Roziya Tujjor. Xayrli tun (hikoya)

– Sovqotyapman!
Ayol shunday dedi-da, piyoladan yuqoriga o‘rlayotgan bug‘ni tomosha qildi. Piyola chinnidan bo‘lib, kichkina va ingichka bir yoriq qizil gulning shoxlaridan o‘tib ketar, piyolaning yarim oy shaklidagi og‘ziga yetmasdan chap tomonga xiyol burilgancha bosh egib to‘xtardi.
– Sovqotyapman!
Yana bir marta aytdi. Bu safar ham erkak eshitmadi. Tashqarida shamol quturar, ufqning eng uzoq chegarasidan kulrang va og‘ir bulutlarning yetib kelgani aniq edi. Ammo yomg‘ir yog‘dirmasdan uzoq ekinzorlargacha borardilar. Faqatgina ovoz edi: deraza ortidagi chuqurga tushib ketganicha undan chiqa olmay gir aylanayotgan shamolning, shamolning ovozidan boshqa ovozni eshitmayotgan va uning ham ovozini hech kim eshitmayotgan hamda:
– Sovqotyapman! – deb aytayotgan ayolning ovozi edi.
Enkayganicha yozuv stolining ortida o‘tirardi. Qog‘ozga bir muzchechakning rasmini chizdi-da, unga sakkizta gulbarg soldi va yana… toki u kartoshkagulga aylanguniga qadar chizaverdi. So‘ngra ayol qizil rang-ning namligidan bir ozginasini unga sochdi-da uning uchun mo‘rt va tez sinadigan bir poya chizdi. Erkak kelib uni terishini, so‘ngra qarg‘aning qanotlariday qop-qora bo‘lgan sochlariga sanchib qo‘yishini kutdi. Ammo orqasini o‘girib olgan erkak televizorga termulib o‘tirardi. U go‘yo hech qanday kartoshkagulni bilmasdi.
Hafsalasi pir bo‘lgan ayol o‘rnidan turdi. Ust-boshlarini kiydi. Yalang oyoqlariga taqqan pozeblari ovoz berdilar:
– Jiring-jiring!
Ammo devor yuzidagi enkaygan soya boshini ko‘tarmadi.
Ayol xonani aylanardi. Bir marta, ikki marta… bir necha marta… Bulardan oldin, ana shu pozeblari bilan erkakning karavoti atrofida aylanganida yarim ochiq ko‘zlari bilan unga qanday qaraganini eslashga harakat qildi. Endi pozebning jiringlagan ovozlari chiqardi. Ammo erkakning soyasi haliyam enkayganicha turar, deraza ortida hushtak chalayotgan shamol uni yanada enkaytirardi.
Ayol to‘xtadi va erkakning karavoti atrofida sochilib yotgan qog‘ozlarga qaradi. Chizib tugatilmagan chizmalardan qoraygan shaxmatsimon qog‘ozlar: soyaboni ochilmagan ayol, soyabonini yarim ochib olgan ayol, soyabonini to‘la ochib olgan ayol, o‘nlab soyabonlar orasida sarosimaga tushib qolgan ayol, soyaboni bilan uchayotgan ayol, osmondan yerga qulab tushib parcha-parcha bo‘lib ketgan ayol, singan soyabonga suyanib turgan ayol – bularning barchasini erkak chizgan, u esa shunchalik mahoratdan hayratga tushgan edi. Qalam erkak barmoqlarining davomidek edi go‘yo. Erkak sigareta chekayotganga, sigaretasi kulini xuddi o‘shanday aniq va vasvasaga to‘lgan holda qog‘ozning ustiga chertib tashlar, so‘ngra qog‘oz ustidan barmoqlarini yurgizayotganga o‘xshardi.
Yana bir marta xonani aylandi va pozeblari ovoz berdilar:
– Jiring-jiring!
Oshxonaga o‘tdi. Birgina kichik devor uni xonadan ajratib turardi. Qaniydi erkak uning piyoz po‘stini archayotganini ko‘rsa. O‘tkir pichoq bilan uni yupqa pallachalar shaklida to‘g‘rar, so‘ngra yupqa piyoz pallachalaridan hosil bo‘lgan yarim oychalarni tovaga solib qovurardi. Oh, yarim oy kuyishi bilan suv soldi va u qaynay boshladi. Kichik ko‘pikchalar mil-mil qaynab, suv qa’ridan yuqoriga chiqib keldilar va idishning devoriga yopishdilar. Xuddi u erkakning qo‘liga yopishgisi kelgani kabi. Ammo chizma chizayotgan va sigareta chekayotgan erkak xonaga sutsimon oq nur taratayotgan televizorga tikilib qolgan, qoshlarining orasida qora xoli bor bir ayol ushbu xira nur ichra cho‘milar va unga qarab kulib qo‘yar edi. Pozeblarining ovozi shamolning ovozi ichra yo‘qolib ketayotgan edi. U guruchni qozonga solganidan keyin bir qatra qonning suv yuziga tarqalganini his qildi. Go‘yo sholikor bir ayolning qo‘lidagi suv uning ko‘ylagiga to‘kilib ketgandek.
Boshqa kiyimini kiyib olish uchun oshxonadan xonaga o‘tdi. Gullari katta-katta bo‘lgan yashil rangdagi ko‘ylak bo‘lishi kerak edi. Oyoqlariga taqilgan pozeblari ovoz berdilar:
– Men shu yerdaman, men shu yerdaman!
Shamolning ovozi baland bo‘lganligidan erkak boshini burib qaramadi. Hatto diktor ayol: “Xayrli tun, aziz tomoshabinlar”, deganidan so‘ng ham erkak oq ekran kichik qor uchqunlariga to‘lgunga qadar televizorga tikilganicha qoldi. Ammo diktor ayolning qora xoli haliyam ana shu oqlik orasidan ko‘rinib turardi.
Erkak boshini quyi soldi va chizishga tushdi: soyaboni ochilmagan ayol, soyabonini yarim ochib olgan ayol, soyabonini to‘la ochib olgan ayol…
Ayol shkaf tomonga borib, undan shol ro‘molini oldi. Sovqotib ketganidan yelkalarini shol ro‘molning qo‘llariga topshirdi. Kiyimilg‘ich tomonga borib, u yerda osig‘liq turgan bir dasta soyabonni qo‘liga oldi-da, deraza tomonga yurdi. Uning har ikkala tabaqasini ochdi. Orqasiga bir qarab qo‘ydi. Shamol uv tortib, qog‘ozlarni atrofga sochib yubordi. Erkakning soyasi qimirladi. Ammo oldingiday devor yuzida enkayganicha qoldi. Ayol tun jarligiga qaradi: chuqurdan chuqur edi. Deraza labiga oyoq qo‘ydi. Pozeblar ovoz berdi:
– Jiring-jiring!
Ammo soya boshini ko‘tarmadi. Ayol yana bir marta yelkasi osha ustidan qaradi. Shamol qog‘ozlarni uchirib televizorning o‘chgan ekraniga olib borib urdi. Tasviri endi ekran yuzida bo‘lmagan diktor ayol esa albatta bir kulib qo‘yib: “Xayrli tun”, degan edi hamki, erkak chalqancha yotib oldi-da, esnadi. Deraza oldida turgan u esa yuzini o‘girdi. Soyabonini ochib sovuq va qorong‘i jarlikka sakradi. Shamol shiddat bilan uni o‘zi bilan birga olib ketdi. Uzoqlashayotib, derazaning ochiq qolgan ikki tabaqasini qandaydir bir qo‘l yopganini sezdi. Balki, bu peshonasining o‘rtasida xoli bo‘lgan va televizorning sutsimon oq nuri ichra cho‘milayotgan va mayingina qilib: “Xayrli tun”, degan o‘sha ayoldir.

Forschadan Shokirjon Olimov tarjimasi