Chekka bir qasabaning kichik turmasi. Kameradagi yigit qoshiq bilan polni ohista taqillatadi. Bir muddat go‘yo telegrafda nenidir uzatayotgandek ovoz beradi, o‘rnidan turib, kamera bo‘ylab yura boshlaydi. Kamera o‘rtasida daf’atan to‘xtab, jim qotadi. Aftidan yarador boshini avaylab ushlab ko‘radi. Atrofga alanglaydi, keyin baqiradi.
Y i g i t. Hey kim bor? Kim bor?!
Sukut.
Hey, javob ber, kimdir bormi?
Uzoq sukut.
Hey, kim bor?!
Bir qizning g‘oyat ohangdor va nozik ovozi eshitiladi.
O v o z. He-ey!
Y i g i t. Keyti, bu senmisan?
O v o z. Yo‘q. Men Emiliman.
Y i g i t. Kim deysan? (Sabrsiz ohangda) Hey, eshityapsanmi?
O v o z. Emili!
Y i g i t. Qanaqa Emili? Men hech qanday Emilini tanimayman. Bundan uch yil burun Salinasda Semning qahvaxonasida uchratganim… o‘sha qiz emasmisan?
O v o z. Yo‘q, men bu yerda oshpaz o‘rnidaman. Oshpazman. Salinasda hech qachon bo‘lmaganman. Men uning qayerda ekanini ham bilmayman, hatto.
Y i g i t. Oshpazman, degin.
O v o z. Ha.
Y i g i t. Sen nima tayyorlaysan o‘zi… biror yegulikmi?
O v o z. Nimani buyurishsa, shuni tayyorlayman. (Sukut) Zerikdingmi u yerda?
Y i g i t. Bo‘riday uvillasam deyman. Bo‘kirishimni eshityapsanmi? Hey, kim bor?!
O v o z. Kimni chaqiryapsan?
Y i g i t. Kimni ham chaqirardim, umuman. Hammani eslashga harakat qildim, kimga xat yozsam ekan, deb, yo‘q, hech kimni eslay olmadim.
O v o z. Keyti-chi?
Y i g i t. Hech qanday Keytini bilmayman.
O v o z. “Sen Keyti emasmisan?” deb o‘zing so‘rading-ku.
Y i g i t. Chiroyli ism-da Keyti. Bu ism menga juda-juda yoqadi. Ammo bunday ismli qizni hech qachon uchratmadim.
O v o z. Men bilaman bunday ismli qizni.
Y i g i t. Nahotki?! O‘zi qanday u qiz? Baland bo‘ylimi, kichkinami?
O v o z. Kichkina.
Y i g i t. Hey, eshityapsanmi? O‘zing qanaqa qizsan?
O v o z. Qaydan bilay men?
Y i g i t. Hech kim senga aytmaganmi? Biror kimsa gapirmaganmi bu xususda?
O v o z. Nima xususida?
Y i g i t. O‘zing bilasan-ku? Gapirmaganmi?
O v o z. Yo‘q, gapirmagan.
Y i g i t. Voh, galvarslar-e, nahot shunchalik bo‘lsalar-a? Ovozingdan bilib turibman – sen ketvorgan qizsan.
O v o z. Balki shundaydir, balki unchalik emasdir.
Y i g i t. Men ham hech qachon yanglishmaganman.
O v o z. Ja, ko‘rinib turibdi. Shuning uchun ham turmada o‘tiribsan.
Y i g i t. Endi, bu – yanglishmovchilik.
O v o z. Aytishlaricha, birovni zo‘rlaganmishsan.
Y i g i t. Bo‘lmag‘ur gap, uydirma bu!
O v o z. Bo‘lmag‘ur gap, ammo xuddi bo‘lgandek.
Y i g i t. Tentaklar.
O v o z. Ha, omading kelibdi… Qo‘rqyapsanmi?
Y i g i t. Xudo haqqi, judayam (Daf’atan) Hey, kim bor?!…
O v o z. Nega hadeb baqiraverasan?
Y i g i t. Siqilib ketdim. Bo‘riday uvlagim kelyapti. (Cho‘zib) He-ey, javob ber, kim bor?..
Yon atrofdagi panjara eshik oldida qiz paydo bo‘ladi. Odmi ko‘ylakda, soddagina bir qiz.
Q i z. Men ham juda zerikdim, juda.
Y i g i t. (Aylanib unga boqarkan) Nahotki? Aldamayapsanmi? Zerikarlimi senga ham bu g‘addor muhit?
Q i z. Mening ham bo‘riday uvlagim kelyapti.
Y i g i t. Kimni sog‘inib zerikyapsan?
Q i z. Bilmayman.
Y i g i t. Men ham bilmayman. Mana bunday kavakka tiqib qo‘yganlaridan keyin tanish qizlaringni hamda tanishga ulgurmagan qizlaringni eslasang, yana-da zerikarli bo‘larkan.
Q i z. Tushunarli, nimasini aytasan.
Y i g i t. Oh, naqadar ayanchli! (Sukut) Sen go‘zal qizsan, bilsanmi o‘zing?
Q i z. Valdirama!
Y i g i t. Yo‘q, valdirayotganim yo‘q. Go‘zalsan, hatto ahmoqqa ham ko‘rinib turibdi. Sen, ehtimol, bu yorug‘ dunyoda eng go‘zal qizsan.
Q i z. Men mutlaqo unaqa emasman, sen buni yaxshi bilib turibsan.
Y i g i t. Yo‘q, sen shundaysan. Men sendan chiroylirog‘ini hali shuncha dunyo kezib ko‘rganim yo‘q. Texasda omadim yurishib ketishini bilardim.
Q i z. Omad? Sen axir turmadasan. Bu yerda senga tishlarini qayrab turganlarning hisobi yo‘q.
Y i g i t. Bo‘lmagan gap. Chiqib ketaman!
Q i z. Kim biladi, deysan.
Y i g i t. Yo‘q, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi. Bugundan boshlab.
Q i z. Nega endi bugundan boshlab?
Y i g i t. Ya’ni, seni ko‘rgandan boshlab. Endi men nimaning qadriga yetishim kerakligini bilaman. Shu paytgacha hammasiga tupurardim, unaqasiga ham, bunaqasiga ham. Charchadim. (Sukut) Biror ishning kalavasini topolmasdan charchadim, sira qo‘lga kiritolmadim. Hozir esa charchoqni ham unutib qo‘ydim. (Kutilmaganda) Hey, kimdir bormi, eshitmayapsanmi?
Q i z. E-e, yana kimni chaqiryapsan?
Y i g i t. Seni.
Q i z. Men shu yerdaman-ku.
Y i g i t. Bilaman. (Baqirdi) Hey, eshityapsanmi?
Q i z. Hey, eshityapman!
Y i g i t. A-ha, senmisan, malagim! (Sukut) Men senga uylansam deyman. Men sen bilan ketishni xohlayman. Men seni San-Frantsiskoga o‘zim bilan olib ketaman. Men endi tirildim. Shunday pul ishlay-ki! Ularni ehtiyot qilib sarflashni o‘rganaman. Pulimiz g‘aram-g‘aram bo‘ladi.
Q i z. Yo‘g‘-e?
Y i g i t. Ha-da. Isming nima edi?
Q i z. Emili.
Y i g i t. Buni bilaman. Davomi?
Q i z. Xudo haqqi rost. Meni shunday atashadi. Emili Smit.
Y i g i t. Sen bu dunyodagi eng g‘aroyib qizsan, bilasanmi?
Q i z. Nima uchun?
Y i g i t. Nima uchunligini bilmaymanu, lekin shundaysan, vassalom. Qayerda tug‘ilgansan?
Q i z. Matodorda, Texasda.
Y i g i t. Matodoring qayerda?
Q i z. Shu yerning o‘zida.
Y i g i t. Ie, bu yer Matodormi?
Q i z. Ha, bu yer Matodor. Seni Vilingdan olib kelishdi.
Y i g i t. Qiziq, men Vilingda edimmi?
Q i z. Nima, sen qaysi shahardaligingni bilmaganmiding?
Y i g i t. Hamma shaharlar bir go‘r. Hech farqi yo‘q bir-biridan. Viling bu yerdan uzoqmi?
Q i z. O‘n oltimi, o‘n yettimi mil narida. Qayerga olib ketayotganlarini bilmasmiding?
Y i g i t. Hushdan ketib, taxta bo‘lib qolsam, qanday qilib bilayin. Kimdir boshimga qo‘rg‘oshin quvur bilanmi yoki shunga o‘xshash narsa bilanmi tushirganini ilg‘ayman. Nima uchun shunday qildiykin-a?
Q i z. Zo‘rlaganing uchun. Ular shunaqa deyishdi.
Y i g i t. Qip-qizil bo‘hton! (Sarosimalanib, o‘ziga-o‘zi) U mendan pul talab qildi.
Q i z. Pul?
Y i g i t. Ha-da. Omadsizligimni sindiraman, deb bir shalaq qasabadan boshqasiga sarson-sargardon yugursang-elsang, biror mehribon uchrarmikan deb qaqshasang-u, mana senga. U ayol pul talab qilsa. Men unga ham hayot zerikarli ekan, deb o‘ylabman.
Q i z. Ehtimol, chindan ham shundaydir?
Y i g i t. U shunchaki, u ayol anaqalardan…
Q i z. Shu voqea bo‘lmasaydi, men sen bilan uchrashmas edim.
Y i g i t. Kim biladi deysan, balki, bu taraflarga yo‘lim tushardi, balki, shaharning qayeridadir seni uchratardim. Men seni darrov tanib olardim!
Q i z. Yo‘g‘-e!
Y i g i t. Gap tamom, vassalom, bir qarashda tanib olardim.
Q i z. Xo‘p, keyin-chi?
Y i g i t. Keyin nima bo‘lardi, sen meniki bo‘larding.
Q i z. Rostanmi?
Y i g i t. Xudo haqqi, ha, meniki bo‘larding!
Q i z. Sen bu gaplarni turmada o‘tirganing uchungina gapiryapsan.
Y i g i t. Mutlaqo undaymas. Bas, narsalaringni yig‘ishtirib, meni kut. Biz bu yerdan to‘ppa-to‘g‘ri San-Frantsiskoga qochamiz.
Q i z. Sen shunchaki yolg‘izsan, shundan bari narsa zerikarli tuyulyapti senga.
Y i g i t. Men uchun hayot doim zerikarli, butun umrim zerikarli o‘tdi, bu dardga darmon yo‘q. Lekin biz birga bo‘lsak, sen va men shunday yashaymizki, ortig‘i ortiq. Sen menga omad keltirasan. Men bilaman.
Q i z. Nima uchun sen hamisha omadni quvib yashashing kerak?
Y i g i t. Men bolalikdan qimorbozman. Mehnat-pehnat deganini bilmayman. Men yo omadni kutishim kerak yoki… umuman hech narsaga yaramayman. Oxirgi yillarda omad menga kulib boqmadi. Ikki yil u devordan bu devorga boshimni urdim. Bo‘lmadi. Omadsizlikni ko‘r, shu razil Vilingga tushib qolibman. Omadsizlik o‘zimning ko‘lankamdek doim ta’qib qiladi meni. Shuning uchun ham bu yerdaman, shuning uchun ham kallamni yorishlariga oz qoldi. Aniq, bu o‘sha dayus cholning qo‘li.
Q i z. O‘sha xotinning otasimi?
Y i g i t. Yo‘q, eri. Agar shunaqa qichima ayol mening xotinim bo‘lganda, allaqachon jarga irg‘itvorgan bo‘lardim.
Q i z. Agar men sen bilan birga bo‘lsam, ishlaring yurishib ketadi, deb o‘ylaysanmi?
Y i g i t. Bo‘lmasam-chi, albatta! Ko‘cha-ko‘ylarda itday sanqib, birovlarga anqayishning nimasi yaxshi? Doim yoningda kimingdir bo‘lsa, qish sovug‘ida, hammayoq gullab-yashnagan bahorda, issiq yozda, bemalol cho‘milishing mumkin, qanday yaxshi: yilning to‘rt faslida, yomg‘irda, hamma vaqt, to o‘lguncha odamning yonida yuradigan kimidir bo‘lishi kerak. Uzoq yillar qadrlay oladigan odaming bo‘lsa, yomonligingni bilib tursa-da, seni, baribir, sevadigan odaming bo‘lsa. Bilaman, men yaxshi odam emasman, lekin nima qilay, ilojim qancha, qo‘limdan nimayam kelardi. Agar sen men bilan birga ketsang, men yaxshi odam bo‘lardim. Tentaklikni yig‘ishtirardim. Bilasan-ku, yoningda puling bormi, endi sen tentak bo‘lolmaysan, endi sen sipo bir odamsan, chunki endi sening nomingdan puling gapiradi. Menda jaraq-jaraq pul, sen esa dunyoda eng go‘zal, eng dono qiz bo‘lasan. Biz ikkimiz San-Frantsisko bo‘ylab qo‘ltiqlashib, mag‘rur sayr qilib yuramiz. Hamma bizga angrayib qaraydi.
Q i z. Nahotki angrayib qarashsa?
Y i g i t. Bo‘lmasam-chi! Men kiyinib olishga ulgursam bo‘ldi, qo‘ltig‘ingdan olaman-da, Keyti, ko‘rasan o‘zing ularning angrayishlarini. Chindan-da qarasa qaragudek.
Q i z. Keyti?!
Y i g i t. Ha, endi bu ism seniki. Sen Keyti deb ataydiganim birinchi qiz bo‘lding. Bu ismni sen uchun asrab keldim. Yoqadimi?
Q i z. Yoqadi.
Y i g i t. Men qachondan buyon bu yerdaman?
Q i z. O‘tgan kechadan beri. Ertalabgacha o‘rningdan qimirlamading.
Y i g i t. Soat necha? To‘qqiz bo‘lgandir?
Q i z. O‘n.
Y i g i t. Bu sassiq kameraning kaliti senda bormi?
Q i z. Yo‘q. Kalitni menga ishonishmaydi.
Y i g i t. Lekin sen topib kelishing mumkinmi uni?
Q i z. Yo‘q.
Y i g i t. Harakat qilib ko‘rsang-chi!?
Q i z. Meni kalitga yaqin yo‘latishmaydi. Agar turmaga aristonlar kelsa, faqat pishiriq tayyorlayman, supuraman, shunga o‘xshash yumushlar.
Y i g i t. Gap bunday, men bu yerdan chiqib ketishim kerak. Bu do‘konning egasini taniysanmi?
Q i z. Taniyman, lekin seni qo‘yib yubormaydi. Aytishlaricha, seni boshqa shaharga o‘tkazishar ekan.
Y i g i t. Nega endi?
Q i z. Qo‘rqishadi.
Y i g i t. Nega qo‘rqadilar, nimadan?
Q i z. Tunda bu yerga Vilingdan odamlar kelib, turmaga bostirib kirishlaridan qo‘rqishadi.
Y i g i t. Ana xolos! Nima kerak o‘zi ularga?
Q i z. Nima kerakligini go‘yo bilmaysan-a?
Y i g i t. Ha-a, bilaman.
Q i z. Qo‘rqyapsanmi?
Y i g i t. Albatta, qo‘rqyapman… Eng dahshatlisi – nimadan qo‘rqayotganingni bilmaslik! Agar odamlar tentak bo‘lmasa, bahslashishing mumkin. Tentaklar bilan bahslashib bo‘lmaydi, ular faqat o‘zlarinikini ushlab oladilar. Bu yerdan ketishimga yordam ber!
Q i z. Qanday qilib?
Y i g i t. Kalit kimda bo‘lsa, o‘shani top, u bilan suhbatlashishni xohlayotganimni ayt.
Q i z. U uyga ketgan. Hammalari ketgan.
Y i g i t. Bundan chiqdi, bu yerda bir o‘zim ekanman-da.
Q i z. Shunday… agar meni hisobga olmasa.
Y i g i t. Nega bunday? Nima uchun? Nahotki bu yerda hech kim qolmasa?
Q i z. Kechasi hamma uyiga ketadi. Men ham u yoq-bu yoqni yig‘ishtirib, ketishim kerak edi. Bugun tutilib qoldim.
Y i g i t. Nega?
Q i z. Sen bilan gaplashay dedim.
Y i g i t. Nima haqda?
Q i z. Bilmadim… Oqshom senga qarab turdim. Sen tushingda gapirding. Men senga yoqib qolganimni angladim. Sen o‘zingga kelganingdan keyin ham meni yoqtirib qolishingni sira o‘ylamagan edim.
Y i g i t. Nahotki? Nega?
Q i z. Bilmadim.
Y i g i t. Sen chindan-da malaksan.
Q i z. Hech kim men bilan gaplashmagan. Bari shahar yigitlari… ular… (Jim bo‘ladi)
Y i g i t. Nima ular? (Sukut) Ular nima, axir? Gapir, gapir.
Q i z. Ustimdan kulishadi.
Y i g i t. Sening ustingdan-a?! Galvarslar! Eh, nimani tushunardi ular! Bor, yig‘ishtirib ortingga qayt. Men seni San-Frantsiskoga olib ketaman. Yoshing nechada?
Q i z. O‘, men allaqachon katta qizman.
Y i g i t. Yoshing nechada, faqat aldama.
Q i z. O‘n yettida.
Y i g i t. Mayli, ota-onangni olib kel. Ketish oldidan nikohdan o‘tamiz.
Q i z. Ular meni qo‘yib yubormaydilar.
Y i g i t. Nima uchun?
Q i z. Bilmayman. Lekin qo‘yib yuborishmaydi, aniq qo‘yib yuborishmaydi.
Y i g i t. Otangga ayt, o‘jarlik qilmasin. Tushundingmi? U fermer emasmi?
Q i z. Yo‘q, hech kimmas. Uni qayerdadir mayib qilganlari uchun nafaqa to‘laydilar. Uning yonboshi og‘riydi. Bilmadim, u yerda nima joylashgan.
Y i g i t. Mug‘ombir u, bildingmi? Ammo seni bu yerdan baribir olib ketaman.
Q i z. Ishlagan pulimni ham yulib oladi.
Y i g i t. Haqqi yo‘q!
Q i z. Bilaman, lekin u tortib-yulib oladi.
Y i g i t. (O‘zicha) Shundayin qasabada tug‘ilganingni qara, yana ustiga ustak go‘rso‘xta otangdan o‘rgildim!
Q i z. Ba’zida unga rahmim keladi.
Y i g i t. Rahming kelmay qo‘yaqolsin. (Barmog‘ini ma’nodor ko‘taradi) Otang bilan bir narsa qilib kelishib olarman. Ikki-uchta ilmiliq so‘z topaman uning uchun.
Q i z. Ko‘rinib turibdi.
Y i g i t. (Daf’atan) Hey, kimdir bormi?!. Eh, agar sen anavi kalitli merovni olib kelib, meni bu yerdan chiqarib yuborganingda edi…
Q i z. Axir qo‘limdan kelmaydi-ku!
Y i g i t. Nima uchun?
Q i z. Men bilan bu yerda hisoblashishmaydi. Hammasi bo‘lib oladiganim – kuniga ellik tsent, ba’zi kunlar o‘n ikki soatlab ishlayman. Men bilan hisoblashishmaydi
Y i g i t. Qancha to‘lashadi deding?
Q i z. Ellik tsent.
Y i g i t. (Atrofga olazarak qarab) Eshityapsizmi?! Senga bir boqishlari uchun haq to‘lashlari kerak. Sen nafas olayotgan havodan nafas olayotganlari uchun to‘lashlari kerak. Tushunmayman! Tushunmayman, nahotki buning oxiri bo‘lmasa! Bu yerdan qutqar meni, Keyti. Men qo‘rqyapman.
Q i z. Nima qilishimni bilmayman. Darvozani sindira olarman, balki.
Y i g i t. Kuching yetmaydi. To‘qmoq yo‘qmi bu yerda? Yoki shunga o‘xshagan biror narsa bormi?
Q i z. Faqat supurgi bor. Supurgini ham qulflab qo‘yishgandir.
Y i g i t. Borib qara-chi, biror narsa topilmasmikin?
Q i z. Xo‘p. (Ketadi)
Y i g i t. Hey, kimdir bormi?! Hey, kim bor?! (Sukut) Hey, eshityapsanmi? (Sukut) Turmaga o‘tqazdingmi meni?! (Nafrat bilan) A-a? Odamni zo‘rlashmi?! Dunyoda nimaiki ezgulik bo‘lsa, borini zo‘rlayotganlar, ezib-toptayotganlar – ular! (Daf’atan) Hey, kimdir bormi! Kim bor!..
Q i z. (Qaytarkan) Hech yerda hech narsa yo‘q. Hammasini qulflab ketishgan.
Y i g i t. Ehtimol, sigaret bordir?
Q i z. Hamma g‘aladonlarni, hamma jovonlarni qulflab ketishgan. Hammasini.
Y i g i t. Juda chekkim kelyapti!
Q i z. Biror joydan biror quti topsam bo‘lar. Menimcha, dorixona hali ochiq bo‘lsa kerak. Bu yerdan bir mil narida.
Y i g i t. Bir mil?.. Buncha uzoq qolishni istamayman.
Q i z. Yugurib borib, yugurib qaytishim mumkin.
Y i g i t. Yer yuzida eng ajoyib qizsan sen!
Q i z. Qanaqasidan olayin?
Y i g i t. Qanaqasi bo‘lsa ham mayli – “Chesterdoild”, “Kemel” yoki “Lakki Strayk”, har qanaqasiyam bo‘laveradi!
Q i z. Hozir. (Yugurishga shaylanadi)
Y i g i t. Pul-chi, pul?
Q i z. Menda biroz bor. Chorak dollar yashirib qo‘ygandim. Butun yo‘l bo‘ylab yuguraman. (Ketish uchun qayriladi)
Y i g i t. To‘xta!
Q i z. (Unga yaqinlashadi) Nima gap?
Y i g i t. Qo‘lingni ber. (Qizning qo‘llarini ushlab, unga kulib qaraydi. Keyin lablariga bosadi.) O‘lgudek qo‘rqaman.
Q i z. Men ham.
Y i g i t. Bu Xudo urgan qasabaga ortiq hech kim kelmaydi va seni topolmaydi, deb qo‘rqaman. Atrofingdagi hamma narsaga ko‘nikasan, hammasi bilan kelishib ketasan, deb qo‘rqaman. Hech qachon sen San-Frantsiskoga borolmaysan, senga angrayib qarashlarini ko‘rolmaysan, deb qo‘rqaman.
Q i z. Ha, to‘pponchani otamdan olaman. Qayerda saqlashini bilaman.
Y i g i t. Ol! Sigaretga tupur!.. Bor kuching bilan yugur!
Qiz qochib ketadi. Yigit kamera o‘rtasida uzoq muddat jim qoladi.
Q i z. (Ortiga qaytib, yig‘lamsirab.) Qo‘rqyapman. Ortiq seni ko‘rolmayman, deb qo‘rqyapman. Qaytib kelganimda sen bu yerda bo‘lmasang, men…
Y i g i t. Hey, eshityapsanmi!
Q i z. Shahar bo‘m-bo‘sh. Bir tirik jon yo‘q, faqat shamol hasratli uvullaydi. Men shu yerda qolaman. Seni olib ketishlariga yo‘l qo‘ymayman.
Y i g i t. Eshit, Keyti. Mening aytganimni qil. To‘pponchani ol-da, orqaga qayt. Ehtimol, bu tun ular kelmaslar. Ehtimol, umuman kelmaslar. Men to‘pponchani yashiraman, meni chiqarib yuborishgach, qayerdan olgan bo‘lsang, yana joyiga qo‘yasan. Keyin biz ketamiz, bo‘l endi, shoshil.
Q i z. Xo‘p. (Sukut) Men senga bir narsa demoqchi edim…
Y i g i t. Qani, ayt…
Q i z. (Nozli) Agar kelganimda sen bu yerda bo‘lmasang, to‘pponcha bor, ularni nima qilishni o‘zim bilaman!
Y i g i t. Otishni bilasanmi?
Q i z. Bilaman.
Y i g i t. Dovdirama. (Boshmog‘ini yechadi, uning ichidan pul oladi.) Tentak bo‘lma, eshityapsanmi? Mana bu pul. Sakson dollar. Uni olgin-da, San-Frantsiskoga jo‘na. Tevarakka qarab, biroz odambashara birortasini top, eshityapsanmi? Kelganingda men bu yerda bo‘lmasam, to‘pponchani tashla, to‘g‘ri San-Frantsiskoga bor, menga va’da ber. Birorta inson topilib qolar.
Q i z. Men hech kimni axtarmayman.
Y i g i t. (Tez, iztirob bilan) Mening aytganimni qil! Men seni San-Frantsiskoda kutaman. Boshmog‘imning u poyida ham nimadir bor. Men seni San-Frantsiskoda topib olaman.
Q i z. (Ikkilanib) San-Frantsiskoda?
Y i g i t. Ha, San-Frantsiskoda. Bu shahar juda bizbop-da.
Q i z. Men doim katta shaharga ketishni xohlardim. Lekin qanday qilib bir o‘zim yolg‘iz bora olaman?
Y i g i t. Lekin endi sen yolg‘iz emassan, eshityapsanmi?
Q i z. U qanday shahar o‘zi, biroz gapirib ber.
Y i g i t. (Tez, avval, hatto sabrsizlik bilan, so‘ngra ohista-ohista, kulimsirab eslay boshlaydi. U sokin hikoya qilarkan, qiz yigit tomon yaqinlashib boradi.) Avvalo, u Tinch okeani sohilida, qayoqqa qarama – okean. Namxush tuman va chag‘alaylar. Ingichka yo‘laklar goh balandga, goh pastga sho‘ng‘iyotgandek ko‘rinadi. Har kecha tumanlar ichidan sirenalarning uvlashi taraladi. Lekin biz ularning ingrog‘ini eshitmaymiz.
Q i z. U yerda, San-Frantsiskoda odamlar boshqachami?
Y i g i t. Hamma yerda odamlar bir xil. Qachondir, kimnidir sevib qolsalar, o‘zgacha bo‘lib qoladilar. Faqat sevgi insonlarni o‘zgartira oladi. San-Frantsiskoda esa sevishganlar ko‘p. Bori shu.
Q i z. Hech qayerda seni hech kim menchalik seva olmaydi.
Y i g i t. (Atrofga shivirlab.) Bu so‘zlarni eshitarkan, inson o‘limga ham tayyor bo‘ladi. O‘layotib, baribir, o‘zini baxtiyor hisoblay oladi. Endi shoshilishing kerak. Unutma, agar sen qaytib kelganingda, meni bu yerda topolmasang, bilginki, men seni San-Frantsiskoda izlab yurgan bo‘laman.
Qiz yigitga termuladi, so‘ng taraddudlanadi, keyin qayrilib chiqib ketadi. Yigit uning ortidan tahlikali tabassum bilan qarab qoladi. Daf’atan o‘tiradi va qo‘llari bilan yuzlarini to‘sadi. Yiroqdan avtomobillarning shovqini eshitiladi. Yigit sergaklanib tinglaydi, mashina eshiklari taraqlab yopiladi. Yog‘och darvozaga kalit solingani eshitiladi. Yo‘lakda qadam tovushlari. Vazmin, ehtiyotkor va bir vaqtning o‘zida g‘oyat surbet erkak kiradi.
E r k a k. Men turma boshlig‘i emasman.
Y i g i t. Xo‘sh, xo‘sh? U holda kimsiz?
E r k a k. Men erman.
Y i g i t. Kimning erisiz?
E r k a k. Kimning eri ekanimni o‘zing bilasan.
Y i g i t. Buni qarang-a! (Erkakka sinchkovlik bilan tikiladi.) O‘tgan kecha mening boshimga urgan siz emasmisiz?
E r k a k. Xuddi o‘ziman.
Y i g i t. (Rosmana alam bilan) Odamlarning boshiga urishga qaysi shayton sizga izn berdi?
E r k a k. Xo‘sh, senga-chi? Qaysi shaytonning ishini qilding, it!
Y i g i t. (Boshini ushlarkan.) Siz boshimni yaraladingiz. Odamlarning boshiga urishga haqqingiz yo‘q.
E r k a k. (Qattiq g‘azab bilan) Javob ber. Qaysi shaytonning ishini qilding?
Y i g i t. Hey, quloq soling, panjara ortida bo‘lganim uchungina baqiraverasizmi menga? Erman, deysiz, kimning eri ekaningizni bilasizmi?
E r k a k. (To‘pponchasini oladi) Qani, o‘chir ovozingni!..
Y i g i t. Hay, mayli otavering… (Xotirjam) Butun bir marosimni buzasiz… Oshnolaringiz nima deydi? Ularning fe’liga uncha ham to‘g‘ri kelmas, deyman. O‘lgan odamni tepgandan ne rohat? (Erkak to‘pponchasini yashiradi.) Nima qilishingizni menga aytgani kelgansiz. Men gapirmasam ham bo‘ladi. Nima qilmoqchiligingizni bilaman. Gazetalarni o‘qib turaman. Bunaqa fitnali ishlar qanday uyushtirilishidan xabardorman. Butun bir olomon bir kishiga tashlanadi va ur-sur qiladi. Yoki shunday emasmi? Kiyimlarini yirtib-yulqib, so‘ng tepa boshlaydilar. Yoki shunday emasmi? Ayollar va bolalar atrofda to‘planib, mo‘ltirab tomosha qiladilar. Xo‘sh, unday emasmi? Menga qarang, siz bu marosimni boshlashdan avval ichimdagi ba’zi gaplarni bir to‘kib solay. Siz dahshatli ravishda haqoratlangansiz. Qandaydir bir begona sizning pokiza, begunoh, oqila xotiningizni masxara qilish uchun shahringizga kelibdi. Siz uning adabini berib qo‘yishingiz kerak, albatta. Siz oilaning muqaddas o‘chog‘ini muhofaza qilasiz, axir. (Daf’atan) Hey, siz, eshiting! Men uni sizning xotiningiz ekanini mutlaqo bilmaganman, men u ayol kimningdir xotini ekanini bilmaganman…
E r k a k. Yolg‘on!
Y i g i t. Yolg‘on gapirgan paytlarim bo‘lgan, lekin hozir emas. Eshitasizmi, nima ish o‘tganini aytib bersam?
(Erkak javob bermaydi.)
Mayli, butun haqiqatni sizga aytib beraman, menga Xudoning o‘zi guvoh. Men u bilan barda tanishdim. U mening yonimga kelib o‘tirdi. Bo‘sh joylar og‘zini ochib yotsa-da, u baribir, mening yonimga kelib o‘tirdi. Kimdir radiolaga tanga tashladi. “Nyu-San-Antonio” – bir erkakning tovushini tinglayapman. Ayol bu qo‘shiq haqida hikoya qilardi, men bo‘lsam bufetchi bilan gaplashyapti, deb o‘ylabman. Yo‘q, qarasam, bufetchi unga javob bermayapti. Shunday qilib men javob berdim, mana shunday tanishdik. Mutlaqo unaqa narsa xayolimga ham kelgani yo‘q. Birga ochiq havoga chiqdik. Eshitgan birinchi so‘zim “Men shu yerda yashayman”, degani bo‘ldi.
E r k a k. Yolg‘on gapiryapsan, it.
Y i g i t. Axir haqiqatni bilishni istaysiz-ku.
(Erkak javob bermaydi.)
Hay mayli. Shunday, u meni uyga taklif qildi. Balki, uning xayoli boshqa bo‘lgan. Balki, bo‘lmagan. Menga nima! Menga baribir. Balki, uning ko‘ngli bir narsa tusar, balki, boshqa narsadir. Kirsam kiribman-da, deb o‘yladim.
E r k a k. Yolg‘on! Itning yolg‘on gapirishini qara!
Y i g i t. Men haqiqatni aytyapman. Ehtimol, xotiningiz do‘stlari bilan shu yerdadir? Chaqiring. Mening unga ham, sizga ham adovatim yo‘q. Chaqiring, o‘zingiz so‘roqlang. (Sukut) Siz uni sevasizmi?
(Erkak javob bermaydi.)
Ha-a, ishlar chatoq…
E r k a k. Nima deyapsan?
Y i g i t. Fahmimcha, bu holat birinchi marta bo‘lganga o‘xshamaydi.
E r k a k. (Shoshilib.) E-e, o‘chir ovozingni!
Y i g i t. Hey, siz nomusli er, o‘zingiz ham bilasiz. Doim bilgansiz, faqat oshnolaringizdan qo‘rqasiz. Bo‘lgan gap shu. U mendan pul talab qildi. Mana unga nima kerak edi. Agar unga pul berganimda, bu yerda o‘tirmagan bo‘lardim.
E r k a k. (Og‘ir) Qancha talab qildi?
Y i g i t. Qancha, deb so‘ramadim ham. Men, shunchaki bu ayol bilan tanishib yanglishganimni bildirmadim. U, agar pul bermasam, janjal ko‘tarishini aytdi. Pachakilashib o‘tirishni yomon ko‘raman, uning ustiga do‘q-po‘pisaniyam yoqtirmayman. Chapparasta qilib so‘kdim. Bir vaqt qarasam, xuddi so‘yilgan cho‘chqaday bo‘kirib, uydan tashqariga otildi. (Sukut) Endi borib ayting, boshqa turmaga o‘tkazsinlar, siz esa uyingizga borib kerakli narsalaringizni oling-da, tashlang bu xotinni. Siz yaxshi odamsiz. Faqat oshnolaringizdan qo‘rqasiz, xolos.
Erkak yana to‘pponchasini oladi. Dahshat talvasasida. Yigit tomon bir qadam tashlaydi va uch bora o‘q uzib, tashqariga otiladi.
Y i g i t. Hey, kim bor? (Cho‘kkalab qoladi.)
Qiz yugurib keladi, unga qarab hayratdan talmovsiraydi.
Q i z. Ko‘cha tomon to‘la olomon – erkaklar, ayollar bolalari bilan. Aylanib o‘tishga to‘g‘ri keldi, derazadan tushdim. To‘pponchani topolmadim. Hamma yoqni titib chiqdim, baribir topilmadi. Senga nima bo‘ldi?!
Y i g i t. Hech narsa… hech narsa… hammasi joyida… menga qara, Keyti! Bu yerdan tez ket. Qanday kelgan bo‘lsang, shunday tez ket – yugur! Bor kuching bilan yugur, butun kecha yugur. Boshqa shaharga qoch, u yerdan poyezdga o‘tir. Eshityapsanmi?
Q i z. Nima bo‘ldi senga?
Y i g i t. Ket, bu yerdan ket! Qaysi poyezd bo‘lsa-da, o‘tirib ket. San-Frantsiskoga keyin borasan!
Q i z. (Faryodini yutib) Men sensiz hech qayerga bormayman.
Y i g i t. Mening ilojim yo‘q. Bu yerda nimadir bo‘ldi… (Qizga qaraydi.) Men seni San-Frantsiskoda topib olaman, Keyti, chunki men seni sevaman. Boshmog‘imning narigisida sen uchun pul bor. Agar puling bo‘lsa, har narsaga qodir bo‘lasan. (Yuztuban yiqiladi.)
Qiz uning yonida turib unsiz yig‘laydi, keyin chekkaga o‘tadi. Daf’atan yig‘idan to‘xtaydi. Tinglay boshlaydi. Olomon shovqini. Ikki o‘rtog‘i bilan erkak kirib keladi. Ular qizni payqamaydilar.
E r k a k. Mana u, itning bolasi!
I k k i n ch i s i. (Keskin) Bas! Eshikni och, Garri!
Uchinchi erkak kameraning panjara eshigini lang ochib yuboradi.
A yo l. (Shoshib kiradi.) Qani u? Men ko‘rmoqchiman. U o‘ldimi? (Jasadga qaraydi, shu vaqt erkaklar mayitni ag‘daradilar.) Bu o‘sha. (Sukut) Ha, bu xuddi o‘sha.
E r k a k. (Ayolga nafrat bilan qaraydi, keyin sekin jasadga nazar tashlaydi.) Bas endi. Tugatish kerak.
U ch i n ch i s i. To‘g‘ri aytasan, Jorj. Yordam bervor, Garri.
Jasadni ko‘taradilar.
Q i z. (Shiddatli hayqiriq bilan.) Shu yerda qoldiring uni!
E r k a k. Bunisi nima balo?
I k k i n ch i s i. Sen nima qilyapsan bu yerda? Nega hamma bilan ko‘chada emassan?
Q i z. Uni shu yerda qoldiring! Yo‘qol! (Ularga tashlanadi.)
A yo l. Qarang-a!.. Sen o‘zi nima balo qilmoqchisan?
Q i z. Qo‘yvoring! Uni olib ketishga haqqingiz yo‘q.
A yo l. Tavba! Nima deyapti bu sharmanda?! (Qizning yuzlariga uradi, yerga otadi.) Bu shallaqini qarang-a.
Jasadni olib chiqadilar.
Q i z. (Endi yig‘lamasdan, sekin o‘rnidan turadi, atrofga alanglaydi va to‘g‘riga qarab shivirlaydi.) Hey, kim bor?! Kim bor???
Rus tilidan Rauf Parfi tarjimasi