Qish kunlaridan biri. Kunduz soat to‘rt bo‘lganiga qaramay, qosh qoraya boshladi. Qor qalin yog‘ardi. Mayda-mayda qor zarralari uzun xipchindek shamol aralash yuzga jiz-jiz uriladi. Ko‘chani olti dyuym qalinlikdagi sovuq va yumshoq oppok gilam qoplagandi; fayton va piyodalar uni toptab tashlashgandi. Qor qoplagan Baueri-strit bo‘ylab yoqalarini ko‘tarib olgan, shlyapalarini qoshlarigacha bostirib olgan kishilar sang‘ib yurishardi.
Iflos bo‘lib ketgan to‘rt qavatli bino oldida bir to‘da odamlar yig‘ila boshladi. Avvaliga ikki-uchtasi yaqinlashdi; biroz bo‘lsada qizish maqsadida oyoqlarini bir-biriga urib taxta eshik oldida izg‘isha boshladilar. Ular xatto ichkariga kirishga urinib ham ko‘rishmaydi, faqatgina g‘amgin bezovtalanib u yoqdan bu yoqqa tentirab yurishar, qo‘llarini cho‘ntakka tiqqancha piyodalar va yonib turgan chiroqlarni zimdan kuzatishar edi. Ularning orasida ko‘zlari kirtayib ketgan oppoq soqolli mo‘ysafidlar ham, ko‘rinishidan yosh, lekin kasallanganlar ham, o‘rta yoshdagilar ham bor edi.
Eshik oldidagi olomon ko‘paya borgani sari past tovushdagi g‘ala-g‘ovur ham kuchaya bordi. Bu suhbat emas, balki to‘xtovsiz noroziliklar edi. Norozi ovozlar, so‘kishlar eshitila boshladi.
– Sal tez harakat qilishsa bo‘larmidi.
– Anavi mirshabni baqrayishini qara.
– Nima, hozir yoz deb o‘ylashyaptimi?
– Pirda – Shimoliy qutbda ham bundan ko‘ra issiqroq.
Izg‘irin qattiqroq savalay borgani sari odamlar bir-biriga zichroq yopishishadi. Birov jahl ham, do‘q po‘pisa ham qilmaydi. Biron hazil yoki muloyim so‘zni ham eshitmaysiz, faqatgina og‘ir kutish.
Shu payt ko‘chada avtomobil o‘tib ketdi, uning ichidagi yo‘lovchi yalpayib o‘tirardi.
– Buni yalpayib ketishini qara! – dedi kimdir eshik tagidan.
– Unga sovuq ta’sir ham qilmaydi-da!
– Hoy, hoy! – yana kimdir qichqirib yugurdi, biroq avtomobil allaqachon ketib bo‘lgan, ichidagi yo‘lovchi uni eshitmasdi.
Asta-sekin kech tusha boshladi. O‘tkinchi piyodalar uylariga shoshishar, olomon esa hali ham eshik tagida hech qayoqqa siljimay turardi.
– Eshikni ochishadimi o‘zi yo yo‘qmi? – janjal chiqarmoqchiday xirildoq ovoz yangradi.
Harakatga kelgan olomon yopiq eshik tomon siljiy boshladi: barchaning nigohi eshikka qadalgandi. Olomonning ko‘zida tilsiz jonivorlarnikiday ma’yuslik: eshik tutqichi buralib ochilarmikin? Ular og‘irliklarini goh u, goh bu oyoqlariga tashlashar, sovuqdan ko‘zlari qisilgan, nimalardir deb to‘ng‘illashar, so‘kinishar edi. Ularning barchalari kutishar, qor esa hamon bo‘ralab yog‘ar, savalar edi.
Bino ichida chiroq yondi va eshik tepasidagi oynada uning xira shu’lasi paydo bo‘ldi. Olomon birdan jonlandi. Qor yanada qalin yog‘ar, eskirgan shlyapalarda, ozg‘in yelkalarda to‘planar edi, birov uni qoqib tushirmasdi ham. Eshik oldida to‘planib turgan odamlar chiqargan bug‘dan qor erir, shlyapadan burun va yuzga tomchilardi, ammo bunday tiqilinchda qo‘lingni ko‘tarib yuzingni artolmaysan. Olomon cheti siyrakligidan u yerda qor erimasdi. Oraga suqila olmaganlar qunishib chekkada turishardi.
Nihoyat, zulfinning g‘ichirlagani eshitildi. Olomon hushyor tortdi. Kimdir baqirdi: ,, Hoy, eshikni itarmanglar”. Eshik ochildi. Bir daqiqalik tiqilinch va ur-surdan so‘ng, hamma jimgina, xo‘mraygancha ichkariga intila boshladi, olomon zumda siyraklashdi. Odamlar oqim olib ketayotgan yog‘ochdek bino ichiga g‘oyib bo‘lishar, salkigan shyapa va jiqqa ho‘l bo‘lgan paltodagi sovqotgan, holdan toyganlar bu noxush tusdagi bino eshigiga yoppasiga selday yopirilishardi.
Roppa-rosa oltida har bir o‘tgan-ketganning yuzidan kechki ovqat kutib turgan uyiga shoshayotganligini payqash mumkin edi.
– Sizda biron yegulik topiladimi? – so‘radi kimdir oppoq soqolli eshik qorovulidan.
– Yo‘k, faqat karavot topiladi.
Bugun eshik tagida kutib turganlarning barchasi tunash uchun joy topishdi.
Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi