O‘n olti kishi sig‘adigan yuk mashinasida biz yigirma besh kishi tiqilishib zo‘rg‘a o‘tirar edik. Son-sanoqsiz qirlar, o‘ydim-chuqur joylar va tik kesib o‘tgan muyulishlardan qanchadan-qanchasini bosib o‘tgan eski mashina zo‘rg‘a yurib borardi. Vintlari ham, g‘ildiraklari ham, hammasi bo‘g‘iq tovush bilan xirillar, zang bosgan joylari g‘ichirlar, radiatorida esa biqir-biqir suv qaynardi.
Do‘l aralash qattiq yog‘gan yomg‘irdan keyin jazirama qizil tuproqli Chukuruva yerlarini shu qadar qizdirar ediki, yo‘l yoqalab o‘sib yotgan pastak butalar, giyohlar, chap tomonimizdan erinchoqlik bilan oqib yotgan azim daryo, moviy osmonda parvoz qilib uchib yurgan uzun qanotli qushlar ham — hammasi, go‘yo toliqqandek ko‘rinardi.
O‘rtadagi kresloga o‘tirgan tepakal komissioner bilan mendan boshqa mashinada o‘tirganlardan hech kimning bo‘ynida galstugi yo‘q edi. Yo‘lovchilardan bir qismi kambag‘al dehqonlar, va uchdan birga yo sheriklikka ishlovchi qishloq xalqi bo‘lib, ketmon dasta va bel sotib olib kelish uchun viloyatga ketayotgan edilar.
Tepakal komissioner tamaki hidi bilan qo‘y pishlog‘i anqigan og‘ir havoda bir lahza ham tinmay sayrab kelardi. Komissioner baquvvat tishlari bilan yong‘oq chaqib kelar va nuqul tirjayib kular edi. Bir ozdan keyin oldingi kursida o‘tirgan yosh dehqon qizga tegisha boshladi:
— Menga qiz bo‘lasanmi, ayt-chi? Agar menga qiz bo‘lsang, yangi ko‘ylaklar tikdirib beraman, chiroyli to‘g‘nog‘ichlar sotib olib beraman, kinolarga olib tushaman…
O‘n-o‘n bir yashar kichkina qiz quloqlariga qizil tosh ko‘zli oddiy isirg‘a taqib olgan edi. U dastlab g‘uncha kabi kichik lablarida odob bilan kulib qo‘ydi, keyin birdan jiddiy tus oldi.
— Ayt-chi, menga qiz bo‘lasanmi? — deb so‘radi hamon tinib-tinchimagan komissioner. — Agar menga qiz bo‘lsang, seni, uyimga olib boraman. Mening juda katta uy-joyim bor, yana sen qatori qizim ham bor. Arg‘imchoqdan sakraysizlar, besh tosh o‘ynaysizlar, hayinchak uchasizlar…
Qiz bilan yonma-yon o‘tirgan qorachadan kelgan ozg‘in bir yigit:
— Bekorga jag‘ingizni og‘ritmasangiz ham bo‘ladi, afandim, — dedi. — Qishloq joy, o‘zingizga ma’lum… Shaharning noniga bularning qorni to‘ymaydi. Chuchmal suvi ham bularga to‘g‘ri kelmaydi. Ular shunga o‘rganishib ketgan… Nahotki bilmasangiz!..
— Sen o‘zing qayerdansan? — deb so‘radi uning yonidagi kursida o‘tirgan keksa dehqon haligi yigitdan. — Yoki shahardan chiqqan qorollardanmisan?
— Yo‘q, men ham qishloqdanman…
— Agar o‘zing ham dehqon bo‘lsang, nega endi «ular shunga o‘rganishib ketgan» deysan? O‘zing-chi, yoki o‘zing o‘rganmaganmisan?
— Men ham shunga o‘rganganman… Shunchaki, gap kelgani uchun gapirdim-da…
— Yaxshi narsa nimaligini bizlar ham bilamiz, — dedi jahli chiqqan haligi keksa dehqon, yana so‘zida davom etib. — Ular bizning qo‘limizga tushib ko‘rsinchi! Shunday ekan, yaxshi suv turganda, sassiq suvni eshak ham ichmaydi… Eh, o‘g‘lim, o‘g‘lim…
— Bu qizcha sening singlingmi? — deb so‘radi komissioner.
— Yo‘q, deb javob berdi yigit, — singlim emas, qo‘shnimizning qizi…
— Qayerga boryapsizlar?
— Shaharga, mana bu yonimdagi ayol qizchaning onasi bo‘ladi..
Mashinada quloqlariga qizil ko‘zli isirg‘a taqqan qizchadan bo‘lak bironta ham ayol yo‘q edi. Men o‘girilib ular tomonga qaradim. Haligi yigitning yonida ham hech kim yo‘q, faqatgina bir uyum eski-tuski uvada yotardi.
— Axir qani u ayol? — dedi komissioner hayron bo‘lib. — Yoningda hech kim yo‘q-ku…
Dehqon yigit javob qaytarmadi. Haligi eski-tuski sekin qimirlab qo‘ydi. Janda ichidan terisi suyakka yopishgan kampirning oqargan sochlari, terlagan yuziga yopishgan bosh ko‘rindi. Uning boshi kursida, tanasi esa sirilib pastga tushib ketgan edi. Kirtayib ichiga cho‘kib ketgan ko‘zlarining tevaragini ko‘kimtil bir doira qoplagan edi. Ayolning rangi-ro‘yi sap-sariq, chakak suyaklari turgib chiqqan, burni uzun yuzlarini ajin bosgan edi.
— Bu xotinga nima bo‘ldi? — deb sekingina so‘radi komissioner.
— Sil, — dedi dehqon yigit. — O‘tgan kuni suratini oldirish uchun olib borgan edim. Mana bugun shaharga olib boryapman. Har narsa qilgan bo‘lsam ham urinishim befoyda: hech qanday umid yo‘q. Dori yozib berishgan edi, biroq uni olish uchun pul kerak, bekorga olib bo‘ladimi? Sillar kasalxonasiga bor dedilar. Keyin shifoxonaga bordik, borsak, hali ariza yozib kel, hali spravka ko‘rsat deydi… Xullas, quruq ovoragarchilik!.. Bor kel, bor kel…
U haligi uvadalar bilan ayolning yuzini yopib qo‘ydi.
— Eri o‘tgan yili xuddi shu kezlarda olamdan o‘tgan edi… Ollo taoloning o‘zidan boshqa bularning hech kimi yo‘q. Agar men ham qaramasam…
— Onasi bechora tugabdi, — dedi komissioner.
So‘ngra engashib yigitning qulog‘iga bir nima deb shivirladi. Yigit yelkasini qisib qo‘ydi:
— Menga-ku, baribir, afandim… o‘zi nima der ekan, onasi nima der ekan… Agar xo‘p deyishsa…
Komissioner qo‘lini qizchaning kiftiga qo‘yib:
— Menga qara, qizim, sening oting nima? — deb so‘radi.
— Selvi…
— Qani ayt-chi, Selvi, menga qiz bo‘lasanmi? Onangning holini ko‘rib turibsan, bugun bor bo‘lsa, ertaga yo‘q… Sening baxtingga, xudo o‘z panohida asrab sog‘lik bersin… Men senga chiroyli ko‘ylaklar tiktirib beraman, sochlaringga to‘g‘nog‘ichlar sotib olib beraman… Yolg‘iz qolib xor-zor bo‘lganingdan ko‘ra, shunday qilganing yaxshi emasmi?
Qizcha kichkinagina g‘uncha lablari bilan kulib, hammasiga quloq solib o‘tirdi, keyin birdan yana jiddiy tus oldi.
— Sen unga aytib ko‘r, — dedi komissioner dehqon yigitga, — sen unga yaxshilab tushuntir, o‘ylab ko‘rsin… Onasi bugun bor bo‘lsa, ertaga yo‘q… Qiz qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, yomon yo‘lga kirib ketadi… Mening bo‘lsa… tanish-bilishlarim ko‘p, hammasi ham katta, obro‘-e’tiborli kishilar… Biri sudya, biri doktor, biri injener… Men uni biron yaxshi yerga ishga kirgizib qo‘yaman, yegani oldida, yemagani ketida — rosmana xonim bo‘ladi…
— Azbaroyi xudo, afandim, siz o‘zlariga ayting, ixtiyor o‘zlarida… Onasi bo‘lsa bugun, bugun bo‘lmasa, erta-indin o‘ladi… Qiz siz bilan ketsa, har qalay ishlab pul topadi… Sen nima deysan, Selvi? Yoki afandi bilan birga ketasanmi?
Qizcha javob qaytarmadi. Boshini quyi egib, qoshlarini chimirib oldi.
Komissioner ishga jiddiy kirishdi:
— Qizchaning onasidan so‘ra, onasidan!..
Yigit eskilarni nari-beri titib:
— Hoy, Sharifa, afandining nima deyatganini eshityapsanmi? Agar Selvini menga bersanglar, ko‘p savob ish qilaman, yaxshi yerga ishga kirgizib qo‘yaman, deyapti. Shunga nima deysiz? Chunki siz bugun bor bo‘lsangiz, ertaga yo‘qsiz…
Bir uyum eski tagida nimadir seskanib tushdi va qimirlab qo‘ydi. Keyin eski uyum ichidan haligi bosh ko‘rindi. Qirtayib, kosasi chiqib ketgan qora ko‘zlari uzoq vaqt Selviga tikilib turdi va birdan eski supra kabi burishib-tirishib qolgan yuzlariga ikki tomchi yosh yumalab tushdi.
— Nima deysiz? — dedi yana yigit. — Siz shunga rozilik berasizmi? — U engashib qulog‘ini Selvining onasiga tutdi, keyin qaddini ko‘tardi.
— Nima deb javob berdi, — deb so‘radi komissioner.
— Nima ham derdi, bechora xotin? Berib yubora qol, deydi-da…
U yana uvadalar bilan xotinning yuzini yopib qo‘ydi.
* * *
Madori qurigan kishidek zo‘rg‘a borayotgan mashina, shahar ko‘chalaridan aylanib o‘tib, kirakash mashinalar turadigan joyga kelib to‘xtadi. Hammamizni chang bosib, juda horib-charchagan edik. Selvining yonida o‘tirgan haligi yigit uning onasini mashinadan kichkinagina yosh bolani ko‘targandek ko‘tarib oldi. Selvi ham ularning yonida turardi. Onasining qiziga bergan roziligidan mamnun bo‘lgan komissioner Selvining oldiga kelib, uning bilagidan tutdi. So‘ng cho‘ntagidan o‘n lira pul chiqarib haligi yigitga uzatdi. Yigit pulni olmoqchi bo‘lib endi qo‘l cho‘zuvdi, Selvi komissionerning qo‘lidan yulqib chiqib, onasiga tomon yugurdi. Yumaloq gavdali komissioner uning ketidan yurdi. U qizchaning oldiga kelishi bilan, qizcha aylanib onasining boshqa tomoniga o‘tib oldi. Yigit nima qilishini bilmay qotdi. U qo‘lidagi o‘n lira pulni g‘ijimlab, dam komissionerga, dam qizchaga boqar edi.
Komissioner yana qizchaning bilagidan tutdi va jahl bilan siltadi:
— Onang seni menga bergandan keyin, bu nima qilig‘ing!.. Seni qara-ya…
Qizcha yana uning qo‘lidan chiqib qochdi.
— Bormayman! — deb qichqirdi qiz. — Bormayman, bormayman dedim, bormayman!
— Nimaga bormaysan?
— Bormayman!
— Men senga yangi ko‘ylaklar, sochlaringga to‘g‘nog‘ichlar sotib olib beraman!..
Qizcha churq etmadi.
— Turmushing yaxshi bo‘ladi, o‘zing uy bekasi bo‘lasan!
Qizcha churq etmadi.
Komissioner yigitga o‘girildi:
— Sen so‘ra-chi, nimaga borgisi kelmayapti ekan?..
Yigit qizchaga bir-ikki og‘iz gapirdi. Qizcha ham unga nimalarnidir aytdi.
— Mang, og‘o, bergan pulingizni oling endi, — dedi yigit. — Pul — ishlasa topiladigan narsa… O‘zim ishlab, o‘zim pul topaman, deyapti. Shunday qilarmish…
— Xo‘sh, nimaga endi bormas ekan? Onasi bo‘lsa, baribir, bugun bo‘lmasa, ertaga o‘ladi…
— Bilmadim, qizcha shunday deyapti…
— Nima uchun endi bormayman deydi?
— Mehri toshdan emas-ku, axir, afandim… Agar men ketsam, onamga kim suv beradi. Kasaliga kim qaraydi. Onam bechora qurtlab ketadi, deyapti.
Komissioner qizchaga nafrat bilan qaradi. Keyin yigitning qo‘lidagi o‘n lira pulini olib, hamyoniga solib qo‘ydi.
— Xah, iflos!.. Bular yaxshilikni biladimi!..
Ichi to‘la portfelini qo‘ltiqlagan, ust-boshi chang bu beso‘naqay odam nariroq ketgandan keyin, bir dehqon shunday dedi:
— Albatta bilamiz, nega bilmas ekanmiz sening qilgan yaxshiligingni… O‘n lira pul berasan-u, onadan bolani judo qilasan, keyin uni janoblarga olib borib tortiq qilasan, so‘ng ular xohlaganlarini qiladilar… Balli, qizim Selvi!
Selvining isirg‘asidagi qizil tosh charaqlab chiqib turgan quyosh shu’lasida tabassum qilib turganday porlar edi…
Turkchadan S. Xudoyberganov tarjimasi