I
Bu qismatning arzandasi, xudo siylagan banda Uilfred Mijlstonning boshdan kechirganlari. Bir parchagina etu suyakdan iborat bo‘lgan bu sho‘ring qurg‘ur doim soatlar va qo‘ng‘iroqlarning qistalang zabtida yashar, ellik olti yildan beri ko‘rimsiz tosh ko‘chalardan qatnagani qatnagan, uvoq va bechorahol, dildiragan bu odamchaning turqi-tarovati ko‘cha magazinlarining xira oynalarida aks etgani etgan va lekin na biron erkak va na biron xotin uning orqasidan qayrilib qaragan emasdi. Keyin nima bo‘ldiyu bir zum uning yulduzi balqib ko‘tarildi — bir zumlik bu balqish Mijlstonning o‘ziga bir umrga tatidi — ko‘tarildi-yu, bir zamonlar hazrati Ilyosning boshidan o‘tganday, uni ham o‘zi yo‘qotib qo‘ygan yerning anglab bo‘lmas shafaqgun ko‘klariga ko‘tarib ketdi.
Men uni «Universal» neft kompaniyasining po‘latdan qurilgan doklarida, chayqalib turgan tankerdan katta bo‘lmagan Rinkon degan shaharchada uchratganman. Bu yerda bir qator uylar tushgan va bir qator palmalar o‘sgan bittagina ko‘cha bor. Ko‘cha tuprog‘i yalang oyoqlarning qiyshiq izlariga to‘la, uning betida kunduzlari ko‘lankalar ko‘lkalanib yotadi, tunlari esa yirik yarqiroq yulduzlar shu’lalar sochadi.
— U Shtatlardan kelgan,— deb aytishardi menga.— Bu yerda yigirma besh yildan beri yashaydi. Shuncha vaqt o‘tsa ham, zig‘ircha o‘zgargani yo‘q. Ispanchasiga loaqal o‘ntagina so‘zni bilmaydi. Rost, faqat kiyimlari to‘zib ketdi, xolos.
Ko‘rinishdan uni juda qari deb ham bo‘lmasdi, vaqt uni shafqatsiz piypalab o‘tmaganday edi. Shu yerlik xalqning ichida yigirma besh yildan beri hayot kechirib, uning tilida bir og‘iz ham gapirolmas, endilikda shu hasratda o‘tib ketadiganga o‘xshardi, chamasi! U hech yerda ishlamasdi: juda ma’sum, haddan tashqari ma’sum odamcha edi. Jorj Eyd masallaridagi 1890 yilgi presviter maskaradiga daydi libosida chiqqan hisobchiga o‘xshash, aftidan, juda g‘arib, parrixta va baxtiyor zot.
Ha, g‘oyat baxtiyor va g‘oyat qashshoq.
— Balki haqiqatan ham kambag‘aldir, ehtimol, o‘zini faqat kambag‘al qilib ko‘rsatayotgandir. Lekin endi axir, uni hech narsa qilolmaydilar. Unga buni yangi kelgan paytlaridayoq aytganmiz. «Bu qanday yurish, — deganmiz unga, — ishlat pullaringni, maza qilib, rohat-farog‘atda kun kechir. Suvlar oqib, izlar bosilib ketgandir allaqachon». Agar men tavakkaliga olib o‘g‘irlik qilsamu keyin to o‘la-o‘lgunimcha shu lahad og‘zida qiynalib o‘tadigan bo‘lsam, ularni nima qilishni o‘zim bilardim!
— «Ularni» deganingiz nima?
— Pullar. U pul o‘g‘irlagan, keyin juftakni rostlab qolgan. Bo‘lmasa bu yerga kelib, nima qilib, yigirma besh yildan beri yashab yuribdi! Kunning botishini tomosha qilib yurmagandir, axir?
— Boy-badavlat odamga turqi o‘xshamaydi, — dedim.
— Rost aytasiz. Unda davlat nima qilsin! Lekin aft-basharasini bir qarang! Bunaqa odam o‘g‘irlikni ham eplab qilolmaydi. O‘g‘irlaganda ham, keyin nima qilishini bilmaydi. Gapingiz to‘g‘riga o‘xshaydi. Oyog‘ini qo‘liga olib qochgan-da, bo‘yniga tavqi la’natdan o‘zga narsani osib kelgan emas. U qochib kelgan yerda esa birov maza qilib, pullarni sovurib yotibdi, tag‘in haftada ikki marotaba cherkov xorida ovozini baland qo‘yib ashula ham aytadi, deng.
— Nima, ko‘pincha shunday bo‘ladimi? — deb so‘radim.
— Ha, xuddi mana shunday, tusini yel yesin bularning. Juda ham bitib ketgan razil maxluq o‘zini quruqqa olib qochadi, boshqasi — ahmoqlarning eng ahmog‘i esa, garchi umrida qo‘liga ikki yarim ming ushlamagan bo‘lsa ham, anov razilga cho‘g‘ ustidan pista olib berib turadi. Ikki yarim ming-a! Anov allakimning cho‘ntagiga kirsa, bu ozmuncha pulmi! Lekin barini yig‘ishtirib, ming chaqirim nariga oyoq juftlashga to‘g‘ri kelsa va buning yo‘lkiralarini ham o‘z yonidan to‘lasa, qanchaga ham yetadi deysiz shuncha pul?
— Qancha vaqtga yetadi? — deb so‘radim.
— Ko‘pmas, ikki yilga. Uf-f! Undan keyin men… — U tilini tishlab qoldi va menga olayib tikildi. Holbuki, o‘rtamizda turgan kofe va nonning pulini men to‘lagan edim.
— Siz o‘zingizni kim deb o‘ylayapsiz juda? Pinkertonmisiz?
— E, yo‘g‘-e, sizni xafa qilmoqchi emasdim. Ikki yarim ming dollarga qancha vaqt yashaydi, shuni bilmoqchiydim.
— Kim aytdi sizga, uning ikki yarim ming dollari bor deb? Men shunchaki omadi gap deb aytdim, xolos. Uning hatto ikki yuz ellik dollari ham hech qachon bo‘lgan emas. Agar bo‘lganda ham, yaxshilab berkitib quygan, hali biron joyda chirib yotgan chiqar. Bu yerga tilini osiltirib keldi-yu, og‘irligi bo‘ynimizga tushdi, bizning me’damizga tekkach, meksikaliklar huzuriga yukinib bordi. Odam ham shunday bo‘ladimi, o‘g‘irlik pul ustida shunchalar titrab-qaqshab o‘tirsa-ya, yana anov isqirt meksikaliklarga sig‘indi bo‘lib yursa-ya! Vaholanki, oq odamlarga o‘xshab yashasa bo‘ladi-ku.
— E, balki, hech qanday pul-mul o‘g‘irlamagandir? — dedim.
— Unda bu yerda nima qilib yuribdi?
— Misol uchun, unda men ham yuribman-ku bu yerda.
— Siz ham balki qochib kelgandirsiz, men ne bilay?
— Hamma gap shunda, bilmaysiz,— dedim.
Bilishni ham istamayman. Mening nima ishim bor. Har kimning tashvishi o‘ziga yetarli. Boshqalarni bilmayman-u, lekin men ularning ishlariga burnimni tiqmoqchi emasman. Lekin ishonchim komilki, odam, ayniqsa, oq tanli odamning xudo biladi, nima bahonasi bo‘lishi mumkin… u… Hozir endi hech qanday bahonaning o‘zi ham qolmagan bo‘lsa kerak. Lekin oq tanli odam umrining qolgan-qutgan kunlarini o‘tkazish uchun bu yerga kelgan deb meni ishontirmay qo‘ya qoling.
— Nima, siz o‘g‘irlik — birdan bir sabab deb o‘ylaysizmi?
U menga nafratomuz va hatto ijirg‘anib qaradi.
— Mabodo, enaga kerak emasmi o‘zlariga? Odamlarni yaxshilab bilib olmaguningizcha enagasiz yurishingiz mumkin emas. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, har bir kimsa, hatto cherkovda hammadan ko‘ra balandroq ovozda ashula aytsa ham, agar qo‘lga tushmasligiga ishonsa, albatta, qo‘ymaydi, o‘marishga harakat qiladi. Siz shuni ham tushunmasangiz, yaxshisi, tezroq uyingizga jo‘nab qoling, oyijoningizning etagiga berkinib yoting.
Men ko‘chaning narigi betidagi Mijlstonni kuzatib o‘tirardim. U daraxtlar tagida chang-to‘zonda o‘ynayotgan bir to‘da qip-yalang‘och bolakaylar oldida turar, o‘zi juda aftodahol, kiyimlari to‘zigan, ustiga tik gazlamasidan xuddi qopdek osilib turgan yag‘ir shim ilgan edi.
— Nima bo‘lganda ham, — dedim men, — bu narsalarning bari uni sira tashvishga solmaydi chog‘i.
— Unimi? E biron nimadan tashvishlanish hatto yetti uxlab tushiga ham kirmaydi. Aqli yetmaydi bunga.
G‘oyat qashshoq va g‘oyat baxtiyor. Nihoyat, vaqti-soati yetib u bilan birga non va kofe baham ko‘rib, yaqindan tanishishga muyassar bo‘ldim. Yo‘q, undoq emas! Men haligi birinchi hamsuhbatimga o‘xshagan uning sho‘rpeshona vatandoshlari hayotda ko‘p ezilgan, to‘zgan, doim soch-soqollari o‘sib yuradigan, qachon qaramang, kafe va barlarni to‘ldirib o‘tirib, tishlari injuday oppoq, qoramag‘iz, nazokatli, o‘ychan yerli kishilar orasida shovqin-suron ko‘tarib, oq tanlilarning afzalligi, boshlariga tushgan turli nohaqlik va xafagarchiliklardan vag‘irlashib so‘zlashadigan kimsalardan andak holi qolishim bilan o‘zim uni birgalikda nonushta qilishga taklif qildim. Bunga uni bir amallab ko‘ndirdim. Mijlston belgilangan vaqtda keldi. Ustida o‘sha kir-chir shim, lekin bus-butun dazmollangan oq ko‘ylak kiygan edi. Va hatto soqollari ham qirtishlab olingandi. Mehmonim qadrini yerga urmay, yaltoqlanmay o‘tirdi. Finjonni qo‘liga olganda esa, uning barmoqdari qaltirayotganiga ko‘zim tushdi,— uni juda qiynalib og‘ziga olib bordi. Mening nazarimni payqab, birinchi marta menga boshini ko‘tarib qaradi. Shunda uning ko‘zlari naqadar qartayib qolganligini sezdim.
— Ikki kun bo‘ldi tuz totmaganimga, — dedi uzr so‘ragan kabi.
— Ikki kun deysizmi?
— Iqlim bu yerda issiq. Kun issiq bo‘lsa, odamga ko‘p narsa kerakmas. Och bo‘lsang, qushday yengil yurasan. Bu yerga dastlab kelgan paytlarim ovqat vajidan ancha qiynalganman. Lekin uyda deng, ovqat yeyishni jonimdan ham yaxshi ko‘rardim.
— Tushunarli,— dedim.
Uning shuncha yo‘q deyishiga qaramay go‘ngg keltirishlarini so‘radim. Etni oxirigacha — qoldirmay yedi.
— Buni qarangki,— dedi u.— Yigirma besh yildan beri bunchalik maza qilib ovqatlanmagan edim. Odamning yoshi o‘tib qolgandan keyin eski odatlardan qutulishi qiyin bo‘larkan. Ha, ser. Uydan chiqib ketganimdan beri bir marta ham tuzukroq ovqatlanmovdim.
— Endi uyga qaytib bormaysizmi? — so‘radim men.
— Menga shu yer ma’qul. Bu yerda yashash oson. Hech qanday tashvish yo‘q. Ertalabdan kechgacha nima qilsang, ixtiyoring o‘zingda (men oldin arxitektor qo‘lida chizmakashlik qilganman). Yo‘q, orqaga qaytib nima ham qildim.
U yuzimga qaradi. Chehrasi sergak va o‘ychan bo‘lib qoldi, bolalar biror sirni aytib bermoqchi yoki hikoya qilmoqchi bo‘lsalar, shunday qiyofaga kiradilar.
— Mening qayerda yotib yurishim xayolingizga ham kelmaydi.
— Rost aytasiz. O‘zingiz aytib bera qoling.
— Chordoqda yotaman. Hov anavi barning orqasida. Kompaniyaga qarashli uy. Boshqaruvchi mister Uidringtonning xotini missis Uidrington o‘sha yerda yotib yurishimga ijozat bergan. Baland, tinch joy, faqat kalamushlar yugurgilab yurishadi. Lekin birovning uyi bo‘lgandan keyin nima ham derding. Asli uy ham deb bo‘lmaydi. Uni kalamushxona deyavering… Ammo qizig‘i bunda ham emas.— U mendan ko‘zlarini uzmay turardi.— Buni hech qachon topolmaysiz.
— Hatto urinib ham ko‘rmayman,— dedim men.
U hamon mendan ko‘zini uzmasdi.
— Sizga hozir yotadigan to‘shagimni gapirib bermoqchiydim.
— To‘shak deysizmi? — qaytalab so‘radim men.
— Boya aytdim-ku, topolmaysiz deb.
— Nima ham qilardik,— dedim men.— Siz yutdingiz.
— Men bir o‘ram tolning ustida yotaman.
— Nima?
— Tol deyman.
Uning chehrasi ochiq, osuda, ovozida quvonch bilan bamaylixotir so‘ylar edi.
— Kechasi bo‘lganda, tolni yozib yotaman, ertalab yana o‘rab burchakka qo‘yaman. Uy ham saranjom deng. Yaxshi-a, to‘g‘rimi? Na choyshab kerak va na kir yuvish. Bu yerdan boshqa joyga ko‘chmoqchi bo‘lsang, o‘rinni taxlaysanu soyabonday ko‘ltig‘ingga qistirib jo‘nab qolasan, vassalom.
— Oilangiz bormi? — so‘radim men.
— Yo‘q.
— U yoqda, uyingizda-chi?
Mijlston juda xotirjam ko‘rinardi. O‘zini stol ustida bir narsalarni ko‘rayotganday qilib ham ko‘rsatmasdi. U bir zum o‘ylaxshb qolgan bo‘lsada, lekin ko‘zlarini xayol tumani qoplagani yo‘q.
— U yoqda, uyda xotinim bor. Unga bu yerning ob-havosi unchalar to‘g‘ri kelmasa ham kerak. Bu joyni u yoqtirmagan bo‘lardi. Lekin u yaxshi yashaydi. Men sug‘urta pulini doim o‘z vaqtida to‘lab turganman. Ancha pul o‘tkazganman — haftasiga yetmish besh dollar oladigan chizmakash shuncha ko‘p pul sug‘urtaga to‘lashi mumkinligiga ishonmagan bo‘lardingiz. Sug‘urtaning qandayligini bilganingizda toza hayron qolardingiz-da. Xotinim esa pulni tejab qolishga yordam berardi; u juda yaxshi xotin. Endi pullarning hammasi unga qoldi. Qandini ursin, u shunga arziydi. Undan keyin, menga pulning nima keragi bor deysiz?
— Uyga qaytish niyatingiz yo‘q ekan-da?
— Yo‘q,— dedi u.
U mendan ko‘zlarini uzmas, ko‘zlarida yana bir narsani bo‘yniga olishga tayyor turgan bolalarda bo‘ladigan g‘alati ifoda g‘iltillab ko‘rindi.
— Men bir ish qilib qo‘yganman. Tushundingizmi?
— Tushundim.
— Yo‘q! Siz o‘ylagandan ko‘ra butunlay boshqa narsa. Anovlar o‘ylab yurganidan ko‘ra ham boshqa. — U o‘z vatandoshlari tomonga imo qildi. — Umrim bino bo‘lib men pul o‘g‘irlagan emasman. Martaga ham doim shunday derdim,— Marta mening xotinim, missis Mijlston,— pulni shundog‘am ishlab topish qiyin emas, shunday bo‘lgach, boshingni xavf ostiga qo‘yishning nima hojati bor? Ishla, vassalom! Biz axir qiynalib yashayotganimiz yo‘q-ku, derdim unga. Albatta, bizdan ancha yaxshi turayotgan odamlar ham bor. Lekin har kimniki o‘ziga. Jo‘ja bo‘lib tug‘ilgan ekansan, baribir hech qachon burgut bo‘lib qolmaysan, oxiri tovuq bo‘lasan, xolos. Ana shunday derdim unga. Xotinim menga ko‘maklashardi, biz yaxshi yashardik. Sug‘urtamiz qandayligini sizga aytsam, siz ishonmagan bo‘lardingiz. Yo‘q, xotinim hech narsaga muhtoj bo‘lgani yo‘q. Nima deb o‘ylasangiz o‘ylang-u, lekin bu yog‘iga sira shak-shubha qilmang.
— Men ham hech narsadan shubhalanayotganim yo‘q,— dedim.
— Keyin men bir ish qilib qo‘ydim. Shunday, ser.
— Nima qilib qo‘ygan edingiz? Menga aytib berolmaysizmi?
— Bir ish qilib qo‘ydim. Shunday ishki, bundayi oddiy odamlarning boshlariga ahyon-ahyondagina tushishi mumkin.
— Har holda nima bo‘lgan edi?
U basharamga qaradi.
— Aytib berishdan qo‘rqmayman. Hech qachon qo‘rqqan emasman. Faqat anovlar,— u yana boshini qimirlatib nariroqda o‘tirgan yurtdoshlariga imo qildi,— baribir hech nimani tushunmagan bo‘lardilar. Ular gap nima ustida borayotganini bilmaydilar. Siz esa, boshqacha odamsiz. Siz tushunasiz.
U mendan ko‘zlarini uzmasdi.
— Men umrimda bir marta fan bo‘lganman.
— Kim?
— Fan. Esingizdami, eski kitoblarda hikoya qilinadi, ular qizil may ichishni yaxshi ko‘radilar. Rumo yoki Yunonning boy senatorlari esa ko‘ngil hushi uchun qadimgi uzumzorni va yoxud eskidan qolgan changalzorni buzib, o‘rniga chorbog‘ qurmoqchi bo‘lishadi, changalzor va eski tokzorlar esa xudoning suygan joyi bo‘ladi, boyvachchalar esa politsiyaning ko‘zidan uzoqroqda bo‘lishni yoqtiradilar, ammo eri bor xotinlar u yerlarda qip-yalang‘och bo‘lib dirkillab o‘ynoqlab yurishlari xudoga unchalik xush kelmaydi, ana shunda, o‘rmon xudosi… hah, oti nimaydi?
— Pan,— dedim men.
— Xuddi o‘zi. Pan. U haligindaqa odamlarni qo‘rqitish uchun g‘alati maxluqlarni yuborgan… yarim taka…
— E-e, favnlar,— dedim men.
— Xuddi o‘zi. Fanlar. Men bir marta ana shunday fan bo‘lganman. Meni bolalikdan xudojo‘y qilib tarbiyalashgan, og‘zimga bir tomchi ham olmaganman, chekmaganman, umidim borki, do‘zaxga ham tushmayman. Lekin, ana Injilda aytiladiki, bunday maxluqlarni to‘qib chiqarishgan, o‘zi yo‘q. Kim nima deb o‘ylashini bilmayman-u, lekin o‘zimga kelganda, gapning ochig‘i, buni to‘qima, bo‘lmag‘ur gap, deyolmayman. Men boshimdan shunday bir narsani kechirdimki, bunaqasi oddiy odamning peshonasiga har kuni ham tushavermaydi. Hayotimda bir marotaba men fan bo‘lganman.
II
Mijlston chizmakash bo‘lib ishlaydigan ustaxonada missis Van Dayming chorbog‘ining g‘aroyib loyihalarini muhokama qilishar, turli chizmalar va nusxalarini tayyorlashardi. Chorbog‘ tushadigan yerda o‘tloq va o‘rmon, janubiy yonbag‘rida esa tokzorlar bor edi. «Juda yaxshi joylar,— deyishardi ustaxonada,— lekin u yerda turish ularga baribir buyurmaydi».
— Nega endi? — deb so‘radim Mijlstondan.
— U yerda g‘aroyib ishlar bo‘lib turarkan. Misol uchun, ancha ilgari Yangi Angliyadan bir odam kelib bu yerlarda o‘rnashganligi, tokzorlarga yaxshilab qaraganligi haqida hikoya qilib berishgan edi, chamasi, uzum sotaman, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Balki murabbo va shinii pishirmoqchi bo‘lgandir, kim biladi. U yaxshi hosil yetishtirgan, lekin deng, hosilni yig‘ib ololmagan.
— Nima uchun?
— Oyog‘i singan. Uning yerlarida echkilar bilan bitta qari taka o‘tlab yurarkan. Ana shu takani tokzordan sira haydab chiqarolmas ekan. Nimalar qilib ko‘rmagan deysiz, lekin hech ilojini topolmagan. Keyin u uzum uzgani kirganda, taka uni suzib yiqitibdi, o‘shanda uning oyog‘i singan ekan. Ko‘klam chiqishi bilan ko‘chib ketib qolibdi.
Tag‘in bir italiyalik haqida aytib berishgan edi, u o‘rmonning narigi yog‘ida turgan ekan. U ham may solaman deb uzum yetishtirarkan. Avval ishlari rosa yurishibdi. Omadi chopib, mayi talash bo‘lib ketibdi. Shunda u mayga suv bilan spirt qo‘shadigan odat chiqaribdi, toza boyibdi. Oldin mayni ot aravada eltib sotib yuribdi. O‘rmon ichidan o‘zi yo‘l ham solgan ekan. Lekin puli ko‘paygandan keyin yuk mashina sotib olibdi. Keyin mayga yanayam ko‘proq suv va spirt qo‘shaveribdi, puli oldingisidan ham ko‘payib ketibdi. Shundan so‘ng avvalgisidan ham kattaroq mashina sotib olibdi. Bir kuni kechqurun uzum ortib kelayotsa, qattiq shamol turibdi-da, shundan keyin u qaytib kelmabdi. Xotini uni tong otganda topibdi. Mashina yo‘ldan ag‘darilib ketib, tagida qolib o‘lgan ekan.
— Bunga yerning nima daxli bor? — so‘radim.
— E, men eshitgan gaplarimni aytib beryapman-da. O‘sha yerning odamlari, hamma balo joyning o‘zida, deb o‘ylasharkan. To‘g‘ri, ular hammasi qishloqning johil va omi odamlari, balki shuning uchun ham, ajabmaski, shunday deb o‘ylab yurgan bo‘lsalar. Lekin o‘sha joyda ularning birontasi ham turishni istamas ekan, shuning uchun ham, mister Van Dayming yerni arzonginaga sotib olgan. Rafiqasi uchun olgan. Ermakka. Hali chizmalar ham tayyor bo‘lmasdan xotini bir poyezd odamni yerini ko‘rsatgani olib boribdi. U yerda esa hali hatto qorovulxona ham yo‘q edi, yo‘l ham tushmagan edi, hech narsa yo‘q, faqat o‘tloqda odam bo‘yi baravar maysa-o‘lanlar o‘sib yotar, adir yonbag‘rida esa tokzorlar chakalak bo‘lib ketgandi. Park-avenyuda turadigan boyvachchalarga xotin tushuntira ketibdi: mana bu yerda mehmonlar turadigan xuddi Kolizeyga o‘xshagan qo‘ra bo‘ladi, bu yerda esa, xuddi Akropolga o‘xshagan garaj quriladi: tokzorlarni boshdan-oyoq qo‘porib tashlayman, yonbag‘irlikda tepadan pastga qarab o‘rindikdar tushib keladi — ochiq teatr shu yerda bo‘ladi, teatrda biz o‘z pesalarimizni o‘ynaymiz. O‘tloq o‘rnida ko‘l bo‘ladi, ko‘lda motorli rim kemachasi suzadi, unda yostig‘u ko‘rpachalaru hammasi bo‘ladi, bemalol yotib aysh qilamiz.
— Mister Van Dayming nima dedi?
— Indamay turgan bo‘lsa kerak. Nomigagina er. Bir safar u xotiniga shunday deb qoldi: «Shoshma-chi, Metti…» Xotini esa ustaxonada to‘ppa-to‘g‘ri hammamizning oldimizda shartta eriga o‘tirilib qaradi-da, bobillab berdi: «Men senga Metti emasman!»
Mijlston indamay qoldi. Keyin yana tilga kirdi.
— Xotini Park-avenyuda tug‘ilgan aslzodalardan emasdi. Hatto uest-chesterlik ham emas. U Pokipsida tug‘ilgan. Qizlik chog‘ida uning ismi sharifi Lampkin edi. Ana endi o‘zingiz topib oling! U Van Dayminglar xonadoniga mansub olmosu javohirlarni taqib gazetaga suratga tushganida, surat tagiga missis Van Dayming bir paytlar Pokipsida yashagan miss Matilda Lampkinning xuddi o‘zi deb yozilmagan edi. Yo‘q, ser. Hatto gazetalar ham buni eslashga jur’at qilmagan edilar. Aftidan, mister Van Daymingni ham bunga yuragi betlamasdi, mabodo, ustaxonada bo‘lganidek, unda-munda tildan adashib qolmasa. O‘shanda ham xotini shartta betgachoparlik qilgandi: «Men senga Metti emasman!» Sho‘rlik eri turgan joyida qotib qoldi, tili tanglayiga yopishdi, o‘zi kichkinagina uvoq odam deng,— menga sizga o‘xshaydi deb aytishardi. A’lo navli sigarasini qo‘lqopiga asta-asta urganicha, yuzida yuz qolmagan, kulmoqchi bo‘lgan, lekin kulishini ham bilmagan bir alfozda turibdi deng.
Ular oldin uyni qurib bitkazishdi. Quling o‘rgilsin uy bo‘ldi o‘ziyam — Van Daymingning o‘zi loyihasini chizgan edi-da! Bu safar u boplab adabini bergan shekilli, xotiniga miq etolmadi. Metti-petti deb o‘tirmagan bo‘lsa kerak. Xotini ham, «Meni unday deb chaqirma, tilingni tiy!» deb aytishga yurak betlamagan shekilli. Balki u uy qurishdan boshqa ishlarga aralashmaslikka xotiniga so‘z bergandir. Uy chindan ham juda chiroyli chiqdi. U adirning tepasida o‘rmon chetida joylashgan edi. Uyning bir qismi og‘ochdan qurilgandi. Uy bu yerga shunchalar mos tushgan ediki, xuddi bir asrdan beri ana shu joyda turganga o‘xshardi. Yirik xari og‘ochlar bo‘lishi kerak bo‘lgan joylari yirik xarilardan, g‘isht bilan teriladigan yerlari tashib keltirilgan g‘ishtdan, ba’zi joylari esa taxta qoplamalik qilib qurilgan edi. Uy o‘z joyiga tushgandi. Ko‘zga tashlanib turmasdi. Mening nima demoqchi bo‘lganimni tushunyapsizmi?
— Tushunyapman. Aftidan, tushunyapman.
— Lekin Van Dayming boshqa hech narsaga mutlaqo aralashmadi, na xotini aytgan ko‘llarga va na Akropollarga.
U menga qattiq tikildi.
— Ba’zan men o‘ylab qolardimki…
— Nimani?
— Boya aytdim-ku, biz u bilan juda o‘xshash edik, bo‘yimiz ham bir…
U mendan ko‘zlarini uzmasdi.
— Shundan deng, nazarimda, biz u bilan yurakdan ochiqchasiga suhbatlashsak bo‘laveradigandek tuyulardi, garchi u a’lo kostyumlari, aktsiyalari, temir yo‘llari bo‘lgan Van Dayming, men esam, haftasiga yetmish besh dollar oladigan bruklinlik oddiy chizmakash, yoshi ham o‘tib qolgan bir odam edim. Shu deng, men istagan paytda unga yuragimdagi bor gaplarimni to‘kib solishim, u esa o‘z dard-hasratlarini men bilan o‘rtoqlashishi mumkinday tuyulardi. Shuning uchun ham men ba’zan o‘ylab qolardimki…
U menga sinovchan, qattiq razm solib qaradi.
— Erkaklar xotinlarga qaraganda farosatliroq bo‘ladilar. Ular nimaga burun suqmaslik kerakligini yaxshiroq bilishadi. Ular xudoga ishonadilarmi yo‘qmi, bundan qatiy nazar. Mayli, garchi umuman hech narsaga ishonmasalar ham.
U menga juda sinchiklab qarab o‘tirardi. Keyin xuddi birvarakay qat’iy bir qarorga kelgan kishiday, dedi:
— Sizga bularning hammasi ahmoqlik bo‘lib ko‘rinadi.
— E, nimalar deyapsiz. Aslo unday emas!
U menga sinchkovlanib qarab turardi. Keyin ko‘zlarini chetga burdi.
— Shunday ko‘rinadi. Faqat sizning vaqtingizni olyapman, xolos.
— Unday emas deyapman-ku. Chin so‘zim! Rostdan ham, bu voqeani juda eshitgim kelyapti. Dunyoda odamlar hamma narsani bilib bo‘ldilar, degan gapga ishonmayman.
U ko‘zlarini mendan uzmasdi.
— Dunyo hozirgiday bo‘lishi uchun million yil kerak bo‘ldi, deyishadi, deb davom etdim men.— Odam bolasi esa, yetmish yil ichida dunyoga kelib, qarib-chirib, omonatini ham topshirib ulguradi. U hammasiga jinday shubha bilan qaraydigan darajada. Axir qachon shuncha narsani bilib ulguradi deysiz?
— Rost,— dedi u,— to‘g‘ri narsani to‘g‘ri deyish kerak.
— Xo‘p, siz ba’zan nimalarni o‘ylar edingiz?
— O‘ylardimki, agar men bo‘lmaganimda, anovlar uni tanlagan bo‘lishardi. Xo‘sh, o‘sha Van Daymingni mening o‘rnimga tanlagan bo‘lishardi.
— Ular deysizmi?
Biz bir-birimizga juda jiddiy va juda xotirjam qarab turardik.
— Men Yangi Angliyalik yigitga takani va italiyalikka qarshi bo‘ron yuborganlarni aytyapman.
— E, shunday demaysizmi. Bundan chiqdi, ularning qo‘llariga siz tushib qolmaganingizda, ular mister Van Daymingni tanlar ekanlar-da. Siz ularga nega kerak bo‘lib qoldingiz?
— Ana shuni sizga hikoya qilib bermoqchiman-da. Bu ishga qanday duchor bo‘lganimni. Lekin meni tanlaganlaridan mutlaqo xabarim yo‘q edi. Buning ustiga meni oddiy odamlar qismatiga kamdan-kam tushadigan ishga tanlashgan ekan. Hammasi mister Karter (arxitektor, mening boshlig‘im) Van Dayming xonimdan ishni tezlatish haqida buyruq olgandan keyin boshlandi. Men boya aytib berdim shekilli, uyni qurishgani va turli-tuman mehmonlar kelib, endi har turli Kolizeylaru Akropollarni qanday qurayotganlarini tomosha qilishganlarini. Ana shunda biz ham buyruq oldik. Xonim tepa yonbag‘rida uzumzor o‘rnida quriladigan ochiq teatrning eskizlarini tezroq tayyorlab berishni talab qilardi. Mehmonlar Akropollar va Kolizeylarni qanday qurishayotganini bemalol o‘tirib tomosha qilishsin, deb o‘ylagan shekilli. Xonim shu maqsadda toklarni ham qo‘portira boshlagandi. Shundan keyin mister Karter chizmalarning nusxalarini papkaga soldi-da, ikki kunga chiqib keling deb, meni jo‘natib yubordi.
— O‘sha joy qayerdaydi o‘zi?
— Bilmayman. Uzoqda, tog‘lar ichida. O‘sha tog‘larda odamlar juda siyrak yashashadi. U yerda havo ko‘m-ko‘k moviy, salqin, shamol esib turadi. Qarag‘aylar shamolda guvillaydi, xuddi arg‘anun chalgan kabi, lekin, albatta, arg‘anun saslariday sozlangan emas. Sozlanmagan ko‘yi guvillashardi o‘sha qarag‘aylar. Lekin ana shu yerning aniq qayerdaligini rosti, bilmayman. Mister Karterning o‘zi chipta oldirgan va bekatda sizni odam kutib oladi degandi.
Albatta, men darrov Martaga qo‘ng‘iroq qildim, uyga tayyorgarlik ko‘rgani jo‘nadim. Kelsam, ko‘chalik kostyumlarim yaxshilab dazmollangan, tuflilarim yaraqlaydi deng. Lekin bularning uncha hojati ham yo‘q edi, qiladigan ishim nusxalarni berishu qaytish. Lekin Marta, u yerda qanday odamlar yig‘ilishini o‘zing aytgan eding-ku, dedi. «Shunday borsang, ulardan sira ham qolishmaysan,— dedi u menga.— Mayli, ular boy-badavlat bo‘lsinlar, ularni gazetalarda yozishsin. Lekin sening ulardan kam joying yo‘q». Ko‘rkam kostyumda, papkani qo‘ltig‘imga qistirib poyezdga o‘tirayotganimda uning menga aytgan oxirgi so‘zlari shular edi: «Ularni gazetalarda yozishsa ham, baribir, sening ulardan qolishadigan joying yo‘q». Ana shundan hammasi boshlandi.
— Nima boshlandi? Sayohatingizmi?
— Yo‘g‘-ey. Anov. Poyezd ancha yo‘l bosib qo‘ydi. Atrof keta ketguncha dalalar. Men o‘shanda tanlab olinganimni yetti uxlab xayolimga ham keltirmagandim. Vagonda shundoq o‘tiribman deng, papka ezilmasin deb, tizzamga qo‘yib olganman. Hatto muz solingan suv ichib kelayin deb, o‘rnimdan turganimda ham, men tanlab qo‘yilganligimni bilmasdim. Papkani ham qo‘limdan qo‘ymay, muzday suvni qog‘oz stakanchadan ichib turibman deng. Oynaga qarayman, tomosha qilaman. Yo‘l yoqalab oppoq devor uzundan-uzoq cho‘zilib ketgan, ularning narigi yog‘ida mollar o‘tlamoqda. Poyezd shitob bilan yelib borardi, bularning qanday mollar ekanligini ham bilolmay qoldim.
Men yana bir stakan quyib, ho‘playapman, yo‘l yoqasiga tikilaman, sigirlarga qarayman, birdan oyoq ostim qattiq silkinib ketdi. Yo‘l yoqasi, devorlar charxpalak bo‘lib suza boshladi. Ana shunda men uni ko‘rdim. Ko‘rishim bilan go‘yo boshimda bir narsa portlaganday bo‘ldi. Bilasizmi, nimani ko‘rdim?
U mendan ko‘zlarini uzmasdi.
— Bashara! Devor osha havoda muallaq osilib turibdi-yu, menga tikiladi. Odamzod basharasiga o‘xshamaydi, nega desangiz, shoxi bor, lekin taka shoxi emas, ammo soqoli ham bor deng. U menga tikilib qaraydi, og‘zi katta ochilgan, xuddi hozir menga bir nima deydiganday. Ana shunda kallamda bir narsa portlab ketganday bo‘ldi.
— Keyin-chi? Keyin nima bo‘ldi?
— Mening gaplarimni eshityapsiz-u, ichingizda o‘ylayotgan bo‘lsangiz kerak: «Devorning orqasida takani ko‘ribdi» deb. Bilaman. Men ham sizdan ishoning deb so‘raganim yo‘q. Birov ishonadimi bunga, ishonmaydimi, yigirma besh yildan beri bu meni sira qiziqtirmaydi. Sadqayi sar. Ana shunisi muhim.
— Albatta,— dedim men.— Har holda undan keyin nima bo‘ldi?
— Keyin ko‘zimni ochsam, yerda yotibman, yuzim jiqqa ho‘l, og‘zim, tomog‘imga xuddi o‘t tushgandek. Allaqanday bir kimsa og‘zimga shisha tutib turibdi (kuzatuvchilardan tashqari ular yana ikki kishi edi). Men desangiz, o‘rnimdan turib o‘tirmoqchi bo‘laman. «Bu shishadagi viski ekan», deyman. «Qo‘ying-e, og‘ayni, nima deyapsiz,— deydi anavi kimsa, sizga o‘xshagan odamga viski berib bo‘ladimi! Basharangizga bir qarashda onadan tug‘ilib og‘zingizga bir tomchi olmaganligingizni aniq aytib berish mumkin. To‘g‘rimi?» Men uning gapini tasdiqladim. «Albatta hech ichmagansiz. Ha.— deydi u,— ko‘rinishdan uncha baquvvatga ham o‘xshamaysiz: burilishda bir silkingan edi, darrov ag‘anab tushdingiz. Boshingizni qattiq urib olgan ko‘rinasiz. Hozir qanday, sal tuzuk bo‘lib qoldimi? Qani-chi, yana bir ho‘plab yuboring, bir oz tetik tortasiz».— «Menimcha, bu viskiga o‘xshaydi», deyman yana men…
— Rostdanam viskimidi?
— Bilmayman. Esimdan chiqqan. O‘shanda bilgan bo‘lsam kerak, yana bir marotaba ho‘plaganimdan keyin. Lekin buning hech ahamiyati yo‘q. Anov busiz ham o‘z ishini boshlab yuborgan edi.
— Viskimi?
— Yo‘q, Anovi. Viskidan ham kuchliroq bo‘lgan anovi. Men emas, xuddi o‘sha anovi shisha og‘zidan aroq tortayotganday edi. Boyagi kishi ham shishani yoruqqa solib ko‘rdi-da: «Haqiqatan ham, viski emas, suvday tortasiz-a,— dedi.— Hechqisi yo‘q, nimaligini keyin bilib olasiz».
Keyin oxiri poyezd men tushadigan bekatga kelib to‘xtadi, bu yerda hamma narsa moviy ekan — osmon ham ko‘k, tog‘lar ham moviy. Meni arava kutib turgan ekan: boyagi ikki kishi vagondan tushishimga ko‘maklashib yuborishdi, papkamni qo‘limga tutqazishdi, men bo‘lsam, qaqqayib turgancha: «Qani hayda!» deyman. Qarang-a, «Qani hayda!» debman, haligi ikki kishi menga xuddi sizga o‘xshab qarab qolishdi.
— Angrayib qolishdimi?
— Ha. Ishonmasangiz, ishonmang. Men faqat ulardan iltimos qildim, to‘xtab turinglar, men sibizg‘a sotib olay…
— Sibizg‘a?
— O‘sha yerda do‘koncha bor ekan. Do‘konchayu stantsiya-yu va yana tog‘lar deng, aravaning tagida xira tussiz tuproq va tag‘in ko‘kimtir sovuq, lekin quyosh yo‘q edi. Keyin biz…
— Sibizg‘a nima bo‘ldi? — so‘radim men.
— Sotib oldim, do‘konchadan oldim… tunukadan ishlangan, teshikchalari ham bor. Qanday chalishga hech aqlim yetmasa bo‘ladimi deng. Shunda deng, palkani arava ichiga qarab uloqtirdim-u: «Qani hayda!» dedim. Ha-ha, xuddi shunday dedim. Boyagi ikki kishining bittasi papkani aravadan olib, qo‘limga tutqazdi denp «Hey, og‘ayni, buning ichida qimmatli hech narsa yo‘qmi?» Men papkani olib yana arava ichiga itqitaman-da: «Hayda!» deb qichqiraman.
Biz hammamiz aravaning o‘rindig‘ida o‘tiribmiz, men o‘rtadaman. Ashulani baland qo‘yib ketyapmiz. Sovuq edi, biz esa daryo bo‘ylab ketyapmizu ashula aytamiz deng, keyin tegirmon oldiga kelib to‘xtadik. Boyagi kishilarning biri u yerga kirib ketdi, men bo‘lsam yechina boshladim…
— Yechina boshladingiz?
— Ha-da, ustimdagi po‘rim kostyumni yechdim. Yechib indamay-sindamay to‘g‘ri chang ko‘chaga qarab otdim.
— Sovuq emasmidi?
— Sovuq. Sovuq ham gapmi. Yechinganimdan keyin darrov bilindi. Keyin boyagi biri ko‘za ko‘tarib keldi, keyin hammamiz ichdik…
— Ko‘zadagi nima edi?
— Bilmasam. Esimda bo‘lsaykan. Lekin, aftidan, viski emasdi, yo‘q. Xuddi suvga o‘xshagan tussiz narsa edi.
— Hididan bilib bo‘lmasmidi?
— Men hid bilmayman. Shifokorlar hid bilmaydiganlarni nima deb atashlarini ham bilmayman. Ba’zi bir hidlarni bolaligimdanoq ajrata olmasdim. Aytishlaricha, men yigirma besh yil shuning uchun ham bu yerda chidab yashab yurgan emishman.
Shunday qilib deng, ichib olganimizdan keyin men ko‘prik panjarasi oldiga bordim. Sakrashdan oldin suvda o‘z aksimni ko‘rdim. O‘shanda bildim — hamma narsa ro‘y berib bo‘lganligini. Tanam odamlarning tanalariga o‘xshardi. Basharam esa xuddi poyezdda ketayotganimda boshim portlaganda qanday bo‘lsa, xuddi o‘shanday — shox o‘sib chiqqan, soqolim osilgan edi.
Men aravaga qaytib keldim, biz yana ko‘zachadan tortdik va ashulani vang qilib qo‘ydik, ular ko‘ylak, shimlaringizni kiyib oling deb iltimos qilishdi. So‘ng biz yo‘lga tushdik. Ashulani baland qo‘yib ketyapmiz.
Ro‘paramda uy ko‘rindi, men aravadan tushdim. «Yaxshisi, bu yerda tushma,— deyishdi haligi ikkovi.— Bu yer qo‘ra, ular ho‘kiz boqishadi zanjirda». Lekin men baribir tushdim, qo‘limda deng, kostyum, nimcha, papka, tunuka sibizg‘a deng.
III
Mijlston indamay qoldi. Keyin menga juda jiddiy va juda xotirjam ko‘z tashladi.
— Xo‘sh,— dedim men.— Undan keyin nima bo‘ldi?
— Men sizga ishonmasangiz ishonmang dedim-ku. To‘g‘rimi? U qo‘lini qo‘ltig‘iga tiqdi.— Bunaqa gapga ishonib bo‘ladimi. Lekin siz jon-jon deb quloq soldingiz, shuning uchun sizga hozir bir narsani ko‘rsataman.
U qo‘ynidan dag‘al hamyon chiqardi. Hamyon haddan tashqari beo‘xshov qilib tikilgan, eskirib ketganidan chirk boylagandi. U hamyonni ochdi. Lekin ichidagini olmasdan oldin yana menga qaradi.
— Siz hech rioya qila olasizmi?
— Rioya deysizmi?
— Xuddi shunday. Odamlar buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman deb so‘ylay boshlaganlarida. Axir, ikkita odam bitta narsani butunlay boshqacha-boshqacha ko‘rishlari mumkin. Hatto bitta odamning o‘zi turlicha ko‘rishi mumkin — hammasi qayerdan qanday qarashga bog‘liq.
— Tushunarli,— dedim men.— Rioya. Ha, albatta.
U hamyondan buklangan gazeta qiytig‘ini chiqardi. Gazeta parchasi allaqachonlar sarg‘ayib ketgan, buklanib siyqalangan chetlari kir mato bilan yelimlab qo‘yilgandi. Mijlston ehtiyotkorlik bilan shoshilmasdan qiyqimni ochdi-da, mening oldimga yozib qo‘ydi.
— Faqat qo‘lingizga olmang,— dedi.— U juda eskirib ketgan,— menda esa boshqa nusxasi yo‘q.
Men gazeta parchasiga ko‘z tashladim — harflarning rangi o‘chgan, qog‘ozi yeyilib ketgan, yigirma besh yil burun chiqqan…
VIRGINIYa TOG‘LARIDAGI SAVDOYI KIBOR XONIMGA UNING O‘Z BOG‘IDA BO‘LGAN HUJUM
Nyu-Yorklik missis Karlton Van Dayming o‘z chorbog‘ida yarim yalang‘och telba va quturgan buqa hujumiga uchradi. Jinni g‘oyib bo‘ldi. Missis Van Dayming og‘ir ahvolda. Shundan keyin suratlar, o‘sha joyning xaritasi berilgan, missis Van Dayming Nyu-Yorkdagi me’mori oldidan vakil kelishini kutayotgani va tushlik chog‘ida shu odamning qo‘lidan chizmalarni olish uchun chiqqani hikoya qilingan edi. Hikoya missis Van Dayming tilidan yozilgan edi:
«Men kutubxonaga bordim, shahardan kelgan vakilni shu yerga olib kiringlar deb aytib qo‘ygandim, lekin kutubxonada hech zog‘ yo‘q edi. Men xizmatkorni chaqiraymikin dedim-da, yana balki vakil darvoza oldida turgandir, o‘zim chiqib qaray qolay dedim, bu yerning odamlari to uy egalarining biri chiqmaguncha, ostona hatlab ichkari kirmaydi. Men darvozaga qarab yurdim. Lekin u yerda ham hech kim yo‘q edi.
Tashqariga chiqib qaradim. Eshik oldi yorug‘ bo‘lsa ham, men avval hech narsani ko‘rmadim. Men uyga qaytib kirib ketmoqchi bo‘ldim, lekin xizmatkor arava stantsiyadan keldi deb aniq aytgani uchun, vakil eski tokzorlar qo‘porilib, teatr uchun joy ochilayotgan yerga o‘tgandir deb o‘yladim. Tog‘ yonbag‘riga yaqinlashib qolganimda nimadandir orqamga o‘girilib qarashga majbur bo‘ldim. Men bilan yop-yorug‘ darvoza o‘rtasida allaqanday bir odam bir oyog‘ida hakkalab shimini yechishga urinardi. Yuragim orqamga tortib ketdi.
Men erimni yordamga chaqira boshladim. Qichqirganimni bilaman, haligi odam shimini shartta yechib menga tashlandi, uning bir qo‘lida qandaydir yapasqi narsa, ikkinchi qo‘lida pichoq bor edi (darvoza oldidagi chiroqning shu’lasida pichoqning uzun uchi vahimali yaltirab ketdi). Men o‘rmonga qarab qochdim.
Qayerga qochib borayotganimni o‘zim ham bilmasdim. Kuchim boricha chopayotganimni bilaman, xolos. Keyin men eski tokzordan chiqib qoldim, buni qarangki, men uydan tamomila teskari tomonga qarab qochgan ekanman. Haligi odam orqamdan quvib kelardi, birdan kutilmaganda, u g‘alati tovushlar chiqara boshladi — xuddi yosh bola sibizg‘a chalayotgandek edi. Lekin men tezda bu tovush og‘ziga tishlab olgan pichoq orasidan chiqayotganligini fahmladim.
Birdan meni allanima quvlab yetdi va butalarni dahshatli ravishda patirlatib yonimdan g‘uvillab o‘tib ketdi. U shundoq yonginamdan o‘tganligi uchun vahimali maxluqning cho‘g‘ bo‘lib yongan ko‘zlari va shoxlariga ko‘zim tushdi. Shunda iye, bu Karlton Van Daymingning nasldor bo‘rdoqi buqasi-ku, deb tanidim, buqa shunchalar dahshatli ediki, Van Dayming uni zanjirda saqlardi. Buqa yechilib ketgan edi. U yonimdan uchib o‘tib, nariga shataloqlab ketdi, men endi u tomonga qocholmasdim, orqaga qaytay desam, yo‘limni haligi jinni pichog‘i bilan to‘sib olgan. Men nima qilishimni bilmay qoldim» qo‘rqqanimdan daraxtga suyanib olgancha yordamga chaqira boshladim…»
— Ho‘kiz qanday qilib yechilib ketgan ekan?— so‘radim men.
Men o‘qirkanman, u xuddi maktab muallimi uning inshosini tekshirayotganday mendan ko‘zlarini uzmasdi.
Men bolaligimdan politsiya gazetasini sotardim, shuning evaziga har turli mukofotlar berishardi. Menga ajoyib bir asbob tegdi, u bilan istagan qulfingizni ochish mumkin edi. Men uni cho‘ntagimda xuddi tumordek olib yuraman, lekin sira ishlatmayman. O‘sha kecha shu asbob ham yonimda edi.
U stol va gazetaga qaradi.
— Axir odamlar o‘zlari ko‘rgan narsalarni hikoya qiladilar, bo‘lgan bo‘lmaganligi — bu boshqa gap. Ular qandoq ishongan bo‘lsalar, siz ham shunday ishonavering. Lekin bu gazetada u chopish oson bo‘lsin deb, tuflisini yechib tashlagani, men tufliga qoqilib yiqilib tushay deganim, u chopib borarkan, ichida bir narsa xuddi yuk tashuvchi otday g‘o‘rt-g‘o‘rt qilgani va u qadamini sekinlata boshlaganda, men sibizg‘aga zo‘r berganim va u yana tiraqaylab qochgani haqida yozilmagan.
Men orqada qolib keta boshladim. Qo‘limda papka, bir qo‘limda sibizg‘a, hech unga yetib ololmasdim. Mashqim pastligi va buning ustiga ko‘p yugurganligim bilindi. Keyin men papkani itqitib yubordim-u u turgan joyga chopib keldim, haligi buqa unga tegmaydi-yu, atrofida gir aylanib chopgani-chopgan deng — dahshatli shovqin-to‘polon deng yana. U bo‘lsa orqasi bilan daraxtga tiranib olgancha, xuddi birovni uyg‘otib yuborishdan cho‘chiganday: «Karlton, Karlton» deb pichirlagani-pichirlagan.
Gazetada bu yog‘i shunday hikoya qilinardi:
«…Men daraxtga yopishgancha turibman, buqa ana-mana deguncha meni ko‘rib qolishi mumkin. Shuning uchun men ovozimni chiqarmay qo‘ydim. Ammo shunda anovi odam yonimga keldi, birinchi marta uni yaqindan ko‘rdim. Oldimga kelgach, qandaydir bir zum ichida men ham dahshatga tushib, ham quvonib, o‘yladim: mister Van Dayming! «Karlton!» deb chaqirdim.
Javob yo‘q. U engashgan edi yana uning pichog‘ini ko‘rdim. «Karlton!» deb qichqirdim men. U esa g‘o‘ldiraydi: «Oh qurib ketsin, hech bo‘lmayapti»,— u shunday deb yomon pichog‘ini nimadir qilmoqchi bo‘laveradi.
«Karlton! — qichqirdim men.— Jinni bo‘libsan!»
U boshini ko‘tardi. Men u erim emasligini ko‘rdim, ham telba, savdoyi, ham buqa ta’qibiga duchor bo‘lganligimni tushundim. Shunda u yana pichog‘ini og‘ziga olib bordi va unga qarab uflay boshladi, qo‘rqinchli, chinqiroq ovoz eshitildi. Men hushimdan ketdim».
IV
Ana shu xolos. Gazetada bundan tashqari telbaning beiz g‘oyib bo‘lgani, missis Van Dayming shifokor nazoratida davolanayotgani, uni barcha mehmonlar hamda mol-mulk bilan birgalikda Nyu-Yorkka qaytarib olib kelish uchun maxsus poyezd buyurilgani xabar qilingan edi: mister Van Dayming esa muxbirlarga qisqagina aytgan so‘zida chorbog‘ni qurishdan voz kechgani, uni sotib yuborajagini bildirgan edi.
Men gazeta parchasini xuddi Mijlstonning o‘ziday g‘oyatda ehtiyotkorlik bilan buklab qo‘ydim.
— Demak, bor gap shumi?— dedim.
— Ha, shu. Ertasiga ertalab kun yorishganda o‘rmonda uyg‘onib ketdim. Kayerdaligimni ham, qanday qilib uxlab qolganligimni darrov eslolmadim. Nima qilib qo‘yganligimni ham bilmasdim. Buning nimasiga hayron qolasiz! Lekin, har qalay, odamning umridan bir kuni yo‘qoladiyu buni bilmasligi mumkinmi. Nima deb o‘ylaysiz?
— Ha,— dedim men,— gapingiz to‘g‘ri bo‘lsa kerak.
— Meni ko‘plar gunohga botgan banda deb bilishadi, lekin xudoning nazarida unday emasligimga aqlim yetadi. Ba’zi odamlar xudoning ishlarini xudoning o‘zidan ko‘proq bilaman deb o‘ylashadi, lekin ular nimalar deyishmasin, hatto har qanday insu jinslar va hatto iblisning o‘zi ham xudoning ko‘z o‘ngida ular aytganchalik gunohkor emaslar. Nima deysiz?
Hamyon stolda ochiq holda yotardi. Lekin Mijlston gazetani hanuz olib qo‘ygani yo‘q.
Nihoyat u ko‘zlarini bir chetga olib qochdi va chehrasida yana bolalarcha tortinchoq bir ifoda paydo bo‘ldi. U hamyonga qo‘lini soldi-da, xuddi oldingidek, darrov ola qolmadi.
— Holbuki, bu hali hammasi emas,— dedi u qo‘lini hanuz hamyondan olmasdan, ko‘zlarini yerga tikkancha: mo‘ylari siyrak ko‘rimsiz yuzi ma’sum va osuda edi.
Bolaligimda juda ko‘p o‘qirdim. Siz-chi? Siz ko‘p o‘qiysizmi?
— Ha, oz emas.
Lekin u mening gapimni eshitmasdi.
Men qaroqchilar, kovboylar haqida kitoblar o‘qir va o‘zimni ularning eng zo‘r boshlig‘i deb tasavvur qilardim, vaholanki, men-ku o‘zim okeanni ham faqat Koni-Aylendda, daraxtlarni esa Vashington-skverda ko‘rganman. Lekin men xuddi har bir yosh bola kabi o‘qir va ishonardimki, hamon men yorug‘ dunyoga kelgan ekanman, hayot meni kamsitib qo‘ymaydi va o‘shanda… O‘shanda ertalab kiyingani uyga borsam, Marta menga aytadi deng: «Van Dayminglarni gazetalarda yozishsa ham, sening ulardan hech qolishadigan joying yo‘q. Gazetalarda yozishga arziydigan odamlarning hamma-hammasini na Park-avenyu va na butun Bruklinga sig‘dirib bo‘ladi». Ana shunday dedi.
U qo‘lini hamyondan oldi. Qo‘lida kichkinagina rangi o‘chib sarg‘ayib ketgan gazeta qiyqimi bor edi: qiyqimni u menga berdi.
SIRLI YO‘QOLISh JINOYaT BO‘LIShI HAM MUMKIN
Nyu-yorklik me’mor Uilfred Miglston millionerning chorbog‘ida g‘oyib bo‘ldi.
POLISIYa VA KO‘NGILLILAR VIRGINIYa TOG‘LARIDA JINNI TOMONIDAN O‘LDIRILGAN DEB TAXMIN QILINAYoTGAN ME’MORNING JASADINI QIDIRMOQDALAR
Missis Van Daymingga bo‘lgan g‘alati hujum bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.
ERLI KIShILAR TAHLIKADA …
Virginiya shtati, 8 aprel…
6 aprel kuni mister Karlton Van Dayming chorbog‘iga olib boradigan yo‘lda Nyu-Yorklik me’mor Uilfred Miglston sirli ravishda g‘oyib bo‘ldi. Yoshi 56 da. Uning qo‘lida noyob chizmalar bor edi, chizmalar bugun ertalab Van Dayming yerlaridan topildi, shunday qilib birinchi ashyoviy dalil qo‘lga kiritildi. Politsiya boshlig‘i Elmer Xarris o‘zi bu ish bilan shug‘ullanmoqda: hozir u Nyu-Yorkdan keladigan bir qancha izquvarlarni kutmoqda. Kriminalistlar yordamida u jinoyatni tezlikda taftish qilishni va’da qilmoqda.
UNING HAYoTIDAGI ENG MUShKUL ISh
«Odam yo‘qolishining sabablarini ochsam, — deb aytdi Xarris,— missis Van Daymingga o‘sha kuni yuz bergan hujum ham ma’lum bo‘ladi:
Mijlstonning xotini qoldi, missis Marta Miglston, uning yashash joyi — Bruklin, ko‘cha…
U mening yuzimga tikilib turardi.
— Lekin mana shu ishlarning hammasida bitta xatolik ham ro‘y bergan — dedi u.
— Ha, deb javob berdim men, — sizning ismi-sharifingizni noto‘g‘ri yozishibdi.
— Men buni ko‘rmasangiz kerak deb o‘ylovdim. Lekin gap bundamas.
U qo‘lida yana bir gazeta parchasini ushlab turdi-da, so‘ng menga uzatdi. Bu ham oldingi parchalarga o‘xshar, ularday sarg‘ayib, o‘chgan edi. Siyohi qurigan qator bir tekis harflarga tikilarkanman, odamlarning avvalgi qilmish-qidirmishlari, hirsu xaroslari rangsiz bo‘z tuproq uzra loaqal bir iz ham qoldirmasdan, xuddi eski elakdan o‘tib ketganday g‘oyib bo‘lganligini o‘ylardim.
— Mana, o‘qib ko‘ring. Faqat men boshqa xatolik haqida o‘ylar edim. Lekin u paytlar kim bilibdi deysiz?..
Men o‘qir, uning so‘zlari qulog‘imga elas-elas chalinardi. Bu qidirish haqida e’lonlar beriladigan joyda bosilgan xat edi.
Yangi Orlean, Luiziana,
10 aprel…
«Nyu-York tayms» gazetasining bosh muharririga,
Hurmatli ser!
Gazetangizning 8 aprel sonida bir odamning ismi sharifi noto‘g‘ri yozilgan. Uning ismi sharifi Miglston emas, Mijlston. Har bir amerikalik oila uchun matbuot yaxshilik va yoki kulfat keltirishi mumkin, magarkim, siz gazetaning joylarda va poytaxtda chiqadigan sonlariga tuzatish bersangiz, boshim osmonga yetgan bo‘lurdi. Matbuot — juda zo‘r kuch va siz har kuni gazetalarda chiqib yurmaydigan odamlarning ham ismi shariflarini noto‘g‘ri yozishga sira haqqingiz yo‘q, o‘sha odamlar boshqalardan sira qolishmaydilar.
Oldindan minnatdorchiligimni bildiraman.
Salom bilan
Oshna.
— Tushunarli,— dedim men.— Siz uni tuzatgansiz.
— Ha. Lekin xato butunlay boshqa narsada. «Nyu-York tayms»ga xatni men xotinimni deb yubordim. Ne qilsa-da, ayol kishi, bilasiz-ku. Unga nomi buzib yozilganidan ko‘ra umuman gazetada ismi-sharifini ko‘rmaslik afzal.
— Unga-ya?
— Mening xotinimga deyman, Martaga. Faqat bilmadim, u men yuborganlarimni oldimi-yo‘qmi. Mana, xuddi mana shunda xato bo‘ldi.
— Men unchalik tushunolmayapman. Balki o‘zingiz tushuntirib berarsiz?
— Tushuntirayapman-ku, axir. Haligi yo‘qolish haqidagi xabar chiqqan gazetadan ikkita bor edi menda, lekin men xatimni bosib chiqarishlarini kutdim. Keyii ularni bitta qilib o‘radim-da, konvertga solib, uning nomiga jo‘natdim. «Oshna» deb yozib qo‘ydim. Ammo u konvertni oldimi-yo‘qmi, bilolmadim. Ana sizga xato.
— Xato?
— Xuddi o‘zi. Xotinim boshqa joyga ko‘chgan edi. Unga sug‘urta pulini to‘lashlari bilanoq u Park-avenyuga ko‘chib o‘tgan. Men bu yerga kelganimdan so‘ng buni gazetadan o‘qib bildim. Gazetada missis Marta Mijlston Beshinchi avenyudagi «Meyson Peyot» firmasida ishlaydigan yosh bir yigitga turmushga chiqqanligi haqida xabar berilgan edi. Biroq qachon ko‘chib o‘tganligi u yerda aytilmagan. Shuning uchun olganmi, olmaganmi, bilolmadim.
— Tushunarli,— dedim men.
U gazeta qiyqimlarini dag‘al matodan tikilgan hamyoniga yaxshilab joylashtirdi.
— Shunday, ser. Xotinlar o‘z nomi bilan xotinlar. Ayrim hollarda ularni erkalab qo‘yish kerak. Ular shunga arziydilar, axir, ularning turmushlari juda ham shirin emas. Gazetaga xatni o‘zim uchun yuborganim yo‘q. Menga baribir emasmi ismi-sharifimni qanday yozishgani? Oddiy odamning chekiga kamdan-kam tushadigan narsani ko‘rish nasib etgan kishining ism bilan nima ishi bor deysiz?
Ibrohim G‘afurov tarjimasi