Ushbu qissa xalq tomonidan saxovatpeshalarning to‘rt xil nomi bilan atalgan, biroq na hukmdorlar yozishmalari, na donishmandlar kitoblarida qayd etilgan va xotirasi unut bo‘lgan Virata haqida.
Donishmand Budda hali yer bo‘ylab yurmagan va o‘z mahramlariga ilm nurini sochmagan bir zamonlar birvaglar yurtida, shoh Rajputan huzurida Shamshir Yashini deya ulug‘lanuvchi – zero, u jangchi edi – Virata ismli mashhur inson yashardi. U botirlarning botiri edi, o‘qi sira nishondan adashmasdi, nayzasi hech qachon bekordan-bekorga ko‘tarilmas va qo‘li qilichni siltar payti yashindek zarba urar ovchi ham edi. Peshonasi yorug‘, nigohi insonlar ko‘z qarashini ochiqlik bilan qarshi olardi: qo‘llari jahl bilan mushtga tugilganini hech kim ko‘rmagandi, tovushi hech qachon qahrli qichqiriq darajasiga ko‘tarilmasdi. U hukmdoriga sadoqat ila xizmat qilar, o‘z qullari esa hurmatini joyiga qo‘yardi, zotan, daryoning har beshta burilishida ham undan o‘tar odil kimsa yo‘q edi. Taqvodor kimsalar uning uyi yonidan o‘tayotib bosh egardilar, go‘daklar esa nigohini ko‘rib jilmayishardi.
Kunlardan bir kuni shohning boshiga kulfat tushdi. Saltanatining yarmini idora qilish uchun qo‘yilgan qaynog‘asi, ya’ni xotinining ukasi saltanatning qolgan yarmini ham egallashni istab qoldi, shohning eng yaxshi askarlarini o‘ziga xizmat qildirish uchun xufiya sovg‘alar ko‘magida o‘ziga og‘dirib oldi. Birvaglar mamlakatida necha ming yillardan buyon hokimiyat ramzi hisoblanib kelgan tabarruk ko‘l qarqaralarini tunda unga keltirib berishlariga kohinlarni ko‘ndirdi. Isyonkor bu kimsa jangovar fillarni shayladi, hokimiyatdan norozi tog‘liklardan askar to‘pladi va tabarruk qarqaralarni o‘zi bilan olib, poytaxt tomon dag‘dag‘ali yurishini boshladi.
Shoh ertadan kechgacha nog‘oralar chalib bong urishga va fil suyagidan qilingan karnaylarni chalishga farmon etdi; tunlari minoralarda gulxan yoqdilar va olovga baliqlarning kukunga aylantirilgan tangachalarini sochdilarki, toki ular chorlov belgisi sifatidan tilla rangda uchqunlanib, yulduzlar sari ko‘tarilsin. Biroq ko‘pchilik kelmadi: tabarruk qarqaralarning o‘g‘irlanishi haqidagi xabar sarkardalar yuragiga og‘ir yuk bo‘lib tushgan va qo‘rquv bilan to‘ldirgandi. Jangchilar boshlig‘i va fillarni saqlovchi kishi – sarkardalar ichida eng ishonchlilari – allaqachon dushman qarorgohiga o‘tib olgandi va tark etilgan shoh (zero, u qahri qattiq hukmdor, talabchan qozi va o‘lpon yig‘ishda bir so‘zli kimsa edi) o‘z birodarlarini yon-atrofidan bekorga izlardi. U saroy ro‘parasida shavkatli sarkardalaridan birontasini ham topa olmay, esankirab qolgan qullar va mulozimlar to‘dasini ko‘rdi, xolos.
Shunday og‘ir pallada shoh Viratani – burg‘ularning birinchi sadosidayoq o‘z sadoqatini izhor etgan kimsani esladi. U o‘zini qora og‘ochdan yasalgan taxtiravonda Virataning uyiga eltishlariga amr etdi. Shoh taxtiravondan tushganida Virata o‘zini yerga yuztuban tashladi, biroq shoh uni ko‘tarib bag‘riga bosdi va jangchilarni dushmanga qarshi boshlab borishni so‘radi. Virata bosh egib, dedi:
– Men buni bajaraman, janobim va toki isyon o‘ti mahramlaring oyoqlari tagida toptalib o‘chmaguncha bu uyga qaytmayman.
Virata o‘g‘illari, qarindosh-urug‘lari hamda qullarini bir joyga yig‘di, shohga sodiq jangchilarni ularning to‘dasiga qo‘shdi va barchasini bir safga tizdi. Ular kun bo‘yi qalin o‘rmon ichra daryo tarafga yurdilar: o‘z kuch-qudratini maqtayotgan va ko‘prik uchun daraxtlarni kesib, ertasi kuni tongdayoq u orqali mamlakatga seldek yopirilib, qonga botirishni mo‘ljallayotgan son-sanoqsiz dushman qo‘shini daryoning narigi qirg‘og‘ini makon tutgandi. Biroq, avvallari yo‘lbarslarni ov qilgan Virata oqim bo‘ylab teparoqda kechuv borligini bilardi va qorong‘ilik quyuqlashganda o‘z odamlarini birin-ketin daryodan olib o‘tdi hamda uxlab yotgan dushmanga tun yarmida to‘satdan hujum qildi. Ular fil va qo‘toslarni cho‘chitish uchun qatron shimdirilgan mash’alalarni silkitishar va jonivorlar qochayotib, alanganing chodirlar ichiga tushayotgan oppoq yorug‘ida uxlab yotganlarni bosib-yanchardilar. Virata birinchi bo‘lib xoinlar chodiriga bostirib kirdi va uxlayotganlar o‘ziga kelishga ulgurmay, allaqachon ikki nafarini o‘ldirib bo‘ldi, uchinchisini esa qilichini qo‘liga olmoqchi bo‘layotgan payti chopib tashladi. To‘rtinchi va beshinchisi bilan Virata nimqorong‘ida birga-bir olishdi va dastlabkisini peshonasiga, narigisining esa yalang‘och ko‘ksiga zarba berdi. Ular – soyalar ichra soyalar – unsiz yiqilganda esa Virata hech kim ichkariga yo‘lamasligi uchun tanasi bilan chodir eshigini to‘sdi, zero, Tangrining muqaddas ramzi hisoblanmish oq qarqaralarni qutqarishni istagandi. Ammo g‘anim boshqa ko‘rinish bermadi, o‘lim vahimasida jang maydonidan ura qochdi, ortidan esa tantanavor qiyqiriqlar bilan shoh mahramlari quvib ketdilar. Quvlash chodirdan nariroqda davom etdi va asta-sekinlik bilan yiroq-yiroqlarda uni o‘chdi. Shundan so‘ng Virata oyoqlarini chalkashtirib, ostonaga bamaylixotir cho‘kdi: u qonga belangan shamshirini qo‘lida tutgancha, jangchilarining qirg‘inbarot olishuvdan so‘ng qaytishlarini kutib turardi.
Biroz vaqt o‘tib Tangrining yana bir kuni o‘rmon ortida o‘z jamolini ko‘rsatdi, palmalar tongning qizg‘ish oltin rangida tovlandilar va mash’ala yanglig‘ daryo tepasida jilva qildilar. Qontalash oftob o‘tli yara izini qoldirgancha sharqni sirmab o‘tdi. Shunda Virata o‘rnidan turdi, liboslarini egnidan yechdi va qo‘lini boshi tepasiga ko‘targancha suvga yaqinlashdi: u Yaratganning charog‘on nigohi qarshisida ibodat uchun qad bukdi. So‘ng, tabarruk tahorat olish uchun suvga kirdi va qon uning qo‘llaridan yuvilib tushdi. Oq to‘lqin singari manglayida tong aks etganda esa yana qirg‘oqqa chiqdi, liboslarini kiydi va tunda ko‘rsatilgan jasoratlarga tong yorug‘ida ko‘z tashlash uchun chodirga qaytdi. Murdalar yuzlarida qotib qolgan dahshat ichra ko‘zlari katta ochilib, qo‘llarini yoygancha yotardilar: peshonasi o‘yilgani – isyon boshlig‘i va ko‘ksi chopilgani – bir paytlar birvaglar mamlakati qo‘shini sarkardasi bo‘lmish xoin. Virata ularning ko‘zlarini yopib qo‘ydi va o‘z qilichidan uyquda mavh etilganlarga ko‘z tashlash uchun olg‘a qadam tashladi. Ular ko‘rpachalar bilan chala yopilgan holda yotishar va ikki nafarining chehrasi notanish edi: janubiy mamlakatlik isyonkorning qullari, sochlari jingalak, tanlari qora. Biroq so‘nggisining yuzini o‘zi tomon o‘girganda ko‘z o‘ngi qorong‘ilashib ketdi, zero, u akasi Belangur edi: xoin tog‘lik kenas Belangurni madadiga suyanish uchun huzuriga chorlab olgan va Virata tunda uni o‘z qo‘llari bilan o‘ldirgandi. U tirishib yotgan mayit ustiga tanida titroq bilan engashdi: uning yuragi avvalgidek urmas, ochiq ko‘zlari harakatsiz qotib qolgandi. Timsiyoh qorachig‘i Virataning naq yuragiga borib qadaldi. Buyuk jangchining nafas olishi qiyinlashdi: u onasi o‘zidan avval dunyoga keltirgan jigarining qotib qolgan, uni ayblovchi ko‘zlarini ko‘rmaslik uchun go‘yo jonsizdek nigohini chetga olgancha mayitlar o‘rtasida o‘tirardi.
Biroq tez orada baland ovozdagi qichqiriqlar eshitila boshladi. Jangchilar katta boylikni qo‘lga kiritib va dilda shodlik bilan yovvoyi qushlar to‘dasi yanglig‘ shovqin-suron solib qaytmoqda edilar. O‘z go‘shasida mavh etilgan kenas va tabarruk qarqaralarning sog‘-salomat ekanligini ko‘rib xursand bo‘lib, joylarida sakrab o‘yinga tushdilar va oralarida befarq o‘tirgan Virataning yerga tegib turgan libosi etaklarini o‘pdilar va uni yangi nom bilan alqay boshladilar – Shamshir Yashini. Yangidan-yangi jangchilar oqib kela boshladi; ular o‘ljalarni aravalarga ortishdi, biroq yuk og‘irligidan ularning g‘ildiragi yerga shunchalik chuqur botib ketgandiki, joyidan jildirish uchun buqalarni olxo‘ri novdalari bilan savalashga to‘g‘ri keldi. Chopar shohga xushxabarni yetkazish uchun daryoga o‘zini tashlab olg‘a shoshildi, jangchilar esa o‘lja yonida qolib g‘alabani tantana qildilar. Biroq Virata sukutda, chuqur o‘yga tolgandi. Faqat bir gal – jangchilar o‘lganlarning libosini o‘g‘irlamoqchi bo‘lishganda – tovushini ko‘tardi. U o‘rnidan qo‘zg‘aldi va o‘lganlarning tanasini kuydirish uchun gulxan yoqib o‘tin taxlashni buyurdiki, toki ruhlari evrilish yo‘liga pokiza ko‘rinishda kirsinlar. Tanalarini burdalash uchun shoqollarga tashlash, so‘ngaklarini esa quritib yuborish uchun yerda qoldirish lozim bo‘lgan fitnakorlarga nisbatan uning bu kabi yo‘l tutayotgani mahramlarni ajablantirdi; biroq uning amrini bajo keltirdilar. Gulxan tayyor bo‘lganida Virataning o‘zi uni yoqdi va xushbo‘y giyohlarni uning ustiga tashladi. So‘ngra, to eng so‘nggi yog‘och qulab, so‘nib borayotgan alanga ustini kul qoplaguncha sukut ichra yuzini chetga burib turdi.
Bu paytga kelib kuni kecha raqib tarafidan o‘zlarini ko‘rsatish uchun boshlangan ko‘prik qurilishini yakunladilar. Boshlariga banan gullaridan chambar kiygan jangchilar oldda, ortlaridan esa qullar, ot mingan kenaslar borardi. Virata ularni oldinga o‘tkazib yubordi, zero, qiyqiriq va qo‘shiqlar yuragini o‘rtamoqda edi. Nihoyat, u ham yo‘lga tushdi va uning istagiga ko‘ra o‘zi va saf orasida bir qadar masofa saqlandi. U ko‘prik o‘rtasida to‘xtadi va pastga, o‘ng va so‘lga, oqayotgan daryoga uzoq tikildi, orti va oldida esa hech narsani tushunmayotgan jangchilar o‘rtada ma’lum masofa saqlagan holda, to‘xtab qoldilar. So‘ngra Virataning go‘yo osmonga po‘pisa qilayotgandek qilich siltaganini, keyin qo‘lini tushirib, dastani sekin qo‘yib yuborgani va qilichning suvga tushib ketganini kuzatib turdilar. Qirg‘oqning har ikki tarafidagi qip-yalang‘och navqiron yigitchalar qilich tasodifan qo‘ldan sirg‘alib tushib ketdi deya ehtimol qilib, suvdan chiqarib olish uchun o‘zlarini daryoga otdilar, biroq Virata ularni qat’iylik bilan chaqirib oldi va peshonasi qayg‘udan tirishgan holda hayratlanayotgan qullar orasidan ohista o‘tib ketdi. Saf tortganlar sarg‘ish yo‘l bo‘ylab soat sayin ona shahar tomon ketib borarkan, og‘zidan biron so‘z chiqmadi.
Nogahon olisdan oppoq bulut ko‘tarilganda ular Birvaganing feruza qadalgan darvozasi va kungurador mezanalaridan hali olisda edilar. Ushbu bulut ular taraf yurmoqda edi va changni ortda qoldirib uning orasidan bodpoy va chavandozlar ajralib chiqdi. Ular qo‘shinni ko‘rib to‘xtadilar va tug‘ilgan kunidan boshlab to o‘limiga qadar, toki muborak tanasi alanga ichida qolmaguncha oyog‘i yer g‘uboriga tegmasligi lozim bo‘lgan shoh ortlaridan kelayotganini bildirish uchun yo‘lga poyandoz to‘shadilar. Va yosh jangchilar qurshovidagi shoh keksa filda yaqinlashib qoldi. Yo‘lboshchiga tobe fil tizzasini bukdi va shoh poyandozga oyog‘ini qo‘ydi. Virata hukmdor qarshisida ta’zim qilmoqchi edi, biroq shoh unga yaqinlashib, bag‘riga bosdi – bunday sharafga vaqt boshlangandan buyon hech kim sazovor bo‘lmagan va hech bir qo‘lyozmada qayd etilmagandi. Virata qarqaralarni keltirishni buyurdi va ular oq qanotlarini silkishganida shodlik to‘la shunday bir shovqin ko‘tarildiki, otlar osmonga sakrab orqa oyoqlarida turib oldilar, sarbonlarga esa fillarni tinchitishga to‘g‘ri keldi. G‘alabaning bunday nishonlanishini ko‘rib shoh yana bir bor Viratani bag‘riga oldi va mahramlardan biriga imo qildi. U rajputlarning shavkatli bobokaloniga tegishli, shoh xazinasida yetti marta yetti yuz yil turgan qilichni keltirdi va uzatdi; uning dastasida olmoslar jilva qilar, tig‘iga esa ota-bobolarning – g‘alabaning ko‘pdan buyon na donishmandlar, na bosh ibodatxona ruhoniylari biluvchi qadimiy tilida – oltindan bitilgan sirli so‘zlari tushirilgandi. Hamda minnatdor shoh Virata bundan buyon barcha harbiy qo‘mondonlar rahbari va barcha qo‘shinlar sarkardasi ekanligining ramzi sifatida bu qilichni unga uzatdi.
Biroq Virata yerga qadar ta’zim qildi va dedi:
– Marhamatli shohdan iltifot qilishini so‘rasam mumkinmi va barcha shohlar orasida eng marhamatlisiga iltimos bilan murojaat qilsam bo‘ladimi?
Shoh ko‘zini Virataga qadadi va javob berdi:
– Nigohing men tomon ko‘tarilishga ulgurmay iltimosing bajo keltiriladi. Va mabodo saltanatimning yarmini talab qilsang, lablaring juftlashmay turib u – seniki.
Va Virata dedi:
– Shunday ekan, ey shohim, bu qilich xazinada avvalgidek saqlanaversin, zero, men sal avval yakka-yu yolg‘iz, bir onaning qursog‘idan talashib chiqqan, onam meni qo‘lida ko‘tarib turganda u bilan o‘ynaganim akamni o‘ldirgach, bundan so‘ng qo‘limga qilich olmaslikka ont ichdim.
Shoh unga hayron bo‘lib qaradi va dedi:
– Saltanatim dushman uchun olib bo‘lmas qo‘rg‘on bo‘lmog‘i uchun sarkardalarim ichida boshlig‘i bo‘l. Zero, hech bir bahodir qo‘shinlarni kuch jihatdan ustun bo‘lmish g‘anim ustiga sendan tuzukroq boshlab bormagan. Hokimiyat ramzi sifatida kamarimni ol, shuningdek, barcha-barcha jangchilarim ichida birinchi ekanligingni bilishlari uchun otimni ham.
Biroq Virata yana bir bor yerga qadar ta’zim qildi va dedi:
– Ko‘zga ko‘rinmas menga ishora berdi va qalbim uni angladi. Har bir qotil bu ishi bilan o‘z akasi jonini olishini bilmog‘im uchun akamni o‘ldirishimga to‘g‘ri keldi aslida. Men urushda sarkarda bo‘la olmayman, chunki qilich o‘zida zo‘ravonlikni aks ettiradi, zo‘ravonlikning esa huquq bilan g‘animligi bor. Kimki o‘lim gunohiga daxldor bo‘lsa, uning o‘zi murda. Kaminadan qo‘rquv yog‘ilishini istamasdim va o‘zimga berilgan ushbu ishoradan keyin gunohga botishdan ko‘ra sadaqaga non so‘rab yeyishni afzal bilaman. Abadiy evrilishlar ichra umr qisqa, shunday ekan hayotimni taqvodorlikda o‘tkazishga ijozat ber.
Shohning chehrasi tundlashdi va shod-xurramlik sadolari o‘rnini mudhish sukunat egalladi, zero, ota-bobolar davridan buyon erkin odamning urushdan voz kechishi hamda kenasning o‘z hukmdoridan hadyani qabul qilmasligini hali hech kim eshitmagandi. Biroq shoh tabarruk qarqaralarga, Virata tomonidan qo‘lga kiritilgan g‘alaba ramzlariga nigoh tashladi, uning chehrasi yana yorishdi va u dedi:
– Virata, dushman qarshisida bahodirliging va saltanatimdagilar orasida eng adolatli ekanligingni bilardim. Urushda sendan foydalanmagan taqdirimda ham xizmatingdan voz kechishni istamayman. Zero, sen gunoh salmog‘ini bilasan hamda uni odilona o‘lchay olishing bois bosh hakam bo‘lib saroyim zinalarida hukm chiqar, toki devorlarim ichra haqiqat boshpana topsin va saltanatda huquq saqlab qolinsin.
Virata shoh qarshida yuztuban yiqildi hamda minnatdorlik nishoni sifatida uning tizzasini ushladi. Shoh unga o‘zi bilan yonma-yon fil ustida o‘tirishni buyurdi va fuqaro shodligi hayqirayotgan dengiz kabi har tarafdan o‘ragan oltmish minorali shaharga kirib keldilar.
Pushtirang zina ustida, qasr ko‘lankasi panohida, kun chiqishidan quyosh botishiga qadar Virata shoh nomidan hukm chiqarardi. Va uning so‘zi yukni o‘lchashdan avval tarozi uzoq vaqt tebranib turgani kabi edi: nigohi gunohkor qalbini aniq-tiniq o‘qir, savollari bo‘rsiqlar yerning qorong‘i qa’riga kirib borgani kabi jinoyat sirlariga sabr-matonat bilan kirib borardi. Hukmi qattiq edi, ammo so‘roq va hukm chiqarish o‘rtasida tunning salqin sokinligini qoldirgan o‘laroq, hech qachon o‘sha kunning o‘zida qaror qabul qilmasdi. Oila a’zolari uning oftob chiqishidan avvalgi uzoq soatlarda charchash nima bilmay, haqiqat va nohaq ish borasida o‘y surib tom ustida u yoq, bu yoqqa tinmay qadam bosishini tez-tez eshitib turishardi. So‘zi ehtirosdan xoli bo‘lishi uchun hukm chiqarishdan avval qo‘li va manglayini suvga botirardi. Va doimo, hukm chiqarayotib, jinoyatchidan ushbu qarorni adolatsiz deb hisoblamaydimi, deya so‘rardi. Biroq kamdan-kam hollardagina kimdir u bilan bahsga kirardi: hukm qilingan shaxs uning oyog‘i tagidagi zinani unsiz o‘par va jazoni go‘yoki Yaratganning hukmidek bosh egib qabul qilardi.
Biroq Virataning labi hech qachon, hatto eng og‘ir yovuzlik uchun ham o‘lim hukmini o‘qimas va buning uchun uni koyiganlarga quloq solmasdi. Zero, uni qon qo‘rquvga solardi. Va o‘sha yillari yomg‘ir rajputlar ota-bobolarining qondan qorayib ketgan, jallod ajal keltiruvchi zarbani berish uchun chetiga boshni engashtiradigan yumaloq quduq toshlarini to oqarib ketguncha yuvib-tozalagandi. Shunday bo‘lsa-da, saltanatda ko‘p jinoyat sodir etilmasdi. Virata jinoyatchilarni tosh zindonlarga tashlar, yo bo‘lmasa, u yerda fillar bilan bir safda g‘ildiraklarni aylantirishlari, bog‘ devorlari hamda guruch tegirmonlar uchun tosh kesishlari uchun toqqa surgun qilardi. Ammo u hayotni e’zozlardi, odamlar esa uni, boisi uning hukmlarida xatoni, so‘rovlarida beparvolik yoki so‘zlarida qahrni hech bir mahal sezmasdilar. Oradagi bahsni yechishi uchun buqa qo‘shilgan aravalarda huzuriga olis makonlardan dehqonlar kelishar, kohinlar uning so‘zlariga quloq tutishar, shoh uning maslahatlariga amal qilardi. Uning shuhrati yosh bambuk singari tik va tiniq o‘sib borar va odamlar qachonlardir unga berilgan Shamshir Yashini nomini unutib, rajputlar saltanatida uni Adolat Manbai deb atay boshladilar.
Shunday qilib, Virata oltinchi yili saroy zinalarida turib hukm chiqarayotganida, bir kuni uning huzuriga qoyalar orasida umrguzaronlik qiluvchi, o‘zga xudolarga sig‘inuvchi xozar qabilasidan bo‘lmish bo‘zbolani keltirdilar. Uning oyoqlari ko‘p kunlik yo‘lda yara bo‘lib ketgandi va – chimirilgan qoshi tagidagi g‘azabnok ko‘zlari vahshat-la aytib turgandek – hech kimga tashlana olmasligi uchun chayir qo‘llariga to‘rt qator kishan solingandi. Shikoyatchilar uni zina poyiga keltirishdi va bog‘langan bu yigitchani hakam qarshisida kuch bilan tiz cho‘ktirishdi. So‘ngra o‘zlari ta’zim qildilar va ayblov belgisi sifatida qo‘llarini tepaga ko‘tarishdi.
Virata kelganlarga hayron bo‘lib qaradi.
– Kimsiz, ey olisdan kelgan og‘aynilar va siz kishanda mening huzurimga keltirgan bu odam kim?
Ularning orasidagi keksarog‘i ta’zim qilib gap boshladi:
– Biz cho‘ponlarmiz, janob, sharq tomonda tinch-totuvlikda istiqomat qilamiz, bu esa – yovuz qabilaning eng yovuzi – qo‘lidagi barmoqlardan ham ko‘ra ko‘proq odam o‘ldirgan. Qishlog‘imiz fuqarolaridan biri unga qizini xotinlikka berishni rad etdi, chunki uning qabilasi munkir: ular echkilarni yeb, sigirlarni o‘ldiradilar. Hamqishlog‘imiz qizini vodiylik bir savdogarga uzatdi. Bu esa g‘azabga minib, qaroqchi singari ustimizga bostirib bordi, tunda qizning otasi va uch nafar akasini o‘ldirdi. Keyin esa o‘ldirilganning xizmatkorlari mol-holni toqqa haydashayotganda, ularning ham izidan borib, barchasini qirdi. Biz birlashib yirtqichni ovlagan kabi bu qaroqchining payiga tushgunimizcha o‘n bir nafar hamqishlog‘imizni mavh etdi va mamlakatni zo‘ravondan qutqarishing uchun uni sening – eng odil hakamning huzuriga keltirdik.
Virata yuzini kishanlangan bo‘zbola tomon burdi.
– Ularning aytgani to‘g‘rimi?
– O‘zing kimsan? Shohmi?
– Men Virata, gunoh uchun ayblovchi va haqiqatni yolg‘ondan ajratish uchun qo‘yilgan uning va huquqning xizmatkori.
Bog‘langan bo‘zbola ancha vaqt sukut saqlab turdi. Keyin qovog‘ini solib Virataga ko‘z tashladi.
– Biliming faqatgina odamlarning so‘zidan oziqlanayotgan bir paytda haqiqat qayda-yu, yolg‘on qaydaligini qanday bilasan?
– Haqiqatni bilmog‘im uchun, mayli, ularning so‘zlariga qarshi sening so‘zing yangrasin.
Kishanlangan bo‘zbola nafrat ila qoshlarini chimirdi.
– Men ular bilan bahslashib o‘tirmayman. G‘azabim qaynab turgan payt qo‘llarim nimalar qilib qo‘yganini o‘zim bilmaganim holda, sen qanday bila olasan? Men qizini pulga sotgan o‘sha kimsaga nisbatan to‘g‘ri yo‘l tutdim, uning o‘g‘illari va xizmatkorlariga nisbatan ham to‘g‘ri yo‘l tutdim. Mayli, meni ayblay qolsinlar. Ulardan nafratlanaman va sening mahkamangdan ham nafratlanaman.
Ashaddiy jinoyatchi adolatli hakamni balchiqqa qanday bulg‘ayotganini eshitgan u yerdagi kimsalarni qahr-g‘azab qaqshatdi va mahkama soqchisi zarba berish uchun serko‘z tayoqni tepaga ko‘tardi. Biroq Virata qo‘l harakati bilan ularni tinchlantirdi va so‘roqni qaytadan boshladi. Va har safar shikoyatchilarning javobidan so‘ng aybdorni so‘roqqa tutdi. Ammo u tishini tishiga bosib turar, faqat bir martagina g‘azabnok tirjayish bilan dedi:
– O‘zgalarning tilidan qanday qilib haqiqatni bilmoqni istashing mumkin?
Virata so‘roqni yakunlaganida oftob choshgoh payti tikkaga ko‘tarilgandi. U ertasi kuni hukmni eshittirish uchun o‘z odatiga ko‘ra hozir uyiga ketish istagida o‘rnidan turdi. Biroq shikoyatchilar u tomon qo‘llarini cho‘zishdi:
– Janob, – dedi ular, – senga yuzma-yuz kelish uchun yetti kun yurdik va qaytish yo‘li ham yetti kunga cho‘ziladi. Biz ertagacha kuta olmaymiz, chunki mollarimiz chanqoqdan nobud bo‘lajak, yer ham omochimizni kutib turibdi. Janob, sendan o‘tinib so‘raymiz, hukm chiqar!
Shunda Virata yana zinaga cho‘kdi va o‘yga toldi. Uning chehrasi boshida og‘ir yukni ko‘tarib turgandek tundlashdi. Avvallari hukm o‘qilayotganida rahm-shafqat tilab o‘zini himoya qilmagan jinoyatchiga biror marta duch kelmovdi. U uzoq o‘yladi va soyalar vaqt o‘tishiga qarab o‘sib bordi. So‘ngra u quduqqa yaqinlashib, so‘zi ehtirosdan xoli bo‘lishi uchun yuz-qo‘lini sovuq suvga yuvdi va dedi:
– Ishqilib, o‘qiyotgan hukmim adolatli bo‘lsin! Mana bu bo‘zbola o‘z gardaniga qotillik gunohini oldi, u o‘n bir nafar tirik jonni tanadan haydab chiqardi va o‘zga dunyoga ravona qildi. Inson hayoti deyarli bir yil ona qornida hech kimga ko‘rinmay pishib yetiladi. Demak, har bitta o‘ldirilgan odam uchun u bir yil yer osti qorong‘iligiga tashlansin. Va u o‘n bir marta inson qonini to‘kkani sababli, ularning miqdoriga qarab har bitta qurboni uchun badal sifatida to qoni tanasidan sachrab ketmaguncha har yili hammasi bo‘lib o‘n bir martadan qamchilansin. Biroq uning hayoti saqlab qolinadi, zero, hayotni xudolar in’om etadilar va inson xudolar istagiga daxl qila olmaydi. Men kimningdir manfaatini ko‘zlab emas, balki buyuk ajrim nomidan chiqargan hukm ishqilib adolatli bo‘lsin.
Keyin Virata zinaga qaytib o‘tirdi, arzchilar esa hurmat yuzasidan shu zinalarni o‘pdilar. Biroq bog‘lab tashlangan bo‘zbola hakamning unga qaratilgan savolli nigohini noxush qabul qildi. Shunda Virata dedi:
– Rahm-shafqat qilishim uchun iltimosingni va seni ayblayotganlarga qarshi menga ko‘mak berishingni kutgan edim, biroq lablaring yumuqligicha qoldi. Mabodo hukm chiqarishda adashgan bo‘lsam, unda Yaratgan oldida meni emas, o‘z sukutingni aybla. Men senga shafqat qilishni istagan edim.
Kishanlangan bo‘zbola titrab ketdi:
– Menga shafqating darkor emas. Birgina so‘zing bilan mosuvo qilganing hayotim bilan taqqoslaganda u nima degan gap?
– Men hayotingdan judo qilmayotirman.
– Yovvoyi deb atalmish mening qabilam peshvolaridan ham ko‘ra shafqatsizroq tarzda sen meni undan judo qilayotirsan. Nega meni o‘ldirmayapsan? Men yuzma-yuz holda o‘ldirdim, sen esa yillab chirib yotishim uchun meni o‘laksadek yer qa’riga ko‘mib tashlashni buyurmoqdasan, chunki yuraging qondan hayiqadi va senda jasorat yo‘q. Qonuningda o‘zbilarmonlik, hukmingda qiynoq. Meni o‘ldir, zero, men ham o‘ldirganman.
– Men jazoingni adolatli o‘lchadim…
– Adolatli o‘lchading? Hakam, sen o‘lchaydigan o‘sha o‘lchov qayerda o‘zi? Qamchi neligini bilishing uchun o‘zing jazolanganmisan? Go‘yoki yorug‘ olam vaqti va yer qa’riga ko‘milgan vaqt baravardek epchil barmoqlaring ila qanday qilib yillarni sanay olasan? Necha-necha bahordan meni mosuvo qilayotganingni anglashing uchun qildan ham tor joyda o‘tirib ko‘rganmisan? Sen hech nimani tushunmaysan va senda adolat yo‘q, chunki kaltak zarbi kuchini savalayotgan odam emas, zarbni qabul qilayotgan his etadi; qiynoqni boshidan kechirgangina uni o‘lchay oladi. Sen dimog‘dorliging bilan gunohkorlarni jazolashga jazm qilayotirsan, o‘zing esa barcha gunohkorlardan ko‘ra gunohkorroqdirsan. Zero, men jahl ustida, ehtirosning yengib bo‘lmas zabti ostida odamlarning jonini oldim, sen bo‘lsa sovuqqonlik bilan meni hayotimdan judo qilmoqdasan va o‘zing bilmaydigan, bilishing ham mumkin bo‘lmagan o‘lchov bilan mening gunohimni o‘lchamoqdasan. Hakam, tubanlashib ketmasliging uchun zinadan pastga tush! Zo‘ravonlik o‘lchovi bilan o‘lchaydigan kimsaga la’natlar bo‘lsin, men haqiqatni bilaman deb o‘ylovchi nodonga la’natlar bo‘lsin! Adolatsiz hakam, zinadan pastga tush va murtad so‘zlaring bilan tiriklarga hukm o‘qima!
Bo‘zbolaning lablari g‘azabdan ko‘piklandi va hamma qahr bilan yana unga tashlandi. Biroq Virata yana ularni to‘xtatdi, yuzini bo‘zboladan chetga burib ohista dedi:
– Men mana shu zinalarda turib chiqarilgan hukmni bekor qila olmayman. Mayli, u Yaratganning huzurida adolatli bo‘la qolsin.
Va Virata ketdi, soqchilar esa kishanlangan bo‘zbolani olib keta boshladilar. Biroq hakam yana bir bor ortiga o‘grildi: kuch bilan olib ketilayotgan jinoyatchining ko‘zlari unga qahr bilan qarab turardi. Virataning yuragi titrab ketdi: bu nigoh uning qo‘li bilan o‘ldirilib, isyonkor kenasning chodirida yotgan akasining ko‘zlariga shu qadar o‘xshab ketardi…
O‘sha kech Virata boshqa biron so‘z demadi. Hukm etilganning nigohi kamonning cho‘g‘langan o‘qi yanglig‘ qalbiga qadalgandi. Va tong palmalar uchini oqartmaguncha oila a’zolari uning tom bo‘ylab tinim bilmay yurib chiqqanini eshitib yotdilar.
Virata uyiga qaytib, sariq rangdagi bayramona libosini kiydi, uning tantanavor tayyorlanishiga sukut ichida, biroq hayrona qarab turgan oila a’zolariga tabassumsiz salom berdi va o‘zi uchun kunning ham, tunning ham istagan vaqtida ochiq saroy tomon yo‘l oldi. Virata shoh qarshisida ta’zim qildi va iltimos belgisi sifatida libosi etagiga qo‘l tekkizdi.
Shoh unga mehr ila qarab dedi:
– Sening istaging libosimga tegdi. Aytishga ulgurmasingdan avval u amalga oshadi, Virata.
Virata yuzini ko‘tarmay gap boshladi:
– Meni bosh hakam qilib qo‘yding. Mana yettinchi yilki nomingdan hukm chiqarmoqdaman va bilmayman – hukmlarim adolatlimikan. Haqiqatga yo‘l topishim uchun menga bir oylik osoyishtalik bag‘ishla va sendan hamda boshqalardan yo‘limni yashirishga ijozat et. Men taqvoli ishlar qilishni istayman, gunohlarsiz yashashni istayman.
Shoh hayratda qoldi.
– O‘sha oyda saltanatimda adolat kamayishi aniq. Biroq men yo‘ling haqida so‘ramayman. Mayli, u seni haqiqatga yetaklay qolsin.
Virata minnatdorlik belgisi sifatida taxt poyini o‘pdi, yana bir bor chuqur ta’zim qildi va chiqdi.
Virata nurga cho‘mgan ko‘chadan o‘z uyiga kirdi va ayolini, bolalarini yoniga chorladi.
– Roppa-rosa bir oy meni ko‘rmaysizlar. Men bilan vidolashinglar va hech nima haqida so‘ramanglar.
Ayoli unga hadik ila qaradi, o‘g‘illari itoatkorlik bilan unga ko‘z tikdilar. U har biriga ta’zim qilib peshonasidan o‘pdi.
– Endi esa yotoqlaringga kiringlar va mana shu eshikdan chiqayotganim mahali hech kim ortimdan qarab qolmasligi uchun eshiklarni yopib olinglar. Va, toki yangi oy tug‘maguncha men haqimdan surishtirmang.
Va ular jimgina chiqib ketishdi.
Virata bo‘lsa bayram libosini yechdi va qorasini kiydi. Mingyuzli xudo qarshisida duo qildi hamda palma barglariga ko‘pgina satrlarni tushirib, ushbu barglarni maktub ko‘rinishida o‘rab qo‘ydi. Qorong‘i tushishi bilan o‘zining osuda uyidan chiqib shahar chetiga, bag‘rida chuqur konlar va zindonlarni yashirgan qoya tarafga yo‘l oldi. Uxlab yotgan darbon to‘shakdan turib to kim kelganini so‘ramaguncha eshigini taqillataverdi.
– Men Virata, oliy hakamman. Kecha olib kelingan kishini bir ko‘rib qo‘yish uchun keldim.
– Janob, u eng chuqur zindonga tashlangan. Huzuringga olib kelaymi, janobim?
– O‘zim yo‘lni bilaman. Menga kalitni ber va joyingga borib yot. Ertalab kalitni eshiging tagidan topasan. Bugun meni ko‘rganingni hech kimga aytma.
Darbon Virataga ta’zim qilib, kalit va mash’ala keltirdi; keyin, Virataning ishorasiga ko‘ra jimgina nari ketdi va yana o‘rniga yotdi. Virata bo‘lsa zindon yo‘lini berkitgan mis darvozani ochdi va zindonning eng chuqur joyiga tushdi. Mana yuz yildirki rajput shohlari o‘z bandilarini ushbu qoyalar ichiga qamab qo‘yardilar va har bir bandi qamoqning yangi qurbonlari uchun qoyani yanada chuqurroq kavlab yangi zindonlar ochib boraverardi.
Virata yulduzlar charaqlab turgan osmonning to‘g‘ri to‘rtburchagiga yana bir nigoh tashladi, so‘ng ortidan darvozani berkitdi. Qorong‘ilik uning yuziga nam nafasini urdi va qo‘lidagi mash’alaning olovi qo‘rqib ketgan jonivordek titradi. Unga daraxtlarning shamolda yengil shovullashi va maymunlarning qichqirig‘i eshitildi. Zindonning tepa qismida ushbu tovushlar bo‘g‘iq g‘uvillashga aylanardi, biroq ikkinchi qismida dengiz tubida bo‘lgani kabi to‘liq va muzdek sukunat hukmron edi. Toshlardan serhosil zaminning jonbaxsh ifori emas, faqatgina namlik ufurar va Virata qancha chuqurga tushib borsa, sukunat mozori ichra qadamlaridan shuncha aks-sado yangrardi.
Er ostining beshinchi qatida, eng baland palmalar balandligidan ham chuqurroq joyda o‘sha bandining zindoni joylashgandi. Virata kirdi va mash’alani g‘ujum bo‘lib yotgan, faqat yorug‘lik tushgandagina qimirlagan tana tomon yo‘naltirdi. Zanjir g‘ijirladi.
Virata bo‘zbolaning tepasiga engashdi.
– Meni taniyapsanmi?
– Tanidim. Sen o‘sha – mening taqdirimga xo‘jayin qilib qo‘yilgan va uni tovoni bilan majaqlab tashlagan kimsa.
– Men hech kimga xo‘jayin emasman. Men – shoh va adolatning mahrami. Men unga xizmat qilish uchun keldim.
Bandi hakamning yuziga tund nazar tashladi.
– Mendan nima istaysan o‘zi?
Virata ancha payt sukut saqladi, so‘ng dedi:
– Men so‘zlarim bilan senga azob berdim, biroq sen ham so‘zlaring bilan meni azoblading. Bilmadim, hukmim to‘g‘ri bo‘lganmi, biroq so‘zlaringda bir haqiqat bor: o‘zi bilmaydigan o‘lchov bilan o‘lchashga hech kimning haqqi yo‘q. Men so‘qir edim va endi ko‘zlarim ochilishini istayman. Yuzlab odamlarni mana shu zimistonga jo‘natdim, ko‘plarni ko‘p narsaga mubtalo etdim va nimalar qilib qo‘yganimni bilmayman. Endi esa odil bo‘lmoq va evrilish yo‘liga begunoh tushmoq uchun avval bilmaganlarimni bilishni istayman.
Bandi avvalgidek Virataga qimir etmay boqib turardi. Zanjir sekin shiqirladi.
– Seni nimalarga hukm qilganimni bilmoqni istayman, o‘z tanimda qamchining otashini, qalbimda esa kishanlangan vaqtni tatib ko‘rishni istayman. Gunohingni yuvish uchun qanday jazo tayinlaganimni bilmoq uchun bir oy joyingda o‘tirmoqchiman. Keyin, uning kuchi va zalvorini anglagach, saroy zinalari ustida turgancha yangi xukm chiqaraman. Sen esa bu vaqt ichida ozodlikda bo‘lasan. Seni bu yerdan olib chiquvchi kalitni beraman va agar qaytib kelish va’dasini bersang, senga bir oylik ozod hayot hadya etaman. O‘shanda ushbu zindonning qorong‘iligidan mening qalbimda bilim chirog‘i yonadi.
Bandi tosh qotdi. Zanjir boshqa shitirlamasdi.
– Har bir bandaga yo‘liquvchi beshafqat qasos xudosi nomi bilan qasam ich, menga qasam ichki, mana shu bir oy ichida barchaga barobar og‘zingga qulf urasan va men senga kalit hamda libosimni beraman. Kalitni darbonning eshigi tagiga qo‘yasan va ozodlikka chiqasan. Biroq men ozod bo‘lishim va bundan buyon odilona hukm chiqarishim uchun bir oylik muddat nihoyalaganda mana shu nomani shohga eltish majburiyati bilan Mingyuzli xudo qarshisida qasam ichasan. Mana shularni bajarishga Mingyuzli xudo qarshisida qasam ichasanmi?
– Qasam ichaman, – bo‘g‘iq tovush chiqdi bandining bo‘g‘zidan.
Virata kishan qulfini ochdi va egnidan libosini yechdi.
– Mening kiyimlarimni kiy, o‘zingnikini menga ber va soqchi tanib qolmasligi uchun yuzingni berkit. Endi esa mana bu ustarani ol va meni ham tanib qolmasliklari uchun soch-soqolimni qirib tashla.
Bandi ustarani qo‘liga oldi, biroq qaltirayotgan qo‘li pastga tushdi. Ammo Virataning amirona nigohi ostida buyrug‘ini bajardi. U ancha vaqt jim turdi, so‘ng chinqirgancha o‘zini yerga tashladi.
– Hazrat, men tufayli jabr chekishingga yo‘l qo‘ya olmayman. Men qiziqqon qo‘lim bilan xunxo‘rlik qildim. Hukming adolatli edi.
– Buni na sen, na men o‘lchay olamiz. Ammo tez orada menga nozil yuboriladi. Boraver va shoh huzurida qasamyod qilganing kabi oy o‘z yo‘lini bir marta aylanib tugatgan kun u meni ozod qilishi uchun yoniga bor. O‘shanda men qilmishlarim bahosini bilib olaman va so‘zlarim bir umrga yolg‘ondan xoli bo‘ladi. Boraver!
Bandi yuztuban yiqildi va yerni o‘pdi… Eshik tim qorong‘ilikda og‘ir yopildi, mash’alaning yorug‘i yana bir marta devor bo‘ylab sirg‘alib o‘tdi va tun vaqt soati hisobiga o‘tdi.
Hech kim tanimayotgan Viratani ertalab shahar chetidagi dalaga olib chiqishdi va qamchi bilan savaladilar. Birinchi zarba titrayotgan yalang‘och kuragiga tushganda Virata qichqirib yubordi. So‘ngra tishlarini bir-biriga mahkam bosdi. Yetmishinchi zarbada ko‘z oldi qorong‘ilashdi va uni chalajon ahvolda olib ketdilar.
U o‘z zindonida yerparchin yotgan holda uyg‘ondi va cho‘g‘lanayotgan ko‘mirda orqasi bilan yotgandek tuyuldi. Ammo peshonasi atrofida salqinlik bor edi va yovvoyi o‘tlarning ifori havoni to‘ldirgandi. U sochlari orasida kimningdir qo‘li hamda huzurbaxsh namlik tomchilarini his qildi. Qovoqlarini ohista ko‘tardi va mehribonlik bilan uning peshonasini yuvayotgan darbonning ayolini ko‘rdi. Va ko‘zini katta ochganda ayol nigohidagi hamdardlik uning ko‘zida yulduz yanglig‘ porladi. Va o‘z tanasi azobi ichra mehribonlik yog‘dusini, har qanaqangi mehrning ma’nosini angladi. U ayolga asta tabassum qildi va og‘riqni boshqa sezmadi.
Ertasi kuni o‘rnidan turishga va qo‘li bilan devorning muzdek toshini ushlashga madori yetdi. U qadam sayin o‘ziga yangi dunyo ochilayotganini his etdi, uchinchi kun esa yaralari bita boshladi, kuchi hamda fikr tiniqligi qaytdi. U qimirlamay o‘tirar hamda vaqt o‘tayotganini devorlardan tomayotgan va buyuk sukunatni juda ko‘p zarralarga ajratayotgan tomchilar orqali bilardi. U bilan hech kim so‘zlashmas, qorong‘ilik qonida qotib qolgan, biroq ong puchmoqlaridan o‘tmishning rang-barang ko‘rinishlari chashma singari oqib, butun hayoti aks etayotgan mushohadaning sokin havzasi bo‘lib qalqib chiqardi. Alohida-alohida ko‘rinishda boshdan o‘tgan barcha narsalar endi bir joyga to‘plangan hamda Virataning oydinlashgan qalbi qarshisida ochilgandi. Uning ruhi bu yerda qotib qolgan mushohada olamining aksi singari hech qachon bunchalik pok bo‘lmagandi.
Virataning nigohi kun sayin nurlanib borar, qorong‘ilik ichidan asta-sekinlik bilan shakl-shamoyil chiqar va ongida o‘z shaklini yaratardi. Va uning qalbi sokin xilvatda yorug‘lashmoqda edi: xotiraning, soyaning ushbu soyasi bilan to‘yinayotgan bu royishli xayol kishanlangan bandining qo‘li singari evrilishlar qiyofalari bilan – yer ostini to‘ldirayotgan toshchalar bilan o‘ynashardi. O‘zidan ham yuz o‘girgan, jodulangan, qorong‘ilikda o‘z ko‘rinishini bilmaydigan Virata Mingyuzli xudo hukmronligini yanada kuchliroq his etar va o‘zini soyalar orasidan o‘tib borayotgandek, biroq qalban ularga bog‘lanmagandek, irodaning qulligidan ozoddek, hayotda o‘lik va o‘limda hayotdek ko‘rardi. Yo‘q bo‘lib ketishning har qanday vahmi tanadan judo bo‘lish shodligiga qorishib ketardi. U har soatda toshlar va yerning qora tomirlaridan iborat bo‘lsa-da, o‘zida yangi hayot nishonalarini jo qilgan zimistonga cho‘kib borardi go‘yo. Virata o‘ziga chuvalchang kabi yer kavlayotgandek yoki novdasi bilan tepaga intiluvchi giyohdek tuyulardi, yoki balki u – borliqning orombaxsh g‘aflatida dam olayotgan qoya, xolos.
Virata o‘n sakkiz kun o‘z irodasiga suyanib, hayotga tashnalikdan xoli bo‘lib, o‘z-o‘zini unutishning ilohiy siridan lazzat oldi. Tavba qilish uchun bajarayotgan ishi unga rohat-farog‘atdek tuyular va gunohga botish hamda shafqatsiz qismat haqidagi o‘ylar bor-yo‘g‘i noaniq, mudroq tushlar kabi ongning mangu bedorligini xiralashtirardi. O‘n to‘qqizinchi kuni esa uyqudan bexos uyg‘onib ketdi: yer haqidagi o‘y uni yo‘qlagandi. U Virataning miyasiga qizdirilgan ignadek qadaldi. Dahshat chulg‘adi va qo‘lidagi barmoqlar novda barglari yanglig‘ titradi. Mabodo o‘sha bandi qasamini buzib uni unutsa nima bo‘ladi? Tiriklayin chirib, tili churq etmaslikdan qotib qolmaguncha bu yerda minglab kunlar qolib ketadi. Hayotga intilish jismida qoplon singari ko‘kka sapchidi va tinchligi qobig‘ini tilka-pora qildi: vaqt uning qalbiga yoprilib kirdi va u bilan birga qoldi – ham vahima, ham umid, ham tirik insonning bor tashvishi. U mangu hayotning Mingyuzli xudosi haqida boshqa o‘ylay olmasdi – faqat va faqat o‘zi haqida o‘y surar, ko‘zlari yorug‘likni sog‘ingandi. Qattiq toshga ishqalanayotgan oyoqlari kenglik talab qilar, sakrash va yugurishni sog‘ingandi. U ham ayoli, ham bolalari, ham uyi, ham biz tuyg‘ularimiz ila simiruvchi va yuragimizning jo‘shqin qoni ila his etuvchi dunyoning qaynoq hoyu havaslari haqida o‘ylamay tura olmasdi.
Shu daqiqadan boshlab, shu davrga qadar qora ko‘zgu sirti kabi unsiz yotgan vaqt uyg‘onib ketgan ongini ko‘mib yubordi. U jo‘shqin sel yanglig‘ yugurib o‘tdi, biroq o‘z oqimi bilan ongni domiga torta olmadi. Oqim uni tutib olishini va xaloskorlikning u kutgan vaqtiga tomon yumaloq xoda singari dumalatib ketishini istagandi. Biroq vaqt unga qarshi edi: Virata holdan toygan suzuvchi singari yutoqib soat ketidan soatni tortib olmoqda edi undan. Devordagi tomchilar tomishda sekinlashgandek tuyulardi unga – bir tomchidan ikkinchisini ajratib turgan vaqt uzoq cho‘zilmoqda edi. Endi u o‘z o‘rnida qola olmasdi. Bo‘zbola uni unutib qo‘yishi mumkinligi va peshonasiga ushbu yer osti sukunatida chirib ketish yozilganligi haqidagi o‘ydan azoblanib telba singari o‘zini u yoqdan, bu yoqqa otardi. Sukunat uni bo‘g‘ayotgandi: g‘azabi va chorasizligini ayanchli qichqiriq bilan toshlarga to‘kib solar, o‘ziga, xudolarga hamda shohga la’natlar o‘qirdi. Ustidan kulayotgan qoya devorlarini qontalash bo‘lib ketgan tirnoqlari bilan tirnar va o‘ziga kelgach yana sakrab turish, quturgan kalamush singari tosh qop ichra zir yugurish uchun to hushsiz yiqilmaguncha eshikka kalla qo‘yaverardi. O‘sha kunlari, xayolot ichra olamdan ajralgan o‘n sakkizinchi kundan boshlab yangi oy chiqishiga qadar Virata dahshat qozonida qaynadi. Ovqat va suv uni jirkantirar, zero, butun vujudini vahima zabt etgandi. Bironta fikrni ongida saqlab qola olmasdi, faqat lablarigina tomayotgan, hech tuganmas vaqtni soat va kunlarga maydalayotgan tomchilarni sanardi. Va o‘zi bilmagan holda, chakka sochlari oqarib ketgandi.
O‘ttizinchi kuni tepada shovqin eshitildi va o‘z o‘rnini yana sukunatga topshirdi. So‘ng qadam tovushlari keldi, eshik sharaqlab ochilib yorug‘lik yopirilib kirdi va qorong‘ilikka dafn etilgan odam qarshisida shoh bo‘y ko‘rsatdi. U Viratani mehr bilan quchdi va dedi:
– Otalarimizning kitoblarida qachonlardir bitik etilmish buyuk jasorating haqida eshitdim. U bizning tuban hayotimiz uzra qanchalar baland. Falak o‘ti yuzingni yoritishi va baxtiyor el adolatli zotga termilishi uchun bu yoqqa chiq.
Virata kafti bilan ko‘zlarini berkitdi, chunki yorug‘lik og‘riq bermoqda edi. Qon qaynoq to‘lqin bo‘lib yuragi sari oqdi. Sarxush kimsa singari chayqalib o‘rnidan turdi va mahramlar uni tutib turishlariga to‘g‘ri keldi. Biroq darvozadan chiqishdan avval u dedi:
– Ey shohim, sen meni adolatli deb atading, men esa kimdir birovga hukm chiqarsa qonunga zid ish qilishi va o‘zini gunohga botirishini bilaman. Mening so‘zimga binoan mana shu zindonlarda odamlar hali azob tortmoqda va endigina ularning azobini anglamoqdaman va bilaman: bizning hech qanday hukm chiqarishga haqqimiz yo‘q. Ey shohim, ularni ham qo‘yib yubor va odamlarni chetga oldir, zero men maqtovlardan uyalaman.
Shoh imo qildi va mahramlar odamlarni chetga oldi. Ular atrofida yana sukunat cho‘kdi. Va shoh dedi:
– Sen saroyimning yuqori zinasida o‘tirarding va hukm chiqararding. Endi esa jafo chekib yerdagi barcha hakamlar ichida eng donishmandi bo‘lgach, so‘zlaringni qulog‘imga quyishim va o‘zim ham bilimlaringga oshno bo‘lishim uchun men bilan yonma-yon o‘tirasan.
Biroq Virata iltimos tariqasida uning tizzasiga qo‘l tekkizdi.
– Meni mansabimdan ozod qil. Men endi odil hakam bo‘la olmayman, chunki bir kishining boshqa birovga hukm chiqarishga haqqi yo‘qligini bilaman. Jazolash odamlarning emas, Yaratganning ishi va kimki taqdir erkiga daxl etsa, gunohga botadi. Men esa hayotimni gunohsiz yashab o‘tishni istayman.
– Unda hakam emas, maslahatchim bo‘lgin, – javob qildi shoh, – va o‘z qarorlarimda adashmasligim uchun urush va tinchlik, soliq va to‘lovlar borasida odilona maslahatlar bergin.
Virata yana bir bor shohning tizzasiga qo‘l tekkizdi.
– Menga mansab yukini ag‘darma, ey shohim, zero, mansab xatti-harakatlar qilishga undaydi va qaysi mansab adolatliki, u kimningdir taqdiri yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lmasin? Mabodo urush ochishni maslahat bersam, bu bilan o‘lim urug‘ini ekkan bo‘laman va men tomonimdan aytilgan har bir so‘z qilmishga aylanadi, har bitta qilmish esa men bilmaydigan ma’no yashiradi o‘zida. Hech bir kimsaning taqdiriga va hech kimning ishlariga daxl qilmaydigan, bir o‘zi yashaydigan kishigina adolatli bo‘lishi mumkin. Yolg‘iz qolib inson nutqidan mosuvo bo‘lganimdagina haqiqatni anglashga yaqinlashdim, gunohdan forig‘ bo‘ldim. Har qanaqangi gunohdan toza bo‘lishim uchun xudolarga xizmat qilishdan boshqa barcha majburiyatlarni bilmay o‘z uyimda tinchgina yashashimga ijozat ber.
– Seni qo‘yib yuborish menga ancha malol keladi, – dedi shoh, – biroq kim ham donishmand va adolatli shaxsning istaklariga qarshi borishga jur’at qila olardi? Mayli, o‘zing bilgancha yashayver va mening hududimda gunohlardan forig‘ inson umrguzaronlik qilayotgani saltanatim uchun shon-sharaf bo‘lib qolsin.
Ular zindon darvozasidan chiqishdi va shoh unga ijozat berdi. Virata yakka o‘zi borar va totli, oftob nurini emgan havodan nafas olardi. Yengil tortib, har qanaqangi majburiyatlardan erkin holda o‘z uyiga qaytmoqda edi. Ortidan yalangoyoqlarning qadam tovushi eshitildi va Virata o‘girilib, aybini o‘z bo‘yniga olgan o‘sha bo‘zbolani ko‘rdi. Bo‘zbola uning changdagi izlarini o‘pdi, jur’atsizlik bilan ta’zim qildi va ko‘zdan yo‘qoldi. Virata akasining jonsiz ko‘zlarini ko‘rgan o‘sha damdan buyon ilk bor tabassum qildi va shod-xurram holda uyiga kirdi.
Virataning uyida kunlar charog‘on edi. U ko‘zi qorong‘ilikni emas, ochiq osmonni ko‘rayotganidan, yon-atrofida marhamatli zaminning bo‘yoqlari, iforlari hamda tongning jarangdor musiqasi yangrayotganidan shukronalar aytib uyg‘onardi. U har kun yana bir bor miriqib nafas olish mo‘jizasi va erkin harakat quvonchini buyuk tuhfa singari qabul qilar, o‘z tani, ayolining nozik badani va o‘g‘illarining baquvvat jussalari unda shukronalik uyg‘otardi. Virata barcha narsada Mingyuzli xudoning mavjudligini his etar va hech mahal birovning taqdiriga suqilmagani va ko‘rinmas xudoning minglab yuzlaridan birontasiga daxl qilmagani bois qalbi sokin g‘ururdan qanot qoqardi. U ertadan kechgacha donishlar kitobini o‘qir va kunlarini taqvodorlikka – unsiz mushohadaga, o‘zini-o‘zi mehr bilan o‘rganishga, rahm-shafqat ishlariga va fidoyilarcha ibodatga bag‘ishlardi. Uning ruhi quvonchga to‘la edi, xizmatkorlarning hatto eng tubaniga ham qaratilgan so‘zi muloyim edi, uy ichidagilar uni har qachongidan ham ko‘proq sevishardi. U g‘ariblar do‘sti va baxtiqarolar ovutuvchisi edi. Ko‘plarning duolari uyqusiga posbon edi va odamlar uni endi Shamshir Yashini yoki Adolat Manbai emas, balki Maslahat Maydoni deb atardilar. Zero, u katta hakam bo‘lmasa-da, bahslarini yechib berishi uchun nafaqat eng yaqin qo‘shnilari, balki begona odamlar ham olis-olislardan huzuriga kelishardi. Va uning so‘ziga barcha bo‘ysunardi. Maslahat berish buyurishdan ko‘ra yaxshiroqligini, hukm qilishdan ko‘ra yarashtirish to‘g‘riligini his qilayotgan Virata baxtiyor edi. Hech kimni hech narsaga majbur qilmay, ko‘plarning taqdirini yo‘lga sola boshlagach, hayoti o‘ziga beaybdek ko‘rina boshladi. Endi hayot qiyomini ruhiy shodlik va rohat-farog‘atda o‘tkazmoqda edi.
Uch yil, keyin yana uch yil yorug‘ bir kundek o‘tdi-ketdi. Virataning qalbi kun sayin muloyimlashib borar va janjalkashlar o‘z huzuriga kelganida yer yuzida bunchalik jonsaraklikka sabab nimaligini va butun hayot hamda borliqning totli ifori o‘zlariga tegishli bo‘lgan holda qanday qilib odamlar arzimas mulkni bir-biridan g‘azab ichra tortib yulqib olishlari mumkinligini tushuna olmasdi. U hech kimga hasad qilmas, unga ham hech kim hasad qilmasdi. Uning xonadoni orombaxsh hayotdan madad olib, inson ehiroslarining tubanligi va nafsning hayqirgan oqimini o‘ziga yaqinlashtirmay tinchlik oroli singari yuksaklikda turardi.
Bir oqshom, tinch hayotining oltinchi yili so‘ngida, Virata allaqachon uyquga ketgan mahal kutilmaganda qattiq nola va zarba tovushini eshitdi. U o‘rnidan irg‘ib turdi va o‘g‘illari bitta qulni tizzalatib, yelkasiga begemot terisidan o‘rilgan qamchi bilan qulochkashlab urayotgani, qon sachrayotganini ko‘rdi. Jazolanuvchining azobdan chaqchaygan ko‘zlari uning nigohi bilan to‘qnashdi. Va u qachonlardir yuragida o‘tirib qolgan o‘ldirilgan akasining nigohini yana bir bor tanidi. Virata shoshilgancha o‘g‘illarini to‘xtatdi va nima bo‘lganini so‘radi.
Ular javob qildilarki, qoyada o‘yilgan quduqdan yog‘och chelaklarda suv keltirish majburiyati yuklangan bu qul choshgoh tafti bois holdan toyganini bahona qilib kechikmoqda ekan va nihoyat kechagi o‘ta qattiq jazodan so‘ng qochib ketmasidan avval bir necha marta jazolangan ekan. Virataning o‘g‘illari uning ortidan ot choptirib, daryoning narigi tomonidagi ovullardan birida yetib olibdilar. Qulni arqon bilan otning egariga bog‘lab, goh yugurishga majburlab, goh yerda sudrab, dabdala qilingan va yaralangan holda uyga keltiribdilar. Virata kelib jazoni to‘xtatib qo‘ymaguncha o‘ziga dars hamda boshqa (ag‘anab yotgan qulga titrab-qaqshab, tizzalari qaltiragancha qarab turgan) qullarga o‘rnak bo‘lishi uchun bu yerda uni yanada qattiqroq jazoga mubtalo qilishibdi.
Virata qulga ko‘z tashladi. Uning oyog‘i ostidagi qum qonga belangandi. Baxtiqaroning kengaygan harakatsiz qorachiqlarida boshi uzra pichoq ko‘tarilgan jonivorlarda bo‘ladigandek dahshat qotib qoluvdi. Virata qachonlardir o‘zini ham mavh etgan azob va zulmatni his etdi.
– Uni qo‘yib yuboringlar, – dedi u o‘g‘illariga, – uning gunohi yuvildi.
Qul Virataning oyoqlari ostidagi changni o‘pdi. O‘g‘illari ilk marta padarlaridan norozi bo‘lib nari ketdilar. Virata yotog‘iga qaytdi. O‘zi payqamagan holda manglayi va qo‘llarini yuvdi, so‘ng o‘ziga nima borasida hisobot bermaganini vahima bilan to‘satdan angladi: olti yil ichida birinchi marta yana hakam bo‘lib olgan va o‘zganing taqdirini hal qilgandi. Va olti yil ichida ilk marta uyqusi yana qochdi.
Va u zulmat ichra bedor yotarkan, qarshisida qulning (yoki ular o‘ldirilgan akasinikimi?) dahshat to‘la ko‘zlari va o‘g‘illarining darg‘azab nigohlari paydo bo‘ldi, u o‘z-o‘zidan yana bir bor so‘radiki, o‘g‘illari o‘sha mahramga nisbatan odilona ish qildilarmi? Arzimagan gunohni deb qon uning xonadoni qumini alvonga bo‘yadi, qamchi jindekkina kamchilikni deb tirik tanni tilkalab tashladi va ushbu gunoh uning kuragini qachonlardir kuydirgan qamchi zarblaridan ko‘ra kuchliroq kuydirdi. Rost, ushbu jazo erkin odamning emas, shohlarning amriga binoan tug‘ilganidan buyon tanasi unga – Virataga tegishli qulning boshiga tushdi. Biroq, Mingyuzli xudo huzurida ushbu qonun adolatlimi? Insonning tanasi to‘laligicha birovning xohishi, birovning zo‘ravonligiga qaram bo‘lishi adolatdanmi va nahotki qulni hayotdan mosuvo qiluvchi yoki uni mavh etuvchi o‘sha shaxs gunohdan forig‘ bo‘lsa?
Virata o‘rnidan turdi va javobni donishlar kitobidan topish uchun shamni yoqdi. Va hech qayerda insonlarni tabaqa hamda toifalarga bo‘lishdan o‘zga odamning odamdan farqini topa olmadi, hayotning necha yuz ming yilligida insonga muhabbat majburiyatidan ozod etuvchi qonunni topa olmadi. U yutoqib bilimini oshirar, zero, shubha uning qalbini hech qachon bunchalik tirnamagandi. Biroq sham yana bir bor yorqin nur sochdi va o‘chdi.
Qorong‘ilik tushganda uni g‘alati tuyg‘u chulg‘ab oldi: go‘yoki ozodlik insonning eng teran huquqi ekanligi va hech kimning boshqa birovni bir umrga ham, bir yilga ham qamab qo‘yishga haqqi yo‘qligini dahshat ichra angalagancha zindon devorlarini so‘qir nigohi bilan paypaslab ko‘rayotgandek tuyuldi. Virata tushundiki, ushbu qulni u o‘z istagining ko‘zga ko‘rinmas halqasi ichra qamab qo‘ygan va hayotidagi biron qadamida erkin qoldirmay tanti qarorlari ila kishanlab tashlagan. Toki so‘z bilan ifodalab bo‘lmas balandlikdan jismiga yorug‘lik kirib bormaguncha Virata qimirlamay o‘tirdi va uning ko‘zi ochildi, tafakkuri kengaydi. Bu yerda ham gunohdan forig‘ emasligini angladi, zero, u odamlarni o‘z mayliga solgan va Mingyuzli xudoning mangu qonuniga emas, insonlarning o‘tkinchi qonuniga asosan ularni qullar deb atagandi. Va u ibodat uchun yuztuban yiqildi.
– Kamina yolg‘onga botib ketmasligim va irodangning ko‘zga ko‘rinmas yo‘li bo‘ylab senga peshvoz chiqishim uchun ko‘plab ko‘rinishdagi xabarchilarni yuborayotganing bois senga minnatdorlik bildiraman, Mingyuzli! Azaliy, hamma joyda meni ko‘rib turuvchi, hatto o‘zimning ham ko‘zimdan qarab turuvchi Xudo, nigohi hamon meni qiynayotgan akamning fosh etuvchi qarashlarini unutib gunohimni anglashim, hayot bo‘ylab pok o‘tishim va nafasim gunohdan forig‘ bo‘lishi uchun menga ko‘mak ber!
Virataning peshonasi yana oydinlashdi. Yulduzlarning oppoq olqishini qabul qilgan va tonggi saboning epkinidan nafas olgan holda, ko‘zida nur bilan tungi osmon ostiga chiqdi, bog‘ orqali daryoga tushdi va sharqda oftob ko‘tarilganda tabarruk suvga kirib, ertalabki ibodatga yig‘ilgan oila a’zolari yoniga qaytdi.
Virata ularning davrasiga qo‘shildi, barchalariga tabassum bilan salom berdi, ketishlari uchun ayollarga ishora qildi va o‘g‘illariga murojaat etdi:
– Sizga ma’lumki, mana, necha yillardan buyon ko‘nglimdagi birdan-bir niyat – yerdagi butun hayotimni adolatli, gunohsiz yashab o‘tish. Kecha qon – tirik inson qoni uyim ostonasini alvonga bo‘yadi va men ushbu qonni ustimdan yuvib tashlash va uyim panohida sodir etilgan gunoh hissasini chiqarmoqni istayman. Jimitdekkina aybni deb nihoyatda qattiq jazolangan qul bundan so‘ng erkindir va istagan tomoniga ketaversin, zero, u azaliy hakam qarshisida na siz, na meni aybladi.
O‘g‘illari sukut saqlab turardilar va Virata ularning sukutida dushmanlikni his etdi.
– So‘zlarimni unsiz kutib olmoqdasiz. Biroq men sizni eshitmay turib, hech nimani hal qila olmayman.
– Aybdorga ozodlik hadya qilishni, jazo o‘rnida mukofot berishni istaysan, – gap boshladi katta o‘g‘il. – Uyimizda mahramlar ko‘p va birgina qul hisobga kirmaydi. Biroq har bitta qilmish o‘zi bilan umumiy zanjir hosil etib, boshqalarini ergashtiradi. Ushbu qulni qo‘yib yuborgach, mabodo ketishni istab qolishsa o‘zingga tegishli boshqalarini qanday ushlab tura olasan?
– Mabodo ular uyimdan ketishni istashsa, hammasini qo‘yib yuborishga majburman. Qo‘limda hech kimning taqdirini ushlab turmoqchi emasman, zero, kimki birovning taqdiriga daxl etsa, gunohga botadi.
– Ammo sen qonuniy huquqni buzmoqdasan, – gap boshladi ikkinchi o‘g‘il, – yer, bu yerning daraxti va bu daraxt mevalari bizniki bo‘lgani kabi ushbu qullar ham bizga tegishlidir. Senga xizmat qilib, ular sen ila bog‘lanib qolishgan va sen ham ularga bog‘langansan. Sen ming yillardan buyon mavjud tartibga daxl qilmoqdasan. Qul o‘z hayotining xo‘jasi emas, o‘z xo‘jasining mahrami.
– Xudodan birgina huquq bor va bu huquq – hayot; u har bir insonga birinchi nafasdayoq beriladi. O‘zini gunohlardan forig‘ deb o‘ylayotgan mendek so‘qir kimsani yaxshilikka chorlading. Men yillar bo‘yi o‘zgalar hayotining egasi edim, endi esa ko‘zim ochildi va bilaman: adolatli shaxs insonlarni hayvonga aylantirmasligi lozim. Men barchalarini ozodlikka chiqarishni va zamin uzra ular qarshisida gunohlardan forig‘ bo‘lishni istayman.
O‘g‘illarning chehrasida qat’iyat zohir edi va ularning to‘ng‘ichi qahr ila javob qildi:
– Sholi quvrab qolmasligi uchun dalani kim sug‘oradi, buqalarni kim dalaga haydaydi? Sening injiqligingni deb o‘zimiz xizmatkor bo‘lib qolamizmi? O‘zingning qo‘llaring hech qachon mehnat ko‘rmaganini, hayoting o‘zganing mehnati orqasidan kechayotganini sira o‘ylamagansan. Zero, sen yotgan to‘shakka ham birovning peshona teri to‘kilgan va uyqungni ham mahramlar yelpig‘ichi himoya qilgan. Va endi o‘z pushtikamaring va qoningdan bunyod bo‘lmish bizdan boshqa hech kim ishlamasligi uchun barchani haydab yubormoqchimisan? Jonivorlarni qamchidan xalos qilish uchun buqalarni o‘zimiz omochlardan bo‘shatishimiz va qayishlarni o‘zimiz tortishimizni buyurarsan ehtimol? Axir, Mingyuzli hatto jonivorga ham nafas bergan-ku! Ota, o‘rnatilgan qonunlarga daxl qilma, zero, ular Xudodan! Yer o‘z-o‘zidan haydalib qolmaydi, u hosil bermog‘i uchun kuch ishlatmoq lozim. Zo‘rlik ishlatish – yulduzosti olamining qonunidir va biz uni bekor qila olmaymiz.
– Biroq men uni bekor qilmoqchiman, zero, kuch kamdan-kam holda haq bo‘ladi, men esa yerdagi hayotimni adolatli yashab o‘tmoqchiman.
– Kuchsiz bo‘lsang, hech nimaga egalik qila olmaysan, na odam, na jonivorlar, na beun yerga. Qayda sohib bo‘lsang, o‘sha yerda xo‘jayin ham bo‘lishing darkor; kimki egalik qilsa, o‘sha kimsa o‘zga odamlar taqdiriga ham bog‘langan.
– Biroq neki meni gunohga botirsa, o‘shandan yuz o‘girmoqchiman. Va men sizlarga qullarni qo‘yib yuborishni va uyimiz uchun o‘zingiz mehnat qilishingizni buyuraman.
O‘g‘illarning nigohida g‘azab yiltiradi, ular shovqin solishdan o‘zlarini arang tiyardilar. So‘ng to‘ng‘ichi dedi:
– Sen hech kimning erkini bo‘g‘moqchi emasman, deding. Gunohga botmaslik maqsadida qullarga amr qilishni istamaysan. Bizga bo‘lsa buyurmoqdasan va hayotimizga daxl qilmoqdasan. Sendan so‘rayotirman, qani bunda Xudo va odamlar qarshisidagi adolating?
Virata uzoq vaqt sukut saqladi. U nigohini ko‘tarib o‘g‘illari ko‘zida ochko‘zlik olovini ko‘rganda yuragi titrab ketdi. So‘ngra ohista dedi:
– Siz haqsiz. Men erkingizni bo‘g‘moqchi emasman. Uyimni oling va uni o‘z istaklaringizga ko‘ra bo‘lishib oling. Men bundan buyon egalik qilishni va gunohkor bo‘lishni istamayman. Sen rost gapirding: kimki egalik qilsa, u o‘zgalarni erkdan mosuvo qiladi, ammo eng avvalo – o‘zini. Kimki gunohsiz yashashni istasa, na o‘z uyi, na o‘zganing taqdiri ustidan hukmronlik qilmog‘i lozim, o‘zganing qoni hamda mehnati bilan oziqlanmasligi, ayolga nisbatan ehtirosni hamda to‘qlikdan kelib chiquvchi dangasalikni qadrlamasligi kerak. Faqat bir o‘zi, o‘z xudosini deb yashovchi g‘ayratli shaxsgina uni biladi, faqat faqir odamgina uni to‘laligicha qo‘lga kiritadi. Men esa o‘z yerimdan ko‘ra Ko‘zga ko‘rinmasga yaqin bo‘lishni hamda gunohsiz yashashni istayman. Uyimni tinch-totuv o‘zaro bo‘lib olinglar.
Virata ortiga burildi-yu, ketdi. O‘g‘illari hayronu lol turib qoldilar; qorni to‘ygan ochko‘zlik jismlarida shirin o‘t bo‘lib yonar, biroq shunga qaramay izza qilingandilar.
Virata esa yotoqxonasiga qamalib oldi va oila a’zolarining chaqiriqlariga kar bo‘lib turdi. Faqat tungi soyalar tushgandagina u yo‘lga otlandi: aso, xayr uchun kosacha, ishlash uchun bolta, ochlikni yengish uchun bir hovuch meva hamda toat-ibodat uchun donishmandlar yozuvi bitilgan palma barglarini oldi. Libosi etagini tizzasidan yuqori qantarib qo‘ydi, ortiga burilib na ayoli, na bolalari, na o‘zining bor boyligiga biron marta ham nazar tashlamay jimgina uyini tark etdi. Bir safar o‘zi g‘aflatdan uyg‘onishning achchiq bir onida qilichini tashlab yuborgan daryoga yetish uchun tun bo‘yi yurdi, sayoz kechuv joyidan narigi qirg‘oqqa o‘tdi va oqim bo‘ylab pastga – uylardan nom-nishon yo‘q, yer hali omoch neligini bilmagan joyga yetib bordi.
Daryoning burilgan yeridagi yashin urgan keksa mango daraxtiga tong mahali yetdi. Daryo sokin oqib yotar va qushlar galasi sayoz suv uzra parvoz qilarkan, qo‘rqmay chanqog‘ini qondirardi. Bunda – ochiq qirg‘oqda yorug‘ edi, orqada esa sersoya daraxtlar ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Yashin urib parchalanib ketgan daraxt butoqlari hamda shox-shabbalari tevarak-atrofda sochilib yotardi. Virata o‘rmon ichida yashiringan yalanglikni ko‘zdan kechirdi va bu yerda kulba qurish hamda o‘zining qolgan kunlarini odamlardan olisda va gunohlardan xoli tarzda mushohadaga bag‘ishlamoqqa qaror qildi.
U kulbasini naq besh kun qurdi, chunki qo‘li mehnatga odatlanmagandi. Ammo shundan so‘ng ham kunlari mehnat qilish bilan o‘tdi: ozuqa uchun meva axtarib topishi, har tarafdan kulbasini qalin o‘rab olgan butalarni chopib tashlashi, o‘kirishlari bilan tun zulmatini buzuvchi och yo‘lbarslar kulbasiga bostirib kirmasligi uchun o‘tkir qoziqlar bilan atrofini o‘rab olishi kerak edi. Biroq bironta ham inson tovushi Virataning hayotiga daxl qilmas va dilini xufton etmasdi; uning bitmas-tuganmas manba bilan ozuqlanuvchi kunlari daryodagi suv kabi sokin oqardi.
Qushlar bo‘lsa hamon uchib kelishar, yuvvoshgina zohid ularni cho‘chitmas va tez orada ular inlarini uning kulbasi tomi tagiga qura boshladilar. Virata ular uchun ulkan gullar urug‘ini separ va meva-chevalar tashlardi. Ular dadillik bilan juda yaqin uchib kelishar va endi uning qo‘lidan qo‘rqmay qo‘yishgandi. O‘ziga chorlaganda palmalardan uchib tushishar, Virata ular bilan o‘ynar va qushlar qo‘rqmay uning qo‘l tekkizishiga qo‘yib berishardi. Bir gal u o‘rmonda yoshgina maymunchani topib oldi: uning qo‘li singandi va yerga yotgan ko‘yi yosh bola kabi hiqillardi. Virata uni kulbasiga olib ketdi, katta qildi va jonivor unga taqlid qilgan o‘laroq xizmat qilishni o‘rganib oldi. Shunday qilib Virata tinchliksevar tirik mavjudotlar orasida edi, biroq ularda ham insonlarda bo‘lgani kabi zo‘ravonlik hamda yomonlik yashiringanini bilardi. U timsohlar qanday qilib bir-birlarini jon achchig‘ida tishlashi va ta’qib qilishini, qushlar o‘tkir tumshuqlari bilan suv ichidan baliqlarni tutib olishini, ilonlar qanday qilib aynan o‘sha qushlarni kutilmaganda o‘z halqalariga o‘rab olishini ko‘rardi. Shafqatsiz ilohalar butun olamni chirmab tashlagan yovuzlik zanjiri uning qarshisida o‘zgarmas qonun bo‘lib bo‘y ko‘rsatar va aql-zakovat uni rad qila olmasdi. Biroq Virataga bu olishuvlarning bor-yo‘g‘i kuzatuvchisi bo‘lib qolish, gunohdan forig‘ bo‘lib, g‘alaba hamda mag‘lubiyatlar o‘pqoniga daxldor bo‘lmaslik quvonch bag‘ishlardi.
Virata bir yarim yil bironta odamni ko‘rmadi. Ammo kunlarning birida bir ovchi narigi qirg‘oqda filni suv ichish joyigacha ta’qib qilayotib, noodatiy manzarani ko‘rib qoldi. Kichik bir kulba ro‘parasida oqshomning sarg‘ish shu’lasi bilan yoritilayotgan soqollari oq qariya o‘tirar, qushlar uning sochlari orasida xotirjamgina joylashgan, maymun oyoqlari tagida jarangdor zarb bilan yong‘oq chaqardi. Uning o‘zi esa palmaning ko‘k va rang-barang to‘tilar halinchak uchayotgan tepasiga qarab turar va qo‘lini ko‘targanda to‘tilar yashin tezligida uchib kelib, tizzalariga qo‘nardi. Ovchi shunda “jonivorlar u bilan inson tovushi bilan so‘zlashadi, gullar uning oyoqlari izida o‘sib chiqadi; so‘zi bilan yulduzlarni terib oladi va birgina nafasi bilan oymomoni ko‘k bo‘ylab yurg‘izadi”, deya nomi chiqqan avliyoni ko‘rmoqdaman, deb o‘yladi. Shunday qilib ovchi ovini unutdi va ko‘rganlari haqida aytib berish uchun uyiga shoshildi.
Mo‘jizaga narigi qirg‘oqdan ko‘z tashlash uchun ertasi kuniyoq qiziquvchilar oqib kela boshladi. Nihoyat, buyuk adolatni deb vatanini, uyi hamda mol-mulkini tashlab chiqqan Viratani ulardan biri tanib qolmaguncha odamlar soni tinmay oshib boraverdi. Xabar borgan sari quloch yoydi va nihoyat yo‘qolib qolgan sodiq mahram haqida qayg‘urayotgan shoh qulog‘iga yetib keldi va u yelkanli kemani yigirma sakkiz eshkakchi bilan shaylashni amr etdi. Toki kema oqimga qarshi suzib Virataning kulbasi joylashgan yerga yetib bormaguncha tinmay eshkak eshdilar. Shunda shoh oyog‘i tagiga poyondoz tashladilar va u donishmand huzuriga yo‘l oldi. Biroq Virata bir yilu, olti oy inson ovozini eshitmagandi; u ikkilanib mehmonlarga jur’atsizgina peshvoz chiqdi, mahramning hukmdor qarshisida ta’zim qilishi kerakligini unutdi va faqatgina dedi:
– O shohim, tashrifing qutlug‘ bo‘lsin!
Shoh uni bag‘riga bosdi.
– Komillik yo‘lidan borayotganingni ko‘pdan buyon kuzatmoqdaman. Sendan o‘rganish uchun adolatli shaxs qanday yashashini ko‘rmoqchiman.
Virata ta’zim qildi.
– Har qanday gunohdan forig‘ bo‘lish istagida odamlar bilan muloqot qilishni yoddan chiqarganimdan boshqa hech narsa menga ma’lum emas. Yolg‘iz odam faqat o‘zinigina o‘qitishi mumkin. Qilayotgan ishim aqldanmi – bilmayman, his qilayotganim baxtmi – bilmayman, hech nima deb nasihat qila olmayman, hech nimani o‘rgata olmayman. Yolg‘iz kishining donoligi olam donishmandligidan farq qiladi va mushohada qonuniyati qilmish qonuniyatidan farqlidir.
– Biroq adolatli kishi qanday yashayotganini ko‘rishning o‘zi ta’lim olish deganidir, – javob qildi shoh. – Sening nigohingni uchratganimdan buyon nurli quvonchga to‘ldim. Undan ziyodini talab qilmayman.
Virata yana shoh qarshisida ta’zim qildi. Va shoh uni yana bag‘riga bosdi.
– Sen uchun biron nima qila olamanmi yoki oilangga biron nima yetkazaymi?
– O shohim, yerda endi mening hech narsam yo‘q yoki barchasi meniki. Boshqa uylar qatori bir paytlar mening ham uyim bo‘lgani va boshqa bolalar orasida bolalarim ham bo‘lganini unutganman. Yolg‘iz kishiga butun borliq, zohidga – hayotning bor-budi, gunohsizga – tinchlik va osoyishtalik tegishlidir. Mening yer yuzida gunohsiz yashamoqdan o‘zga istagim yo‘q.
– Unda, alvido, meni o‘z ibodatlaringda yod et.
– Xudoni yodga olaman va shu bilan seni ham, yer yuzidagi barcha-barchani yodga olaman, zero, ular Xudoning bir qismidir, nafasining bir qismidir.
Virata yuztuban yiqildi. Shoh kemasi daryo bo‘ylab quyiga yo‘naldi va ko‘p oylar mobaynida zohid inson tovushini eshitmadi.
* * *
Virataning shuhrati yana bir bor qanot qoqdi va saltanatni oq lochin kabi aylanib o‘tdi. Uning taqvoli hayotni deb o‘z uyi va mulkini tashlab ketgani haqidagi xabar dengiz bo‘yidagi eng olis qishloq va kulbalarga yetib bordi va kishilar adolatparvarni saxovatbardorning to‘rtinchi nomi bilan – Tanholik Yulduzi deb atay boshladilar. Ruhoniylar uning tarki dunyo qilganini ibodatxonalarda, shoh esa mahramlari huzurida olqishlardilar. Va hakam hukm o‘qiyotganda doimo qo‘shib qo‘yardi: “So‘zlarim endi faqat Xudoni deb yashayotgan va oliy donishmandlikka sazovor bo‘lmish Virataning so‘zlari kabi adolatli bo‘lsin”.
Va shunday ham bo‘lib turardiki, kimdir qilmishidan pushaymon bo‘lib, hayoti alg‘ov-dalg‘ovligini anglab, o‘sha adolatli kimsa kabi o‘ziga kulba qurish va faqat Xudoni deb yashash uchun uyi hamda vatanini tark etar, mulkini tarqatib, o‘rmonga ketardi. Zero, o‘rnak olinganda yer yuzidagi insonlar orasida qudratli aloqa o‘rnatiladi, har bir yaxshi amal o‘zgalar istagini uyg‘otadi va inson mudroqni yuzidan sidirib tashlaydi-da, o‘z hayoti soatlarini ibrat olish bilan to‘ldiradi. Va o‘sha ko‘zi ochilganlar hayotlarining bo‘m-bo‘shligini angladilar, qo‘llari qonda, qalblari gunohda ekanligini ko‘rdilar; uy-joylarini tark etishib, Virata singari o‘rmonda o‘zlariga kulba qurib oldilar va bundan keyin faqat va faqat tanalari uchun eng zarur narsalar haqida qayg‘urib, nihoyasiz ibodatga berildilar. Meva terayotgan paytlari o‘rmon so‘qmoqlarida uchrashib qolganlarida o‘zlarini yangi tanishlar bilan bog‘lamaslik uchun miq etishmas, biroq ko‘zlarida tabassum o‘ynar va qalban bir-birlariga tinchlik ulashardilar. Xalq esa o‘sha o‘rmonni Taqvodorlar O‘rmoni deb atardi va ushbu yerlarning muqaddasligini bulg‘ashdan cho‘chib bironta ham ovchi uning ichkarisiga kirmasdi.
Bir kuni ertalab Virata o‘rmon ichra sanqib yurarkan, yerda qilt etmay yotgan zohidni ko‘rib qoldi va uni ko‘tarib olish uchun engashib, hayot zohidni tark etganini payqadi. Virata marhumning ko‘zlarini yumdi, duo o‘qidi va uning jonsiz tanini o‘rmondan olib chiqishga urindi. U ushbu birodarining tanasi evrilish yo‘liga pok ketishi uchun gulxan qalashni istardi. Biroq yuk mevalardan iborat quvvatsiz yeguliklar bois holsizlanib qolgan uning qo‘li uchun o‘ta og‘ir edi va u ko‘mak so‘rash uchun kechuvdan o‘tib, narigi qirg‘oqdagi yaqin qishloqqa yo‘l oldi.
O‘zlari Tanholik Yulduzi deb nom bergan odil odamni ko‘rgan aholi uning huzuriga keldi va hurmat ila so‘zlarini eshitgach, marhumni dafn etish uchun shu zahotiyoq daraxt kesishga jo‘nadilar. Hamda Virata o‘tgan joylarda ayollar yuztuban yerga yiqildilar, bolalar jimgina borayotgan bu odam ortidan hayrat ila qaragancha to‘xtab qoldilar va ko‘pchilik erkaklar baland bo‘yli mehmonning libosi chetini o‘pish hamda tabarruk zotning duosini olish uchun uylaridan chiqdilar. Virata insonlar marhamatining mana shu to‘lqini aro tabassum ila o‘tib bordi va odamlar bilan aloqada bo‘lmaganidan beri shunchalik pok ehtiros bilan ularni seva olishini angladi.
Qishloqning bir chetidagi pastakkina kulba yonidan o‘tayotganida esa ro‘parasidan chiqqanlarning olqishlariga o‘shandek xush javob qaytarayotib bexosdan ayol kishining nafrat to‘la nigohi o‘ziga qaratilganini payqadi. Virata titrab ketdi – qachonlardir o‘zi o‘ldirgan akasining allaqachon unut bo‘lgan ko‘zini yana bir bor ko‘rayotgandek tuyulgandi unga. U dahshat ichra ortiga tisarildi – tanholik yillarida qalbi dushmanlik va g‘azabdan shunchalik begona bo‘lib qolgandi. Bu bor-yo‘g‘i nigoh aldovi, sarob ekanligiga o‘zini ishontirishga urindi. Biroq harakatsiz, tim qora ko‘zlar hamon unga qahr bilan qadalib turardi. Va shunda Virata o‘ziga kelib, eshikka yaqin borish maqsadida olg‘a yurdi, ayol uy ichiga chekindi, sherning harakatsiz qorachig‘i yanglig‘ unga qaratilgan o‘tli nigoh hamon yiltirab turardi.
Virata o‘zini tutib olishga urindi. “Qanday qilib o‘zim hech qachon ko‘rmagan bu ayol qarshisida shunchalik gunohkor bo‘lishim mumkin, menga shu qadar nafrat bilan qarashining sababi nima? – derdi u o‘z-o‘ziga. – Balki bu xatodir, buni aniqlash kerak”. U bamaylixotir uyga yaqinlashdi va eshikni taqillatdi. Bo‘g‘iq tovush eshitildi xolos va shunga qaramay begona ayolning dushmanlarcha yaqinligini his etdi. U sabr ila taqillatishda davom etdi, gado singari kutdi va yana taqillatdi. Nihoyat, ayol unga xomush va nafratli nigohini tikib, istar-istamay tashqariga chiqdi.
– Mendan yana nima kerak senga? – deya ayol unga o‘shqirdi. G‘azabdan u shu darajada qaltirayotgan ediki, eshik kesakisini ushlab turishga majbur ekanligini Virata ko‘rdi.
U ayolning chehrasiga tik boqdi va yuragi o‘rniga tushdi, zero, bunga qadar uni hech qachon ko‘rmaganiga ishonch hosil qilgandi. Ayol yosh edi, Virata esa mana necha yilki odamlar yurgan yo‘ldan yurmay qo‘ygan; ularning yo‘llari biron marta ham kesishmagandi va u ayolga hech qachon ziyon-zahmat yetkaza olmasdi.
– Ey ayol, men tinchlik-totuvlik tilab senga salom bermoqchiman, – javob berdi Virata, – va so‘ramoqchimanki, nega bunchalik nafrat bilan menga boqmoqdasan? Senga nima qildim? Nahotki ziyon yetkazgan bo‘lsam?
– Nima qildim deysanmi? – g‘azabnok kinoya ayolning lablarini qiyshaytirdi. – Menga nima qilding? Arzimagan ish qilding, sira arzimagan: uyim suv to‘la kosa kabi edi, sen uni quritding. Mening eng qimmatli narsamni o‘g‘irlading va hayotimni barbod etding. Aftingni boshqa ko‘rmasligim uchun jo‘na, aks holda, g‘azabimni bosa olmay qolishim mumkin.
Virata unga ajablangancha qarab turardi. Ayolning ko‘zlari shu qadar yovvoyilarcha o‘ynardiki, ro‘paramdagi ayol aqldan ozmaganmikin, deb o‘ylab qoldi Virata. U ketishga tayyorlanib burildi va shunday dedi: – Sen o‘ylayotgan odam emasman. Men olislarda yashayman va hech kimning taqdiriga burun suqmayman. Ko‘zlaring aldamoqda seni.
Biroq ayol nafrat bilan uning ortidan qichqirdi:
– Yo‘q, hamma bilguvchi, seni tanidim. Sen Virata, seni Tanholik Yulduzi deb ataydilar, himmatli kishilarning to‘rt nomi bilan sharaflashadi. Biroq men sharaflay olmayman, to barcha jonzotlarning oliy hakami meni eshitmaguncha tilim seni fosh etishdan charchamaydi. Agarda nima qilib qo‘yganingni ko‘rishni istasang, kiraqol.
U hayratda qolgan Viratani o‘z ortidan uy ichiga boshlab ketdi va burchagidagi to‘shak ustida qimirlamay yotgan nimadir bor pastak, qorong‘i xona eshigini lang ochdi. Virata to‘shak ustiga engashdi va dahshat ichida ortiga chekindi: qarshisida o‘lgan o‘g‘il bola yotar, uning jonsiz ko‘zlari o‘ldirilgan akasining ko‘zi kabi u tomon malomat ila tikilardi. Ayol Virataning yonida turarkan, ho‘ngrashdan titragan ovozda qichqirdi:
– Bu mening uchinchi, yurak-bag‘rimdan paydo bo‘lgan so‘nggi bolam. Uni sen o‘ldirding, kishilar avliyo va Xudolarning mahrami deb ataydigan odam o‘ldirdi!
O‘zidan gunohni forig‘ qilish maqsadida Virata savol bermoqchi bo‘ldi, biroq ayol uni qaygadir boshladi.
– Mana bu ishsiz yotgan to‘quv dastgohiga qara! Bu yerda Paratika, mening zavjam turar va uzzukun bo‘z to‘qirdi. Saltanatda undan-da mohir to‘quvchi yo‘q edi. Unga olislardan ish olib kelishar va mehnat bizga hayot bag‘ishlardi. Kunlarimiz charog‘on o‘tardi, zero, Paratika oqko‘ngil va juda mehnatkash edi. U munofiqlar bilan munosabatda bo‘lmas, ko‘chaning bekorchi g‘ala-g‘ovuridan o‘zini olib qochardi. Men unga uch nafar o‘g‘lon hadya etdim, otasi singari oqko‘ngil, rostgo‘y bo‘lishlari uchun ularni o‘stirayotgandik.
Kunlarning birida bir ovchi keldi – o, qani edi u hech qachon bu yerga kelmaganida! – va tirikligidayoq Xudoga yaqinlashish uchun o‘z uyi, o‘z mulkini qoldirgan, o‘ziga kulba qurib olgan bir odam mamlakatimizda yashashi haqida so‘yladi. O‘sha kundan boshlab Paratikaning oromi buzildi, oqshomlari uzoq o‘yga tolib, sukut saqlaydigan odat chiqardi. Kunlarning birida, yarim tunda uyg‘onib, uni yonimda ko‘rmadim. U Xudoni yoddan chiqarmaslik maqsadida Taqvodorlar O‘rmoni deya atalmish sen makon etgan o‘rmonga ketib qolgandi. Biroq Paratika Xudoni yodga oldi-yu, uning mehnati evaziga yashab kelayotgan bizni unutdi. Qashshoqlik uyimizga kirib oldi, bolalarga yegulik yetishmasdi, ular birin-ketin ochdan o‘la boshladilar, bugun esa mana bunisi, so‘nggisi ham sen tufayli o‘ldi. Zero, Paratikani sen vasvasaga solganding. Sen haqiqatga va Xudoga yaqinlashmog‘ing uchun men tuqqan uch nafar bola hayotdan ko‘z yumdi. Agar seni barcha jonzotlarning hakami qarshisida javobgarlikka tortsam, gunohingni qanday yuvasan? Sen qushlarga ushoq tashlagancha har qanaqangi tashvishdan olisda bo‘lgan payting og‘riqdan tirishgan mitti jussalarning o‘limoldi qiynoqlarini ne bilan qoplaysan? Inson tiriklar davrasidagi hayotdan ko‘ra tanholikda Xudoga yaqinroq bo‘ladi, degan telbanamo fikrga uni ishontirib, halol mehnati bilan o‘zi hamda begunoh farzandlarini boqib kelayotgan zahmatkashni vasvasaga solganingni ne bilan oqlaysan?
Virata rangi oqarib, lablari titrab, uni tingladi.
– O‘zgalarni vasvasaga solayotganimni bilmas edim. O‘z hayotim o‘zim bilangina chegaralanib qoladi, deb o‘ylagan ekanman.
– Hatto o‘spirin ham biladigan narsani bilmasang, donishmandliging qayda qoldi, donish? Barcha qilmishimiz Xudodan va hech kim undan va gunohdan qocha olmaydi, shunday emasmi? Takabburlik seni ko‘r qildi, sen o‘zingni xoja, o‘z qilmishlaring xojasi va odamlarning murabbiyi, deb o‘ylading. Sen uchun lazzatli bo‘lgan narsa men uchun zaharga aylandi, hayoting esa mana bu bolaning o‘limiga olib keldi.
Virata o‘ylanib qoldi, so‘ng boshini egib dedi:
– Rost gapirayapsan va ko‘rayapmanki, har qanday musibat donishmand uchun uzlatdagi mushohadalardan ko‘ra haqiqatga ko‘proq yo‘l ochadi. Barcha bilgan hikmatlarimni men baxtsizlardan bilib oldim, barcha ko‘rganlarimni jabrdiydalar nigohida, o‘lgan azaliy akam nigohida ko‘rdim. Men Tangri qarshisida royish emas, takabbur edim. Buni hozir, o‘zimni qiynayotgan sening g‘ussang orqali angladim. Meni afv et, zero, qarshingda vijdonim qiynalmoqda: senga ziyon yetkazdim va hali o‘zim bilmagan yana ko‘pchilikka ziyon yetkazaman. Harakatsiz kimsa ham qilmishlari uchun zaminimizda javob beradi, tanho odam-da o‘zining barcha birodarlarida umr kechiradi. Meni kechirgin, ayol! Paratika ham qaytishi va mahv etilganlar o‘rniga qurchog‘ingda yangi hayot paydo qilishi uchun men ham o‘rmondan qaytaman.
U chuqur ta’zim qilib, lablarini ayolning libosi chetiga tekkizdi. Shunda ayolni g‘azab tark etdi, u ketib borayotgan Virataning ortidan lolu hayron qarab qoldi.
Virata osmon qa’riga oq jilva bilan sanchilgancha tongga yaqin o‘chib qolgan yulduzlarga termilib yana bir tunni o‘z hujrasida o‘tkazdi. Qushlar yana bir bor sayrab uni chorladi, Virata ularga don berib erkaladi. So‘ngra ko‘p yillar burun bu yerga kelgani aynan o‘sha kundagidek aso va kosachani olib shaharga qaytdi.
Avliyo o‘zining uzlatdagi makonini tark etib, yana shaharga qaytgani haqidagi xabar yoyilgani zahoti, bundayin kamnamo mehmon kelganidan xursand bo‘lgancha har tomondan xaloyiq oqib kela boshladi. Biroq uning Xudodan qaytgani halokatning boshlanishi emasmikin degan yashirin vahimani boshidan o‘tkazayotgan kimsalar ham bor edi. Virata ommaviy sajda qiluvchilar orasida ketib borarkan, odamlarga o‘zining odatiy tabassumi bilan boqishga urindi-yu, biroq ilk marta jilmaya olmadi, nigohi qahrli bo‘lib qoldi, lablariga qulf solindi.
Mana shu ahvolda u shoh saroyiga yetib keldi. Maslahat soati tugab, shohning yakka o‘zi edi. Virata unga yaqin keldi, u esa mehmonni bag‘riga bosish uchun o‘rnidan turdi. Biroq Virata uning qarshisida yuztuban yiqildi va iltijo ma’nosida libosi etagiga tegdi.
– Iltimosing labingda so‘z bo‘lib yangragunga qadar inobatga olinadi, – dedi shoh. – Men taqvodor bir zotga xizmat qilish sharafiga, donishmandga ko‘mak berish baxtiga muyassar bo‘ldim.
– Meni donishmand deb atama, – javob berdi Virata, – zero, men noto‘g‘ri yo‘ldan bordim. Halqa yopildi va men yana ostonangda – bir paytlar kaminani hakamlik lavozimidan ozod qilishni so‘ragan joyimda iltimos bilan turibman. Men gunohdan xoli bo‘lishni istab, har qanaqangi xatti-harakatdan qochmoqchi bo‘lgandim, biroq kaminani xudolar bandalari uchun qo‘yib tashlagan to‘rlar chirmab oldi.
– So‘zlaringga ishonmayman, – dedi shoh. – Ulardan qocha turib, qanaqasiga odamlarga ziyon keltirishing mumkin? Xudo qalbida yashovchi sendek kimsa qanday qilib gunohga botadi?
– Atayin yomonlik qilmadim. Men gunohdan qochgan edim, biroq oyoqlarimiz yerga zanjirband qilingan, qilmishlarimiz esa, azaliy xudolarning qonunlariga bog‘langan. Hech narsa qilmaslik ham qilmishdir va men azaliy akamning ko‘zlaridan yashirina olmadim, biz doimo ixtiyorimizga qarshi o‘laroq unga nisbatan yaxshilik yoki yomonlik qilamiz. Biroq Xudodan qochgan va hayotimni unga xizmat qilishni bag‘ishlamagan kamina yetti karra gunohkordirman. Men foydasi yo‘q odam edim, zero, faqat o‘z hayotimni oziqlantirdim va hech kimga xizmat qilmadim. Endi yana xizmat qilishni istayman.
– So‘zing men uchun g‘aroyib, Virata, seni tushunmayapman. Men amalga oshirishim uchun istagingni ayt.
– Men bundan buyon o‘z ixtiyorimda erkin yashamoqchi emasman. Zero, erkin odam erkin emas va hech narsa qilmayotgan kishi gunohsiz emas. Biron ishga o‘zini bag‘ishlagan, o‘z ixtiyori va kuchini hech narsa so‘ramay birovga taqdim etuvchi kimsagina erkindir. Qilmishlarimizni faqat o‘rtasigina bizga taalluqli, ularning muqaddimasi va intihosi, ularning sababi va oqibati – xudolar qo‘lida. Meni erkimdan ozod et, chunki har qanaqangi istak ruhning gangib qolishidir, har qandayin xizmat esa – donishmandlik. Va men senga tashakkur bildiraman, shohim.
– Seni tushunmayapman. O‘zingni ozod qilishni istamoqdasan, shu bilan birga, ish ber deb tirg‘alasan. Bu qanaqasi – birovga buyruq beruvchi emas, boshqalarga xizmat qiluvchi odamgina erkinmi? Men buni tushunmayman.
– Ey shohim, buni qalban tushunmaganing yaxshilikkadir. Buni tushunganingda qanaqasiga shoh bo‘larding va amr eta olarding?
Shohning yuzi g‘azabdan bo‘zardi.
– Sening fikringcha, Xudo qarshisida farmonbardor xizmatkordan ko‘ra pastroqmi?
– Xudo qarshisida past va yuqorilar bo‘lmaydi. Biroq kimki evaziga hech nima so‘ramay xizmat qilsa va erkini bersa, gunohdan forig‘ bo‘ladi, uni Xudoga qaytaradi. O‘z ixtiyoriga ko‘ra nimadir qilgan kimsa o‘zini yomonlik qilishdan qocha oluvchi donishmandman, deya takabburlikka berilsa, yo‘ldan ozib gunohga botadi.
Shohning chehrasi tundligicha qoldi.
– Demak, barcha xizmatlar barobar ekan-da? Demak, Xudo va insonlar huzurida buyuklar va quyilar yo‘q?
– Ey shohim, ehtimol, kimlardir odamlarga boshqalardan ko‘ra buyukroq ko‘rinar, ammo har qanaqangi xizmatlar Xudo qarshisida teng.
Shoh Virataga uzoq vaqt g‘azabnok qarab turdi. Ranjitilgan izzat dilini og‘ritmoqda edi. Biroq Virataning ozib-to‘zigan yuzi hamda ajindor peshonasiga tushgan oppoq sochini ko‘rgach, qariya muddatidan avval bolalikka qaytibdi, deya o‘yladi. Va uni sinab ko‘rish uchun masxaraomuz so‘radi:
– Saroyimda itboqar bo‘lishni istarmiding?
Virata yuztuban yiqildi va minnatdorlik belgisi sifatida taxt poyini o‘pdi.
Bir paytlar butun saltanat saxovatdorning to‘rt nomi bilan sharaflagan qariya o‘sha kundan boshlab itboqarga aylandi va boshqa xizmatkorlar bilan saroyning yerto‘lasida yashaydigan bo‘ldi. O‘g‘illari undan uyalishar, uni ko‘rmaslik, u bilan qondosh ekanliklarini odamlar qarshida majburan tan olmaslik uchun saroyni qo‘rqoqlarcha chetlab o‘tardilar, ruhoniylar noqobil bu kimsadan yuz o‘girgandilar. Faqat omi xalqqina qachonlardir saltanatda birinchi shaxs bo‘lgan, endi esa hovlida itlarni sudrab yurgan qariyani ko‘rib ajablanish uchun kelib turardi. Biroq u hech kimni payqamasdi. Tez orada odamlar kelishni bas qildilar va u haqda boshqa o‘ylamay qo‘ydilar.
Virata o‘z majburiyatini erta tongdan kechgacha jonkuyarlik ila bajarardi. Itlarning tumshug‘ini yuvar va qoraqo‘tir junlarini qirtishlar, ularga ozuqa keltirar, tagliklarini almashtirar va ketlarini tozalar, najaslarini yig‘ishtirardi. Itlar saroyda istiqomat qiluvchi barcha-barchadan ko‘ra uni ko‘proq sevishar, bu narsa Viratani quvontirardi. Uning so‘z ila odamlarga kamdan-kam hollardagina murojaat qiluvchi bujmaygan, ajindor lablari doimo tabassumda edi. Tashvishsiz keksaligi sokin o‘tardi.
Shoh undan avval vafot etdi, Viratani payqamaydigan yangi shoh keldi va bir gal o‘tib borayotganida ko‘ppak hurgani uchun Viratani kaltak bilan urdi. Xullas, Virataning mavjudligini hamma unutdi.
Unga ajratilgan umr o‘lchovi nihoyasiga yetib vafot etganda esa hamma xizmatkorlar dafn etiladigan chiqitxonaga ko‘mib tashlandi, xalq orasida endi hech kim saltanat qachonlardir saxovatdorning to‘rt nomi bilan sharaflagan kimsani eslay olmasdi. O‘g‘illari berkinib olishdi, bironta ruhoniy uning xoki ustida vido qo‘shig‘ini aytmadi. Faqat itlargina ikki kunu, ikki kecha uvlab chiqdilar. Keyin ular ham nomi hukmdorlar yozishmalarida qayd etilmagan, donishmandlar kitoblarida yozilmagan Viratani unutishdi.
Rus tilidan Ibrohim Choriyev tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 11-son