Jabi afandining aqli-hushi birdan joyiga kelib qoldi! Chiqariladigan kun, to‘rt yildan beri bu kichkinagina uychada qamalib yotganiga ishongisi kelmas, jinnixona xizmatchisidan qayta-qayta: «Doktorning aytgani rostmi?» deb so‘rar edi. Tushunchasida haqiqatan to‘rt yillik bir uzilish bor edi. Dastlabki kun, ertalab uyg‘ongandan so‘ng, oqshomdan qolgan, choyshap singari keng «Saboh» gazetasida bosilgan «Bundan so‘ng Yevropada qatiyan urush ehtimoli yo‘qligiga doir» deb yozilgan g‘oyat olimona maqolani diqqat bilan o‘qiganini «tun kabi» xotirlar edi. So‘ng, yuzini yuvgani ketayotganda sadafli shashka qutisining dahlizga tushib yotganini ko‘rdi, shu onda boshiga qon quyildi, ovozi boricha baqirib, so‘kinib qichqira boshladi.
Shundan keyin nima qildi, nima bo‘ldi, qanday qilib bu yerga kelib qoldi? — Bilmas edi… umrida birinchi marta ko‘rgani sariq devorli, pastak qubbali, tosh to‘shalgan yo‘lakda temir panjarali eshikning ochilishini kutarkan, faqat shularnigina o‘ylar, bog‘chadan oshib kirib havoni titratgan go‘zal bir ashulani tinglar, egniga yangi kiygan g‘ijimlangan kiyimlaridan og‘ir bir rutubat hidi anqib turganini sezardi.
Marmar ostonadan o‘tgach, ko‘zlari qamashdi. Naqadar tez bahor kelibdi. Bir joyda turib, atrofiga qaradi. Tikka yo‘l bo‘m-bo‘sh edi. Pastda, ehtimol Genuyadan qolmish g‘oyat yo‘g‘on tosh ustun yonidagi kashtan daraxtlari shamolda hilpiragan yaproqlarini jinnixonaning baland panjaralariga, chumchuqlar o‘ynashib yurgan ko‘rimsiz tomlarga egmoqda. Bu joyda u uzoq turmadi. «Qani, yur jonim…» degan kabi kulimsiragan bosh xizmatchi ketidan yurdi. Devor ichidagi yashil bog‘chasi, atrofni qurshagan alvon rangli gullari bilan xuddi shaharning o‘rtasida burungi zamonlardan qolgan ko‘shkni eslatuvchi bir binoga kirdi. Tor, egri, eski eshiklardan o‘tdi. Ichidagi yangi stol, charm qoplangan kreslolardan qat’i nazar, o‘ngib ketgan pardalari, vassacho‘p shipi va ohak bilan oqlangan devorlari hamon haqiqiy turkcha ko‘rinishini saqlagan salqin uy ichida yosh doktor go‘yo uni kutib o‘tirardi. Eshikdan ko‘rinar-ko‘rinmas, stol ustidagi pala-partish o‘ralgan bir tugunni ko‘rsatib:
— Mana afandim, bu ham sizning bo‘xchangiz… — dedi. — Ehtiyot bo‘ling, endi sira shashka o‘ynamang, fikringizni charchatmang. Ayniqsa hech achchiqlanmang!
— Odam o‘zi achchiqlanmaydi, achchiqlantiradilar!
— Har qanday bo‘lganda ham…
— Xo‘p.
Jabi afandi oldinga qadam bosdi. Bo‘xchasini oldi. Endi chiqib ketmoqchi edi, doktor qo‘lidagi zanjirli soatni osiltirib turib:
— Xo‘sh, bu yoqqa qarang, — dedi, — sizni olib kelgan vaqtda, yoningizdagi pullarni falon o‘g‘lingiz olib ketgan edi. So‘ngra yon cho‘ntagingizdan mana bularni topdik. Hozir, albatta, hech pulingiz yo‘q.
— Tabiiy…
— Sizga bir necha lira qarz beraman. Bu narsalar bizda garov o‘rnida qolsin. Ertaga uyingizdan lirani keltirib, soatingizni olarsiz.
Jabi afandining ko‘ngli og‘ridi. Lekin tezroq tashqariga chiqib ketish uchun, izzati-nafsni ogrituvchi bu gapni cho‘zib o‘tirmadi.
— Juda soz… — dedi. Faqat doktor uzatgan qog‘oz parchasini ko‘rgach:
— Bu nima? — deb hayron bo‘ldi.
— Lira.
— Qanday lira?
— Odatdagi lira-ku, axir…
Jabi afandi: «Ajabo, aqlim joyidami-yo‘qmi bilmoq uchun shunday qilayotirmikan?» deb shubhalandi. Kuldi. Lekin doktor ham ozmuncha ayyorlardan emas edi. Uni ishontirmoqqa urindi. Uch yildan beri yuz yetmish besh million qog‘oz pul bosilganini; o‘rtada oltin, kumush, nikel tugul, hatto eski mis chaqalar ham qolmaganini anglatdi. Jabi afandi bu so‘zlarni jiddiy hisoblab, janjallashishga kirishsa, o‘zi ham o‘zining telba bo‘lganiga qanoat hosil etar edi. Kular, boshini qimirlatib, «juda soz, juda soz!» der edi.
Yuz yetmish besh million lira… uch yil ichida! Mumkin bo‘lgan narsami? Bu, bizning, taxminan, o‘n besh yillik byudjetimizdir. Doktorga qarab:
«Qanchalik sinamoqchi bo‘lsang ham adashmayman…» deganday qayta-qayta kuldi. Gapni qisqa qilmoq uchun, uzatilgan to‘q pushti rangli turkcha qog‘oz pulni oldi. Kissasiga soldi. Tashqariga chiqdi. Ochiq havoda yana uning aqli eski faoliyatini boshladi. Tosh ko‘cha top-toza edi. «Demak, bu yerdagi ma’muriyat milliy an’anani buzibdi!» dedi. Faqat… Baxayr! Diqqat etdi: Poshoqopisidan esgan shiddatli shamol tepalikni yalamoqda edi. Favqulodda top-tozalikning sababini kashf etgani uchun kulimsiradi.
Bu ko‘rinmas ilohiy shipirgi ostida, bunday baland bir joyda xashak-xushak emas, kattakon xodalar bo‘lsa ham turmasdan, pastga qarab uchib ketar edi.
Kim bilsin, ichida necha kunlar behud va karaxt bo‘lib yotgan binoning haybatli og‘zi tomonga qayrildi. Shilliq qurt mo‘ylovlariga o‘xshab ikki tomonga tarvaqaylagan ingichka, kalta tayoqlarga bittadan Usmonli bayrog‘i tikilgandi. Bu joy, darvoza peshtoqi ustidagi yangi zarlangan muborak yozuvlari bilan xuddi jimjit bir ibodatxonaga, cheksiz riyozat dargohi bo‘lmish bir darvishxonaga o‘xshab ketardi. Shu on esiga cho‘ntagidagi turkcha qog‘oz pul keldi… «O‘sha yoqda birortasidan so‘rarman» dedi. So‘ngra o‘z-o‘zicha kuldi.
«Rostdan ham jinnimi man? Bu pulning o‘tishiga ishonib yuribman!» deb o‘yladi. Tepalikdan, bo‘xchasini qo‘ltig‘iga qisgani holda, sekin-sekin tusha boshladi. O‘zini har qancha zo‘rlasa ham, ertalab yerga tushib yotgan shashka qutisini ko‘rgandan keyin, nima bo‘lganini hech bir esiga keltira olmas edi. Demak, ortiq g‘azablanganidan, esi og‘ib, karaxt bo‘lib qolgan. Bu karaxtlikdan foydalangan o‘g‘li falonchi, uni «jinni» deb ko‘tarib olib kelib, shu jinnixonaga tiqib qo‘ya qolgan. Ammo tez fursatda yana es-hushini topib, o‘ziga kelgan. To‘rt yil, falon-pismadon degan gaplar — mutlaqo doktorning uydirmasidan iborat. «Balki bir hafta qadar o‘zimga kelmagandirman. Qon tarqamay tutib turgan. Oh xunrezlar, men sizga ko‘rsatajakman!» der edi. Birdan qarasa, Otbozoriga kelib qolibdi… To‘xtadi. Atrofini vayronaliklar qurshagan iflos bir maydonchaning o‘rtasida bir necha sigir, bir-ikki ot, eshak, echki kabi hayvonlar turardi. Ammo bu qadar erta!.. Oluvchi-sotuvchilarning o‘rtasiga burildi. So‘ngra yuzini quyosh tomon ko‘tardi. Quyosh tutilmagan, chehrasi ochiq… Nurlarini porlatib sochmoqda edi. Lekin nima uchun bu yerga to‘plangan odamlarning chehralari sarg‘aygan, mis rangiga kirgan? Keskin bir tovush qulog‘ini zingillatib yubordi:
— Sakkiz yuz lira… Sakkiz yuz lira… Tag‘in bormi?
Jabi afandi yirtiq ko‘k movut choponli, qizil belbog‘li, uzun bo‘yli, qora-qura dallolning qaramog‘idagi qizil rangga bo‘yalgan vayron kosiblar qahvaxonasini bir qur ko‘zdan kechirdi. Bu xaroba, maydon o‘rtasida yiqiq bir uy kabi turardi. Bu qahvaxonaning mavqei qar qanday bo‘lganda ham sakkiz yuz liraga arzimas edi. Haftada bir, juma kunlari ishlaydigan bir qahvaxona oyda qancha daromad berishi mumkin?
— Sakkiz yuz o‘n.
— Sakkiz yuz o‘n besh…
…Ammo, o‘zi juda lofchi ekan-e? Yurdi. Dallolga yaqin keldi. Uning yonida to‘rt-besh odam bor edi.
— Juda qimmat emasmi, og‘ayni? — dedi.
Sergap dallol darrov javob qaytardi:
— Nega qimmat bo‘lsin? Kunda olti litr sut beradi.
Jabi afandi hayron bo‘lib qoldi. Qahvaxona oldida zaif buzoqchasi bilan oriq bir sigir bor edi. Ajabo, shundanmi bahs etayotir?
— Kunda olti litr sutni kim berayotir?
— Xuddi mana shu sigir.
— Sakkiz yuz o‘n besh liraga-ya?
— Nima deb o‘ylading?
Jabi afandi javob bermadi. Bugun ehtimol jinnilarning ko‘chaga chiqqan kunidir. Uning jinnixona tarafdan kelganini ko‘rgach, ishonarmikan deb sinamoq uchun hazillashayotibdilar deb hisobladi. Kuldi.
— Aldoqchisan! Tushingni suvga ayt! — dedi.
Nari ketdi. Uning orqasidan hazil davom etdi, sigir «sakkiz yuz o‘n besh liradan» darajama-daraja sakkiz yuz ellikka chiqdi, to‘qqiz yuzga ko‘tarildi. Bir inson bilan bunday rasmiy bir maydonda kim oshdi savdosi ochib, beandisha kalaka etish haqiqatan tarbiyaga to‘g‘ri kelmaydi. Bu yerga to‘plangan odamlarning hammasi ataylab uni masxara qilish uchun ittifoq tuzganga o‘xshaydilar.
Jabi afandi nima so‘rasa kalaka qiladilar, aftlarini hech o‘zgartirmasdan, jiddiy kabi, yag‘ir bir eshak uchun yuz to‘qson lira, bolasiz bir echki uchun sakson besh lira so‘rar edilar. Kim biladi, agar otlarning bahosini so‘raguday bo‘lsa, kecha ming deyishar ekan! «Lohavla…» o‘qib, nari ketdi. Ilgaridan beri ko‘p marta oldidan o‘tib yurgan machitga ko‘zlari tushdi. Ajabo, kuyib ketganmidi? Yiqilganmidi? Atrofidan qiyofasi parishon, pala-partish odamlar o‘tmoqda edi. Yana bir kraxmallangan ko‘ylakli oliftaga ham duch keldi. «Namli yer, namli yer…» der edi. Do‘konlarda sarg‘aygan zaif xotinlarning, bosh yalang yarim yalang‘och kasal bolalarning mudrab o‘tirganlarini ko‘rgach, o‘z-o‘zidan: «Ajabo, bularning erlari, otalari jomi’ga ketganmikin?» deb so‘radi. Holbuki, namoz vaqtiga hali ko‘p bor edi. Sharbatchi, holvachi do‘konlari bo‘sh edi. Nonvoyxonalar berk edi. Jabi afandi ko‘p vaqtdan beri Uskudor tomonga o‘tmagan edi. Uskudordagi ilgarigi mo‘l-ko‘lchilik, obodonchilik, arzonchiliklarni xotirladi. «Ajabo, nima bo‘ldi? Yuz yilda ham mamlakat bu qadar o‘zgarmas!» deb ajablandi. Bir baqqol oldida, yirtiq, kir ko‘ylakli, boshi o‘ralgan bnr qizchaning, o‘z cho‘ntagidagi qog‘ozga o‘xshash, bir qog‘oz pulni maydalatganini ko‘rdi. Diqqat etdi. O‘z cho‘ntagidagi pulni chiqarib, tekshirib qaradi. Xuddi o‘shanday edi. Demak, bu pul ham o‘tar ekan. Maydalatmoq uchun baqqoldan biror narsa olmoqchi bo‘ldi. Chetlari chuvalgan bir savat ichidagi qurigan olxo‘riga ko‘z tashladi:
— Buning kilosi necha puldan?
— To‘qson sakkiz yarim qurush…
Baqqolga chaqchayib qaradi. Bu oltmish yoshlardagi, ko‘sa, xunuk bir hoji edi.
— Hazillashma! — dedi.
— Hazili nimasi? To‘g‘ri so‘zlayotibman.
— Sen jinni bo‘libsan…
— Tarbiyasiz, adabsiz, hayosiz, sharmanda! Seni qarayu! Jinni o‘zing-ku!
Jabi afandi jinnilik mavzui yuzasidan janjal chiqaradigan bir vaziyatda emas edi. «Balchiqqa tosh otsang o‘zingga sachraydi…» maqolini g‘udullab, telba kabi uzoqlashdi. Odamlarning jiddiyatsizligidan, orsizligidan, yuzsizligidan uning aqli shoshib qoldi: hech narsani tushunmas edi. Oldiga yangi suv sepilgan tokzor qahvaxonaning yonidan o‘tarkan, bir piyola shakarsiz qahva ichgisi keldi. Ichkari boqdi. Sariq soqolli, uzun ko‘ylakli bir bek bilan kim ekanlnklari noma’lum, qiyofatlari qorishiq bir qancha kishi, ochiq deraza yonidagi so‘rida o‘tirishardi. Orzumni bajarayin dedi. Eshikdan kirdi. O‘tirganlarga ayrim-ayrim salom bergandan so‘ngra bir burchakka borib o‘tirdi. Yoniga kelgan bolaga:
— Bir qantsiz qahva! O‘g‘lim… — dedi.
— Naxutlik qahvami, toza qahvami, amaki?
— Bu nima deganing? Naxutlik qahva ham bo‘ladimi?
— Bo‘ladi, albatta…
— Qanday bo‘ladi?
— Cho‘ntagiga uncha ishonmaganlar naxutlik ichadi…
— Qahvaning o‘zi o‘n pul bo‘lsa, naxuti necha pul bo‘lardi?
— O‘n pulga qahva kelarmidi?
— Qahva necha pul? — deb so‘radi.
— O‘n qurush.
— O‘n qurushmi?
— Shunday.
— Naxut-chi?
— Besh…
— !..
Deraza yonida o‘tirganlar o‘z gaplarini to‘xtatib, uning qahvani surishtirganiga quloq solib, kulishar edilar. Ulardan bittasi: «Eski jomlar stakanga aylandi» dedi.
Is bosgan qop-qora shipga osilgan qafaslardagi sa’valar ovozlarining boricha sayramoqda edilar. Jabi afandining faol muhokamasi birdan so‘nganday bo‘ldi. Ajabo, uning bo‘lar-bo‘lmas narsalarga ishonib-ishonmasligini sinamoq uchun jinnixona idorasi dengiz bo‘yiga qadar bir tajriba tartiboti o‘rnashtirganmi? Bunday bo‘lishi hech mumkin emas. Zehnini yugurtirardi. Ichida: «Yaxshilik bo‘lar, inshoollo…» der, tashida esa:
— Toza bir qahva keltir, unday bo‘lsa… — deb kuldi.
Qarshisidagi, milliy san’atkor, mashhur rassom Xulusiy afandining qo‘li bilan yasalgan Domeka, Valistin urushlarining, G‘ozi Etam poshshoning rasmlariga ko‘z tikar, aqli karaxt bo‘lganday, hech narsa tushunmasdi. Bola keltirgan qahvadan bir necha yutum ichgandan so‘ng, o‘ziga keldi. Deraza yonida o‘tirganlarning gaplari qulog‘iga eshitildi:
«— Qeyingi oy ichida inglizlar olti yuz ming kishi yo‘qotganlar.
«— Frantsuzlar ham shunga yaqin.
«— O‘tgan yil italyanlar ham yarim milliondan ziyoda odamni jannatga jo‘natdilar.
«— Serblar bilan ruminlar…
«— Ruslar qadar ko‘p bo‘lmas-ey!.. Ayniqsa ixtiloldan so‘ngra yigirma besh milliondan ziyoda odam o‘lgan…»
Jabi afandi o‘z qulog‘iga ishonmay, diqqat bilan tinglar edi. Avval, Yevropada to‘fon bo‘libdi deb hisobladi. Keyin, suhbatdoshlarning munozaralaridan dunyo urushi bo‘lganini tushundi. Bu munozarachilar, hech shubhasiz, telba edilar. Ayniqsa: «Bu urush hali yigirma yil cho‘ziladi, hali xotinlar askarga olingani yo‘q!» deb gaplashgan sari, soqollik kishining moviy ko‘zlari hech o‘zgarmas edi. O‘ttiz choqli davlat bir-biriga urush e’lon qilib, hech tinmasdan, dam olmasdan, bo‘g‘izlasha bilarmidi? Yoki jinnixona bo‘shab qolganmi? Hamma yolg‘onchilik qilmoqda. Jabi afandi Otbozorida duch kelgan noqulay muomalaga duch kelmaslik uchun bularga hech narsa demadi.
Qahvaning pulini to‘ladi. Bola g‘aladondan yirik mayda bir tutam qog‘oz keltirdi.
— Liraning maydasi…
Jabi afandi boqdi. Sariq, pushti rang, qovoq rang, napormon kir-chir qog‘ozlar… Majidiya, chorakilik, yuzliklar… Deraza yonida bo‘lmag‘ur safsatalar sotishib o‘tirgan tentaklarni kuldirmaslik uchun tovushini chiqarmadi. O‘zini ko‘chaga otdi. «Bir gazeta olib, o‘qib ko‘raychi…» dedi.
Bir oz yurdi. Ahmadiyaga boradigan uch yo‘l og‘zidagi machitning asfaltli maydonchasida mahalla bolalari pildiroq aylantirmoqda edilar. Kitobchi eronlikning yoniga kelib to‘xtadi.
— Menga bir Saboh gazetasi ber, — dedi. Gazetaga bir ko‘z yugurtirib chiqib, dunyoda bo‘layotgan butun voqialarni bir nafasda anglamoqchi edi.
— Saboh yo‘q.
— Unday bo‘lsa, Iqdom gazetasini ber.
— U ham qolmadi.
— Payommi… Falonmi, nima bo‘lsa ber, jonim.
Eronlikning uzatgan gazetasi uni butunlay esankiratdi. Bu qog‘oz varaqasining gazetaga o‘xshamasligi uchun nima qilish mumkin bo‘lsa, hammasi qilingan, hatto undan ham oshib tushgan edi. Xabarlar sarlavhaning ustiga yozilmish. Bosh maqola sakkiz santimetrdan oshmas edi. Tikildi, tikildi. «Yaxshilikkadir, inshoollo, xo‘sh, bu qancha?» dedi. Bahosi qirq pul ekanini eshitgach, e’tiroz bildirmoq istadi.
Qora sochli eronlik:
— Tog‘dan kelganga o‘xshaysan. O‘n pulga gazeta bormi?.. — deb ta’na qilsa ham yana javob qaytarmadi. Yurib turib o‘qigani bu gazeta ahlini butunlay ostin-ustun qilib tashladi. Eng avjiga chiqqan Shinosiy davridan keyin modasi o‘tib ketdi deb hisoblagani Nargis uslubi qay vaqt, qanday jonlanib qolgan? Yaponiya, Amerika, Liberiya, Xitoy kabilar Germaniya bilan qanday urusha biladilar? Ajabo, yoki geografiya butunlay o‘zgarib qolganmi? Yoki bu hazilmi, nima? Jabi afandi shularni tushunmoq istadi. Lekin muvaffaq bo‘lmadi. Uning tushunchasi xuddi prujinasi singan soat kabi taqqa to‘xtab qoldi. Bo‘g‘ziga nafasi qisilganda qiynalgan odamlarga xos asabiylik bilan gazetani g‘ijimladi. Yerga irg‘itdi. Keyin, gapdonlikka tushib, do‘konlarning yonlarida tura-tura yoyiladigan, kiyiladigan narsalarning baholariii so‘ray-so‘ray manzil yo‘lini tutdi. Yog‘ning kilosi sakkiz yuz o‘ttiz, guruchniki yuz ellik uch, shakarniki ikki yuz to‘qson yarim, qahvaniki yetti yuz oltmish ikki qurush edi! Etikdo‘zlar bolalarniig kichkina etigiga o‘n sakkiz lira so‘ramoqda edilar.
Arava paroxod portining xuddi ro‘parasiga kelganda, Jabi afandi to‘xtadi. Ahlining sog‘lom emasligini samimiy ravishda his etdi. Qo‘lini boshiga ko‘tardi. Zehnining eng so‘nggi shu’lasi bilan o‘z tushunchasini oydinlatmoq istadi. Faqat… Har narsaning bahosi o‘n ming protsent oshgan edi. Qulog‘i shunday eshitmoqda, ko‘zi shunday ko‘rmoqda edi. Endi o‘ziga qanday qilib «Aqlliman!» deya oladi? Soyabonsiz, arqonsiz, komandasiz qolgan xarob kemaning yoriq trubasidan ko‘zlarini oldi. Shirkat manzilgohida tayyor turgan kemaga boqdi. Besh pullik qahva o‘n qurushga chiqqan bo‘lsa, ellik pullik bilet hech bo‘lmaganda bir liradan ortiqqa chiqqandir. Kissasida Stambulga o‘tishga yetarli aqcha yo‘q edi. Chiqqani to‘g‘risida uyga xabar berish uchun telegraf u yoqda tursin, yigirma pullik bir maktub jo‘natish uchun hozir shubhasiz yarim lira lozim edi. Uydan aqcha kelguncha nima yeydi, nima ichadi, qayerda yotadi! Agar uyiga borganda ham, bunday ahvolda qanday kun kechira oladi? O‘n besh kishini boqish uchun eng kami oyda ming lira kerak! Butun mollarini sotsa atigi olti oy yashay bilardi. Keyin-chi? Keyin kachkul taqib, tilanchilik qilib yurish zarur bo‘ladi. Yosh to‘la ko‘zlari oldida, erkaksiz, och Anatoliya qishloqlari, ekinsiz dalalar, vayron takyalar, yiqiq karvonsaroylar gavdalandi… «Men haqiqatan jinni ekanman! Nimalarni o‘ylaganimni qara-ya!» dedi. Qo‘ltig‘idagi bo‘xchani yerga otdi.
G‘ijimlangan fasini ikki qo‘li bilan ushlab bostirdi. Birdan orqasiga qaytdi. Bir soat ilgari chiqib kelgan joyga qarab jon holatda halpillab yugura boshladi.
Eski jinnixonaning yosh doktori, derazalari sariq gullar bilan qurshalgan tip-tinch uy ichida xayol surib chiqarkan, Jabi afandiga o‘zini urib olishiga sal qoldi.
— !!!
— Meni yana o‘z bo‘lmamga kirgizib qo‘ying!
Doktor orqaga tisarildi. Terga pishib, hansirab turgan, o‘z ixtiyori bilan kelgan choli tushmagurga diqqat bilan ko‘z yugurtirdi.
— Siz yaxshi bo‘ldingiz, dada! — dedi.
— Mayli, afandim. Meni yana ichkari tiqing, xudo xayr bersin…
— Nima uchun, jonim?
Jabi afandi duo o‘qigan kabi qo‘llarini tepaga ko‘tardi. Bo‘ynini, chapga qiyshaygan egri burnini osiltirib turib, dedi:
— Meni ichkariga tiqing, xudo xayr bersin! Yoki mening aqlim joyiga kelmagan, yoki butun dunyo telba bo‘lgan!
Haqiqatan, uning qon bosgan, kosasidan irg‘ib chiqqan yirik yiltiragan ko‘zlari xunuk, ko‘p qayg‘uli va darg‘azab boqmoqda edi!..
Turkchadan M. Davron tarjimasi