Simon Karmiggelt. Sigara (hikoya)

Qariya Bleekmans pensiyaga chiqqanidan buyon yurishning poyafzal tovoni kamroq yeyiladigan ajoyib usulini o‘ylab topgan va buni binoyidek o‘rganib olgan. Negaki, qirq yil non tashishdan boshqa ishga yaramagan odam, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, mo‘may pensiyaga umid qilmasa ham bo‘ladi. Nonvoyxona xo‘jayini unga qimorxonada bor–butuni boy bergan mijozga ko‘rsatiladigan muomalani qildi: odatda bunday odamning qo‘liga uyiga yetib olishi uchun poyezdning uchinchi klass vagoni chiptasi tutqaziladi. Mana endi Bleekmans katta ko‘chadagi toshday o‘rindiqda o‘tgan–ketganni kuzatib o‘tiradigan, hayotidan mamnun, avom safidan joy olgan. O‘z vaqtida Balzak bunday odamlar haqida «qiyomatda ular so‘roq–savolga chorlanganida Yaratgan o‘zicha hazil qilib, joyida bo‘lmasa, bunday odamlarning yuzlari ne bir ahvolga tushishini tasavvur qilish qiyin emas», deb aytgan ekan.
Bleekmans har kuni ertalab soat sakkiz yarimda pansion – ijarada yashaydigan uyidan chiqib, nimaniki tekin tomosha qilish mumkin bo‘lsa, hammasiga suqlanib–suqlanib qaraganicha shahar kezadi. Bunday paytda uning yo‘li albatta mahalliy bank binosi oldidan o‘tadi. Kecha bir beliyo‘g‘on, lekin juda epchil va serg‘ayrat – shu darajada serg‘ayratki, mashinasiga o‘tirayotib Bleekmansni turtib yubordi – boyvachcha ana shu bankdan otilib chiqdi.
–    Biror joyingiz lat yemadimi? – deb so‘radi u chol bir amallab o‘rnidan turgach.
–    Yo‘q, taqsir, – deb xijolatomuz javob berdi sobiq non tashuvchi. – Shukr, hammasi joyida. Xudo o‘zi asradi.
Beliyo‘g‘on mamnun bosh irg‘adi.
–    Mana, bir chekib, maza qiling, – dedi portsigarasini cho‘ntagidan chiqarar ekan.
Bleekmans shitob bilan joyidan jilgan mashinaning ortidan qo‘lida sigara ushlagancha angrayib qoldi. Oltinrang tasma bog‘langan sigara juda chiroyli va yug‘ongina edi. Maydalab yog‘ayotgan yomg‘ir junjiktirgan chol shosha–pisha yoqasini ko‘tarib, durustroq o‘rangan bo‘ldi va sigarani avaylabgina dimog‘iga olib bordi.
«Kamida bir gulden tursa kerak», – deb hayajon bilan xayolidan o‘tkazdi Bleekmans. Paltosining tugmasini bo‘shatib, sigarani ko‘krak cho‘ntagiga avaylab joyladi va qo‘liga favqulodda tushgan ushbu surur manbaidan nebir yo‘l bilan ko‘proq lazzat olish rejasini tuza boshladi.
Buni hech kim xalaqit bermaydigan va haydab chiqarmaydigan issiqqina joyda, qulay kursida bemalol o‘tirgancha maza qilib chekishim kerak, deb o‘yladi u.
U pansionga qaytmoqchi bo‘ldi, lekin bu fikridan darhol voz kechdi. Ilgariroq, Bleekmans pensiyaga chiqishidan avval, ba’zan yakshanba kunlari sigara chekishni ixtiyor etganida, uy bekasi, tutundan deraza pardasi xira tortadi, deb uning g‘oyat lazzatli onlarini zaharga aylantirar edi. Shu bois, uyga qaytmagani durust. Qahvaxonaga kira olmaydi – cho‘ntagi bo‘m–bo‘sh. Maydondagi avtobus bekati ayvonchasi esa to‘g‘ri kelmaydi – to‘rt tomoni ochiq, yelvizak.
U ana shunday ikkilanishlar domida ezilib turganida xayoliga birdan qiroatxona keldi. Tanish chollar shaharchada yaqinda ochilgan qiroatxonada tekinga kirib o‘tirish mumkin ekan, deb aytgan bo‘lsa–da, Bleekmansning unga qadam bosishga jur’ati yetmagan edi. Qimmatbaho sigara unga shu topda quvvat bag‘ishlaganday bo‘ldi.
«Ana o‘sha yerda bahuzur chekaman», – degan qarorga keldi u va dadil yo‘lga tushdi. Bora–borguncha ko‘ksini qo‘li bilan to‘sib, sigarani qayerlargadir behad shoshib ketayotgan o‘ziga o‘xshash piyodalar bilan to‘qnashuvlardan himoya qilib bordi. Qiroatxona mulozimi qishlik kiyimda ichkariga kirish mumkin emasligini aytganida, u ohori ketib qolgan paltosini ming bir avaylab yechdi.
Qiroatxonaning kursilari rostan ham yumshoq, havosi esa yoqimli edi. Bleekmans javondan bir qalin kitobni olib, kursiga bemalol joylashib o‘tirdi. Kitobni ochdi. Entsiklopediyaning «G» harfi bilan boshlanuvchi so‘zlar jamlangan jildi ekan. Janubiy Amerika markazidagi Gran–Chako tekisligiga bag‘ishlangan maqolani bo‘g‘inlab, juda qiynalib o‘qidi. Daryoning ikki sohilida yashovchi qirq ming hinduning hayotidan hayratga tusha–tusha kayfiyati sekin–asta ko‘tarilib, sigarani chekmoqqa kirishdi.
Sigaraning oltin tasmasini yechib o‘tirmadi. Uning uchini g‘oyat ehtiyotkorlik bilan tishlab ochdi va ichiga bahuzur pufladi. So‘ng bu sururli damlarni cho‘zish ishtiyoqida sekin gugurtni oldi.
–    Taqsir, – degan ovoz eshtildi birdan, – bu yerda chekish mumkin emas.
Bleekmans qizarib ketdi va tartib–intizom bekasidan uzr so‘radi. Sigarani yana ko‘krak cho‘ntagiga avvaylab joyladi. Gugurtni ham yashirdi. Endi qayoqqa borsin? Orzu–o‘ylariga erk berib, yana birpast o‘tirdi. Parovozning uzoqdan cho‘zib chiqirgani elas–elas qulog‘iga chalindi. Vokzaldagi kutish zali yodiga tushdi. Ha, ayni muddao! Kutish zaliga ham tekinga kirish mumkin.
Qiroatxona deganlari dimog‘dor kiborlarning makoni bo‘lgani uchun ham Bleekmans bu yerda bargday titrab–qaqshab o‘tirar, shaxt turib ketishga ham jur’ati yetmayotgan edi. Gran–Chako haqidagi maqolani oxirigacha o‘qib, kardinal Granvelaning tarjimai holiga oid ma’lumotlarni hijjalay boshladi, ammo gertsog Alba qo‘zg‘olonchilarga qarshi joriy etgan favqulodda sud – Qonli kengashga yetganida ta’bi xira tortib, kitobni yopdi.
–    Marhamat, paltongizni kiying, – dedi mulozim.
–    Behad minnatdorman, – qulluq qildi chol.
Bleekmans sigaraga biror ziyon–zahmat yetmasin, deb uni stol ustiga qo‘ydi va qo‘lini paltoning yengiga tiqdi.
–    Uh–hu! Sizga katta rahmat! – dedi mulozim. – G‘oyat noyob sigara. Ishdan keyin bahuzur chekkanim bo‘lsin.
Mulozim sigarani avaylabgina ichki cho‘ntagiga soldi.

Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2014 yil 6-son.