— Galaktikadagi eng yaxshi yerlar xarob bo‘ldi-ya, — bo‘yi yetti futga boradigan daroz va tiniq zangori yuzli mijoz og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi. Yirik-yirik ko‘z yoshlari bejirim va, chamasi, qimmatbaho ko‘ylagiga tomardi. Ammo chorak soatdan buyon hasratidan chang chiqadi-yu, gap nimadaligini anglab olish mushkul.
— O‘zingizni tuting, ser, — dedi Richard Gregor. So‘ng yong‘oq daraxtidan yasalgan qadimiy va bahaybat yozuv stoli ortida o‘tirgan ko‘yi o‘zini salobatli ko‘rsatishga urindi. — Tabiiy muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha astrologik-antientropik agentlik — qisqacha “TMSB-AAA” jamiki muammolaringizni hal qilib berishga tayyor.
— Ser, mabodo bizga boshingizga qanday ish tushganini tushuntirib bera olmaysizmi? — deb so‘radi Arnold o‘z navbatida xushmuomalalik bilan.
Mijoz hanuz o‘pkasi to‘lib, o‘zini tutolmasdi. Va nihoyat, supradek dastro‘mol bilan ko‘z yoshlarini artib bo‘lgach, “TMSB-AAA” firmasidagi sheriklarga umidli nigohini qadadi.
— Uyim kuydi! — deya yana zorlanishga tushdi u. — Xonavayron bo‘ldim! Eng yaxshi ekinzorlarim-a…
— Ahvolingizni tushunib turibmiz, ser, — deya unga dalda berdi Gregor, — ammo ayting-chi, xonavayron bo‘lishingizning sababi nimada?
Mijoz, nihoyat, o‘zini qo‘lga olib, hikoyasini boshladi:
— Sir sayyorasining Bitter-Lag shahri yaqinida fermam bor. Sakkiz yuz akrga yaqin maydonga g‘alla va boshqa xil ekinlar ekkanman. Shu oyda ular unib chiqishi kerak. Ammo ular unib chiqqan zahoti la’nati kalamushlar bitta qoldirmay yeb tashlaydi.
— Kalamushlar deysizmi? — ajablanib so‘radi Arnold.
— Ha, kemiruvchilarning alfiks dreks oilasiga kiruvchi turi bizda shunday deb ataladi. — Ko‘z yoshlari yana quyilib, mijoz dastro‘molini oldi. — Ayniqsa shu yil kalamushlarning haqiqiy bosqini bo‘ldi. Mening dalalarimda g‘ujg‘on o‘ynab yotishibdi. Ularni yo‘qotish uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rib chiqdim, biroq bu maxluqning o‘lishidan tug‘ilishi ko‘proq ekan. Hosilni yig‘ishtirib ololsam, katta daromad ko‘raman va sizlarga, jentlmenlar, agar shu balodan xalos qilolsangiz, juda yaxshi haq to‘layman.
— Sizga yordam berolsak kerak, — dedi Arnold ishontirib. — Turgan gapki, avvaliga shart-sharoit bilan tanishib chiqishga to‘g‘ri keladi. Nimaga duch kelishimizni oldindan bilganimiz ma’qul-da.
— Boshqa firmadagilar ham shunday deyishgandi. Biroq fursat g‘animat, — dedi sirlik o‘kinch bilan. — Ekinlarimga butun boyligimni tikkanman. Yana ikki haftadan keyin ular unib chiqadi va shu zahotiyoq kalamush balosiga duchor bo‘ladi. Jentlmenlar, sizlar bu ofatni ekinlar unib chiqquncha daf qilmog‘ingiz kerak.
Gregorning ozg‘in ot yuzida quvonch alomati sezilmaydi. U biron qarorga kelishda va xatti-harakatlarida o‘ta ehtiyotkor bo‘lib, hozirgiga o‘xshash shoshma-shosharlikni yoqtirmasdi. Arnold o‘ziga ortiqcha ishonishi va maqtanchoqligi oqibatida amalda bajarib bo‘lmaydigan shartnomalar tuzar va shuning kasriga firma qariyb doim zarar ko‘rardi. Gregor bunga imkon qadar qarshilik ko‘rsatib keladi. Biroq, bir tomondan, antientropik agentlik faoliyati kabi ishni boshlab qo‘ygan bo‘lsang-u, ikkinchi tomondan, cho‘ntagingda shamol o‘ynab yursa, tavakkal qilishga ham to‘g‘ri kelarkan, chog‘i. To‘g‘ri, keyingi paytlarda ularning omadi yurishib, uncha-buncha daromad ham yig‘ilib qoldi, lekin baribir Gregor o‘ylab qadam bosish tarafdori edi. Shu bois ham sherigining nigohi g‘alati chaqnayotgani uni shubhaga solardi.
Mijozning o‘ziga-ku ishonsa bo‘ladigan ko‘rinadi, biroq Gregorni bu dudmal ish nima bilan yakunlanishi xavotirga solardi. Kim biladi deysiz, balki kalamushlar aslida qo‘llarida blaster tutgan norg‘ul qaroqchilardir. “TMSB-AAA” firmasida shunga o‘xshash nogahoniy hollar ham uchrab turgan.
— Dala zararkunandalari bilan kurashishga avvallari ham unnab ko‘rganmisiz? — deb so‘radi u sirlikdan.
— Bo‘lmasa-chi. Ammo uchuvchi visyuklar, o‘rmalovchi skeglar yoki oddiy gnilga qarshi kurash unchalik muammo emas. Bular fermer o‘rganib qolgan tashvishlar.
— U holda nega endi kalamushlar muammoga aylanib qoldi?
— Men qayerdan bilay! — deya to‘ng‘illadi sirlik jahl aralash. — Ochig‘ini aytinglar, pul ishlab olishni xohlaysizlarmi, yo‘qmi?
— Albatta-da! — dedi Arnold shosha-pisha. — Hoziroq ish boshlashga tayyormiz…
— Avval sherigim bilan maslahatlashib olishimiz kerak! — Gregor suhbatni shartta bo‘lib, Arnoldni yo‘lakka sudrab chiqib ketdi.
Kaltabaqay va do‘mboq Arnold har doimgidek g‘ayrat-shijoatga to‘lug‘. Uni, diplomli kimyogarni hamma-hamma narsa qiziqtiradi. Miyasi o‘nlab ilmiy va texnik jurnallardan olingan eng g‘aroyib ma’lumotlarga g‘ij-g‘ij to‘la, bu jurnallarga obuna bo‘lish esa firma mablag‘iga zarar yetkazmay qolmaydi, albatta.
Ammo buni qarangki, shu tarzda to‘plangan ma’lumot amalda foyda keltirmaydi. Chunonchi, Arnold Deneb-Iks sayyorasining tubjoy aholisi o‘z joniga yalpi qasd qilishning eng samarali usulini zo‘r berib izlashi yoxud Drey yulduz turkumidagi hayvonot olami uchuvchi turlarning o‘zidangina iborat ekanining sababi kimni ham qiziqtirardi deysiz.
Biroq, shunday bir odam topilib qolgudek bo‘lsa, Arnold jon-jon deb o‘z bilimidan bahramand qilishi turgan gap.
— Xo‘sh, bu gal qanday chigal muammoga ro‘para kelarkinmiz? — dedi Gregor do‘stiga qarab. — Alfiks dreks oilasining o‘zi nima?
— Kemiruvchilarning bir turi, — dedi javobga shay Arnold. — Bizning Yerdagi kalamushlardan sal kichikroq va u qadar tajovuzkor emas. O‘txo‘r, dalada, maysazor va butazorlarda yashaydi. Diqqatni tortadigan hech nimasi yo‘q.
— Shunday degin. Xo‘sh, u yerda bu kemiruvchi o‘nlab million bo‘lsa-chi?
— Yanayam yaxshi-da. Men jiddiy gapirayapman, agarda mijoz biz yo‘qotadigan kalamushlarning har bir elliginchisini unga keltirib berishimizni so‘raganida bu ishga bosh qo‘shmagan bo‘lardim. Chunki u holda qolgan umrimizning barini oxirgi besh-oltita maxluqni izlab topishga sarflashimiz xavfi tug‘ilardi. Biroq, men tushunishimcha, bizdan kalamushlar sonini avvalgi, bu qadar ko‘payib ketmagan paytdagi darajasiga tushirib berish talab qilinayapti, xolos. Bu ishni esa, mabodo shartnomada barcha jihatlarni kelishib olsak, bemalol uddalaymiz.
Gregor bosh irg‘adi. Sherigi ishning ko‘zini bilishi ahyon-ahyonda bo‘lsa ham har qalay ko‘rinib turadi.
— Biz ularni o‘z vaqtida yo‘qotishga ulgura olarmikanmiz? — deb so‘radi u baribir.
— Shak-shubhasiz. Kemiruvchilarga qarshi kurashning bir necha turi mavjud. Shulardan biri morganlashtirish — yomon emas. Shuningdek, Turne tizimi ham samarali. Mana, ko‘rarsan, kalamushlarni qirib tashlash uchun bir necha kundan ortiq vaqt bizga kerak ham bo‘lmaydi.
— Bo‘pti, — dedi Gregor, — faqat, biz alfiks dreks oilasiga mansub kalamushlarning o‘zi bilangina shug‘ullanishimiz shartnomada aniq ko‘rsatilishi kerak. Shunda boshqa ishkal chiqmaydi.
— Ma’qul.
Ular xonaga qaytishdi. Shu zahotiyoq shartnoma tuzilib, unda “TMSB-AAA” firmasi buyurtmachining fermasidagi kalamushlarni bir oy muddat ichida mumkin qadar ko‘proq qirib tashlash vazifasini o‘z zimmasiga oldi, tejab qolingan har bir kun uchun sheriklar qo‘shimcha mukofot oladigan, ammo muddatdan o‘tib ketgan har bir kun uchun jarima to‘laydigan bo‘lishdi.
— Sizlar bu ish bilan ovora bo‘lguningizcha, men dam olishga ketaman, — dedi sirlik. — Biroq, hosilni saqlab qolishingizga chindan ham ishonasizlarmi o‘zi?
— Xavotir bo‘lmang, — deya uni xotirjam qildi Arnold. — Bizda morganlashtirish va zararlangan yerlarga Turne tizimi bo‘yicha ishlov berish qurilmalari bor. Har ikkala usul ham nihoyatda samarali.
— Bilmadim-ov, — dedi mijoz, — ularni o‘zim ham qo‘llab ko‘rganman. Balki biron nimasini tushunolmagandirman. Mayli, bo‘lmasa, jentlmenlar, sizlarga omad tilayman.
Gregor bilan Arnold uning ortidan yopilgan eshikka uzoq vaqt tikilib qolishdi.
Ertasi kuni do‘stlar kemaga asbob-uskunalar, dasta-dasta qo‘llanmalar, zaharli kimyoviy moddalar, qopqonlar va kemiruvchilarni qirib tashlash uchun mo‘ljallangan boshqa qurilmalarni ortib, Sir sayyorasiga yo‘l olishdi.
Biron-bir sarguzashtsiz o‘tgan to‘rt kunlik sayohat so‘ngida esa ular, nihoyat, Sir sayyorasining yam-yashil dalalarini va Bitter-Lagning sohil chizig‘ini ko‘rishdi. Xaritaga qarab, qo‘nish joyini belgilab olishdi.
Mijozlarining fermasi Berni-spirit chindan ham go‘zal go‘sha ekan: bir tekis haydalgan dalalar, bo‘liq o‘tli maysazor, shox-shabbasi qalin asriy daraxtlar oqshomgi osmon fonida qop-qora bo‘lib, savlat to‘kib turishibdi. Mo‘jazgina, ammo, chamasi, anchagina chuqur anhor esa suvining lojuvard tiniqligi bilan hayratga soladi.
Biroq tashlandiq holat va kalamushlar bosqini izlari ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Maysazorning har yer-har yerida yalang‘och joylar ko‘zga tashlanadi, uy atrofidagi daraxtlar yaprog‘i qurib, qovjirab ketgan. Uy ichidagi ahvol ham shu: jihozlaru devorlarda va hatto shiftdagi ulkan to‘sinlarda ham kalamush tishlarining izi ko‘rinadi.
— Ha, boyaqishning omadi kelmabdi, — dedi Arnold mijozga achinib.
— Aksincha, biz boyaqishlarning omadimiz kelmadi, — deb uning so‘zini to‘g‘riladi Gregor.
Ular uy ichi bilan tanishib chiqishar ekan, tirqishlarga yashirinib olgan kalamushlarning uzluksiz chiyillashi eshitilardi. Arnold bilan Gregor xonalar eshigiga yaqinlashganda esa ichkaridan jonholatda qochayotgan maxluqlarning shovqini eshitildi. Biroq, ular hanuzgacha bironta ham kalamushni ko‘risholmadi, chaqirilmagan mehmonlar paydo bo‘lmasidanoq tekinxo‘rlar qochib qolishga ulgurishardi.
Qosh qorayib, ish boshlashga kech bo‘ldi, biroq Arnold bilan Gregor bu kemiruvchilarga qarshi qaysi biri samaraliroq ekanligini aniqlash uchun tuzoqlarning barcha xilini qo‘yib chiqishdi. Shundan keyin do‘stlar uyquqoplarni tayyorlab, dam olishga chog‘lanishdi.
Arnold har qanday sharoitda uxlab ketishga qodir edi, ammo Gregor uchun bu tun yoqimsiz kechdi: bir dunyo kalamush shu qadar o‘yin ko‘rsatib chiqdiki, asti qo‘yaverasiz. Ular polda yugurib yurgani, stol-kursilarning oyoqlariga urilishlari, eshikni g‘ajib, devorlarga tirmashganlari yaqqol eshitilib turardi. Gregorning endigina ko‘zi ilingandi hamki uchta eng surbet maxluq ko‘kragiga chiqib olsa bo‘ladimi? Ularni sidirib tashlab, uyquqopga yaxshiroq burkanib olgachgina, u har qalay bir necha soatga mijja qoqa oldi.
Ertalab sheriklar qopqonlarni tekshirib chiqib, hammasi bo‘shligini ko‘rishdi.
Kemadan yuklarni tushirish, Morganning bahaybat qurilmasini yig‘ish va o‘rnatishga bir necha soat ketdi. Arnold so‘nggi qismlarni o‘rnatayotganda Gregor Turne qurilmasini sozlab, uy atrofini elektr simlari bilan o‘rab chiqdi. Nihoyat, do‘stlar tayyorgarlikni yakunlab, kemiruvchilar yalpi qirilishini kutib o‘tirishdi.
Peshin ham bo‘ldi. Sir sayyorasining mo‘jazgina, lekin jazirama quyoshi tikkaga kelgandi. Morgan qurilmasi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgandek betinim guvillaydi. Turne qurilmasi simlaridan ketma-ket ko‘k uchqunlar sachrab turibdi.
Boshqa hech nima bo‘lgani yo‘q.
Kutish soatlari cho‘zilganidan cho‘zilib ketdi, Arnold kemiruvchilarga qarshi kurash bo‘yicha jamiki qo‘llanmalarni o‘qib chiqishga ham ulgurdi. Gregor titilib ketgan bir dasta qarta olib, xo‘mraygan ko‘yi pasyans tera boshladi. Qurilma unga ilova qilingan yo‘riqnomada va’da berilganidek bir maromda ishlab turardi. Ammo shu vaqtgacha u yutib yuborgan elektr quvvati kichikroq bir shaharchani yoritishga yetardi.
Vaholanki, bu tajriba natijasida aqalli bitta kalamushning ham o‘ligi ko‘rinmadi.
Kechga borib esa bu kalamushlarga na morganlashtirishu na turnelashtirish zarracha qo‘rqinchli emasligi uzil-kesil ma’lum bo‘ldi. Shomlik taom va bu yog‘iga endi nima qilish kerakligini maslahatlashib olish payti ham keldi.
— Ular xavf-xatardan qochib qutulishga qanday qilib muvaffaq bo‘layapti ekan-a? — deb so‘radi Gregor tashvishli qiyofada. U bir qo‘lida o‘z-o‘zidan isuvchi go‘shtli konservaning ochiq idishini tutib o‘tirardi.
— Mutatsiya, — darhol javob berdi Arnold.
— Ha, shunday bo‘lishi ham mumkin. Noyob aql, moslashuvchanlik…
Gregor xayol og‘ushida go‘sht chaynardi. Ular o‘tirgan oshxonada kemiruvchilarning tirnoqlari pol tirnashi, tanalarining devorga ishqalangan tovushi uzluksiz eshitilib turar, biroq hanuzgacha bironta ham kalamush ko‘rinmasdi.
Arnold olmali qandolat qog‘ozini ochdi.
— Mutatsiya bo‘lganda ham g‘oyat g‘aroyibi ro‘y bergan, jin ursin! Biz qanday bo‘lmasin aqalli bitta kalamushni tutishimiz lozim, aks holda nima baloga duch kelganimizni bilolmay o‘tiraveramiz.
Biroq hatto bittagina kalamushni tutish ham mingtasini qirib tashlashdan oson emas ekan. Maxluqlar ko‘rinmas, qopqonga tushmas, xo‘rak, tuzoq va mast qiluvchi narsalarni aylanib o‘tardi.
Yarim kechaga borib Arnoldning ham toqati toq bo‘ldi:
— Bu aqlga sig‘maydi-ku, axir!
Gregor parishon holda bosh irg‘adi. U qopqonning yangicha xilini o‘rnatish bilan ovora edi — bu metall qutining ikki tomonidagi eshiklari lang ochiq, biron kalamush kirib qolsa, fotoelement signali bo‘yicha eshiklar bir lahzada yopiladi.
— Mana endi ko‘ramiz tomoshani, — dedi tayyorgarligini tugatgan Gregor mamnunlik bilan. Qutini oshxonada qoldirib, o‘zlari mehmonxonaga o‘tishdi.
Qopqon eshiklari qarsillab yopilganida tungi soat ikki yarim edi. Arnold bilan Gregor oshxonaga otilishdi. Quti ichidan shovqin, devorni tirnash tovushi va chiyillash eshitilib turardi. Gregor chiroqni yoqib, qutini tikka qilib qo‘ydi. Keyin, sayqallangan va silliq devorchadan hech qanday kalamush tirmashib chiqa olmasligini juda yaxshi bilib tursa ham, yuqori eshikni o‘ta ehtiyotkorlik bilan, asta-sekin ocha boshladi.
Chiyillash kuchaydi.
Har ikkala sherik nihoyat yengilib, qo‘lga tushgan kalamushni ko‘rish maqsadida qopqon ichiga qiziqib qarashdi. Ammo hech nimani ko‘rishmadi. Quti ichi bo‘m-bo‘sh edi.
— U qochib ketishi mumkin emas! — deya xitob qildi hafsalasi pir bo‘lgan Arnold.
— Metall devorchani g‘ajishi ham… Shoshma, shoshma? Eshitayapsanmi?
Quti ichidan hanuz tipirchilagan, chiyillagan tovush eshitilib turar, go‘yo kalamush qutulib chiqishga jon-jahdi bilan urinib, devorchalarni beto‘xtov timdalayotganday edi. Gregor quti ichiga qo‘lini tiqib, devorchalarni ohista paypaslab ko‘ra boshladi.
— O‘-ho‘! — deb yubordi u birdan va qo‘lini darrov tortib oldi.
Ko‘rsatkich barmog‘ida tishlarning ikkita kichik izi ko‘rinib turardi. Quti ichidagi shovqin kuchaydi.
— Biz ko‘rinmas kalamushni tutib olganga o‘xshaymiz, — dedi Gregor sarosimali bir qiyofada.
Sir sayyorasilik mijoz Katakinni-klaster sayyorasida, “Majestik” mehmonxonasida dam olayotgan ekan. U bilan sayyoralararo telefon orqali bog‘lanish uchun ikki soat vaqt ketdi.
Gregor suhbatni qichqirishdan boshladi:
— Kalamushlaringiz ko‘rinmas ekanligi haqida siz umuman og‘iz ochmadingiz-ku?!
— Be, nahotki? — sirlik ajablandi. — Nachora endi, parishonxotirlik-da. Xo‘sh, bu bilan nima bo‘pti?
— Gap shundaki, shartnomani siz buzdingiz! — Gregor hanuz baqirardi.
— Bekorlarni aytibsiz. Men bilan tasodifan bir mehmonxonada dam olayotgan advokatimning aytishicha, hayvonlarning ko‘rinmasligi tabiiy himoya xususiyati sifatida baholanadi. Misol uchun rangini o‘zgartirishi singari. Binobarin, bu haqda shartnomada qandaydir g‘ayrioddiy hodisa sifatida eslatib o‘tish talab qilinmaydi. Darvoqe, huquqshunoslik amaliyotida ham ko‘rinmaslik holati e’tiborga olinmaydi, hatto shu hodisa mavjudligini isbotlab berish imkoniyati bo‘lgan taqdirda ham. Hakamlar bu hodisani “nisbiy ko‘rinish” deb atashadi. Qisqasi, kalamushlar ko‘rinishi-ko‘rinmasligi shartnoma buzilishiga hech qanday bahona bo‘lolmaydi.
Bu xil surbetlikdan Gregorning dami ichiga tushib ketdi.
— O‘zingiz yaxshi bilasiz-ku, biz bechora fermerlar o‘zimizni o‘zimiz himoya qilishimizga to‘g‘ri keladi, — deb so‘zida davom etardi sirlik. — Biroq, men sizlarning qobiliyatingizga, topshirilgan ishni uddalay olishingizga ishonaman. Xayr, omad yor bo‘lsin!
— O‘zini himoya qilishni juda yaxshi bilarkan, jin urgur, — dedi Arnold go‘shakni qo‘yarkan. — Mabodo biz kalamushlarning bu ko‘rinmas qo‘shinini yo‘qota olsak, u juda katta yutuqda qoladi. Aks holda, shunchaki xarajatlarni to‘laydi-yu, shartnomani bajara olmaganimiz uchun bizga jarima soladi, xolos.
— Ular ko‘rinadimi, yo‘qmi, morganlashtirish o‘z ta’sirini o‘tkazishi kerak-ku, axir! — Gregor o‘jarligini qo‘ymasdi hanuz.
— Biroq amalda hech narsa bo‘lmayapti, — e’tiroz bildirdi Arnold.
— Buni-ku ko‘rib turibman. Ammo nima uchun? Qopqonlar nega ishlamadi? Turne tizimi-chi?
— Chunki bular ko‘rinmas kalamushlar.
— Nima bo‘pti? Ko‘rinmasa ham hid sezish qobiliyati saqlanib qolgan-ku! Ular oddiy kalamushlar, axir va buni o‘zlari ham tushunishadi. Yo sening fikring boshqachami?
— Bilasanmi, — dedi Arnold o‘ylanib, — agar ularning ko‘rinmasligi mutatsiya oqibati bo‘lsa, demak, hid bilish va boshqa sezgilari ham o‘zgarishga uchragani ehtimol.
Gregor parishon holda xo‘mrayib o‘tirardi.
— Kalamushlarning sezgi a’zolaridagi bu xil o‘zgarishlar bizdan ularga qarshi kurash usullarini ham tegishlicha o‘zgartirishni talab qiladi. Buning uchun esa avvalambor kalamushlarning bu turi boshqa, oddiy kemiruvchilardan nimasi bilan farq qilishini aniqlab olmog‘imiz lozim.
— Ko‘rinmaslik xususiyatlaridan tashqari, albatta, — deya qo‘shimcha qildi Arnold.
Xo‘sh, ko‘rinmas kalamushlarning sezgi a’zolarini qanday qilib tekshirib ko‘rish mumkin? Gregor bu savolga javob topishni fermerning uyidagi jihozlarning eng pishiqlaridan o‘ziga xos labirint qurishdan boshladi. Uning fikricha, labirint devorlari ular yonidan kalamush yugurib o‘tayotgan paytda kuchli yoritilmog‘i lozim. Ana shu tufayli kemiruvchilarning harakat yo‘nalishini o‘rganish mumkin bo‘lar.
Arnold esa kalamushlarni ko‘rinadigan qiluvchi bo‘yoqni izlash bilan ovora. Bo‘yovchi moddalardan biri shu qadar kuchli ekanki, bir necha daqiqaga kalamushni tabiiy holatiga qaytardi. Arnoldning ko‘z o‘ngida g‘oyibdan sezgir tumshug‘i serharakat, ko‘zlari g‘alati pirpirab turgan kemiruvchi paydo bo‘lishi xuddi sehrgarlikdek edi. Maxluq unga bir zum loqayd tikilib turdi-da, so‘ng bamaylixotir, hech bir hadiksiz orqasini o‘girib oldi. Keyin esa modda almashinuvining o‘ta tezkor jarayoni bo‘yoqni singdirib yubordi va kalamush yana ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Gregor o‘z navbatida labirint bo‘ylab quvib yurib, ko‘rinmas kalamushlardan har qalay o‘ntachasini tuta oldi, ammo ular haddan ziyod bo‘ysunmas bo‘lib chiqdi. Aksariyati taklif etilgan yo‘nalishga yurmas, yegulikdan bosh tortar, u bilan o‘ynashib ko‘rgani holda totinishga aslo unamasdi. Ularga hatto elektroshok ham ta’sir qilmadi.
Biroq, umuman olganda, tajriba qandaydir natija berdi. Misol uchun, sheriklar o‘zlari bilan keltirgan qurilmalar ushbu hol uchun mutlaqo yaroqsizligini tasdiqladi.
Har qanday bahaybat asbob-uskuna singari Morgan va Turne tizimlari ham oddiy kemiruvchilarga mo‘ljallangan. Ularni esa ochlik va qo‘rquv singari asosiy sezgilariga asoslangan holda qopqonga tushirish, qirib tashlash mumkin. Ushbu qurilma faqat shu xil hayvonlarga mos kelardi.
Kemiruvchilarning aksariyati oddiy tur vakillari ekanligida hamma ish risoladagidek boravergan. Hayvonlar o‘zgarishi bilan ularga qarshi kurashning ham yangi usuli darkor bo‘lib qoldi. Bu fermadagi kalamushlar esa ko‘rinmas ekanliklariga ko‘nikib ketgan.
Endi ularda qo‘rquv, vahima tuyg‘usi yo‘qoldi, chunki hech bir jonivorni hech kim ko‘rmas, binobarin, ta’qib ham etmasdi. Qochib qolish va ovqatga tashlanish zarurati ham yo‘qoldi, ular endi yegulikni istagan paytda, istagan joydan topa olishardi. Ya’ni, hamisha to‘q yurishadi. Shunday ekan ishtahani ochuvchi hid ham, g‘alati shakldagi narsa ham yoki yangi xil tovush ham kemiruvchilar diqqatini tortmaydi.
Morgan va Turne tizimlari yordamida ko‘rinmaslikdek yangi holatga moslashib ulgurmagan yoxud qandaydir sababga ko‘ra moslasha olmagan ayrim kalamushlarnigina yo‘qotish mumkin, bu hol esa qolgan barcha kemiruvchilarni yangi sharoitga tezroq moslashishga undaydi, xolos.
Xo‘sh, u holda kalamushlarning azaliy dushmanlari va tabiatda muvozanatni saqlab turishga mas’ul hayvonlarga nima bo‘lgan? Buni bilish uchun Arnold bilan Gregor mahalliy hayvonot olamini zudlik bilan o‘rganib chiqishlariga to‘g‘ri kelardi.
Xullas, ular asta-sekin, bir dalil-isbot ortidan ikkinchisini qo‘lga kiritish orqali bu yerda ro‘y bergan hodisani taxminan bo‘lsa ham aniqlay olishdi. Sir sayyorasida kalamushlarning o‘z dushmanlari: uchuvchi visyuklar, driglar, daraxtda yashovchi skurllar va omenyugalar bor.
Biroq bu behisob maxluqlarning bari tezlikda o‘zgara olmagan, albatta. Avvalambor, bu jonivorlar ko‘rinarli mavjudotlar olamiga mansub bo‘lib, hid bilish ular uchun qo‘shimcha vosita hisoblanadi. Kalamushlar hidi qanchalik kuchli bo‘lmasin, ovga chiqqan dushmanlari asosan o‘z ko‘zlariga ishonishga o‘rgangan. Shu sababli ham ular kemiruvchilar o‘rniga o‘zlariga o‘xshash hayvonlarni ovlashga o‘tib, ko‘rinmas jonivorlarni o‘z holiga tashlab qo‘yishgan.
Bu hol esa kalamushlar ko‘paygandan ko‘payib ketishiga olib kelgan.
Shu tariqa “TMSB-AAA” firmasi kemiruvchilar bosqinini to‘xtatishga ojizligi ma’lum bo‘lib qoldi.
Keyingi hafta ham biron natijasiz o‘tdi.
— Biz ishni noto‘g‘ri boshladik, — dedi Gregor o‘ychan holda. — Avvalo bu yerda kalamushlar nega ko‘rinmas bo‘lib qolganini aniqlashimiz kerak. Ana o‘shandagina ularni yo‘qotish yo‘lini topa olamiz.
— Aytdim-ku — mutatsiya, — Arnold o‘z so‘zida turib oldi.
— Men bunga ishonmayman. Hali biron mavjudot mutatsiya oqibatida ko‘rinmas bo‘lib qolgani yo‘q. Shunday ekan, kelib-kelib kalamushlar shu hodisaga uchraydimi?
Arnold yelkasini qisdi.
— Buqalamunni esla. Ba’zi hashoratlar borki, shoxchalarning aynan o‘zi, boshqalari esa yaproq shakli va rangini oladi. Ayrim turdagi baliqlarning tabiiy rangi dengiz tubi rangiga shunchalik o‘xshab ketadiki…
— Bular ma’lum hammaga, — Gregor toqatsizlik bilan uning gapini bo‘ldi. — Himoya maqsadidagi mimikriya hodisasi deb ataladi. Biroq ko‘rinmas holatga o‘tish…
— Meduzalarning ayrim turlari shu qadar shaffofki, tanasi orqali dengiz tubi ko‘rinib turadi, ya’ni, ularni ko‘rinmas desa ham bo‘ladi, — Arnold o‘z fikrida qat’iy edi. — Mitti qushcha kolibrining shiddatli parvozi ham uni go‘yo ko‘rinmasga aylantirib qo‘yadi. Yerqazar esa shu qadar ustalik bilan yashirinadiki, deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Ana shu turlarning bari ko‘rinmas holga o‘tish yo‘lidadir.
— Bekor gap. Tabiat jamiki jonli mavjudotni muhofaza vositasi bilan ta’minlagan, lekin hech qachon alohida bir turni ajratib olib, boshqalarga nisbatan ustunlik bermagan.
— Bu yog‘i endi teleologiyaga qarab ketayapti, — dedi Arnold e’tiroz bildirib. — Sen tabiat yaxshi bog‘bon singari hamma narsada muayyan bir maqsadni ko‘zlaydi, deb taxmin qilayapsan. Menimcha esa bu — hamma narsani mo‘tadillashtirishga intiluvchi ko‘r jarayon. To‘g‘ri, oxir-oqibatda qaysidir bir o‘rtamiyonalik ustun keladi, ammo mutlaqo o‘zgachalik uchun ham imkoniyat qoladi. Pirovardida esa tabiat ko‘rinmaslik muammosiga keladi.
— Yo‘q, aksincha, sen o‘zing teleologiya nuqtai nazaridan fikr yuritib, tabiatdagi mimikriya hodisasidan maqsad ko‘rinmaslik holatiga o‘tish istagidir, deb meni ishontirishga behuda urinayapsan.
— Menga shunday tuyulayapti-da. Mana, o‘zing bir o‘ylab ko‘rgin…
— E, o‘ylayverib boshimiz qotib ketdi-ku… — dedi Gregor horg‘in qiyofada. — Teleologiya nimaligini unchalik aniq bilmayman, ammo shuni aniq bilamanki, shu yerda o‘n kundan buyon o‘ralashamiz-u, shuncha vaqt mobaynida necha million kalamushdan atigi elliktachasini tutoldik, xolos. Xo‘sh, endi bu yog‘iga nima qilamiz?
Ular indamay o‘tirishar, dala uzra charx urayotgan visyukning qichqirig‘i eshitilardi, xolos.
— Kemiruvchilarga qiron keltiradigan mana shu ovchilarning o‘tkir ko‘zidan tashqari jindak aqli ham bo‘lgandaydi!.. — dedi Arnold kuyinib.
— Ha, bular faqat ko‘rinadigan o‘ljani ovlaydi. Mayli edi juda bo‘lmaganda…
Gregor nogahon jim qolib, Arnoldga tikildi. U ham qandaydir lahza sherigiga baqraygancha turdi-yu, keyin birdan chehrasi yorishib ketdi.
— Albatta-da! — deb qichqirib yubordi Arnold.
Gregor shu zahotiyoq telefonga yopishib, yuk tashish bo‘yicha Galaktika tezkor xizmatini chaqira boshladi.
— Allo! Shoshilinch buyurtmani qabul qiling…
Tezkor xizmat deyilganicha bor ekan. Oradan ikki kun o‘tgach, Berni-spirit fermasi oldidagi yakkam-dukkam taqirli maysazorda Yerdan keltirilgan o‘nta mo‘jaz quti yotardi. Arnold bilan Gregor ularni uyga olib kirib, bittasini ochishdi. Quti ichidan yirik, mag‘rur va go‘zal mushuk viqor bilan chiqib keldi, uning baquvvat tanasidagi tuklar yaltirar, ko‘zlari esa sariq tusda iblisona yonardi. Bu Yerda yetishtirilgan maxsus zot bo‘lib, o‘zga sayyoralardagi turlar bilan chatishtirish orqali ovchilik xususiyatlari yanada kuchaytirilgan edi.
Mushuk erkaklarga loqayd qarab qo‘ydi-da, uy hidini oldi.
— Bungayam unchalik katta umid bog‘lash kerakmas, — dedi Gregor jonivor xonani kesib o‘tayotganini kuzatar ekan, ehtiyotkorona ohangda.
— Tss… — deya shivirladi Arnold. — Unga xalaqit bermay tur.
Mushuk to‘xtab, boshini sal yonga burdi va tumshug‘ining ostida u yoqdan-bu yoqqa yugurib yurgan yuzlab kalamushlarning tapir-tupuriyu chiyillashini eshitar ekan, quloqlarini ding qildi. Yana hid oldi-da, ko‘zlarini qisdi.
— Bu yer unga yoqmadi-yov, — pichirladi Gregor.
— E, kimgayam yoqardi deysan? — Arnold ham shivirlab javob qaytardi.
Mushuk ohista qadam qo‘ydi. Keyingi qadam uchun old panjasini ko‘targan holda birdan tushirdi.
— Ov qilishni o‘ylamayapti ham, — Gregorning hafsalasi pir bo‘lib ketdi. — Balki, terer zotli itlarni keltirganimiz ma’qulmikan…
Mushuk tuyqusdan sakradi. Jonholatdagi chiyillashga qaraganda panjalarida kalamushni changallab turardi. Mushuk jahl bilan miyovlab, ko‘rinmas tanaga tishlarini botirdi, chiyillash tindi.
Biroq xonaning to‘rt tomonida chiyillash kuchayib ketdi. Kalamushlar rosmana vahimaga tushgandi. Shunda Gregor o‘ylab o‘tirmasdan yana to‘rtta mushukni ozodlikka chiqarib, qolgan beshtasini ehtiyotga olib qo‘ydi. Bir necha daqiqa ichidayoq xonada qirg‘in boshlandi. Do‘stlar esa bu yerni tark etib, oshxonaga o‘tishlariga to‘g‘ri keldi: bu tomoshaga asablar dosh berolmasdi.
— Ana endi bu yutug‘imizni yuvsa bo‘ladi, — dedi Arnold asrab qo‘yilgan brendi shishalaridan birini ochar ekan.
— O‘rnimikan ishqilib… — Gregor taraddudlandi.
— Bo‘lmasa-chi? Mushuklar o‘z ishini yaxshi biladi, hammasi joyida ketayapti. Darvoqe, menga bir eslatgin-a, bu ajoyib jonivorlardan yana bir necha yuztasiga buyurtma beray.
— Bo‘pti, eslataman. Lekin, mabodo kalamushlar yana ehtiyotkorlik qila boshlasa-chi?
— Hamma gap ana shunda-da! — dedi Arnold qadahlarga brendi quyar ekan. — Kalamushlar qanchalik ayyor bo‘lmasin, mushuklar uchun doimo faqat yemish, xolos. Endi mabodo ular avvalgi, ko‘rinarli holatiga qaytgudek bo‘lsa, Morgan qurilmasini ishga solamiz qo‘yamiz.
Gregor e’tiroz bildirmadi. Agar bir tomondan tishu tirnoqlar va ikkinchi tomondan morganlashtirish bilan iskanjaga olinsa, kalamushlar hech qayerga qochib qutulolmaydi. Bir hafta o‘tar-o‘tmas bu yerda hamma narsa tartibga tushadi, firma esa yaxshigina daromad qiladi.
— Yerlik mushuklar uchun ichishni taklif qilaman, — Arnold qadah ko‘tardi.
— Qo‘shilaman, — deya ma’qulladi Gregor. — Jasur, oddiy va aqlli Yer mushuklari uchun ichamiz.
— Ko‘rinmas kalamushlar mushugimizni gangita olmaydi.
— Mushugimiz ko‘rinadimi-yo‘qmi, har qanday kalamushni tutib yeb qo‘ya oladi, — dedi Gregor devor ortidagi chinqirig‘u chiyillashni mamnunlik bilan eshitar ekan. Jon achchig‘idagi bu dod-faryodlar ikkala sherikni yoqimli musiqadek allalardi.
Qadahlar ko‘p bo‘ldi va bari yerlik mushuklarning behisob va bebaho fazilatlari sha’niga bag‘ishlandi. Keyin Yer sayyorasining o‘zi uchun qadah so‘zlari aytildi va, nihoyat, unga qardosh bo‘lgan boshqa olamlarga o‘tilib, alifbo tartibida Abakdan boshlandi.
Qayerdadir, Glostreya sayyorasida brendi tugab qoldi. Xayriyatki, ferma sohibi mahalliy vinolardan durustgina g‘amlab qo‘ygan ekan, o‘shalar asqotdi u yog‘iga…
Uonliks sayyorasi sharafiga ko‘tarilgan qadahdan so‘ng Arnold uchib qoldi. Gregor esa alifbo nihoyasiga yetay-etay dedi-yu, baribir yetolmadi, stol ustidagi qo‘llariga bosh qo‘ygancha uxlab ketdi.
Sheriklar ancha kech va odatdagi bosh og‘rig‘i bilan uyg‘onishdi, boz ustiga, oshqozonlari yoqimsiz bezovta qilar, uvishgan bo‘g‘inlari zirqirab og‘rirdi. Bunisi ham yetmaganday, ko‘p o‘tmay ularning Yer sayyorasidan keltirilgan jasur va aqlli mushuklari qay go‘rgadir yo‘qolgani ma’lum bo‘lib qoldi.
Do‘stlar butun uyni, barcha omborlarni, maysazoru dalagacha izlab chiqishdi. Kalamush uyalarini titkilab, hatto tashlandiq quduqqa ham ko‘z tashlashdi.
Mushuklar hatto bir tutam yungini qoldirmay dom-daraksiz g‘oyib bo‘lgandi.
Bu orada esa kalamushlar xuddi avvalgidek quvnoqlik va beg‘amlik bilan uyning u burchagidan bu burchagiga yugurib yurishar, oldingidek ko‘rinmas holatda bo‘lganlari bois, o‘zlarini yana xavfsizlikda deb his etishardi.
— Shuncha ajoyib tadbirlar qo‘llaganimizdan keyin ahvol shumi endi? — Arnold tutaqib ketdi. — Nima deb o‘ylaysan, kalamushlar mushuklarning toza po‘stagini qoqqanmikan-a?
— Qo‘ysang-chi, — deya javob qildi Gregor. — Bu ularning tabiatiga zid keladi. Menimcha, baroqlarning o‘zi qochib ketganga o‘xshaydi-yov.
— Shuncha ajoyib yemishni tashlab-a! — Arnold ishonqiramadi. — Mushuk zoti hech qachon bunday qilmaydi.
— Mosh, mosh, mosh, — deya so‘nggi marta chaqirdi Gregor. Biroq tanish miyovlash o‘rniga o‘sha-o‘sha beg‘amlik bilan yurgan behisob kalamushlarning mamnun chiyillashi eshitilardi, xolos.
— Nima gap bo‘lganini bilishimiz kerak baribir, — dedi Arnold qolgan beshta mushuk saqlanayotgan qutilarga shaxdam yaqinlashib kelarkan. — Tajribani takrorlaymiz, lekin bu gal hamma narsani nazorat qilib turamiz.
U shunday deb qutidan navbatdagi mushukni oldi-da, bo‘yniga qo‘ng‘iroqchali bog‘ich kiydirdi. Gregor uydagi barcha eshiklarni berkitdi va yana ov boshlandi.
Mushuk o‘ljasiga jahd bilan tashlandi va “TMSB-AAA” firmasidagi sheriklar o‘tkir tishlarga tutilgan jonivorni ilk marta o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga muvaffaq bo‘lishdi. Kalamushni hayot bilan birga ko‘rinmaslikdek sirli xususiyati ham tark etar ekan.
— Lekin, har qalay, oldimizda turgan muammolarning yechimi emas-da bu, — dedi Arnold xo‘rsinib.
— Sabr qilgin-u, kuzatishni davom ettiraver, — deb buyurdi Gregor.
Mushuk biroz mudrab olgach, suv ichdi va yana ishga kirishdi. Endi Arnoldni uyqu elitdi, Gregor esa kuzatishni davom ettirdi, ammo u og‘ir o‘ylar girdobiga g‘arq edi.
Ular yarim oyni behuda o‘tkazishdi, kalamushlar qo‘shini esa aslo kamaymadi, buni u juda yaxshi tushunib turardi. Mushuklar-ku, umuman, o‘z vazifasini bajara oladi-ya, lekin bir necha soat o‘tmayoq ovga ishtiyoqi so‘nadigan bo‘lsa, kalamushlarni butkul yo‘qotish firmaga qanchaga tushadi, axir? Ehtimol, tererlar bu ishni yaxshiroq uddalashar yoki ularning ahvoli ham shunday bo‘larmikan?..
Shu payt to‘satdan… U Arnoldni shosha-pisha uyg‘ota boshladi.
— Ha, nima gap yana? — dedi u to‘ng‘illab ko‘zlarini ishqalarkan, keyin atrofga qaradi.
Hozirgina shaxdu jahd bilan kalamush ovlayotgan mushukning o‘rnida bo‘yinbog‘ning o‘zi havoda muallaq turar, qo‘ng‘iroqchasi quvnoq jiringlab qo‘yardi.
— Ie, mushuk ham ko‘rinmas bo‘lib qoldimi? — Arnoldning og‘zi ochildi. — Shu yetmay turuvdi o‘zi! Lekin… Qanaqasiga? Nega endi?
— Biron nima yeb qo‘yganga o‘xshaydi, — dedi Gregor bo‘yinbog‘ning xona bo‘ylab harakatlarini qo‘rquv aralash hayrat bilan kuzatar ekan.
— Kalamushdan bo‘lak hech nima yegani yo‘q-ku?!
Sheriklar ikkovlarining xayollaridan bir fikr yarq etib o‘tgandek bir-birlariga tikilgancha qolishdi.
— Demak, kalamushlardagi ko‘rinmaslik xususiyatining mutatsiyaga hech qanday aloqasi yo‘q! — dedi xursand bo‘lib Gregor. — Buni senga necha marta aytgandim, axir! Bunday xususiyat mutatsiya orqali o‘tishi mumkinmas. Bundan chiqadiki, kalamushlar ham nimadir yegan.
Arnold ma’qullagandek bosh irg‘adi.
— Menam shubhalanayotgandim. Nazarimda, mushuk kalamushlarga to‘yib olgandan keyingina ko‘rinmay qoldi-yov.
Xonadagi to‘s-to‘polonga qaraganda, ko‘rinmas mushuk ko‘rinmas kalamushlarni ovlashni hanuz davom ettirardi.
— U holda yo‘qolgan mushuklarning bari shu yerda, uyda bo‘lishi kerak, — dedi Gregor. — Lekin nega endi chaqirig‘imizga javob berishmadi?
— Bu — o‘ta mustaqil, o‘z qadrini baland tutadigan jonivor, — deb o‘zicha taxmin qildi Arnold.
Qo‘ng‘iroqcha jiringladi. Bo‘yinbog‘ polgacha tushdi-da, keyin u yoqdan bu yoqqa shaxd bilan tashlana boshladi. Modomiki mushuk o‘z vazifasini bajarayotgan ekan, u ko‘rinmay qolganidan bunchalik xavotirlanishga ham hojat yo‘qdir balki, deb o‘ylay boshladi Gregor.
Biroq u fikrini oxiriga yetkazmagandi hamki qo‘ng‘iroqchaning ovozi o‘chdi.
Bo‘yinbog‘ xona o‘rtasida, polda qilt etmay yotardi, keyin u go‘yo havoda asta-sekin erib keta boshladi-yu, pirovardida ko‘zdan butkul g‘oyib bo‘ldi.
Polda hech narsa yo‘q edi.
Gregor hozirgina bo‘yinbog‘ yotgan joyga esankirab tikilardi.
— Yo‘q. Bunday bo‘lishi mumkin emas, — dedi u shivirlab.
Holbuki, nima voqea yuz berganini u o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan edi.
Endi esa mushuk nima qilayotgani — sakrayotgani yo pusib kelayotgani, hamla qilayotgani yoki chekinayotgani to‘g‘risida hech vaqo bilinmaydi. Ko‘rinmas mushuk dom-daraksiz g‘oyib bo‘lgandi.
Shartnomada kelishilgan muddat tugayotgan bo‘lsa-da, hamma ishni qaytadan boshlash kerakligini sheriklar juda yaxshi tushunib turishardi. Kalamushlar bilan mushuklar qay tariqa g‘oyib bo‘layotganini bilishlari kerak-ku, axir! Arnold o‘zi qurgan tajribaxonaga qamalib olib, uy atrofidagi qariyb hamma narsaning namunasini tekshira boshladi. Kun bo‘yi mikroskopga tikilganidan ko‘zlari qizarib, o‘zi cho‘pday ozib, tiq etgan tovushdan seskanib tushadigan bo‘lib qoldi.
Gregor esa mushuklar ustidagi tajribasini davom ettirardi. Yettinchi mushukni chiqarib yuborishdan oldin bo‘yinbog‘iga signal berib turuvchi mitti radarni o‘rnatdi. Biroq bu jonivorning boshiga ham avvalgilarining kuni tushdi. Kalamushlarni bir necha soat mobaynida jadal ovlaganidan keyin bu mushuk ham ko‘rinmay qoldi va keyin butkul yo‘qoldi. Radarning tovushi ham o‘chdi.
Endi Gregor butun diqqat-e’tiborini oxirgi uchta mushukka qaratdi. Sakkizinchi va to‘qqizinchi mushuklarni alohida qafaslarga joylashtirib, kalamush go‘shtini qat’iy o‘lchangan tartibda berib bordi. Bir kun o‘tib, ular ko‘rinmay qolganda sakkizinchi qafasga yemish berishni to‘xtatib, to‘qqizinchi mushukni avvalgidek boqaverdi. Pirovardida esa to‘qqizinchi mushuk ham xuddi avvalgilardek nom-nishonsiz g‘oyib bo‘ldi, ammo sakkizinchisi garchi ko‘rinmasa ham hali qafasda edi.
Ana shu munosabat bilan Gregor mijozlari, sirlik fermer bilan telefon orqali ancha vaqt asabiylashib suhbatlashuviga to‘g‘ri keldi. U esa “TMSB-AAA” firmasiga ozroq jarima to‘lab, kelgusi ishlarni to‘xtatishni va bu yumushni boshqa biron nufuzliroq, tajribaliroq kompaniyaga topshirishni taklif qildi. Gregor bu taklifni keskin rad etdi.
To‘g‘ri, keyin bu qaroridan ikkilanib ham qoldi. Berni-spirit firmasining jumbog‘ini yechish unchalik oson ishga o‘xshamaydi, ko‘plab yillarga cho‘zilib ketsa ham ajabmas. Hayvonlar ko‘rinmay qolishining o‘zi qanchalik jozibali sir! Ammo butkul g‘oyib bo‘lib ketishlari — nihoyatda rasvo. Jumboqni hal qilishga amalda imkoniyat qoldirmaydi.
Gregor ana shu haqda bosh qotirib o‘tirganida xonaga Arnold kirib keldi. Basharasidan allaqanday sarosimada, jinnilardek ishshayib turibdi.
— Manavini ko‘rib qo‘y, — dedi tantanavor ohangda qo‘lini cho‘zib.
Arnold uning bo‘m-bo‘sh kaftiga qaradi.
— Xo‘sh, nima ekan bu? — deb so‘radi keyin.
— Nima bo‘lardi, bor-yo‘g‘i ko‘rinmaslik siri-da, — mamnunlik bilan hiringladi Arnold.
— Lekin men hech narsa ko‘rmayapman, — dedi Gregor ehtiyotkorlik bilan va bunday hollarda aqldan ozgan odam bilan qanday muomala qilish kerakligini eslay boshladi.
— Albatta ko‘rolmaysan, — dedi Arnold tantana bilan. — Chunki u ko‘rinmaydi-da!
Gregor tislana-tislana stol ortiga o‘tib oldi.
— Qoyil, og‘ayni, qoyil, — dedi u yupatuvchi ohangda. — Kafting tarixga kiradigan bo‘ldi. Lekin bu nimaligini tushuntirib berarsan har qalay?
— Meni aqldan ozgan deb o‘ylayapsanmi, tentak, — dedi Gregor basharasi tirishib, hanuz qo‘lini cho‘zib turarkan. — Sen hech narsani ko‘rmayapsan, ammo kaftimda nimadir bor. Ushlab ko‘rgin-a.
Gregor jur’atsizlik bilan qo‘l cho‘zdi. Arnoldning kaftida qattiq yaproqlarga o‘xshash bir tutam nimadir bor edi.
— Ko‘rinmas o‘simlik! — deb yubordi Gregor.
— Aynan o‘zi. Boshimizga tushgan jamiki g‘avg‘oning sababi mana shu bo‘ladi.
Arnold uy atrofini sinchiklab ko‘zdan kechirib, bir dunyo narsadan namuna oldi, ammo tekshirishlar hech qanday natija bermadi. Bir kuni esa u aylanib yurib, maysazorda kaftdekkina taqir yerga e’tibor berdi, keyin esa hech narsa o‘smagan bunday joylar atrofda juda ko‘pligini payqadi. Yana shunga ham diqqat qildiki, bu taqirlar muayyan bir tartibda joylashgan edi.
Arnold taqir ustiga engashib, sinchiklab tekshira boshladi. Unda hech nima o‘smas, qariyb yaydoq tuproqning o‘zi edi. Qariyb.
Arnold bu joyni paypaslab, quruq yerda nimadir o‘sib yotganini sezdi. Faqat u ko‘rinmasdi.
— Bilishimcha, bu bizga mutlaqo noma’lum o‘simlik.
— Lekin qayerdan kelib qolgan u?
— Hozircha inson qadami yetmagan joylardan, — dedi Arnold ishonch bilan. — Tushunishimcha, bu o‘simlikning ajdodlari qachonlardir Koinotda mikroskopik urug‘ tarzida uchib yurgan va pirovard oqibatda Sir sayyorasi yaqiniga kelib qolgan. Urug‘ Berni-spirit fermasi dalasiga tushib, ildiz otgan, gullab, oxiri unib chiqqan. Bor gap shu. Bu kalamushlar esa o‘txo‘r va yaxshigina hid sezishini biz bilamiz. Chamasi, o‘simlik ularga ma’qul tushib qolganga o‘xshaydi.
— Lekin u ko‘rinmaydi-ku?!
— Bu hol kalamushlarni o‘ylantirib o‘tirmaydi. Ko‘rinmaslik kemiruvchilarning ongi uchun haddan ziyod murakkab tushuncha.
— Nima, hammasi shundan yegan deb o‘ylaysanmi?
— Hammasimas, albatta. Lekin yeganlarining omon qolish ehtimoli ko‘proq bo‘lgan, chunki uchuvchi visyuklar va driglar kabi yirtqich hayvonlar ularni ko‘rolmasdi-da! Keyinchalik esa kalamushlar bu o‘simlikka bo‘lgan ishtiyoqlarini avlodga o‘tkazishgan.
— So‘ngra bizning mushuklarimiz paydo bo‘lib, ko‘rinmas kalamushlarni shu qadar ko‘p yeyishdiki, oxiri o‘zlari ham ko‘rinmas bo‘lib qolishdi. Juda soz. Biroq nega endi birdaniga nom-nishonsiz g‘oyib bo‘lishdi?
— Buning sababi juda oddiy. Kalamushlar ko‘rinmas o‘simlikdan tashqari boshqa yemish bilan ham oziqlanishgan, mushuklar esa faqat kalamush yeyishdi. Ya’ni, bu sirli moddani keragidan ziyod darajada qabul qilishdi.
— Demak, katta miqdordagi bu modda g‘oyib bo‘lishga olib keladi. Lekin qayerga ketadi g‘oyib bo‘lgan jonivorlar?
— Vaqti-soati kelib buni ham bilarmiz. Ammo hozir qo‘l qovushtirib o‘tiradigan payt emas, fursat g‘animat. Bu taqirlarni yoqib tashlash kerak. Tanasi zahardan tozalangandan keyin kalamushlar yana ko‘rinadigan bo‘lib qoladi. U yog‘iga esa rejamizni mushuklar yakunlashadi.
— Bundan boshqa ilojimiz ham yo‘q-da, — deya xo‘rsindi Gregor.
Ular ko‘chma o‘tochar qurilmani qo‘llashga qaror qilishdi. Berni-spirit dalalaridagi quyuq va yam-yashil ekin orasida taqirlar kaftdagidek yaqqol ko‘rinib turardi. O‘simlikning ko‘rinmasligi bu gal o‘z boshiga balo bo‘ldi.
Gregor bilan Arnold kun bo‘yi la’nati o‘t o‘sgan barcha joylarni tag-tugi bilan yondirib-kuydirib chiqishdi.
Ertasiga ertalab esa kultepalar o‘rnida yangi nihollar unib chiqqanini bilib hayratda qolishdi.
— O‘zingni tut, oshna, xavotirlanma, — deya yupatgan bo‘ldi Arnold.
— Maysa biz uni yoqishimizdan avvalroq urug‘ to‘kkanga o‘xshaydi. Biroq bu uning so‘nggi hosili bo‘ladi.
Ko‘rinmas o‘tni qaytadan yo‘qotishga yana bir kun vaqt ketdi. Taqirlar bitta qoldirmay kuydirib-yondirildi. Kechga borib Galaktika tezkor xizmati navbatdagi mushuklar guruhini yetkazib berdi. Ularni qafasga joylashtirgan sheriklar bu jangovar qo‘shinni kalamushlar ko‘rinadigan kunga asrab qo‘yishga qaror qilishdi.
Ertasiga ertalab esa kuydirilgan taqirda yana yangi nihollar unib chiqqani ma’lum bo‘ldi. “TMSB-AAA” sayyoralararo xizmati xodimlari shoshilinch majlis o‘tkazishdi.
— Bu urinishimizning oxiri voy, — dedi Gregor.
— Lekin bo‘lak ilojimiz ham yo‘q-da, — Arnold yelka qisdi.
Gregor sarkashlik bilan bosh chayqadi.
— Bo‘lmasa nima qilamiz? — deb so‘radi Arnold.
— Senda biron taklif bormi?
— Yo‘q.
— Shartnoma muddati tugaguncha bor-yo‘g‘i ikki hafta vaqtimiz qoldi, xolos. Mehnat haqimizning ham bir qismini sarflab bo‘ldik. Mabodo bu ishni uddalay olmasak, bizni bu biznesdan umuman chiqarib tashlashadi.
Arnold stol ustiga ko‘rinmas o‘simlik solingan likopchani qo‘ydi.
— Bu la’nati maysani kalamushlar paqqos tushirgan edi. Bu kemiruvchilarni yegan mushuklar esa g‘oyib bo‘ldi. Biz ular qayerga ketganini bilishimiz kerak.
Gregor irg‘ib turib, xonada asabiy qadam tashlay boshladi.
— U yog‘ini surishtiraversak, mushuklar biron-bir yulduzning narigi tomonida paydo bo‘lgani ham ehtimol.
— U holda tavakkal qilishimizga to‘g‘ri keladi, — dedi Arnold qat’iylik bilan.
— Tavakkal desang tavakkal-da, — dedi Gregor uf tortib. — Qani, boshla bo‘lmasa.
— Nima-a?
— Boshlayver, deyapman.
— Menmi?
— Bo‘lmasa kim axir? Men bu la’natini og‘zimga ham olmayman. Qolaversa, bu sendan chiqqan fikr.
— Ammo men yeyolmayman! — Arnold qo‘rquvdan muzdek terga tushdi. — Men firmamizdagi yagona mutaxassisman. Bu yerda qolib, ma’lumotlarni to‘plashim, o‘zaro qiyoslashim kerak. Unisi ham yetmaganday, ko‘katga allergiyam bor.
— Bu safar ma’lumotlarni men to‘playman, men qiyoslayman.
— Lekin sen uddalay olmaysan! Men yangi xil bo‘yovchi moddalar ustida ishlashim kerak. Yozuvlarimni o‘zimgina tushuna olaman, sening tishing o‘tmaydi. Qolaversa, retortalarda yangi xil aralashma tayyorlayapman. Bundan tashqari, gul changi ustida tajribalar o‘tkazmoqchiman…
— Bo‘pti, bo‘pti, bahona izlayverma, — dedi Gregor horg‘inlik bilan. — Men o‘zimni qurbon qila qolay. Ammo lekin shuni bilib qo‘yki, bu senga eng oxirgi marta yon bosishim, eng oxirgisi.
— Unutmayman, oshna, unutmayman. — Arnold darhol likopchadan bir siqim ko‘rinmas maysa oldi. — Ma, og‘ayni, chaynayver. Qani, yana ol, olaver, tortinma. Osh bo‘lsin. Xo‘sh, mazasi qanday ekan?
— Karamga o‘xshab ketadi, — dedi og‘zi to‘la Gregor.
— Bir narsaga imonim komil, — dedi Arnold. — Senikiga o‘xshash tanada o‘simlik ta’siri uzoq davom etmaydi. Tana zahardan juda tez qutuladi. Tez orada yana o‘zingga kelasan.
Bu orada Gregor qariyb “erib” ketayozgan, faqat kiyimigina ko‘rinib turardi.
— Xo‘sh, o‘zingni qanday sezayapsan? — deb surishtirishda davom etdi Arnold.
— Doimgidek. Biron o‘zgarish yo‘q.
— Yana ol bo‘lmasa.
Gregor oxirgi ikki chimdim maysani ham og‘ziga tashladi. Va shu zahotiyoq kiyim-piyimi bilan ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
— Gregor! — Arnold qo‘rqib ketdi. — Qanisan? Shu yerdamisan?
Hech qanday javob bo‘lmadi.
— G‘oyib bo‘ldi, — dedi Arnold o‘ylanib. — Men esa hatto oq yo‘l tilashga ham yaramadim.
Arnold retortalari yoniga qaytib, ular ostidagi alangani pasaytirdi. O‘n besh daqiqalar ishlagach, u birdan hamma narsani tashladi va bo‘m-bo‘sh xonaga ko‘z yugurtirdi.
— Oq yo‘l tilay olmaganim bezarardir, — dedi ovoz chiqarib. — Unga hech qanday xavf-xatar tahdid solayotgani yo‘q.
Keyin o‘ziga shomlik taom tayyorladi. Sanchqini og‘ziga olib borgan paytida beixtiyor to‘xtadi.
— Xayrlashmay qolganim har qalay chakki bo‘ldi-yov, — dedi o‘zini aybdor sezib.
Biroq shu zahotiyoq xavotirli barcha fikrlarni xayolidan quvdi-da, yana tajribalariga qaytdi.
Arnold butun tunni tajribaxonada o‘tkazdi, tong otganda esa o‘lguday toliqib chorpoyaga cho‘zildi-yu, bir lahzada uxlab ketdi. Kun peshindan og‘ganda uyg‘ondi va naridan-beri tamaddi qilgan bo‘lib, yana tajribalariga yopishdi.
Gregor g‘oyib bo‘lganidan beri bir kecha-kunduz vaqt o‘tdi. Kechqurun fermer telefon qildi. Arnold kalamushlar nazorat ostida ekanligini, ishni yakunlash uchun esa faqatgina ozroq vaqt kerakligini aytib, uning ko‘nglini to‘q qildi.
Shundan so‘ng u kemiruvchilarni qirish bo‘yicha barcha qo‘llanmalarni qaytadan o‘qib chiqdi, asbob-uskunalarni ko‘zdan kechirdi, morganeyzerning u yer-bu yeridagi simlarni almashtirdi, qopqonning yangi xiliga tegishli bir fikrni mulohaza qilib ko‘rdi, la’nati maysani yana bir bor olovdan o‘tkazib, oxiri uxlagani yotdi.
Yana uyg‘onganida esa dastlab Gregorni o‘yladi: u g‘oyib bo‘lganidan buyon yetmish ikki soat o‘tgandi. Balki endi u hech qachon qaytmas.
“Gregor ilm-fan uchun o‘zini qurbon qildi, — deb ko‘ngliga taskin berardi Arnold. — Men unga haykal o‘rnataman.”
Ammo do‘stining xotirasi uchun bu nihoyatda arzimasdek tuyulardi. O‘sha “karam”ni o‘zi yeyishi kerak edi aslida. Favqulodda sharoitlarda Gregor doimo o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. Ha, u mard va jasur, bunga gap yo‘q, lekin sharoitga moslashishni bilmaydi.
Sirasini aytganda, noma’lum yulduzning narigi tomonida sharoitga moslashish ham yordam berolmasa kerag-ov. Aytaylik, fazoviy vakuumda omon qolishga urinib ko‘ring-a, yoki…
Shu payt Arnold orqada sharpa eshitdi-yu, yalt etib o‘girildi.
— Gregor! — deya quvonchdan qichqirib yubordi u.
Ammo bu Gregor emasdi.
Uning ro‘parasida turgan mavjudotning bo‘yi to‘rt futdan oshmasa ham, oyoq-qo‘llari juda ko‘p edi. G‘alati mehmonning qalin loyga belangan tanasi pushti-bo‘z tusli bo‘lib, yelkasiga anchagina zalvorli ko‘rinuvchi to‘rva tashlab olgandi. Qovundek cho‘zinchoq va tepaga ingichkalashib boruvchi boshiga uchli qalpoq qo‘ndirilgan. Bor-yo‘q kiyimi ham shuning o‘zi.
— Siz Gregor bo‘lmasangiz kerag-a? — deb hadiksirab so‘radi Arnold. U nima qilarini bilolmay, dovdirab qolgandi.
— Yo‘q, albatta, — deb javob qildi mavjudot. — Men Xem bo‘laman.
— Shunday deng… Lekin mabodo mening sherigimni uchratganingiz yo‘qmi? Uning nomi Richard Gregor. Mendan bir fut balandroq, qotmadan kelgan va…
— Uni uchratdim, albatta, — deya tasdiqladi Xem. — Nima, haliyam kelgani yo‘qmi?
— Ko‘rib turganingizdek.
— Hmm, juda g‘alati-ku bu. Hay, mayli, sog‘-omon bo‘lsa bas. — Mehmon kursiga cho‘kdi-yu, shu zahotiyoq bir yo‘la uchta qo‘ltig‘ini qashiy boshladi.
Allaqanday vahimadan yuragi orqasiga tortib ketayotgan Arnold so‘radi:
— Siz qayerdan keldingiz?
— Ool sayyorasidan-da, albatta, — javob qildi Xem. — Biz o‘sha yerda skomp ekamiz. Va u bu yerda unib chiqadi.
— Kechirasiz, bir daqiqaga, — Arnold kursiga og‘ir cho‘kdi. — Sizdan iltimos, bir boshidan gapirib bersangiz.
— Nimani ham gapirardim. Ool sayyorasi aholisi azal-azaldan skomp ekib keladi. Bu o‘simlik o‘z rivojining dastlabki bosqichlarida bir necha haftaga yo‘qoladi. Keyin esa pishib yetilgan holda sayyoramiz dalalarida yana paydo bo‘ladi. Biz uni yig‘ishtirib, oziq-ovqat sifatida iste’mol qilamiz.
— Siz juda tez gapiryapsiz, hamma narsani anglab yetolmayapman. Sayyorangiz qayerda o‘zi?
— Gregorning aytishicha, Ool yondosh olamda joylashgan. Lekin men o‘zim bu to‘g‘rida hech nima bilmayman. Sizning Gregoringiz mening dalamda ikki oylarcha burun paydo bo‘ldi. Menga ingliz tilini o‘rgatgan ham o‘sha. Keyin esa…
— Ikki oy burun? — Arnold esankiragan ko‘yi o‘ylanib qoldi. — Menimcha, har ikkala joy vaqtidagi tafovut bo‘lsa kerak bu. Xo‘p, u yog‘ini davom ettiravering…
— Menga qarang, yegulik biron nimangiz yo‘qmi? — Kutilmaganda so‘rab qoldi Xem. — Uch kundan buyon tuz totganim yo‘q. Ilojim bo‘lmadi, tushunasizmi? — Arnold indamay bir burda non uzatdi va qiyomli idishni uning oldiga surib qo‘ydi. — Yangi hudud kashf etilganida, men birinchi bo‘lib tavakkal qildim, — deya hikoyasida davom etdi Xem. — Butun chorvamni yig‘dim-u, “B” toifasidagi uchta xotin sotib olib, yo‘lga tushdim. Manzilga yetib kelganimdan keyin esa…
— Shoshmang, birodar! — deya yolvordi Arnold. — Mening savollarimga buning nima aloqasi bor?
— Hamma gap aynan shunda-da. Gapimni bo‘lmay turing, axir…
Bir qo‘li bilan yelkasini qashigancha, yana ikkita qo‘li bilan qiyom surtilgan nonni og‘ziga tiqar ekan, Xem so‘zida davom etdi:
— Yangi Hududga yetib kelib skomp ekdim. Ekin unib chiqdi, gulladi va odatdagidek g‘oyib bo‘ldi. Ammo dalamda qaytadan paydo bo‘lganida uni allaqanday kemiruvchilar g‘ajib tashlagan edi. Nachora, fermerlarda omadsizlik tez-tez uchrab turadi. Skompni takroran ekdim. Ammo hosil yana ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Bu esa jahlimni chiqarib yubordi. Ammo biz skomp ekishda o‘jar xalq bo‘lamiz, buni bilasiz. Biroq pirovardida toqatim toq bo‘lib, urinishlarim naf berishiga ko‘zim yetmay, qaytib ketishga otlanib turganimda tuyqusdan Gregoringiz paydo bo‘lib qoldi-yu…
— Shoshmang, shoshmang, men tushunib olay, — deb uning so‘zini bo‘ldi Arnold. — Xullas, siz yondosh olamdansiz. Demak, skompingiz hosilini olish uchun uni to pishib yetilguniga qadar bir yo‘la ikki yondosh olamda yetishtirishga to‘g‘ri keladi, shundaymi?
— To‘ppa-to‘g‘ri. Har qalay, Gregoringiz bizga shunday tushuntirdi.
— Qishloq xo‘jalik ekinini yetishtirishning g‘alati usuli ekan-ku bu?!
— Ammo bizga bo‘laveradi, — dedi og‘rinib Ool sayyorasilik kelgindi. Endi u bir yo‘la to‘rtta tizzasi ostini qashib o‘tirardi. — Gregorning tushuntirishi bo‘yicha, urug‘lar Koinotingizning har qanday, hatto hech kim yashamaydigan sayyorasiga tushib qolishi ham mumkin. Bu gal men skompni Yangi Hududda ekkanimda u yana bu yerda unib chiqibdi.
— E-ha! —deb yubordi Arnold hamma gapga tushunib.
— Nima deganingiz bu — “e-ha”? Bunaqa so‘z borligini Gregor aytmagandi. Hay, mayli, u baribir menga yordam berdi. Yangi Hududdagi dalalarimni tashlab ketishim shart emasligini, faqat endi skompni boshqa maydonlarga ekishim kerakligini tushuntirdi. Yana shuni ham aytdiki, yondosh olamlar bir-biriga aynan o‘xshamaydi. Lekin bu nima ekanligini, o‘lay agar, tushunmayman. Men olib kelgan narsa esa boshqa bir xizmat uchun haq.
U yelkasidan to‘rvani olib, gurs etib polga qo‘ydi. Arnold to‘rva og‘zini ochib, ichiga nazar tashladi. Xalta oltinga o‘xshash sap-sariq quymalarga to‘la edi.
Shu mahal telefon jiringlab qoldi. Arnold go‘shakka yopishdi.
— Allo? — Gregorning ovozi eshitildi. — Xem haliyam yoningdami?
— Ha…
— U hammasini tushuntirib bergandir? Yondosh olamlar haqida, skomp qanday yetishtirilishi to‘g‘risida?
— Nazarimda, tushuna boshlagandayman, ammo…
— Endi menga quloq sol, — deya uning so‘zini bo‘ldi Gregor. — Biz ekinzorda unib chiqqan skompni yo‘qotishimizdan avval Xem o‘z dalasida uni qaytadan ekishga ulgurgan ekan. Uning olamida vaqt Sirdagiga nisbatan sustroq kechishi tufayli, ekin bir kechada unib chiqqan. Biroq endi bu hol boshqa takrorlanmaydi. Xem skompni bo‘lak maydonlarga ekadi. Endi esa agar unib chiqqan ekinni yoqib yuborsang, u boshqa hech qachon paydo bo‘lmaydi. Keyin biron hafta kutgin-da, u yog‘iga mushuklar bilan morganayzerni ishga sol.
Arnold ko‘zlarini mahkam yumdi. Bularning barini o‘ylab, tekshirib ko‘rish uchun Gregorga ikki oy vaqt kerak bo‘libdi. U esa bunday qilolmadi. Shunchaki fursati yetmadi.
— Xem nima bo‘ladi? — deb so‘radi u Gregordan.
— Uni qo‘yaver, skompini chaynab o‘z uyiga qaytadi. Agar bilsang, bu la’nati modda tanamizdan butkul chiqib ketib, ikkovimiz o‘z Koinotimizga o‘tgunga qadar ochlikdan toza sillamiz quridi.
— Ma’qul, — dedi Arnold. — Lekin nazarimda… E, darvoqe, sen qayerdasan hozir?
Gregor mamnunlik bilan xoxoladi.
— Bilasanmi, yondosh olamlar bir-biriga aynan o‘xshamas ekan. Skompning tanamga ta’siri tugagan lahzada dala chekkasida turgandim, bir mahal qarasam, Tul sayyorasida paydo bo‘lib qolibman.
— Bu axir Galaktikaning narigi chekkasida-ku!
— Bilaman. Yerda uchrashamiz, oltin yombilarni olishni unutma.
Arnold go‘shakni o‘rniga qo‘ydi. Xemning qorasi ham ko‘rinmasdi. Faqat ana shundagina Arnold o‘zga sayyoralik sof oltin to‘lagan “boshqa xizmat” nimaligini Gregordan so‘ramaganini eslab qoldi.
Bu to‘g‘rida Arnold keyinroq, Gregor ikkovlari Yerga qaytib, “TMSB-AAA” firmasida uchrashishganda xabar topdi. Sir sayyorasidagi kalamushlar kutilganidek odatdagi qiyofasiga qaytdi va mushuklar bilan morganayzer yordamida qirib tashlandi. Firma shartnoma bo‘yicha o‘z vazifasini bajargan edi. To‘g‘ri, daromadning bir qismini ikki hafta kechikkanlik uchun jarima sifatida to‘lashga to‘g‘ri keldi. Ammo bu yo‘qotish o‘rnini Ool sayyorasilik kelgindining oltin yombilari oshirib-toshirib to‘ldirib yuborgandi.
— Uning dalasi mushuklarimizdan jabr ko‘rardi, — deb hikoya qildi Gregor. — Ular chorva mollarini hurkitar va hatto qo‘rqitar edi. Men bu jonivorlarning barini tutib olib, Ool sayyorasining Markaziy hayvonot bog‘iga sotdim. Daromadni esa mijozim ikkalamiz bo‘lishib oldik.
— Xayriyatki, hammasi xayrli tugadi, — dedi Arnold bosh qashib.
— Men ham shu fikrdaman.
Gregor shunday deb yelkasini zo‘r berib qashiy boshladi. Arnold avvaliga unga tikilib qoldi, keyin esa o‘zining ham ko‘kragi qichisha boshlaganini sezdi. Nafaqat ko‘kragi, bir lahzadayoq uning boshi, oyoqlari va umuman butun tanasi qichisha boshlagandi:
— Nazarimda, hammasi tugamaganga o‘xshaydi-yov, — dedi Gregor.
— Bu nima deganing bo‘ldi? — Arnold chap yelkasini jon-jahdi bilan qashiy boshladi. — Yana nima gap?
— Xemni ozoda deb bo‘lmaydi, albatta. Qolaversa, Ool sayyorasining o‘zi ham pokizalikdan ancha begona ekan.
— Xo‘sh, nima bo‘pti?
— Gap shundaki, u yerda bit yuqtirib olganga o‘xshayman, — dedi Gregor qornini qo‘shqo‘llab qashir ekan. — O‘zing sezib turgandek, bu bit ham ko‘rinmas.
Ruschadan Rustam Obid tarjimasi.
«Jahon adabiyoti” jurnali, 2004 yil, 2-son.