Ko‘chadan «Kechki shirmoy kulchalar!» degan tovush eshitildi. Qimorboz ijarada yashaydigan uyning sohibasi mojor millatiga mansub satang va tannoz keksa ayol, ustiga eski hamda yirtiq choyshab yopilgan stol ustida ushlanaverganidan uvadadek holga kelib qolgan qartalar bilan fol ochib o‘tirardi.
O‘rnidan turib chiroqni yoqdi.
Ko‘chadan yana tovushlar eshitildi:
– Kechki shirmoy kulchalar! Kechki shirmoy kulchalar!
Satang beka ijarachisining xonasini hamisha aynan shu mahalda tartibga keltirib qo‘yardi. Qimorboz esa har kuni kunduzi to kechga qadar uxlar, qorong‘u tushgach uyg‘onib, chiqib ketardi.
Beka fartugi cho‘ntagidan xona eshigining ikkinchi kalitini chiqardi, yo‘lakdan o‘tdi va eshik yonida to‘xtadi.
Ajab!
Kalit buralayotgan bo‘lsa-da, eshik ochilmasdi. Demak, ichkaridan tanbalangan. Ya’ni, qimorboz ichkarida. Haqiqatan ham g‘alati.
Bunday paytda u hech qachon uyda bo‘lmasdi.
Uy bekasi eshikni bir necha bor urdi, javob yo‘q…
Quloq soldi: ichkaridan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovoz eshitildi. Lekin sirayam odamnikiga o‘xshamasdi…
Bir lahza turib qoldi. So‘ngra eshikni ketma-ket zarb bilan ura boshladi. Ammo hech qanday javob bo‘lmadi. Beka nihoyat allaqanday tovush — tovada ovqat tagiga olganda chiqadigan ovozni eslatuvchi g‘alati bir chisir-chisirni eshitdi…
Darhol ortiga qaytib, yo‘lakning hovli tomonga qaragan derazasini ochdi-da, pastga engashib baqirdi:
– Durmush afandi! Durmush afandi!
Pastdan baland ovoz yangradi:
– Nima gap, tinchlikmi?
– Seniki boradi, bu yoqqa?
– Boradi, boradi!
Beka yana qimorbozning eshigini ketma-ket mushtlay boshladi. So‘ng bir nafas qulog‘ini eshikka tutdi.
Shu payt ichkaridan qattiq ovoz yangradi. Bu soat bongi bo‘lib, u radiodan taralardi! Bong kechki soat yetti bo‘lganini bildirmoqda edi. Radio esa qimorbozning xonasida. U radioni o‘chirishni unutgandi.
Satang baqirib yubordi:
– Radio!.. Radio yoqib qoldirdi!
Endi qimorbozning ichkarida va o‘ziga o‘zi gapirib yotgan radiodan baxabar ahvolda ekani shubhasiz…
Beka eshikni mushtlab tursin. Shu payt ko‘cha eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Durmush afandi kelgan edi.
Ayol yugurib borib eshikni ochdi. Yig‘lamsiragan ko‘yi:
– Durmush afandi! Radio o‘chirmadi! Radio o‘qidi! – dedi.
– Bu nima deganing?
Mojor ayoli buzuq turkcha talaffuz bilan chala-chulpa tushuntirishga urindi.
Durmush afandi boshini qashidi.
– Politsiyaga xabar beramizmi, yo‘qsa, eshikni buzib kiramizmi?
So‘ngra o‘ziga g‘alati qarab turgan satangga ko‘z tashlab, aniq bir qarorga keldi:
– Balki, kasaldir, hushidan ketgandir. Yaxshisi, eshikni ochib, ichkariga kiraylik!
So‘ng yurib, eshikning oldida to‘xtadi. Chap qo‘li bilan tutqichdan ushlab, o‘ng yelkasini tirab, eshikni itardi. Eshik liqillab turgan tish kabi bir pasda qo‘porilib tushdi. Ichkariga kirdilar.
Qimorboz to‘shagida edi. Chap qo‘li bilan ko‘rpani boshiga tortib olgan holda yotibdi. O‘ng qo‘li esa ko‘rpadan tashqarida… O‘ng qo‘lida o‘chib qolgan sigaret qoldig‘i… Sigaret barmog‘iga qadar yonib kelgach, o‘chib qolgani, barmoqning kuygan joyidan va yerga tushgan kulidan ko‘rinib turibdi.
Satang beka yugurib borib, radioni o‘chirdi. Durmush afandi esa ko‘rpani tortdi.
Qimorboz o‘ng tomoniga burilgancha yotar, ochiq qolgan ko‘zlari yerdagi oyoq kiyimiga mixlangan ko‘yi qotib qolgan…
Satang xonim oqartirilib, otning dumiga o‘xshab qolgan sochlarini qo‘llari bilan yulgancha dodlab yubordi:
– O‘ldi!!!
Ikkisi ham bir lahza qotib qolishdi.
Elektr chiroqlari o‘chgach qimorboz yoqqan sham, tugash nuqtasigacha kelgan bo‘lib, kichkina shamdon ichida, radioning ustida turardi.
Bir soatdan so‘ng satang xonimning fol ochadigan rangsiz va yirtiq choyshabi ustida eski yozuv mashinkasi, stol atrofida esa ikkita politsiyachi o‘tirardi.
Politsiyachilardan biri qo‘lida dalolatnoma bilan sherigidan so‘radi:
– Qo‘shimchalar ichida yana nimalar bor?
– Shifokorning yurak to‘xtagani haqidagi hisoboti bilan tasdiqlangan ashyolar ro‘yxati…
– Unday bo‘lsa, yoz!.. Yozyapsanmi?
– Ha.
Politsiyachi aytib turdi:
– Voqeaga bog‘liq ashyo ro‘yxatiga, egalik vasiqalariga va shohidlarning guvohlik berishiga ko‘ra, «Kasal» qimorboz» laqabi bilan mashhur bo‘lgan o‘likning, o‘lkamizda mavjud bo‘lgan barcha qimorxonalarning a’zosi, shuningdek, qimorni o‘ziga kasb qilib olgan «kasal» bir shaxs ekani aniqlandi.
– Yozyapsanmi?
– Yozyapman!
Bayon qilayotgan politsiyachi mashinkaning «shaq-shuq»i tingach yana davom etdi:
– Hujjatlarga kiritilgan narsalar orasida o‘likka tegishli yon daftarning tushunib bo‘lmaydigan yozuvlar bilan to‘la ekaniga guvoh bo‘ldik. Bu iboralar orasida politsiya tekshiruviga binoan muhim deb qaralgan satrlar ushbular:
«Barcha meni qimorni qimor bo‘lgani uchun o‘ynaydi, deb hisoblaydi. Ular meni bir paytlar ashaddiy muxlisi bo‘lganim san’at va adabiyotdan qimor tufayli yuz o‘girgan deb o‘ylashadi. Holbuki, men qimorni o‘ylamaslik va o‘zimni chalg‘itish uchun o‘ynayman.
Qimorni ruhiyatimda g‘ujg‘on o‘ynagan barqaror tushunchalar hamda miya hujayralarimni larzaga soladigan vahimalardan qutilishning yagona chorasi o‘laroq ko‘rdim. U men uchun doridir. Ammo mana shu o‘zim dori deb bilgan narsa mening hayotimni do‘zaxga aylantirib qo‘yganini hammadan ko‘proq o‘zim bilaman…
Ilk bor qimor o‘ynagan mahalim bu ko‘chaning boshi berk ekani, unga o‘ylamay kirib qolgan kishi qaytib chiqolmasligini bilganimda koshki edi!..
Qimor o‘ynayolmaydigan holga tushgan kunim o‘zimni o‘ldirishdan boshqa choram qolmaydi. Allohning bu imtihoni qarshisida har gal mag‘lubiyatga uchragan meningdek kimsani omonatga xiyonat — jonimga qasd qilishdek gunohdan kim qutqaradi?.. Bunga holimdan xabardor bo‘lgan shu mojor ayolining tomirimga sanchilajak kichkina ignasi kifoya!»
Yozdirayotgan politsiyachi oxirgi jumlaning yozib bo‘linishini kutgandan so‘ng boshini ko‘tarib, satang xotinga qarata xitob qildi:
– Hech qanday qo‘rqinchli yeri yo‘q! Prokurorga tergov topshirib, qimorboz sizning ukolingizdan emas, balki yuragi to‘xtab qolgani uchun o‘lganini aytasiz.
Tibbiy ekspertiza jasadni yorib, hamma narsaga oydinlik kiritadi va qimorbozning nima uchun, qanday qilib o‘lganini aniqlaydi. Sizning ko‘rsatmalaringiz o‘z isbotini topadi.
Mojor xotin qo‘llari bilan yana sochini yulib, baqirishga tushdi:
– Men o‘ldirdi? Emas! Men o‘ldirdi yo‘q!
So‘ngra stolning bir chetida aralash-quralash holda sochilib yotgan qog‘ozlarning ustidagi mojor qiroli suratini ko‘rsatib telbanamo qichqirdi:
– Shu o‘ldirdi, shu o‘ldirdi! Kecha xonasida kirdi, o‘ldirdi!
Mashinkada yozuv yozayotgan politsiyachi kuldi:
– Biz endi qotilni qayerdan topsak ekan-a?..
Turkchadan Gulbahor Abdulloh qizi tarjimasi