Ov safaridan qaytgach, Nyu-Meksikodagi kichik Los-Pinos shaharchasida janub yo‘nalishidagi poyezdni kutardim. Poyezd bir soatga kech qoldi. Men majlislar zalining peshayvonida o‘tirib, mehmonxona xo‘jayini Telemak Hiks bilan hayotning mazmun-mohiyati haqida suhbatlasha boshladim.
Shaxsiyatga bog‘liq savollar ham e’tibordan chetda qolmadi. Undan bir necha yillar oldin qanday hayvon uning chap qulog‘ini qiyshaytirib, mayib qilgani to‘g‘risida so‘radim. Ovchi sifatida turli vaziyatlar oqibatida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarga qiziqishim tabiiy edi.
– Bu quloq – dedi Hiks, – haqiqiy do‘stlikdan yodgorlik.
– Baxtsiz hodisami? – bo‘yin bergim kelmadi.
– Hech qanday do‘stlik – baxtsiz hodisa sanalmaydi, – ta’kidladi Telemak.
Men jimib qoldim.
– Men chinakam do‘stlikning yakka-yu yagona namunasini bilaman, – davom etdi xo‘jayin. – U konnektikutlik odam va maymun o‘rtasidagi samimiy do‘stlashuvdir. Maymun Barankvilladagi palma daraxtiga tirmashib chiqib, kokos yong‘og‘ini odamga uloqtiradi. Inson uni o‘rtasidan arralab, cho‘mich yasaydi. Uni pullab, rom sotib oladi. Maymun kokos sutini ichadi. Shunday qilib, ular o‘z ulushlaridan mamnun holda, birodarlardek ahil yashaydi.
Ammo insoniyat uchun do‘stlik – vaqtinchalik ermak bo‘lib, zerikkanida osongina voz kechib qo‘ya qoladi.
Bir zamonlar mening Peysli Fish ismli do‘stim bo‘lardi. U bilan umrbod ajralmasak kerak, deb xayol qilardim. Biz yetti yil mobaynida yelkama-elka turib kon qazidik, chorvadorlik qildik, moyjuvoz sotdik, qo‘y boqdik, suratga oldik, sim devorlar qurdik, qora olxo‘ri terdik, xullas, birga mehnat qildik. Men va Peysli Fish orasidagi munosabatni na qotillik, na tilyog‘lamalik, na boylik, na ichkilikbozlik va na safsatabozlik buza olmaydigandek tuyular edi. Biz qanchalar ahil-inoq bo‘lganimizni tasavvur ham qilolmaysiz. Ishda yaqin hamkor bo‘lib, do‘stona his-tuyg‘ularimiz vaqtni xushhol va quvnoq o‘tkazishga unnardik.
Yoz kunlarining birida Peysli ikkimiz maxsus ust-boshimizni kiydik-da, bir oyga yayrab dam olish uchun San-Andres tog‘lariga chiqib ketdik. Yo‘l-yo‘lakay dunyoning ajib mo‘jizasi bo‘lgan Los-Pinos shaharchasiga duch keldik. Bog‘u rog‘laridagi ariqlarda naq sut va asal oqar edi. U yerda bor-yo‘g‘i bir yoki ikkita ko‘cha, havo, tovuqlar va yemakxona bor edi, xolos. Bizga bundan ortiq yana nima kerak?!
Kechki ovqat mahalidan so‘ng ovulni aylanib, temir yo‘l bo‘yidagi yemakxonada qanday yeguliklar borligini ko‘zdan kechirishga qaror qildik. Bizning o‘tirib olgancha, qizil dasturxon ustidagi qoshiq-vilkalarni tiqirlatishimiz beva Jessapni issiq pirog va qovurilgan jigar keltirishga majbur qilardi.
Bu ayol, hatto, shaytonni ham yo‘ldan ozdirishi tayin edi. U o‘ta semiz ham, o‘ta oriq ham ko‘rinmasdi. Uning mehmondo‘stlik xislati butun borlig‘iga singib ketgandi. Ayolning qizg‘ish yuzlari pazandalikka moyilligi va xushfe’l tabiatli ekanidan darak berardi. Uning tabassumi dekabrda ham bahorgi butalarni gullatib yuborishga qodir edi go‘yo.
Beva Jessap bizga turli-tuman narsalar – ob-havo, tarix, Tennison, qora olxo‘ri, qo‘y go‘shti taqchilligi haqida vaysadi. Va nihoyat, uni bizning qayerdan kelib qolganligimiz qiziqtirdi.
– Spring-Velli, – dedim men.
– Big-Spring-Velli, – qo‘shimcha qildi Peysli kartoshka va go‘sht to‘la og‘zi bilan.
Uning bu qilig‘i o‘rtamizdagi qadrdon do‘stlik rishtalari umrbod uzilishi mumkinligiga ilk ishora berayotganini shu onda his etardim. Peysli mening mahmadona insonlarga aslo toqat qilolmasligimni bila turib, gapimga tuzatish va qo‘shimchalar kiritgandi. Garchand xaritada Big-Spring-Velli deb nomlangan bo‘lsa-da, Peyslining o‘zi minglab marotaba Spring-Velli deya ataganini eshitganman.
Boshqa lom-mim demay, kechki ovqatdan chiqqach, temir yo‘l relsi ustiga borib o‘tirdik. Biz necha yillardan beri shunchalar yaqin og‘ayni edikki, bir-birimizning xayolimizdan nimalar kechayotganini yaxshigina anglab turardik.
– Tushungansan, deb umid qilaman, – dedi Peysli. – Men bu beva ayol bilan hayot yo‘llarimni bog‘lab, abadul-abad unga butun borlig‘imni tortiq etmoqchiman. Toki bizni o‘lim ajratmaguncha!
– Hammasi aniq va ravshan, – javob berdim men. – Bu haqida gap boshlaganingdayoq fikringni uqib bo‘lgan edim. Shuningdek, senga ham ayon bo‘lgandir, – davom etdim. – Bu juvonga Hiks familiyasini berishga qaror qilib qo‘yganman. Endi haqiqiy erkaklar to‘yda gullar taqilgan kiyim va choksiz paypoq kiyishadimi yoki yo‘qligini aniqlash uchun gazetaga xabar yozishingni maslahat beraman.
– Dasturingdagi tomoshalarning barchasi ham sen o‘ylagandek bo‘lavermaydi, – gapirdi Peysli. – Agar bu dunyoviy masala bo‘lganida, bajonidil senga o‘zing istagan narsani bergan bo‘lardim, biroq unday emas! Ayol tabassumi, – davom etdi u, – go‘yoki Stilla va Xaribda girdobi singari, “Do‘stlik” atalmish kemani ham parchalab, o‘z domiga tortib ketadi. Huddi avvalgidek, sen bilan asabingga tekkan ayiqni birga ovlashga yoinki, seni doimiy qo‘llab-quvvatlashga va kuraklaringni tozalab ko‘yishga tayyorman. Lekin bu borada his-tuyg‘ularimni jilovlab turolmayman. Missis Jessap uchun kurashda esa biz yakkama-yakka bellashamiz. Men seni halol ogohlantirdim.
Fikrimni jamlab olgach, quyidagi qo‘shimcha va qarorlarni taklif qildim:
– Erkaklar orasidagi do‘stlik tarixi, – gap boshladim men, – asrlar oldin odamlar bir-birini uchar toshbaqa va sakson futli dumli kaltakesaklardan himoya qilgan davrlarga borib taqaladi. Bu odat o‘shandan beri saqlanib qolib, hanuzgacha ular bir-biri uchun zarur damda mardona turib berishga tayyordir. Garchand endi turli maxluqlar bostirib kelmasligini bilishsa-da! Bu haqida ko‘p bora eshitganman, – davom etdim, – ya’ni hayotida ayol zoti paydo bo‘lgach, erkaklarning orasidagi do‘stlik barham topadi. Axir nega shunday bo‘lishi kerak? Ko‘ryapsanmi, Peysli, missis Jessapning ilk nigohi va issiq pirogi, afsuski, ikkimizning ham qalblarimizni larzaga keltirdi. Mayli, u oramizdan eng munosibiga nasib etsin. Sahna ortidagi yashirin o‘yinlardan holi tarzda, men sen bilan ochiq maydonda bellashaman. Sen oldimizda, yonimizda bo‘lgan vaqtdagina unga xushomad qilaman. Demak, xuddi shunday imkoniyat senda ham mavjud. Bu kelishuvimiz orqali “Do‘stlik” atalmish kemamizni girdob domiga g‘arq bo‘lishdan saqlab qolamiz. Toki ikkimizdan birimiz g‘olib bo‘lmaguncha!
– Mana buni do‘stlik, deydilar! – so‘zladi Peysli qo‘limni siqib. – Men ham aytganingday qilaman. Biz bu vaziyatda hech qanday munofiqlik va xunrezlikka yo‘l qo‘ymay, go‘yoki og‘a-inilardek, xonimga mulozamat ko‘rsatamiz. G‘alaba yoki mag‘lubiyat! Ne bo‘lsa-da, biz do‘st bo‘lib qolaveramiz.
Missis Jessapning yemakxonasi orqa tarafidagi daraxtlar tagida o‘rindiq o‘rnatilgan edi. Janubga yo‘l olgan yo‘lovchilarni ovqatlantirib, kuzatib yuborgach, u shu yerda salqinlab o‘tirishga odatlangandi. Peysli bilan kechki ovqatdan so‘ng, shu joyda ko‘rishib, qalbimiz sohibasini kutardik. Agar uning huzuriga ikkimizdan birimiz avvalroq kelsak, halollik va ehtiyotkorlik bilan ikkinchimiz kelishini kutar edik.
Missis Jessap bizning kelishuvimiz haqida bilib qolgan ilk kecha, men Peyslidan oldinroq o‘rindiqqa keldim. Kechki taomni endigina tanovul qilib bo‘lgandik. Missis Jessap o‘rindiqda yorqin pushtirang ko‘ylagida o‘tirardi. Qizg‘in oshxona ishlaridan keyin u anchagina salqinlab ulgurgandi.
Uning yonidan joy olib, tabiat haqida so‘zladim. O‘sha oqshom hammasi o‘z o‘rnida edi; oy osmon bag‘rida nur sochar, ilm-fan va tabiat qonunlariga binoan, daraxtlar ko‘lankasini yoygandi. Butalar orasidan tungi ko‘rshapalaklar, zarg‘aldoqlar, quyonlar va o‘rmondagi boshqa patli jonivorlarning shovqinli to‘s-to‘poloni eshitilardi. Temir yo‘l bo‘yidagi eski pomidor g‘aramlarini to‘zg‘itib esayotgan tog‘ shamoli xuddi arfadek kuy taratardi.
Chap tomonimda go‘yo xamir issiqda oshgani kabi g‘alati bir hisni tuydim. Missis Jessap menga yaqinroq o‘tirib olgandi.
– Eh, mister Hiks! – dedi u. – Dunyodagi yolg‘iz insonlar mana shunday faraxbaxsh oqshomda o‘zlarini yanada yolg‘iz sezsa kerak-a?
Shu zahoti o‘rnimdan turdim.
– Afv etgaysiz, xonim, – dedim men, – toki Peysli kelmagunicha, bu yo‘sindagi savollarga biror nima deyishim mushkul.
Shundan so‘ng xonimga yillar mobaynida sinalgan do‘stligimiz to‘g‘risida so‘zlab berdim. Biz hayotning o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarida hoyu havasga berilmay, bir-birimizdan ustunlik jihatlarimizni qidirmay, o‘zaro kelishib olganimizni unga tushuntirdim. Missis Jessap avvaliga jiddiy o‘yga tolgandek ko‘rindi. Keyin esa o‘rmondan aks-sado qaytadigan darajada sharaqlab kulib yubordi.
Bir zum o‘tib, sochlarini yog‘lab silliqlagan Peysli ko‘rindi. U missis Jessapning yoniga kelib o‘tirdi va o‘zining g‘amnok hikoyasini so‘zlashni boshladi. Peysli 95 yildagi Santa-Rita vodiysida ro‘y bergan to‘qqiz oylik qurg‘oqchilik paytida o‘zi va Lamlining kumush egar uchun o‘lik sigirlarning terisini kim ko‘proq shilishga bellashganini hiqoya qildi.
Shunday qilib, ayolning e’tiborini qozonish sari tashlangan ilk qadamdayoq, men Peysli Fishning oyog‘idan chalib, uni ustunga bog‘lab qo‘ygandim. Ayol qalbini zabt etish borasida har birimiz turlicha uslubga ega edik. Peysli, shaxsan, o‘zining boshidan kechirgan yoinki gazetalarda o‘qigan qiziqarli voqealar orqali uni lol qoldirishga harakat qilardi. Menimcha, u o‘zining ayol qalbini ovlash g‘oyasini, qachonlardir, men Shekspirning “Otello”sida ko‘rgan tomoshadan o‘g‘irlagandi. Pesada qora tanli kishi gertsogning qizini Rayder Xaggard, Lyu Doksteyder va doktor Parkxerstlarga tegishli bo‘lgan aralash suhbatlar bilan siylab, o‘z niyatiga erishadi. Biroq bu yo‘sinda mulozamat ko‘rsatish, faqatgina, sahna ko‘rinishi uchun mos tushib, hayotda esa ish bermasligi tayin edi.
Endi sizga ayol kishining es-hushini o‘g‘irlash borasidagi shaxsiy retseptimni tanishtirsam. Qanday qilib uning qo‘lini olish va ushlashni o‘rganing – u sizniki! Bu u qadar oson bo‘lmaydi. Ayrim erkaklar, xuddi yelkasidan chiqib ketgudek darajada ayol qo‘llarini shunday qattiq ushlab tortadiki, amikaning hidi dimog‘ingizga urilib, bog‘lamning yirtilib ketganini eshitasiz. Ba’zilar esa qo‘lni huddi qizib turgan taqadek olib, go‘yo dorishunos sulfat kislotani idishga quygan kabi uni o‘zidan nariroq ushlaydi. Aksariyat kishilar esa xuddi o‘tlar orasidan topilgan beysbol to‘pidek xonimning ko‘z o‘ngida uni ezg‘ilab ushlab, og‘riq dastidan bilaklari ostida qo‘li tutashib turganini bir dam unutishga bermaydi. Bularning barchasi behuda urinishlardir.
Men sizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsataman.
Hovliga sezdirmay kirayotgan odamni hech ko‘rganmisiz? U panjara ustida o‘tirgancha, uni kuzatib turgan mushukka otish uchun tosh oladi. Odam qo‘lida hech narsa yo‘qdek, go‘yoki u mushukni, mushuk esa uni ko‘rmayotgandek tutadi o‘zini. Mana gap nimada aslida! Hech qachon ayol kishining qo‘lini unga sezilarli darajada cho‘zib tortmang! Uning qo‘lini ushlayotganingizni xonim anglab turgan esa-da, uning bu fikrdan xabardorligini bilishingizni aslo sezdirib qo‘ymang. Bu mening taktik qoidam edi. Peysliga kelsak, u o‘zining harbiy harakatlari va baxtsiz voqealari haqidagi serenadalari bilan bor-yo‘g‘i missis Jessapdan Nyu-Jersi shtatidagi Oushen-Grouv bekatiga to‘xtovchi yakshanba kungi poyezdlar qatnovini bilishi mumkin edi, xolos.
Oqshom payti edi. Chekishga chiqqan Peyslidan avvalroq o‘rindiqqa kelishga ulgurdim. Do‘stlikni bir zum chetga surib, missis Jessapdan “J” harfidan ko‘ra, “H” harfini yozish osonroq ekanligi xususidagi fikrini so‘radim. Ko‘p o‘tmay, uning xayolini mening tugmamdagi sambitgullar o‘ziga jalb etdi. Men unga tomon egildim-u, ammo… unday qilolmadim.
– Agar qarshi bo‘lmasangiz, – dedim o‘rnimdan turib, – bu ishimizga yakun yasashdan oldin Peyslining kelishini kutsak. Shu kungacha do‘stlikka biron marta xiyonat qilmadim. Bu qilig‘im o‘ta nohaqlik bo‘lar edi.
– Mister Hiks, – gapirdi missis Jessap, qorong‘uda menga g‘alati tikilib. – Agar shu sabab bo‘lmaganida, o‘zingizni nariroq olib, uyimga boshqa qadam bosmasligingizni so‘ragan bo‘lardim.
– Bu nima deganingiz, xonim?
– Sizdan yaxshi er chiqmasa-da, ammo o‘ta vafodor do‘st chiqishi aniq, – dedi u.
Oradan besh daqiqa o‘tar-o‘tmas, Peysli kelib, missis Jessapning yoniga o‘tirdi.
– Silver-Sitida 98 yilning yozida, – gap boshladi u, – “Ko‘k nur” pivaxonasida Jim Bartolomyuning katakcha atlas ko‘ylak kiygan xitoylikning qulog‘ini tishlab olganiga guvoh bo‘lganman. Sababi… Nega buncha shovqin?
Biz missis Jessap bilan chala qolgan ishimizni boya to‘xtagan joyidan davom ettira boshlagandik.
– Missis Jessap, – gapirdim men, – familiyasini Hiksga o‘zgartirishga va’da berdi. Hozirgi qilig‘imiz esa buning yana bir tasdig‘idir.
Peysli oyoqlarini skameykaning tirgagi atrofiga o‘rab, chuqur uh tortdi.
– Lem, – dedi u, – yetti yildan beri do‘stmiz. Missis Jessapni sekinroq o‘pishning iloji yo‘qmi? Men sen uchun shunday qilgan bo‘lardim.
– Yaxshi, – javob berdim men. – Ovoz chiqarmaganim bo‘lsin.
– O‘sha xitoylik, – hikoyasida davom etdi Peysli, – 97 yilning bahorida Mallinz ismli odamni otib o‘ldirgan kimsa bo‘lib, so‘ng…
Peysli yana o‘zining gapini o‘zi bo‘ldi:
– Lem, – dedi u, – agar sen haqiqiy do‘st bo‘lsang, missis Jessapni bunchalar qattiq quchoqlamas eding. Hatto o‘rindiq ham qimirlab ketayapti. Axir menga ham oxiriga qadar teng imkoniyat bermoqchi eding-ku!
– Mister, – dedi missis Jessap Peysliga o‘girilib, – agar yigirma besh yildan so‘ng, bizning mister Hiks bilan kumush to‘yimiz ustidan chiqsangiz, nima deb o‘ylaysiz – ushbu masalada mag‘lub bo‘lganingiz uchun o‘z yog‘ingizda o‘zingiz qovurilgan bo‘larmidingiz? Mister Hiksning do‘sti bo‘lganingiz uchungina sizga uzoq chidadim. Lekin sizga endi bizni tinch qo‘yib, uzoqroq yurish vaqti keldi.
– Missis Jessap, – so‘zladim men, qallig‘imga nisbatan mulozamatni susaytirmay, – Mister Peysli – mening do‘stim. Men unga bitta imkoniyat bo‘lsa ham, oxirigacha tengma-teng va halol kurashishni taklif qilganman.
– Imkoniyat! – ta’kidladi xonim. – Nahotki, u o‘zida imkoniyat bor deb hisoblaydi? Bu kecha guvohi bo‘lganlaridan so‘ng, aslida unda imkon emas, balki behuda umid qolganini anglab yetdi, deb o‘ylayman.
Shunday qilib, bir oy o‘tgach, biz missis Jessap bilan Los-Pinosdagi cherkovda turmush qurdik. Ushbu marosimni tomosha qilish uchun butun shaharcha to‘plandi.
Va nihoyat, voizning ro‘parasida ikkimiz yelkama-elka turib olgach, u o‘zining ananaviy ibodati va tilaklarini o‘qishni boshladi. Shu orada atrofga alanglab, Peyslini topolmadim.
– To‘xtang! – dedim voizga. – Peysli yo‘q-ku. Biz Peyslini kutishimiz zarur. Telemak Hiksda do‘st bitta bo‘ladi, do‘stlik – umrbod.
Missis Jessapning ko‘zidan o‘t chiqayozdi. Biroq voiz ko‘rsatmaga itoat etib, ishini to‘xtatdi.
Biroz o‘tib, kiyimining tugmalarini qadagancha, o‘rindiqlar orasidan qushdek yelib kelayotgan Peysli ko‘rindi. To‘y sababli shaharchadagi yagona attorlik mollari do‘koni yopilib, to do‘konning orqa siniq oynasidan kirib, o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatmaguniga qadar ko‘nglidagidek libosni topolmaganini izohladi. Shundan keyin, u kelinning narigi yoniga kelib turdi va marosim davom etdi. Peysli hanuz oxirgi imkoniyatni poylab, voizning adashib, kelinni unga nikohlab qo‘yishini o‘ylayotgandek tuyulaverardi menga.
To‘yning rasmiy qismi yakuniga yetgach, choy ustida yig‘ildik. Tomoshabinlar ham tarqaldi. Eng so‘nggida, Peysli qo‘limdan siqib, unga nisbatan haqqoniy va samimiy bo‘lganimni ta’kidladi. U meni do‘st deb atashdan faxrlanishini bildirdi.
Voizning ijaraga berish uchun jihozlangan uyining oldi tarafi ko‘chaga qaragan edi. Asal oyimizni nishonlash uchun El-Pasoga ertaga soat o‘n-u qirqda jo‘nab ketadigan poyezdga qadar uning uyini band qilgan edik. Voizning xotini xonalarni gulxayri va pechak gullar bilan bezatgani uchun ayvonga o‘xshab ko‘rinar, juda bayramona edi.
O‘sha tun soat o‘nga yaqin, men kirish eshigi oldida o‘tirgancha, salqin shabadada etigimni tortib yechdim. Missis Hiks esa xonalarni ko‘zdan kechirardi. Zum o‘tmay, ichkarida chiroq yondi. Men hanuz joyimdan siljimay, o‘tgan damlar va tomoshalarni xayolimdan o‘tkazardim.
Birdaniga missis Hiksning ovozi jarangladi:
– Lem, kelayapsanmi?
– Hozir, hozir! – dedim o‘zimga kelib. – Menga la’natlar bo‘lsin, agar Peyslini kutmagan bo‘lsam…
– Ammo gapimni oxirigacha yetkazmasimdan, – yakunladi Telemak Hiks, – kimdir qirq beshlik to‘pponcha bilan chap qulog‘imga o‘q uzgandek bo‘ldi. Bu zarba missis Hiks qo‘lida ushlab turgan pol supuradigan tayoqdan kelgan ekan.
Ingliz tilidan Gulnoz Mamarasulova tarjimasi.
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 1-son