Somerset Moem. Kirtog‘ora (hikoya)

Positano — tepalikda joylashgan xushmanzara shahar. Qishda bu yerdagi uch-to‘rtta odmigina mehmonxona ayolu erkak rassomlarga to‘lib ketadi, lekin shaharga yoz paytida kelsangiz hamma joylar sizniki. Tinch va orasta mehmonxona ayvonida o‘tirib tuni bilan dengizni tomosha qilish mumkin. Pastda, qirg‘oq yaqinida makaron, yaxna go‘sht, yangi tutilgan baliq va muzdek musallas sotiladigan kichkina oshxona bor.
Avgust kunlarining birida o‘tiraverib ko‘nglimga urgan Kapridan ketib, uch-to‘rt kunni Positanoda o‘tkazishga qaror qildim. Ijaraga qayiq olib, shaharga qarab suzib ketdim. Positanoga kech tushganda yetib bordim. Bir-bir qadam tashlab tepalikdagi mehmonxonaga chiqa boshladim. Chemodanlarim ikki baquvvat italyan ayol boshida. Binoga yetib borgach, u yerda boshqa mehmon ham borligini eshitib hayron bo‘ldim. Ofitsiant (ismi Juzeppe edi) mening eski tanishlarimdan edi. Xonalarga qarovchi xodim, hammol, oqsoch va oshpaz vazifasini ham o‘zi bajarardi. Uch oydan beri mehmonxonada bir amerikalik senyor turganini aytdi.
“U rassommi yoki yozuvchi?”, deb so‘radim.
“Yo‘q, senyor, u jentelmen.”
Qiziq-ku. Bu paytda Positanoga chet elliklar kelishmasdi. Uch oy shu yerda qolishni xohlagan odamni ko‘z oldimga keltirolmasdim. Balki kimdandir berkinish uchun kelgandir. O‘sha yilning boshlarida jinoyatga qo‘l urgan mashhur bir bankirning qochishi butun Londonda gap bo‘lgandi. Bu sirli kimsa o‘sha bankir bo‘lsa-chi, degan fikr o‘tdi xayolimdan. Men u odam bilan oz-moz tanish edim, shuning uchun ham ko‘rishganimizda bezovta bo‘lmasa kerak, deb o‘yladim.
“Senyorni oshxonadan topasiz”, dedi Juzeppe ko‘chaga chiqayotganimda. “U doim o‘sha yerda ovqatlanadi.”
Albatta, men borganimda u oshxonada yo‘q edi. Lekin bir necha daqiqadan so‘ng mehmonxonadagi notanish qo‘shnim kirib keldi va uning men kutgan qochoq bankir emasligini ko‘rib ozgina o‘ng‘aysizlanib qoldim. Yoshi anchaga borib qolgan, novcha, dengiz yoqasida dam olib qoraygan, xushbichim, cho‘zinchoq yuzli kishi ekan. Egnida ochsariq rangli ipakdan tikilgan ozodagina kostyum, shlyapasi yo‘q edi. Kalta olingan oppoq sochlari hali ham ancha qalin edi. Ochiqko‘ngilligi mana-man deb turgan bu odamning o‘zini tutishida qandaydir joziba bor edi. U oltitacha stolda qarta va domino o‘ynab o‘tirgan shu yerliklarga bir-bir qarab chiqdi-da, keyin meni ko‘rdi. Ko‘zlarida quvonch porladi. Menga yaqinlashdi.
“Sizni mehmonxonaga hozirgina keldi, deb eshitdim. Juzeppening vaqti yo‘q ekan. Demak, o‘zimni o‘zim tanishtirishim kerak. Begona odam bilan ovqatlanishga qarshimasmisiz?”
“Yo‘q, albatta. O‘tiring.”
U stol tuzayotgan xizmatchi ayolga italyanchasiga juda chiroyli qilib mening o‘zi bilan ovqatlanmoqchi ekanligimni aytdi.
U ajoyib kokteyl tayyorladi va ishtahamiz ochilib, ovqatlana boshladik. Mezbonim hazilga usta ekan. Tilni buzmay, ravon gapirishi menga yoqdi.
“Agar ko‘p gapirib yuborsam, xafa bo‘lmaysiz”, dedi bir ozdan keyin. “Uch oydan beri, mana, birinchi marta menda inglizcha gapirish imkoni paydo bo‘ldi. Bu yerda uzoq qolmasangiz kerak. Shuning uchun ham ichimdagi hamma gaplarni sizga aytib olaman endi.”
“Positanoda dam olish uchun uch oy, meningcha, ko‘plik qiladi.”
“Mening ijara qayig‘im bor, cho‘milaman, baliq ovlayman. Eh-he, qanchadan-qancha kitobni o‘qib chiqdim. Bu yerda kitoblarim juda ko‘p. Xohlasangiz, sizga ham berib turishim mumkin.”
“O‘qishga o‘zimdayam narsalar ko‘p. Lekin qanday kitoblarni o‘qishingizni bir ko‘rib qo‘ysam yomon bo‘lmasdi. Boshqalarning nima o‘qiyotganini ko‘rish juda qiziq.”
“To‘g‘ri, bundan tashqari, qo‘lidagi kitobiga qarab odam haqida ancha narsa bilib olsa bo‘ladi”, dedi u.
Ovqatdan keyin suhbatimiz yana davom etdi. Hamrohim ko‘p kitob o‘qigan ekan. U bilan xohlagan mavzuda gaplashish mumkin edi. Rassomlik to‘g‘risida shu qadar bilimdonlik bilan gapirdiki, tanqidchi bo‘lsa kerak, deb o‘ylab qoldim. Lekin birozdan so‘ng u o‘qigan kitoblari haqida so‘zlay boshladi, men uni universitet professori ekan, degan xulosaga keldim. Ismini so‘radim.
“Barnabi”, dedi u.
“Bu nom juda mashhur bo‘lib ketdi”, dedim.
“Yo‘g‘-e, nega endi?”
“Barnabi xonim haqida eshitmaganmisiz? Sizga hamyurt bo‘ladi.”
“Gazetalarda ismiga ko‘zim tushgan bo‘lishi mumkin. U ayolni taniysizmi?”
“Ha, albatta. Barnabi xonim butun o‘tgan mavsum davomida bir-biridan dabdabali o‘tirishlar tashkil qildi. Taklif qilganda birortasidan qolmadim. Hamma bordi. Bilasizmi, u juda ajoyib ayol. Londonga dam olish uchun kelgan ekan. Lekin uyushtirgan o‘tirishlari, qasam ichib aytamanki, Londondagi eng esda qolarli o‘tirishlardan bo‘ldi.”
“Juda boy bo‘lsa kerak-da?”
“Ha, juda. Lekin muvaffaqiyatlariga sabab pul emas. Amerikalik ayollarning aksariyati puldor. Barnabi xonimning davralarda o‘z o‘rni borligiga sabab bo‘lgan asosiy xususiyat uning fe’l-atvoridagi barqarorlik. U hech qachon o‘zini katta odam qilib ko‘rsatishga urinmaydi. Unda tabiiylik bor. Ha, bebaho ayol. Barnabi xonim boshidan o‘tkazgan voqealar haqida eshitgandirsiz?”
Do‘stim jilmaydi.
“Barnabi xonimning Londonda dong‘i ketgan bo‘lishi mumkin. Lekin Amerikada uni ko‘pchilik deyarli tanimaydi.”
Men ham jilmaydim.
“Mayli, unda xonim haqida o‘zim gapirib beraman. Barnabi xonimning eri ma’naviy tomondan ancha yetuk bo‘lsa ham, ko‘rinishi qo‘polroq ekan. Xonimning aytishicha, eri baland bo‘yli, devkelbat kishi, xohlasa, bir urib ho‘kizni qulata olarkan. Uni Arizonada “Bexato uradigan Mayk”, deb chaqirisharkan.”
“Yo Xudo! Nega?”
“Bilasizmi, ko‘p yillar avval yoshligida u bir o‘q otib ikkita odamni o‘ldiribdi. Barnabi xonimning aytishicha, u hatto hozir ham Serqoyatog‘larning g‘arbida yashaydigan har qanday erkakdan yaxshiroq otarkan. Xonimning eri asli konchi bo‘lsa-da, o‘z vaqtida cho‘ponlik qilgan, noqonuniy qurol savdosi bilan ham shug‘ullangan ekan.”
“Ha, haqiqiy g‘arblik ekan”, dedi professorim kesatgandek alfozda.
“Barnabi xonimning eri haqida gapirib bergan hikoyalari juda qiziq. Barcha o‘sha g‘aroyib odam bilan bir marta bo‘lsa ham gaplashishni istagan edi, biroq Barnabi xonimning gapiga qaraganda, u hech qachon o‘zining bepoyon dashtlarini tashlab, Londonga kelmas emish. Bir-ikki yil avval neft konini topibdi, hozir pulga ko‘milib yotgan emish. Barnabi xonim eri bilan birga boshlaridan kechirgan sarguzashtlarini so‘zlaganda, barcha mehmonlar gaplariga mahliyo bo‘lib qolishadi. Sochiga oq tushgan, o‘zi uncha chiroyli bo‘lmasa ham go‘zal liboslarni kiyib, qimmatbaho marvaridlar taqqan bu ayolning bir vaqtlar konchilar kiyimini yuvib, ularga ovqat tayyorlagani haqidagi hikoyasini eshitganingizda zavqlanib ketasiz. Barnabi xonimning shahzodalar, elchilar, hukumat a’zolari-yu, gertsoglar bilan bir stolda qarindoshlardek bemalol gurunglashib o‘tirganini ko‘rib, uch-to‘rt yil avval shu ayol yetmishta konchiga ovqat pishirib yurganiga odamning ishongisi kelmaydi.”
“Xonim o‘qish yoki yozishni bilarkanmi?”
“Taklifnomalarni, meningcha, kotibasi yozgan bo‘lsa kerak. Lekin o‘zi savodsiz emasligi aniq. Bir safar menga har kuni kechqurun konchilar uxlashga ketganda o‘zini bir soatdan kitob o‘qishga majbur qilganini gapirib bergandi.”
“Ajoyib!”
“Lekin Bexato uradigan Mayk boyib, cheklarga imzo chekishga to‘g‘ri kelgandagina ismini yozishni o‘rgangan.”
Tepalikdagi mehmonxonamizga chiqdik va xayrlashishdan avval ertangi kunni birga o‘tkazishga kelishib oldik. Keyingi kunni ham cho‘milish, kitob o‘qish, ovqatlanish, uxlash bilan maza qilib o‘tkazib, kechki ovqatni ham birga qildik. Ertasi kuni ertalab, ayvondagi nonushtadan so‘ng, Barnabiga kitoblarini ko‘rsatish haqidagi va’dasini eslatdim.
“Qani, yuring-chi.”
U bilan birga yotoqxonasiga kirdik. Xizmatchi Juzeppe Barnabining o‘rnini tartibga keltirayotgan ekan. Xonada ko‘zim tushgan birinchi narsa — dong‘i ketgan o‘sha Barnabi xonimning bejirim ramkaga solib qo‘yilgan surati bo‘ldi. Do‘stim ham suratga qaradi va birdan rangi oqardi.
“Esing joyidami, Juzeppe? Nega bu suratni javonimdan olding? Jin ursin, nimaga rasmni javonga solib qo‘yganimni bilasanmi o‘zi?”
“Bilmabman, senyor. Senyoralarini stolda ko‘rish senyorga yoqadi deb o‘ylabman.”
Dong qotib qoldim.
“Barnabi xonim sizning xotiningizmi?”, deb baqirib yuboribman.
“Ha.”
“Ey Xudo, siz Bexato uradigan Maykmisiz?”
“O‘xshamaymanmi?”
Kulib yubordim.
“To‘g‘risini aytsam, o‘xshamaysiz.”
Qo‘liga qaragan edim, Barnabi siniqqina jilmayib ularni yashirdi.
“Yo‘q, ser, men hech qachon bir musht urib ho‘kizni o‘ldirmaganman.”
Uch-to‘rt soniya bir-birimizga tikilgancha turib qoldik.
“Xotinim meni kechirmaydi endi”, uh tortdi Barnabi. “U ismimni o‘zgartirishim lozimligini aytgandi, unamaganimdan keyin rosa jahli chiquvdi. Oxiri voy bo‘ladi, degandi. Men bo‘lsa uch oy Positanoda berkinishning o‘zi kifoya, deb gapiga quloq solmagandim.” U negadir jimib qoldi. “Mana endi tasodifan voqif bo‘lganingiz bu sirni hech kimga aytmang, deb sizga iltimos qilishdan boshqa ilojim yo‘q.”
“Qo‘rqmang, kerak bo‘lsa, narigi dunyoda ham siringizni oshkor etmayman. Lekin, to‘g‘risini aytsam, hech tushunmayapman.”
“Aslida, kasbim o‘qituvchilik, o‘ttiz yildan beri xotinim bilan birga Pensilvaniyada yashardik. Bilmadim, balki men sizda betartib odamga o‘xshab taassurot qoldirgandirman, ammo shuni aytishim kerakki, Barnabi xonim men bilgan ayollar orasida eng madaniyatlisi. Xullas, amakivachchasining vafotidan so‘ng xotinimga juda katta boylik meros tegdi. Xotinim juda-juda boy ayol. U doim ingliz adabiyotini o‘qiydi. Shuning uchun uning eng katta orzusi — Londondagi yuqori tabaqa vakillari davrasiga qo‘shilish, London mavsumi davomida bazmlar tashkil qilish va kitoblardan bu haqda o‘qiganlarini ro‘yobga chiqarish bo‘ldi. Albatta, pul uniki edi. Xotinimning bunday istaklari menga uncha yoqmasa ham orzulariga yetishi uchun imkoniyati borligidan xursand bo‘ldim. Shunday qilib, o‘tgan yili aprelda Angliyaga qarab yo‘lga tushdik. Buni qarangki, Hereford gertsogi va gertsoginyasi ham biz bilan bir kemada ketishayotgan ekan. Yo‘lga chiqqan vaqtimizda men kasal edim, shu sababli kayutamdan chiqa olmadim. Barnabi xonim esa xohlagan ishini qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Uning shezlongi gertsoginyaniki bilan yonma-yon joylashgan ekan. Xotinim hazil-mutoyibaga juda usta. U o‘sha gertsoginya bilan suhbatlashgan va unga bitta voqeani aytib bergan. Hikoya yanada qiziqarli chiqishi uchun bu narsa o‘zimning boshimdan o‘tgan, deb aytgan. Bu darrov natija berib, gertsoginya yana biror narsa gapirib berishini iltimos qilgan. Shunda xotinim yana bir uydirmani o‘ylab topgan. Xullas, yigirma to‘rt soatdan so‘ng xotinim gertsog va gertsoginya bilan aka-ukalardek apoq-chapoq bo‘lib ketdi. Ora-orada kayutamga kelib erishgan muvaffaqiyatlarini aytib berardi. O‘zim ham bu ishga qiziqib qoldim. Qiladigan yumushim yo‘q edi. Kutubxonadan Bret-Gart asarlarini keltirtirib, xotinimga har xil sarguzashtlarni o‘rgatib turdim”.
Beixtiyor peshonamga urdim: “Biz bo‘lsak, Barnabi xonimni Bret-Gartga qiyoslab maqtardik.”
“Sayohat oxirida kayutamdan chiqaman-u xotinimning do‘stlariga ayolim bilan ularni shuncha vaqtdan beri qanday qilib aldab kelayotganimizni aytib beraman, ularning dong qotib qolishganini ko‘rib rosa kulaman, deb o‘ylardim. Lekin rafiqamni bilmas ekanman. Ertasi kuni, Sautgemptonga yetib qolganimizda, Barnabi xonim Hereford gertsogi uning sharafiga ziyofat berayotganini aytdi. Gertsoginya xotinimni kazo-kazolarga tanishtiraman, deb intiq ekan. Albatta, bunday imkoniyat mingtadan bitta odamga nasib etadi. Men esa hammasini rasvo qilishim mumkin edi. Xotinim gapirib bergan voqealarida meni umuman boshqacha tasvirlaganini aytdi. U paytda hali Barnabi xonim meni allaqachon Bexato uruvchi Maykka aylantirib qo‘yganini bilmasdim. Lekin kemada ekanligim esidan chiqib, ko‘p narsalar to‘qiganini ko‘nglim seza boshlagandi. Qisqasi, u mavqeini mustahkamlab olgunicha bir-ikki hafta Parijda yashab turishimni iltimos qildi. Rozi bo‘ldim. Londondagi ziyofatlarga borishdan ko‘ra Sorbonnada ozgina bo‘lsa ham ishlash men uchun ming marta yaxshi edi. Shunday qilib uni Sautgemptonda qoldirib Parijga ketdim. O‘n kun o‘tgach, Barnabi xonim orqamdan yetib keldi. Orzu qilganidan ham katta muvaffaqiyatlarga erishganini, boshidan kechirayotganlari o‘qigan romanlaridagi voqealardan ming marta yaxshiligini, lekin tanishlari meni ko‘rib qolishsa hammasi tugashi mumkinligini aytdi.
Juda yaxshi, dedim men, unday bo‘lsa Parijda yashayveraman. Unga bu fikr yoqmadi, mening shunchalik yaqin joydaligim va nomimni bilgan birontasini uchratib qolishimdan qo‘rqib tinch yurolmasligini aytdi. Vena yoki Rimga ketsam-chi, dedim. Bu ham yoqmagach, mana shu joyga keldim va shu yerda jinoyatchiga o‘xshab uzundan-uzoq uch oydan beri berkinib yotibman.”
“Chap va o‘ng qo‘lingizda revolverlardan birvarakayiga otib ikkita qimorvozni o‘ldirganingiz ham yolg‘on ekan-da!”
“Og‘ayni, men hech qachon qo‘limga qurol olmaganman.”
“Meksikalik qaroqchilarning chaylangizga hujumi-chi? O‘shanda xotiningiz miltiqlarni o‘qlab turgan ekan, siz bo‘lsa to hukumat qo‘shini yordamgi yetib kelguncha uch kun hujumni qaytarib turgansiz. Bu ham yolg‘onmi?”
Barnabi jilmaygan bo‘ldi.
“Bunisini o‘zim ham eshitmagan ekanman. Haddan oshirib yuborgan-a.”
“Nimalar deyapsiz? Bular xuddi Yovvoyi G‘arb haqidagi sarguzasht filmlardek bizlarga yoqqan.”
“Xotinim g‘oyani ham o‘sha yerdan olgan bo‘lsa kerak.”
“Lekin kirtog‘ora-chi? Konchilar kiyimini yuvishi, yana allambalolar. Xotiningiz bu voqeani gapirib, bizlarni qanchalik kuldirganini siz bilmaysiz. Axir, Barnabi xonim Londonga kirtog‘orada suzib kelgan edi-ku!”
Kulib yubordi.
“Ha, Barnabi xonim hammamizni boplab laqillatibdi.”
“Meni ham rosa aldagan”, dedi Barnabi.
“Rafiqangiz ajoyib ayol. Undan qancha faxrlansangiz shuncha oz. Doim uni bebaho ayol, derdim. U har bir inglizdagi sarguzasht-u uydirmalarga bo‘lgan ehtiyojni o‘z vaqtida payqay oldi va bizga aynan o‘zimiz xohlagan narsani berdi. Yolg‘onlarini butun dunyoni berishsa ham oshkor qilmasdim.”
“So‘zlaringiz uchun rahmat, ser. Haqiqatan ham London ajoyib mezbonga ega bo‘ldi. Men esa bebaho xonimdan ayrildim, shekilli.”
“Bexato uradigan Mayk uchun birdan-bir makon, bu — Yovvoyi G‘arb. Azizim Barnabi, sizning yo‘lingiz bitta: berkinishni davom ettiring.”
“Maslahatingiz uchun katta rahmat”, kesatdi Barnabi.

Ingliz tilidan Alisher Otaboyev tarjimasi