I
Jirakotlik Krishnogopal Shorkar zamindorlikni va oila boshlig‘i vazifasini katta o‘g‘liga topshirib, o‘zi Banorasga jo‘nadi.
Viloyatning hamma kambag‘allari shu munosabat bilan hasrat-nadomatga qoldilar. Bunday olihimmat va odil bir zotni bizning davrimizda topish qiyin.
Yangi zamindor — Krishnogopalning o‘g‘li Bipinbixari esa, hozirgi zamon kishisi. U o‘qimishli, ilmiy unvoni bor, soqol qo‘ygan, ko‘zoynak taqib yuradi. Boshqalarga qo‘shilmaydi. Xulqi o‘zgalarga ibrat bo‘larlik — chekmaydi, qimor o‘ynamaydi. Ko‘rinishi yoqim-toy. Biroq juda qattiqqo‘l. Eski xo‘jayin ularga ancha mehribon edi. Yangisi esa, vaqtida to‘lanmagan bir paysani ham kechmaydi. Buning ustiga, u to‘lanmagan qarzga bir kun ham muhlat berishga rozi emas.
Bipinbixari xo‘jalik ishlarida ko‘pgina nuqsonlarni topdi. Otasi braxmanlarga yer berib, ulardan soliq olmabdi. Ko‘p dehqonlar ijara haqini qisman berishibdi, xolos.
«Otam juda ko‘ngilchan edi, — deb o‘yladi Bipinbixari. — Undan nimani so‘rashsa beravergan. Men bunga chek qo‘yaman. Birinchidan, — der edi u ishonch bilan, — yerdan kelgan daromad bilan yashab, hech ish qilmaydigan bu bekorchi xo‘jalar kimga kerak? Ularga rahm qilish — yalqovlik va takasaltanglarni rag‘batlantirishdan boshqa narsa emas. Ikkinchidan, hozir ilgarigiga qaraganda hamma narsa qimmat, kun kechirish og‘irroq, odamshavanda kishilarga esa yanada kattaroq talablar qo‘yilgan. Hozir o‘z obro‘yingni saqlash uchun uch-to‘rt marta ortiqroq sarf qilishga to‘g‘ri keladi, pulni hovuchlab sochish, sarmoyani sovurish yaramaydi. Ilgari boy berilgan hamma narsani asta-sekin yig‘ib olishga harakat qilish zarur. Bu mening burchim».
Bipin ikkilanmay o‘z burchini ado etishga kirishdi. U ijarachilardan otasi hadya qilgan mol-mulkni ham tortib oldi, tez fursatda ularda deyarli hech narsa qolmadi.
Dehqonlar o‘z og‘ir ahvollaridan shikoyat qilib, birin-ketin Banorasga xat yubora boshladilar. Ba’zilari Krishnogopalning oyoqlariga yiqilib arz-dod qilish uchun o‘zlari Banorasga bordilar.
Sobiq xo‘jayin, xo‘jalikni bu tarzda boshqarish yara-maydi, deb o‘g‘liga xat yozdi. O‘g‘li bunga e’tiroz bildirdi. «Ilgari, — deb yozdi u otasiga, — daromad turli manbalardan kelgani uchun zamindorlar bilan ijarachilar bir-biriga yon berardilar. Yangi qonun bo‘yicha esa, zamindorga faqat soliq to‘plash huquqi va uning yagona daromad manbai bo‘lgan ijara haqini to‘la-to‘kis yig‘ib olish qolgan, xolos. Men bundan ortiq hech narsa talab qilmayman. Ijara haqidan o‘zga hech qanday daromadimiz yo‘q, agar biz xayr-saxovatga zeb bersak — xonavayron bo‘lamiz. U holda mol-mulkimiz qo‘ldan ketib, obro‘yimiz yer bilan yakson bo‘ladi».
Zamon ruhiga mos keladigan bu zayldagi jiddiy o‘zgarishlar dastlab Krishnogopalni tashvishga solib qo‘ydi. Ammo u, keyincha, hozirgi zamonda qanday ish yuritishni bizdan ko‘ra shu zamona yoshlari yaxshi biladi, ehtimol ilgarigi ish uslubi hozirga to‘g‘ri kelmas, degan fikrga keldi. «Agar men uzoqdan turib har narsaga aralasha bersam, deb o‘ylardi u, — o‘g‘lim: «Undoq bo‘lsa bu ishni o‘zingiz qiling» deb qolishi mumkin. Men esa hozir bunday ishlar bilan shug‘ullanishga qodir emasman».
Shu fikrga kelgach, chol qolgan umrini taot-ibodat bilan o‘tkazishga qaror qildi.
II
Bu orada Bipinbixari ko‘p odamlar bilan sudlashib, da’voda ustun chiqib, hammasini o‘z foydasiga hal qildi. Ijarachilarning aksariyati qo‘rqib, bo‘ysunishga majbur bo‘ldi. Faqat bir kishi, Mirzo Birining o‘g‘li Ozimuddin Bishshashgina o‘jarlik qilib, bo‘ysunmay turib oldi.
Bipinbixarining hammadan ko‘proq ana shunga g‘azabi kelardi. Agar uning otasi biror braxmanni yer solig‘idan ozod qilsa, bunisi bir nav, biroq qandaydir bir musulmonning hech qanaqa soliq to‘lamay, hosildor yerdan foydalanib kelishiga sira tushunib bo‘lmaydi.
Qishloq maktabida jamoat puliga o‘qigan bu musulmon bolasi aftidan o‘zini baxtiyor sanab, hech kim bilan hisoblashmay qo‘yibdi.
Bishshash oilasi ko‘pdan buyon eski xo‘jayinning iltifotidan foydalanib kelardi. Buni Bipin sobiq xizmatchilaridan bilib oldi. Lekin ular ham buning sababini bilishmasdi.
Ehtimol beva kampirning yig‘lab-siqtashlarini ko‘rib qari xo‘jayinning rahmi kelgandir. Biroq musulmon farzandiga bunday imtiyoz berish Bipinga sira ham ma’qul ko‘rinmadi. Chunki Bipin ularning o‘tmishda kambag‘al va muhtojlikda yashaganlarini ko‘rmagan, u faqat bu oilaning farovonliginiyu sababi noma’lum g‘ururini ko‘rgan, xolos. Unga musulmonlar rahmdil otasini vijdonsizlarcha aldab, molu mulkining bir qismini o‘g‘irlaganday tuyulardi.
Biroq Ozimuddin ham bo‘sh kelmaydigan yigit edi.
— Men o‘lishga roziman, — dedi u, — lekin o‘z huquqimdan zarracha chekinmayman!
U bilan Bipin orasida qattiq kurash boshlandi. Ozimuddinning onasi zamindor bilan olishib yurma, deb nasihat qilardi.
— O‘shaning iltifoti bilan biz ko‘pdan beri yaxshi yashab keldik, — derdi u, — bizning vazifamiz itoatkorlik. Unga bir oz yon bera qol, bolam.
— Ona, siz hech narsani tushunmaysiz, — deb e’tiroz qildi o‘g‘li.
Hamma da’volar uning zarariga hal bo‘ldi, biroq bu mag‘lubiyat uning qaysarligini oshirdi, xolos. Ozimuddin o‘z mol-mulkini saqlab qolish uchun hamma choralarni ko‘rdi.
Onasi Mirzo bibi bo‘lsa, bir kuni meva-cheva, sovg‘a-salom olib, yashirin ravishda Bipin babu huzuriga keldi.
Kampir Bipinga ma’yus nazar soldi-da, yengiga astagina qoi tegizib, iltijo etdi:
— Bipin babu, siz bizning otamizsiz, ollo taolo sizni hargiz kam qilmasin. Ozimni halok qilmang. Bu ish sizga munosib emas. Men o‘g‘limning taqdirini sizga topshiraman. Unga hali es kirmagan, yordamga muhtoj, akalik qiling. Shuncha katta davlatingizning bit zarrasiga egalik qilgani xafa boiishingizga arzimaydi.
Bu kampir Bipinning oilasiga suqilib kirishga urina-yotganday tuyuldi. Bu yuzsizlarcha harakat uning g‘azabini yanada oshirdi.
— Sen xotin kishisan, hech narsani tushunmaysan, — dedi Bipin, — agar biror narsa haqida so‘zlashish lozim bo‘lsa, mening oldimga o‘giingni yubor.
Shunday qilib Mirzo bibi o‘g‘lidan ham, begona kishidan ham bir xil gap eshitdi: «Sen hech narsani tushunmaysan». Endi unga ko‘zyoshlarini artib, tangrining nomini takrorlab, uyga qaytishdan o‘zga chora qolmagan edi.
III
Ish jinoiy suddan okrug sudiga, undan oliy sudga o‘tdi. Sudlashish bir yarim yil davom etdi. Nihoyat, Ozimuddin quloqlarigacha qarzga botgach, shikoyatlar sudi ishni qisman uning foydasiga hal qildi.
Biroq u endigina yo‘lbars — zamindor changalidan xalos bo‘lganda, unga timsohlar — puldorlar hujum boshladi, ya’ni payt poylab turgan sudxo‘rlar veksillarini pesh qilib, pul talab qildilar.
Qarzlarni to‘lashga qodir bo‘lmagan Ozimuddinning mol-mulkini kim oshdi qilib sotish bozor kuniga — dushanbaga tayinlandi.
Bozor daryo sohilida edi. Yomg‘irlar mavsumi bo‘lgani uchun daryo lim-lim to‘lib oqardi. Savdogarlar hamma joy da — qirg‘oqda, suvda, qayiqda savdo qilardilar. Hammayoqni shovqin-suron tutgandi. Dehqonlar bu oyda bozorga juda ko‘p choranj yong‘og‘i va baliq keltirgan edilar.
Havoni bulut qoplagan, savdogarlar yomg‘irdan qo‘r-qib, bambuk yog‘ochlaridan ayvonchalar yasab olishgan.
Ozimuddin ham oziq-ovqat olish uchun bozorga keldi. Ammo bir paysa ham puli yo‘q edi, bukun unga hech kim qarzga mol bermadi. U bolta bilan mis tovoq olib kelgan, ularni garovga qo‘yib, bir oz pul olmoqchi edi.
Bipin babu kechki paytda sayr-tomoshaga chiqdi. Bir necha muhofizlar kaltak ushlab, uni qo‘riqlab borardilar. Olomonning g‘ala-g‘ovuri zamindorning diqqatini jalb etdi. U bozor darvozasi oldida to‘xtab, qorovuldan, ishlaring qalay deb surishtirdi.
O‘z dushmanini ko‘rgan Ozimuddin bolta ko‘tarib Bipinga tashlandi. Uni shu ondayoq qurolsizlantirib, politsiyaga topshirdilar. Bozorda esa savdo-sotiq davom etardi.
Bipin babu bu hodisadan quvonmadi deb aytish mumkin emas. Ta’qib ostida qolgan odam ta’qidchiga qo‘l ko‘tardi Axloq va odobga zid bo‘lgan bu xatti-harakat uchun jazo berilishi kerak. Endi u ablah o‘z qilmishiga yarasha jazosini tortadi.
Bipinning ichkari hovlisidagi xotin-xalajning qahr-g‘azabi cheksiz edi.
— Bu xaromzodaning qilmishiga qarang-a, — deyishardi ular. Ayollar ham endi Ozimuddin xo‘p jazosini tortadi-ku, deb o‘zlariga tasalli berardilar.
Tul xotinning huvillab qolgan uyi timqorong‘i edi. Uning yemoqqa hech narsasi yo‘q. O‘g‘lining qamalishi uning uchun dunyodagi eng mudhish hodisa edi. Boshqalar bu hodisani allaqachon unutib, birov ovqat yer, birov uxlar, birov dam olar edi. Butun olamda uning o‘g‘lini himoya qilgudek biror kimsa yo‘q edi.
Ozib-to‘zigan kampir qorong‘i kulbada tanho o‘tirar, umidsizlikka tushganidan o‘z dodini kimga aytishni bilmasdi.
IV
Bir necha kun o‘tdi. Nihoyat, sud muovini ish ko‘riladigan kunni tayinladi. Bipin guvohlik berishi lozim edi. Ilgari zamindorlar heeh qachon guvohlik bermaganlar. Ammo Bipin guvoh tariqasida so‘roq berishga rozi bo‘ldi.
Sud bo‘ladigan kun, Bipin taxtiravonga tushib yetib keldi. Boshida salla, ko‘krak cho‘ntagida uzun zanjirli soat.
Sud raisi unga alohida hurmat ko‘rsatib, o‘z yoniga o‘tqizdi. Sud binosi odamga toia edi: ko‘pdan buyon bunaqa dabdabali sud bo‘lmagan.
Sud boshlanish oldida himoyachilaridan biri kelib Bipin babuning qulog‘iga nimanidir shivirladi. Tashvishga tushgan Bipin: «Men hozir kelaman», degancha ko‘chaga chiqib ketdi.
Banan daraxti soyasida yalangoyoq va yarim yalang‘och qari otasi kutib turgan edi. U qo‘lida tasbeh ushlab, tangri Vishnu nomini takrorlar, ozib ketgan badanidan nur chiqib turganday tuyular, nuroniy yuzlarida osoyishtalik, olijanoblik barq urardi.
Tor toza kiyimlar kiygan Bipin unga zo‘rg‘a egilib ta’zim qildi. Uning sallasi burni ustiga kelib, soati cho‘ntagidan tushdi. U darhol o‘zini tartibga solib, otasidan shu yerdagi advokatlar honasiga kirishni so‘radi.
Krishnogopal ko‘nmay:
— Men o‘z burchimni shu yerda ado etaman, — dedi.
Bipinning xizmatchilari to‘planganlarni nari surdilar.
— Ozimuddin ozod etilib, undan tortib olingan hamma narsalar qaytarilib berilishi lozim, — dedi Krishnogopal.
Bipin hayratda qoldi:
— Siz shuni deb Banorasdan atay keldingizmi? Nega siz ular uchun bunchalik tashvish qilasiz? — deb so‘radi.
— O‘g‘lim, bu surishtirishingdan nima foyda chiqadi? — savolga savol bilan javob berdi chol.
Bipin mag‘lubiyatni bo‘yniga olmadi.
— Ota, men qancha-qancha noloyiq kishilarni olgan narsalarni qaytarishga majbur qildim, siz ularga aralashmadingaz. Nega bu musulmon bolasiga bunchalar g‘amxo‘rlik qilasiz? Endi bu ishning vaqti o‘tdi. Agar Ozimuddin ozod etilib, u hamma narsalarni qaytarib olsa, odamlar nima deydi?
Krishnogopal bir oz jim qoldi. So‘ngra qaltirab turgan panjalari bilan tez-tez tasbeh o‘girib turib, mayin ovoz bilan gapirdi.
— Agar lozim bo‘lsa, men el oldida hammasini ochiq aytaman. Ozimuddin sening ukang, mening o‘g‘lim.
— Musulmon-a?
— Shunday, o‘g‘lim.
Bipin anchagacha o‘ziga kelolmadi. Nihoyat, tilga kirib:
— Bu haqda keyin gaplasharmiz, hozircha, marhamat qilib mana bu xonaga kirib turing, — dedi u.
— Yo‘q, — dedi Krishnogopal, — men hozir qaytib ketaman. Ammo sen o‘z burchingni bajarasan, deb umid qilaman.
U o‘giining haqiga duoyi xayr qilib, butun vujudi qaltiragan holda, ko‘zyoshlarini arang tutib, yo‘lga tushdi.
Bipin nima qilishini, sudga nima deyishini bilmay qoldi. «Taqvodor odamlarning holi mana shuda, — o‘yladi u. — Bular hammasi diniy rukunlarga e’tiborsizlik oqibati». O‘ylab-o‘ylab zamindor, fe’lu atvorda ham, bilimdonlikda ham otamdan yuqoriman, degan qarorga keldi.
U sud binosiga qaytib, oriqlab majoli ketgan, ranglari bo‘zday oqargan, ko‘zlari yonib turgan Ozimni ko‘rdi. U yirtiq va iflos kiyimda, qurolli soqchilar orasida turardi. Mana shu — uning ukasi!
Sudyaning muovini Bipinning do‘sti edi. Dabdabali sud to‘xtatildi. Ozimga hamma narsalari qaytarib berildi. ishning bu zaylda tugatilishidan hamma hayratda edi. Hech kim hech narsa tushunolmay qoldi.
Krishnogopalning qisqa muddatli kelib-ketishi haqidagi xabar tezda hammayoqqa tarqaldi. G‘iybatchilarning labi-labiga tegmay bobillab ketdi.
Qilni qirqqa yoradigan advokatlar buning tagiga yetishdi. Bu ish bilan advokat Ramtaron ayniqsa ko‘proq qiziqqan edi. U Krishnogopal hisobiga o‘qigan bo‘lib, bu ishdan gumondor edi. «Agar shu tariqa sinchiklab tekshirilsa, har bir avliyoning olijanobligi zamirida bir sir borligi aniqlanadi. Mayli, o‘sha avliyolar xohlagancha tasbeh o‘gira bersinlar, bari bir ular ham mendek ablah odamlar. Farq faqat shundaki, avliyolar — riyokor, menga o‘xshaganlar — ochiqchasiga ish ko‘radi», — deb o‘yladi u.
Krishnogopalning hammaga ayon olijanobligi — riyokorlik degan xulosaga kelib, Ramtaron qiyin bir muammoni yechganday bo‘ldi.
Bu xulosa, qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi — bilmayman, har holda Ramtaron o‘ziga malol kelib yurgan minnatdorlik yukini bir daraja yengillashtirdi. U xotirjam bo‘lib qoldi.
To‘xtasin Jalolov tarjimasi