Menda kitobxon ko‘nglini ovlash istagi tug‘ilib qoldi. Lekin bu o‘zimni xursand qilganimdan kam bo‘lmasligi kerak. Aytmoqchi bo‘lganimiz o‘ta muhim masala va bizning roman haqidagi tasavvurlarimizga biroz zidga o‘xshaydi.
Ko‘ngil ochish – chalg‘ish yo muammolardan chekinish degani emas. Robinzon Kruzo o‘zining eng namunali kitobxonlarini ovutishni istadi va ular qarshisiga uddaburon “iqtisodchi inson”ga xos hisob va kundalik mashg‘ulotlarni terib tashlaydi. U xuddi Robinzonga o‘xshash Robinzonni o‘zida ko‘rib ovunar ekan, bu boshqa birovga aylanishni kengroq ma’noda tushunishi lozim. Ko‘ngil ochayotib, u o‘rganadi. O‘quvchi olam yo til haqida qandaydir yangilikni bilishga muvaffaq bo‘ladi. Bu poetikaning o‘ziga xos, mohiyati hech qachon muhokama etilmaydigan hikoya qilish jihati.
Shuningdek, ko‘ngil ovlash bu – tarixiy tushuncha. Romanning har bir davrida ko‘ngil ovlash va ko‘ngil ovlatmoqning o‘z yo‘li bo‘lgan. Zamonaviy roman har doim ko‘ngil ovlashning murakkab syujet chizig‘ini bosib o‘tishga va ko‘ngil ovlash turlarini mudom yangilab borishga intildi. Bunga hech qanday shubha bo‘lishi mumkin emas. Aristotel poetikasining menday ashaddiy o‘quvchisi har doim o‘ylaganman: hech narsaga qaramasdan roman o‘quvchining ko‘nglini ovlamog‘i kerak, ayniqsa, uning murakkab syujetlari shunga xizmat qilmog‘i lozim.
Shu narsa ayonki, agar roman ko‘ngilni ovlasa, o‘quvchiga manzur bo‘ladi, unga dalda bo‘ladi. Axir, qachonlardir mana bunday fikrlashgan: agar roman jamoatga manzur bo‘lsa, bu – yaxshi emas. Agar roman o‘quvchilarning olqishiga sazovor bo‘lsa, demak, unda hech qanday yangilik yo‘q, u o‘quvchiga o‘zi nimani xohlayotgan va kutayotgan bo‘lsa, shuni taqdim etgan. Men shuni aytishni istardimki, “agar roman o‘quvchiga kutilgan nimanidir berayotgan bo‘lsa, demak, unga ma’qul bo‘layapti” va “agar roman manzur kelgan bo‘lsa, demak, u kutilgan asardir”.
Ikkinchi fikr har doim ham haqqoniy emas. Shu o‘rinda Defo yo Balzakni, keyin esa “Tunuka nog‘ora” yoki “Yolg‘izlikning yuz yili”ni eslash kifoya.
Balki, kimdir aytar: bizning bir qancha bahs va tortishuvlarimizga asos bo‘lgan tenglik “manzurlik – idealning mavjud emasligi”; muvaffaqiyatli kitob, murosasoz kitob bilan baravarlashadi. Murosasoz roman – syujetli romanga tenglashadi. Eksperiment tarzida yaratilgan, mojarobop va o‘quvchi yuz burgan asarlar shohsupaga chiqadi. Biz bular haqida gapirdik va to‘g‘ri qildik, deb o‘ylayman. Aynan ana shu fikrlar yaxshi niyatli yozuvchilarni o‘ng‘aysiz ahvolga soladi, aynan ularni solnomachilar esdan chiqarmagan. Bu mutlaqo haqiqat – axir aynan shu uchun bu haqda so‘z yuritildi. Va bu borada biz an’anaviy, murosasoz romanlarning mohiyati haqida shunday fikrga keldikki, o‘tgan asr romani muammolari bilan solishtirsangiz, g‘aroyib topilmalarsiz hech nima yuzaga kelmasligini tushunasiz. Albatta, guruhbozliklar bo‘lgan va uning chekiga dam-badam o‘zimiz yoki begonalar tushishgan. Bularning hammasi ko‘ngilsizlik bilan yakunlangan. Yodimda, Lampeduza, Bassani va Kassola avangard yozuvchilarning ashaddiy dushmanlari edi. Hozir shaxsan men ular o‘rtasidagi qildan ham nozik farqni ko‘rsatib o‘tmoqchi edim. Lampeduza yaxshi roman yozdi, biroq u o‘z vaqtida tug‘ilmagandi. O‘shanda juda ko‘pchilik uning Italiya adabiyotida yangi davrni boshlab berganligi haqidagi maqtovlarga qarshi fikrlar bilan chiqishdi. Aslida u romanchilikdagi eski davrni tantanali ravishda yopib berdi. Mening Kassola haqidagi fikrlarim o‘zgarganicha yo‘q. Bassani haqida esa birmuncha ehtiyotkorroq fikr yuritmoqchiman: 1963 yillarda men uni o‘zimga adabiy hamroh deb bilardim. Muammo esa umuman boshqa narsa haqida.
Ayni paytda 1965 yilgi voqealar xususida hech kim eslamaydi. Mana, gap nima haqida ketyapti! O‘shanda butun guruh Palermoda eksperimental romanlar muhokamasiga yig‘ildik.
Munozara paytida juda g‘aroyib narsalar oydinlashdi. Renato Barillining kirish so‘zi, ayniqsa, qiziqarli bo‘ldi. U paytlar Barilli allaqachon eksperimental romanlar nazariyotchisi sifatida dong taratgan edi. Endi uning qarshisida Rob-Griye, Grass, Pinchon turibdi (shuni unutmang: bugungi kunda Pinchonni postmodernizm asoschilari bilan bir safga qo‘yishadi. Darhaqiqat, u paytlarda postmodernizm atamasining o‘zi ham bo‘lmagan, harqalay, Italiyada. Hammasi Amerikada Jon Bartdan chiqqan). Barilli Russelyani qayta kashf etar ekan, o‘ziga yoqqan Vernni esga oladi, Borxes haqida bir og‘iz ham so‘z demaydi – uni qayta baholash boshlanmagan edi. Barilli shu qabilidagi gaplarni gapirgan edimi? Hanuzgacha, asosiysi – voqeani, syujetni rad etishday, nasrda yangi davr voqea-hodisalarni qayta baholashdan boshlanganday tuyuladi.
Men Barukello va Grifining tomosha qilganimiz “Noaniq tekshiruv” kinokollaji qanday taassurot qoldirganini esladim. U syujetli bo‘lakchalardan, bir xil qolipdagi vaziyatlardan, xususiy kino parchalaridan tarkib topgan. Shuni ilg‘adimki, tomoshabinlar kinofilmning shunday joylarida zavqu shavqqa to‘lishdiki, bu bir necha yillar oldin hech qanday hayrat uyg‘otmagan bo‘lardi, an’anaviy voqealardagi mantiq va vaqt sababiyatini barbod qilishadi, kutganlari puchga chiqdi. Avangard oddiy holga aylandi. Oldin noto‘g‘ri deb qabul qilingan yo‘l endi eshitish a’zolarimizni (yoki ko‘rish qobiliyatimizni) erkalay boshladi. Bulardan bitta xulosa chiqarish mumkin. Nomuvofiq xabar eksperimental nasr (va boshqa san’at turlari) uchun muhim o‘lchov bo‘lmay qoldi, balki, nomuvofiqlik dilkashlikka aylanmoqda. Esladimki, futuristlarning she’riyat kechalari tinglovchilarning hushtaklarisiz o‘tmas, “hozirgi bahslar shu haqdaki, kimda-kim eksperimentni o‘pirilayotgan, muvaffaqiyatsizlikka uchragan deb hisoblayotgan bo‘lsa, shuning o‘ziyoq u tamomila normal voqea sifatida qabul qilinayotganligini ko‘rsatadi: ayni yondoshuv yoshini yashab bo‘lgan o‘z avangardining qimmatli tuzilmasiga qayta murojaat etishni anglatadi. Bu kabi holatlarda ehtimol, avangard adabiyot tanqidchisi Marinettining kechikkan ixlosmandi bo‘lib chiqadi. Shunga e’tibor qaratish kerakki, nomuvofiq axborot tinglovchi uchun talabchan tarixiy lahzalarda qiymat uchun kafolat beryapti. O‘ylashimizcha, g‘arazdan yuz o‘girishga to‘g‘ri keladi, bizning doimiy bahs-munozaralarimizda ishtirok etayotgan, – yaxshi asar tomoshabin yoki o‘quvchini g‘azablantirishi shart emas. Xuddi shuningdek, tartib va tartibsizlikni zid qo‘yish umumtalablardagi va novator asarlarda oldingiday adolatli bo‘lib qolmoqda, unga boshqa ko‘z bilan qaramog‘imiz kerak, xolos. Boshqacha aytadigan bo‘lsak, bir qarashda talablarimizga mos bo‘lgan asarlarda uzilish va bahsli o‘rinlar ko‘zga tashlanadi. Va aksincha, ba’zi bir novator asarlar shunaqangi g‘azabingizni qo‘zg‘atadiki, mohiyatan novator bo‘lmagan asarga aylanadi. Shu kunlarda bir odam bilan uchrashib qoldim. Unga bir asar qattiq yoqib qolgan va undan paydo bo‘lgan bezovtalik uni shubha yoqasiga boshlagan…”
1965 yil. Pop-art paydo bo‘lgan eksperimental, ommaviy, bayon, tasviriy va notasviriy san’atlar sabab an’anaviy tarzda yaratilgan san’at asarlariga qarashlar keskin o‘zgargan vaqtlar. Pussyor menga “Bitlz” haqida gapirgandi: “Ular biz uchun ishlaydilar”. Holbuki, o‘zi ham ular uchun ishlayotganini anglamagandi.
Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 6-son