Umar Sayfiddin. Yakkama-yakka (hikoya)

“…Turklar oz so‘zlab, ko‘p ish qiladilar.”
Maqtul Ibrahim Pasha*.

Bosniya begi bilan Semendire* begining askarlari mana necha haftadir “Yaycha”ni* o‘rab olgan, qo‘mondonlarining kelishini kutardilar. Tinmas yomg‘irlarning, bo‘ronlarning ura-ura yo‘sinlatgan kulrang devori buyuk qal’a quvvatiga ishonardi. Na eshigida, na ustida birov ko‘rinardi. Burchaklarida hilpiragan bayroqlar bo‘lmasa bo‘m-bosh bir qoya deb sanalishi mumkin edi.
Ikki otim narida qurilgan oq chodirlarning oldidagi yerga to‘shalgan qora teri yopinchiqlarda o‘tirgan yosh voyvodalar, keksa bir askarning gapirib berayotlarini tinglashardi. Havo xuddi yoz tongiday go‘zal edi. Atrofda navbatchi guruhlar uzun nayzalari bilan chavgon o‘ynayotganday yugirishar, yorug‘likdan asablangan otlar ko‘kka sapchib to‘rt oyoqlab oldinga chopishardi. Go‘yo, butun harbiy lagerda to‘rt kundir quyoshni ko‘rsatmagan ho‘l tutunning hibsga olgan nash’asi birikib, jonlanganday edi. Moshguruch qalin mo‘ylovlarini burnining uchiga qarab, ikki qo‘li bilan bukkan keksa zobit:
– Mening katta otam bu yerda shahid bo‘ldi, dedi.
– O‘tgan safar o‘rab olingani mahalmi?
– Qanaqasiga o‘tgan safar bo‘lsin?
– Yosh bolamisizlar-ey? Men oltmishga kirdim. Katta otam necha yoshda bo‘lishi kerak?
Suhbatni tinglaganlar kulishdi:
– Harholda sendan katta bo‘lishi kerak, dedilar.
– Tabiiyki ancha katta. Hammaga ma’lumki askar kech uylanadi. Ehtimol menga o‘xshab qirqidan keyin uylangandir. Men yuzini ko‘rmadim. Faqat hikoyasini eshitdim. Bu qal’aning qo‘mondoni emish…
– “Yaychaningmi”?, deb hayron bo‘ldilar.
– Ha, albatta?
O‘ng tarafida o‘tirgan yirik, qoramag‘iz yigit so‘radi:
– Bo‘lmasa nimaga shahid bo‘ldi, deyapsan?
– Boshqa nima deyay?
– “Otildi, o‘ldi’ de.
– Nima uchun?..
Qoramag‘iz yigit tilining uchiga kelgan so‘zni aytmadi. Yutindi. Quroldoshlarining yonida sovuq bir gap aytgisi kelmadi. Nasroniy bo‘lib o‘lgan kishiga “Shahid bo‘ldi” deyiladimi? Keksa zobitning atrofida oyoqlarini qovushtirib o‘tirgan yo‘ldoshlari, narigi voyvodalar, “nima uchun, nima uchun?” deb yuziga boqar edilar. Jim tursa bu sukunat yanada og‘irlashar, o‘zi yana ham mushkul vaziyatda qolishi mumkin edi. Qizardi. O‘ylamasdan og‘zidan chiqarib yuborgan e’tiroziga pushaymon bo‘ldi. Ammo ortiq hech bir qochish yo‘li yo‘q edi. Siqilgan holda:
– Otangning oti nima edi, dedi.
– Sungur…
– Voy.. Turkmiydi?
– Ha, butun sulolasi bilan…
– Nasroniylarning go‘shinida askarmidi?
– Yo‘q, bizning qo‘shinimizda.
– U holda qanday qilib “Yaycha”da qo‘mondon bo‘libdi?
– “Yaycha” bizning qalamiz edi axir.
Yosh, jasur, qahramon voyvodalar hayron bo‘lib qoldilar. Bular tom ma’noda harb odamlari edi. Faqat olgan buyruqlari bilan qiladigan ishlarini bilar edilar. San’atlari ichida shunchalar g‘arq bo‘lgan edilarki, sodir bo‘layotgan voqealarga hech ahammiyat bermasdilar. Uzoq, yaqin tarixni emas, hatto o‘zlarining qilgan ishlarini bilmas, vayron etgan qasabalarning, yag‘mo qilgan shaharlarning ismlarini ham unutardilar. Unutmagan narsalari istiqbolga oid bo‘lib: “Qizil olmaga”* borilajak edi. Bu hujumlar, bu muhosaralarning hammasi u yerga yo‘l oshi uchun edi. U yer dunyodagi jannat edi! Butun dunyoning zafari, shoni, saodati, g‘animati u yerda edi. Keksa zobit qalin mo‘ylovlariga qaradi. Biroz o‘ylanib turib keyin boshini chayqadi. Qalin tomirlari ko‘ringan qilli, bug‘doyrang qo‘lini qal’aga qarab uzatdi:
– Bu yer ikki yil bizda qoldi.
– Qachon?, – deb so‘radilar.
– Fotih G‘oziy* zamonida…
Keksa zobit yosh jangchilarga bu ikki sanalik hokimiyat haqida gapira boshladi. Bobosi bilan kelgan Turkmanlar qal’a ichidagi insonlarning jonlarini bag‘ishlagan edilar. Na jonlariga, na mollariga tegilgan edi. Hatto ular asir olinmagan edilar. Mahalliy kishining hokimlardan farqi yo‘q edi. Shu darajadaki bir yortu kuni* bozor maydonida to‘polon qilgan sarho‘sh nasroniyni urganlari uchun ikki sarsari kishining kallasi kesilgan edi. Dalalarida, tijoratlarida ishlagan Yaychaliklarni xuddi “adolat” qutirtirgan edi. Xalqidan amin bo‘lgan Usmonlilarning hammasi juma kuni jome’ga to‘planib namoz o‘qir edilar. Ko‘rgan yaxshiliklarining intiqomini olmoqchi bo‘lgan mahalliylar to‘planib jome’ni bosishadi. Sungur Alp bilan odamlarini bir onda o‘ldiradilar. Burchaklarda qolganlarni esa asir etadilar. Ana shunaqa….
– Mana yetmish yil bo‘libtiki “Yaycha” yana ularda…, – deb hikoyasini bitirgan qariya qaddini tikladi. Q’ollarini tizzasiga tirab birdan hayqirdi:
– Ammo bu safar qal’ani mutlaqo olamiz.
– Mutlaqo…
– Avvalo beklar kelishsin bir.
– Fursat kelib qolsa beklarni ham kutmaymiz.
-…
– Bir hujum.
– Ammo hali askar keladi…
– …
Qariya bundan oldingi qurshovda ham qatnashgan edi. U safargisi qanchalar qo‘rqinch falokat edi. Farhod Beyni tuzoqqa tushirib qirq bayroq bilan birga boshini olgan jangchi popni topish uchun Vuryuzen*, Manastir*, Semendire beklari maydonga otilgan edilar. Husrav Bey, Sinan Bey, Bali Bey-Fran Triyban kontu mashhur jangchi Kristof o‘n olti ming kishi bilan yordamga kelguncha Yaychani qurshovga olgan edilar. Qariya birdan jim qoldi. Yuzini burishtirdi:
– Oh bechora Jem…, – dedi. Ko‘zlari yoshga to‘ldi.
– …
– Dunyoda bu Jemning tushgan ahvoli qadar yuragimni parchalagan boshqa bir alam yo‘q. Qanchalar jasur, qanchalar quvvatli, qanchalar bahodir yigit edi! Zobit yig‘lardi. O‘tirganlar so‘rashdi:
– Hozir qayerda?
– ….
– O‘ldimi?
– Koshki o‘lsa edi…
– Nima bo‘ldi bo‘lmasa?
– Yarim o‘lik bo‘lib qoldi.
– ?
– Ha yarim o‘lik. Bir askar uchun hayotda bo‘lib turib urisholmaslik “yarim o‘lik” deganidir. Jem urush uchun yaratilgan edi. O‘tgan safargi qurshovda bir kuni yana xuddi shu yerda o‘rtoqlarimiz bilan suhbatlashib o‘tirgandik. Jem dediki: “Mening yuragim siqilyapdi. Urishmoqchiman.” So‘ngra “Qani kelinglar, dushmanning bosh jangchisini yakkama-yakka urishga chaqiray. Qabul qilsa ko‘ngilxushlik qilamiz.”, dedi. Men, maqsadimiz o‘z kuchimizni, quvvatimizni ko‘rsatish emasligini aytdim. Maqsadimiz hammamiz birga bo‘lib qal’ani olish edi. Fikridan qaytarishga harakat qildim. Gapimga quloq solmadi. O‘rnimizdan turib orqasidan bordik. Qal’aga yaqinlashganda Jem otini o‘ynatib ”Ichlaringdan o‘ziga ishongan bor bo‘lsa mana maydon…Yakkama-yakka urishamiz.”, deb hayqirdi. Qal’adan “bor, bor” deb baqirdilar. Biroz keyin qal’aning eshigi ochilib, bir otliq chiqdi. Bu mudofaachilarning boshlig‘i “Blas Sheri” edi. Boshdan oyog zirh kiygan edi. Oti ham zirhli edi. Jem qilichini chiqarmagan, qo‘lida ayzasini tebratardi. Bir-birlariga hujum qila boshladilar.
–  Blas Sheri nima bilan hujum qilardi?
–  Qilich..
– Nayzaga qarshi qilich bo‘ladimi?
– U payt biz ham bunga hayron bo‘ldik. Bu odam g‘oyat yirik, g‘oyat quvvatli bir jangchi edi. Ammo Jem undan ham yirik, yanada yosh va chaqqon edi.
– Jemning zirhi yo‘qmidi?
– Bor edi ammo faqat ko‘krak qismida. Ikki soatgacha bir-birlarini yaralayolmadilar. Otlari charchadi. Qal’aning to‘siqlari tomoshabinlar bilan to‘lgan edi. Bizning askarlar ham tizilib uzoqdan bu hayajonli kurashni tomosha qilardilar. Barobarga qolishadigandi. Su payt qanday sodir bo‘ldi, ko‘rolmay qoldik. “Qars” degan ovoz eshitildi va Jemning nayzasi sindi. Qlichini qinidan sug‘urishga fursat topolmadi. Blas Sheri tizzasiga qilichini shunday aylantirib soldi-ki…
– Oh qanday so‘zlayin. Shu onda chap oyog‘i etigi bilan birga yerga tushdi. Biz unga qarab yugirdik. Otining boshini ushlab uni pastga tushirdik. Blas Sheri ”Urra, urra” deb uni olqishlagan qal’aga kirdi. Jem bechoraning yuzi sap-sariq edi. Yerdagi uzilgan oyog‘iga qarar: ”Xudo haqqi meni o‘ldiringlar!”, – derdi. Quchog‘imizda chodirga olib keldik… Jarroh shovillab oqqan qonni to‘xtatdi.
Qariya yig‘lab Jemning eski qahramonliklarini aytib berdi. Bunaqa mard zobitni hali go‘shin ko‘rmagan edi. Endi esa bechora kim biladi Onado‘lining* qaysi shaharida, qo‘ltiq tayoqlari bilan kezib, chegaraning hayoli bilan oh chekayotgandir. Bir jangchi uchun jangdan uzoq yashash qadar achchiq alam yo‘q. O‘lmoq,yosh chog‘ida nogiron qolishidan yaxshi edi. O‘lgan jangchi shon-sharaf ichida abadiy istirohatga o‘tar, qo‘lsiz, oyoqsiz qolgan qahramon esa harb hasrati ichida hayoti bo‘yicha bir jahannam azobi bilan to‘lg‘onardi. Keksa zobit jasur Jemning nogiron qolganidan keyingi umidsizligini, hirsini, ololmagan intiqomining ruhida ochgan yarani achchiq-achchiq anglatdi. Tinglaganlarning ichidan biri tezlda o‘rnidan turdi. Chodirning orqasida turgan askarlarga:
– Mening otim bilan nayzamni olib kelinglar…, – deb hayqirdi.
Bu Qosim Voyvoda edi!…
O‘tirganlar:
– Nima qilasan?, – deb so‘rashdi.
“Hech narsa” deganday yelkasini uchirdi. Qo‘llari orqasida, oldinga qarab yura boshladi. Har jangda, har hujumda qo‘shinning boshlarida bo‘lgan bu qisqa bo‘yli, ozg‘in yosh yigit juda kam gapirar, faqat eshitardi. Kiyimidan quvvati unchalik bilinmasdi. Zaif bo‘lgani uchun zirhi vujudiga katta kelar, baland dovulg‘asidan ingichka mo‘ylovli nozik yuzi kichkinagina ko‘rinardi. Oti kelishi bilan ustiga sakrab, nayzasini qo‘liga oldi. Jiyakli qora yopinchiqlarda o‘tirganlar ham o‘rinlaridan turdilar. Qariya yo‘ldoshlariga:
– Yakkama-yakka urishishga ketyapdi, – dedi. Zirhini kiysaydi koshki…
O‘rtoqlari: “Qosim, zirhingni kiy!”, – dedilar. U hech javob bermay yana yelkasini siltadi. Maydonga qarab otini choptirdi. Qal’aning eshigiga borganda yakkama-yakka kurashish uchun bir jangchi istadi.
Qal’adan hech kim javob bermadi.
Voyvodalar, zobitlar, yayov holda tomosha uchun orqasidan yugurgan edilar. Qosim belidan qilichini chiqarib uzoqqa otdi. Otidan sakrab tushdi, otining soniga nayzasi bilan urdi. Ot qarorgohga qarab chopdi.
– Hay, o‘sha sizni qo‘rqoqlar!, – deb hayqirdi. Mana otimdan tushdim. Qilichimni otdim. Orqamda zirhim, qo‘limda qalqonim yo‘q. Ichingizda men bilan yakkama-yakka kurashadigan erkak yo‘qmi?
Qal’aning to‘siqlaridan qarab turganlar:
– Kimni hohlaysan?, – dedilar.
– Blas Sherini…
– U bu yerda yo‘q….
– Undan ham ustun birontasini xohlayman!…
– Unday bo‘lsa kut!
– …
Qal’aning oldida Qosim Voyvoda og‘ir temir nayzasini yerga qadadi. Yumaloq soyasini ezib kutar, sabrsizlanardi. Yo‘ldoshlari uzoqdan unga boqardilar. Qilgan ishi ham ahmoqlik edi. Chunki, qilichsiz, qalqonsiz, otsiz, zirhsiz hech jang qilib bo‘ladimi? Ammo unga gap uqtirishning imkoni yo‘q, chunki juda qaysar edi. Qaror bergan narsasidan qarshisida o‘lim ko‘rsa ham qaytmasdi. Qal’a eshigining g‘ijirlashi eshitildi. Qora zirhli ot ustida qora zirhli bir dev ko‘rindi. Yonida og‘ir bir qilich osilgan, qo‘lida qalin bir nayza tutardi. Bu dev, Jan Hobordanskiy edi. Dushman qo‘shinida uning qadar quvvatli, uning qadar haybatli, uning qadar yirik jangchi hali yo‘q edi. Yakkama-yakka kurashlarda hech kimsa uning qarshisiga chiqa olmasdi. Otini jilovladi va uni Qosim Voyvodaning ustiga qarab soldi. Bu otsiz, qilichsiz, zirhsiz Turkni otiga ezdirmoqchi bo‘ldi. Qosim birdan nayzasini sug‘urib orqasiga tisarildi. Hobordanskiyning oti ustiga kelar ekan egildi. Ot esa uning ustidan sakradi. Hobordanskiy otini orqaga qaytarib ustiga qarab takror haydar ekan Qosim Voyvoda o‘rnidan sakrab turdi va nayzasi bilan unig ko‘kragiga shunday sanchdiki…bir onda bu harb devi zirhlarini shaqqillab yerga dumaladi. Qalqoni bir tarafga, nayzasi bir tarafga uchdi. Bu yiqilishning dahshatidan hurkkan ot shataloq otib qochdi. Qosim Voyvoda yerda yotgan qo‘tosga tashlangan chaqqon qoplon bolasiday raqibining utsiga tashlandi. Dubulg‘asini tepasidan ushladi. Uzoqdan:”Yasha, yasha!” deya baqirgan yo‘ldoshlari:
– Kallasini kes, kallasini kes!.. – deyishardi.
Qosim javob bermadi yana yelkasini siltadi. Hobordanskiyning temir zirhli keng yelkasini o‘ng tizzasi bilan bostirib, qalin qo‘llarini orqaga bukdi… Jigarini mo‘ljallab bir nechta musht tushirdi. Har musht tushishida nayza zarbasi bilan ko‘krak suyaklari ezilgan behush Hobordanskiy “Ah, ah” deb ingrardi. Og‘zidan tarnovdan kelganday quyuq qon otilardi. Ingrashi kesilishi bilan Qosim Voyvoda hech narsa qilmaganday sovuqqonlik bilan o‘rnidan turdi. Yerdan qilichini, nayzasini oldi. O‘rtoglariga qarab yura boshladi. Qal’adan chiqqanlar Hobordanskiyning jasadiga qarab yugurdilar. Keksa zobit:
– Hay Qosim! Nimaga bu odamning kallasini kesmading?, – deb yelkasini siladi.
Narigi Voyvodalar ham atrofini o‘radilar:
– Nimaga kesmading-a, nimaga kesmading?, – der edilar.
Qosim kulimsiradi. Qariyaga qaradi. Tambal lablarini zo‘rg‘a qimirlatib:
– Yigit maydonida o‘lishga u loyiqmiki… – dedi.
So‘ngra o‘rtoqlariga burilib ilova qildi:
– Ortiq yashagan muddaticha qo‘li qurol tutolmaydi. Uni yotoqqa ko‘mdim. Dunyoda yotoqdan yanada azobli bir mozor bormi?
Haqiqatan Jan Hobordanskiy boshqa jang qilolmadi. Yillab yotoqda to‘lg‘ondi….O‘rnidan turgan zamon u eski mudhish, quvvatli jangchi emas, hasta, mag‘rur bir siyosatchi edi. Istambulga dushman tarafidan ilk marotaba u elchi bo‘lib keldi. Vazirlarning anchagina yuragini siqdi. Nihoyat…yigit maydonida ham o‘lmadi. Sulton Sulaymonning Vengriyaga qirol ta’yin qilgan Yanoshni o‘ldirmoq uchun bir kun yashirincha Budapeshtga kirmoqchi bo‘lganida ushlandi va qopga solinib Tuna daryosiga uloqtirildi…

Turk tilidan Zamira Hamidova tarjimasi

____________
* Maqtul Ibrahim Pasha – Mashhur turk generali
* Semendire – Serbiyadagi shahar.
* Yaycha – Bosniyadagi mashhur qal’a.
* “Qizil olma” – Usmonlilar tarafidan Rim va Avstriyaga berilgan nom.
* Fotih G‘oziy – Fotih Sulton Muhammad, VII. Usmonli podishohi.
* Yortu kuni – Nasroniylarning Haz. Iso bilan bog‘liq bayramlari.
* Vuryuzen – Serbiyadagi tarixiy yer.
* Manastir – Makedonyadagi shahar.
* Onado‘li – Turkiyaning Osiyo qit’asida joylashgan qismi.