1. KATILINAGA QARShI SENATDA SO‘ZLANGAN BIRINChI NUTQ
I.(1) Katilina, menga ayt, qachongacha bizning sabr-toqatimizni suiiste’mol qilasan? Esidan og‘gan odam bilan ushbu xavfli o‘yin yana qancha davom etishi mumkin? Sening kekkayishingning qachonlardir chegarasi bo‘ladimi? Palatinning tunlari qo‘riqlanishi ham, soqchilarning nazorati ham, — yana qayerda? Shaharda! — xalqning xavfsirashi ham, barcha yaxshi fuqarolarning xavotirlanishlari ham, bu safar senat majlisining qattiq qo‘riqlangan joyda o‘tkazilishi ham, — nihoyat, bu yuzlar, bu ko‘zlar ham ko‘rinib turibdiki, sen uchun hech narsa emasga o‘xshaydi! Yoki sen o‘z niyatlaringning fosh bo‘lganligini sezmayapsanmi, sening fitnang haqida hamma bilishini va qo‘l-oyog‘ing zanjirband ekanligini ko‘rmayapsanmi? Kecha, undan oldingi tunda nima qilding, qayerda eding, kimlarni yig‘ding, qanday qarorga kelding, — bular bizning birontamizga noma’lum deb o‘ylaysanmi?
(2). Zamon shunday! Bizning xulqimiz shunday! Senat hamma narsani tushunadi, konsul hamma narsani ko‘rib turibdi, bu odam esa hali ham yashamoqda va hayot! Yashamoqda? Koshki faqat shuning o‘zi bo‘lsa. Yo‘q, u senatga keladi, umumdavlat kengashlarining qatnashchisi bo‘ladi va yana bizlarning har birimizni ko‘zlari bilan avrash, sehrlashni ko‘ngliga tugib qo‘yadi. Biz-chi? Davlat suyanchig‘i bo‘lgan bizlar nima qilmoqdamiz? Respublika oldidagi burchimizni biz uning quturgan xurujlaridan qutulishdagina deb o‘ylaymizmi? Yo‘q, Katilina, konsullik buyrug‘i bilan allaqachon seni o‘ldirish, sen o‘zing bizga tayyorlagan ofatni faqat sening o‘zingga qaratish kerak.
(3). Darhaqiqat, buyuk pontifik, muhtaram Publiy Stsipion respublika asoslarini faqat salgina qimirlatib qo‘ygan Tiberiy Grakxni o‘ldirgan edi-ku, — aytish kerakki, Stsipion o‘shanda xususiy bir shaxs edi, xolos. Hozir Katilina butun yer yuzini qirg‘in va yong‘inlar bilan barbod qilmoqchi bo‘lsa ham, biz konsullik hokimiyatiga ega bo‘laturib bo‘yin egib, chidab tursak! Men qadimgiroq misollar, Gay Serviliy Agalaning o‘z qo‘li bilan yangi tartiblarni xohlab qolgan Spuriy Meliyni o‘ldirganligi haqida aytib o‘tirmadim. Irodali, qat’iy odam ashaddiy dushmanni qanday qattiqqo‘llik bilan bartaraf etsa, unga xavfli fuqaroni ham shundayin bartaraf etishga imkon beradigan mardlik bu respublikada qachonlardir bo‘lgan, ha, bo‘lgan edi. Katilina kuch va og‘irligi bilan senga qarshi yo‘naltirilgan senat qarori bizda ham bor; senatorlar toifasiga dadillik va qudrat, jur’at yetishmaydi, deb bo‘lmaydi — gap bizda, konsullarda ekanligini yashirmayman, go‘yo biz o‘z hokimiyatimizning yuksak maqomida emasmiz.
II. (4). Qachonlardir senat, konsul Lutsiy Opimiy respublikaning hech qanday zarar ko‘rmasligi haqida g‘amxo‘rlik qilsin, deb qaror chiqargan edi, — bir kecha ham o‘tmay (isyonkorlik niyatida gumon qilinibgina) Gay Grakx o‘ldirilgan, garchi uning otasi, bobosi, ajdodlari hurmat va ehtiromli mashhurlikka sazovor bo‘lgan bo‘lsalar-da; sobiq konsul Mark Fulviy ham o‘g‘illari bilan birga o‘lgan. Xuddi shunday senat qarori bilan konsullar Gay Mariy va Lutsiy Valeriylarga davlat ishonib topshirilgan edi; shundan keyin xalq tribuni Lutsiy Saturnin hamda pretor Gay Serviliy hech bo‘lmasa bir kun o‘limni, davlat esa — qasosni kutishlariga to‘g‘ri kelganmidi? Biz esa, mana yigirma kundan beri senat ishonib topshirgan shamshirning tig‘i o‘tmas bo‘lishiga yo‘l qo‘ymoqdamiz. Zero, bizda ham xuddi shunday senat qarori mavjud, ammo uni go‘yo qinda saqlanganday jadvallarga joylab o‘tiribmiz, aslida shu qarorga ko‘ra Katilina, seni darhol qatl etish darkor edi. Sen esa hayotsan. Hayotsan va qabih jasorat seni tark etmagan, faqatgina chuqurlashib bormoqda! Shunday bo‘lsa ham senator otaxonlar, mening chuqur ishonch va xohishim — g‘azab va jahlga yo‘l qo‘ymaslikdir. Mening chuqur ishonch va xohishim — respublika uchun ushbu xavfli soatda vazminlik saqlash va sabrli bo‘lishdir. Ammo, afsuski, bu narsalar yo‘l qo‘yib bo‘lmas g‘ofillikka aylanib qolayotganini o‘zim ham ko‘rib turibman.
(5). Italiya zaminida, Etruriya daralari yaqinida Rim xalqiga qarshi qarorgoh barpo etilgan, kundan-kunga dushmanlar soni ortib bormoqda, ushbu qarorgoh boshlig‘ini, dushmanlar yo‘lboshchisini biz o‘z shahrimizda, bu ham kamlik qilganiday — senatda ko‘rib turibmiz; u har kuni respublikani ichkarisidan barbod etishga tayyor turibdi. Katilina, agar hozir seni hibsga olishga buyursam, qatl etishga buyursam, ishonchim komilki, vijdonli barcha odamlarning umumiy hukmlari kimningdir: “Juda qattiq jazo!” deyishidan ko‘ra: “Juda kech” deyishdan iborat bo‘ladi.
Shunday bo‘lsa ham, allaqachon ijro etilishi kerak bo‘lgan ishni amalga oshirishga hozirgacha shoshilmayapman. Buning o‘z sababi bor. Qisqasi, mening amalga oshirgan ishimni adolatli va qonuniy deb tan olmagan shunday bir ablah, shunday bir lo‘ttivoz, senga shunday o‘xshash odam qolmaganidagina sen qatl etilasan.
(6). Toki seni himoya qilishga jasorat qiladigan hech bo‘lmasa bir odam topilar ekan, sen hayot bo‘lasan, ammo sening hayoting hozirgiga o‘xshab qudratli qo‘riqchilar iskanjasidagi hayot bo‘ladi va sen respublikaga zarar yetkaza olmasliging uchun ko‘pdan-ko‘p quloqlar, ko‘pdan-ko‘p ko‘zlar sening har bir qadamingni xuddi shu kungacha bo‘lgani kabi kuzatadilar va poylaydilar.
III. Agar hatto tun soyasi ham gunohli bu to‘dani yashira olmasa, agar hatto xususiy uyning devorlari ham fitna ishtirokchilarining ovozlarini tutib tura olmasa, agar hamma narsa fosh bo‘laversa, hamma narsa tashqariga otilib chiqaversa, sen yana nimani kutmoqdasan, Katilina? Iltijo qilaman — es-hushingni yig‘ib ol! Qirg‘in va o‘t qo‘yishlar yetar. To‘xta! Sen hamma tomondan qamaldasan. Sening barcha manfur qilmishlaring bizga yorug‘ kundan ham ravshanroq. Agar xohlasang, kel, birga tekshirib ko‘ramiz.
(7). Agar unutmagan bo‘lsang, qabih fitnadagi sening sheriging va malaying Gay Manliy qurolli isyon ko‘tarayotgani haqida noyabr taqvimlariga o‘n bir kun qolganida senatda xabar bergan edim; o‘shanda isyon ko‘tariladigan kunni aniq aytgandim — noyabr kalendlariga olti kun qolgan kun, deb. Yo men adashdimmi, Katilina? Bunday dahshatli voqea nafaqat ro‘y berdi, bunga ishonish qiyin, lekin xuddi o‘sha aytilgan kunda ro‘y berdi — bunga haqiqatan ham faqat hayratlansa bo‘ladi! Noyabr kalendlariga besh kun qolganida eng mo‘tabar fuqarolarni qirg‘in qilmoqchi bo‘lganingni ham senatda aytgan edim. O‘shanda davlatning aksariyat birinchi shaxslari Rim devorlari ortidan panoh izladilar, bu bilan ular o‘zlarini qutqarishdan ko‘ra sening jirkanch ishlaringni to‘xtatishni xohladilar. Men qoldim. O‘shanda sen, hamma ketaversin, senga faqat mening o‘limim kifoya ekanligini aytding; o‘sha baxtsiz kunda faqat men qo‘ygan soqchilar, faqat mening ehtiyotkorligimgina seni chambarchas “bog‘lab” qo‘ydilar va davlatga zarar keltirish tomoniga qadam bostirmadilar; buni sen inkor etaolasanmi?
(8). Keyin-chi? Noyabr kalendlari keldi. Hujum bilan Prenesteni olishga juda ishonganing tunda — men o‘ylaymanki, sen ushbu shahar mening buyrug‘imga ko‘ra uni kecha-kunduz qo‘riqlaydigan navkarlar bilan oldindan mustahkam himoyalab qo‘yilganini tushungandirsan. Sening biron-bir qadaming, biron-bir ayyorliging, biron-bir fikring mening quloqlarim, nigohim, ba’zan esa oddiy sezgirligimdan yashirin qololmaydi.
IV. Nihoyat, kel, birgalikda o‘tgan kundan oldingi tunni esga olaylik. Biz ikkimiz ham bedor edik, lekin gapimga ishonaver, sening respublikaning halokatiga qilgan harakatingga qaraganda, uning manfaati, eson-omonligi uchun men qilgan harakat kuchliroq bo‘lib chiqdi. Ya’ni: sen o‘sha tunda uyga, — hech narsani yashirmayman, — Mark Lekaning O‘roqsozlar ko‘chasidagi uyiga kelding. Jinoyatkorona johillikdagi ko‘p o‘rtoqlaring ham o‘sha yerga keldilar. O‘ylaymanki, sen buni inkor etishga jur’at qilmaysan. Nega indamaysan? Agar qaysarlik qilsang, dalillar seni fosh etadilar. Zero bu yerda, senatda, o‘shanda sen bilan birga bo‘lganlardan ba’zilarini ko‘rib turibman.
(9). Boqiy xudolar! Biznikiga o‘xshash xalq, biznikiga o‘xshash shahar bormi o‘zi? Bizning davlatimiz qanday davlat o‘zi? Otaxon senatorlar, bu yerda, oramizda, ushbu eng muqaddas va eng qudratli, yer kurrasida tengi yo‘q kengashda, ha, shu yerda, bizning umumiy halokatimizni, ushbu shaharning va balki butun dunyoning barbod bo‘lishini o‘ylayotganlar qatnashmoqdalar. Men konsul esa ularga qarayman, davlat ahvoli haqidagi fikrlarini bildirishlarini so‘rayman va aso bilan urib o‘ldirish zurur bo‘lganlarni hatto o‘zimning ovozim tovushi bilan bezovta qilishga jur’at qilmayman!
Shunday qilib Katilina, o‘sha tunda sen Lekaning uyiga kelgan eding. Sizlar Italiyani bo‘laklarga bo‘lib oldingiz, kim qayerga borishi kerakligini aniqladingiz, Rimda qoladiganlarni va sen bilan birga ketadiganlarni tanladingiz, shaharni yoqib yuborish uchun qismlarga bo‘ldingiz; sen o‘zingning shaharni tashlab chiqib ketishing haqidagi qaroringni tasdiqlading, sening so‘zlaringga qaraganda, mening hayotligimdek arzimagan narsa seni bu yerda ushlab turibdi, xolos. O‘sha yerning o‘zida ikki Rim suvoriysi seni ushbu tashvishdan holi qilishga bel bog‘ladilar. Ular, o‘sha kechaning o‘zida, to tonggacha meni o‘z to‘shagimda o‘ldirishga va’da berdilar.
(10). Sizlarning yig‘inlaringiz tarqatilishi bilan hamma narsa menga ma’lum bo‘ldi. Men o‘z uyimning atrofidagi soqchi-qorovullarni ko‘paytirdim va kuchaytirdim va meni muborakbod etishlari uchun sen yuborgan odamlarni qabul qilmadim: men kishilarga oldindan aytib qo‘ygan ko‘p izzatga sazovor odamlarim xuddi men tayinlagan vaqtda keldilar.
V. Nima deysan, Katilina? Boshlagan ishingni davom ettir, — vaqtni tayin qilginda, nihoyat ushbu shahardan chiqib ket, — darvozalar ochiq, boraver! Manliy qarorgohi, deb ataluvchi qarorgoh — sening qarorgohingdir! — seni, o‘z yo‘lboshchisini kutib qoldi. Hammani olib ket, agar hammani bo‘lmasa, hech bo‘lmaganda, o‘z tarafdorlaringdan iloji boricha ko‘prog‘ini olib ket, shaharni tozalab qo‘y! Agar sen bilan mening oramda shahar devori bo‘lsa, mening dilimni qo‘rqinchdan xalos qilasan. Bundan buyon sen biz bilan turolmaysan. Men bunga yo‘l qo‘ymayman, bunga chidab turolmayman, bunga qarshiman.
(11). Haqiqatan ham, agar shuncha marta ushbu qabih, dahshatli, jirkanch o‘lat xavfidan baribir respublikani qutqarib qolingan bo‘lsa, u holda buning uchun biz charchamay, boqiy xudolar va avvalo, bu o‘rinda shahrimizning eng qadimiy soqchisi, himoyachisi Yupiterga shukronalar aytishimiz zarur. Lekin endi vatanimiz taqdirini bir odamning ra’yiga bog‘liq qilib qo‘yishga haqqimiz yo‘q.
Sening hiyla-nayranglaring, Katilina, men endigina konsul bo‘lganimdan beri ta’qib qiladilar va o‘shanda ham menga davlat qo‘riqchilari emas, balki o‘zimning doimo ogohligim himoya bo‘lib xizmat qildi. Keyin, oxirgi konsullik saylovlari vaqtida, meni — hozirgi konsulni, men bilan birgalikda o‘zingning saylovoldi raqiblaringni o‘ldirmoqchi bo‘lding, o‘shanda Mars maydonida sening jinoyatkorona niyatlaringni bartaraf etish uchun, hammani bezovta qilmay men o‘z do‘stlarimning yordamlariga murojaat qildim. Qisqasi, qachonki sen mening hayotimga tajovuz qilsang, har safar senga men o‘zim qarshi turdim, garchi mening o‘limim respublika uchun ulkan falokatlar bilan tutash bo‘lishini oldindan bilsam ham.
(12). Endi esa sen ochiqchasiga butun respublikaga, boqiy xudolarning muqaddas ibodatxonalariga, shahar uylariga va har bir fuqaroning hayotiga tajovuz qilmoqdasan, nihoyat, butun Italiyani barbod etish va xonavayron qilishga chaqirmoqdasan. Boshlanishdanoq konsullik hokimiyati va ajdodlar o‘gitlari talab qilgan narsani amalga oshirishni xohlamayman. Shuning uchun men unchalik qattiqqo‘llik qilmayman va o‘ylaymanki, hammaning (xalqning) osoyishtaligi, manfaati uchun bunday yumshoqlik ko‘proq foyda keltiradi. Zero, agar men seni qatl etishga buyursam, davlatda bir hovuch sening tarafdorlaring fitna qoldig‘i bo‘lib qoladilar. Agar sen ketsang, men seni bunga ko‘p marta chaqirdim, u holda, respublika uchun halokatli mash’um nopoklik yig‘indisi shahardan supurib tashlanadi.
(13). Nima deysan, Katilina? Nahotki, mening buyrug‘im sening o‘zingning xohish-istaklaringga mos bo‘lgan narsaga gumonsirashga majbur etsa? “Sen dushmansan. Shahardan chiqib ket!” — konsul irodasi shunday. Bu surgun qilishni anglatadimi, deb so‘raysan. Men bunday farmoyish bermayman, lekin agar bilishni xohlasang, mening qat’iy maslahatim shunday. <…..>
2. TIT ANNIY MILON HIMOYaSIGA SO‘ZLANGAN NUTQ
I. (1). (Muhtaram) sudyalar, shunchalar shavkatli inson haqida, vatan farovonligi o‘z hayotidan aziz bo‘lgan Tit Milon haqida bunday jur’atsizlik bilan nutq so‘zlayboshlashim garchi menga uyat bo‘lsa-da, — garchi uning tarafini olish chog‘i ruhiy kuchda unga tenglashishim zarur bo‘lsa-da, afsus, unday emas; yangi sud, yangi ko‘rinish mening nigohimni dahshatga tushiradi va mening ko‘zlarim forumning hamma tarafidan odatdagi ko‘rinish va avvalgi tartiblarni behuda izlaydilar.
(2). Sizlarning yig‘iningiz g‘ayrioddiy doirada ish olib bormoqda, uni odamlarning g‘ayrioddiy olomoni o‘rab olgan; garchi bizlarning o‘zimizni zo‘ravonliklardan asraщ uchungina har bir ibodatxona oldida soqchilar turgan bo‘lsalar-da, tinch sud mahkamasidan ushbu sarbozlarga nazar tashlagan chog‘da ulardan qo‘rqmaslik baribir qiyin.
Agar bularning hammasi Milonga qarshi amalga oshirilgan, deb hisoblaganimda, bor kuch qurolda bo‘lganida nutqqa o‘rin yo‘q, deb o‘ylab, momaqaldiroqdan oldin jim bo‘lardim. Lekin buni eng adolatli va eng oqil inson Gney Pompey qilgani menga tasalli beradi, menga manzur bo‘ladi, chunki uning (ya’ni Pompeyning — U.O.) adolatliligi, sud qarorlariga ishonib topshirilgan odamni sarboz qurolining hukmiga berib qo‘yishga yo‘l qo‘ymas edi, uning mulohazakorligi esa junbushga kelgan olomon o‘zboshimchaligini davlat idorasi bilan muqaddaslashtirishga yo‘l qo‘ymas edi.
(3). Shuning uchun ham ushbu harbiy bo‘linmalar o‘z boshliqlari bilan birga va qurollangan holda bizga xavf tug‘dirmaydilar, balki himoya qiladilar, xotirjamlik ustiga bizni ruhiy tetiklikka chaqiradilar, mening nutqim uchun esa ham yordam, hamda osoyishtalikni va’da qilmoqdalar.
Qolgan barcha olomon (men, albatta, fuqarolar olomonini nazarda tutmoqdaman), ha, bu yerdagi qolgan butun olomon — bizga tarafdor: qayerdan nimani ko‘rishga imkon bo‘lsa, o‘sha yerdan odamlar kuzatib turibdilar va ularning barchalari sud qarorini kutmoqdalar va faqat mard Milonga shafqat yuzasidangina emas, balki hamma, hozir so‘z uning o‘zi haqida, uning bolalari haqida, uning vatani haqida, uning eson-omonligi haqida borayotganini biladi.
II. Bizga begona va dushman bir xil odamlar mavjud — ular, Publiy Klodiyning talonchilik, o‘t qo‘yish, ommaviy qirg‘inlaridagi quturishlari o‘stirgan, tarbiyalagan odamlardir. Sizning bugungi hukmingizni oldindan talab qilish maqsadida kechgan yig‘inda ana shularni gijgijlamadilarmi? Va bugun, agar ularning qichqiriqlari eshitilsa, bu qiyqiriqlar, sizning manfaatingiz uchun doimo bunday odamlarni ham, ularning qiyqiriqlarini ham sariq chaqachalik ko‘rmaydigan fuqaroni asrash kerakligini eslatsinlar.
(4). Muhtaram hakamlar, ruhingiz tushmasin: agar ushbu qo‘rqinch vujudingizga singib ketgan bo‘lsa, silkitib tashlang. Agar sizlar fazilatli va solih zotlar haqida fikr yuritishga va qadrlashga vakolatli bo‘lsangiz, nihoyat sizlarga eng yaxshi toifalarning mumtoz kishilariga kimda-kim loyiq va solih bo‘lsa, o‘shalar haqida endi, g‘amxo‘rlikni avvalgidek ko‘rinish va so‘z bilan emas, balki iroda va amaliy ish bilan izhor qilish uchun juda qulay fursat berilganida, sizlar bir qarorga kelishingiz zarur: biz, har galgidek sizlarning irodalaringizga bo‘ysunib, bu yerdan mahzun va g‘amgin chiqib ketamizmi yoki, aksincha, fuqarolarning eng tubanlaridan shuncha ko‘p aziyat chekkandan so‘ng sizlarning qat’iyligingiz, jasoratingiz, donishmand¬ligingizdan najot topamizmi?
(5). Darhaqiqat, men va Milonning boshimizga tushgan zahmat va tashvishlar, azoblarni aytish yoki tasavvur qilish mumkinmi? Biz eng mo‘tabar mukofotlar umidida davlatga xizmat qilish uchun bel bog‘lagan edik, aslida esa eng qattiq azob-uqubatlar qo‘rqinchidan hozirgacha qutula olganimiz yo‘q! Aytib o‘tishim lozimki, Milon hamma vaqt eng yaxshi odamlar tarafini olib, yomonlarga qarshi turgani uchun xalq yig‘inlari paytida na girdoblar, na bo‘ronlar uni chetlab o‘tmasligini doimo tushunardim; ammo bu yerda, sudyalar — barcha toifalarning ko‘rki bo‘lgan odamlardan iborat sud va kengashda Milonning dushmanlariga nafaqat xavfsizligini yo‘qqa chiqarish, balki–hatto uning shonli ismini ozgina bo‘lsa-da, obro‘sizlantirishga umid tug‘diradigan odamlarni xayolimga ham keltira olmayman.
(6). Aytib qo‘yishim kerak, muhtaram sudyalar, hozir Milonni ushbu ayblovlaridan himoya qilish uchun tribun bo‘lgan paytlari haqida va vatan manfaati uchun u nimalar qilganligi haqida gapirib o‘tirmayman. Agar siz o‘zingiz Klodiyning Milon uchun yasagan kishanlarini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmasangiz — avvalgi xizmatlarimiz uchun bizni kechirishlaringizni iltimos qilib o‘tirmayman, sizlarning o‘zingiz uchun xaloskorlik bo‘lgan Klodiy o‘limini xalq baxtiga emas, Milon sharafiga hisoblashlaringizni sizlardan o‘tinib so‘ramayman; lekin, agarda Klodiyning barcha nayranglari ushbu yorug‘ kundan-da ravshanroq namoyon bo‘lsa, ana shunda muhtaram hakamlar sizdan, bizga hech qanday imkoniyat qolmaganida bir narsaga: jazolanishdan qo‘rqmay raqiblarning dushmanligi va qurolidan o‘z hayotimizni himoya qilishga ijozat berishingizni o‘tinib so‘rayman va iltijo qilaman.<…..>
IV. (10). <….> Demak, muhtaram hakamlar, bir qonun bor: uni biz yozmaganmiz, lekin u biz bilan tug‘ilgan, uni biz eshitmaganmiz, o‘rganmaganmiz, balki uni tabiatning o‘zidan olganmiz, biz uni simirganmiz, o‘zlashtirganmiz; biz uni o‘rganganmiz, balki u tug‘ilganimizdan beri biz bilan, undan biz tarbiyalanmaganmiz, balki u bizga singib-singib ketgan; va ushbu qonun bunday deydi: agar bizning hayotimiz qaroqchilar yoki dushmanlarimizning kirdikorlari, zulmi, qilichlari tufayli xavf ostida bo‘lsa, u holda himoyalanishning har qanday usuli qonuniy va vijdonan to‘g‘ridir. Qurol so‘zlagan paytda, qonunlar sukut saqlaydilar: agar kutayotganga, o‘ziga haq o‘limni talab qilishidan oldin nohaq qatl xavf solsa, ular (qonunlar) o‘zlarini kutib turishga buyurmaydilar.
(11). Aytish keraki, zero, yozilgan qonun ham insonga sukut saqlab va oqillik bilan himoyalanishga yo‘l qo‘yadi: qonun “insonni o‘ldirishni” emas, “insonni o‘ldirish uchun qurol olib yurishni” man qiladi! Sud, qurol bilan himoyalanish haqidagi ishni ko‘rib chiqayotganida insonda shamshir borligiga emas, balki ushbu shamshir (kimnidir) o‘ldirishga mo‘ljallanganiga qarashi zarur. Ish muhokamasida bu holatni unutmangiz, hurmatli sudyalar, — agar sizlar nimani esdan chiqarmaslik kerakligini yodingizda saqlasangiz, men aminmanki, mening nutqim sizlar uchun ishontirarli bo‘ladi: yomonlik qiluvchi odamni o‘ldirish — doimo qonuniydir. <…..>
IX. (23). Ammo endi bahsni ham, ishni ham muhokama qilishga fursat yetdi. O‘ylab ko‘ring! Sodir etilgan narsalarni bunday e’tirof etishlar oldin ham bo‘lgan ekan: senat esa ishimiz haqida bizning o‘zimiz xohlaganday fikr bildirgan bo‘lsa; Pompey esa, garchi ish haqida bahs bo‘lmasa-da, bari-bir huquq haqida muhokama bo‘lishini xohlagan ekan; va ana shu adolatli va oqilona muhokamani o‘tkazish uchun ham hakamlar saylanib, rais tayinlangan — demak, siz hakamlarga ko‘rib chiqish uchun faqat bir narsa qolgan: kim kimga pistirma qo‘ygan? Ushbu narsa dalillardan ravshanroq namoyon bo‘lishi uchun ro‘y bergan voqeani qisqacha aytib beraman, iltimos qilaman, sizlar diqqat bilan eshiting.
(24). Publiy Klodiy, o‘zining barcha qabih ishlari bilan, davlatni qiynash uchun pretor bo‘lishga intilib va ushbu yildagi saylovlarning kechiktirilishi pretorlikka juda oz muddat qoldirishini ko‘rib — zero, uni pretorlikda boshqalar xohlaydigan shon-sharaf qiziqtirmaydi, balki u, fazilatli, loyiq fuqaro Lutsiy Pavleni pretorlikdagi o‘rtog‘i bo‘lishini xohlamaydi, u ko‘proq vatanni qiynash maqsadida to‘la yil pretor bo‘lishni istaydi — bularni bilib turib, u birdaniga o‘zining qonuniy yilini o‘tkazib yuborishga va keyingi yili pretorlikka o‘tishga istak bildiradi. Qandaydir bashoratlarning qo‘rqinchi uni bunday qilishga undagan emas, — u o‘zi aytganiday pretorlikning to‘la va qisqartirilmagan yilini xohlagan, xolos.
(25). Ammo, agar Milon konsul bo‘lsa, uning pretorligi nobop va gumonli bo‘lib qolishini u tushunar edi; Milon esa rim xalqi roziligi tufayli uning ko‘z o‘ngida konsullik sari dadil borardi. <…..> Va qachonki, har qanday yomonliklarga tayyor turgan shovvoz munosib inson va uning ashaddiy dushmani konsul bo‘lishi aniqligini ko‘rgach, — unga buning haqida nafaqat so‘zlar, balki rimliklarning dastlabki ovoz berishlari ham xabar bergan edi, — hujum qilishga qaror qildi va Milonni o‘ldirish haqida ochiqchasiga gapira boshladi. <…..>
X. (27). Bu orada Publiy Klodiy, — bu ish qiyin emas edi, — fevral taqvimigacha o‘n uchinchi kuni qonun va an’anaga ko‘ra, Milon, albatta, o‘zi diktator bo‘lgan Lanuviyga kohinning ko‘rsatmasini bajariщ uchun borishi kerakligini bilib qoldi. Shunday qilib, bir kun qolganida u birdaniga Rimdan chiqib ketdi, — shu kungi isyonkor yig‘inning ham bahridan o‘tib chiqib ketdi, garchi uni bu yerda orziqib kutayotgan bo‘lsalar ham, nega shunday qildi? O‘z yer-mulkida Milonga pistirma qo‘yib kutish uchun, albatta: O‘zining jinoyatkorona ishi uchun vaqt va joyni aniqlash kerak bo‘lmaganida aslo o‘sha yig‘indan qolmas edi!
(28). Milon esa o‘sha kuni kengashning oxirigacha senatda bo‘ldi; keyin u uyiga ketdi, uy kiyimini, boshqa poyabzalni kiydi, odatdagidek, to xotini tayyorgarlik ko‘rishini kutib turdi va shundan keyingina yo‘lga tushdi — agar Klodiy haqiqatan ham Rimga qaytib kelishni xohlaganida, allaqachon qaytishga ulgurgan bo‘lardi. Klodiy uni yo‘lning yarmida — yengil kiyimda, kuchsiz, odatda, birga bo‘luvchi hamroh — yunonlarsiz, doimo birga yuradigan xotinisiz uchratdi, — bizning qabih niyatli tanishimiz esa, avvaldan rejalashtirilgan qotillikka tayyorlanib, xotini bilan, aravada, og‘ir plashda, o‘spirin qullar, ayol-qullardan iborat malol keluvchi hamrohlar bilan borardi.
(29). Klodiyga Milon yo‘lning yarmida, uning chorbog‘i oldida soat tushdan keyingi beshlarda yoki shunga yaqin bir paytda duch keldi. Shu payt unga adir ustidan qurollangan olomon hujum qildi; uning ko‘z o‘ngida aravakashni o‘ldiradilar, plashini yechib tashlab, himoyalanib qochadi; Klodiyning huzuridagilar Milonga orqadan hujum qiladilar, ba’zilari esa Milon o‘lgan, deb o‘ylab, uning orqada kelayotgan qullarini uradilar. O‘z xojalariga sodiq qolgan va qochib ketmagan qullarning bir qismi halok bo‘ldilar, qolgan qismi esa, xojalariga yordam berolmay, Klodiyning Milon o‘ldi, degan qiyqirig‘ini eshitib ishonadilar; shu paytda ular buyruqsiz, xojalari bilmagan va qatnashmagan holda, — aybni xaspo‘shlash uchun bularni aytayotganim yo‘q: hech narsani yashirmay, qanday bo‘lsa shunday aytmoqdaman! — ularning o‘rnida bizlarning qullarimiz bo‘lsa nima qilishlarini xohlasak, shu ishni qildilar.
XI. (30). Voqea shunday bo‘lgan edi, muhtaram hakamlar: qabih niyatli odam mag‘lub bo‘ldi, uning kuchi kuchdan (sindi), aniqrog‘i, uning qabihligi — jasorat tufayli sindi. Vatan uchun, sizlar uchun, barcha yaxshi fuqarolar uchun bu nimani anglatishini gapirib o‘tirmayman: vatanni va sizlarni qutqarmay turib, u o‘zini qutqara olmaganidan keyin, demak, uning taqdiri shunday ekan, baribir, Milonga bu yordam bermaydi. Agar bu noqonuniy bo‘lsa, uni himoya qilishga mening kuchim yetmaydi; agar o‘z boshi, jismi va hayotini nima qilib bo‘lsa ham zulmdan himoya qilishga to‘g‘ri kelsa, ma’rifatli odamlarga ularning aql-idroklari, varvarlarga — zarurat, ajnabiylarga — urf-odat, yovvoyi hayvonlarga — tabiatning o‘zi yo‘l ko‘rsatadi, — agar sizlar, kimda-kim har qanday odam, qabih, zolim odamlarni uchratsa, o‘sha odamni, — yo ularning qilichidan, yoki sizlarning hukmingiz bilan, — o‘limga mahkum etishni xohlamasangiz, bunday holatda ro‘y bergan hodisani jinoyat deb hisoblay olmaymiz. Agar bu jinoyat, deb hisoblanadigan bo‘lsa, — u holda, albatta, Milon o‘zi Klodiyning so‘yishga bir necha bor intilgan pichog‘iga bo‘ynini tutib bergani, — faqat boshini omon saqlab qolgani uchungina, — sizlar tomoningizdan qatl etilishidan yaxshiroqdir. Agarda har holda bunday bo‘lmasa va agar sizlarning fikringiz o‘zgacha bo‘lsa, u holda bu yerdagi sud Klodiy o‘ldirilgani haqida emas (buni biz tan olamiz!), balki u, qonun bo‘yicha o‘ldirildimi yoki qonunga xilofmi, mana shu haqdadir — bu esa, odatdagi sud muzokarasi mavzusidir.
Pistirmadan hujum qilindi, bu bizga ma’lum; va senat davlatga bu zarar keltirdi, deb qaror qildi; ammo kim kimga hujum qilgani noma’lum, mana shu masalani biz ko‘rib chiqishimiz zarur. Senat insonni ayblamadi, balki qilingan ishni yomonladi; Pompey ham qilingan ish masalasini emas, huquq masalasini qo‘ydi; Demak! sud, kim-kimga pistirma qo‘ygani haqida bo‘lishi kerak emas! Faqat bir narsa muhokama etilishi zarur: agar Klodiyga Milon bo‘lsa — u jazolansin; agar Klodiy Milonga bo‘lsa — biz o‘zimizning oqlanishimizni kutishga haqlimiz. <…..>
XIX. (52). Menga, muhtaram hakamlar, hozircha hamma narsa ravshanga o‘xshab tuyulmoqda. Klodiyning yashashi Milonga hatto foydalidir, — Milonning o‘limi, Klodiyning ko‘zlagan maqsadi uchun juda zarur. Klodiy Milonni juda yomon ko‘radi, Milon esa Klodiyni yomon ko‘rmaydi. Klodiyning doimiy odati zulm o‘tkazish, Milonniki esa — himoyadir. Klodiy ochiqchasiga Milonga o‘lim tilardi, — Milondan bunday narsa eshitilmagan. Milonning safarga ketish muddati Klodiyga ma’lum, Klodiyning qaytish kuni Milonga noma’lum edi. Milonning safarga ketishi zarur edi, Klodiy — uchun esa safar qiladigan vaqt emasdi. Milon o‘sha kuni Rimdan chiqib ketishini yashirmagan, — Klodiy esa o‘sha kuni qaytishini yashirardi.
Milon o‘z niyatlarini o‘zgartirmagan, Klodiy soxta sabablar bilan o‘zgartirgan.
XXI. <….> (55). Klodiy nega g‘olib bo‘lmadi? Chunki hammavaqt ham qaroqchi yo‘lovchini o‘ldiravermaydi — ba’zida yo‘lovchi ham qaroqchini o‘ldiradi. Garchi tayyorgarlik ko‘rgan Klodiy tayyor bo‘lmagan odamga hujum qilgan bo‘lsa ham, – shunday bo‘ldiki, xuddi ayol erkakka duch kelganday bo‘ldi.
(56). Ha, Milon Klodiyga qarshi ogoh bo‘liщ zarurligini bilardi. O‘zining o‘limi Klodiyga qanchalik zarurligini va Klodiy qanchalik darg‘azab hamda muttaham ekanligini u doimo esda tutardi. U o‘zining hayoti baholanib bo‘lganini va deyarli sotib bo‘linganini bilardi, shuning uchun hayotini qo‘riqchi va soqchilarsiz turli xavf-xatarlarga qo‘yib bermasdi. Tasodif esa kuchli, jang natijasi esa noma’lum, Mars baxsh etuvchi baxt o‘zgaruvchan, mag‘lub bo‘lgan odamdan zirhini yechib olayotib shodon dushman yiqilib yotganning zarbasidan o‘lgan paytlari bo‘lgan. Kechki ziyofat va ichkiliklardan boshi aylangan to‘da boshlig‘i beparvo bo‘lgan, chunki u dushmanni o‘rab olib, oxirida kelayotgan uning hamrohlarini unutgan hamda g‘azab va xojasining hayotini saqlab qolishning iloji yo‘qligidan yonib turgan bu odamlarga duch kelgan va bu sadoqatli xizmatkorlar o‘z xojalarining hayoti uchun o‘ch olishlari ila jazosini topgan.
XXVII. (72). Yo‘q, muhtaram hakamlar, Klodiyning o‘ldirilishi meni tashvishlantirmaydi; men Klodiyning o‘limi haqida qanday fikrda ekanligingizni bilmaslik darajacida unchalik g‘ofil emasman, unchalik aqldan ozganim yo‘q, sizlarning tuyg‘ularingizga begona emasman. Agar men ayblarni qanday chilparchin qilgan bo‘lsam, shunday chilparchin qilmaganimda biron-bir Milon hech qanday jazosiz va bor ovozi bilan o‘z shon-shuhrati yo‘lida bunday deb aytgan bo‘lardi: “Ha, men o‘ldirdim, men o‘ldirdim! Xuddi olomonga xushomad qilganiday o‘z boyligini sovurib, podshohlik hokimiyati ilinjida bug‘doy narxini arzonlashtirgani uchungina ayblangan Spuriy Meliyni va o‘z do‘stidan mansabni isyonkorona tortib olgan Tiberiy Grakxni ham o‘ldirganim yo‘q, — ularni kim o‘ldirgan bo‘lsa, o‘sha odamlar allaqachon o‘z shon-shuhratlari bilan olamni to‘ldirib yubordilar! Men (Milon, vatan ozodligi uchun jonini fido qilib shunday deyishga haqli edi!) qachonlardir eng mo‘tabar ayollar tomonidan muqaddas o‘rinda, razil buzuqilikda tutib olinganni; (73). Muqaddas marosimlarni oyoqosti qilgani uchun senat qarori bilan necha marta o‘zining qatl orqali gunohini yuvishi kerak bo‘lganni; Lukull tergovda aniqlagan va qasamyod ila e’lon qilganiday kim o‘zining tug‘ishgan singlisi bilan buzuqlik qilib qonini aralashtirgan bo‘lsa, o‘shani; senat ham, xalq ham, butun dunyo ham shahar va fuqarolarning xaloskori, deb ataganlari odamni o‘z qullarining qilichlari kuchi bilan Rimdan kim haydagan bo‘lsa, o‘shani; kim podshoh¬liklarni bergan va tortib olgan bo‘lsa, kim xohlagan odami bilan boylikni bo‘lashib olsa, o‘shani; kim forumda behisob janjallar chiqargan va jasurligi hamda shuhrati bilan Rimda birinchi bo‘lgan odamni qurol va zulmi orqali o‘z uyida berkinib o‘tirishiga erishgan bo‘lsa, o‘shani; kim na jinoyatda, na buzuqilikda man etish nimaligini bilmasa, o‘shani, xalq tsenzi haqidagi davlat yodgorlik hujjatlarini yo‘q qilish uchun kim nimfalar ibodatxonasiga o‘t qo‘ygan bo‘lsa, o‘shani;
(74) Kim na qonunlarni, na fuqarolik huquqini, na mulkdorlik huquqini bilmasa, o‘shani; kim birovlarning yer-mulklariga sud mahkamasining nayranglari bilan emas, yolg‘on talablar va qasam ichishlar bilan emas, balki huruj, qamal, harbiy yurishlar orqali ega bo‘lib olishni istagan bo‘lsa, o‘sha odamni o‘ldirdim. <……>
XXVIII. (76). Bularning hammasiga chidab bo‘ladiganday tuyuladi: garchi Klodiy davlat va fuqarolarni, uzoq va yaqindagilarni, o‘ziniki va begonalarni hech narsaning farqiga bormay barbod etsa ham, xalqning beqiyos sabr-qanoati toblanib va toshqotib qandaydir ko‘nikib qoldi. Lekin hozirning o‘zida bosh ko‘targan va xavf solayotgan boshqa balolar oldini qanday olasiz yoki yo‘q qilasiz. Zero, agar Klodiy hokimiyatga kirishsa, — oh, ittifoqchilar haqida, xalqlar haqida, podshohlar haqida, tetrarxlar haqida gapirib o‘tirmayman, — chunki aniq bilamanki, sizlar Klodiy sizlarning chorbog‘laringiz, uylaringiz, mol-mulkingizga! — bosqin qilishidan o‘shalarga (ya’ni, ittifoqchilar, xalqlar, podshohlar, tetrarxlarga — deyilmoqchi — U.O.) bosqin uyushtirgani yaxshi bo‘lar edi, deb iltijo qilishingizni bilaman, — mol-mulkingizga? Yo‘q! U sizlarning bolalaringiz va xotinlaringizga, xudo bilan qasam ichaman, o‘zining bevosh ehtiroslarini yog‘dirib yuboradi! Nahotki men hamma biladigan, hamma ko‘rib turgan, hammaning xotirasida qolgan narsani o‘ylab topayotgan bo‘lsam? Ham jamiyatni, ham xususiy boyliklarni qo‘lga olish uchun Rim qullaridan iborat qo‘shin tuzishga Klodiy tayyor ekanligini ham o‘ylab topdimmi? <…> (78). Buni unutmang, hakamlar! Sizlar ham, bolalaringiz ham umid qilamanki, vatanda hali ko‘p yaxshiliklarni ko‘rasiz; va har safar, Publiy Klodiy hayot bo‘lsa, bularni ko‘ra olmasdim, deb ishonch hosil qilasiz. Mening umidim buyuk va uylaymanki, u meni aldamaydi: ushbu yil ushbu konsul davrida vatan uchun shifobaxsh bo‘ladi, chunki u odamlarning bevoshligini bostirdi, ehtiroslarni jilovladi, qonunlar va sudni mustahkamladi. Qanday aqlidan ozgan odam go‘yo bularning hammasi Publiy Klodiyning hayotligida ro‘y berishi mumkinligiga ishonadi? Agar hokimiyat tepasida ushbu quturgan odam tursa, sizdagi bor narsa egalik huquqi bilan sizlarda qolarmidi? <…>
XXXVI. (92). Men o‘z mavzuim haqida yetarli darajada gapirdim, balki hatto mavzudan ortiqcha ham gapirgandirman. Muhtaram hakamlar, sizlardan iltijo qilish va sizlarga yalinishdan boshqa hech narsa qolmadi: bu jasoratli odam hatto so‘ramayotgan bo‘lsa-da, unga shafqat ko‘rsating, — men yakka o‘zim, uning ixtiyoriga qarshi o‘laroq ham iltimos qilaman, ham bunga chaqiraman! Garchi biz yig‘laganimizda Milon bir tomchi yosh to‘kmagan bo‘lsa-da, garchi uning yuzi aslo o‘zgarmagan, ovozi qat’iy, nutqi avvalgiday bo‘lsa-da, buni ko‘rib toshbag‘ir bo‘lmang: balki u, ana shu ahvolda ko‘proq yordamga muhtojdir. Hatto gladiatorlik janglarida ham kimligi noma’lum bo‘lgan odamlarning taqdir va qismatlariga qarab, biz kimda-kim titrab-qaqshasa va rahm-shafqat haqida iltijo va iltimos qilsa, o‘shalardan jirkanamiz, lekin kimda-kim mard, jasur bo‘lsa va qo‘rqmay o‘limni qarshi olsa, o‘shalarning hayotlarini saqlab qolishga intilamiz, — kimda-kim bizning shafqatimizni tilasa, undan ko‘ra ko‘proq ana shu shafqatni tilamagan odamlarga shafqat qilamiz; fuqarolarning eng jasoratlisiga yuz barobar ko‘proq shafqatli bo‘lishimiz kerak emasmi?
(93). To‘g‘risini aytsam, muhtaram hakamlar, men doimo eshitadigan, hamma yerda yonida bo‘ladiganim Milonning nutqlari menga azob beradi va o‘ldiradi; (Milon aytadiki): “Hamyurtlarim, sizga tinchlik, sizga tinchlik tilayman! Xavf-xatarsiz bo‘ling, eson-omon, farog‘atda bo‘ling, baxtli bo‘ling! Men uchun shon-shuhratli bu shahar menga qanday munosabatda bo‘lmasin, baribir, ushbu shahar barqaror bo‘lsin; yurtdoshlarim mensiz, lekin men tufayli xotirjam yashasinlar; agarda ular bilan mening birga bo‘lishim mumkin bo‘lmasa, u holda men yon bosaman va boshimni olib ketaman. Agar menga yaxshi davlatda yashash nasib qilmas ekan, u holda hech bo‘lmasa yomonida ham yashamayman: menga ozod va farovon obod shaharni topishga imkon bering, men o‘sha yerda orom topaman.
(94). Oh, behuda sarf qilgan mehnatlarim (u shunday xitob qiladi), oh, mening ajoyib umidlarim, oh, mening bekorchi istaklarim! Vatan boshiga tushgan og‘ir soatda so‘nib borayotgan senat tomonida turib, holdan toygan Rim suvoriylari tomonida turib, Klodiy jangarilari huzurida o‘z ovozidan ayrilib bo‘lgan vijdonli, halol odamlar tomonida turib men — xalq tribuni, halol, vijdonli odamlar meni himoyasiz qo‘yadilar, deb o‘ylashim mumkinmidi? Men ergashgan senat qani? Suvoriylar qani, sening suvoriylaring qani (u menga shunday deydi)? Shaharlarning sadoqati qani? Butun Italiyaning noroziligi qani? Nihoyat, shuncha ko‘p odamga yordam bergan sening nutqing, sening himoyang qani, Mark Tulliy? Necha marta sen uchun o‘lim sari borgan bo‘lsam ham sen menga hech yordam berolmaysanmi?” <….>
XXXVII.(101). Mening ko‘z yoshlarim Milonni hech ham hayajonlantirmaydi: uning ruhiyati juda kuchli, qayerda jasoratga o‘rin bo‘lmasa, o‘sha yer uning uchun quvg‘in manzilidir, o‘lim esa uning uchun — jazo emas, hayotning tabiiy tugallanishidir. U tabiatan shunday; ammo sizlar-chi, muhtaram hakamlar, sizlar nimaga jasorat ko‘rsatasiz? Milon haqidagi xotirani saqlab qolasiz-u Milonning o‘zini uloqtirib yuborasizmi? Uni dunyoga keltirgan shaharga emas, uning jasoratini qabul qilgan shaharga ko‘proq iftixor bo‘lishi uchunmi? Mag‘lublikni bilmaydigan zot va fuqaroning ushbu halokatli, yomon kunlarida sizlar, vatan uchun necha martalab qon to‘kkan mard, jasurlarga, sizlar tsenturionlar va jangchilarga murojaat qilaman; nahotki sizlarning ko‘z o‘ngingizda, nahotki, sizlarning qurolli soqchiligingizda ana shunday jasorat, shon-shavkat Rimdan haydaladi, surib chiqariladi, otib yuboriladi?
(102). Men qanchalik ojizman, men qanchalik baxtsizman! Milon, meni vatanga qaytarishga ularni majbur qilaolding; men seni vatan uchun saqlab qolishga ularni majbur qilolmaymanmi? Bolalarim uchun sen ikkinchi otasan-ku? Endi men bolalarimga nima deyman? Hozir uzoqda bo‘lgan, yoshlikdagi do‘stim, ukam Kvint, senga nima deyman? U (ya’ni Milon — tarj.) kimning kuchi bilan meni qutqargan bo‘lsa, o‘shalarning kuchi bilan Milonni qutqarib qololmaganimnimi? Qanday ish uning qo‘lidan keldi? Shunday ish uning qo‘lidan keldiki, buning uchun butun dunyo minnatdordir! Va kimning huzurida bunga erisha olmadim? Klodiyning o‘limi kimni ko‘proq xavotirdan ozod qilgan bo‘lsa, o‘shalar huzurida! Kim hech narsa qilolmaydi? Men!
(103). Qachonki men ommaviy halokat tahdidini sezgan, topgan, fosh qilgan, yo‘qotgan bo‘lsam, o‘sha kunlari men o‘zimni qanday jinoyat, qanday yovuzlik bilan gunohkor etib qo‘ydim! Mening va yaqinlarimning barcha baxtsizliklari bizning ustimizga ana shu manbadan oqib tushdi! Sizlar meni qaytarishni nega xohladingiz? Mening ko‘z o‘ngimda, meni qaytargan odamni haydab yuborish uchunmi? Sizlardan iltijo qilaman, qaytish men uchun haydalishdan achchiqroq bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang: kim mening qayta tiklovchim bo‘lsa, men o‘shandan mahrum etilsam, bu huquqda qayta tiklanish bo‘la oladimi?
XXXVIII. <…>… Oh, agar Klodiy tirik bo‘lsa, pretor, konsul, diktator bo‘lsa! Men hozir ko‘rib turganimni ko‘rishdan ko‘ra yaxshiroq bo‘lardi!
(104). Oh, boqiy xudolar! Muhtaram hakamlar, sizning shafqatingizga munosib mard inson: “Yo‘q, yo‘q, — deydi, — Klodiy o‘rinli jazo olsa bo‘lgani, men esa agar zarurat bo‘lsa, o‘zimga noo‘rin jazoni olaman!” Vatan uchun tug‘ilgan shunday mard inson garchi vatan uchun bo‘lsa-da, vatanda o‘lmaydimi? Uning ruhini hamisha yod etasiz-u, Italiyada uning jasadi ustida yodgorlik bo‘lmaydimi? Va bunga siz chiday olasizmi? Har qanday boshqa shahar o‘ziga chaqirib olishga quvongani odamni hukm bilan Rimdan haydalishiga sizlardan qaysi biringiz mahkum etasiz? (105). Ushbu mard insonni qabul qilgan o‘lka farahli va uni haydab chiqargani noshukr hamda uni yo‘qotgani baxtsizdir! Yetar! Ko‘z yoshlarim menga gapirishga xalaqit bermoqda ko‘z yoshlari bilan himoya qilishni Milon taqiqlagan. Shunday qilib, (muhtaram) hakamlar, sizlarga yolvoraman va iltijo qilaman; sizlarning yuraklaringiz izhor qilgan narsa uchun ovoz berishga qo‘rqmang. Va ishoningki: Sizlarning jasoratingiz, adolatingiz, sadoqatingiz qadriga ushbu sudga eng, halol, eng dono eng jasur fuqarolarni kim saylagan bo‘lsa, o‘shalar (ya’ni, xalq nazarda tutilayotgan bo‘lsa kerak — tarj.) yetadilar.
Ruschadan Urfon Otajon tarjimasi.
LUG‘AT
K v ye s t o r — davlat xazinasini nazorat qiluvchi.
P r ye t o r — qadimgi Rimda oliy sud hokimiyatiga mas’ul mansabdor.
T r i b u n — avom xalq manfaatini himoya qiluvchi mansabdor shaxs.
T r i u m v i r a t — qadimgi Rimda davlatning uch shaxs tomonidan birgalikda boshqarilishi.
F o r u m — qadimgi Rimdagi xalq yig‘ini o‘tkaziladigan maydon. Bu yerda sud ham qilinardi.
E d i l l a r — qadimgi Rimda jamiyat binolari va ibodatxonalar, bozorlar, yo‘llarni nazorat qiluvchi mansabdor shaxs, tribunlarning yordamchilari.
* * *
Mark Tulliy Sitseron jahon madaniyati tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk siymolardan biri. Sitseron miloddan avvalgi 106-yil 3 yanvarda Arpin shahri yaqinidagi Latsiya shaharchasida tug‘ildi. Sitseronning otasi suvoriylar toifasidan edi. Xotini Gelviya vafot etgach, u o‘g‘illari — yetti yoshli Mark, uch yoshli Kvint bilan Rimdagi uyiga ko‘chib o‘tdi va farzandlarining tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullandi. Yosh Sitseron mashhur huquqshunos Kvint Mutsiy Stsevola va uning kuyovi, mashhur notiq Lutsiy Lutsiniy Krasslarning tarbiyasini oldi; shu paytda Rimda dars beruvchi rodoslik ritor Apolloniy Molondan yunon suxandonligini o‘rgandi. Sitseron epikuriychi Fedr, stoik Diodot, akademik Filonlardan falsafani o‘rgandi. Yunon shoiri Arxiy Sitseronning she’r o‘qishiga rahbarlik qildi, aktyorlar Rostsiy va Klodiy Ezop unga deklamatsiyani hamda nutq so‘zlayotgandagi harakatlarni va o‘zini qanday tutishni o‘rgatdilar. Sitseron ana shu yigitlik pallasida forumda o‘z davrining eng iqtidorli notiqlari — Krass, Antoniy, Sulpitsiy va Kottalarning otashin nutqlarini eshitdi.
Sitseron yigirma yoshida ikki kitobdan iborat “Topish haqida” risolasini yozdi va bu asar shu kungacha saqlanib qolgan. Sitseron forumdagi birinchi nutqini Saodatmand Sulla davrida so‘zlagan edi. U, 76-yili kvestorlik mansabiga saylandi va Sitsiliyada xizmat qildi. 69-yili u edil, 66-yili pretor bo‘ladi. Pretorlik davrida Sitseron o‘zining birinchi siyosiy nutqini so‘zlaydi. Bu nutqida Sitseron mashhur sarkarda Gney Pompeyga Sharqda favqulodda harbiy vakolatlar berilishini yoqlab chiqadi. Nihoyat, 63-yili Sitseron konsul bo‘lib saylanadi. Sitseronning konsulligi davrida Katilina fitnasi fosh etiladi. Konsullikka saylov orqali to‘rt marta erisha olmagan Katilina davlat to‘ntarishini amalga oshirib, hokimiyatni qo‘lga olmoqchi bo‘ladi. Lekin bundan vaqtida xabar topgan Sitseron Katilinani Rimdan haydab chiqaradi va uning eng yaqin hamfikrlarini, tarafdorlarini qatl etadi. Bu voqealardan keyin Sitseron “vatan otasi” degan faxriy unvonga musharraf bo‘ladi. Sitseronning Katilinaga qarshi so‘zlagan nutqlari “Katilinariylar” deb nom oldi va notiqlik san’ati tarixiga kirdi.
60-yilda Krass, Pompey va Sezar birinchi triumviratni tuzadilar. Sitseron yakkalanib qoladi. 58-yili Klodiyning talabi bilan Katilina tarafdorlarini qatl ettirganligi uchun Sitseron qonundan tashqari, deb e’lon qilinadi va Rimdan haydaladi. Sitseron Fessalonikadagi chorbog‘ida yashay boshlaydi. Bir yarim yildan keyin Milonning sa’y-harakatlari tufayli, hamda triumvirlarning xayrixohliklari bilan u Rimga qaytadi. Sitseron endi Pompey va Sezarning tarafini olib, senatda nutqlar so‘zlaydi. Lekin u asta-sekin siyosiy faoliyatdan uzoqlashib, risolalar yoza boshlaydi.
59-yilgi xalq tribuni Publiy Klodiy Sitseron va Tit Anniy Milonga ashaddiy dushman edi. 52-yil 18 yanvarda Milon (57 yilgi xalq tribuni) va Klodiy tasodifan yo‘lda uchrashib qoladilar. Uchrashuv yerida ro‘y bergan to‘qnashuvda Milonning qullari Klodiyni xanjar (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra — nayza bilan) sanchib o‘ldiradilar. Milon sud mahkamasiga tortiladi va bu sud mahkamasida Sitseron Milonning himoyachisi sifatida qatnashadi. Ba’zilar ushbu sud jarayonida Sitseron so‘zlagan nutqni uning eng yaxshi nutqlaridan biri, deb; ba’zilar muvaffaqiyatsiz, deb baholaydilar. Nima bo‘lganida ham Milon Rimdan chiqarib yuboriladi. Ushbu nutqning Sitseron tomonidan qayta ishlangan nusxasi bizgacha yetib kelgan.
Sitseronning notiqlik san’ati nazariyasiga bag‘ishlangan “Notiq haqida” va “Notiq” asarlari, “Brut yoki mashhur notiqlik haqida” nomli kitobi, “Tuskulan bahslari”, “Davlat haqida”, “Qonunlar haqida” risolalari ma’lum va mashhur. Bundan tashqari, u she’rlar va dostonlar ham yozgan. Sitseronning ko‘pgina nutqlari va maktublari saqlanib qolgan.
Sitseron 43-yili o‘zining chorbog‘ida Mark Antoniyning odamlari tomonidan o‘ldirilgan…
Aytib o‘tish kerakki, Sitseronning “Notiq haqida” asaridan va ikki (Verresga qarshi hamda Katilinaga qarshi) nutqidan parchalar akademik Oybek tomonidan tarjima qilingan. (Oybek. “Mukammal asarlar to‘plami” XV tom, 133-142- sahifalar).
Buyuk notiqning o‘quvchilarga taqdim etilayotgan ushbu ikki nutqi, Moskvada 1988-yili nashr etilgan “Antichnaya literatura. Rim. Antologiya” kitobidan tarjima qilindi, nutqlar ushbu nashrda ham qisqartirilgan holda berilgan.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 6-son