Tushida rang-barang oynavandli tashqi eshikni berkitayotganmush. U pushtirang, limon singari sap-sariq, yumshoq bulutdek oppoq va buloq suvi kabi tiniq shishalardan ishlangan. Ko‘plab, mayga o‘xshagan, sharbat yoki meva qiyomini eslatuvchi alvon, qirmizirang va tillarang, muzdek salqin, ko‘kimtir shisha sopolakchalar o‘rtadagi katta oyna atrofiga qoplangan. Yodida, bolalik kezlari otasi uni dast ko‘tarib, “Qara!” derdi. Shunda yashil shisha ortidagi borliq dunyo yo‘sin yoki yalpiz singari ochyashil tus olardi.
– Qara!
Ochbinafsharang shisha o‘tkinchilarni so‘lib qolgan uzum boshlariga o‘xshatib qo‘yardi. Va nihoyat pushtirang shisha shaharni hamma vaqt iliq pushti to‘lqin bilan yuvardi, tongning qizg‘ish shafag‘iga burkardi, yangigina qirqib tekislangan maysazor esa, sharq bozorlaridan keltirilgan gilamning xuddi o‘zi bo‘lib qolardi. Hammasidan ham yaxshi bu pushti shishali darcha quti o‘chgan yonoqlarni lola rang bilan qoplardi va u tufayli sovuq kuz yomg‘iri iliq bo‘lib qolar, fevral bo‘ronlarida esa quvnoq uchqunlar chaqnardi.
– Ha, ha! Mana bu yerda…
U uyg‘onib ketdi. Bolalarning shivirlab gaplashganidan uyg‘ondi, lekin hali ko‘zlarini ochganicha yo‘q, shu ahvolda qorong‘ilikka quloq solib yotdi. Ularning ovozi qurib qolgan dengiz tubidagi qumni to‘zg‘itib, kulrang tepaliklar ustiga sochayotgan shamolning g‘ing‘illashiga o‘xshab, ma’yus eshitildi. Shundagina lop etib yodiga tushdi: “Biz Marsdamiz-ku!”
– Nima? – baqirib yubordi xotini uyqu aralash. U tovushini chiqarib gapirganini bilmay qoldi, qimirlashga ham qo‘rqib, jim yotishga harakat qilib ko‘rdi. Biroq voqelik o‘z hukmini o‘tkazayotgan, u esa g‘alati bo‘lib, dovdirab qolayotgandek edi. Ana, xotini o‘rnidan turib, xonada sharpa kabi u yoqdan bu yoqqa yura boshladi, yig‘ma metall uyning ancha balanddan ochilgan darchalarining goh unisiga, goh bunisiga boradi, charaqlab turgan begona yulduzlarga uzoq tikilib turadi.
– Kerri, – shivirladi u. Xotini eshitmadi.
– Kerri, – qayta shivirladi u, – senga aytmoqchi bo‘lib yuruvdim… bir oydan beri og‘iz juftlayman. Ertaga… ertaga ertalab bizda…
Biroq xotini yulduzlarning ko‘kimtir yog‘dusida toshdek qotib o‘tirardi, unga qayrilib ham qaramadi.
“Qani endi, quyosh hech qachon botmasa, – o‘yladi u o‘zicha, – hech qachon tun bo‘lmasa.”
U kuni bilan bo‘lajak shahar uchun uy quradi, bolalar maktabda bo‘lishadi, Kerri esa, ro‘zg‘or bilan ovora – supiradi, sidiradi, ovqat tayyorlaydi, buning ustiga tomorqa… Quyosh botishi hamonoq gulpushtalarni yumshatish ham, mix qoqish yoki masala yechish ham mumkin bo‘lmay qolganda, hayollari, qorong‘ilikda qo‘noqqa qaytgan tungi qush kabi uchib kelaveradi.
Xotini qimirladi, sal qayrilib qaradi.
– Bob, – dedi u, nihoyat, – uyimizga ketgim kelyapti.
– Kerri!
– Bu joylar bizga uy bo‘lmaydi, – dedi u. G‘ira-shira qorong‘ilikda uning yosh to‘la ko‘zlari yiltirab ketdi.
– Yana biroz sabr qil, Kerri.
– Ortiq toqat qilolmayman! – U uyqusiragan kabi javon qutichalarini tortdi, bir to‘p dastro‘mol, ichki kiyim, ko‘ylaklarni olib, javon ustiga beixtiyor, qaramasdan qo‘ydi. Necha marta shunaqa qildi – odat bo‘lib qoldi. “Toqatim qolmadi”, deb javondan buyumlarni chiqaradi, uzoq sukut saqlab, keyin hammasini joy-joyiga qo‘yadi va yuzlari dong qotgancha, sovuq nigoh bilan o‘rniga cho‘ziladi, hayollarga beriladi. Bir kunmas – bir kun u hamma qutilarni bo‘shatib, devor ostida uyilib yotgan eski chamadonlarga yopishib qolsa-chi?
– Bob… – uning tovushi sokin, ravon, harakatlarini kuzatishga imkon berib turgan oy shu’lasidek nursiz, biroq hasratdan asar yo‘q. – Shu yarim yil ichida, tunlari necha marta shunday qildim, o‘zim uyalaman. Bilaman, ishing og‘ir, shahar qurayapsan. Bunday qiyinchilikda xotin kishi eriga xarxasha qilavermasligi, joniga tegmasligi kerak. Biroq men ham dilimdagini to‘kib-solishim kerak-ku! Ichimga yutib yuravermayman-ku! Hammasidan ko‘ra mayda-chuyda narsalarni sog‘indim. Bo‘lmag‘ur narsalar, o‘zim ham hayronman. Ayvonimizdagi arg‘imchoq esingdami? To‘qilgan oromkursi-chi?
Ogayomizning yoz oqshomlari o‘tgan-ketganlarni tomosha qilib, rohatlanib o‘tirardik. Sozi buzilgan pianino, shved oynasi, mehmonxonadagi jihozlar,… to‘g‘ri, eski, qo‘pol, xunuk ishlangan, buni o‘zim ham bilaman… Osilchoqli xitoy qandili shamol esishi bilan jiringlab ketardi. Yoz kechalari o‘sha ayvonda o‘tirib, qo‘ni-qo‘shnilar bilan suhbatlashardik. Bularning hammasi mayda-chuyda arzimagan gaplar, lekin negadir, yarim kechada uyg‘onib ketamanu, bunday hayollar menga tinim bermaydi. Kechir.
– Senda nima ayb? – dedi u. – Mars begona makon. Buyoqda hamma narsa begona, isi ham g‘alati, ko‘zingga ham boshqacha ko‘rinadi. O‘zim ham tunlari shularni o‘ylab ketaman. O‘zimizning yurtimiz, shahrimiz, uyimiz qanday yaxshi edi!
– Bahor va yozda hammayoq yam-yashil bo‘lardi, – gapni ulab ketdi xotini. – Kuzda esa, sap-sariq, qip-qizil! Uyimizni ko‘p eslayman. Eski, qurilganiga sakson yilmi, to‘qson yilmi bo‘lganiga qaramay, qadrdon bo‘lib qolgandi. Tunlari tinglab yotardim, u xuddi gapirgandek qisirlab, shiqirlab qo‘yardi. Yog‘ochlari qurib ketganidan ostonasi, zina tutqichlari, ayvon qo‘l tekkizishing bilan tilga kirgandek bo‘lardi. Har bir xona o‘ziga xos edi. Butun uy gapirganida esa, xuddi katta oila – tug‘ishganlaring bir yerga to‘planib allalagandek, yumaqol ko‘zingni, uxlayqol, degandek bo‘lardi. Unaqa uylarni hozir qurishmaydi. Uyda ko‘pchilik: otalar, bobolar, nevaralar yashasa, u o‘zingniki bo‘lib qoladi, ko‘zingga issiq ko‘rinadi. Bizning manavi qutichamiz esa, men bormanmi, yo‘qmanmi, bilmaydiyam, men hayotmanmi, o‘lganmanmi, unga baribir! Tovushlariyam zanglagan temirdan chiqayotganga o‘xshaydi, turishlari sovuq. Devorlarida ko‘z ilg‘amas teshikchalari ham yo‘qki, yillarni o‘ziga singdirib olsa! G‘amlagan yoki ortiqcha narsalaringni saqlay desang, na yerto‘lasi bor, na chordog‘i! Eski-tuskilarni, tug‘ilishingdan oldingi vaqtlardan qolgan narsalarni hech qayoqqa sig‘dirib bo‘lmaydi! Bilasanmi, Bob, hozir yonimizda o‘sha, biz o‘rganib qolgan narsalarimizdan ozginasi bo‘lganida ham, har qanday yangisi bilan ko‘nikib ketgan bo‘lardik. Atrofingdagi hamma narsa, mayda-chuydadan tortib kattalarigacha yangi, begona bo‘lsa, bir umr ko‘nikolmas ekansan.
Qorong‘ilikda u bosh irg‘ab, xotinining gapini tasdiqlab qo‘ydi.
– O‘zim ham shunday o‘ylab yurardim.
Xotini devorga tirkab qo‘yilgan chamadonlar ustida o‘ynayotgan oy shu’lasiga tikilib o‘tirarkan, qo‘lini o‘sha tomonga asta uzatdi.
– Kerri!
– Nima?
U sapchib o‘rnidan turdi, oyoqlarini polga osiltirib, o‘tirib oldi.
– Kerri, men aqlga sig‘maydigan bir bema’nilik qilib qo‘ydim. Bu yoqlarga kelganimizdan boshlab diqqat qilaman, sen uyimizni sog‘ingansan, o‘g‘illarimiz tunlari uyg‘onib ketib, shivirlashib qo‘yishadi, shamol esa chiyillaydi, tashqarida Mars, qurib qolgan dengiz… yana… – u tutilib qoldi, qiynalib yutindi. – Men nima ish qilib qo‘yganimni va nima uchun shunday qilganimni tushunishing kerak. Bundan bir oy oldin, bankdagi hisob raqamimizda o‘n yil davomida yiqqan pulimiz bor edi, shuni, hammasini boricha xarajat qilib yubordim!
– Bob!
– Bekorga tashlab yubordim! Kerri, gapim rost, shamolga uchirib yubordim! Hammangizni xursand qilaman, deb o‘ylovdim. Mana, sen bunday deyapsan, anavi la’nati chamadonlar ham ko‘z oldimizda tixirlik qilib turibdi.
– Nega unday qilding, Bob? – xotini eri tomonga o‘girilib oldi. – Undan chiqdi, biz bu yoqlarda – Marsda har bir tsentni avaylab, qiyinchiliklarga chidab, bekorga yuribmiz ekan-da? Sen bo‘lsang hammasini birdaniga yo‘q qilibsan.
– O‘zim ham bilmayman, balki, aqldan ozgandurman, – dedi u. – Menga qara, tong otishiga oz qoldi. Barvaqt turamiz. Men bilan birga borasan, nima qilib qo‘yganimni o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan. Agar hammasi bekor bo‘lib chiqsa, nimayam qilardim, ana, chamadonlar, raketa esa, Yerga haftada uch marta qatnaydi.
Kerri qimir etmay qoldi.
– Bob, Bob, – deya shivirlardi.
– Kerakmas, hozir gapirma, – yolvordi u.
– Bob, Bob…
Xotini boshini asta chayqab qo‘ydi, uning ishongisi kelmasdi. U teskari qarab, karavotning bir chekkasiga cho‘zildi, xotini ikkinchi chetiga o‘tirdi, uzoq vaqt yotmadi, dastro‘mollar, ichki kiyimlar chiroyli taxlab qo‘yilgan, bilakuzuk va taqinchoqlar saqlanadigan javonga tikilib o‘tiraverdi. Tashqarida, devor ortida esa, oy shu’lasi singib ketgan shamol mudroq changlarni supurib, osmonga purkardi.
Nihoyat, Kerri yotdi, biroq hech nima demadi, murda kabi ko‘zlari qilt etmasdan, qorong‘ilikka – uzundan-uzun tunnelga tikilgancha yotdi. Nahotki, tunnelning narigi uchida hech qachon tong otmaydi?
* * *
Ular tong qorong‘isida turishdi, lekin torgina uy hali uyg‘onganicha yo‘q, og‘ir sukunat hukm surardi. Ota, ona va o‘g‘illar jimgina yuvinishdi, indamasdan yangigina pishirilgan non yeyishdi, meva sharbati va kofe ichishdi va nihoyatda, bunday sukunatdan o‘kirib, uvillab yuborgudek bo‘lishdi. Hech kim bir-biriga tikilib qaramadi, har biri boshqasini toster, choynak, qanddonning chinni yoki nikellangan sirtidagi aksiga qarab, zimdan kuzatib turdi. Burishib, qiyshayib ketgan qiyofalar bunday kallai-saxarda begona ko‘rinar ekan. Va, nihoyat, eshikni ochishdi. Xonaga Mars dengizlari ustida esadigan sovuq havo yopirilib kirdi. Tashqariga chiqishdi. Dengiz tubida ko‘kimtir qumlar goh yugurib o‘ynoqlaydi, goh xazon kabi to‘kiladi va qirg‘oqqa urilmoqchi bo‘lgan to‘lqin sharpasi singari ko‘tariladi. Tepada yalang‘och, sovuq osmon, uzoqda, bo‘m-bo‘sh sahna ortiga qo‘yilgan bezak o‘xshab ko‘rinib turgan shahar. Oila o‘sha tomonga qarab ketdi.
– Qayoqqa ketyapmiz? – so‘radi Kerri.
– Raketadromga, – javob berdi eri. – Yo‘l-yo‘lakay sizlarga aytadigan gapim ko‘p.
– Bolalar qadamini sekinlatishdi, ota-onasining ortidan gapga quloq solib boraverishdi. Otasi esa, ketayotgan yo‘liga – to‘ppa-to‘g‘riga qaragancha, gap boshladi. Uzoq gapirdi, xotiniga, o‘g‘illariga bir marta ham qayrilib qaramadi, gaplarimni qanday qabul qilishayotgan ekan, deb qiziqmadi.
– Men Marsga ishonaman, – deb boshladi u past tovush bilan. – Bilaman, bir vaqt kelib, u haqiqiy o‘zimizniki bo‘lib qoladi. Biz uni jilovlaymiz, bu yoqlarga ko‘nikib ketamiz, ortga qaytmaymiz! Bir yil ilgari, endigina uchib kelganimizda, men qo‘qqisdan, o‘zimni qoqilib ketgan odamdek his qildim. Bizni bu yoqlarga nima boshlab keldi, deb o‘ylab qoldim va sababini endi topgandek bo‘ldim. Bu – xuddi baliqlardagi kabi, har yili takrorlanadigan voqea ekan. Nima uchun uzoq joylarga suzib ketayotganini baliqning o‘zi ham bilmaydi, baribir suzaveradi. O‘zi tanimagan va bilmagan daryo bo‘ylab oqimdan yuqoriga qarab suzaveradi, tezoqar joylardan o‘tadi. Sharsharalardan o‘tadi, nihoyat, bir joyga yetib boradi-da, tuxum qo‘yadi, keyin o‘ladi. Va, hammasi yangidan boshlanadi. Nasldan naslga o‘tadigan odat, instinkt – nima desang deyaver, lekin bu shunday tarzda ketaveradi. Biz ham xuddi shunga o‘xshab, bu tomonlarga kelib qoldik, shekilli.
Ular ertalabki jimlikda hamon qadam tashlashar, cheksiz osmon ortlaridan ergashib kelardi, oyoqlari ostida, yaqinginada yotqizilgan shosse ustida g‘alati, pag‘a-pag‘a bug‘ kabi ko‘kimtir va oqish qumlar o‘ralishadi.
– Shunday qilib, biz ham bu tomonlarga kelib qoldik. Marsdan keyin qayoqqa boramiz? Yupitergami, Saturn, Uran, Neptun yo Plutongami yoki ulardan ham uzoqlargami? To‘g‘ri yanada uzoqlarga ham bo‘lishi mumkin. Nima uchun shunday bo‘ladi? Shunday kunlar keladiki, Quyosh portlab, osmon teshik qozondek bo‘lib qoladi, Yerdan asar ham qolmaydi. O‘shanda Mars, balki, shikastlanmay qolar? Bordiyu, u ham shikastlansa, Yupiter bor, undan keyingilari bor. Hammasiga shikast yetsa, nima bo‘ladi, bilmayman, unda zurriyotlarimizning holi nima kechadi?
U tepaga. Tiniq, toza siyohrang osmonga tikilib qaradi.
– Nima bo‘pti?! Biz bu vaqtlarda noma’lum dunyolarda bo‘lamiz. Uning nomi ham yo‘q, faqat raqami bor: aytaylik, to‘qson yettinchi yulduzlar turkumining oltinchi sayyorasi yoki to‘qson to‘qqizinchi turkumning ikkinchi sayyorasi. U o‘lgudek uzoqda! Buni hatto dahshatli tushingda ham, alahlaganingda ham tasavvur qilolmaysan! Biz buyoqlardan ham uchib ketamiz, tushunyapsizlarmi, uzoqlarga ketamiz va sog‘-omon qolamiz! Shunday fikrga kelganimda, o‘zimga o‘zim: “Mana, gap qayoqda ekan? – dedim. – Mana, nima uchun biz Marsga uchib keldik? Mana, nima sababdan odamlar osmonga raketa uchirishar ekan?”
– Bob…
– To‘xta, gapirib bo‘lay. Bu – pul uchun emas, yo‘q. Tabiat manzaralarini tomosha qilish uchun ham emas. Ko‘pchilik shunday deb o‘ylaydi, bu – yolg‘on, to‘qima! Boyib ketish uchun, shon-shuhrat uchun uchayapmiz, deyishadi. Bir yerda o‘tiraverish zerikarli, ko‘ngil ochish uchun uchayapmiz, deyishadi. Aslida esa, har bir odamning ichida nimadir bor, u baliq yoki kit, hatto eng kichkina, ko‘zga ko‘rinmas mikrobning ichidagi narsaga o‘xshab chiqillab turadi. Bu – shunday jajji soatchaki, har bir jonli maxluq ichida bor. Bilasizlarmi, u nima deydi? “Olg‘a yur, bir joyda o‘tiraverma, to‘xtama, suz, suzaver! – deydi. – Yangi dunyolar tomon uch! Yangi shaharlar bunyod qil! Yana va yana! Shuning uchunki, dunyoda hech nima Odam zotini yo‘q qilib yuborolmasin!” Tushunsang-chi, Kerri, biz sen bilan Marsga shunchaki uchib kelganimiz yo‘q! Odamlarning taqdiri, butun odamzot avlodining taqdiri, biz o‘z hayotimizda nimalarga ulgurishimizga bog‘liq. Mana, gap nimaga borib taqalayapti! Bu – katta gap, vahming keladi!
O‘g‘illari ortda qolmay, ergashib kelishyapti, Kerri – yonida. Ularga qarab, so‘zlarini qanday qabul qilishayotganini, yuzlaridan o‘qib olgisi keldi, biroq qayrilib qaramadi, gapini davom ettiraverdi.
– Esimda, bolalik paytimda seyalkamiz sinib qolgandi, tuzatishga pulimiz yo‘q edi. O‘shanda otam ikkovimiz urug‘larni siqimlab sochgan edik. Bunda ham mazmun bor: “Bari bir, ekish kerak, yo‘qsa, o‘rim bo‘lmaydi!” Ey, Xudoyim! Kerri, o‘zing eslab ko‘rgina-a, gazetalar yakshanbalik ilovasida nimalarni yozishardi: MILLION YILDAN SO‘NG YeR MUZGA AYLANIB QOLADI! Bolalik yillarim bunday maqolalarni o‘qib, dod solib yig‘lardim. Oyim “Senga nima bo‘ldi?” deb so‘raganida, “O‘sha paytda dunyoda yashaydigan bechoralarga rahmim kelyapti” desam, “Sen ular haqida qayg‘urmay qo‘ya qol” derdilar. Ko‘rdingmi, Kerri, men nima haqda gapiryapman. Aslida, biz kelajak avlod to‘g‘risida qayg‘uramiz, aks holda bu tomonlarga kelib qolgan bo‘larmidik?! Men uchun eng muhimi – ODAM! Uning NASLI! ODAM NASLI yashasa va yashayversa! To‘g‘ri, o‘zim shundan manfaatdorman, chunki o‘zim shu naslning bittasiman. Odam zoti doim mangulik haqida o‘ylar ekan, bunga yetishmoqning birdan-bir yo‘li – olg‘a qarab yurish, Koinotni to‘ldirish! Shundagina, mabodo, qayerdadir qurg‘oqchilik yoki boshqa tabiiy ofat bo‘lib qolsa ham, baribir, hosil o‘rib olaveramiz. Hatto Yer muzga aylanib qolsa yo zang bosib, qahatchilik bo‘lsa ham! Shunda ham, Venerami yoki, odamlar ming yillardan keyin o‘rnashib oladigan boshqa bir sayyorada yangi maysalar unib chiqadi. Shunday o‘y-xayollarimni deb, aqldan ozdim, Kerri! Chir so‘zim! Aqldan ozdim! Shunday fikrga keldimu o‘t bo‘lib yondim, hammani – seni, bolalarimni, uchragan-yo‘liqqan kimsani to‘xtatib, gapirib bergim kelaverdi. Keyin o‘ylanib qoldim: jin ursin, bundan hech qanaqa foyda yo‘q-ku! Shunday kun yoki, ehtimol, tun keladiki, ichinglardagi o‘sha mitti soat qanday chiqillayotganini o‘zinglar ham eshitib qolasizlar, o‘shanda o‘zlaring tushunib olasizlar, hech narsani uqdirib o‘tirishga o‘rin qolmaydi.
Bilaman, Kerri, bularning bari balandparvoz gap, balki, men g‘oyatda jiddiy fikr yuritayotgandurman, axir men kichkina odamman-ku, bo‘yim ham past, lekin sen menga ishon – bularning hammasi haq gap!
Bu payt ular shaharga kirib kelishgan, qadam tovushlari bo‘m-bo‘sh ko‘chalarda bo‘g‘iq aks-sado berishiga quloq solib borishardi.
– Bugun tongda nima bo‘ladi? – so‘radi Kerri .
– Hozir unga ham navbat keladi. Bilasanmi, dilimning bir chekkasidagi gapni aytsam, o‘zimning ham uyimizga ketgim kelardi. Boshqa bir ichki tovush esa, “Agar chekinsang, hammasi tamom!” derdi. Shunda, bizga nima yetishmayapti o‘zi, deb o‘ylab qoldim. O‘g‘illarimiz, sen, men – hammamiz o‘rganib qolgan eski-tuski narsalarmi?
Xo‘p, dedim o‘zimcha, agar qandaydir eski-tuskilarsiz yangisini ishga solib bo‘lmasa, Xudo haqqi, men bunday eski-tuskidan foydalanganim bo‘lsin!
Yodimda, tarix darsliklarida mana bunday gaplar bor edi: ibtidoiy odamlar bir yerdan ikkinchi yerga ko‘chib yurganlarida sigir shoxini kavlab, ichiga cho‘g‘ solganlar, keyin uni kun bo‘yi puflab yurganlar. Kechqurun yangi joyga yetib kelib, o‘sha, ertalabdan buyon olib yurgan cho‘g‘dan gulxan yoqqanlar. Gulxan hamma vaqt yangi bo‘lsa ham, unda eskisidan qandaydir uchqun bo‘lgan. Shunda men hammasini taroziga qo‘yib, mulohaza qilib ko‘rdim, o‘zimcha o‘yladim: Yerdagi uyimizda qolgan eski-tuskilar hamma pulimizni sarflashga arzirmikin? Yo‘q, arzimaydi. Eskining yordamida bir nimalarga erishsak, ana o‘shaning qimmati bor. Xo‘p, unday bo‘lsa, Yangi hamma pulimizni batamom sarflashga arziydimi? Uzoqdagi quyruq uchun xarajat qilishga rozimisan, dedim o‘zim o‘zimga. Ha, roziman, dedim. Agarda, xuddi shu yo‘l bilan, ko‘z ochib-yumguncha, bizni Yerga qaytishga majbur qilayotgan o‘sha sog‘inchni daf qilish mumkin bo‘lsa, bor pullarimiz ustiga kerosin quyib, yoqib yuboganim bo‘lsin!
Kerri va bolalar to‘xtashdi. Ular ko‘cha o‘rtasida otasiga hayron tikilib qolishdi, go‘yo u – u emas, balki ularni yiqitib ketmoqchi bo‘lgan, hozir esa, tinchib qolayotgan quyun!
– Bugun ertalab yuk raketasi keldi, – dedi u ohistagina. – Ketdik, qabul qilib olamiz!
Ular pillapoyalardan asta ko‘tarilishdi, aks-sado beradigan zaldan eshiklari endigina ochilgan saqlash kamerasiga o‘tishdi.
– Baliqlar haqida yana gapirib ber, – dedi bolalardan biri.
* * *
Prokatga olingan yuk mashinasida shahardan tashqariga chiqishganda quyosh ancha ko‘tarilib qolgan va qizdirayotgan edi. Kuzov xaltalar, qutilar, paketlar, tugunlar bilan tiqilib ketgan edi – uzundan-uzun, past-baland, yassi , hammasi raqamlangan, har bir yashik va tugunda chiroyli va ixcham yozuv: “Mars, Nyu-Toledo, Robert Prentisga.”
Mashina yig‘ma uy oldida to‘xtadi. Bolalar sakrab tushib, oyisiga yordamlashishdi. Bob rulda bir daqiqa hayallab qoldi, keyin shoshmasdan pastga tushdi, mashinani aylanib o‘tib, ichkariga qaradi. Tush vaqtiga kelib, bitta katta yashikdan boshqa hammasi, paketlar, tugunlar ochib bo‘lindi. Buyumlar qurib qolgan dengiz tubida qator turishar va butun oila uning tevaragida tomosha qilardi.
– Buyoqqa kel, Kerri.
U xotinini oxirgi qatorga boshlab o‘tdi, katta yashiklardan birining ichidan eski pillapoya chiqdi.
– Eshitib ko‘r-a.
Yog‘och zinalar oyoq ostida tilga kirdi.
– Ular nima deyishayapti-a?
Xotini eskirib ketgan pillapoyada o‘ychan, diqqat bilan turar, biroq javob berishga bir so‘z topolmasdi.
U qo‘li bilan ko‘rsatdi:
– Mana bu yerga pillapoyani qo‘yamiz, buyoqda – mehmonxona, oshxona, ovqatlanadigan xonamiz, uchta yotoqxona bo‘ladi. Bir qismini yangidan quramiz, Yerda qolgan narsalarimizdan yana keltiramiz. Har holda, bizda pillapoya, mehmonxona uchun u-bu jihozlar, eski krovatimiz ham bor.
– Hamma pullarimiz… Bob!
U xotiniga tabassum bilan boqdi.
– Jahling chiqmayaptimi? Qani, menga qara-chi! Ana, chiqmayapti.
Bir yildan keyinmi, besh yildan keyinmi, biz hamma narsamizni ko‘chirib keltiramiz. Vazalarni ham, oying bizga to‘qqiz yuz oltmish birinchi yilda taqdim qilgan arman gilamini ham. Ana, undan keyin Quyosh portlasa portlayversin!
Ular boshqa yashiklarni aylanib o‘tib, raqamlarini, yozuvlarini o‘qib ko‘rishdi: ayvondagi arg‘imchoq, belanchak, xitoy qandili…
– Ularni o‘zim puflab jiringlataman!
Zinapoyalarga turli rangdagi shishalardan yasalgan darchasi bor eshikni qo‘yishdi va Kerri undan qaray boshladi.
– Nimalarni ko‘rayapsan?
Xotini nimalarni ko‘rayotganini bilib turib so‘radi, chunki shu paytda o‘zi ham darchaga tikilib turgandi. Mana u – Mars! Sovuq osmon iliq tus oldi, o‘lik dengiz tirilgandek bo‘ldi, tepaliklar qulupnayli muzqaymoq uyumlariga o‘xshab qoldi va shamol uchirayotgan qumlar asta yonayotgan ko‘mir uchqunlari kabi yiltilladi. Pushtirang darcha, pushtirang darcha! U tevarak atrofni nozik qizg‘ish rang bilan jonlantirdi, yuraklarni, nigohlarni tong shafag‘i bilan qopladi. Robert Prentis ana shu shisha bo‘lagiga tikilib, tashqarini tomosha qilib turarkan, o‘zicha gapirib yubordi:
– Bir yildan so‘ng biz turgan shu joyda shahar paydo bo‘ladi. Soya-salqin ko‘cha tushadi. O‘zimizning ayvonimiz bo‘ladi, do‘stlar orttiramiz, o‘shanda bu buyumlar senga hozirgichalik kerak bo‘lmay qoladi. Lekin hozir biz shulardan boshlaymiz. Bular arzimagan narsalar, biroq o‘zimizniki, ko‘nikib qolganmiz, keyin ular ko‘payaveradi. Yaqin orada sen Marsni tanimay qolasan, nazaringda, bir umr shu yerlarda yashayotgandek bo‘lasan.
U zinapoyalardan yugurib tushdi-da, eng chetda turgan, mato bilan o‘ralgan, hali ochilmagan yashikka qaradi. Qalamtarosh bilan matoni yirtdi.
– Top-chi, bu nima?
– Oshxonadagi mening o‘chog‘im! Pechka!
– Xecham-da! – u muloyim kuldi. – Qani, bitta qo‘shiq aytib ber-chi!
– Esingni yedingmi, Bob?
– Shunday qo‘shiq aytgin-ki, qo‘limizda bo‘lgan, biroq suvga oqib ketgan pullarimizga arzisin. Tupurdim, o‘sha pullarga, achinmayman!
– Men “Jenni, Jenni, azizim!” degan qo‘shiqdan boshqasini bilmayman-ku.
– Ana, o‘shani ayt!
Biroq, xotini boshlolmadi, lablarini unsiz qimirlatib qo‘ydi, xolos.
U matoni zarb bilan tortdi, qo‘lini yirtiqdan tiqib, indamay paypaslandi va xirgoyi qila boshladi. Nihoyat, qidirgan narsasini topib ushladi va jimlikni pianinoning tiniq tovushi buzib yubordi.
– Mana, shunday! – dedi Robert Prentis, – endi shu qo‘shiqni boshidan oxirigacha kuylaymiz. Hammamiz, birgalashib!
Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi