O‘ttiz yildan beri yaqinlarimni o‘rganaman. Men ularni yaxshi bilaman, deb aytolmayman. O‘ylashimcha, biz uchratgan, tanishgan odamlarga ko‘pincha yuziga qarab baho beramiz. Jag‘ining tuzlishi, og‘zining bichimi, ko‘z qarashlaridan xulosa chiqaramiz. Odamlar o‘zlarining inson to‘g‘risidagi ilk taassurotlari har doim to‘g‘ri chiqishini aytishgan paytga yelkamni qisaman. O‘zimga kelganda, ko‘ramanki, uzoq vaqtdan beri bilgan odamlarim har gal: «Eng qalin do‘stlarim faqat shular biroq ular to‘g‘risida hech narsa bilmayman desam to‘g‘ri bo‘ladi», deb meni hayron qoldirishadi.
Bugun ertalabki gazetadan Edvard Haid Bartonning Kobeda vafot etganini o‘qib, miyamga shu fikrlar keldi. U savdogar edi, Ko‘p yillar Yaponiyada yashadi. Uni yaxshi bilmasdim, biroq kutilmaganda qiziqib qoldim, chunki bir safar u menga g‘aroyib bir ulgi ulaщdi. Agar bu hikoyani o‘z og‘zidan eshitmaganimda, uning qo‘lidan shunuqa ish keliщiga hech ham ishonmagan bo‘lardim. Hikoyaning favqulodda ta’sirli chiqishiga aft-angorining, fe’l-atvorining qandaydir boshqachaligi sabab bo‘ldi. U jikkakkina odam: juda ozg‘in, sochlari oq, qizil yuzini ajin bosgan, ko‘zlari ko‘k edi. Meningcha, tanishgan paytlarimda taxminan oltmish yoshlarda edi. Barton hamisha toza, odmi, yoshi va martabasiga mos kiyinardi.
Idorasi Kobeda bo‘lsa-da, Barton tez-tez Yokogamaga kelib turardi. Bir gal kema kutib bir necha kunni Yokogamada o‘tkazishimga to‘g‘ri kelgan, shunda ingliz klubida uni menga tanishtirishdi. Biz qimor o‘ynadik. U aqlni ishlatib, qurumsoqlik qilmay o‘ynadi. Ichimlik ichayotganimizda bir-ikki marta gap qo‘shganini aytmaganda, o‘sha kuni uni gapirmadi desa ham bo‘ladi. Gaplari xiyla ba’mani edi. O‘zi esa xotirjam, kayfiyati yaxshi edi. Chamasi, Bartonning klubda obro‘si baland edi. Chunki ketganidan so‘ng qartabozlar uni zo‘r o‘yinchilardan biri, deyishadi. Bu voqealar ikalamiz ham Grand Otelda turganimizda ro‘y berdi va ertasi kuni u meni tushlikka taklif qildi. Men uning to‘ladan kelgan, yoshi o‘tib qolgan , doim kulib turadigan xotini, ikki qizi bilan tanishdim. Albatta, ahil va bir-biriga mehribon oila edi bu. Bartonning fe’l-atvoridagi meni o‘ziga tortgan xislat xayrixohlik edi. Uning beozor moviy ko‘zlarida kishiga xush yoqadigan nimadir bor edi. Ovozi ipakday mayin, jahli chiqib, ovozini ko‘targan holatini tasavvuringizga sig‘dira olmasdingiz. Kulgusi ham juda samimiy, go‘yo mehrigiyosi bor edi. Chunki siz uning muomalasidan o‘zingizga xayrixohlik sezardingiz. Istarasi issiq edi. Biroq nozik tabiatli deb bo‘lmasdi: u qarta o‘yini-yu, kokteylini yaxshi ko‘rar, ichak uzar latifalarni qiyomiga yetkazib aytishni ham o‘rinlatar, yoshligida sport bilan ham oz-moz shug‘ullangan ekan chog‘i, o‘ziga to‘q bu odam ko‘p pul topardi. U shunday kichkina va beozor edi-ki, beixtiyor yoqtirib qolardingiz. Uni nimadandir himoya qilgingiz kelardi. U haqda «qo‘y og‘zidan cho‘p olmaydigan, yuvosh odam», deb o‘ylardingiz.
Bir kuni tushdan keyin men Grand Otelning oromxonasida o‘tirardim. Derazalardan kemaga to‘la bandargohning ajoyib manzarasini tomosha qilsa bo‘lardi. Yo‘lovchi tashuvchi ulkan paroxodlar, turli mamlakatlarning savdo kemalari, xitoycha yelkanli kemalaru biri u yoqqa, biri bu yoqqa suzib yurgan qayiqlargacha ko‘rinib turardi. Bu joy juda sershovqin edi, biroq nimasidir ko‘ngilga taskin berardi.
Oradan ko‘p o‘tmay oromxonaga Barton kirib keldi. Meni ko‘rib, yonimdagi kursiga cho‘kdi.
«Qittak ichmaymizmi? Nima deysiz?»
U chapak chalib yugurdak bolani chaqirdi va ikki stakan aroq buyurdi. Bola aroqni olib kelayotganda, ko‘chadan o‘tib ketayotgan tanish meni ko‘rib qo‘lini silkitdi.
«Tyornerni taniysizmi?» men ham unga bosh sermab salom berganimdan so‘ng so‘radi Barton.
«U bilan klubda tanishdim. Tyornerni menga vatanidan keladigan pul hisobiga yashaydigan muhojirlardan deb aytishdi».
«To‘g‘ri. Bu yerda shunaqa muhojirlardan bir talayi yashaydi».
«U qartani zo‘r o‘ynarkan».
«Ularning hammasi yaxshi o‘ynaydi. O‘tgan yili bu yerga bir yigit kelgandi, mening familiyadoshim, men bilgan odamlar orasida qartani eng yaxshi o‘ynaydigani shu yigit edi. Siz bunaqasini Londonda uchratmagansiz. Ismi Lenni Barton edi».
«Yo‘q. Bunaqa familiyani eslay olmayapman».
«Lenni juda zo‘r o‘yinchi edi. U kartani xuddi oldindan nima bo‘lishini sezayotganga o‘xshab o‘ynardi. O‘yinini ko‘rib qoyil qolganingizdan yoqa ushlardingiz. U bilan ko‘p o‘ynab ko‘rganman. Lenni Kobeda ham ancha vaqt yashadi».
Barton arog‘idan ho‘pladi.
«Bu ancha kulgili voqea. Lenni o‘zi yomon yigit emasdi. U menga yoqardi. Doim binoyiday kiyinib yurar, jingalaksoch, qizil yuzli kelishgan yigit edi. Ayollarga juda yoqardi. Birovga ziyoni tegmasdi. Lekin o‘zini tiyishni bilmasdi, bo‘kkancha ichardi. O‘zi bu unga o‘xshagan yigitlar uchun odat bo‘lib qolgan. Uch oyda deganda uyidan ozgina pul kelardi. Bundan tashqari, Lennining o‘zi ham qartadan oz-moz pul yutib turardi. Men unga yaxshi muomala qilardim.»
Barton kulib qo‘ydi.
«Meningcha, o‘zimga yaqin olganim uchun ham Lenni pulsiz qolganida oldimga keldi. Albatta, bir kuni u idoramga kelib, ish topib berishimni iltimos qildi. Hayron qoldim. Lenni uyidan pul yubormay qo‘yishganini, endi ishlamoqchi ekanini aytdi. Undan yoshini so‘radim.»
«O‘ttiz beshdaman», dedi.
«Avvallari nima ish qilgansan?» deb so‘radim.
«Aytarli hech ish qilmaganman», dedi.
Bu gapini eshitib kulib yubordim.
«Men senga hozir hech qanday yordam berolmayman,- dedim unga. – Yana o‘ttiz besh yillardan keyin oldimga kelsang, senga qanday ish topib berish mumkinligi haqida o‘ylab ko‘raman.»
Lenni joyida qotdi. Rangi oqardi. Bir oz garangsib turdi-da, keyin anchadan beri qartada omadi kelmayotganini aytdi. Cho‘ntagida bir tiyini yo‘q, edi. Bor narsasini garovga qo‘ygan. Yashab turgan mehmonxona haqini ham to‘lay olmasdi. Mehmonxonadagilar esa unga yana qarzga joy berishga rozi bo‘lishmagan. U juda yomon ahvolda qolgan edi. Agar biror ish topolmasa, o‘zini o‘zi o‘ldirishi ham hech gap emasdi.
Unga diqqat bilan qaradim. Lenni darmonsiz bir ahvolda turardi. Ko‘p aroq ichganidan ko‘rinishi ham qartayib qolgan odamga o‘xshardi.
«Qarta o‘ynashdan boshqa yana biror ish qo‘lingdan keladimi?» deb so‘radim undan.
«Suzishni bilaman», dedi.
«Suzishni!»
Angrayib qoldim. Bu shunuqangi ahmoqona javob bo‘ldiki…
«Universitetimning sport jamoasida suzganman».
«Yoshligimdan men ham suzishni qoyillatganman», dedim men.
Shu payt xayolimga bir fikr keldi…
Barton hikoyasini to‘xtatib, menga yuzlandi.
«Kobeda bo‘lganmisiz?», deb so‘radi u.
«yo‘q, – dedim men. – To‘g‘ri, bir marta Kobedan o‘tganmanu, lekin u yerda faqat bir oqshom tunaganman.»
«Unday bo‘lsa siz Shioya klubidayam bo‘lganmisiz.Men yigitlik paytimda shu joydan suzishni boshlab, mayoq yonidan o‘tganman va Tarumi qo‘ltig‘igacha suzib borganman. Bu, uch mildan ziyodroq masofani, mayoq atrofidagi kuchli oqimga bas kelib, suzib o‘tish ancha qiyin.»
Xullas, men yosh do‘stimga bu haqda so‘zlab berdim va «agar shu masofani suzib o‘tsang, senga ish topib beraman», dedim.
Taklifim Lennini esankiratib qo‘ydi.
«Suzishni bilaman deb aytayapsan-ku», dedim men.
«Lekin hozir yaxshi ahvolda emasman-da», dedi u.
Men hech narsa demadim. Yelkamni qisdim. Lenni menga biroz qarab turdi-da, keyin boshini sermadi.
«Bo‘pti, – dedi u. – Qachon suzishimni xohlaysiz?»
Soatimga qaradim. Endigina o‘ndan o‘tgandi.
«Suzishga bir yarim soat vaqting ketadi. Men o‘n ikki yarimda qo‘ltiqqa borib, seni kutib olaman. Kiyinib olishing uchun klubga qaytamiz. Keyin birga tushlik qilamiz.»
«Kelishdik», dedi u.
Biz qo‘l olishdik. Unga omad tiladim, u ketdi. O‘sha kuni ertalab ishlarim qaynadi, o‘n ikki yarimda qo‘ltiqqa bazur yetib bordim. Lennini kuta boshladim. Lekin bekorga kutgan ekanman».
«Suzishga yuragi dov bermabdimi?», deb so‘radim men.
«Yo‘q. U suzishni boshlagan. Ammo aroqni ko‘p ichib sog‘lig‘ini ishdan chiqargan edi. Mayoq atrofidagi oqimni yengib o‘tolmagan. Lennining jasadini uch kundan keyin topdik».
Qancha vaqt jim turganimni bilmayman. Gangib qolgan edim. Keyin Bartonga savol berdim:
«Unga ish taklif qilgan paytingizda, cho‘kib ketishi mumkinligini bilarmidingiz?»
Barton sekin kuldi-da, menga o‘zining mehribon moviy ko‘zlari bilan qaradi. Qo‘li bilan iyagini ishqaladi.
«O‘zi o‘sha paytda idoramda bo‘sh joy yo‘q edi».
Ingliz tilidan Alisher Otaboyev tarjimasi