Robert Shekli. “Betizgin iste’dodlar” uyushmasi (hikoya)

Fikriy quvvati bilan gilamni yondirib teshishga yoki Yerdan uzilib, Oy sari parvoz qilish uchun shay turgan raketani portlatib yuborishga qodir odamni bilasizmi? Agar bilsangiz, “Betizgin iste’dodlar” uyushmasining rahbari Sem Ueverliga murojaat qiling, chunki u mana shunday g‘aroyib odamlarni ishga joylashtirish bilan shug‘ullanuvchi yagona tashkilot egasidir. Biroq Sidni Eskinga o‘xshash kimsalarni targ‘ib qilishdan avval yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Chunki yaqinda Blekstoun jinnixonasidan qochgan bu nusxa odamlarni shunaqangi bir g‘alati usulda “kuzatadi”ki, har qanday kishi ham sarosimaga tushib qolmay iloji yo‘q. Shu bois komil ishonch bilan oldindan ogohlantirib qo‘yamizki, bunday shaxslarni qabul qilish haqidagi maktubingizni mister Ueverli javobsiz qoldirishi turgan gap. Nima uchun deysizmi? Bo‘lmasa hozir Robert Shekli degan bir kimsa quyida sizga umuman aqlga sig‘maydigan bir voqeani hikoya qilib beradi. Sirasini aytganda, uning turkum hikoyalari orasida eng yaxshi va kulgililaridan biri ham mana shu. To‘g‘ri, adib bu asarini mutlaqo boshqa sohalarga butkul berilib ketmasidan avval yozgan edi, ammo umid qilamizki, u hademay yana oldingi mashg‘ulotiga qaytadi.
Ueverli soatiga ko‘z tashlab, muxbirlar kelishgunga qadar yana o‘n daqiqalar vaqti borligini bildi.
— Xo‘sh, xizmat? — dedi u qat’iy ishonch bilan, intervyu berishga ruhan tayyorlanar ekan. — Sizga qanday yordamim tegishi mumkin, ser?
Uning ro‘parasida o‘tirgan odam “ser” deb murojaat qilishlariga ko‘nikmagan chog‘i, bir nafas hatto garangsib turdi, keyin nogahonda g‘alati qilib ishshaydi-da:
— Bu yerda ishonchli boshpana topish mumkin-ku, axir, to‘g‘rimasmi? — deb so‘radi.
Ueverli unga sinchiklab razm soldi: ushoqqina gavdali, ozg‘in, ko‘zlari yonadi.
— Bu yer “Betizgin iste’dodlar, Inkorporeyted” uyushmasi, — deya xotirjam ta’kidladi u. — Insonda paydo bo‘luvchi g‘ayritabiiy imkoniyatlarning har qanday ko‘rinishi bizni chindan ham qiziqtiradi.
— Ha, ha, ana shuni bilganim uchun ham qochib keldim-da, — jikkak odamcha ma’qullash ishorasida shaxd bilan bosh irg‘adi. — Meni ulardan faqatgina siz qutqara olishingizni bilardim. — U xavotirlanib eshikka qarab qo‘ydi.
— Ko‘rarmiz u yog‘ini, — Ueverli oshkora javob berishdan qochib, oromkursi suyanchig‘iga o‘zini tashlab, yastanib oldi. Uning endigina tashkil etilgan uyushmasi xilma-xil telbalarni o‘ziga ohanrabodek tortardi go‘yo. Ueverli ruhiyatga bog‘liq turli-tuman g‘aroyib hodisalarga va insonning oliy nerv faoliyati bilan bog‘liq odatdan tashqari boshqa jarayonlarga qiziqishi to‘g‘risida e’lon qildi-yu, xonasidan telbalaru lo‘ttibozlarning oqimi uzilmay qoldi.
Lekin Ueverli almoyi-aljoyi ekanligi yaqqol ko‘rinib turgan odamlar oldida ham eshigini yopmasdi sira. Qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, ba’zan ekstrasensorikaning haqiqiy daholari jamiyatning borib turgan chiqindilari orasida uchrab qolishi mumkin. Axlatdan javohir chiqibdi deganlaridek…
— Nima bilan shug‘ullanasiz o‘zi, mister… e-e-e?
— Eskin. Sidni Eskin, — deb o‘zini tanishtirdi odamcha. — Men olimman, ser. — U urinib qolgan kamzulining tugmalarini qadadi va beo‘xshov bir tarzda o‘zini salobatli ko‘rsatishga urindi. — Men xilma-xil insoniy juftlarning xatti-harakatini ko‘pdan beri kuzataman va natijalarni tadqiqot olib borishning eng ilg‘or usullariga to‘liq mos keladigan tarzda butun tafsiloti bilan yozib boraman.
— Tushunarli, — dedi Ueverli. — Lekin, agar yanglishmasam, siz qayerdandir qochib keldim dedingiz-a?
— Ha, Blekstoun jinnixonasidan. Tadqiqotlarim natijasidan qo‘rqib ketgan maxfiy dushmanlarim meni qamab qo‘yishga urinib ko‘rishdi! Ammo men qochishga muvaffaq bo‘ldim. Mana endi yordam va boshpana topish umidida huzuringizga kelib turibman.
“Ha, paranoyyaning eng oddiy ko‘rinishi, — deb o‘yladi Ueverli. — Qiziq, agar Blekstoun bilan bog‘lanishga urinib ko‘rsam, uning jahli chiqib ketmasmikan ishqilib?”
— Demak, siz odamlarning xatti-harakatini o‘rganasiz, to‘g‘rimi? — mayin ohangda so‘radi u. — Ammo bu mashg‘ulotning hech qanday g‘ayritabiiy jihati yo‘q menimcha…
— Shoshmang, men sizga isbotlab beray! — deya taklif qildi odamcha. U to‘satdan g‘alati bir ahvolga tushib qoldi-yu, Ueverliga nihoyatda sinchiklab tikildi. Ko‘zlari naq yeb qo‘yguday edi. — Marhamat: kotibangiz hozir qabulxonadagi o‘z o‘rnida o‘tiribdi va nozik, yengil harakatlar bilan burniga upa surayapti… Endi esa upadonni qo‘lda tutgancha sal oldinga egildi… Eh! Kotibangiz ehtiyotsiz harakat bilan upani yozuv mashinkasi ustiga to‘kib yubordi va “Jin ursin-e!” deb qo‘ydi. Endi u…
— Shoshmang, — deya uning so‘zini bo‘ldi Ueverli va shaxdam turib qabulxona eshigini shartta ochdi.
Uning kotibasi Doris Flit upa to‘kilgan mashinkani artardi. Qiz boshdan-oyoq upaga belangan, hatto tim qora sochlari ham u yer-bu yerda oqarib qolgan, shu bois ko‘rinishdan un ustiga yiqilib tushgan mushuk bolaga o‘xshab ketardi.
— Uh, kechirasan, Sem! — dedi Doris xijolat bo‘lib.
— Hechqisi yo‘q! — dedi Ueverli quvnoq ohangda. — Aksincha, sendan hatto xursandman! — Bu gapiga biron izoh berishni ham o‘ylamay, u xonasi eshigini yopdi va Eskin yoniga oshiqdi.
— Xullas, himoyangizdan umid qilsam bo‘ladimi? — deb so‘radi Sidni stol osha xuddi fitnachidek Ueverliga yaqinroq engashib. — Ular meni olib ketib yana qamab qo‘yishlariga yo‘l bermaysiz-a, to‘g‘rimi?
— Siz odamlarni doimo mana shunday… “kuzata” olasizmi? — deb so‘radi Ueverli.
— Bo‘lmasam-chi!
— U holda hech nimadan xavotirlanmasangiz ham bo‘ladi! — Ueverli xotirjam so‘zlar, ammo yuragi qinidan chiqquday potirlab urardi. Eskin sog‘mi-yo‘qmi, baribir, ammo bu qadar noyob iste’dod allaqaysi bir shifoxonada ko‘milib yotishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi aslo! Hatto bu unga, Ueverliga bir dunyo tashvish orttirganda ham!
Stol ustidagi ichki telefon jiringladi. Ueverli tugmachani bosgan edi, Doris Flitning ovozi eshitildi:
— Muxbirlar kelishdi, mister Ueverli.
— Bir daqiqa sabr qilishlarini so‘rang, — dedi u jilmayib: kotibasining ovozi o‘ta “rasmiy” edi. Ueverli Eskinni kabinetga tutash chog‘roqqina bir xonaga olib o‘tib dedi: — Hozircha shu yerda kutib turasiz. Ammo shovqin chiqarmaslikka urining va hech narsadan xavotirlanmang.
U xona eshigini yopib, Dorisga muxbirlarni kabinetga yo‘llashni buyurdi.
Ular yetti nafar edi. Qo‘llarida bloknotlari shay. Ueverlining nazarida muxbirlar unga o‘zlari istamagan holda xuddi yovuz dahoga qaragandek hurmat bilan qarashardi. “Betizgin iste’dodlar” to‘g‘risidagi maqolalar allaqachonoq so‘nggi sahifalardan birinchi sahifaga ko‘chib o‘tgan. Ayniqsa, ruhiyatga bog‘liq eng g‘aroyib hodisa — Ueverli uyushmasining haqiqiy yulduzi Billi Uoker o‘zining hayratomuz telekinetik qobiliyati tufayli Mirrixga “Venchur” kemasini jo‘natishga muvaffaq bo‘lganidan keyin.
Ueverli unga bo‘lgan qiziqish kerakli darajaga yetgunicha vaqtdan mumkin qadar yutishga urindi. Mana endi ishga kirishsa bo‘ladi.
U jurnalistlar bemalol joylashib olgunlaricha kutib turdi va nihoyat so‘z boshladi:
— Jentlmenlar, “Betizgin iste’dodlar” uyushmasining tashkil etilishi oddiy odamlarning bepoyon dengizi ichida biz parapsixologlar ekstrasensorik qobiliyat deb ataydigan qobiliyat egalarini izlab topishga urinishdan iborat. Taassufki, bunday odamlar juda kam uchraydi.
— Ekstrasensorik qobiliyat degani nima o‘zi? — so‘radi bir daroz muxbir.
— Buni bir og‘iz so‘z bilan ta’riflash mushkul, — dedi Ueverli mumkin qadar samimiyroq jilmayishga urinib. — Lekin, har qalay, sizlarga taxminan bo‘lsa ham tushuntirishga urinib ko‘raman…
“Sem! — Uning quloqlarida Dorisning ovozi yangradi. Shunaqangi tiniq eshitilardiki, go‘yo yonma-yon turgandek. Balki Doris eng yaxshi kotiba emasdir, lekin telepatik qobiliyatga egaligi aniq. U qobiliyatini muvaffaqiyatli qo‘llar va taxminan yigirma foiz holda bu unga juda-juda asqotardi. — Sem, mehmonlaringdan ikkitasi hech qanaqa muxbir emas!”
“Bo‘lmasa kim ular?” — Ueverli xayolan savol berdi.
“Bilmasam, — dedi Doris. — Lekin, nazarimda, bu tashrif bizga ko‘ngilsizlik keltiradigandek.”
“Qanday ko‘ngilsizlik ekani haqida biron tasavvuring bormi ishqilib?”
“Yo‘q-da. Ikkovi ham kostyumda. Ular o‘ylashayaptiki…” — Dorisning fikriy ovozi o‘chdi.

Telepatik suhbat yashin tezligida kechadi, shu bois savol-javoblar bir lahzadan ortiq vaqtni olmadi. Ueverli qora kostyumdagi ikki mehmonga qaradi — ular boshqalardan sal chetroqda o‘tirishar, hech nimani yozib olishmas edi — va hech narsa bo‘lmaganday so‘zida davom etdi:
— Ekstrasens, jentlmenlar, ruhiy rivojlanishning o‘ziga xos xususiyatlariga va hatto boshqa kishilar ustidan muayyan ruhiy hukmronlikka ega odam, biroq ushbu noyob hodisaning asl tabiati to‘g‘risida biz faqat taxmin qila olamiz, xolos. Hozirgi vaqtda ekstrasenslarni tsirkda yoki xilma-xil shoularda ko‘proq uchratish mumkin. Va aksari hollarda ular xavotiru asabiy taranglikka to‘lug‘ bo‘lgan o‘ta baxtsiz hayot kechirishadi. Men tuzgan uyushma esa bu odamlar uchun ularning iste’dodi ish beradigan va hamma uchun foyda keltiradigan biron mashg‘ulot topib berishga urinadi. Kelgusida biz inson ruhiyatining bu xil g‘ayrioddiy jihatlari nima uchun va qay tarzda faoliyat yuritishini hamda bu hol qanday sababga ko‘ra bunday g‘alati tarzda namoyon bo‘lishini asta-sekin aniqlash umididamiz. Biz yana shuni istardikki…
Ueverli tafsilotlarga to‘xtalishdan erinmay, ma’ruzasini davom ettiraverdi. Jamoatchilik uning ishini tan olishi ulkan ahamiyatga ega va bu omilni hech qanaqasiga e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Yadro tadqiqotlarining muvaffaqiyatlaridan junbushga kelgan hamda yaqinginada Oy bilan Mirrixga parvozlarni ulkan qoniqish bilan qabul qilgan omma, agar uning uchun mumkin qadar tushunarliroq tarzda bayon etib berishga urinilsa, parapsixologiyaning asosiy g‘oyalarini “simirib olish”ga ham tayyor turibdi.
Xullas, Ueverli hozircha anchayin murakkab va chigal bo‘lib ko‘rinayotgan muammolarni ustalik bilan aylanib o‘tgan holda yorqin ranglarni ayab o‘tirmadi aslo. U ekstrasenslarni barcha bilan, shu jumladan, Ueverlining o‘zi bilan ham faqatgina telepatiya yordamida muloqot qilishga qodir odamlar sifatida tasvirladi; shunday qilib, bunday qobiliyatga egalik qandaydir darajada me’yordan chetga chiqish yoxud majruhlik bo‘lib tuyulmasligi kerak, balki, aksincha, bashariyatning har qanday vakilida mavjud bo‘lgan tabiiy qobiliyatlarning to‘liq yuzaga chiqishi sifatida qabul qilinmog‘i lozim.
Ueverli o‘z nutqini mazkur sohaga bo‘lgan komil ishonch ohangida yakunladi.
— Endi xulosaga keladigan bo‘lsak, — dedi u, — asosiy umidimiz shundaki, vaqti-soati kelib barcha odamlar tabiat ularga ato etgan ekstrasensorik qobiliyatlaridan foydalanishni to‘la-to‘kis o‘rganib oladilar!
Ustma-ust yog‘ilgan savollardan keyin matbuot anjumani poyoniga yetdi. Xonada qora kostyumdagi o‘sha ikki nusxa qoldi, xolos.
— Sizlar yana biron nima bilishni xohlaysizlarmi, janoblar? — takalluf bilan so‘radi Ueverli. — Menda ba’zi risolalar bor…
— Mabodo bir nusxa qo‘l ostingizdan panoh topmadimi? Uning familiyasi Eskin, — deb surishtirdi ayg‘oqchilardan biri dag‘allik bilan.
— Nima haqda gapirayapsiz o‘zi? — Ueverli ajablanganday bo‘ldi.
— Bormi, yo‘qmi u?
— “U” deganingiz kim, axir?
— Mayli, masalaga boshqa tomondan yondoshib ko‘raylik, — deb xo‘rsindi izquvar va sherigi ikkovlari o‘z guvohnomalarini ko‘rsatishdi. — Bilasizmi, bu Eskin deganlari Blekstoun shifoxonasiga joylashtirilgan edi, u yerdan qochib ketdi. Hoynahoy, sizning huzuringizga kelgan, deb o‘ylash uchun jiddiy asosimiz bor. Basharti shunday bo‘lsa, uni olib ketishni istardik.
— Xo‘sh, unga nima qilgan o‘zi? — deb so‘radi Ueverli.
— Siz uni ko‘rdingizmi, yo‘qmi?
— Jentlmenlar, bunaqada gapimiz qovushmaydi, axir! Boringki, uni ko‘rdim deylik, — faqat e’tiborda tuting: men buni tasdiqlayotganim yo‘q! Menda uni davolaydigan, o‘z mamlakatining hamma qatori munosib fuqarosiga aylantira oladigan bir vosita bor, deb faraz qilaylik. Ana shu holda ham sizlar uni yana jinnixonaga qaytarish kerak, deb oyoq tirab turib olasizlarmi?
— Siz Eskinni davolay olmaysiz! — dedi boyagi izquvar ishonch bilan. — Chunki u o‘zicha juda ajoyib mashg‘ulot topib oldim deb o‘ylaydi, biroq afsuski, uning bu “faoliyati” atrofdagi hammaning naq hiqildog‘iga kelgan.
— Xo‘sh, qanaqa “faoliyat” ekan u?
— Demak, uni ko‘rgansiz?
— Yo‘q. Lekin mabodo uchratib qolsam, sizlarga albatta xabar beraman, — Ueverli va’dani quyuq qildi.
— Mister Ueverli, bunday munosabat…
— Nima, u xavflimi?
— Unchalikmas. Ammo…
— Ekstrasensorik qobiliyatga egami?
— Ehtimol, — izquvar ijirg‘anib bosh irg‘agan bo‘ldi. — Biroq bu qobiliyatidan u qanday foydalanishini bilsangiz edi…
— Bu odamni ko‘rmaganimga shubham yo‘q, — dedi Ueverli uning so‘zini bo‘lar ekan sovuqqina qilib.
Izquvarlar ko‘z urishtirib olishdi.
— Nachora, — dedi ulardan biri. — U panohingizda ekanini o‘zingiz tan olib turganingizdan keyin biz nima ham qilardik, shunday deb axborot beramiz-da. Ammo lekin uning uchun mas’uliyatni o‘z zimmangizga olishga rozimisiz?
— Mana bu boshqa gap, — dedi Ueverli. Kerakli hujjatlar tezda imzolandi va Ueverli ikkala izquvarni xonadan kuzatib chiqdi. To‘g‘ri, ostonada ular bir-biriga zaharxandalik bilan ko‘z qisib qo‘ygandek tuyuldi unga. Yana kim biladi, balki shunday ko‘ringandir.
— Xo‘sh, qalay, to‘g‘ri aytibmanmi? — deb so‘radi Doris.
— To‘g‘ri bo‘lganda qanday? — javob qildi Ueverli. — Lekin sochingda upa bor haliyam.

Doris yelkasiga osib yuradigan kattagina sumkasidan kichkinagina ko‘zgu olib, sochini tartibga keltira boshladi.
— Menga qara, bas, yetar, — dedi Ueverli engashib uning burnidan o‘par ekan. — Ertagayoq menga turmushga chiqasan, xo‘pmi?
Doris bir muddat o‘ylanib qoldi.
— Bilasanki, ertaga ishim juda ko‘p: sartaroshxonaga borishim kerak.
— Unaqada indinga.
— Yo‘q, indinga La-Manshdan suzib o‘tishda qatnashaman. Agar senga ma’qul bo‘lsa, bu ishni kelasi haftaga qo‘ya turaylik.
Ueverli uni yana o‘pdi.
— Sen aytganingcha bo‘la qolsin. Ammo lekin kelasi hafta hech qanday gap-so‘zsiz mening xotinim bo‘lishing shart! Bilib qo‘y, men hazillashayotganim yo‘q.
— Bo‘pti, — rozilik bildirdi Doris. Keyin esa qanday muhim narsa haqida gaplashayotganlarini o‘ylab, yuragi hapriqib ketdi. — Menga qara, Sem, rosti bilan shunday deyapsanmi?
— Rosti bilan, — bosh irg‘adi u. To‘ylari shu paytgacha ikki marta qoldirilgan edi. Birinchi martasida Billi Uoker mashmashasi tug‘ilib qoldi: u Mirrixga “Venchur” fazoviy kemasini uchirishda qatnashishni sirayam istamayotgandi. Billining ruhini tushirmaslik uchun ham Ueverli kechayu kunduz uning yonida bo‘lishiga to‘g‘ri keldi.
Ikkinchi martasi Ueverli “Betizgin iste’dodlar” uchun badavlat bir homiy topgan paytga to‘g‘ri kelib qoldi. O‘shanda u bir kecha-kunduzda yigirma to‘rt soatlab ishlashiga majbur bo‘lgan: nimalarnidir tashkil qilish, ekstrasenslarga ehtiyoj tug‘ilishi mumkin bo‘lgan uyushmalar bilan bog‘lanish, ekstrasenslarning o‘zini izlab topish kerak edi va hokazo… Ammo endi bu gal…
Ueverli Dorisning yuziga yana engashgan edi, u birdan so‘rab qoldi:
— Anavi nusxa nima qilayapti? Haliyam xonangda o‘tiribdimi?
— E-ha, darvoqe, — Ueverlining yodiga tushib qoldi. — Menimcha, u eng haqiqiy ekstrasens. Yaxshiyam eslatding, u nima bilan mashg‘ulligini tekshirib ko‘rish kerak. — U shunday deb o‘z xonasi orqali ichkari xonaga yo‘naldi.
Eskin qayerdandir qog‘oz-qalam topib olib, nimalarnidir shosha-pisha yozib o‘tirgan ekan. Ueverli bilan Doris kirib kelishganda u boshini ko‘tarib mamnunlik bilan iljayib qo‘ydi, lekin bu kulgisi ularga beo‘xshovdek ko‘rinib ketdi.
— Eh, sizmisiz, qadrdon xaloskorim! Bilsangiz, ser, men eng so‘nggi ilmiy kuzatishlarim natijasini sizga hoziroq namoyish etishni istardim. Mana bu A ob’ekti, ya’ni siz bilan V ob’ekti, ya’ni miss Flit o‘rtangizda kechgan hodisa haqidagi batafsil hisobot. — U shunday deb yozuvga to‘la varaqlarni tutqazdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Eskin Ueverli bilan Doris o‘rtasidagi suhbatni eng mayda-chuyda tafsilotigacha to‘liq bayon etibdi. Ilova tarzida esa o‘pichlarning eng aniq anatomik tavsiflarini keltirgan, ularga qo‘shimcha sifatida esa har bir o‘pichdan avval, o‘pich paytida va har bir o‘pichdan keyin ikkovining hissiy kechinmalarini ipidan-ignasigacha ta’riflagan edi.
Dorisning qovoqlari uyuldi. U shaxsiy erkini bag‘oyat qadrlardi, shu bois ham intim lahzalarda uni qandaydir bir jinqarcha “kuzatib” turgani mutlaqo yoqmadi.
— Hmm, g‘alati, — dedi Ueverli Dorisning chehrasi oqarib-bo‘zarib turganini ko‘rarkan, kulgisini arang yashirib. Bu odamga esa shunchaki rahbarlik qilish yoki, jillaqursa, harakatlarini yo‘lga solib turish kifoya ekanligiga uning ishonchi komil edi. Qolaversa, bu xil masalalarni hal qilishni ertagacha bemalol qo‘yib turish ham mumkin.
Eskinga tunash uchun joy topib bergach, Ueverli bilan Doris tushlik qilishdi va bo‘lajak to‘yni muhokama etishga kirishishdi. Keyin esa Dorisning uyiga borib televizor qo‘yishdi, ammo kechasi soat birgacha ekranga hatto bir marta ham qayrilib qarashgani yo‘q.

Ertalab Ueverlining qabuliga birinchi bo‘lib o‘ttiz besh yoshlardagi, did bilan kiyingan erkak kirdi va o‘zini har qanday hisob-kitobni xayolan bir zumda amalga oshirishga qodir odam deb tanishtirdi. Ueverli javondan logarifmlar jadvalini olib, sinab ko‘ra boshlaganida esa u chindan ham juda ajoyib natijalarni namoyish qildi. Ueverli uning nomi va manzilini yozib olib, bog‘lanishga va’da berdi.
Uning jindek hafsalasi pir bo‘lgandi. Xayolan yashin tezligida hisoblashga qodir odamlar betizgin iste’dodlar orasida eng betizgini edi. Buning ustiga ularga haqiqatan yaxshi ish topib berish anchagina mashaqqatli kechar, negaki aksariyati ijodiy matematik qobiliyatdan mahrum edi.
Xilma-xil gazeta-jurnallardan iborat ertalabki pochta keldi va Ueverli bir qancha vaqtgacha o‘qish bilan mashg‘ul bo‘ldi. U o‘zining ekstrasenslari uchun unchalik ma’lum bo‘lmagan ish o‘rinlarini topish umidida amalda barcha davriy nashrlarga yozilgan edi.
Ko‘p o‘tmay Doris xonaga piyonistalarnikidek qip-qizil basharali bir keksa kishini yo‘lladi. Uning kostyumi anchagina durust, ammo yenglari titilgan, ko‘ylagining esa yag‘iri chiqib ketgandi. Biroq nima uchundir tuflisi naq yaraqlab turibdi.
— Men suvni vinoga aylantira olaman! — deb tantana bilan e’lon qildi mijoz.
— Qani, ko‘raylik-chi! — Ueverli shu zahotiyoq muzlatgichdagi mineral suvdan stakanga quyib unga uzatdi.
Erkak suvga qarab o‘zicha bir nimalar dedi, qo‘lini stakan ustiga olib borib, bir necha harakatlar qildi. Biroq hech qanday o‘zgarish ro‘y bermadi va mijozning yuzida ajablanish aks etdi. U suvga zarda bilan qaradi, yana duosini o‘qib, qo‘lini harakatlantirdi. Yana hech qanday natija bo‘lmadi.
— Bu jarayon qanday nozikligi o‘zingizga ayon-ku, axir, — dedi u Ueverliga qarab. — Biz ekstrasenslarda maydon goh yo‘qolib, goh paydo bo‘lib turadi. Odatda esa — ya’ni, qirq foiz holda natija ko‘ngildagidek chiqadi.
— Demak, bugun shunchaki omadingiz kelmabdi-da?! Maydon yo‘qolib qoldimi? — deb so‘radi Ueverli achingan kishi bo‘lib, ammo so‘z ohangida kinoya sezilardi.
— Topdingiz, yo‘qoldi, — deya tasdiqladi piyonista. — Lekin siz menga ozroq… e-e-e… moddiy yordam ko‘rsatib turolmaysizmi? Shunda, bir necha kun o‘tgach, qobiliyatim albatta qaytadi, ha, ha, ishonavering. Hozir esa keragidan ziyod hushyorman. Men rosmana mo‘jiza ko‘rsatishim ko‘rishga arziydi, o‘lay agar…
— Siz bu gaplarning barini gazetadan o‘qib olgansiz, to‘g‘rimi? — deb so‘radi Ueverli.
— E, nimalar deyapsiz o‘zi! Mening noyob qobiliyatim…
— Gap tamom, vassalom! Qani, xonani bo‘shatib qo‘ysinlar-chi! — deb buyurdi Ueverli. Tavba, uning uyushmasi xilma-xil firibgarlarni namuncha o‘ziga tortmasa-ya! Yana eng alam qiladigani shuki, ular uni, Ueverlini ham o‘zlariga o‘xshagan lo‘ttiboz, odamlarni laqillatib yuribdi, deb astoydil ishonishadi. Boshqalari esa osongina rahmini keltirish mumkin bo‘lgan bir anoyi deb bilishadi uni…
Xullas kalom, bu xil tashriflar uning tinkasini qurita boshlagan edi.
Xonaga navbatdagi mijoz — pastroq bo‘yli, tiqmachoqdan kelgan, qadama suratli arzonbaho chit ko‘ylak kiygan, ko‘rinishidan o‘n sakkiz-o‘n to‘qqiz yoshlardagi bir qiz kirib keldi. U o‘zini juda noqulay his etayotgani shundoqqina sezilib turardi.
Ueverli uni o‘tirishga taklif etib, sigareta tutdi. Qiz shu ondayoq yutoqib-yutoqib torta boshladi.
— Mening ismim Emma Kranik, — dedi u terlab ketgan kaftini ko‘ylagiga artar ekan. — Men… ayting-chi, siz ustimdan kulmaysizmi ishqilib?
— Bundan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin. Davom etavering. — Ueverli stoli ustidagi qog‘ozlar orasidan bir nima axtarayotganday bo‘ldi go‘yo. Agar qizga qarab turmasa, u o‘zini tutib olishini tushunardi.
— Bilasizmi… gapim juda g‘alati eshitilar-u, ammo men yong‘in chiqara olaman. Xohlasam bas. Chin so‘zim, o‘lay agar! — Gapini isbotlashga tayyorday qizning nigohi chaqnab ketdi.

Shunday noyob hodisa mavjudligini Ueverli allaqachondan buyon bilar, ammo shunaqangi qobiliyat egasini umrida birinchi marta o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib turishi edi. Chamasi, qandaydir bir noma’lum sababga ko‘ra narsalarni xayolan alangalatib yuborish qobiliyati, avvalambor, juda yosh qizlarga xosdek tuyuladi.
— Emma, bu ishni qanday qilib amalga oshirishingizni ko‘rsata olmaysizmi? — mayinlik bilan so‘radi Ueverli va qiz itoatkorlik bilan uning yangi gilamidan kuydirib teshik ochdi. Ueverli shosha-pisha bir necha stakan suv quyib alangani o‘chirdi, keyin esa qo‘shimcha tekshiruv maqsadida qizni pardani ham yoqishga undadi.
— Juda soz! — dedi u chin ko‘ngildan xursand bo‘lib va qizning chehrasi yorishib ketganini payqadi. Ma’lum bo‘lishicha, Emma amakisining fermasini yondirib kulga aylantirib qo‘yibdi, amakisi esa bu qiz “nihoyatda balo” ekan, lekin men fermamda bunaqalarga toqat qilolmayman, debdi.
O‘shandan buyon qiz Yosh ayollarning nasroniylik uyushmasida yashar ekan, Ueverli shu manzil bo‘yicha murojaat qilib, u bilan albatta bog‘lanishni va’da qildi.
— Siz nihoyatda noyob qobiliyat egasi ekaningizni unutmang! — dedi xayrlashayotib. — Bu judayam-judayam qimmatli va noyob qobiliyat! Va bundan aslo cho‘chimang!
Qiz endi yoyilib kulgandi, deyarli yoqimtoy ko‘rinib ketdi.
Poltergeyst, deb o‘yladi Ueverli mijozi ketganidan keyin. Lekin, jin ursin, yong‘in chiqarish qobiliyatiga ega bo‘lgan qizni u qayerga ham ishga joylab qo‘ya oladi, axir?! O‘tyoqar qilibmi? Yo‘q, bu umuman ahmoqona fikr!..
Afsuski, betizgin iste’dodga ega bo‘lgan kishilar kamdan-kam hollardagina o‘z qobiliyatlarini oqilona qo‘llash imkoniyatini topa oladilar. U muxbirlar bilan suhbatida bu masalada jindek katta ketib qoldi-yov. Ammo u yog‘ini surishtirib kelganingizda ekstrasenslar ham bu dunyoda har qadamda uchrayvermaydi-da, axir!
Ueverli bir jurnalni varaqlar ekan, poltergeyst kimga kerak bo‘lib qolishi mumkinligi haqida o‘y surardi.
— Sem! — Doris ostonada qo‘llarini beliga tiragancha turardi. — Bu yoqqa bir qaragin-a!
Ueverli qabulxonaga chiqdi. Stol yonida basharasida ahmoqona bir iljayish bilan Eskin turardi, albatta — qo‘llarida liq to‘ldirib yozilgan bir dasta qog‘oz. Doris varaqlarni olib, unga uzatdi.
Ueverli ularga shosha-pisha ko‘z yugurtirdi. Bu uning o‘zi, ya’ni Ueverli Dorisning uyiga kirib borgan daqiqadan boshlab to chiqib ketgan daqiqasiga qadar bo‘lgan oraliqda ikkovlari nimalar bilan shug‘ullanganlari haqida mufassal hisobot edi.
Biroq “mufassal hisobot” bu hali hammasi emas ekan. Bu ekstrasens deganlari ularning nafaqat har bir xatti-harakatlari, balki har bir kechinmalarini ham tadqiq etib, tavsiflab beribdi. Eskinni nima uchun jinnixonaga tiqib qo‘yishganini — garchand bu ish mutlaqo adolatsiz bo‘lsa ham! — Ueverli endigina tushunib yetdi, ammo endi bu ishda hech qanday noto‘g‘ri, adolatsiz tomonni topa olmadi. “Axir, bu haqiqiy vuayerning o‘zginasi-ku! — degan fikr o‘tdi Ueverlining xayolidan, — jazmanlarning izlaridan is olib yuribdi, axlat titkilagan mushukdan nima farqi bor? Yana deng, mushuk bo‘lganda ham nafaqat bu izlarni axtarib topish, balki bir necha mil masofadagi odamlar nima bilan shug‘ullanayotganlarini hatto ko‘rib tura olish qobiliyatiga ega bo‘lgan ajoyib mushuk!”
Barcha oshiq-ma’shuqlar kabi Ueverli bilan Doris ham betinim o‘pishar, quchoqlashishar va bu ishlarini beodoblik deb tushunishmasdi aslo. Biroq mana shu o‘pichlaru erkalashlar, ishqiy oh-vohlarning barini begona bir kimsa mufassal tasvirlaganini o‘qish, dil hissiyotlaringni birov jarrohdek beshafqatlik bilan o‘rganayotganini, ko‘ngil kechinmalaringni qassobdek nimtalayotganini bilish… O, naqadar dahshat edi bu!
Eskinning ilmiy lug‘ati benuqson ekan: ularning har bir qadamini nozik tibbiy-anatomik atamalar yordamidagina ta’riflagan. Keyin xatti-harakatga doir diagrammalar tuzib, sof fiziologik tahlilni keltirgan. Pirovardida esa masalaga yanada teranroq yondoshib, gormonal faollik tahliliga, molekulyar darajadagi o‘zgarishlarga, mushaklar qo‘zg‘olishi va hokazolarga o‘tgan.
Xullas, bu ilmiylik niqobi ostidagi pornografiyaning asl ma’nodagi hayratomuz namunasi edi! Ueverli umri bino bo‘lib bunaqasini ko‘rmagan.
— Qani, bu yoqqa yuring-chi, — deb u Eskinni xonasiga boshladi. Doris ham kirdi, uning chehrasida og‘ir o‘y-xayollaru kuchli sarosima aks etardi.
— Xo‘sh, xo‘sh… Xudo haqi, menga tushuntirib bering-chi, bu ishni nima uchun qildingiz o‘zi? — deb so‘radi Ueverli hanuz o‘ziga kelolmay. — Sizni jinnixonadan qutqarib qolgan men emasmidim, axir?
— O, ser, albatta, albatta! — deb xitob qildi Eskin. — Va men sizdan benihoya minnatdorman, ha, ha, ishonavering.
— U holda mana bunaqa narsa boshqa takrorlanmaydi, deb so‘z bering.
— E, nimalar deyapsiz o‘zi?! — Ekstrasens ayyuhannos soldi. — Nahotki mening tadqiqotlarimni to‘xtatib qo‘ymoqchi bo‘lsangiz? Men bu ishsiz turolmayman, buni ham hisobga olish kerak-ku, axir?
Shundan so‘ng u izoh berishga tushib ketdi. Oradan yarim soat o‘tgandan keyin esa Ueverli bu odam haqida yana bir talay qiziqarli narsalarni bilib oldi. Eskin garchi tasodifan bo‘lsa ham u bilan aqalli bir martagina muloqot qilgan odamni u qayerda va qanday sharoitda ekanidan qat’i nazar, “kuzatish”ga qodir ekan. Biroq u yoki bu “kuzatish ob’ekti”ning jinsiy hayoti uni hamma narsadan ko‘proq qiziqtirardi. Yana eng qizig‘i, ilm-fanga xizmat qilayotganiga astoydil ishongan holda Eskin bu faoliyatini mustahkam ratsional asosga qurib olgan edi.
Ueverli unga kichik xonada kutib turishni buyurdi-da, ortidan eshikni yopib, Dorisga o‘girildi.
— Shunday bo‘lib qolganidan nihoyatda afsusdaman, — dedi u. — Biroq Eskinni to‘g‘ri yo‘lga sola olishimga ishonaman. Bu unchalik qiyin bo‘lmasa kerag-ov.
— Shunday degin. Ishonching komilmi? — deb Doris unga sovuqqina qarash qildi.
— Albatta, — deya tasdiqladi Ueverli. — Men hammasini o‘ylab qo‘yganman.
— Juda soz, — dedi Doris va ekstrasens yozganlarini yirtib-yirtib kuldonga qo‘ydi-da, yoqib yubordi. — Ammo, menimcha, sen uni qayta tarbiyalaguningga qadar to‘yni qoldirib turganimiz ma’qul.
— Nega endi?
— O‘zing bir o‘ylab ko‘r-a, Sem, — dedi Doris chuqur uf tortib. — Manavi jinqarcha har bir qadamingni kuzatib turganini bilgan holda turmushga chiqib bo‘larmidi? Yana, butun tafsiloti bilan yozib borishiga o‘laymi?
— Qo‘y endi, ko‘nglingga olaverma. Lekin Eskin haqidagi gaplaring to‘ppa-to‘g‘ri. Men u bilan shug‘ullanishga hoziroq kirishaman. Lekin sen bugun ishdan barvaqtroq ketganing ma’qulmikan?
— O‘zim ham aynan shunday qilmoqchi bo‘lib turibman! — Doris shaxd bilan burilib, eshikka yo‘naldi.
— Kechqurun birga ovqatlanarmiz? — deb so‘radi Ueverli.
— Yo‘q! — dedi Doris uning jur’atsizlik bilan qilgan taklifini keskin rad etib. — Kechirasan-u, Sem, keyin u yog‘iga nima bo‘lishini o‘zing yaxshi bilasan, manavi iskovuch esa darrov hid oladi… Xayolingga ham keltira ko‘rma, aslo-aslo! — U eshikni qarsillatib yopdi.
Ueverli qo‘shni xona eshigini ochdi.
— Qani, bu yoqqa bir qarang-chi, Sidni, — deb chaqirdi u. — Siz bilan xotirjam o‘tirib, juda jiddiy bir narsani yaxshilab gaplashib olishimiz kerak.

Ueverli Eskinga uning faoliyati aslida ilm-fanga hech qanday daxli yo‘qligini; bil’aks, Eskinda jinsiy jihatdan bir qadar buzilish, shuningdek, salga qo‘zg‘olib ketish holati borligini va o‘zining ana shu xususiyatlarini g‘ayrishuuriy ravishda ilmiy kashfiyotlarga intilish deb bilayotganini shoshilmasdan, sabr-toqat bilan tushuntirishga urindi.
— Yo‘g‘-e, judayam bunchalikmasdir-ov, mister Ueverli! — dedi Eskin junbushga kelib. — Mabodo men odamlarni o‘zimning jinsiy qo‘zg‘olishimni qondirish uchungina kuzatib yurgan taqdirimda boshqa gap edi! Biroq men kuzatishlarim natijasini aniq ilmiy atamalardan foydalangan holda muntazam yozib boraman, o‘zaro munosabat turlarini tasniflayman, hamma narsani joy-joyiga qo‘yib, bariga tegishli ta’rif beraman. Pirovard-oqibatda esa to‘plagan jamiki ma’lumotlarimni insoniyatning eng xilma-xil guruhlari vakillarining jinsiy odatlari va mayllari to‘g‘risidagi keng ko‘lamli umumlashma asarimda batafsil bayon qilish umidim bor.
Ueverli insoniyatning har bir vakili shaxsiy, intim hayot kechirish huquqiga egaligini izohlab berdi. Eskin esa ilm-fan hamma narsadan, ayniqsa allaqanday mayda-chuyda ishqiy mojarolardan ustun turadi, deb javob qildi. Ueverli o‘z fikr-mulohazalarini himoya qilishga urinib ko‘rdi, ammo salmoqli ilmiy asar yaratish g‘oyasi miyasiga urib qolgan Eskin uning har bir e’tiroziga javob topardi, qolaversa, bu javoblar ekstrasensning insoniyat tarixidagi o‘z o‘rni, shuningdek, insoniyatning o‘zi haqidagi tasavvuriga to‘liq mos kelardi.
— Hamma balo shundaki, — dedi u Ueverliga, — odamlar ilm-fandan nihoyatda yiroq. Hatto olimman deb yurganlar ham. Agar ishonsangiz, jinnixonamizda hakimlar meni aksari vaqt alohida xonaga qamab qo‘yishardi! Bor-yo‘q aybim ularning jinsiy hayotini kuzatib, natijalarini yozib borganimda edi! Turgan gapki, bir kishilik xonaga qamab qo‘yishlar ham meni to‘xtatolmasdi aslo!
“Qiziq, — deb o‘yladi Ueverli, — shu ishlari bilan shu vaqtgacha qanday qilib sog‘-omon yuribdiykin? Chunki darg‘azab hakimlardan birontasi unga biron-bir “tinchlantiruvchi” doridan ikki hissa berib yuborishi hech gap emasdi-da! O‘ziyam, hakim boyaqishlar shunday qilmaslik uchun o‘zlarini arang tutib turishgan ko‘rinadi.”
— Ochig‘ini aytganda, kelib-kelib siz menga qarshi chiqarsiz, deb sira-sira o‘ylamovdim, — dedi ekstrasens xomush tortib. — Siz bunchalik qoloq fikrli ekaningizni hisobga olmay chakki qilibman, chog‘i!
— Men sizga umuman qarshi emasman, — deya e’tiroz bildirdi Ueverli o‘zini qanday tutishni, bu telba bilan qanday muomala qilishni bilolmay gangragan ko‘yi. Va shu lahzada xayolidan yarq etib bir fikr o‘tdi.
— Sidni, — dedi u, — yanglishmasam, sizga yaxshi bir ish topganga o‘xshayman. Ma’qul kelishiga ishonchim bor.
— Rostdanmi? — Vuayerning yuzi yorishib ketdi.
— Menga shunday tuyulayapti har qalay.
Ueverli taxminini tekshirib ko‘rish uchun yaqinda kelgan jurnallardan birini izlab topdi-da, u yerdan kerakli telefon raqamlarini olib, qo‘ng‘iroq qildi.
— Assalomu alaykum. Bu Bellen jamg‘armasimi? — U o‘zini tanishtirib, aynan nima bilan shug‘ullanishini mumkin qadar aniqroq ta’riflab berishga urindi. — Sizlar sharqiy Patagoniya erkaklarining jinsiy odatlariyu mayllarini ilmiy tadqiq etishning yangi loyihasini amalga oshirayotganlaringizni bir eshitganday bo‘luvdim, shu to‘g‘rimi? U holda sizlarga bevosita o‘sha joyda so‘rov o‘tkazib ma’lumot yig‘adigan, sizlar uchun eng qiziqarli dalillarni chindan ham to‘play olishga qodir bo‘lgan odam kerakmasmi mabodo?
Yana bir necha daqiqa suhbatlashganidan keyin Ueverli yengil tortib go‘shakni qo‘ydi-da, bir parcha qog‘ozga manzilni yozib berdi.
— Mana, to‘g‘ri shu yoqqa boraverasiz, Sidni, — dedi u. — Menimcha, bu hayotda sizga mos keladigan joyni topa oldik, shekilli.
— Sizdan benihoya minnatdorman! — dedi Eskin quvonib ketib va darhol Bellen jamg‘armasiga yo‘l oldi.

Ertasiga Ueverlining qabuliga uning eng katta umidi bo‘lgan Bill Sayms birinchi mijoz sifatida tashrif buyurdi. Sayms bag‘oyat iste’dodli ekstrasens bo‘lib, boz ustiga, yorqin rivojlangan aql-idrok sohibi edi.
Lekin hozir u nima uchundir xijolatli va qandaydir ko‘ngilsiz bir qiyofada edi.
— Sen bilan gaplashib olishim kerak, Sem, — dedi Sayms. — Men ishdan ketmoqchiman.
— Ie, nega endi? — deya ajablandi Ueverli. Negaki, Saymsni juda yaxshi o‘ringa joylashgan va ekstrasens orzu qilishi mumkin bo‘lgan jamiki niyatga erishgan deb hisoblardi-da.
— E… nima desam ekan. Ochig‘i, men ularga to‘g‘ri kelmayotganga o‘xshayman-ov.
Sayms ma’danlarning kuchlanishi va toliqishini “sezish” qobiliyatiga ega edi. To‘g‘ri, ekstrasenslarning aksariyati kabi u ham bu ishni qanday qilib amalga oshirayotgani haqida umuman biron tushunchaga ega emas. Lekin shunga qaramay, u ma’danda paydo bo‘luvchi har qanday, hatto eng mayda yoriq, darzni ham rentgen qurilmasiga nisbatan tezroq va aniqroq topa olar, uning bu ishi rentgenologik tadqiqotlar bilan bog‘liq bo‘lgan biron-bir ortiqcha g‘alva keltirib chiqarmasdi.
Saymsning qobiliyatini qisqagina qilib “Hamma narsa yoki hech narsa” deb ta’riflash mumkin: yo u har qanday nuqsonni aniqlay oladi yoki umuman hech narsani topa olmasligi mumkin. Aynan ana shu sababli ham u hech qachon yanglishmasdi. Garchand uning bu noyob iste’dodi taxminan qirq foiz holda biron natija bermasa ham, baribir, tayyoralar uchun dvigatel ishlab chiqaruvchi aviatsiya zavodida u bebaho topilma hisoblanardi. Zotan, bu yerda avvallari har bir detal undagi nuqsonlarni aniqlash uchun albatta rentgenologik tekshiruvdan o‘tkazib kelingan. Saymsning samaradorligi esa rentgen yordamida erishiladigan bu natijalardan anchagina ustun bo‘lib chiqdi.
— Nega “to‘g‘ri kelmas” ekansan endi? — deya ajablandi Ueverli. — Nahotki senga to‘lanayotgan maoshni oqlamayapman, deb o‘ylab qolgan bo‘lsang?
— Yo‘q, gap bundamas, — dedi Sayms. — Gap atrofimdagi odamlarda: ular meni qandaydir bir illatli kimsa deb tushunishadi.
— Lekin shunday munosabat bo‘lishini sen avvalboshdan bilganding-ku, axir! — deya eslatdi Ueverli.
Sayms indamay yelka qisdi.
— Mayli, boshqachasiga bir tushuntirib ko‘ray-chi, — dedi u va sigareta olib tutatdi. — Bunday o‘ylab qaraganda, men kimman o‘zi? Umuman, ekstrasens deb atalgan toifaning o‘zi nima aslida? To‘g‘ri, nimalardir qo‘limizdan keladi, nimalarnidir uddalaymiz, ammo lekin shuni qay tariqa bajarayotganimizni hatto o‘zimiz ham bilmaymiz-ku, bunga nima deysan? U yog‘ini so‘raydigan bo‘lsang, biz o‘z “iste’dod”larimiz ustidan umuman hech qanday hukmronlikka ega emasmiz, ularni hatto shuuriy darajada ham tushunmaymiz, biron tarzda jilovlashga ham qodir emasmiz mutlaqo! Bu iste’dodlar irodamizdan tashqarida namoyon bo‘ladi. Biz oliy insonlar emasmiz, albatta, lekin oddiy odamlar ham emasmiz-da! Biz… biz kimligimizni o‘zim ham bilmayman!
— Bill, — deya muloyimgina e’tiroz bildirdi Ueverli, — seni boshqa kishilarning munosabati bezovta qilayotgani yo‘q mutlaqo. Sen o‘zingni o‘zing kavlashtirib yotibsan. Allaqanday mayib-majruh kimsaman, deb o‘ylab topgan ham sen o‘zing!
— To‘g‘ri-da, axir, na u yoqliman, na bu yoqlig‘! — deya uning fikrini ma’qulladi Sayms iztirob bilan. — Men endi fermerlik qilmoqchiman, Sem. Qo‘sh haydayman, oddiy dehqon bo‘laman.
Ueverli bosh chayqadi. Odatdan tashqari odamlarni yo‘ldan urish nihoyatda oson, ayniqsa ular o‘z iste’dodini tsirk yo estradadan boshqa yerda qo‘llashga urinib ko‘rayotgan bo‘lsa. Tijorat olami, juda bo‘lmaganda nazariy jihatdan olib qaraganda, o‘zining “vintcha”laridan yuz foiz fidoyilikni talab qiladi va ularning muntazam ishlashga qobil bo‘lmagan har biri nuqsonli yoxud befoyda deb hisoblanadi. Bu xil munosabat asorati ekstrasenslarning idrokida ham saqlanib qolgan. Ularning o‘zlari o‘z iste’dodlarini o‘z shaxslarining tarkibiy qismi emas, balki shunchaki bir, mexanik tarzdagi davomi deb bilishadi va agar o‘sha iste’dodlarini amalda baayni avtomat yanglig‘ aniq va uzluksiz qo‘llay olishmasa, o‘zlarini qandaydir kemtik, notavon deb his etishadi.
Ueverli nima deyishini bilolmay, garangsib qoldi. To‘g‘ri, bu hayotda hamma qatori ekstrasens ham o‘z o‘rnini topa bilmog‘i darkor. Bu-ku haq gap-a, ammo lekin amalda juda-juda mushkul, biroq, ochig‘ini aytganda, omadsizlikka ilk bora duch kelgandayoq fermerlikka bosh olib qochish ham to‘g‘rimas-da, axir.
— Xullasi kalom, Sem, — deya davom etdi Sayms, — ekstrasenslar uchun qanchalik ko‘p ish qilayotganingni men yaxshi bilaman, biroq bizlarning aqalli biron nimada oddiy odamlardek bo‘lish huquqimiz ham bor-ku, axir. Qisqasi, men ketaman, xafa bo‘lmaysan.
— Qo‘ysang-chi, Bill, bu nima deganing. — Saymsni fikridan qaytarishga urinish o‘ziga qarshi qilib qo‘yishga olib kelishi tayinligini Ueverli tushunib yetgan edi. Va yana shuni ham biladiki, barcha ekstrasenslar singari Sayms ham jindek o‘yin qilayapti. O‘z hunarlarini ado etish ularning bariga xuddi moydek yoqadi. Balki daladagi mashaqqatli mehnat, mudom changga belanib, loyga botib yurish Billning aqlini kirgizar va u tez orada avvalgi hayotiga va mashg‘ulotlariga qaytar. — Lekin, har qalay, dom-daraksiz yo‘qolib ketma, xo‘pmi? Telefon qilib tur.
— Bo‘lmasa-chi. Bo‘pti, Sem, xayr.

— Xo‘sh, qalay, o‘zingga kelib qoldingmi? — deb so‘radi u. — To‘y kunini surib o‘tirmaymizmi endi?
— Sen, yaxshisi, Eskiningdan gapir-chi. Nima qilayapti u?
Ueverli Eskinga mos ishni qanday qilib topib berganini aytdi va to‘y kuni kelasi haftaga belgilandi. Kechqurun ular shinamgina bir restoranchada ovqatlanishdi, keyin Dorisning uyiga borishdi va odatda bo‘lganidek televizorni qo‘yishdi-yu, ammo naq yarim tungacha unga qayrilib ham qarashgani yo‘q.
Ertalab Ueverli yangi jurnallarni varaqlab o‘tirar ekan, to‘satdan xayoliga ajoyib bir fikr keldi. O‘sha zahotiyoq Emma Kranikka telefon qilib, bir kelib-ketishini so‘radi.
— Sayohat qilishga qalaysiz? — deb so‘radi so‘ngra qizdan. — Yangi odamlar, yangi mamlakatlar degandek.
— O, qaniydi-ya! — Emmaning ko‘zlari chaqnab ketdi. — Agar bilsangiz, men shu paytgacha amakimning fermasidan boshqa joyga chiqmaganman.
— Safar qiyinchiliklaridan qo‘rqmaysizmi mabodo? Aytaylik, sovqotishdan.
— Yo‘q, men hech qachon sovqotmayman, — dedi qiz qat’iy ishonch bilan. — Qanday qilib yong‘in chiqarolsam, o‘zimni doimo shu tarzda isita olaman.
— Juda soz-da! Bo‘lmasa bunday qilsak… — Ueverli telefon go‘shagiga yopishdi. Yana o‘n besh daqiqadan keyin poltergeyst sohibasining kerakli odamlar bilan uchrashuvi to‘g‘risida kelishib olindi.
— Emma, — dedi Ueverli, — Xarkins ekspeditsiyasi to‘g‘risida biron nima eshitgan joyingiz bormi?
— Yo‘q, — deya javob qildi qiz. — Nima edi?
— Gap shundaki, ular Antarktidaga yo‘l olishmoqda. Bunday safarlarda esa asosiy va doimiy muammolardan biri odamlarning issiqlikka bo‘lgan ehtiyojidir. Gap nimaga borib taqalayotganini sezib turgandirsiz, hoynahoy?
Qiz jilmaydi.
— Tushunayotgandekman.
— U holda tezroq borib, ularni o‘z imkoniyatlaringizga ishontirishga urinib ko‘ring. Yo‘q, shoshmang! Yaxshisi, men ham birga boraman. Antarktidaga yo‘l oluvchi ekspeditsiyalar uchun sizga o‘xshaganlar bebaho xazina bo‘lishi kerak!
Safar qatnashchilarining ishonchini qozonish qiyin kechmadi. Olimalardan iborat guruh a’zolari Emma o‘zining noyob qobiliyatini hali o‘n martacha ham namoyish etmay turiboq bu qiz ular uchun antiqa topilma ekanligini anglab yetishdi. Sog‘lom va baquvvat Emma qorda o‘z vazniga teng yukni osongina tashishi, o‘zini doimo isitib yurishdek qobiliyati tufayli har qanday sovuqda ham bemalol ishlay olishi mumkin edi. Nigohi bilan olov yoqa bilishdek iste’dodi esa-ku har qancha maqtovga loyiq!
Ueverli o‘z ofisiga qaytar ekan, muvaffaqiyatidan o‘ta mamnun, lablarida g‘olibona tabassum o‘ynar edi. Vaqti-soati kelib Emmaga o‘xshash qizlar Mirrixda, yerlik tadqiqotchilarning guruhlarida rosa ish beradi hali. Mirrixning siyrak havosida haroratni saqlab turish o‘ta mashaqqatli yumush, binobarin, Emmaning o‘rni beqiyos bo‘lajak.
Bunday muvaffaqiyatlarning har biri Ueverlida parapsixologiyaning kelajagiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlar edi. Betizgin iste’dodlarning har biri hayotda o‘z o‘rnini va ish sohasini topishi shart albatta! Hamma gap ularni qanday qilib topishda qolgan, xolos.
Ofisda uni kutilmagan hodisa kutib turgan ekan. Nima bo‘lardi, yana Sidni Eskin-da! Dorisning esa qovog‘idan qor yog‘ardi.
— Yana nima gap, Sidni? — deb so‘radi Ueverli. — Yo bizni sog‘inib, bir ko‘rib ketgani keldingizmi?
— Men ulardan butkul ketdim, — dedi Eskin o‘pkalagan ohangda. — Meni ishdan bo‘shatib yuborishdi, mister Ueverli!
— Xo‘sh, nega endi?
— Ular haqiqiy olimlar emas ekan! — Eskin o‘kinchli bir qiyofada bosh chayqadi. — Men o‘zimning namunaviy tadqiqotlarim natijasini namoyish qilgandim, xoh ishoning, xoh ishonmang, ularning kapalagi uchib ketsa bo‘ladimi? Olim odamlar bo‘la turib dahshatga tushishdi-ya!
Ueverli kulgusini arang tiydi. Chunki u bunday tadqiqot loyihalari quruq safsata bo‘lib, haqiqiy ahvolning mingdan birini ham aks ettira olmaydi, deb bilardi doimo.
— Bunisi ham mayli-ya, — deya alamzadalik bilan hikoyasida davom etardi Eskin, — ular hatto xolis turish nimaligini ham bilishmas ekan mutlaqo! Men shunchaki bir nazorat tariqasida o‘sha olimlarning — agar bu kimsalarni shunday deb atash mumkin bo‘lsa! — shaxsiy hayotiga doir tadqiqotlarning kichkinagina bir guruhini o‘tkazib ko‘rgandim, xolos. Ular esa shu zahotiyoq meni quvib yuborishdi!
— Attang, attang, yaxshi ish bo‘lmabdi, — dedi Ueverli chin ko‘ngildan achinib, ammo Doris Flitga qarashga yuragi betlamasdi.
— Men ularga ilmiy izlanishlarimning hech qanaqa yomon jihati yo‘qligini isbotlab berishga urindim, — Eskinning jag‘i tinmasdi. — Hatto sizning miss Flit bilan munosabatlaringiz tavsiflangan kundaliklarimni ham ko‘rsatdim…
— Ni-ma-a?! — Doris sapchib turib ketgandi, kursisi taraqlab yiqildi.
— Ha-da, ko‘rsatdim. Men o‘tkazgan tajribalarim haqidagi hisobotlarimning barchasini doimo saqlab yuraman! — dedi ekstrasens g‘ururlanib. — Keyingi ishlarni olib borish uchun ularga birrov nazar tashlashning o‘zi kifoya, ana o‘shanda…
— Bas, yetar, toqatim toq bo‘ldi! — dedi Doris. — E Xudo, bu bandangni namuncha ovsar, galvars qilib yaratmasang-a… Sem, bu nusxaning qorasini o‘chir hoziroq!
— Bundan foyda yo‘q, axir! — e’tiroz bildirdi Ueverli. — U baribir bizni kuzatishni davom ettiraveradi.
Doris lablarini mahkam qimtiganicha bir nafasga go‘yo toshdek qotib qoldi.
— Yo‘q, yo‘q, bunga endi sabr-toqatim yetmaydi! — dedi u titrab-qaqshab. — Ortiq chidayolmayman! — U shunday deb sumkasini oldi-yu, eshik tomon yo‘naldi.
— Shoshma, qayerga ketayapsan o‘zi? — deb to‘xtatishga urindi Ueverli.
— Ochiq mozorga! — Doris ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
— Qo‘yavering, u baribir sizning tengingiz emas, — deya yupatishga urindi ekstrasens. — O‘lguday tegmanozik. Men har qalay sizlarning jinsiy mayllaringizni yetarlicha e’tibor bilan o‘rganib chiqqanman va siz…
— O‘chiring ovozingizni, Eskin! — deb baqirib berdi Ueverli. — Birpas tinch qo‘ysangiz-chi, axir! — Biroq uning kallasi bo‘m-bo‘sh, barcha fikrlari kapalaklar yanglig‘ duv etib uchib ketgandek edi go‘yo. Eskinga qanday ish topib bermasin, u baribir “kuzatish”dan qolmaydigan ko‘rinadi. Bundan chiqdi, to‘y haqida o‘ylamasa ham bo‘ladi endi…
— Narigi xonaga kirib o‘tira turing, — deb buyurdi u Eskinga. — Men yolg‘iz qolishim kerak.
— Balki, bajarilgan ishlar haqidagi hisobotni qoldirishim kerakdir sizga? — deya taklif qildi Eskin qo‘lida yozuvlar to‘la bir dasta qog‘ozni salmoqlagan ko‘yi.
— Ha, ha, qoldiring. Stol ustiga qo‘ya qoling.
Eskin u xonaga o‘tganidan keyin Ueverli kursiga horg‘in cho‘kdi-yu, og‘ir o‘ylar girdobiga cho‘mdi.
Shu alfozda bir necha kungacha muttasil bosh qotirdi: bu nusxani nima qilish kerak o‘zi? O‘sha kungi mashmashaning ertasiga Doris ishga chiqmadi, albatta, indiniga ham. Ueverli uyiga qo‘ng‘iroq qilgandi, telefon javob bermadi.
O‘t-olov qiz Emma Kranik — bu jonli poltergeyst — Antarktika ekspeditsiyasi bilan birga safarga jo‘nab ketdi, matbuotda u to‘g‘risida ko‘plab hayratomuz fikrlar bildirildi.
Sharqiy Afrikada telekinetik qobiliyatga ega bo‘lgan ikkita ekstrasens topildi va Ueverlining markaziga yuborildi.
U esa hanuz Eskin haqida bosh qotirardi.
Bir kuni ofisga yana bir nusxa o‘rgatilgan itini yetaklab keldi. Ueverli unga “Betizgin iste’dodlar” uyushmasi biron-bir xil teatr yoki tsirk agentligi emasligini tushuntirib berganida esa u nihoyatda xafa bo‘lib chiqib ketdi.
Ueverli esa hamon o‘ylardi.
Bir gal aviatsiya zavodidan Xovard Eyrkraft telefon qildi. Billi Sayms ketganidan buyon bu yerda texnik nazorat ishi rosmana muammoga aylanib qolibdi. Bu qadar aniq ishlab chiqarishda Billning noyob qobiliyatiga hech narsa teng kelolmasdi. Negaki u hamisha, ayniqsa “ilhom”i kelib turganda ma’dan bo‘lagiga bir qarashdayoq aniq tashxis qo‘yib berardi-da. Dvigatelning ayrim qismlarini hatto joyidan jildirishga hojat qolmasdi.
Eski usuldan — rentgen nurlari yordamidan foydalanishda esa avvalo hamma narsani nazorat bo‘limiga olib borish, keyin tegishli tartibda joylashtirib chiqish, nazorat qurilmasini ishga tushirish, olingan suratlarni chiqarish kerak edi va hokazo. Qolaversa, yana radiologik tavsifnoma tuzish, nozir esa muayyan detallardan kelgusi foydalanishga ruxsat berishi yo bermasligi lozim bo‘ladi!
Qisqasi, kompaniya Sayms qaytishini orzu qilardi.
Va u qaytdi, fermerlik ishi nihoyatda tez joniga tegibdi o‘ziyam. Ammo eng muhimi — u o‘zining chindan ham kerakligini endi aniq bilardi! Hamma gap ana shunda-da asli.
Ueverli esa hanuz Eskinning hisobotlarini o‘qir va bu telbavor qiziqishning mohiyatini ilg‘ab olishga urinardi.
Bu odam g‘aroyib qobiliyatga ega ekanligi shubhasiz, zotan, u jinsiy munosabatlarni gormonal darajaga qadar tahlil etishga, hatto epiteliy to‘qimasining mikroskopik shikastlanishlarini qayd eta olishga qodir! Nima, mikroskopik nigohmi bu? Shoshma, shoshma, agar chindan ham shunday bo‘lsa-chi?!
Ueverli, shuningdek, Eskinni Blekstounga qaytarish imkoniyatini ham ko‘rib chiqdi. Sirasini aytganda, bu odam foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirayotgani haqiqat. Psixiatrlarning nazoratida esa u balki bunday tadqiqotlarga bo‘lgan qiziqishini yo‘qotar… Lekin shu bilan birga noyob iste’dodini ham go‘rga tiqsa-chi?..
Eskin u darajada telba emasdir ehtimol. Bil’aks, o‘z zamonasidan ancha ilgarilab ketgan daho bo‘lib chiqsa-chi? Ueverli kelajakda yoziladigan tarixiy asardan quyidagi satrlarni ko‘z oldiga keltirdi: “Ekstrasensorika dahosi Eskin bilan muloqotda uning zamondoshlari, taassufki, o‘z kaltabinliklarini, ta’bir joiz bo‘lsa, kaltafahmliklarini namoyish qilishdi va aynan shu sababli ham bu sohadagi ishlar rivojlanmay to‘xtab qoldi”. E, yo‘q! Bunaqasi ketmaydi! Bunga u hech qanaqasiga yo‘l qo‘yolmaydi! E Xudo, nahotki biron-bir chora topilmasa-ya?.. Topilishi kerak, axir!
Mikroskopik nigohga ega bo‘lgan odam… E, bo‘ldi, bo‘ldi, chorasi topildi!
— Bu yoqqa qarang, Eskin, — Ueverli ko‘p vaqtini uning xonasiga yondosh xonada o‘tkazishga o‘rganib qolgan bo‘lg‘usi dahoni o‘z huzuriga chorladi.
— Qulog‘im sizda, ser, — dedi ekstrasens uning ro‘parasiga kelib o‘tirar ekan.
— Sid, — deya gap boshladi Ueverli, — jinsiy munosabatlar sohasida bir tadqiqot o‘tkazish va, albatta, shu haqda batafsil hisobot yozish fikriga qanday qaraysiz? Bu bilan siz ilm-fanimiz ravnaqiga chindan ham katta yordam bergan va u yog‘ini surishtirsangiz, bilimlarning hali hech kim kashf etmagan yangi bir sohasiga asos solgan bo‘lardingiz!
— Nimani ko‘zda tutayotganingizni bilishni istardim, — dedi ekstrasens unga shubhalanib tikilar ekan.
— Bir narsani yaxshilab tushunib oling, Sid: odamlarning jinsiy faolligini tadqiq etish hozirda kechagi kunning masalasi bo‘lib qolgan. Bunday tadqiqotlarni hamma olib boradi. Sizchalik muvaffaqiyat bilan emas, albatta, lekin har qalay, olib borishayapti. Ya’ni bu izlanishlarda hech qanaqa yangilik yo‘q. Men esa sizga ilm-fanning amalda mutlaqo o‘rganilmagan bir sohasida shug‘ullanishga yordam bermoqchimanki, unda jamiki qobiliyatlaringiz to‘liq namoyon bo‘lishiga imkoniyat tug‘ildi. Xo‘sh, bu taklifga qanday qaraysiz?
— Ma’qullayman, albatta, — dedi ekstrasens. — Biroq bu tadqiqotlar jinsiy hayot bilan bog‘langan bo‘lishi shart.
— Bog‘langanda qandoq! — deya xitob qildi Ueverli. — Lekin ular jinsiy hayotning aynan qaysi jihatiga daxldorligi siz uchun baribir, shunday emasmi?
— Qaydam… — taraddudlandi Eskin.
— Yana shuni ham nazarda tutingki, agar bu vazifani uddalay olsangiz — bunga hali ishonchim komil emas! — nomingiz tarixda qoladi! Siz o‘z tadqiqotlaringiz natijalarini eng nufuzli ilmiy jurnallarda e’lon qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz! Qolaversa, sizni hech kim hech qachon hech qanaqasiga ta’qib etmaydi! Aksincha, hamma sizga baholiqudrat yordam bera boshlaydi!
— Va’dalar-ku juda quyuq-a. Lekin u qanday ish o‘zi?
Ueverli masalaning mohiyatini yaxshilab tushuntirar ekan, Eskindan ko‘zini uzmasdi. Nihoyat, ekstrasens o‘ylanib turib dedi:
— Menimcha, bu ish qo‘limdan keladi, mister Ueverli. Vazifa osonmas, albatta, lekin siz ilm-fan chindan ham shunga muhtoj deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz…
— E, muhtojlik ham gapmi! — dedi Ueverli so‘z ohangi mumkin qadar ishonchliroq chiqishiga harakat qilarkan. — To‘g‘ri, masalaning mohiyatiga kirish uchun ba’zi narsalarni o‘qib chiqishingizga to‘g‘ri keladi, lekin men sizga tegishli adabiyotlarni topib berishda bajonidil yordam qilaman!
— Bo‘pti, men bu ishga hoziroq kirishaman! — dedi ekstrasens va diqqatini jamlash uchun ko‘zlarini yumib oldi.
— Shoshmang, bir daqiqaga sabr qiling, — deb so‘radi Ueverli. — Oldiniga shu lahzada miss Flit nima bilan mashg‘ulligini bir “ko‘rib” bersangiz.
— Bu-ku qiyinmas, albatta, — deya javob qildi Eskin. — Lekin nazarimda mening yangi vazifam ancha muhimroq tuyulayapti…
— O, bu shak-shubhasiz! — deya ma’qulladi Ueverli. — Lekin “ko‘ra” olasizmi, yo‘qmi, deb shunchaki qiziqayapman-da. U hozir qayerda ekan?
Ekstrasens bir daqiqa o‘ylanib qoldi.
— Miss Flit shu lahzada seks bilan shug‘ullanmayotgani aniq, — dedi keyin. — Uni men notanish bir xonada ko‘rayapman… Endi, do‘stim, meni o‘z holimga qo‘ysangiz, maylimi?
— Ha, ha, bemalol.
Eskin yana ko‘zlarini yumib oldi.
— Ko‘rayapman ularni, ko‘rayapman! — deb qichqirib yubordi u bir necha soniyadan keyinoq. — Tezroq qog‘oz-qalam bering!
O‘z oldiga qo‘yilgan vazifani hal qilishga Eskin butun borlig‘i bilan berilib ketganini ko‘rgan Ueverli xonadan ohista chiqib ketdi.

Mana endi Doris qayerga g‘oyib bo‘lganini aniqlash payti keldi. Ueverli qaytib kelgandir, degan umidda uning uyiga yana telefon qildi, ammo hech kim javob bermadi. Birin-ketin barcha dugonalaridan surishtirib chiqdi, biroq Dorisni ular ham ko‘rishmagan ekan.
U qayerda, axir? Qayerdan izlash kerak?
Ueverli ko‘zlarini yumdi-da, xayolan chaqira boshladi: “Doris! Fikrimni eshitayapsanmi, Doris?”
Javob yo‘q. U butun diqqatini shu fikrga jamladi. Ueverli telepat emasdi, albatta, ammo Doris fikr qabul qila oladi. Agar Ueverli haqida o‘ylayotgan bo‘lsa…
“Doris!”
“Sem!”
Ueverliga shuning o‘zi kifoya edi! Doris qaytishini u endi aniq bilardi.

— Qayoqqa ko‘chib ketganding? — deb so‘radi Ueverli Dorisni bag‘riga mahkam bosarkan.
— Bitta mehmonxonaga, — deya javob qildi u. — Shunchaki kutib o‘tirdim va sening fikringni o‘qishga urindim.
— O‘qiy oldingmi?
— Yo‘q, — deya iqror bo‘ldi u. — Faqat oxirida, sen o‘zing men bilan fikran bog‘lanishga uringan paytingda o‘qiy oldim, xolos.
— Umuman olganda, bu unchalik muhim emas, — dedi Ueverli. — Sendan yashiradigan hech qanday sirim yo‘q edi baribir. Ammo lekin bitta gapni ikkala qulog‘ingga quyib ol: agar yana bir marta mana shunaqa qilib qochib ketadigan bo‘lsang, seni izlab topish uchun qancha kerak bo‘lsa, shuncha telepatni ishga solaman!
— Shunisi yetmay turuvdi o‘zi! — Doris unga tikilar, nigohi jiddiy edi. — Ochig‘i, sendan qochib ketish niyatimning o‘zi yo‘q. Biroq, Sem… anavi nusxa bor ekan…
— Qani, bu yoqqa yur-chi…

Eskin eng ichkari xonada o‘tirgancha nimalarnidir zo‘r berib yozardi. Vaqti-vaqti bilan bir narsadan ikkilangandek birpas o‘ylanib qolar va yana qog‘ozga muk tushardi. Keyin ehtiyotkorlik bilan qandaydir bir chizma chizdi, unga tanqidiy nigoh bilan bir oz tikilib turgach, o‘chirib tashladi. Va shu zahotiyoq qaytadan chizishga kirishdi.
— Bunchalik berilib ketgani nima ish ekan o‘zi? — deb so‘radi Doris.
— Bilasanmi, — dedi Ueverli, — men bu maxluqlarning hatto nomini ham durustroq eslab qololmadim. Allaqanday mikroblarmi-ey.
— Yo tavba, unga nima bo‘lgan o‘zi, Sem?
— Nazarimda, Eskinning tadqiqotga bo‘lgan ehtiyojini qondiruvchi vazifa topib beroldim-ov. Men unga jinsiy munosabatlarning odamlarda kuzatiladigan turidan boshqa va mutlaqo o‘zgacha ko‘rinishlari ham mavjudligini tushuntirib berdim. Shuningdek, bu sohada shug‘ullanish bilan insoniyatga va umuman, ilm-fanga ulkan foyda keltirishiga, tez orada olimlarning yuksak hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘lishiga ishontirdim. Agar bilsang, Eskin shu daqiqada bakteriyalarning jinsiy hayotini kuzatayapti.
— Hech qanday mikroskopsiz-a?
— Ha! Eskin bu tadqiqotga shunchalik berilib ketganki, bakteriyalar hayoti haqida yozilgan har qancha adabiyotni yutoqib o‘qishga tayyor. Va o‘zi ham bu mavzuda biron qiziqarli va nihoyatda qimmatli ma’lumot topishi shak-shubhasiz.
— Ehtiyojini kerakli tomonga yo‘naltiribsan-da… — Doris o‘ylanib qoldi. — Lekin nahotki mikroblar ham seks bilan shug‘ullansa-ya?
— Bunisini bilmayman! — dedi Ueverli. — Biroq Eskin bila olishi aniq! Va bu sohada biron-bir ajoyib kashfiyot qilsa ham ajab emas! Aslini olganda-ku, ko‘plab olimlarni oddiy josuslardan ajratib turuvchi chegara ham qariyb sezilmaydi. Seks Eskin uchun uning tadqiqotchilik ishtiyoqiga nisbatan chindan ham ikkinchi o‘rinda turardi. Endilikda esa u o‘zi tanlagan yo‘nalishda yana bir qadam tashladi… — Ueverli ohista tomoq qirib qo‘ydi. — Xullas, bu yog‘iga o‘zimiz haqimizda o‘ylaydigan bo‘lsak, ikkalamiz uchun muhim bir masalani hal qilish payti yetib kelmadimikan?
— Qaydam… Agar Eskin yangi mashg‘ulotidan chalg‘ib ketmasligiga ishonching komil bo‘lsa…
— Unga yaxshiroq bir qara-chi…
Ekstrasens bir nimalarni zo‘r berib yozar, o‘chirar, atrofida hech kimni va hech narsani payqamas edi. Chehrasida yaqqol namoyon bo‘lib turgan ishtiyoq, zavq-shavqqa qaraganda, uni bu mashg‘ulotdan chalg‘ita oladigan hech qanday kuch yo‘q edi.
— Ha, gaping to‘g‘riga o‘xshaydi… — Doris jilmayib Ueverliga yaqin keldi. Keyin birdan yopiq eshikka qaradi-yu, fikran xabar berdi: “Qabulxonada kimdir bor, Sem!”
Ueverli bir seskanib tushdi. Ba’zan shu telepatiya ham yomon xalaqit beradi-da! Lekin nachora: xizmatchilik o‘z yo‘liga. Doris ikkovlari qabulxonaga chiqishdi.
U yerda yoshgina bir qiz o‘tirardi. Qotmagina, nozikkina, nigohida hadiksirash seziladi. Jovdirab boquvchi ko‘zlari qizargan, hozirgina yig‘lab olgan ko‘rinadi.
— Mister Ueverli siz bo‘lasizmi? “Betizgin iste’dodlar” uyushmasidan-a?
Ueverli bosh irg‘adi.
— Sizning yordamingiz kerak! Men g‘oyibdan ko‘ruvchiman, mister Ueverli. Rostakamiga! Xudo xayringizni bersin, menga bu la’nati qobiliyatdan qutulishda yordam qiling! Yolvoraman, o‘tinib so‘rayman! Yordam bermasangiz bo‘lmaydi!
— Ko‘ramiz u yog‘ini, — dedi Ueverli yuragi gursillab ura boshlaganini sezib. G‘oyibdan ko‘ruvchi odam o‘z oyog‘i bilan kelib tursa-ya! — Marhamat qilib xonaga o‘tsangiz. Ana shu yerda menga hamma narsa haqida batafsil hikoya qilib berasiz.

Ruschadan Rustam Obid tarjimasi.
«Jahon adabiyoti” jurnali, 2004 yil, 2-son.