Somerset Moem. Meybl xonim (hikoya)

Sharq mamlakatlari bo‘ylab qilgan sayohatlarim asnosida bir gal Birmada ham bo‘lgandim. O‘shanda men Mandalay tomonga suzib ketayotgan ulkan kemaga chiqib, kema kechqurun qaysidir bir mo‘jazgina qishloq yaqinida tunni o‘tkazish uchun langar tashlaganida, beixtiyor, ana shu qishloqchada biror fursat qolishni istab qoldim. Kapitan men kuzatib qolarkan, mazkur qishloqchada yaxshigina klub borligi, men u yerda o‘zimni xuddi uyimdagidek his qilishim mumkinligi, bu yerdagilar men kabi karmoni qappaygan, va istagan paytda, istalgan joyda kemani tark etish imkoniyatiga ega sayohatchilarga iltifot ko‘rsatib, mehmonnavozlik bilan kutishga o‘rganib ketganligini ta’kidladi. Qolaversa, mazkur klubning rahbari yosh, xushfe’l, samimiygina yigit bo‘lib, u bilan bir-ikki qo‘l qartada biridj o‘ynashim mumkinligini ham alohida qistirib o‘tdi.
Men bu dunyoning jamiki tashvishlarini unutib, sohil bo‘yida yo‘lovchilarni kutib turgan buqalar qo‘shilgan aravaga o‘tirib oldim, aravakash meni tezda o‘sha kapitan aytgan klub yoniga keltirib qo‘ydi. Klubning ayvonchasida bir erkak o‘tirardi. Men unga yaqinlashishim bilan u mendan suv qo‘shilgan viski ichasizmi, yoki tonikli djinmi? – deya so‘radi. Mening shu topda, balki, hech narsa ichishni xohlamasligim mumkinligi uning xayoliga ham kelmas, ehtimol, bu haqda u o‘ylab ham o‘tirmayotgandi. Unga javoban, men ham, odatda bunday holatlarda eng ko‘p qo‘llanaladigan usuldan foydalanib, o‘zimga bo‘lgan qiziqish onlarini yanada cho‘zish uchun, indamaygina borib kursiga o‘tirdim. Men yoniga borib o‘tirgan odam daroz bo‘yli, ozg‘in, yuzlari quyoshda rosa toblanganidan allanechuk kumushrang kasb etgan, baroq mo‘ylovli kishi edi; Uning kalta shimi va ko‘ylagi harbiylarniki kabi moshrang tusda edi. U menga ismi-sharifini aytmadi, ammo biror muddat u yoq-bu yoqdan suhbatlashib o‘tirgach, yonimizga yana bir erkak, ya’ni mazkur klub rahbari kelib qo‘shildi, shunda ikki qadrdonning suhbatidan men yonimdagi sherigimning ismi Jorj ekanini bilib oldim.
– Xo‘sh, shunday qilib, nima bo‘ldi, xotiningdan xat-xabar bormi? – qiziqsinib so‘radi klub rahbari.
Jorjning bu savoldan ko‘zlari chaqnab ketdi.
Ha, so‘nggi pochta orqali xati yetib keldi. U vaqtini juda chog‘ o‘tkazayotganini yozibdi.
Xatida “Mendan bekorga xavotir olmang” – debdimi?
Jorj pastroq ovozda “ha, ha” degandek bo‘ldi, ammo uning bu tovushi xuddi hiqichoq tutayotgandek eshitildi.
– Umuman olganda, shunday desam ham bo‘ladi. Xavotir olmang, emish… bu aytishga oson… ammo aslida esa…Men albatta, bilaman, hammasini tushunaman: u ham dam olishi, o‘ynab-kulishi kerak, va bu ishlar uning qo‘lidan kelayotganiga ham xursandman. Ammo men uchun bularning hammasini anglash, bularga ko‘nikish yoki barini hazm qilish oson bo‘lmayotir… – U men tomonga o‘girildi-da: – Bilasizmi, – dedi o‘ta hayajon bilan, – men umrimda birinchi bor turmush o‘rtog‘im bilan ajralishim, lekin hech qancha vaqt o‘tmasdan, uningsiz o‘zimni xuddi ko‘chada adashib qolgan notavon kuchukchadek his qilayapman.
– Kechirasiz, nikohlaringizga ancha bo‘lganmi?
– Besh daqiqa.
Klub rahbari kulib yubordi va :
Qo‘ysangchi, Jorj bunaqa gap­larni – dedi, – axir sening uylanganingga naq sakkiz yil bo‘lyapti-ku?!
Biz uchovlon yana biror fursat valaqlashib turdik, keyin Jorj soatiga bir qarab oldi-yu, ovqat oldidan kiyim almashtirishi lozimligini aytib, xonasiga chiqib ketdi. Klub rahbari Jorjning tobora tun bag‘riga singib borayotgan qomatiga istehzoli jilmaygancha, tikilib qolaverdi.
– Biz endi, Jorj yolg‘iz qolgandan buyon, doim uni o‘zimizning yonimizga chaqiramiz, qo‘limizdan kelgancha dalda beramiz, – dedi klub rahbari. – Bechora, xotini Angliyaga ketgan kundan beri juda siqilib, o‘zini ancha oldirib qo‘ydi!
– Hoynahoy, o‘sha xonimga ham erining bu qadar sadoqatli ekani alohida g‘urur bag‘ishlasa kerak.
– O! Meybl xonimni aytasizmi, u – judayam alomat ayol.
Klub rahbari ofitsiant yigitga yana ichimlik keltirishni buyurdi. Bu mehmondo‘st yurtlarda sizdan biror narsani xohlaysizmi, yo‘qmi – deya so‘rash taomil emas; bu yerdagilar siz hamma narsani xohlaysiz, deb hisoblashadi, tamom-vassalom. Klub rahbari suyanchig‘i baland qilib ishlangan oromkursiga yastanib o‘tirib oldi-da, Maniladan keltirilgan sigarasini tutatdi. Shundan so‘ng u menga Jorj va Meybl xonimning muhabbat qissasini hikoya qilishga tushdi.
Ular bir gal Jorj ta’tilga chiqib, Angliyaga borganida unashtirilishgan ekan. Jorj Birmaga qaytadigan vaqt kelganida, Meyblning u yerga bir yildan so‘ng borishi xususida kelishib olishibdi. Shundan so‘ng, ularning hayotida har xil noxush voqelar sodir bo‘lib, ikki qalb o‘rtasidagi muqaddas ahdi paymonning bajarilishi uchun to‘siq bo‘laveribdi: avvaliga Meyblning otasi qazo qilibdi, undan keyin esa urush boshlanib, Jorjni oq tanli ayollar umuman borishi mumkin bo‘lmagan hududga urushga jo‘natishibdi. Xullas, Meybl o‘z qallig‘ining oldiga borish uchun imkon topguniga qadar, oradan yetti yil o‘tib ketibdi. Jorj kelin yetib kelgan kuniyoq o‘tkazilishi rejalashtirilgan to‘y uchun zarur barcha narsalarni tayyorlab, Rangunga uni kutib olishga otlanibdi. Kema bandargohga keladigan kunning tong saharidan Jorj bir motorli qayiqni ijaraga olibdi-da, sohilga borib, qaylig‘ini intizorlik bilan kuta boshlabdi.
Ana shunda, negadir, uning birdaniga ruhi tushib ketibdi. Illo, u Meyblni ko‘rmaganiga ham yetti yil bo‘lgan, hatto uning tashqi qiyofasi qanday ekanligini ham eslay olmas ekan-da. Shu bois endi Meybl uning uchun qalliq emas, go‘yo notanish, sirli xonimdek tuyula boshlabdi. Shularni o‘ylab uning tizzalari qaltirab, yuragi naq yorilayozibdi.”Yo‘q, – deya o‘ylabdi bechora, Jorj, – men bu azobni ko‘tara olmayman! Fursat borida Meyblni ogohlantirishim kerak. Nachora, men bundan juda afsusdaman, biroq senga uylana olmayman, uylanish tugul bu haqda o‘ylashga ham qodir emasman” – demoqchi bo‘libdi, u. Ammo qaysi erkak,uning muhabbatini qalbida yetti yil saqlab, o‘z sadoqatini namoyon qilgan, va unga turmushga chiqish umidida olti yuz mil yo‘lni bosib kelgan qizga bu so‘zlarni ayta olardi, deysiz? Jorjning ham bu gaplarni aytishga jur’ati yetmabdi. Natijada, boyaqish cheksiz alam va iztirob iskanjasiga tushib qolibdi. Ittifoqo, o‘sha paytda bandargohda bir ulkan kema Singapurga suzib ketishga shay bo‘lib turgan ekan. Jorj, qallig‘i Meyblga shosha-pisha bir noma yozibdi-da, o‘zi hech bir yuklarsiz, qup-quruq qo‘l bilan mazkur kema bortiga chiqibdi. Meyblga atalgan maktubning mazmuni esa taxminan quyidagicha ekan:
“Azizam Meybl!
O‘ta zarur bir ish bilan bir joyga ketishimga to‘g‘ri kelib qoldi. Qachon bo‘shashim o‘zimga ham ma’lum emas. Menimcha, sening Angliyaga qaytib ketganing maqasadga muvofiqdir.Bundan keyingi rejalarim o‘ta mavhum va ular haqda o‘zim ham aniq tasavvurga ega emasman.
Kamoli ehtirom ila
Seni jonidan ham ortiq sevguvchi Jorj”.
Biroq, Jorj Singapurga yetib kelganida, uni bandargohda ushbu mazmundagi telegramma kutib turardi:
“Hammasini tushunaman. Xavotir olma. Seni sevaman.
Meybl”.
Qo‘rquv hissi bechora Jorjni avvalgidan o‘n chandon aqlliroq qilib qo‘yibdi.
– Jin ursin, xudo haqqi, u mening ortimdan quvishga tushgan ko‘rinadi! – deya o‘ylabdi,u.
Shunda Jorj Rangundagi kemachilik idorasidagilar bilan telegraf orqali bog‘lanib, qallig‘ining ismi sharifi Singapur tomonga suzib kelayotgan kema yo‘lovchilari ro‘yxatida qayd etilganligiga ishonch hosil qilibdi. Jorjning izmidagi vaqt juda qisqa ekan. Shuning uchun u tavakkal qilib, o‘zini Bangkokka yo‘l olayotgan poyezdga uribdi. Biroq, shunda ham ko‘nglini xavotir tark etmabdi, illo uning qaysi shaharga ketganini aniqlash qaylig‘i uchun u qadar qiyinchilik tug‘dirmas va Meybl bemalol keyingi poyezdga o‘tirib, Jorjni ta’qib qilishni davom ettirishi mumkin ekan-da. Uning baxtiga ertasi kuni frantsuzlarning bir yuk kemasi Bangkokdan Saygonga qarab suzishi kerak ekan. Jorj jonini hovuchlab o‘sha kema bortiga chiqibdi. “Ha, – deya o‘ylabdi u o‘zicha. – Saygonda, shubhasiz, xavfu xatardan batamom xoli bo‘laman, mening u yerda ekanim, Meyblning yetti uxlab tushiga ham kirmasligi aniq;
Agar u qayerdaligimni bilgan taqdirda ham, nihoyat gap nimada ekanligini, men nima sababdan undan qochib yurganimni o‘zi fahmlab oladi”.
Bangkokdan Saygonga qarab suzish naqd besh kun davom etibdi. Jorj chiqqan kema juda kichik, buning ustiga nihoyatda iflos bo‘lib, mutlaqo yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallanmagan ekan. Jorj shu sababli sohilga yetib kelganlarida nihoyatda xursand bo‘libdi. Rikshaga o‘tirib, mehmonxonaga kelib tushibdi. Endigina mehmonlar ro‘yxatiga o‘z imzosini qo‘ygan ham ekanki, uning qo‘liga bir telegramma tutqazishibdi. Mazkur telegrammada atigi ikkitagina so‘z bor ekan:
“Sevaman.
Meybl. “
Biroq, Jorjning peshonasini sovuq ter bosishi uchun ana shu ikki kalima so‘zning o‘zi yetarli bo‘libdi.
– Gonkongga kema qachon jo‘naydi? – deya so‘rabdi u.
Endi uning qochqinligi yanada jadal tus olibdi. Jorj kemadan Gonkongda tushib, u yerda qolishga ham jur’ati yetmasdan, Manila tomon yo‘l olibdi. Ammo, Manila ham uning nazdida ishonchsiz bo‘lib tuyulibdi, natijada u endi Shanxayga qarab ravona bo‘libdi.
Bu shaharda ham u behalovat bo‘lib, o‘zini qo‘yarga joy topolmabdi; har gal u mehmonxona ostonasidan chiqar ekan, go‘yo to‘ppa-to‘g‘ri Meyblning quchog‘iga borib tushadigandek hadiksirayveribdi. “Yo‘q, debdi u, Shanxay ham bekinib yurishim uchun yaramaydi.Faqat Iokagamaga jo‘nash orqaligina barcha mashmashalardan qutulishim mumkun”. Va u shunday qilibdi ham. Ammo, ne tongki, Iokagamadagi “Grand” mehmonxonasida uni quyidagi mazmundagi yana bir telegramma kutib turgan emish:
“Seni Manilada uchrata olmaganimdan g‘oyatda afsusdaman.Sevaman.
Meybl”.
Jorj, qoshlarini chimirib, kemalarning qatnov jadvalini o‘rgana boshlabdi. Xo‘sh, hozir Meybl qayerda bo‘lishi mumkin? Jorj yana Shanxayga qaytibdi. Ammo bu gal u to‘ppa-to‘g‘ri o‘zi ilgari yashab turgan klubga borib, o‘ziga xat-xabar bor-yo‘qligini surishtiribdi. Unga shu lahzadayoq, bir telegrammani tutaqazishibdi.Xabar matni odatdagidek, qisqagina bo‘lib unda:
“Tez orada yetib boraman.Sevaman.
Meybl” – degan so‘zlar bitilgandi.
Yo‘q, kechirib qo‘yasiz, Meybl xonim, biz zinhor, osongina borib qo‘lingizga tushadigan anoyilardan emasmiz! Jorj shu o‘y bilan bir qarorga kelibdi. Yantszi – juda ulkan va uzun daryo bo‘lib, unda juda ko‘p kemalarning qatnash imkoniyati mavjud. Hali ham Chuntsin tomonga ketayotgan oxirgi kemalardan biriga ilinib olish mumkin. Undan uyog‘iga esa faqat, xitoyliklarning jonkalari, ya’ni yelkanli kemachalari orqali borish lozim bo‘ladi. Albatta, hech qanday hamrohi bo‘lmagan ayol kishining bunday kemalarga yolg‘iz chiqishi ehtimoldan uzoq. Shunday qilib, Jorj avval Xonkouga, u yerdan esa Ichanga ; keyin Ichanni ham tark etib, turli kichik bandargohlarni chetlab suzadigan boshqa kemaga o‘tib, Chuntsinga yetib olibdi. Biroq, endi u shu qadar tushkunlikka tushib qolibdiki, oqibatda bundan keyin zinhor tavakkal qilmaslikka qaror qilibdi. Chuntsindan to‘rt yuz milcha uzoqlikda Chen-tu degan mo‘jazgina shaharcha bo‘lib, u Chexuan muzofotining poytaxti ekan. Ushbu shaharga esa faqat katta tosh yo‘l orqali borilar, katta yo‘lda esa har xil qaroqchi va o‘g‘rilar o‘rnashib olib, o‘tgan-ketganlarni talashni odat qilgan ekan. “Ha, ana shu shaharchaga yetib olsam bas, nihoyat o‘z xavfsizligimni ta’minlayman,” – deb o‘ylabdi u.
Jorj u yerdan hammol yollab, unga yuklarini ortmoqlatibdi-da, yo‘lga tushibdi. Bir necha kun o‘tib, u o‘sha ovloq Xitoy shaharchasining tishsimon ajab­tovur qubbachali devorlarini ko‘rib: “Xayriyat-ey, barcha azoblardan qutuldim”, – degandek yengil nafas olibdi. Ha, aytgancha, o‘sha alomat devorlarga chiqib olib, kun botish chog‘ida bemalol ulug‘vor Tibet tog‘ining qorli cho‘qqilarini tomosha qilish mumkin ekan. Nihoyat, Jorj bechoraga ham dam olishi uchun imkoniyat topilibdi: illo,bu xilvatgohlarga Meyblning kelib qolishi aqlga sig‘maydigan holat edi-da.
Omadini qarangki, o‘sha shahardagi Angliya konsuli Jorjning eski qadrdoni bo‘lib chiqibdi. Tabiiyki, Jorj o‘sha do‘stinikiga joylashibdi. Shunday qilib u hashamatli uyda, emin-erkin yashab, eng muhimi, butun Osiyo bo‘ylab cho‘zilib ketgan qochqinlik iztirobidan qutulib, joni halovat topibdi. Hammasidan ham uni barcha uqubatlarining birvarakay, xuddi mo‘jizaviy ertaklardagi kabi yechim topgani xursand qilibdi.
Kun ketidan-kunlar, hafta ketidan haftalar birin-ketin, sokin maromda almashaveribdi.
Bir kuni ertalab Jorj konsul do‘sti bilan birga uy hovlisida, xitoy savdogarlari olib kelgan turli-tuman g‘aroyibotlarni tomosha qilib turgan edi. Kutilmaganda konsullik binosining asosiy darvozalari qattiq taqillagani eshitildi. Eshikbon yugirib borib, darvoza tavaqalarini lang ochib yubordi. Shunda to‘rtta hammol – kulilar, hovliga chiroyli qilib bezatilgan taxtiravonni ko‘tarib kirishib, uni ohistagina yerga qo‘yishdi. Taxtiravondan esa Meybl tushib keldi. U nihoyatda bashang kiyingan, o‘ta xotirjam, boz ustiga judayam, ko‘zni qamashtiradigan darajada chiroyli edi. Uning yuziga qarab, bu sohibjamolning hozirgina ikki haftalik yo‘l bosib, kelganligini aytish mushkul edi.
Jorj toshdek qotib qoldi. Uning rangi quv o‘chib, xuddi o‘liknikidek oqarib ketgandi. Meybl unga tomon qadam tashladi:
– Salom, Jorj. Men tag‘in Seni bu yerdan ham topolmaymanmi, deya rosa qo‘rqqandim!
– Salom, Meybl, – deya oldi zo‘rg‘a, Jorj.
U shu topda nima deyishini bilmaganidan, atrofga alang-jalang jovdirardi. Meybl esa eshik yonida turvolib obdon unga razm solardi. Kutilmaganda, uning moviy ko‘zlarida ajib istehzo zohir bo‘ldi.
– Sen umuman o‘zgarmabsan, – dedi Meybl, kulimsirab. – Axir, erkak kishi yetti yil ichida mutlaqo o‘zgarib, o‘zini qo‘yib yuborishi, aytaylik, juda xunuk semirib ketishi, yo bo‘lmasam tepakal bo‘lib qolishi ham mumkin edi-da. Men ana shular haqida o‘ylab, rosa cho‘chigandim. Eh, bilsayding, behudaga qanchalar asabiylashibman-a? Qolaversa, shuncha yillik sarson-sargardonlikdan keyin senga turmushga chiqa olmasam, judayam alam qilardi-da, o‘ziyam.
Meybl uy egasiga tomon yuzlandi.
– Siz konsul janoblarimisiz?-so‘radi u.
– Ha.
– Unda hammasi joyida. E’tiboringiz uchun shuni ma’lum qilamanki, men mana shu ro‘parangizda turgan kishiga turmushga chiqishga roziman. Faqat, bundan avval, ijozatingiz bilan, bir dush qabul qilsam, degandim…
Ha, chindan ham bu alomat xonim o‘z va’dasining ustidan chiqib, Jorj bilan turmush qurdi.

Rus tilidan Muhiddin Omon tarjimasi.

«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 3-son