Jogeshshor qachonlardir tuppa-tuzuk hayot kechirar edi. Hozir esa, uning nuragan loyshuvoq uyida ilonlar, qurbaqalar va ko‘rshapalaqlar o‘rmalaydi. Chol bo‘lsa, kichik kulbada yashab, zerikkan chog‘larida «Bxagavad-gita»ni o‘qib vaqt o‘tkazadi.
O‘n bir yil ilgari u qiz ko‘rdi. O‘sha mahaldayoq uning bir vaqtlardagi farovonlik oyi bota boshlagan edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, qiziga Komola deb nom qo‘ydi. Bu hiyladan murod ma’budalarning eng injig‘i — Lakshmining diqqatini bu uyga jalb etish edi.
Garchi bu nayrangdan hech narsa chiqmasa-da, har holda, ma’buda Lakshmi qizning chehrasiga bir nigoh tashlab qo‘ydi — Komola sohibjamol qiz bo‘lib o‘sdi.
Jogeshshor qizini erga berib, biror narsa ortirishni xotiriga ham keltirmagan edi. Unga kim qo‘yibdi bu haqda o‘ylashni! Shu atrofdan bitta-yarimta mo‘min-qobilni topib, Komolani uzatib yuborsa bo‘ldi-da.
Lekin ammasi boshqacha o‘ylardi: uning sevikli jiyani faqat badavlat xonadonga tushishi kerak! «Men topgan-tutganimning hammasini sepiga beraman» — deb ahd etdi u. Nihoyat, u shastr o‘qish bilan band bo‘lgan akasi Jogeshshorni kuyov qidirishga jo‘natdi.
Chol Rajaxiga borib tanish bir advokatning uyiga qo‘ndi.
Advokatning mijozlari orasida Gourshundor Choudxuri degan bir zamindor bo‘lib, uning birdan-bir o‘g‘li Bibxutibushon kolledjda o‘qir, advokatning uyida tarbiyalanardi.
Bu yigitning Komolani qachon va qanday qilib ko‘rganligi bir xudodan boshqa hech kimga ma’lum emas.
Jogeshshor, tabiiyki, xudoning bu makrini o‘ylab-o‘ylab tagiga yetolmadi. Bibxutiga bo‘lajak kuyovim deb qarash uning xayoliga ham kelgan emas. Bu mo‘min chol o‘ziga bino qo‘yishni ham, yelib-yugurishni ham bilmasdi. Bibxuti esa, xushbichim, jonon yigit! Shunday yigit unga kuyov bo‘larmidi!
Jogeshshor advokatning yordami bilan qizi ajoyib kuyov topdi. Yigit juda bilimdon bo‘lmasa ham molu dunyosi yetarli. U yiliga davlat xazinasiga uch ming ikki yuz yetmish besh rupiya soliq to‘laydi, shundoq bo‘lgach, biror o‘quv yurtini bitirmagan bo‘lsa hech boqisi yo‘q.
Qiz ham kuyovning ota-onalariga ma’qul bo‘ldi. Ular advokatning uyida mehmon bo‘lib, sutda tayyorlangan shirinliklar va noranj yong‘og‘idan pishirilgan tansiq taomlar tanovul etishdi.
Bu darakni eshitib ertasiga Bibxuti Jogeshshoming uyiga keldi. Cholning kayfi chog‘ edi, u mehmonni siylamoqchi bo‘ldi. Ammo yigit ishtahasi yo‘qligini aytib, hech narsa yemadi va biror og‘iz gapirmay chiqib ketdi.
O‘sha kuni kechqurun advokat Bibxutidan xat oldi. Yigit, Jogeshshoming qizi menga juda ham ma’qul, men o‘shanga uylanaman, deb yozibdi. «Ana xolos, — deb o‘yladi advokat, — men baloga qoladigan bo‘ldim. Endi Gou’rshundor o‘g‘lining qarindoshimga uylanishini faqat mendan ko‘radi».
O‘takasi chiqqan advokat Jogeshshorni qishloqqa yubo-rib, Komolaning to‘yini tezlatishga urindi, o‘z tarbiyasidagi yigitga esa, faqat o‘qish bilan shug‘ullan, boshqa har qanday fikrni yig‘ishtirib qo‘y, deb nasihat qildi.
Biroq bu nasihat Bibxutining jahlini chiqarib, o‘jarligini oshirdi, xolos.
Jogeshshoming kulbasida zo‘r berib to‘y taraddudini ko‘ra boshladilar.
Kunlardan bir kun Jogeshshor yashagan qishloqda Bibxutining o‘zi paydo bo‘ldi.
— Marhamat, azizim, marhamat, — dedi besaranjom chol.
«Mehmonni qayerga o‘tqizish, nima bilan mehmon qilish kerak? Axir, men shaharliklarga yoqadigan taomni qayoqdan olay», — degan tashvishda qoldi u.
Bibxuti cho‘milish oldidan tosh kursida o‘tirib badaniga xushbo‘y narsalar surkay boshladi. Komolaning ammasi uzun bo‘yli, barvasta yigitning fil suyagiday oq badaniga qarab mahliyo bo‘ldi.
— Qani endi shu yigit bizning Komolani ola qolsa, — deb shivirladi u, Jogeshshoming qulog‘iga.
Chol qo‘rqqanidan ko‘zlarini katta ochib:
— Bo‘lmag‘ur gaplami qo‘ysang-chi, — deb yubordi.
— Ha, nima bo‘pti? Yaxshi niyat, urinib ko‘rish kerak.
Amma mol bozordan pishloq olib kelib, mehmonga ovqat tayyorlay boshladi.
Ovqatdan keyin Bibxuti xijolatda qizarib-bo‘zarib cholning qiziga og‘iz soldi.
Shoshib qolgan Jogeshshor bu katta yangilikni darhol singlisiga yetkazdi.
— Juda soz, azizim! Lekin bunaqa hovliqishning keragi yo‘q! — dedi ayol. Uni biror narsa bilan hayratda qoldirish ancha mushkul edi. Agar Kobil amiri yoxud Xitoy hoqoni ostonangga keldi, desa ham bu ayol hayron bo‘lmas edi.
Lekin Jogeshshor sira o‘zini bosolmadi. U yigitning qo‘lidan ushlab:
— Azizim, ishqilib bizni xijolat qilib qo‘yma, — deb yolvorardi.
Bibxuti, qizga niyatini rasmiy ravishda bildirib, otasining huzuriga jo‘nadi.
Gourshundor savodsiz edi, shuning uchun ham o‘g‘lining bilimdonligidan juda faxrlanardi. U hamisha o‘zining nodonligi va madaniyatsizligini Bibxutidan yashirishga urinar, o‘g‘lim ko‘nglida men uchun uyalmasaydi, savodsizligimdan nafratlanmasaydi, deb juda qo‘rqardi.
Shunday bo‘lsa ham, o‘g‘lining kambag‘al qizga uylanish niyatida ekanini bilib jahli chiqdi.
Yigit otasining so‘zlarini boshini quyi solib tingladi. Chol bir oz hovuridan tushgach, o‘zini tutib so‘zlariga yakun yasadi:
— Men uning sepidan quruq qolaman deb gapirayotganim yo‘q. Bo‘lajak qaynota bilan savdolashib o‘tiradigan pastkash odam emasman. Kelinim yaxshi oiladan bo‘lsin deyman, xolos.
Shunda Bibxuti uning yaqindagina kambag‘allashib qolgan mo‘tabar avlodga mansub ekanini aytdi.
Gourshundorning e’tiroz qiladigan joyi qolmay, nochor rozi bo‘ldi, lekin dilida Jogeshshorga kek saqlab qo‘ydi.
Komola bilan Bibxutini fotiha qilishdi, oliq-soliqlar haqida ham kelishib olishdi, lekin to‘yni qayerda o‘tkazishga kelganda sira ham bir fikrga kelisholmadi. Gourshundor o‘g‘lining nikoh to‘yini katta dabdaba bilan o‘tkazmoqchi edi, Burashitoldagi kulba esa bunday marosimga nobop. U qaysarlik qilib, to‘y o‘z uyimda bo‘ladi, deb turib oldi.
Komolaning ammasi esa, xunob bo‘lib yig‘lagani yig‘lagan edi: «Axir, biz ham bir vaqtlar yaxshi kun ko‘rardik. To‘g‘ri, Lakshmi bizdan yuz o‘girdi, shuning uchun biz o‘z sha’nimizni poymol qilib, ajdodlarimizning muborak xotirasini tahqirlashimiz lozimmi? Yo‘q, bunday sharmsorlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Mayli, uyimiz poxol bilan yopilgan bo‘lsa ham, to‘y faqat o‘zimizda bo‘ladi!»
Yuvosh Jogeshshor ancha qiyin ahvolda qoldi. Nihoyat, Bibxutining qo‘llashi bilan to‘yni kelinnikida o‘tkazmoqchi boidilar.
Gourshundor va uning xeshu aqrabolari Jogeshshorni battar yomon ko‘rib qoldilar. Ular, kuyovni ogohlantirmay, juda ko‘p kuyovnavkar boshlab borib, bu gerdaygan kambag‘alning ta’zirini berishga ahd qildilar.
To‘y boyshax oyida bo‘lishi kerak edi. Jogeshshor bor-yo‘g‘ini to‘yga sarf etdi. Uyiga ayvon qildi. Pabnadan un, yog‘, qand va boshqa masalliqlar olib keldi.
Ammaning ham jiyan to‘yiga atagan pullari tamom bo‘layozdi.
Xuddi o‘chakishganday, to‘yga ikki kun qolganda havo aynidi. Dahshatli bo‘ron ko‘tarilib, sel quya boshladi. So‘nggi yigirma besh yil mobaynida bunday sel bo‘lganini hech kim eslolmasdi.
Gourshundor oldinroq harakat qilib, stansiyaga bir necha fil va taxtiravon yubordi. Jogeshshor qo‘shnilarining soyabon aravalarini yolladi, havo yomon bo‘lgani uchun aravakashlar borishga ko‘nmadilar. Jogeshshor yalinib-yolvorib, ikki baravar haq to‘lashga va’da qilib, ularni arang ko‘ndirdi. Bu aravalarga tushgan odamlar esa darg‘azab bo‘lib ketdilar.
Qishloq yo‘lini suv bosgan edi. Fillar oyoqlarini yopishqoq loydan ko‘tarolmas, aravalarning g‘ildiragi zo‘rg‘a aylanardi. Yomg‘ir hamon sharillab quymoqda. Kuyovnavkarlarning hammayog‘i ho‘l, loy. Ular bunday xo‘rlik uchun o‘ch olishga ahd qilishdi! Sho‘rlik Jogeshshor bemahal yomg‘ir uchun ham javob berishga majbur edi.
Nihoyat, kuyov o‘z qavm-qarindoshlari, yor-do‘stlari bilan qaynota uyiga yetib keldi. Kutilmaganda buncha mehmonning paydo bo‘lishini ko‘rib boyoqish Jogeshshorni vahima bosdi. «Buncha odamni qayerga joylay-man», — deb o‘ylardi u.
Chol ikki qo‘li bilan boshini ushlab:
— Juda yomon bo‘ldi-ku, endi sharmanda bo‘la-man, — deb g‘udirlar edi.
Jogeshshor bu oyda buncha yomg‘irning qayerdan paydo bo‘lishini sira tushunolmasdi.
Yangi ayvon atrofidan suv sharillab oqmoqda. Aslida tor joy, atrofda suv oqib turganida yanada torroq tuyular edi. Shunda qishloqning kattayu kichigi Jogeshshorga yordamga keldi. Ularning qiy-chuvi yomg‘irning sharil-lashiga qo‘shilib ketdi. Go‘yo birov dengizni chayqaganday tuyulardi.
Qishloq oqsoqollari, munosib izzat-hurmat ko‘rsatolmaganlari uchun mehmonlardan uzr so‘radilar.
Kuyov taomilga muvofiq, ichkariga kirib ketdi. Uning hamrohlari:
— Ochdan o‘ldik-ku, bizga ovqat beringlar! — deb to‘polon qilishardi.
Bechora Jogeshshor ikki bukilib, xafa bo‘lmanglar, deb iltijo qilardi.
— Men qo‘limdan kelgancha harakat qildim, — derdi u,— taom tayyorladim, biroq hammasini suv bosib ketdi…
Darhaqiqat, masalliqlarning bir qismi hanuzgacha Pabnadan kelmagan edi. Buning ustiga chalavayron oshxonaga suv kirib, pechkani g‘arq etdi, bor masalliq ham suv ostida qolib, bo‘tqaga aylandi.
Burashitola uncha boy qishloq emas ediki, u yerdan kerakli masalliqlar darrov topila qolsa.
Gourshundor mamnun bo‘ldi. Uni quvontirgan narsa Jogeshshorning boshiga tushgan kulfat edi.
— Mehmonlarni och qoldirish yaxshi emas, biror chora ko‘rish kerak-da! — dedi zarda qilib.
Jahli chiqib turgan mehmonlar g‘ovg‘a ko‘tarishdi:
— Biz stansiyaga chiqib, poyezdga o‘tiramiz-da, uy-uyimizga ketamiz! — deb baqirishdi. Jogeshshor qo‘l qovushtirib yolvorardi:
— Sizlardan o‘tinib so‘rayman, ketmanglar. Hali u-bu narsam bor. Bizning o‘lkamiz ajoyib pishlog‘i bilan dong chiqargan. Men pishloq va boshqa shirinliklarni ko‘nglingiz xohlagancha topib kelaman. Nima bo‘lsa ham ketmanglar! Bunday ko‘ngilsiz hodisa ro‘y bergani uchun nechog‘li xafa ekanimni bir xudoning o‘zi biladi.
Sutfurushlar Jogeshshorni qo‘llab yubordilar:
— Qo‘rqmang, muxtaram, biz sizga pishloq bilani shirinlikni qo‘limizdan kelgancha topib beramiz, — dedilar ular.
Agar mehmonlar och qaytishsa, butun qishloq isnodga qolardi. Shuning uchun sutfurushlar juda ko‘p pishloq keltirishdi.
O‘zaro shivirlashib olgach, mehmonlar mezbondan so‘radilar:
— Siz rostdan ham pishloq qancha kerak bo‘lsa shuncha topa olasizmi?
Jogeshshor bir oz nafasini rostladi.
— Albatta.
— Bo‘pti, olib kela bering!
Mehmonlar yana qaytib o‘tirishdi. Gourshundor bir chekkada jim turib, ahvolni zimdan kuzatar edi. Yomg‘irda hovuz toshib, mehmondorchilik uchun tuzalgan joyning atrofida ham loyqa ko‘lmak suv hosil bo‘lgan: pishloq keltirilgan hamon mehmonlar uni yel-kalaridan oshirib shunday irg‘itdilarki, shalop-shalop etib loyga tushaverdi.
Boyoqish cholning ko‘zlariga jiqqa yosh to‘ldi. Ammo u qayta-qayta uzr so‘rab iltijo qilardi.
— Men xoksor bir odamman, meni ranjitib nima qilasiz?! — der edi u.
Qaysi birdir toshyurak kuldi:
— Siz kelinning otasi, o‘z gunohingizni yuvolmaysiz. Qishloq oqsoqollari ham Jogeshshorga ta’na qila boshladilar.
— Agar qizingni o‘z baravaringga berganingda bunday kulgi bo‘lmas eding, — deyishdi nafrat bilan.
Ichkaridan yig‘i eshitildi, qizning katta buvisi tashqaridagi tartibsizlikdan xo‘rligi kelib yig‘lab yubordi. Buni ko‘rib nabirasi ham yig‘ladi. Shunda kelinning ammasi Bibxutining yoniga keldi:
— Biz kambag‘almiz, uzr so‘raymiz. Lekin bizni masxaralab, to‘yni buzishning nima hojati bor?
Bu vaqtda sutfurushlar pishloqning loyga irg‘itayotganlarini ko‘rib, janjal ko‘tarmoqchi bo‘lib turgan edilar.
Jogeshshor nima bo‘lsa ham ularni tinchitishga harakat qilardi: u mehmonlar bilan sutfurushlar orasida janjal chiqmasaydi deb qo‘rqardi.
Bu hangoma bo‘lib turgan joyga, kutilmaganda, kuyov chiqib keldi.
— Shu ishlar bizga munosibman, — dedi bo‘g‘iq ovoz bilan otasiga qarab. Yigit pishloq solingan patnisni o‘zi olib mehmonlarning oldiga qo‘ya boshladi.
— Sizlar orqaroqda turinglar, agar biror kishi pishloqni loyga tashlasa, olib joyiga qo‘yinglar, — dedi u sutfurushlarga.
Bir necha kishi o‘tirishini ham, turishini ham bilmay, Gourshundorga qaradi.
Bibxuti Gourshundorni taklif etdi:
— Ota, o‘tiring endi, vaqt allamahal bo‘lib qoldi. Gourshundor o‘tirdi. Uning oldiga ham xurmo yaprog‘ida pishloq qo‘ydilar.
To‘xtasin Jalolov tarjimasi