Somerset Moem. Tilanchi (hikoya)

Men Vera Kruzga Yukatonga boradigan kemaga ilinish uchun Mexikodan kelgan edim. Lekin bir kun avval dokerlarning ish tashlashi bo‘lib, kema portga chiqa olmasligini eshitdim. Xullas, Vera Kruzda qolib ketdim. “Dalijensiz” mehmonxonasidan derazalari maydonga qaragan bo‘lma olib, tongni shaharni kezish bilan o‘tkazdim. Jinko‘chalarda tentirab, chiroyli hovlilarni tomosha qildim. Jimjimador qilib bezatilgan ibodatxonaga kirdim. Keyin esa ko‘rishga arziydigan narsani ko‘rib bo‘lganimni tushunib, kungurali panjara devorlar bilan o‘ralgan maydondagi salqin bir joyga o‘tirdim va viski buyurdim. Quyosh nurlari maydonni, u yerdagi chang bosgan daraxtlarni ayovsiz qizdirardi. Ulkan qora qarg‘alar daraxtlarga qo‘nib, yerga tushishardi-da, to‘kindilarni titkilab, ibodatxona tomiga uchib chiqardilar.
Maydonni kesib o‘tayotgan odamlarni kuzata boshladim: negrlar, hindular, ispanlar; qora mum bilan fil tishining rangi bir-biridan farq qilganidek, ularning ranglari ham bir-biridan keskin ajralib turardi. Kun yorishishi bilan odamlar atrofimdagi stollarni to‘ldira boshladilar. Asosan erkaklar nonushtadan avval ozroq ichish uchun kelishardi. Mahalliy gazetadan sotib olganimga qaramay, bolalar xuddi shu gazetani menga tiqishtira boshlashdi. Gard ham qo‘nmagan tuflimni tozlashga chog‘langan bolalarga, chamamda, yigirma martacha “Yo‘q”, dedim. Bor mayda pullarimni berganimdan so‘ng ham, hol-jonimga qo‘ymayotgan tilanchilarga boy chayqab turishdan boshqa ilojim qolmadi. Bolasini sholro‘mol bilan orqasiga bog‘lab qo‘ygan jikkakkina hindu ayol cho‘pdek ozg‘in qo‘llarini cho‘zdi. Oldimga qandaydir so‘qir kishilarni yetaklagancha bir to‘da bola keldi, mayiblar o‘zlarining mayib joylarini ko‘rsatdi, yarimyalang‘och go‘daklar esa tinmay chaqa so‘radi.
Lekin kutilmaganda ko‘zim bir tilanchiga tushdi. Boshqa tilanchilar va atrofimdagi stollarda o‘tirgan qora sochli odamlardan farqli tarzda, uning soch-soqoli qip-qizil edi, shunchalik qizil ediki, bir muddat ko‘zimni uzolmay qoldim. Soqoli chigal bo‘lib yotar, uzun sochi esa oylab taroq ko‘rmagandek edi. Egnida shim bilan paxtalik to‘qima ko‘ylak, lekin bu shim bilan ko‘ylak shunchalik uvada ediki, egnidan to‘kilib ketay deb turardi. Men bunchalik ozg‘in odamni avval sira ko‘rmagandim: uning oyoqlari, yalang‘och qo‘llari qoqsuyak edi, ko‘ylagining yirtiqlaridan qovurg‘alari ko‘rinib turardi. Tuproqqa bulangan oyoqlarining suyaklarini bemalol sanay olardingiz. U qari emasdi. Nari borsa, qirqlarda edi va u qanday qilib bunday ahvolga tushgan ekan, deb o‘ylay boshladim. Ish topsa, jon deb ishlasa kerak, deb o‘yladim. Shuncha tilanchilar orasida faqat ugina bir og‘iz ham gapirmadi. U miq etmasdi. Hatto qo‘lini ham cho‘zmasdi. Faqat yuzingizga qarab turardi. Lekin shunaqa qarardiki, ko‘zlarida baxtsizligu alam qotib qolganini sezardingiz. Qarashi kishini dahshatga solardi. Bir so‘z demay sizga tikilgancha uzoq turardi. E’tibor bermasangiz, asta yurib narigi stol tomon ketardi. Agar unga hech narsa berishmasa, norozi bo‘lganini ham bilmasdingiz. Biror kishi tanga sadaqa qilmoqchi bo‘lsa, u xiyol oldinga yurib, qo‘lini cho‘zardi-da, tangani olib lom-mim demay nari ketardi. Cho‘ntagimda ortiqcha pul qolmagandi. Shuning uchun u qoshimga kelganda bosh chayqab, ispanlar tilanchilarga “yo‘q” deganda ishlatadigan muloyim so‘zni aytdim.
Lekin u bunga e’tibor bermadi. Ayanchli nigohini menga qadagancha boshqa stollar oldida qancha turgan bo‘lsa, mening qarshimda ham shuncha muddat turdi. Uning qiyofasida qandaydir ayanchli bir ifoda bor edi. Devonaroq odamga ham o‘xshab ketardi. Nihoyat, u nari ketdi.
Soat bir bo‘lgandi. Tushlik qildim. Biroz mizg‘ib, o‘rnimdan turganimda havo hali ham juda issiq edi, lekin kechga yaqin derazadan esayotgan shabada meni yana maydonga undadi. Gumbazli darvoza tagidagi joyimga o‘tirib, viski buyurdim. Asta-sekin odamlar restoran stollarini to‘ldira boshlashdi. Orkestr kuyini chaldi. Yana, tufli tozalovchilar tuflimni tozalash uchun rozilik so‘rab yalinishdi, gazeta sotuvchi bolalar gazetalarini tiqishtirishdi, tilanchilar sadaqa so‘rashdi. Yana, o‘sha qizilsoqol g‘alati kimsaga ko‘zim tushdi va uning har bir stol oldida to‘xtab turishini kuzata boshladim. U mening qoshimda to‘xtamadi. Chamamda, ertalab hech narsa bermaganimdan keyin meni eslab qolib, yana urinish foydasiz, deb o‘yladi. Meksikaliklar orasida qizil sochlisi kam uchraydi. U kemasidan ayrilib, asta-sekin shunday ayanchli ahvolga tushib qolgan amerikalik, angliyalik yoki skandinaviyalik dengizchi bo‘lishi ham mumkin, degan o‘y keldi miyamga. U qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi.
Boshqa qiladigan ishim yo‘qligidan, qornim och bo‘lsa-da, biroz o‘tirdim. Keyin ovqatlanib olgach, yana bo‘lmamga qaytib keldim. Uyqu vaqtigacha cho‘zildim. Bugungi kun judayam cho‘zilib ketgani ko‘nglimdan kechdi. Yana necha kun bu yerda qolishga majburligimni hisoblamoqchi bo‘ldim.
Birozdan keyin uyg‘onib ketdim va qaytib ko‘zim ilinmadi. Xona juda dim edi. Derazani ochib, ibodatxona tarafga qaradim. Oy ko‘rinmasdi. Charaqlab turgan yulduzlar shu’lasida ibodatxona elas-elas qorayib ko‘rinardi. Tomining qirralarida va qubbasidagi xoch ustida qarg‘alar uymalashardi. Har zamon-har zamonda ular sal-pal qimirlab qo‘yishardi. Bu menga g‘ayritabiiy ta’sir qildi. Nima uchundir xayolimga yana o‘sha qizilsoch kimsa keldi va ko‘nglimdan qo‘qqisdan uni avvallari ham qayerdadir ko‘rganimni yodga soluvchi bir tuyg‘u kechdi. Shu xayol bilan uyqum ham qochib ketdi. Qizilsoqol bilan avvallari ham yuzma-yuz kelganimni his qildim. Ammo bu voqea qachon va qayerda bo‘lganini eslay olmasdim.
Tongga yaqin biroz salqin tushgach, uxlab qoldim.
Vera Kruzdagi ikkinchi kunim ham xuddi birinchisi kabi o‘tdi. Lekin endi qizil sochli tilanchini kuta boshladim. U kelib yonimdagi stollar oldida turganida tilanchiga diqqat bilan razm soldim. Uni ilgari qayerdadir ko‘rganimga amin bo‘ldim. Hatto bir paytlari uni taniganimni, u bilan gaplashganimni ham eslay boshladim. Lekin bularning barchasi qachon va qanday vaziyatda ro‘y berganini sirayam eslay olmayotgandim. U yana mening qoshimda to‘xtamay o‘tdi. Ko‘zlari ko‘zimga tushganda ularga tikilib “yilt” etgan xotira qidirdim. Yo‘q. Adashgan bo‘lsam-chi, deb o‘yladim. Lekin qachonlardir hayotimda unga duch kelganman, degan tuyg‘u meni tark etmayotgandi. U yo ingliz, yo amerikalik ekanini aniq bilardim. Unga bir nima deyishga tortindim. Vaqtim juda sekin o‘tdi.
Yana bir kun keldi, yana bir tong, yana bir oqshom. O‘sha kuni yakshanba edi. Maydon har doimgidan ham gavjum. Kungurali darvoza tagidagi stollar ham to‘ldi. Odatdagidek, qizil sochli tilanchi ham o‘zining ayanchli sukuti, uvada kiyimlari-yu, adog‘i yo‘q musibati bilan keldi. Men odamlarni tilanchilardan qo‘riqlab yurgan politsiyachini ko‘rganimda, u ikki stol narida turgandi. Politsiyachi uning yelkasiga bir musht tushirdi. Zarbadan tilanchi gandiraklab ketdi. O‘rnidan turgach, indamay asta-sekin nari yurdi.
Shu payt hammasi yodimga tushdi. Butunlay unutganim — ismidan boshqa hamma narsa. U meni taniganiga shubham yo‘q edi. Chunki yigirma yil ichida men unchalik o‘zgarmagandim. Shuning uchun ham u, birinchi kuni ertalabni hisobga olmaganda, biror marta ham mening qarshimda to‘xtamadi. Ha, yigirma yil burun men u bilan tanish edim. O‘shanda qishni Rimda o‘tkazayotgandim. Har kuni kechqurun xushta’m makaronlari-yu, o‘tkir vinosi bilan mashhur Viya Sistinadagi restoranda ovqatlanardim. Ingliz va amerikalik san’atshunoslaru uch-to‘rt yozuvchi bu yerga har doim kelib turardik. Tunimiz shu yerda adabiyot va san’at haqidagi oxiri yo‘q bahsu tortishuvlar bilan o‘tardi. U restoranga rassom do‘sti bilan kelardi. O‘sha paytlari taxminan yigirma ikki yoshlarda edi. Ko‘k ko‘zlari, qirra burniyu, qizil sochlari o‘ziga juda yarashib tushgandi. Ilgari amerika bog‘dorchilik tashkilotida ishlagani uchun Markaziy Amerika haqida juda ko‘p gapirardi. Lekin keyinchalik yozuvchi bo‘lishga bel bog‘lab, u yerdagi ishidan voz kechgandi. Takabburligi bois bizning davramizga qo‘shilmasdi. Ustiga-ustak, bizlarni befoyda odamlar deb hisoblardi va buni yuzimizga aytishdan ham toymasdi. Yozgan narsalarini bizga ko‘rsatmasdi. Chunki bizning fikrimiz uning uchun bir chaqaga ham qimmat edi. U haddan tashqari kibrli edi. O‘ziga cheksiz ishonchini ko‘rgan ayrim do‘stlari ham unga taassub qilishardi. Undagi o‘sha ko‘tarinki kayfiyat, matonat, kelajakka bo‘lgan ishonch hozir yodimga tushdi.
Yo‘q, bu tilanchi o‘sha yigit bo‘lishi mumkin emas, dedim o‘zimga o‘zim. Lekin, baribir, ich-ichimdan bunga amin edim. O‘rnimdan turdim-da, viski haqini to‘lab, uni topish uchun maydonga chiqdim. Fikrlarim chuvalashib ketgan, o‘zim esa esankirab qolgandim. Ko‘z oldimdan tilanchining qiyofasi ketmas, nima voqea yuz berib u bu ko‘yga tushganini bilishni xohlardim. O‘sha mag‘rur yigitning shu ahvolga tushganiga sira ishongim kelmasdi. Ey, xudo, u nega bunday xarob holga tushdi, deb o‘zimdan o‘zim tinmay so‘rardim. Qanday ko‘rgiliklar uning irodasini sindirdi ekan? Qanday xomxayollar ketidan borib u shu ko‘yga tushib qoldi ekan? Unga qanday yordam bersa bo‘ladi, deb so‘rardim o‘zimdan. Maydonni aylanib chiqdim. Biroq kungurali darvoza atrofidayam u yo‘q edi. Orkestr o‘tirgan sahna tevaragidagi olomon orasida bo‘lishi amrimahol edi. Kech kira boshlagandi. Uni topolmayman, deb qo‘rqdim. Keyin ibodatxona tomonga qarab yurdim va uning zina ustida o‘tirganini ko‘rdim. Eski tanishimning ayanchli ko‘rinishini tasvirlab berolmayman. Hayot uni sindirgan, keyin majaqlab, mana shu ibodatxonaning tosh zinalariga uloqtirgandi. Yoniga bordim.
“Rim esingizdami?”, deb so‘radim.
U qilt etmadi. Javob ham bermadi. Xuddi yonida men yo‘qdek jim turaverdi. U menga qaramadi. Ko‘zlari zina yonida qichqirib, nimanidir yulqishayotgan qarg‘alarda qotib qolgandi. Nima qilishni bilmadim. Cho‘ntagimdan pul chiqarib, qo‘liga tutqazdim. U pulga qaramadi. Lekin qo‘li sal qimirlab, cho‘pdek barmoqlari pulni qisdi-da, g‘ijimladi. Keyin puldan kichkina qog‘oz koptokcha yasadi va kutilmaganda uni bosh barmog‘iga qo‘yib, qichqirayotgan qarg‘alar tomonga irg‘itdi. Beixtiyor boshimni o‘sha yoqqa burib, qushlardan biri pulni cho‘qib uchib ketganini ko‘rdim. Yonimga qaraganimda esa tilanchi ketgandi.
Vera Kruzda yana uch kun qoldim. Uni boshqa uchratmadim.

Ingliz tilidan Alisher Otaboyev tarjimasi