Asl Jonatanga — har birimizda yashaydigan Oqcharloqqa bag‘ishlanadi.
BIRINChI QISM
Tong pallasi edi, bo‘y ko‘rsatgan quyosh jimirlab yotgan dengiz betini oltin tusga belagan.
Baliqchi qayig‘i qirg‘oqdan bir mil narida. Suv uzra chaqiriq tovushi taraladi — bu nonushta xabari. Katta yig‘in. Chorlov tag‘in bot-bot yangraydi, nihoyat minglab oqcharloqlar uchib kelib o‘zini to‘daga urmaguncha takrorlanadi. Har qaysi qush ayyorlik va abjirlik bilan tashlanib yog‘liroq luqmani yulib qochishga urinadi.
Biroq Jonatan Livingston ismli Oqcharloq to‘dada yo‘q edi. U mashq qilardi — boshqalardan olisda, yolg‘iz o‘zi, qayiqdan va qirg‘oqdan juda balandda parvoz etardi. Osmonga yuz fut yuksalib, pardali panjalarini bo‘sh qo‘ydi, tumshug‘ini ko‘tardi va butun kuchini yig‘ib qanotlarini egdi, juda qattiq og‘riqqa chidab ularni yoy shakliga keltirdi. Qanotlarni bunday shaklga keltirish, uning fikricha, parvozni imkon qadar sekinlatishi lozim edi. Va Jonatan havoda tobora sekin va sekin sirg‘andi. Qulog‘iga urilayotgan shovullagan tovush eshitilar-eshitilmas shivirlashga aylandi va tubanda okean muallaq qotdi. Ko‘zlarini qisib, zo‘r berib diqqatini jamlagancha Jonatan nafasini ichiga yutdi. Yana… birgina… bir… dyuym… birdan… bu… egri… Uning parlari titradi, chuvalashdi, u tezlikni butkul yo‘qotib qo‘ydi, chalqanchasiga ag‘darilib ketdi va pastga quladi.
Sizga ma’lum bo‘lsa kerak — oqcharloqlar hech qachon bunday tang ahvolga tushmaydi. Oqcharloqning parvoz chog‘ida tuyqusdan to‘xtagani, tezligini yo‘qotgani kechirilmas hol. Bu — uyat, bu — sharmandalik.
Biroq, ayni damda Oqcharloq Jonatan Livingstonga uyat hissi begona edi. U tag‘in, juda qattiq og‘risa-da, qanotlarini egik shaklga keltirdi — sekinlik bilan, ohista sirg‘aldi va mashqi tag‘in muvaffaqiyatsiz chiqdi. U mashqni takrorlayverdi. Chunki, u oddiy qushlardan emas edi.
Aksar oqcharloqlar uchishning jo‘ngina qoidalari bilan qanoatlanadi, jiddiyroq parvoz qilishni o‘rganishga o‘zlarini urintirib o‘tirmaydi. Qirg‘oqdan oziqqacha uchib borib uchib qaytilsa — shuning o‘zi kifoya ular uchun. Ko‘pchilikka parvoz emas, faqat ozuqaning o‘zi zarur, xolos. Biroq, Jonatan Livingston otliq Oqcharloq uchun muhimi parvoz. Ozuqa esa — bu shunchaki… Chunki, dunyoda Jonatan barchasidan uchishni yaxshi ko‘radi.
Hayotga bunday munosabat, Jonatanning anglashicha, oqcharloqlar galasida unga obro‘ keltirmasdi. Hatto ota-onasi ham uning har kuni yolg‘iz o‘zi, yuz martalab sekin pastlab sho‘ng‘ib uchishni mashq qilishidan sarosimaga tushardi.
U hali ko‘p narsani, misol uchun, qanotlarini yarim qoqib ucharkan, havoda o‘zining uzoqroq va deyarli zo‘riqishsiz turishining sababini tushunmasdi. Jonatan hech qachon sekin pastlab qo‘nishni odatdagi tarzda yakunlamas — panjalarini kerib, qanotlarini keng yoygancha qorni bilan «tap» etib suvga o‘tirib olmasdi. Buning o‘rniga u havoda davomli bir tekis sirg‘alib, tanasi bo‘ylab oldinga uzalgan panjalari bilan suv betiga tegib-tegmay uchishni mashq qilardi. Qushloq sohilga sirg‘alib uchib qo‘nishni o‘rgana boshlagan paytda, har gal mahkam siqilgan panjalari bilan qumloqqa tepadan tushib kelarkan, uni ko‘rgan ota-onasining o‘takasi yorilguday bo‘lardi.
— Nega bunday qilasan, Jon, nega? — deb qayg‘urardi onasi. — Nahotki, hamma qatori uchib-qo‘nib yurish shuncha qiyin bo‘lsa?! Soqqaqush shunday past uchadi. Albatroslar ham. O‘shalar mashq qilaversin suv ustida pastlab uchishni! Axir, sen — oqcharloqsan! Nega hech ovqat yemaysan? O‘zingga bir qara, o‘g‘lim — pating suyagingga yopishib ketibdi-ku!
— Mayli, yopishsa yopishar. Biroq, men o‘zimni hecham yomon his etayotganim yo‘q, ona. Menga shunisi qiziq: osmonda nimaga qurbim yetadi, nimaga yetmaydi — men shuni bilishni xohlayman, xolos.
— Gapimni eshit, Jonatan, — deya g‘azabdan xoli ohangda gapirdi unga otasi. — Hademay qish kiradi, dengizda kemalar siyraklashib qoladi. Suv betida yashaydigan baliqlar tubroqqa ketadi. Agar senga biror-bir narsani o‘rganish zarur bo‘lsa, ozuqa topish yo‘llarini o‘rgangin. Sening bu uchish mashqlaring — ular, albatta, yaxshi, biroq, o‘zing tushunasan, sekin pastlab qo‘nishni mashq qilish bilan qorin to‘ydirib bo‘lmaydi. Sening uchishdan maqsading ovqat topish. Buni unutish yaramaydi.
Jonatan itoatkorona bosh irg‘adi. Va bir necha kun mobaynida o‘zini tiyib, xatti-harakatlari boshqa barcha oqcharloqlarnikidan farq qilmasligiga urindi. Buni u baliq ovlaydigan kemalarda va ular to‘xtaydigan joyda oqcharloqlar galasi uyushtiradigan jangga — baliq ichak-chavog‘i, qotgan non bo‘laklari uchun kechadigan qiy-chuv va to‘polonga qo‘shilib, o‘zicha halol va hafsala bilan talashib-tortishib ko‘rsatishga harakat qildi. Biroq, yashash uchun bunday kurashishga nisbatan o‘zida jiddiy munosabat uyg‘otish Jonatanga muyassar bo‘lmadi.
— Qandaydir bema’nilik, — o‘yladi u uchib borarkan va ming mashaqqat bilan talashib tortib olgan luqmani atay tushirib yubordi.
Jonatanning ortidan quvib kelayotgan qari oqcharloq luqmani ilib oldi.
Jonatan o‘yladi:
— Shuncha vaqtni men parvoz sirlarini o‘rganishga sarflasam bo‘lardi. Axir, hali qancha narsani bilishim kerak!
Shunday qilib, hayal o‘tmay Oqcharloq Jonatan yana dengizda paydo bo‘ldi — u yolg‘iz o‘zi, och-nahor, biroq, xush kayfiyatda uchish ilmini o‘rgana boshladi.
Bu safar tezlikni o‘rganish vazifasi qo‘yilgandi va bir hafta davom etgan mashqlardan Jonaton parvoz tezligi haqida shunchalik ko‘p sirlarni bilib oldiki, eng chaqqon oqcharloq ham buning uchun butun umrini sarf etgan bo‘lardi.
Zo‘r berib qanotlari bilan harakatlanib, u ming futlar balandlikka ko‘tarilib oldi va shu joydan tikkasiga tashlab, quyiga to‘lqinlarga peshvoz yeldek uchdi. Va shu lahza ichida oqcharloqlar nima sababdan hech qachon qanot qoqib pastga sho‘ng‘ib uchmasligini tushundi. Arzimagan besh-olti soniyada u soatiga yetmish mil tezlikni oldi — bu eng yuqori natija bo‘lib, bunday tezlikda, odatda, qanotlar harakatlanayotgan daqiqada shiddatli havo oqimi ta’sirida muvozanat yo‘qoladi.
U qayta-qayta urindi. Bor imkoniyatini ishga soldi. U hushyor va ehtiyotkor edi. Biroq, har gal katta tezlikka erishganida boshqaruvni eplay olmay qolardi.
Ming futlar yuksakka ko‘tarilishning o‘zi bo‘lmaydi. Shitob bilan to‘g‘riga uchish, keyin — qanotlarni ishga solib quyiga — tik sho‘ng‘ish g‘oyatda mushkul. Shunda — bu har gal sodir bo‘lardi — chap qanot dosh berolmasdi. Ayovsiz bostirib kelayotgan kuchli oqim Jonatanni zarb bilan chapga otdi, o‘ngdan ham shunday shiddatli oqim nisbatan bardoshli o‘ng qanotga kelib urildi va xuddi shamolda lopillagan alanga singari, Jonatan muvozanatni yo‘qotdi, qulab o‘ngyoqlamasiga parmaday buralgancha quyiga sho‘ng‘ib ketdi.
Qarshisidan bostirib kelgan oqimga basma-bas kurashishda unga aniqlik yetishmagani ochiq ko‘rinib turardi. U o‘n martalab harakat qilib ko‘rdi va har gal soatiga yetmish mil tezlikni oldim deganida boshqaruvni eplay olmay chuvalashib qolgan patlari yig‘ilib, suvga qulab tushardi.
Nihoyat, jiqqa ho‘l bo‘lgan Jonatanning miyasidan shunday fikr kechdi: bu holatdan chiqishning birdan-bir yo‘li qanotlar harakatini vaqtida to‘xtata bilish — ellik milgacha yelday uchib keyin qanotlarni bir zaylda harakatsiz tutish.
Jonatan yana bir marta, endi hatto ikki ming futlar yuqoriga ko‘tarilib, mashqni olishga qaror qildi. U yeldek uchdi va nafasini ichiga yutib, kerilgan qanotlari bilan tik sho‘ng‘idi. Ellik millik tezlik chegarasi arang bosib o‘tilgan, bu masofa undan haddan tashqari ko‘p kuch sarflashni talab qilgan esa-da, ayni usul qo‘l kelayotgandi. O‘n soniya o‘tib tag‘in tepaga ko‘tarilib olganidan so‘ng Jonatan to‘qson milli chegarani zabt etdi. Bu oqcharloqlar uchun jahon rekordi!
Biroq, g‘alaba quvonchi, g‘alabaning o‘zi kabi, uzoqqa cho‘zilmadi. Jonatan tepaga ko‘tarilishni to‘xtatib, muvozanatni saqlash uchun qanotlarining holatini o‘zgartirishga uringani hamon uni kuchli havo oqimi halokatli tiyiqsiz kuch bilan uloqtirib yubordi. Soatiga to‘qson mil tezlikda parvoz qilayotgan qush uchun bu dinamit zaryadining portlashiga monand holat edi. Jonatan pastga qulab tushdi, okean sathi g‘isht yotqizilgan yo‘lakday qattiq edi.
***
Jonatan hushiga kelganida qosh qorayib qolgan, u oy shu’lasida yiltillab yotgan dengiz betida qalqib suzib yurardi. Jiqqa ho‘l qanotlar qo‘rg‘oshindan quyulganday edi. Biroq, shafqatsiz mag‘lubiyat uni bundan-da ortiq ezardi. Jonatan umidlandi, boshiga tushgan shu ko‘rgulikning o‘zi uni suv qa’riga tortib ketishi uchun yetarli bo‘lar. Shu bilan barchasi barham topsa, koshkiydi.
Jonatan suvga chuqurroq sho‘ng‘idi va shu tobda ich-ichidan g‘alati bir ovoz jarangladi:
«Barchasi bekor. Men — oqcharloqman. Qismatim — imkoniyatimning cheklanganidan. Tez uchishni va parvoz san’atini mukammal egallashim uchun, aslida, tug‘ilganimdayoq tanam shunga mos sifatlarga ega bo‘lishi lozim edi va o‘shanda aqlim ham shuni taqozo etadigan darajada ishlardi. Tez uchish uchun qirg‘iyning qanotlari zarur, menda esa, bunday qanotlar yo‘q. Men, qaynoq qumdagi kalamushlar bilan emas, suvdagi sovuq baliqlar bilan oziqlanaman. Otamning aytgan gaplari to‘g‘ri. Bu befoyda mashg‘ulotlarni bas qilish kerak. Uyga qaytay — Galaga — va tirik yurganimga, borligimga shukr qilib yuraveray. Axir, men — bir notavon oqcharloqman, imkoniyatlarim cheklangan va men bunga tan berishim lozim».
Ovoz o‘chdi. Jonatan rozi bo‘ldi. Tunda oqcharloqning qo‘nalg‘asi — qirg‘oqda. U o‘ziga va’da berdi: shu daqiqadan e’tiboran u oddiy oqcharloqday yashay boshlaydi. Shunday qilsa, bu barchaga ma’qul ish bo‘ladi.
Jonatan holsiz suv betiga tayanib zo‘rg‘a ko‘tarilib olib, qirg‘oq tomon ucharkan, kam kuch sarflab pastlab uchishni o‘rganib olgani uchun taqdiriga shukr qildi.
«Ammo endi, — o‘yladi u, — baribir, mashqlarni butkul yig‘ishtiraman. Nimaki bilgan, o‘rgangan bo‘lsam barisi — tugadi, unutaman endi. Oqcharloqdan qirg‘iy chiqmaydi, men kimman — oddiy hamma qatori bir oqcharloqman. Va hamma qatori tinchgina uchib-qo‘nib yuraveraman endi.»
Shunday o‘ylar bilan Jonatan, og‘riqqa bardosh berib, amallab yuz fut ko‘tarildi. Qanotlarini og‘ir silkigancha qirg‘oqqa yo‘l oldi.
Endi To‘daga — oqcharloqlar qatoriga qo‘shilib, ular kabi yashashga qaror qilganidan vujudida yengillikni his etdi. Bu qarori bilan u uchish ilmini egallashga o‘zini tobe qilib qo‘ygan Kuchga bog‘langan rishtalarni uzgan edi. Shu tariqa, kurashlardan ham, mag‘lubiyat alamlaridan ham biryo‘la qutilgan edi. O‘ylamay, bosh qotirmay shunchaki yashash istagi, tun qo‘ynida uzoq qirg‘oq ortida jilvalangan gulxanga talpinib jimgina uchish unga huzur bag‘ishladi.
— Zulmat! — tuyqusdan yangragan tashvishli ovoz sukunatni buzib yubordi. — Oqcharloqlar tunda uchmaydi! Hech qachon!
Negadir Jonatan ovozga zarracha e’tibor ham qilmadi. Bunga uning holi yo‘q edi.
— Biroq shunday bo‘lgani yaxshi! — o‘yladi u. — To‘lin oy, qirg‘oqdagi gulxanlar, jimirlagan suv betida yo‘l ko‘rsatib—belgi berib turgan shu’lalar… Tinch-osuda, xotirjam… Juda yaxshi!
— Darhol qirg‘oqqa tush! Hech qachon oqcharloqlar qorong‘u zulmatda uchgan emas! Bunga tug‘ma qobiliyat kerak! Boyqushning ko‘zlari, qirg‘iyning kalta qanotlari kerak!
Tuyqusdan tunda, yuz fut tepada Jonatanga g‘oyibdan eshitildi bu ovoz. Va vujudidagi og‘riqlar, haligina ont ichib kelgan qat’i qarori — barisi, go‘yo hech qachon bo‘lmagandek, zumda yo‘qoldi.
Mana, parvozning siri qayerda! «Qirg‘iyning kalta qanotlari! Jumboqqa javob — shu! Shu qadar ahmoq bo‘lmasam men! Axir, qanotni kaltaroq qilolsam kifoya edi-ku! Buning uchun qanotlarni yig‘ib olib, faqat dum qismini yoyiq holda tutib harakatlanish kerak edi, xolos. Kalta qanotlar — shu-da!»
Borliqni unitib, na o‘lim va na mag‘lubiyatni o‘ylab, Jonatan shu zumdayoq tungi qoramtir dengiz uzra ikki ming fut osmonga ko‘tarildi, qanotlarining keng-mo‘l qismlarini badaniga mahkam yig‘ib-bosib, faqat yoysimon uchqur dumini bostirib kelayotgan havo oqimiga qarshi yoydi va quyiga tik tashladi.
Boshida shamolning vahimali guvillashi… Soatiga yetmish mil, to‘qson, bir yuz yigirma… Tezlik muntazam oshib borayotir! Soatiga bir yuz qirq milga yetdi, bosim esa, yoyilgan qanotlari bilan soatiga yetmish mil uchgandagiga qaraganda, behisob darajada sust; qanotlarining uchini bilinar-bilinmas harakatlantirgani shiddatli sho‘ng‘ishdan chiqib olishiga kifoya qildi va u oy yog‘dusida misoli zambarakning kulrang o‘qiday to‘lqinlar uzra uchib o‘tdi.
Jonatan, shamoldan ayab, ko‘zlarini qisdi. Ko‘zlari bir chiziqday ensiz tirqishga aylandi. U mamnun edi. Soatiga bir yuz ellik mil! Va yana boshqaruvni yo‘qotmagan holda! Agar ikki ming emas, besh ming futga ko‘tarilsa-chi… Qiziq, unda tezlik qanaqa bo‘larkan…
Bundan atigi bir necha daqiqa oldingi ahdu qarori unut bo‘lgan, shiddatli shamolda to‘zg‘ib uchib ketgan edi. Jonatan o‘ziga bergan va’dasini buzdi, biroq o‘zini aybdor his etmadi. Bunday va’dalar kundalik oddiy hayot tarziga ko‘nikib ketganlar uchun qandaydir ahamiyat kasb etar, ehtimol. Biroq bilimi va uquvi bilan favqulodda hodisalarni anglab yetadiganlar uchun — ahamiyatsiz.
Quyosh bo‘y ko‘rsatgan pallada Jonatan mashq qilardi. Besh ming fut balanddan baliqchi qayiq suvga tashlangan cho‘pga o‘xshaydi, nonushtaga yig‘ilgan To‘da — ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas gir aylanayotgan g‘uborday.
Jonatan o‘zining tirik ekanini his qildi va qoniqish hissidan tuygan quvonchdan vujudi yengilgina titradi, botinidagi qo‘rquvni yenga olganidan g‘ururlandi. Deyarli qiyinchiliksiz qanotlarining old qismini yig‘ib, ularning o‘tkir uchini shamolga to‘g‘rilagancha dengiz sari — quyiga sho‘ng‘idi. To‘rt ming fut masofaga parvoz etib, Jonatan eng yuqori tezlikni oldi. Qarshisidan bostirib kelayotgan havo oqimi metinday qalin sershovqin to‘siqqa aylandi, uni yorib o‘tishning hech iloji yo‘q edi. Bu oxirgi marra edi. Jonatan tez harakatlana olmasdi, u soatiga ikki yuz o‘n to‘rt mil tezlikda uchayotib o‘zini quyiga tik tashladi. Agar bunday tezlikda qanotlari yoyilguday bo‘lsa — halokat muqarrarligini, ayovsiz oqim zarbasi o‘zini million bo‘laklarga titib yuborishini va okean betiga faqat shu bo‘laklargina yetib borishini bilib yutindi. Biroq bu shiddatli parvozda o‘zgacha Kuch bor edi, quvonch va shaffof bir go‘zallik mujassam edi.
Ming fut balandlikda Jonatan sho‘ng‘ishdan chiqishga kirishdi. Quturib bostirib kelayotgan oqimda qanotlarining uchi g‘uvillab titradi, kema va oqcharloqlar To‘dasi ko‘z o‘ngida bezovta to‘lg‘andi va uchar yulduz tezligida yiriklasha bordi, ular shundoq Jonatanga ko‘ndalang turardi.
Jonatan o‘zini to‘xtata olmas, chetlab o‘tib ketishning ham iloji yo‘q edi. Bunday vaziyatda qanday amalni qo‘llash zarurligini u bilmasdi.
Har qanday to‘qnashuv esa bir lahzada kechadigan o‘lim bilan yakun topishi aniq edi.
Va u ko‘zlarini chirt yumdi.
Shunda, ayni tong mahali, quyosh endi bo‘y ko‘rsatgan pallada Oqcharloq Jonatan Livingston nonushtaga yig‘ilib gir aylanib uchayotgan oqcharloqlar to‘dasining qoq o‘rtasiga yorib kirdi. Soatiga ikki yuz o‘n ikki mil tezlikda To‘daning o‘rtasidan shuvillab uchib o‘tdi — ko‘zlari chirt yumilgan — bir siqim par va shamoldan iborat misoli zambarak o‘qiday. Faqat bu gal omad kulib boqdi — hech kim halok bo‘lmadi.
Sho‘ng‘ishdan chiqib olgach, uning tumshug‘i tag‘in tepaga ko‘tarildi — Jonatan hanuz olg‘a uchar va uchish tezligi soatiga oltmish milni tashkil etardi. Tezlik yigirma milgacha kamayganda esa, to‘rt ming fut balandlikda kema suvga tashlangan xasday bo‘lib ko‘rindi.
Bu chinakam zafar edi. U buni bilardi. Tezlikning eng yuksak nuqtasi — shu! Soatiga ikki yuz o‘n to‘rt mil! Oqcharloqlar To‘dasi tarixida eng ulug‘vor yutuq — chinakam yuksalish. Oqcharloq Jonatan Livingston hayotida bu mutlaqo yangi davrning boshlanishi edi.
U odatda uchish mashqlarini o‘tkazadigan joyga yo‘l oldi. Sakkiz ming fut balandlikdan tik sho‘ng‘ish uchun qanotlarini yig‘ib oldi, endi tezlik oshganda burilishni o‘rganishni maqsad qilgan edi.
U qanotining uchidagi birgina pat bir dyumga joyidan qo‘zg‘atilganda vujudi katta tezlikda havoda egri chiziqli yo‘l hosil qilib bir tekis uchishini bilib oldi. Biroq Jonatan buni tushunib olgunga qadar boshqa bir qaltis xavfni — agar shunday tezlikda uchayotib bittadan ortiq patni joyidan qo‘zg‘atsa, tanasi miltiqdan otilgan o‘qday buralib-aylanib chirpirak bo‘lib ketishini anglab yetgan edi… Shunday qilib, Jonatan yuksak parvoz san’atining sir-asrorlarini egallagan Yerdagi birinchi oqcharloq bo‘ldi.
Shu kuni boshqa oqcharloqlar bilan muomala qilishga uning bo‘sh vaqti bo‘lmadi. Kun botgunga qadar mashq qildi. Kumrovni yechib, yarim charxpalak, to‘la charxpalak yasab, tik ko‘tarilib, doira yasab tik tashlab uchish sirlarini kashf etdi.
Jonatan sohilda dam olayotgan To‘daga kelib qo‘shilganida tun yarmidan oqqan edi. U holdan toydi, boshi aylandi, biroq o‘zidan mamnun kayfiyatda qo‘nishdan oldin sohil ustidan keng doira hosil qilib, yerga tushguncha esa bir karra charxpalak yasab, keyin qo‘ndi. «Ularga buning hammasini aytib bersam, ular bu Kashfiyotlarni eshitsa, boshlari osmonga yetguday xursand bo‘lishadi, — deb o‘yladi Jonatan. — Endi hayot juda qiziqarli bo‘ladi! Avvallari zerikarli mayda tashvishlarda — qirg‘oqdan kemaga, kemadan qirg‘oqqa uchib-qo‘nib umr o‘tardi, endi parvozning mazmuni o‘zgacha bo‘ladi, endi uchishda katta maqsad bo‘ladi!»
«Bizda g‘aflatni tark etishga imkonimiz bor, biz o‘zimizdagi kuch-qudratni, aql-idrokni ishga solishimiz kerak. Biz o‘z ozodligimizni qo‘lga kiritishga qodirmiz. Nihoyat biz chinakam parvozga o‘rgana olamiz!»
Oldinda quvonchlarga to‘la, orzu-umidlarning ushalishini daraklayotgan baxtiyor damlar kutayotir, ochilayotgan beqiyos imkoniyatlarning ishtiyoqida yurak hapqiradi.
Erga qo‘nib, Jonatan To‘daning umumiy majlisi ustidan chiqqaniga guvoh bo‘ldi. Majlis allaqachon boshlangan, oqcharloqlar Jonatanni kutishayotgandi.
— Oqcharloq Jonatan Livingston! — Jamoa oqsoqoli xuddi tantanali marosimdagiday dabdabali ohangda gapirdi. — Sen Oqcharloqlar Kengashi muhokamasiga chaqirilgansan!
Kengashga chaqirish kimnidir muhokamaga tortib sharmandayu sharmsor qilmoqni yoki olqishlarga ko‘mmoqni anglatardi.
«Tushunarli, — o‘yladi Jonatan, — demak, gap ertalab nonushta mahali ro‘y bergan voqea haqida. Ular mening To‘dani yorib uchib o‘tganimni ko‘rishgan! Biroq olqishu maqtovlarning menga keragi yo‘q. Sardor bo‘lishga ham xohishim yo‘q. Men o‘zim kashf etgan usullarni o‘rgatishim, aslida har birimizda bor bo‘lgan aql bovar etmaydigan imkoniyatlarni namoyish etishim mumkin, xolos.»
U shu o‘ylar bilan Kengash ahli davrasi tomon odimladi.
— Oqcharloq Jonatan Livingston! — davom etdi o‘sha ohangda jamoa Raisi. — O‘rtaga o‘t, qilmishlaring uchun ta’na-dashnomlarni eshit, To‘dadagi birodarlaring guvoh bo‘lishsin buning barisiga…
Bu zardali gaplar xuddi tomdan tarasha tushganday qo‘qqisdan aytildi — Jonatan boshiga zarba yeganday gangib qoldi. Tizzalari qaltiradi, qanotlari shalvirab tushdi, quloqlari esa tushinarsiz shovqindan tom bitdi. Sharmandalik? To‘daning o‘rtasiga — ta’na-dashnom eshitish uchun?! Biroq bunday bo‘lmasligi kerak! Axir, u kashfiyot qildi-ku! Ular buni tushunmabdi! Bu yerda qandaydir tushunmovchilik bor! Ha-ha, xato qilishayotir, ular nohaq!
— … zotan, sen yo‘l qo‘ygan mislsiz beandishalik va mas’uliyatsizlik Oqcharloqlar Jamoasining yuksak axloqiy an’analarini oyoq osti qilish bilan barobarki, shu bois, sen sharmandayu sharmsor etilishga loyiqsan…
Umumiy majlisda ta’na-dashnom olgan jamoa a’zosi, albatta, Oqcharloqlar Jamoasi safidan quvg‘in qilinadi. To‘dadan haydalib, Olis Qoyalarga surgun etilgan quvg‘indi oqcharloqning qismati esa yolg‘izlikka mahkumdir.
— … va sen — Oqcharloq Jonatan Livingston — bir kun kelib mas’uliyatsizlik qanday oqibatlarga duchor etishini anglab yetasan. Bizga hayot mohiyatini anglashga urinish buyurilmagan. Faqat bir narsa ayon: bu dunyoga biz rizqimizni topib yeyish va shuning evaziga imkon boricha uzoqroq umr ko‘rish uchun kelganmiz, xolos.
Kimki Oqcharloqlar Kengashi muhokamasiga tortilgan bo‘lsa, To‘da ahli bilan majlisda bahslashishi taqiqlangan edi, biroq Jonatan o‘zini tutib turolmadi:
— Beandishalik deysizmi?! — xitob qildi u. — Sizlarga nima bo‘ldi, birodarlar?! Hayotning mohiyatini tushunishga urinish, katta maqsadlarga olib boradigan yo‘llarni izlash — axir, buning nimasi beandishalik? O‘zingni bu olijanob ishlarga bag‘ishlash — mas’uliyatni to‘la his etish-ku! Axir, biz hozirgacha nimani tushunib yetdik — baliqning ichak-chavog‘ini talashib minglab yillarni boy berdik… Endi bizda ibtidomizni — nima uchun yashayotganimizni anglash imkoniyati paydo bo‘ldi. Kashf etish, tushunish, ozod bo‘lish imkoniyati! Menga bir martagina imkon bering, nima topganimni ko‘rsatishga izn so‘rayman…
Jonatanning qarshisidagi To‘da tosh qotdi.
— Biz senga birodar emasmiz, yo‘ldan ozgan?! — bir ovozdan baqirdi oqcharloqlar va quloqlarini mahkam bekitishib unga orqa o‘girib olishdi.
Qolgan kunlarini Oqcharloq Jonatan Livingston yolg‘izlikda o‘tkazdi, u Olis Qoyalardan ham uzoqroqqa uchib ketgan edi. Uning bag‘rini ezayotgan alam yolg‘izlik azobi emas, balki oqcharloqlarning yuksak parvoz shavqini tuyushni istamagani edi. Ular ko‘zlari ochilishini va olamni ochiq ko‘z bilan ko‘rishni rad etishdi.
Kun osha Jonatanning bilimi ortib bordi. U katta tezlikda sho‘ng‘ishni o‘rganib olgach, o‘n futlar suv ostida to‘da-to‘da bo‘lib suzadigan kamyob va juda xushta’m baliqlarni ovlay boshladi. Endi uning tirikchilik g‘amida baliqchi kemalarga uchib-qo‘nib yurishiga, mog‘orlagan, ivib ketgan non bo‘laklariga ehtiyoji qolmagan edi. U endi, yo‘lidan adashmay, uchayotib ham uxlab olishga o‘rgandi. Bunda unga tunda quruqlikdan esadigan yengil shabada qo‘l keladi, kun botgandan tong otgunga qadar yuzlab mil masofani shu zayl bosib o‘tadi. Jonatan quyuq dengiz tumani orasida uchishda ham o‘zining ichki nazorat tartibini saqlay bildi, muntazam yuqorilab parvoz etib tumandan tepaga — shaffof osmonga ko‘tarila bildi… bu payt boshqa barcha oqcharloqlar yer bag‘irlab o‘tirar va ularning ko‘rgan-bilgani faqat yomg‘iru rutubatli g‘ira-shira qorong‘ulik edi. Yuksak-yuksaklarda yelday uchgan Jonatan esa qirg‘oqdan uzoqlarga — quruqlikning ichkarisiga kirib borar, bu joylarda turli-tuman hasharotlar — mazali ozuqalar serob edi.
U erishgan ne’matlaridan yolg‘iz o‘zi bahramand bo‘lar, ularni To‘dadagi barcha oqcharloqlar bilan baham ko‘rishni niyat qilardi. U chuqur shamollarga basma-bas uzoq-uzoqlarga uchishni o‘rgandi va bu yo‘lda chekkan ranju alamlariga hecham o‘kinmadi.
Yurakni siqadigan xunobgarchilik, qo‘rquv, kin-adovat — umrning zavoli. Shuni anglab yetib, Jonatan fikru xayolini diqqatbozlikdan, qo‘rquv va adovatdan xalos etdi va chinakam baxt-saodatga muyassar bo‘ldi.
Keyin ular kelishdi — shom mahali — va uni topishdi. Bu payt u yolg‘iz o‘zi jonajon osmonida xotirjam uchib yurardi. Bir juft oqcharloq yonginasida paydo bo‘ldi va qanotlarini uning qanotlari bilan bir zayilda qoqib, ikki yonida ucha boshlashdi. Bu oqcharloqlar qorong‘u tun osmonida tiniqligi yulduz nuriga monand yog‘du taratar va bu yog‘du ezgulik bilan yo‘g‘rilgan edi. Biroq hammasidan ham ularning parvoz mahorati hayratlanarli edi — bu oqcharloqlarning qanotlari uchlari bilan Jonatanning qanotlari uchlari orasidagi bir dyumli oraliq har qanday harakatdan keyin ham hech o‘zgarishsiz qolardi.
Jonatan bir so‘z demay, ularni sinovga oldi — bu sinovga biror-bir oqcharloqning bardosh berishi dargumon edi. U qanotlarini shunday bir holatga keltirgan edi, uchish tezligi keskin tushdi — yana bir milgina shunday uchsa, qulab tushishi tayin edi. Ikkala qush ham uning harakatini aynan takrorlashdi, biroq Jonatanning harakatiga nisbatan ularning holatida tirnoqcha o‘zgarish sezilmadi. Ular ohista uchish san’atini ipidan-ignasigacha egallashgan ko‘rinardi.
Jonatan qanotlarini yig‘ib, o‘zini bir o‘ngga, bir so‘lga tashlab oldi. Va soatiga bir yuz to‘qson mil tezlikda tuyqusdan quyiga sho‘ng‘idi. Ular ham, safdagi harakat va holatni to‘la saqlagan ko‘yi, Jonatan bilan bir zayl sho‘ng‘ishdi.
Va nihoyat, Jonatan tezlikni tushirmay, tepadan tik tashlab «ko‘r tugun» usulini amalga oshirdi. Ikkala qush beg‘araz kulishib, u bilan birday ayni usulni bajarishdi.
— Juda zo‘r-ku! Xo‘sh, sizlar kim bo‘lasizlar?
— Biz — Sening To‘dangdanmiz, Jonatan. Biz — Sening birodarlaring. Seni izlab keldik. Yuksaklarga ko‘tarilish fursati keldi, endi uyga qaytish vaqti yetdi.
— Mening uyim yo‘q. To‘dam ham yo‘q. Axir, men — Quvg‘indiman. Boz ustiga, hozir biz Shamollarning Buyuk Cho‘qqisida — eng yuqori nuqtada uchayapmiz. Chamamda, qartayib qolgan tanamni yana iki-uch yuz futlar tepaga ko‘tarilishga majbur qilolmasam kerak.
— Uddalaysan. Chunki Sen parvoz ilmini egallading. Bir maktabning sabog‘ini olding, endi navbatdagisini boshlashing kerak.
Bu madadkor dalda umr bo‘yi uning yo‘lini yo‘lchi yulduzday yoritib keldi, ayni damda esa yana yaraqlab qalbiga shavq va ishtiyoq nurini soldi. Ular haq gapni aytishdi. U bundan-da yuksakroqqa ko‘tarila oladi, uyiga ham qaytadi, axir, uyga qaytish fursati ham haqiqatdan yetgan ko‘rinadi.
U oxirgi marta yer osmoniga va yerning o‘ziga bir qur nazar soldi — bepoyon bir diyor kumushday tovlanib yotardi. O‘zi juda ko‘p narsalarni o‘rgangan aziz makonga uzoq tikilib qaradi. Keyin dedi:
— Men tayyorman.
Va ular uchovlon — Oqcharloq Jonatan Livingston va yulduzsifat bir juft qush — shitob bilan yuqorilab, qorong‘u samo qa’riga singib ketishdi.
IKKINChI QISM
— Ajabo, Osmonu Falak deganlari shunaqa ekan-da, — o‘yladi u va o‘zining hayratlanganidan kulgisi qistaganini yashira olmadi. Ehtimol, bepoyon Falakka baho beradigan nazar bilan qarash endigina uchib kelgan qush uchun odobdan sanalmas.
Erdan uzoqlashib, uchovlon bir ixcham bo‘g‘in bo‘lib bulutlarni quyida qoldirib tobora yuqorilab borarkan, Jonatan vujudi shaffoflanib o‘ziga hamroh qushlarning vujudiday nur tarata boshlaganini ko‘rdi. Shubhasiz, botinida u aslicha qolgan — o‘sha yovqur, ko‘zlarida olov chaqnab turgan Jonatan, biroq tanasining shaklu shamoyili o‘zgargan edi.
Garchi tani oqcharloqniki esa-da, Jonatanga hozirgiday parvoz hech qachon nasib etmagandi. «G‘alati-ya, — o‘yladi u, — ikki baravar kam kuch sarflayapmanu, biroq ikki karra tez uchayapman, Yerda o‘tgan eng omadli damlardan ko‘ra ikki hissa ko‘p ishlashga kuch topa olayapman!»
Uning patlaridan haroratli nur taralar, qanotlari esa ishlov berilgan kumushday silliq edi. Jonatan harakatlarining muntazamligini oshira borib, yangi mukammal qanotlar xosiyatini izchil o‘rganishga kirishdi.
Tezlikni soatiga ikki yuz ellik milgacha oshirib, Jonatan to‘g‘riga uchish tezligining so‘nggi nuqtasiga yeta boshlaganini his etdi. Ikki yuz yetmish uch mil tezlikni olganida esa, endi bundan ortiq tez ucholmasligini angladi. Bu uni biroz ranjitdi. Yangilangan vujudning imkoniyatlari, har jihatdan afzalligiga qaramay, cheklangan edi. To‘g‘riga uchishda Jonatan olgan bu eng yuqori tezlik oldin o‘zi erishgan yutuqlardan ancha yuqori edi, biroq baribir oldda to‘siq — devor ko‘ndalang turar, uni yorib o‘tish behad ko‘p kuch sarflashni talab etardi. «Ha-ya, — o‘yladi u, — go‘yo osmonda hech qanday to‘siq bo‘lmasligi kerakday.»
Biroq, mana, bulutlar joyidan jilib ora ochildi va uni kuzatib kelgan qushlar havoga singishib ketarkan, xayr-xo‘shlashib qichqirishdi:
— Jonatan, eson-omon qo‘nish nasib etsin!
U dengiz ustida uchardi, oldinda ko‘rfazlar bilan tilingan qoyali qirg‘oq tasmalari elas-elas ko‘zga tashlanardi. Oqcharloqlar — ular kamchil edi — qirg‘oqdagi qoyalarni bag‘irlab uchib yurardi. Uzoq shimol tarafda — naqd ufqda bir nechta qushning qorasi ko‘rinardi.
«Yangi ufqlar, yangi muammolar, — o‘yladi Jonatan. — Nega qushlar bu qadar oz? Axir, Osmonda gala-gala oqcharloqlar bo‘lishi kerak-ku! Nimadan toliqdim — men negadir juda qattiq charchabman… Axir, oqcharloqlar Falakka chiqqanda toliqmasligi kerak-ku. Uyqulari ham kelmaydi, deyishardi.»
Qiziq, bu haqda qayerda eshitgan edi? Yerdagi hayoti uning xotirasidan butkul faromush bo‘lgan, o‘chib ketgan. Shubhasiz, Yer uning ko‘p narsani o‘rganib bilgan makoni, bilib olganlari endi o‘ziniki. Biroq o‘tgan voqealarning tafsilotlari yodida qolmagan — ular biror-bir ahamiyatga ega ham emas. Yodida uzuq-yuluq qolgani oqcharloqlarning ozuqa talashib tortqilashganlari-yu, o‘zining Quvg‘indiga aylangani…
Qirg‘oqda mashq qilayotgan oqcharloqlar — ular o‘n choqli edi — unga yaqinlashishdi. Biror so‘z aytilmadi, shunga qaramay, Jonatan o‘z qalbida sohir tuyg‘ularni tuydi: ular uni xo‘shlashayotir, demak, u qabul qilindi, endi bu makon — uning uyi. Kun esa oyoqlayotir, bu kun Jonatan uchun juda barakali va uzundan-uzoq kun bo‘ldi — kunning avvali hatto xotirasidan ko‘tarilayozdi.
Jonatan qirg‘oq tarafga burildi, yerdan bir dyum yuqorilagancha to‘xtamoqchi bo‘lib qanotlarini silkidi va qumga ohista qo‘ndi. Boshqa oqcharloqlar ham qo‘nishdi — biroq qanot qoqmay, hatto biror pat-parini silkimay turib yerlashishdi. Ular yoyilgan qanotlari bilan qarshidan esgan shamolni tutishar va quyiga sho‘ng‘ishning yakunida bir tekis ko‘tarilib olishar, keyin qandaydir sezilmas tarzda qanotlarining holatini o‘zgartirishib, yerga yetgan daqiqada — ayni nuqtaga aniq qo‘nishardi.
— Mana buni uchishni nazorat qilish desa bo‘ladi! — dedi Jonatan ichida tan berib. — Chiroyli qo‘nish!
O‘zi ham bunga bir urinib ko‘rardi-yu, biroq juda charchadi. Shuning uchun u qo‘ngan joyidayoq uyquga ketdi. Hech kim uning oromini buzmadi.
Keyingi kunlar mobaynida Jonatan bu yangi makonda parvoz san’ati borasida umri bo‘yi o‘rganganlaridan ko‘ra ko‘proq ilmni egallashi lozimligini angladi. Bu yerda xuddi o‘zi kabi fikrlaydigan oqcharloqlar bor edi. Ularning har birida dildan mehr qo‘ygan mashg‘ulotini mukammal egallashga ishtiyoq kuchli edi. Uchishni hamma narsadan ortiq ko‘rishar, barisi birday — chindan matonatli qushlar edi. Ular kunning har bir soatini osmonda o‘tkazishar, tinimsiz mashq qilishardi.
Jonatan o‘zi voyaga yetgan muhitni hecham eslamasdi. O‘sha muhitda oqcharloqlar To‘dasi — jonzotlar jamoasi istiqomat qilardi. Ular ko‘zlari ochilishini va parvoz zavqini ko‘rishni mutlaqo istashmas, shu bois, o‘z qanotlarini qorin to‘yg‘izadigan va ozuqa uchun talashib-tortishadigan bir vositaga aylantirib olishgan edi… Biroq gohi-gohida ular bexosdan Jonatanning yodiga tushib qolardi.
Shu zayl, bir kuni tong pallasi Jonatan — yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi ustozi bilan qanotlarni yig‘ib aylanib uchish mashqini bir necha marta takrorlashgach, qirg‘oqda dam olib o‘tirishganida — ular yodiga tushdi.
— Menga qara, Salliven, qolganlar qayerda? — ovoz chiqarmay so‘radi Jonatan. U allaqachon bu joyda odat tusiga kirgan telepatik aloqa san’atini o‘zlashtirib ulgurgan, bu usul chirqillab yoki chug‘urlab dudmol va chalkash gapirishdan ming bor afzal edi.
— Nega biz bu yerda kamchilikmiz? Axir, u yoqda — men kelgan yoqda…
— … behisob — ming-minglab oqcharloqlar bor edi, demoqchisan, tushundim. — Salliven boshini sermadi. — Mening javobim shunday: sen — kamyob qushlar sirasidansan, sendaylar, nari borganda, milliondan bitta. Biz qanday bo‘lsak shundayligimizcha, qayerdan kelganimizni unutib va qayerga ketayotganimizning hech bir tashvishini tortmay bir olamdan boshqasiga uchib o‘taveramiz. Biz shunchaki o‘tayotgan lahzalar bilan qanoat qilib yashaymiz. Sen tasavvur qilasanmi: yashashdan maqsad — qorin to‘yg‘azish, ozuqa talashib janjallashish yoki To‘daga hokim bo‘laman deb kuyib-pishishdan iborat emasligini anglab yetish uchun har qaysimiz nechta umrni yashab ko‘rishimiz lozim bo‘larkan?.. Minglab umrni, Jon, o‘n minglab umrni. Shundan keyin esa dunyoda komillik degan tushuncha ham borligini fahmlashimiz lozim bo‘ladi. Bunga yana necha yuzlab umrlar kerak. Yana yuzlab umrlar esa, hayot mazmuni — komillik yo‘lidagi izlanishlarga sarflanadi; bizning har birimizning vazifamiz — botinimizda komillikka xos fazilatlarni tarbiyalash va ayni paytda, turish-turmushimizni, xatti-harakatlarimizni ham shu maqsadga uyg‘unlashtirib bormoqdan iborat. Tiriklikning barcha bosqichlarida bitta qonun ustuvor: keyingi olamga biz shu yerda — bu olamda orttirgan ilmimiz vositasidagina kirib bora olamiz. Agar biz avomligimizcha qolsak va bilimimizning sayozligiga befarq bo‘lsak — keyingi olamimiz hozirgisidan hech qanday farq qilmaydi, jamiki to‘siqlar yo‘limiz ustida yana ko‘ndalang bo‘lib turaveradi va o‘zimiz tag‘in qo‘rg‘oshinday og‘ir qanotlarimizni sudrab o‘sha to‘siqlardan o‘tishga baribir majbur bo‘lamiz.
Salliven qanotlarini yoydi va yuzini shamol esayotgan tomonga burdi.
— Biroq sen, Jon, bir umr mobaynidayoq juda ko‘p ilmni egallay bilding, shu boisdan ham, to‘g‘ri bu yoqqa kelib tushding, sen kamida mingta umr sarf bo‘ladigan mehnatni ado qilding.
Bir lahza o‘tib ular yana osmonda paydo bo‘lishdi. Mashg‘ulot davom etdi. Charxpalak yasab uchish — juda murakkab mashq. Jonatan, parli panjalari yordamida tepaga uchdi, ayni damda, qanotlarini qanday bukish lozimligini miyasida o‘ylab-chamalab olishiga to‘g‘ri keldi. Buni u ustozining harakatlariga mutlaqo uyg‘un tarzda amalga oshirishi shart edi.
— Qani, yana bir marta, — qayta-qayta takrorladi Salliven.
Yana bir marta… Yana… Va nihoyat:
— Ana endi — yaxshi!
Shundan so‘ng ular sirtmoq shaklida uchish mashqiga o‘tishdi.
Shom pallasi edi. Tungi parvozga chiqmagan oqcharloqlar to‘dalashib qumda o‘tirishar va churq etmay o‘y surishardi. Jonatan o‘zini qo‘lga olib, qat’iyat bilan Ulug‘ Ustoz qoshiga yo‘l oldi. Yaqin-orada u bu olamni tark etib, Koinot sari yo‘l oladi, degan gaplar yurardi.
— Ustoz Chiang… — biroz hayajonli ohangda Jonatan Ulug‘ Ustozga murojaat qildi.
— Nima gap, o‘g‘lim? — Ulug‘ Ustozning qarog‘ida mehr nurlari balqidi.
Yoshi bir joyga borganiga qaramay, u kuchdan qolmagan, aksincha — o‘tgan yillar mobaynida kuch-g‘ayratda yanada yuksalgan edi. U tengsiz bir san’at bilan parvoz etardi va To‘dada u bilan bellasha oladigan jo‘mard topilmasdi. Chiang allaqachon zabt etgan mahorat cho‘qqisiga boshqalar yaqinlashishga endigina urinib ko‘rishayotgan edi.
— Ustoz Chiang, bu olam… har qalay, Osmonu Falak emas-ku, to‘g‘rimi?
Oy nur taratardi. Ulug‘ Ustozning tabassum qilayotgani ko‘rinib turardi.
— Oqcharloq Jonatan, sen tag‘in bilim olishga kirishayapsan, — javob qildi u.
— Bu yaxshi, biroq bizni oldinda nimalar kutayotir? Biz qayoqqa yo‘l olganmiz? Aftidan, Falak deganlari aslida yo‘q joymikan? .
— Sen haqsan, Jonatan, bunday joy chindan ham yo‘q. Zotan, Falak — na makon va na zamon — balki bizning o‘zimiz erishgan komilligimizdir.
Biroz jim qolib, Ulug‘ Ustoz beixtiyor so‘radi:
— Sen juda tez uchasan, to‘g‘rimi?
— Men… ha, men tezlikni yaxshi ko‘raman, — dedi Jonatan biroz iymanib, biroq Ulug‘ Ustoz o‘zining san’atiga e’tibor qaratganidan xiyla g‘ururlandi.
— Nima ham derdim, demak, sen Falakka chiqa olasan, Jonatan, sen mukammal tezlikni egallaganingda shunday bo‘ladi. Mukammal tezlik esa — bu soatiga minglab mil ucha olish emas. Million mil uchish ham emas. Bu yorug‘lik tezligi ham emas. Zotan, har qanday son mohiyatan chegarani, me’yorni anglatadi, chegara esa har doim cheklab qo‘yadi. Komillik chegara nimaligini bilmaydi. Demak, mukammal tezlik, o‘g‘lim, bu — borishga taraddudlangan joyingda hozir bo‘lishingdir.
Shunday deb Chiang g‘oyib bo‘ldi va shu lahzadayoq suv yoqasida — oldin turgan joyidan o‘n besh fut narida ko‘rindi. Keyin yana ko‘zdan yo‘qoldi va bir sekundning mingdan bir ulushicha fursatda Jonatanning yonida paydo bo‘ldi.
— Bu shunchaki hazil, — dedi u.
Jonatan hayratda qolgan edi. Osmonu Falakka taalluqli savollar bir zumda unut bo‘ldi.
— Bu qanday qilinadi? Bu tarzda qancha masofagacha ko‘chib o‘tish mumkin?
— Xohlagan makonga borish va istalgan zamonga ko‘chib o‘tish mumkin, — javob qildi Ulug‘ Ustoz. — Hammasi sening tanlovingga bog‘liq: qayerda hozir bo‘lishni niyat qilgan bo‘lsang, o‘sha joyda paydo bo‘lasan. Shu tariqa, makon va zamonda sayohat qilib, men o‘zim istagan barcha joylarda xohlagan vaqtimda hozir bo‘ldim.
Chiang dengizga qaradi.
— Qiziq, — deya davom etdi u. — sayohatni afzal ko‘rib komillikka intilishni rad etgan oqcharloqlar hech bir manzilga borolmaydi, chunki harakatlari juda sust ularning. Aksincha, makonda u yoqdan bu yoqqa uchib-qo‘nib yurishdan voz kechish evaziga komillikka erishish yo‘lini tanlaganlar ko‘z ochib yumguncha fursatda o‘zlari xohlagan joyda bo‘la olishadi. Demak, Jonatan, yodingda tut: Falak makon va zamonda mavjud allaqanday joy emas, zero, bunda joy va vaqt hech qanday ahamiyatga ega emas. Falak — bu…
— Menga qara, sen meni shunday uchishga o‘rgata olasanmi? — Jonatan o‘ziga noayon olamning yana bir ko‘chasini zabt etish imkoniyati ochilayotganini his etib, sabrsizlikdan titrardi.
— Agar sen o‘rganishni xohlasang, albatta.
— Xohlayman. Qachon boshlaymiz?
— Hoziroq boshlashimiz mumkin, sen e’tiroz bildirmasang.
— Men shunaqa uchishni o‘rganishni xohlayman, — dedi Jonatan va uning ko‘zlarida o‘t chaqnadi. — Ayt, nima qilishim kerak.
Chiang vazmin ohangda, Jonatandan sinchkov nigohini uzmay gapira boshladi:
— Fikr tezligida o‘zing xohlagan joyda hozir bo‘lishing uchun sen dastlab o‘sha joyga allaqachon uchib borganingga o‘zingni ishontirishing zarur.
Bu ustomonlikning, Chiangning uqtirishicha, mohiyati shundan iborat ediki, Jonatan o‘zining jonzotligini, uzunligi qirq ikki dyumli qanotlari bor tanasiga o‘zi asir ekanini va rejalashtirilgan chegarali harakat ko‘lamidan chetga chiqolmasligini unutmog‘i lozim edi. Jonatandan, shuningdek, o‘zining tabiatan va mohiyatan kamolga yetganini, makon va zamonda — hamma vaqt va hamma joyda o‘zining mavjudligini anglamoq talab etilardi.
Jonatan tong otgandan kun botguncha tinimsiz mashq qilar, bir zum qarab turmasdi. Biroq qanchalik ter to‘kib mashq qilmasin, turgan joyidan bir qarich ham jila olmadi.
— E’tiqodning bunga aloqasi yo‘q, — deya takrorlashdan charchamasdi Chiang, — uni yodingdan chiqar. Shunchaki parvoz qilganingda ham birgina e’tiqodning o‘zi bilan uzoqqa borolmaysan… Bu amalda qanday qilinishini bilishing shart. Shuning uchun, kel, yana bir marta urinib ko‘ramiz…
Bir kuni Jonatan qirg‘oqda ko‘zlarini yumib, diqqatini bir nuqtaga jamlashni mashq qilardi. Shunda favqulodda hammasini lahzada anglab yetdi — bu yarq etib chaqnagan chaqmoqday ro‘y berdi — Chiangning bergan saboqlarini tushundi.
— Ha-ya, men allaqachon kamolga erishganman, men aslida komil edim! Hech qanday kuch meni cheklangan doirada majbur qilib ushlab turolmaydi, chunki tabiatimga ko‘ra mening imkoniyatlarim cheku chegarasiz.
U vujudida ishonchdan tug‘ilgan quvonchning qudratini his qildi.
— Yasha! — dedi Chiang va uning ovozida g‘alabadan masrurlik ohangi ustuvor edi.
Jonatan ko‘zlarini ochdi. Ular ikkovlon — Ulug‘ Ustoz va Jonatan mutlaqo notanish qirg‘oqda turishardi. Yonlarida biror-bir jonzot yo‘q edi. Suvning kanorigacha tushib kelgan daraxtlarning uchida bir juft oltin tusli quyosh porlardi.
— Xayriyat, nihoyat maqsadni anglab yetding, — dedi Chiang, — biroq ongingni boshqarish ustida yana biroz shug‘ullansang yomon bo‘lmasdi…
Jonatan hayratga tushgandi:
— Biz qayerdamiz?
Ulug‘ Ustoz esa boshqa joyda hozir bo‘lganidan, o‘zga shart-sharoitdan hecham ajablanmasdi. Shu bois, u odatdagiday bemalol javob qildi:
— Aftidan, boshqa bir sayyoradamiz, Quyoshning o‘rnida — bir juft yulduz.
Jonatan quvonchini ichiga sig‘dirolmay qichqirdi — bu uning Yerni tark etganidan beri birinchi xitobi edi:
— AMALGA OShDI!!!
— Albatta, Jon, amalga oshishi tabiiy, — dedi Chiang. — Nima qilayotganingni bilib, tushunib qilsang, doimo amalga oshadi. Endi ongni boshqarish va nazoratni mashq qilamiz…
Ular qaytib kelishganida qosh qoraygan edi. Oqcharloqlar qirg‘oqda tizilishib turishar va Jonatandan ko‘zlarini uzolmasdi. Ularning havasdan chaqnab turgan ko‘zlarida hayrat qotib qolgandi: oqcharloqlar uni uzoq vaqt toshday qotib turgan joyidan bir zumda g‘oyib bo‘lganini ko‘rishgan edi.
Ular Jonatanni qutlay boshlashgandi, biroq u tabriklarni qabul qilishga iymandi.
— Men bu joyda hali yangiman, men endi boshlayapman… Hali men sizlardan ko‘p narsani o‘rganishim kerak.
— Taqdirning hazilini qara, Jon, — dedi yonida turgan Chiang, — aftidan, sen yangilikdan umuman cho‘chimaydigan ko‘rinasan, biroz cho‘chisang ham sezdirmaysan, men o‘n ming yil mobaynida senga o‘xshagan qushni juda kam uchratdim.
Oqcharloqlar sukut saqlab turishardi, Jonatan esa o‘zini noqulay sezib chayqalib qo‘ydi.
— Ana endi, agar xohlasang, vaqt bilan ishlashga kirishishimiz mumkin, — dedi Chiang, — chunki sen o‘tmish va kelajakka erkin o‘ta olishni o‘rganishing zarur. Shunda sen eng mashaqqatli, eng shijoatli va eng qiziqarli ishga kirishishga tayyor bo‘lasan. Ya’ni sen yuksakka parvoz etishga chog‘lanasan hamda ezgulik va muhabbatning mohiyatini tushunib olasan.
Oradan bir oy, aniqrog‘i, vaqtning bir oy sifatida qabul qilingan muddati o‘tdi. Jonatan favqulodda zo‘r g‘ayrat bilan ilmini oshirdi. U oldinlari ham bir ko‘rganini darhol ilg‘ab olar, oddiy tajribaga tayanib, ustozsiz ham murakkab mashqlarni uddalardi. Endi esa Chiangday Ulug‘ Ustozning tanlagan shogirdi bo‘lib, u yangidan-yangi tushunchalarni tez qabul qilar, go‘yo qush emas, balki bir siqim parga o‘ralgan mukammal rejalashtirilgan mo‘jaz qurilma edi.
Biroq bir kun kelib Chiang g‘oyib bo‘ldi. Bungacha u oqcharloqlar bilan osoyishta suhbat qurdi, ularni ilm olishni har qanday holatda ham to‘xtatmaslikka da’vat etdi, umrning mazmunini ta’min etuvchi, ko‘z bilan ilg‘ab bo‘lmaydigan ulug‘ maqsad — komillik sari izchil intilish zarurligini tayinladi. U gapirar, parlari esa tobora yorqin yog‘du taratardi; nihoyat Chiangdan taralayotgan nur ko‘zlarni qamashtiradigan darajada yaraqlay boshladiki, oqcharloqlar endi unga ortiq qarab turolmadilar.
— Jonatan, — dedi Chiang, va bu uning so‘nggi kalomi edi, — Muhabbat nimaligini anglashga harakat qil.
Oqcharloqlarning qamashib qolgan ko‘zlari yana ko‘ra boshlaganda Chiang g‘oyib bo‘lgan edi.
Kunlarni quvib kunlar o‘tardi. Jonatan keyingi paytda Yer haqida, o‘zi uchirma bo‘lgan o‘sha makon — Zaminni tez-tez o‘ylayotganini payqadi. Bu joyda bilganlarining o‘ndan bir, hatto yuzdan bir qismigina o‘sha paytda — Yerdaligida unga ma’lum bo‘lganida edi — umrining yerda kechgan pallasi naqadar mazmunli va samarali o‘tgan bo‘lardi! U qumloqda o‘tirib o‘y surardi: qiziq, hozir u yoqda, Yerda o‘zining cheklangan tug‘ma imkoniyatlari doirasini yorib chiqishga, parvoz mohiyatini anglashga, o‘ziga ato etilgan qanotlar dengizdagi kemaga uchib borish va undagi baliqning ichak-chavoqlariyu yug‘indiga qorishib yotgan non bo‘laklariga chang solishdan boshqa ishga ham yarashini tushunishga intilgan Oqcharloq bormikan. Ehtimol, u yoqda hatto To‘daga o‘zining haqiqat deb bilgan to‘g‘ri so‘zini oshkora aytib, quvg‘inga uchragan birorta qush bordir. Jonatan ezgulik ilmini chuqur egallagani, mehr-muhabbat mohiyatini aniq-tiniq idrok eta boshlagani sayin Yerga qaytishga xohishi ortib borardi. Zero, umr yo‘li yolg‘izlikda o‘tganiga qaramay, Oqcharloq Jonatan murabbiy bo‘lish uchun yaralgan edi. U qalbini to‘ldirgan mehr-muhabbatni, o‘zi ming mashaqqatlar bilan anglab yetgan haqiqatlarni bilimga chanqoq va ularni egallashning imkonini qidirayotgan oqcharloqlarga berishni ko‘zlardi.
Bu paytga kelib fikr tezligida uchish san’atini to‘la-to‘kis egallagan va boshqalarga ham allaqachon ko‘maklashayotgan Salliven Jonatanning niyatlarini ma’qullamadi. U Jonatanga shunday dedi:
— Jon, seni bir paytlar Quvg‘inga hukm qilgandilar. Endi sen nimaga ishonib o‘sha oqcharloqlar hozir gapimga quloq tutishadi, deb o‘ylaysan? Sen shunday hikmat borligini bilasan va uning haqqoniyligiga ishonasan: oqcharloq qancha baland uchsa, shuncha uzoqni ko‘radi. Sen tark etgan o‘sha oqcharloqlar yer bag‘irlab ivirsib, bir-biriga baqirib-chaqirib, tortishib-yulishib yurishibdi. Ular Falakdan minglab mil quyida yashashadi, sen esa ularga Falakni — o‘sha yoqdan, yerdan turib ko‘rsataman, deb o‘ylaysan! Axir ular qanotlarining uchidan narini ko‘rolmaydilar-ku! Shu yerda qol, sen shu yerda keraksan. Bu yerga Yoshlar kelishadi — ular ancha yuqorilab ucha olishadi, shu bois, sening aytganlaringni tushunishga, ko‘rsatganlaringni uqishga qobil.
Salliven biroz jim qoldi, keyin qo‘shimcha qildi:
— Tasavvur qilib ko‘r, agar Chiang o‘z vaqtida bu yerdan ketib, o‘zining eski dunyosiga qaytganida nima bo‘lardi? Unda sening o‘zing bugun qayerda bo‘larding?
Sallivenning gapida jon bor, shubhasiz, u haq edi. Oqcharloq qancha baland uchsa, shuncha uzoqni ko‘radi — buni tan olmay iloj yo‘q.
Va Jonatan shu yerda qolib, Yoshlar bilan shug‘ullandi. Ularning barisi g‘oyatda iqtidorli bo‘lib, bir ko‘rganini ilib-o‘zlashtirib olardi. Biroq unutilayozgan tuyg‘u yana paydo bo‘ldi va hammasi qaytadan boshlandi: Jonatanni o‘sha yoqda, Yerda ham bilim olishga mushtoq ikkita yoki hech bo‘lmaganda bitta oqcharloq bor, degan o‘y bezovta qilardi. Axir, agar o‘zi o‘sha quvg‘inga uchragan kunlarda Chiangga duch kelganida juda ko‘p narsani bilib olgan bo‘lardi!
Oxir-oqibat Jonatan chiday olmadi:
— Salli, men qaytishim zarurligini sezayapman. Yoshlarni boshqarishda senga shogirdlaring ko‘maklashar — endi ularning qo‘lidan keladi bu ish.
Salliven xo‘rsindi, biroq e’tiroz bildirmadi. Faqat shunday dedi:
— Menga sening qadring o‘tadi baribir, Jon.
— Salli, uyalmaysanmi! — dedi yozg‘irib Jonatan. — Bo‘lmag‘ur gapni gapirma! Ayt-chi, marhamat qilib, bu yerda biz kun bo‘yi nima bilan mashg‘ulmiz o‘zi? Agar bizning birodarligimiz va o‘rtamizdagi ahil aloqa makon va zamon kabi shartlilikka bog‘liq bo‘lsa, demak, biz o‘zimiz, makon va zamonni yenga olgan paytda — o‘sha daqiqadayoq do‘stligimiz ham barham toparkan-da! Biroq makondan ustun kelgach, bizning tark etadiganimiz yolg‘iz Shu yer. Zamondan ustun kelganimizda esa qoladigani — faqat Hozir. Nahotki bizga endi Shu yer va Hozirning orasidagi biror-bir joyda bir-ikki marta uchrashish boshqa nasib etmaydi, deb o‘ylasang.
Oqcharloq Sallivenga bu gaplar qattiq botdi, biroq u kulib turib javob qilishga o‘zida kuch topdi.
— Sen g‘alatisan, — dedi u mehrli ohangda. — Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi: agar kimdir Yerda birovni minglab mil masofadagi narsani ko‘rishga o‘rgata olsa, o‘sha kimdir, shubhasiz — Oqcharloq Jonatan Livingston bo‘ladi.
Shunday deb, Salliven qumga termuldi.
— Xayr, omon bo‘l Jon.
— Xayr, Salli. Biz hali uchrashamiz.
Shu so‘zlarni ayta turib Jonatan qalb ko‘zi bilan o‘zga vaqt o‘lchamida okean qirg‘og‘ida oqcharloqlarning juda katta to‘dasini ko‘rdi. Va tajribalari bois, hech qanday zo‘riqishlarsiz shubhalarga o‘rin qoldirmaydigan bir haqiqatni teran his etdi: yo‘q, u — bir siqim par, suyak va badandan iborat emas, u — ozodlik va parvoz g‘oyasining mukammal mujassami, uning imkoniyatlari cheku chegarasiz.
***
Oqcharloq Fletcher Lind hali juda yosh edi, biroq shunga qaramay o‘zining To‘dasi boshqa biror-bir To‘da hech qachon qilmaydigan o‘ta qo‘pol va adolatsiz qarorga qo‘l urganini bilardi.
«Menga baribir, xohlagancha javrayverishsin, — deb o‘ylardi u Uzoq Qoyalar tomon yo‘l olarkan; ichidan toshib kelgan g‘azabdan ko‘zlari xira tortardi. — Parvoz — bu shunchaki qanotlarni qoqish degani emas-ku, u yoqdan-bu yoqqa uchib-qo‘nishmas axir, xuddi… xuddi… allaqanday pashshaga o‘xshab! Shu ham bahona bo‘ldiyu — Oqsoqolning tevaragidan charx urib aylanib uchganmishman! Men, axir, shunchaki bir hazil uchun… Mana, evaziga berishgan tuhfalari — Quvg‘in! Ko‘zlari ochiq basirlar! Miyalarini mog‘or bosgan — hech nimaning fahmiga borishmaydi! Nahotki chinakam parvozni o‘rgansalar oldilarida naqadar keng imkoniyatlar ochilishini bir daqiqa o‘ylab ko‘rmaydilar.
Ne bo‘lsa bo‘lar — menga endi baribir. Nima xayolga borishsa borishaversin. Men hali ularga ko‘rsatib qo‘yaman! Hali ular ko‘zlari moshday ochilib uchishimni, chinakam parvoz nimaligini ko‘rishadi. Qonundan tashqari, deyishdimi?.. Yaxshi, tashqarida bo‘lsak bo‘la qolaylik, agar shu bilan ko‘ngillari joyiga tushsa… Biroq ular buning uchun afsuslanishadi, o‘-ho‘, hali juda qattiq afsuslanishadi!..»
Shunda u qandaydir ovozni eshitdi, bu ovoz uning botinidan kelayotgan edi. G‘oyatda sokin muloyim ovoz edi… Biroq baribir kutilmagan bu ovozdan Fletcher sarosimalanib havoda go‘yo ko‘z ilg‘amaydigan to‘siqqa urilganday titrab ketdi.
«Ularni qoralama, Fletcher. Seni quvg‘inga duchor etib, ular faqat o‘zlariga ziyon yetkazdilar. Va vaqt-soati kelib buni ular anglab yetadilar. Faqat bugina emas — ular, bugun senga ayon bo‘lgan narsalarni ham tushunadilar. Sen esa, ularni kechirmog‘ing va ulardan o‘z yordamingni ayamasliging kerak.»
Oqcharloq Fletcherning o‘ng qanoti bilan yonma-yon bir qush uchib kelardi. O‘zidan ko‘zni qamashtiradigan oppoq nur taratayotgan bu oqcharloq dunyodagi eng shaffof qush edi. U Fletcherning qavatida kuch ishlatmay bir maromda suzar, birorta patini ham sermamas, uning uchish tezligi Fletcher o‘zi uchun eng yuksak tezlik hisoblagan darajada edi.
— Nimalar bo‘layapti?! Men aqldan ozdimmi?! O‘ldimmikan, yo?! Bu kim?!
Ayni damda o‘sha — muloyim va sokin ovoz yana uning behalovat botinidan taraldi. Bu gal savol talabchan ohangda eshitildi:
— Oqcharloq Fletchir Lind, parvoz qilishni istaysanmi?
— ALBATTA! MEN PARVOZ QILIShNI ISTAYMAN!
— Oqcharloq Fletcher Lind, sening parvozga ishtiyoqing To‘dani kechirish va so‘ngra bir kun kelib ular oldiga qaytish hamda ular bilan birga bo‘lib, parvoz ilmini egallashlar uchun ularga yordam berishing uchun yetarli darajada kuchlimi?
Bu ustozning ovozi edi. Fletcher qanchalik mag‘rur bo‘lmasin va dili qanchalik og‘rigan bo‘lmasin, bu nurli mavjudotni aldashning hech qanday iloji yo‘qligini bildi. Va u itoatkorona javob qildi:
— Ha.
— Kelishdik, Fletch, — nurli mavjudotning ovozidan mehr-muhabbat yog‘ilardi, — demak, mashg‘ulotni to‘g‘riga parvoz qilish san’atini mashq qilishdan boshlaymiz…
UChINChI QISM
Uzoq Qoyalar ustida aylanib parvoz etarkan, Jonatan yosh shogirdining uchishini zimdan kuzatardi. Bu yigit — Oqcharloq Fletcher Lind — favqulodda iqtidorli shogird chiqib qoldi. U tirishqoq, yengil va harakatchan, shu bilan birga, juda muhim xususiyatga ega — parvoz san’atini egallashga ishtiyoqi nihoyatda baland.
Ayni damda Fletcher kulrang chaqmoqday shiddat bilan ustozining yonginasidan uchib o‘tdi. Bu lahzada u soatiga bir yuz ellik mil tezlikda amalga oshirgan tik sho‘ng‘ishdan chiqayotgan edi. Mana, u o‘n olti marta sekin charxpalak otib uchishni davom ettirdi, har aylanganida o‘zini o‘nglab, ovozi boricha qichqirib sanashga urinadi:
— … sakkiz… to‘qqiz… o‘n… Jonatan, qara, tezlikni yo‘qotayapman… o‘n bir… men xuddi senday… aniq aylanishga erish… o‘n ikki… afsus, qurbim faqat… o‘n uch… bu — so‘nggi uch aylanish… siz… o‘n to‘rt… a-a-a!!!
Har gal muvaffaqiyatsizlikka uchraganda Fletcherning fig‘oni falakka chiqardi. Uning nazarida yuqori nuqtadan qulab tushish, quyiga chirpirak bo‘lib ketishdan ortiq fojea yo‘q edi. Bu safar, ustozidan yuz futlar quyida u sharmandali ag‘nab ketishdan o‘zini zo‘rg‘a o‘nglab oldi. Havodan to‘yib simirdi va ko‘tarilib ustoziga tenglashdi.
— Jonatan sen men uchun vaqtingni behuda sarflayapsan! Men iste’dodsiz, kallavaramman! Urinaveraman, urinaveraman, biroq biror-bir natijaga erisholmayman!
Oqcharloq Jonatan unga boshdan-oyoq razm soldi va bosh silkib dedi:
— Sen haqsan. Agar shiddatli sho‘ng‘ishdan shunday keskin harakat bilan chiqadigan bo‘lsang hech narsaga erisholmaysan. Fletcher, sen boshidayoq qirq mil tezlikni yo‘qotib qo‘yding! Sho‘ng‘ishdan bir tekis parvoz qilib chiqiladi. Sen uchmasliging, balki suvday oqishing kerak! Keskinlik bilan oquvchanlikni uyg‘unlashtirishing zarur. Tushundingmi?
U pastga, shogirdi yoniga sho‘ng‘idi.
— Kel-chi, birgalikda — bir bo‘g‘in bo‘lib mashq qilaylik. Sho‘ng‘ishdan chiqishga — bir tekis va yengil chiqishga diqqatingni qarat…
Oradan uch oy o‘tdi. Jonatanning shogirdlari yana oltitaga ko‘paydi. Oltovi ham Quvg‘indilar edi va barchasi g‘aroyib yangi g‘oyaga — parvoz quvonchini his etish uchun uchishga behad intiyoqmand edi…
Albatta, ular uchun o‘ta murakkab amaliy usullarni o‘zlashtirish bu mashqlarning nimaga kerakligini tushunib yetishdan ko‘ra xiyla oson edi.
Shom pallasida qumloq sohilda Jonatan ularga shunday derdi:
— Har birimizda Buyuk Oqcharloq g‘oyasi mujassam — bu har qanday to‘siqlardan xoli mutlaq ozodlik g‘oyasi. Shuning uchun ham parvozda aniqlik va mukammallikka erishish — botinimizdagi haqiqiy mohiyatni kashf etish va namoyon qilish yo‘lidagi ilk qadam. Bu yo‘lda to‘siq bo‘ladigan narsalardan xalos bo‘lish zarur. Katta tezlikda uchish, tezlikni me’yorida saqlash, yuksak parvoz sirlarini egallash — mashqlarning muhim jihati shunda…
… Kunduzgi mashqlardan toliqqan shogirdlari bu payt mizg‘iy boshlashardi. Ularga amaliy mashg‘ulotlar xush kelar — tezlikning zavqi qiziqtirar, har bir navbatdagi mashg‘ulot ilmga bo‘lgan chanqoqlikni qondirardi. Biroq ulardan birortasi, hatto Oqcharloq Fletcher Lind ham, hali fikriy parvoz realliklarini anglab yetmagan edi. Ular hali fikr, g‘oya parvozi shamol va qanotlar parvozi kabi reallik ekanini tasavvur qila olishmasdi.
— Vujudingiz — bir qanotingiz uchidan ikkinchisining uchigacha, — deya qayta-qayta takrorlardi Jonatan, — bu sizning muayyan shaklda mujassamlashgan, ko‘zingizga yaqqol ko‘rinadigan o‘z tafakkuringizdir. Fikringizga band soladigan zanjirlarni uzing va shunda siz vujudingizni band etgan zanjirlardan ham qutulasiz…
Biroq bu so‘zlarga u qanchalik ma’no va quvvat jo etmasin, shogirdlariga sehrli ertakday tuyulardi. Ayni damlarda ular uxlashga va orom olishga mushtoq bo‘lishardi…
Oradan atigi bir oycha vaqt o‘tganiga qaramay, Jonatan ularga To‘daga qaytib borish fursati yetganini aytdi.
— Biz hali tayyor emasmiz! — e’tiroz bildirdi Oqcharloq Genri Kevin. — Qolaversa, biz hech kimning ko‘zidan uchib turganimiz yo‘q! Biz — Quvg‘indilarmiz! Chaqirilmagan joyga borishga or qilamiz. To‘g‘rimasmi, axir?
— Biz ozod qushlarmiz — qayerga borish xohish-irodamizga bog‘liq va qayerda bo‘lmaylik o‘z aslimizcha qolishga haqlimiz. — Shunday deb Jonatan havoga ko‘tarildi va sharqqa — To‘da istiqomat qiladigan qadrdon qirg‘oqlar tomon burildi.
Shogirdlari esa bir necha daqiqa nima qilishni bilmay sarosimalanib turishdi.
To‘da qonuni qat’iy edi: Quvg‘indi ortiga qaytmasligi shart. Va keyingi o‘n ming yil mobaynida bu Qonunni hech kim buzolgani yo‘q. Qonun taqiqlaydi: qaytishni xayolga ham keltirmaslik kerak. Jonatan esa o‘ylab o‘tirmay qaytaveringlar, dedi.
Suv ustida uchib borayotgan Jonatan ulardan ancha uzoqlashib ketdi. Agar ular yana o‘y o‘ylab o‘tirishadigan bo‘lishsa, g‘anim To‘da bilan Jonatan yolg‘iz o‘zi yuzma-yuz kelishi tayin edi.
— Bizni quvg‘in qilishdi. Biz To‘daga mansub emasmiz. Qaysi mezonga ko‘ra To‘da Qonuniga bo‘ysunishimiz kerak ekan? — dedi Fletcher boshqalardan ko‘ra ko‘proq o‘ziga-o‘zi murojaat etayotgan ohangda. — Boz ustiga, agar Jonatanga tashlanib qolgudek bo‘lishsa, u yoqda biz kerak bo‘lamiz.
O‘sha kuni tong pallasi mag‘ribdan ular — sakkiz nafar oqcharloq qo‘shaloq romb shaklida qanotlarining uchlarini bir-biriga tekizgan holatda yaxlit saf — bir bo‘g‘in bo‘lib uchib kelishdi. Soatiga bir yuz o‘ttiz mil tezlikda odatda To‘daning umumiy majlisi o‘tadigan qirg‘oq ustidan uchib o‘tishdi: Jonatan — oldda, Fletcher — uning o‘ng tarafida bir tekis suzib, Genri Kevin esa shamolni mardona yengib va parvozning umumiy maromini buzmay chapda kelardi. Keyin bir tekis harakatlanib, o‘ngga engashib uchishdi… yaxlit safga tizilishdi… panjalarini tepaga ko‘tarishib ag‘darilishdi… yana ipga tizilgan munchoqday bir tekis saflanishdi, shamol esa ularning qanotlariga shafqatsiz urilardi.
Qirg‘oqdagi odatdagi g‘ala-g‘ovur va tortishuvlar kutilmaganda suv sepganday tinchidi-qoldi — sakkiz ming ko‘z kiprik qoqmay osmonga — Jonatan boshliq guruhga qadalgan, oqcharloqlar go‘yo boshlari uzra ulkan shamshir aylanayotgandek tosh qotishgandi. Sakkiz nafar qush birining ortidan biri tik ko‘tarilishdi, «ko‘r tugun» yasab uchishdi va tezlikni eng so‘nggi sarhadgacha kamaytirishib qumga qo‘nishdi. Shundan so‘ng Jonatan, go‘yo hech qanday hodisa ro‘y bermaganday, parvoz davomida yo‘l qo‘yilgan xatolarni tahlil eta boshladi.
— Xo‘sh, — dedi u miyig‘ida kulib, — tahlilni shundan boshlasak: hammalaringiz safdagi o‘z o‘rinlaringizni biroz kechikib egallayapsizlar.
Shu lahzada ayni bir fikr yashin tezligida To‘dadagilarning xayolidan kechdi: axir, bu qushlarning barisi — Quvg‘indilar-ku! Bu yetmaganday, qaytib kelishibdi-ya! Biroq bu… bunday bo‘lishi mumkin emas! Fletcher janjal bo‘lishidan behuda xavotirlangan ekan — To‘da esankirab qolgan edi.
— Xo‘sh, nima bo‘pti Quvg‘indilar bo‘lsa, albatta, Quvg‘indilar, biroq ular bunday uchishni qayerda o‘rganishgan ekan?
Oqsoqolning Buyrug‘i To‘dadagilarning qulog‘iga yetib borguncha bir soatcha vaqt o‘tdi:
— Ularga e’tibor qaratishga jur’at etilmasin. Inkor etilsin. Quvg‘inlar bilan muloqotga kirishgan har qanday nokasning o‘zi ham quvg‘inga mahkum etilsin. Quvg‘indilar parvozini kuzatish Qonunga xilof deb hisoblansin.
Shu daqiqadan e’tiboran To‘dadagi oqcharloqlar Jonatanga ters o‘girilib olishdi, biroq u, aftidan, bunga e’tibor qilmadi. U majlis o‘tadigan qirg‘oq ustida mashg‘ulot o‘tkazar va birinchi marta o‘z shogirdlarining nimaga qodir ekanliklarini to‘la yuzaga chiqarishlari uchun urinardi.
— Martin! — osmonda uning ovozi yangradi. — Sen kichik tezlikda ucha olaman deysan. Aytish boshqa, lekin buni amalda ko‘rsatish kerak. Qani, uch!
Kichkina Oqcharloq Martin Uilyam ustozining qahriga duchor bo‘lishdan qattiq qo‘rqardi, shu boisdanmi, o‘zi ham hayron qoladigan darajada kichik tezlikda uchib, mo‘jizali usullarni namoyish etdi.
U parlarini shunday holatda tutdiki, kuchsiz shamol uni bulutlargacha olib chiqdi va u qanotlarini bir marta ham qoqmay yerga tushib oldi.
Oqcharloq Charlz-Roland esa Buyuk Shamollar Qoyasigacha — yigirma to‘rt ming fut yuksakka ko‘tarildi va sovuq shamoldan ko‘karib, biroq hayrat ichida, ertaga bundan-da yuqori marrani zabt etishga ishonch bilan yerga tushdi.
Oqcharloq Fletcher — u yuksak parvoz san’ati bilan boshqalardan ko‘ra ko‘proq mashg‘ul bo‘lardi — tik uchgan holatda biryo‘la o‘n olti marta charxpalak aylandi. Bu ham yetmaganday, kutilganidan ham a’lo darajada qanoti osha uch marta aylanib uchdi. Quyosh nurlari uning parlarida jilvalandi, qirg‘oqda esa son-sanoqsiz ko‘zlar uni o‘g‘rincha kuzatardi.
Jonatan bir daqiqaga ham shogirdlarini tark etmadi. U tushuntirar, yangi yechimlarni taklif etar, ba’zan yetakchi vazifasini bajarardi. Qorong‘u demay, yomg‘iru shamolga qaramay u shogirdlari bilan birga uchar — parvoz zavqidan shodlanar, boshqa oqcharloqlar esa bu payt zax tortgan rutubatli qirg‘oqda bir-birlarining pinjiga tiqilib mudrashardi.
Har gal uchish mashg‘ulotlari tugaganidan so‘ng shogirdlar qirg‘oqda hordiq chiqarishardi. Bunday paytlarda ular Jonatanning saboqlarini tinglashga ko‘nika boshlashgandi. Uning g‘oyalari yosh oqcharloqlarga bir qadar g‘alati tuyular, shogirdlari mohiyatni ilg‘ab ololmas, biroq ayrim fikrlarini tushunishar edi.
Asta-sekin Jonatanni qurshagan shogirdlari doirasi tegrasida yana bir doira hosil bo‘ldi. Bu To‘dadagi qiziquvchan oqcharloqlar edi; ular yashirincha kelishar, soatlab Jonatanning gaplariga quloq tutishardi. Qorong‘ulik quyuqlashganda kelishib, bir-biridan yuzlarini bekitib o‘tirishadigan bu oqcharloqlar tun pardasi ko‘tarilmay g‘oyib bo‘lishar — tanilib qolish yoki o‘zlari kimnidir tanib qolishdan o‘lgudek hayiqishardi.
Jonatan shogirdlari bilan qaytib kelganidan so‘ng oradan bir oy o‘tib shunday voqea ro‘y berdi — taomilni buzgan birinchi oqcharloq To‘dadan ajralib chiqdi va uchishni o‘rganish ishtiyoqi borligini izhor etdi. Bu Terrens Louyell ismli oqcharloq bo‘lib, sarkashligi uchun o‘sha kuniyoq Quvg‘inga hukm etildi va… Jonatan uni sakkizinchi shogird sifatida safga qabul qildi.
Ertasi tunda Kerk Meynard ismli oqcharloq ham To‘dani tark etdi. U oqsoqlanib, qumda zo‘rg‘a sudralar, o‘ng qanoti esa harakatsiz osilib qolgan edi. Shu alpozda kelib u Jonatanning oyoqlari ostiga yiqildi va jon taslim etayotganday hirqiroq tovushda:
— Menga yordam ber. Bu dunyoda yagona orzuim — parvoz qilish, — dedi.
— Parvozga shaylan, — dedi Jonatan. — Men bilan baravar o‘rningdan qo‘zg‘al, birga mashg‘ulotlarni boshlaymiz.
— Yo‘q, sen bilmaysan, mening qanotim… U menga bo‘ysunmaydi, uni men qimirlatolmayman.
— Oqcharloq Meynard, bilib qo‘y: sening erking o‘zingda, sen o‘zligingni anglash ixtiyoriga egasan va shu yerda, ayni chog‘da bunga erisha olasan, buning uchun senga biror narsa to‘siq bo‘lolmaydi. Buyuk Oqcharloq Qonunida shunday deyilgan va bu — mavjud yagona xolis qonundir.
— Sen meni ucha olasan, deb aytayapsanmi?
— SEN OZODSAN — men shuni aytayapman.
Xuddi aytilganiday, Kerk Meynard qanotlarini osongina yoydi — hecham zo‘riqmadi — va tun osmoni uzra ko‘tarildi. Uning tantanavor qiyqirig‘i uyqudagi To‘dani uyg‘otib yubordi. Yuz futlar balandda parvoz etarkan, Kerk ovozi boricha qichqirardi:
— Men uchayapman! Eshitayapsizlarmi?! Men ucha olaman!!!
Quyosh bo‘y ko‘rsatgan pallada Jonatan va uning shogirdlari yoniga mingtacha qush keldi, ular Meynardga hayrat bilan qarashardi. Endi o‘zlarini kimlardir kuzatib, ta’qib etib turganiga ular beparvo, Jonatanning gaplarini jon quloqlari bilan tinglab, biror narsani ilg‘ab olishga urinishardi.
Jonatan esa oddiy narsalar: oqcharloqning uchishga haqqi borligi, uni tabiat ozod yaratgani va hech narsa — na urf-odatlar, na shubha-gumonlar va taqiqlar uni tabiat ato etgan ozodligi uchun izza qilolmasligi haqida so‘zlardi.
— Hatto To‘da Qonuni hammi? — so‘radi oqcharloqlar to‘dasidan bir ovoz.
— Yagona xolis qonun mavjud — bu ozodlik qonunidir, — javob qildi Jonatan. — Boshqacha qonun yo‘q.
— Xuddi sen kabi parvoz qilishni qanday qilib o‘rganishimiz mumkin? — so‘radi yana bir ovoz to‘dadan. — Sen — Yaratganning inoyatiga musharraf bo‘lgan xos qushsan, qolgan jamiki qushlardan a’losan…
— Fletcherni ko‘r! Louyellga qara! Charlz-Roland! Judi Li-chi? Ular ham seningcha Yaratganning inoyatiga musharraf bo‘lgan xos qushlarmi? Sizlardan ortiq joyi yo‘q ularning. Men ham shular qatoriman. Faqat, sizdan farqli o‘laroq, ular o‘zligini tanigan va o‘z bilimiga amal qilib yashayotgan qushlar.
Bu gapdan keyin uning Fletcherdan boshqa shogirdlari bezovtalanib tebranishdi. Chunki amalga oshayotgan maqsadlar, Ustozi aytganchalik, oddiy ekaniga hali ular ishona olmasdilar.
Jonatan va uning shogirdlari atrofida yig‘ilayotgan oqcharloqlar soni kun sayin ortib borardi. Ular savollar berishar, tahsin aytishar, bazilari malomat qilardi.
— To‘dada seni yerga tushgan Buyuk Oqcharloqning O‘g‘li bo‘lsa kerak, deyishmoqda, — dedi Fletcher ertalabki yuqori tezlikda uchish mashqidan so‘ng Jonatanga, — agar bunday bo‘lmasa, u holda, demak, sen o‘z zamoningdan ming yil ilgarilab ketgan emishsan.
Jonatan chuqur nafas oldi. «Tushunmovchilik oqibati bu, — o‘yladi u. — Seni osongina shaytonga yo rahmonga chiqarib qo‘yishadi».
— Xo‘sh, sen nima deb o‘ylaysan, Fletch! Biz o‘z zamonimizdan shunchalik o‘zib ketganmizmi?
Uzoq jimlikdan so‘ng Fletcher ishonchsiz ohangda dedi:
— Albatta, umuman olganda, hamma davrlarda ham bunday uchishni o‘rgansa bo‘ladi. Balki, ehtimol, biz urfga aylanib qolgan uchish usulini ortda qoldirgandirmiz. Biz oqcharloqning uchishi haqidagi mavjud tasavvurni inkor etdik.
— Bu, endi, nisbatan aniqroq javob, — dedi Jonatan qanoti osha ag‘darilib bir muddat chalqancha ucharkan. — Baribir bu zamondan o‘zib ketishdan ko‘ra tuzukroq.
Oradan atigi bir hafta o‘tib, falokat ro‘y berdi. Fletcher yoshlar guruhiga katta tezlikda uchish usulini o‘rgatayotgan edi. U yetti ming futlar balandlikdan boshlagan sho‘ng‘ishdan endi chiqayotgan — juda katta tezlikda uchib kelayotganda qirg‘oqdan endi qanot chiqargan bir palopon onasini yo‘qlab chirqillagancha yo‘liga ko‘ndalang bo‘ldi. To‘qnashuvga sanoqli soniyalar qolgan bir vaziyatda Oqcharloq Fletcher Lind keskin burilib, o‘zini chapga oldi. Chap tarafda esa… rangdor tosh qoya devorday qad rostlab turardi.
Uning ko‘ziga bu qoya o‘zga olamga kiriladigan kattakon metin darvozaga o‘xshab ko‘rindi. Dahshat ro‘y berdi, behushlik… va nafasni bo‘g‘adigan darajadagi zulmat… Keyin esa notanish osmonda orombaxsh holat… xotiralar, behushlik… yana xotiralar va tag‘in—behushlik. Dahshatli qo‘rquv keyin g‘am va afsus-nadomatlar bilan almashdi. Afsus-nadomatlarning esa cheki yo‘q edi…
Aynan o‘sha — Jonatan Livingston ismli oqcharloq bilan dastlab uchrashgan kundagi — ovozni eshitdi:
— Gap shundaki, Fletch, biz o‘z imkoniyatlarimiz sarhadlarini asta-sekin, tartib bilan, shoshilmay yengib o‘tishga intilamiz. Toshni yorib o‘tish, bizning dasturimizga ko‘ra, keyinroq kirishiladigan mashg‘ulot.
— Jonatan!
— Buyuk Oqcharloq O‘g‘li nomi bilan ham ma’lum, — vazminlik bilan dedi murabbiy.
— Sen bu yerda nima qilayapsan? Qoya qaydan paydo bo‘ldi? Nahotki men… axir, men… o‘ldimmi?
— Qo‘ysang-chi, Fletch… O‘zing o‘yla: agar sen hozir men bilan gaplashayotgan bo‘lsang, demak, o‘lmagansan, shundaymi? Sening tafakkur miqyosing keskin o‘zgardi, shu xolos. Xohlasang — shu darajangda qolishing mumkin, darvoqe, bu sening oldingi darajangdan ancha yuqori. Ortga qaytishing va To‘dada boshlagan ishingni davom ettirishing ham mumkin. To‘da oqsoqollari birortamizning falokatga yo‘liqishimiz va barcha ishlarimiz oxir-oqibat fojea bilan yakun topishini kutishgan. Biroq ular buning hozir ro‘y berishini kutishmagan, chog‘i.
— Albatta, men To‘daga, boshlagan ishimga qaytaman. Axir, yangi guruh bilan mashg‘ulotlarni endigina boshlagandim.
— Juda yaxshi, Fletcher. Sen bilan: vujud — fikr-g‘oyadan boshqa narsa emas, deb gaplashganimizni eslaysanmi?
Fletcher boshini qimirlatib qo‘ydi, qanotlarini rostladi va ko‘zlarini ochdi: u qoyaning etagida yotardi, atrofini esa To‘da qurshab olgandi. Uning qimirlaganini ko‘rgan oqcharloqlar bezovtalanishdi, har tarafdan malomatli baqirgan ovozlar eshitildi:
— Tirildi! U o‘ldi va yana — tirik!!!
— Unga qanotini tekizdi! Uni tiriltirdi! Buyuk Oqcharloqning O‘g‘li!
— Yo‘q! Uning o‘zi aytdi — O‘g‘li emas! U — iblis! IBLIS! To‘dani mahv etish uchun kelgan!
Mo‘jizadan dahshatga tushgan to‘rt mingtacha oqcharloq baravariga: «Iblis!», deya qichqirar va bu shovqin-suron To‘daning ustida to‘fon mahalidagi quturgan shamolday yelib uchdi.
Ko‘zlari yongan, tumshuqlari qattiq siqilgan — qonsiragan oqcharloqlar to‘rt tomondan siqib kelar va ikkalasini ham qiymalab tashlashga tayyor turardi.
— Nima deysan, Fletcher, hoziroq bu yerdan ketganimiz ma’qul emasmi? — qiziqsindi Jonatan.
— Men, albatta, bu yerdan uzoqroqda bo‘lishimizga qarshi emasmanu…
Bir lahza ichida ular qoya etagidan yarim mil narida hozir bo‘lishdi, jaholatga botgan oqcharloqlarning qahru g‘azab bilan ochilgan tumshuqlari bo‘m-bo‘sh havoni cho‘qilardi.
— Nega, — deya yozg‘irardi Jonatan, — nega ozod qushni uning ozod ekaniga ishontirish shunchalar mushkul. Axir, uning o‘zi bunga o‘zini ishontirishga qodir-ku! Faqat mashqlarga biroz vaqt sarflash kifoya, xolos. Nega bunday?
Voqeaning bu tarzda kechganidan hanuz o‘ziga kela olmayotgan Fletcher so‘radi:
— Sen nima qilding? Biz qanday qilib bu yerda paydo bo‘lib qoldik?
— Axir, o‘zing aytding-ku, bu yerdan ketganimiz ma’qul deb… Aytmadingmi shunday deb?
— Aytdim. Biroq qanday qilib sen…
— Juda oddiy, Fletcher. Xuddi boshqalar qilgani singari. Bu tajriba, xolos.
Ertalabga kelib To‘da o‘zining johilligini unutgan, biroq Fletcher biror narsani yodidan chiqarmagan edi:
— Jonatan, eslaysanmi, bir paytlar — bunga ko‘p bo‘ldi — sen aytganding: qalbingda To‘daga muhabbat bo‘lsa bas, ortga qaytish va ularga ta’lim berish uchun shuning o‘zi kifoya, deganding.
— Eslayman, albatta.
— Men tushunmayman, sen qanday qilib bu aqlidan ozgan qushlar to‘dasini yaxshi ko‘ra olasan, axir, haligina ular seni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi-ku?
— Oh, Fletch! Sen jaholatga botgan qushlar to‘dasini sevishing shart emas. Sen nafrat va g‘azabga mehr-muhabbat bilan javob qilishga ham majbur emassan. Sen uzluksiz mashq qilishing va mana shu qushlarning har birida haqiqiy olijanob oqcharloqni ko‘ra bilishing hamda botinlaridagi olijanoblikni yuzaga chiqarishlari uchun ularga yordam qilishing kerak. Men muhabbat haqida gapirganimda ana shuni nazarda tutib gapirganman. Bilasanmi, buning amalga oshishi qanchalik quvonarli! Darvoqe, men bir jo‘mard yigitni eslayman — chamamda uning ismi Oqcharloq Fletcher Lind edi — ana shuni quvg‘in qilishganda, u butun bir To‘da bilan yoqalashishga tayyor edi. Va Uzoq Qoyalarda u o‘zi uchun chinakam azob-uqubatlar maydonini — mislsiz og‘ir sinovlar joyini hozirladi. O‘sha Fletcher hozir o‘zining osmonini yaratayotir va butun To‘dani o‘sha yoqqa boshlab ketayotir.
Fletcher Jonatanga qaradi, uning ko‘zlarida qo‘rquv alomatlari aks etdi:
— Men?! Men boshlab ketayapmanmi?! Jon, bu bilan nima demoqchisan? Bu yerda muallim — SENSAN. Sen bizni tashlab ketolmaysan.
— Tashlab ketolmayman? Nahotki, sen boshqa to‘dalar ham, boshqa Fletcherlar borligini, ehtimol, ularga murabbiy sendan ham ko‘ra zarurroq ekanini o‘ylamasang. Axir, sen endi nurli manzilga olib chiqadigan o‘z yo‘lingni topding…
— Men-a?! Jon, men — oddiy oqcharloqman, sen esa…
— … xos va betakror Buyuk Oqcharloq O‘g‘lisan demoqchimisan? — chuqur xo‘rsindi Jonatan. — Mening endi senga keragim yo‘q. O‘zingni anglab yetish yo‘lidagi mashqlaringni davom ettir — sen uchun muhimi shu. Har kuni bir qadamdan bo‘lsa-da olg‘a intilib, o‘zingning haqiqiy tabiatingni — asl Oqcharloq Fletcherni kashf etgin. U — sening mualliming. Sendan uni tushunish va unday bo‘lish uchun tinimsiz mashq qilish talab etiladi.
Bir lahzadan so‘ng Jonatanning tani jimirlab ko‘rindi, uning parlari nur taratdi va u havoda eriy boshladi.
— Ularning men haqimda ahmoqona mish-mishlar tarqatishiga yo‘l qo‘yma, mendan xudo yasashlariga izn berma, xo‘pmi, Fletch? Men — oqcharloqman. Men uchishni yaxshi ko‘raman, ehtimol…
— JONATAN!
— Sho‘rlik Fletch! Ko‘zlaringga ishonmagin. Chunki ko‘zlarga bizning ozodligimizni chegaralaydigan panjaralargina ko‘rinadi. Eng muhim narsani ko‘rmoq uchun tafakkurni ishga solmoq lozim. Sen hammasini bilasan, faqat buni tushunishing zarur. Va shunda barchasi oyday ravshan bo‘ladi, qanday uchish kerakligi-yu…
Jimirlash tugadi. Jonatan havoda erib bitdi.
Oqcharloq Fletcher o‘zini majbur qilib havoga ko‘tarilguncha xiyla vaqt o‘tdi. Birinchi darsning boshlanishini sabrsizlik bilan kutayotgan o‘quvchilarning yangi guruhi uning yo‘liga ko‘z tikib turishardi.
— Sizlar avvalo, — deya g‘amgin ohangda gap boshladi u, — bir muhim narsani tushunib olishlaring lozim: oqcharloq — bu cheklanmagan ozodlik g‘oyasining mujassami, Buyuk Oqcharloq timsolining tajassumi va sizning tanangiz yaxlit — bir qanotingizning uchidan ikkinchi qanotingizning uchigacha — sizning fikringiz, g‘oyangizdan boshqa narsa emas.
Yosh oqcharloqlar uning gaplariga tushunmay garangsib qarab turishardi. «E, muallim, — deya o‘ylardi ular, — sening bu gaplaring «ko‘r tugun» mashqini uddalashimizga yordam berishi dargumon».
Fletcher chuqur nafas oldi va aytgan gaplari ularning ongiga yetib bormaganini payqab, dedi:
— Xo‘-sh… demak… Mayli, mashg‘ulotlarni to‘g‘riga uchish mashqlarini o‘zlashtirishdan boshlaymiz.
Shu so‘zlarni aytgan zahoti u favqulodda bir sirdan voqif bo‘ldi — Jonatanga xos bo‘lgan g‘aroyib shuur o‘ziga ham begona emasligini angladi.
«Cheklovlar yo‘q, deysanmi Jonatan? — o‘yladi u. — Unday bo‘lsa, mening osmon ostidan sening qirg‘og‘ingga sho‘ng‘ib chiqadigan kunim uzoq emas ekan, o‘shanda senga qanday uchish kerakligi haqida ba’zi bir gaplarni aytaman!»
U o‘quvchilari ko‘ziga qattiqqo‘l bo‘lib ko‘rinishga harakat qildi, biroq kutilmaganda… ularni aslida qanday bo‘lishsa shundayligicha ko‘rdi — ularning botiniga nazari tushdi. Bu uzoqqa cho‘zilmadi — qandaydir lahzada kechdi, biroq ko‘rganlari unga yoqdi, u juda shod bo‘ldi. Fletcher qalbida barcha shogirdlariga cheksiz mehr-muhabbat hissini tuydi. «Cheklovlar yo‘q, deysanmi, Jonatan?» — xayolidan o‘tkazdi u va mamnun jilmaydi. Endi komillik sari uning o‘zining yo‘li boshlandi.
Ahmad Otaboyev tarjimasi