O’Genri. Dori izlab (hikoya)

Texas shtatining Ostin shahrida bir oila yashaydi. U Jon Smit, uning xotini, o‘zi, ularning An ismli besh yashar qizi va qizning ota-onasidan iborat. Shahar aholi ro‘yxati bo‘yicha ular olti jon, aslida esa uch kishi. Bir kuni kechki ovqatdan so‘ng Anning ichi sanchib og‘riy boshladi. Jon Smit dori topib kelish uchun shaharga shoshib jo‘nadi, ammo negadir tezda qaytib kelmadi.
Qizcha sog‘aydi, vaqti kelib bo‘y yetdi.
Ona erining yo‘qolib ketganidan qattiq iztirob chekdi. Nihoyat, qayta turmushga chiqqaniga uch oy to‘lgach, San Antonio shahriga ko‘chib ketdi. An ham turmush qildi, qizlik bo‘ldi, yillar o‘tib, qizi besh yoshga kirdi. An hamon kindik qoni tomgan — otasi chiqib ketgan va qaytib kelmagan uyda istiqomat qilardi. Jon Smit bedarak yo‘qolganiga yigirma bir yil to‘lgan kuni kechqurun qizchasining ichi sanchib og‘rib qoldi.
— Shaharga tushib, ichog‘ruv dori olib kelaman,— dedi Anning eri Jon Smit.
— Yo‘q, yo‘q, Jon, azizim,— dedi yig‘lab xotini.
— Siz ham otam kabi bedarak ketasiz, qaytishni unutasiz.
Jon Smit noiloj xotinining gapiga ko‘ndi — doriga bormadi. Eru xotin yagona zuryodlari bo‘lmish Pansining yuziga termulib o‘tirishdi. Pansining ahvoli og‘irlashdi. Jon Smit dori izlab shaharga borish uchun taraddud ko‘ra boshladi. Lekin yana xotini ko‘nmadi.
Shu payt eshik to‘satdan ochildi. Oppoq soqolli nuroniy chol xonaga kirib keldi.
— Salom, bobojon! —dedi Pansi unga peshvoz chiqib.
Bobo Pansini ko‘tarib yuzlaridan o‘pdi-da, cho‘ntagidan bir shisha dori chiqarib qizchaga bir qoshiq ichirdi. Pansi tyozda o‘zini yaxshi his qila boshladi. Ichog‘rig‘i qoldi.
— Ozgina kechikdim, chog‘i, — dedi Jon Smit aybdordek iljayib.
— Tramvay kutib qolib ketdim.

Ingliz tilidan O‘roq Ravshanov tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 6-son