Rabindranat Tagor. Nazari baxayr (hikoya)

Kantichondro hali yosh bo‘lsa ham, xotini o‘lgandan so‘ng boshqa qayliq qidirmay, ovchilikka berilib ketdi. U uzun bo‘yli, xushbichim, baquvvat, chaqqon, ko‘zlari o‘tkir, qo‘llari chayir yigit edi; G‘arbiy Hindiston odamlariday kiyinar, yoru do‘stlari esa, pahlavon Xira Sing, ashulachi Chxokxonlal va musulmon sozandalari: Kxan va Mianlardan iborat edi. Xullas, uning taralabedod ulfatlardan hech kamchiligi yo‘q edi.
Ogrohayon  oyining o‘rtalarida Kantichondro do‘stlari bilan Naydigxi botqoqligiga ovga jo‘nadi. U yerda ular ikkita katta qayiqda yashay boshladilar, birga kelgan xizmatkorlar esa, sohilda joylashdi. Bularning dastidan qishloq ayollari daryodan na suv ola bilar, na cho‘mila olardi. Kun bo‘yi havoda va suvda miltiq ovozi quloqlarni qomatga keltirar, oqshomlari esa, bu kelgindilarning muzika va ashulalari odamlarga uyqu bermasdi.
Bir kuni erta bilan, Kantichondro qayiqda miltiq tozalab o‘tirarkan, birdan o‘rdak ovozi eshitilib qoldi. Yigit sohilga qarab, shu tomonga kelayotgan qizga ko‘zi tushdi, u ikkita o‘rdakchani bag‘riga bosib kelardi.
Suv o‘simliklari g‘ovlagan kichkina daryo sokin oqar edi. Qiz o‘rdakchalarni suvga qo‘yib, o‘zi sohilda to‘xtab qoldi, suzib uzoqqa ketmasin, deb mehr bilan ularni kuza-tib turdi. Unga qarab shuni payqash mumkin ediki, qiz odatda o‘rdakchalarni suvga qo‘yib o‘zi ketarkan-u, lekin bukun ovchilardan qo‘rqib, poylab turdi.
Qiz benihoyat go‘zal bo‘lib, go‘yo haykaltaroshlik tangrisi Vishvakarmaning ustaxonasidan endigina chiq-qanday edi. Uning yoshini aniqlash qiyin, chunki unda Kantichondro bir necha vaqtgacha miltig‘ini unutib, sehrlanganday qarab qoldi. Garchi qizning go‘zalligi rojaning saroyidan ko‘ra bu yerning tabiatiga mos ko‘rin-sada, yigit bu o‘lkada bunchali sohibjamol qizni uchratishni aslo o‘ylamagan edi. Axir gulning ham oltin guldondan ko‘ra o‘z shoxida turgani go‘zalda! Shunday qilib, giyohlar shudring isirg‘a taqib, kuz quyoshining ilk nurlarida porlab turgan bu orombaxsh saharda Kantichondro sohibjamol qizni ko‘rdi-yu, bu fusunkor chehraga qarab, ashshin oyida otasining uyiga tantana bilan qaytgan Parvatining quvnoq chehrasini ko‘z oldiga keltirdi: Yosh Parvati ham ba’zan shunday o‘rdakchalarni bag‘riga bosib Mondakini , sohiliga kelarkan-u, afsuski, Kalidasa  bu go‘zal lavha tasvirlarini unutgan ekan!
Birdan qizning yuzi quv o‘chib, o‘rdakchalarni ushlab oldida, qandaydir g‘alati ovoz bilan qichqirib, ketib qoldi. Kantichondro qayiqdan chiqib qaradi. Ko‘rdiki, hamrohlaridan biri, qizga hazillashib o‘qlanmagan miltiq bilan o‘rdakni nishonga olib turibdi. Kantichondro oshnasining orqasidan yugurib kelib, miltig‘ini tortib oldi-da, yuziga shunday tarsaki tortdiki, u ag‘darilib tushib, qilgan hazilidan ming pushaymon bo‘ldi. Kanti bo‘lsa qayig‘iga qaytib yana miltiq tozalay boshladi.
Havasmand Kantichondro bir kun ov izlab to‘qayning ich-ichiga kirib ketdi. Kutilmaganda u hovlisida bir necha sholi ombori bo‘lgan boy dehqon uyini, toza molxonadan sal nariroqdagi daraxt ostida anavi daryo bo‘yida uchratgan qizni ko‘rdi. U yaralangan kaptar uchun zor-zor yig‘lar, ho‘l etagining uchini siqib, uning sariq tumshug‘iga hech bo‘lmasa bir-ikki tomchi suv tomizishga urinardi. Yonida esa, tumshug‘ini cho‘zib, orqa oyog‘ida tik turgan mushuk yirtqichlik bilan kaptarga tikilardi; ochko‘z mushuk kaptarga juda yaqin kelgach, qiz bosh barmog‘i bilan uning burniga chertib haydadi.
Qishloqning tushki jimligida, dehqon hovlisida ko‘ringan bu osoyishta manzara Kantichondroda unutilmas taassurot qoldirdi.
Daraxt barglarining tanga-tanga soyasi va quyosh nurlari qizning tizzalarida o‘ynardi. Nariroqda yotgan sigir sekin kavsh qaytarar, erinchoqlik bilan boshi va dumini qimirlatib, yelkasiga qo‘ngan pashshalarni haydardi. Sarin shimol shabadasi qamishlarni shitirlatib, allanima deya shivirlaganday bo‘lardi.
O‘sha kuni daryo sohilida unga o‘rmon parisiday ko‘ringan qiz — hozir choshgoh sukunatida uning ko‘z o‘ngida oila hamdardi, uy-ro‘zg‘or tangrisi siymosida namoyon bo‘ldi. Qo‘lida miltig‘i bilan to‘satdan bu qizning oldida pay do bo‘lgan Kantichondro jinoyat ustida qo‘lga tushgan o‘g‘riday xijolatda qoldi. Uning qizdan uzr so‘rab bu qushni men yarador qilgan emasman, deb ayt-gisi keldi. Biroq yigit ne yo‘sinda uzr aytishni o‘ylaguncha bo‘lmay, qizni kimdir chaqirdi:
—    Shudxa!
—    Shudxa! — yana takrorlandi o‘sha ovoz, qiz kaptarni qo‘liga olib, darrov uyga qarab ketdi.
«Shudxa! Rostdan ham munosib ism», deb o‘yladi Kantichondro.
U miltig‘ini xizmatkorga berib, uyga tomon yurdi. Unda skameykada o‘tirib diniy kitob o‘qiyotgan, soqollari toza qirilgan, o‘rta yashar, nuroniy braxmanni ko‘rdi. Ovchi uning yuzlarida ham boyagi qiz chehrasidagi mehribonlik nishonalarini payqadi.
Kanti e’zoz bilan unga ta’zim etib so‘radi:
—    Janob, men juda chanqaganman, sizdan suv so‘rashim mumkinmi?
Braxman quvonch bilan mehmonni qarshi olib, unga joy ko‘rsatdi va o‘zi uyga kirib ketdi. U darrov likobchalarda qant-qurs va bir ko‘zachada suv olib chiqdi.
Kanti suvga qongach, braxman u bilan tanishdi. Yigit kimligini aytib, quyidagilarni ilova qildi:
—    Agar biror narsada mening yordamim lozim bo‘lib qolsa, aslo tortinmay so‘rashingiz mumkin.
—    Siz menga nima bilan ko‘maklashingiz mumkin? — dedi Nobin Bondepadxaya. — Mening balog‘atga yetgan Shudxa ismli qizim bor, agar unga loyiq qobil kuyov topib erga bersam, men o‘zimni dunyoviy burchlarimdan qutulgan hisoblardim. Biroq bu orada unga munosib kuyov yo‘q, men esa, tangri Krishnaning muborak suratini uyda qoldirib, kuyov qidirib ketolmayman.
—    Agar siz, iltifot qilib, mening qayig‘imga borsangiz u yerda kuyov to‘g‘risida o‘ylashib ko‘rardik, — dedi Kanti.
Kantichondro o‘z joyiga kelib, hamrohlaridan bir necha kishini Bondepadxayaning qizi haqida qo‘shimcha ma’lumotlar topib kelishga yubordi. Ular kelib, ham-malari bir og‘izdan, bu qiz fe’lu atvorda Lakshmining xuddi o‘zi ekan, deb aytdilar.
Ertasiga braxman kelganda, Kanti uni zo‘r e’zoz-ikrom bilan qarshi olib, qiziga og‘iz soldi.
Nobin Bondepadxaya bu kutilmagan baxtdan shunday hang-mang bo‘ldiki, anchagacha biror og‘iz so‘z deyolmay qoldi. Bu yerda biror anglashilmovchilik bo‘lmasin tag‘in degan gumon bilan, so‘rab ham ko‘rdi:
—    Siz mening qizimga rostdan ham uylanmoqchimisiz?
—    Shunday, agar siz rozi bo‘lsangiz men tayyorman.
—    Shudxagami? — takror so‘radi braxman.
—    Ha, — tasdiqladi Kanti.
—    U bilan uchrashib, gaplashish niyatingiz bormi? — so‘radi Nobin bir oz o‘ziga kelib.
—    O, men bu ishni nazari baxayr marosimida qilmoqchiman, — dedi yigit, qiz bilan ko‘rishganini sezdirmay.
— Mening Shudxam yaxshi qiz, — dedi Nobin ovozi qaltirab. — Uy-ro‘zg‘or ishlarida unga hech kim teng kelolmaydi. Siz uni ko‘rmay uylanishga ahd qilibsiz. Men sizlarga fotiha beraman, u Lakshmidek xushfe’l qiz, hech qachon erining izmidan chiqmaydi, uni ranjitmaydi, deb umid qilaman.
Kanti uylanishni paysalga solib o‘tirmadi, to‘yni magx oyiga tayinladilar. To‘y tantanalarini o‘tkazish uchun Mqjumdorlarning qadimiy uylari ijaraga olindi. Belgilangan kunda tantana bilan kuyovnavkarlar kelishdi. Oldinda fil minib kuyov yetib keldi, uning orqasidan qo‘llariga mash’al ko‘tarib kuyovnavkarlar kelishdi, muzika sadolari yangradi…
Nazari baxayr marosimida Kantichondro kelinga qaramadi-yu, lekin tuzukroq ko‘rolmadi, chunki Shudxaning upa-elik surkalgan yuzi pastga qaragan edi. Kantining esa, quvonchdan yuragi tipirchilab, ko‘z o‘ngini tuman qopladi.
Xotinlar nikoh xonasiga to‘plangach, biri, qishloqning eng mo‘tabar ayoli, kuyov kelinning yuzidagi pardani ochsin, deb talab qildi. Kanti pardani tortib tushirdi-yu, yuragi «shuv» etib ketdi. Go‘yoki ko‘ksida allaqanday qora yashin chaqnab miyasini teshib o‘tganday bo‘ldi. Bir lahzada to‘yxonani nurafshon etib turgan hamma chiroqlar go‘yo so‘ngan edi, yigitning yuzlariga xafalikning quyuq soyasi qo‘ndi. Kuyov yonida Shudxa emas, tamom boshqa bir qiz o‘tirardi!
Kantichondro bir vaqtlar ikkinchi marta uylanmaslikka ahd etgan edi. Nahotki shu ahdini buzgani uchun taqdir uni masxaralagan bo‘lsa? U do‘stlarining maslahatiga quloq solmay, qanchadan-qancha sohibjamol qizlarni rad etgan edi. Hech narsani pisand qilmay, tag-tuglikni ham, davlat-boylikni ham, latofat nazokatlikni ham nazariga ilmay, kelib-kelib botqoqlikdagi noma’lum qishloqdan kambag‘al bir xonadonning qizini o‘ziga hayot yo‘ldoshi deb tanladimi? «El-yurtning ko‘ziga qanday ko‘rinaman?» — deb o‘yladi Kantichondro.
U dastlab butun qahr-g‘azabini qaynotasiga to‘kdi. Imonsiz chol bir qizni ko‘rsatib boshqasiga uylantiribdi. Ammo yigit o‘ylab qarasa, braxman to‘y oldida qizlarini umuman unga ko‘rsatmagan — u o‘zi ham, qizni ko‘rishim shart emas, deb aytgan. Shuning uchun Kanti, yaxshisi bu dahshatli aldovni ham, o‘zining ahmoqligini ham oshkor qilmaslikka ahd etdi.
Kantichondro hap dorini yutdi-yu, uning achchiq ta’midan uzoq vaqtgacha qutulolmadi. Nikoh xonasi uning uchun o‘z latofatini yo‘qotgan edi. U hammaga zahrini sochar, o‘z qilmishidan diqqati oshardi.
Birdan kuyov yonida o‘tirgan kelin qichqirib yubordi: xonaga bir quyoncha chopib kirib, hayiqmay uning oyoqlari ostiga tashlandi, quyon ketidan Kanti daryo sohilida ko‘rgan haligi qiz paydo boidi. U qo‘rqqan quyonchani ushladi-da, yuzlariga mahkam bosib, mehr bilan erkalata boshladi.
—    Tentak keldi! — deb qichqirishdi ayollar va unga, chiqib ket, deb ishora qilishdi. Lekin qiz pinagini buzmay, kuyov bilan kelinning ro‘parasida o‘tirib, ularni tomosha qila boshladi.
Uyga cho‘ri xotin kirib, qizning qo‘lidan ushladi, lekin Kanti:
—    Unga tegma, qo‘y, o‘tirsin! — deb cho‘rini chetlashtirdi.
So‘ngra Kantichondro quyoncha ushlagan qizga murojaat qilib so‘radi:
—    Oting nima?
Biroq qiz hech qanday javob bermay, uyoqdan-buyoqqa tebrana boshladi. O‘tirgan ayollar kulib yuborishdi. Kanti boshqa savol berdi:
—    O‘rdakchalaring yaxshi o‘syaptimi?
Qiz lom-mim demay, yigitga qarab turaverdi. Xijolatda qolgan Kanti bor kuchini yig‘ib yana so‘radi:
—    Kaptaring tuzalib qoldimi?
Biroq u hech qanday javob ololmadi. Xotinlar xoxolab kulishdi.
Nihoyat, Kanti bildiki: qiz ham soqov, ham kar bo‘lib, qishloqdagi hamma hayvonlar bilan do‘stlashib yurarkan, o‘sha kuni Shudxani chaqirganlarida, u tasodifan o‘rnidan turib ketgan edi.
Kantining yuragi orqasiga tortdi: axir u dunyoda eng baxtsiz odam bo‘lishi mumkin edi-ya! Bir tasodif tufayli kasofatdan qutulib, o‘z xotirjamligini saqlab qolibdi. «Agar men bu qizga og‘iz solganimda, — deb o‘yladi Kantichondro, — chol darrov rozi bo‘lar, nima qilib bo‘lsa ham bu baxtsizdan qutulish uchun uni menga berishga urinardi».
Yigit o‘zini maftun etgan dehqon qizi haqidagi o‘ylari bilan band ekan, o‘z rafiqasiga mutlaqo e’tibor qilmasdi. Kantichondro o‘zini asir etgan qiz soqov va kar ekanini bilgach, butun olamni o‘rab olgan qora parda birdan yir-tilib tushib ketdi. Havoyi xayollar yo‘qoldi, u atrofdagi narsalarni farq qila boshladi. Kanti yuragidan otilib chiqqan bir og‘iz nafas bilan yengil tortib, xijolatda o‘tirgan kelinga yana nazar soldi. Endi, rostdan ham, nazari baxayr edi. Yigit qalbidagi nur chiroqlaming yog‘dusiga qo‘shilib, qizning yoqimli chehrasini yoritdi. Kanti bo‘lib o‘tgan hodisadan sira o‘kinmadi! U xotinining yoqimli, chiroyli yuzini ko‘rib bildiki, Nobinning duosi qabul etilibdi.

To‘xtasin Jalolov tarjimasi