Kuz quyoshi kun sayin xira tortib bormoqda. Go‘yo saraton issig‘i uning hamma qaynoq nurlarini yutib yuborib, o‘zini ancha toliqtirib qo‘yganday. Bog‘ ichidagi katta hovuz tevaragini o‘rab olgan ulkan chinorlar bog‘ devorining ustidan qalin soya tashlab turibdi. Yozda chinorlarning barglari orasidan bu yerga tangadek nur o‘tmasdi. Lekin hozir ularning ulug‘vorligidan putur ketgandi. Hozir ularning usti chang bilan qoplangan, barglar yerni quyosh nurlaridan saqlashga ojizlik qilib qolgan edi.
Hoji Muatamed ertalab sayr qilib yuribdi. U hassasiga tayanib, hovuz atrofini aylanib chiqdi. Har kuni ertalab ham, kechqurun ham u charchoq nimaligini bilmay, o‘zining ulkan bog‘ini aylanib chiqardi.
Hovuz ajabtovur chiroyli edi. Kattakon, chorburchak, boshdan-oyoq nilufarlar ochilib yotibdi. Ko‘katlar va gullar orasidan favvoralar osmonu falakka tinmay suv purkar edilar. Favvoralar tiniq, toza suvni yer osti havzalaridan olardi. Yer osti havzasidan olingan suvdan yiliga uch ming sangasi hojining yerlarini sug‘orar edi. Hoji Muatamed bu yerni qirq besh yil avval sotib olgan bo‘lib, asta-sekin bu yerga ichkari-tashqarilik uy, mehmonxona, idora, otxona, hammom, mulozimlar istiqomat qiladigan imoratlar qurib olgandi. O‘sha kezlarda Hoji Muatamed avji qirchillama davrini kechirayotgan qirq yashar yigit edi. Endi esa u sochlari to‘kilib ketgan, o‘zi munkillab qolgan, ojiz va nimjon qariyaga aylanib qolgan.
Hovuzning oldida kalta oyoqli yog‘och so‘ri turar, uning panjaralari naqshlar bilan bezatilgan bo‘lib, juda bejirim edi. So‘rining ustiga to‘q qizil rangli koshon gilami to‘shalgan, gilamga nafis gullar va naqshlar chekilgan. Gilamning ustida Fatx-Ali shoh zamonlaridan qolgan zumrad rangli billur chilim turibdi. Chilim qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan. Kumush patnisda billur stakan va qanddon turardi. Shu yerning o‘zida muqovasi ancha urinib qolgan Hofizning kitobi yotibdi.
Havo ochiq kunlari Hoji namozi asrdan keyin shu so‘ri ustida o‘tirib, hordiq chiqarardi. U jinday-jinday ichib turardi. Yolg‘iz ichardi. Oqshom chog‘lari bunaqa ichishga anchadan beri o‘rganib qolgandi. Mulozim unga katta patnisda taom olib kelardi. Mavsumga qarab patnisda qaynatilgan sabzavot, qatiq, suzma, qaynatilib qaymoqqa solingan loviya, kartoshka, barra go‘sht, piyoz, yalpiz, kunjutli non bo‘lardi. Va, albatta, ularning yonida ichida arag‘i bilan billur grafin. Araqda oltinrang noranj bo‘laklari suzib yurardi. Patnis ustida grafin yonida shamdonda yonib turgan sham. Hoji shamning lipillab turgan tiliga tikilib o‘tirib, go‘yoki shifobaxsh balzam ichayotganday araqni maydalab ho‘playdi va shivirlab baytlar o‘qiydi. Yoshligida u maishatni yaxshi ko‘rgan. Lekin endilikda kamdan-kam hollarda ikki qadahdan ortiq ichardi. Ikki qadahning o‘zini yolg‘izlik lazzatidan rohatlanib, ancha vaqt maydalardi.
Hozir hoji nonushtani qilib bo‘lib, chilimini chekib, oshiqmay sayr qilib yurar va tasbehini o‘gira-o‘gira shikasta ovoz bilan baytlarni shivirlardi. Hofizning bu bayti umrning o‘tkinchiligi to‘g‘risida bo‘lib, ushbu damning rohatini tatib qolishga da’vat etardi.
“Ha, rost, bu dunyoning huzur-halovatidan kechish fursati keldi”, deb o‘yladi-qoldi, xolos. Sakson yillik umr zuv etib o‘tdi-ketdi. Men qanday yashadim? Shuncha sa’y-harakat, yelib-yugurishlar bilan nimaga erishdim? Axir, xavotir va qo‘rquvlarga to‘la umrim it azobida o‘tdi-ku! Mana, umrning oxiri ham ko‘rinib qoldi. Ammo shuncha yashab, nimani ko‘rdim? Nimani bildim?”
U bahaybat chinor oldida to‘xtadi va xayolida o‘ylashda davom etdi: “Men sizlarning hammangiz bilan birin-ketin vidolashmog‘im kerak. Ey, chinori azim, bilasanmi seni kim ekkan? Buni men ham bilmayman. Men bu joyni sotib olganimda, sen shu yerda savlat to‘kib turarding. Men dunyoga kelmasimdan ancha oldinroq bu bog‘da ko‘plab dov-daraxtlar ekilgan edi. Hozir ularning ancha-munchasi qurib, yo‘q bo‘lib ketgan. Senga o‘xshagan uch-to‘rtta qari daraxtlar qoldi, xolos. Lekin ular ham hayotdan ko‘z yumishga chog‘lanib turibdi. Shundoq bo‘lgach, sening necha yoshga kirganingni men qayoqdan bilay? Yuz yoshdamisan? Besh yuzga kirganmisan? Buni hech kim bilmaydi. Agar senga tegishmasa, sen Imomzoda Solihning chinoriday ming yoshga kirasan! Biroq bundan nima naf? Baribir, bir emas, bir kun sening ham kuning bitadi. Sen ildizlaring bilan yerga tarmashib olgansan, tanang yo‘g‘onlashib, shox-shabbalaring tarvaqaylab ketgan. Lekin bularni bari behuda. O‘limdan qochib… Bora-bora kunlardan birida bu bog‘ning o‘rnidan katta yo‘l o‘tadi, uning ikki betida katta magazinlar bo‘ladi, ularning peshtaxtalarida uzzukun radiopriyomniklar vang‘illab yotadi. Ehtimol, meni go‘rga tiqib kelishga ulgurmay turiboq mening qalloblikda ustasi farang yaramas farzandlarim, qo‘llariga ketmonni olib, mening bog‘imni o‘zaro bo‘lishib olishar. Shundoq bog‘ni laxtak-laxtak qilib parchalab tashlashar va har qaysilari bog‘ning bir bo‘lagiga egalik qilar. Ular seni ham ayab o‘tirishmaydi. Umuman aytganda, sen bilan bizning qismatimiz nima bo‘lishini kim biladi deysan? Ehtimol, mening tobutimni sening otangning tanasidan tayyorlashar, sendan esa mening bolalarimga tobut yasashar? Biz sho‘ring qurg‘urlarning hammamizning ham qismatimiz bir”.
Qo‘qqisdan hojining diqqatini ko‘karib turgan bir tup guldagi g‘uncha jalb qildi. G‘unchaning tax-batax barglari xuddi jilmayib turganday ko‘rindi. “Qani, sen nima deysan? – dedi qariya gulga murojaat qilib. – Beqiyos husni tarovatim bu qariyaga tasalli beradi deb o‘ylayapsanmi? Axir, ertaga xuddi shu vaqtda ahvoling qandoq bo‘lishi senga ma’lummi? Agar bordi-yu, men odamlarimga aytib, qo‘riqlatgan taqdirimda seni hech kim uzib ketmaganda ham ertaga gullab bo‘lasan, barglaring to‘kiladi va o‘lasan. Sening baxting shundaki, sen o‘z qismatingni bilmaysan va hozir mening bog‘imda gullab-yashnab turibsan. Lekin men bilaman-ku – sen bu dunyoga bor-yo‘g‘i bir kechaga kelgansan. Yo‘q, endi sen hech qachon menda hayotga ishtiyoq uyg‘otolmaysan. Uzundan-uzoq umrim davomida mendagi umid butunlay so‘nib bitdi. Umid bulog‘ining ko‘zi yopildi, endi har qancha urinsalar-da, u qayta ochilmaydi va ortiq suv bermaydi. Yuragim sezib turibdi – kelasi bahorda men seni ortiq ko‘rmayman. Sen yana gullaysan, odamlar sening husni tarovatingga yana suqlanib qaraydilar, lekin men ortiq bo‘lmayman va sening husningdan lazzatlana olmayman. Bu hayotning shodu xurramliklari bilan meni ovutmoqchi bo‘lib, sen menga ortiq tabassum qilmaysan. Lekin men senga o‘rganib qolganman. Seni mening qabrim ustiga qo‘ysalar ajab emas.
Biroq nima uchun sening sha’ningga qo‘shiqlar bitishadi? Sening umring juda qisqa bo‘lgani uchunmi? Oh, tevaragimni qurshab olgan nimaiki bo‘lsa, hammasi menda o‘lim haqidagi o‘ylarni uyg‘otadi-ya? Undan ko‘ra koshki edi mening hech narsam bo‘lmasa – na uy, na bog‘, na bog‘dagi gullar bilan daraxtlar, na xotinlarim, na farzandlarim, na nevaralar va evaralar…”
Bog‘ning yo‘lkasida Hoji Muatamedning murabbiysi va boshqaruvchisi Xonnazirning ozg‘in qaddi-qomati ko‘rindi. Yanoqdor yuzida yaltoqilik ifodasi-la, yo‘rg‘a yurish bilan jinday bukchaygan holda, qo‘llarini xo‘jayiniga behad hurmati to‘la tobeligining belgisi sifatida ko‘kragi ustida juftlab, uning oldiga yaqinlab kelardi:
Boshqaruvchining kelishi hoji uchun mutlaqo kutilmagan bir hol bo‘ldi, u hayron bo‘lib, nigohini gul butasidan olib, Xonnazirga qaratdi:
– Ha, tinchlikmi?
– Qurboningiz bo‘lay. Maqbara tayyor. Qachon borishni ixtiyor etasiz? – dedi boshqaruvchi nigohini yerga qadab.
Ammo u gapini tamomlab ulgurmay, hoji uni changitib so‘ka ketdi:
– Voy, ablah-ey… Og‘zingga qarab gapirsang o‘lasanmi? Nima demoqchisan? Qachon o‘lasiz? Sizni u yerga qachon olib boramiz – demoqchimisan? E, o‘shshaymay o‘l-a! Ha, albatta, odam o‘lgandan keyin o‘z oyog‘i bilan maqbarasiga bormaydi-ku!
– Qurboningiz bo‘lay, – deya qo‘rquv ichida ming‘irladi boshqaruvchi. – Turgan joyimda tilim kalimaga kelmay qotib qolsin – nahotki, men shunaqa shakkoklik qilishga jur’at etaolaman? Men faqat maqbarani borib ko‘rishni qachon ixtiyor etasiz deb so‘ramoqchi bo‘lgan edim.
– Bugun. Bugun oqshom boraman. Yo‘qol ko‘zimdan!
Xonnazir ta’zim qila-qila orqasi bilan yurib nari ketdi. Hoji esa yana atirgulga o‘girilib gapirishda davom etdi: “Uning nima deganini eshitding-a? Qabr tayyor bo‘lipti. Mening qabrim. Endi sen men bilan o‘zing o‘rtamizdagi farqni tushungandirsan? Men menga anday maqbara qurishganini bilaman, sen esa o‘zingning qabring qanaqa bo‘lishini tasavvur ham qilolmaysan. Butun umrim davomida maqbaram haqidagi fikr menga tinchlik bermay kelardi. Sen bo‘lsang shabadada o‘z navdangda beg‘am-betashvish chayqalishdan boshqa narsani bilmading. Shuning uchun hech narsadan xabaring yo‘qligi, beg‘amliging uchun seni bir begunoh go‘dakdek yaxshi ko‘radilar. Xo‘p, men endi boray… o‘sha qo‘rqinchli yerto‘laga yo‘l olishga fursat yetdi. Borib ko‘ray-chi, menga qanaqa jahannamni tayyorlab qo‘yishganikin?”
Hoji Muatamedning shajarasi uning o‘zidan boshlanardi, uning kelib chiqishi hech kimga ma’lum emasdi. Uning o‘zi ham ota-onalarini hech qachon ko‘rgan emas, hech kim unga ular to‘g‘risida gapirib bergan ham emasdi, u ota-onalarining nima bilan shug‘ullanganidan butunlay bexabar edi. Hojining bolaligi Bo‘rijarda o‘tgan. Lekin u yerda kim bilan yashaganini eslayolmaydi. Uning ongida faqat ochlikda boshpanasiz o‘tkazgan kunlarining manzaralari gavdalanardi. Buning evaziga u Bo‘rijar hokimining katta mulozimi qo‘lida otboqar bo‘lgan kunlarini yaxshi eslaydi. O‘sha paytda u o‘n besh yoshlarda edi. O‘shandan beri qancha suvlar oqib ketdi-yu… Bu orada Hoji dongdor va badavlat odamga aylandi. Bu hammasi shundan boshlandiki, hoji Muatamed Eron shohi Nasriddinning o‘g‘li, Isfaxon hokimi Zilli Sultonning qo‘lida mulozim bo‘lib ishladi, keyin nozir darajasiga ko‘tarildi, keyin esa boshqaruvchi ham bo‘ldi. U hokimiyat egasi bo‘ldi, unvon oldi, boylik orttirdi. Shunaqa ko‘p yerga ega bo‘ldiki, uning o‘zi ham hisob-kitobiga yetolmay qoldi. Shundoq bo‘lgach, endilikda biror kimsa uning oliy nasabligiga shubha bilan qarashga jur’at qila olarmidi?
So‘nggi yillarda Muatamed odamlarning ko‘ziga deyarli ko‘rinmay yashadi. Faqat favqulodda hodisalargina – biron yaqin do‘stining vafotini yoxud qo‘shnisi Jalil as-Sultonning uyida bo‘ladigan imom Husayn xotirasiga bag‘ishlangan qiroatxonlikni – uni ostona hatlab ko‘chaga chiqishga undar edi. Biroq endilikda u hatto ana shunday hodisalar munosabati bilan ham uydan chiqmay qo‘ygan edi. U endi o‘ziga o‘xshagan qariyalarni va eng yaqin do‘stlarini ham tan olmay qo‘ydi.
Hojining uzoq umri davomida uning uyi tevaragidagi yerlarning egalari bir necha martadan almashdi. Turar-joylar o‘rnida do‘konlar, keng ko‘chalar paydo bo‘ldi. Chiroqlar bilan bezatilgan charog‘on imoratlar qad ko‘tardi – ularning ichida uzluksiz radiopriyomniklar vag‘illagani-vag‘illagan edi. Bu o‘zgarishlar unga ma’qul emas edi, bu o‘zgarishlar uning g‘ashiga tegar edi.
Hojining yettita o‘g‘li bor edi. Ularning hammasi ham katta ro‘zg‘or yukini tortish bilan ovora edilar. Ularning bir nechtadan xotinlari va biri biridan kichkina bir arava bolalari bor edi. Yiliga faqat bir Navro‘z kuni eski an’analarga rioya qilishga majbur bo‘lgan o‘g‘illar otalarinikiga mehmonga kelar edilar. Shunda hojining uyi to‘s-to‘polon bo‘lib, shovqin-surondan hojining kallasi g‘ovlab ketardi. O‘g‘illari, nevaralari, evaralari, kelinlari qariyaning yoniga kelib, qo‘lini o‘pishar, qariya kattalarga bir ashrafiydan tilla, bolalarga esa kumush tanga berib chiqishga majbur bo‘lardi. O‘g‘illari bu to‘g‘rida shunday deyishardi: “Shunisiga ham rahmat! Otamizning bunaqa xasisligida yiliga bir marta katta bayram kuni bir ashrafiydan hayitlik olsak, shunisiga ham shukur!”
Mana, bu yil ham Navro‘z kuni qariya bog‘da hovuz bo‘yida yog‘och so‘rida chilimini tortib o‘tirdi. Bog‘ bola-baqraga to‘la edi. Ular maysalar ustida yugurishar, gullarni uzishardi. Yetti yoshlardagi bir o‘g‘il bola qog‘oz kemachalarini hovuzga qo‘yib yuborish bilan band. Hoji bolaga tikilib razm soldi, lekin kimning o‘g‘li ekanini aniqlay olmadi. Shunda u yonida qo‘llarini ko‘kragida itoatkorona qovushtirib turgan Xonnazirga murojaat qilib so‘radi:
– Bu kimning bolasi?
– Bu Tog‘i og‘aning Aliakbar gurunchfurushning qizidan tug‘ilgan bolasi, qurbon…
Tog‘i-og‘aning bir nechta xotini bo‘lib, hojining ikkinchi o‘g‘li edi. Hoji o‘g‘illari ichida shunisini juda yomon ko‘rardi. Hoji qovog‘ini uyib, bolaning yoniga keldi-da, Xonnazirga uni hovuzdan haydab yuborishni buyurdi.
Qari daraxtlar soya-salqin qilib turgan bog‘da Muatamed faqat xotini Hojiya xonim hamda yana bir qancha xizmatkorlari va oqsochlari bilan birga yashardi. Er-xotin bir-birlarini uncha xushlamas edilar. Ular yillar mobaynida ko‘rishmas edilar – Hojiya xonim bog‘ning bir tomonida, hoji Muatamed ikkinchi tomonida turishardi. Og‘ir xastalik bilan to‘shakka mixlanib qolgan Hojiya xonim ko‘pdan beri o‘z xonasidan tashqariga chiqmasdi.
Ularning turmush qurishganiga ellik yil bo‘ldi, qanchadan-qancha farzandlar ko‘rishdi-yu, er-xotin hanuz bir-birlarini jinidan badtar yomon ko‘rishardi. Hojiya xonim har soatda bir marta erini qarg‘amasa, turaolmasdi. Bolalar katta bo‘ldi, ota-onalarining uyini tark etib, har tomonga tarqab ketishdi. Lekin ular ham ahil emas edi. Eru xotin va ularning farzandlari o‘rtasidagi g‘alati munosabat qo‘ni-qo‘shnilarga g‘iybat uchun yo‘l ochib berdi. Ular hojini “miyasi aynagan chol” deb atashardi. Hoji esa bularning barini xotini Hojiya xonimning fitna-nayrangi deb o‘ylardi. Uning nazarida xotini uning to‘g‘risida biri-biridan yomon gaplarni tarqatardi.
Tabiatan g‘oyatda mug‘ambir bo‘lgan Xonnazir hoji Muatamedning uyida xizmat qilib yurgan yillarida ro‘zg‘orni boshqarishni shunaqa o‘rganib oldiki, er va xotin bir-birlari bilan muloqot qilmay bemalol yashayverishar edi. Ayni vaqtda er-xotinning har qaysisi, boshqaruvchidan g‘oyatda rozi edi. Xonnazir bo‘lsa, ularning ko‘pdan beri davom etib kelayotgan dushmanliklaridan foydalanib, suvni loyqalatar va bu loyqa suvda baliq tutib kelardi, ya’ni u o‘ziga ancha-muncha boylik orttirib olgandi.
Hoji Muatamedning maqbarasi bog‘ning etagida bo‘lib, botayotgan kuz quyoshining shu’lalariga cho‘milib yotardi. Bog‘bon Gul og‘a Xonnazirning kuzatuvida chinordan to‘kilgan barglarni supurmoqda. Boshqaruvchi maqbarani hojiga namoyish qilmoqchi edi, shuning uchun uning tevaragini supurib-sidirib, ortiqcha narsalarni ko‘zdan yo‘qotib maqbaraga zeb bermoqda edilar.
Gul og‘a ikki bukilgancha anchadan beri supurmoqda edi. Mana, u qaddini rostladi, chuqur nafas oldi, bir qo‘lidagi supurgini ikkinchi qo‘liga oldi va qashindi. Uning kir bo‘lib ketgan ko‘ylagi ostidagi badanini butunlay yara-chaqa bosib ketgandi. Yuzidagi va bo‘ynidagi husnbuzarlari ham qichishib tinchlik bermasdi. Qo‘tir ko‘pdan beri uni yomon qiynab kelardi. U davolanishga urinib ko‘rdi. Ammo kasali qo‘tir ekanini bilib, dori ichmay qo‘ydi. Faqat ba’zida – agar topib qolsa, qorag‘at suvini yoki shunga o‘xshash boshqa biron narsani ichib qo‘yardi. Lekin bu ichganlari sira kor qilmas edi. Yaralarining qichiganiga chidab bo‘lmas. Ularning suvi qurib qolishga ulgurmay, Gul og‘a yana qashinib hammasini yulib tashlardi. “La’nati qo‘tir, – deya zorlanardi u. – Jonimdan to‘ydirib yubordi! Bamisoli men moxovday hamma mendan hazar qiladi. Ba’zilar meni zahm deb so‘kadi, “tiriklay irib o‘lasan” deyishadi.
Gul og‘a supurgisini bir chekkaga tashlab, xazonlarni qopga sola boshladi. U hamon o‘zicha ming‘irlashini qo‘ymas edi. “Havoning rasvoligini qarang-a! Yomg‘ir, chang, to‘zon… Bu la’nati barglarni supurishning nima keragi bor-a? Baribir, daraxtdan yangilari tushaveradi. Xudoga ham hayronman – nima qilarkin hech kimga keragi yo‘q barglarni yerga yog‘dirib? Undan ko‘ra, pul yog‘dirsa bo‘lmasmikin? Lekin hojimizning yoshi ham bir joyga borib qoldi. Modomiki, u o‘zicha maqbara qurdirgan ekan, demak, xudo uni o‘z huzuriga chaqirayotgan bo‘lsa kerak. Odamning ajali qachon yetishini Ollohning o‘zi yaxshi biladi. Faqat chatog‘i shundaki, hojining merosxo‘rlari ko‘p. Xudo ko‘rsatmasin, ilohim, Hojining o‘zi uncha yomon odam emas, lekin o‘lib ketsa, o‘g‘illarining qo‘lida holimiz nima kecharkin?” Qo‘tir Gul og‘aning ko‘nglida ana shunday fikrlar g‘ujg‘on o‘ynamoqda edi.
Hoji bog‘ning xilvat go‘shasida o‘ziga maqbara qurganidan g‘oyatda mamnun edi. Bir zamonlar bu yerda o‘ymakor ustalarning do‘konlari bo‘lardi. Ularning yonida chog‘roq bir hovli bo‘lib, u boshdan-oyoq har xil taxta va xodalarning chiqindilariga to‘lib ketgan edi. Juda qimmat bo‘lsa-da, hoji bu joylarni merosxo‘rlardan sotib oldi. Xuddi shu joyda u o‘ziga hashamatli maqbara qurdirishga ahd qildi. Ammo maqbara qurilib bo‘lmaguncha, hoji ishlarning qanday borayotganini ko‘rgani bir marta ham kelgani yo‘q.
Gul og‘a maqbaraning eshigi yonidagi xarsang toshga o‘tirdi va baland ovozda qag‘illayotgan qarg‘alarga g‘ashi kelib qaradi, qarg‘alarning katta galasi quyoshni to‘sib qoldi. Gul og‘a hojining o‘z maqbarasini tezroq kelib ko‘rmog‘ini istar edi. Hoji tezroq kelib ketsa, Gul og‘a qahvaxonaga yo‘l olardi, u yerda taryak chekib, ikki-uch stakan issiq choy ichardi, sayyor qalandarning g‘aroyib hikoyalarini tinglardi. “Avvalgi gal hikoyaning qayerida to‘xtagan edi-ya? – deya eslashga urindi Gul og‘a. – Ha-ya, bu sersoqol darvesh Suhrobni qanday o‘ldirishganini aytib bergani yo‘q. Bugun kechqurun bo‘lsa, hikoyasini yana boshidan boshlaydi, axir somiylarini qiziqtirib olmog‘i kerak-da. U bugun ham Suhrobning o‘limiga yetib bormaydi”. Birdan olisda hojining qomati ko‘rindi. Gul og‘a o‘tirgan joyida bir sapchib tushdi, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, tez-tez ta’zim bajo keltira boshladi.
Semiz-baqaloq hoji oldinda – kumush dastali hassasiga tayanib, asta yurib kelardi. Uning ketidan ozg‘in va qotma Xonnazir pildirab kelmoqda. Nihoyat, ular maqbaraga yetib kelishdi va hoji to‘xtab, hassasini orqasiga oldi-da, beli bilan unga suyanganday bo‘lib, maqbaraning eshigi va devorlarini sinchiklab ko‘zdan kechira boshladi. U hansirab nafas olar, yuragi tez va notekis urar, qulog‘i shang‘illardi. U o‘z qabrini birinchi marta ko‘rib turibdi. Hoji bu yerga faqat bir marta – besh yil muqaddam yangi uchastkani bir ko‘rib ketgani kelgan edi. O‘shanda bu joy unga ancha ma’qul tushgan edi. Ammo hozir bu yerda o‘ziga qurilgan maqbarani ko‘rgach, bu joylar ko‘ziga juda ham sovuq ko‘rinib ketdi. U maqbaraning naqshinkor peshtaxtalariga, devorlariga qaradi, husnixat bilan yozilgan “O‘limdan hech kim benasib qolmaydi” degan so‘zlarni o‘qidi va ko‘nglidagi qo‘rquv tuyg‘usi biroz tarqalganday bo‘ldi. U boyagi oyatni ichida bir necha marta qayta o‘qidi. Oyat juda chiroyli yozilgan edi. Ammo maqbaraning oynagi kichikroq bo‘lib, tashqaridan panjara qilingani uchun zindonga o‘xshab qolgan edi.
Hojining nafasi bo‘g‘ildi. U Xonnazirga qaramay so‘radi:
– Nega oynalari bu qadar kichkina? Mablag‘ bemalol edi-ku? Shundoq bo‘lgandan keyin, ularni kattaroq qilsa bo‘lmasmidi? Maqbara janubga qarab turibdi, shuning uchun u yorug‘ bo‘lmog‘i kerak. Holbuki, hozirgi turishida baayni zindonning o‘zi bo‘libdi.
Hoji boshini asta aylantirib, maqbaraning eshigi va devorlarini yana bir bor ko‘zdan kechirdi. Uning tomog‘i achishib ketdi.
Agar gap hojining o‘z maqbarasi to‘g‘risida ketmayotganda, u bunchalik xotirjam va bosiq gaplashmas edi, baqirib-chaqirishlar ham, so‘kishlar ham bo‘lardi. Ammo hozir maqbarasi qarshisida turib va o‘lim fursati muqarrar yaqinlab kelayotganini his qilib hojining so‘kinishga tili bormadi. Xonnazir esa yaxshi bilardi – indamay turishi xo‘jayinga ancha yaxshi ta’sir qiladi. Shuning uchun u gap qaytarmay, indamay turaverdi. Ammo ko‘nglidan shunday fikr kechdi: “Shu yerda ham tinib-tinchimaydi-ya, bu qari mo‘ltoni! Tanbeh bermasa, turolmaydi. O‘ladigan bo‘lganingdan keyin maqbarangning derazasi katta bo‘ladimi, kichkina bo‘ladimi – senga nima farqi bor?” Hoji bo‘lsa, Xonnazirdan so‘rab-surishtirishda davom etdi:
– Gapiradigan joyi yo‘q! Odamlarning oldida xijolatga botmay deb, bu maqbaraga ozmuncha pul sarfladimmi? Bugun bo‘lmasa, ertaga bu yerda do‘stu dushman hammasi yig‘ilib keladi. Shundoq bo‘lgandan keyin, maqbara degani ko‘rsa ko‘rgudek bo‘lmog‘i kerak-da! – Shundan so‘ng hoji biroz ovozini ko‘tarib ilova qildi:
– Xo‘p, mayli, bo‘lar ish bo‘libdi, qani, maqbaraning ichiga kiraylik-chi! U yerda nima ahvolikin? – Tor yo‘lakdan o‘tib, u maqbaraning ichiga kirdi. Ichkariga kirishi bilan uning ko‘ziga tashlangan birinchi narsa – uning o‘ziga atalgan qabr bo‘ldi. U hayhotdek xonaning o‘rtasida og‘zini karrakdek ochib turardi. Hoji uni ko‘rib, a’zoi badani qo‘rquvdan muzlab ketdi, oyoqlarida majol qolmadi, orqasidan sharros ter oqib tusha boshladi. Uning nazarida, u go‘yo o‘zi uchun qurilgan dorning ostida turgandek tuyuldi.
Ha, bu qabrni u o‘zi uchun buyurgan edi. Chuqurning yonida malaxit taxta o‘ng tomoni devorga qilib suyab qo‘yilgandi. Hoji Xonnazirga past ovozda dedi:
– Uni menga o‘ngarib qo‘y – ko‘ray-chi, qanaqa bo‘ldiykin?
Xonnazir boshini quyi solib, yuzida qayg‘u-g‘am ifodasi bilan qabr toshining yoniga borib, uning o‘ngini aylantirib qo‘ydi. Hoji unga o‘yib yozilgan bitikni o‘qidi: “Yolg‘iz Olloh mangudir!” Uning pastrog‘ida “Ollohning rahmatlariga mushtoq, betavfiq, joyi jannatda bo‘lgur marhum Hoji Ali Akbar Muatamed as-Sultonning qazosi … yilda ro‘y berdi” deb yozilgandi. Yozuvning shu joyida uning qazosi sanasini yozmoq uchun joy qoldirilgandi. Bularning bari nasta’liq yozuvida husnixat qilingan edi: “Manavi zilday tosh, – deb o‘yladi Hoji, – butun og‘irligi bilan ustimdan bosib yotadi. Nafas olishning iloji ham bo‘lmaydi. Bu yerga kelgan odamlar lavhadagi yozuvni o‘qib, “muncha chiroyli yozilgan ekan” deb zavqlanishadi. Boringki, bundan boshqa gaplarni ham aytishsin, yozgan odamning haqiga duolar qilishsin, bularning hammasidan unga nima foyda? Axir, men jonsiz bir murda bo‘laman-ku! Murdani ko‘mishadi, go‘rdan orqaga qaytish yo‘li yo‘q. “Joyi jannatda bo‘lsin” emish. Axir, o‘lgandan keyin odam hech narsani his qilmaydi, hech narsani sezmaydi-ku! Ehtimol, men toshdagi yozuvda “joyi do‘zaxda bo‘lsin” deb yozishni buyurmog‘im lozim edi. Kim bilsin – hali vafotim sanasi uchun qoldirilgan joyga nima deb yozisharikin? Qaysi sana bo‘larkin u? Men ortiq bu yerga kelolmayman va qaysi sana yozilganini bilolmayman”.
Qabr kovlangan xona qorong‘i va turqi sovuq edi. Ichkaridan qaraganda, derazalar yanada kichikroq ko‘rinardi. Ular ochilmaydigan qilib o‘rnatilgan edi. Shuning uchun xonaning havosi og‘ir, g‘uborli va dim edi. Hoji keskin orqasiga o‘girildi. Uning nazarida maqbaraning ichiga yolg‘iz o‘zi kirganday bo‘ldi. Yo‘q, Xonnazir uning ortidan soyaday ergashib kelayotgan edi. Qariya uni ko‘rib biroz tinchlandi. U ko‘ksovga o‘xshab, bo‘g‘ilib yo‘taldi va xijolat ichida ming‘irladi:
– Bu yer kenggina ekan. Men maqbaraning bunaqa katta bo‘lishini kutmagan edim. Yuqori qavatda yana qancha xona bor?
U sarosimaga tushganini yashirish uchungina bu savolni bergan edi. Aslida esa, hoji yuqorida nechta xona borligini juda yaxshi bilardi. U qurilish ishlariga o‘zi bosh-qosh bo‘lib turgan va pudratchi maqbaraning tarxi qanday bo‘lishini unga bir necha marta batafsil tushuntirib bergan edi.
Boshqaruvchi ehtirom bilan javob berdi:
– Ayollar va erkaklar uchun alohida-alohida xonalar, choy damlaydigan xona, chilimxona.
U yana kuzatib keladiganlar uchun ham xona borligini aytmoqchi bo‘ldi-yu, lekin qo‘rqdi va aytmay qo‘ya qoldi.
Muatamedning yuragida qo‘qqisdan sanchiq turdi. U qabrga tikilgancha, xayolidan bir fikrni o‘tkazdi: “Men o‘lgandan keyin bu yerga odamlar kelishadi, choy ichishadi, chilim chekishadi, holva yeyishadi va hatto bir-birlari bilan so‘kishadi ham. Men o‘laman-ketaman, dunyo esa avvalgidek pinagini buzmay yashashda davom etaveradi. Shunaqa emasmi? Yo alhazar! Bu, axir, mening qabrim-ku! Shu yerda mening hayotim o‘z intihosini topadi. Men shu yerda yotib, qurt-qumursqalarga yem bo‘laman!”
Hoji qabrdan ko‘zini oldi-da, hayajon ichida hech narsani ko‘rmayotgan nigoh bilan maqbaraning eshigi va devorlariga qaradi. Uning nigohi qarshisida faqat qabrgina turardi. Qabrdan anqiyotgan qo‘lansa hid uning dimog‘ini yoray derdi. Hoji bu yerdan yugurib qochib chiqib ketgisi kelardi.
U boloxonaga ko‘tarildi, u yerdan yana ikki zina oshib, maqbaraning orqa tomonidagi hovliga o‘tish mumkin edi. Tevarak-atrofiga alanglab, birpas turdi. Boloxona ensiz, uzun edi, o‘ymakorlik bilan bezatilgan ustunlar uning tomini ko‘tarib turardi. Hovli ham tumordekkina edi, uning o‘rtasida chor burchak hovuzchasi ham bor edi, uning tepasida esa bahaybat qarag‘ay daraxtlarining shoxlari osilib turardi. Hovuzning yonida mis ko‘zacha turibdi. U yap-yangi, unga hali bir marta ham suv quyilgan emas. Eskirib qiyshayib ketgan, tomlarini ham mayda ko‘kat qoplagan hojatxona kishiga og‘ir ta’sir qiladi. Qo‘shni maqbaraning hovlisida o‘sgan majruh bir daraxtning shoxlari devor osha bu tomonga osilib tushgan. Bu shox-shabbalar ham yurakni timdalaganday bo‘ladi.
Birdan-bir gala qarg‘a qag‘illab, qarag‘ay ustiga yopirilib uchib keldi. Qushlarning chug‘ur-chug‘uriga to‘lgan qarag‘ayning shoxlari chayqaldi, qurigan ignalar yerni qopladi, qarg‘alar galasi shu lahzada osmonga ko‘tarildi va shovqin-suron bilan go‘yo qop-qora bulutday bog‘dagi daraxtlar ortiga o‘tib, ko‘zdan yo‘qoldi.
Hoji butun vujudida aql bovar qilmaydigan og‘irlikni his qildi, go‘yo uning tanasiga qo‘rg‘oshin quyilganday, qapchigan, terisi esa qo‘rg‘oshinning tashqariga chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Uning oyoqlari paxtaga o‘xshab qoldi. U hassaga zo‘rg‘a tayanib, ustunlardan birining oldiga yetib bordi va ustunni ushlab, unga suyanib qoldi. Uning ko‘z o‘ngida hamma narsa chir-chir aylana boshladi, qarag‘ay ham, hovuz ham, uning yonidagi ko‘zacha ham, xarob hojatxona ham chirpirak bo‘lib aylanib, qulab tushdi. Qariyani iztirobli yolg‘izlik tuyg‘usi chulg‘ab oldi. Nazarida, u yo‘qlik qa’riga cho‘mib ketayotganday bo‘ldi, dilidan shunday fikrlar kechdi: “Nima balo, ataladay yoyilib ketdim. Yo‘g‘-e, hali kunim bitmagandir? Yana jinday yashasam bo‘lar. Ha… Men boya atirgulga “kunim bitdi” deb bekor aytgan ekanman-da! Bir yuz yigirma yoshga kirsa ham bo‘ladi-ku! Axir, bemalol shu yoshga kirib, yashab yurganlar bor. Yo‘q, lattaga o‘xshab bo‘shashish yaramaydi. Ana, biroz yengil tortdim. Buning hammasiga jigarim sababchi…”
Hoji maqbaraning ichiga qaytdi va qabr unga qarab, og‘zini karrakdek ochib turganga o‘xshadi. U butunlay holdan toyib, devorga suyandi. Uni qo‘rquv yemirmoqda edi. Qariya yolg‘iz qolishdan qo‘rqar va ayni chog‘da yonida ivirsib yurgan Xonnazir uning g‘ashini keltirardi. U qabrdan ko‘zini olmay turib, boshqaruvchiga tishlari orasidan so‘zladi:
– Bu yerda biroz yolg‘iz qolmoqchiman. Sen tashqariga chiqib, eshikka qarab tur. Bu yerga hech kimni kiritma. Zarur bo‘lganda men o‘zim chiqaman. Asta-asta o‘zimning qabrimga ko‘nikishim kerak.
Boshqaruvchi ta’zim qilib, tashqariga chiqdi. Hoji esa hamon lahadga qaragancha, og‘ir o‘ylar og‘ushida qiynalardi. Uning nazarida, yolg‘izlik va sukunat ajalni chaqiradi degan fikr kechdi. Eshik taraqlab yopildi. Bu Hojining qabrdan nigohini olib, Xonnazirning orqasidan qaratdi. Gurs-gurs qadam tovushlaridan va maqbaradagi dim havodan uning nafasi tiqilganday tuyuldi. U boshini ko‘tarib, eshikka tikilib qoldi. Eshik ustida ko‘k lavhaga oq bo‘yoq bilan Qur’oni karim surasidan bir parcha chiroyli husnixat bilan yozib qo‘yilgan edi. U bir oyatni o‘qidi – unda bu dunyoga kelgan har qanday mavjudotning bir kun kelib g‘oyib bo‘lishi to‘g‘risida gap borardi. Hoji harchand urinmasin ikkinchi oyatni o‘qiyolmadi.
Shiftdan ikkita elektr simi osilib turar, ularning uchida patron va lampochka yo‘q edi. Hojining ko‘nglidan yana har xil fikrlar kechdi: “Darhaqiqat, bu yerda menga ham, o‘g‘illarimga ham, Hojiya xonimga ham joy yetadi. Hatto nevaralarga ham yetadi. Undan naryog‘iga mening ishim yo‘q. Menga desa, mayli, maqbarani qo‘riqlashsin. Nevaralardan keyingi avlod o‘zining tashvishini o‘zi cheksin. Agar men bunaqa keng-mo‘l maqbarani qurib qo‘ymaganimda, biron tor lahadda yotishga to‘g‘ri kelardi. Xudo saqlasin, yaramas Hojiya xonim go‘rda ham menga tinchlik bermasa kerak. O, sho‘rpeshona ekanman-da! Vasiyatnomada yozib qoldirish kerak – malikai dilozorni mendan nariroq joyga ko‘mishsin”.
Ensiz, uzun va chuqur qabr o‘zining shakliga ko‘ra qishloq ahlining har xil chiqindilar tashlaydigan chuquriga o‘xshardi. Lahadning ichiga guvala terib chiqilgan, lekin u loy bilan urilmagan edi. Shuning uchun tashqaridan qaraganda uncha pishiq emasday ko‘rinardi. Qariya bu guvalalar uzoqqa bormay, qulab tushishini ko‘z oldiga keltirdi.
Hoji hassasini to‘qillatib, qabrga yaqinlashdi. U orqasi bilan devor oldiga bordi-da, “Men o‘lgandan keyin jasadimni quruq yerga qo‘yishadi” deb o‘yladi. Keyin oyog‘i tagida go‘rning qorayib turgan og‘ziga qarab, dedi:
– Nega sen qarshimda og‘zingni karrakdek ochib turibsan? Men seni birinchi marta ko‘rayotganim yo‘q-ku? Butun umrim mobaynida, ha, butun umrim mobaynida sen ko‘z oldimda turasan. Endi men sening sovuqdan-sovuq bag‘ringga kirmog‘im kerak. Biz bir-birimizga ko‘nikmog‘imiz kerak. Axir, ellik ming yillik kuniga1 qadar sen mening maskanim bo‘lasan.
Hoji ehtiyotkorlik bilan hassasini devorga suyab qo‘ydi-da, qabrning yoniga bordi. So‘ng oyoqlarini lahadga osiltirib, yerga o‘tirdi. Oyoqlari qabrning tagigacha yetmadi. Hoji qabrning chuqurligi qancha kelishini aniqlamoqchi bo‘lib, namxush qorong‘ilik ichiga egilib qaradi. “Yarim gazdan oshiqroqqa o‘xshaydi. Hoynahoy, chorakam bir gaz kelib qolar, – degan to‘xtamga keldi. – Bundan ortig‘i ortiqlik qiladi. Ey, tavba-ey, menga nima? Chuqurligi bir gaz bo‘ladimi, ikki gazmi, menga nima farqi bor? Men uchun buning mutlaqo ahamiyati bo‘lmaydi-ku!”
Hoji yana eshikka ko‘z tashladi. Eshik zich yopilgan edi. Kichkina derazalar orqali botayotgan quyoshning so‘niq nurlari ichkariga tushib turar, ularning shu’lasida devorlarga naqsh qilingan yozuvlar oqimi zangori rangda tovlanardi. Hoji nigohi qarshisidagi namxush sovuq lahadni ko‘rmaslik uchun ko‘zlarini yumdi.
“Lo iloho illollo! E, parvardigori olam, bu gunohkor bandangdan mehru muruvvatingni ayama! Mening ortiq hayotdan umidim qolmadi. Sakson yillik umr g‘uv etib yelib o‘tib ketdi. Nazarimda, umrimning hammasi kechagina o‘tganday… Endi men baxtiyorman, endi qabrim bor, butun boshli derazali, eshikli, hayhotdek uy! Ichida hatto lampasi ham bor. Ko‘p odamning hatto qabri ham yo‘q. Lekin mening jasadimni lahadga qo‘yishgandan keyin eshigu deraza bilan lampani boshimga uramanmi? Qabrda yotgan odam ham iztiroblar chekishni poylab yotsa xo‘p g‘alati bo‘lar edi-da! Axir, bu dunyoda tortilgan azoblar, chekkan g‘am-g‘ussalar kammi? Axir, bu dunyodagidan ortiqroq azob chekmoqning imkoniyati bor ekanmi? Axir, naqd tug‘ilgan kunimdan boshlaboq, men azob-uqubatu g‘am-g‘ussalardan boshqa narsa ko‘rgan emasman. O‘lganimdan keyin meni nima kutyapti? O, Olloh, insonga nechog‘lik og‘ir umr yo‘lini ravo ko‘rgansan-a!”
Cholning ko‘zlarida yosh yiltilladi, burni achishib, suv keldi. U barmoqlari bilan qisib, qabr chuquriga burnini qoqdi-da, kafti bilan ko‘zlarini artdi. Uning yuragi gursillab urar, har gursillashi ikki chekkasiga qoziq qoqayotganday sezilardi. “Yo‘q, bu dunyoda nimaga yashaganimni bilmay ketyapman. Umr ko‘z ochib-yumguncha o‘tib ketdi. Umrimning hammasi – Bo‘rijar ko‘chalarida bir daydi misol sanqib yurgan kunlarimdan tortib, million-million pullarning egasi bo‘lib turgan hozirgi kunlarimga qadar turgan-bitgani azob-uqubatda o‘tdi. Xo‘sh, o‘zim-chi! Umrim davomida men o‘zim nimani qoyil qilib o‘rinlatib qo‘ydim? Bu dunyoga yettita farzandni ato qildim, lekin ular biri-biridan razilroq va ablahroq, o‘zim odamlarga zulm qildim, ularni o‘ldirdim, molu mulkini taladim. Va ayni chog‘da namoz o‘qidim, ro‘za tutdim, hazrat Alining xotiralariga hurmat bajo keltirib turdim, daryo-daryo ko‘zyoshlari to‘kib, aziz-avliyolar haqiga duoi fotihalar qildim. Bularning bari nima uchun qilindi? Endi tushundim – mening hayotim hech narsaga arzimas ekan!”
Hojining yuzi qorday oppoq soqol bilan qoplangan edi. Qalin mo‘ylovlari ham oppoq, ular baayni ho‘kizning shoxlaridek qayrilib iyagining ikki tomoniga osilib tushgan. Qoraygan yuzining terisi serajin, hali o‘tkir ko‘zlarida mayda-mayda qizil qon tomirlari taralib yotardi. Buxoro qorako‘lidan tikilgan telpagi ostidan bo‘ynidan ipakka o‘xshagan mayin oq tola sochlari patila-patila chiqib yotardi, quloqlari ham shalpangquloq bo‘lib, ikki tomonga tarvaqaylab turar, yuzida esa hamisha hamma narsadan ranjib yuradigan odamning tund ifodasi qotib qolgandi.
Endi cholning ko‘zlari qorong‘ilikka ko‘nikib qolgandi, u qabo tubini aniq ko‘ra boshladi. “Lahad juda ham chuqur qazilipti-ku, – deb o‘yladi hoji. – Odamni bemalol ko‘madi-ya! Mayitning hidi hammayoqni tutib ketmasligi uchun atayin shunday qilishsa kerak. Kechki paytlar bu yerda o‘tirib, jinday-jinday no‘sh aylasa, yomon bo‘lmas edi. Faqat shundagina men o‘z qabrimga chinakamiga ko‘nikib ketaman. Axir, u mening hamma odatlarimga mos kelmog‘i kerak-da. Lahadning ichiga tushib ko‘ray-chi! Hademay bu chuqur mening maskanim bo‘ladi. Tubiga tushib, bir yotib ko‘ray. Yo Olloh, hamma umidim sening o‘zingdan. Bismillohir rahmonu rahim…”
Hoji lahadning chetlariga qo‘llarini tirab, sakrab uning tubiga tushdi. Sakrab tushishi hamon uning kuraklari tagida qattiq og‘riq paydo bo‘ldi va u beixtiyor ming‘irladi: “Hassamni yuqorida qoldirganim chakki bo‘libdi-da, hassasiz bu yerdan chiqib olishim ancha qiyin bo‘ladi”.
U lahadning tubida tik turdi-da, uning chekkalari boshidan baland ekanini ko‘rib qo‘rqib ketdi. Hoji sarosimada yerga tikilgancha turar va bu zax yerga qanday yotishni bilolmay garang edi.
U og‘zidan yasama tishlarini olib, nimchasining cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Yo Olloh, o‘zing bilasan, o‘ttiz ikki tishimni oldirib tashlaganda men qanchalar azob tortganman. Har bitta tishimni sug‘urib olayotganda bir o‘lib-tirilganman. Aftidan, sening hisobing bo‘yicha hayotning hamma latofati ana shu adoqsiz o‘lib-tirilishlarda bo‘lsa kerak.
Tishlarini olib qo‘ygandan keyin hojining yuzi burishib, bir burda bo‘lib qoldi, qurigan tarvuz po‘chog‘iga o‘xshagan yuqorigi labi pastkisining ustiga osilib tushdi, lunjlari bujmaydi, burni esa iyagi tomon egilib qoldi. U qabrning tubiga o‘tirdi. Qulayroq joylashish uchun bir-ikki u yon-bu yon surildi, keyin ro‘yirost cho‘zilib yotdi. Uning burniga ohakning achchiq hidi urilib, dimog‘ini achitdi. Yuqoridan qabrga sovuq xira nur tushib turardi va qariyaning nazarida qabrning yuqori tomonlari kengayib borayotganday tuyuldi. Shift juda balandda bo‘lsa-da, uning ko‘kragidan qattiq bosib turganday tuyulmoqda edi. Suvoqning tagidan u yer-bu yerdan zang bosganga o‘xshagan to‘sinlar ko‘rinib turardi. “Bir emas, to‘rtta temir to‘sin yotqizishipti. Nima qilishardi shuncha to‘sinni? Necha qavatli imorat qurishmoqchi bo‘lishgan ular? Ha, mayli… hechqisi yo‘q… mustahkamroq bo‘ladi… Shunday bo‘lib qolishi ham mumkinki, yuqori qavatda juda ko‘p odam yig‘ilmog‘i mumkin. Xudo ko‘rsatmasin, shift ko‘tarolmay, qulab tushsa. Juda yomon bo‘ladi-ya! E-e, menga nima-ya! U paytlarga kelib, mendan nomu nishon ham qolmaydi-ku!”
Hoji qabrning tubidan shiftga qarab yotardi, shuning uchun u nazarida, o‘zini chuqur quduqning tubida yotgandek his qilardi. Uning vujudini yana qo‘rquv qamrab oldi, u dahshatdan muz terga tushdi: “Nahotki, chindan ham o‘lim fursati yetib kelgan bo‘lsa? O‘lim shunchalik yaqin deb o‘ylamagan edim. Lekin men o‘lishni istamayman, meni bir it kabi chuqurga tiqib, ko‘mib tashlashlarini istamayman. Unday desam, bu hayotda yashashdan nima foyda bor? Tunu kun it azobida yashaysan, tunu kun o‘lim vahimasi yuragingni kemiradi. Bu azoblar, bu qo‘rquvlar butun turmushingni do‘zaxga aylantirib yuboradi. Xo‘sh, keyin-chi? Keyin seni nima kutadi? Sharmandalik kutadi. O‘lim kutadi. O‘limdan ham ortiqroq sharmandalik bo‘lishi mumkinmi dunyoda? Ha, hali mening tugamagan ishlarim ko‘p. Bir sandiq qog‘ozlar, har xil vasiqalar yotibdi. Ularni tartibga keltirmoq kerak. Kirmonshohdagi mulklar haqidagi ish hali sudda bir yoqli bo‘lganicha yo‘q. Ablahlar g‘ildirakka yog‘och suqish bilan ovora. Mulklar, qo‘rg‘onlar masalasini ochiq-ravshan oydinlashtirib olish kerak. Hali vasiyatnomaga imzo chekish kerak. Shu paytgacha orqaga tashlay-tashlay bu ishni cho‘zib keldim. Lekin, baribir, oxir-oqibatda, qog‘ozga imzo chekmasa bo‘lmaydi. Ha, bor-budimni o‘z qo‘lim bilan ana shu yaramaslarga tutqazaman. Ular bularning barini ko‘rdim demay, yamlamay yutadi, keyin esa, kelib, qabrimning ustiga axlat ag‘darishadi”.
Qoq yerda yotaverib, orqasi og‘ridi. U uyda hamisha boshini baland qilib yotishga o‘rganib qolgan edi. Bu yerda ham boshining tagiga kattakon qorako‘l qalpog‘ini qo‘yib oldi, lekin yelkasi g‘ishtga tiralib, qattiq og‘ridi. Yotish juda noqulay edi. Hoji o‘ylanib ketdi: “O‘lganidan keyin inson noqulayliklarni sezmaydi. Qanaqa sodir bo‘larkin bu ish? U uxlab qoladi-yu, sezish qobiliyatini yo‘qotadimi? Yo‘q, hoynahoy, biror narsani sezsa kerak. Nima uchun biz o‘zimizni o‘zimiz aldaymiz? Butun umrimiz davomida biz bilamizki, bir kuni o‘lamiz. Ajal yoqamizdan olganda, o‘layotganimizni ham bilib turamiz. Uni yaqinlashib kelayotganini sezamiz. Xesh-aqrabolarimiz bilan judolik fursati yetib kelganini bilamiz. Eng qo‘rqinchlisi, lekin boshqa narsada. Hamma narsadan voz kechish kerak. Riyokorlik na hojat, men xotinimni ham, bolalarimni ham yoqtirmayman. Ammo bog‘imga, uyimga, hovuzga hatto ustimdagi kiyim-boshga ham o‘rganib qolganman. Ammo quyoshdan, oy va yulduzlardan, bahor va kuzdan, yoz va qishdan, bulutlardan, qordan, shamol va yomg‘irdan va hammadan ham, o‘z-o‘zimdan voz kechish men uchun hammasidan ham og‘ir. Mening nazarimda odam uni mozorga ko‘tarib ketishayotganini sezib turadi. Jasadni qabrga qo‘yib, boshiga tosh qo‘yib1 , ustidan tuproq tortishlari bilanoq, mayit sapchib turib, ovozi boricha dod solar ekan”, deb bekorga aytishmas ekanlar: “Meni bu yerda qoldirib ketmanglar! Meni o‘zlaring bilan birga olib ketinglar!” Shunday deb sapchib turganida uning boshi “taq” etib toshga tegadi-da, u boshqa dunyoga tushib qoladi. Shunda Munkar-Nakir kelib, uni so‘roqqa tutadi. Sening qismatingda nima borligini – do‘zaxmi yoxud jannatmi – bilmoq uchun qancha vaqt kutmoq kerak-a? Hoynahoy, ellik minginchi yillik kunigacha kutmoq kerak bo‘lar? Xo‘sh, o‘sha kun kelgunga qadar hech ish qilmay, bekorchilikda zerikib, kutib yotish kerak bo‘ladimi? Xo‘sh, betavfiq odamlarning ahvoli nima bo‘ladi? Nahotki, ellik ming yillik kuni kelgunga qadar, ularning jonlarini jannatga qachon kiritishlarini kutib poylab yotmoqlari kerak? Nazarimda, narigi dunyoda ham tartib yo‘qqa o‘xshaydi, mayli, tilim qirqilsa qirqilsin-u, lekin u dunyoda ham it egasini tanimaydigan ko‘rinadi. Balki bugun ellik ming yillik kuni yetib kelgandir, ehtimol, ertaga qiyomat qoyim bo‘lar va Isrofil surini chalib, bundan hammani ogoh qilar? O, parvardigor, buni sendan o‘zga hech kim bilmaydi. O, parvardigor, men sendan qo‘rqaman. Lekin yolg‘on gapirmayin – sen bormisan yo yo‘qmisan – ishonchim komil emas. Sen o‘zing odamlarning ko‘ngliga shubha-gumon solgansan va shu bilan nizolarga, qonli urushlarga yo‘l ochib bergansan. Bu dunyoda seni ko‘rgan biron inson bormi? Axir, qanday qilib, bir vaqtning o‘zida ham yo‘q, ham bor bo‘lish mumkin? Odamlarning gapiga qaraganda, sen yer yuziga o‘zingning bir yuz-u yigirma to‘rt ming payg‘ambaringni yuborgan ekansan. Ular odamlarni seni tan olishga va mavjudligingga ishontirishga da’vat qilmoqlari kerak ekan. Lekin sen bilasanki, ularning birontasi ham sening mavjudligingni isbot qilib berolmagan. Sen ularning qo‘liga qilich tutqazib, yer yuziga jo‘natgansan va odamlarga shu so‘zlarni aytishni buyurgansan: “Hoy, bandai ojizlar, mana, sizlarga qatiqdan qilingan taom. Istasanglar uni tanovul qilinglar, istamasanglar yemanglar, lekin uni alqab maqtamoqqa majbursiz, chunki bu sizga ko‘rsatilgan vallomatlikdir”. Albatta, odamlar senga ishonishsa juda yaxshi bo‘lardi. Lekin bunday bo‘lmasa-chi? Axir, kofirlarning joni, tani, molu mulki nest-nobud qilingani yo‘q-ku? Axir, ular ham sening bandalaring-ku?
U ko‘zga ko‘rinmaydi, u – vohid, u mohiyatsiz va jismsiz, u – lomakon. Biz esa unga ehtirom ko‘rsatmog‘imiz kerak, chunki u bizning yaratguvchimiz!”
Sening ta’rifing ana shunday. Lekin bu ta’rif menga seni tanib olishimga yordam bermadi, negaki, bu ta’rif sening mavjudliging mumkin emasligidan dalolat beradi. Shuning uchun men shu vaqtga qadar sening mavjudligingni ham, mavjud emasligingni ham bilolmay yuribman. Lekin men sendan qo‘rqaman, sening qahringdan qo‘rqaman, shuning uchun sening mavjudligingga o‘zimni ishontirishga urinaman. Agar bordi-yu, sen mavjud bo‘lmasang ham, mening imonim menga zarar keltirmaydi. Mening sendan qo‘rqishimning boisi shundaki, men azaldan qo‘rqishga ko‘nikib qolganman. Yo Olloh, bilaman, gunohlarim ko‘p, sening mehr-muruvvating bamisoli bir ummon, shafqating hududsiz, lekin shundoq bo‘lsa-da, men harchand tavba-tazarru qilmay, gunohlarimdan forig‘ bo‘lolmayman. Negaki, o‘zing bilasan, men odam o‘ldirganman, qotilman. O‘ldirganda ham bir emas, ikki emas, to‘qqizta odamni o‘ldirganman. To‘g‘ri, buni o‘z ixtiyorim bilan qilgan emasman. Meni qiynaydigan narsa shundaki, men ularni tanimas edim va ularning hech qaysisi menga yomonlik qilgani yo‘q. Ular, ehtimol, yaxshi odamlar bo‘lgan bo‘lsalar ham bordir. O‘zing har narsadan boxabarsan, meni bu intiqomga nima undaganini o‘zing yaxshi bilasan. Esingda bo‘lsa kerak, sening yerdagi noibing bo‘lguvchi edi. U – shahzoda edi, men uning mulozimi edim. Men sening emas, uning quli edim. Yoshligimda men odamlardan juda ko‘p yomonlik ko‘rganman va tajribasizligim tufayli shahzodaning yovuz niyatlarini ro‘yobga chiqarishda uning qo‘lida qurol bo‘lganman. Biroq nima uchun u – sening yerdagi soyang – odamlarni bemalol o‘ldirmog‘i mumkin? U qancha odamning yostig‘ini quritgan? Bilmadim, hisoblab ko‘rgan emasman. Menimcha, mingtadan kam bo‘lmasa kerak. Xo‘sh, bu jinoyatlarda kim aybdor? Ammo turgan joyimda til tortmay o‘lay – agar sen xohlamasang, bironta odam biron odam tugul, biron qumursqani o‘ldirishga haddi sig‘armidi?
Yoki anavi qizni olaylik. Joyi jannatda bo‘lsin uning. U bedafurush Abbosning qizi edi. Bu qizni men nobud qilganman. Ammo uning sharmandaligida mening nima aybim bor edi? Bu gunohni uning o‘zi qilgan emasmi? Yoxud bu gunoh uning otasining bo‘ynida emasmi? Otasi qizini menga xotinlikka berishni va’da qilgan edi. Ammo u bevaqt bandalikni bajo keltirib qoldi. Uni kafanlab, ko‘mib kelishga ulgurmaslaridan, men uning qizi bilan bir yostiqqa bosh qo‘ydim. Men unga juda ko‘p rahm-shafqat qildim, biroq u uyimdan qochib ketib, buzuqlik yo‘liga kirib ketdi. Menga bu to‘g‘rida gapirib berishganda, ko‘z o‘ngimni qorong‘ilik bosdi. Yo‘q, imonim komilki, bu ishda mening zig‘irdek ham gunohim yo‘q. Yosh edim, qiziqqon edim. Qiz esa hali butunlay go‘dak edi. Shunaqa ham go‘zal ediki, bunaqa go‘zalni hali dunyo ko‘rmagan edi. Ehtiroslarimiz o‘t oldi, birimiz olov, birimiz paxta bo‘ldik. Men uni qanday quchganim, ehtiros olovida butkul aqlimni yo‘qotib qo‘yganim o‘zingga ma’lum. Biroq u bo‘yida bo‘lib qolganidan keyin, odamlarning gap-so‘zidan qo‘rqib, mening uyimdan qochib ketdi. Agar men uni qayerdan izlashni bilganimda edi, topib, uyga qaytarib olib kelardim, uni o‘zini-o‘zi sharmanda qilishiga yo‘l qo‘ymasdim. Ammo u faqat bir haftadan keyingina topildi. Fursat o‘tgan edi. Bir haftaning o‘zidayoq u chirigan mevaday bo‘lib qolgandi. U g‘oyib bo‘lgan dastlabki kunlarda men uni o‘z joniga qasd qilgan deb o‘yladim. Uni so‘rab-surishtirmagan odamim qolmadi, lekin hech kim menga uning to‘g‘risida bironta ham xabar yetkaza olmadi. Hamma hovuzlar, quduqlarni qidirib chiqdim. Va nihoyat, uni topdim. Qayerdan topganim o‘zingga ma’lum. Shunday bo‘lsa ham, sharmandalikni bo‘ynimga olib, men o‘sha joyga bordim. Odamlar darrov hamma gapdan boxabar bo‘lishdi. Men uning bolani bir yoqli qilganini ko‘rdim, yuziga moy upalar surib olibdi, qoshlarida o‘sma, ko‘zlarida surma, har xil qalang‘i-qasang‘ilarga ilashib olibdi. Axir, badnom bo‘lgan bu qizni men qaysi yuz bilan uyimga olib kela olardim? Shunda unga qarab xitob qildim: “O, xudo bezori! Nechuk sen bunday qilding? Endi odamlarning ko‘ziga qanday ko‘rinasan?” Hoynahoy, ro‘y bergan falokatga sen meni va uni aybdor deb hisoblasang kerak? Lekin biz aybdor emasmiz. Bularning barini qilgan sen o‘zing-ku! Agar sen xohlamaganingda, biz bir-birimizni uchratmagan ham bo‘lardik. Bu gunohni qilish bizning peshonamizda yozilgan bo‘lsa, bu sening xohishing bilan qilingan-ku! Ammo sendan yolborib o‘tinaman – bu kirdikorni mening hisobimga yozib qo‘y. Qizning zarracha gunohi yo‘q. Bu – mening aybim. Yo‘q, bunda sening ham aybing bor. To‘g‘risini aytganda, agar sen chindan ham odil bo‘lsang, bu gunohni o‘z zimmangga olmog‘ing kerak. Axir, uning qayerga qochib ketgani senga ayon edi, mening esa bundan xabarim yo‘q edi. Shuning uchun ham uni qaytara olmagan edim. Lekin qizaloq juda ham allambalo edi-da! Mayli, uning hamma gunohlarini men olaqolay, shu paytga qadar o‘qigan namozlarimning hammasini uning hisobiga yozib qo‘y. Agar men uni topganimda hamma mol-mulkimni, boyliklarimni uning nomiga xatlab berardim. Men hech kimni uningchalik yaxshi ko‘rgan emasman. U badnom bo‘lganidan keyin avvaliga nafratim qo‘zib yurdi, endi esa men uni yana avvalgiday yaxshi ko‘rmoqdaman. Mening uchun uning qalbi ham, jismi ham pokiza. Agar men Karbaloga va Makkaga boradigan bo‘lsam, uning haqiga duolar o‘qiyman. Unda sen uni gunohlardan forig‘ etasan. Shunda uni Karbaloi va Makkai deb atasa bo‘ladi. Men ana shu nochor, zaifa qizaloqning boshiga solgan g‘am-g‘ussalarimni boshqa hech kimning boshiga solgan emasman. Bu gunoh butun umrim davomida qalbimni og‘ir bir toshdek ezib keldi. O‘zing ayt-chi, axir, men bu dunyoda chekkan dardu balolarim ozmidi? Hali u dunyoda ham men do‘zax azoblarini tortmog‘im kerakmi? Shunchalar ezilib ketganim yetmaydimi? Umr esa o‘tkinchi, biz hammamiz o‘lib ketamiz, shundoq bo‘lgandan keyin ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadigan bu qisqa umrda nega bizni qiynoqlarga mahkum etasan.
Aftidan, sen daftaringga allaqachon bu qizaloq baayni farishtaday ma’suma va bokira edi deb yozib qo‘ygan bo‘lsang kerak. O‘zing xabardorsan, qizning ota-onalari o‘z o‘g‘illarining oziq-ovqat mahsulotlari bilan ulgurji savdo qiladigan hoji Rahimning qiziga unashtirish marosimini o‘tkazishga ulgurib-ulgurishmay, sen qo‘qqisdan ularning hammasini – otasini, onasini, kuyov bilan kelinni, hoji Rahimning o‘zini ham va yana minglab odamlarni narigi dunyoga rihlat qildirding. Shunda qizaloq mening mahrimga tushdi. Nojo‘ya bir ish sodir bo‘ldi. O tangrim, o‘zingga ma’lum, o‘shanda bizning boshimizga dahshatli bir o‘lat yog‘ilgan edi. O‘shanda qanchadan-qancha begunoh odamlar o‘lib ketdi. Jasadlar ko‘chalarda taxlab qo‘yilgan xodalardek qalashib yotardi. Ularning yonlarida jon taslim qilayotganlar o‘lolmay tirishib yotishardi. Holbuki, yaqinginada bularning deyarli hammasi sog‘lom, baquvvat odamlar edi. Sen qayta-qayta ta’kidlab, qulog‘imizga quyasanki, biz bandalar hammamiz omonat va mo‘rtmiz. Hamma narsani qoldirib, u dunyoga rihlat qilmog‘imiz kerak. Biz qarindoshlarimiz, do‘stlarimiz, yaqinlarimizning jasadlarini o‘z qo‘limiz bilan qaro yerga qo‘yamiz. Ajal qatorlarimizdan odamlarni birin-ketin yulib olaveradi – u baayni qo‘tonga kirgan bo‘riga o‘xshaydi, odamlar podasi esa indamay o‘tlab yuraveradi. Sen ham bularning hammasiga tepadan indamay qarab turaverasan. Biz – sho‘ring qurg‘urlar esa ojizmiz. Nahotki, sening ustingdan turadigan xudo yo‘q, nahotki, sen hech kimga hisob bermaysan, nahotki, shuncha odamlarning jonini olayotganing uchun javob bermaysan? Sening uchun ro‘zi mahshar degan narsa yo‘qmi? Axir sen o‘z Xudoying oldida qilgan ishlaring uchun javob bermaysanmi? Sen mening butun hayotimni juda yaxshi bilasan. Men azob-uqubatlardan boshqa hech narsa ko‘rgan emasman. Hech qachon o‘z ixtiyorim o‘zimda bo‘lmagan. Loaqal shahzodaning qo‘lida xizmat qilib yurgan chog‘larimni olaylik. Uning qo‘lida hokimiyat bor edi, mol-dunyosi behisob edi, odamlarning mol-mulki, nomusi va hayotiga hukmi o‘tardi. Uning xohishi bo‘lsa bas, uning ko‘z o‘ngida birvarakayiga yuzta odamni osib yuboraverishardi. U qanchadan-qancha odamni nobud qildi, qanchadan-qancha qizning nomusiga tegdi. Axir, ular ham sening bandalaring edi-ku! Ularning birdan-bir ayblari shu ediki, ular o‘zlarini himoya qila bilmas edilar. Sen nima uchun qonxo‘r shahzodalarni yaratgansan? Esingdami, bir navqiron, quvnoq savdogar yigit uning ustidan shohga arz qilgan edi. Shunda o‘sha sho‘rlikning ta’zirini qanday bergani xotirangdami? Savdogar yigit qo‘qqisdan hech qanday sabab-bahonasiz o‘lib qoldi. O‘zining xonadonida, oila a’zolari davrasida olamdan ko‘z yumdi. Uni apil-tapil ko‘mdilar. Uning pullarini esa shahzoda o‘z hamtovoqlari bilan birga bo‘lashib oldi. Ularning hech qaysisi qilgan jinoyatlariga pushmon yeganlari yo‘q. Biroq boshqalar bilan mening nima ishim bor? Har kim o‘ziga-o‘zi javob beraversin. Mening o‘z taqdirim haqdagi tashvishlarim boshimdan oshib yotibdi. Axir, hamma narsa sening ixtiyoringda va men senga xalaqit berolmayman. Sen mening boshimga istagan jazoingni yubora olasan. Men hamisha sening mute quling bo‘lib kelganman. Men nimaiki qilgan bo‘lsam, hammasini faqat sening roziliging bilan va sening yordamingda qilganman. Sen mening hamkorim eding. Shuning uchun narigi dunyoda men qancha azob-uqubatlar tortsam, sen ham shuncha tortmog‘ing kerak. Sen bu dunyodan beaybu beg‘ubor ketaman deb o‘ylama. Sen o‘zingning manguligingdan quvonasan va hech kimdan tap tortmay yovuzlik qilaverishing mumkinligidan gerdayasan. Holbuki, mangulik o‘limdan badtarroq ekanini xayolingga ham keltirmaysan. O‘lgan odamni ertami-kechmi unutib yuborishadi, uning yaxshi-yomon ishlari to‘g‘risidagi xotiralar siyqalanib qoladi. Ammo sen mangusan. Dunyoga kelgan har bir odam sening unga atab qo‘ygan yomonliklaringga obdon to‘yib, keyin qabrga kiradi. Axir, ularning uvoli tutmaydimi? Seni hech kim yaxshi ko‘rmaydi. Odamlar qo‘rqinchli maxluqlardir. Sendan qo‘rqqanlaridan senga yergacha egilib ta’zim bajo keltirishadi. Lekin qalblarida butunlay teskari ahvol! Turgan joyimda til tortmay o‘lay, haddan ziyod ortiqcha narsalarni javrab yubordim, shekilli! O, tangrim, men – gunohkor bandangni o‘zing kechir. Avvallari sen bilan mana shunaqa bemalol gaplashsa bo‘ladi, deb sira o‘ylamagan edim. Har kuni namoz vaqtida men senga tavallo qilaman. Lekin bir chatoq joyi bor – aytadigan so‘zlarim arabcha. Ularning ma’nosiga tushunmay aytaveraman. Men o‘zimning hasratimni senga tushunarli tilda izhor qilsam der edim. Men eshitganman – ibodat so‘zlarida odamlarning hamma g‘am-g‘ussalari haqida gapirilar ekan, lekin namoz hech qachon mening ruhimni yengillatgan emas, negaki, men o‘zim aytgan so‘zlarimni o‘zim tushunmas edim. Men senga namozlarda aytilmagan gaplardan gapirsam, meni ezib kelayotgan gunohlarim haqida so‘zlasam deyman. Biroq nima uchun sen bilan faqat arab tilida so‘zlashmoq kerak? O, parvardigori olam, senga ona tilimda murojaat qilishga izn bergaysan. Ko‘p masalalarda senga hozir, o‘lib qolmasimdan, shu hayotda tavba qilishni istardim, negaki, narigi dunyoda buni qilolmay qolaman deb qo‘rqaman. Qiyomat qoyim bo‘lib, hammayoq ostin-ustun bo‘lib ketsa, qora quyosh osmondan odamlarning boshiga tushib ketsa, odamlar dardlarini senga aytib bera olarmidilar? Bu to‘s-to‘polonda, umuman birovning dardiga quloq soladigan topilarmidi? Narigi dunyoda ham bizning soqollarimiz sening qo‘lingda… O‘lganimizdan keyin ham biz to‘laligicha sening hukmingdamiz. Shundoq bo‘lgach, hozir o‘lmasimizdan oldin sening qoshingda o‘zimizni oqlab olishga izn ber. Agar biz bu dunyoda hamma azob-uqubatlarni boshimizdan kechirgan bo‘lsak, yana nima boisdan o‘zimizning hayotimiz uchun samolarda javob bermog‘imiz kerak? O, tangrim, sendan hech kim gunohlarini yashirib qololmaydi, ko‘nglimizdan nimalar kechayotgani hamisha senga ayon. Odamzod qancha uzoq umr kechirsa, uning har xil kirdikorlari ham shuncha ko‘paya boradi. Men gunoh qilaverib o‘rganib qolganman. Har bir yangi gunoh qilganimdan keyin borgan sari dadilroq bo‘la borardim. Bu dunyoda biror adolatsizlikka duch kelsam, tildan qolsam ham mayli, men uning aybdori sen deb hisoblayman. Yo Olloh, shunday qilginki, odamlar yomon ishlar qilishini bas qilishsin. Aks holda, bu yomon ishlar uzilmas zanjir kabi ularni bir-birlariga mustahkam bog‘lab qo‘yadi va jinoyatlarda bir-birlariga hamkor va ko‘makchi bo‘lishga majbur etadi. Nima uchun sen yerga shu qadar ko‘p payg‘ambarlaringni yuborgan bo‘lsang-da, kun sayin yerdagi yovuzliklarning soni ortib ketyapti? Axir, sen nega shaytonni bino qilding – u tunu kun sen bilan olishadi-ku?
Mana, men qabr ichida yotibman – o‘limdan qutula olmasligimni bilaman. Mening taqdirim sening qo‘lingda. Taqdirimgina emas – yer yuzidagi hamma baxtsizliklar – urushlar, qotilliklar, qurg‘oqchiliklar, xastaliklar ham – sening qilmishlaring. Men bir gunohkor banda bo‘lsam, bu ham sening xohishing tufayli. Shahzodaning buyrug‘i bilan men o‘ldirgan odamlarning hammasining qoni sening ham gardaningda. Agar anavi noshud qizning bo‘yida bo‘lib qolgan bo‘lsa, bunda ham sening aybing bor. Biz qizning vujudiga olib kirgan o‘sha haromining urug‘ini birga olib kirganmiz. Yo, Olloh, agar men xato gaplarni gapirayotgan bo‘lsam, meni kechir. Biroq gaplarim to‘g‘ri bo‘lsa, meni do‘zax azoblariga mahkum etma, men yetarli darajada ko‘rdim. Men nafaqat yomon ishlar qilganman, sen savob ishlar deb tan oladigan ishlarni ham qilganman – namoz o‘qiganman, ro‘za tutganman, muqaddas joylarni ziyorat qilganman, haj ziyoratini ado etganman, hayitlarda qashshoqlar haqiga ushr berganman. Lekin bunaqa ishlar bilan odam gunohlaridan forig‘ bo‘lolmaydi deb o‘ylayman. Gunohlarim yuki meni avvalgidek bosib yotipti. Buning ham sababkori sen, chunki meni sen yaratgansan, mening esa bo‘ysunishdan o‘zga choram bo‘lmagan, faqat sening narigi dunyodagi mehr-muruvvatingdan umidvor bo‘lganman, xolos. Endi men yana bir ish qilmoqchiman – bu ishni men o‘zim uchun savob deb hisoblayman. U to‘g‘rida sendan o‘zga hech kimga og‘iz ochmayman. Nima qilishim kerakligini men yaxshi bilaman – men toza vijdon bilan hayotdan ko‘z yummog‘im kerak. Men bu dunyoda yaxshi odam bo‘lmadim. Odamlarga mehr-shafqatni bilmadim. Xotinimni va farzandlarimni yomon ko‘rdim. Biroq bu yerda – qabrimga tushib yotganimda ko‘zim ochildi. Birinchi marta kirdikorlarimning hammasi ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ldi. Butun umrim davomida pul yig‘ib keldim. Xasis bo‘ldim, razillik qildim. Kunlardan birida o‘g‘lim Muhsin bilan uning farzandlari och qolishganini aytishdi. Ammo men ularning hayotini yengillatish uchun qo‘limni sovuq suvga urganim yo‘q. Yettita farzand tug‘ib bergan, mening xonadonimda umri o‘tib, qarigan Hojiya xonim mendan ozmuncha jabr ko‘rdimi? Men qilgan yomon ishlarning hisobiga yetib bo‘lmaydi. Biroq sen ularning hammasidan xabardorsan, chunki ularning ro‘y berishini o‘zing avvaldan belgilab qo‘ygansan. Bugundan e’tiboran men yangicha hayot boshlamoqchiman. Bu yerdan chiqib, to‘g‘ri xotinimning oldiga boraman, uning qo‘llarini o‘pib, kechirim so‘rayman. Hamma farzandlarimni bir joyga yig‘ib, ularni erkalataman. Umrim mobaynida har xil yo‘llar bilan to‘plagan sarmoyamni hisob-kitob qilib, ularga maktab, kasalxona, masjid quraman. Yo‘q. Masjid qurmayman. Masjidlar shundoq ham juda ko‘p. Qay tomonga qarama, hamma joyda masjidning minorasi so‘ppayib turganini ko‘rasan. Yaxshisi, masjidlardan biriga pul berib qo‘yaqolaman. Qolganini bolalarim bilan xizmatkorlarimga bo‘lib beraman. Yerlarning bir qancha bo‘lagini dehqonlarga taqsimlab beraman. Bu uyni kasalxonaga beraman, o‘zim esa biror kulbada turaman-da, sabr-toqat bilan mendan rozi bo‘lishingni kutaman. Ha, shundoq qilganim bo‘lsin. Axir, sarmoyalarimning biron chaqasi ham meniki emas. Ammo, gapning indallosini aytganda, men nima uchun butun topgan-tutgan boyligimni bolalarimga qoldirmog‘im kerak ekan? O‘zlari kunlarini ko‘ra olmaydilarmi, o‘zlarini boqa olmaydilarmi? Ular mening o‘limimni kutib, betoqat bo‘lib ketishyapti. Tezroq o‘lsam-u, ular tezroq merosga ega bo‘lishsa. Men bu zaharli ilonlarning yayrashiga yo‘l qo‘ymayman, menga desa, qirilib ketishmaydimi? Boshqa bu yerga kelmayman. Umuman, nima uchun men yazidlarning maqbarasini eslatadigan bu sag‘anani qurdim? Shu ishim uchun hamma ustimdan kulib yuribdi.
Hoji birdaniga o‘zini juda yengillashganini his qildi. Ko‘p yillar mobaynida saqlab kelgan gaplarini aytib, nihoyat yuragini bo‘shatib oldi. Shu zahoti kuchiga kuch qo‘shilganini, qat’iyati oshganini his qildi. O‘rnidan qo‘zg‘alishi ham oson kechdi. U ro‘yirost tik turdi, ikkala kaftini qabrning chetlariga qo‘yib, oyog‘i bilan uning devorlariga tayanib, bir sakrab yuqoriga chiqib olmoqchi bo‘ldi, lekin tanasi og‘irlik qildi, qo‘llari bilan oyog‘i ham dosh berolmadi. Qo‘rqqanidan hojining badanini muzdek ter bosdi.
Uning a’zoi badani dag‘-dag‘ qaltirardi. Oyoqlari taxta bo‘lib qoldi. U chuqurdan chiqishga yana bir necha bor urinib ko‘rdi, lekin hammasi behuda ketdi. Barmoqlari shilinib ketdi, butun badani uyushib qolgandi, yuragini esa oxir-keti ko‘rinmaydigan vahima chulg‘ab oldi. Birdaniga yuragida qattiq sanchiq turdi. Butun ko‘kragi muzlab qolgandek bo‘ldi – bunda o‘limning sovuq nafasi kelayotganday edi. Birdan ongi xiralashdi. U qichqirmoqchi bo‘ldi, biroq qichqirig‘i bo‘g‘zida qoldi. Barmoqlari yozilib ketdi, qo‘llari bo‘shashib, ikki yoniga behol osilib qoldi, tizzalarida qaltiroq turdi. Belida bir narsa qirs etib sinib ketganday bo‘ldi. Yuragi to‘xtab qolganday edi. Hoji jon taslim qilayotganini bildi. U chayqalib ketdi, qabrning tubiga yiqilar ekan, chuqur tepasida Xonnazirning engashib turgan yuzini ko‘rdi. Uning ko‘zlari dahshatdan chaqchayib ketgan edi. Hoji mulozimiga: “Meni bu yerdan olib ket! Men hali o‘lganim yo‘q!” deb qichqirmoqchi bo‘ldi. Ammo ovozi chiqmadi. Xonnazir bo‘lsa, boshini engashtirib, qabrga tikilgancha: “Lo iloha illolloh! Lo iloha illolloh!” deb kalima qaytarardi.
Ensiz derazalar panjarasidan botayotgan quyosh nurlari maqbaraga tushib, uning tubiga qonli dog‘larga o‘xshagan shu’la solib turardi.
Ruschadan Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 6-son