Samim Ko‘jago‘z. Botqoqlik (hikoya)

Yusuf titroq qo‘llari bilan butazorni oraladi. Ko‘zlarini goh yumib, goh ochib daryoning ikkala qirg‘og‘ini ham suzib o‘tdi. Botqoqlik ko‘rindi, unda yig‘ilgan loyqa suv tutashgan daryo yarim orol shaklini eslatardi. Botqoqlikda to‘shalib yotgan qum zarralari oftob nurida tovlanib yaltirardi.
Yusuf atrofga uzoq tikildi. Yuragi urishdan to‘xtayozdi. Ko‘zlarini chirt yumdi, ochganida ikki tomchi yosh oppoq soqoliga dumaladi. Bazo‘r oldinga ikki qadam tashladi, tizzalari dag‘-dag‘ titradi. Madorsizlanib cho‘kkaladi, titroq qo‘llarini tizzasiga qo‘ydi. Vujudidagi titroq pasaydi, hozir u haykal misoli daryoga tikilgancha tosh qotgan edi.
Yusuf uch kundan beri ho‘kizini qidiradi, so‘ramagan odami, izlamagan joyi qolmadi. U avvaliga ho‘kiz birovning dalasini payxon qilgan bo‘lsa, mirshablar og‘ilga qamab qo‘yishgan degan xayolga borgandi. Ammo ho‘kizning bunday odati yo‘q edi. Na o‘zi, na ho‘kizi harom luqma yemagan.
Yusuf ho‘kizning qayerga g‘oyib bo‘lganini endi tushundi, u dalani payxon qilmagan. Uch kundan beri qishloqqa yaqin dala, qir-adirlarni kezib chiqdi, odamlardan so‘rab-surishtirdi. Ammo ho‘kiz daryoning narigi tomoniga o‘tishi xayoliga ham kelmagan edi. O‘g‘li bilan ho‘kizni narigi sohildan qidirishga tushdi.
Yusuf uzoq vaqt bir joyda miq etmay turib qoldi, o‘g‘li kelib yoniga cho‘kkalaganda o‘ziga keldi. Yigitcha otasiga tikildi va bo‘g‘iq ovozda:
– Topolmadim ota, – dedi. Ota botqoqlik ustida charx urayotgan burgutlarni kuzatardi.
– Men topdim! – ming‘irladi u. Yigitcha otaning fikrini angladi. Jahl bilan:
– Botqoqlikda nima bor ekan-a, hayvon hayvonligiga boradi-da! – deya g‘ulduradi.
– Daryoning narigi qirg‘og‘iga o‘tmoqchi bo‘lgan, – dedi ota.
– U tomonda nima qiladi? – so‘radi o‘g‘il.
– Muborak mavsumda bekorchilikni xush ko‘rmasdi jonivor. Zerikkan bo‘lsa kerak. Sariq ho‘kizga o‘xshamasdi…
Yigitcha o‘rnidan turdi, daryoning chor atrofini egallagan botqoqlikka sinchiklab nazar soldi.
– Bo‘g‘ilganga o‘xshamaydi, unda suv oqizib ketgan bo‘lardi.
– Bo‘g‘ilmagan… Qornigacha loyga botgan.
– Bechora ho‘kizimiz harom o‘libdi-da.
– Hoy bola, nodonlik qilma, ho‘kiz tiriklayin shoqollarga yem bo‘lgan.
Yigitcha atrofiga alanglay boshladi.
– Tavba shu choqqacha shoqolning ho‘kiz yeganini eshitmagan ekanman.
– Men ko‘rganman. Ho‘kiz narigi sohilga o‘tish uchun botqoqlikka kelgan. O‘tayotib oyoqlari botqoqqa botgan. Tunda shoqol to‘dalashib ho‘kizga yopishgan. Ular ho‘kizginamning qornini yorib, ichak-chavog‘ini paqqos tushirishgan. Ho‘kiz bechora na qimirlay olgan, na ularning changalidan qochib qutula olgan. O‘lgunicha qiynalgan jonivor. Tong yorishganda qolgan-qutgan joylari burgut, qarg‘a-quzg‘unlarga yem bo‘lgan.
Yigitcha bir otasiga, bir ho‘kiz yotgan joyga alangladi. U gapini yana takrorladi:
– U tomonda nima bor ekan-a?
– Bekorchilikdan zerikkan dedim-ku…
Yusuf uf tortdi, soqollari titrab ko‘zlariga yosh keldi. “Balki u jonidan bezgandir… Go‘yo men bezmagandek… Bu ho‘kiz bila turib shoqollarga taslim bo‘lgan…”
Ular bir zum jim qolishdi. Sal narida botqoqlik ichida yotgan keksa ho‘kizning bosh tomonida ikkita burgut charx urib aylanardi. Mayin shabada o‘lik ho‘kizning badbo‘y hidini atrofga taratardi. Yusuf o‘zini qo‘lga oldi. Soqolini siladi: “Nima bo‘lganda ham achinarli o‘lim, botqoqqa botib jon berish… Qutulishning iloji yo‘q. O‘zini himoya qila olmaydi. Dushmanning ko‘ziga tikilgancha… Qanday dushmanga deng? Shoqol degan bir chaqaga qimmat qo‘rqoq dushmanga! Tuf! Alloh jazosini bersin… Mana, qirq yil bo‘libdiki, men ham shunday botqoqqa botib keldim… Birovlarning dalasida ishlashdan men ham to‘ydim, keksa ho‘kizim ham… Jonivor mendan ko‘ra aqlli ekan, mendan kuchli ekan… Bunday hayotdan voz kechdi…”
Yigitchaning ko‘zlari kattalashib otasining gapiga quloq soldi. Hayajondan nafasi tezlashib, qo‘llari musht holga keldi. Zo‘rg‘a gapirdi:
– Endi nima qilamiz?..
Yusuf o‘g‘lining savoliga yelka qisdi. Unga qarab: “Mening qiladigan ishim yo‘q… Seni bilmadim…” – dedi. Botqoqlik tomonga yura boshladi. Yigitcha ham ota izidan bordi. Ular o‘lik ho‘kizning yoniga kelishdi. Yusuf suvda oqib kelgan daraxt shoxini ushlab oldi. Burnini berkitib ho‘kizga tikildi: qorni teshilgan, qovurg‘alari ko‘rinib turardi. Ko‘zi osmonga tikilgancha qotib qolgan.
Yusuf qo‘lidagi shox bilan ho‘kizni daryoning tiniq suvlariga itardi. O‘g‘il otasiga yordam berdi. Ota-bola ho‘kizni daryoga oqizishdi. Ho‘kiz bir lahzada ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, keyin suv yuziga qalqib chiqdi.Suv ho‘kizni Yusufdan uzoqlashtira boshladi. Ota-bola uzoq vaqt ho‘kizning ortidan qarab qolishdi.
– Jonivor bo‘yinturuqdan xalos bo‘ldi, – dedi Yusuf.
Ota-bola botqoqlikdan butazorga qarab yo‘l oldi.

Turk tilidan Poshshajon Kenjayeva tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 5-son