Umar Sayfiddin. Jarohat izi (hikoya)

– Bu nima? Roman yozyapsanmi?
– Yo‘q.
– Unda nima?
– Bir necha doston.
– Harb haqidami?
– Eski qahramonlarning hayotiga doir.
Juda tez shuhrat qozonib ketgan qarindoshim betakalluflik bilan yonimga o‘tirib oldi. U urushning boshida o‘rta maktabni endigina bitirgan tajribasiz bir doktor edi. Ammo uzoq-uzoq hududlarga borib, tinmasdan ishlab, terlatmaga, vaboga qarshi emlashlar topib, bir yil ichida «favqulodda» ko‘tarilish qilgan, mingboshi lavozimiga tayinlangandi.
– Qayerga ketyapsan? – deya so‘radim.
– Haydarposhoga.
– Fakultetgami?
– Ha.
Kuldim:
– Bu deyman, yana yangi kashfiyot bormi?
– Yo‘q. Shunchaki, bor-yo‘g‘i bir mushohada, shunchaki bir faraz…
– Nima ustida?
– Bezgakning davosiga oid. Nazarimda, kalavaning uchi topilgandek tuyulyapti. Bir hafta avval xulosalarimni yuborgandim. Bugun meni chaqirishdi. Tafsilotlarini so‘rashsa kerak, deb o‘ylayapman. – So‘zini tugatmay turib ortiga burildi. Qo‘limda yopiq turgan daftarimni oldi.
– Qani, yozgan dostonlaringni o‘qiylik-chi? – deya ohista ochdi. – Voy-bo‘-o‘! Bu qanday yozuv? Xuddi chumolining iziga o‘xshaydi-ku!
– Menga ber. O‘zim o‘qiyman, yaxshisi sen tingla!
– Qani, bo‘lmasa boshla-chi.
Daftarimni oldim. O‘zim eng yoqtiradigan nazmiy rivoyatlardan birini ochdim. Sekin o‘qiy boshladim. Bu, zirhli ikki dushman suvoriysiga asir tushgan holda hujum qilib, ularning boshlarini olishga muvaffaq bo‘lgan keksa bir askar haqidagi hikoya edi. Yosh doktorga bu qahramonning shijoatini yaxshilab yetkazish uchun ovozimga ohang berib, bir parda ko‘targancha o‘qir, ularning olishuvlari hayajoni tasvirlangan joylarda to‘xtab, bir nafas tin olar, bu bilan hikoyamning ta’sir kuchini kengaytirmoqchi bo‘lardim. Shamol bir oz kuchli bo‘lgani uchun kema sahnida hech kim yo‘q edi. Ro‘paramizdagi divanda o‘tirgan oriq bir shapkali kimsa umuman bizga quloq solmas, xuddi birinchi marta ko‘rayotgandek ko‘z uzmasdan kema portining gavjum burchaklariga tikilardi. Uch sahifadan iborat dostonimni o‘qib bitirgach:
– Qanday? – deya so‘radim.
– Yaxshi…
– Xo‘sh, seningcha, hozir ham mana shunday qahramonlar bormi?
Doktor kuldi. Boshini chayqab:
– Mana, – dedi, – stolda o‘tirib olib, to‘rt devordan iborat berk xona ichida o‘zini «Hayotni tadqiq qilyapman!» deya hisoblaydigan bechora romannavis yozuvchining xom xayoli!
– Bu nima deganing?
– Seningcha, shu siniq qalqonli keksa askaring, bugungi hayotga ko‘ra milliy qahramon bo‘la oladimi?
– Albatta.
– Unday bo‘lsa, men senga shuni aytib qo‘yayki, judayam qattiq adashyapsan, aniqrog‘i, aldanyapsan!
– Nega?
– Bugungi askarlar, zobitlar, qo‘mondonlar emas, hatto doktorlar, salomatlik xodimlari, tez tibbiy yordam avtoulovida bemorlarni; ot, tuya, xachir singari hayvonlarda yarador askarlarni tashiydiganlar ham sen ta’rif-tavsifini keltirgan askaringdan ming karra ortiqroq qahramondirlar!
– Ja-a, unchalikmasdir. Bo‘rttirib yubormayapsanmi?
– Rost gapiryapman, qanaqa bo‘rttirish? – dedi.
Odamzot judayam g‘alati-da! Fikriga, orzu-umidiga teskari biror holatga duch kelsa, darrov o‘zgaradi. Doktorning men uchun ideal bo‘lgan qahramonni yoqtirmagani deyarli nafsoniyatimga tegdi. Bir muddat jim qoldim. Yozgan asari taqdirlanmagan bir ijodkor alamini tuydim. Bu alam bir oz motamga o‘xshar, qaysiki suyukli farzandining qiymatsizligini, tahqirlanganini, o‘ldirilganini ko‘rgan bir bechora otaning motamiga… Ha, doktorning san’atdan, ruhning nozik ehtiyojidan mutlaqo xabari yo‘q edi. Bilmas ediki, san’atkor hol ichida mafkurasini keragicha holat-hayajoni bilan his qilolmagach, xayolan moziyga qaytadi. U yerda azaliy afsonalarda yashayotgan minglab xayolot va ruhlar bordir. Bu xayolotlarga, tarixning timsolida ranglar, shakllar beradi. Ularga maftun bo‘ladi. Shunga ko‘ra dostonlarini tarannum etadi.
– Hayhot, azizim! Sen ilm odamisan, – dedim. – Shundan moziyning zavqlarini his qilolmaysan!
– Sen esa xayolparastsan. Holning haqiqatini ko‘rolmaysan.
– Holda nima go‘zal narsa bor?
– Moziyda nima bor?
– Moziyda bugungi madaniyat va moddiylik so‘ndirgan nurlar bor! Ulviyat — ulug‘lik bor! Ruh quvvati bor. Fikr ustida fidokorlik bor. To‘g‘rilik, sadoqat, vafo, fazilat, karam, shafqat, muhabbat, ishq bor. Hayotning haqiqiy ma’nosi bo‘lgan mafkura bor. So‘ngra noziklik, nafosat bor… Eh, hozir-chi?..
– Hozir bular yo‘qmi?
– Yo‘q-yo‘q, – deya ingradim. Doktor kuldi. Menga achingandek qaradi:
– Naqadar xato, naqadar yanglish e’tiqod!..
– …
– Kema ochiq dengizda suzib borar, shimol shamoli chap yonimizdan urar, qo‘limda turgan daftarning varaqlarini ochib, qahramonimni tan olmagan yosh doktorga xuddi munosib bir javob berishni istayotgandek bo‘lardi. Takror so‘radim:
– Menga ayt-chi, holda moziyning harorati bormi?
– Holda harorat emas, o‘t bor, o‘t!.. – dedi.
– Men ko‘rmayapman.
– Chunki xayolparastsan. Haqiqatni ko‘zing ko‘rmaydi. O‘tmishdagi arava bugun qanday avtomobil shaklida bo‘lsa, sen so‘ragan harorating ham otash shaklidadir. Moziydagi o‘q, bugungi pulemyotdir. O‘tmishdagi kulba bugun muhtasham bir saroy, obidadir. Moziydagi sol hozirda motorli qayiq. Moziydagi masalchining bir qutiga minib, bir yurtdan boshqa bir yurtga uchish orzusi bugungi kunda haqiqatdir. Ya’ni samolyotlar yoxud havo sharlari…
– Ammo ma’naviy fazilatlar… – deya gapini bo‘lmoqchi bo‘ldim.
– Ular ham, – dedi, – ular ham asrlar osha rivojlanish yo‘lidan o‘tib, sizning tor xayolingizga sig‘maydigan darajada kengaygan.
Qirq ikkinchi kolibr miltig‘ining oldida to‘pponchani ko‘z oldingga keltirib ko‘r. Moziyning ulug‘ligi va fazilati, holning quvvati qarshisida tabiiyki, xuddi bolaning o‘yinchoq miltig‘idek bo‘lib qoladi. Moziydagi nihol, bugun ulkan bir chinorga aylangan. Shoshma, masalan, eng nozik tuyg‘uga ega bo‘lgan fazilat… Ishq emasmi? Moziyda ana shu ishq bir kishiga, bir oilaga, nihoyat bir qabilaga nisbatan his qilinardi. Endilikda bu ishq shu qadar kengaygan, shu qadar ulkanlashganki, ichida inson, oila, qavm-qarindosh ummonga tushgan yomg‘ir tomchilari yanglig‘ yo‘q bo‘lib ketgan. Bugungi millat, Vatan, insoniyat muhabbatini o‘ylab ko‘r. Bugun mafkura uchun nima fido qilinmaydi? Suyuklimi? Oilami? Hayotmi? Nima? Nima? Moziydagi shaxs asrlar mobaynida aqliy, hissiy jihatlardan ancha kamol topgan, hayvoniy sifatlardan uzoqlashgan, o‘zgargan. Endi uning ruhi, uning vijdoni ulkan bir koinotni qamragan butun boshli bir olamga aylangan…
Ko‘rib turardimki, bu yosh doktor, bir qancha hamkasblari kabi, yaxshigina notiq ham edi. Uch yillik tinimsiz izlanish uning asablarini po‘latdek mustahkamlagan, yillardir doimo ustidan bomba yog‘dirgan harbiy samolyotlar to‘xtovsiz vizillab uchib turgan shifoxona chodirlarida mutlaqo beparvo va xotirjamlik bilan murakkab operatsiyalarni olib borish; dahshatli jarohatlar, uzilib ketgan qo‘llar, yorilib ketgan qorinlar, majaqlangan boshlar, qo‘rqinchli o‘limlarni ko‘rish, uni tamomila boshqa bir insonga aylantirib qo‘ygandi.
U yangi harbning axloqiy qiymatini, naqadar buyukligini, yuksak fidokorligini butunicha his qilgan, boshidan kechirgan, ichida yashagan bir holatda hayajon bilan hikoya qilardi. Tasvirlari fan odamlariga xos mavhum ta’birlar bilan qorishiq edi. Jang maydonlarida ko‘rganlarini aynan emas, go‘yo o‘zi shohid bo‘lgan narsalardan chiqargan tarkibiy xulosani menga yetkazishni istardi; uning fikricha, insonlarda ma’naviy fazilatlarning quvvati zehnning hajmi bilan mutanosib edi. Eski insonlarning ijtimoiy muhitlari cheklangan edi. Oila, qabila, ko‘chmanchi elat va nihoyat qavm… Zehnlarning hajmi ham, ijtimoiy muhitlarning sohasi darajasida edi. Ya’ni, tor edi. Bu tor zehnlarda, ufqi kengaymagan dunyoqarashlarda tabiiyki, fazilatlar ham tor bo‘ladi. Shaxs o‘zi mansub bo‘lgan jamiyatning, hatto butun insoniyatning shuuri bilan his qilishga, o‘ylashga boshlagan edi. Endi fazilatlar ham zehnlarning hajmiga moslashgan, ishonib bo‘lmas darajada kengaygandi.
Jim o‘tirar, daftarimni o‘ynagancha kulimsirab uning so‘zlarini tinglardim. Salimiyaga yetib kelgandik. Pishqirgan ko‘pikli dengizning ustida daydi chaykalar charx urishar, yonimizdan yelkanli bir kema o‘tib borardi. Doktor o‘ng tarafdagi o‘rinlardan birida yotgan askar bilan salomlashdi. So‘ngra to‘satdan so‘zlaridagi ohang va mavzuni o‘zgartirib so‘radi:
– Sening dostonlaringdagi eski qahramonlar ichida harb maydonida yaralanganlar bormi?
– Albatta bor! – dedim.
– Necha yerlaridan jarohat olishgan?
– Jangning qanday shiddatda o‘tganiga qarab… Uch, besh, hatto ba’zida…
– Xo‘sh-xo‘sh?
– Hatto o‘n yeridan!
– Bu ko‘pmi?
– Ozmi?
– …
Kuldi:
– Mana bu yoqqa qara, – dedi. Menga chap tarafidagi karavotlar ichidan eng chekkadagisini ko‘rsatardi.
– O‘sha yerda yotgan zobitni ko‘ryapsanmi?
Diqqat bilan u ko‘rsatgan zobitga qaradim.
Katta qalpoqli, judayam kelishgan, judayam yosh, benihoyat ozg‘in, baland bo‘yli, xushbichim, sariqroqdan kelgan bir askar edi…
– Ko‘rdim. Sal avval salom berganing shu zobit emasmidi?
– Ha… Ajib bir tasodif, to‘g‘rirog‘i, taqdir, Chanoqqal’ada, Kavkaz jabhasida, Bag‘dodda, Suriyada, Makedoniyada meni u bilan uchrashtirdi. Har gal shifoxonada, operatsiya stolining ustida.
– Demak, judayam ko‘p yaralangan ekan-da.
– Necha yeridan deb so‘rasang-chi! Taxmin etib ko‘r-chi?
Harb jabhalarini ko‘z oldimga keltirishga urindim.
– Besh joyidan… – dedim.
U yana kuldi:
– Yo‘q.
Jang maydonlari sonini yana bittaga oshirdim:
– O‘n yeridan…
– Yo‘q…
– O‘n besh…
– Yo‘q.
– O‘n sakkiz…
– Yo‘q.
– Yigirma…
– Yo‘q.
– Yigirma besh yeridan…
– Yo‘q. Yana qo‘sh.
Taraddudlanib turib:
– O‘ttiz… – dedim.
– Yo‘q. Yana qo‘sh.
– O‘ttiz besh…
– Yo‘q.
«Qirq…» deyolmadim. Bunday bo‘lishi mumkin emasdi!
– Latifa aytyapsan, doktor… – deya kuldim.
– Yo‘q-yo‘q, mutlaqo latifa emas. Necha yeridan ekanini aytayinmi?
– Ayt.
– Naq qirq to‘qqiz joyidan!..
Hayrat ichra qotib qoldim. Yosh zobitga qaradim. Qo‘lidagi hassasini yaltiroq rezina etiklariga urar, ko‘zlarini bir nuqtaga tikkancha Istanbul-ning benihoyat yorqin bir tuman ichra uyqusirayotgan karaxt ufqlarini tomosha qilardi.
– Yolg‘on.
– Xudo haqqi, rost so‘zlayapman!
Takror yosh zobitga qaradim. Undan nigohimni uzolmasdan so‘radim:
– Bu jarohatlarning barchasini alohida-alohida olganmi?
– Yo‘q, har bir jangdan besh, o‘ntadan yarani bir vaqtda olgan… Bir martasida Bag‘dodda o‘n sakkizta jarohat bilan menga keltirishdi. Oyoqlaridan pulemyot yomg‘iri teshib o‘tgan, yerga yiqilishi bilan ustida bir snaryad portlagan…
Quloqlarimga ishongim kelmasdi:
– Qanday qilib o‘lmasdan tirik qoldi?
– U o‘lmaydi. Sababi, unda kuchli bir iymon bor! Uning o‘zi bo‘lsa, boshidan oyoqlarining orasiga qadar to‘rt barmoq uzunligida, yelkalarining orasida to‘rt barmoq enliligida o‘zaro kesishgan bir hudud chizib: «Mana shu yerlarga o‘q tegmasa, o‘lim yo‘q», deydi. Suriyada bel suyagiga o‘q tekkandi. Oyoqlari ishlamasdi. O‘qni chiqarib oldim. Yana asab tolalari ishlab, oyoqlari harakatlana boshladi. Bir haftada o‘zini to‘plab oldi. Yana o‘tli janggohga o‘zini urdi. Shunday bir kuchga, shiddatga, shunday buyuk jasoratga egaki… Senga buni ta’riflab berolmayman… Operatsiya paytida narkozdan bosh tortadi, o‘zini behush qilishimizga mutlaqo yo‘l qo‘ymaydi.
Ming hayrat ichra yana yosh zobitga boqdim. Hozirgina u haqda eshitganlarimga aslo ishongim kelmasdi. Shu qadar kelishgan, shu qadar xushbichim va chiroyli, shu qadar jikkakkina vujudga shu darajada kuchli, quvvatli ruh qanday qilib sig‘ishi mumkin?!.
– Bu yigit qayerlik?
– Istanbullik… Senga qisqacha uning kim ekanini aytib beraman. Bag‘oyat boy, obro‘li oilaning bor-yo‘g‘i bittagina o‘g‘li… Urushdan avval Olmoniyada o‘qirkan. Men bilmagandim, ammo Eranko‘yda yashaydigan qo‘shnilaridan eshitdim. Favqulodda iste’dodli san’atkor ekan. Urush e’lon qilinishi bilan harbiy tayyorgarlikka yugurgan. Kamon yoyini tashlab, qo‘liga qilich ushlagan… Butun qo‘shinda uning shuhratini eshitmagan odam topilmaydi. Ishonmasang, xohlagan kishingdan so‘rashing mumkin.
– Ismi nima?
– Farhod Alibek.
Paroxod Haydarposho portiga kirib borardi.
– Men bu ismni shu paytgacha hech qayerda eshitmadim, uning rasmini ham birorta gazetada ko‘rganim yo‘q, – dedim. Doktor:
– Qanchalar zukkosan! Mana, sening — mashhur yozuvchining dunyoqarashi! – deya takror kuldi. – Sen yangi qahramonlarni, madaniy, ya’ni milliy qahramonlarni mutlaqo tushunolmaysan. Ular shov-shuvli maqtov-olqishlarga, ko‘tar-ko‘tarlarga, dabdaba va hashamga uchmaydilar, hatto bunday reklamalardan jirkanadilar! Qahramonliklarini o‘zlariga emas, millatga, xalqqa, qo‘shinga oid ekanini aytishadi. Qahramonlik da’vosida ko‘kraklariga urishmaydi. Masalan, mana shu Farhod Alibek, suratini chiqarishga mutlaqo izn bermaydi. Kavkaz jabhasida bir tunda o‘tkazgan maxfiy tekshiruvlari chog‘ida o‘zlari bosqin qilgan kazaklarning qilichlari bilan yaralanib, mening shifoxonamga keltirilgandi. Jang maydoniga yuborish uchun suratga olmoqchi ekanimni aytdim. Rad qildi. «Xalqning, qo‘shinning sharafini o‘z nafsimga xos xislat o‘laroq ko‘rsatish o‘g‘irlikdir!» dedi. Men ham xuddi senga o‘xshab, boshida uning gaplariga umuman tushunmadim. Ko‘rsatgan qahramonliklarini sanab o‘tdim. Shunda u: «Bu — mening burchim… Vatanim oldidagi, millatim oldidagi vazifam… Bir men emas, millionlab askarlar o‘z vazifalarini bajarmoqda. Agar siz aytganingizdek qilish lozim bo‘lsa, u holda ularning suratlariniyam gazetalarga bosish kerak!..» dedi.
– O‘zini tamomila unutish, odamlar nazariga tushmaslikka, kamtarinlikka intilish… Bu judayam g‘alati istak! – dedim.
– Yo‘q, sen aytganchalik emas. Shifoxonada u bilan uzoq-uzoq suhbatlashdim. Ruhiyatini his qilishga urindim. Va oz-moz anglagandek bo‘ldim. «O‘liklarga mukofot, tiriklarning xotirasidir», deydi. Uning fikriga ko‘ra, qahramonlar o‘lganidan, abadiy hayotga ko‘chganidan so‘ng eslanishi, maqtalishi lozim. Tirikligida, sog‘ligida maqtash hamda mukofotlash qahramonlikning, fidokorlikning xolisligini yo‘qotadi. Fazilat asli shuursiz xislat, hech qanday manfaatni ko‘zlamasagina u shuurli holga ko‘chadi. Aksi bo‘lsa, sohibini obro‘sizlantiradi, tubanlashtiradi…
Paroxod to‘xtash joyiga yaqin qolgan, yo‘lovchilar o‘rinlaridan tura boshlagandi. Doktor:
– Qani, Haydarposhoga tush… Senga uni tanishtirib qo‘yaman, – dedi.
– Yaxshi!
Yuragim potirlardi…
Qo‘zg‘aldik. U ham oyoqda hassasiga tayanib turardi. Doktor uning oldiga bordi. Qo‘lini siqdi:
– Qandaysan, Farhodbek?
– Juda yaxshiman, taqsir.
– Sizni ko‘rdim, ammo yoningizga kelolmadim. Sababi, xolavachchamni tashlab ketolmadim. Uni siz bilan tanishtirmoqchiman…
– Minnatdorman. Zaxiradagi zobit Farhod Alibek!
– Tanishganimdan xursandman, – deya asabdan titrayotgan qo‘lini siqdim. Doktor bu nomsiz qahramon bilan suhbatlasha boshladi. Men muqaddas bir borliq qarshisida zavq tuyayotgan gunohkor bir mo‘min bandadek sukut saqlab turar, uning yirik moviy ko‘zlariga, keng peshonasiga, hech kimga o‘xshamagan go‘zal chehrasiga boqib, ich-ichimda kuchli bir titroqni his qilardim.
– Hozir shu yerdamisiz, doktorbek?
– Ha, siz-chi?
– Men ham bir muddat shu yerda bo‘laman, shekilli…
Yura boshladik. Yosh zobit sal-pal oqsardi. Doktor so‘radi:
– Oyog‘ingiz uyushdimi? Odamlar chiqib ketgunicha bir oz kutib tura qolaylik, unda.
– Yo‘q-yo‘q, yuraveramiz, uyushmadi. Bu safar Galichyada bomba olib ketdi.
– Oyog‘ingiznimi?
– Ha, o‘ng oyog‘imni.
Doktor ikkimiz turgan yerimizda tosh qotib qoldik. U esa kulimsirardi:
– Ammo Allohga shukrki, qo‘rqqan narsamga uchramadim, – dedi. – Ha, bu jang-jadal zamonida endi aniq iste’foga chiqarilib, bir chekkaga otilaman, so‘ngra biror unvonga ega bo‘lib o‘tiraveraman, deb yuragim yorilgandi.
Sarg‘aygan, birdaniga yuz-ko‘zidagi zavqni yo‘qotgan doktor motamsaro bir ohangda so‘radi:
– Biroq endi qanday qilib urushga borasiz?..
– Judayam qulay… Na avtomobil bilan, na ot bilan, na-da yayov…
– U holda qanday?
– Samolyot bilan.
– …
– Kecha nazoratdagi hay’at a’zolari arizamni ma’qullashdi. Meni uchuvchilar sinfiga yozishibdi. Samolyot boshqarishda oyoq ishlatilmaydi. Kishi o‘tirgan joyidan jang qilaveradi… Ham minglab metr yuqorida, bulutlarning orasida.
– …
– …
Doktorning ham, mening ham ovozimiz chiqmadi. Pristandan tushib kelardik. Yasama oyog‘ini hanuz yaxshi ishlatolmayotgan bu yangi, milliy, olamshumul qahramonga qarab, qo‘limdagi eski qahramonlar haqidagi dostonlarni dengizga uloqtirib yuborishni istardim.
Go‘yo uyatli bir ish qilib qo‘ygan kishidek, g‘ayri ixtiyoriy tarzda bu haqir daftarni g‘ijimlab, cho‘ntagimga tiqdim.
Chipta yig‘iladigan yog‘och panjaradan o‘tdik. Shohbekatning keng marmar zinapoyalari oldida u qo‘llarimizni siqdi. Ketarkan, doktorga:
– Shuningdek, azizim, hadeb jarohat olaverishdan to‘yib ketdim. Samolyotda esa bunday bo‘lmaydi… Hammasidan ko‘ra mana shunga quvonyapman, – dedi.

* * *

Vokzal hovlisining yonidan ketarkanmiz, doktor mendan so‘radi:
– Yangi qahramonlar haqida fikring qanday?
– …
Javob berolmadim. Yuksak samoning azaliy moviyliklari ichra fan qanotlarida uchgan bu qahramonlarning aslo yarador bo‘lmasliklarini, bulutlarning ostida berkingancha kutayotgan muhaqqaq o‘limning, ularga uzoq davom etajak hech bir og‘riq, hech bir jismoniy azob tuydirolmasligini o‘ylardim.

Turkchadan Gulbahor Abdulloh qizi tarjimasi