Fort Romperdagi ko‘k rangga bo‘yalgan mehmonxona binosi atrofidagi shu rangdagi boshqa hamma narsadan alohida yaqqol ko‘zga tashlanib turardi.
Temir yo‘l stantsiyasida qolgan har qanday yo‘lovchi Fort Romperdagi pastak uylarga kirishdan ko‘ra, mehmonxonaga kelishni afzal ko‘rardi. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, bironta sayyoh mehmonxonaga kirmay o‘tmasdi. Mehmonxona xo‘jayini Pet Skalli rangtasvir ustasi ekanligini ko‘p marta isbotlagan. Xushhavo kunlarning birida poyezd Fort Romper shahridan o‘tib ketar ekan, yo‘lovchilar go‘zal manzarani ko‘rib, og‘izlari ochilib qoldi.
Shaharning sharqiy qismida yashovchi aholi buni ko‘rib uyalganidan miyig‘ida kulib qo‘ygan bo‘lsa, g‘arbdagi aholiga esa Pet Skalli ajoyib tomosha ko‘rsatdi. Pet Skallining shaxsan o‘zi mehmonxonaga yo‘lovchilarni chorlardi. U har kuni ertalab va kechqurun Romperda to‘xtab o‘tadigan poyezdni kutib olgani chiqardi.
Unga shubha ko‘zi bilan qaragan har qanday kishiga darhol salom berardi.
U qor yog‘a boshlagandagina yolg‘iz qolardi. Shaharchadagi uylar oppoq libosga burkangani bois mehmonxona hadeganda ko‘zga tashlanmaydi.
Kunlarning birida sovuqdan motori muzlab qolgan mashinalar stantsiyada turnaqator bo‘lib turganda Skalli “Uch kishi” deb nomlangan ajoyib tomosha ko‘rsatdi. Bu uch kishining biri shvetsiyalik – vaysaqi, bir ko‘zi sal g‘ilayroq, katta, arzon yaltiroq sumka ko‘tarib olgandi; yana biri novcha, o‘z ishini Dakota chegaralarida bajaradigan, quyoshda qoraygan kovboy edi. Uchinchisi esa, sharqiy qirg‘oq tarafdan bo‘lib, tashqi ko‘rinishdan u yerlikka sira ham o‘xshamaydigan yuvosh odam edi. Skalli ularni o‘zlarini xuddi mahbuslardek tutishga majbur qildi. U juda quvnoq va mehribon edi.
Ular qamoqxonada jabr-zulm avj olavergach, qochishga harakat qilishdi.
Shunday qilib, bu mitti odamni qiziqish bilan kuzatishdi.
U boshiga jun matodan tikilgan qalpog‘ini kiydi. Bosh kiyimi uning boshqalarnikiga o‘xshamaydigan qizil quloqlarini yashirib turardi. Nihoyat Skalli ularni ko‘k rangli mehmonxona eshigi oldiga olib keldi. Ular kirgan xona ixchamgina edi. Xonaning qariyb yarmini guvillab yonayotgan kattakon pechka egallagandi. Uning atrofi olov taftidan yarqirab, o‘zidan nur taratayotgandek edi go‘yo. Pechka yonida Skallining o‘g‘li Jonni bir fermer bilan qarta o‘ynardi. Ular qo‘qqisdan janjallashib qolishdi. Skalli baland ovoz bilan ularning o‘yinini to‘xtatdi. O‘zi esa mehmonlarga uch qadahda muz solingan suv berdi. Kovboy va sharqlik idishlardagi suv bilan yuzlarini qizarib ketguncha ishqalashdi. Shvetsiyalik esa suvga barmog‘ini tegizib qo‘ydi, xolos.
Shundan so‘ng ular birinchi xonaga qaytishdi. Pechka yonida o‘tirishar ekan, bexosdan Skallining oshxonada ovqat pishirayotgan qiziga baqirganini eshitib qolishdi. Ular o‘zaro suhbatlashib o‘tirishaverdi, shvetsiyalik esa gapga aralashmay, churq etmay o‘tirardi. U xonadagi har bir odamni o‘zicha tanqid qilish bilan ovora edi. Uni ko‘rgan har qanday kishi qo‘rquv va ahmoqona tuyg‘ular iskanjasida qolganini sezishi qiyin emasdi. U juda tushkun kayfiyatda qolganga o‘xshardi.
Mehmon hech kim bilan gaplashmadi, faqat tushlik mahali Skalli bilan biroz suhbatlashdi. Bu suhbat davomida u Skalliga o‘zining Nyu-Yorkdan kelgani, o‘n yildan buyon chamadon yasab, tirikchilik qilib yurganini aytdi. Bu ma’lumotlar Skalli uchun juda qiziqarli edi, gap orasida u ham o‘n to‘rt yildan beri Romperda yashayotganini ta’kidladi. U Skallidan bu yilgi hosil qanday bo‘lgani, qancha daromad olganini so‘radi, uning uzundan-uzoq javobini toqatsizlik bilan eshitarkan, davradagilar orasida o‘zini ortiqchadek his qildi.
Shvetsiyalik “g‘arbiy shaharcha juda xavfli joy” deb qo‘ydi. Stol ostidan oyoqlarini yig‘ib, to‘g‘rilab olarkan, baland ovozda kulib yubordi. Boshqalar hech narsaga tushunmay, unga tikilib qoldi.
Tushlikdan so‘ng ular qarta o‘ynashga qaror qilishdi. Kovboy Jonni bilan o‘ynamoqchi ekanini aytdi. Shvetsiyalik va sharqlik bir jamoa bo‘lib o‘ynaydigan bo‘ldi. U o‘zi bilmagan o‘yin haqida biroz tushunchaga ega bo‘lgach, bu o‘yinga boshqacha nom berishni taklif qildi. Ular rozi bo‘lishdi. Biroq shvetsiyalik raqibining oldiga xuddi uni kaltaklamoqchi bo‘lgandek bir vajohatda keldi. Joylashib olgach, kutilmaganda telbalarcha qah-qah urib kulib yubordi. Bu kulgi juda g‘alati edi.
Sharqlik unga taajjub bilan qaradi. Kovboy og‘zini ochib turardi.
– Xo‘sh, kelinglar, o‘yinni boshlaylik, – deya taklif kiritdi Jonni.
Ular stullarini stolga yaqinroq siljitib o‘tirdilar. O‘yin boshlandi. O‘yinga berilib ketgach, shvetsiyalikning qiliqlari zumda eslaridan chiqib ketdi.
To‘satdan shvetsiyalik Jonniga so‘z qotdi:
– Menimcha, bu yerda juda ko‘p begunoh kishilarning qoni to‘kilgan.
Hamma og‘zini ochib unga qaradi.
– Nimalar deyapsiz? – baland ovozda dedi Jonni.
Shvetsiyalik soxta jasurlik bilan yana qah-qah urib kula boshladi.
– O, o‘ylashimcha, nima demoqchiligimni juda yaxshi tushundingiz, – javob berdi u.
– Yo‘q, hech narsa tushunmadim, – e’tiroz bildirdi Jonni. O‘yin to‘xtab qolgandi. Hamma shvetsiyalikning og‘zini poylardi.
Jonniga shvetsiyalikning uni tergov qilayotgani yoqmadi.
– Xo‘sh, nima demoqchisan? – dedi u “sen”sirab.
Shvetsiyalikning qo‘llari titrardi.
– Sen meni hech qayerni ko‘rmagan bir ovsar deb o‘ylayapsan, shekilli?
– Siz haqingizda hech narsa bilmayman, – o‘z navbatida javob berdi Jonni.
– Qayerda bo‘lganingiz bilan mening nima ishim bor? Umuman, nima demoqchiligigizga zarracha tushungan bo‘lsam, o‘lay agar.
Boyadan beri shvetsiyalikka tikilib turgan kovboy:
– Nima bo‘ldi, oshna? Ahvoling yaxshimi o‘zi? – deb so‘radi.
Bu savoldan shvetsiyalik qo‘rqib ketdi. Qaltirab, rangi ham oqara boshladi. U sharqlik kishiga ma’nodor qarab qo‘ydi.
– Qarang, nima deyayotganimni tushunmabdi, – dedi u sharqlikka kinoya bilan. Ro‘parasidagi odam birpas o‘ylanib turdi-da, so‘ng muloyimlik bilan javob qildi:
– Nima demoqchiligingizni tushunmadim.
Shvetsiyalik joyida qo‘zg‘alib qo‘ydi. U najot kutgan kishisidan dakki yegandi.
– Nazarimda, hammangiz menga qarshisiz, shundaymi?
Kovboyning sabr kosasi to‘ldi.
– Dardingni ayt! – deya baqirdi u qartalarni jahl bilan otib yuborarkan. – Nima demoqchisan o‘zi?
Shvetsiyalik o‘ziga ishonib, mag‘rur o‘rnidan turdi.
– Mening urishishga tobim yo‘q!– baqirdi u.
Kovboy uzun oyoqlarini oldinga uzatdi.
– Xo‘p, kim seni “urishmoqchi” deb o‘ylabdi? – so‘radi Kovboy qo‘llarini cho‘ntagiga solib.
Shvetsiyalik xonaning bir burchagida turgancha, o‘zini bosishga harakat qilardi, biroq uning qo‘llari hamon titrardi.
– Janoblar, – dedi u shivirlab, – bu uydan mening o‘ligim chiqadi. Men …
Shu vaqt eshik ochilib, Skalli kirib keldi. U shvetsiyalikning ko‘zlaridagi qo‘rquvni ko‘rib, hayratlandi.
– Tinchlikmi? – so‘radi u.
Shvetsiyalik jahl bilan shartta javob berdi:
–Ular meni o‘ldirishmoqchi.
–O‘ldirishmoqchi?! – qichqirib yubordi Skalli. – Nimalar deyapsan?
Shvetsiyalik yordam so‘rab, qo‘llarini ko‘tardi.
Skalli o‘g‘liga yuzlanib, dedi:
–Bu nimasi, Jonni?
Yigitning jahli chiqa boshladi.
–Men qayoqdan bilay? Buning menga aloqasi yo‘q.
Shunday deya qartalarni yig‘ib, chiylay boshladi.
– U bu yerda begunoh odamlar o‘ldirilgan, meni ham o‘ldirishadi deganga o‘xshash bema’ni gaplarni gapirdi, – deb tushuntirdi Jonni. – Menimcha, u aqldan ozgan.
Shundan so‘ng Skalli izoh talab qilib, Kovboyga yuzlandi, biroq u boshini qimirlatib qo‘ydi, xolos.
– Sening esing joyida emas .
– Ha, buni bilaman, – portladi shvetsiyalik. — Men nima ro‘y berishini bilaman. Ha, aqldan ozdim. Ha, men jinniman, biroq…
Uning yuzida iztirob va dahshat zohir edi.
– Men bu yerda nimalar bo‘lishini tirikligimda ko‘rmoqchiman, – deya gapida davom etdi u.
Skalli shahd bilan burilib, o‘g‘liga dedi:
–Sen bu odamni qiynab qo‘yibsan.
–Nega endi? O, xudoyim, men unga hech narsa qilganim yo‘q, – dedi Jonni. U o‘zini aybdor hisoblashlaridan nihoyatda cho‘chirdi.
Shvetsiyalik sekin hujumga o‘tdi:
–Janoblar, o‘zingizni qiynamang. Men uzoq-uzoqlarga ketaman, – u o‘tirganlarga aybdorlarcha termuldi. – Chunki men o‘lishni istamayman.
– Siz hech qayerga ketmaysiz, – dedi Skalli. – To men bu ishning tagiga yetmagunimcha shu yerda qolasiz. Bordi-yu, birortasi sizni tashvishga solgan bo‘lsa, men shaxsan o‘zim u bilan shug‘ullanaman. Bu mening uyim. Siz mening boshpanamdasiz va men sizday beozor odamni xafa qilishlarini istamayman.
Shunday deb Skalli o‘g‘li, kovboy va sharqlik kishiga o‘qrayib qo‘ydi.
– Yo‘q, mister Skalli, yo‘q, men ketaman. O‘lishni aslo istamayman!
Shvetsiyalik zina tomon yura boshladi. U sumkasini olmoqchi edi.
–Yo‘q, yo‘q, – dedi Skalli buyruq ohangida. Biroq shvetsiyalik uning so‘zlariga quloq solmay xonani tark etdi.
– Xo‘sh, endi ko‘ngillaring joyiga tushdimi? – so‘radi u g‘azab bilan.
Jonni va Kovboy baravariga baqirishdi:
– Biz unga hech nima qilmadik!
Skallining ko‘zlari sovuq chaqnadi.
– Yo‘q, – dedi u, – bilaman, sizlar hech nima qilmagansizlar.
Uning gapirish ohangidagi kinoya hammadan ham Jonniga og‘ir botdi.
– Bunaqa vahshiy jinnini endi ko‘rishim. Biz butunlay begunohmiz. Shu yerda jimgina qarta o‘ynab o‘tirgandik. U…
– Bolalar nima qilishayotgandi? – deya o‘g‘lining so‘zini bo‘lib, sharqlikdan so‘radi Skalli.
Sharqlik yana o‘yga toldi.
– Bu yerda hech bir anglashmovchilik ko‘rmayapman ,– dedi u oxiri.
Skalli jazavaga tusha boshladi.
– Biroq buni men qanday tushunay? — U o‘g‘liga yeb qo‘ygudek tikildi. — Buning uchun seni jazolashim kerak, o‘g‘lim, – dedi u.
Jonni o‘zini tutib turolmadi.
– Xo‘sh? Nima qilishim kerak? – deya qichqirdi u otasiga.
– Menimcha, sizlar soqovsizlar, – dedi u xonadagilarga oxiri o‘ziga kelgach, sekin tashqariga chiqdi.
Yuqorida shvetsiyalik sumkalariga narsalarini joylashtirayotgandi. U eshik tomonga xayol o‘girilib turganidan pastdagi shovqinni bemalol eshitayotgandi.
Skalli qo‘lida chiroq ko‘tarib uning oldiga keldi. Bir lahza ular bir-birlariga tikilib qolishdi.
Shundan so‘ng Skalli xonaga kirdi-da, chiroqni stol ustiga qo‘yib, karavot chetiga ohista o‘tirdi-da, sekin gapira boshladi:
– Umrim bino bo‘lib bunaqa gap eshitmagandim. Bu juda g‘alati, o‘ylab, o‘yimga yetolmayman. Bu fikr miyangizga qayerdan keldi?
– Rostdan ham ular sizni o‘ldirishmoqchimidi? – so‘radi u shvetsiyalikning ko‘zlariga tik boqib.
Shvetsiyalik Skalliga go‘yo uning miyasidagi fikrlarni uqib olishga harakat qilgandek qaradi.
– Shunaqa deb o‘ylayman, – dedi u va qo‘llari qaltiray boshladi.
– Skalli, – dedi u to‘satdan kutilmagan jasurlik bilan, – sizdan qancha qarzdor bo‘ldim?
Shunday deb u sumkasini titkilay boshladi.
– Siz mendan qarzdor emassiz! – dedi qariya jahl bilan.
– Yo‘q, qarzdorman, – dedi shvetsiyalik o‘jarlik bilan va sumkasidan biroz pul olib, Skalliga uzatdi. Ammo Skalli uning qo‘lini itarib tashladi.
– Men sizdan pul olmayman, – dedi Skalli. – Bu yerda nimalar sodir bo‘ldi? Bir eslab ko‘ring-chi.
Shunday deb u xayolan reja tuza boshladi.
– Bu yoqqa, – dedi u chiroqni olarkan eshik tomon yurib, – bir daqiqaga bu yoqqa keling.
– Yo‘q, – dedi shvetsiyalik vahima ichida.
– Keling, deyman sizga, — takrorladi Skalli. – Men sizga mehmon-xonani ko‘rsatmoqchiman.
Shvetsiyalik shu tobda o‘lim sharpasi yuziga soya solayotganini tushundi.
Uning og‘zi ochilib, taajjubdan angrayib qoldi.
Skallining ortidan ergasharkan, shiftga ilingan zanjir oldida to‘xtadi.
– Hozir, — dedi u va polga shartta uzala tushib, karavotining ostiga kirib ketdi. Shvetsiyalik Skallining ovozini zo‘rg‘a eshitardi:
– Agar Jonni bo‘lmaganida men uni yostig‘im ostiga qo‘yardim. Qayerda qoldi ekan? Har doim har xil joyga yashirib qo‘yaman. Mana, hozir, chiqayapman.
U o‘zining eski paltosini sudragancha karavot tagidan chiqdi.
– Men uni topdim, – dedi u pichirlab.
So‘ng polga cho‘kkalab o‘tirdi-da, paltoni sekin ochib, undan viski solingan sarg‘ish – jigarrang shishani oldi va hurmat yuzasidan iltifot ko‘rsatib, uni mehmonga uzatdi.
Irodasiz mehmon shishani olishni xohlasa ham, qo‘lini birdan orqaga tortdi va Skalliga qo‘rqinch to‘la ko‘zlari bilan boqdi.
– Ich, – dedi qariya do‘stona ohangda. U oyoqlarini chalishtirib shvetsiyalikka tikilib turardi.
Bir zum jimlik cho‘kdi. So‘ng Skalli yana “ich” deb majburlay boshladi.
Shvetsiyalik g‘ayritabiiy ovozda kulib yubordi. U shishani olib, og‘ziga yaqinlashtirdi. Qariyadan ko‘z uzmay ahmoqona tabassum qotib qolgan lablarini ho‘lladi-da, shishani yana egasiga qaytardi.
Skalli chiqib ketganidan keyin uchovlon hamon stol atrofida o‘tirgancha, bahsga kirishib ketdi.
– Bu men bilgan erkaklarning ichida eng yomoni, – dedi Jonni.
– Bir narsa deyishga ham hayronman, – dedi sharqlik.
– Uning o‘zini shunday tutishiga nima majbur qildi, deb o‘ylaysiz? – so‘radi kovboy.
– U qo‘rqib ketgan, shuning uchun o‘zini idora qilolmay qoldi.
– Nima bo‘pti? – dedi Jonni va Kovboy baravariga.
– Bilmadim, menimcha, u g‘arbning bema’ni romanlarini ko‘p o‘qiganga o‘xshaydi.
– To‘g‘ri-ku-ya, – dedi Kovboy, – ammo bu yer begona joy emas, Nebraska.
– To‘g‘ri, – deya qo‘shib qo‘ydi Jonni, – nega bo‘lmasa g‘arbdan butunlay xalos bo‘lguncha ko‘nglini uzmadi.
Sharqlik sayyoh kulib yubordi.
— Shu paytgacha ishlari ham, ahvoli ham yaxshi edi, biroq u o‘zini jahannamda yurgandek his qilyapti.
— Qiziq, – dedi Jonni.
— Ha, – uning fikrini ma’qulladi kovboy. Pastda esa Skallining latifasini eshitib, kimdir maroq bilan kulardi. Kulayotgan shvetsiyalik edi. Pechka atrofidagilar hayrat bilan bir-birlariga tikilishdi. Eshik g‘ijirlab ochildi-da, Skalli va shvetsiyalik ostonada paydo bo‘ldi. Endi pechka yaqinidagi stol atrofida beshta stul bor edi. Shvetsiyalik g‘azab bilan baland ovozda gapira boshladi. Jonni, sharqlik, Kovboy, Skallining o‘zi aralashmasdan jim turishardi. Shvetsiyalik suvsaganini aytdi.
U stolni surib, endi o‘rnidan qo‘zg‘algan ham ediki, Skalli darhol:
– Men o‘zim olib kelaman, – dedi.
– Yo‘q, – deya e’tiroz bildirdi shvetsiyalik dag‘allik bilan. – Men o‘zim olib kelib beraman.
Shunday deya u o‘zini mehmonxona xo‘jayinidek tutib keta boshladi. Shvetsiyalik chiqib ketishi bilanoq, qariya o‘tirganlarga: “U o‘zicha shubhalanib, “meni Skalli zaharlamoqchi bo‘ldi” deb o‘ylayapti”, dedi.
– U meni aqldan ozdiradi, – dedi Jonni. – Nega siz uni tashqariga uloqtirib tashlamaysiz?
– Hammasi joyida, – dedi Skalli. – U g‘arbiy sohildan, bu yerni rasvo bir makon deb o‘ylayapti chog‘i.
Kovboy sharqlikka qarab, kulib qo‘ydi-da, “siz haqsiz” dedi va qo‘shimcha qildi:
– Hozir o‘zini yaxshi his qilayapti, biroq boshida u qo‘rqayotgandi. Endi esa unda jasorat paydo bo‘libdi. Buni tushunolmayapman.
– Seningcha, men nimani sir tutayapman? – deya Skalli tizzasiga shapatilab urib qo‘yarkan, – bu harakati bilan u “hammangiz gapimga quloq soling”, demoqchi edi.
– Men mehmonxonani saqlab qoldim! – baqirib gapirdi u. – Mehmonxonani! Eshityapsizlarmi? Mening mehmonlarim maxsus imtiyozlarga ega. Shvetsiyalikning bu yerni tark etishiga hech bir sabab yo‘q. Boshqa yerda uni mehmon sifatida qabul qilishmaydi. Gapim to‘g‘rimi?
Shunday deb Kovboy sharqlikka yuzlandi.
– Ha, to‘g‘ri, — uning fikriga qo‘shildi sharqlik. O‘sha kuni kechki ovqat mahali shvetsiyalik ichkilik ta’siridan otash bo‘lib yondi. U buni goh kuylab, goh esa kulib namoyon etardi. Qizig‘i shundaki, uning barcha tentaknamo qiliqlarini Skalli ma’qullab turdi. Sharqlik xotirjam edi. Kovboy hayratdan og‘zini ochib, ovqatlanishni ham unutgan, Jonni esa g‘azab bilan likopchadagi ovqatni yeb bo‘layotgandi.
Shvetsiyalik butun kechani boshqararkan, unga shafqatsiz tus berishga harakat qilardi. U juda kuchayib ketgandek edi, go‘yo o‘tirganlarga o‘tkir nigohini qadab, ovozining boricha baqirib gapirardi. Kechki ovqatdan so‘ng boshqalar singari qo‘shni xonaga o‘ta turib, Skallining yelkasiga qo‘li bilan qoqib:
– Rahmat, qariya, ovqat juda shirin ekan, – deya Jonni otasiga xavotirlik bilan tikildi. Uning yelkasidagi og‘ir jarohat azob berayotganini yaxshi bilardi. Shvetsiyalikning bu qilig‘idan uning jahli chiqa boshladi.
Boshqalar esa uning yangi nag‘malariga javobgarlikni Skalli o‘z bo‘yniga olganini tushunib yetgandi.
Pechka yaqinida yig‘ilib o‘tirishganda u boshqa qarta o‘yinlarini o‘ynash kerakligini talab qildi. Uning ovozida doimgidek qo‘rqinch, tahdid bor edi. Kovboy va sharqlik bunga rozi bo‘ldilar, endi ularga qartaning qizig‘i qolmagandi. Skalli esa hademay kechki poyezdni kutib olishiini aytdi. Shu tobda Jonni va shvetsiyalik yolg‘iz qolishdi. Bir zumga ularning nigohi o‘tkir qilichdek kesishdi, so‘ng Jonni miyig‘ida kulib qo‘ya qoldi.
Ular stol atrofida davra hosil qilishdi. Sharqlik va shvetsiyalik bu safar ham bitta jamoada o‘ynadilar.
Butun o‘yin davomida Kovboyning churq etmay, o‘zini bu qadar sipo tutishi o‘tirganlarning diqqatini tortardi.
Skalli qaytib kelgach esa uning muzdek havo oqimini olib kirishi davradagi samimiylikni tarqatib yubordi. Shvetsiyalik yana so‘kina boshladi, biroq bu safar hammalari o‘yinga kirishib ketgani uchun unga e’tibor bermadilar. Ularning boshlari egilgan, qo‘llari esa chaqqon harakat qilardi.
Skalli zerikmasligi uchun gazeta olib kelgandi va uni varaqlaganda shitirlagan ovoz eshitilardi. So‘ng shu payt norozi ohangdagi so‘zlar eshitildi: “Siz g‘irrom o‘ynayapsiz!”.
Kichkina xona yana vahima qa’riga g‘arq bo‘ldi. Bu so‘zlarni eshitib, Skallining qo‘lidagi gazeta tushib ketdi. Uning ko‘zoynagi burnining ustida turar, o‘yin ishtirokchilariga o‘tkir nigohini birma-bir tashlab turardi. Bu jimlik uzoq cho‘zilmadi.
Jonni o‘zini shvetsiyalikning ustiga otdi. Ur-yiqit boshlandi. Sharqlik va Skalli esa Jonnini to‘xtatmoqchi bo‘ldilar. Hamma olishardi. Biroq dim havoni yutib, olishuvdan charchagan raqiblar ko‘zlari bilan imo qilib, bir-birlarini ogohlantirishdi.
– Hoziroq to‘xtatinglar!
Skallining ovozi barchanikidan balandroq eshitildi.
Xonada tinmay sharqlik va Skallidan qochayotgan Jonni esa “u meni firibgar deyapti, qalloblikda ayblayapti” deb baqirardi. – Agarda u meni ayblasa, men uni…
– Hoziroq bas qil, eshitayapsanmi?! – dedi Kovboy shvetsiyalikka.
Baqir-chaqirlar shvetsiyalikni to‘xtata olmadi.
– U g‘irrom o‘ynadi. Men buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, ha, ko‘rdim, – dedi u.
– Bir daqiqa to‘xtanglar, iltimos, kutib tura olasizlarmi?–deya past ovozda yalinardi sharqlik. – Qartani deb urishishning nima keragi bor?
Bu shovqin-suronli janjalda “g‘irromlik”, “to‘xtatinglar,” “u meni shunaqa dedi” kabi so‘zlar zo‘rg‘a quloqqa chalinardi. Ovozining boricha baqirayotgan Skalli umuman hech kimni eshitmasdi.
To‘satdan hamma jim bo‘lib qoldi. Ular nafas rostlab olish uchun to‘xtagan edilar.
Jonni darhol oldinga chiqdi. “Nega siz meni g‘irromlikda ayblayapsiz? Nega, a, nega? Men hech kimni aldaganim yo‘q va hech kim meni qallob deb atashiga yo‘l qo‘ymayman.”
– Men seni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, o‘z ko‘zim bilan! – deya boyagi so‘zlarini takrorladi shvetsiyalik.
– Yaxshi, – qichqirdi Jonni, – kim meni firibgar desa, o‘sha bilan urishaman.
– Yo‘q, sen bunday qilolmaysan, ya’ni bu yerda urisha olmaysan, – dedi Kovboy.
– Biz urishishimiz kerak! – gapida turib oldi Jonni.
– Ha, urishamiz, – qichqirdi shvetsiyalik.
U xuddi aqldan ozgan shaytonga o‘xshardi.
– Men senga kimligimni ko‘rsatib qo‘yaman. Urishamiz, tamom-vassalom. Kim bilan urishmoqchi bo‘lganingni bilmayapsan, shekilli. Meni urisha olmaydi deb o‘ylayotgandirsan-a? Yo‘q. Men senga ko‘rsatib qo‘yaman, jinoyatchi! – dedi u Jonniga.
– Bo‘pti, oshna, boshladik bo‘lmasa, — dedi Jonni sovuqqonlik bilan. Kovboy chora izlab Skalliga yuzlandi: endi nima qilamiz?
Qariyaning xayoliga ajoyib bir fikr kelgandek, ko‘zlari quvonchdan chaqnab ketdi.
– Biz ularning urushishiga ruxsat beramiz, — dedi u jasurlik bilan. — Men buni uzoq kutolmayman. Bu shvetsiyalikning qarg‘ishidan bo‘larimcha bo‘ldim. Sabrning ham chegarasi bor, yaxshisi, urisha qolishsin. Yigitlar tashqariga chiqishga tayyorlana boshladilar.
Sharqlik azbaroyi asabiylashganidan yangi charm paltosini qiynalib kiydi. Kovboy kepkasini qulog‘igacha bostirib kiyarkan, qo‘llari qaltirardi.
Jonni va qariya Skalligina o‘ta xotirjam edilar.
Skalli eshikni ochdi. Daydi shamol o‘chakishgandek o‘sha zahoti chiroqni o‘chirib qo‘ydi. Ular boshlarini egib, shamolga qarshi yura boshladilar.
Qor tingan bo‘lsa-da, sovuq shamol ularni chimchilab olayotgandek edi.
Shvetsiyalik yo‘lda nimalardir deb baqirardi. Skalli uning yoniga bordi-da, qo‘lini uning yelkasiga qo‘yib, bir nima deb pichirladi.
– Nimalar deyapsiz? – baqirdi shvetsiyalik. — Men bu olomonga qarshi chiqolmayman.
— Hammasini bilib turibman, siz hamma aybni menga ag‘darasiz.
– Yo‘q, yo‘q – dedi Skalli, biroq shamol uning so‘zlarini og‘zidan yulib, uzoqlarga olib ketdi.
Shvetsiyalik boloxonador qilib so‘kindi, biroq bo‘ron qolgan gaplarni eshitishga imkon bermadi. Ular panaroq joy topishdi. Bu yer V shaklida bo‘lib, qor beiz edi.
Ular endi qo‘nalg‘a topganlarida shvetsiyalik hali ham baqirayotgan edi.
– Ha, men bu yer qanaqa joyligini juda yaxshi bilaman. Kunday ravshan, sizlar meni o‘rtaga olmoqchisizlar, hammangizga kuchim yetmaydi.
Skalli unga g‘azab bilan o‘qraydi.
– Sen hammamiz bilan emas, faqatgina Jonni bilan urishasan.
Ikki raqib Skallining qisqa buyrug‘ini kutib, bir-biriga qarab turardi. Jangchilarning hech biri kiyimini yechmadi. Ularning ko‘zlari muloyim boqsa-da, tub-tubida shafqatsiz bir tuyg‘u yashiringanini payqash qiyin emasdi.
— Xo‘sh, boshladik! – dedi Skalli.
U shunday deyishi bilanoq ikkisi ham xuddi buqalardek bir-biriga tashlanib, hujumga o‘tdi.
Zarblardan chiqayotgan gurs-gurs tovushlar va raqiblarning haqoratni so‘zlari atrofni tutib ketdi.
Kuzatuvchilarga kelsak, sharqlikning nafasi ichga tushib ketgandi, tashvishli ora-chora, ko‘ksini to‘ldirib nafas olardi-da, yana jim bo‘lib qolardi.
Kovboy qichqirib, u yerdan bu yerga sakrardi. Skalli harakatsiz qotib turar, bu urushga ruxsat berib, uni uyushtirganidan o‘zi ham hayron edi. Vahshiylarning harakatlarini ko‘rib, qo‘rqib ketdi. Qorong‘ulikda birpas havoda uchayotgan qo‘llardan boshqa hech narsa ko‘rinmasdi.
Kovboy tinmay Jonniga yon bosardi. U yugurib, xuddi yovvoyi otdek yaqinlashdi-da, “ur uni, ur, Jonni! O‘ldir uni!” – deya baqira boshladi.
– Jim bo‘l! – dedi Skalli jahli chiqib. Shundan so‘ng qisqa, ammo juda qattiq urilgan musht zarbidan Jonni o‘tloqqa gursillab yiqildi.
Kovboy shvetsiyalikning yonida qovog‘ini solib turar, Skalli esa o‘g‘lining tepasida edi.
– Jonni, o‘g‘lim, Jonni.
Uning ovozi g‘amga to‘la edi.
– Jonni, mushtlashuvni davom ettira olasanmi? – so‘radi u o‘g‘lining kaltak zarbidan shilinib, qonab ketgan yuziga achinib qararkan. Bir muddat javob bo‘lmadi. Shundan so‘ng Jonni yana o‘zining odatdagi ovozida “ha” deya javob qildi.
U otasining ko‘magi bilan oyoqqa turdi.
–Nafasimni rostlab olay, – dedi u.
Kovboy esa bir necha qadam naridagi shvetsiyalikka:
— To‘xta, biroz sabr qil, — dedi.
Sharqlik esa Skallining qo‘lidan tortdi.
– Balki yetar-a? – yalindi u. – Hammasini o‘z holicha qoldiraylik.
– Bill, – dedi Skalli, – uni ko‘zimdan yo‘qot!
– Hozir! – deya kovboy ular tomon yura boshladi.
Raqiblar bir-birlariga yaqinlasha boshladilar.
Jonni birinchi zarbadanoq o‘zini yo‘qotib, muvozanati buzilib, shvetsiyalikning ustiga quladi. Kovboy, sharqlik va Skalli dodlab yuborishdi. Shvetsiyalik esa raqibini ayamay ura boshladi. Og‘ir mushtlarning zarbidan Jonni uzoqroqqa borib yiqildi. Jonnining tepasidagi g‘azabnok kishilarning ko‘zlaridan qochib, shvetsiyalik juftakni rostlab qoldi.
– Hali ham urisha olasanmi, Jonni? – so‘radi Skalli chorasiz bir ahvolda.
Bir necha daqiqa o‘tgach o‘g‘li javob qildi:
–Yo‘q, men urisha olmayman.
So‘ng uyat va og‘riqdan yig‘lay boshladi. Uning achchiq ko‘z yoshlari qonli yuziga to‘kila boshladi.
Skalli qaddini rostlab, yonida turganlarga gapira boshladi:
–Og‘aynilar, – dedi u muloyimlik bilan, – hammasi tugadi.
Uning ovozi kutilmaganda juda o‘zgarib ketgandi.
– Jonni yengildi, – dedi u xuddi o‘limni e’lon qilayotgandek.
Ular Jonnini yerdan turg‘azishdi. U yordam bermoqchi bo‘lganlarga e’tibor ham bermay, qiynalib bo‘lsa-da, o‘zi yura boshladi. Qor kuchayib, bo‘ronga aylangan, ko‘z ochishga qiynalib qolishgandi.
Qor ularning yuzlarini qizartirib yuborgandi. Jonnini yetaklab bir xonaga boshlab kelishdi. Ko‘p o‘tmay zinada qadam tovushlari eshitildi. Shvetsiyalik eshikni ochib, to‘ppa-to‘g‘ri xonaning o‘rtasiga yurib kela boshladi. Hech kim unga e’tibor qaratmadi.
– Taxminimcha, siz menga qarzimdan qanday qutilishim mumkin-ligi aytmoqchisiz, – dedi u Skalliga. Qariya iloji boricha vazminlik bilan javob berishga harakat qildi:
– Sen mendan hech narsa qarzdor emassan.
– Yo‘q, qarzim bor, qanchaligini aytsangiz bo‘ldi, – dedi u qaysarlik bilan.
– Mendan hech qanaqa qarzing yo‘q, — dedi Skalli o‘sha alpozda.
– Menimcha, siz haqsiz, yana bir haqiqat shundan iboratki, siz mendan qarzdorsiz.
U Kovboyga taqlid qilib:
– O‘ldir uni, o‘ldir! – dedi u. So‘ng telbalarcha kulib yubordi. Uning kulgisi sovuq jaranglardi. Ularning uchalasi gapirishni ham, gapirmaslikni ham bilmasdi.
Shvetsiyalik eshikni ochib, qor bo‘roniga yuz burarkan, o‘tirganlarga so‘nggi bor tikildi. U Jonnining zarbalaridan ancha tetiklashgandi.
Yuziga urilayotgan qor parchalari va shamoldan ajib bir rohat his etdi. U to pivoxonaga yetib kelguncha shaharcha ko‘chalarini rosa aylandi.
Shvetsiyalik eshikni ochib, ichkariga kirdi. Xonaning oxirida to‘rt kishi o‘tirgandi. Shvetsiyalik sumkasini polga qo‘yar ekan, barmenga jilmayib salom berdi.
– Iltimos, menga viski bering, – dedi u. Barmen uning oldiga bir shisha viski, stakan va muz olib kelib qo‘ydi. Shvetsiyalik viskini o‘zining ustidan quyib yubordi va qolganini oxirigacha sipqordi.
Barmen o‘zini beparvo tutishiga qanchalik harakat qilmasin, shvetsiyalikning yuzidagi qonga hayratlanib tikildi-da, “xayrsiz kecha” dedi. Viskini ko‘p ichib yuborgani uchun shvetsiyalikning ko‘zlari ichiga tortib, qiynalib nafas ola boshladi.
– Boshqasidan ichishim kerakka o‘xshaydi, – dedi shvetsiyalik ko‘zlari suzilib. – Ichasizmi? – so‘radi u barmendan.
– Yo‘q, rahmat. Men ichmayman. Yuzingizga nima qildi? – qiziqdi u.
Shvetsiyalik darhol baland ovozda gapirishga tutindi:
– Mushtlashdim. Men Skallining mehmonxonasidagi yigitni do‘pposlab, tuproqqa qorib tashladim.
Bu gap stol atrofidagi to‘rt kishining diqqatini tortdi.
– Menimcha, u bir haftaga bormaydi.
Ular yigitni uyigacha ko‘tarib olib borishdi.
Ko‘z ochib-yumguncha ular shvetsiyalikni o‘rab olishdi.
– Ichasizmi? – so‘radi Skalli.
— Yo‘q, rahmat, – rad etdi ulardan biri.
Bu juda g‘alati guruh edi. Ularning ikkitasi mahalliy tijoratchilardan, bittasi huquqshunos, bittasi esa qimorvoz edi.
Bu guruhga yaxshilab nazar solgan odam aynan shu qimorbozgina o‘yinga tortishini anglardi.
Qimorbozning biznesi qo‘rquv va tavakkalchilikka asoslangan edi. U o‘zining g‘ayritabiiy mahoratini ko‘rsatib, hammani o‘ziga tortardi.
Bu odam nodon sayohatchilaru, mo‘l hosil olgan fermerlarga osongina firib berar va ularning bor-budini shilib olardi.
Uning mo‘jazgina hovlisi, pazanda xotini va bir-biridan shirin ikki farzandi bor edi.
Xullas, Fort Romperda hamma uni tanirdi. U boshqa har qanday ishdan ko‘ra qarta o‘yinini afzal ko‘rardi.
U bugun kechasi har galgidek do‘stlari bilan uchrashgandi.
Shvetsiyalik viski ichishda davom etar va barmenni ham o‘zi bilan otamlashishga undardi.
– Kel, ich, ichaqol, “yo‘q” dema endi, ozgina ich. Men bittasini boplab urdim, uni jangda yengdim. Janoblar, ichasizlarmi? – so‘radi u.
– Jim, – dedi barmen barmog‘ini labiga solib.
Stol atrofidagilar harchand qiziqishmasin, o‘zlarini suhbat bilan ovoradek qilib ko‘rsatishardi. Ulardan biri “rahmat, ichmaymiz” dedi shvetsiyalikka qarata.
Shu gapdan so‘ng u o‘rnidan turdi.
– Yaxshi, – baland ovozda dedi u, – men birga ichish uchun o‘zimga sherik topa olmayapman. Hozir ulardan birortasi men bilan ichishini xohlayman, hozir! Tushunyapsizmi?
U ikkala qo‘li bilan stulga mushtladi.
Yillar bo‘yi tajribalarda toblangan barmen sekin dedi:
– Men sizni tushundim.
– Tushungan bo‘lsang, eshit unda. Anovi odamlarni ko‘ryapsanmi? Ular men bilan ichishmoqchi, buni yodingda tut. Hozir ko‘rasan.
– Bas qiling! – dedi barmen.
– Nega endi? – dedi shvetsiyalik va ular o‘tirgan stol tomon yurdi. Borib, qimorbozning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.
– Men bilan birga ichishingizni xohlayman.
– Oshna, men seni tanimayman, – deya javob qildi u ortiga o‘girilib qaramasdan.
– Buning ahamiyati yo‘q. Kel, menga sherik bo‘l.
–Yo‘q, – dedi qimorboz, – yelkamdan qo‘lingni ol-da, yo‘lingdan qolma.
U kichkina, past bo‘yli, ozg‘in odam edi. Uning bu ohangda gapirishi shvetsiyalikka yoqmadi. Qolganlar jim o‘tirishardi.
– Nima, sen men bilan birga ichishni xohlamayapsanmi, ahmoq, pakana!
U shartta qimorbozning bo‘ynidan changalladi.
– Sen men bilan birga ichasan! Men seni majbur qilaman, – dedi shvetsiyalik va qimorboz o‘tirgan stulni surib yubordi.
Sarosimada qolgan barmen ular tomon yugurdi. “Ur-sur” boshlanib ketdi. Dahshat! Ayni paytda qimorbozning qo‘lida yaltiragan katta pichoq shunchalar o‘tkir ediki, u odam tanasini osongina qoq ikkiga bo‘lib tashlay olardi. Shvetsiyalik kutilmaganda tanasiga sanchilgan sovuq qurolning tig‘idan jon achchig‘ida qichqirib, yerga quladi.
Barmen, huquqshunos va savdogar og‘zini ochib, bir nuqtaga qarab qolgan shvetsiyalikning ochiq qolgan ko‘zlariga tikildilar.
– Genri, – dedi qimorboz barmenga, – sen politsiyani qayerdan topish mumkinligini aytasan.
Bir necha oydan so‘ng Kovboy pechda go‘sht pishirayotgandi. U Dakota chegaralari yaqinidagi bir parcha yerda chorvachilik bilan shug‘ullanardi.
Tashqarida ot tuyoqlarining ovozi eshitildi. Sharqlik qo‘lida xat va gazeta ko‘tarib kirib keldi.
– Shvetsiyalikni o‘ldirgan mahbus uch yil ozodlikdan mahrum etilibdi! – dedi u kira solib. – Mana, so‘nggi yangilikni qara! Unchalik ko‘p muddat berishmabdi. Shunday emasmi?
– Uch yil, – deya Kovboy go‘shtni tovaga solarkan. – Rost, uch yil oz muddat.
– Fort Romperda uning xayrixohlari juda ko‘p.
– Bordi-yu, barmen yaxshi odam bo‘lganida edi, – dedi Kovboy o‘ylanib, – shvetsiyalikning boshiga shisha bilan bir urib, qotillikning oldini olgan bo‘lardi.
Ha, har narsa bo‘lishi mumkin edi. Kovboy tovadagi go‘shtni olov ustida aylantirgancha, o‘z falsafasini davom ettirdi. Agar u Jonnini qalloblikda ayblamaganda edi, hozir tirik yurgan bo‘larmidi. U juda ahmoq odam edi. Bunga hech bir shubham yo‘q.
– Men qimorbozga achinaman, – dedi sharqlik o‘ychan.
– Men ham u shvetsiyalikni o‘ldirgani uchun qamoqxonada o‘tirishi shart emasdi, deb o‘ylayman.
– Hamma gap halollikdami? U Jonnini firibgarlikda aybladi. U kuchli tushkun holatda edi.
Bu gaplar kovboyning g‘ashiga tega boshladi.
— Shvetsiyalikning o‘limida bizning ham aybimiz bor, – dedi sharqlik.
– Bizning qanaqa aybimiz bo‘lishi mumkin? – taajjublandi Kovboy.
– Sen shvetsiyalikdan ham badtar ahmoqsan. Bir haqiqatni aytib qo‘yay, Jonni rostdan ham g‘irromlik qildi.
Kovboy indamadi.
– Axir o‘yin shunchaki ko‘ngilxushlik edi, xolos, – dedi u oxiri.
– Qanaqa ko‘ngilxushlik? Men uni g‘irrom o‘ynagani ko‘rdim. Erkakning ishini qilmadim. Shvetsiyalikni yolg‘iz qoldirdim. Sen-chi, sen bo‘lsang, o‘sha yerda aylanib janjal bo‘lishini juda xohlading. Qariya Skalli ham. Biz hammamiz gunohkormiz. Biz vaziyatni boshidan kuzatdik. Bechora qimorboz esa hammamizning gunohimiz uchun xun to‘layapti. Shvetsiyalikning o‘limida sen, men, Skalli, Jonni – hammamiz aybdormiz. O‘z ahmoqligi va omadsizligi tufayli qimorboz hammasi uchun javob beryapti.
Kovboy xafa, ruhan siqilgan edi.
– Men aybdor emasman, – dedi u pichirlab. Sharqlik indamay chiqib ketdi.
Inglizchadan Dildora Otaqulova tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 10-son.