Otar Chiladze. Hayot uchun

Bizning zamonlargacha yashab kelgan xalqlarning ko‘pchiligi ma’naviy shakllanish, o‘z baxti-iqboli uchun kurashish borasida deyarli bir xil, murakkab yo‘lni bosib o‘tganlar. Lekin, ulug‘ bir adibning mashhur iborasini sal o‘zgartirib aytadigan bo‘lsak, barcha xalqlar, har bitta jamiyat o‘zigagina xos bo‘lgan, turlicha yo‘llar bilan baxtga erishgan, ya’ni xalqlarning har biri vaqtning shafqatsiz oqimiga qarshi kurashishda turli vosita va usullarni yakka o‘zi ishlab chiqib, shu asosda yashab o‘tgan, kun kechirgan. Aynan mana shu xususiyat – o‘z baxti-iqboli uchun kurashish va o‘zlikni asrash uchun qilinadigan sa’y-harakatlar har bir xalqning bosh fazilati, olijanob ehtiyoji hisoblanadi. Bashariyat mavjud ekan, shunday bo‘lib kelgan, shunday bo‘lib qolaveradi, zero har bir xalqning o‘ziga xosligi, betakrorligi uni insoniyat oilasida boshqalardan ajratib turadi, har bir xalq o‘ziga xosligi bilan bashariyatning umumiy manzarasiga jilo qo‘shadi. O‘ziga xoslik bo‘lmasa bu manzara nursizlanadi. Mana shuni anglab yetish yo‘lida biz boshqa bir xalqning hayotiga qiziqib qaraymiz, bu xalqning mavjudligidan olijanob ma’no-mohiyat izlaymiz. Mana shu anglanishi mashaqqatli, lekin juda muhim bo‘lgan ilohiy ne’mat har bir insonga: men – gruzinman, rusman, o‘zbekman, finman yoki xitoylikman degan g‘ururni baxsh etadi. Balki shuning uchun ham milliy o‘zlikni anglash muammosi tabiatning eng qiyin, eng yechib bo‘lmas masalasi sifatida bugunga qadar yashab kelayotgandir?!
Savollar o‘z-o‘zidan tug‘ilaveradi: hozirgi zamon odami tabiat haqida, o‘zi haqida nimalarni biladi? Uning bu boradagi bilimi kechagi bilimidan ko‘ra boyroqmi? Aytaylik, insonning bilishi kerak bo‘lgan narsalari bilmasa ham bo‘laveradigan narsalariga qaraganda juda oz (masalan, estrada yulduzining oilaviy hayotiga oid axborotlardan judayam xabardor bo‘lgimiz keladi, aslida shu axborot bizlar uchun juda zarurmi-yo‘qmi, bu tomonini o‘ylab o‘tirmaymiz). Yoki, deylik, oliygohlarni bitirib chiqayotgan yosh mutaxassislarning bilim darajasi nega bunchalar past? Obro‘yi baland ixtisoslik o‘rinlariga ishga kirishga nega yoshlar o‘lib-tirilib intiladilar? Bizning asrimizga kelib inson farzandlari nima sababdan kitobni va san’atni xush ko‘rmaydigan bo‘lib qoldi? Qanday qilib televideniye “bilim” to‘plashda, ma’lumotlardan xabardor bo‘lishda yagona manbaga aylanib qoldi? Shunday bir davrda biz, gruzinlar, o‘zimizni, o‘zimiz orqali tabiatni anglashda qanday yo‘l tutishimiz lozim?
Aytib o‘tayin, bizning xalqimiz hayotga bir qadar san’atkorona yondosha oladigan xalq. Biz biror joyimiz og‘riyotganini tan olishdan ko‘ra, o‘zimizni o‘zimiz aldab, og‘riqni sezdirmaslikni afzal ko‘ramiz. Kimdandir zulm ko‘rganimizni, haqoratlanganimizni aytishga qisinamiz, zaif tomonlarimiz ochilib qolishidan uyalamiz, kambag‘alligimiz yoki biron bir nuqsonimiz sezilib qolsa, bunday ahvol bizning emas, boshqalarning aybi bilan yuzaga kelgan bo‘lsayam, qizarib turamiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, chetdan qarab turgan odamlarga biz juda hayotdan mamnun va quvnoq bo‘lib ko‘rinamiz, holbuki, bir gruzin adibi aytganiday, bizlar – fojia farzandlarimiz. Bu xususiyatlarimizni yaxshi yoki yomon deb ham aytib bo‘lmaydi, lekin haqiqat shu va shuning uchun ham qizig‘i yo‘q. Qiziqrog‘i esa, “vaqt o‘tishi bilan millat xarakteri o‘zgaradimi?” yoki yanada aniqrog‘i, “Millat xarakterining qay qirralari vaqt o‘tishi bilan saqlanib qoladi-yu, qaysi qirralari talofatga uchrab, yo‘qolib ketadi?” degan savollardir.
Dunyodagi barcha mavjudot o‘zgaradi, lekin bu o‘zgarish o‘z-o‘zicha ro‘y bermaydi, balki boshqa mavjudotlar bilan birgalikda kechadi, ya’ni o‘zgarishlar mavjudotning atrofida kechayotganligi tufayli ham ko‘z bilan payqab bo‘lmaydi va o‘zgarmasdan qotib qolganday tuyulaveradi. Menga qolsa, shuni qat’iy qilib takrorlar edim: toki xalq mavjud ekan, uning xarakteri mutlaqo o‘zgarmas va barqarordir. To‘g‘ri, xalqning o‘zi maydalashuvi yoki yiriklashuvi mumkin, boyishi yoki qashshoqlashishi mumkin, go‘zallashuvi yoki nuqsonga uchrashi mumkin, bo‘yi o‘sishi yoki kaltarishi mumkin (masalan, so‘nggi paytlarda yaponlarning bo‘yi ancha o‘sgan). Ammo, hamma vaqt yapon – yapon bo‘lib, rus – rus bo‘lib, ingliz – ingliz bo‘lib, gruzin esa gruzin bo‘lib qolaveradi. Shunga qaramay, milliy xarakter o‘zgarmas bo‘lsa-da, u, xuddi tabiatdagi xohlagan boshqa bir hodisa kabi, qotib qolgan narsa ham emas, xarakter tarkibida nimalardir sodir bo‘lib turadi, unga nimadir qo‘shiladi, qaysidir bir jihatlar uni tark etadi, davrga xos bo‘lgan qaysidir bir belgilar xarakterda ham aks etadi. Ammo na kelib qo‘shilgan qo‘shimchalar va na yo‘qotishlar milliy xarakterning asosiy mag‘zi-mohiyatini o‘zgartirib yuborishga qodir emas, aksincha, ular asosiy mag‘izning muhim qirrasi bo‘lib “yopishadilar”, vaqt o‘tishi bilan xarakterning ajralmas bir qismiga, ba’zan esa zaruriy bir bo‘lagiga aylanadilar. Yuqoridagi kabi barqarorlik bilan, xarakterda aks etadigan o‘zgarmas jihatlar bilan biz, gruzinlar faxrlana olamizmi – bosh masala mana shunda. Balki biz o‘zimizdagi gruzinlarga xos boqibeg‘amlikdan biroz muddat voz kechib tursag-u, og‘riyotgan joylarimiz haqida baland ovozda, hamma eshitadigan qilib gapirib ko‘rsakmikan? Axir og‘riyotgan joylar ozmuncha emas va ular zamonlar o‘tishi bilan bitta joyda yig‘ilib-to‘planib qolganlar.
Respublikamizning tog‘li joylarida qad tiklagan tarixiy qadamjolarning yo‘q qilinib, ular o‘rnida qurilgan, ishga tushirilmasdan avval yopilib qolgan gidrostantsiyalar… Tbilisi shahri biqinida shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan tabiat manzaralarining yo‘q qilinib, mikrorayonlarga qo‘shib yuborilgan o‘rinlar… Respublikaning ko‘plab muassasa va tashkilotlarida ona tilimizning ataylab burun jiyirar ahvolga tashlab qo‘yilishi… Qora dengiz sohillaridagi o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan qurilishlar… Bo‘ysunmas tog‘ daryolarini bo‘ysundirish uchun tog‘dagi qishloqlarning vayron qilinishi… Bu kabi buzg‘unchiliklarga qo‘l urayotgan paytda biz nimalarni o‘ylagan edik? Qilgan barcha gunohlarimizni ona tabiat kechirib ketaveradi, uning sabr-toqati chegarasizdir, deb o‘yladikmi? Axir ish boshlayotgan mutaxassislar bu ishlarning barcha musbat va manfiy tomonlarini hech bo‘lmasa o‘zlari uchun hisob-kitob qilib olsalar, bo‘lardi-ku?! Endi bugunga kelib ma’lum bo‘layotirki, loyihalarning mualliflari, mutaxassislar bunday hisob-kitoblarni umuman o‘ylab ham ko‘rmagan ekanlar.
Tarixiy qadamjolar, noyob inshoot va binolar shu paytgacha o‘zlarining takrorlanmasliklari, haqiqatan ham noyob ekanligi bilan o‘zlarini o‘zlari himoya qilib kelgan edilar. Vaholanki, xalq o‘zining umumiy madaniyati, tushunchasi bilan bu qadamjolarning daxlsizligini ko‘krak kerib himoya qilishi kerak edi. Inson qanchalik madaniyatli bo‘lsa, tarix yodgorliklari o‘tmishninggina emas, balki kelajakning ham kafolati ekaniga tobora chuqur tushuna boradi. Shu tushunchadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, yodgorliklarni asrab qolishning zaruriyligi har qanday texnika va tamaddun yutuqlaridan faxrlanish tuyg‘usidan ko‘ra biz uchun qimmatliroqdir. Inson qo‘li bilan yaratilgan har bir ijod namunasi – bu umumbashariyat mulkidir, shu bilan birga, u – har birimizning xususiy mulkimiz hamdir. Binobarin, fuqaroviy sustlik (passivlik) va beparvolik hamisha to‘qnashuvlarga, fikrlar qarama-qarshiligiga sabab bo‘laveradi.
Shu o‘rinda qayd etib o‘tamanki, har qanday tarixiy yodgorlik – bu hayot uchun bo‘lgan kurashni o‘zida ifoda etadi va u faqat ezgu sa’y-harakatlar tufayligina qad tiklagan bo‘ladi. Hayotni asrash, hayotni davom ettirish, hayotiy taqdirlar haqidagi fikr insonni eng qadim zamonlardan buyon – umrning foniyligiyu o‘limning muqarrarligini anglab yetgan zamonlardan buyon bezovta qilib keladi. Bugungi kunda bashariyat o‘z-o‘zini yakson qilish uchun jar yoqasiga har qachongidan-da yaqin kelib turibdi. Agar yer yuzida bashariyat uchun halok bo‘lish qismati yozilgan ekan, bu halokat ham tabiat tomonidan emas, balki insonning o‘z qo‘li bilan amalga oshirilgan bo‘lib chiqadi. Hozirgi kunda yaratishdan ko‘ra qiyratish, bunyod etishdan ko‘ra vayron etish oson ish bo‘lib qoldi. Endi, tarix tongotarida ota-bobolarimiz qo‘lida bor bo‘lgan bunyodkorlik asbob-uskunalaridan ko‘ra hozirgi inson qo‘lidagi o‘lim urug‘ini sochuvchi qurollarning ko‘pligini-ku eslamayoq qo‘yayin. Eng achinarlisi, bunyod qilish, qurish mashaqqatli mehnatlar, og‘ir ish sharoiti, azob-uqubatlar, og‘riq va kasalliklar, iztirob va sabr-toqat evaziga amalga oshirib kelingan bo‘lsa, buzish ishlari zaminiy rohat-farog‘at, aqlsizlik in’ikosi bo‘lib ko‘rinadigan huzur-halovatlar hamrohligida amalga oshirilmoqda.
Hozirgi zamon odamini o‘tmishdagi xohlagan bir davrning odami bilan qiyoslab ko‘ring. Ularning bir-biridan kam joyi yo‘q. Ustiga ustak, texnikaning boshni aylantirib tashlaydigan darajadagi tez rivojlanishi natijasida zamonaviy odam o‘tmishdagi ota-bobolariga qaraganda anchagina murakkab shart-sharoitlar bilan yuzma-yuz turibdi. Ko‘pgina narsalarni, mas’uliyatni u birinchi bo‘lib idrok qilishga, “tatib ko‘rish”ga, qabul qilish yoki rad qilishga, ma’qullash yoki daf etishga majbur bo‘lib qoldi. Shuning uchun ham u o‘zining o‘tmishdosh salaflariga nisbatan birozgina dovdir, birozgina hardamxayol, birozgina (balki anchagina) axloqsiz bo‘lib ham ko‘rinar. Lekin hech kim – na zamondoshlari, na kelajakdagi hakamlar uni hech narsaga yaramaydigan lo‘tti, umrini zoye o‘tkazib yurgan hafsalasiz birjonzod deb ayblay olmaydi. Inson bolasi qaysi bir zamonga mansub bo‘lmasin, oxir oqibatda u baribir xom sut emgan bandai bechora, u ham hamma qatori nimalargadir ishonadi, nimalarnidir unutadi, murosai madora qiladi, nimalarnidir kutadi, nimalarnidir umid qiladi… Inson shubha-gumonga beriladi, lekin u qo‘rqoq emas. U qo‘rqoqlikning barcha turlarini boshdan kechirib ko‘rdi, so‘ng o‘zining ishidan o‘zi xijolatga tushdi va suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib bo‘lsa ham hayot uchun kurashadigan, jon-jahdi bilan yashashga intiladigan vujudga aylandi.
Xo‘sh, shunday bir tahlikali zamonda mening vatanimning – ona Gruziyamning o‘rni, mavqei qanday bo‘lmog‘i kerak? Masalan u Amerika Qo‘shma Shtatlariga o‘xshab qudratli sanoat mamlakatiga aylana oladimi? Mening Gurjistonim – uzumlar, toklar yurti, uzumchilik bizda eng qadimiy kasb hisoblanadi, u – qon-qonimizga singib ketgan tarixiy soha, bizda buning hech uyaladigan, tashvish tortadigan yeri yo‘q. Agar ajdodlarimiz yurgan yo‘ldan chetga chiqib, bolta bilan tokzorga qarab yuguradigan bo‘lsak – ana shunda biz sharmandali va uyat holga tushgan bo‘lar edik. Chopib tashlangan tok – ayni bizning qonimizni qaynatadigan, ko‘zimizdan yosh oqizadigan manzara. Tokni boltalangan holda ko‘rish biz uchun shunchalar og‘ir gunohki, uning yonida go‘dak o‘limi yoki kampirning nomusiga tegish ham hech narsa bo‘lmay qoladi. Tok – gruzin dehqoni uchun har qanday daromad manbaidan-da kattaroq, muqaddasroq narsani anglatadi. Uning uchun uzum – ham non, ham ma’naviy padar vazifasini o‘tab keldi. O‘tmishni unutish kelajakni rad qilish bilan barobar. Binobarin, baridan avval biz kim ekanligimizni, dunyoga nima maqsadda kelganimizni, nima istashimizni, bizning imkoniyatlarimiz umidlarimizga qanchalik mos va muvofiq kelishini anglab olishimiz lozim. O‘ylashimcha, bugungi kunda xalq an’analari, to‘g‘ri anglangan, zamonaviy ruhda to‘g‘ri qabul qilingan an’analar muhim ahamiyat kasb etadi. An’analar – bu nafaqat o‘tmish degani, u kelajak degani hamdir, ya’ni biz faqat an’analar yordamidagina faoliyatimiz mohiyatini, o‘zligimizni yo‘qotmasdan ertangi kun ostonasidan hatlay olamiz. An’analar odamni yashashga o‘rgatibgina qo‘yaqolmasdan, balki o‘zining talab va ko‘rsatmalariga muvofiq yashash majburiyatini ham bo‘ynimizga iladi. An’analar – milliyligimizning ta’mal toshi, milliyligimiz – madaniyatimizning ta’mal toshidir. An’analarimiz doirasidan tashqariga chiqib ketadigan narsalarni millatdoshlarimiz qalbi uchun ham, axloqimiz uchun ham xavfdan xoli deb aytolmaymiz, negaki bu jihatlar, eng avvalo, milliyligimizga, madaniyatimizga qarama-qarshi qo‘yiladi.
Qanchalik g‘alati eshitilmasin, aynan mumtoz musiqa bizda xalqimizning milliy o‘zligini anglab yetishida muhim o‘rin tutadi. Milliy musiqaning yana bir g‘alati jihati – milliy zamindan uzib olingan san’at umumbashariy qadriyatlar qatoriga qo‘shila olmasligini tasdiqlaydi, to‘g‘rirog‘i, muntazam ravishda eslatib turadi. Chetdan keladigan har qanday tahdid, eng avvalo, an’analarimizga, madaniyatimizga daxl qilmoqchi bo‘ladi.
Mening yana an’analar, ishonch-e’tiqod borasida gapirayotganimning sababi – inson ana o‘shalar yordamidagina yo‘qotganlarini topa oladi. Hozirgi zamonning barcha yuqumli va xavfli ta’sirlariga qarshi turishga qodir bo‘lgan yagona mustahkam to‘g‘on – bu an’analardir. E’tiqod esa yagona darchadirkim, unga boqib nur haqida, kengliklar haqida, osmon haqida orzu qilish mumkin. Muhimi – cheksiz qorong‘ulik qo‘ynida o‘sha darchani topa oladigan va ocha biladigan kimningdir hamisha mavjudligi. “Kimdir” deyayotganimiz o‘sha inson balki mendirman, balki sizdirsiz, balki boshqa birovdir. Muhimi – uning bor ekanligi, xuddi qadimiy muqaddas suratlarda tasvirlangan avliyolar singari mana shu tirik xilqat inson deb atalmish bandai mo‘minning naqadar buyuk ezgulik ekanligini, qolgan barcha narsalar uning yonida bir tukka ham arzimasligini butun bashariyatga eslatib turajak.
Kasbimga ko‘ra, men yozuvchiman va shuning uchun ham nekbin (optimist) bo‘lishga majburman. To‘g‘rirog‘i, odamlardan bo‘shab-huvullab qolgan sayyoramizni men tasavvurimga ham sig‘dirolmayman. Mana shu mitti sayyoramizning kelajagi borasida tashvishlanishimni juda o‘rinli deb hisoblayman. Shunday ekan, barcha odam bolalari, kelinglar, inson ruhining kuch-qudratini qayta tiklash, ezgulik urug‘larini ekish, mehr-muhabbat va shafqat-saxovat urug‘larini undirish ishlari bilan vaqtida shug‘ullanaylikkim, to biz ekkan urug‘lar ertaga o‘zidan yangi urug‘larni paydo qila oladigan qudratga ega bo‘lolsin!

Muzaffar Ahmedov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 4-son