– Tirikchilikdan boshqasini bilmaydigan, tor fikrli odamlar juda jo‘n o‘ylaydilar, o‘zlaricha hayotni o‘lim yo‘qday xayol qiladilar,– dedi Larisa Viktorovna, uning gapini eshitgan o‘quvchilarning yuzlari jiddiy tortdi va qotib qoldi. – Bu fikr natijasi aniq fanlar yordamida umrni uzaytirishda ko‘rinadi. Lekin umrga qo‘shilgan o‘n besh, yigirma, hattoki o‘ttiz yilda ko‘p narsalarga erishish mumkinmi? Undan ko‘ra intensiv, jadal yo‘l maqsadga muvofiq keladi: imkon qadar umrning har bir lahzasini voqea-hodisalar va xabarlar bilan to‘ldirib, uning doirasini cheksizlikka qadar uzaytirib boraverish kerak. Shu tariqa bir kishi kuniga bir haftani, yiliga – o‘n yilni, o‘zining qisqa umrida esa bir necha hayotni yashashi mumkin.
Andrey Yanovskiy hech qachon xotirasidan shikoyat qilmagan. U she’rlarini ko‘pincha yo‘lda keta turib ham bitib ketaverar, uyga kelgach, oq qog‘ozga tushirib, tahrir qilardi, xolos.
Hozir ham u Dilyani oshxonada kutib o‘tirarkan, birdan so‘nggi she’riga o‘zgartirish kiritish kerakligi esiga tushib qoldi. O‘tgan kuni Dilyanikida u xayolida so‘nggi misrani bitdi. Biroq uyda she’ri hamon eski holatida yotardi.
Idish-tovoqlarni yuvish cho‘zilib ketdi. Andrey divan ostidan tarozini oldi-da, ustiga chiqdi. Ellik yetti. Tanyaning tarozisida ellik besh yarim chiqadi. Bu tarozilarning qaysinisini bo‘lsa ham tuzatib qo‘yish kerak.
Shu payt Dilya kelib qoldi va qo‘llarini uning yelkalariga qo‘yganicha taroziga chiqdi. Tarozining mili hurkib, silkinganicha yuzga chiqib ketdi.
Andrey o‘ziga tanish yo‘ldan uyiga ravona bo‘ldi. Shahar, respublika va qo‘shni mamlakatlar ham ko‘m-ko‘klikka chulg‘angan edi. Bunday tiniq osmonni biror tasodifiy bulut ham bosmaydi. Yerda esa, har narsa bo‘lishi mumkin, bu yerda shart degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Ruh xuddi yonginangdan o‘tib ketayotgan aravaga chiqib olgani singari tanangga mahkam o‘rnashgan.
U yo‘lda koptok ortidan yugurib yurgan maktab o‘quvchilariga ro‘para keldi. O‘quvchilardan biri, Rustamga o‘xshab ketadigani to‘xtab, undan nimanidir so‘radi.
– Tushunmadim, – dedi Andrey qo‘llarini ikki tomonga yoyganicha.
– Nima, tilni bilmaysizmi? – deya o‘quvchi orqasiga o‘girildi-da, yana chopib ketdi.
Andrey Dilya bilan endigina tanishgan chog‘larida Rustamga rang-barang plastmassa harflardan onasining ismini yasashni o‘rgatgan edi. Dilya divanda, ularga qarab o‘tirardi. Shu tarzda Andrey ayolga o‘z muhabbatini izhor qilgan edi.
Rustamning Andreyni “dada”, deyishi Dilyaning g‘ashiga tegardi. Shundayki, Dilya o‘tmishini qalbining tub-tubida ehtiyotkorlik bilan qo‘riqlab kelardi. Uning yoshlik chog‘laridan qizligida tushgan birgina surat saqlanib edi. Suratdan Dilyaga o‘xshamaydigan chehra, uzun qora sochlari o‘rib qo‘yilgan qiz o‘tkir nigohini tikib turardi.
Teleboshlovchilarning hovliqqan ovozlari bilan birga shomni qarshi oldi va Andrey to batamom qorong‘i tushguncha hikoyasini yozib tugatishga shoshildi.
Shundoq orqasida chiroq tugmasining “chiq” etgan ovozi eshitildi.
– Esing joyidami, bunaqada ko‘zingni ishdan chiqarasan-ku, – dedi Tanya ajablanib. – Ishxonada yozsang bo‘lmaydimi? Shunda ozgina dam ham olarmiding.
Shu payt Andreyning xayoliga Dilyanikida bo‘lgan paytlari hikoya haqida biror marta ham o‘ylab ko‘rmaganligi keldi. U daftarni bir tomonga surdi, yuzi bilan Tanyaning quyuq, malla sochlariga ko‘mildi.
– Menga qara, qachonlardan beri sendan bir narsani so‘ramoqchi bo‘lib yuribman… – Dilya shunday deya indamay qoldi. So‘ng bir yutinib olib, gapida davom etdi: – Sen meni suyib aytadigan so‘zlaringni xotiningga ham aytasan-a, to‘g‘rimi?
Rustam yugurib xonaga kirib keldi va Andrey har doimgidek, javob berishdan qochib, bolani quchog‘iga oldi.
Andrey Sveta va Marta bilan qishda tanishgan edi. U isitilmagan kabinetini ish vaqti tugamasdan tark etganicha, yaqin-atrofdagi mavze oralab ketdi va to‘satdan nomi ham notanish, bir qavatli uylardan iborat kichkina ko‘chadan chiqib qoldi. Andrey ko‘cha bo‘ylab maqsadsiz, uylar tepasiga yozilgan, kattarib borayotgan sonlarni sanaganicha ketib borar edi.
Bir vaqt bo‘yog‘i o‘chgan yog‘och darvozaga bo‘r bilan: “Uy sotiladi” degan yozuvga ko‘zi tushdi. U beixtiyor darvozani taqillatdi, ichkaridan ovoz kelavermagach, asta darchani ochdi-da, ikki tup o‘rik qiyshiq o‘sgan, beton yotqizilgan hovlini kesib o‘tdi.
– Yaxshi yigit, bu yerda ishingiz bormi? – degan so‘roq bilan qarshi oldi uni to‘satdan hovliga kirib kelgan begona odamdan cho‘chimay to‘lagina ayol.
– Kitob sotasizmi?
– Uyga kiring.
Andrey ostona hatlarkan, dimog‘iga kumushrang “kontramarka”ning tafti urildi. Stol ortida hozir uni qarshi olgan xotindan ulug‘roq, sochlari oppoq ayol o‘tirardi.
– Mana, xaridor kelibdi, kitob sotasizlarmi, deyapti, – deya uning tashrifini izohladi birinchi, Sveta degan ayol.
– Bu yigitning ismi nima ekan?
– Sasha, – dedi unga javoban Andrey.
– Ichkariga o‘ting, Sasha, Sveta sizga kitoblarni ko‘rsatadi.
Andreyning yonida puli yo‘q edi, u bu yerda isinib oldi, badaniga xush yoqqan issiq uydan chiqqisi kelmadi. U bir nechta kitobni ajratdi-da, bularni bir chekkaga olib qo‘ying, pulini tashlab ketaman, deb iltimos qildi. Keyin kitob javoningizni tuzatib beraymi, deb ularga o‘z yordamini taklif etdi.
Shu kundan boshlab u Sveta bilan Martanikiga tez-tez borib turadigan bo‘ldi.
Sveta bilan Martaning bari qarindoshlari allaqachonlar ketib bo‘lishgan, opa-singillar esa go‘yoki peshonalariga bu zaminda yana uzoq muddat qolish bitilganday, ketishni orqaga surardilar. Aksariyat ular hovlilariga kelgan xaridorlar bilan sira narxini kelisholmasdilar.
Andrey Sveta bilan Martaning son-sanoqsiz nevaralari-yu jiyanlarini birma-bir qanday xotirlab gaplashib o‘tirganlari guvohi bo‘lgandi. Ana shu nevaralaru jiyanlarning eng yoshlari allaqachonlar rus tilini unutgan edi.
Ba’zan sotilmay qolgan buyumlar ustida bahs ketardi.
– Qaranglar-a, tikuv mashinkasini bir yuz ellikka bering, deydi. Bu kulgili-ku, axir! Kallasida aqli bor odam bunaqa pul beradimi. Zoya jo‘nab ketayotganida shunday mashinkasini yetmishga sotgan edi.
– Ha, – deya uning gapini ma’qulladi Marta, – lekin Zoya butun umr shu pulga sotganidan afsuslanib o‘tdi! Axir, shoshilganda biror narsani tuzukroq narxga sotib bo‘ladimi…
Mabodo Andrey ayollar yaqin-orada hayotlarida yuz berajak voqea tafsilotlarini muhokama qilishlari ustidan chiqib qolguday bo‘lsa, ular ko‘pincha uyoqdan senga taklifnoma jo‘natamiz, uyimizga mehmonga taklif etamiz, deb va’da berishardi.
– Sasha, siz uylanishingiz kerak, – deya Andreyga maslahat berardi ular. – Oradan o‘n yillar o‘tsa, uylangingiz ham kelmay qoladi. Qariganda yolg‘iz yashab bo‘ladimi.
– Tasavvur qilyapman, besh yillardan keyin bu yerda nimalar bo‘lishini. Bu hali boshlanishi. – Tanya xonada kuymalanib yurganicha so‘zlandi. – Bari aqlli odamlarday, ko‘chib ketish kerak. Axir, Tolik amakim ham necha martalab bu yoqqa kelinglar, deb chaqirdi-ya. Ha, men sening tuyg‘ularingni tushunaman. Men vatan nima ekanligini bilaman. Tanish-bilishlar ketib, bu yer begona shaharga aylanib bo‘ldi, o‘zing ko‘rmayapsanmi? Istasang ham, ming izlasang ham, tanish qiyofalarni ko‘rmaysan. Buning ustiga, sening iste’doding bo‘lsa…
Andrey vaqti-vaqti bilan boshini irg‘ab o‘tiraverardi.
– Cen meni noto‘g‘ri tushunding. Men uning oldiga atayin bormayman, axir. Men uchun sen bilan Rustam juda qadrlisizlar. U bilan yana bir marta gaplashib olishim kerak…
Andrey qaysidir lahzalarda o‘zi aytgan so‘zlarni o‘zi ham anglamay qolardi. Nazarida noma’lum diktor uning tilidan ob-havo haqidagi matnni o‘qiyotganga o‘xshardi.
U harakatsiz, bir-biriga qovushgan qo‘llarga, yerga qaragan qora ko‘zlarga razm soldi va indamay qoldi. “Yigirma to‘qqiz”, – qiyinchiliksiz yodiga keldi.
Andrey butun voqeani birinchi marta aytib, izohlab berganidan so‘ng Tanya kun bo‘yi mum tishlab yurdi. Nihoyat so‘radi:
– O‘sha xotinning yoshi nechada?
Andreyning fikrlari qorishib ketdi va o‘shanda ayolning haqiqatan yoshi nechada ekanligini eslay olmadi.
Poyezd sahro bo‘ylab yelib bormoqda. Tanya yuqoridagi joyida og‘zini nim ochganicha pinakka ketgan. Ko‘ksida – sahifalari pastga egilib tushgan “XX asr siyosiy mojarolari” kitobi.
Andrey shundoq yonginasidan o‘tib ketayotgan shox-butoqlari har yoqqa tarvaqaylagan, momiq popuklari tepaga intilgan butalarga qaradi. U endi bu o‘simliklar nomini hech qachon bilolmaydi.
Ba’zan, jo‘nab ketish o‘zining muqarrar ma’nosini yo‘qotgan vaqtlar uni mudroq bosardi.
Andrey o‘tirgan uzun yashilrang poyezd Osiyo sahrosi bo‘ylab yelmoqda.
Andrey aka salqin xiyobonda Rustamni qayiqda sayr qildirishga olib ketmoqda.
Notanish Sasha Sveta bilan Martaning ko‘chishlariga yordam bermoqda, bo‘m-bo‘sh uydan so‘nggi ko‘chlarni olib chiqmoqda.
Rus tilidan Ma’suma Ahmedova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 11-son