, kuyindi, chindan kuygan go‘sht hidi kelardi.
Taniqli dirijyor tomoshabinlarga zavq berishda davom etarkan, o‘tirib-turib o‘yinga tushardi. Biroq negadir kulgi pasaya boshladi, chunki ko‘pchilik, ayniqsa, ayollar badbo‘y hidni his eta boshlagandilar.
Mashhur dirijyor to‘xtadi, qaddini rostladi va hayratdan qotib qoldi, holbuki, uning musiqachilari zo‘r berib chalishda davom etardilar. Dirijyor oldinga, tomoshabinlar osha gurillab olov yonayotgan kamin tomon qarab qolgandi. Uning yuzida birdaniga yirik-yirik ter tomchilari paydo bo‘ldi. Dirijyor u yerda dahshatli bir baloni ko‘rgan edi, shu qadar dahshatli ediki, o‘tirganlarning hech qaysi biri o‘girilib, orqaga qarashga botina olmasdi. U qaltirayotgan qo‘lidagi dirijyorlik tayoqchasini asta ko‘tarib kamin tomonni ko‘rsatib, alam bilan chinqirib yubordi:
– Yonayapti! U yonayapti, o‘rtoqlar!
Hamma baravariga o‘girildi.
Kamin oldiga borgan Ilya qo‘lini cho‘zganicha alanga ustida tutib turardi. Zalni kuygan go‘sht hidi tutdi. Ilya yiqildi.
Ettinchi bob
MAVZOLEY
1
Ikki tavaqali kattakon oq eshikda «Jarroh» deb yozilgan shisha ostida yalang‘och mallasoch qizning rasmi yopishtirilgan bo‘lib, u o‘ziga chorlab turardi. Buni tasdiqlaganday uning tagiga «Kiring!» deb yozib qo‘yilgandi. Biroq ichkariga hech kim kirmasdi. Yelkalariga oppoq tibbiy xalat tashlangan Pechenkin, Galina Vasilevna, Pribilovskiy, Sedoy – hammasi eshik oldida turibdi. Faqat Vladimir Ivanovich mushti bilan devorga bir maromda urmoqda. U har urganda deraza oynalari zirillar, eshikdagi mallasoch qizning rasmi shitirlab qo‘yardi. Pribilovskiy charm jilddonini qo‘ltig‘iga qistirgancha, boshlig‘ini diqqat bilan kuzatardi. Sedoy yashirincha sigaret chekar, tutunini yelkasi osha puflardi. Galina Vasilevna qo‘llarini ko‘ksi uzra chirmashtirib, pastki labini tishlagancha chang bosgan deraza oynasidan ko‘z uzmasdi.
– Men chet elda bir haftadan oshiq turolmayman – ichkilikka berilishim hech gapmas. U yerdagi tozalikdan bir joyga tupurolmaysan. Olti yil-a… Olti yil shunday sharoitda yashash hazilmi, – dedi Pechenkin kutilmaganda.
– Men ham shuni aytayapman-da: olti yil – katta muddat! – qo‘shildi Sedoy. – Uyidan uzoqda rosa sog‘ingan-da, bolakay. – Mening o‘ylashimcha, u haddan tashqari ko‘p o‘qigan. Ularning dasturi bilan tanishib chiqdim – juda og‘ir ekan, – dedi Pribilovskiy.
Bu fikrga er-xotin Pechenkinlar ham, Sedoy ham qo‘shildi. Ular bu fikrni davom ettirish va rivojlantirishga tayyor edilar. Lekin Galina Vasilevna ularni to‘xtatdi.
– Orkestrni chaqirishning keragi yo‘q edi, – dedi u kutilmaganda oynadan ko‘z uzmay.
– Orkestrning nima aloqasi bor bunga, – tushunolmasdi Vladimir Ivanovich.
– Shuning uchun! – asabiy xitob qildi Galina Vasilevna. – Shuning uchun aloqasi borki, mumtoz musiqa ustidan kulish mumkin emas! Kim qo‘yibdi ularning mumtoz musiqani mayna qilishiga… Dunayevskiy; bilsangiz, biz uchun haqiqiy klassika!
Jarroh kutilmaganda paydo bo‘ldi. U yurishidan ko‘cha bezorisiga o‘xshardi. Hamma hayajonda, harakatga keldi. Sedoy tutab turgan sigaret qoldig‘ini qayerga tashlasam ekan deb olazarak bo‘ldi. Yurib kelayotgan jarroh u bilan tenglashgach, chala sigaret qoldig‘ini Sedoyning qo‘lidan chaqqonlik bilan oldi-da, kaftiga yashirdi, eshikka, undagi rasm va yozuvga ishora qilib, ta’na bilan dedi:
– Kirmaysizlarmi, nega kirmay turibsizlar?
2
U stol yoniga o‘tirdi, sigaretni uzoq va miriqib tortdi-da, tutunini og‘zidan ingichka halqa qilib chiqararkan, Pechenkinga qat’iy dedi:
– Demak bunday… ko‘rpa-to‘shak choyshablari bilan – uch yuz dona. Yig‘ma tuvak – ellik dona. Televizor, ranglisi ma’qul – bir dona. Kattalar uchun pampers – qancha olib kelolsangiz.
Pribilovskiy shoshilib yozib borardi.
– Ertaga bo‘ladi, – dedi Pechenkin.
– Ertaga yakshanba, – eslatdi Pribilovskiy.
– Ertaga bo‘ladi, – takrorladi Pechenkin.
– Ertaga bo‘ladi, – dedi Pribilovskiy ham.
Jarroh sigaretni filtrigacha chekib, barmog‘ini kuydirib oldi. Peshonasini tirishtirib, parishonxotir o‘z qo‘liga qarab qo‘ydi-da, davom etdi:
– Xo‘sh, umuman bunday… Qo‘lni aytsangiz, hammasi joyida. Lekin og‘riydi. Chandiq qoladi. Balki keyin plastik operatsiya qilinar. Biroq bu bizda emas. Avstraliyada, eshitishimcha, plastik operatsiyani yaxshi qilisharkan…
Erkaklar yengil nafas olishdi, Galina Vasilevna hiq-hiq yig‘lashga tushdi. Lekin jarroh uning butunlay bo‘shashiga yo‘l qo‘ymadi. – Xo‘sh, keyin unga nima bo‘ldi? – kutilmaganda so‘radi u.
Hamma tushunolmay unga qaradi.
– Kimga? – so‘radi Pechenkin.
Jarroh yelkasini qisdi:
– Haligi, Mutsiy Stsevolaga-da…
Vladimir Ivanovich tirjaydi:
– U bu yog‘iga o‘qimay qo‘ydi… Men to‘xtatdim. Bu yog‘ida nima bo‘lgandi…
– Nima, siz tibbiyot oliy ilmgohida lotin tilini o‘rganmaganmisiz? – qiziqsindi Sedoy.
– E, biz u yerda nima ham o‘rganardik… – qo‘l siltadi jarroh.
– Ha, biz Ilyadan iltimos qilamiz, keyin nima bo‘lganini tarjima qilib beradi, – dedi Vladimir Ivanovich.
– Keragi yo‘q! – deya to‘xtatdi uni Galina Vasilevna.
– Men ham shuni aytyapman-da, u keyin nima qildi, oldindan bilish uchun… bo‘lmasa… – Jarroh kutilmaganda jim bo‘ldi va ensasini qashidi.
Pribilovskiy cho‘ntagidan uyali telefonni olib qandaydir raqamlarni tera boshladi. Jarroh aftini burishtirib, so‘zini tugatdi:
– Aks holda, u, haligi… U Mavzoleyni so‘radi…
– Kim? – tushunmadi Galina Vasilevna.
– Sizning o‘g‘lingiz.
– Qanaqa Mavzoley? – hayron bo‘lib so‘radi Vladimir Ivanovich.
Jarroh zo‘rma-zo‘raki jilmaydi.
– Haligi, bor-ku, Moskvada… Bizda hali boshqasi yo‘q…
– Kremlda, – eslatdi Sedoy.
– Kremlda emas, Kremlning yonida, Qizil maydonda, – aniqlik kiritdi Pribilovskiy.
– Men ham shuni aytayapman-da, – dedi Sedoy.
Pechenkin Pribilovskiyga qaradi:
– Kremlda kim hozir?
– Hozir Kremlda bizdan Busigin, Cherevichko, Kats, – axborot berdi kotib-referent.
Jarroh kulib yubordi; «nega tushunmaysizlar» deganday qo‘lini siltadi.
– Axir, Kremlga emas, Mavzoleyga deyapti!
– Mavzoleyda kim hozir? – yana murojaat etdi Pechenkin Pribilovskiyga.
– Mavzoleyda hozir Lenin, – dedi kotib-referent.
Vladimir Ivanovich Mavzoleyda Lenin borligini bilardi, lekin yuz ifodasidan hech narsa tushunmagani ko‘rinib turardi. U shunday deb qo‘ya qoldi:
– Hech narsa tushunmayapman.
– Buni tushunmaydigan hech joyi yo‘q, Volodya! – deya xitob qildi bardoshi tugab Galina Vasilevna. – Moskvada men bo‘lganman, sen ham bo‘lgansan, hamma bo‘lgan u yerda…
– Men to‘rt marta bo‘lganman, – dedi Pribilovskiy va qandaydir raqamlarni tera boshladi.
– Sen yaxshilab eslab ko‘r, Moskvaga borganimizda birinchi bo‘lib qayerga tushishga intilardik? Mavzoleyga! – Tushuntirishga urinardi dovdirab qolgan eriga Galina Vasilevna.
– U yerda, o‘sha Moskvada ko‘radigan yana nima bor? Faqat Mavzoley, – aytishga ulgurdi Sedoy, to Galina Vasilevna nafasini rostlab olguncha.
– Chet elliklarni qayerga olib borishardi? – davom etdi Galina Vasilevna. – Mavzoleyga! Ilyusha bo‘lsa, axir, u chet ellik-ku! Mavzoleyga olib borish lozim!
Pribilovskiy barmog‘ini ko‘tarib, «jiminglar» degan ishorani qildi, so‘ngra telefon orqali aytilayotgan gaplarni baland ovozda takrorlay boshladi:
– «Gay Mutsiy Stsevole – rimliklarning etrusklarga qarshi jangining afsonaviy qahramoni (yangi eragacha oltinchi asr oxiri – beshinchi asr boshlari). Dushman qarorgohiga kirib olishga muvaffaq bo‘lgan yigit etrusklar podshohi Parsenani o‘ldirmoqchi bo‘ladi, lekin asirga tushib qoladi. O‘zining og‘riq va o‘limdan qo‘rqmasligini isbotlash uchun Gay Mutsiy qo‘lini lovullab turgan olovga tiqadi va panjalari ko‘mirga aylanguncha miq etmaydi». Bo‘ldi – Pribilovskiy go‘shakni cho‘ntakka yashirdi.
– Xo‘sh, Mavzoley haqida hech narsa demadimi? – so‘radi jarroh.
– Bo‘ldi, – takrorladi Pribilovskiy.
– Mavzoleyga! – dedi Galina Vasilevna eriga qarab.
.- Men Moskvaga bormayman, – to‘ng‘illadi Pechenkin.
– Men boraman. – Galina Vasilevna so‘zida qat’iy edi.
Pechenkin Pribilovskiyga qarab, amr qildi:
– Katsga sim qoq.
3
Moskvada ham, xuddi Pridonskdagi singari sovuq, izg‘irin edi. Shundoqqina Mavzoley yonida turgan Sedoy qishloqilarga xos qiziqish bilan atrofga alanglardi. Yonida u yoqdan-bu yoqqa yurib turgan tund yuzli militsiya polkovnigi shinelining yoqasini yechib olgan, dam-badam qo‘l soatiga qarab qo‘yardi. Shundoq yonginasidagi kurantlar zang urib vaqtni bildirib turardi, lekin, aftidan, polkovnik ularga ishonmasdi.
Galina Vasilevna Mavzoleyning narigi tomonida turar, qimir etmay Vasiliy Blajenniy ibodatxonasidan ko‘z uzmasdi. Uning ko‘zi, yuzi va hatto oyog‘ini oldinga chiqarib, qo‘llarini orqasida bir-biriga chalishtirib turishi – bularning hammasi ado etilgan onalik burchi hissini ifodalardi.
Qizil maydon odamlar bilan gavjum, chehralar gulgun. Mavzoley qarshisidan odamlarni kuldirib masxarabozlar o‘tib bormoqda. Rang-barang bo‘yalgan kiyimlarga burkangan bu odamlar chindan ham kulgili edi. Go‘yo ularning boshlari va qo‘llari pastda, oyoqlari esa tepada. Bittasi xuddi oyog‘i bilan nog‘ora qoqayotganday, boshqasi esa papirosidan tutun purkab, g‘alati ovoz chiqarib borayotir.
Sedoy uyalib jilmaydi, polkovnikka qarab, so‘radi:
– Sirkmi?
– Ha, bu yerda har kuni tsirk, – javob berdi polkovnik norozi ohangda va yana soatiga qarab qo‘ydi.
4
Och pushtirang nur yorishib turgan tiniq billur orqasida, chalqancha cho‘zilib yotgan Lenin mangu uyquda. Ilya uning oldida uzoq va qimir etmay turdi. Undan bir necha metr orqaroqda ikkitasi sabot bilan kutardi: ozg‘in va qotmadan kelgan keksa praporshik yaltiroq xrom etikda, yonidagisi bo‘liq sochli qirmiz yuzli doktor.
Ilyaning bint bilan o‘ralib, bo‘yniga osib qo‘yilgan qo‘liga qarab praporshik doktordan shivirlab so‘radi:
– Uning qo‘liga nima qilgan?
– Bosqinchilar o‘qi, – hazillashdi doktor.
Lekin proporshik buning hazilligini tushunmadi shekilli:
– Baribir, boribdi-da, a? – dedi.
– Onasi unga ajratgan pul uchun-da, biz uyiga eltib berishimiz ham mumkin edi, – yana hazillashdi doktor.
Praporshik bu hazilmi yoki chin ekanini hali anglab ulgurmagan ham ediki, kutilmaganda Ilya baland ovoz bilan aniq qilib g‘alati va sirli so‘zni aytdi:
– KYaJ!
Praporshik bilan doktor seskanib tushib, atrofga alanglab olishdi.
Ilya hamon qotib turardi. Aftidan, bu so‘z uning og‘zidan chiqib ketgan bo‘lsa kerak.
– KYaJ nima degani? – so‘radi shivirlab praporshik.
Doktor o‘ylanib qoldi.
– Biror qo‘mita bo‘lsa kerak, – dedi praporshik.
– Yo‘q, shunaqa bir dori bor, buyragi kasallar ichadi, – deya izoh berdi doktor.
– Qo‘ysangiz-chi, u «KYaJ» deb aytdi, – e’tiroz bildirdi praporshik. – KYaJ – ko‘ngillilar jamiyati degani…
Ular shu qadar shovqin ko‘tarishdiki, Ilya keskin burildi va zug‘um bilan qaradi. Praporshik bilan doktor uyalib ketishdi, xatto biroz qo‘rqishdi ham. Praporshik o‘zini oqlamoqchi bo‘lgandek, Ilyaga dalda berdi:
– Hechqisi yo‘q, siz turavering. Yaqinda Magadan komsomollari delegatsiyasi kelgandi. Ular ham mana shunday uzoq turib qolishuvdi…
Biroq Ilya uni eshitmasdi. U dohiyning harakatsiz yuziga tikilib turardi. Uning ko‘zlaridan yirik-yirik tiniq tomchilar yumaladi.
Sakkizinchi bob
KOMMUNISTNING SANDIQChASI
1
– Oyi, men kommunistman, – dedi qat’iy Ilya. Bu gap oshxonada bo‘lib o‘tdi. Bu yerda Galina Vasilevna oqsoch qiz bilan birga murabbo qaynatayotgandi. Oshxona issiq, sershovqin, quvnoq vaziyatda edi. Galina Vasilevna chiroyli peshband tutib olgandi. U qizarib ketgan, terlagan peshonasiga jingalak soch tolasi yopishib turardi.
– Kommunist? – so‘radi ayol, uning qo‘lida uzun yog‘och qoshiq bor edi. – Kommunist, faqat shuning o‘zimi? Boshqa hech gap yo‘qmi? Qani, ko‘zimga qara-chi…
Ilya onasining ko‘ziga tik qaradi.
Galina Vasilevna yengil tortib jilmaydi.
– Nega darhol ayta qolmading? Biz otang bilan ne xayollarga bormadik. Shuning uchun Mavzoleyga bormoqchi bo‘lgan ekansan-da. «Va Lenin javob beradi. Hamma savollarga Lenin javob beradi»? Shundaymi? Yanglishmadimmi? Nima qilibdi – bizlar ham kommunist bo‘lganmiz… Men ham, otang ham… Buvang haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi?
U qoshiqqa pufladi-da, tatib ko‘rish uchun o‘g‘liga tutdi:
– Qalay?
– Zo‘r! – dedi Ilya.
– Ko‘tarib olamiz va sovutamiz, – amr etdi Galina Vasilevna oqsochga. So‘ng yana o‘g‘liga qaradi. Onaning ko‘zlari quvonchli va sirli yorishib ketdi.
– Bilasanmi, – dedi Galina Vasilevna, – har bir kommunistning o‘z sandiqchasi bo‘lishi kerak.
– Nima? – tushunmadi Ilya.
– Har bir kommunistning o‘z sandiqchasi bo‘lishi kerak! – shodon xitob qildi Galina Vasilevna. – Sening buvang o‘limi oldidan shunday degandi, bolam. Lekin u hozir qayerda ekan?
– Kim? – yana so‘radi Ilya tushunmay.
– Sandiqcha! – tinchlantirdi Galina Vasilevna va kulib yubordi.
2
Sandiqcha taxtadan, qopqog‘i bo‘rtma, temir tutqichli, o‘zi qachonlardir qizil rangga bo‘yalgan edi.
Ilya sandiqcha qulfidagi kalitni buradi va qopqog‘ini ko‘tardi. Qopqoqning ichki tomonida Reshetnikovning «Ta’tilga keldi» rasmidan ko‘chirma yopishtirilgan edi. Unda mehribon bobo va nabirasi – suvorovchi talaba bezatilgan archa yonida turgani aks etgan. Qip-qizil ipak mato ustida eski, vaqt ta’sirida sarg‘ayib ketgan rangli ochiq xat, unda olg‘a talpinayotgan rus, xitoy va zanji tasvirlangan. Unga «Yashasin kommunizm!» degan tagso‘z yozilgan. Undan pastroqda esa aji-buji harflar bilan «XXI asr kommunistlariga!» degan yozuv bitilgan. Ilya muruvvat bilan jilmayib qo‘ydi. Ochiq xatning orqa tomoniga zich qilib maktub yozilgandi. Harflar siyohining rangi o‘chgan, lekin Ilya bir amallab o‘qidi. «Shunday ulug‘ davrda partiyadan tashqarida qanday yashash mumkin? Mayli, kech bo‘lsa ham, mayli, janglar tugagan bo‘lsa ham – lekin janglar hali yana bo‘ladi. VKP (b)dan tashqari hayotning qanday quvonchi bor? Na oila, na muhabbat – hech narsa to‘laqonli hayot ma’nosini bermaydi. Oila – bu bir necha odam, muhabbat – bu bitta odam, partiya bo‘lsa – bu 1. 600 000. Oila uchun yashash – bu maxluqlarcha manmanlik, faqat o‘zi uchun yashash – sharmandalik».
Ilya bir qo‘li bilan sovet bayrog‘ining uzun ipak matosini tekislayotib, unga o‘ralashib yiqilishiga sal qoldi. Bayroq boshqacha edi, balki tsirknikidir, oldinlari tsirk sahnasida chavandozlar shunaqa bayroqlarni hilpiratib, ot yeldirardilar. Qizil ipakdagi o‘roq va bolg‘a haqiqiy tilladay jilolanardi.
Bayroq ostida Xrushchev davrining og‘ir marmar-cho‘yan siyohdoni bor edi. Odatda, bunaqa siyohdonlarga qo‘shimcha ravishda po‘lat peroli kahrabo ruchka, choraktalik siyohli idish, shuningdek kumushga bo‘yalgan ganch haykalcha – to‘nkada o‘tirgan Lenin tasviri berilardi. Lenin haykalchasining tagida Lenin va Stalin kitoblari, siyosiy-oqartuv qo‘llanmalari yotardi. Eng oxirgisi Nikolay Ostrovskiyning «Po‘lat qanday toblandi» – qattiq muqovali qizil kitobi ekan. Ilya uni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi va birdan lablariga bosdi.
U yerda yana hajmi ancha kattagina, ip bilan bog‘langan latta qop bor edi. Ilya bir qo‘li va tishi bilan urinib uni zo‘rg‘a yechdi, quritilgan non burdalari ekan. Ilya bir burdani olib ko‘rdi, hidladi, hatto yaladi ham, lekin yeyishga botinolmadi. Ilyaning nigohini non burdalaridan chalg‘itgan narsa sandiqchaning eng tagidagi tish yuvadigan kukun qutisi bo‘ldi. «Ichidagi nima ekan» deb qutini ko‘ksiga qisib ochayotganda, u qo‘lidan sirg‘alib tushdi va havoda ochildi. Ichidan chiqqan yasama jag‘ va tishlar sochilib ketdi. Ilya ularga qo‘rqib va irganib qarab qoldi.
3
Vokzal yonidagi kechasi ishlaydigan mo‘jazgina bozorchada jimlik hukm surardi. Birdan sotuvchilar ko‘zini chirog‘i nuri bilan qamashtirib qora «Mersedes» kelib to‘xtadi. «Mersedes»dan keyin «Suburban» kelib, uning orqasida to‘xtadi. Birinchi bo‘lib mashinadan Vladimir Ivanovich chiqdi. Keyin qo‘riqchilar, kechikib chiqib kelishdi. Bozor birdaniga jonlandi.
– Pechenkin…
– Pechenkin?
– Pechenkin! – shivir-shivir va xitoblar boshlandi. Unga pivo va araq sotib olishni taklif qilishdi. «Ichmayman – to‘yganman, – hazil bilan javob qildi Vladimir Ivanovich; sigareta tutishdi: – chekmayman – tashlaganman; tuzlangan baliq ko‘rsatishdi: – «Tuzlanganga – do‘xtirlar yo‘q deyapti». Har bir bunday hazilga sotuvchilar quvnoq qah-qaha bilan javob qaytardilar.
Pechenkin pista sotib o‘tirgan ikki ayol tomon dadil yurib bordi. Biri keksa, ikkinchisi yosh edi. Ikkalasi ham paxtalik kiyib olgan, boshlarida qalin ro‘mol, oyoqlarida – erkaklarning kirza etigi. Ular yaqinlashib kelayotgan Pechenkinga qarab jilmayishdi: keksasi – oshkora quvonib, yoshi esa uyalinqirab, ko‘z ostidan atrofga qarab.
– Negadir seni bu yerda ko‘rmasdim, – quvnoq va do‘stona murojaat qildi Pechenkin sotuvchiga. Uning dermantin qopidagi pistasidan bir nechta olib, ta’mini ko‘rishi uchun chaqa boshladi. – Yegorovna qani?
– Qazo qildilar, – dedi yosh ayol.
– Shunaqami, afsus, – dedi Pechenkin u bilan yonma-yon, xuddi o‘shanday qopda narsa sotayotgan kampirning pistasidan tatib ko‘rarkan.
– Bu Yegorovnaning kelini, uning o‘rniga chiqayapti, – tushuntirdi kampir badavlat xaridorni zimdan kuzatarkan.
– A-a, – dedi Pechenkin ayolga sho‘x qarab. – Ering ichayaptimi?
Ayol unga tik va ta’nali qarab qo‘ydi.
– Ichayapti, bo‘lmasam-chi! – dedi va ko‘zini yana chetga olib qochdi.
Vladimir Ivanovich bir kampirning, bir yosh ayolning qopidagi pistadan olib chaqib ko‘rdi. Lekin qaysi biriniki yaxshiligini hech aniqlay olmadi. So‘ng gapida davom etdi:
– Sen unga ayt, aytki… Ismi nimaydi?
– Vitka! – dedi yosh ayol.
– Ha, unga ayt: «Vit, iltimos, ichmagin…». O‘zingning isming nimaydi? – Pechenkin pistadan ikki barmog‘i bilan oldi-da, chaqib ko‘rdi, po‘chog‘ini oyog‘i tagiga tufladi, mag‘zini tishida maydalab ta’mini ko‘rdi.
Yosh ayol qizarib:
– Liza! – dedi.
– Xo‘sh, Liza, unga ayt: “Vit, iltimos ichmagin, xo‘pmi?”. U ichishni tashlaydi.
– Tashlaydi, – horg‘in tirjaydi ayol.
– Tashlaydi, men aytayapman senga – tashlaydi! – uning ko‘ziga tikilib ishonch bilan gapirdi Pechenkin. – Mana, masalan, men ham ichardim… Xotinim aytdi menga: «Volod ichmagin, a?». Shunday qilib tashladim ichishni.
Yosh ayol ikkilanardi, ishonsinmi, yo‘qmi, bilmasdi.
– E, qo‘ysang-chi, u hazillashyapti, – dedi kampir. – O‘zi shunaqa hazilkash! – kulib yubordi u:
– A -xa-xa-xa!
Pechenkin iljaydi, boshini sarak-sarak qildi, bahslashib o‘tirmadi, kimning pistasi yaxshiligini aniqlay ham olmadi. Kamzul cho‘ntagini ochib buyurdi:
– Bo‘pti, bir stakandan solinglar-chi!
4
Ilya o‘z xonasida naridan-beri yurar, jarohatli qo‘lini ko‘ksiga bosganicha og‘riqdan aftini bujmaytirar, jig‘ibiyroni chiqib, o‘ziga o‘zi gapirardi:
– Shunday ulug‘ bir davrda partiyadan tashqarida qanday yashash mumkin? Mayli, kech bo‘lsa, mayli, jangdan so‘ng, lekin jang hali bo‘ladi…
Birdan u yaqinlashib kelayotgan otasining ovozini eshitdi. U qandaydir so‘zlarni takrorlar, buning ustiga xuddi omma oldida nutq so‘zlayotgandek baland ovozda gapirardi.
– Eksport – import! Bu buyumlarni bu yoqdan u yoqqa, u yoqdan bu yoqqa! Eksport – import! Bu buyumlar bu yoqdan u yoqqa, u yoqdan bu yoqqa! Eksport-import!
Ilya xonaning u yoq-bu yog‘iga ko‘z yugurtirdi, shoshilib chiroqni o‘chirdi, o‘zini divanga otdi, jun ro‘mol bilan boshini berkitdi-da, jim yotdi.
Vladimir Ivanovich eshikni ochdi, chiroqni yoqdi, o‘g‘lini ko‘rmagach, hayron bo‘lib g‘ulduradi.
– Eksport – import…
Lekin, ro‘mol tagida yotgan tana qiyofasini ko‘rib qolib, jilmaydi-da, unga yaqinlashib, sho‘x va istehzoli so‘radi:
– U yerda nima qilayapsan, o‘g‘lim?
Ilya indamadi, shunda Pechenkin ro‘molni chekkasidan ushlab tortdi.
Yigitcha g‘ujanak bo‘lib yotar, qo‘lini ko‘ksiga bosib olgandi.
– Og‘riyaptimi? – so‘radi otasi.
– Yo‘q, – dedi o‘g‘li og‘riqni yengib.
– Yo‘q, – norozi ohangda qaytardi otasi. – Agar og‘rimayotgan bo‘lsa afsus. Og‘rishi kerak! Duch kelgan yerga tiqavermasliging uchun og‘rishi kerak!
Vladimir Ivanovichning ko‘zi stol ustida yoyilib yotgan sandiqchadan olingan narsalarga tushib, mavzuni boshqa yoqqa burdi:
– Bugun onang ishxonamga sim qoqdi: «- Hayajonlanma, Volodya, o‘g‘limiz kommunist!» deb. «Nega hayajonlanishim kerak ekan?! – dedim men, – nega hayajonlanishim kerak ekan?! Kim bo‘lsa bo‘lsin, faqat tanasining biror joyini qasddan jarohatlamasa bo‘lgani…».
Pechenkin stolning yoniga keldi, Lenin haykalchasini tirnog‘i bilan chertib ko‘rdi. Ochiq qopcha ichidan quritilgan nondan olib, og‘ziga soldi. Kasur-kusur chaynarkan, so‘radi:
– Shveytsariyada quritdingmi, xufiya ishlashga tayyorlandingmi?
Ilya javob bermadi. Divanda o‘tirgancha jim turaverdi, lekin, aftidan, uning javobi Pechenkinga ham kerak emasdi.
– Men senga hozir aytaman, sen xafa bo‘lishing turgan gap, lekin baribir aytaman, – deya gap boshladi Vladimir Ivanovich qat’iyat bilan. – Bu yerda kommunistlar ham, demokratlar ham yo‘q! Menga Moskvada, Kremlda «Rossiya biznesining ritsari» sovrinini topshirishganda, bilasanmi, nima deganimni: «Biz oqlar ham emasmiz, qizillar ham, biz pridonskliklarmiz!». Besh daqiqacha qarsak chalishdi, olqishlashdi…
Pechenkin jim qoldi, hovuridan tushdi. Leninning ganchdan yasalgan qiyofasiga diqqat bilan qaradi-da, xitob qildi:
– Axir, bu Grigorichning merosi-ku! Qayerda ko‘rgan ekanman deb bosh qotirib yuribman-a? Bir tasavvur qilgin-a, biz bu uyni qurdik, ko‘chib o‘tishimiz kerak, unga qanday aytishga hayronmiz! Dam olish uyi deb aytdik. Bu yerlarda rosa aylanib yurdi, mahalliy partiya tashkilotini izladi. Oshxonada non quritdi negadir…
U o‘ychan bir holatda quritilgan non solingan qopchaga nazar soldi, xotiralari va bugungi hayotni taqqoslashga urindi, lekin yangi xotiralari uni chalg‘itdi:
– O‘z jag‘ini yashirgani-yashirgan edi.
Sandiqcha pastda turardi, uning yoniga o‘tirib, Vladimir Ivanovich yana xotiralariga berildi:
Ertalab choyga shakar solish uchun mundoq qanddonni ochsak – Grigorichning yasama jag‘i o‘sha yerda yotipti… O‘lib ketdi bechora, jag‘ini qayerga yashirganini eslolmay, yangisiga buyurtma ham bermadik, baribir… Sho‘rlik tobutda go‘dakka o‘xshab yotardi, o‘rtoq Gubcheka raisi…
Qizil ipak bayroqni Pechenkin barmog‘i uchidan yelkasigacha qo‘yib o‘lchab ko‘rdi.
– Bir… ikki… uch… Xuddi o‘shaning o‘zi… Bu o‘sha, Vasil Grigorich uchinchi marta beva qolganda, to‘rtinchisiga sovchilikka boruvdi. Burkovskaya degani bor edi, tsirkchi, Mehnat Qahramoni. Ot tsirkida inqilobdan oldin ish boshlagandi. Bir kuni kechasi Grigorich kechasi bilan yo‘q bo‘lib ketdi. Ertalab esa mana shu bayroqni olib keldi.
Vladimir Ivanovich shularni gapirib berarkan, tish kukuni qutisini ochdi va quvonchdan qichqirib yubordi:
– A-ha! Topdim! Topdim… – marhum qaynatasining jag‘ini kaftida ko‘targancha zaharxandalik bilan derdi: – Qabringda tinch yot, Vasiliy Grigorevich, sening ishing ishonchli qo‘llarda! – Pechenkin o‘g‘li tomon ma’noli qarab qo‘ydi-da, aniqlik kiritdi: – …Qo‘llarida…
Yasama jag‘ni qutiga, qutini sandiqchaga joylab, Vladimir Ivanovich qaddini rostladi, yelkalarini to‘g‘riladi-da, so‘zini yakunladi:
– Bizda gubernator – kommunist! Xo‘sh, uni kim gubernator qilganini bilasanmi? Men! Mana shu qo‘llarim bilan, o‘z pulimga. U, albatta, ahmoqning bittasi, lekin ishlashga xalaqit bermaydi. Mana shunaqa! Bu yerda hech qanaqa kommunist yo‘q. Demokratlar ham yo‘q. Faqat ishlaydiganlar va tiliga erk beruvchilar bor…
Pechenkin o‘ylanib, jim qoldi. Ilya xo‘rsindi va divanga cho‘zildi. Vladimir Ivanovich boshini silkidi, o‘z fikrlariga hayratlanib so‘zida davom etdi:
– Bilasanmi, nimasi qiziq! Oldinlari odamlarga yaxshi haq to‘lashsa, yaxshiroq ishlaydigan bo‘lishadi, deb o‘ylashardi. Hecham-da! Oldin kim yuz so‘mga o‘lib-tirilib ishlagan bo‘lsa, hozir ham ishlayapti… Xo‘sh, bilasanmi, nima uchun bu yerda men eng boyman? Chunki men hammadan ko‘p ishlayapman! Ular uxlab yotishganida yoki gap talashib o‘tirganida men uxlaganim va gap sotganim yo‘q, ishladim! Nima, bular hammasi menga shunday, tekinga keldi deysanmi? Bu yerda shunaqa dahshat bo‘lgandiki! Mergan tom ustida yuribdi, men esa pastda, qum uyumida o‘yinchoq belkurakcha bilan kovlayotibman, yashirinish uchun. Nilichga rahmat… Tankka qarshi minani qo‘yib ketishibdi mashina kapotiga, ablahlar… Gumburlab portlasa bo‘ladimi! Orqamni ko‘rsataymi senga? Ko‘rsataymi?
– Yo‘q, kerakmas, ota, – dedi horg‘in Ilya ro‘molni iyagigacha tortib.
– Uchtasi o‘sha yerdayoq jon berdi. Faqat men tirik qoldim, – davom etdi Pechenkin qizishib. – Sen faqat oyingga aytib yurma gapirib berganimni. Bizning niyatimiz nima edi. Biz sening o‘sha iflosliklarni ko‘rmasligingni xohlar edik! U-u, bu yerda shunday to‘s-to‘polon bo‘lgan ediki… Yurka Jelud yo‘qoldi! Yura amaki esingdami? Bizning u bilan birinchi xususiy biznesimiz bo‘lgandi. Pridonskda – «Tugeza» kompaniyasi. Daho edi o‘sha Yurka! Uning miyasi zo‘r ishlardi, qolganining hammasini men qilardim… U bilan sal-pal ichib olgandik… Shu mening ko‘zim pinakka ketibdi… Uyg‘onsam – Yura yo‘q! Na yerda bor, na ko‘kda. Uni qancha axtarganimni bilsayding? Qanday izladim? Menga qanchalik loy chaplashdi o‘shanda… Hali-hanuzgacha Pridonskda ba’zilarning o‘ylashicha…
– Ota, bular meni qiziqtirmaydi, – eshitilar-eshitilmas gapirdi Ilya va ko‘zlarini yumdi.
– Qiziqtirmaydi? Qiziqtirmagani yanayam yaxshi! Menga ham qizig‘i yo‘q… Menga qara, yur, kinoga boramizmi? Zo‘r film! Men pista sotib olganman…
Ilya javob bermadi. U uxlab qolgandi.
5
Pechenkin kinoni yaxshi ko‘rardi. Bolaligidan havasmand edi u kinoga. Kassa darchasidan ko‘rinmas sotuvchi qo‘li uzatgan ko‘k chipta, nazoratda turgan loqayd-qattiqqo‘l xolalar, kinoteatr dahliziga ilingan artistlarning fotoportretlari, nimqorong‘i zalning sarin nafasi, taxta o‘rindiqlarining g‘ichirlashi, oyoqlar tapir-tupuri, bo‘g‘iq ovozlar, oppoq ekran va albatta, pista…
Keyin buning imkoni bo‘lmay qoldi. Chunki Pridonskdagi barcha kinoteatrlar eskirdi. Shunda Vladimir Ivanovich bittasini – «Sentralniy»ni ta’mirlattirdi. Butunlay yangilab chiqildi, yumshoq o‘rindiqlar qo‘yildi, chet el apparatlari olindi. Kinoteatrni tantanali ochib berdi, ikki-uch bor o‘zi borib ko‘rdi, lekin negadir avvalgi fayzi yo‘q edi. Buning ustiga, uning qo‘riqchilari ham qorong‘ilikdan xavfsirab, e’tiroz bildirishdi.Shunda Pechenkinning miyasiga ajoyib fikr keldi… Bir safar Amerikaga borganida badavlat amerikaliklar Yevropadan qadimiy qasrlarni sotib olishayotganini eshitib qoldi. Ularni buzib g‘ishtlarini tashib ketishayotgan ekan… «Biz, albatta, amerikaliklar emasmiz, lekin baribir», – dedi o‘shanda Vladimir Ivanovich va ishni «Oktyabr» kinoteatridan boshladi. Yoshligidan eng sevimli kinoteatri shu edi, «Fantomas» filmi uchun militsioner bilan janjallashib qolgan, Galina bilan ham ayni shu yerda tanishgandi. To‘g‘ri, quruvchilar unga tushuntirishdi: ko‘chirib o‘tkazishdan ma’no yo‘q, xuddi «Oktyabr»ga o‘xshatib yangisini qurgan afzal. Shunday qilishdi. Shahardagi eski kinoteatrni esa buzib tashlashdi, chunki qulay-qulay deb turgan edi. Xuddi ko‘chirib o‘tkazilganday bo‘ldi-qo‘ydi! Bor-yo‘g‘i uch miriga shahar filmotexnikasini ham sotib oldi. Undan keyin umri bo‘yi «Oktyabr»da kinomexanik bo‘lib ishlagan Noil ham keldi…
Avvaliga hamma filmlarni bir chetdan ko‘ra boshladi. Nihoyat, bir vaqtlar ko‘rgan filmi «Daydi»ga duch keldi. Yana qo‘yib berishni so‘radi. Va yana… shundan keyin faqat shu filmni ko‘radigan bo‘lib qoldi. Miriqib kino ko‘rib, pista chaqib o‘tirishga ne yetsin!
Vladimir Ivanovich zalda bir o‘zi o‘tirar, pista chaqar va zavq bilan ekrandan ko‘zini olmasdi. Ekrandan esa Raj Kapur sho‘x irjaygancha unga ta’kidlardi:
– Eksprot – import? Bu – buyumlar bu yoqdan – u yoqqa, u yoqdan esa bu yoqqa!
To‘qqizinchi bob
SALOMAT BO‘LING, ANGELINA GEORGIEVNA!
Gelya bo‘lsa chekishni tashladi va ertalablar sog‘lomlashtirish yugurishlarini amalga oshira boshladi. Ana shunday ertalablarning birida, bunaqangi kallai saharda ko‘chada hech kim bo‘lmagan bir paytda yo‘lning qarshi tomoniga militsiya «uazigi»i kelib to‘xtadi. Undan bir militsioner chiqdi-da, Gelyaning oldiga yuurib keldi, qo‘lini chekkasiga qo‘yib salomlashdi va dedi:
– Kechirasiz, xonim, sizning yordamingiz kerak bo‘lib qoldi. Bizga shoshilinch ravishda guvoh kerak.
Militsioner yoshgina edi, ko‘zlari tip-tiniq, qoshi chimirilgan bo‘lsa-da, yuzi baribir, kulib turardi.
Gelya tashvishlanib so‘radi:
– Biror jiddiy gapmi?
Militsioner jilmaydi:
– Yo‘g‘-e, o‘g‘richani ushladik, kurtka o‘g‘irlabdi. Hujjatlashtirish uchun guvoh kerak, odamlarni esa o‘zingiz bilasiz, qanday bo‘lib ketishgan.
Gelya o‘ylanib qoldi va soatiga qaradi:
– Uzoqdami?
– Yo‘q, unchalik emas, – dedi militsioner va yana jilmaydi.
– Mayli, bo‘lmasa, – rozi bo‘ldi Gelya.
«Uazik»da haydovchi va yoshgina militsionerdan tashqari yana bir kishi bor edi. Oldingi o‘rindiqda o‘tirgan bu militsioner gavdali, bo‘yni yo‘g‘on odam edi. Militsionerlar indamay borishardi. Gapni Gelyaning o‘zi boshladi. U ayollarga xos qiziquvchanlik bilan yosh militsionerning pogoniga nigohi ila ishora qilib so‘radi:
– Siz kimsiz?
U ko‘z qirini o‘z yelkasiga tashladi-da, javob berdi:
– Leytenant.
– Demak, ikki yulduzcha – leytenant ekan-da? Uchta bo‘lsa-chi? Hecham eslab qololmayman, – hazilomuz shikoyat qildi Gelya.
Yosh militsioner kuldi:
– Hamma ayollar shunaqa, eslab qolisholmaydi. Mening Verkam ham shunaqa. Unga necha marta tushuntirdim: bitta yulduzcha – kichik leytenant, ikki yulduzcha…
– A-ha, demak, siz – kichik leytenant ekansiz! – Gelya oldinda o‘tirgan militsionerning yelkasiga turtdi.
– Men mayorman, – xafa ohangda Gelyaning xatosini tuzatdi mayor yo‘g‘on bo‘ynini zo‘rg‘a qayirib. Ko‘zlari chaqchaygan, yumaloq baqbaqali bu mayorning mo‘ylovi ham bor ekan.
– Bitta yulduzcha-ku, axir, – hayratlandi Gelya.
– Axir u kichkina! – xitob qildi quvnab yosh militsioner. – Bu esa katta. Solishtirib ko‘ring!
– A-ha, demak, kichkinasi ham, kattasi ham bo‘larkan-da! – tushunganday bo‘ldi Gelya.
– Kichiklari ham bo‘ladi, kattalari ham! – takrorladi yosh militsioner va kulib yubordi, hamma kuldi, hatto haydovchi ham.
«Uazik» bo‘lsa hamon yelib borardi. Shahar ortda qoldi. Gelya hayron bo‘lib mashina oynasidan o‘rmon bilan qoplangan atrofga ko‘z tashlar ekan, baland ovozda militsionerlarga murojaat qildi:
– Xo‘sh, qani o‘sha bechora o‘g‘ri?
Militsionerlar javob berishmadi. «Uazik» esa yelib borayotir. Gelya qo‘lini qorniga qo‘yib, titroq tovushda so‘radi:
– Meni qayoqqa olib ketayapsiz?
Lekin militsionerlar yana javob berishmadi. Ayol birdan bukchayib oldi, qo‘rqib ketdi.
– Qayoqqa… olib…ketayapsizlar… meni? – talab qila boshladi Gelya so‘zlarni bo‘lib-bo‘lib, baqirib va aniq-aniq aytib.
«Uazik» o‘nqir-cho‘nqirga urildi, mayor inqilladi, orqaga o‘girildi va miyig‘ida kulib, gapira ketdi:
– Nahotki, Angelina Georgiyevna, sizga biror narsa bo‘ladi deb o‘ylasangiz?
Soqchilar turgan joydan hech qanday qarshilikka uchramay o‘tib, ular shinam shaharcha hududiga kirdilar. Bu yerda yangi nish urgan ko‘m-ko‘k maysazor uzra, qarag‘ay va archalar orasida ikki qavatli ko‘rkam kottejlar saf tortib turardi.
– Bu… «Sarskoye selo»mi? – so‘radi Gelya, atrofga qiziqish bilan qararkan.
– Xuddi shunday, – dedi haydovchi.
Gelya guberna boshliqlari va yangi pridonskliklar shahar tashqarisida yangi qasaba qurganliklarini va xalq uni darhol «Sarskoye selo» deb nomlaganini eshitgandi, ammo hali ko‘rmagan edi.
Negadir odamlar ko‘rinmasdi – uylar yonida ham, qizil g‘isht maydalab sepilgan yo‘laklarda ham hech zot uchramasdi.
Mayor burni bilan to‘yib nafas oldi-da, izohladi:
– Kislorod!
«Uazik» pushtirang, o‘yinchoqqa o‘xshagan uy yonida to‘xtadi. Yosh militsioner mashinadan birinchi bo‘lib sakrab tushdi-da, tirjayib, nazokat bilan Gelyaga qo‘lini uzatdi. Biroz unnab qulfni ochgan mo‘ylovli mayor eshikni tortdi-da, tetik ovozda:
– Marhamat! Salomat bo‘ling, Angelina Georgiyevna, – dedi.
– Hm-m, – dedi Gelya cho‘zib. U gap nimadaligini tushuna boshlagandi. U katta-katta va dadil odim tashlab notanish uyga kirdi.
Uyga yaxshigina zamonaviy mebel qo‘yilgan, yumshoq jun gilamlar to‘shalgan, har bir xonada bittadan, hatto oshxonada ham televizor; kattakon muzlatgich oziq-ovqat bilan to‘la, hammomxonada qorday oppoq sochiqlar va pushtirang paxmoq xalat.
– Hm-m! – deya qattiq va jahl bilan takrorladi Gelya va yog‘och narvondan ikkinchi qavatga chaqqon ko‘tarildi. Bu yotoqxona bo‘lib, uni ulkan karavot to‘ldirib turardi. Uning ko‘rinishiyoq odamni esankiratib qo‘yardi. Karavot yonidagi yumshoq o‘rindiqda gitara yotardi. Bu uning, Gelyaning sevimli gitarasi edi…
Tashqarida jo‘nab ketayotgan «Uazik»ning motori guvilladi.
Gelya bo‘shashib karavot chekkasiga o‘tirdi va gitarasiga qarab ho‘ngrab yubordi.
– Ahmoq! Voy ahmog‘-ey, yo xudoyim! – derkan, chekkasiga oqib tushgan ko‘z yoshlarini arta boshladi.
Ko‘zi birdan derazaga tushdi. Qarshidagi uydan yosh, chiroyli, yaxshigina kiyingan bir ayol bolalar aravachasini g‘ildiratib chiqib ketayotganini ko‘rdi. U qizil g‘isht maydalab sepilgan yo‘lak bo‘ylab shoshmasdan mamnun ketib borardi.
Gelya yig‘lashdan to‘xtadi, uning orqasidan ko‘z uzmay, o‘ylanib qarab qoldi.
O‘ninchi bob
MEN QANChA BOY BO‘LSAM, XALQQA ShUNChA YaXShI
1
Zaldagilar boshlovchining qiliqlariga kular va qarsak chalishardi. Bunga javoban u mikrofonni tishlab olmoqchi bo‘layotganday ko‘rsatardi o‘zini. Boshlovchi guldor ko‘ylak, karnay pocha shim kiyib olgandi. Sahnaning orqa tomonini shishirilgan oq, moviy va qizil havo sharlari bezab turardi. Ular shunday shishirilgandiki, har biri ayollar ko‘kragini eslatib turardi.
– Hay’at a’zolari bilan tanishtiraman, – derdi baqirib boshlovchi, sahnaning u boshidan-bu boshiga yugurarkan, – garchi biz pridonskliklarga uni tanishtirishning hojati bo‘lmasa ham. Yozuvchi! Mana, men yozuvchi deb aytdim, sizlar kimligini darhol tushundingiz. Chunki Tolstoy deganning o‘zi to‘rtta bo‘lgan edi. Bizning Eduard Buqa esa – bittagina! Biz o‘zimizning Pridonsk yozuvchisi bilan faxrlanamiz. Eduard Buqa!
Zal qarsakdan larzaga keldi. Yozuvchi Buqa nimchali kostyumda, o‘rnidan turib, ta’zim qildi. Tashqi ko‘rinishdan u buqaga juda ham o‘xshab ketardi: devqomat, sochlariga oq oralagan, ko‘zlari kichik-kichik, qontalash.
Boshlovchi hamon sahnada naridan-beri yugurardi:
– Kecha men kitob do‘konchasida ko‘rib qoldim: ularning Agata Kristisi yotibdi, uning ustida bo‘lsa bizning Eduard Buqa. Shunda o‘ylab qoldim: kampirning rosa omadi kelibdi-da!
Tomoshabinlar hazilni tushunib, maza qilib kulishdi. Hatto yozuvchi Buqa ham kulib yubordi. Boshlovchi yugurishdan to‘xtadi, turgan joyida u yoqdan-bu yoqqa tebranarkan, hay’at a’zolaridan yana bittasini tanishtirdi:
– Mana, men unga qarayapman… jilmayib turibdi… Nega endi jilmaymas ekan? Kasbi – vrach-mammolog… Bu sohada hamma erkaklar mutaxassis, lekin kuniga sakkiz soatlab shu ish bilan shug‘ullanish, yana buning uchun pul ham to‘lashadi. Uning familiyasi shunga yarasha – Baxtiyorov.
Tomoshabinlar yana qiyqirib qarsak chalishdi, uyalganidan qip-qizarib ketgan muloyimgina keksa doktor ta’zim qildi.
Boshlovchi likillashini bas qildi, qaddini rostladi, yuzi jiddiylashdi.
– Vladimir Ivanovich Pechenkin! «Pechenkin» konkursimizning bosh homiysi! – xitob qildi u, qo‘li bilan Pechenkinni ko‘rsatib.
Chapaklar gulduros qarsaklarga aylandi, ko‘pchilik mashhur yurtdoshlarini ko‘rish uchun o‘rinlaridan turishdi. Birinchi qatorda o‘tirgan Vladimir Ivanovich o‘rnidan turdi, zalga qarab burildi va hammangizni bag‘rimga bosaman, degan ma’noda qo‘llarini keng yoydi. Uning orqasida, ikkinchi qatorda Ilya bilan Sedoy o‘tirardi. Sedoy barcha qatori qarsak chalardi, Ilya bo‘lsa, xuddi hech narsa eshitmayotganday, qandaydir kitobni o‘qirdi.
– Haddan tashqari band bo‘lishiga qaramay, Vladimir Ivanovich Pridonsk hayotidagi ushbu, hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, juda katta tadbirni pul bilan ta’minlabgina qolmay, yuksak hay’atga boshchilik qilishga ham jon-jon deb rozi bo‘ldi. Eng so‘nggi damdagina rozi bo‘ldi, hali kecha ham bunga rozi bo‘ladimi-yo‘qmi, biz buni bilmasdik. Xabaringiz bor, Vladimir Ivanovich Pechenkin gubernamiz aholisiga vatanparvarlik da’vati bilan murojaat qildi: «Englar! Ichinglar! Pridonsk mahsulotlarini iste’mol qilinglar! Nimaiki Pridonskniki bo‘lsa, e’zozlanglar, sevinglar!». Bugun biz baralla aytamiz: E’zozlaymiz, sevamiz! Shunday qilib, konkursimizni ochiq deb e’lon qilamiz! Yana bir bor eslataman: video va fotosuratga olish qat’iyan man qilinadi. Sahnaga birinchi raqamli qatnashuvchi taklif etiladi! Men demoqchimanki, birinchi raqamli emas, balki birinchi raqam ostidagi! Boshlovchi ma’noli ko‘z qisib qo‘ydi-da, kulgi va olqishlar ostida sahna ortiga chopib ketdi.
Quloqni qomatga keltiruvchi Lotin Amerikasi musiqasi yangradi va sahnaga qizcha yugurib chiqdi. Ustidagi kiyimi faqat kalta ishton bo‘lib, uning yon tomoniga «1» raqamli qog‘oz doira ilib qo‘yilgan edi. Qizcha sho‘x raqsga tushib, tomoshabinlarga o‘z shakl-shamoyilini namoyish qila boshladi.
Pridonskliklar birdan hayiqishganday jim bo‘lishdi. Pechenkin mag‘rurona kulimsirab, o‘girildi va o‘g‘liga qaradi. Ilya o‘qiyotgandi.
– Nima o‘qiyapmiz? – qiziqsindi Vladimir Ivanovich
Ilya boshini ko‘tarmay turib muqovani ko‘rsatdi. Kitob buvasining sandiqchasidan olingandi: «I.Stalin. «Iqtisodiy siyosat asoslari».
– A-ha,- tushunaman deganday bosh irg‘adi Pechenkin, ruchkani oldi, oldida turgan stol ustiga engashdi, bir varaq qog‘ozga nimalarnidir chizdi, yozdi va Ilyaga uzatdi.
– Men bu haqda ko‘p bosh qotirdim, – jiddiy tusga kirib tushuntira boshladi Pechenkin. – Mana, nima hosil bo‘ldi… Pechenkin teoremasi.
Qog‘ozda esa quyidagicha yozilgandi:
Men
xalq
Ilya hayron bo‘lib, tushunmaganday qaradi otasiga.
– Men qancha boy bo‘lsam, xalqqa shuncha yaxshi. Bor iqtisodiy siyosat mana shundan iborat, – deya xulosa qildi va yelkasini qisib qo‘ydi.
Sahnada ikkinchi raqam sohibining chiqishi e’lon qilindi. Na o‘g‘il, na ota u tomonga qarab ham qo‘ymadi. Ilya cho‘ntagidan o‘z ruchkasini oldi, qog‘ozning orqa tomonini o‘girdi, so‘ng uni kitobining muqovasiga qo‘yib, chizdi va yozdi:
Sen
xalq
Vladimir Ivanovich kuldi:
– Bardosh berolmaydi! O‘sha zahoti qulab tushadi! Eh sen, Pifagor! Boylar yuqorida, ular ozchilik, kambag‘allar pastda, ular esa…
Qaragin – bu yerda men o‘zim boyman, hammaga yaxshi! Hamma xursand, hamma kulayapti – bayram! Bayram! – takrorladi Pechenkin va o‘g‘lining sochini to‘zitdi.
Ilyaning rangi quv oqardi, shosha-pisha qog‘ozga nimadir chizdi, yozdi va otasiga cho‘zdi:
KYaJ
Pechenkin hayron bo‘lib o‘g‘liga qaradi,
– KYaJ nima o‘zi?
– KYaJ – bu KYaJ, – battar rangi o‘chib javob berdi Ilya. So‘ng o‘rnidan turib, chiqish yo‘lagi tomon yurdi. Lekin bir necha odim yurgach, orqasiga qaytdi, otasiga Stalin kitobini uzatdi, sal iljaydi-da, «Bo‘sh paytingizda o‘qing, unda siz haqingizda ham yozilgan» dedi.
Vladimir Ivanovich lol qolgancha o‘g‘lining ortidan qarab qoldi.
Sedoy o‘rnidan turib, Ilyaning izidan tushdi.
2
Madaniyat saroyi dahlizi kengina va bo‘m-bo‘sh edi. Ilyaning orqasidan yetib kelgan Sedoy unga nasihat qila ketdi:
– Sen, bekorga, o‘g‘lim, otangga qo‘pollik qilayapsan. Seni shunday ataganimga jahling chiqmaydimi? Mening nabiram hozir senday keladi. Mishka… ismi uning. Sening otang zo‘r! Tug‘ma talant sohibi… Agar shunaqadan yuztasi bo‘lganda edi, hozir butunlay boshqa mamlakatda yashayotgan bo‘lardik. Men Rossiyani nazarda tutayapman, albatta…
Ilya bufetga kirdi va mudrab o‘tirgan sotuvchidan ikkita gumma sotib oldi.
– Umuman, Galina Vasilevna, – dedi ming‘irlab Sedoy, – shahardan hech narsa olib yemasin degandi.
Ilya namoyishkorona gummadan tishlab oldi-da, o‘zining xos soqchisi ko‘zlariga tikilgancha kavshay boshladi.
– Menga ham ikkita bering! – buyurdi sotuvchiga Sedoy va hazillashdi:
– Birga o‘la qolamiz.
– Siz birinchi bo‘lib, – aniqlik kiritdi Ilya.
Sedoy tiqilib qoldi. Ilya darhol ikki shisha pepsi-kola sotib oldi-da, bittasini Sedoyga uzatdi. Sedoy jilmaydi.
– Ko‘rik-konkursga kelganda esa, sen aslo xafa bo‘lma. Sir bo‘lsa ham aytib qo‘yay, otangdan buni Galina Vasilevna so‘ragandi. Haligi… seni yaxshi rivojlansin, kamol topsin deb…
Pepsi-koladan bir qultum yutgach, Sedoy ichimlikning yorlig‘iga qaradi, kulimsiradi va so‘zida davom etdi.
– Bilasanmi, Fidel Kastro buni qanday atagandi? Imperializmning oqava suvlari.
U kuldi, biroq Ilya jiddiyligicha qolaverdi.
– U buni koka-kola haqida aytgandi, – dedi norozi ohangda Ilya.
Sedoy shishani stolga qo‘ydi, chekdi, biroz asabiylashib, lekin samimiy gapirdi:
– Sen, o‘g‘lim, sovet hokimiyati davrida yashamaganman, deb hisoblayver. Nimani ham tushunarding – go‘dak eding… Men esa yashaganman, men davlat xavfsizlik qo‘mitasi viloyat boshqarmasi raisining o‘rinbosari edim. Katta boshliq, shunday emasmi? Xo‘sh, nima ko‘rdim? Ikki yuz so‘m maosh va ichburug‘, haftasiga besh kun ichim ketardi. Dam olish kunlari hammasi joyida bo‘lardi. Doimiy ruhiy hayajonda yurishni tushunasanmi? Ta’tilga chiqsam binoyidek bo‘laman, ishga chiqdim deguncha yana boshlanadi.
Ilya qog‘oz sochiqqa lablari, barmoqlarini artdi, uni yumaloqlab stolga tashladi, yanada samimiyroq bir tarzda dedi:
– Siz Vatanni qo‘riqlagansiz, josuslarni tutgansiz!
– Qo‘riqlaganman! Tutganman! – ko‘karib qichqirdi Sedoy. – Endi bo‘lsa televizorda o‘sha josuslarni ko‘raman. Josuslar…
Ilya uni eshitmasdi. U keng zinadan jadal tushib borardi, Sedoy bo‘lsa uning yonida bedana yurish qilib, mayda qadam tashlardi, nimanidir tushuntirishga urinardi.
– Men sizni bo‘shataman, – dedi Ilya.
– Nega endi? – tushunmadi Sedoy va to‘xtab o‘ylanib qoldi.
Ilya hojatxonaga yo‘naldi, Sedoy uning ketidan yugurdi.
Hojatxona keng, yaqindagina artib chiqilgan ekan.
– Men sizni bo‘shataman, – dedi baland ovozda, aniq qilib Ilya o‘tirgan joyidan.
Sedoy asabiy kuldi-da, yondagi xonaga kirdi.
Ilya suvni tushirdi, suvning sharillashi ostida xonasidan otilib chiqdi-da, devorga suyab qo‘yilgan shvabrani olib, Sedoy kirgan joyning eshigiga tirab qo‘ydi, o‘zi boshqa xonaga berkinib oldi.
Sedoy rohatlanib yel chiqardi, xona eshigini itardi, ochilmadi, hayron bo‘lib so‘radi:
– O‘g‘lim!
Javob eshitmagach, eshikni oyog‘i bilan tepdi va sarosimaga tushib takrorladi:
– O‘g‘lim…
Va nihoyat tushunib yetdi…
– O‘g‘lim! – bo‘kirdi Sedoy qizarib, o‘zini shiddat bilan eshikka urdi.
Shvabra qarsillab sindi. Taraqlab ochilgan eshikdan Sedoy otilib chiqib, yiqilib tushdi. Qo‘llari va tizzalari bilan ho‘l to‘shamada sirg‘anib borib qarshidagi devorga urildi. So‘ng oyoqqa turdi-da, Ilya kirgan xonaga qaradi va ko‘zi ochiq turgan derazaga tushdi. Gap nimadaligini darhol tushundi. Deraza rahiga chiqdi-da, o‘zini pastga tashladi…
3
Ilya madaniyat saroyi oldidagi maydonda to‘xtadi. U xayr deganday kinoya bilan saroyning dabdabali old tomoniga nigoh tashladi. Unga «1-Butunrossiya konkursi: «Rossiya ko‘kragi» (Mintaqaviy bosqich)» degan shior yozilgan kattakon oq-ko‘k-qizil alvon ilingandi.
– Alvido… yuvuqsiz… Rossiya ko‘kragi! – kulib qichqirdi Ilya va o‘z shahriga qarab chopib ketdi – bir o‘zi!
O‘n birinchi bob
ISMING NIMA, DEB SO‘RA
1
Sovuq po‘lat doira uning chakkasiga tiralib, qimirlatmas edi, shuning uchun ham Ilya qimir etmasdi – u skameykada o‘tirar, sal tushirilgan qo‘lida yarmi yeyilgan muzqaymoq ushlab turardi. Chakkasiga tiralgan sovuq po‘lat doira uni shu holatda qo‘lga tushirdi… Orqasidan bo‘g‘iq buyruq berildi: «Ovozingni chiqarma va qimirlama!». Shu bois Ilya jim turar va qimir etmasdi. Faqat muzqaymog‘i erib oqa boshlagandi…
Voqea bo‘m-bo‘sh Vorovskiy bog‘ida yuz berdi. Bu yerga Ilya dam olish va yoshligidan yaxshi ko‘radigan muzqaymoq yeyish uchun kirgandi. Bungacha u Pridonsk bo‘ylab ancha aylandi, magazindan shishali siyoh, gazeta do‘konidan «Pridonsk haqiqati» va «Pridonsk komsomoli» gazetalarini sotib oldi. Lekin gazetalarning birinchi sahifasi sarlavhalarini ko‘zdan kechirdi-da, ikkalasini ham axlat qutisiga tashlab yubordi. Ilya o‘zini Nilich qidirib yurganini bilgani uchun juda ehtiyot bo‘lib, atrofni diqqat bilan kuzatardi. U muzqaymoq sotib olgach, sal beparvoroq bo‘lib, darvozasi qiyshayib turgan Vorovskiy bog‘iga kirdi va iflos skameykaga o‘tirdi.
Uning orqasidan pisib kelgan kimsa chakkasiga to‘pponcha tirab, ovoz chiqarmaslikni va qimirlamaslikni buyurdi. O‘zi ham jim turar va qimir etmasdi, asabini sinab ko‘rish yoki ustidan kulish, mazax qilish uchunmi, yoxud kimnidir kutish yo boshqa narsa uchunmi, tushunib bo‘lmasdi. Juda qo‘rqinchli edi, hech narsani tushunmasdi. Shundan bo‘lsa kerak, Ilya birdan nafas ola boshladi. Nafas olishi tezlashib, yuragi gupillab ura boshladi. Uning orqasida chekkasiga to‘pponcha tirab turgan kimsa ham nafas ola boshladi. Endi ikkalasi baravar nafas olardi… Qiziq, negadir bu holat hammaga yaxshi tanish bo‘lgan, odatda shirin ingrash bilan tugaydigan ishqiy nafas olishni eslatardi. Lekin u shiringina «oh» deyish bilan emas, to‘pponchaning «paq» etib otilishi bilan ham tugashi mumkin edi. Ammo u jiringlash bilan tugadi va har ikkalasi kutilmagan bu holdan – nafas olishdan to‘xtadi. Bu qo‘l telefonining tovushi edi. U qisqa kuyni qayta-qayta takrorladi.
– Bu sendami? – so‘radi orqadan to‘pponcha tirab turgan kimsa.
Ilya savolni tushunmadi va qayta so‘rashga yuragi betlamay, jim turaverdi.
– Bu sendami? – asabiy holda so‘radi yana orqadagi kimsa va qo‘lidagi to‘pponcha bilan turtib qo‘ydi.
Ilya battar sarosimaga tushdi.
– Bu telefon, – dedi u shivirlab, – qo‘l telefoni.
– Shuni aytayapman-da, sendami?
Ilya endi tushundi va shoshib javob qildi:
– Menda!
– Senda bo‘lsa, gapir! – buyurdi orqadan to‘pponcha tirab turgan kimsa.
Ilya qo‘lini yoyib, nihoyat erib bitgan muzqaymoqdan xalos bo‘ldi, bildirmay kaftini skameyka taxtasiga artib oldi va cho‘ntagidan telefonni chiqardi.
– O‘g‘lim, bu senmisan? – so‘radi Sedoy.
– Menman, – dedi Ilya.
– Menga qara, o‘g‘lim, – Sedoyning ovozi g‘azabnok va asabiy edi. – Sen o‘g‘lim emas, itvachchasan! Bugun qo‘limga tushasan, shimingni yechib, orqangni bir tuzlamasammi?
Ilya telefonni o‘chirdi-da, cho‘ntagiga solmoqchi edi, orqada turgan kimsa undan go‘shakni tortib olarkan:
– Ber buyoqqa, – deb o‘shqirdi.
Ilya yengil tortib jilmaydi, bu oddiy tunash bo‘lsa kerak deb o‘yladi.
– Buni qanday qiladi? – kutilmaganda so‘radi notanish va Ilyaning chakkasidan to‘pponchani oldi. – Qayerga bosish kerak, ko‘rsat…
Ilya ehtiyotlik bilan boshini burdi, ko‘zini ko‘tarmay, qo‘l telefonidan qanday foydalanishni ko‘rsatdi. To‘pponchali kimsaning qo‘llari kichkina, qoramag‘iz, iflos tirnoqlari esa turli rangda – oq, yashil, safsar lak bilan bo‘yalgan edi. U kerakli raqamlarni terib, go‘shakni qulog‘iga tutdi. Shundagina Ilya boshini ko‘tarib unga qaradi…
U qiz, aniqrog‘i, qizcha, maktab o‘quvchisi edi. Boshiga telpak kiyib olgan, shuning uchun qora jingalak sochlari boshini juda katta ko‘rsatardi. U metis yoki mulat1, tanasining rangi sutli qahva tusida, ko‘zlari qop-qora, burni yapasqi, lablari qalin edi. Yelkasiga yorqin maktab sumkasi osib olgan, ko‘ksiga «Isming nima, deb so‘ra» so‘zlari yozilgan katta dumaloq nishon qadab olgan.
Aftidan, telefon ulanmadi shekilli, qiz norozi tarzda raqamlarni qaytadan tera boshladi, lekin yaltiroq kalta og‘izli to‘pponchasi xalaqit berdi. Shunda uni Ilyaga uzatib, buyurdi:
– Ma, ushlab tur!
Ilya qurolni olib, hayrat bilan qizga qaradi:
– Ale! – deya baqirdi qiz go‘shakka, odatda telefonda kam gaplashadigan odamlar shunday qilishadi, – Ale, Baran, senmisan? Uydamisan? O‘zim ham uyda bo‘lsang kerak, deb o‘ylovdim. Tanidingmi? Bu men, a-ha… Nima qilayapsan, choy ichayapsanmi? Men ham choy ichayotgan bo‘lsang kerak, deb o‘ylovdim… Murabbo bilanmi? O‘zim ham murabbo bilan choy ichayotgan bo‘lsang kerak, deb o‘ylovdim… Senga Vorovskiydan qo‘l telefonidan gapirayapman… Nima balo, karmisan? Senga harfma-harf qaytaraymi? Qo‘l te-le-fo-ni-dan! Baran, men senga anchadan beri aytmoqchi, ha, anchadan beri aytmoqchi edim-u, hech vaqtim bo‘lmaydi. Baran, sen eshshak-san!
Qiz telefon go‘shagini Ilyaga tutqazdi, u esa to‘pponchasini qaytarib berdi. Qiz to‘pponchani qo‘lida bir aylantirib oldi-da, bo‘shliqni nishonga olib «Ba-bax» dedi va kovboylarcha uning og‘ziga puflab qo‘ydi. Ilya tirjaydi. Bu qizchaga yoqmadi. U zarda bilan qarab, to‘pponchasini o‘z ko‘ksidagi nishonga tekkizdi. Ilya tushunmay unga savol nazari bilan qaradi.
– Qani! – talab qildi yana nishonini ko‘rsatib.
– «Isming nima, deb so‘ra», – deb o‘qidi Ilya unda yozilgan so‘zlarni.
Qizcha chuqur xo‘rsindi, yelkalarini qisdi, biror hamdard izlaganday atrofga ko‘z yugurtirdi.
– Nima balo, ahmoqmisan? Yoki oydan tushganmisan? – alam bilan so‘radi qizcha. – Sen buni so‘rashing kerak, tushunyapsanmi? Nega uni ko‘ksimga taqib yuribman?
– Isming nima? – so‘radi Ilya.
– Meningmi? – Qiz xuddi buni kutmaganday dedi: – Snejana.
– Snejana? – samimiy hayron bo‘ldi Ilya.
– Snejana, nima qipti? Nega hayron bo‘lyapsan? – dedi qiz astoydil xafa bo‘lib.
– Kamyob ism, – tushuntirdi Ilya. – Kamyob va chiroyli.
– Chiroyli, albatta, – rozi bo‘ldi qiz. – Men o‘zim ham, birinchi bor eshitganimda… Sening isming nima?
– Sergey.
– Seryojami?
– Sergey, – dedi qat’iy Ilya.
– Familiyang-chi?
– Nechayev.
Qizcha Ilyaga biror jumboqni yechayotganday tikilib qaradi.
– Bilasanmi, familiyangni nima uchun so‘radim? Ehtimol, sen uning qarindoshisan, deb o‘yladim… Sen baribir unga judayam o‘xshab ketasan. Bilasanmi, Baran kimga o‘xshaydi? Leonardoga. Sen Leonardoni yaxshi ko‘rasanmi?
Ilya qizga diqqat bilan qaradi-da, jiddiy ohangda:
– Men Rafaelni ko‘proq yaxshi ko‘raman, – dedi.
Qiz labini burishtirdi:
– Sen nima, cholmisan? Mening onam Rafaelni yaxshi ko‘rgandi, yoshlik paytida. Echkiga o‘xshab ma’ramay o‘l… Men «Titanik»ni to‘qqiz marta ko‘rdim. Verka bo‘lsa o‘n ikki marta… Baran Leonardoga o‘xshash ekanini birinchi bo‘lib Verka tushundi. Sen bo‘lsang, bilasanmi, kimga o‘xshaysan? Aytaymi?
Ilya yelkalarini qisdi.
– Vladga o‘xshaysan! – dedi qiz. – Leonardogacha men Vladni sevardim.
– Kim u Vlad? – jiddiy tusda so‘radi Ilya.
– Nima, oydan tushganmisan?! – Quvnoq xitob qildi qiz, – Vlad Stashevskiy.
Qiz bu gapdan rosa ta’sirlansa kerak deb kutdi. Lekin unaqa bo‘lmadi.
– Rostdan bilmaysanmi? – so‘radi qiz hayratlanib, ishonqiramay.
– Bilmayman, – dedi bamaylixotir Ilya.
– Xonanda! – kutilmaganda qichqirib yubordi qiz. – Zo‘r ashulachi! «Kechalar, oh, kechalar» ashulasini eshitmaganmisan?
Ilya boshini liqillatdi.
– Oydan tushganmisan o‘zi? – sekin, jiddiy so‘radi qiz.
– Yo‘q, faqat men juda uzoqda yashaganman, – tushuntirdi Ilya kulib.
– O‘tirib chiqqanmisan?
Ilya bosh irg‘adi:
– O‘tirganman… Yotganman… Yurganman ham…
– Necha yil?
– Olti.
– Nima uchun? Oyingning gaplariga kirmadingmi?
– Aksincha, kirganim uchun.
Qiz kulib yubordi.
– Hozir yoningda loydan bormi?
Ilya o‘ylanib qoldi.
– Haligi, mulla jiring… puldan bormi, deyapman, – xitob qildi qiz.
– Bor, – javob berdi xotirjam Ilya.
– Demak, sen ham Baran singari chapsonlardan ekansan-da, – xulosa chiqardi qiz va tomdan tarasha tushganday: – Demak, sen bugun meni paqillatar ekansan-da, – dedi.
U Ilyaga g‘alati qarash qildi, gapim ta’sir qilsa kerak deb o‘yladi. Lekin u kutgandek bo‘lmadi.
– Paqillatasan! – do‘q qildi qiz va to‘pponchasini yigitning ko‘ksiga niqtadi.
– Nima uchun endi men seni paqillatishim kerak? – so‘radi u achinib.
– E, hech narsa uchunmas! Shunday! Albatta, biror narsa bo‘lishi shartmi? Nima, shunday o‘zing qilolmaysanmi? Yana erkak emish! Qanaqa erkak o‘zi bular, shunday paqillata olishmasa! – derdi achchiqlanib qizcha.
– Bekordan-bekorga bunday qilolmayman. Men bekorga birovni hecham urmaganman. Biror yomon ish qilsaykin, ursam. Faqat shundagina urishim mumkin, – hayajonlanib tushuntira ketdi Ilya.
Qizcha unga ishonqiramay qaradi, bir qadam ortga tisarildi, yana bir qadam chekindi va birdan xoxolab kula boshladi. U qornini ushlab, egilib kulardi. Bu kulishida yiqilishi ham hech gap emasdi. Ilya hech narsa tushunmay, hayron bo‘lib qarab turdi, keyin bu hayrati g‘azabga aylandi.
– Nega kulayapsan? – dedi Ilya keskin.
Qiz to‘pponchali qo‘li bilan yosh chiqib ketgan ko‘zlarini artdi.
– Yo‘q, sen oydan tushmagansan. Sen ahmoqsan. Puli bor ahmoq! Xuddi mening buvimga o‘xshab… Paqillatish nima ekanini u ham bilmasdi. O‘shanda men so‘rovdim buvimdan: «Buv, hoy buv. Oyim maktabga ketganda, uyda buvam bilan qolgach, nima qilardinglar?» . O‘yladi, o‘yladi – esladi shekilli, qo‘lidagi cho‘mich bilan paqillatib tushirib qolsa bo‘ladimi! Nimani nazarda tutganimni fahmladilar…
Snejana Ilyaga jiddiy qarab turib so‘radi:
– Fahmladingmi endi?
Ilya boshini egdi.
– Paqillatasanmi?
Ilya yana boshini egdi.
Snejana kuldi:
– Ho-o, darrov-a?! Avval «Makdonalds»ga boraylik, Verka bilan Baranga o‘xshab…
– Men «Makdonalds»ni yoqtirmayman, – unamadi Ilya, lekin qiz uning gapini bo‘ldi:
– Lekin men yaxshi ko‘raman! Men «Makdonalds» dedimmi, demak «Makdonalds»!
2
Bu hozircha Pridonskdagi yagona «Makdonalds» edi. Snejana ochko‘zlik bilan gamburgerlarni paqqos tushirar, ustidan qulupnayli kokteyldan ichar, atrofga ko‘z yugurtirar va tinimsiz gap sotardi:
– Menga yana Vera aytgandiki, bu yerdagi hojatxona jarrohlik xonasidan tozaroq, yaqinda uning ko‘richagini olib tashlashdi. Bir borib ko‘rish kerak, a? Bir yo‘la yozilib ham olardik… I-e, o‘zing nimaga hech narsa yemayapsan? Pulni tejayapsanmi? Vaska Ogrizkovga o‘xshab… U ham pulni tejab yurardi, «Makdonalds»ga borish uchun… Keyin esa darsda hushidan ketib qoldi – ba-bax!
– Qornim to‘q, – dedi Ilya.
– Uyda ovqatlanganmisan?
– Ha.
– Otang bormi?
– Bor.
– Onang hammi?
– Onam ham.
– Ular birga yashaydimi?
– Ha.
– Voy, sho‘rlik, – dedi zaharxandalik bilan qiz.
– Qorningni tuyg‘azishibdi-da. Ich, hech bo‘lmasa.
– Men faqat pepsi-kola ichaman, bu yerda esa u yo‘q, – tushuntirdi Ilya.
– Shuning uchun «Makdonalds»ni yoqtirmas ekansan-da, – fahmladi Snejana.
– Ha.
Qiz ham jiddiylashdi.
– Pepsini yaxshi ko‘rasanmi?
Ilya boshini egdi.
– Men bo‘lsam kolani ko‘proq yoqtiraman. Garchi pepsini ham yaxshi ko‘rsam-da. Fantani ham. Lekin spraytni ko‘rgani ko‘zim yo‘q!
– Men faqat pepsi ichaman, – dedi Ilya takror.
Bunday qat’iylik qizda ehtirom uyg‘otdi.
– Qo‘lingga nima qildi? – qiziqsindi Snejana.
– Bandit o‘qi yalab o‘tdi, – dedi Ilya, qiz hazilni tushunib, kulib yubordi.
Gamburgerlardan faqat qog‘ozlar qoldi, kokteyl trubkasi ham so‘nggi hurragini otdi. Qiz chuqur nafas oldi, yayrab kerildi, atrofga ko‘z yugurtirdi:
– Zo‘r-da, bu yer… Menga qolsa-ku shu yerda yashardim: «Makdonalds» mening jon-dilim.
Ilya ijirg‘andi:
– Nimasi yaxshi bu yerning..?
– Toza, ozoda. Shinam… Ovqatlarining mazaliligini aytmaysanmi? Hech kim so‘kmaydi, urmaydi… Hatto ko‘chaga ham chiqqing kelmaydi bu yerdan. Basharalarini ko‘rishga toqatim yo‘q! Men ming dollar ishlamoqchi bo‘ldim. «Rossiya ko‘kragi» konkursini eshitdingmi?
Ilya «ha» ishorasini qildi.
– Xayriyat, eshitgan ekansan. Haligi, shuni aytaman-da… Konkursga borsam, nima deyishdi, bilasanmi? Ular menga: «Bu yaxshimas, vatanparvarlik bunaqa bo‘lmaydi. Pechenkinga bu yoqmasligi mumkin. Pechenkin buni tushunmaydi!» deyishdi.
– Kim u – Pechenkin? – so‘zini bo‘ldi Ilya.
– Bizdagi eng katta boy. Buvim uni xalq qonini so‘ruvchi, deydi. Buvim zavodda qorovul bo‘lib ishlardi. Pechenkin zavodni sotib olib, hamma qariyalarni haydab yubordi. Menga qolsa-ku, uni o‘z qo‘llarim bilan bo‘g‘ib tashlardim. Unga nima yoqishini men juda yaxshi bilaman. U bizning muallimani uch yildan beri paqillatib yuribdi, u bechora bo‘lsa hamon bitta kalta ko‘ylakda… Chekkani ham «Pegas». Qu-rumsoq! Barcha boylar qurumsoq, xasis, to‘g‘rimi? Senga mening to‘pponcham yoqdimi? Buni menga bitta chilangar – oltinchi toifali usta gaz yoqqichdan yasab berdi, ikki shisha araqqa. Bo‘lmasa yurib bo‘lmay qoldi. O‘tgan ham yopishadi, ketgan ham. Uyga borsam, buvim: «Qayerdan bir to‘pponcha topsam ekan?» deydi. «Nima qilasiz, to‘pponchani?» dedim. «O‘zimni otmoqchiman», deydi… Ular qariyalar kengashida hammasi o‘zlarini otishga qaror qilishibdi…
– Nima uchun?
– Nima uchun deganing nimasi? Ular mana shu yurtni himoya qilishgan. Endi undan nima yaxshilik ko‘rishyapti? Buvim nafaqaxo‘r… Choychaqa oladi. Uni ham vaqtida berishmaydi. Ana shunaqa. «Buvi, deyman, sizga qanaqa to‘pponcha kerak?». U bo‘lsa: «TT ro‘yxatga olingani». «TT topishim mumkin, deyman, faqat ro‘yxatga olinmagan». «Yo‘q, deydi kampir, faqat ro‘yxatga olingani kerak». Men: «ro‘yxatga olinmagan». Kampir: «Olingan». Men: «olinmagan». Kampir qurmagur finjon bilan boshimga tushirib qoldi-ku: ba-bax! Boshimda g‘urra haliyam bor, ishonmasang ushlab ko‘r. – Qiz boshini engashtirib, bo‘ynini cho‘zdi. Ilya boshiga qo‘l tekkizib o‘tirmadi, so‘radi:
– Sen «Po‘lat qanday toblandi»ni o‘qiganmisan?
– Men kitob o‘qimayman, – dedi qiz beparvo.
– Kitob o‘qimaganing yaxshi, lekin buni o‘qiysan.
Snejana kulib yubordi:
– Jumboqni yech-chi! Uch harfli so‘z, unda uchta xatoga yo‘l qo‘yish mumkin, lekin ma’no o‘zgarmay qolaveradi!
Ilya o‘yga toldi.
– Shahar berasanmi? Rozi bo‘laqol. Baribir topolmaysan! «Isho» – dedi qiz.
Ilya tushunmadi, boshi qotdi.
– Nima, oyda hamma shunaqami? Shuniyam topolmaysanmi? – dedi Snejana achchig‘i chiqib.
– «Eщyo» – dedi Ilya.
Snejana ma’qullaganday tirjaydi.
– Bitta kokteyl va bitta big-mak! Yo‘q, yaxshisi, ikkita kokteyl va ikkita big-mak!..
Ilya o‘rnidan turib, yemakxona tomon yo‘naldi. Shisha to‘siq bo‘ylab borarkan, pastda, xiyobonda yurgan Sedoyni ko‘rib qoldi. Keksa chekist sal oqsoqlanib bog‘ aylanar va atrofga alanglardi. Ilya cho‘ntagidan telefonni olib, raqamlarni terdi. Sedoy shoshib qo‘lidagi telefonni qulog‘iga tutdi:
– O‘g‘lim! – sevindi Sedoy va shikoyat qila boshladi: – Bu nima qilganing, bolam?
Ilya jilmaydi:
– Yaxshi. Hozircha sizni bo‘shatmayman. Lekin menga ishlashingizni taklif qilaman. Keyin bafurja gaplashamiz. Hozir esa skameykaga o‘tirib, kutib turing. Men kelganimdan keyin uyga birga boramiz. Aks holda, men yolg‘iz qaytib borib, oyimga meni yo‘qotib qo‘yganingizni aytaman, meni chechenlar o‘g‘irlab ketishiga sal qoldi, deyman.
Sedoy turgan joyida aylandi, boshini sarak-sarak qildi. Ilya qayerda deb atrofga ko‘z yugurtirdi, hatto boshini ko‘tarib osmonga ham qarab qo‘ydi.
– O‘tiring, – buyurdi qat’iy ohangda yigitcha. Keksa chekist itoatkorona yonidagi skameykaga cho‘kdi.
Ilya olib kelgan patnisda ikkitadan emas, uchtadan kokteyl va big-mak bor edi. Qizcha baxtiyor va minnatdorona Ilyaga qarab qo‘ydi:
– Sen Baran kabi emassan. Sen Barandan ham zo‘rsan!
– Bilasanmi, sen kimga o‘xshaysan? – so‘radi Ilya.
– Bilaman, – dedi qiz, amerikacha buterbrodni g‘archillatib tishlarkan. – Maymunga. Buni menga kuniga yuz martalab aytishadi…
– Sen Anjela Devisga o‘xshaysan, – dedi qat’iy Ilya.
– Kimga deding?
– Anjela Devisga.
– Kim u? Qo‘shiqchimi?
– Amerika kommunisti.
Qiz tirjaydi:
– Buni buvimga aytishim kerak. Rosa xursand bo‘ladi-da. Endi bizlar qayoqqa boramiz: senikigami, menikigami?
– Senikiga.
– Senikiga mumkin emasmi? Ota-onang uydami?
– Oyim.
– Demak, menikiga. Faqat kalitni buvimdan olish kerak, chunki ular menga ishonmaydilar. Kalitni yonlarida olib yuradilar.
3
Snejana yashaydigan uyga yetib borishgach, Ilya eshikni tortib ko‘rdi va savol nazari bilan hamrohiga qaradi. Qiz qo‘lini siltadi:
– Ular shu yerda, men bilaman! Faqat ochishmaydi, taqillat, taqillatma, baribir. Sir boy bergilari yo‘q…
Ilya teparoqdagi deraza yoniga tirmashdi, ichkariga mo‘raladi. Ichkarida, uzun stol atrofida sochlari oqargan, ko‘ksiga orden va medallar taqib olgan faxriylar o‘tirardi.
– Kimnidir ko‘rayapsanmi? – sabri chidamay so‘radi qiz.
Ilya javob bermadi.
– Kim bor u yerda?
– Bitta chol, – dedi Ilya ichkaridan ko‘z uzmay.
– Bu Koromislov! – dedi qiz. – Ularning raisi. O‘zini otishni o‘ylab chiqargan o‘sha. Itday qopog‘on.
Chol daroz, qoqshoq, sochi oqargan, mo‘ylovli kishi edi. Stolning tepa qismida o‘tirgan bu chol zo‘r berib nimanidir uqtirar, musht bo‘lib tugilgan qo‘lini ko‘tarib, tushirardi.
Uni tinglab o‘tirganlar, shubhasiz, uning gaplarini ma’qullashar, qarsak chalishga shay holda, kaftlarini bir-biriga ishqalab o‘tirishardi. Chang bosgan ikki qavat qalin shisha ovozni o‘tkazmasdi. Ichkari suvi yo‘q akvariumni eslatardi. Aftidan, qandaydir bayramni nishonlashga to‘planganga o‘xshashardi.
– Kampirni ko‘rayapsanmi? – baqirdi qiz pastdan.
– Ko‘rinishi qanaqa?
– Kampirmi? Kampirdaqa kampir-da…
Ilya deraza rahidan pastga sakradi.
– Qani, engash-chi! – talab qildi qiz va Ilyaning yelkasiga oyoq qo‘yib, tepaga ko‘tarildi. Ilya uni orqasidan ushlab turar, tepaga qaramaslikka harakat qilardi.
– Buv! – qichqirdi qiz oynani urib. – Kalitni bering, buv! Bugun ertaroq javob berishdi. Men bir o‘zimman, rost! Ertaga sinov darsimiz bor, tayyorlanishimiz kerak!
Irg‘itilgan kalitlar darchadan o‘tib asfaltga tushdi. Qiz tepadan pastga sakradi, yerdan kalitlarni oldi, osmonga irg‘itib, yana ilib oldi va ishbilarmon odamlarday, mag‘rur bir ohangda taklif etdi:
– Qani, ketdik! Sigel-tsigel o-lya-lya!
4
Qiz bilan buvisi barak tipidagi eski ikki qavatli uyning ikkinchi qavatida yashashardi. Uylari bir xonali bo‘lsa ham o‘rtasidan chiziq o‘tkazilgani uchun ikki xonaliga o‘xshardi. Xonaning chap tomoni, chiziqdan naryog‘i buviga tegishli edi: u yerda baland temir karavot, komod, shifoner, oyoqli radiola va sariq faner g‘ilofli tikuv mashinasi bor edi. Karavot tepasidagi devorda ramkali va ramkasiz eski urush fotosuratlari, harbiy sarkardalarining jurnallardan qirqib olingan fotoportretlari osig‘liq turardi. Ularning o‘rtasida marshal Jukovning sanamlarday bezatilgan surati bor edi.
Jukovning ro‘parasida – uyning nabiraga – qizga tegishli qismida esa Leonardo di Kaprioning yaltiroq plakati osib qo‘yilgandi. Uning tevaragiga jurnallardan qirqib olingan artistlar, xonandalar, rok-musiqachilarning fotosuratlari yopishtirib tashlangandi. Xonaning buviga tegishli tomonida saranjom-sarishtalik va zimiston osoyishtalik hukmron. Nabira tomonida esa rang-baranglik va ifloslik. Tushirilgan qizil divan-karavot ustida g‘ijimlangan adyol va choyshablar qalashib yotar, turli jurnallar, rezina saqichlar o‘ramalari, magnitofon va kassetalar, arzon atir-upalar, ikkita talinka yoyib tashlangandi.
– Kampirsho tomoniga o‘tma, – ogohlantirdi qiz yo‘l xaltasidan nimanidir qidirarkan.
– Nimaga?
– Buvim o‘ldiradi. Ma…
U kaftida nimanidir uzatarkan, teskari o‘girildi. Ilya uni ko‘rib, uyalib ketdi.
Qiz kulib yubordi.
– Xavfsiz seks! Foydalanishni bilasanmi yoki o‘rgataymi? Olaver, qo‘rqma!
Ilya battar uyaldi va ko‘zlarini yashirdi. Qiz o‘tirib olib, pastdan uning ko‘zlariga qaradi.
– I-e, nima balo, hali bolamisan? Rostini ayt! Hali bolamisan?
Ilya boshini tebratdi:
– Mening qizim bor edi.
– Ismi nima edi?
– Oksana.
Qiz kinoya bilan kuldi.
– Ertasiga u halok bo‘ldi, – dedi Ilya.
– Bunga ancha bo‘ldimi? – so‘radi qiz shivirlab.
– O‘tgan yili.
– Sen uni unuta olmayapsanmi?
– Men uni hech qachon unutmayman. Uning otasi – ishsiz konchi. Onasi kasal. Yana uchta kichkina bolalari bor. Hammasini Oksana boqardi…
– Unutmoqchi emasmisan? Unda nega menga ergashib kelding? Nega paqillataman, deb va’da berding? Baran uyida murabbo bilan choy ichayapti. Sen esa uni unutging kelmayapti. Men Verkaga nima deyman? Bugun o‘zimga eng so‘nggi muddat belgilagandim. Sinfdagi qizlar ustimdan rosa kulishadigan bo‘ldi-da.
– Axir, muhimi bu emas-ku, – uni tinchlantirishga urindi Ilya. Lekin qiz bunga javoban uning basharasiga qo‘lidagi narsani otdi. Ammo tekkiza olmadi. Prezervativ chiziqdan nariga borib tushdi.
– Muhimi bu emasmi? Nima muhim bo‘lmasa? – deb so‘radi g‘azab bilan qiz.
– U bilan oramizda sen aytgan narsa bo‘lgani yo‘q. Biz gaplashib o‘tirdik. U menga o‘zi haqida gapirib berdi…
– Bo‘lgani yo‘qmi? – xursand bo‘ldi qiz. – Unda sen nega qo‘rqayapsan? Balki, sen haligi… erkakmasdirsan? Ha, tushundim, sen besoqolsan!
– Yo‘q, men unaqa emasman. Umuman, bu muhim emas, – hamon tushuntirishga urinardi Ilya.
– Men bilaman, nima muhimligini! – Qiz sumkasidan to‘pponchasini oldi, uni ikki qo‘llab mahkam ushladi-da, Ilyaning ko‘kragini mo‘ljalladi.
– Jim bo‘l va qimirlama! – buyruq berdi qiz.
Ilya ishshaydi:
– Unda patronlar yo‘q.
– Bor, – baqirdi qiz. – Bir emas, uchta! Bozordan o‘zim sotib olganman!
Ilya qo‘lini cho‘zib, kaftini yozdi. Unda uchta patron bor edi.
Qiz hayron bo‘lib, bir Ilyaga, bir uning qo‘lidagi patronlarga, bir o‘z qo‘lidagi to‘pponchaga qaradi.
– Ha-a, – nihoyat tushundi qiz, – olib qo‘yib-san-da… Men Baran bilan telefonda gaplashayotganimda olib qo‘yibsan. Voy, yaramas-ey…
Qiz nima deyishini bilmay unga qarab to‘pponchani otdi, lekin yana tekkizolmadi.
Ilya to‘pponchani yerdan olib, ko‘zdan kechirdi, so‘ng o‘qlarini joylay boshladi.
– Hayotda eng muhimi – kurash. G‘alabagacha kurashish, – dedi u va jilmaydi. – Men seni paqillataman, albatta paqillataman. Lekin biz g‘alaba qozonganimizdan keyin.
– Biz deganing – kimlar? – ishonqiramay so‘radi qiz.
– Biz.
– Lekin kimni? Kimni biz yengishimiz lozim?
– Sening buving o‘zini otmoqchi, chunki undan hayot ma’nosini tortib olishdi. Sinfdoshing ochligi tufayli hushidan ketyapti. O‘zing esa «Makdonalds»da yashashni orzu qilayapsan. Buning uchun kimlar aybdor, biz ana shular ustidan g‘alaba qilamiz.
– Men tushunmayapman – kimni? Kimni biz yengishimiz lozim? Masalan! – sabri chidamay, asabiy baqirdi qiz.
– Masalan, Pechenkinni.
– Pechenkinni? Mayli, men roziman. Lekin qanday qilib?
– Men bilaman qanday qilib yengishni: Sen Tristan va Izolda haqida eshitganmisan?
Qiz qoshlarini chimirib, eslashga urindi.
– Ikkovi baravar zahar ichganlarmi? Kinosini ko‘rganman.
– Yo‘q. Ular ko‘zlarini bog‘lashib, qip-yalang‘och bo‘lishadi-da, yonma-yon yotishadi. Lekin bir-biriga tegishmaydi.
– Nega bir-biriga tegishmaydi?
– Tezroq g‘alaba qilish uchun.
Qiz tushundi va ma’qulladi:
– Zo‘r. Faqat men ro‘mol yopib yurmayman-da. Buvimniki bo‘ladimi?
– Bo‘ladi.
Qiz xonaning ikkinchi yarmiga o‘tdi. Komod tortmasini ochdi-da, undan ikkita ro‘mol oldi.
Qip-yalang‘och, ko‘zlari bog‘langan holda, bo‘yalgan taxta polga yonma-yon cho‘zilishdi.
Xuddi Tristanning qilichi misol o‘rtaga qo‘yilgan to‘pponcha ularni bir-biridan ajratib turardi.
– Isming nima? – qat’iy talab qilib so‘radi Ilya va qiz darhol javob qaytardi:
– Anjela Devis.
O‘n ikkinchi bob
BU KIMGA KERAK?
1
Pribilovskiy shoshilib Pechenkin qabuliga kirdi, ko‘k xalatdagi keksa farroshga urilib ketishiga sal qoldi. Uning ko‘rinishi horg‘in, nigohi tashvishli ko‘rinardi. Yelkasiga yo‘l sumka osib olgandi. Uni yelkasidan olib divanga tashladi va kotib-referent chuqur «uh» tortib, sumkasining yoniga cho‘kdi.
O‘z ish stolida o‘tirgan kotiba Marina – top-modelga o‘xshash chiroyli qiz – uning kelganiga parvo ham qilmadi. Qo‘lidagi kattakon konvertni aylantirib turardi.
Farrosh axlat qutisidagi narsalarni qog‘oz qopiga ag‘dardi, u nimadir deb ming‘irlardimi yo xirgoyi qilardimi – tushunib bo‘lmasdi.
Marina qo‘lida o‘ynab o‘tirgan konvertni bir necha daqiqa kuzatgan Pribilovskiy loqayd qiziqsindi:
– O‘sha menga emasmi, mabodo?
– Shveytsarchasiga «salom» qanday bo‘ladi,- so‘radi Marina, qo‘lidagi konvertni aylantirishda davom etib.
– Shveytsariyaliklarning o‘z tili yo‘q, – tushuntirdi Pribilovskiy.
– Voy bechoralar, ular tilsiz nima qilishadi? – shveytsariyaliklarga achindi Marina.
Pribilovskiy iltifot bilan tabassum qildi-da, savolini yana takrorladi:
– Bu menga emasmi, deyapman?
– Sizga, – rasmiy ohangda javob berdi Marina va konvertni stol chetiga qo‘ydi. Uni olish uchun kotib-referent pastqam divandan turdi, ikki katta odim tashladi.
– Ochmadingmi? – so‘radi u.
– Lekin yaxshilab yelimladim, – dedi Marina.
Pribilovskiy yana divanga o‘tirdi, konvertni yirtdi. «Ekspress» jurnalining yangi sonini yarmigacha chiqardi, muqovasiga ko‘z yugurtirdi va joyiga qo‘ydi.
– Frantsiyadan salommi? – so‘radi Marina, nimanidir yozarkan.
– Buni men Syurixdaligimda o‘qigan edim, – loqaydgina javob berdi Pribilovskiy.
– Vladimir Ivanovich, Pribilovskiy keldi, – dedi Marina ichki aloqa apparatiga.
– Kirsin bu yoqqa! – buyurdi Pechenkin.
Pribilovskiy o‘rnida arang ko‘tarildi.
– Ogohlantirib qo‘ysang bo‘lardi-ku, – tanbeh berdi u. Marina esa parvo ham qilmadi.
Kotib-referentning qarashlarida sarosimalik paydo bo‘ldi, buning boisi boyagi jurnal joylangan konvert edi. Uni o‘zi bilan olib kirishni ham, qabulxonada qoldirishni ham bilolmay hayron edi.
Farrosh ayol qog‘oz qopni sudrab chiqib ketayotgan edi.
– To‘xtang, – dedi unga Pribilovskiy, yugurib borib, jurnalli konvertni axlatga tashlab yubordi.
Kotib-referentning yana ko‘zlarida ishchanlik va ijrochilikka xos sovuq qat’iyat paydo bo‘ldi. U o‘z boshlig‘i bilan muomalaga kirishganda hamisha shunday bo‘lardi.
– Mening familiyam «pribыl» fe’lidan emas, balki «pribыl» otidan yasalgan, – kinoya bilan eslatdi u kotibaga va boshliq xonasining chiroyli qilib:
PEChENKIN
VLADIMIR IVANOVICh
deb yozib, kumush burama mixlar bilan mahkamlangan zarhal lavhali og‘ir eshigini ochib, ichkari kirdi.
2
Qimmatbaho mebellar bilan jihozlangan, lekin baribir didsizlik ufurib turgan ulkan xonada, kattakon uzun stol tegrasida «Pechenkin» kompaniyasi direktorlar kengashi majlis qilayotgan edi. Stolning eng to‘rida, chuqur orom kursida Vladimir Ivanovich o‘tirardi.
Kengash a’zolari – taxminan o‘ntacha kishi – hammasi erkaklar edi. Ularning bari gavdali, baquvvat, o‘rtayosh, bir xil ikki yog‘i tugmali qora kostyumda, bir xil yaltiroq bo‘yinbog‘li, bir xil ishchan yuz ifodali odamlar edilar. Faqat ikkitasi ajralib turardi: birinchisi – devday chechen, ma’ruza qilardi, ikkinchisi puchuq burun, moviy ko‘zli rus, boshida yahudiy qalpoq. Birinchini Lema deyishardi, ikkinchining familiyasi Uralov edi. Chechen toza gapirar, faqat vaqt-vaqti bilan ba’zi iboralarni takrorlab turardi:
– Xorga kelsak… Xorga kelsak… oqgvardiyachilarning vorislari, printsip jihatdan qarshi emaslar, lekin kazaklar avlodlaridan keyin turishni xohlashmayapti. Kazaklar ham qarshi emaslar, lekin faqat oqgvardiyachilar avlodlaridan oldin turishlarini talab qilishyapti. Gubernator kazaklarga qarshi emas, hatto oqgvardiyachilarga ham qarshi emas. Ammo… «Tangri, shohni asragil»… «Tangri, shohni asragil»ga qat’iyan qarshi.
– A, undan kim so‘rab o‘tiribdi? – dedi kinoya bilan Pechenkin va orom kursi orqasida qotib turgan Pribilovskiyga qaradi.
Chechen jilmaydi va izohladi:
– Men undan so‘raganim yo‘q, uning o‘zi telefon qildi. Nima, sizlar monarxiyani yoqlayapsizlarmi, deydi. Men aytdim, konstituttsion monarxiyani deb… U yana qizilarmiyachilar budyonniycha qalpoqlarda chiqishlarini taklif qilayapti.
Direktor kengashi a’zolari tirjayishdi, Pechenkin bo‘lsa, negadir qovog‘ini uydi.
– Cherkov nima deyapti? – so‘radi u.
– Cherkov hech nima demayapti… Hech nima demayapti. Lekin u yerda bir kishi: «Bu kimga kerak o‘zi?» dedi.
Vladimir Ivanovich chuqur xo‘rsindi va yelkalarini qisdi.
– Kimga kerak… – takrorladi u tirjayib, keyin o‘zi bilan o‘zi gaplashayotganday sekin davom etdi:
– Kecha mening «Mersedes»imning ramzini uzib olishibdi… Haligi, mashinaning oldida bo‘ladi-ku, dumaloq, yaltiroq…
Direktorlar kengashining a’zolari bosh irg‘ashdi, gap nima haqdaligini tushunishib.
– Ramziy rulyokni uzib olishibdi-ya… – davom etdi Pechenkin shikoyatomuz va alamzada. – Biz Nilich bilan qarab turib, «Bu kimga kerak ekan?» o‘yga toldik. Rostdan ham – kimga kerak? Avvallari, esingizda bo‘lsa, kimning uyida mashina bo‘lsa, bir-biridan o‘g‘irlashardi. U vaqtlar topilmasdi, kamyob edi. Shuning uchun ham o‘g‘irlashardi. Bu esa… Axir bu kimga kerak? Men sira tushunmayman, aqlim bovar qilmaydi… Kimdir «Mersedes» sotib olsa-yu, uning rulyogiga puli yetmasa… buning uchun birovning mashinasinikini uzib olishsa. Hech tushunolmayman. Nima qilishadi, axir?! «Kollektsiya qilishadi» deydi Nilich. Qanaqasiga kollektsiya qilishadi, axir, hammasi bir xil-ku?
Pechenkin avvaliga hazil qilayotganga o‘xshadi. Keyin esa, jiddiy gapira boshladi.
– Bunaqa «Mersedes»da yurolmayman, axir, yurolmayman! – Vladimir Ivanovich qo‘llarini siltab gapirdi. Uning jahli chiqqani shundoqqina ko‘rinib turardi. «Bu kimga kerak?» deya tugatdi so‘zini hayajon bilan va oddiy qilib qo‘shib qo‘ydi: – Bugun yangi «oltiyuzinchi»ni haydab kelishdi.
Direktorlar kengashi a’zolarining vaziyatdan shu tarzda chiqib ketishni ma’qullaganliklari ko‘rinib turardi.
– Davom et, Lema, – buyurdi ma’ruzachiga Pechenkin. Keyin boshini ko‘tarib Pribilovskiyga murojaat qildi: – Qani gapir-chi, u yerda nimalarni aniqlading? – Pribilovskiy engashib boshlig‘ining qulog‘iga pichirlay boshladi.
– Hammasi o‘tgan yili boshlangan ekan. Ularning pansioniga kechalari yashirincha qandaydir Oksana Tupitsina degan bir fohisha kelib turarkan. Yosh erkaklar uning seks-xizmatidan foydalanib turisharkan.
– Ilya-chi? – qiziqib so‘radi Vladimir Ivanovich. – Chunki Galina bu borada juda tashvishda.
Pribilovskiy uyalib jilmaydi va yelkalarini qisib qo‘ydi.
– Tushunarli, – bosh irg‘adi Pechenkin. – Davom et.
– Kimdir chaqqan shekilli, uni politsiya ushlab ketibdi. Buning uchun Ilya arab bolani, shayx Maffudi o‘g‘lini rosa kaltaklabdi.
– Qoyil, Ilyuxa! – ma’qulladi o‘g‘lining ishini Pechenkin. – Men ham chaqimchilarni o‘lguday yomon ko‘raman.
– Ma’lum bo‘lishicha, uni arab sotmagan ekan…
– Yanglishibdi-da, shunaqasiyam bo‘ladi, – dedi Pechenkin.
– Qiz politsiya mahkamasida o‘zini osib qo‘yibdi, o‘zining paypog‘i bilan…
– Osib qo‘yibdi? A-ha, keyin-chi, nima bo‘pti?
– Oradan biroz vaqt o‘tgach, – davom etdi kotib-referent, – u yerda «Men nechun sevaman ona yurtimni?» degan mavzuda bahs o‘tkazilibdi. Ilya bo‘lsa, o‘z vatanini ko‘rgani ko‘zi yo‘qligini aytibdi.
– Rossiyanimi? – hayratlandi Pechenkin.
– Ha, Rossiyani. «Qaytib borish o‘limdan ham dahshatliroq bo‘lgan mamlakatni qanday sevish mumkin», – dedi u. Ana shunaqa!
Vladimir Ivanovich ishshaydi.
– Nega bu haqda bizga hech qanday xabar berishmabdi?
– Aftidan, janjalni uydan tashqariga chiqarishni istashmagan… – taxminini bayon qildi Pribilovskiy.
– Bilaman gap nimadaligini… Mening pulim uchun shunday qilishgan. Yana nima bo‘lishi mumkin.
– Iqtisodiyot bo‘yicha Ilyaning bitirish referati «Rossiyada yangi kapitalizmning taraqqiyoti» deb atalardi.
– Ha, nomi juda qiziqarli, – ma’qulladi Pechenkin.
– O‘ziyam juda qiziq epigraf tanlabdi:
«O‘zgalar hisobiga haddan tashqari boyib ketayotganlarning sho‘ri qursin, chunki bu uzoqqa cho‘zilmaydi!».
– Bu kimning gapi?
– Bu «Bibliya»dan olingan.
– U yerda shunday yozilganmi?
– Balki. Umuman Ilya dinga juda berilgandi, cherkovga qatnardi. Katolik dinini qabul qilmoqchi edi. Ammo Aushvaytsga sayohat qilganidan so‘ng uning xudo izlovchilik mayli so‘ndi.
– Aushvayts?
– Osventsim, – tarjima qildi Pribilovskiy.
– Xo‘sh, nima bo‘pti? – tushunmay so‘radi Vladimir Ivanovich. – Osventsimni bilaman, xo‘sh, nima bo‘libdi?
Pribilovskiy yelkasini qisdi.
Pechenkin jim qoldi. O‘ylab o‘yiga yetolmasdi.
– Tag‘in nima?
– Tag‘in referat to‘g‘risida… – davom etdi Pribilovskiy. – Ilya shunday xulosa chiqaradi: yangi rus xususiy mulk egalari, uning aytishicha, xalqni talab to‘plagan boyliklarini, uning aytishicha, xalqqa qaytarib berishlari kerak emish.
– Buni men xohlamasam-chi? – so‘radi Pechenkin. Pribilovskiy yerga qaradi.
– Unda xalq kuch ishlatadi. U yerda shunday yozilgan.
– Men undan hech narsani ayamadim, sariq kasalini davoladik, xitoy bo‘lib chiqdi-ya. Xo‘sh, u referati uchun nima oldi?
– Olti ball oldi. Bu ularda eng yuqori baho. Gap shundaki, unga iqtisod o‘qituvchisi Jeremi Marks…
– Nima deding? – kotibning so‘zini bo‘ldi Pechenkin.
– Marks.
– Marks! – baland ovoz bilan takrorladi Pechenkin. Natijada ma’ruzachi gapidan to‘xtadi, direktorlar kengashining barcha a’zolari boshliq tomon o‘girilishdi.
Pechenkin o‘rnidan turdi:
– Men bu familiyani qayerdadir eshitgan edim. Xo‘sh, Engels yo‘qmi ularda? Demak, men ularga kattagina pul to‘ladim, ular esa o‘g‘limni mening bo‘ynimni sindirishga o‘qitishibdi-da? Marks…
– Uni allaqachon bo‘shatib yuborishdi, – dedi Pribilovskiy.
– Bo‘shatildi! A-ha! Bo‘shatildi… Eh, bunaqa ishlari uchun u ablahni dabdala qilish kerak. Marks, hm… – g‘azablangan Pechenkin o‘rnidan turib yura boshladi.
– Hozir G‘arbda so‘l g‘oyalar yana modaga kirayapti, – tushuntirishga urindi Pribilovskiy.
– G‘arbda modada, bizda esa tumshuqqa tushiryapti! – baqirdi Pechenkin. – Shunday tumshug‘imizga tushirishyapti!
U pildirab stol atrofida aylana boshladi. Uralovning yonidan o‘tayotib Pechenkin to‘xtadi. Uning boshidagi qalpoqchaga qarab so‘radi:
– Menga qara, Uralov, boshingdagi qanaqa do‘ppi?
– Bu do‘ppi emas, kipa! Otam yaqinda Isroildan keldi. Kipa yahudiylarning milliy qalpoqchasi. Boshimga qo‘ndirib, yechmasligimni tayinladi.
Pechenkin Uralovga uzoq vaqt qarab turdi. Keyin o‘ziga keldi, jilmaydi, o‘z orom kursisiga o‘tirarkan, ma’qulladi:
– Qoyil, Uralov! Otaning aytganini qilish kerak.
Direktorlar kengashining majlisi davom etdi.
O‘n uchinchi bob
MEN SENGA O‘RGATIB QO‘YaMAN
1
Manzara o‘ta kulgili va qo‘rqinchli edi. Yo‘lak bo‘ylab yurayotganlar to‘xtashar, katta yo‘l o‘rtasidan g‘izillab o‘tayotgan mashinalar to‘xtashga majbur bo‘lardi. Chunki Ilya Pridonskning markaziy Lenin ko‘chasidan bamaylixotir yurib borardi. Qo‘lida muzqaymoq, bolalarcha beg‘amlik bilan bir yalab, bir atrofga qaraydi. Ayni shu paytda uni qo‘riqlab ketishyapti. Oldinda qora ko‘zoynak taqqan malla soqchi, orqada yana bir barzangi. Undan keyin bir g‘ildiragi mashina yo‘lida, ikkinchi g‘ildiragi yo‘lakda «Suburban» asta o‘rmalayapti. Uning qorong‘ilashtirilgan oynalaridan Sedoy arang ko‘zga tashlanadi.
Muzqaymoq erib, pastga oqa boshladi. Ilya uni maza qilib yalashda davom etardi. Nihoyat, u muzqaymoqni tugatdi, lablarini dastro‘moli bilan artdi. Dumaloqlangan ro‘molchani qayoqqa otsam ekan deb o‘ylab turgandi «Suburban»dan chiqqan Sedoy uning oldiga yugurib bordi. Ilyadan rasmiy va zaharxandalik bilan so‘radi:
– Xo‘sh, sayr qilib bo‘ldingizmi, Ilya Vladimirovich? Endi uygami? Onangiz huzuriga?
Ilya sertashvish nigohini bosh soqchiga qaratdi, yon tomonga egilib, kutilmagan savolni berdi:
– Endi sizga qanaqa laqab beramiz?
– Qanaqa laqab? – jahli chiqdi Sedoyning. – Qani, mashinaga o‘tiring.
– Nima, sizni yollaganim esingizdan chiqdimi? – kulib eslatdi Ilya.
– Sen meni yollaganing yo‘q, – g‘ijindi Sedoy.
– Oyim meni yo‘qotib qo‘yganingizni bilsa bormi…
– Oyingizdan tashqari otangiz ham bor, – uning so‘zini bo‘ldi Sedoy va buyurdi. – Mashinaga, Ivanich soat uchgacha ruxsat bergan.
– «Sedoymi!» Sizga qanaqa?
– O‘tir mashinaga deyapman, – talab qildi Sedoy.
– Parol-chi?
– O‘zing o‘tirmasang, zo‘rlab o‘tqazamiz!
– Shunday bir parol bor, agar uni aytsam darhol qo‘yib yuborasiz, – dedi kutilmaganda Ilya.
– Unaqa parol yo‘q. O‘tir mashinaga!
– Bor. Muzqaymoqqa garov bog‘laymizmi? – Ilya uni mazax qilayotgandi.
– Mashinaga, – bo‘kirdi Sedoy va Ilyaning bilagidan ushlab mashinaga tortgan edi, yigit birdan baland ovozda:
– Angelina Georgiyevna Vseslavinskaya, – dedi.
Sedoy uning tirsagini qo‘yib yubordi va qotib qoldi.
Ilya unga achinish va kinoya bilan qarab turardi:
– Yo‘q, men sizni yollamayman, yaxshisi, bo‘shataman.
Sedoy quloq ham solmadi, orqaga burilib, mashinaga borib o‘tirdi. Soqchilar nima qilishni bilmay qolishdi. Ilya yelkasini to‘g‘rilab, shoshmasdan, astagina yo‘lning o‘tish joyiga yo‘naldi. Sedoy oyna orqali uning izidan qarab qolarkan telefon go‘shagiga gapirdi:
– Ivanich, u qayerdandir Gelya haqida bilib qolibdi. Hammasini biladi: ismini, otasining ismini, familiyasini.
Pechenkin uzoq jim qoldi.
– U ketayapti, Ivanich! – eslatdi Sedoy.
Vladimir Ivanovich asabiy kuldi:
– Masalni bilasanmi: xotin hammadan keyin biladi…
– O‘ziyam shunday bo‘ldi, faqat eshitmagan Galina qoldi! Nima qilaylik, Ivanich? U ketayapti!
– Bilganini qilmaydimi? Mayli, ketaversin, – dedi Pechenkin.
2
Ilya vokzal yaqinidagi bozorni oralab, quvnoq ketib borardi. U chuvillashib e’tiroz bildirayotgan kampirlar shovqiniga e’tibor bermas, yo‘l-yo‘lakay pistadan olib, chaqib, po‘stini tuflab tashlardi. U bir yigit koreyscha savzi sotayotgan peshtaxta oldida to‘xtadi. To‘ladan kelgan, qisiq ko‘z, o‘ta kulgili sotuvchi yigit joyida turmas, tinimsiz harakat qilardi: qo‘llari, oyoqlari, badani, boshi o‘ynar, labidan karatechilarning ashaddiy hayqiriqlari uchardi:
– Bum! Ji! Kiya!
Ular bir-birlariga xuddi yuz yildan beri tanishday, lekin shu yuz yil davomida ko‘rishmagan va endi ko‘rishib turgan odamlardek qarab turishardi.
– Sen Kim, – dedi Ilya.
Koreys qoshlarini chimirdi, qat’iy qilib:
– Men – Bryus! – dedi.
– Yo‘q, sen Kimsan! – turib oldi Ilya.
– Yo‘q, men Bryusman! Bum! Ji!
– Qanaqasiga Bryus bo‘lasan, sen Kimsan? – Ilya oqko‘ngillik bilan jilmaydi, lekin koreys buni istehzo deb tushundi. U peshtaxta ortidan sakrab chiqdi-da, jangovar holatda turdi. Lekin Ilya bint bilan o‘rab tashlangan qo‘lini ko‘rsatdi. Koreys yigit «nima bo‘ldi» deb so‘raganday boshini irg‘adi.
– Bandit o‘qi, – tushuntirdi Ilya.
Koreys yigit «tushundim» deganday yana bosh irg‘adi va atrofni kuzata boshladi. U o‘zining Bryus ekanini isbotlash uchun munosib raqib izlayotgandi. Choy ichayotgan kavkazliklar, araq qultillatayotgan piyonistalar, avtomatli omonchilar va qamchinli kazaklar – bular unga raqib bo‘lolmasdi. Shunda koreys peshtaxtadan sabzi to‘la chelakni oldi-da, stantsiyaga qarab jo‘nadi. Ilya chelak dastasining ikkinchi tomonidan ushladi va ular birga inoq, quvnoq, baravar odim tashlab yo‘lga tushishdi.
Temiryo‘l izlaridan hatlab, vagonlar tagidan engashib o‘tib, yigitlar stantsiyaning narigi tomoniga chiqishdi. U tomon bo‘sh yer, o‘ydim-chuqur, axlatlar to‘kib tashlangan joylar edi. Baland beton devor orqasidagi temir yo‘li omborlarining imoratlariga kattakon qora-qizil rasm-lavha osilgan bo‘lib, unda qora ko‘ylak, galife shim va etikda, qo‘lini ko‘targancha fashistchasiga salomlashayotgan hujumchining rasmi chizilgan edi. Uning ustida xuddi nur taratayotgan quyoshga o‘xshab fashistlar ramzi yarqirab turardi. Pastdagi vahimali yozuv – «Rus tartibi qo‘riqlaydi», deya ogohlantirib turardi.
Berk temir darvozalar oldida devqomat bir mallavoy naridan-beri yurib turardi. Qora kiyim kiyib, yengiga ramzli bog‘ich bog‘lagan bu barzangi beliga rezina kaltak osib olgandi.
Qisiq ko‘zlarini battarroq qisib, koreys raqibiga tahdidli nigoh tashladi. Bu unga mos kelardi.
– Men – Bryusman, – dedi koreys Ilyaga va chelagini yerga qo‘yib jangga otlandi.
Fashist chetellikka yovvoyilarga qaraganday tikildi. Uning kipriklari pirpirardi.
– Hoy, sen, chekishdan ol! – gijgijlab xitob qildi koreys va jangovar holatga kirdi.
– Nima? Men senga… – Fashistning g‘azabi qaynab oldinga tashlandi, kaltagini yonidan olarkan: – Men seni… – deb to‘ng‘illadi.
– Ki-ya!! – deya vahimali qichqirgancha koreys ancha baland sakradi. U bir oyog‘ini oldinga cho‘zgan edi. Lekin zarba berolmadi. Chunki raqibgacha hali ancha bor edi. Omadsiz karatechi «shalop» etib yerga tushdi. Lekin darhol o‘rnidan turib orqaga chekindi. Ilya allaqachon qochishga shay turardi. Qochayotib chelakni olishdi-da, stantsiyaga qarab chopishdi. Barzangi yetay deb qoldi. U tayog‘ini ko‘tardi, tayoq kimningdir boshiga tushishi aniq edi. Lekin koreysning sabzisi pand berdi. Chelakning dastasi chiqib ketib, ichidagi sabzi asfaltga to‘kildi. Fashist uni bosib oldi, oyog‘i sirpanib, gursillab yiqildi…
Ilya bilan koreys qutuldik deb o‘ylashga ham ulgurishmadi, oldilarida ularga qarab ikkita fashist yugurib kelardi. Bolalar birdaniga ikkovi ikki tomonga burildi va to‘xtab turgan vagonlar ostiga sho‘ng‘ishdi. Ular bir necha vagonlar tizimini kesib o‘tishdi-da, yuk vagoni ostiga berkinishdi.
– Uning tumshug‘iga tushirishimga sal qoldi! – deya shivirlab maqtandi koreys.
– Nechta zarbani bilasan o‘zi, – so‘radi Ilya.
– Oltita.
– Men seni o‘nta zarbaga o‘rgataman, – deya va’da berdi Ilya va qo‘shib qo‘ydi: – Va sen yengilmas bo‘lasan.
Koreys, minnatdor shogird o‘z ustoziga qaragandek, Ilyaga qaradi.
Yaltiratib artilgan uch juft etik va qora eseschilar galifesidagi fashistlar ularning ro‘parasida to‘xtashdi. Hozir xuddi sovet kinosiga o‘xshab nemischa buyruq yangraydigandek ko‘rindi.
Lekin nemischa emas, ruscha gaplar eshitildi:
– G‘ayriruslar ja-a haddidan oshib ketishyapti!
– Men ikkalasini ham yaxshi eslab qoldim. Topamiz.
Uchinchisi bo‘lsa vagon g‘ildiraklariga qarata choptirish bilan mashg‘ul edi.
Ilya astagina qo‘ynidan to‘pponchani chiqardi-da, tepkisini tayyorladi. Buni ko‘rgan koreys shodligidan qichqirib yubormaslik uchun kafti bilan o‘z og‘zini berkitdi.
Xuddi o‘zlari uchun xavf borligini his qilgandek, fashistlar ham jo‘nab qolishdi.
O‘n to‘rtinchi bob
HOZIRGI YoShLAR QIYoFASI
1
– Qani, tanishinglar bo‘lmasa! – baland va quvnoq ovozda taklif qildi Ilya va bir qadam orqaga tisarildi.
Mulat qiz koreys bolaga yana bir qarab oldi-da, zo‘rma-zo‘raki jilmaydi va istamaygina qo‘lini uzatdi:
– Anjela Devis.
Hayajonlangan koreys kaftini shimiga artdi, qizning qo‘lini qattiq qisib, o‘zini tanishtirdi:
– Kim Ir Sen.
Ilya xuddi omadli chiqqan bolalaridan xursand otadek ularga havas bilan qaradi..
Anjela Devis boshini Ilyaga o‘girdi, g‘azabini yashirmay, qiziqsindi:
– Sen ataylab bizlarni shundaylardan tanlayapsanmi?
– Qanaqa – shundaylardan?
– Men qoratanliman, u bo‘lsa qisiq ko‘z.
– Qanaqa? Qisiq ko‘z? – takrorladi Ilya va kulib yubordi.
– Ataylab shunaqalarni tanlayapsan?! – asabiy baqirdi Anjela Devis.
Ilya kulgidan to‘xtadi.
– Ataylab? Ha, ataylab. Men sizlarni ataylab tanladim, – xotirjam va jiddiy gapirdi u, bir mulat qizning, bir koreysning ko‘ziga qarab. – Men sizlarni ataylab tanladim, chunki sizlar eng so‘nggisizlar. Bugungi kunda so‘nggilar birinchi bo‘layaptilar, birinchilar esa so‘nggilarga aylanishmoqda. Sizlar birinchilardan bo‘lasizlar.. Men sizlarni ataylab tanladim…
– Biz so‘nggilarmiz, sen qanaqasan? – dadil, yanada qattiqroq baqirdi Anjela Devis. – Sen o‘zing kim bo‘lasan?
Ilya g‘amgin jilmaydi, savolga javob bermadi.
Kim ensasini qashib, tortinib so‘radi:
– Sen rusmisan?
– U oydan tushgan, – dedi achitib Anjela.
Ilya yana jilmaydi:
– Bu mamlakatda ruslar ham, rus bo‘lmaganlar ham yo‘q. Balki boylar va kambag‘allar bor. Aldanganlar va aldaganlar bor.
– Bu qanaqasi? Hech narsa tushunmayapman, – oshkora tan oldi Kim.
– Tushunmaslik mumkin. Muhimi – ishonish. Sizlar menga ishonasizlarmi?
Ilya Kimga qaradi. U javob qildi:
– Ishonaman.
Ilya Anjela Devisga qaradi. U ham sal tortinib javob qildi:
– Ishonaman.
– Unda men sizlarga aytaman, – davom etdi Ilya. – Sizlar KYaJning birinchi a’zolari bo‘lasizlar.
– KYaJ nima degani? – so‘rashdi baravar Kim bilan Anjela Devis.
Ilya yana bir bor ularning ko‘zlariga qaradi, aytsammikin yoki aytmasammikin deb o‘ylab ko‘rdi-da, dedi:
– KYaJ – Kommunistlarning Yangi jamiyati.
Yoshlarning hafsalasi pir bo‘ldi.
– E-e, – dedi Anjela Devis. – Axir mening buvim kommunist-ku! Bizning barakdagilar kommunistlarga ovoz beradi.
– Bizda shaharning yarmi kommunistlar, – dedi Kim.
Ilya boshini silkidi:
– Bu shaharda kommunistlar ham, demokratlar ham yo‘q.
– Kimlar bor, bo‘lmasa? – so‘radi Kim.
– Ko‘zi ochilmagan mushukchalar bor, ona mushuk esa qayoqqadir g‘oyib bo‘lgan. Bechora mushukchalar boshlarini har yon urishib onalarini qidirishyapti.
– Mushukni suvga cho‘ktirishgan, – dedi achinib Anjela Devis.
Hamma jim bo‘lib qoldi. Ular bir-biriga qaray olmasdi.
Ilya soatiga qaradi va ohista yo‘lak bo‘ylab yurib ketdi. Kim bilan Anjela Devis esankirab, bir-biriga qarashdi-da, uning izidan tushishdi.
– Biz ularning ko‘zlari ochilishiga va haqiqatni ko‘rishga majbur qilamiz, – dedi yo‘l-yo‘lakay Ilya. – Haqiqat ularda yashash ishtiyoqini uyg‘otadi va bu ularni bizga boshlab keladi. KYaJ – bu adolat.
– Nima, unga yozilish kerakmi? – tashvishlanib so‘radi Kim.
– Avvaliga sen o‘nta zarba berishni o‘rganib olasan. Sen bo‘lsang «Po‘lat qanday toblandi»ni o‘qiysan. Keyin sinab ko‘rilasizlar. So‘ngra qasamyod qilasizlar, – dedi Ilya, qadamini tezlashtirib.
«Profsoyuz» va Lenin ko‘chalari muyulishida mo‘jazgina almisoqdan qolgan suratxona bor edi.
Ilya uning qarshisida to‘xtadi va qat’iy dedi:
– Bu kunni umrbod yodlaringda saqlashlaring lozim.
2
Suratkash juda qartaygan va kulgili odam edi. U qarshidan ohista yurib kelardi. Oyog‘idagi eski sariq botinkasining «taq-tuqi» uzoqdan quloqqa chalinardi. Sochi to‘kilgan, quruq qayrilma burni ajralib turardi. Ayniqsa, ko‘zlari boshqacha edi: ulardan kutilmagan quvonch va mumkin bo‘lmagan nekbinlik yog‘ilib turardi. Chol yashagan son-sanoqsiz yillarning har biri unga quvonch va umid baxsh etgandek ko‘rinardi.
– Naqadar go‘zal yoshlar! – dedi u zavqlanib. – Men ko‘pdan beri bunaqa xushro‘y yoshlarni ko‘rmagan edim. Chehralaridan nur yog‘adi! Bunaqa chehralarni men so‘nggi bor ming to‘qqiz yuz ellik oltinchi yili ko‘rgandim. Ular qo‘riq yerlarni o‘zlashtirishga otlanishgandi. Sizlar ham qo‘riq ochgani ketayapsizlarmi?
Kim bilan Anjela kulib yuborishdi – chol ularda zavq uyg‘otgandi.
– Bizning jamoaviy qiyofamizni yarating, – dedi Ilya.
Qariya qoshlarini chimirdi:
– Jamoaviy qiyofa deysizmi? Men to‘g‘ri eshitdimmi? Yo hazillashyapsizmi? Buni so‘rayotganimning boisi shundaki, hozir hech kim jamoaviy qiyofani xohlamaydi. Faqat fotosurat va chetga chiqish pasporti uchun rasmga tushirishimni so‘rashadi. Negadir hamma chet elga ketishga intilayapti. Mana men, masalan, chet elda bo‘lmaganman va ketishga zarracha istagim ham yo‘q. Nima keragi bor? Men uchun bu yer yaxshi! Ha, jamoaviy portret dedingizmi?
-Jamoaviy portret, – takrorladi Ilya.
Qariya o‘ylanib qoldi, boshini xam qildi. Anjela Devis piqillab kuldi. Kim xijolatomuz jilmaydi.
– Hozirgi yoshlarning jamoaviy qiyofasi! – dedi chol boshini sarak-sarak qilarkan, allanimalarni ming‘irlagancha. Uchoyoqli fotoapparatini to‘g‘rilay boshladi: – Hozirgi yoshlar menga juda yoqadi! Bilasizmi, nima uchun? Shuning uchunki, ular qo‘rquv nimaligini bilmaydi! Yaqinda gazetada o‘qib qoldim, birinchi sinf o‘quvchilarining to‘qson to‘qqiz foizi Lenin kim ekanini bilmaskan. Men yig‘lab yubordim – naqadar baxtli bolalar!
Fotoapparatni sozlab bo‘lgach, chol orqada qiya osilib turgan oq choyshab yoniga o‘tdi. Uning taram-taram bo‘lib turgan tepa qismini to‘g‘rilashga tutindi.
– Nima deyayotganimni men yaxshi bilaman, – dedi so‘zida davom etib chol. – Mening otam bolshevik edi. Uning o‘z ukasi – mening amakim esa, menshevik. Otam amakimni otishga hukm qildi. Eser1 onam bo‘lsa, g‘oyaviy e’tiqodiga ko‘ra otamdan ajrab, bir eserga tegib ketdi. Bundchi2 buvam esa ularning hammasini duoyibad qildi. Yo‘q, ular o‘zlarini shunday tutishgani uchun emas, balki Bundga kirmagani uchun la’natladi. O‘shanda buvim shunday degandi: «Bularning hammasi menga yoqmayapti». Bekorga aytmagan ekan bu gapni. Otamni otib tashlashdi, onam esa lagerda o‘lib ketdi. O‘sha paytda buvim rahmatlik menga dono maslahat bergandi: «Agar uzoq yashayman desang, kommunistlarga ishonma. Hatto oqni oq desalar ham, ishonma, chunki u qora. Hatto suvni suv deyishsa ham ishonma, chunki u tosh. Hatto nonni non deb atashsa ham ishonma, chunki u – zahar!». Men hamisha buvimning maslahatiga amal qilib yashadim! Hozir yoshim nechadaligini bilasizlarmi? Buni gapirishning ma’nisi yo‘q, chunki baribir ishonmaysizlar!
Qariya endi surat uchun yaxshi mohiyat axtarib yoshlarning joylarini almashtira boshladi. U qiqirlayotgan Anjelani xijolat chekib turgan Kimning o‘rniga, Kimni esa asabiylashgan Ilyaning o‘rniga o‘tkazdi.
– Bilasizmi, yana qancha yashamoqchiman? – davom etdi u. – Mening niyatim butun dunyoda bor-yo‘g‘i bittagina kommunist qolgunga qadar yashamoq, so‘nggi kommunist qolgunga qadar! Unga – so‘nggi kommunistga hech kim achinmaydi! Ayollar u bilan o‘z naslini davom ettirishni xohlashmaydi. Erkaklar u bilan futbol haqida gaplashmaydi, shaxmat o‘ynashmaydi. Kichkina bolalar bo‘lsa, uning orqasidan chopishib, qo‘llari bilan ko‘rsatishib: «Kommunist! Kommunist!» deya masxara qilishadi. Bu eng dahshatli, eng so‘nggi so‘z bo‘ladi!
Qariya yana nimadir demoqchi edi, Ilya uni to‘xtatdi:
– Demak, siz ishonishingiz uchun suvni ko‘rsatib tosh, nonni ko‘rsatib bu zahar deyish kerak ekan-da? Oqni qora, desagina ishonarkansiz-da?
Ilya suratkashga qarab turar, ko‘zlarini pirpiratgancha javob kutardi.
– Sen aqlli bolasan. Sen balki juda ham aqlli boladirsan, – dedi u qisqichbaqaday orqaga tisarilib. Apparat yonida to‘xtab Ilyaga yana bir bor qarab oldi-da, fikrini davom ettirdi: – Hamma falokatlar qachon boshlanadi, bitta juda ham aqlli bola paydo bo‘lganda boshlanadi…
Ilya bunga javoban nimadir demoqchi edi, lekin chol shoshilib qalin jun yoping‘ich tagiga kirib yashirindi.
– Tayyorlandik! – baqirdi chol yoping‘ich tagidan.
Ilya sheriklariga jo‘shqin bir nigoh tashladi va shivirladi:
– Yashasin kommunizm!
– Yashasin kommunizm! – qo‘shildi Kim.
– Yashasin kommunizm! – takrorladi Anjela Devis.
O‘n beshinchi bob
MANA BU ZO‘R O‘YLANIBDI
1
Osmonda – qalin va qora bulutlararo momaqaldiroq gumburladi. Guberna boshliqlari baland minbarda turib ko‘kka qarashar, jilmayishar va bugungi tadbirimiz tepada ham ma’qul ko‘rilmoqda deganday bir-biriga qarab bosh irg‘ashmoqda. Zavod maydoniga to‘plangan pridonsklik qiziquvchilar zich to‘da bo‘lib turishar, cherkovning billur gumbaziga va tillarang xochiga, minbarda turgan boshliqlarga havas bilan qarashardi. Boshliqlar orasida o‘rtadagi oq kostyum , oq kuylak va oppoq bo‘yinbog‘da turgan Pechenkin alohida ajralib turardi. O‘rtadagi maydonda esa kazaklar avlodlari va oqgvardiyachilar vorislaridan tuzilgan qo‘shma xor «Tangri, shohni asragil!»ni ajoyib ijro etishdi.
– Yo‘q, nima desangiz deng-u, budyonovkali qizilarmiyachilar bu yerda yetishmayotir, – dedi do‘stona ohangda Pechenkinning chap tomonida turgan gubernator. Uning o‘ng tomonida zarbof ridoda soch-soqoli oppoq qariya – yoshlanuvchi mehribon ko‘zli mitropolit o‘rin olgandi.
Vladimir Ivanovich gubernatorning gapini eshitmadi, chunki u hamon hozirgina irod qilgan nutqining hayajonini bosolmagan edi. Odatda Pechenkin qog‘ozga qaramasdan, yaxshi, tushunarli qilib gapirardi. Lekin bu safar u nutq matnini yozib bering, deb Pribilovskiyga buyurgandi. U bo‘lsa, aytish kerakki, juda boplabdi. Ayniqsa, ibodatxonaga eltuvchi yo‘l haqida jo‘shib yozibdi. Endi bizda faqat yo‘l emas, ibodatxonaning o‘zi ham bor. Buning ustiga deng, ibodatxona emas, rostakam mo‘jiza. Rus xalqi hamisha mo‘jiza haqida orzu qilib kelgan. Mana, o‘sha mo‘jiza – billur ibodatxona. Bunaqasi hech qayerda yo‘q! Olamning sakkizinchi mo‘jizasi! Pridonsk mo‘jizasi!
Bo‘ldi qarsak, bo‘ldi qarsak, o‘ziyam o‘n daqiqacha chalishdi-yov… O‘n daqiqa bo‘lmasa ham, besh daqiqa chalishgani aniq. Pechenkin baxtiyor edi. Bugun uning kuni edi.
Tangri, shohni asragil,
Tangri, shohni asragil,
Umrini uzoq qilgil.
Ojizlar homiysiga,
Mag‘rurni bukuvchiga –
Tinch kunlarni ato qil, –
kuylardi xor tantanavor.
– Mana buni madhiya desa bo‘ladi! – mitropolitga qarab gapirdi Pechenkin. – So‘zi ham, musiqasi ham zo‘r!
Mitropolit ohista bosh irg‘ab qo‘ydi.
– Lekin bizniki ham yomon emasdi, – gapga aralashdi gubernator. – Esingizdami, o‘sha kuy yangraganda Rodnina qanday yig‘lagan edi? Butun dunyoga-ya…
– Ohang yaxshi, so‘zlari-chi? – e’tiroz bildirdi Vladimir Ivanovich.
– So‘zlari ham yomon emasdi. – Gubernator o‘zinikini ma’qulladi.
Vladimir Ivanovich boshqa bahslashib o‘tirmadi. Yo‘q, kayfiyatini buzmaslik uchun emas, bu mumkin emasdi. Balki nigohini billur qubbadan Lenin haykaliga o‘tkazib chalg‘igani uchun indamadi. U bir narsada haq ekaniga ishonch hosil qildi: biri ikkinchisiga xalaqit bermaydi. Buning ustiga Lenin qo‘li bilan ibodatxonani ko‘rsatib turardi. Buning ham o‘ziga yarasha ma’nosi bor edi. Ham avlodlarning davomiyligi, ham tavba-tazarrusi, ham sabr-qanoati – bu so‘zlarni Vladimir Ivanovich uncha yaxshi ko‘rmasa-da, uncha yaxshi tushunmasa-da, ulardan tortinardi. Lekin hozir bularning hammasi Zavod maydonida bor edi.
Osmon birdan gumburladi, zumda qorong‘i cho‘kdi. Pastdagi xalq hayajonlandi.
– Yomg‘ir yog‘maydi! – dedi baland ovozda Vladimir Ivanovich, lekin yonida qarindoshlari va yaqinlari yo‘qligini eslab qovog‘i solindi. Galina Vasilevnaning bosh og‘rig‘i tutib qoldi. Gelyani u taklif ham qilmagandi. Keyin bilsa, u baribir rad etarkan. Ilya bo‘lsa taklifni masxara qilib, otasini qattiq ranjitdi.
2
– Vaqti bo‘ldi! – dedi qat’iy Ilya uzun ingichka yog‘ochga ilingan qizil bayroqni yoyar ekan. Bu shoyi mato – o‘sha buvasining sandiqchasidan olingan, tsirk bayrog‘i edi.
Kim va Anjela Devis Ilyaga hayrat bilan qarab turishardi. Aftidan, ular o‘ylagan narsa yuz beradiganga o‘xshardi. Ular maydonga tutash, bo‘m-bo‘sh torko‘chada edilar, u yerdan xorning ovozi eshitilib turardi. Ilya shoshilib ko‘zlari ko‘radigan qilib teshilgan omonchilar qalpog‘ini boshiga kiydi-da, bayroqni baland ko‘targancha olg‘a – Zavod maydonida to‘planib turgan kishilar tomonga qarab chopib ketdi.
Qarshidan kuchli shamol esar, shu boisdan bayroq yoyilib hilpirab borardi. Ilya to‘g‘ri olomonga qarab yugurdi, olomon undan qo‘rqib, orqaga tisarildi. U to‘dani yorib ichkari suqildi, olomon ikkiga ajraldi. Shunday qilib ikki to‘da hosil bo‘ldi: birining tepasida Lenin, ikkinchining tepasida esa provaslav xochi savlat to‘kib turardi.
Boshliqlar orasida bu vaziyatni birinchi bo‘lib gubernator baholadi.
U quvonib ketdi, ma’qullab xitob qildi:
– Mana buni yaxshi o‘ylashibdi!
Mitropolit ko‘zlarini qisdi, jo‘janikiga o‘xshash ingichka bo‘yinini cho‘zdi va achchiq dori ichgan misol yo‘talib qo‘ydi.
Pechenkin bayroq ko‘tarib chopayotgan yigitchani jim turib, sovuqqonlik bilan kuzatib turdi.
Xor adashib ketdi: kazaklar uncha-muncha ovoz chiqarib turardi, oqgvardiyachilar og‘izlarini ochgancha qolaverishdi.
– Yashasin kommunizm! – jarangdor baqirib kirib keldi Ilya. Shunda kazaklar ham kuylashdan to‘xtashdi. Zavod maydoni suv quygandek jim-jit bo‘lib qoldi. Militsionerlar boshlarini chayqashar, lekin chopib kelayotgan yigitchani to‘xtatishga urinishmasdi. O‘zi shunday bo‘lsa kerak deb o‘ylashardi, shekilli.
Ilya olomon ichidan chiqib, maydon chekkasidagi uy orqasiga o‘tib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
– Voy tirraqi-ey, – to‘ng‘illadi tishlarini g‘ijirlatib Pechenkin.
O‘n oltinchi bob
QOIDASIZ JANG
Yoshligida Vladimir Ivanovich boks bilan shug‘ullanardi va hatto ustalikka nomzod ham bo‘lgandi. U o‘z unvoni bilan faxrlanar, unga munosib bo‘lish uchun sport mahoratini saqlab turishga harakat qilardi. Vaqt-vaqti bilan kayfiyati bo‘lgan paytlarda biznes bo‘yicha hamkasblari yoki yaqin doiralari, ko‘pincha qo‘riqchilaridan kim bilandir olishuvlar o‘tkazib turardi. Buning uchun «Oktyabr» kinoteatri yaqinida qarag‘aylar orasidagi maysazorda arqonlar tortilib, boksyorlik ringi yasalardi. Sedoy kamzulini va bo‘yinbog‘ini yechib, hakamlik kiyimini kiyar va bellashuvlar boshlanardi.
Odatda, olishuvlar kutilmaganda, e’lon qilinmasdan, tig‘iz kunlardan so‘ng kechasi yuz berardi. Pechenkin biror muhim narsani amalga oshirsa yoki uddalay olmasa, shunday bo‘lardi. Mana, o‘sha ibodatxona tantanali ochilgan kunda, uyga kechroq qaytib kelgach, odatdagicha kinoga borish o‘rniga Vladimir Ivanovich arqon tortishni buyurdi.
Ilya otasining bu ermagini bilmas, aniqrog‘i, onasining xatlari orqali xabari bor edi, lekin esidan chiqib ketgan edi. Hozir uyiga qaytayotib yoritilgan to‘rtburchak joyni, olishayotgan ikkita ko‘ngilli gladiatorni va ringni o‘rab olgan tomoshabinlarni ko‘rib hang-mang bo‘lib qoldi.
Ilya avvaliga malla soqchini, keyin otasini tanidi. Bir oz ikkilanib turdi-da, o‘sha yerga yurdi.
Bu juda g‘alati jang edi. Pechenkin boksyor edi, malla esa sambochi polvon edi. Chindan ham ularning olishuvi g‘alati edi: Pechenkin urib ag‘darish uchun musht tushirsa, malla yiqitishga urinardi. Sedoy hakamlik qilardi. Ko‘pchilik xo‘jayin uchun jon kuydirardi:
– Qani, Vladimir Ivanovich!
– Uring, Vladimir Ivanovich!
– Eh, Vladimir Ivanovich!
Qattiq qichqirishar, samimiy quvonishardi.
– Bo‘sh kelma, mallavoy! Boksyorni ez! – qichqirardi Ilya, ringga yaqinlashib.
Oldinroqda turgan muxlislar hayron bo‘lib o‘girilishdi, Ilyani ko‘rib, xijolat bo‘lib salomlashishar, uni ismi va ota ismi bilan e’zozlar, oldinga o‘tkazib yuborishardi.
Boksyor ham, sambochi ham rostakamiga charchashgandi, birinchisining musht tushirishga, ikkinchining yiqitishga holi qolmagandi.
– Ez, mallavoy, ez kapitalistni! – chiyillardi Ilya.
Vladimir Ivanovich eshitdi, bir zumga tovush egasiga qaradi va bo‘yniga sambochining temir panjasi mahkam yopishganini his qildi.
Malla chindan ham Pechenkinni biqiniga oldi va xuddi shu payt Ilyaning ovozi yakkalanib qoldi, boshqalar jimib qolishgandi.
Vladimir Ivanovichni uning bo‘yni va mallaning kafti terlab turgani qutqardi. Shuning uchun u ag‘darilib tushmadi, sirg‘alib chiqib ketdi. O‘zini yo‘qotib qo‘ygan malla bir soniyaga ehtiyotsizlik qildi va jag‘iga kuchli hamda aniq zarba tushdi. Soqchi chalqancha ag‘darildi.
Hamma qiyqirib yubordi, g‘alaba bilan tabrikladi. Faqat Ilyagina keskin burildi-da, qarshi tomonga qaradi.
Pechenkin ringda g‘olibona aylanar va qichqirardi:
– Sambo! Sizning samboingizga tupurdim! Karateingizga ham tupurdim! Kun-fu, fu-syu go-mo-jo, po-mo-jo, hammasiga tupurdim! Sizlarning o‘sha barcha qora kamarlaringizga tuf! SSSR sport ustasining maykasi oldida hammasi bir tiyin!
Vladimir Ivanovich o‘zining sport unvonini oshirib aytdi, lekin hech kim bunga e’tiroz bildirmadi.
G‘olib va mag‘lubning qo‘llarini ushlab turgan Sedoy tantanali ravishda e’lon qildi:
– SSSR sport ustasi, Pridonskning «Trudoviye rezervi» sport jamiyati vakili Vladimir Ivanovich g‘alaba qozondi, – deb u Pechenkinning qo‘lini yuqori ko‘tardi. Tomoshabinlar qiyqirishdi, hushtak chalishdi, olqishlashdi va sovet madhiyasi chalindi – bu ham an’ana edi.
Ilyaning ko‘zlari yoshlandi.
– Ey, kommunyaka, bu yoqqa kel! – quvnoq va dag‘dag‘a bilan baqirdi Pechenkin.
Ilya o‘rnidan jilmadi.
– Nima, eshitmayapsanmi? – dedi zaharxandalik bilan Vladimir Ivanovich baland jaranglayotgan SSSR gimnini bosib ketadigan darajada baqirib.
– Sizni otangiz chaqirayapti, Ilya Vladimirovich, – deyishdi uning yonida turganlar tirsagiga turtib.
Ilya o‘girildi. U jilmaydi, lekin o‘rnidan qimirlamadi.
– Ke, kela qol, qo‘rqma. Ko‘ksingga yulduz rasmini o‘ydirmayman, – ko‘nglini ko‘tardi otasi. – Bir marta tushiraman, xolos!
– Men qo‘rqmayman, – dedi Ilya ring tomon yurarkan. U baland ovozda aytmoqchi edi, lekin zo‘rg‘a eshitildi.
Atrofdagilar – ehtiyotkorona va asabiy kulishdi. Ilya engashib, arqon tagidan o‘tdi-da, otasining qarshisida to‘xtadi. Vladimir Ivanovich dik etib o‘rnidan turdi va qo‘lini ko‘tardi, Ilya qo‘rqib ko‘zlarini qisdi. Pechenkin urmadi, u urmoqchi ham emasdi, jahl bilan baqirdi:
– Hech qachon bunaqa qilma! Senga musht tushirishayotganda ko‘zingni yuma ko‘rma! Bu birinchi qoida! Bilasanmi, men bundan qanday qutulganimni? Tennis koptokchasi bor-ku, o‘shani ipga bog‘lab, osib qo‘yasan-da, o‘rtada turib olasan. Koptokcha lipillab borib kelaveradi. Sen esa unga chap berib, engashasan. Lekin ko‘zingni yummaysan. Tushundingmi?
Ilya bosh irg‘adi.
Pechenkin qahqaha urdi:
– Endi zarba yeyishni o‘rgan! Lekin bunda hech qanday nazariya ketmaydi. Faqat urish, jang qilish lozim! Qani, Nilich, unga qo‘lqop kiydir-chi.
Sedoy zaharxandalik bilan tirjaygancha Ilyaning irodasiz ojiz qo‘llariga qo‘lqop kiydirarkan, Pechenkin xuddi g‘alabadan keyin qilganiday, ringni aylanib, tomoshabinlarga gapirardi:
– Asr matchi! Bunaqasi bo‘lmagan: kapitalist-ota kommunist-o‘g‘ilga qarshi! Jang qoidasiz va g‘alabagacha davom etadi!
U Ilyaga o‘girildi va qotib qoldi. O‘g‘lining orqasida Galina Vasilevna turardi. U uzun yashil xalatda edi. Peshanasiga ho‘l latta bog‘lab olgandi.
– Sen nima qilayapsan, Volodya! Qanaqa tomosha bu? – so‘radi Galina Vasilevna sekingina, ta’na bilan.
Pechenkin xijolat bo‘lib yelka qisdi.
Galina Vasilevna ginayu alamzadalik to‘la ko‘zlarini atrofda turganlarga bir-bir yugurtirib chiqdi. Odamlar asta-sekin tarqala boshlashdi.
– Nilich, – deb baqirdi ketayotgan Sedoyning orqasidan, – bir do‘stlik xizmatingni ayama, shundoq vokzalga yugurib borib, pista olib kel, negadir kinoga borgim kelib qoldi.
– Sen nima tomosha ko‘rsatayapsan, Volodya? – deya savolini takrorladi Galina Vasilevna.
Galina Vasilevna ikki marta takrorlagan savoliga javob kutardi, lekin Pechenkin, aftidan, unga javob berishni lozim topmadi. U endi xotiniga e’tibor ham bermay qo‘ygandi. Garchi Galina Vasilevna o‘g‘lining orqasida turgan bo‘lsa ham, unga qaramasdi.
– Xo‘sh, nima? – dag‘dag‘a va kinoya bilan gapirdi Pechenkin o‘g‘liga. – Yashasin, xo‘sh, nima? Men senga aytgandim-ku, bu yerda kommunistlar ham, demokratlar ham yo‘q deb! Aytdimmi? Aytdim! Biz oqlar emasmiz, biz qizillar ham emasmiz, biz – pridonskliklarmiz! Odamlarning bayram kayfiyatini buzmoqchi bo‘ldingmi? Ular hech narsa tushunishmadi, axir! Mast bir omonchi jinni bo‘lib qolibdi, deb o‘ylashdi! – Pechenkin qah-qah urib kuldi. – Hech kim hech narsa tushunmadi! Yoki gazetalarda yozib chiqadi deb o‘ylaysanmi? Yo‘q, yozishmaydi! Yoki televizorda ko‘rsatishadimi? Ko‘rsatishmaydi! Bunga men kafolat beraman. Hech kim hech narsa bilmaydi, tushundingmi? Mana, sening tirraqi buzoq ekaningni – hamma bilib oladi.
– Volodya! – to‘xtatdi Galina Vasilevna erini. U qo‘pol gaplarni bilmasdi.
– Nima – Volodya?! – baqirdi Pechenkin . – Uning bugun nima qilganini bilasanmi, o‘zi? U mening qalbimga tupurdi! Shunday kunda-ya! Shu ibodatxonani deb nimalar qilmadim, kuchimni, pulimni ayamadim. U bo‘lsa?! – bo‘kirdi Pechenkin, bo‘yin tomirlari bo‘rtib. – Tir-raqi.!
– Volodya! – dadil uning so‘zini bo‘ldi xotini. Pechenkin jim qoldi, keyin birdan qah-qah urib kulib yubordi.
– Kommunistmisan, kommunistlarcha yasha! – U yana o‘g‘liga gapirdi: – Sen uchun buvang non qotirib qo‘ygandi – o‘shalarni kemirib yuraver! Endi hech qanaqa soqchining keragi yo‘q – kommunistlarni o‘g‘irlashmaydi.
– Volodya…
– Istasang – o‘zing qo‘riqlab yur! Endi u mening uyimda yashamaydi! Bo‘ldi, bas!
– Volodya, tinchlan, – iltimos qildi Galina Vasilevna.
– Men xotirjamman, – baqirdi Vladimir Ivanovich. – Xotirjamman! Chunki bu mening uyim va bu yerdagi hamma narsa meniki. Seniki esa, ana «Oktyabr» kinoteatri… Endi unga bir tiyin ham bermaysan, kunduzi ishlasin, kechqurun esa o‘qiydi. Ishchi yoshlar maktabida, men o‘qiganday. Shveytsariyada o‘qitisha olmadi, bu yerda o‘qitishadi! Tezda o‘rgatishadi! Albatta, o‘rgatishadi! Bo‘ldi, yetar! Yangi hayot! Nyu Layf! – Pechenkin ring arqoni ustidan hatlab o‘tdi-da, uzoqqa baqirdi:
– Nilich! Yoshinikidan olma, uniki yaxshi qovurilmagan!
O‘n sakkizinchi bob
ShUNDAY KUN KELDI
1
Ilya otasining uyidan o‘sha kechasiyoq ketib qoldi. To‘g‘ri, uncha uzoqqamas, “Oktyabr” kinoteatri chordog‘idan boshpana topti. U kinomexanik Noil topib kelgan rezina to‘shakda yotar, ustiga onasi bergan jun ro‘molni yopinib olgandi. Kattakon yarim doira shaklidagi derazadan yulduzlarga tikilar, qayerdadir “qur-qur”layotgan kaptarlarni, otasi yaxshi ko‘radigan film fonogrammasini tinglar va ko‘rinishidan baxtliga o‘xshardi.
O‘sha kechasi Vladimir Ivanovichning kayfiyati yomon edi. U odati bo‘yicha oxirgi qatorda o‘tirib, pista chaqar, ekrandan ko‘z uzmasdi. Kinoga qarab ruhan dam olar, ayni paytda o‘z fikrlari tasdig‘ini topganday ham bo‘lardi. Ekranda hind hakam: “Halol odamning bolasi halol, o‘g‘rining bolasi esa o‘g‘ri bo‘ladi”, — derkan, Pechenkin uning fikrini tasdiqlab, to‘ng‘illadi:
— Bu aniq.
Eri bilan o‘g‘li o‘rtasidagi janjal Galina Vasilevnani unchalik cho‘chitmadi. U Pechenkinni yaxshi bilardi. U erining jahlidan tushishi va aybiga iqror bo‘lishi uchun vaqt o‘tishi kerakligini ham yaxshi tushunardi. U Ilyushaning ishlashiga yo‘l qo‘ya olmasdi, lekin uning o‘qishini ham taqiqlay olmasdi. Chunki o‘g‘li oddiy Pridonsk maktabida o‘qish istagini bildirgan edi. Buning ustiga Galina Vasilevna bunday besamar mashg‘ulot tezda joniga tegishini ham yaxshi tushunardi. U o‘g‘liga shunday shart qo‘ydi: soqchi bo‘lmagan taqdirda uni maktabga o‘zi kuzatib qo‘yadi. Ilya kulib yubordi va onasining peshonasidan o‘pti.
2
Ilya Pridonsk bo‘ylab katta-katta va dadil qadam tashlab borardi. U bilan yonma-yon odimlayotgan Galina Vasilevna ehtiyotkorlik bilan atrofga qarab borar, qora sumkachasini ko‘ksiga bosib olgandi.
— Bilasanmi, Ilyusha, bugun ertalab otang huzurimga kelib, sen bilan meni kinoga taklif etdi, — dedi quvonib.
— Kinoni ko‘rgani ko‘zim yo‘q, — dedi Ilya.
— Nega? — hayratlandi Galina Vasilevna.
— Chunki u yolg‘on.
Galina Vasilevna jilmaydi:
— Voy mittivoy-ey, hozirgi vaqtda kim ham rost gapni aytadi. Umuman, gap kinoda ham emas… Otang sen bilan yarashmoqchi. Buning boshqacha yo‘lini topolmadi, shekilli. Kino boshlanishidan oldin qo‘lingni qisib… biror ahmoqona gapni aytishi aniq… keyin sen yana uyga qaytib borasan, o‘z xonangga kirasan…
— Chordoqda o‘zimni juda yaxshi his qilyapman! — dedi Ilya.
— Nima, otang bilan yarashmoqchi emasmisan?
Ilya javob bermadi.
— Xo‘p, yaxshi, menga ayt-chi, uni nimaga ko‘ndirmoqchi bo‘layapsan? — so‘radi Galina Vasilevna to‘xtab. Ilya ham to‘xtadi.
— Men uning odamlardan tortib olgan narsasini ularga qaytarib berishini istayman, — dedi u bamaylixotir va qat’iy.
— Qaysi odamlarga? — tushunmadi Galina Vasilevna.
— Mana bularga, — dedi Ilya nigohi bilan u yoq- bu yoqqa o‘tib turgan kishilarga ishora qilib, ona va bola shahar markazida, odamlar gavjum Lenin ko‘chasida edilar.
— Lekin ular… so‘rashayotgani yo‘q, — dedi Galina Vasilevna sarosimada.
— Hozircha so‘rashmayapti… lekin vaqti kelganda esa so‘rashmaydi, talab qilishadi. Unda kech bo‘ladi.
Ilya tashvishlanib soatiga qaradi, Galina Vasilevna ham beixtiyor o‘z soatiga ko‘z yugurtirdi.
— Seningcha, unday kun qachon keladi? — asta so‘radi onasi.
— Shunday kun keldi, — dedi Ilya xotirjam, loqaydlik bilan.
Galina Vasilevna yana bir bor yonlaridan o‘tib turgan odamlarga diqqat bilan nazar soldi.
— Men otam bilan yarashishga roziman, — kutilmaganda dedi Ilya. — Lekin buning uchun siz mening bir iltimosimni bajarishingiz kerak.
— Qanaqa iltimos?
— Sedoy bo‘shatilishi kerak.
— Sedoy? — tushunmadi Galina Vasilevna.
— Ha, Nilich.
— Nilich? Nima uchun?
— Nima uchunligini o‘zim yaxshi bilaman.
— Lekin u… Oilamiz a’zosiday bo‘lib qolgan. U otangni o‘limdan qutqarib qolgan.
— Demak, men oilangiz a’zosi emasman, — deya cho‘rt kesdi Ilya.
Ko‘chaning qarshi tomonida Anjela Devis paydo bo‘ldi. Ilya namoyishkorona soatiga qarab qo‘ydi. Qiz aftini gunohkorona burishtirib, mashinalarga ham e’tibor bermay ular tomon yugurdi. Galina Vasilevna sertashvish va hayratli nigohini o‘g‘lidan mulat qizga, qizdan yana o‘g‘liga oldi.
— Bu… sening qizingmi? — o‘zini yo‘qotib so‘radi onasi.
— U mening o‘rtog‘im! — deya qat’iy javob berdi Ilya.
— Partiya bo‘yichami?
— Ha.
Galina Vasilevna sal taskin topganday bo‘ldi.
— U meni Sergey deb ataydi, hayron bo‘lib yurmang, — ogohlantirdi Ilya.
Onasi “tushunaman” deganday bosh irg‘adi.
— Salom. Yur “Makdonalds”ga, birinchi dars o‘tilmaydigan bo‘ldi, — bidirlay ketdi Anjela Devis…
— Bular — oyimlar, — tanishtirdi Ilya.
Galina Vasilevna iljayishga urindi:
— Galina Vasilevna, oddiygina qilib Galya xola desa ham bo‘ladi.
— Antonina, Tonya desa ham bo‘laveradi, — o‘zini tanishtirdi mulat qiz. — U sizga sirayam o‘xshamaskan. Otasiga tortgan, shundaymi?
— O‘qib bo‘ldingmi? — uning gapini bo‘ldi Ilya.
— O‘qiyapman, — dedi Anjela Devis va onasiga murojaat qildi: — Siz “Makdonalds”ga borib turishni yaxshi ko‘rasizmi?
Galina Vasilevna yana jilmaydi:
— Uni yaxshi ko‘rish mumkinmi?
— Agar pul bo‘lsa — mumkin, — tushuntirdi mulat qiz. — Men kecha buvimga aytdim: “Pul ber” deb. U bo‘lsa: “Fohishaxonaga bor” dedi. “O‘zing bora qol” dedim men. Boshimga qasqon bilan qarsillatib tushirib qolsa bo‘ladimi. Ko‘zimdan o‘t chaqnab ketdi. G‘urrani qarang, mana, ushlab ko‘ring-a.
Anjela Devis boshini engashtirdi.
Lekin Galina Vasilevna uning boshiga qo‘l tekkizmadi, faqat so‘radi:
— Buvingiz bilan yashayapsizmi?
— Hozircha yashayapmiz, — dedi qiz boshidagi g‘urrasini o‘zi paypaslab. — o‘zini otsa, bir o‘zim yashayman.
Galina Vasilevna jilmayib qo‘ydi:
— Onangiz-chi? Ota…
— Onam — Estoniyada. U yoqda uning eri va bolasi bor. Oppoqqina. Otam bo‘lsa Afrikada. Xurmo daraxtiga tirmashib yuribdi… — Anjela Devis o‘ylanib qoldi, nimadir esiga tushib, boshiga shapatiladi va og‘riqdan chinqirib yubordi, chunki g‘urrasiga tegib ketgandi, keyin qichqirdi: — Voy, men hali matematikani ko‘chirishim kerak-ku!
O‘n to‘qqizinchi bob
JINOYaT VA JAZO
1
Darsga qo‘ng‘iroq chalinib, o‘g‘li sinfga kirib ketgach, Galina Vasilevna bo‘mbo‘sh xollda devor yonidagi stulga o‘tirdi-da, sumkasidan chala to‘qilgan buyumni oldi, ko‘zoynagini burniga qo‘ndirdi. Lekin hali ishni boshlamay turib, yerga to‘shalgan kafel ustida “taq-tuq” qilib kelayotgan oyoq tovushlarini eshitdi. Darsga shoshayotgan Gelya burchakdan chiqib keldi. U sinf daftarini qo‘ltig‘iga qistirib olgandi. U qimmatbaho qizil tufli kiyib olgan, xushbichim kostyumda, sochini yaxshilab turmaklagan, did bilan bo‘yangan edi. Uni avval bilganlar hozir tanimay qolishlari turgan gap edi — “Sarskoye selo”dagi hayot uni butunlay o‘zgartirib yuborgandi. U hozir shunaqa xushro‘y ediki, go‘zal bo‘lib tug‘ilgan Galina Vasilevna shu damda uning oldida ip esholmasdi.
Gelya qadamini sekinlatdi, devor yonida o‘tirgan ayolga o‘ychan va hayron bo‘lib qaradi-da, sinfxonaga kirib ketdi.
Boshini egib olib, ko‘zoynagi ustidan qarab turgan Galina Vasilevna uni o‘ychan va hayratomuz nigohi bilan kuzatib qoldi.
2
— Xo‘-o‘sh, bezorilar, dars qoldiruvchilar, dangasalar, “ikkichi”lar? — deya Gelya sinfdagilar bilan odatiga ko‘ra quvnoq salomlashdi. Jurnalni stolga qo‘ydi va Anjela Devisning yonida o‘tirgan Ilyaga ko‘zi tushdi. Qoshlarini chimirib, so‘radi:
— Yangi o‘quvchi paydo bo‘ptimi?
Ilya o‘rnidan turib o‘zini tanishtirdi:
— Sergey Nechayev.
Gelya jurnalni qo‘liga oldi, lekin Ilya uning berajak savoliga oldindan javob qaytardi:
— Biz kechagina ko‘chib keldik, men hujjatlarimni rasmiylashtirishga ulgurmadim.
— Ko‘chib kelasolib darrov maktabga yuguribsiz-da? Qoyil. Agar sir bo‘lmasa, qayerdan? — Gelya do‘stona va bir ozgina kinoya bilan gapirardi. O‘quvchilar bilan muomalada uning odati shunday edi.
— Chechenistondan, — dedi oddiy qilib Ilya.
Gelyaning yuzi ma’yus, hatto fojiali tus oldi.
— O‘tiring, Seryoja, — dedi Gelya sekingina.
Ular gaplashayotgan jarayonda Anjela Devis qo‘lini ko‘tardi. Gelya jilmaydi:
— Xo‘sh?
Anjela Devis o‘rnidan turdi va barmog‘i bilan ko‘ksidagi nishonga ishora qildi.
— Xo‘sh, endi sizni qanday ataymiz? — kinoya bilan so‘radi o‘qituvchi.
— Anjela Devis. — Mulat qizga o‘zining yangi ismi juda yoqayotganga o‘xshardi.
Gelya hayron bo‘ldi:
— Anjela Devisni qayerdan bilasan?
Qiz noz-karashma bilan:
— Bir kishidan eshitdim, — dedi.
Sinfda qulgi ko‘tarildi.
— Biror narsa so‘ramoqchimisan? Anjela Devis…
— Men kecha Balzakni o‘qidim, — deya qiz gapira boshlagandi, o‘qituvchi uni to‘xtatdi.
— Rostdanmi? Quloqlarimga ishonmayapman. Kitob o‘qiy boshladingmi? Voy-bo‘y, o‘rmonda bo‘rilar qirilib bitgandir…
— Bo‘rilar soppa-sog‘, — tinchlantirdi Anjela Devis. — Buni men taqvimning varag‘ida o‘qidim. Meni buvim uyga qamab qo‘ygandi. Televizor buzilgan, magnitofonning batareykasi ishdan chiqqan. Uyqum kelmadi. Shunda men taqvimning varag‘ini yirtib oldim va…
— O‘qidingmi?
— O‘qidim.
— Butun varaqni-ya?
— Yo‘q, faqat birinchi jumlani.
O‘qituvchiga qo‘shilib butun sinf kulib yubordi.
— Xo‘sh, o‘sha qanaqa jumla ekan?
Anjela Devis esiga tushirish uchun o‘ylanib oldi-da, dedi:
— “Har qanday katta mol-mulkning negizida jinoyat yotadi”.
Gelya jilmaydi, nigohi bilan sinfni aylanib chiqdi va so‘radi:
— Sizlar nima deb o‘ylaysizlar?
Ilya darhol qo‘lini ko‘tardi.
— Sergey… Familiyangiz? Kechirasiz, esdan chiqardim.
— Nechayev.
— Sergey Nechayev. Ha, Seryoja…
— “Har qanday katta mol-mulk negizida jinoyat yotadi”, — bu fikrning allaqachon siyqasi chiqqan. Lekin uning oddiy yechimi ham bor. Har bir ayrim olingan voqeada bunaqa jinoyat jazo bilan bog‘lanadi. — Ilya juda xotirjam va dadil gapirdi.
— Voy-bo‘y, mana qanaqa so‘zlarni bilamiz biz! — hayron bo‘ldi qo‘shni partada o‘tirgan barzangi valakisalang. — Sen o‘zi rusmisan, chechenmisan?
— Chechenman, — dedi Ilya.
— Unda men motman, — ikkala qo‘lini ko‘tardi valakisalang.
— Bo‘ldi qilinglar! — jerkib berdi o‘qituvchi. — Nima farqi bor: kim rus, kim chechen? Albatta, jinoyat jazosiz qolmaydi. Buni Dostoyevskiy o‘zining “Jinoyat va jazo” romanida juda zo‘r isbotlagan…
Ilyaning peshonasi tirishdi:
— Aksincha, Dostoyevskiy hech narsani isbotlamagan. Raskolnikov o‘g‘irlanganni tortib olmoqchi edi. Agar Dostoyevskiy uni o‘ziga o‘xshatib vosvos va telba qilib emas, balki es-hushi joyida va sovuqqon, og‘ir-vazmin odam qilib tasvirlaganda edi kampirni o‘ldirishga hojat qolmasdi.
— Va to‘g‘ri qilgan bo‘lardi, — qo‘llab-quvvatladi bolalardan biri.
Sinfda kulgi ko‘tarildi. Gelya yangi kelgan bolaga qiziqsinib qaradi.
— Dostoyevskiy yana kampirning singlisini ham juvonmarg qiladi. Keyin esa uddaburro tergovchini o‘ylab topadi. Bunaqasi esa bo‘lishi mumkin emas. Tergovchi — bu militsioner. Militsionerning bunaqa dono va uddaburro bo‘lganini qayerda ko‘rgansiz? Bularning hammasi bitta maqsadga qaratilgan: bechorahol va kasal talabani jinoyatchi qilib ko‘rsatish… Dostoyevskiy avvalo javobni o‘ylab topgan, keyin vazifani unga bo‘ysundirgan.
— Mening esa, umuman shu Dostoyevskiydan ko‘nglim ayniydi, — deya quvvatladi Ilyani o‘quvchi qiz — ko‘rinishidan a’lochi bo‘lsa kerak.
— Ammo, to‘xtang Sergey, — dedi tabassum bilan Gelya. — Siz o‘zingizga o‘zingiz qarshi chiqyapsiz-ku! Bu holda jinoyat bilan jazoning qanday bog‘liq bo‘lishi haqida gapirish mumkin?
— Ijtimoiy bog‘liqligi haqida.
— Masalan?
— Masalan, 1917 yil. Ulug‘ Oktyabr inqilobi.
Gelya bosh irg‘adi:
— Tushundim. Siz Rossiyada inqilob bo‘lish muqarrar edi, deb hisoblaysizmi? Xo‘sh…
— Inqilob o‘sha minglab katta mol-mulklarga bog‘liq bo‘lib, jinoyat aynan o‘shalar negizida yotardi. Miqdor sifatga aylandi. Minglab alohida-alohida jinoyatlar bitta katta jazoni vujudga keltiradi.
Ayni chog‘da sinf ikkiga, lekin o‘qituvchining yonini oluvchilar bilan yangi bolani yoqlovchilarga emas, balki, bahsni kuzatuvchilar bilan Gelyani kuzatuvchilarga bo‘lingan edi. Bular asosan qizlar edi. Ular Gelyaning qornidan ko‘z uzishmas va jo‘shib shivirlashardi.
Gelya yangi o‘quvchi bilan bahsga shu qadar berilib ketgan ediki, hech narsani sezmasdi ham.
— Ya’ni, siz demoqchisizki… — Gelya peshonasini tirishtirdi, yangi bolaning fikrini ilg‘ashga urinardi.
— Men demoqchimanki, Rossiyada yangi inqilob bo‘lishi muqarrar.
O‘qituvchi qattiq kuldi:
— Qanaqa inqilob, Seryoja? Inqiloblar davri allaqachon o‘tib ketgan. Ko‘chalarda bir yurib ko‘ring: Odamlar sayr qilib yurishibdi, sevishishyapti, teatrlarga borishyapti…
Ilya iltifotli jilmaydi:
— Inqilobiy askarlar va dengizchilar qishki saroyni egallashayotganda, operada Shalyapin qo‘shiq aytayotgandi.
— Jin ursin inqilobni ham! — xitob qildi Gelya. Asabiylashgani sezilib turardi. — Inqilob — bu qon to‘kilishi, bu begunoh qurbonlar…
— Inqilob qurbonlari begunoh bo‘lmaydilar… Bu ayrim jinoyatlar uchun umumiy jazodir.
— Xo‘p, mayli, bolalar-chi? — aftidan Gelyaning bardoshi tugab borardi. Xo‘sh, bolalarning gunohi nimada?
— Bolalar otalari uchun javob beradilar.
— Onalari uchun ham! — qichqirdi Anjela Devis, yana kulgi ko‘tarildi. Hamma kuldi, o‘qituvchidan tashqari.
— Sizni o‘sha Chechenistoningizda juda yaxshi o‘qitishgan ekan-da, — o‘ychan dedi Gelya va eshikka yo‘naldi.
— Bu — mustaqil o‘qish, — dedi Ilya.
Gelya eshikni ochib dahlizga qaradi. Narsa to‘qib o‘tirgan ayol ketib bo‘lgan edi. O‘qituvchi stol yoniga qaytib keldi va yangi bolaga diqqat bilan qaradi. Uning ko‘zlarida ochiq istehzo bor edi.
— Siz hali bolalar ko‘zyoshi haqida ham gapirarsiz, — dedi sekin Ilya.
— Gapiraman! — asabiy dedi Gelya. — Dostoyevskiy faqat buyuk rus yozuvchisigina emas. Payg‘ambar hamdir! U Rossiyada yuz million qurbonlar bo‘lishini aytgandi. Uning bashorati to‘g‘ri chiqdi!
Ilya kuldi va achinish bilan o‘qituvchiga qaradi.
— Dostoyevskiy — buyuk mug‘ombir edi. U hatto tutqanoq kasalini o‘ylab topgandi — payg‘ambarga o‘xshash uchun-da! Ma’lumki, epilepsiya, ya’ni tutqanoq irsiy kasallik bo‘lib, nasldan-naslga o‘tadi. Ularning urug‘ida esa, oldin ham, keyin ham bunday kasallik bilan hech kim og‘rimagan. Uning yuz millioni — oddiygina to‘liq raqam, osmondan olingan, vasvasa, xolos. Lekin statistika mavjud. So‘nggi bir necha yil ichida mamlakatimizda umr ko‘rish o‘n yilga qisqardi. Bu bir vaqtning o‘zida sakson million kishini otishga tengdir. Bunga ayni shu yillar ichida giyohvandga aylangan bangilarni ham qo‘shish kerak. Ular ertaga “otib tashlanadi”. Ehtimol, sizning payg‘ambaringiz ana shu yuz millionni nazarda tutgandir. Bolalar ko‘zyoshiga kelsak, sizga to‘rt million boquvchisiz bolalarni esdan chiqarmaslikni maslahat beraman…
Ilya joyiga o‘tirib, tirjaygancha o‘qituvchining ko‘ziga qarab turaverdi.
— Men tushunmayman, — dedi o‘zini yo‘qotib o‘qituvchi.
Ilya qo‘llarini yoydi:
— Rossiyada yangi inqilob bo‘lish muqarrar.
Sinf larzaga keldi. U butunlay Ilya tomonida edi.
— Ura! Inqilob!
— Qishki saroyni olamiz!
— Qishkini emas, Kremlni! Ur-ra!
— Lekin sizlar sovet hokimiyati davrida yashab ko‘rmagansizlar. Men esa yashaganman. — Gelya o‘quvchilarni es-hushli bo‘lishga chaqirishga urindi, lekin ular quloq solishmadi.
— Siz yashadingiz, bizni yashashimizga qo‘yib bering!
— Jim bo‘-ling-lar!!! — baqirdi Gelya va stolga qo‘lini uch marta taqillatib urdi.
Sinf jim bo‘lib qoldi. O‘quvchilar hayron bo‘lib o‘qituvchiga qarab qolishdi. Uni hech bunaqa holatda ko‘rishmagandi. Va birdan farishta chehrali, bolalarcha tiniq ko‘zli bir qiz o‘rnidan turib, baland toza ovozda so‘radi:
— Angelina Georgiyevna, bo‘yingizda bo‘p qoldimi?
Gelya tushunmadi. O‘quvchilar esa hammasini tushunishdi.
— Homilador, homilador, homilador… — der edi ular, o‘qituvchining qornidan ko‘z uzmay, kulishardi, qah-qah urishardi — oshkora, tahqiromuz.
— Zoti pastlar! Tentaklar! Badbaxtlar! — jazavaga tushib baqirdi Gelya va sinfdan qochib chiqdi.
Shu voqeadan keyin Gelya maktabga boshqa kelmadi, o‘zining “tsarskoye selo”sidan chiqmay yashadi. Qizig‘i shundaki, o‘quvchilar bundan sira afsuslanishmadi va o‘zlarining sevimli muallimlarini qariyb eslamadilar ham.
Yigirmanchi bob
DON BO‘YIDA
Ular uchrashuv joyini shahar tashqarisida, Don daryosi sohilidagi tashlandiq pioner oromgohida belgilashdi. Daryodan yengil shabada esardi.
Anjela Devis kvadrat shaklidagi taxta supacha ustida qorni bilan cho‘zilib yotgancha, oyoqlarini havoda likillatib “Po‘lat qanday toblandi”ni o‘qirdi. U cho‘milish kiyimida bo‘lib, o‘zini oftobda toblayotgan qilib ko‘rsatardi.
Kim pastda, kvadrat yoni bo‘ylab naridan-beri yurib, o‘zicha nimadir deb bidirlar, qo‘lidagi risola kitobcha bilan boshiga “paq-paq” tushirib qo‘yardi.
Ilya sal nariroqda edi. U tennis to‘pini chilvir bilan akatsiya daraxti shoxiga bog‘lab qo‘yganicha, koptokchaga musht tushirar, u qaytib kelayotganda yuzini olib qochar, goh o‘ngga, goh chapga engashib zarbaga chap berar, ayni paytda ko‘zini yummaslik va hatto kiprik qoqmaslikka harakat qilardi.
Don ortiga cho‘kayotgan oftob kattalashib borardi. Birdan daryoning u tomonida nimadir gumburlab portladi. Seskanib tushgan Ilya koptokchani o‘tkazib yubordi va u peshonasiga kelib urildi.
— Jin ursin, — dedi alam bilan Ilya va kulgi eshitdi.
Kulayotgan Kim edi. U Ilyaga qarab kular, kulgisi beg‘araz edi. Anjela Devis kitobdan boshini ko‘tarib, yelkasi osha hayratlanib qarab turardi.
— Qo‘rqdingmi? — so‘radi Kim. — Bu brakonerlar, baliq ovlashyapti. Dinamit portlatib, baliqni garanglatib ovlashadi. Bultur men ham o‘g‘rincha ovchilik qilganman. Oyimga ikki yil oylik to‘lashmadi, hamma narsamizni sotdik, quruq makaron yeb kun ko‘rardik. Singlim makaronni yemasdi, u raqqosa bo‘lishni orzu qilardi. Shunda men ham o‘g‘rincha baliq ovlash bilan shug‘ullandim. O‘zimiz baliq yeydigan, yana sotadigan ham bo‘ldik. Singlim esa shunaqayam raqs tushadigan bo‘ldiki… Baliq juda foydali!
— Portlatgichni qayerdan olarding? — so‘radi Ilya qovog‘ini uyib.
— E-e, dinamitnimi! Bizning bozorda atom bombasini ham sotib olish mumkin-ku!
Ilyani atom bombasi qiziqtirmasdi.
— Yodladingmi? — so‘radi qat’iy.
Kim bosh irg‘adi.
— Javob ber, — dedi Ilya.
— Bu… — dedi ko‘zini yumganicha duduqlanib koreys. — Birinchi zarba: 1944 yil yanvarda…
— Qattiqroq gapir! — talab qildi Ilya.
— Birinchi zarba. 1944 yil yanvarida. Leningrad ostonasida, — dedi baland ovozda Kim va yana bo‘shashib, eshitilar-eshitilmas davom etdi: — Ikkinchi — O‘ng sohil Ukrainaning ozod qilinishi. Uchinchi zarba… Bu… haligi… Nimaydi… — Kim gangib, tutilib qoldi.
— Uchinchi stalincha zarba. Qirq to‘rtinchi yilning aprel — may oylari. Qrimning ozod qilinishi. 4-Ukraina fronti. Armiya generali Tolbuxin, — kesib-kesib gapirdi Ilya va Kimga tikildi: — To‘rtinchi?
— To‘rtinchi… — takrorladi safdoshi.
Keskin vaziyat vujudga keldi. Xuddi shu payt Anjela Devis kulib yubordi, avvaliga sekin kuldi, keyin qahqaha urib kuldi. U hatto ag‘darilib, chalqancha yotib oldi va oyoqlarini silkita boshladi, shu qadar kulgili edi-da. Qizga boqib Kim kaftiga tufladi-da, Ilyaga gunohkorona qarab qo‘ydi. Ilya avvaliga qovog‘ini uydi, keyin tirjaydi.
Anjela Devis oyoqlarini osiltirib o‘tirib oldi-da, tushuntira ketdi:
— Kulgili. Pavka qanday qilib popning xamiriga latta-putta qo‘shgani…
Kim hihiladi. Ilya bo‘lsa quloqlariga ishonmadi.
— Pavka qanday qilib popning xamiriga latta-putta qo‘shgani? Axir bu… ikkinchi betda-ku… — dedi jahli chiqib Ilya, qizning yoniga keldi. — Sen… sen tugallayapman, deganding-ku…
U qizning qo‘lidan qizil kitobni tortib oldi.
— Ha, tugallayotgan edim! Men birinchi betni tugallayotgan edim! — dedi baland ovozda e’tiroz bildirib Anjela Devis va xafa bo‘lib, orqasiga o‘girilib oldi.
— Ji-in… Jin ursin sizlarni, — dedi sarosimaga tushib Ilya, nigohini qizdan olib koreysga qararkan. — Sen o‘nta stalincha zarbani yodlay olmasang… Sen bo‘lsang… Sen “Po‘lat qanday toblandi”ni o‘qiy olmasang. Bunaqada hech qachon kommunist bo‘lolmaysizlar! — baqirdi u.
Safdoshlar gunohkorona bosh egishdi. Ilya Nikolay Ostrovskiyning kitobini boshi uzra baland ko‘tarib, xitob qildi:
— Bu, axir, buyuk kitob, tushunasizlarmi?!
Kim “tushunaman” deganday bosh irg‘adi.
— Tushunmayman, — samimiy va surbetlarcha tan oldi Anjela Devis. — Nimasi buyuk uning?
— Hammasi! Tushunasanmi, hammasi! — baqirdi Ilya. — Har bir sahifa, har bir satr, har bir so‘z! Mana, sen kulayapsan: Pavka popning xamiriga latta qo‘shdi deb, shundaymi?
— Shunday.
— Qanaqa xamirga?
Anjela Devis yelkasini qisdi.
— Pasxa xamiriga! Xo‘sh, pasxa xamiri nimaligini bilasanmi, o‘zi?
Anjela Devis bilmasdi. Kim esa bilardi.
— Bu-chi, Pasxa bayramiga kulich1 pishirish uchun tayyorlanadigan xamir degani. Oyim pasxa bayramiga hamisha kulich pishiradi. Xamirni shirin qilib tayyorlashadi, — hayajon bilan javob berdi Kim.
— Bunday xamir nimani anglatadi, bilasizlarmi? — faxr bilan davom etdi Ilya. — Isoning tanasi — mana nima! Bu xudoning tanasi demak! Pavka xudoga lattani qo‘shib yuborgan! Shuning uchun ham pop rosa g‘azablanadi, shu bois Pavkani maktabdan haydab yuborishadi… Endi esa, bir o‘ylab ko‘ringlar-a, “Po‘lat qanday toblandi” nega ana shu voqeadan boshlanadi? Chunki, kommunist birinchi galda xudoni rad etishi lozim. Bu — birinchi. Eng muhimi — shu. Shundan keyin boshqalari.
— Nima boshqalari? — o‘jarlik bilan so‘radi Anjela Devis.
— Masalan, sevgi. Inqilobni deb u sevgidan ham voz kechadi. Tonya Tumanovani eslang… Tuf, jin ursin, sen bu yog‘ini o‘qimagansan-ku! Darvoqe, Xudoga ishonasizlarmi o‘zi?
Anjela Devis junjikib gapira boshladi:
— Bir kuni buvim menga shunday dedi: “Agar cherkovga boradigan bo‘lsang, bo‘yningni uzaman”. O‘shanda men shartta o‘rnimdan turdim-da, yo‘lga tushdim. Qarshimdan Irka Muxina chiqib qoldi. “Qayoqqa ketayapsan?” — “Cherkovga” dedim. “Borma” dedi. Men bir safar imtihonlar oldidan borgandim. Yordam berar deb o‘ylovdim. Lekin meni pop uyiga taklif qildi. “Video” ko‘ramiz, deydi. Men esa shartta orqamga burilib jo‘navordim…
— Sen-chi? — so‘radi Ilya Kimdan.
U chaynaldi va hijolat bo‘lib tan oldi.
— Oyim bilan singlim cherkovga qatnashadi.
— O‘zing-chi? — turib oldi Ilya.
— Nima, men ahmoqmanmi? — xafa bo‘ldi Kim.
— Demak, xudoga ishonmaysizlar, — yakun yasadi Ilya va kutilmagan xulosa chiqardi. — Bu — yomon. Agar ishonganlaringda yaxshi bo‘lardi. Keyin esa… Pavkaga o‘xshab… u avval Tangri taologa toat-ibodat qilib, so‘ngra popning xamiriga latta qo‘shib kommunist bo‘lgan edi… Xuf… “Bib… “Bibliya”da shunday yozilgan: “Boshingizdagi sochingiz sanab qo‘yilgan”. Buni o‘qigach, men to‘g‘ri sartaroshga bordim, sochimni butunlay oldirib tashladim! Ho, u sochlari ham sanab qo‘yarmish! Xo‘sh, million-million odamlarni gaz o‘choqlariga haydab, kuydirib kul qilganlarida u nima qilgan edi? Soch sanaganmidi? Yoki odamlarning qanday jizg‘anak bo‘lishini tomosha qilganmidi? — Ilya gapirar ekan, hayajonlanar, rangi oqarib ketgandi. Safdoshlar unga hayratlanib, bir oz qo‘rqib qarab turishardi. Ilya buni sezib, kulimsiradi: — Bizning xudomiz — Inqilob. Inqilob jazolash uchun keladi. Biz g‘alaba qozongach, birinchi dekretimiz bilan bu so‘zni taqiqlaymiz.
— Qaysi so‘zni? — tushunmadi Kim.
— “Xudo” degan so‘zni.
— Unda bu so‘zni devorlarga yozishadi, — dedi Anjela Devis.
Ilya quvnoq, yayrab kuldi:
— Ura! Uni devorlarga yozishadi! Haqorat so‘zday! Bu bizning to‘la g‘alabamiz bo‘ladi! To‘rt harfdan iborat so‘z, ma’nosi esa hech o‘zgarmaydi! Hammasi juda oddiy — xudo yo‘q! Xudo yo‘-o‘q! — Osmonga qarab baqirardi u.
— Xudo yo‘q! — uni qo‘llab-quvvatladi Anjela Devis.
— Xudo yo‘q! — rozi bo‘ldi Kim.
— Xudo yo‘q! Xudo yo‘q! Xudo yo‘q! — bo‘kirardi ular boshlarini orqaga tashlagancha, qo‘llarini ko‘kka o‘qtalib. Anjela Devis bo‘lsa hatto bayroq qadaladigan uzun temir xodaga maymunga o‘xshab tarmashib chiqishga ham urinib ko‘rdi.
— Xu-do yo‘-o‘q! — deya jo‘r bo‘lardi ular.
— Yo‘q-yo‘q-yo‘q… — deya aks-sado berardi ularning ovozi sobiq kashshoflar oromgohi ustida, daryo uzra…
Yoshlarning bu qiliqlari ularni shu qadar quvontirgan, to‘lqinlantirgan ediki, zo‘rg‘a o‘zlarini bosib oldilar. Sal o‘zlariga kelgach, taxta supachada oyoqlarini osiltirib o‘tirib quyoshni kuzata boshladilar. Oftob esa Don ortiga botishdan voz kechib, to‘g‘ri daryoning o‘ziga cho‘ka boshladi va suvni qizartirib yubordi.
Yigirma birinchi bob
PRIDONSKDA ShOV-ShUV BO‘LADI
Ota ishshaygancha qo‘lini cho‘zib taklif qildi:
— Xo‘p, tinchlik, mehnat, may?
O‘g‘il sal paysalga solib, nihoyat kaftini cho‘zdi.
— Allaqachon shunday bo‘lishi kerak edi, — deya sharhladi yarashish jarayonini ona.
Voqea “Oktyabr” kinoteatrining tomosha zalida, kino boshlanish oldidan bo‘lib o‘tdi. Yarashib olishgach, Pechenkinlar oilasi oxirgi qatordan joy oldi. Qoniqish hosil qilgan Vladimir Ivanovich o‘rtada, ko‘ngli tinchigan Galina Vasilevna o‘ngda, o‘z his-tuyg‘usini sira ifodalamayotgan Ilya chap tomonda o‘tirardi. Zalda chiroq o‘chdi, hind musiqasi yangradi — film “Daydi” deb atalardi. Pechenkin hovliqib qo‘llarini bir-biriga ishqadi, taxta o‘rindiqda bir qimirlab qo‘ydi, boshini qimirlatdi.
— Sen hali ko‘rmaganmisan? — so‘radi o‘g‘lidan.
— Eshitganman , — dedi Ilya to‘ng‘illab, keyin o‘yladi-da, qo‘shib qo‘ydi: — yuz martacha…
Pechenkin ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘tardida nasihatomuz ta’kidladi:
— Yuz marta eshitgandan ko‘ra, bir bor ko‘rgan afzal.
— Ba’zan otamiz jiddiy gaplarni aytadi, — kinoya bilan izohladi Galina Vasilevna.
Kino voqealari qizigandan qizib borardi. Aftidan, Ilya ham qiziqib qolganga o‘xshardi. Vladimir Ivanovich unga ko‘z qirini tashladi-da, ehtiyotlik bilan o‘z kaftini xotinining tizzasiga qo‘ydi.
Galina Vasilevna xo‘rsinib qo‘ydi, bir ozdan so‘ng eriga shunday bir ohangda, ham yumshoq, ham qat’iyatli tarzda murojaat qildiki, bunday murojaat har qanday bo‘lmaydigan ishni ham bo‘ldirishi turgan gap edi:
— Volodya…
Pechenkin bu ohangni yaxshi bilardi, qovog‘ini uydi-da, xotinini to‘xtatishga shoshildi.
— Yanami? Men senga aytganman — Nilichni xafa qildirib qo‘ymayman!
Filmning ovozi xirilladi. Noil uni sal balandlatib qo‘ydi. Endi bor ovoz bilan gapirsa ham bo‘laverardi.
— Nilich, — deya davom etdi Pechenkin, xuddi shu payt ichki eshik ochilib, zal zimistoniga tashqaridan yopirilgan sariq nur bilan birga Sedoy kirib keldi.
— O, Nilich! — g‘ayritabiiy quvondi Pechenkin. — Bizning yonimizga kelaqol!
Sedoy to ko‘zi zulmatga o‘rganguncha to‘xtab turdi-da, so‘ng engashib Pechenkinlar tomon yurdi.
— Chipta oldingmi? — hazillashdi Vladimir Ivanovich.
— Men mavsumga olganman, — dedi Sedoy o‘sha ohangda va Ilyaning yoniga o‘tirdi.
— Salom, Ilya Vladimirovich, — shivirladi baland ovozda Sedoy. Lekin Ilya alik olmadi.
— Volodya… — yana boyagi yumshoq ohangda davom etdi Galina Vasilevna. Pechenkin buni kutmagan edi, u Sedoy tomonga bir qarab oldi-da, xotinining nigohini uchratib, juda muhim xabarni aytdi:
— Mizeri kelayapti!
— Kim? Nima? — tushunmadi Galina Vasilevna.
— Mizeri bizning Pridonskka kelayotir! — takrorladi Pechenkin dona-dona qilib.
— Mizeri? — o‘ylab qoldi Galina Vasilevna.
— Mizeri! — zavq bilan takrorladi Vladimir Ivanovich. — Pridonskda rosa shov-shuv bo‘ladi-da! U qayerga borsa shovqin ko‘tariladi! Yoki inqiroz bo‘ladi… Ha, aytmoqchi, u Indoneziyani tashlab ketdi. Buni hamma biladi, lekin hech kim gapirmaydi.
— Bizlarga nima uchun kelyapti? — qiziqdi Galina Vasilevna.
— Nimaga, nima uchun? Baliq sho‘rva ichgani! — dedi qoni qaynab Pechenkin.
— Rostdanmi? — ishondi Galina Vasilevna.
Vladimir Ivanovich ranjiganidan alam bilan bir kaftini o‘z tizzasiga, ikkinchi kaftini xotinining tizzasiga urdi.
— Jozef Mizeri? — hayratlandi Galina Vasilevna. U amerikalik bu milliarderni, moliya magnati va filantropni yaxshi bilardi, albatta. Lekin o‘z rejalari tashvishida bo‘lib, darrov eslay olmadi.
— Jozef Mizeri? — takrorladi Pechenkin xotinining g‘ashiga tegib. — Esladingmi, nihoyat… Sen ham mening arxarovchilarimga o‘xshaysan. Yaxshisi, deyishadi ular, tinch, zavodda kutib olamiz, bir baliq sho‘rvaga to‘ydiramiz… Frantsuzni sal qoldi o‘ldirishlariga, qizitaloqlar.
Galina Vasilevna peshanasini tirishtirdi:
— Volodya, so‘kinma…
— Men so‘kinayotganim yo‘q, — davom etdi qizishib Pechenkin.
— Qayerda? — so‘radi to‘satdan Galina Vasilevna.
— Nima — qayerda? — tushunmadi Vladimir Ivanovich.
— Uni qayerda kutib olasizlar?
— “Parij sirlari”da.
— Nima, sen uni ochganmisan?
Pechenkin diqqat bilan xotiniga qaradi:
— Nima balo, Galya? Uni ochganimga bir yil bo‘ldi-ku!
Galina Vasilevna gunohkorona jilmaydi:
— Kechirasan meni, “Arab oqshomlari” bilan chalkashtirib yuboribman.
“Parij sirlari” bilan “Arab oqshomlari” Pridonskdagi eng yaxshi restoranlar bo‘lib, tabiiyki, har ikkalasi ham Pechenkinga tegishli edi.
— Ha! — kuldi Vladimir Ivanovich, — Mizerini men “Arab oqshomlari”da kutib olaman. Eh, Galya, balosan!
Galina Vasilevna chuqur xo‘rsindi va yana o‘sha mayin, eritguvchi tovushda gapira boshladi.
— Volodya…
— Qaragin, qaragin! —uning so‘zini bo‘ldi Pechenkin barmog‘i bilan ekranni ko‘rsatib. — Lekin sen o‘z xotining nomusi oynasini chegalay olmaysan, ahmoq!
— Lekin sen o‘z xotining nomusi oynasini chegalay olmaysan, ahmoq! — takrorladi Pechenkin so‘zlarini hind ekrandan turib.
Vladimir Ivanovich huzur bilan kuldi.
Pechenkinning bunday xitobi va kulgisi faqat Galina Vasilevnanigina emas, Sedoyni ham to‘xtatdi. O‘tirgan joyida noqulay burilib, u Ilyaga gapirayotgan edi:
— Avvallari, albatta, or-nomus ko‘proq bo‘lardi. Partiya bileti shunga majbur qilardi. Uni, partbiletni naqadar qadrlashganini tasavvur ham qilolmaysan… Bizning boshqarmamizda bittasining kuchugi partbiletini yeb qo‘ygan edi. U bo‘lsa oldin kuchugini, keyin o‘zini… Hozir bo‘lsa… Partiya bileti yo‘q, nomus ham yo‘q…
Shu yerda Sedoy to‘xtashga majbur bo‘ldi, chunki Vladimir Ivanovich o‘z xotinining nomusi oynasini chegalash haqida gapirayotgan edi. Ekrandagi hind bo‘lsa to‘tiga o‘xshab uning gapini takrorladi. Pechenkin quvnoq va shumlik bilan Sedoyga ko‘zini qisib qo‘ydi. Keyin ayoliga burildi-da, kaftini uning qulog‘iga qo‘yib, quvlik bilan nimadir dedi.
Sedoy cho‘zib nafas oldi, Ilyaga ko‘z qirini tashladi va o‘z nutqini davom ettirdi:
— Albatta, oldinlari dollar degani nimaligini biz bilmasdik. Men uni qo‘lim bilan ushlab ko‘rganim yo‘q. Men, albatta, hozir o‘sha paytdagiga nisbatan ancha boyman… E, bu boylik nima degan gap! Muhimi, ishonch bor edi! Ertangi kunga ishonch — har qanday puldan a’lodir.
Ilya ekrandan ko‘zini oldi va Sedoyga ilk bora qarab, so‘radi:
— Xo‘sh, ichburuq-chi?
— Ichburuq — nima ichburuq? Buning uchun dori-darmon bor. — Sedoy samimiy va jiddiy gapirardi.
Pechenkin qo‘lini tushirib, savol nazari bilan xotiniga qaradi. Galina Vasilevna ham unga savol nazari bilan razm soldi. U erining o‘z qulog‘iga shivirlaganidan hech narsa tushunmadi.
— Mizeri ham “Uch laqqa”da o‘rgangan! — dedi baland ovoz bilan Pechenkin. Gaplarini Ilya eshitayaptimi, yo‘qmi, parvo ham qilmasdi. Galina Vasilevna hamon unga savol nazari bilan qarab turardi — bugun negadir hech narsa tushunmasdi.
Ilya, ehtimol, otasining gapini eshitmasdi, chunki Sedoyni tinglayotgan edi. Sedoy esa o‘yga toldi-da, o‘tgan hayot foydasiga yana bir misol keltirdi.
— Avvalgi kosmonavtlar — haqiqiy fazogirlarga o‘xshardi. Gagarin! Titov! Tereshkova! Hozir esa… e, nimasini aytasan…
Keyingi bir necha daqiqa davomida to‘rttalasi ham ekrandan ko‘z uzmay o‘tirishardi. Yo filmga berilib ketishdi, yoki bema’ni suhbat jonlariga tekkan edi.
Galina Vasilevna xo‘rsinib, yana o‘sha hayajonli gapini boshladi:
— Volodya, sen merosni rasmiylashtirishing lozim.
— Mening hali-beri o‘lgim yo‘q, — dedi Pechenkin.
— Hech kim o‘lmoqchi emas.
— Hech kim o‘lmaydi ham.
— O‘lim haq. Hamma o‘ladi.
Pechenkin jim edi. Galina Vasilevna sabr bilan kutardi. Lekin u javob berish o‘rniga cho‘ntagidan pista oldi-da, chaqa boshladi.
— Sening bittagina o‘g‘ling bor, endi boshqa bo‘lmaydi.
Bu juda ishonchli dalil edi.
— Moskva — uchinchi Rim, nima, to‘rtinchisi bo‘lmaydimi? — Bu munosib javob edi. Vladimir Ivanovich mag‘rurona kuldi.
— Rostini ayt, o‘g‘lim, meni nega yomon ko‘rasan? — Sedoy Ilyaga tikilgancha javob kutardi.
— Chunki siz sotqinsiz, — dedi Ilya.
— Sekinroq, o‘rtoqlar! Kinoni ko‘rishga halaqit berayapsizlar, — ataylab ularning gapini bo‘ldi Pechenkin va ekranga tikildi. U boshqa hech narsani ko‘rishni ham, eshitishni ham, bilishni ham istamasdi.
Yigirma ikkinchi bob
MEN STALINNI TOBUTDA KO‘RGANMAN
Pridonsk shahar axlatxonasi Rossiya janubidagi eng yirik chiqindilar uyumidan biri edi. U juda mashhur, hatto “Vremya” dasturida ham ko‘rsatishgan edi. Bir kuni tund tong g‘ira-shirasida Ilya o‘z to‘dasi bilan shu axlatxonaga yetib keldi. Eski, sovun qutisini eslatuvchi, sariq rangli, birinchi modeldagi “Zaporojets” past-baland yo‘llardan inqillab-sinqillab zo‘rg‘a yetib keldi. Rulda Kim o‘tirardi. U “Zaporojets”ni bozorda Ilya bergan yuz dollarga sotib olgandi. Uning yonida o‘tirgan Ilya ko‘rimsiz tevarak-atrofni diqqat bilan kuzatib borardi. Anjela Devis orqada o‘tirgancha, koreys sabzisi to‘la chelakni oyoqlari orasiga qistirib olgandi.
— Shu yerda, — dedi buyruq ohangida Ilya, go‘yo umri bo‘yi “Zaporojets”da axlatxonalarga qatnab yurgan odamdek.
Kim birdan tormozni bosdi, Anjela Devis oldinga qalqib ketdi, chelakni zo‘rg‘a ushlab qoldi, so‘kindi.
— So‘kinma, — talab qildi Ilya. Shoshilmay, bamaylixotir mashinadan tushdi va yelkalarini to‘g‘riladi. Uning ko‘rinishi jiddiy, e’tiborli va hatto ahamiyatli edi. — Yoshlar va qashshoqlarni tashviqot qilish lozim, — dedi u mashina atrofida aylanarkan o‘rtoqlariga nasihat qilib, — keksalar tez orada o‘lib ketishadi, ular bilan ovora bo‘lishga vaqtimiz yo‘q. Boylarni esa targ‘ib qilish kerakmas, ular sotib olinadi yoki qo‘rqitiladi. Boylarning hammasi xasis va qo‘rqoq. Qancha badavlat bo‘lsa, shuncha qo‘rqoq va qizg‘anchiq bo‘ladi ular. Qarilar o‘lishdan qo‘rqqanday, ular ham kambag‘allashib qolishdan o‘lguday qo‘rqishadi. Bolalar o‘limdan qo‘rqmaydi, kambag‘allar qashshoqlashib qolishdan qo‘rqishmaydi. Ular kommunistlarning yangi jamiyatida bizlar bilan birga bo‘lishadi.
Shunday dedi-da, Ilya “Zaporojets”ning old qopqog‘i ustiga, keyin mashinaning tomiga chiqib oldi. Kim aftini burishtirdi, lekin norozilik bildira olmadi. Mashinaning tunuka tomi g‘ijirlab, egildi. Anjela Devis Kim bilan yonma-yon turar va o‘z dohiysiga havas bilan qarardi. Ilya gavdasini sal olg‘a tashladi, musht qilib qisilgan qo‘lini oldinga cho‘zdi-da, bor ovoz bilan hayqirdi:
— Yashasin Kommunizm!!!
Koreys bilan mulat qiz junjikib, bir-biriga qarab olishdi. Ilya bo‘lsa ularga e’tibor ham bermasdan axlatxona tashviqotini davom ettirdi:
— Yashasin mehnatkashlarning abadiy barhayot ta’limoti — marksizm-leninizm!. Yashasin barcha yo‘qsillar dohiysi o‘rtoq Lenin!
Hijolat tortganidan Kim boshini yelkalari orasiga tortdi, qisiq ko‘zlari battar qisilib ketdi. Anjela Devisning ko‘zlari esa, aksincha, yanada kengayib ketdi, og‘zi ochilib qoldi. U o‘girilib koreysga qaradi-da, sakrab qichqirdi.
— Yashasin o‘rtoq Kim Ir Sen!
— Meni aytayapsanmi? — hayron bo‘lib so‘radi Kim.
— Sen, albatta, boshqa kim bo‘lardi! — sho‘x javob berdi qiz.
— Yashasin Anjela Devis! — javoban qichqirdi Kim.
Ilya tepadan norozi bo‘lib qarab qo‘ydi, lekin tashviqotini davom ettirdi:
— Yashasin inqilobiy birdamlik! Yashasin barcha xalqlarning otasi — o‘rtoq Stalin!
Va birdan uchalasi orqadan xirillagan vaysaqi ovozni eshitishdi:
— Men o‘sha sizning Stalinni tobutda ko‘rganman.
Tashviqotchilar cho‘chib tushishdi, bir zum qotib turishdi, keyin o‘girilishdi. Ulardan bir necha qadam orqaroqda, odam basharali kimsa turardi. Uning yuzi kaltakdan shishib ketgan, kichik-kichik surbet ko‘zlari bilan o‘qrayib turardi.
Ilya bir amallab o‘zini bosdi va xayrxohlik bilan jilmaydi.
— Men o‘sha sizning Stalinni tobutda ko‘rganman, — dedi o‘jarlik bilan takroran notanish kimsa.
Unga hayratlanib qarab turishar ekan, tashviqotchilar shunga o‘xshagan o‘sha iflos, sassiq hid anqib turgan kishilar ularni o‘rab olishganini sezmay qolishdi. Qayoqdan paydo bo‘lishdi — tushunish qiyin. Nahotki tutab yotgan chiqindilar uyumi — axlatlar orasidan unib chiqishgan bo‘lsa… Yurakni ezuvchi sukunatda mashinaning tunukasi taraqlab qoldi. “Zaporojets” ustida turgan Ilya og‘irligini bir oyoqdan ikkinchisiga olgan edi.
— Sizlar otaliq yordami sifatida keldinglarmi yoki?.. — qiziqib so‘radi devday bomj1 ayol. U egniga qorako‘l yoqali qishki palto kiygan, fil kasaliga chalinib shishib ketgan oyog‘iga salafan o‘rab olgandi.
— Balki bular mentlardir? — taxminini aytdi boshqasi. Uning avval jinoyatchi bo‘lgani shundoq ko‘rinib turardi.
— Mentlar bunaqa bo‘lishmaydi, — dedi uning yonidagi kimsa Kim bilan Anjela Devisga ishora qilib.
— Bular “Najot armiyasi”dan kelgan amerikaliklar bo‘lsa kerak. Ular bultur ham kelishgandi, — o‘qituvchiga o‘xshab gapirdi ko‘zlari chaqchaygan ozg‘in ayol.
— Amerikaliklar “Zaporojets”da yurishmaydi. Ularda “Ford” bo‘ladi, — izoh berdi qo‘ltiqtayoqli chol.
— Ana ovqat, chelakda obkelishibdi, hozir tarqatishadi.
— U ovqatmas, gazak! — dedi ikkinchi qatorda turgan quvnoq bomj va “qah-qah” urib kuldi.
— Men o‘sha sizning Stalinni tobutda ko‘rganman, — o‘jarlik bilan takrorladi birinchi bo‘lib kelgan bomj va Ilyaning bu yerga nima maqsadda kelganini eslatdi.
— O‘rtoqlar! — tilga kirdi Ilya. — Bizlar yangi kommunistlarmiz. Bu yerga, sizning oldingizga hamma narsani o‘z joyiga qo‘yish uchun keldik. Bu nima degani? Bu degani shuki, sizlarni talagan, xonavayron qilgan odamlar sizlarning ahvolingizga tushishlari kerak. Sizlar esa ularning oziq-ovqat va kiyim-kechak to‘la uylariga ko‘chib o‘tishlaringiz lozim!
Bomjlar diqqat bilan tinglashardi.
— Shunday bo‘ladi. Sizga va’da beraman. Lekin hozir sizlardan bir narsani so‘ramoqchiman, — davom etdi Ilya. Uning ovozi dadillashib borardi. — Men sizlardan so‘ramoqchiman: sizlar kommunizmga ishonasizlarmi?
— Yer yutsin o‘sha kom… — to‘ng‘illadi birinchi bomj, lekin gapi chala qoldi. Chunki yonida turgan fil-ayol uni tirsagi bilan turtdi. Stalinni yer yutkizgan bomj “voy” dedi-da, turtki yegan biqinini silay boshladi.
— Sizlar kommunizmga ishonasizlarmi? — juda jiddiy takrorladi Ilya o‘z savolini.
Yanglishishdan qo‘rqqan bomjlar javob berishga shoshilishmasdi.
— Ishonamiz, — dedi nihoyat kimdir tortinib past ovoz bilan. Qolganlar uni baravar qo‘llab-quvvatlashdi.
— Ishonamiz, nega ishonmaylik!
— Men, masalan, avval ishonmasdim, endi ishonaman!
— Albatta ishonamiz!
— Biz hamma narsaga ishonamiz!
Aftidan, Ilya boshqa narsani kutmagan ham edi.
— Kommunizm — bu kimdir o‘ylab topgan yoki bekorchilikdan xohlagan narsa emas, — davom etdi u. — Kommunizm — bu g‘oya, hali yosh, unga endi yuz ellik yil bo‘ldi. G‘oyalar havoda uchib yuradi, deyishadi. Kommunizm g‘oyasi shu yer ustida aylanib yuribdi. O‘tmish sizga tegishli bo‘lganidek, kelajak ham siznikidir. Men sizlardan so‘ramoqchiman: o‘tgan hayotingizda kim bo‘lgan edingizlar?— Ilya barmog‘i bilan fil-ayolni ko‘rsatdi: — Siz kim edingiz?
Ayol butun og‘irligini bir oyog‘idan ikkinchisiga oldi, qovog‘ini uyib javob berdi:
— Men sotuvchi edim. “Madaniy mollar”da magazin mudiri bo‘lganman.
— Siz sovet savdosi xodimi bo‘lgansiz, — deya izohladi Ilya javobni va boshqa bomjni ko‘rsatdi.
— Armiyada praporshik edim, — dedi u.
— Siz Vatanni himoya qilgansiz! Siz kim edingiz?
— Maktabda ishlardim.
— Siz bolalarni o‘qitgansiz! Siz kim edingiz?
— Qozonxonada…
— Siz odamlarga issiq bergansiz. Sizchi?
— Shaxtyor.
— Siz mamlakat uchun ko‘mir qazigansiz! Siz kim edingiz?
— Kosmonavt, fazogir.
— Siz fazoni zabt etibsiz! — hayajon bilan xitob qildi Ilya va yomonlikni his etib tutilib qoldi. Ikkinchi qatordan past bo‘yli qoqsuyak bomj yovuzona qarab turardi. Uning siyrak sochlari tipratikan ignalarini eslatardi, koreys sabzisini gazak degan xuddi o‘sha edi.
Ilya dovdirab qoldi.
— Alkonavt edi u, kosmonavt emas. Alkash edi, alkashligicha qoladi! — dedi kimdir va bomjlar kulib yuborishdi. Ular xirillab, beso‘naqay, yosh va kasal bolalarday kulishardi. O‘zini kosmonavt degan xafa bo‘lmadi ham. Ilyaga tirjayib, zaharxandalik bilan qarab turardi.
Bomjlar to‘yib-to‘yib kulishdi, lekin Ilya jim turaverdi.
— Sen bizlarga yana kommunizm to‘g‘risida gapir, bolam, gapiraver, — erkalab dalda berdi qo‘ltiqtayoqli boboy. Lekin Stalinni tobutda ko‘rgan yana oraga suqildi.
— Ko‘rdim!!! — alamzada ingrandi u. — O‘shanda men Moskvada harbiy xizmatda edim. Uni dafn etishayotganda odamlardan to‘sib turardim. Tobuti hammanikiga o‘xshagan tobut edi. Faqat ustidagi qopqog‘i tiniq edi — xuddi samolyotdagi singari. Fonar! Ha, chiroq bor edi uning tobutida. Stalinning chirog‘i bor edi! Pleksiglas chiroq! Men uni o‘shanda ko‘rganman. Ko‘rdim! Ko‘rdim! Ko‘rdim! — Bomj o‘zini birdan orqasiga tashladi va yotib olib yerni mushtlay boshladi. U gaplariga ishonishmagandan alam qilib, yerga musht urar, tepinar va kalla qo‘yardi.
Yigirma uchinchi bob
PRIDONSKDA ShOV-ShUV
Vladimir Ivanovich ulangan mikrofonga tirnog‘i bilan chertib ko‘rdi, hamma jilmayib qo‘ydi. Pechenkin frak kiyib, kapalaknusxa bo‘yinbog‘ taqib olgan edi. Zaldagi barcha erkaklar, chet elliklar ham, shu yerliklar ham xuddi shunaqa kiyimda edilar. Biznikilar ajnabiylardan deyarli farq qilishmasdi. Ular orasida faqat ikki kishi ajralib turardi: Ilya va mister Mizeri — ular boshqalardan alohida turib bemalol gaplashardilar. Ilya Shveytsariyadan kelgandagi kiyimida edi: ko‘krak cho‘ntagida tilla tug‘ro bo‘lgan qizil kamzul, kalta va tor shim, masxarabozlar botinkasi kiyib olgandi.
— Hazil, — deya izohladi o‘z harakatini Pechenkin va biznikilar kulib yuborishdi, ajnabiylar jilmayib qo‘yishdi.
Ilya bilan mister Mizeri quvnoq bosh irg‘ashdi va jim qolishdi. Okean ortidan kelgan boy mehmon “Parij sirlari”ning hashamatiga qiziqish bilan ko‘z yugurtirdi-da, boshini egib, yaltiroq tilla gardishli dumaloq ko‘zoynagi ostidan katta Pechenkinga tikildi. Umuman, bu mister Mizeri juda kulgili: past bo‘yli, yo‘g‘on gavdali, dumaloq yuzli va yonoqlari qizil, uzun malla sochi siyrak tortgan kishi edi. Erkaklar orasida faqat ugina frak kiymagan, yashil pidjakda, rangining tayini yo‘q g‘ijimlangan shim va yumshoq mokasinda edi. Kapalaknusxa qizil bo‘yinbog‘ini ham cho‘ntagida olib kelib, mashinadan tushgach, taqib olgandi.
— Xonimlar va janoblar, — dedi Pechenkin ko‘zlarida tabassum bilan.
Uning so‘zlarini moskvalik tarjimon ingliz tiliga o‘girib turardi. Umuman mister Mizeriga ergashib anchagina moskvaliklar kelishgandi.
— Hurmatli mehmonimizga nimani ko‘rsatib, nimani ko‘rsatmaslik haqida gap ketganda, men: “Kelinglar, yaxshisi, hech narsani yashirmaylik, qanday bo‘lsa, shundayligicha ko‘rsataylik” dedim. Shunday deb Pechenkin nigohini restoranning ichki ko‘rinishiga yugurtirdi. Muhtasham zal oq va tilla rangga bo‘yalgan edi.
Birinchi bo‘lib hazilni mister Mizeri to‘g‘ri baholadi — u ruscha gapiradiganlardan oldin kulib yubordi.
Vladimir Ivanovich davom etdi:
— Bizning Pridonskda birinchi amerikaliklar paydo bo‘lganda, biz ularga samoviy kelgindilarga qaragandek qarardik. Pul berishadi deb umid qilardik. O‘shanda bizga pul hech ham yetmasdi. Buni qarangki, ular marsliklar emas, balki odamlarga o‘xshar ekanlar. Albatta, bizga pul berishmadi, lekin ajoyib bir fenechka sovg‘a qilishdi. Men keyin eslatib qo‘ydim ularga: mendan pul so‘rab kelishganida: “Odamga bitta baliq berish mumkin, unga har kuni bittadan baliq ham berib turish mumkin. U ochidan o‘lmaydi, lekin uni baliq ovlashga o‘rgatish ham mumkin, shunda u odamga o‘xshab yashay boshlaydi”. To‘g‘ri, amerikaliklar bizni baliq ovlashga o‘rgatishdi deb ayta olmayman. Axir, biz bu yerda Don bo‘yida yashayapmiz, bolalikdan baliqchimiz. Baliq ovlayapmiz va ovlaymiz. — Vladimir Ivanovich biroz to‘xtab, nafas rostladi-da, davom etdi: — Lekin pul haliyam yetmayapti!
Hamma kulib, qarsak chaldi. Mister Mizeri qiyqirib kuldi, hatto malla sochlari qimirlab ketdi. U kular ekan, mikrofon oldiga bordi.
— Sizlarga yana bitta fenechka sovg‘a qilmoqchiman, — dedi u. Buning ustiga oxirgi so‘zini ruscha aytdi. Bu esa tinglovchilar qalbida hayajon uyg‘otdi. — Mendan qanday qilib badavlat bo‘lgansan? deb so‘rashganda bitta voqeani gapirib beraman. Men otasiz, onam yordamida o‘sganman. Biz juda qashshoq yashardik. Men maktabga qatnay boshlaganimda, u yerda tushlik qilishim uchun onam menga pul berolmasdi. U menga olma berdi. Bittagina olma. Lekin men uni yemadim, qo‘shni partada o‘tirgan bolaga besh tsentga sotdim. Keyingi kuni ham bitta olmani sotdim. Endi mening pulim o‘n tsent bo‘ldi. Uchinchi kuni yana bitta olma sotdim… — Mister Mizeri to‘xtadi, ko‘zoynagi tagidan atrofga alangladi. Ehtimol, men hozir ham olma sotayotgan va tsentlarni sanayotgan bo‘lardim, agar kunlarning birida boy amakim o‘lib, menga meros qolmaganida.
Hamma kulib yubordi — Pechenkinning so‘zidan keyingiga nisbatan ham ishtiyoq bilan va qattiq kulishdi. Vladimir Ivanovichning o‘zi ham qah-qah urib kuldi — uning kulgisi boshqalarning ovozini bosib ketdi. Mister Mizeri pushtirang barmoqchasini ko‘tardi va kulgi birdan to‘xtadi.
— Men umrim bo‘yi bitta kichkinagina ham baliq tutganim yo‘q. Mister Pechenkin haq, gap baliqda emas. Muhimi, sizlarning yaxshi vorislaringiz bo‘lsin. — Shu so‘zlarni aytib milliarder Ilyani bag‘riga bosdi. — Sizning ajoyib o‘g‘lingiz bor ekan, mister Pechenkin. O‘nlab mana shunday rus bolalari yurtingizga avvalgi shuhratini qaytaradi. Buni qarangki, biz sizning o‘g‘lingiz bilan bir kollejda, mashhur “Trua some”da o‘qigan ekanmiz. U yana shuni ishontirib aytayaptiki, men ancha yil burun g‘ishtin devorga mix bilan o‘yib yozganimni ko‘ribdi. O‘shanda meni yaxshi o‘zlashtirmaganim va yomon xulqim uchun kollejdan haydamoqchi bo‘lishgandi.
Ilya mikrofon tomon surilib, qo‘shimcha qildi:
— O‘sha so‘zni hozir u yerda tilla doiraga olib qo‘yishgan.
“Parij sirlari”da hech qachon bugungichalik kulishmagan edi. Mister Mizeri xursandligidan qiyqirib kulardi.
— Ofarin, Ilyuxa! — minnatdorona baqirdi Pechenkin va o‘g‘liga ko‘z qisdi.
Hamma kulardi, faqat Galina Vasilevna yalpi shodiyonada ishtirok etmas va sertashvish ko‘rinardi. Uni qandaydir hid tashvishga solayotgandi. Galina Vasilevna burun kataklarini kerar, havoni hidlab ko‘rar, boshini sarak-sarak qilar, bu sassiq hid qayerdan va kimdan kelayotganini aniqlashga urinardi. Uning yonidagi yelkasi ochiq oq ko‘ylak kiygan Dashenka Kanisheva ham bezovtalanardi.
— Nimadir sasiyaptimi? — dedi unga Galina Vasilevna.
— Shunqaga o‘xshaydi, — dedi burnini jiyirib Dashenka Kanisheva.
— Mu russian nephew! — xitob qildi mister Mizeri Ilyaning yelkasiga qoqib.
— Mening rus jiyanim! — bu jumlani tarjimon shunday zavqu shavq bilan o‘girdiki, go‘yo amerikalik milliarder uni o‘z jiyani deb atagandek edi.
Vladimir Ivanovich, aftidan, eshitishni kutmagan narsani ham eshitdi, lekin buni juda bosiqlik bilan qabul qildi, boya miriqib kulganidan keyin ancha xotirjam bo‘lib oldi. Pechenkin yelkalarini to‘g‘riladi va barchani boyadan beri mahtal bo‘lib kutayotgan dasturxonga taklif qilmoqchi edi, lekin Ilya gapirib qoldi. U rus yoki ingliz tilida emas, balki nemis tilida, tag‘in deng lag‘chada — Syurix nemischasida gapirib qoldi. “Trua some” kollejida ana shu shevada gaplashishardi.
Tinglovchilar jilmayib qo‘yishdi, lekin bir oz dovdirab qolishgandi, chunki hech kim hech narsa tushunmadi. Faqat mister Mizerigina yayrab eshitdi. U bu tilni anchadan beri eshitmagandi.
Bu orada Ilya shunday deya gap boshladi:
— Mening amerikalik aziz amakijonim! Sizning kelishingizni eshitib, qanday sovg‘a tayyorlasam ekan deb rosa bosh qotirdim . Bu unchalik oson emas ekan. Butun-butun mamlakatlar va xalqlar oyog‘i ostida yotgan shunday badavlat odamga moddiy narsaning nima qizig‘i bor. Shuning uchun men sizga qo‘shiq sovg‘a qilishga qaror berdim. Qo‘shiqni siz uchun men ataylab bu yerga taklif qilgan do‘stlarim aytib berishadi.
Ilya shunday deb, shimining cho‘ntagidan kichkinagina yaltiroq kalitni oldi, uni boshi uzra baland ko‘tarib, hammaga ko‘rsatdi-da, devordagi sezilmay turgan mo‘jazgina eshik yoniga keldi, kalitni qulf burniga tiqdi va burab eshikni ochib yubordi. Sal o‘tib o‘sha joydan, tor va nimqorong‘i maskandan Pridonsk axlatxonasining bomjlari yumalab chiqa boshladi. Ular terga botgan va asabiy edilar. Yoruqqa chiqqandan ko‘zlari yumilib, qashinishga tushib ketishgandi.
Ajnabiylar hayron bo‘lishdi, moskvaliklar shoshib qolishdi, pridonskliklar esa bu ishning oqibati yaxshi bo‘lmasligini his qilishdi. Ulardan badbo‘y hid anqirdi.
Mehmonlar orqaga tisarilishdi, lekin uzoqqa borisha olmadi, chunki orqada stollar bor edi, buning ustiga soqchilar qotib turishardi.
Bittagina mister Mizerining parvoyi palak, u xuddi hid sezishdan mahrumdek edi. Milliarder — xuddi ko‘zboylog‘ich sehridan qotib qolgan boladek, bomjlarga qarab, tirjayib turardi.
Bomjlar bu orada ikki qator bo‘lib saf tortdilar. Ko‘zlari katta-katta, o‘tkir va ko‘mko‘k, qiltiriq bir chol oldinga chiqdi.
— Qo‘shiqning nomi: “Bir zamon birga edik”, — deb e’lon qildi u. — Musiqasi meniki, so‘zlari xalqniki. Orkestr jo‘r bo‘ladi.
Uning orqasida turgan orkestrchilar uch kishi edi: ko‘zlari chaqchaygan ozg‘in ayol lab garmoshkasida, qo‘ltiqtayoqli boboy — balalaykada, qo‘llari shishib ketgan fil-ayol g‘alati asbob — bolalar shaqildog‘iga o‘xshash marakasda. Musiqa asboblari hech kimni hayron qoldirmadi — aftidan, axlatlar orasidan boshqa narsa topilmagan.
Butun ana shu vaqt mobaynida Galina Vasilevna erining yonidan jilmadi. Bir qo‘li bilan uning yengidan ushlab olgan, ikkinchi qo‘li bilan uni siypab, shivirlab tinchitishga urinardi:
— Volodya… Volodya… Volodya…
Ko‘zlari chaqchaygan ayol lab garmoshkasini og‘ziga olib bordi-da, puflab chala boshladi. Chalishi yomon emasdi. Biroq hozirgi paytda kamyob bo‘lib qolgan ana shu asbob jaranglashini miriqib tinglashning o‘zi bo‘lmasdi: chunki ijro etuvchi har puflaganda uning ko‘zlari yanada kattalashar, kosasidan chiqib ketganday, havoni ichiga tortganda esa yanoqlari chuqurlashib, og‘ziga kirib ketganday bo‘lardi — xullas, tinglash maza, ko‘rish dahshat edi.
Boboy balalaykani uncha yaxshi chalmasa ham, xatti-harakatlari antiqa edi. Marakasa esa hali jo‘r bo‘lganicha yo‘q edi.
Ko‘kko‘z gunohkorona jilmaydi, peshanasiga tushib turgan kokilini siltab tashladi-da, kuylab yubordi:
Biz bir zamon birga erdik,
Birga ichib, birga yerdik,
Birga edik — g‘am ne derdik,
Endi menga — sen bo‘risan!
Sen uchun men ham bo‘riman!
Sen menga ochmaysan eshik!
Eshik ne, ochmaysan teshik,
Shunday zolimning birisan!
Qo‘shiqchining mahorati yetishmasa-da, ovozdan xudo bergan edi. Uning o‘tkir ovozi yuraklarni o‘rtab yuborardi. Bu ovoz tinglovchilar etini junjiktirib yubordi.
Mister Mizerining zavqi toshdi, u hatto qo‘shiq ohangiga jo‘r bo‘lib, kalta va yo‘g‘on oyog‘i bilan yerni tapillata boshladi.
Fil-ayol qo‘lini siltadi — marakasaning ichida sharlar sharaqlab ketdi, — bu hozir naqorat boshlanishini bildirardi. Va bomjlar bir ovozdan jo‘r bo‘lib naqoratni boshlab yubordilar. Ularning jo‘shqinligida sobiq sovet kishilarining hali ham yo‘qolmagan zavq-shavqi aks etib turardi:
Cho‘ntagimda bor pulim —
Ikki pivo qopqog‘i!
Sizlar buni, janoblar,
Hali bilmaysiz chog‘i!
Sizlar buni, janoblar
Hali bilmaysiz chog‘i!
Hech qanday shubha yo‘qki, ushbu chiqish uchun biror-bir mashq o‘tkazib ko‘rilmagandi. Naqoratdan so‘ng qonuniy to‘xtam — musiqachilar va xonandalar nafaslarini rostlab olish talab qilinardi. Biroq, aftidan, “Bir zamon birga edik” qo‘shig‘ining ikkinchi bandini eshitish “Parij sirlari” mehmonlariga nasib qilmagan ekan. Vladimir Ivanovich bir amallab xotinining changalidan sirg‘alib chiqdi-da, o‘sha yalpi sokitlik onida Ilyaga qarab baqirdi. Baqirganda ham kam ishlatiladigan dahshatli so‘zni aytib baqirdi. Aytish mumkinki, ushbu so‘zni bu yerda hech kim bilmasdi. Aniqrog‘i, uni bilishardi, lekin eshitishmagandi. Bu so‘zni Vladimir Ivanovichning o‘zi ham bilishi va eshitganligi amri mahol edi. Ammo bu so‘z xuddi botqoqlikdan otilib chiqqan pufakday qalbdan portlab chiqdi va Pechenkin uni o‘g‘lining kulib turgan ko‘ziga qarab tufladi:
— Axlatxo‘r!
Biroq Ilya tirjaygancha turaverdi. Shunda Vladimir Ivanovich bir sakrab uning yoniga keldi va musht qilib tugilgan qo‘lini bir sermab urdi. Aniqrog‘i, bu urish emas, balki tarsaki — chin qalbdan saxovat bilan sharaqlab tushirilgan shohona pechenkinlarcha tarsaki edi.
Lekin, ayni o‘sha tarsaki tushayotgan paytda Ilya qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi-yu, sho‘rlik mister Mizeri turib qoldi va birdan uning boshi kuchli silkindi, xuddi bo‘ynidan uzilib ketmoqchiday bo‘ldi, lekin xudoga shukur, uzilib ketmadi. Faqat mister Mizerining ko‘zoynagi uchib ketdi va havoda chirpirak bo‘lib, larzaga tushgan mehmonlar tepasida yoy hosil qilib, bir yaltiradi-da, tilla baliq misoli sharbat to‘la kattakon billur ko‘zachaga sho‘ng‘idi.
— What? What? What? — ming‘irladi mister Mizeri qo‘li bilan havoni timiskilagancha ko‘zini pirpiratarkan.
— Mana, mana, mana! — dedi bomjlar xoridan yuzi shishgan kishi, — Axir necha marta aytdim: o‘sha sizning Stalinni tobutda ko‘rganman deb! Aftidan, u nihoyat gapiga kim ishonishi mumkinligini topdi shekilli, bomj stol yoniga bordi, qo‘lini bilagigacha sharbatli ko‘za ichiga tiqdi-da, ko‘zoynakni topib, mister Mizeriga uzatdi.
Xuddi shu payt hozirgi vaziyatda yuz berishi mumkin bo‘lmagan voqea sodir bo‘ldi: zaharxanda kulgi yangradi. O‘zini kosmonavt deb tanishtirgan o‘sha siyrak sochlari oqargan bomj kulayotgandi. Katta Pechenkin unga g‘azab bilan boqib, zo‘g‘im bilan baqirdi:
— Nega hiringlayapsan, Jelud?
Yigirma to‘rtinchi bob
HAMMA JOYDA YaXShI YaShASh MUMKIN
O‘sha mash’um kunning g‘aroyib ishlari Pechenkinning idorasida ham davom etdi. Manzaraning o‘zi juda g‘alati edi: Pechenkinning ish stolida — oromkursida haligi pismiq bomj yalpayib o‘tirar, Pechenkinning o‘zi esa uning qarshisida — xona o‘rtasida qo‘llarini orqasida chatishtirib, boshini xam qilganicha turardi — sho‘rlik hanuz asabiy kayfiyatda edi.
Bomj bo‘lsa, aksincha, yayrab o‘tirardi. U qo‘shni stol ustida taxlanib yotgan — ramkali va ramkasiz fotosuratlarni birma-bir qo‘liga olib, bemalol tomosha qilardi. Fotosuratlarda Pechenkin dunyoning turli-tuman mashhur odamlari bilan rasmga tushgan edi: Alla Pugachyova, Saddam Husayn, Maykl Jeksonlar bilan, Yeltsin bilan — Kremlda, “Rossiya biznesi ritsari” sovrinini topshirish payti. Sovrinning o‘zi yashil tosh — malaxit kursidagi ikki boshli burgut Vladimir Ivanovich stolida turardi.
— Mana bu kim bo‘ldi tag‘in? — Bomj savol berdi o‘ziga o‘zi va yana o‘zi loqaydlik bilan javob qaytardi: — A-a, papa…
U Rim papasi edi. Bukchaygan va behol Ioan Pavel II Pechenkinning qo‘lini qisayapti. Suratga qarab papa shu qo‘lga sig‘inayapti degan tasavvur hosil bo‘ladi.
Vladimir Ivanovich boshini ko‘tardi va alamli shikoyatlandi:
— Mana shunday yashayapman…
— “Yashash mumkin bo‘lgan hamma joyda yaxshi yashash mumkin”, — Mark Avreliy, — tinchlantiruvchi ohangda dedi bomj.
Eshik sekin ochildi va xonaga Sedoy suqilib kirdi.
— Tekinxo‘rlar! — baqirdi Pechenkin o‘girilmasdan, lekin u kelgan kimligini yaxshi sezib turardi. — Bu nima degan gap? Sen, Nilich, qayoqqa qarading?
— FSB binosini ehtiyotlayotuvdim. Bu la’nati qaznoqni hech xayollariga keltirishmadi, — deya tushuntira ketdi Sedoy boshliqning oromkursisida o‘tirgan bomjga qaramaslikka intilib.
— Men anovi sho‘rlikka tushirib qolganimda-chi? Qo‘limni ushlab qolsang bo‘lardi-ku?!
— Ushlab qololmasdim, Ivanich. Haqqim yo‘q edi. Agar u senga musht ko‘targanda boshqa gap…
— Xo‘sh, anavi sassiq takalar teshikdan chiqib kelganda-chi, qo‘shiq boshlashganda-chi? “Bir zamon birga edik”… Tuf, la’nati!
— Qo‘shiqchilarga qarashga vaqtimiz bor edi deysizmi, Ivanich. Fors-major boshlandi, alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi. FSBchilar amerikaliklarni nishonga olib turishibdi, biz FSBchilarni. Amerikaliklar bo‘lsa ularniyam, bizlarniyam mo‘ljalga olishgandi. Qo‘shiqchilarga qarashga vaqt bormidi.
Sedoy og‘ir xo‘rsindi va og‘irligini bir oyog‘idan ikkinchisiga oldi. U o‘zini aybdor deb bilmasdi. Pechenkin ham uning qanaqa aybi borligini topolmasdi. Lekin birdan esiga tushdi, Sedoyga o‘girilib, baqirdi.
— Sen qayoqqa qarayapsan o‘zi? Bugun mening “mers”simdan1 ikkinchi rulchani ham sindirib ketishibdi! Ikkinchisini! — Yana bomjga shikoyat qila ketdi: — Tushunyapsanmi, “mers”dagi ramziy rulchalarni sindirib ketishyapti. Haligi, bilasanmi, mashina peshanasiga o‘rnatilgan bor-ku, mana bunaqa, yumaloq…
Bomj “bilaman” deganday bosh irg‘adi.
— Bu kimga kerak? — alamzada baqirdi Vladimir Ivanovich.
Sedoy qizarib ketdi va eshikka qarab tislandi. Bu esa uni yana bir ko‘ngilsizlikka ro‘para qildi. U xonaga kirib kelayotgan kotiba Marinaga urilib ketdi. Marinaning qo‘lida esa kumush patnischa, uning ustida konyak quyilgan billur qadah va tilimlangan limon solingan billur taqsimcha bor edi. Patnis taraqlab ketdi, qadah chil-chil bo‘ldi, taqsimcha to‘nkarilib tushdi.
Bomj bo‘ynini cho‘zib, so‘lagini yutdi.
Xonani arman konyagining xushbo‘y hidi tutdi.
Xayolga cho‘mgan Pechenkin qattiq “uh” tortdi. Marina g‘oyib bo‘ldi, uning o‘rnini Pribilovskiy egalladi. Pechenkin o‘girildi va unga sog‘inchli umid bilan tikildi.
— Samolyotga o‘tqazdik, jilmaygancha uchib ketdi, — dedi kotib-referent, oromkursida o‘tirgan bomjga qaramaslikka harakat qilib.
— To‘g‘ri, boshini sal sarak-sarak qiladigan bo‘lib qolibdi, — qo‘shimcha qildi Pribilovskiy.
Vladimir Ivanovich yana tundlashdi.
— Hech narsa demadimi? — so‘radi u sekingina.
— Dedi! — quvonib javob qildi kotib-referent. “Dostoevsku was right”.
Pechenkinning oromkursisida o‘tirgan bomj iztehzoli kuldi.
— Nima? — tushunmadi Pechenkin.
— “Dostoevsku was right”… eh, jin ursin! “Dostoyevskiy haq edi”. U shunday dedi: “Dostoyevskiy haq edi”.
— Qaysi ma’noda? — Baribir tushunmadi Pechenkin.
Pribilovskiy yelkasini qisdi.
— Rus adabiyoti Rossiyani izdan chiqarib yubordi! To‘xtab turinglar, u hali Amerikani ham izdan chiqaradi! — xitob qildi bomj, o‘tirgan joyidan turib tag‘in cho‘kdi.
Pechenkin bilan Pribilovskiy bomjga qarashdi, so‘ng bir-biriga nazar solishdi.
— Lenin va “Profsoyuz” ko‘chalari muyulishida fotoatele bor, bilasizmi? O‘sha yerdagi vitrinada… — ishonch bilan, yarim ovozda gapira boshladi boshlig‘iga kotib-referent, lekin bomj xalaqit berdi.
— Rossiya — filologik muammo hisoblanadi! — dedi baland ovozda kinoya bilan. — Alfavitida “ы” harfi bo‘lgan millat yashash huquqiga ega emas. Har yili Vatanimizning aholisi bir million kishiga kamayadi. Eng oddiy hisob-kitob ham shuni ko‘rsatmoqdaki… Bu halokatdan qutulib qolishimiz uchun hozirdan Rossiyaga yuz-yuz ellik million xitoyni kiritishimiz lozim. Ha, biz ham ko‘zi qisiq bo‘lib qolamiz, lekin mehnatsevarga aylanamiz. Albatta, Dostoyevskiysiz. Yo u, yo bu bo‘lish lozim . Miyaga juda qiziq fikrlar keladi-da… Adabiyotlar ko‘p. Marks, Lenin… Bo‘sh vaqtimda o‘qib o‘tiraman. Adabiyotlar g‘ij-g‘ij! U yerda sen haqingda ham bor ekan! Menga bitta tarjimon ruschaga o‘girib berdi. Juda qiziq. — Bomj shunday deb chuqurdan-chuqur cho‘ntagiga qo‘lini tiqdi. U yerdan ezg‘ilanib abjag‘i chiqib ketgan “Ekspress” jurnalini topib chiqdi. Axlatxonadan topib olgani shundoqqina ko‘rinib turardi. Pribilovskiyning rangi oqarib ketdi, o‘zini eshikka urdi va patnisda yana bir qadah konyak va taqsimchada limon ko‘tarib kelayotgan Marinaga urilib ketdi. Dahshatli manzara yana takrorlandi. Bomj o‘rnidan turib ketdi. Lekin o‘zining mushkul ahvolga tushib qolganini ifodalashga so‘z topolmay qoldi.
— Nega unga qadahda olib kelayapsan? — achchiqlandi Pechenkin. — Bu qadah unga nima bo‘ladi? Sen to‘la shishani olib chiq!
— Men hozir yig‘ishtiraman, — ming‘illadi Marina.
— Yig‘ishtirishning keragi yo‘q, — qo‘l siltadi Pechenkin.
— Limonning ham keragi yo‘q, — baqirdi bomj kotibaning orqasidan. Keyin o‘rnidan turib Pechenkinning yoniga keldi. Uning ko‘ziga qarab, do‘stona, lekin jiddiy so‘radi:
— O‘zing-chi?
— Ichmayman, — dedi sekingina Vladimir Ivanovich.
— Ko‘pdanmi?
— Ko‘pdan.
— Nega?
— Ishlashga xalaqit beradi.
— Sen ishlama, — taklif qildi bomj.
Xonaning eshigi ochila boshladi va bomj o‘sha yoqqa yugurdi, kotiba qo‘lidagini yana tushirib yubormasin deb o‘yladi-da! Lekin kirib kelayotgan Marina emas, Galina Vasilevna edi.
Bomj shoshib o‘zini chetga oldi, iflos kirza boshmog‘i ostida billur taqsimcha qisirlab ketdi. Galina Vasilevna qisqa va nafratona jilmayib, uni aylanib o‘tdi-da, eriga qaradi. Pechenkin unga orqa o‘girib turardi, devordagi kattakon ko‘zguga qarayotgan edi.
“Va osmonda buyuk ramz — chiroy,
Paydo bo‘ldi yori — oftob, olar ko‘z.
Oyog‘i ostida yaltiraydi oy,
Boshi uzra o‘n ikki yulduz”,
— dedi jinnilik qilib bomj.
Galina Vasilevna erining orqasida to‘xtadi va past ovoz bilan, lekin qat’iy talab qildi:
— Volodya, sen kechirim so‘rashing kerak. Pechenkin indamas, oynadagi o‘z aksiga diqqat bilan qarab qimir etmay turardi.
— “Homilador edi ayol shu asno, chinqirardi to‘lg‘oq og‘riqlaridan!” — deya so‘z qotdi bomj yana, biroq uni hech kim eshitmadi.
— Volodya, — eslatdi o‘zi haqda Galina Vasilevna.
— Nima “Volodya”? — so‘radi Pechenkin.
U xotini bilan xuddi Persey Meduzaga qilgani singari ko‘zgu orqali muomala qilardi.
— Sen meni va o‘g‘limizni haqorat qilding. O‘g‘limiz…
— Ilyushka? — Bomj gap kim haqida borayotganini darhol tushundi. — Ilyushka — daho! Biz u haqda hali ko‘p eshitamiz. U menga qanday fikr berganini bilasanmi? Shoh yelkasidan po‘stinini qanday olishni… “So‘z ohangi fikrni yengadi!” Tushunayapsanmi? So‘z ohangi fikrni yengadi. Yo‘q, jin ursin, u daho!
— Volodya, — dedi Galina Vasilevna so‘nggi bor.
— Moskva — uchinchi Rim, to‘rtinchisi bo‘lishi mumkin emasmi? — qiziqsinib so‘radi Pechenkin.
Galina Vasilevna chidab turolmadi va eshikka qarab chopdi…Patnis, billur qadah hamda arman konyagi to‘la katta naqshindor billur butilka osmonga uchdi.
— Bu qanaqa kun bo‘ldi, ey xudo?! — dodlab yubordi Marina yurakdan va kaftlari bilan yuzini berkitib yig‘lay boshladi.
Pechenkin negadir kulib yubordi. Bomj o‘zini havoda uchib ketayotgan butilkaga otdi va uni ilib oldi.
— Rus maqollari — boshdan-oyoq empirika1 , butilka tiqinini chiqarishga urinarkan, fikrlari bilan o‘rtoqlashdi bomj. — Ahmoq, chindan ham, xudoga ibodat qilaman deb peshanasini yorib qo‘yibdi. Boyning hovuzida baliq ko‘paygan ekan, uni ovlash huquqiga ega bo‘lish uchun rosa ter to‘kishga to‘g‘ri kelibdi. Bitta ajnabiy, sirli rus qalbini tushunish uchun bizning maqol va matallarning ikki tomini o‘qib chiqibdi va hayron qolibdi: birinchi tomda tasdiqlansa, ikkinchi tomda inkor etilarmish. Bunda: “Ishlagan — tishlaydi” deyilsa, unda: “Ko‘p ishlasa ot ham o‘ladi” deyilgan. Bu ham, darvoqe, empirika: bittasi qo‘shni qishloqqacha o‘n chaqirim yo‘l bosib boribdi, uni o‘sha yerda ovqatlantirishibdi. Boshqasining esa oti o‘lib qolibdi. To‘g‘ri, ot sho‘rlik ishlagani uchun emas, balki yem berishmagani uchun o‘libdi. Lekin buni tan olishdan uyalishibdi. “Bu qanday xalq o‘zi?” achchiqlanibdi ajnabiy. “Buyuk xalq” deb javob berishibdi. Hech ham buyuk emas u, faqat abstrakt fikrlashni bilmaydi. Bu empirik xalq… Olovning kuydirishini bilish uchun unga albatta qo‘lini tiqib ko‘rish kerak…
Bitta qo‘lida butilka, ikkinchisida qadah bo‘lgani uchun bomj shisha tiqinini chiqarishga muvaffaq bo‘lolmadi. Shunda u gapdan to‘xtab, tiqinni tishlari bilan sug‘urib oldi. Qadahga toshib ketkuday qilib to‘ldirib qo‘ydi-da, shoshilib ichdi. Pechenkin ohista orqaga burildi.
— Ichasanmi?
— Yo‘q, — dedi qat’iy Pechenkin va kulganicha gapirib berdi: — Menga bultur Moskvada “Rossiya biznesi ritsari” sovrinini topshirishdi, Kremlda. Shunda men ularga aytdim: Moskva — uchinchi Rim emas, balki butunlay aksincha. Mamlakatda Moskva poytaxt bo‘lib turar ekan, hech narsaga erishib bo‘lmaydi.
Bomj ikkinchi qadahni bo‘shatib uchinchisini quya boshladi.
— Moskva oyoq uchida tepadi, — deya Pechenkinni quvvatladi u. — Agar ushbu maqol bo‘lmaganida men uni o‘ylab topardim. Men bultur o‘sha yerda bo‘lganman. Sen ishonmasliging mumkin. Men ko‘rib kulgidan o‘lishimga sal qoldi. Mana bu yerda Xaloskor Iso ibodatxonasi, uning qarshisida — podsho Pyotr Alekseevich. Qarab turib kulgim qistaydi, — xa-xa-xa. Ment paydo bo‘ldi: “Nega hiringlayapsan, bomj?”. Qarang axir, janob militsioner, — deyman, — istalgan popdan so‘rab ko‘ring: Pyotr I kim deb, Antixrist2 deyishi turgan gap. Ularni bir-biriga qaratib qo‘yishibdi. Bu yerda Iso va bu yerda antixrist! Tayog‘i bilan ursa ham mayli edi, oyog‘i bilan tepdi — ikki qovurg‘amni sindirdi, ablah…
Bomj konyakni yalay boshladi, keyin kichik va noqulay qadahni uloqtirdi, butilkani ikki qo‘li bilan ko‘tarib, simira ketdi.
Pechenkin do‘stiga ehtirom bilan qaradi.
— To‘xta, Jelud, sen rostdan bomjmisan? — deb so‘radi ishongisi kelmay.
Jelud butilkani hafsala bilan bo‘shatdi, mahkam ko‘ksiga bosdi va g‘alati jilmaydi-da, ag‘darilib tushdi.
Yigirma beshinchi bob
UCh OPA-SINGIL
Eshik ochiq turgan ekan. Galina Vasilevna Gelyaning uyiga kirdi. Uning yuzida kinoyali tabassum o‘ynardi. Bu safar u juda boshqacha, rosa ochilib ketgan edi. To‘g‘ri, ko‘zlariga g‘am soya tashlab turardi, lekin Galina Vasilevnaga bu hamisha yarashardi. Qo‘lida bir dasta gulsafsar, ayvonni, dahlizni, oshxonani ko‘zdan kechirdi va mehmon kutish zalining o‘rtasida turib qoldi. Ikkinchi qavatdan eshitilayotgan ayol ovoziga quloq soldi:
Dengiz bo‘yi yam-yashil chinor,
Oltin zanjir chinor tagida.
Dono mushuk tun-kun beqaror
Aylanadi tevaragida…
Ovoz nafis va yoqimli edi. Galina Vasilevna mayin jilmayib tepaga ko‘tarila boshladi. Yog‘och zina uning qadamlaridan yengil g‘ichirlardi.
— Kim u? — hayron bo‘lib so‘radi Gelya.
— Qo‘rqmang, qo‘rqmang, sizga qo‘rqish mumkinmas, — ogohlantiruvchi ovoz berdi Galina Vasilevna, zinapoyadan ko‘tarilar ekan, xuddi yer tagidan o‘sib chiqayotganday. — Men — Galina Vasilevnaman. Biz siz bilan tanishmiz sirtdan, deganday hatto bir marta maktabda ko‘rishgandik ham. Siz darsga shoshayotgandingiz, men esa yo‘lakda narsa to‘qib o‘tirgandim, esingizdami?
Gelya oromkursida o‘tirib, qo‘rqib va himoyasiz uni kuzatardi. Homiladorlik Gelyaning chiroyini ochmagandi, aksincha, burni yapasqilanibdi, lablari bo‘yalib ketgan, butun yuzini sarg‘ish sepkil qoplagandi.
— Voy, mana bu sizga! — Galina Vasilevna birdan gullarni eslab qoldi va guldastani uy sohibasiga uzatdi. — Qanday gullarni sevarkansiz deb rosa o‘yladim va mana bularni ma’qul ko‘rdim. Yanglishmabmanmi?
Gelya asta o‘rnidan turdi. U qalin xalatda bo‘lib, bog‘ichni ko‘kragi ostidan bog‘lagani uchun qorni do‘ppayib turardi. Oyog‘ida yo‘l-yo‘l jun paypoq.
— Yanglishmabmanmi? — takrorladi savolini Galina Vasilevna.
Gelya tortinibroq bosh irg‘adi.
— Demak, yanglishmabman! — quvondi mehmon.
Gelya guldastani olib, u bilan qornini pana qildi.
Galina Vasilevnaning ko‘zi oromkursida qoldirilgan kattakon bolalar kitobi “Pushkin ertaklari”ga tushdi va Gelya uchun mayin va yoqimli ovozda davom etdi:
Odam yurmas so‘qmoqlarida
Ko‘p g‘alati jonvorlar izi…
Galina Vasilevna quvnoq kuldi:
— Pushkin — naqadar ajoyib! Men, Ilyushaga homilador bo‘lgan paytimda institutda davlat imtihonlari ketayotgandi. Ikkiqatlarga yonbosishardi go‘yo. lekin o‘qituvchilar har xil edi-da… KPSS tarixidan imtihonni jahldor qariqiz olardi — hech qanday yon bosish yo‘q. Men bo‘lsam, bilasizmi, ovoz chiqarib o‘qisamgina eslab qolaman, xotiram shunaqaga moslashgan. Shuning uchun s’ezdlarni yodlab oldim, rosa yodladim!
Galina Vasilevna tortinib kuldi.
— Topshirdingizmi? — so‘radi Gelya.
— Topshirdim, albatta… ovoz chiqarib o‘qib, yodlab oldim… Ilyusha bo‘lsa u yerda eshitardi… Ular u yerda hammasini eshitadi! Siz Jon Smitning “Insonning qorindagi hayoti” degan kitobini o‘qiganmisiz? O‘qimagan bo‘lsangiz, albatta tanishib chiqishingizni maslahat beraman. Bilasizmi, bizning Pridonskka, birinchi tug‘ruqxonaga shunday apparat olib kelishdi, haligi… Umuman, chaqaloqni televizor orqali ko‘rish mumkin… shunday, o‘z uyingizda turib, bir tasavvur qiling-a? Taraqqiyot rosa ilgarilab ketdi! Beshinchi oymi?
— Oltinchi, — dedi Gelya. Hayajon o‘tib ketdi. U endi mehmonga diqqat bilan, bemalol qarardi.
— Oltinchi, — o‘ychan takrorladi Galina Vasilevna.
Gelya uning ko‘ziga tik qarab, so‘radi:
— Nega keldingiz?
Galina Vasilevna kuldi va qo‘llarini yoydi:
— Nega endi, Angelina Georgiyevna! Ilyushaning ukasi yoki singlisi bo‘ladi-yu, siz bo‘lsangiz, nega deysiz? O‘tirsam bo‘ladimi? — U ruxsatni kutmay qarshidagi oromkursiga cho‘kdi. — Axir, men sizni avvalboshdanoq bilaman. Garchi buni menga hech kim aytmagan bo‘lsa ham yaxshi bilaman. Hatto kunini ham aytib berishim mumkin. Bilasizmi, men buni qanday sezib qoldim? Bizning Volodya bilan ishqiy ishlarimiz birdaniga yaxshi yurishib ketdi. Ungacha qariyb butunlay to‘xtab qolgan edi-da. U mening shubhalanmasligim uchun zo‘r berib harakat qila boshladi… — Galina Vasilevna kulib, soch turmagini to‘g‘rilab qo‘ydi. — Shunday ekan, men bir tomondan sizdan minnatdorman ham. Buning ustiga men sizni yaxshi tushunaman, o‘zim ham o‘ynash bo‘lganman, to‘g‘ri, faqat bir marta…
Gelya ham oromkursiga o‘tirdi va keskin ohangda:
— Men o‘zimni hech kimning o‘ynashi deb hisoblamayman, — dedi.
Galina Vasilevna qo‘l siltadi:
— E-e, Angelina Georgiyevna, agar biz o‘zimizni kim deb o‘ylayotgan bo‘lganimizda edi, allaqachon hammamiz shahzodalar va malikalar bo‘lar edik va kommunizmda yashayotgan bo‘lardik… — U yotoqxonaga qarab xo‘rsindi va qiziqsinib so‘radi: — Pardalaringiz “Etual” firmasinikimi?
Gelya loqaydlik bilan yelka qisdi.
— Nima bo‘lsa bo‘lsin-u, Vladimir Ivanovichni xasislikda ayblab bo‘lmaydi, — deya o‘z fikrini tugatdi Galina Vasilevna.
— Men undan hech narsa so‘raganim yo‘q, — dedi zardasi qaynab Gelya.
Galina Vasilevna “tushunaman” deganday jilmaydi, o‘rnidan turdi va xonada naridan-beri yurarkan, gapida davom etdi:
— Siz hammasini to‘g‘ri qilayapsiz, Angelina Georgiyevna. Pechenkindan so‘rab bo‘lmaydi, so‘rasangiz u bermaydi. Agar hech narsa so‘ramasangiz — hammasini muhayyo qiladi. U xuddi bolaga o‘xshaydi: kino, pista, qo‘lini tizzangizga qo‘yib oladi… Ayol sifatida meni yaxshi tushunasiz. Men Ilyushadan keyin barcha abortlarni Volodyadan yashirib qildirganman. U yana bola bo‘lishini istardi, men esa xohlamadim. Ko‘p bolaning nimaligini men juda yaxshi bilaman. Biz oilada uch opa-singil edik, xuddi Chexovdagidek. Men to‘ng‘ich qiz edim. Avvaliga ota-onam faqat meni yaxshi ko‘rardi. Keyin Valya tug‘ildi. Uni yalab-yulqiy boshlashdi. Katya tug‘ilganda esa men butunlay nazardan qoldim. Endi Valya ham meni tushuna boshladi. Ish shu darajaga borib yetdiki, biz Katyani o‘ldirmoqchi ham bo‘ldik, lekin nega o‘ldirmaganimiz esimda yo‘q… Men Ilyushadan keyin kimnidir yaxshi ko‘rishimni hech tasavvur qilolmasdim! Shuning uchun ham abort qildirdim. Bittasini ancha olib yurdim, oldirishga hech qo‘lim tegmadi. Keyin oltinchi oy bo‘lganda tozalashdi. Mana shunaqa sevardim Ilyushani… Uni deb hech narsadan qaytmayman.
— Chiqib keting! — yuzi tosh qotib talab qildi Gelya. — Eshityapsizmi, chiqib keting!
Galina Vasilevna eshitmadi ham, soatiga qaradi, boshini chayqadi va xitob qildi:
— Voy-bo‘-o‘, kech qolibmanu! Men erkaklarni ovqatlantirishim kerak hali. Meni kuzatib chiqmang! Pastga tushish, tag‘in yana ko‘tarilish — shu ahvolingizdaya.
Biroq Gelya chaqirilmagan mehmonni eshikkacha kuzatib qo‘ydi, u nazokatli jilmayishga o‘zida kuch topolmadi, yuzi battar tosh qotib turardi.
Tashqi eshik ochiq edi. Galina Vasilevna Gelyaga qaradi, keyin eshikka, tag‘in Gelyaga qaradi-da, jilmayib, past ovozda xirgoyi qildi:
Eshikni siz yopmang, aslo,
Qo‘ying, ochiq tursin eshik.
Nihoyat bir o‘zi qolgach, Gelya shosha-pisha eshikni berkitdi-da, barcha zulfinlarini ilib, bo‘shashibgina unga orqasi bilan suyandi, qo‘llari bilan qornini changalladi, qo‘rquvdan yuzi burishib ketdi.
Yigirma oltinchi bob
DOLZARB DEYa KIM AYTDI?
1
— To‘xta! — kutilmaganda baqirdi Pechenkin. Haydovchi shoshib tormozni bosdi, “Mersedes” to‘xtadi , orqadan g‘iyqillab “Suburban” ham to‘xtadi. Shoshib qolgan soqchilar mashinadan tushgunlaricha Vladimir Ivanovich chekka yo‘lakka chiqib, oyog‘ini keng yoyib, qo‘llarini orqasiga qilguncha fotoatelening ko‘rgazma oynasini tomosha qila boshladi. Hatto kechikkan Pribilovskiy ham qo‘lida yon daftaru ruchka bilan shay turarkan, nima gapligini bilolmay hayron edi. Holbuki, ushbu fotoateleni Pechenkinga aynan o‘zi aytgan edi. Lekin Pribilovskiy buni unutib yuborgandi, Pechenkin esa shu yerdan o‘tayotib eslab qoldi…
Ko‘rgazmaning kattakon oynasi ostida fotosuratlar osib qo‘yilgandi — bu ham qilingan ishlar hisoboti, ham reklama edi. Rasmlar orasida o‘rtadagi uchta yoshning birga tushgan surati diqqatni tortardi. Katta qilib oldirilgan bu guruh portreti ham hayratomuz, ham tashvishli va qo‘rqinchli edi. Ilya, qandaydir qisiq ko‘z va zanji qiz. Yelkama-elka turib olg‘a va tepaga intilgan bu yoshlarning ko‘zlarida buyuk ilm siri aks etardi. Garchi Vladimir Ivanovich qo‘rqmasa ham xuddi shu ko‘zlardagi ziyo dahshat solardi.
— Mana bu ikkovi kim? — so‘radi u kotib-referentdan.
— Nilich aytdi, ertaga ma’lum bo‘larkan, — javob berdi Pribilovskiy.
— Nilichning o‘zi qani?
— Do‘stingizni uyingizga olib ketdi.
— Ha, esimda, — Pechenkin bosh irg‘adi, suratlar oynasi oldida naridan-beri yura boshladi. U o‘z-o‘zicha, gapirar, goh yelkasini qisar, goh qo‘llarini ko‘tarib-tushirar, cho‘ntagiga tiqar, fotoportretga qarab hayron bo‘lar, xijolat chekardi. Vladimir Ivanovich sira tushunmasdi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, birdan yerga engashdi, yarimta g‘ishtni oldi-da, bor kuchi bilan rasmlar oynasiga urdi.
Shisha chil-chil bo‘ldi.
2
Galina Vasilevna cho‘chib tushdi. Tashqaridan kimdir bolaxona derazasini taqillatardi. Kutilmagan bu holdan esankirab, qo‘lidagi to‘qiyotgan narsasini tushirib yubordi.
Bu Ilya edi! U deraza oynasiga yopishib turar, suyunib tirjayar edi.
Galina Vasilevna yugurib borib eshikni ochib yubordi.
— Ilyushenka! Voy xudoyim-ey, biram qo‘rqitib yubordingki! Bu yoqqa qanaqa qilib chiqding?
— Men huv anavidan… — Ilya boloxona ayvoniga yondosh o‘sgan qarag‘ayni ko‘rsatdi.
— Yiqilib tushishing mumkin edi-ku, axir! — dedi Galina Vasilevna o‘g‘lini bag‘riga bosib.
— Yo‘q, men yiqilib tushmasdim, — dedi Ilya, onasining og‘ushidan chiqarkan. — Yura amaki qani?
— Ketdi, — javob berdi Galina Vasilevna, o‘g‘lining kamzuli tugmasini qadar ekan.
— Afsus, — xafa bo‘ldi Ilya. — U juda maroqli suhbatdosh-da.
— Ha, u bilan gaplashsang maza qilasan, — dedi Galina Vasilevna va qo‘shib qo‘ydi: — Lekin u ketdi. Meningcha, butunlay ketdi. Sen juda vaqtida kelding-da. Men yengsiz nimchani to‘qib bo‘ldim. Seni hech kim ko‘rmadimi?
Ilya boshini silkidi.
— Yaxshi. Otang bilan biror muddat uchrashmay turganing ma’qul.
— Men podpolega o‘taman, — dedi Ilya.
— U yer zax emasmi? — so‘radi Galina Vasilevna o‘g‘liga kamzulni kiydirarkan.
— Badanimga botyapti, — peshonasini tirishtirdi Ilya.
— Lekin issiq tutadi, bolam. — U o‘g‘lini ko‘zgu oldiga olib bordi. Yengsiz oq kamzul oppoq edi, uning ko‘kragiga qizil rangda Che Gevaraning inqilobiy boshi tushirilgan edi. Ilya yelkalarini to‘g‘riladi.
— Yoqdimi? Yoqdimi, Ilyusha? — so‘radi onasi.
Ilya javob bermadi, u ko‘zguda o‘z aksiga qarash bilan ovora edi.
— Bu fikr kimning miyasiga kelganini bilasanmi? O‘ylab top-chi? Dashenka Kanisheva… Rasmni ham o‘zi topdi. — Galina Vasilevna o‘g‘lini o‘zi tomon o‘girdi-da, kaftini uning yonoqlariga qo‘ydi va ko‘zlariga tik qarab, yonib gapirdi: — Dasha seni sevadi, Ilyushenka! Shunday sevadiki, bugungi kunda bunaqa sevishmaydi! Chin qalbdan, bor vujudi bilan!
— Men kommunistman, oyi, — dedi Ilya onasining qo‘lidan chiqib ketishga urinib, lekin bunga muvaffaq bo‘lolmadi — onasi uning yonoqlarini shunday qisdiki, ko‘zlari dumaloqlashib, lablari to‘rtburchak holiga keldi.
— Axir kommunistlar, axir haqiqiy kommunistlar sevishmaganmidi? Marksning o‘z Jennisi, Leninning Nadejda Kostantinovnasi va Inessa Armandi bor edi. Kommunistlar ham, Ilyushenka, odam, axir! — Galina Vasilevna birdan hayajondan to‘lqinlanib Ilyaning yuzini — ko‘zi, peshonasi, burnini bo‘salarga ko‘mib tashladi…
3
Pechenkin bir o‘zi qorong‘i kinozalda o‘tirar, “Daydi”ni tomosha qilar, pista chaqib, tuflab tashlardi, lekin hech kayfiyati ko‘tarilmasdi. Kutilmaganda nimadir shitirlab ketdi, kino tasmasi uzildi va ekran oppoq bo‘lib qoldi. Zalda chiroq yondi. Vladimir Ivanovich qimir etmay o‘tirgancha boshini qayirib u yoq-bu yoqqa qaradi, jimlikka quloq tutdi. Kinomexanik darchasiga nazar tashladi, tag‘in oq ekranga qaradi. Keyin ikki barmog‘idan halqa yasadi-da, og‘ziga tiqdi va qaroqchilarcha quloqni teshib yuborgudek hushtak chaldi. Lekin ekran oqligicha turaverdi. Shunda Vladimir Ivanovich oyog‘i bilan yog‘och to‘shamani tapillatib bo‘kirdi:
— Hoy etikdo‘zlar! Kinoni qo‘yinglar!
Lekin tepadagilar uni eshitishmadi va Vladimir Ivanovich o‘rnidan turib, yer tepib, ayiqqa o‘xshab o‘kira boshladi.
Zalda chiroq o‘chib, ekranda yana tasvir paydo bo‘ldi. Pechenkin yengil nafas olib, yog‘och kursiga o‘tirdi, terlagan peshanasini artdi, sal o‘ziga kelgandek bo‘ldi… Lekin ekranga qaradi-yu, yana o‘rnidan turib ketdi. Ekrandagi tasvir Hindiston emasdi. U yerda quyosh, xurmo daraxti va qo‘shiq emas, balki loy, sovuq va qon tasvirlanardi. Bu Rossiya edi. Urbanskiy egnidagi ko‘ylagini yirtib, ko‘kragidan otishlarini talab qilardi. Bu “Daydi” emas. — “Kommunist” edi. Pechenkin gap nimadaligini darhol tushundi.
— Kommunist!!! — deb baqirdi va zaldan otilib chiqib ketdi.
4
U kinomexanik xonasiga otilib kirdi. Aftidan, Noil kerakli kinolentani qidirganga o‘xshaydi. Ko‘plab tasmalar chuvalashib yotardi. O‘zi esa o‘lguday ichgan shekilli, garmon chalganicha tatarcha qo‘shiq aytardi:
Tollar, tollar, yelda egilib turar,
Tollar, tollar shoxi bukilib turar.
Seni yana bir bor ko‘rsaydim —
Yuragim ezilar, xayol charx urar.
Vladimir Ivanovich, hayron bo‘lib jilmaydi va baqirdi:
— Noil!
U chalishdan to‘xtadi, qo‘shiqni to‘xtatdi, tanimaganday Pechenkinga qaradi.
— Noil, nima balo, sen ichmasding-ku! — kulib, hayratlanib so‘radi Pechenkin.
Noil, aftidan, uni endi tanidi shekilli, tortinmadiyam, qo‘rqmadiyam, ko‘kragini kerib, gerdaygancha dedi:
— Kim xo‘jayin — tatar xo‘jayin!
Va yana chalib, kuylay boshladi:
Tollar, tollar, yelda egilib turar…
Pechenkin atrofga ko‘z yugurtirdi, burchakda stol ustida arman konyagidan bo‘shagan shishaga ko‘zi tushdi. Yoritgich shaqirladi, g‘ildiraklar aylandi, kino tasmasi o‘ta boshladi.
Vladimir Ivanovichning orqasida sassiz-sadosiz Sedoy paydo bo‘ldi.
— Ana xolos, — dedi u hushtak chalib.
Pechenkin tasmalar uyumidan hatlab o‘tdi-da, devordagi to‘rtburchak darcha yoniga keldi va ekranga qaradi.
— Kishilarni yo‘qotayapmiz! Yaxshi kishilarni yo‘qotayapmiz! — dedi Lenin chuchuk tilda alam bilan.
Pechenkin orqaga o‘girilib, Sedoyga diqqat bilan qaradi. U tortinibroq kuldi-da, qo‘l siltadi.
— O‘rtog‘ingiz biram g‘alati ekan, biram g‘alati ekanki! Bu yoqqa olib kelayotganimda uyg‘ondi-yu, hadeb bitta so‘zni takrorlayverdi: “Bugungi kunda xudo dolzarb emas! Bugungi kunda xudo dolzarb emas”. “Dolzarb deya kim aytdi?” dedim men. — Sedoy yana kuldi.
— Nima, sen uni qo‘yib yubordingmi? — so‘radi Pechenkin Sedoyga ham, garmon chalayotgan Noilga ham qaramasdan.
— Men uni hech qayoqqa qo‘yib yuborganim yo‘q, — jahl qildi Sedoy. — Men uni qo‘riqchilar xonasiga berkitdim — darrov uxlab qoldi. Keyin kelayotsam — ro‘paramdan Galina Vasilevna chiqib qoldi. “Qani u”, — deb so‘radi. Men, “Menga kalitni bering, u bilan gaplashib olishim kerak” dedi. Kalitni berdim… U kalitni oldi… Bor gap shu. — Sedoy qo‘llarini yoydi.
Pechenkin ishshaydi, Sedoyning yoniga keldi, tushunaman deganday bosh irg‘adi, panjasini uning bo‘yniga qo‘ydi, peshanasini peshanasiga tiradi-da, ming‘irladi:
— Ketgan bo‘lsa ketibdi-da. Buning hech kuyadigan yeri yo‘q, Nilich, qo‘yadigan yeri yo‘q. “Mers”ning rulchasi — ramzini sindirib ketishibdi, mana buni g‘am desa bo‘ladi. Uchinchi. Uchinchi ramz, Nilich…
Sedoy orqaga tisarildi, lekin Pechenkin uni qo‘yib yubormadi.
— Nega axir, Ivanich, men hozirgina tekshirib ko‘rdim, u joyida turibdi, — shivirladi Sedoy qizarib. — Joyida turibdi. Hozirgina ko‘rdim. — Sedoy yana chiqib ketishga urindi, uning yonoqlari ko‘karib, ko‘zlari namlandi. — Sindirishgani yo‘q, Ivanich, — xirilladi u so‘nggi umidini ham yo‘qotib.
— Sindirishmabdimi — demak, sindirishadi, — dedi Pechenkin suhbatga sekin va shafqatsiz yakun yasarkan va qattiq zarb bilan peshonasini Sedoyning peshonasiga urdi.
Yigirma yettinchi bob
PEChENKINLAR OILASINING SIRI
1
Ular — er va xotin, xuddi dushman dushmanga ro‘para turgandek, bir-biriga qarshi turishardi.
Galina Vasilevna qo‘llarini ko‘ksida ayqashtirib olgan, oyoqlarini oldiga chiqarib, gavdasini sal orqaga tashlagan, eriga tepadan pastga qaragandek kinoya bilan, ustunlik hissi ila boqardi. Holbuki, Vladimir Ivanovichning bo‘yi undan balandroq edi. Lekin hozir past va kichik ko‘rinardi. Pechenkinning qoni qaynar, hozir portlagudek holatda edi. Endi unda ikki yo‘l bor edi: nihoyat va tez orada portlab minglab bo‘laklarga bo‘linib ketadi yoki o‘sha minglab bo‘laklarga o‘zining qonuniy xotinini bo‘lib tashlaydi. Uning ikkinchi yo‘lni tanlagani aniq. Galina Vasilevna buni ko‘rib va tushunib turibdi. U bunday yakunga rozi edi. Galinaning o‘zi eri tomonidan minglab bo‘laklarga bo‘linib tashlanishiga tayyorligi uni yuksaltirar, yanada muhimroq, kattaroq qilib ko‘rsatardi.
— Yurkani… sen… qo‘yib yubordingmi? — kutilmaganda so‘radi baland dimog‘da Vladimir Ivanovich.
— Men uni qo‘yib yuborganim yo‘q, — darhol javob berdi Galina Vasilevna bamaylixotir va ishonch bilan.
— Qayta so‘rayapman: Yurani sen qo‘yib yubordingmi? — bu safar Pechenkin o‘zini yo‘qotmay, hamishagi dadil ovozda so‘radi.
— Men ham qayta aytayapman, uni men qo‘yib yuborganim yo‘q, — javob berdi Galina Vasilevna yanada qat’iy ohangda.
— Lekin u… o‘zi ketolmasdi, — ancha o‘zini yo‘qotib dedi Pechenkin. — Axir u o‘zini bilmay yotardi-ku!
— Yo‘q, u tezda o‘ziga keldi.
— Demak, qo‘yib yuborgansan?!
— Men uni qo‘yib yuborganim yo‘q. Men uni haydab yubordim, — dedi Galina Vasilevna yanada xotirjam va yengil tabassum bilan.
Pechenkin quloqlariga ishonmadi. U bir qadam ortga chekindi va xotiniga uzoq qarab qoldi.
— Qanaqasiga? — dedi u nihoyat.
— Qanaqasiga? — takrorladi Galina Vasilevna. — Oddiy qilib. Unga: “Oilamizdan daf bo‘l”, deb aytdim.
— “Oilamizdan daf bo‘l”? — so‘radi qaytarib Pechenkin.
— Ha, oilamizdan daf bo‘l, — tasdiqladi Galina Vasilevna.
Pechenkin junbushga kelgan qo‘lining barmoqlarini xotinining bo‘yniga cho‘zdi, lekin o‘zini bosib, yana orqaga tisarildi. Qo‘llarini orqasiga yashirdi va o‘zini sal-pal tinchlantirib olish uchun mahbuslar sayrga chiqqanlarida aylanganlaridek doira yasab aylana boshladi. Bu doiraning o‘rtasida esa Galina Vasilevna turardi.
— Bilasanmi Galk, gap nimada, — oyoqlari ostiga qaragancha ming‘irladi Pechenkin aylanishda davom etib. — Bilasanmi, Galk… Sen ayolsan, lekin meni tushunishing kerak. Erkaklarda shunday bir tushuncha bor — do‘stlik, mardona do‘stlik. Bu sening izzat-nafsingga tegmasin-u, lekin erkak uchun do‘st — xotindan afzal, hammadan afzal… Bu yerda hech taqqoslab bo‘lmaydi, do‘st — bu do‘st! Mana shunaqa… Mening do‘stim bor edi. Jeludkov Yurka. Jelud. U men uchun o‘zini o‘tga, suvga urishdan ham toymasdi. Men ham unga shunday edim. Keyin u g‘oyib bo‘ldi. Men do‘stsiz qoldim. So‘ngra u paydo bo‘ldi. Do‘st.
— Do‘st emas u senga, u g‘anim, — erining so‘zini bo‘ldi Galina Vasilevna.
— G‘anim?
— Ha, g‘anim.
— G‘anim?
— G‘anim.
Pechenkin qah-qah urib kuldi:
— Nima, sen meni “yangi rus”, uni esa bomj deb aytmoqchimisan? Nima balo, qanday mamlakatda yashayotganimizni unutdingmi? Ehtimol, ertaga men bomj bo‘lib qolarman, u bo‘lsa “yangi rus”ga aylanar. Yo shunday emasmi? — Vladimir Ivanovich yana doira bo‘ylab aylana boshladi.
— Yo‘q, unday emas, — rozi bo‘lmadi Galina Vasilevna. — Sening do‘sting yo‘q, o‘g‘ling bor.
Shunda Pechenkin to‘xtab qoldi, so‘radi:
— Kim?
— O‘g‘ling.
— Qanaqa o‘g‘il? — Vladimir Ivanovichning kulgisi qistadi va kulib yubordi.
— Ilyusha…
— Nima, ismini nima deding? — Pechenkin yaxshiroq eshitish uchun kaftini qulog‘iga tutdi.
— Uning ismi Ilya, Ilya Vladimirovich Pechenkin, — dedi aniq va baland ovozda Galina Vasilevna va qo‘shib qo‘ydi: sen uni voris sifatida tezroq rasmiylashtirishing kerak.
Pechenkin “ha” degandek bosh irg‘adi, yana doira bo‘ylab aylana boshladi va ming‘irladi:
— Televizorda ko‘rsatishdi… Bizning bolalarimizdan bittasi Frantsiyada… ota-onasini otibdi, yana beshta qarindoshini o‘ldiribdi… G‘irt yetim, yagona merosxo‘r… ikki yilga kesishibdi, yaqinda chiqadi… Pul uniki… shunday bo‘lsa mayli edi-ya… Bu bo‘lsa mening pulimni partiyaning puliga aylantiradi… Axir, u kommunist-ku!
Galina Vasilevna “uf” tortdi.
— Nega tushunmaysan, axir, Volodya, bola hali yosh, bolaligidan voz kechgisi kelmayapti! O‘zing qaroqchi kazaklar o‘yinini qanday yaxshi ko‘rganingni bir o‘ylab ko‘r, oying chaqirganda uyga sira borging kelmasdi-ku? Ilyushaning bolaligini uzaytirish bizning ota-onalik burchimiz!
Bunga javoban Pechenkinning ko‘rsatkich barmog‘i Galina Vasilevna tumshug‘i tagida soat kapkiridek o‘ynay boshladi va Vladimir Ivanovich dona-dona qilib gapira boshladi:
— Men. Unga. Hech narsa. Qarz emasman.
— Sendan so‘nggi bor iltimos qilaman, — dedi g‘amgin Galina Vasilevna.
— So‘nggi bormi? — suyundi Pechenkin. — So‘nggi bor bo‘lgani yaxshi. Nega muncha shoshayapsan? Xo‘sh? Yoki choyimga margumush qo‘shyapsanmi? Negadir keyingi paytda jig‘ildonim ko‘p qaynaydigan bo‘lib qoldi… Sen o‘zing merosingni rasmiylashtirdingmi?
U birdan xotini tomog‘iga panja soldi va asta-sekin qisa boshladi. Galina Vasilevna uning qo‘lidan chiqib ketishga urinmadi ham.
— Kechirim so‘ra, — dedi ayol zo‘rg‘a nafas olib.
Vladimir Ivanovich qo‘lini tortib oldi va o‘zini yo‘qotib xotiniga qaradi.
Galina Vasilevna havodan yutib, ma’lum qildi;
— Men allaqachon rasmiylashtirganman, Volodya. Hammasi Ilyushaga qoladi, senga esa go‘sxo‘rliging qoladi.
— Go‘sxo‘r? — qayta so‘radi Pechenkin, bu so‘zning ma’nosini tushunish uchun.
— Go‘sxo‘r, Volodya, go‘sxo‘r, — tinchlantiruvchi ohangda gapirdi ayol.
— Qanaqa go‘sxo‘r? — haliyam tushunmasdi Pechenkin.
— Qanaqa bo‘lardi, sen ko‘tarib yurgan dog‘-da, — jilmaydi hamdardlik bilan Galina Vasilevna.
Pechenkin unga telbalarcha qaradi, keyin xuddi xira pashshani haydagandek, qo‘lini boshi uzra siltadi va yana mo‘ltirab xotiniga qaradi.
Galina Vasilevna og‘zini kafti bilan berkitib sekingina kuldi, yonida turgan stulga o‘tirdi, kulgidan yoshlangan ko‘zlarini eriga tikib, tushuntira boshladi:
— Xotin eng oxirida biladi, deyishadi… Er bo‘lsa, umuman bilmas ekan! To xotini o‘zi aytmaguncha bilolmas ekan… Eh, Volodya, Volodya… Sen o‘z do‘stingni militsiya bilan, ekstrasenslar bilan izlading. Holbuki, mendan so‘rashing kerak edi. Axir, o‘sha kuni sizlar ozmuncha ichdinglarmi, ha, ozmuncha emas… Sen qabulxonadagi divanda uxlab qolding. Bu paytda uxlash xonasida biz Yura bilan birga edik… Hozirgi ibora bilan aytganda — muhabbat bilan mashg‘ul edik… U meni sevardi o‘sha paytlar, sevardi, sen esa buni sezmasding. Ha, aytganday, u o‘ynashlikni juda yaxshi epladi, odatda, ko‘p ichuvchilar bunday sifatga ega bo‘lmaydilar. Hamma ish, nihoyat, tugab bo‘lgach, u juda qo‘rqib ketdi va “Endi men nima qilay?” deb so‘radi. Shunda men unga: “Oilamizdan daf bo‘l” dedim.
Galina Vasilevna bu og‘ir xotiralardan shu qadar hayajonlangan ediki, erining g‘oyib bo‘lganini ham sezmay qoldi. Umuman, endi buning ahamiyati yo‘q edi, u gapida davom etdi:
— Faqat uning aybi yo‘q, Volodya. Uni ko‘rpamizga o‘zim sudragandim, garchi bu ish menga jirkanch bo‘lsa-da. Men sening kelajaging va Ilyushaning kelajagi uchun o‘zimning ayollik nomusimni qurbon qildim. Rus ayoli o‘z tabiatiga ko‘ra fidoyidir, bu haqda qancha gapirilgan, qancha yozilgan…
Galina Vasilevna gapirardi. Aytadigan gaplari ko‘p edi uning.
2
Tungi axlatxona tutab yotardi, u yer-bu yerda yonayotgan narsalar qizarib ko‘rinardi. Shinam va dabdabali pushtirang “Rolls-roys” ana shu ko‘rimsiz joyning qoq o‘rtasida to‘xtadi. Bu — bir vaqtlar Ilya “Zaporojets” ustida turib targ‘ibot nutqi irod qilgan joy edi. Pechenkin “Rolls-roys”dan otilib chiqdi va dadil mashina kopotiga sakradi, u yerdan tomiga ko‘tarildi. To‘rt tomonga ko‘z yugurtirib, musht o‘qtalgancha baqirdi:
— Jelud! Chiq buyoqqa! Chiq, ablah, aft-basharangni dabdala qilaman!
Yigirma sakkizinchi bob
KOMMUNIST — MAHKUM ODAM
Shaxdam odim tashlab borishardi… Zo‘r, mag‘rur, dadil… Hatto diskoteka eshigi oldida to‘dalashib turgan keng cholvorli urushqoq repperlar1 ham ularga yo‘l berib, chetga chiqdilar. Ular birdek qadam tashlashar, yelkama-elka borishar, ular indashmas, faqat olg‘a qaragancha yurishda davom etishardi. Bu qanaqadir hali ko‘rilmagan, yangi, sirli kuch edi. Ularga gapirishga ham botina olishmasdi. Faqat izlaridan qarab qolishardi.
Tun yarimdan oqqan bo‘lishiga qaramay, Lenin ko‘chasi odamlar bilan gavjum edi: kunduzi uyquga to‘ygan Pridonsk yoshlari o‘ynab-kulish va ko‘ngil ochish uchun bu yerga oqib kelayapti.
Butun Lenin ko‘chasini bosib o‘tgan do‘stlar nimqorong‘i, bo‘mbo‘sh Volodarskiy ko‘chasiga burilishdi, undan Zavodskaya ko‘chasiga o‘tishdi. Bu ko‘chada hech kim yo‘q edi. Ko‘p o‘tmay ular Zavod maydoniga chiqib olishdi.
Chap tomonda ulkan chiroq nuri yoritayotgan Lenin haykali savlat to‘kib turardi. O‘ng tomonda esa billur ibodatxona ichidan yorishib turgandi. Xuddi shu yerda kichkinagina kelishmovchilik yuz berdi — Kim bilan Anjela Devis haykal yoniga borishmoqchi edi, Ilya bo‘lsa, ibodatxonaga yo‘naldi.
— Nima uchun u yerda emas, bu yerda? — uyalinqirab so‘radi Kim.
— Shunday bo‘lishi zarur, — dedi Ilya yo‘l-yo‘lakay.
Ibodatxonaning tepasidan pastigacha shubha bilan qarab chiqqan Anjela Devis so‘radi:
— Xalq uni nima deb atashganini bilasizlarmi? Qadah! Pechenkin o‘ziga qadah yasattirdi. — Qiz kuldi, unga Kim ham qo‘shildi. Lekin Ilya ularni jim bo‘lishga majbur etdi.
— Jim bo‘linglar! Bu yerga kulish uchun kelganlaring yo‘q…
Ibodatxona ichida xilma-xil chiroqlar yonar, sanamlarning xira yuzlarini zo‘rg‘a yoritardi. Ilya sheriklariga qarab sekin gapirdi:
— Sizlarni yodlashga majbur qilmoqchi edim, lekin buning foydasi yo‘q… Shuning uchun men aytaman, sizlar takrorlaysizlar. Birinchi band. Kommunist — mahkum odam.
— Birinchi band…
— Sizlar bandni aytishlaring shart emas. Kommunist — mahkum odam.
— Kommunist — mahkum odam, — baravar jo‘r bo‘lishdi Kim va Anjela Devis.
— Uning o‘z manfaatlari yo‘q, na ishi, na hissiyoti, na mulki va na ismi bo‘lmaydi…
Anjela Devis buni hayajon bilan takrorladi va hatto sharhladi ham:
— O‘zim ham shunday deb o‘ylovdim…
Ilya uni to‘xtatdi:
— Undagi bor narsa yagona manfaatga, yagona maqsadga — inqilobga singdirilgandir. — Ilyaning ovozi borgan sari kuchayib borardi.
— Inqilobga singdirilgandir! — bor ovoz bilan takrorlashdi safdoshlari.
— Ikkinchi band.
— Hammasi bo‘lib nechta band o‘zi? — qiziqsindi Anjela Devis.
— Yigirma oltita.
Qiz boshini qashidi. Kim tortinibroq kuldi-da, Ilyaga murojaat qildi:
— Sen yigirma oltitaning hammasini eslaysanmi?
— Bo‘lmasam-chi, — javob berdi Ilya, — takrorlanglar: … U o‘zining butun qalbi bilan…
— U o‘zining butun qalbi bilan…
— Faqat so‘zda emas, balki amaldi…
— Faqat so‘zda emas, balki amalda…
— U butun ziyoli olam bilan, bu dunyoning barcha qonunlari, odatlari, ijtimoiy shartlari, axloqi bilan har qanday aloqani uzadi.
— … Har qanday aloqani uzadi.
— Lenin aytganidek, axloq ekspluatatorlik jamiyatini buzishga va kommunistlar jamiyatini bunyod etayotgan barchaning birlashishiga xizmat qiladi. Ya’ni, kommunistlarning yangi jamiyatini tuzayotganlarning birlashishiga xizmat qiladi. Tushunarlimi?
Lekin, aftidan, koreysga uncha tushunarli emasdi.
— Axloqlilik — bu buzilish. Endi tushunarlimi?
Kim bosh irg‘adi.
Ilya bir zumga o‘ylanib qoldi, qasam matnini xotirasida tiklay boshladi.
Maydonning chekkasida militsiyaning “Uazik” mashinasi paydo bo‘ldi.
— … Bu dunyoning axloqliligi, — deya yana takrorladi Ilya militsiyadan ko‘zini uzmay “Uazik” bir silkinib qorong‘ulikka sho‘ng‘idi. — Kommunist uning uchun beayov dushmandir, — dedi shoshib Ilya, — va agar u shu dunyoda yashashda davom etarkan, faqat uni buzish uchun yashaydi.
— Kommunist uning uchun — beayov dushmandir va agar u shu dunyoda yashashda davom etarkan, faqat uni buzish uchun yashaydi, — shoshib takrorlashdi koreys va mulat qiz.
— Bo‘ldi! — dedi kutilmaganda Ilya qasamni bo‘lib va militsiya patruli ketgan tomonga qaradi.
— Sen aytding-ku, yigirma olti band deb, — ayyorlik bilan ko‘zini pirpiratib so‘radi Kim.
— Sizlar uchun ikkitasi ham yetadi, — dedi norozi ohangda Ilya.
— Ikkitasi ham yetadi, — jon deb rozi bo‘ldi Anjela Devis. U dildiray boshlagandi — havo sovuq edi.
Ilya jilmaydi:
— Shu ondan e’tiboran sizlar KYaJ — Kommunistlar yangi jamiyatining a’zosisizlar. Tabriklayman.
— Hech joyga qo‘l qo‘yish kerakmasmi? — juda jiddiy so‘radi Kim.
— Hozir imzolaysizlar, — deya ularni tinchlantirdi Ilya va yon cho‘ntagidan tol shashka1 chiqardi.
— Voy-bu-uy! — hayron bo‘ldi Kim. — Qayerdan olding?
— Atom bombasini taklif qilishdi, lekin juda qimmat ekan, — hazillashdi Ilya. Uning narigi qo‘lida zajigalka paydo bo‘ldi.
Ilya g‘urur bilan jilmaygancha bir safdoshlariga, bir billur ibodatxonaga razm soldi.
— Xo‘sh, bayram xamiriga latta qo‘shamizmi? — quvnoq holda taklif qildi Ilya.
Kim ham, Anjela Devis ham dohiylari nima qilmoqchi ekanini darhol tushunishdi. Lekin ularning yuz ifodalariga qarab bunday qilinishiga ishongilari kelmayotganini tushunish qiyin emasdi.
Ilya zajigalka tugmasini bosdi, lekin shamol alangani o‘sha zahoti o‘chirdi.
Ilya kuldi.
— Axir, o‘zlaring aytdilaring: xudo yo‘q, deb. O‘zlaring baqirdilaring-ku: xudo yo‘q, — deya. Shunday emasmi? — so‘radi Ilya va zajigalkani chiqillata boshladi.
— Ha, yo‘q, — to‘ng‘illadi Anjela Devis.
— Yo‘q, ha, — ming‘illadi Kim.
Ilya yana kuldi:
— Qo‘rqayapsizlarmi? Pavka popning xamiriga latta qo‘shayotganda hali xudo borligiga ishonardi. Lekin baribir xamirga latta qo‘shdi. Sizlar Xudo yo‘q deyapsizlar-u, qo‘rqayapsizlar!
— Nima, bizlar xudodan qo‘rqamizmi? — norozi bo‘ldi Anjela Devis.
— Bizni qamashadi, — vaziyatni tushuntirdi Kim.
— Qamashmaydi, — taskin berdi Ilya. — Bordi-yu qamashsa, yanayam yaxshi, bizga yangi jafokashlar kerak.
— Lekin bu shisha qasri uchun qancha pul sarflashganini bilasanmi?! — borgan sari qizishardi Anjela Devis.
— Qancha? — masxara qilib so‘radi Ilya.
— Qancha-qancha? Juda ko‘p!
— Lekin bu pullar kimniki ekanini bilasanmi? Bu pullar sening buvingniki. Bu onangning pullari. Bu sizlarning pulingiz! Pechenkin bu pullarni xalqdan o‘g‘irlab, uning evaziga shuhrat qozonmoqchi bo‘ldi. Demak, bu pullar sizlarniki va shu pullarga qurilgan bu binoni nima xohlasangiz shunday qila olasiz.
Zajigalka chiqillayverdi, chiqillayverdi, alanga yondiyu o‘chib qolaverdi, o‘chib qolaverdi.
— Men buni istamayman! — baqirdi Anjela Devis. — Mayli, turaversin!
— Lenin-chi? — istehzoli o‘shqirdi Ilya.
— Lenin ham turaversin!
Kim qizning gapiga qo‘shilaman deb bosh irg‘adi. Ilya zajigalkani chiqillatishni bas qilib, sekin va xotirjam gapira boshladi:
— Sizlar hali ular ikkovi bu yerda yonma-yon tura olmasligini tushunmayapsizlar.
— Agar ular bugun bu yerda ibodatxona qurgan ekanlar, ertaga haykalni olib tashlashni xohlab qolishadi. Xudo yo‘q. Uni hech kim hech qayerda ko‘rmagan. Lenin esa bor. Men ko‘rganman Leninni.
Ilya g‘azabi qaynab, atrofga ko‘z yugurtirdi va zajigalkani yoqdi, shunda xuddi mo‘jiza yuz berganday bo‘ldi — shamol butunlay tindi, alanga lipillamay qo‘ydi. Ilya uni portlatgichga ulangan bikforda ipining uchiga tekkizdi. U qattiq pishilladi va uchqun sochib yona boshladi.
Anjela Devis yugurib borayotgan oq alangadan ko‘z uzmay chinqirib yubordi.
— Qochinglar! — baqirdi Ilya; u qo‘lidagi portlatgichni darvoza panjarasidan oshirib otdi va qochib qoldi.
— Oyijon! — shivirladi Anjela Devis va boshqa tomonga qarab qochdi.
Kim dovdirab shashkaga qarab turdi, darvoza panjarasini tortib ko‘rdi-da, u ham qochdi.
Qanday qochishganini ko‘rsangiz edi! Shiddat bilan uzoq yugurishdi, nafas olmay chopishdi. Birdan nafaslari yetmay to‘xtab qolishdi, charchab yiqilishdi. Anjela Devis yiqilarkan qandaydir panjaraga suyalib qoldi, keyin yerga yotib, bir necha soniya nafas olmay atrofga quloq tutdi. Jimjitlik. Portlash yuz bermadi.
Anjela Devis hiqillab nafas ola boshladi, uning hiq-hiq yig‘isi tezlashib va balandlashib borardi. Lekin shu onda panjaraning narigi tomonida yana kimdir tez-tez nafas olayotganini eshitib qoldi. Boshini ko‘tarib qaradi va narigi tomonda unga qarab turgan Kimni ko‘rib qoldi. Endi ikkalasi baravar tez-tez nafas ola boshlashdi.
2
Tong otgan, quyosh Don uzra ko‘tarilib bo‘lgan, ular esa hamon raqs tushishardi. Bayroq ko‘tariladigan maydonchani ular raqs maydoniga aylantirgan edilar. Bryus Lining jurnallardan qirqib olingan rasmlari yopishtirib tashlangan eski magnitofonini Kim sim bilan flagshtokka ilib qo‘ygandi. Jo Dassen qo‘shiq kuylardi. Yigit va qiz qizishib ketgan bo‘lishsa-da, bir-biridan ma’lum masofada raqs tushishardi. Anjela Devisning jag‘i tinmasdi:
— Buvim erga tegmoqchi bo‘layapti. O‘zlarining Koromislovlariga. Xonaga kirib qarasam quchoqlashib turishibdi. Keyin men unga: “Buvijon, men sizga prezervativ sovg‘a qilaman”, — dedim. Tayoq bilan boshimga tushirib qolsa bo‘ladimi! G‘urrani qara!
Qiz jingalak sochli boshini engashtirib, jim kutdi. Va birdan Kim uning boshiga labini bosdi.
Anjela Devis hayron bo‘lib unga qaradi.
— Xohlaysanmi, men senga o‘ninchi stalincha zarbani aytib beraman? — dedi Kim.
— Xohlayman, — javob berdi shoshib qiz.
— Bu… 1944 yilning oktyabrida — qo‘shinlar hamda Shimoliy flotning Zapolyariyadagi zarbalari. — Kimning o‘zi ham shoshib qoldi. Avvallari hech esiga kelmasdi, endi bo‘lsa…
— Billur ibodatxonani portlatishga kim yo‘l qo‘ymaganini men bilaman, — dedi dadil Anjela Devis.
— Kim?
— Yangi kommunist o‘rtoqlar!
Ular Ilyaning ovozini eshitishdi. Garchi uning bu yerda, o‘z podpolesida paydo bo‘lishini bilishsa-da, baravariga cho‘chib tushishdi. Ilya pastda turar va o‘z safdoshlariga istehzo bilan qarardi.
— O‘yna! — buyurdi Anjela Devis va ular raqs tushishni davom ettirishdi.
— Yuringlar, cho‘milamiz, — taklif qildi u, lekin raqs tushuvchilar uni eshitmaganga olishdi.
— Meni o‘p, — buyurdi shivirlab Anjela Devis.
Kim bu chinakamiga o‘pishish emas deb o‘ylab labini naysimon qilib cho‘zdi-da, ko‘zlarini yumib oldinga intildi, lekin qizgacha yetolmadi, yuragi betlamadi. U ko‘zini ochib, Anjela Devisning qahrli nigohiga duch keldi.
Ilya “hm” deb qo‘ydi kinoya bilan.
— Nima balo, qo‘rqqanlaringdan gangib qoldinglarmi? — so‘radi u ko‘ylagini yechib tashlarkan.
— Bo‘m! Ji! Kiya! — norozi bo‘lib to‘ng‘illadi Kim.
Anjela Devis raqs tushayotgan sherigini ham esdan chiqardi-da, Ilyaga o‘girilib baqirdi:
— Bilasanmi, billur ibodatxonani portlatishga kim yo‘l qo‘ymadi?
— Xo‘sh, kim ekan u? — so‘radi Ilya.
— Xudo! — dedi Anjela Devis.
Ilya qah-qah urib kuldi.
— O‘zim ham shunday deb o‘ylovdim…
— Nimaga kishnayapsan? — o‘dag‘ayladi Anjela Devis.
Ilya jiddiy tus oldi.
— Unday bo‘lsa Xudo — menman. Kechagi bir mulyaj edi. Mulyaj, tushunayapsizlarmi? Mumdan portlovchi shashkaga o‘xshatib yasalgan mulyaj. Men uni portlatish niyatim ham yo‘q edi. Kommunistlar — vahshiy emas. Lekin biz ogohlantirib qo‘yishimiz kerak. Men unga “KYaJ” deb yozib qo‘ygandim. Sizlar uchun esa bir sinov edi. Sizlar sinovdan o‘tolmadinglar. Shuning uchun sizlarga hayfsan e’lon qilaman. Qattiq hayfsan! Endi esa ketdik cho‘milgani, — dedi u va jinsi shimini yecha boshladi.
— Pechenkin! — qichqirdi birdan Anjela Devis.
Aftidan, Ilya buni kutmagan edi.
— Ilya Pechenkin! — davom ettirdi o‘z hujumini mulat qiz. — Bilmaydi deb o‘ylaysanmi? Ha, men allaqachon tushunganman buni! Sen — Pechenkinsan, mana kimsan, bildingmi!
Ilyaning nasliy familiyasi qizning og‘zidan haqoratdek eshitilardi.
— Jin ursin, Pechenkin!
— Quloq solinglar, o‘rtoqlar… — Ilya uni tinchlantirishga behuda urinardi.
— Jin ursin seni, Pechenkin!
— Men sizlarni KYaJdan o‘chiraman! — baqirdi Ilya.
— KYaJ-pyajing bilan jin ursin seni, — dedi Anjela Devis.
— Sizlar kommunist emassizlar!
— Bor, o‘sha kommunistlaring bilan qo‘shmozor bo‘l!
Anjela Devis Kimning qo‘lidan ushladi-da, huv nariroqda turgan “Zaporojets”ga qarab sudrab ketdi.
Ilya shimini ushlaganicha, ularning izidan dovdirab qarab qoldi. “Zaporojets” hayron qolarli darajda tez o‘t oldi-yu, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
— Oltinchi band, — dedi o‘ychan Ilya. — O‘zi uchun qattiqqo‘l bo‘lgan kommunist boshqalar uchun ham qattiqqo‘l bo‘lishi lozim. Qarindosh-urug‘chilik, do‘stlik, sevgi va minnatdorlikning barcha nafis va nozik hissiyotlari inqilobiy ishning birgina sovuq ehtirosi ostida chilparchin bo‘lishi kerak…
Jinsi shim sirg‘alib yerga tushdi, oyog‘idan krossovkalarini yechdi va suvga kirarkan, so‘zida davom etdi:
— Kommunist uchun faqat bittagina ilinj, bittagina zavq bor — bu ham bo‘lsa inqilob zafaridir. Tunu kun unda faqat bitta fikr bo‘lishi kerak — beayov buzish.
Ilya junjiktiruvchi muzdek suvga kirib bir sho‘ng‘idi-da, baqirganicha suza ketdi:
— Shu maqsad yo‘lida sovuqqonlik bilan va betinim intilib, bunga erishishga xalaqit berayotgan hamma narsani o‘z qo‘li bilan yo‘q qilish va bu yo‘lda o‘zi ham halok bo‘lishga hamisha shay bo‘lib turish lozim!
Yigirma to‘qqizinchi bob
BU BOYLARNI TUShUNISh QIYIN
1
Vladimir Ivanovich Gelya bilan birgalikda ona qornida rivojlanayotgan go‘dakning tasmaga tushirilgan tasvirini ko‘rayotgan edi. Hali ko‘zlari ochilmagan sirli ilohiy xilqat qo‘lchalarini qimirlatib qo‘yardi.
— Volodka! — dedi g‘urur bilan Pechenkin va Gelyaning tizzalarini qattiq qisdi. Gelya tabassum qildi.
— Bilasanmi, professor nima dedi? Bunaqangi sog‘lom bolani anchadan beri ko‘rmagan emish, — dedi onalik baxtidan es-hushini yo‘qotib Gelya.
— Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas, — tasdiqladi uning gapini Pechenkin.
— Endi bo‘lsa eng muhimi bo‘ladi, qaragin, hozir u barmog‘ini og‘ziga soladi… Qara! Shu top ekrandagi hilqat chindan ham barmog‘ini og‘ziga soldi.
— Ana, ko‘rdingmi? Ko‘rdingmi? — deya baxtiyor ohangda so‘rardi Gelya sevgan erkagining, o‘z bolasiga ota bo‘lgan erkakning ko‘zlariga qarab.
Pechenkin baxtdan entikib ketdi.
Videotasvir tugadi — u uncha uzoqqa cho‘zilmadi.
Vladimir Ivanovich divanga cho‘zildi — boshini Gelyaning tizzasiga qo‘ydi.
Ayol uni erkalab, sochlarini siladi.
— Yana qo‘yib bergin, — shivirlab so‘radi Pechenkin.
— Sen uyga borishing kerak, — eslatdi sekingina Gelya.
Tashqari zim-ziyo edi. Soat to‘rt bo‘lgandi.
— Yana bir martagina, — takrorladi u iltimosini.
— Uyga borishing ke-rak, — yana eslatdi Gelya.
Pechenkin shartta turib o‘tirdi. Kafti bilan sochini tekisladi va qora ekranga qarab xotirjam va qat’iy dedi:
— Men uyimdaman. Uyimdaman, axir. Sen mening xotinimsan. Volodka esa mening o‘g‘lim.
Gelya tugmani bosdi va ekranda ona qornida yotgan xilqat namoyon bo‘ldi.
— Volodka… Vo-lo-odka… — boshini changallaganicha baxtiyor kuyladi Pechenkin. — Biz sen bilanmiz… hammasi boshqacha bo‘ladi! Hech kimni xafa qilmayman, hech kimni aldamayman. Sen mendan ibrat olasan. Donolik oddiy, Volodka, juda ham oddiy: “Halol odamning o‘g‘li hamisha halol, o‘g‘rining bolasi esa, albatta, o‘g‘ri bo‘ladi”. — Vladimir Ivanovich divandan turdi, qo‘llarini shimining cho‘ntagiga tiqib, oldinga-orqaga yura boshladi. — Hech qanaqa Shveytsariyaning keragi yo‘q. Shu yerda o‘qiysan, Rossiyada! Pridonskda universitet ochamiz… Vladimir Ivanovich nomida! Gelyaning o‘ziga maroq bilan qarab turganini ko‘rib Pechenkin qah-qah otdi! — Men faqat o‘ylab qoldim: Pridonskliklar orasida eng mashhuri kim? Bundoq qarasam o‘zim ekanman, — deya izohladi u va yana qah-qah urdi. Qayerdadir qo‘l telefoni chiyilladi. Vladimir Ivanovich Gelyaga qaradi.
— Bu sening maxfiy telefoning, — dedi u.
Pechenkin stul suyanchig‘iga ilib qo‘yilgan pidjagi cho‘ntagini kavladi va raqami eng yaqin kishilarigagina ma’lum bo‘lgan apparatni oldi.
— Menman… Ha… tushundim… Ha, tushunarli bo‘ldi.
Gelya unga tashvishli nigoh tashladi. Vladimir Ivanovich jilmaydi va gunohkorona qo‘llarini yoydi. U pidjagini kiydi va kutilmaganda qattiq-qattiq gapirdi:
— Bir tasavvur qil-a, Uralov otasi bilan Isroilga ketibdi.
— Sen aytganding buni, — eslatdi Gelya.
— Aytganding? — hayron bo‘ldi Pechenkin va yana eslab qoldi: Lema o‘zining Chechenistoniga ketayapti. Men unga: “Seni u yerda o‘ldirishadi” dedim. Bilasanmi, u menga nima dedi? “O‘ldirsa ham — o‘z Vatanimda”. Mana senga chechen.
— Sen aytganding, — yana eslatdi Gelya.
— Ha, aytgandim, — rozi bo‘ldi Vladimir Ivanovich. — Shuning uchun aytayapman-da: “Endi men kim bilan ishlayman?” deb.
Shunday deya birdan yiqilib tushdi. Buning qanday yuz berganini tushunib bo‘lmasdi. Gelya qo‘rqishga ham ulgurmadi, chunki Pechenkin allaqachon o‘rnidan turib olgandi.
— Gilamga qoqilib ketdim… — dedi u.
Teleekranda esa ona qornidagi go‘dak qo‘lchasini og‘ziga tiqdi…
— Sen meni kuzatma, — dedi u eshikka yo‘nalarkan, lekin Gelya o‘rnidan turib ulgurgandi.
Birdan Pechenkin yana yiqilib tushdi — juda og‘ir, noqulay yiqildi.
— Volodya! — baqirib yubordi qo‘rqqanidan Gelya.
Lekin o‘rnidan turib oldi.
— Tavba, menga nima bo‘ldi o‘zi? — ming‘irladi Vladimir Ivanovich hayron bo‘lib va eshikka quladi.
2
Teleekranga sariq qog‘oz qistirib qo‘yilgandi, unda qizil flomaster bilan chizilgan: “Volodya, marhamat, televizorni qo‘y” degan so‘zlar yozilgandi.
Pechenkin qog‘ozni olib, televizorni qo‘ydi. Yangiliklar berilayotgan ekan. U bir necha dasturga ulanib ko‘rgachgina videomagnitofonni qo‘yish kerakligini tushundi — kasseta qo‘yilgan ekan. Ekranda Galina Vasilevna paydo bo‘ldi. U telesuxandon tabassumi bilan jilmaydi, lekin ko‘zlari juda qayg‘uli edi. Pechenkin oromkursiga cho‘kdi. Xuddi shuni kutib turgandek, Galina Vasilevna tilga kirdi:
— Taraqqiyot naqadar ilgarilab ketdi! Hozir dunyodan o‘tib ketgan narsani, hatto hali dunyoga kelmagan narsani ham ko‘rish mumkin. Taraqqiyot, taraqqiyot… Agar saraton kasali rivojlansa, xuruj qilsa bu ham taraqqiyotmi? Qo‘rqma, Volodya, men soppa-sog‘man! Men boshqa narsa haqida…
Birdan Galina Vasilevnaning lablari titradi, u qariyb yig‘ladi, lekin o‘zini qo‘lga oldi, jilmaydi va quvnoq, ko‘tarinki ruhda gapirdi:
— Endi qayoqqa? Uyga boraymi? Yo‘q, men uchun uyga borish nima, go‘rga borish nima — baribir… Go‘rga borish qaytanga yaxshiroq… Daraxt tagida bir mozorcha… qanday yaxshi! Oftob uni isitadi, yomg‘ir uni ivitadi… Bahorda uning ustini maysa qoplaydi, yumshoqqina… Daraxtga qushlar kelib qo‘nadi, sayrashadi, bola ochishadi, gullar ochiladi: sariq, qizil, zangori…
— Har qanaqasi… — Galina Vasilevna kulib yubordi va takrorladi, — Har qanaqasi…
Pechenkin asabiy bir tusda barmoqlari bilan yonog‘ini, iyagini, peshanasini tirnadi, burnini ushladi. Galina Vasilevna xuddi buni ko‘rib turganday edi.
— Sabr qil, Volodya, chida, men tugatayapman. Sen hamisha sabrsiz eding. Inson uchun hayotda muhimi nima? Muhimi — o‘z oldingda, vijdoning oldida halol bo‘lish. Men o‘zimga ta’na qilolmayman: butun umrimni oilamga, ya’ni senga va Ilyushaga bag‘ishladim. Ushbu ishimni sizlarni deb, faqat sizlarni deb qilayapman. Barcha sirlar oshkor bo‘ladi, bu haqiqat va qachonlardir Ilyusha buni bilib oladi va baho beradi… Endi senga kelsak, Volodya, meni hozir tushunishing kerak: mening boshqa choram yo‘q edi. Umuman men seni kechiraman, hammasi uchun kechiraman! Volodya… Sen bilasan — men jannat va jahannam degan barcha uydirmalarga ishonmayman. Lekin nimadir, masalan, jonlarning ruhga aylanishi bo‘lishi kerak… O‘shanda biz sen bilan yangi hayotda uchrasharmiz, ehtimol kuchukcha, yoki dengiz maxluqi bo‘lib va sen: “Galka, sen naqadar haq eding!” dersan. So‘nggi iltimosim, Volodya: men Ilyushani kutib olishga chiqqanimdagi kiyimda bo‘lishimga e’tibor qil. Esingda bo‘lsin: moviy-marjon va binafsha rang. Janozamni Nikolay ota o‘qisin. Faqat ortiqcha to‘lama, shundoq ham u bizlardan qarzdor.
Galina Vasilevna ekranda jilmaygancha qotib qoldi. Pechenkin ko‘ylagining tugmasini yechib, qo‘lini ichkari tiqdi va ekranga telbalarcha tikilgancha muzlagan kafti bilan olov bo‘lib yonayotgan ko‘ksini ishqalay ketdi.
— Vladimir Ivanovich, Ilya keldi, — xabar qildi orqadan mallavoy.
— Qayerda? — so‘radi Pechenkin orqasiga o‘girilmay turib.
— Sohilda turibdi.
3
Galina Vasilevnani qariyb bir kecha-kunduz izlashdi, butun shu vaqt davomida ota va o‘g‘il sohilda, u sirg‘anib suvga tushib ketdi deyishgan taxta ko‘prikcha yonida bo‘lishdi. Havo sovudi, yomg‘ir aralash shamol esdi, lekin Vladimir Ivanovich bilan Ilya bu yerni tark etishmadi, ularga uzun plastik yomg‘irpo‘shlar berishdi. Daryo motorli qayiqlarga to‘lib ketgandi. Ularning orasida katerlar ham bor edi. Ana shu katerlardan g‘ovvoslar suvga sho‘ng‘ishar, biroz muddatdan keyin yana qaytib chiqishardi. Ularning orasida Pechenkinning “Nadejda” kateri ham bor edi. Uning burun qismida oq kapitan furajkasi kiyib olgan darg‘a turardi. U furajkasiga tiniq tsellofan xalta kiydirgan edi.
Kapitan durbindan qarar va boyo‘g‘liga o‘xshab boshini u yoqdan-bu yoqqa burardi.
Ota va o‘g‘il jim turishardi. Faqat bir marta Ilyaga ko‘z qirini tashlab Vladimir Ivanovich to‘satdan so‘rab qoldi:
— Lotinchasiga “daryo” nima bo‘ladi?
Ilya javob bermadi.
— Ilya, sendan so‘rayapman, lotinchasiga daryo nima deyiladi? — qattiqroq takrorladi Pechenkin.
— Bilmayman, — dedi Ilya qimir etmay.
— “Yomg‘ir”chi?
— Bilmayman.
— “Qayiq”ni ham bilmaysanmi?
— Uni ham bilmayman… Hech narsa bilmayman.
— Esingdan chiqdimi?
— Yo‘q, o‘zi bilmasdim.
— Unda bu yerda qanday o‘qib berding, tarjima qilding, esingdami? — o‘zini yo‘qotib so‘radi ota.
— Men bir parchani yodlab olgandim. Matn va tarjimasini…
Vladimir Ivanovich avvaliga tushunmadi. Keyin angladi:
— Ha-ya, o‘shanda seni kim ham tekshirib ko‘rardi… Demak, aldabsan-da? — Pechenkinning ovozida hayratdan tashqari yana tahsin ham bor edi.
— Demak, shunday.
Shunda g‘alati hol yuz berdi — Vladimir Ivanovich kulib yubordi. U butun tanasini silkitib kulardi. Unga Ilya ham jo‘r bo‘ldi — kulib yubordi.
Kayutadan palubaga g‘alati ko‘rinishdagi matros o‘rmalab chiqdi: Uning shimi yo‘q, egnida paxtalik kamzul, uning tagidan xotinlarning tungi ko‘ylagiga o‘xshagan uzun ichko‘ylak, boshida telpak-quloqchin, ipini iyagidan o‘tkazib bog‘lab olibdi. U aftidan, sho‘ng‘iyverib shamollab qolgan bo‘lsa kerak, ko‘ngli aynayapganga o‘xshardi. Boshini silkib va qo‘llari bilan biqinini ushlab, matros yigit sohilda turgan ota va bolaga qaradi.
— Ular nima qilayapti, yig‘lashayaptimi?
— Kulishayapti, — dedi g‘ijinib kapitan durbindan ko‘zini olmay.
Bu rost edi — ular kulishardi.
— Shu boylarni tushunish qiyin-da, — dedi g‘ashi kelib kasal matros. Shu payt daryodagilar baqirishib, qo‘llarini silkiy boshlashdi. Bir nechta qayiq darhol motorini yurgizib, o‘sha — nimadir sodir bo‘lgan joyga shoshilishdi. Kapitan shoshib durbinini o‘sha tomonga to‘g‘riladi.
— Bo‘ldi, topishdi, — dedi u.
— Vaskami? — so‘radi matros.
— Vaska.
— Omadi bor-da shu ablahning, — to‘ng‘illadi matros va asabiy esnadi.
4
G‘am-tashvish odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, deydilar. G‘am ota va o‘g‘ilni yaqinlashtirdi. G‘am-tashvishli o‘sha kunlar mobaynida Pechenkinlar hamisha va hamma joyda birga bo‘ldilar. Chetdan qaraganda ular izquvar bilan qo‘lga tushirilgan jinoyatchini eslatardi. Bitta kishanga solingandek bir-biridan ajralmasdilar; ularni hatto yelkalari tutashib ketgan siam egizaklari desa ham bo‘lardi. Bir-biriga o‘xshamasalar ham, bir xil bo‘lib qoldilar: yuzlari ham, ko‘zlari ham bir rangda edi. Bo‘ylari ham tenglashib qoldi — yo o‘g‘lining bo‘yi cho‘zildi, yoki otasi cho‘kib qoldi. Kiyimlari ham bir xil edi. Dafn marosimida ota va bola bir xil qora paltoda edilar, ularning tepasidan bir xil kattakon soyabon tutib borishardi. Motam kuni ham bir xil kiyinib olishgandi.
Shu davr mobaynida ular ikki martagina bir-biridan ajralishdi. Birinchi bor — ota o‘g‘lidan — qabristonda. O‘shanda Vladimir Ivanovich tizzalab o‘tirib oldi-da shu ko‘yi tobut ortidan ergashib, goh nimadir deb bidirlab, goh dahshatli o‘kirib — kimgadir yalinibmi-ey, kimnidir la’natlabmi-ey, ancha yergacha bordi… Keyin motam kunida, Ilya otasini ma’lum muddatga qoldirib ketdi. Ular ulkan stolning tepa qismida yonma-yon o‘tirishardi. Alam sharobini ichgan ko‘pchilik mast bo‘lib qoldi. Ilya o‘zini yomon his qila boshladi, yiqilib tushaman deb qo‘rqib ketdi, shoshib o‘rnidan turdi-da, o‘z xonasiga kirib ketdi. Eshikni yopib, pidjagini yechdi va birdan xonaning o‘rtasida turgan Dashenka Kanishevani ko‘rib qoldi.
— Mana! — xitob qildi qiz va qurbonlarcha peshonasini tirishtirib motam libosini yecha boshladi. Butunlay qipyalang‘och bo‘lib olgach, Dashenka Kanisheva quchog‘ini katta ochib bolalarcha baland ovozda qichqirdi: — Mana! Hali hech kim! Hech kim! Ol meni, Ilyushenka! Balki, shunda senga oson bo‘ladi! Galya xola menga onamday edi! U menga onamdan ham ziyoda edi! Kela qol, Ilyushenka.
Ilya orqaga tisarildi, orqasi bilan eshikka taqaldi, Dashenkaning dirkillab turgan qizlik tanasiga uyalib qarar ekan, undan ko‘z uzishga o‘zida kuch topolmay, ming‘irladi:
— Sakkizinchi band. Kommunist uchun do‘st va eng aziz odam amalda o‘zini xuddi o‘sha kommunistday ko‘rsata olgan kishigina bo‘la oladi…
Va birdan bolalarcha hiqillab, olg‘a tashlandi, yig‘layotgan qizning yonidan yugurib o‘tdi, balkonga chiqdi, u yerdan panjara to‘sig‘iga oyoq qo‘ydi-da, yaqinroq o‘sayotgan qarag‘ayga sakradi, u ushlagan shox sinib ketdi va Ilya shox bilan birga pastga quladi. Omadi bor ekan, o‘ng‘ay yiqildi, hech qayeri lat yemadi ham. Faqat “Oktyabr” kinoteatri tomon chopib ketayotganda sal oqsoqlanayotgani sezildi.
O‘ttizinchi bob
KOMMUNIZM BARIBIR G‘ALABA QILADI
Chordoqda kaptarlar “g‘u-g‘u”lardi. Ilya sandiqcha tagidan tish poroshogi qutichasini oldi. U yerda buvasining yasama jag‘i o‘rnida uning to‘pponchasi yotardi. Unga patronni joyladi-da, bo‘sh qo‘li bilan ko‘kragidan yuragi joylashgan joyni qidira boshladi. Kaptarlar uni chalg‘itayotgandi.
— Hoy, jim bo‘linglar! — jahli chiqib baqirdi Ilya, hatto quroli bilan ularga po‘pisa qilib ham qo‘ydi. Yuragining joyini aniqladi va to‘pponchaning og‘zini o‘sha yerga tiradi.
Stol ustida turgan Leninning ganch haykalchasi ko‘zini qisganday bo‘ldi, uning bu ishini ma’qullayaptimi yoki Ilyaning ustidan kulayaptimi, tushunib bo‘lmasdi.
Ilya ko‘zini yumib, to‘pponchaning tepkisini bosa boshladi, lekin tepki bo‘ysunmadi. Ilya ko‘zini ochib, diqqat bilan Leninga qaradi. Nimadir boshqacha edi… Ilya pastda turgan yashikdan pepsi-kola shishasini oldi, qopqog‘ini ochdi, stolga o‘tirdi-da, shishani ko‘tarib so‘nggi tomchisigacha ichdi. O‘zini o‘ldirish rejasi asta-sekin pishib kela boshladi. Ilya devordan qizil shoyi bayroqni yulib oldi-da, o‘z o‘rindig‘idagi adyol ustidan hafsala bilan to‘shadi.
— Kommunizm g‘alaba qilmasligi ham mumkin deb o‘ylash — o‘zingning ojizligingni tan olish demakdir, — dedi o‘ychan Ilya va qat’iy, umidbaxshlik bilan qo‘shib qo‘ydi: — Kommunizm baribir g‘alaba qiladi!
Bu so‘zlar Ilyaga juda ma’qul keldi, u shoshilib stol yoniga qaytib keldi, buvasining yozuv dastgohidan ruchka oldi, po‘lat peroni cho‘yan siyohdonga botirdi va qog‘ozga yirik harflar bilan: — “Kommunizm baribir g‘alaba qiladi!” deb yozdi. Ilyaning harakati borgan sari aniq ma’no kasb etardi. Endi u o‘ziga ishonch hosil qilgandi. Ilya yelkalarini to‘g‘riladi, chuqur nafas oldi va bayroqning ustiga cho‘zildi. Zarhal o‘roq va bolg‘a uning chakkasi uzra yaltirardi. Ilyaning ko‘zlarida qat’iyat va xotirjamlik aks etardi. Lekin kutilmaganda ular yoniga sarosimalik, hayrat va xijolat ham qo‘shildi: Ilya to‘pponchani stol ustida qoldirgan ekan. O‘rnidan turishga, o‘zini o‘ldirish qurolini olishga va qaytadan yotishga to‘g‘ri keldi. Nimadir umurtqasiga tiralib qoldi, yotish juda noqulay edi, Ilya ikkinchi bor turmaslikka qaror qildi. Endi u to‘pponchani chakkasiga tiradi va xayrlashibmi-ey yo salomlashibmi-ey, dedi:
— Oyijon…
Keyin u ko‘zini yumdi, lekin shu asnoda kimdir uning peshonasining qoq o‘rtasiga chakillatsa bo‘ladimi… Ilya seskanib tushdi, shoshib qo‘li bilan peshonasini sidirdi va kaptar najasining o‘tkir hididan aftini burishtirdi.
— Voy, la’natilar-ey! — baqirdi Ilya g‘azablanib va to‘pponchani tepaga, qorong‘ilikka qaratib uch marta o‘q uzdi. Aniqrog‘i, u shunday deb o‘yladi, o‘q otilmadi — balki tepki uch marta shiqilladi, xolos. Ilya hayratdan qotib qoldi. U bir oz qimirlamay yotdi-da, so‘ng karavotga o‘tib o‘tirdi va qurolini diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. Patronlarga tepkidan iz tushgandi. Birdaniga uchta iz! U o‘qdonni aylantirib qo‘ydi-da to‘pponchani yerga qaratib tepkini bosdi. To‘pponcha yana otilmadi. Uning g‘azabi keldi, to‘pponcha og‘zini peshanasiga tiradi-da, so‘nggi bor tepkini bosishga urinib ko‘rdi. Uning ko‘zlarida hech qanaqa qat’iyat yo‘q, istehzo bor edi, xolos. “Chiq!” — yana otilmadi.
— Rus-skaya rapota! — baqirdi Ilya estoncha talaffuz bilan va qurolni chordoqning uzoq qorong‘i burchagiga uloqtirdi.
Lenin istehzo bilan qarab turardi.
— Rus-skaya rapota! — dedi unga qarab Ilya va karavotdan stolgacha borib kelarkan, izohladi: Bizlarda, “Trua some”da bir bog‘bon — keksa eston bor edi. Uning qo‘lida biror narsa ishlamay qolsa yoki buzilsa, “Rus-skaya rapota” deguchi edi.
Ilya “uf” tortdi, nima qilarini bilmay yana karavotga cho‘zildi. Yana umurtqasiga nimadir — o‘tkir va qattiq narsa tiraldi. Qo‘lini adyolning tagiga tiqib, olib qaradi. Bu Nikolay Ostrovskiyning qizil kitobi — “Po‘lat qanday toblandi” edi. Uni qo‘lida ushlaganicha o‘ylanib qoldi.
— Ha! — xitob qildi birdan Ilya, karavotdan sakrab tushib. U shoshib kitobni varaqlaganicha takrorlay boshladi: — Ha…Ha…Ha… Mana!
Izlagan narsasini topib, Ilya to‘xtadi va — bor ovozi bilan, quvnoq ohangda, tantanavor — o‘ziga, Leninga, hammaga qarata o‘qiy boshladi:
— “Buning hammasi qog‘ozdagi qahramonlik, ukajon! O‘zini otish har qanday ahmoqning qo‘lidan ham kelaveradi. Og‘ir ahvoldan chiqib ketishning eng oson yo‘li bu. Hayot og‘irmi — o‘zingni ot. Sen ana shu og‘ir hayotni yengishga urinib ko‘rdingmi? Sen temir halqadan qutulish uchun barcha ishni qildingmi? Novgorod — Volinsk ostonasida o‘n yetti marta hujumga o‘tib, baribir g‘alabani qo‘lga kiritganimizni unutdingmi? To‘pponchangni yashirib qo‘y va bu haqda hech kimga og‘iz ochma. Hayot chidab bo‘lmas darajaga yetganda ham yashay bil. Uni foydali qilabil!”.
— Albatta-da! — xitob qildi Ilya va baxtdan yig‘lab yuborishiga sal qoldi hamda hayajonidan: — Ha! Ha! Ha! — deb qichqirib yubordi va kitobning qalin muqovasiga labini bosdi.
O‘ttiz birinchi bob
O‘Z ROSSIYaNGIZDA QOLAVERING!
1
Dafn kunining ertasiga, keyingi yillarda bo‘lgani singari, soat sakkizga besh daqiqa qolganda Pechenkinning qora “Mersedes”i uning kompaniyasining markaziy idorasi oldiga kelib to‘xtadi. Vladimir Ivanovich mashinadan sakrab tushdi-da, marmar zinapoyalardan yugurib yuqoriga — oynavand eshikka chiqdi.
Soqchilar uning ketidan zo‘rg‘a ulgurardi. Pechenkin qora kostyum, qora ko‘ylak va qora bo‘yinbog‘da edi. Uning orqasidan yugurib kelayotgan Sedoyning o‘rnini egallagan mallavoy ham shunday kiyimda edi.
Oynavand eshik oldida idora soqchilari saf tortishdi. Ko‘pdan beri Pechenkinni saf tortib qarshi olish odat tusiga kirgandi. Odatda, Pechenkin ular bilan “Salom, yigitlar” deb so‘rashardi. Ular esa baravariga: “Salom, Vladimir Ivanovich” deb javob qaytarishardi. Biroq hozir Pechenkin salomning o‘rniga “Ishlanglar” deb, ishiga shoshildi. Soqchilar ham shoshib qolishdi, bir xili indamadi, ba’zilar: “Salom Vladimir Ivanovich” deyishdi. Bir xillari esa uning so‘zini takrorlab: “Ishlanglar” deyishdi.
Prezident liftida uni ikkita uzunoyoq qizlar qarshilashdi. Ular ham qora kostyum va qora shimpaypoqda edilar. Qizlar Pechenkinning yelkasiga qo‘l urib hamdardlik bildirdilar.
— Vladimir Ivanovich… Oy, Vladimir Ivanovich, — deya shivirlashdi ular ko‘z yoshi qilib.
Pechenkin o‘zini yo‘qotib jilmaydi-da, qizlarni yelkalaridan quchib, dalda beruvchi ohangda dedi:
— Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q — ishlanglar.
O‘zining shu holatini ko‘zguda ko‘rgan Vladimir Ivanovich o‘zida yuz bergan o‘zgarishlardan hayron bo‘ldi. U bukchaygan, qoraygan, keksaygan edi. Faqat ko‘zlari yanada tiniqlashgandi
— Ishlanglar! — dedi u qat’iy.
2
Vladimir Ivanovich ish stoliga o‘tirishi bilan kotiba Marina Angelina Georgiyevna Vseslavinskaya telefon qilayotganini aytdi. U shahd bilan go‘shakni ko‘tardi.
Gelya jim edi. U ham indamay turdi.
— Qandaysan? — so‘radi ayol nihoyat sekin va aybdorlarcha.
Pechenkin yelkalarini qisdi.
— Ishlayapman.
— Naqadar dahshat… — shivirladi Gelya va takrorladi: — naqadar dahshat…
Lekin Pechenkin indamadi, Gelya ham jim edi. Vladimir Ivanovich soatiga qaradi, xuddi buni ko‘rib turganday Gelya xitob qildi:
— Men seni sevaman, Volodya! — Va astagina, nazokat bilan qo‘shib qo‘ydi: — Biz… seni sevamiz…
Pechenkin yana xo‘rsinib qo‘ydi — shunday qattiq “uf” tortdiki, Gelya eshitdi.
— Bugun kelasanmi, — so‘radi tortinib Gelya.
— Ishlashim kerak, — javob berdi Vladimir Ivanovich.
— Keyin-chi?
— Nima — keyin?
— Yo‘q, hech nima…
— Ishlashim kerak…
Pechenkin go‘shakni qo‘ydi-yu, Pribilovskiyni chaqirtirdi. Bir daqiqadan so‘ng kotib-referent uning qarshisida turardi. Itoatkor, hoziru nozir Pribilovskiy bir qo‘lida yondaftar, ikkinchi qo‘lida ruchka, u o‘zining xuddi hech narsa bo‘lmagandek tutardi. Pechenkin uni to‘g‘ri tushunib kotib-referentiga xayrixohona qarab qo‘ydi.
— Huquqshunoslarni chaqir, — dedi o‘ychan Pechenkin. “Pechenkin” kompaniyasini “Pechenkinlar” deb qayta nomlash uchun zarur hujjatlarni tayyorlashsin. Tegishli reklama ham tayyorlansin. Bu birinchidan. Ikkinchidan… Vasiyatnoma tuzilsin… Men o‘lgan taqdirda butun shaxsiy mol-dunyom, ko‘chmas mulkim, mablag‘larimga merosxo‘r, o‘g‘lim Pechenkin Ilya Vladimirovich bo‘ladi.
Pribilovskiy yondaftarni yopib, eshikka yo‘naldi.
— Ha, aytmoqchi! — esladi Pechenkin.
Kotib-referent orqaga qaytdi, yondaftar va ruchkasini olib shay bo‘lib turdi. Vladimir Ivanovich muloyim jilmaydi, yashikdan matn yozilgan varaq ham “Ekspress” jurnalini olib stolga qo‘ydi. Bu o‘sha — eski, iflos va g‘ijimlangan jurnal edi. Pribilovskiy uni ko‘rib, rangi oqarib ketdi. Jurnalning muqovasi qalin qizil chiziq bilan ikkiga bo‘lingan edi. Uning bir tomonida haykaltarosh Shadrinning “Chag‘irtosh-proletariat quroli” asari, ikkinchi tomonda — beligacha yalang‘och Pechenkin qo‘lida chag‘irtosh ushlab turibdi. Aftidan, tahririyat ana shu ikki tasvirni kompozitsiyalar o‘xshashligi uchun yonma-yon joylashtirgan bo‘lsa kerak. Darhaqiqat, tosh proletariat bilan jonli kapitalist bir-biriga juda ham o‘xshash edi.
Pechenkin xijolatomuz jilmaydi va jurnalni kotib-referentga cho‘zib iltimos qildi.
— Sen tilsiz men ahmoqqa tarjima qilib ber, u yerda sening do‘sting nima deb yozgan ekan. Ha, o‘tirsang-chi. Baribir tik turib haqiqatni topolmaysan..
Pribilovskiy jurnalni oldi, lekin o‘tirmadi.
— “Chag‘irtosh. Rus proletariati o‘z qurolini “yangi rus”ga topshirdi”, — o‘qidi kotib-referent muqovadagi yozuvni.
Uning qo‘lidagi jurnal titrardi. Pechenkin, aftidan, buni sezmasdi.
— Keyin-chi, o‘rtada nima deb yozibdi?
Pribilovskiy shoshilib yopishgan jurnal varaqlarini shitirlatdi.
— Balandroq o‘qi, — iltimos qildi Pechenkin tinglashga tayyorlanib.
— “Bir yarim asr muqaddam, — baland ovozda o‘qidi Pribilovskiy, lekin negadir bu yog‘iga ovozi pasaydi. Yaxshiroq eshitish uchun Pechenkin quloqlarini ding qildi. — Bizning ulug‘ vatandoshimiz Aleksandr Dyuma Rossiyada bo‘lib, o‘z sayohati haqida kitob yozdi. Mazkur kitob hanuzgacha bu mamlakatda ma’lum emas. Bizning qadimgi ajdodlarimiz Rossiyaga u yerda oq ayiqlarni ko‘rish uchun borishardi. Bugungi kunda bizlar u yoqqa “yangi ruslar”ni ko‘rish uchun bormoqdamiz. Men yaqinda Rossiyadan qaytib keldim. Mening omadim chopdi. Men u yerda bir “yangi rus”ni ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim. U…, — Pribilovskiy to‘xtab qoldi.
— Ah-ha! — dedi Pechenkin oldinga surilib.
— “U… dahshat, — davom etdi kotib-referent zo‘rg‘a eshittirib. — U kamzuli tagidan yigirma o‘qli “beretta”ni taqib yuradi, baliqni qo‘li bilan yeydi”.
Pechenkin xijolat bilan jilmaydi va maqola muallifi bilan nazokat-la bahsga kirishishga urindi:
— Hammasi to‘g‘ri… Men baliqni pichoq va sanchqi bilan yeya olmayman. Bunaqada ta’mini ham bilib bo‘lmaydi. U bo‘lsa yedi! Xo‘sh, nima bo‘ldi? Tiqilib qoldi… Agar men mana shu iflos qo‘limni uning og‘ziga tiqmaganimda… Davomini o‘qi-chi…
Pribilovskiy qo‘pol irjaydi:
— “Shunisi qiziqki, Rossiyaning ma’naviy uyg‘onishini Pechenkinga o‘xshagan kishilar bilan bog‘lamoqdalar. Ma’naviylik to‘g‘risida ruslar istagancha gapirishlari mumkin: (hali yaqinlardagina ular kommunizm haqida ana shunday jo‘shqinlik bilan gapirar edilar). Ma’naviylik nima ekanini hech kim aniq bilmaydi. Bu mujmal tushunchani din bilan bog‘laydilar. Ular cherkovlar qurishmoqda, lekin unga qatnagilari yo‘q. Ishni Moskva boshlab berayapti, lekin chekka viloyatlar ham ortda qolmaslikka intilmoqda. Mening “yangi rus”oshnam cherkovni nobop materialdan — billurdan qurayapti. Nobop bo‘lgani bilan billur rosa yaltiraydi-da! Vizantiyaning yo‘q bo‘lib ketganiga ancha bo‘ldi. Lekin vizantiyacha manmanlik yashayapti. U Rossiyada davom etayapti. Janob Pechenkin billur ibodatxona uchun sarflagan puliga minglab jamoat hojatxonalari qursa bo‘lardi. O, agar siz Pridonsk shahri vokzalidagi hojatxonaga kirmagan bo‘lsangiz, demak siz Rossiyani bilmas ekansiz!”
— Namuncha hojatxonaga yopishib olishdi! — o‘zini tutolmadi Vladimir Ivanovich. — Nima balo, bu yerga faqat hojatxonaga kirish uchun kelishadimi? Davomini o‘qi…
Pribilovskiy bosh irg‘adi va xuddi suvga sakrash oldidan nafas olgandek, ko‘kragini havoga to‘ldirdi-da, o‘qishda davom etdi: — “Rossiya — o‘zini so‘nggi buyuk millat deb o‘ylayotgan so‘nggi buyuk millatdir”.
Pechenkin xijolat chekib tomog‘ini qirdi va kotib-referentni o‘qishga undadi.
— O‘qi — qiziq-ku…
— Men… o‘qiy olmayman, — dedi zo‘rg‘a Pribilovskiy.
Vladimir Ivanovich unga qaradi-da, o‘qiy olmasligiga amin bo‘ldi.
— Unda o‘zim o‘qiyman. Menga, umuman tarjimasini olib kelishgandi, lekin o‘zing bilasan-ku, o‘qishga uncha hafsalam yo‘q… — U matnli varaqni o‘ziga tortdi, burni uchiga ko‘zoynagini qo‘ndirdi va barmog‘ini satrlar ustidan yurgizib to‘xtalgan joyni topdi. — “Rossiya o‘zini so‘nggi buyuk millat deb o‘ylayotgan so‘nggi buyuk millatdir. O‘zining Rossiyaga qilgan safaridan qaytib kelgan Aleksandr Dyuma rus xalqini chaqaloq deb atadi. U o‘sib-ulg‘ayishi uchun bir necha inqilobni boshidan kechirishi kerak. O‘shandan beri yuz ellik yil o‘tdi. Ruslar keksayib, qarib qolishdi, lekin hali ulg‘ayganlari yo‘q. Rossiya — yangi inqiloblarga mahkum keksa go‘dakdir. Ehtimol qachonlardir bu so‘zlar sinonimlar bo‘lib qolar: Inqilob va Rossiya”. — Pechenkin matnli varaqqa gangib qaradi. — Inqilob… Rossiya… — dedi u kimgadir shikoyat qilayotganday. — Rossiya haqida nimani biladi o‘zi, juldurvaqa farang! — U boshini ko‘tarib kotib-referentga qaradi, xalaqit berayotgan ko‘zoynagini yulib oldi-da, takrorladi: — Rossiya haqida nimani biladi o‘zi?
— O‘zingiz-chi? Siz nimani bilasiz? — pishilladi Pribilovskiy va kutilmaganda ko‘zlariga yosh qalqdi. — O‘zingiz, umuman, nimani bilasiz? — davom etdi u baqirishga o‘tib. — Nima, yolg‘onmi? Fotoatele oynasini qanday sindirgandingiz? Esingizdan chiqdimi? Lekin men esimdan chiqarganim yo‘q. Rossiya — xo‘sh, nima qilibdi? — Ko‘z yoshlari yuzini qopladi kotib-referentning, lekin u fosh qilishda davom etdi. — Agar kuniga yuz marta Rossiya deb takrorlamasangiz — uyqungiz kelmasligi tayin! Uyqusizlikning davosi ham siz uchun Rossiya! Patrik hali hammasini aytgani yo‘q! Men esa aytaman! Siz — yovvoyisiz! Shuning uchun ham baliqni qo‘lda yeysiz! Hojatxona ham tozami, iflosmi, sizga baribir! Chunki siz — yovvoyisiz! Bu yerda hammangiz yovvoyisizlar! Hech qachon odamga o‘xshab yashamaysizlar. Juldurvaqa… Bilsangiz siz Patrikning tirnog‘iga ham arzimaysiz. Bizlar esa… Men… Men va Patrik… Men Patrik bilan… U menga do‘st tugul… U menga do‘stdan ham ortiq! Men uni yaxshi ko‘raman. Yaxshi ko‘raman! Eshityapsizmi? U ham meni yaxshi ko‘radi. Siz uchun bu bir vahshiylik, chunki siz yovvoyisiz! Bizlar esa Patrik bilan birga yashaymiz! Frantsiyada! Bizning bolalarimiz bo‘ladi — o‘g‘il va qiz… Lekin siz buni tushunmaysiz. Hech qachon tushunmaysiz. Shunday ekan, o‘z Rossiyangizda qolavering! — deya o‘kirib yig‘laganicha kotib-referent kaftlari yuzini berkitib xonadan chiqib ketdi.
Pechenkin oromkursisida uzoq o‘tirib qoldi. Bo‘lib o‘tgan voqeaga tushunmas, hech aqli bovar qilmasdi. Keyin o‘rnidan turib yana o‘ylay ketdi. Hech aqliga sig‘dirolmasdi.
Vladimir Ivanovich gangib qolgan bir holatda xonasidan chiqdi, kotiba Marinaga urilib ketishiga sal qoldi. Pechenkin qayerga o‘tirsam ekan deb ko‘zi bilan axtardi-da, pastak charm divanga ohista qo‘ndi.
— Marina, nima balo, Pribilovskiy — besoqolmi? — so‘radi shivirlab.
Kotiba Jokondacha tabassum bilan jilmaydi, lekin indamadi.
Vladimir Ivanovich yelkalarini qisdi.
— Menga baribir-ku-ya… Faqat kutilmaganda…
Pechenkin bukchaydi, boshini yelkalari orasiga tortdi, kaftlarini tizzalari orasiga yashirdi va birdan kichkinagina hamda ayanchli bo‘lib qoldi.
Marina unga tepadan hamdardlik va erkalik bilan qarab xo‘rsindi-da, dedi:
— Eh, Vladimir Ivanovich, Vladimir Ivanovich, atrofingizdagi hech narsani tushunmaysiz! — Pechenkin yanada quyiroq engashdi va o‘zi haqidagi fikrga qo‘shilganini bildirib, astagina bosh irg‘ab qo‘ydi. U hayotdan charchagan chollardek uxlab qolganga o‘xshardi. Marina unga xalaqit bermaslik uchun o‘rnida qimirlamay turardi. Lekin Pechenkin birdan boshini ko‘tardi-da, dedi:
— Demak, shunday, Marinochka… — Kotibaning qo‘lida shu zahoti qalam va qog‘oz paydo bo‘ldi.
— Demak, shunday, — takrorladi Vladimir Ivanovich: — Menga… xonamga… hozir… aroq bir yashik.
— O‘zimizning aroqdanmi? — so‘radi Marina yoza turib.
— Qanaqasi bo‘lsa ham mayli, — dedi Vladimir Ivanovich va qo‘shib qo‘ydi: — Suvdan, ko‘proq bo‘lsin… qanaqasi bo‘lsa ham, faqat gazsizi… Ha, haligi ichimlik soda, zardam qaynab, qiynavordi… — U jim qoldi.
— Bo‘ldimi? — so‘radi Marina ancha kutib qolganidan toqatsizlanib.
Pechenkin boshini ko‘tardi va buyurtmasiga tuzatish kiritdi.
— Yo‘q, aroq, yaxshisi, ikki yashik bo‘la qolsin…
O‘ttiz ikkinchi bob
HOY, KIM BOR?
1
Baribir ular uchishdi. Ota va bola Pechenkinlar o‘zlarining oppoq va shinam “Falkon”ida osmonga ko‘tarilishdi. Bu eng baxtli, eng shirin damlar edi ularning hayotlarida! Boshlari uzra tiniq osmon qorayib, ko‘m-ko‘k shisha tusini oldi. Pastda esa bug‘doyzorlar oltin rangda tovlanayotir. Tepadagi va pastdagi bu manzaradan ko‘z quvonar, dil yayrardi.
Ular yo‘lga ichimlik, yegulikdan istagancha olishgandi: stol ustida aralash-quralash bo‘lib holva, vobla balig‘i, “Maymoq ayiq” konfetlari, qaynatilgan kartoshka va nimtuzlangan bodring, tomatli kilki, pushti zefir, dudlangan jo‘ja, murabboli go‘mma, yana allambalolar yotardi. Tag‘in ikki yashik pepsi-kola ham olishgandi. Havo oqimiga duch kelganda ularning yengil “Falkon” tayyorasi silkinib qo‘yar, yashiklardagi shishalar shiqirlab ketardi.
— Uchayapmiz, Ilyuxa! — baqirdi g‘olibona Vladimir Ivanovich, — Uchayapmiz!
Ular uchayotgandi va bu voqeaning haqiqatligi Pechenkinlarga shu qadar kuch bag‘ishlardiki, bordi-yu, shu topda ular yer bilan osmonning o‘rnini almashtirishni xohlab qolsalar, bu ularning qo‘lidan bemalol kelardi. Lekin ular boshqa narsani xohlardilar. Ilya butunlay boshqa narsani istardi va Vladimir Ivanovich o‘g‘lining istagini yaxshi tushunardi. Chunki uning o‘zi ham shuni xohlardi, lekin buni tan olishdan uyalardi. Biroq bunga chidashga ham sabr-bardosh yetmadi va uchuvchi xonasi tomon so‘nggi bor qarab qo‘ydi-da, Vladimir Ivanovich dadil amr etdi:
— Ketdik!
Ilya minnatdorlik bilan otasiga qarab qo‘ydi.
Ular uchuvchi xonasi tomon yurdilar. Ota va bola bir-birining yelkasiga qo‘llarini qo‘yib olishgandi.
Chunki bizlar uchuvchilarmiz!
Osmon bizning asl uyimiz! —
baland ovoz bilan, marsh ohangida kuyladi ota, o‘g‘il esa baxtiyorona kulib borardi.
Hozir ular o‘rtasida yuz berayotgan narsa otaning o‘g‘liga sevgisi emas va o‘g‘ilning otaga muhabbati emasdi, bu mehr-muhabbatdan ko‘ra ortiq edi. Bu — do‘stlik, Vladimir Ivanovich eng qadrlaydigan erkaklar do‘stligi edi.
Uchuvchi Frits yerdagiga nisbatan yana ham salobatli ko‘rindi. Pechenkinlar uning baquvvat, oftobda qoraygan, sochlari tozalab olingan bo‘yniga, qorday oppoq kotton ko‘ylak kiygan, kuchli va tilla pagon taqqan keng yelkalariga havas bilan qarab turishdi.
Ularning qarab turganini sezgan Frits boshini burdi va hammasi joyida deganday jilmayib qo‘ydi.
— Menga qara, Frits, biz nega kelganimizni bilasanmi? — dedi Vladimir Ivanovich, — Ilya rulni bir oz boshqarsa bo‘ladimi?
Quloqlariga go‘shak tutib olgan uchuvchi hech narsa eshitmadi, lekin ularning ko‘zlariga qarab gap nimadaligini darhol tushundi va qat’iy rad etdi.
— Nein! Nein!
Buning foydasi yo‘q edi, Vladimir Ivanovich, hamdardlik bilan o‘g‘liga qaradi va barmog‘i bilan Fritsni ko‘rsatib, Ilyaning qulog‘iga pichirladi:
— Fashist…
Ilya tirjaydi, aslida u unchalik xafa ham bo‘lmagandi.
— Maskau! — dedi uchuvchi birdan qo‘li bilan pastga, o‘ng tomonga ishora qilarkan.
— Maskau! — hayron bo‘lib quvondi Vladimir Ivanovich. — Maskau, deysanmi? Qarab tur, Maskau!
O‘z oldida yirik kalibrli pulemyot turibdi deb gumon qilib Pechenkin qo‘llari bilan uning tepkisini bosib, ko‘rgani ko‘zi yo‘q shaharga o‘t ocha boshladi:
— Ta-da-da-da! Ta-da-da-da-da-da!
Ilya ham bu o‘yinga darhol qo‘shildi, qo‘li bilan pulemyot tasmasini uzata boshladi.
Frits esa kulardi.
Lekin pulemyot o‘qlari Moskva uchun filni chaqqan chivinchalik ham ta’sir qilmasdi. Shunda Vladimir Ivanovich buyurdi:
— Bomba!
Ilya darhol tushundi, bombani qo‘li bilan oldi-da, otasiga uzatdi. Vladimir Ivanovich juda jiddiy qiyofada undan ajal yukini qabul qilib oldi, bir ko‘zini qisgancha uni bombadonga joyladi.
— Fyu-fyu-fyu-fyu-fyu, — deya chiyillaganicha pastga tushib ketdi bomba.
Bomba hali Moskvagacha uchib borgani yo‘q edi, birdan kutilmagan dahshatli portlash yuz berdi. Dastlab Vladimir Ivanovich o‘zining boshi portladi deb o‘yladi.
Pechenkin qorong‘ilikda biroz yotdi-da, keyin ko‘zlarini ochdi. Atrof qopqorong‘i edi. Zimiston va jimjitlik. Faqat qayerdadir, telefon jiringlardi. Zulmat dahshat solardi, u o‘rnidan turib chiroqni yoqishi kerakligini yaxshi tushunardi, lekin shunday qilishni xohlamasdi. Vladimir Ivanovich yayrab kerishdi va huzur qilib jilmaydi, u boshi yaxshi ishlayotgani, tanasi baquvvat ekanidan quvondi. Uning hayotida hamma narsa a’lo darajada ekanidan, hali yanada yaxshi bo‘lishini aniq his etardi. Ammo, agar hozir kimdir uning dabdalasi chiqqan idorasiga kirsayu chiroqni yoqsa, devorda osig‘liq ko‘zguni olib, divanda yotgan Pechenkin ustiga engashsa bormi, Vladimir Ivanovich hayron qolardigina emas, balki sochlari to‘zib ketgan, yuzi qoraygan, iyaklari turtib chiqqan, burni qizarib shishgan, mayda ko‘zlari yiring boylagan notanish odamni ko‘rib qo‘rqib ketardi… Biroq hech kim kirmadi, chiroqni yoqmadi, devordan ko‘zguni olmadi, shuning uchun ham u yaxshi bilardi: hammasi a’lo darajada, hali yanada yaxshi bo‘ladi, lekin uning shunday o‘ylashiga telefon jiringlashi xalaqit berardi…Bu narsa Pechenkinning joniga tegib ketdi, o‘rnidan turib, telefonlar turgan stol yoniga bormoqchi bo‘ldi. Lekin o‘n ikki balli shtorm dengizchini uloqtirib tashlaganday to‘lqin uni qarshi devorga olib borib urdi. U xuddi dengiz qisqichbaqasi singari yon tomonga o‘rmalab, qorong‘ida ko‘rinmas stullarni, bo‘sh shishalarni naridan-beri surib, ancha joygacha bordi. Kutilmaganda bu voqea Vladimir Ivanovichning kulgisini qistatdi. U devorga suyangancha o‘z ahvolidan rosa kuldi. Telefon hamon jiringlardi. Endi qayoqqa yursam: avvaliga xonaning chirog‘ini yoqish uchun eshik tomongami, yoki telefon stoliga deb o‘ylab turdi-da, darhol bir to‘xtamga keldi.
— Ur-ra! — deb baqirdi u va xuddi hujumga tashlanganday yugurib stolga yetib oldi. Ikki qo‘li bilan stolga suyanganicha tipirchilayotgan yuragining tinchlanishini kutdi. Jig‘ildoni qaynab, tomog‘i achiyotganini his qildi. Qo‘li bilan shosha-pisha paypaslab stol chirog‘ining tugmasini topib, uni yoqdi, aftini burishtirib, tsellofan g‘ilofdagi ichimlik soda tabletkalaridan birini olib kaftida ezdi va og‘ziga solib karsillatib chaynab, billur idishdan suv quyib, yutoqib icha boshladi. Keyin kekirdi, bu xuddi irrilashga o‘xshab chiqdi.
Telefon tinimsiz jiringlardi. Vladimir Ivanovich kekirib-irillaganicha ish stoli ustida turgan olti telefonni birin-ketin ko‘tara boshladi:
— Men! R-r-r.
— Men! R-r-r.
— Men!
Telefon esa jiringlashda davom etardi. Shundan so‘ng Pechenkin jiddiy o‘ylay boshladi. Hamma telefon jim turgan bo‘lsa, jiringlayotgan qaysi, axir?! O‘ylab turib, qo‘lini pidjagining cho‘ntagiga tiqdi, sigaret olib, chekib, yaxshilab o‘ylab ko‘rmoqchi edi. Lekin qo‘liga sigaret o‘rniga maxfiy qo‘l telefoni ilashib chiqdi. Voy la’nati-ey, shu ekan-da, jiringlagan…
— Nilich? — hayron bo‘ldi Vladimir Ivanovich Sedoyning ovozini eshitib, u tepadagi chiroqni yoqish uchun eshik tomon yurdi. — Ha, ishlayapman, boshqa nima ham qilishim mumkin. Savoling qiziq bo‘ldi-ku. — Pechenkin xafa bo‘lgan ohangda gapirib, chiroq yoqqichni bosdi. — Borishim kerakmi? E, o‘zing kelsang-chi… Yo‘q, yaxshisi, o‘zim bora qolay… Chunki bu yerda… kechagi kengashdan keyin rosa chekilib hamma yoq tutun bo‘lib yotibdi. — Vladimir Ivanovich ish joyining nega bunchalik xonavayron bo‘lganiga hayron edi. — Ichishga biror narsang bormi?
U yalang oyoq edi, huzur qilib barmoqlarini qimirlatib qo‘ydi.
— Nima, mehnat kunim tamom bo‘lganidan keyin ichish mumkinmasmi? Yo‘q, agar senda ichimlik bo‘lmasa, borolmayman, xafa bo‘lma…
Oyog‘ida paypog‘i yo‘qligi-ku mayli-ya, poyabzali hech qayerda ko‘rinmasligi qiziq bo‘ldi.
— Yo‘q, aroq bo‘lmaydi, konyakka ne yetsin. Bormi? Ha, o‘zing qayerdasan hozir?… Qayerda? U yerda nima qilib yuribsan o‘zi?
Botinkasi stolda yotgan ekan.
— Ishlayapsan? Qanaqasiga — ishlayapsan? Eh, jin ursin! — Pechenkin peshonasiga shapatilab, kuldi: — Seni ishdan bo‘shatganim esdan ko‘tarilibdi… Mayli, hozir yetib boraman, sen quyib tur… Menga qara, bugun o‘zi qaysi kun? — baqirdi u, lekin ulgurmadi, Nilich go‘shakni qo‘ygan edi.
Bitta botinkasini qo‘liga olib, Vladimir Ivanovich ikkinchisini qidirishga tushdi. Lekin bu harakati befoydaligini darhol tushundi-da, botinkani bir chetga uloqtirib, xonadan yalangoyoq chiqdi.
Qabulxona bo‘mbo‘sh edi, pastqam charm divanda g‘ijimlangan katta jun ro‘mol turar, uning ustida ayollar siynabandi yotardi. Vladimir Ivanovich ishshayib qo‘ydi, lekin nima bo‘lganini sira eslolmadi. Divan yonida ikkinchi botinkasi yotardi, Pechenkin uni alam bilan tepib yubordi.
2
Idoraning uzun yo‘laklari qorong‘i va jimjit edi.
— Hoy, kim bor? — baqirdi Vladimir Ivanovich, kimdir javob berishiga ishonqiramay. Hech kim javob bermadi.
— Odamlar qani? — so‘radi Pechenkin o‘zidan-o‘zi va yelkalarini qisdi.
Liftlar ishlamasdi. Yigirma qavatni piyoda tushishi kerak edi.
— Mayli, harholda tushish — chiqishdan oson-ku! — dedi nekbinlik bilan Vladimir Ivanovich va shoshib zinadan tusha boshladi. Pastda ko‘cha chiroqlari yorishib turardi, bu unga dalda berdi va u quvonib dadil qadam tashlardi.
— Ova-ra-man! — deya qattiq va tantanavor kuylay boshladi Pechenkin.
Lekin, u yerda, pastda mutlaqo biron jon yo‘q edi. Bu g‘ashiga tegar va hatto qo‘rqitardi. Umuman, hozir Pechenkinga hech kimning keragi yo‘q edi, lekin aynan hozir u odamlarga muhtoj edi.
— Ova-ra-man! — dedi u, titroq tovush bilan va tezlikni oshirdi. Yo‘l-yo‘lakay qandaydir mayda toshlar tovoniga botar va g‘ashiga tegardi. Bu azobdan qutulish uchun u tezroq yugurishi kerak edi. Pechenkin jadalroq chopa boshladi. — Ova! Raman! Ova! Raman! Ova! Raman! — der edi qadamiga mos ohangda. Binoning birinchi qavati unga najot bo‘lib ko‘rinardi. Chunki idoraning qo‘riqchi darbonlari o‘sha yerda edi. O‘sha yerda ko‘rsatma berishi, kiyinib olishi, bugun qaysi kun, deb so‘rashi mumkin edi. — Ova! Ova! Ova! Raman! Raman! Raman!
Pechenkin shu taxlitda birinchi qavatning foyesiga tushib keldi. Bu yer ham jimjit edi. Lekin favvoraning mayin shovullshi eshitilardi. Vladimir favvoraning oldiga yugurib borib, qonib-qonib suv ichdi, yuz-ko‘zini yuvdi va qaddini rostlab, baqirdi:
— Nima balo, hammangni ishdan bo‘shatishimni xohlaysanlarmi?
Biroq, bu do‘q-po‘pisaga ham hech kim javob bermadi. Birdan binoga kiraverishdagi oynavand eshik g‘ijirladi, Pechenkin sevinib o‘sha yoqqa qaradi. Eshik ochiq turardi. U yelvizakda tebranar edi. Vladimir Ivanovich junjikib ketdi. Eshik tepasidagi elektron soat juda g‘alati vaqtni ko‘rsatrdi: 99.99. Buni ko‘rib Pechenkin battar dahshatga tushdi va ko‘chaga otildi.
Tashqarida, marmar zinalardan yugurib pastga tusharkan, atrofga alangladi.
Tepada, osmono‘par binoning tomida hech narsa ko‘rinmasdi. O‘sha turishi lozim bo‘lgan narsaning o‘zi ham yo‘q edi. Bu esa uni dahshatga solibgina qolmay, balki o‘ldirar ham edi. Pastda, asfaltda to‘xtab, Pechenkin tepaga qaradi. U yerda, yulduzsiz qora osmon ostida kompaniyaning nomi hali yonmagan edi. Ana qizil “P” harfi yondi, keyin “E”, keyin “Ch”…
Vladimir Ivanovich yengil nafas oldi. So‘nggi harf yonmay qoldi. Natijada “P Ye Ch Ye N K I” hosil bo‘ldi, lekin endi buning ahamiyati yo‘q edi. U yelkalarini qisirlatib tuzatdi-da, kimsasiz bo‘m-bo‘sh ko‘chaga xo‘jayinlarcha nazar tashlab, o‘zining “Mersedes”iga qarab yurdi. Asfalt muzdek ekan, panjalari uyushdi. Ko‘ngilsizlik davom etardi — rulyokni yana sindirib ketishibdi. Bu unga yomon ta’sir qildi, endi ko‘tarilayotgan kayfiyati yana buzildi. Vladimir Ivanovich shartta ortiga burildi-da, qalbini ezguvchi bu manzarani ko‘rmaslik uchun nari ketdi.
Ko‘cha bo‘ylab yolg‘iz yurish uzoq cho‘zilmadi. Orqasida eski yapon mashinasi paydo bo‘ldi. Ruli o‘ng tomonda, musiqani vang qo‘yib kelardi. Mashina tezligini kamaytirib, u bilan yonma-yon yura boshladi. Uning ochiq oynasidan sochlari kalta qilib oldirilgan ikkita kalla tirjayib turardi.
Boyagina jo‘sh urgan odamlarni ko‘rish istagi hozir uni negadir quvontirmadi.
— Hoy harif, botinkangni qayerga yo‘qotding? — Sho‘x baqirdi ulardan bittasi.
Pechenkin savolga javob bermadi, u hatto eshitmagandek o‘z yo‘lida davom etdi.
— Hoy harif? — dedi ikkinchisi xafa bo‘lgandek. Lekin tirjayib turardi.
— O‘tir, eltib qo‘yamiz! — deyishdi ular.
O‘zini eshitmaganga olish ancha noqulay edi, shuning uchun yuzini ularga o‘girib, Vladimir Ivanovich tushuntirdi:
— Mening pulim yo‘q.
Tungi yo‘lovchi ular bilan gaplashganidan xursand bo‘lib, ikkovi baravar bir-biriga gal bermay bidirlay ketishdi.
— Bizga puling kerakmas!
— Biz shunday eltib qo‘yamiz!
— Tekinga!
Pechenkin ikkilanardi, qadamini goh tezlatib, goh sekinlatib, nihoyat to‘xtadi. Mashina ham to‘xtadi. Ichidagilar Pechenkinga uni tungi Pridonsk bo‘ylab sayr qildirishni umr bo‘yi orzu qilishgandek qarab turishardi.
— Bugun qanaqa kun o‘zi? — dadil so‘radi Pechenkin.
Tirjaygan kallalar o‘ylab qolishdi va bir-biriga qarashdi. Aftidan, savol ularni shoshirib qo‘ygandi. Pechenkin ko‘zini pirpiratib javob kutardi. Ularning mashinasiga o‘tiradimi, yo‘qmi ana shu javobga bog‘liq edi. Mashinadagilar baravariga xaxolab yuborishdi. Pechenkin ishshaydi va hech narsa bo‘lmaganday yo‘lida davom etdi. Mashina joyidan qimirlamadi. Haligi yigitlarning qahqahalari esa Vladimir Ivanovichning quloqlari tagida ancha vaqtgacha jaranglab turdi.
3
Keng va g‘ira-shira xonaga Pechenkin og‘zi qulog‘ida, xo‘jayinlarcha kirib keldi. Birinchi bo‘lib Sedoyni uchratdi va Vladimir Ivanovich qattiq quchoqladi va mastlarcha uni o‘pib, yalab-yulqiy boshladi. Holbuki, Sedoyning u bilan o‘pishish niyati aslo yo‘q edi. Aftidan, Sedoy Pechenkin bilan qattiqqo‘l, shafqatsiz bo‘lmoqchi edi, lekin sobiq xo‘jayinining joziba kuchi va baquvvat qo‘llari ustunlik qildi va u chorasiz, jilmayishdan boshqa iloj qilolmadi.
Ikkinchi odam Pridonsk Federal xavfsizlik xizmati boshqarmasi boshlig‘i Melkiy — kichikkina, rangsiz yuzli kishi edi. U qovog‘ini uyib, ko‘rishish uchun jonsiz qo‘lini uzatdi. Pechenkin uning qo‘liga qarsillatib panja urdi-da, oltmishinchi yillarda mashhur bo‘lgan pastqamgina oromkursiga o‘zini tashladi. U charchagan oyoq barmoqlarini zo‘r-bazur qimirlatib, vaziyatni Nilichga tushuntira ketdi:
— “Mers”dan rulyokni yana sindirib ketishibdi, la’natilar…
Sedoy talvasada bosh irg‘adi.
Boshliq o‘tirgan stol tepasidagi devorda Dzerjinskiyning moybo‘yoqda bor bo‘yicha ishlangan portreti osig‘liq turardi. Unga oshnalarcha ko‘z qisib, Vladimir Ivanovich izoh berdi:
— Buni mening qaynatam ilib qo‘yganlar. — Shu zahoti qiziqsinib so‘radi: — Xo‘sh, yigitlar, biror narsa ichamizmi? Konyak qani?
— Senga qanaqasi — frantsuz konyagimi? Yoki arman konyagi ma’qulmi? — kutilmaganda eshitildi orqasidan kuchli ovoz.
— Armanlarniki ma’qul. Frantsuz konyagini xush ko‘rmayman, — dedi Vladimir Ivanovich va gapirayotgan kishini ko‘rish uchun o‘tirgan yerida orqasiga o‘girildi. Olis qorong‘i burchakda pastgina stol yonida sal oldinga engashib keksa kishi o‘tirardi. Uning qarashlari bejo edi.
— Senga arman konyagi, albatta, bo‘ladi, — va’da berdi notanish kishi, uning va’dasida po‘pisa ham bor edi.
Uvoq kishi astagina kuldi, Sedoy iymanibgina unga qo‘shildi. Pechenkin hayron bo‘lib, avval unisiga, keyin bunisiga nigoh tashlarkan, o‘zini tutib turolmadi — kulib yubordi: ochiqchasiga, qah-qah urib kuldi. U uzoq kuldi va g‘ira-shira xona sohiblari chaqirilgan mehmonni kuldirishganidan unchalik xursand emasdilar.
— Bu — general… — tanishtirdi notanish kishini Melkiy. — Ataylab bugun Moskvadan uchib keldi…
Vladimir Ivanovich generalning familiyasini eshitolmadi, lekin uni hozir boshqa narsa qiziqtirardi, shuning uchun so‘radi:
— Qaysi kuni uchib keldi?
— Bugun, — dedi quruqqina qilib general.
Pechenkin xo‘rsindi, o‘rnidan dast turdi, yalang oyoqlarini tapillatib generalning yoniga bordi-da, o‘zini tanishtirdi:
— Pechenkin.
— Pechenkin, — dedi general.
— Men qayerdadir eshitganman bu familiyani… — o‘ychan ming‘irladi Pechenkin va yelkasi osha Sedoyga murojaat qildi: — Nilich.
— Nilich emas, Vasiliy Nilovich, — deya baqirdi birdan jazavasi tutib Sedoy. — Vasiliy Nilovich!
Pechenkin xafa bo‘lmadi, lekin ta’bi tirriq bo‘ldi.
— Senga nima bo‘ldi, Nilich? — so‘radi u. — O‘zing telefon qilib: “Kel, konyak ichamiz”, deding, mana Moskvadan ataylab uchib kelishibdi… Sen bo‘lsang baqirasan…
— Sizni kino tomosha qilishni yaxshi ko‘radi, deyishayapti? — bahsga aralashdi general.
Vladimir Ivanovich xayolchan boshini egdi va javob berdi:
— Qanaqaligiga qarab…
— Aytaylik, mana bu senga yoqadi, — kinoya qildi general va yonida turgan videoning pultini bosdi.
Tasvir oq-qora, xira edi, yaxshiroq ko‘rish uchun yaqinroq bordi. Unda billur ibodatxona aks etgandi. Uning yonida, berk darvozalar oldida uchtasi turibdi. Ular suhbatlashayapti, aftidan, bahslashishayotganga o‘xshaydi, qo‘llarini siltab-siltab gaplashishyapti.
— Ovozi-chi? — so‘radi Vladimir Ivanovich.
— Ovozi yo‘q, — dedi uning orqasida turgan federal xavfsizlik xizmati boshqarmasi boshlig‘i.
— Ilyuxa! — quvonib xitob qildi Pechenkin, uchovlon orasida o‘g‘lini tanib. — Yonidagi kim? Ularni qayerdadir ko‘rganman… Kim ular?
— Hamtovoqlari, — g‘amgin javob berdi general.
— Qorayaloq va qisiqko‘z, — qo‘shimcha qildi Melkiy va kuldi.
Ilya ibodatxona darvozasidan ichkariga nimanidir otdi-da, qochib qoldi. Haligi ikkalasi uning orqasidan yugurishdi.
— Ular qayoqqa chopib ketishdi? — qiziqdi Vladimir Ivanovich.
— Qayoqqa emas, qayerdan. Ular ibodatxonani minalashtirishdi, — tushuntirdi general.
— Qaysi ibodatxonani?
— Haligini-da… — javob berdi general.
— Billur ibodatxonani, — dedi Sedoy.
— Billur ibodatxonani, — takrorladi general.
— Nega? — bo‘shashib so‘radi Pechenkin.
General yelkalarini qisdi:
— Tergov aniqlaydi.
Ekran o‘chdi.
— Film tugadi, — izoh berdi Sedoy.
Pechenkin xo‘rsindi, jilmaydi, jo‘njikib, qo‘lini bir-biriga ishqaladi va yonida turganlarga murojaat qildi:
— Xo‘sh, ichamizmi, yo‘qmi? Oyoqlarim sovqotib ketdi-ku…
— Qanaqa o‘lchamdagi poyafzal kiyasan? — so‘radi kutilmaganda general.
— Qirq uchinchi, nimaydi?
General papkani stolga, uning ustiga qo‘lini qo‘yib, Pechenkinning ko‘ziga tikilib jiddiy tushuntirdi:
— Bu yerda barcha zarur hujjatlar: uchish sertifikati va boshqalar. Shoshilinch tarzda sen o‘g‘ling bilan uchishing zarur… — General jim qoldi va qo‘shib qo‘ydi: — Onangnikiga…
— Bu jiddiymi yoki hazilmi? — samimiy so‘radi Pechenkin.
— Hazilga balo bormi, ertaga bu hazildan butun Rossiya larzaga keladi, — javob berdi general norozi ohangda.
— Qani, qaytar-chi, nima deding? — baqirdi birdan Vladimir Ivanovich va generalning pidjagi yoqasidan ushlab o‘ziga tortdi. Stol ag‘darildi, hujjatlar sochilib ketdi, televizor qulab tushdi va ikkiga bo‘lindi. General qo‘llarini Pechenkinning yelkalariga tirab, undan o‘zini bo‘shatib olmoqchi bo‘lar, lekin buning uddasidan chiqolmasdi.
— Qaytar, deyapman! — jon-jahdi bilan talab qilardi Vladimir Ivanovich.
— Ertaga… butun… Rossiya… — xirillardi general uning qo‘yib yubormasligiga ko‘zi yetib. Lekin Vladimir Ivanovich yoqasini qo‘yvormas va talab qilardi:
— Qaytar, deyapman…
Bir-birini tushunmayotgani ko‘rinib turardi: Pechenkin boshqa narsani — onaga tegishli gapni qaytarishni talab qilar, general bo‘lsa Rossiya haqidagi gapni deb o‘ylardi. Buni Sedoy ham, Melkiy ham tushunmasdi. Ular Pechenkinning tirsagiga yopishib, generalni uning changalidan qutqarmoqchi bo‘lishar, har biri o‘z dardini aytardi.
— Nilich emas, Vasiliy Nilovich, — eslatardi Sedoy.
— Televizorni sindirishdi, — dedi Melkiy shikoyat qilib.
Pechenkin esa bir so‘zdan boshqasini eshitishni istamasdi.
— Qaytar-chi! — talab qilardi u.
— Ertaga… butun… Rossiya… — xirillardi general.
Pechenkin uni bo‘g‘ib qo‘yishi hech gap emasdi.
— Yana ayt-chi…
— Ertaga… — general nafas ololmay qoldi. Shunda Melkiy yordamga keldi:
— Ertaga butun Rossiya larzaga keladi.
— Ertaga butun Rossiya larzaga keladi, — qo‘shildi Sedoy ham.
Ular to‘rtovlon bir-biriga yopishgancha muhim hujjatlarni toptashar, televizor detallarini ezg‘ilashar, go‘yo qandaydir erkakcha raqsni ijro etishardi.
— Ertaga butun Rossiya darzaga keladi…
— Ertaga butun Rossiya darzaga keladi…
— Ertaga butun Rossiya larzaga keladi, — takrorladi Pechenkin ham va birdan generalni qo‘yib yubordi. U bo‘ynini u yoq-bu yoqqa burdi, yo‘talib oldi, pidjagini to‘g‘riladi va Vladimir Ivanovichning yuziga keskin, mohirona musht tushirdi. Pechenkinning iyagi va ko‘ksi qora qonga bo‘yaldi. U engashib, oqayotgan qonga hovuchini tutdi.
General yana bir bor pidjagini tuzatdi-da, Sedoyga murojaat qildi.
— Oyog‘ingni o‘lchami nechanchi?
— Qirq birinchi, — dedi Sedoy.
— Seniki-chi?
— O‘ttiz to‘qqiz, — dedi Melkiy negadir qo‘rqib; general qo‘lini siltadi, yerga o‘tirib, botinkasining ipini yecha boshladi.
O‘ttiz uchinchi bob
MEN YaNGI QO‘ShIQ TO‘QIDIM
1
Pechenkin-ota o‘z ishxonasidan chiqmay yo‘q bo‘lib ketgan o‘sha kunlarda Pechenkin-o‘g‘il ham o‘z chordog‘idan chiqmay qolib ketardi. Ilya uchun mazali, foydali, xilma-xil ovqatlarni o‘sha yerga olib kelishardi, lekin u bunday yemaklarni rad etib, buvasining quritilgan nonlari va pepsi-kola bilan cheklanardi. O‘zini o‘ldirishga urinishdan keyin bu yosh yigitda hayotga tashnalik jo‘sh urdi: u qariyb uxlamas, hali Lenin asarlarini ovoz chiqarib o‘qir, hali buvasining qo‘shiqlar daftaridan inqilobiy ashulalarni yodlab, ijro etar, hali nimalardir yozar va kulib, ularni yirtib tashlardi. Umuman, u juda ko‘p kulardi, hatto Leninni o‘qiganda ham kulaverardi. Ayniqsa, Ilyani negadir dohiyning “Sotsializm va din” asaridagi ushbu so‘zlar ko‘proq kuldirardi: “Biz cherkovni davlatdan butunlay ajratishni talab qilamiz. Diniy tumanga qarshi toza g‘oya va faqat g‘oyaviy qurol bilan, matbuotimiz, so‘zimiz bilan kurashishimiz kerak”. Bu jumlalarni u qayta-qayta o‘qir va hamisha qah-qah urardi.
Oqshomlarning birida, qorong‘i tushgach, u qizil shveytsariya kurtkasini, tor shimini, masxaraboz botinkasini kiyib oldi: qorovullar e’tiborini tortmaslik uchun panjaradan oshib tushdi, yo‘lovchi mashinani to‘xtatib Pridonskka jo‘nadi. Mo‘jazgina yuk mashinasi kabinasida yo‘l bo‘yidagi simyog‘ochlarga qarab borarkan Ilya qo‘shiq ayta boshladi, avval o‘zi haqida kuyladi, keyin haydovchini hayratga solmaslik uchun bir kuni ularning uyida mashhur dirijyor boshqaruvida orkestr ijro etgan kuyni chalaboshladi:
Tu-u-du-u, du-du-du
Tu-du-du-du, Tu-du-du-du-du-du…
Haydovchi ham unga jo‘r bo‘ldi:
Tu-ri-ru-ri-ru
Tu-ri-ru-ri-ru…
To Pridonskka yetguncha ular Dunayevskiyning “O‘n besh yoshli kapitan” filmiga yozgan uvertyurasini aytib bordilar va do‘stlashib keyin ajraldilar.
Pridonskda Ilya birinchi bo‘lib Vorovskiy bog‘iga bordi, o‘sha bir vaqtlar o‘tirgan skameykaga borib o‘tirdi. Xuddi shu yerda orqadan yashirinib kelib, Anjela Devis unga to‘pponcha o‘qtalgan edi. Kechasi Vorovskiy bog‘ida yolg‘iz yurish uncha xavfsiz emasdi. Lekin negadir Ilya sira qo‘rqmas, aksincha nega hech kim xuruj qilmayapti deb hayron bo‘lardi. Qancha o‘tirmasin, uning yoniga hech kim kelmadi ham, po‘pisa qilmadi ham. Rosa sovqotganidan so‘ng Ilya o‘rnidan turib “Makdonalds”ga yo‘l oldi. Yo‘l-yo‘lakay goh uning tishi takirlab, goh kuylab borardi.
Tu-u-du-u-du-du-du…
“Makdonalds”da u uch-to‘rtta gamburgerni paqqos tushirdi, uchta katta stakanda qulupnayli kokteyl ichdi. Bundan battar sovqotdi.
Uy-joylardan foydalanish idorasi, ya’ni faxriylar kengashi berk edi, Anjela Devis o‘qiyotgan maktabning birorta derazasida chiroq ko‘rinmasdi.
Vokzal qoshidagi bozorchada kavkazliklar dildirab o‘tirishardi. Ilya ulardan koreys sabzisi sotib yurgan koreys bolani surishtirdi. Ular kulishib: “koreys uylandi” deyishdi. Ilya ham kulib yubordi.
Shundan keyin u Zavod maydoniga yo‘l oldi. Maydon bo‘m-bo‘sh va sovuq edi. Sovuq shamol chang asfalt bo‘ylab shishgan tsellofan xaltani uchirib o‘ynardi. Billur ibodatxona xira yorishib turardi. Qo‘llarini kurtkasi cho‘ntagiga yashirgan Ilya qaltiraganicha Lenin haykali qoshiga keldi, burnini tortib qo‘ydi-da, shohsupaga qarab, dedi:
— Hammasiga sen aybdorsan, hammasini sen rasvo qilding…
U bu so‘zlarni sekin, ehtiyotkorona, aybdorlarcha aytdi va tosh dohiyga boshini ko‘tarib qaramasdan, shohsupa tevaragida aylana boshladi. U shu kuyi qo‘llarini orqasiga qilganicha aylanarkan bor ovoz bilan, dadil gapira ketdi:
— Hammasiga sen aybdorsan! Hammasini sen rasvo qilding! “Biz cherkovni davlatdan butunlay ajratishni talab qilamiz. Diniy tumanga qarshi toza g‘oya… Toza g‘oya? Dinni murda avrash deb atagan kim? Popni ottirish uchun yuz ming rubl to‘lagan kim? Endi bo‘lsa birdaniga — “toza g‘oya” emish… Yo taktikami bu? Bilaman men bu taktikani — dahshatga aylandi. Bordi-yu, U bor bo‘lsa-chi? Mana sening bor “toza g‘oyang”. Kommunist — mahkum odam ekanidan qo‘rqib ketdingmi? Shuning uchun ham Stalinni, o‘sha liberal va landovurni bosh kotib qildi. Axir biz Stalinning liberal va landovur ekanini yaxshi bilamiz-ku… qolganlar haqida, keyin bo‘lganlar to‘g‘risida o‘ylash — alhazar! Qilish mumkin bo‘lgan barcha xatolarni qilishdi. Tamom! Men ham o‘sha xatolar g‘aznasiga mis mirini qo‘shib qo‘ydim KYaJ — utopiya, xomxayol! Yakkadan umumga qarab emas, aksincha borish kerak edi… Bu mening mamlakatim! Bu kerak edi… Bu mening mamlakatim! Bu mening xalqim! Bu yerdagilarning hammasi — kommunist, faqat ular buni esdan chiqarib yuborishdi. Ularni buni eslashga majbur qilish lozim. Qanday qilib? Men bilaman qandayligini. — Ilya kuldi. — Bu juda oddiy. Boylardan pulni tortib olib kambag‘allarga bo‘lib berish kerak emas — aksincha! Kambag‘alning borini tortib olish uchun boylarga yordam berish kerak. Ana shunda ular bizning orqamizdan ergashadi! Milliy masala… Ruslar, koreyslar va zanjilar orasida hech qanday farq yo‘q deb aytish kerakmas. Lekin ruslarga ular hammadan yaxshi, koreyslar — ular, zanjilarga ular hammadan yaxshi deyish kerak… Shunda ular o‘zaro urushadilar va keyin bizga ergashadilar!
Ilyaning badani qizidi, u hatto isib ketdi. U dohiyning tosh siymosiga qarab gapirar, borgan sari ishonch bilan, baland ovozda hayqirardi.
— Taqiqlash kerakmas, yo‘l qo‘yib borish lozim! Hamma narsa mumkin! Har biriga yuz ming rubldan to‘lab poplarni ottirish shart emas. Cherkovga qarshi “toza g‘oya” bilan kurashishning keragi yo‘q. Ularni boqish, qornini to‘ydirish lozim, iblis butxonalarini qurish kerak, qurganda ham xalqning so‘nggi puli hisobiga billurdan, tilladan, to‘g‘ri kelgan narsadan qurib tashlayverish kerak — toki xalqning ulardan ixlosi qolmasin, ularni xonavayron qilgan ibodatxonalarni… Shunda ular bizniki bo‘ladi, hamma-hammasi baravariga! Men o‘sha ahmoqona o‘yinchoq portlatgichni u yoqqa tashlashim kerak emasdi, — Ilya qo‘li bilan ibodatxonani ko‘rsatdi. — Balki mana bu yoqqa itqitishim zarur edi! — u barmog‘ini Leninga niqtadi. — O‘sha yolg‘ondakam bombani emas, albatta, balki rostakamini, kilogrammgacha ekvivalentini, xo-xo, oyoqlari orasiga bog‘lash… Toki shunday portlasinki, mayda-mayda bo‘lib ketsin! Toki vayrona va kultepaga aylansin! Ana shunda hamma senga yugurib keladi. Chunki ular vayronalar va kultepalarni yaxshi ko‘rishadi…
Orqa tomonda qattiq portlashni eshitib Ilya o‘sha tomonga o‘girildi. Uning ko‘zi billur ibodatxona ustida ko‘tarilib qorong‘ilikka singib ketayotgan pushti rang bulutga tushdi. Billur taxtalardan iborat ibodatxona devorlari asfaltga tushib, maydalanib, atrofga sachrardi. Binoning eng tepasida turgan zarli billur xoch tayanchsiz qolib, bir zumga havoda muallaq turdi-da, pastga sho‘ng‘idi…
Ilya o‘z ko‘zlariga ishonmay kulib yubordi va voqea sodir bo‘lgan tomonga burildi, lekin kuchli va iliq, shirin isli portlash to‘lqini uni to‘xtashga, tislanishga va orqaga qochishga majbur qildi… Qochayotib ikki bor orqasiga o‘girilib qaradi va birinchi bor u yerda oq tutunni ko‘rdi, ikkinchi bor esa — sariq alanga ko‘zga tashlandi. Ilya kuldi-da, mashina karnayidan ogohlantirgandek davom etdi:
Tu-u-du-du-du-du…
U ko‘r, kar va soqov Pridonsk bo‘ylab shoshilmay, lekin qaddini tik tutgancha chopib borardi. Oyoqlari va qo‘llarini bir maromda ishlatib—mag‘rur yugurardi, mag‘rur va baxtiyor: balki quvonchli xabar olib borayotgan birinchi chopar ham shunday yugurgandir; Ilya ham endi nimanidir bilar — ezgu xabar uning qalbini quvontirgan, kuch ato etgandi.
2
Anjela Devis seskanib ko‘zini ochdi.
— Nima bo‘ldi? — so‘radi Kim.
— Allaqanday tush ko‘rdim, — dedi Anjela.
— Uxla…
— Men uxlab bo‘ldim…
Anjela Devis Kimga qarab jilmaydi.
Uning boshi yigitning yalang‘och yelkasida edi. Ular Anjela Devisning uyida, uning divan-karavotida yotishardi.
— Sen uxladingmi? — so‘radi Anjela Devis.
— Yo‘q. — Kim shunday ohangda javob berdiki, savoli uchun qiz uyalib ketdi. Yigit uxlamagandi, chunki qiz uxlayotganda uning uxlashga haqqi yo‘q edi. Uning maxriga erkaklik mas’uliyati tushgan edi. Shu boisdan ham u hozirdanoq mas’uliyat yukini bo‘yniga olgan va uxlamaslikka ahd qilgandi.
— Men ko‘pdan beri sendan bir narsani so‘ramoqchiman-u, lekin tortinayapman… Sening haqiqiy isming nima? — so‘radi Kim.
— Haqiqiysimi?
— Ha.
— Imunga Kvami Nkomo-Nkomo.
Yigit hayratdan lol qoldi.
Qiz sekingina kulib yubordi.
— Agar ruschaga o‘girsa-chi? — tortinib so‘radi yigit.
— Agar ruscha bo‘lsami, Zina deyiladi.
— Zina? — sevindi yigit. — Zina — shu xolosmi? Faqat Zina. Shundaymi? Axir, bu men eng yaxshi ko‘rgan ism-ku! Mening oyimning ismi ham Zina!
— Ana xolos… — Qiz uyalinqirab jilmaydi.
— Mening ismim esa Kolya! Senga yoqadimi?
— Kim yaxshiroq? — hazillashdi qiz.
— Men — Kolya, — dedi u qat’iy.
Zina ham shunga ko‘ndi va uning ismini yoqtirib qoldi.
— Bilasanmi, sen uxlayotganingda men nimani o‘yladim? — dedi u, bir oz jim qolib qo‘shib qo‘ydi. — Ikkalamizning o‘rtamizda mushtaraklik ko‘p…
Qiz jilmaydi, hatto kulmoqchi ham bo‘ldi, lekin uning ko‘zlari jiddiyligini ko‘rib, o‘zini tiydi.
— Mening otam rus, sening onang… — davom etdi yigit.
— Xo‘sh?
— Mening otam rus, sening onang ham, — takrorladi yigit.
— Xo‘sh? Xo‘sh? — qiz negadir asabiylashdi.
— Agar biz farzand ko‘rsak, u butunlay rus bo‘ladi, — deya xulosa qildi Kolya.
Ular yotgan xona birdan yorishib ketdi, u quyoshli kundagidan ham ancha yorug‘ edi.
— Nima bu? — hayron bo‘lib so‘radi qiz va kaftlari bilan ko‘zlarini berkitdi.
Garchi Kolyaning o‘zi ham nima ekanligini bilmasa-da, javob bermoqchi bo‘ldi, chunki u endi xotinining hamma savoliga javob berishi kerak edi va endigina og‘iz juftlagan edi hamki, xonaga qandaydir shiddatli kuch urildi, eshik qo‘porilib oynalar chil-chil bo‘ldi. Ular yotgan joyga guvillab, dahshatli shovqin solib ulkan temir bo‘laklari bostirib kela boshladi. Unga qarshi turish bema’nilik edi, bo‘ysungan ma’qul bo‘lardi, bordi-yu, Kolya bir o‘zi bo‘lganida, shunday qilardi ham, lekin u yolg‘iz emasdi, yonida ayol kishi bor edi, butun umrlik yagona, sevikli ayol… va Kolya o‘rnidan sakrab turishga, jangovar holatga kirishga hamda qichqirishga ulgurdi:
— Ki-ya!
Qandaydir temir buyum kelib qulog‘iga urildi va hammasi tugadi…
3
Hali tong otmagan, vahimali sukunat hukmron bo‘lsa ham, Zavod maydoni odamlar bilan gavjum edi, ular har tarafdan oqib kelardi. Atrof jimjit edi, faqat oyoqlar ostida billur parchalari g‘ichirlardi. Qandaydir kampir xuddi janozadagiday uvvos soldi:
— Kim-ga tash-lab ket-ding biz-lar-ni!
Feesbening1 qora “Volga”si militsiya qurshovini qarshiliksiz yorib o‘tdi-da, halokatning markazida to‘xtadi. Pechenkin mashinadan zo‘rg‘a chiqa boshladi. Uni darhol tanishdi.
— Pechenkin!
— Ko‘rgani o‘zi kelibdi…
Vladimir Ivanovich, nihoyat, mashinadan chiqib oldi, atrofga alangladi. Ibodatxona o‘rnida yo‘q edi. Asfaltga sachragan billur parchalar oyoq ostida g‘ichirlar, xuddi muz bo‘laklariday militsiya mashinalarining jimir-jimir yorug‘larini qaytarardi. Ayollarnikiga o‘xshash to‘la yuzli militsioner shinelining yengi bilan is bosgan sanamni artib, tozaladi.
— Iisus Xristosmi yoki boshqa birovmi, tushunmayapman, — dedi u va sanamni xo‘jayinga uzatdi.
Pechenkin yuzini o‘girdi va nigohi qorong‘ilikda savlat to‘kib turgan Leninga tushdi.
— Yo tavba, xalqni qarang, xalqni, — dedi haligi militsioner. — Joyida turganida hech kimga kerak emasdi, qulab tushishi bilan hamma yugurib keldi…
Pechenkin bir amallab, haykaldan ko‘zini uzdi-da, mashinaga o‘tirdi.
4
Tunda yorqin yoritilgan ko‘rimsizgina ikki qavatli yog‘och uy kutilmaganda chiroyli, hatto o‘rta asrlar qasrini yoki kemani eslatuvchi hashamatli binodek ko‘rinib ketdi. Ikkinchi qavatdagi romsiz derazadan yelvizak shishirgan parda yelkan kabi shishib turardi.
Yorug‘ tushib turgan boshqa derazalar ichkarisida odam yashayotganga o‘xshardi. Bir xillari o‘z kursilarida yelkalarini osiltirgancha vaziyatga bo‘ysunib, sabrning tagi oltin deganday jim o‘tirishar, boshqalari o‘zlarini xo‘jalik ishlari bilan bandday ko‘rsatib, idish-tovoqlarini yuvishar, choy damlashardi. Uchinchilari esa — mayka va trusiklardagi erkaklar, ichki ko‘ylakdagi ayollar nima bo‘lganini tushunmay o‘z yotoqlarida naridan-beri yugurishar, oynadan ko‘chada sodir bo‘layotganlarni ko‘rmoqchi bo‘lishar, lekin yorug‘dan ko‘zlari qamashib, orqaga tisarilishardi. Taxta uy-barakning ichida shovqin: ayollar yig‘lar, erkaklar so‘kinar, bolalar chirqirardi. Tashqarida ham shovqin, lekin bu boshqacha, taraq-turuq, qasr-qusur — temirlar shovqini edi. Agar barakda tog‘ora va tovalarni hisobga olmaganda temir qariyb yo‘q edi — faqat ko‘rpa-to‘shak va inson zoti uymalashgan bo‘lsa, tashqaridan ularni har tarafdan temir-tersak o‘rab turardi. U yerda — chiroqlari yoqilgan usti yopiq harbiy mashinalar, mayda panjarali omonchilar ulovi, ko‘k-sariq militsiya mashinalari bir-biriga taqab qo‘yilgandi. Ular orasida faqat ko‘zlari ochiq niqob va maxsus qora kiyimda, yelkasiga avtomat va uzun mergan miltiq osib olgan omonchilar, kinokamerali televizorchilar, bronjiletli militsionerlar uymalashib yurishardi. Qurol-yarog‘lar sharaq-shurug‘i, ratsiyalarning chag‘ir-chug‘uri aralashib g‘ayrioddiy bir shovqin hosil qilardi.
— Nima, bu yerda kinoga olishyaptimi? — baland “oqsuyaklik” ovozida so‘radi atrofdagilardan kuchukcha ko‘tarib olgan kampir.
— Kinofilm, buvijon, kinofilm, — kinoya bilan javob qildi yonida turgan militsioner.
— Qaragin, Dolli, bu yerda kinoga olishayotgan ekan. Bir vaqtlar men ham Butunittifoq xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi sahnasida kinoga tushganman — “Cho‘chqaboqar va cho‘pon” deyilardi o‘sha film. Juda ajoyib bo‘lgan edi, — dedi tantanavor kampir.
Bu jarayonga qad-qomati kelishgan, bashang kiyimli Ladniy degan yigit rahbarlik qilardi. U “Uazik”ning zinasida turganicha bir qo‘li bilan mashinaning ochiq eshigidan ushlab, ikkinchi qo‘lidagi ratsiyaga gapirardi:
— Kostik, u yerda nima gap? Kiyintirayapsizlarmi? Ha, hammasi yaxshi ko‘rinishda bo‘lsin…
Yigit atrofdagilarni o‘ziga jalb qilardi. Ilya ham unga qarab, jilmayib turardi.
— Bu kim, rejissyormi? — yana so‘radi kampir.
— Rejissyor, buvijon, rejissyor, — javob berdi militsioner.
— Qaragin, Dolli, bu rejissyor ekan!
Kampirning gapini eshitishardi, lekin unga hech kim qaramasdi. Chunki hamma pardasi shishib turgan derazadan va barakning nochor faner eshigidan ko‘z uzmasdi. Barcha o‘sha yerdan nimanidir kutishardi.
— Jilg‘acha! — dedi Ladniy kutilmaganda va temir to‘dadan yigirmatacha omonch ajralib chiqib ikki qator bo‘lib saf tortishdi va avtomatlari hamda miltiqlarini otishga shaylab turishdi.
— Shovqin solmanglar! — dedi Ladniy va hamma jimib qoldi, hatto barakdagi bolalar ham yig‘lashdan to‘xtashdi.
Ladniyning chehrasi ilhom bilan yorishdi.
— Qani, ketdik! — e’lon qildi u quvonib va yuqorida, ikkinchi qavatda nog‘oralarning “tra-ta-ta”si yangradi. Bir necha daqiqa ichida pastga tushib, yangrayotgan nog‘oralarning “tra-ta-ta”si momaqaldiroq guldiragiga aylandi, eshiklar shiddat bilan ochildi va charaqlab turgan oppoq yorug‘ oqimida Kim bilan Anjela Devis to‘xtab, qotib qolishdi. Aynan ularning chiqishi e’lon qilingan va tantanavor uyushtirilgan edi. Endi ular bolalarning “jilg‘acha” o‘yinini ijro etishlari — ikkalasi birgalikda ikki sohili avtomat ushlagan qora kiyimli omonchilardan iborat tor o‘zan bo‘ylab suzishlari lozim edi.
— Olg‘a, qadrdonlarim! — dalda berdi Ladniy va o‘zi ularga peshvoz chiqdi.
Ilya jilmaygancha unga ergashdi.
Kim bilan Anjela Devis odimlay boshlashdi: bir-ikki-uch, bir-ikki-uch abjag‘i chiqqan pianino ularga jo‘r bo‘ldi: pam-pari-ram, pam-pari-ram. To‘rtta “omonchi” ularning qo‘llaridan mahkam tutgancha assistentlik qilishardi. Ular esa yurib borishardi, yurib emas, uchib borishardi. Chunki oyoqlari yerga tegmasdi — xuddi baletdagidek, — qariyb yalang‘och, faqat bilaklarida temir bilakuzuklar. Shubhasiz, bu Anjela Devisning eng oliy damlari, hayotining eng tantanali onlari edi: u o‘zining jingalak sochli boshini mag‘rur ko‘tarib, tirjayib borardi. Kim o‘z rolini unchalik eplolmasdi: boshi osilib tushar, qulog‘idan oqayotgan qon bo‘yin chuqurchasida to‘planib qolib, u yerdan ko‘ksi bo‘ylab pastga, kindigiga o‘rmalardi…
Ladniy ularga erkalab va minnatdorona qarardi.
Ular o‘z jilg‘achalaridan tez suzib o‘tdilar, juda tez. Ilya birdan kech qolganini tushundi va oldinga tashlandi, lekin uning safdoshlarini eshigi ochiq turgan maxsus mashinalarga irg‘itib ulgurdilar, har birini alohida-alohida.
Shunda Ilya ular eshitsin deb baland ovozda qichqirish uchun og‘iz juftladi va birdan yonida turgan “omonchi”ning gapini eshitib qoldi:
— G‘ayriruslar nihoyat haddidan oshdi…
Bu so‘zlar Ilyani hayratga soldi — yo‘q, ularning ma’nosi emas, balki buni qayerdadir eshitgani ajablantirdi uni. U bu gapni aytgan odamga qaradi va “omonchi” niqobining tirtig‘idan moviy ko‘zlarni ko‘rdi. “Omonchi” ham unga hayratlanib qarab turardi. Ilya uni esladi va ko‘zlarini olib qochdi.
— Xo‘sh, salom. Ahvollar qalay? — xuddi eski qadrdon oshnasidek murojaat qildi unga Ladniy. U jilmaydi, unga javoban Ilya ham tirjaydi, Ladniyning ko‘ziga qarab najot so‘raganday bo‘ldi.
— Bo‘ldi, do‘stim, bo‘ldi, yurak orom istaydi, — dedi Ladniy yumshoq, yoqimli, mehribon ovozda va Ilyaning yelkasiga qoqib qo‘ydi.
Butun borlig‘i bilan shu odam ta’siriga tushib qolgan Ilya uning ko‘zlariga diqqat bilan tikildi. U nega bu kishi Ilya bilan shunday gaplashayapti, uni biladimi yoki ular yaxshi tanishmilar?
— Xo‘sh? — so‘radi Ladniy uni shoshirib, lekin Ilya qalqib ketdi va yelkasi bilan temirga suyanib qoldi, endi hech qayoqqa ketolmasligini yaxshi tushundi va qo‘lini siltab gapira ketdi.
— Non timeo te, rex male Porsena!
— Nima? — tushunmadi Ladniy va hayron qoldi.
— Tu me timere non potest, sed mortem mortis andores timent, — dadil davom etdi Ilya.
— Nima-nima? — kuldi Ladniy. U go‘yo o‘z quloqlariga ishonmayotgandi. — Bu qaysi tilda o‘zi? Inglish, french, doych?
— Mortem non timeo — et cum dicts eis manum adulescens in cibanum ardentem demusit! — Bu so‘zlarni Ilya tantanali, bor ovoz bilan aytdi — o‘shanda otasining talabi bilan Don bo‘yida aytganidan ancha yaxshi aytdi. Lekin birdan Ladniy unga qiziqmay qo‘ydi, Ilyaga so‘nggi bor qarab qo‘ydi, hamdardlik bilan jilmaydi va yonidagi omonchiga buyurdi:
— Bilasanmi, nima… Manavini huv, butalar yoniga olib bor-da, bir-ikki tarsaki tushirib, haydab yubor.
Ladniy shunday dedi-da, “Uazik”ka sakrab chiqdi va jo‘nab ketdi. Atrof temirlar sharaq-shurug‘i va motorlar gurillashi bilan to‘lib ketganini Ilya shundagini eshitdi. Ko‘z oldi qorog‘ilashdi, nafas olishi qiyinlashdi.
“Omonchi” Ilyaga xo‘mrayib qaradi, yelkasidan tutdi va qayirib oldi-da, zulmat qo‘yniga itarib yubordi. Ilya qalqib ketayotib yarim o‘girildi-da, jilmayib, tushuntirishga urindi:
— I’m an American citizen. I’m George Miseri, a businesman. I’m here to help uon with the reforms1 .
Bunga javoban, “omonchi” mergan miltig‘ining o‘tkir uchi bilan uning orqasiga turtdi. Ilya yana bir necha qadam yurdi, zimziyo qorong‘ida u hech narsani ko‘rmasdi. U yana tushuntirishga urindi:
— Je suis etranger. Je suis etranger. Je suis Fraqais. Je suis le correspondent du maqasin “L’ Express”, Je mappele Patrik Lessaqe.. J’ai arrive pour ekrire l’artikle sur Les reformes ekonomiquesen Russie2 .
Shunda Ilya baqirdi, hammaga eshittirib o‘zi ham shu bugungina ishongan ezgu xabarni jar soldi:
— U bor!!! — deb baqirdi. Ilya, lekin orqasidan dahshatli harbiy botinkadan shunday kuchli tepki yediki, so‘z va harflar qorishib ketdi: B-or-r!!!
Atrofdagilar chinqiriqni eshitishdi, lekin hech narsa tushunishmadi — qo‘rquv va og‘riq ohangi so‘z ma’nosini ko‘mib ketdi.
Shu tariqa Ilya bir necha metrga uchib tushdi va urinib-surinib, qo‘llari bilan og‘riyotgan orqasini changallaganicha qorog‘ilikda g‘oyib bo‘ldi.
Qayerdadir olisda, ko‘z ilg‘amas qo‘ndoqlarda xo‘rozlarning bo‘g‘iq “Qu-qu-qu-u”si quloqqa chalindi.
5
— To‘xta-chi! — quvonib qichqirdi Vladimir Ivanovich besh qavatli uyning burchakdagi derazasida yorug‘ni ko‘rib. Mashinadan otilib chiqdi-da, jadal yuqori ko‘tarildi. Lekin bu oson bo‘lmadi: yuragi qinidan chiqib ketay der, general botinkalari oyog‘idan tushib ketishiga sal qoldi.
Pechenkin faner eshik oldida to‘xtab qoldi, nafasini ichiga yutib quloq soldi.
Ichkaridan gitaraning ting‘irlashi eshitilardi. Eshik qulflanmagan edi. Vladimir Ivanovich uni astagina itardi-da, ichkari kirdi.
Hammasi hamishagiday edi: Gelya pastkam divan-kat ustida yonboshlagancha gitara chalardi. Pechenkin jilmayib, kursiga o‘tirib dam oldi. Kat yonidagi uch oyoqli pastgina stolchada araq shishasi, qadah, tuzlangan bodring, kolbasa, non turardi.
Hammasi hamishagiday edi: yana o‘sha rangi o‘chgan brija cholvor, kamar bilan bog‘langan eski xalat.
— Ha, Pechenkin, — salomlashdi Gelya mehmon bilan, bir zumga gitaradan ko‘zini olib.
— Uchib ketayapman, — dedi Vladimir Ivanovich.
Gelya bosh irg‘adi, unga qaramay.
— Olisga, — qo‘shib qo‘ydi Pechenkin.
Gelya yana bosh irg‘adi.
— Ancha uzoq vaqtga, — so‘zini tugatdi u.
Gelya xo‘rsindi, gitarani bir chetga qo‘yib, qadahga aroq quydi.
Pechenkin seskanib, ijirg‘anib qo‘ydi.
— Ko‘rinishing chatoq, — dedi Gelya. — Kasal emasmisan?
— Yo‘q, — javob berdi u.
— Burning nega qizargan?
— Shamollab qoldim.
— Tag‘in yo‘q deysan-a, uzib oldi Gelya va qadahni ko‘tarib, quvnoq qo‘shib qo‘ydi: — Yahudiylar aytganday: — le xaim — hayot uchun! — u chaqqonlik bilan aroqni qultillatib yutdi-da, qarsillatib bodring tishladi.
— Menga qara, bugun qaysi kun o‘zi? — so‘radi Vladimir Ivanovich.
— Kun? — Gelya o‘ylab qoldi va takrorladi: — Qaysi kun… Qo‘liga gitarani olib chala ketdi. Aftidan “kun” so‘zi uning g‘ashiga tegdi. Gitarani chertishda davom etdi.
— Volodka qani? — qo‘rqib so‘radi Pechenkin. Gelyaning homilasi yo‘qligini u endigina tushungan edi.
Gelya quvonchdan chaqnab turgan ko‘zlarini unga tikdi va dedi:
— Men bo‘lsam yangi qo‘shiq to‘qidim. “Ketib qoldi kichkina odam” deb ataladi.
Vladimir Ivanovich o‘rnidan turib derazaga o‘girildi. Pridonsk ustida qizil harflarda yozilgan dahshatli PEChENKIN so‘zlari osilib turardi.
Ayol o‘zining yangi ashulasini aytib berishni taklif etmadi, erkak esa so‘rab ham o‘tirmadi, indamay chiqib ketdi.
O‘ttiz to‘rtinchi bob
HAMMASI JOYIDA
1
Qandaydir uzundan-uzun kecha edi, negadir sira tugamasdi bu tun…
Pechenkin “Volga”dan shoshilib chiqdi-da, yugurib qorovullar uychasiga kirdi. Do‘mboqqina yalang‘och ayol o‘zini narigi xonaga urdi. Qorovul shimining tugmalarini qadaganicha unga peshvoz chiqdi. Uning aft-basharasi ichaverganidan shishib ketgandi — aftidan, xo‘jayin yo‘qligida xizmatkorlar vaqtni bekor o‘tkazishmagandi.
— Qani Ilya? — jahl bilan so‘radi Pechenkin.
— Ilya? — so‘radi qorovul.
Vladimir Ivanovich ichida so‘kingancha qo‘rg‘on hududiga shoshildi. U yer jimjit va qorong‘i edi. Qandaydir kichkina, nochor kimsa huv olisda qochib borardi.
— Ilya? — chaqirdi Vladimir Ivanovich. Ha, bu Ilya edi. Pechenkin sevinib jilmaydi, qo‘lini ko‘tardi-da, baqirdi: — Uchamiz, Ilyuxa.
Ilya to‘xtadi, o‘girilib otasiga qaradi va yugurishda davom etdi. U “Oktyabr” kinoteatri tomon chopayotgandi.
2
Vladimir Ivanovich qorong‘i foyega kirdi, qo‘li bilan paypaslab chiroq yoqqichlarni topdi, chiqillatib ko‘rdi. Lekin negadir yonmadi. U jim turib quloq soldi, zaldagi faner o‘rindiqlar g‘ichirlaganini eshitdi. Ko‘cha qorong‘i edi, foye yanada qorong‘i, zal esa butunlay zimiston edi.
— Ilya, — chaqirdi Pechenkin, — shu yerdamisan?
O‘g‘li javob bermadi.
Vladimir Ivanovich xayrlashayotganday zalga nazar tashladi — xuddi suvga sho‘ng‘ish oldidan havo yutganday chuqur nafas oldi-da, zal zulmatiga kirdi. Xuddi ko‘rga o‘xshab qo‘llarini oldinga cho‘zganicha, oyoqlarini olg‘a qo‘ya boshladi. U eng chekkadagi oromkursiga bir amallab yetib oldi-da, unga o‘tirib yengil nafas oldi.
— Qani, Noil, bura-chi o‘z taraq-turug‘ingni! Bizlarga, bilasanmi, ketish jafosiga “Daydi”ni qo‘yib ber! — Pechenkin buni, albatta, shunchaki hazillashib aytdi. Chunki u yerda hech qanaqa Noil yo‘qligini yaxshi bilardi. Umuman, hozir uning keragi ham yo‘q edi.
O-vo-ra-man,
Daydiman men.
Meni hech kim kutmas hech yerda
O-vo-ra-man! —
kuyladi Vladimir Ivanovich, Ilya jo‘r bo‘ladi degan umidda. Biroq, Ilya jo‘r bo‘lmadi.
— Eksport-import! Bu buyumlarni bu yoqdan u yoqqa, u yoqdan esa bu yoqqa degani! — qichqirdi Pechenkin va sukunatga quloq soldi. — Halol odamning farzandi hamisha halol bo‘ladi, o‘g‘rining bolasi esa o‘g‘ri, — dedi ishonchini yo‘qotib, o‘zi ham bu so‘zga unchalik ishonqiramay o‘zicha ming‘irladi Vladimir Ivanovich va o‘yga tolib jim qoldi. — Nima, yoqmaydimi? Bilaman, senga boshqasi yoqadi … Men uni ham ayta olaman — marhamat! Qanday aytilardi:
Tosh ustiga tosh,
G‘isht uzra g‘isht zich,
O‘ldi bizning Lenin
Vladimir Ilich.
Yo‘q, u o‘lgan-mas,
Yashaydi mangu…
Mangu ustingda
Turgisidir u!
Lekin Ilya bunga ham javob bermadi. Shunda Vladimir Ivanovich bardosh berolmadi, asabiy bir tusda baqirdi:
— Chiroq, etikdo‘zlar!
Xuddi shu onda zo‘rg‘a ko‘rinib turgan to‘g‘ri burchakli ekran fonida kimdir yugurib o‘tdi.
— Eh, Ilya, — xafa bo‘lib xitob qildi Vladimir Ivanovich, o‘rnidan shartta turib oldinga tashlandi. Oldingi oromkursining yelkasiga urildi-da, gursillab yerga quladi.
3
Chordoqda ancha yorug‘ edi. Ilya o‘z karavotida cho‘zilib yotar, boshiga qizil allambaloni yopib olgandi. Vladimir Ivanovich jilmaydi, derazaning yoniga kelib, pastga qaradi. Xo‘jayinning kelishi bilan uning qo‘rg‘onida jonlanish boshlandi. Hashamatli binoning derazalarida chiroqlar yondi, xizmatkorlar yugurib qolishdi, garaj darvozasidan “Mersedes” chiqdi. Pechenkin derazani ochib yubordi, qattiq hushtak chalib, qichqirdi:
— Hey! “Rolls-roys”ni tayyorlanglar! O‘shanda ketamiz!
Ular o‘zaro bahslashgancha “Mersedes”ni qayta garajga haydashdi.
Pechenkin qasirlatib yelkalarini tuzatdi. U qayta kuch to‘play boshlagandi.
— Bilasanmi, bugun men qanday tush ko‘rdim? — xitob qildi u kutilmaganda eslab. — Go‘yo biz ikkalamiz o‘zimizning “Falkon”imizda uchayotgan emishmiz.
— Ucharmishmiz-u, men Fritsga “Rulni Ilyaga ber, bir oz haydab ko‘rsin” dermishman. Bir tasavvur qiling-a? — Vladimir Ivanovich kuldi, keyin jiddiy tus olib qo‘shib qo‘ydi: — U bo‘lsa, bermadi-ya… nemis…
Ilya jim turar, qimir etmasdi. Vladimir Ivanovich xo‘rsinib qo‘ydi.
— Ular o‘zim yo‘qligimda hali patimni yuladilar, bo‘g‘izlaydilar, tortqilab ketadilar. Halitdan “N” harfini tortib ketishibdi. Qaytganimizcha “P” harfi qolsa ham mayli edi… Moskvalik tekinxo‘rlar… Jin ursin ularni! Biz hali qaytib kelamiz, qaytadan boshlasak ham ularni tegishli joyga o‘tqazib qo‘yamiz hali. Qarab tur, hali, biz ularning hammasini bo‘yoq qorishmaga qo‘shib derazalarning tirqishlarini berkitish uchun ishlatamiz!
Ilya bunga ham indamadi.
Vladimir Ivanovich kulimsirab karavot chetiga o‘tirdi.
— Sen haligi narsa uchun ko‘nglingni buzma, — gapni sekin boshladi Pechenkin. — Peshonada bor ekan, ko‘ramiz… Olamning yettinchi mo‘jizasi emish! Yoki sakkizinchi?
— “Qadah” — xalq juda topib aytdi! Rus xalqi — so‘z bilan nishonga aniq uradi. Qadah — rostdan ham qadahning o‘zi. Billur — aynan ichish uchun-da! Ibodat qilish uchunmas. Shunday ekan, bunga sen aybdor emassan, men aybdorman! Mayli, hechqisi yo‘q, men o‘z gunohimni yuvaman. Qaytamiz, men o‘sha joyning o‘zida haqiqiy qasr quraman. Tosh qasr, tsementiga tuxum qo‘shib qildiraman. Xuddi burungiday, asrlar osha turadigan qilib qurdiraman! Oltin emas, oddiy… “Qu-qu-qu… sizga tuxum tug‘ib beraman, oltin emas, balki oddiy tuxum”. Men hamisha o‘ylab yurardim, bu ertak nima haqida o‘zi deb. Sen kichkinaligingda uni tinglashni yaxshi ko‘rarding. Ba’zan besh martagacha o‘qib berardim, sen bo‘lsang, yana, yana derding, men o‘qirdimu o‘zim tushunmasdim, oddiy tuxumning oltin tuxumdan nimasi yaxshi deb hayron bo‘lardim. Uning nima haqida ekanini, kim haqidaligini tushunmasdim… Endi tushundim — men haqimda ekan. — Pechenkin xijolat tortib jilmaydi. — Qu-qu-qu… Sizga tuxum tug‘ib beraman. Oltin emas, oddiy tuxum… Larzaga kelmaydi… Larzaga kelmaydi! Bundan battarini ko‘rganmiz… Qani, tur bolam, tura qol.
Vladimir Ivanovich o‘rnidan turdi, atrofga alangladi, karavotga qaradi, jilmaydi va o‘g‘lining yelkasiga qoqdi… Ilya u yerda yo‘q edi… Adyol va yostiqqina turardi. Ular odam tanasiga o‘xshab yotqizilib, ustiga buvaning shoyi bayrog‘i yopib qo‘yilgandi Vladimir Ivanovich engashdi. Zarli o‘roq va bolg‘a yaltirardi. Pechenkin xuddi qizil matoni ko‘rgan buqa singari ko‘zlari qonga to‘lib g‘azablandi.
— Rossiya… Inqilob… Inqilob… Rossiya, — pichirladi Vladimir Ivanovich. U o‘zini tutishga harchand urinmasin, buni eplolmadi, o‘zini qo‘lga ololmadi. — Rossiya! Inqilob! — baqirdi u va pidjagi cho‘ntagidan “beretta” to‘pponchasini olib, qizil bayroq va uning zarli o‘roq va bolg‘asiga qarata ketma-ket o‘q uzdi. Chordoqni chang-to‘zon va kuygan paxta hidi tutdi. Qattiq shovqin ko‘tarildi. Pechenkin boshini changallaganicha cho‘kkalab o‘tirib oldi. U qo‘rqib ketgandi… Kaptarlar — ular bu yerda juda ko‘p ekan — patir-putir qilib, o‘zlarini haryon urib, qanot qoqib charx urar edi. Nihoyat ochiq derazadan o‘zlarini tashqari urishdi. Bir pastda jimjit bo‘lib qoldi. Vladimir Ivanovich kaptarlar ekaniga ishonch hosil qilish uchun deraza oldiga yugurib bordi. Ular allaqachon g‘oyib bo‘lishgandi…
Pastda odamlar “Oktyabr”ga qarab chopishardi. Birinchi bo‘lib Mallavoy yugurardi — qo‘lida avtomat miltiq. Vladimir Ivanovich qo‘lini ko‘tardi, ularni tinchlantirib qichqirdi:
— Hammasi joyida! O‘zim shunchaki…
Odamlar to‘xtashdi, unga savol nazari bilan qarab, amrini kutishdi.
— Menga qara, Jenka, Ilyani ko‘rmadingmi, mabodo? — tashvishlanib so‘radi Pechenkin.
Mallavoy “yo‘q” deganday boshini chayqadi va o‘sha savolni yonidagilarga berdi. Ilyani ular ham ko‘rishmagan ekan.
— Mayli, bo‘lmasa, — qo‘l siltadi Vladimir Ivanovich, orqaga o‘girildi va karavotga qaradi.
Bayroq sirg‘algandi…
Bayroq sirg‘alib, polgacha tushgandi, faqat ozginasi karavot ustida qolgandi…
Pechenkin burilib, xavfsiragancha derazaga qaradi. Odamlar o‘zlaricha gaplashib, tarqalib ketishayotgandi…
Bayroq sirg‘alib, polgacha tushgandi, faqat ozginasi karavot ustida qolgandi va u yerda nima borligini ko‘rish uchun engashib qarash kerak edi…
Bu juda oddiy ish edi — engashib qarash. Shu qadar oddiy ish ediki, Pechenkinning kulgisi qistadi. U qah-qah urganicha engasha boshladi — avvvaliga tez, keyin asta-sekin va yarim engashgancha to‘xtab qoldi…
Bayroq sirg‘alib, polgacha tushgandi, faqat ozginasi karavot ustida qolgandi va u yerda nima borligini ko‘rish uchun tiz cho‘kish kerak edi. Bu engashishdan ko‘ra osonroq edi, — tiz cho‘kish kerak edi, lekin tizzalari bukilmadi. Shunda Vladimir Ivanovich, hayotida hech qachon karavot ostiga qaray olmasligini tushunib yetdi.
Pechenkinni kuch-quvvat tark etdi, qimirlashga madori qolmadi va shu yerning o‘zida yiqilib tushmaslik uchun bir-ikki qadam tashlashga ulgurdi va karavot ustiga quladi. Simto‘r dahshatli g‘ichirladi, silkinib turdi va nihoyat tindi.
Vladimir Ivanovich jilmaymoqchi bo‘ldi, lekin uddalay olmadi. Nimadir demoqchi bo‘lib og‘iz juftladi, bu ham qo‘lidan kelmadi. Shunda qo‘lini tushirib pastga cho‘zdi. Lekin unga javoban pastdan hech kim qo‘l uzatmadi.
Vladimir Ivanovich birdan so‘nggi paytda uni qiynab kelayotgan savolni eslab qoldi.
— Bugun qaysi kun, bilmaysanmi? — deb so‘radi. U javobini kutmasdanoq xulosa qildi: — Hech kim bilmaydi… Shunisi qiziqki! — xitob qildi u. — Avvallari odamlarga yaxshi haq to‘lasa, yaxshi ishlashadi, deb o‘ylashardi. Hecham-da!
Uning bu fikriga hech kim qarshi chiqmadi, hech kim qo‘shilmadi ham…
— Biz oqlar emasmiz, biz qizillar ham emasmiz, biz pridonskliklarmiz! — baqirdi Pechenkin oyog‘ini yig‘ishtirib va boshini yelkalari orasiga qisarkan. U qo‘llari bilan qizil bayroqni o‘ziga torta boshladi.
— Bu ish… ishlashga… xalaqit… beradi… — dedi u so‘nggi so‘zlarni zo‘rg‘a, qizil matoni boshiga o‘rarkan. U o‘zini hammadan yashirish uchun ipak qurt misoli ipakka o‘ranib oldi.
Deraza ortida esa havo tund edi — tongmidi bu yoki kechqurun…
Bahormidi bu yoki kuz…
Hayotmidi bu yoki hayotmas.
Fayzi Shohismoil tarjimasi.
«Jahon adabiyoti” jurnali, 2004 yil, 1-2-sonlar