Yangi yil arafasi orziqib kutiladigan damlar, negaki, ayni shu kunlarda odamlar yuksakroq lavozimga tayinlanadi, ularning o‘rniga quyiroqdagilari o‘tadi. Biz o‘zimizning muassasamizda allaqachon kelishib, hal qilib qo‘ygan edik – kimda-kim birinchi bo‘lib yuqoriroq lavozimga ko‘tarilsa, o‘rtaga qovurilgan g‘ozni qo‘yib, hammaga ziyofat qilib beradi. Uning hamkasaba do‘stlari ziyofat lazzati to‘g‘risida gaplashganda, hozirdan og‘izlarining suvi kelib, tamshanib, bu tantanalar sababchisiga tansihatlik va baxt-saodat tilab yurishibdi.
Taqdir taqozosi bilan yangi lavozimga ko‘tarilish menga nasib qilgan ekan. Albatta, ziyofat haqidagi bitishuvimiz bir lahza ham esimdan chiqqani yo‘q edi. Men darhol mehmonlarni kutish masalasi to‘g‘risida xotinim bilan maslahatlar qila boщladim. To‘yimiz yaqindagina bo‘lgan – u hali kelinlik liboslarini yechib ulgurganicha ham yo‘q.
– To‘yimizga kelolmagan yaqinlarimizning ziyofati ham bo‘yningda-ya! – deb eslatdi u. – Juda yaxshi-da. Bahonada do‘stlarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi. Faqat bir chatog‘i bor – qoshig‘u, sanchqi va pichoqlar faqat o‘n ikki kishilik-da… Yo qo‘shimcha sotib olish kerak, yoki atigi o‘n bir kishini aytish kerak. Sen bilan o‘n ikkita bo‘lishadi.
– Nimamiz bor-yo‘qligi o‘zingga yaxshi ma’lum, – deb javob berdim men. – Bayram arafasida karmonimiz katta harajatni ko‘tara olmaydi. Do‘stlarim esa – o‘zingga ma’lum – yigirma uch-yigirma to‘rt kishi.
– Birov sening tilingni qichitganmidi? Ziyofat va’da qilmog‘ing shartmidi?
– Yo‘q, azizim, xudoning qahrini keltirma. Bunaqa sinovlar bir yilda bir marta bo‘ladi. Sho‘rliklar allaqachon oshqozonlarini sovunlab yuvib, qovurilgan g‘oz bilan uchrashadigan fursatga qancha daqiqalar qolganini sanab o‘tirishgandir. Agar men va’damning ustidan chiqmaydigan bo‘lsam, naqd ko‘zimni o‘yib olishadi-ya! Gap o‘rtamizda qolsin-u, lekin shunaqa qilishsa, to‘g‘ri qilishadi. Menga qara, shu qoshig‘u sanchqilarni borib birovdan qarzga olib kelsam, nima qilarkin?
– Voy, nima deyapsan! Bunaqa gapni xayolingga ham keltira ko‘rma, – deb e’tiroz bildirdi xotinim burnini jiyirib. – To‘yimizdan keyin uyiga birinchi marta mehmon kelayotgan bo‘lsa-yu, nahotki, men ularni birovdan nasiya olingan idishlar bilan kutib olishga yo‘l qo‘ysam?! Bunaqa qilsa, yomon bo‘ladi-ya! To‘ng‘ichimiz o‘lib qoladi.
– Unaqa bo‘ladigan bo‘lsa, mehmonlarni ketma-ket ikki kun kutamiz. Boshqa ilojini ko‘rmayapman. Birinchi kuni bir guruh o‘rtoqlarim kelib, yeb-ichib ketadi-da, ertasiga ikkinchi guruhi keladi.
Yangi yil bayramining ikkinchi kuni boshlandi. Mehmonlarni kutishga hamma narsa tayyor: va’da qilingan g‘ozdan tashqari, benihoya totli arpa sho‘rva, qo‘zi go‘shtidan og‘izda erib ketadigan kabob, ikki xil palov, palovga bir necha xil qayla va turfa xil salatlar taxt qilib qo‘yildi. Xonalar supirib-sidirilgan, karavotlarning ustiga xotinimning sepida kelgan ikkita yangi ro‘ja yopilgan.
Mehmonlarni kutar ekanman, men huzur qilib Sodiq Hidoyatning ikkita ajoyib hikoyasini o‘qib chiqdim. Shu ahvolda o‘tirsam, birdan xotin kirib qoldi. U kutilmagan xabar topib kelibdi.
– Eshik oldida allaqanday novcha bir yigit turibdi. Oti Mustafo emish. Sening jiyaning bo‘lar ekan. Seni bayram bilan tabriklay deb kelibdi.
Ona tomonimdan xolamning ammasining jiyani bo‘ladi. Yigirma besh yoshlarga kirgan yigit. Hamisha qarasang, Shomirza-yu, qoq quruq. Qashshoqligi ham mayli-ya, o‘lguday bo‘shashgan, landovur, nochor, beso‘naqay, so‘xtasi sovuq yigit. U biror gap aytmoqchi bo‘lsa, avval qizaradi, keyin oqaradi, keyin og‘zini ochib xirillay boshlaydi. Baayni bo‘g‘ziga bir narsa tiqilib qolgan deysiz. Shu bola yilda bir marta kelib, o‘zining tashrifi bilan meni xushnud qilib ketadi. Shunisiga ham hozir ming shukrlar qilaman.
– Xudo xayringni bersin, – deya yolbordim xotinga, – ayt, meni hali turgani yo‘q degin. Meni shu falokatdan xalos etgin. Yo‘qolsin bu dumsiz-shoxsiz alvasti! Bir amalla, jo‘natib yubor, kuchala yegan joyiga borib tirishsin.
– Menga nima? – deb o‘jarligi tutdi xotinning. – Buning menga daxli yo‘q. Moli egasiga o‘xshamasa, xarom o‘ladi deyishadi. Serrayib kirib kelaverar ekan-da! Jiyan emish, qanaqa jiyan? Sho‘rvasining sho‘rvasi-ku! Meni bunaqa qalang‘i-qasang‘ilar bilan qarindoshchilik qilish niyatim yo‘q. Hindlarning podshohi bo‘lsa ham, menga keragi yo‘q.
Qarasam, iloji yo‘q. Uni quvib, haydab yuborib ham bo‘lmaydi – xudoning qahri keladi. Hoynahoy, qorni och bo‘lsa kerak, bayram munosabati bilan bir-ikki tanga hayitlik olish umidida kelgan bo‘lsa ajab emas. Ichimda shaytonga hay berdim: “Bunaqa ulug‘ ayyom kunlarida qarindoshchilik iplarini uzma. Qo‘y, oshiqma, keyinroq niyatingga yetarsan!” Shunday deb Mustafoni chaqirdim. U bukchayganicha kirib keldi. Bir yil ichida uning bo‘yi yanada cho‘zilipti, turqi yana ham sovuq bo‘lib qolipti. Bo‘yni-chi? Bo‘ynini aytmaysizmi? Kir bo‘lib, yag‘iri chiqib ketgan yoqasidan naqd yarim metr chiqib turipti. Baayni hozir qozonda pishayotgan g‘ozimizning bo‘yniga o‘xshaydi. Uning qiyofasidagi tilga olsa arziydigan birdan-bir narsasi shu ediki, u hamisha soqolini toza olib yurardi. Ammo ko‘ylagining yoqasi tagidan malla va qizg‘ish tuklar chiqib turar va ular uning bo‘ynidan o‘rmalab ketayotgan chuvalchanglarga o‘xshar edi. Uning ust-boshini ta’riflamay qo‘yaqolay. Uning ishtoni yuvilaverib, sitilib ketgan, tizzalari yumaloq bo‘lib shishib turardi, go‘yo Mustafo kelayotib, yo‘lida uchragan tarvuzlardan bir juftini o‘g‘irlagan-u, ishtonining ichiga solib olgan…
Men bu ajabtovur va noyob maxluqni o‘rganishda davom etar ekanman, xonaga yana xotinim kirib kelib, diydiyosini boshladi:
– Nima qilsak ekan? Axir, siz sarishta odamsiz-ku, ayting, g‘ozni bugun dasturxonga qo‘ysak, ertaga keladigan mehmonlarning oldiga nima qo‘yamiz? Axir, olib kelgan g‘ozingiz bitta-ku? Shu bitta g‘oz bilan hamma mehmonning ko‘nglini olmoqchi edingiz.
Qarasam, xotinimning gapida ma’no bor.
– Bugun dasturxonga g‘ozning yarmini tortib, qolganini ertaga qo‘ysak, bo‘lmasmikin? – deb so‘radim men dovdirab qolib.
– Voy, qiziqmisiz? Biror odam dasturxonga yarimta g‘oz qo‘yganini eshitganmisiz? Sharmanda bo‘lamiz-ku! Dasturxonga butun g‘oz qo‘ymasa, bo‘lmaydi.
Darhaqiqat, xotinimning gapida mantiq bor edi – unga e’tiroz bildirishning iloji yo‘q.
Ko‘z ochib yumguncha, men yuzaga kelgan vaziyatning naqadar og‘irligini tushunib yetdim. Biroz o‘ylanib, bir to‘xtamga keldim: nima qilib bo‘lsa-da, shu bugunning o‘zida, hali fursat borida yana bitta g‘oz topish kerak. Men bunday mulohaza yuritdim: to‘g‘ri, Mustafo juda farosatsiz, aqli qosir, lekin har nima bo‘lganda ham, Tehrondek shahri azimda bitta g‘oz topishni eplaydi. Axir, g‘oz topish Amerikani kashf etish emas-ku? Yoki biron ajdarning kallasini olib kel deyayotganim yo‘q-ku! Men buyurayotgan yumushni bajarish qo‘lidan kelsa kerak.
– Mustafo, bo‘talog‘im, – deb men unga murojaat qildim. – Hoynahoy, gap nimada ekanini tushunib turgan bo‘lsang kerak. Bir qo‘llab yubormasang, bo‘lmaydi. O‘zingning abjirligingni ko‘rsatasan-da. Har nima qilib bo‘lsa-da, shu bugun bitta g‘oz topib kelasan. Puli qancha bo‘lsa ham, mayli!
Mustafo har doimgidek avval qizarib-bo‘zardi, keyin qoraydi, so‘ng xuddi chilimning suvidek qornida bir narsa biqirladi, so‘ngra qayerdandir, tomog‘ining ich-ichidan xirillagan ovoz eshitildi. Mening bir amallab anglaganim shu bo‘ldiki, bugungiga o‘xshagan bayram kuni g‘oz topaman deb ovora bo‘lishning hojati yo‘q. Negaki, bugun shahardagi do‘konlarning birontasi ham ishlamaydi.
– Nima qilsak bo‘larkin? – deb so‘radim men bunaqa javobdan hang-mang bo‘lib.
– Xudo haqqi, bilmayman. Hammasi sizning qo‘lingizda… – dedi Mustafo avvalgiday birmuncha xirillashlardan keyin. – Yoki ziyofatni qoldirsakmikin?
– Voy, aqlingdan aylanay sening. Bir soatdan keyin mehmonlar kela boshlaydi.
– O‘zingizni kasalga solaqoling. Doktor to‘shakdan turishga ruxsat bermagan, deysiz.
– Qanday qilib o‘zimni kasalga solaman? Axir, ertalab taklif qilingan mehmonlardan bir qanchasi bilan telefonda gaplashdim-ku?..
– Unday bo‘lsa, g‘oz xarid qilgan edim, uni it g‘ajib qo‘ydi, deng.
– Sen mening hamkasblarimni bilmaysan. Ular yosh bolalar emas. Ularni g‘oz suzib ketib qolibdi deb aldab bo‘lmaydi. Ular bunaqa gapga ishonmaydi. Shunday desang, darrov “Joning chiqsin sening. Darrov boshqa g‘oz olaqolmaysanmi!” deb yoqangga yopishtirishadi. Hammasini ijikilab so‘rab, tagiga yetmaguncha qo‘yishmaydi. “Qani, g‘ozni g‘ajib qo‘ygan o‘sha itni bu yoqqa olib kel-chi! U bilan o‘zimiz gaplashib qo‘yamiz!” deyishadi.
– Unday bo‘lsa, ayting – sizni shaharda yo‘q deyishsin. Bibi Fotmaning qabrlarini ziyorat qilgani ketgan, deyishsin.
Ko‘rib turibman – Mustafoning gaplarida maza-matra yo‘q. Men uning javrashiga chek qo‘ymoqchi bo‘ldim. Bahonada bir chandib olmoqchi ham bo‘ldim.
– Bilasanmi, Mustafo, men senga hayitlik atab qo‘ygandim. Manavi pulni olginu darrov uyingga yugur. Imkoni boricha bizdan tog‘amning oilasiga tezroq tabriklarimizni yetkazsang, deyman-da. Ilohim, bu yil bizga baxt keltirsin. Ilohim, Yangi yilni ming marta bayram qilinglar.
Ammo, ayon bo‘ldiki, Mustafoning fikrlari butunlay boshqa tomonga yo‘naltirilgan edi. Mening gaplarim qulog‘iga kirmadi. U o‘zining o‘ylari bilan band edi. Shuning uchun uning javobi savolimga poyma-poy bo‘ldi.
– Shunday bir nayrang ishlatsa, qanday bo‘larkin? Buning oqibatida mehmonlar bugun g‘ozga qo‘l tegizmasalar. Unda ertaga uni bo‘lak-bo‘lak qilib, yana dasturxonga qo‘ysa bo‘ladi. Labbay?
Avvaliga o‘ta bema’ni ko‘ringan bu fikr, tuzukroq o‘ylab ko‘rilsa, unchalik ham bo‘lmaydiganday ko‘rinmadi. E’tibor berib tinglaganim sari Mustafoning gaplarida bema’niliklar kamroqqa o‘xshayverdi. Men hozirgina aytilgan fikrni atroflicha o‘ylab ko‘ra boshladim va asta-asta qalbimning qa’rida sal-pal bo‘lsa-da, umid uchquni shu’lalangandek bo‘ldi. Bora-bora hatto kayfiyatim ko‘tarilib ham ketdi.
– Birinchi marta sendan bunaqa dono gapni eshityapman, – dedim Mustafoga yuzimda quvonchli tabassum bilan. – Nazarimda, bu chigalni bizga sen yechib beradigan ko‘rinasan. Sen o‘zingning san’atingni shunday ko‘rsatginki, bironta ham mehmon hatto g‘ozga qo‘lini uzatmasin.
Mustafoga jon kirdi. Garchi u hali mening niyatlarimni anglab yetmagan va gap nimada ekanini fahmlamagan bo‘lsa-da, mening jonimga aro kirib, og‘irimga asqotayotganidan xursand edi.
– Nega ichkari kirmay turibsan? Qani, kir bu yoqqa! O‘tir, – dedim men manzirat bilan xitob qilib. – Bu yoqqa kel, yaqinroq. Tortinma. Mening yonimga, manavi duxoba stulga o‘tir. Qani, bir boshdan gapirib ber-chi, ishlaring qalay? Nima bilan mashg‘ulsan? Istasang, men senga tuzukroq biror ish topib beraman. Uylanaman desang kelin ham qidirib ko‘rarman. Nega shirinliklardan olmayapsan. Manavi holvadan tatib ko‘r-chi, Yazddan sovg‘a kelgan.
Mustafoning beso‘naqay qing‘ir gavdasi duxoba stulga zo‘rg‘a sig‘di. Kutil¬maganda unga ko‘rsatilgan bunday iltifotlaru mehribonlikka minnatdorlik bildirib chaynala boshlagan ham edik, men uning gapini bo‘ldim:
– Bo‘ldi, bo‘ldi! Minnatdorchiliging nimasi? Sen mening ukamsan. Umuman, men senga bugun javob bermayman. Bugun bizning mehmonimiz bo‘lasan. Axir, butun bir yil ko‘rishganimiz yo‘g‘-a! Bizni butunlay esingdan chiqarib yuborgansan-a! Bu shaharda sening tug‘ishgan tog‘ang borligi esingga ham kelmagan bo‘lsa kerak? Meni qarindosh o‘rnida ko‘rmaysan-da! Hech qanaqa sababu bahonang ketmaydi, biznikida qolib, ovqatlanib ketasan. Hoziroq chiqib, kelinoyingga ayt – mening eng yaxshi kostyumimni senga olib bersin! Kiyimingni o‘zgartirib ol. Mehmonlar kelganda yonimda o‘tirasan. Yaxshilab eslab qol – arpa sho‘rvani ichib bo‘lishgandan keyin, kabob bilan oshdan keyin dasturxonga g‘oz tortilganda sen menga qarab shunday deysan, “O, muhtaram mezbon! Yolborib so‘rayman, bizni taom iste’mol qilish zahmatidan xalos eting! Qorinda joy qolmadi. Shunaqa ovqatlandikki, yorilib ketay deb turibmiz. Mezbonning qo‘li ochiq ekan deb, orqa-oldimizga qaramay, ovqatni tushiraversak nima bo‘ladi? G‘oz deganlari chindan ham bag‘oyat totli narsa bo‘ladi. Lekin shundoq totli g‘ozni bo‘laklarga ajratib maydalashga odamning ko‘zi qiymaydi. Yo‘q, yo‘q, yo‘q! Shaxsan o‘z nomimdan va bu yerda o‘tirgan aziz mehmonlar nomidan yolborib, o‘tinib iltimos qilaman – bu laganni g‘ozi bilan shundayligicha olib chiqib ketishsin. Yo‘q, agar bordi-yu, sira iloji yo‘q desangiz, mayli, hademay bahor keladi, biror kuni yana siznikida yig‘ilarmiz. Lekin hozir – xudo shohid – agar siz bizni loaqal bir tishlam yeyishga majbur qiladigan bo‘lsangiz, hammamizning uvolimizga qolasiz. Nahotki, siz bizga shunaqa o‘lim tilasangiz? Xullas kalom, men mehmonlarni g‘ozdan tanovul qilishga undayveraman, sen bo‘lsang, “yo‘q, bo‘lmaydi” deb oyoq tirab turib olasan va har nima qilib bo‘lsa-da, mehmonlarni o‘z tomoningga og‘dirasan.
Mustafo og‘zini ochib, bo‘ynini cho‘zib o‘tirib, gaplarimni tingladi-da, ma’nodor qilib kuldi. Uning kulgisida “hammasini tushunib turibman, xavotir olmang” degan ma’no bor edi. Keyin o‘zining ovoz chiqaradigan uskunasini ishga solib, xitob qildi:
– Hammasini tushundim. Xotirjam bo‘lavering.
Mehmonlar aytilgan vaqtdan kechikmay, bitta ham xato bo‘lmay hammalari yetib kelishdi, hol-ahvol so‘rashib, dasturxon tevaragiga o‘tirishdi va “yamlamay yutaver” degan shiorga amal qilib, “rabbimsan” deya ovqatlarni tushirishga kirishishdi. Oradan ikki soatcha o‘tgach, Mustafo kirib keldi. Uning ustida mening yangi kostyumim, bo‘ynida bo‘yinbog‘im, oyog‘ida ipak paypoq, botinkalari yog‘ tushsa yalagudek yaltiratib bo‘yalgan. Baayni mast tovusning o‘zginasi. Soqolini qirtishlab olgan, yuzidagi hamma yoriqlar, tirqishlar va o‘ydim-chuqurlarni moy-upa surib, obdon silliqlagan. Sochlari ham moylanib, tekis taralgan, qulog‘i, burni va bo‘ynidagi junlar qirilgan, xullas, pardoz-andoz joyida. Baayni u biznikiga kelib, ulfatchiligimizni bezamoq uchun hozirgina ekrandan tushgan kino yulduzining o‘zi edi.
Janob Mustafoxon salobat bilan va ayni choqda juda zo‘r samimiyat bilan odatdagi muborakbod so‘zlarini aytdi va havas qiladigan sipolik bilan kelib, mening yonimdagi stulga o‘tirdi. Men uni oshnalarimga poytaxtdagi eng fazilatli va eng omadli yigitlardan biri sifatida tanishtirdim. U o‘ziga yuklatilgan rolni juda o‘rinlatib o‘ynamoqda edi. Buni ko‘rib, men xursand bo‘ldim va hatto g‘oz voqeasidan bir amallab qutulib chiqishimizga ishona ham boshladim.
Mamnuniyatimni izhor qilmoq uchun qadahga araq quydim-da, takalluf bilan alyor aytdim:
– Janob Mustafoxon! Uncha kuchli bo‘lmagan Isfaxon arag‘idan bir qultum no‘sh aylashni ixtiyor etmaysizmi?
– Garchi men 3 yulduzli frantsuz konyagini ko‘proq yoqtirsam-da, – deb javob berdi u labini cho‘chchaytirib, – siz Isfaxon arag‘ini ichmog‘imni taklif etsangiz, bo‘ysunmoqdin o‘zga ilojim yo‘q. – Shu so‘zlarni aytib bo‘lgach, u tutilgan qadahdagi araqni bir ko‘tarishda halqumining ichiga quyib yubordi. – Araq chakki emas ekan! Leningradning arag‘iga o‘xshab ketarkan. Rus elchixonasining yuqori martabali bir xodimi yaqinda menga bir necha shishasini tuhfa etgandi. Afsuslar bo‘lg‘aykim, o‘shanda hech qaysingiz yonimda emas edingiz. Araqmisan araq edi o‘zi ham. Lekin o‘zimizning Isfaxon arag‘ining ham undan kam joyi yo‘q. Gap yo‘q – eronliklar ham hamma narsani bemalol uddalay oladi, agar u rag‘batlantirilsa, har qanday xorijlikni ham bir cho‘qishda qochiradi. Iltimos, yana quying! – U qadahni menga uzatdi.
Endi bu tashvish bor ekan! Ziyofat endi boshlandi-yu, shishadagi araqning yarimidan ko‘pini quritib bo‘lishibdi, azamatlar. Faqat araq emas, boshqa ichimliklarning ham rangi o‘chib ketibdi. Nima balo, bular quduqmi deyman?
Ichkilik bilan kabobning ta’sirida Mustafo o‘zini shunaqa qo‘yib yubordiki, buni tasavvur qilish ham qiyin. Uning jag‘i bir lahza ham tinayotgani yo‘q. Goh hazillashadi. Goh askiya qiladi, goh latifa aytadi. Biram chechan ekanki, qo‘yaverasiz… Bir zumda o‘tirishning guliga aylandi-qo‘ydi. Hech kimga gap bermay, faqat o‘zi gap sota boshladi. Araq bamisoli kalitday uning qulfi dilini ochib yubordi, gap uning ichidan qaynab chiqa boshladi. U chapdast qilichbozday jumlalarni qilichday ishlatib, sermay boshladi.
Hech kim tanimaydigan, hech qayerda tahsil ko‘rmagan, Tehronning tevaragidagi Imonzoda Dovud yoki Shoh Abdul Azim degan joylardan nariga qadami yetmagan bu odam Ovro‘pa va Amerikadagi Chikago, Manchester, Parij kabi shaharlarda boshidan kechirgan sarguzashtlar to‘g‘risida shunaqa ajoyib voqealarni jo‘shib-to‘lqinlanib gapirib berdiki, men bu xazinani shu paytgacha kashf etmaganim uchun o‘zimni-o‘zim ayamay o‘tirdim.
Hamma uning gaplarini og‘zini ochib eshitmoqda edi. Men esa unga qarab, boshqa bir narsaga hayron bo‘lib o‘tirardim: u bir vaqtning o‘zida tinmay javrar va og‘zi tinmay kavshar edi. Palaxmonday-palaxmonday go‘sht bo‘laklarini to‘xtovsiz chaynab yutishlar uning shaloladay quyilayotgan gaplariga zarracha xalaqit berayotgani yo‘q edi. Go‘yo uning tomog‘ida ikkita teshigi bor bo‘lib, bularning biri luqmalarni yutmoq uchun, ikkinchisi esa har xil jimjimador so‘zlarning qaynab chiqishi uchun edi.
Yangi yilning so‘nggi – o‘n uchinchi kunini bayram qilish to‘g‘risida gap ketganda, Mustafo bir qasida o‘qib berdi. Qasidani u kecha yozgan ekan. “Qoyil! Barakalla!” degan xitoblar yangradi. O‘zlarini bilimdon qilib ko‘rsatib yuradigan va hatto olimlik da’vosi ham bo‘lgan ikkita mehmon qasidaning ayrim satrlarini yana bir martadan o‘qib berishga majbur qilishdi.
Shoir bo‘lish orzusida yurgan mehmonlardan biri shu darajada erib ketdiki, uning yoniga borib, peshonasidan o‘pdi va shunday dedi:
– Yo Olloh! Chinakam shoir ekan-ku, bu kishi! – Shunday deb, keyin uning taxallusi nima ekanini so‘radi.
Mustafo ensasi qotganini yashirmay javob berdi:
– Hozir taxallus bilan yozish eskirib qolgan. Taxalluslardan voz kechish fursati allaqachon yetib kelgan, janoblar. Ammo muhtaram ustozimiz marhum Peshavoriyning maslahati va tavsiyasi bilan men she’rlarimga, odatda, jo‘ngina “Shoir” deb imzo chekaman. Peshavoriy menga ko‘p mehribonliklar qilgan. Umrining oxirida esa mendan butkul ajralolmay qolgan edi.
O‘tirishdagilarning hammasi yakdillik bilan juda yaxshi taxallus tanlanganini, bu taxallus Mustafoning iste’dodiga juda mos ekanini aytishdi.
Shu payt dahlizdan telefon jiringlagani eshitildi. “Shoir” janoblari mulozimga yuzlanib dedi:
– Azizim, meni chaqirishayotgan bo‘lishsa kerak. Ichki ishlar vaziri qo‘ng‘iroq qilmoqchi edi. Meni band ekanimni ayt. O‘zim keyinroq qo‘ng‘iroq qilaman.
Kimdir adashib tushib qolibdi.
Agar o‘sha paytda mening nigohim tasodifan Mustafoning nigohi bilan to‘qnash kelib qolganida, mening nigohim uni voqelikka qaytargan bo‘lardi. Aftidan, u buni sezib turardi shekilli, men tomonga mutlaqo qaramaslikka harakat qilardi. Uning nigohi dasturxon uzra bir taomdan ikkinchisiga o‘tib, timirskilanib turardi; go‘yo qarayman desa, boshqa narsa yo‘qdek…
Nihoyat, arpa sho‘rva ichib bo‘lishdi, qo‘zi kabob, palov va qaylalar bartaraf qilindi. Radiodan kontsert eshittirila boshlandi. Avji qovurilgan g‘ozni dasturxonga tortadigan fursat yetib kelgan edi. Ko‘pdan beri orziqib kutilgan g‘ozning dasturxonga qo‘yilishini o‘ylar ekanman, fikran sho‘rlik jonivorni o‘z panohida saqlashini Ollohdan tilab, unga tavallolar qilar edim.
Mana, nihoyat, eshikda lagan ko‘targan mulozim paydo bo‘ldi. U dasturxon o‘rtasiga singib pishgan, terilari kirsillab, yog‘lari tomchilab turgan, ishtahani qo‘zg‘aydigan g‘ozni qo‘ydi. Keyin mulozim chiqib ketdi.
Men bor diqqatimni Mustafoga qaratdim. Nahotki, qovurilgan g‘ozning xushbo‘y hididan Mustafo mast bo‘lib qolsa? Nahotki u o‘zini yo‘qotib qo‘ysa? Yo‘q, Ollohga shukurlar bo‘lsinkim, uning es-hushi hali o‘zida edi, kallasi ishlab turgandi.
Mustafo g‘ozni ko‘rishi bilanoq mehmonlarga shunday so‘zlar bilan murojaat qildi:
– Janoblar! Gapim ma’qul bo‘lsa, sizlar ham meni qo‘llab-quvvatlasanglar. Aftidan, mezbonimiz bizga yaxshilik sog‘inayotgani yo‘qqa o‘xshaydi. Hozir g‘ozga balo bormi? G‘oz nima qilib yuribdi? Shaxsan men juda to‘yib ketdim. Yeganlarim jig‘ildonimga keldi. Agar sizlar kallamni jasadimdan ajratsanglar, qornimga boshqa biron tishlam ovqat sig‘masligini ko‘rar edinglar. Hatto eng totli, eng lazzatli, qusur-qusur g‘oz go‘shti bo‘lsa-da… Hech qaysimizda bu yerdan chiqib, to‘g‘ri kasalxonaga yo‘l olish niyati yo‘q-ku, shunday emasmi? Inson oshqozoni tubsiz quduq emaski, har qancha yegulik tashlaganing bilan, to‘ldirib bo‘lmasa.
Gapi tamom bo‘lmasdan u mulozimni chaqirdi-da, unga buyruq berdi:
– Menga qara, azizim, mehmonlar manavi g‘ozni olib chiqib ketishingni iltimos qilishyapti. Qani, ularning gapini ikki qilmay, darrov uni olib chiqib ket-chi…
Mustafoning kutilmagan qilig‘i mehmonlarni hang-mang qilib qo‘ydi, ular nima qilishlarini bilmay garangsinib qolishdi. Bir tomondan, jonivor g‘ozning xushbo‘y hidi ularning dimog‘ini qichitib, ishtahasini uyg‘otmoqda edi – ular loaqal qo‘zi kabob bilan ta’mini solishtirib ko‘rmoq uchunoq, g‘ozdan jinday-jinday totinib ko‘rishga yo‘q demas edilar. Ikkinchi tomondan janob “Shoir”day dongdor odamning dadillik bilan shartta-shartta qilayotgan ishlari ularni tiyib qo‘ydi. Mehmonlarning nigohi g‘ozga mixlangan edi, lekin ixtiyorlariga zid tarzda bo‘lsa hamki, boshqa ilojlari qolmadi. Shuning uchun ham Mustafoning gaplarini sustkashlik bilan “Ha, ha… Albatta!” deya ma’qullab qoldilar.
Bizning rejamiz amalga osha boshlaganday ko‘rindi. Shu daqiqalarda men Mustafoga qarab, yuz marta “Balli!” degan va tuyanikiga o‘xshagan lablaridan o‘pgim kelib ketdi.
Shunga qaramasdan, hiylamiz yanada ishonchliroq chiqmog‘i uchun men qassobning pichog‘iga o‘xshagan uzun va enli pichoqni qo‘limga oldim-da, o‘g‘li Ismoilni qurbonlikka so‘ymoqchi bo‘lgan Ibrohim kabi xudo rahmat qilgur g‘ozning tepasida tahdid bilan o‘ynata boshladim. Men o‘zimni tilsiz-zabonsiz bu sho‘rlik maxluqni nimta-nimta qilib tashlashga chog‘langanday ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. Ayni choqda, bu marosimni uzoqroq cho‘zmoq maqsadida janob “Shoir”ga uzundan-uzoq nutq bilan murojaat qilib, loaqal men uchun g‘ozdan bir tishlam yeyishini, aks holda, oshpazning mehnatlari bekor ketishini va u ham ranjishini tushuntira boshladim. Baxtimga qassob g‘ozning boshi bilan birga tilini ham kesib olib qolgandi, aks holda, g‘ozi tushmagur mening behayo munofiqligim to‘g‘risida bir arava ta’na-dashnomlarni yog‘dirib tashlagan bo‘larmidi? Xullas, men yalinib-yolvorishdan to‘xtamadim, Mustafo aytganidan qolmadi. U o‘jarlik bilan “Yo‘q!” deb turib oldi. Uning qat’iyatini ko‘rib, mehmonlar ham unga qo‘shilishdi. Ular chuvvos solib, baravariga g‘ozni olib chiqib ketishni talab qilishdi. Ular g‘ozning butunligi va daxlsizligi uchun astoydil kurashmoqda edilar. Ish ayni mening ko‘nglimdagidek tus olib bormoqda edi. Shunda birdan kutilmaganda og‘zimdan bir gap chiqib ketsa bo‘ladimi?
– Janoblar! Nahotki shundoq g‘ozdan yuz o‘girib bo‘ladi? Axir, uning ichiga eng a’lo olxo‘rilar solib pishirilgan, u eng yuqori navli sariyog‘da qovurilgan-a!
Mening yaramas og‘zimdan shu so‘zlar chiqib ulgurmasdan Mustafo to‘satdan ichidagi tori uzilib ketgandek “oh” dedi-yu, qo‘lini g‘ozga uzatib bir qanotni sindirib oldi va uni og‘ziga olib borar ekan, nima qilayotganini izohlaganday bo‘ldi:
– Modomiki, siz uning ichiga eng yaxshi olxo‘rilar solib, eng a’lo nav sariyog‘da qovurilgan deb tursangiz, hadeb qimmatli mezbonni ranjitib, yalintiraverish odobdan bo‘lmaydi. Janoblar, uning hurmati uchun g‘ozdan bir bo‘lakdan tatib ko‘ramiz.
Qolgan mehmonlar ayni shu so‘zlarni kutib turishgan ekan. Shu zahoti ular bir gala och bo‘rilardek g‘ozga tashlandilar. Ko‘z ochib yumguncha qimmatli g‘ozimiz butun ustixon-u go‘shtlari bilan birga talonga tushdi, g‘ajildi va o‘n ikkita kekirdakdan o‘tib g‘oyib bo‘ldi. Bir zamonlar g‘oz deb atalgan maxluq o‘n ikkita qorinning ichiga tushdi va ko‘p o‘tmay hazm bo‘la boshladi. Xullaskalom, jo‘nroq qilib aytganda, mehmonlar g‘oz bechorani bir zumda shunaqa gumdon qilishdiki, go‘yo u bechora umuman, hech qachon tuxumdan chiqmagandek, bu yorug‘ dunyoga kelmagandek edi.
Odamni hayvon deyishadi, hayvon bo‘lganda ham o‘txo‘r hayvon emish. Bo‘lmagan gap. Mening mehmonlarim odamxo‘rlarga o‘xshar edilar. Axir, bundan oldin rosa ikki soat mobaynida bu janoblar qo‘llarida pichog‘u sanchqilarni ushlab olib, bir uyum go‘shtu meva-chevalar bilan qattiq jang qilishgan va har gal hatto taqsimchalarini yalab ham qo‘yishgan edi. Endi-chi? Endi bo‘lsa, o‘n ikki odamning hammasi go‘yo hech narsa ko‘rmaganday o‘zini yana ovqatga urdi. Mening ko‘z o‘ngimda qusur-qusur bo‘lib singib pishgan g‘ozim bo‘lak-bo‘laklarga ajratilgan holda bir to‘da qora boshli quzg‘unlarning o‘ljasiga aylandi va hozirgina ko‘z o‘ngimda turgan narsa g‘oyib bo‘ldi – u sho‘rlik mehmonlar oshqozoniga manguga dafn qilindi. Bu mudhish manzarani ko‘rib, og‘zim butunlay qurib qoldi va men qiyinchilik bilan ikki-uch bor yasama jilmayib “olinglar, osh bo‘lsin!” deyishdan nari o‘ta olmadim. Yuz bergan falokatni bartaraf qilishga men ortiq ojiz edim. Lekin janob “Shoir” to‘g‘risida ikki og‘iz gap aytmasam, hech iloji yo‘q. Go‘yo hech narsa ro‘y bermagandek, u yana ochilib yashnab ketdi. U mening shimimning cho‘ntagidan mening ipak dastro‘molimni olib, bujmaygan do‘rdoq lablarini artdi va so‘na chaqqan toychoqday shataloq otib, yana oldi-qochdilarini olib qocha boshladi. U Shveytsariya o‘rmonlaridagi sarguzashtlarini gapira boshladi. U yerda go‘yo bir guruh kazo-kazolar bilan birga bo‘lgan ekan. U og‘iz ko‘pirtirib ishqiy sarguzashtlarini ham so‘zlay ketdi. Lekin ularni shunaqa tafsilotlari bilan gapirib berdiki, bu yerda takrorlashga sira ham til bormaydi. Ziyofatda o‘tirganlarning hammasi bu yolg‘on-yashiq gaplarni ayni haqiqatday qabul qilishdi va o‘qtin-o‘qtin tillarini takillatib, boshlarini sarak-sarak qilib, huzurlanib o‘tirib tinglashdi.
Bu chaynashlaru g‘ajishlar, yutishlaru, hazm qilishlar obdon qizib, avj pardaga ko‘tarilganda joning jannatda bo‘lgur g‘ozning halok bo‘lish manzarasi meni odamlarning noshukurligi, yaxshiliklarni unutib yuborishi, xiyonati, lafzsizligi, qat’iyatining yo‘qligi, makr-hiylasi, munofiqligi, Mustafoga o‘xshagan ikki pulga qimmat odamlarning surbetligi va betamizligi to‘g‘risida o‘ylashga majbur qilganida, yana telefon jiringlab qoldi. Men darrov dahlizga chiqdim va qaytib kirib, hali ham gap sotayotgan Mustafoga murojaat qildim:
– Janob Mustafoxon. Ichki ishlar vaziri telefon qilyapti. U kishining sizga shaxsan aytadigan ikki og‘iz gapi bor ekan.
Qarindoshim bu gapni juda jiddiy qabul qildi, bo‘yniga tutib olgan oq sochiqchani yechmay, o‘rnidan turib, orqamdan yurdi. Xonadan dahlizga chiqishimiz bilanoq, orqamdan eshikni zichlab yopdim-da, qarindoshimni changitib so‘ka ketdim. Kaminai kamtariningizning mushti bir marta-yarim marta u sho‘rlikning lunjiga ham tushib qoldi.
– Hamma ishni rasvo qilding-ku, ablah! Odam degan shunchalik ham nafsining bandasi bo‘ladimi? Bitta g‘ozni deb imoningni sotding-a! Sen – eshakning obro‘yingni shunchalik ko‘tarib qo‘ygan bo‘lsam-u, sen tuzimni yeb, tuzlig‘imga tupurding-a!
Bunaqa qabih ishi uchun qasos olish maqsadida men uni yana bir marta urdim. U hansiray-hansiray, tili zo‘rg‘a kalimaga kelib, odatdagi talaffuzida aft-basharasini bujmaytirib javob berdi:
– Meni behuda koyimang, afandim. Mening nima gunohim bor? Nahotki, esingizdan chiqqan bo‘lsa? Biz kelishib olganimizda gap faqat g‘oz to‘g‘risida borgan edi. G‘ozning ichiga solib pishirilgan olxo‘ri to‘g‘risida ham, g‘ozning oliy navli sariyog‘da qovurilgani to‘g‘risida ham hech qanaqa gap bo‘lgani yo‘q edi. Axir, o‘zingiz insof bilan o‘ylab ko‘ring – bu ishda mabodo biror gunohkor odam bo‘lsa, u siz bo‘lasiz.
Men shu darajada darg‘azab bo‘ldimki, dunyo ko‘zimga zimiston bo‘lib ketdi. Men shu zahoti ko‘cha eshikni ochdim-da, bu noshukur badbaxt yigitni yog‘ solingan xurmacha ichidan ushlab olingan sichqonday ko‘chaga uloqtirdim. Keyin o‘zimni bosish va ichimda gurillab turgan ehtiros gulxanini jinday pasaytirish uchun birpas hovlida aylanib yurdim. Keyin har qalay yaxshimi-yomonmi yuzimda tabassumga o‘xshagan bir ifoda bilan mehmonlar o‘tirgan xonaga qaytib kirdim. Qarasam, mehmonlar allaqachon divanlarga o‘rnashishipti. Ularning butun fikri-zikri raqibining donasini qamab qo‘yish bilan band edi.
– Janob Mustafoxon, – dedim men baland ovozda, – uzr so‘radilar. U kishi mehmonlar bilan xayr-ma’zur qilmasdan ketishga majbur bo‘lib qoldilar. Ichki ishlar ministri o‘zining shaxsiy mashinasini jo‘natipti. Mustafoxon mehmonlarning suhbatini buzmay qo‘ya qolay, dedi.
Mehmonlar qadrli “Shoir”ning kutilmaganda bunaqa shoshilinch ketib qolganiga taassuf bildirishdi. So‘ngra ular bu odamning naqadar fozil, o‘qimishli ekanini, ichishni ham o‘rniga qo‘yishini va ulfatlarining ko‘nglini olishga ustaligini ham gapirib o‘tirishdi. Ba’zilar uni uylariga taklif qilish maqsadida mendan uning telefon raqamini va manzilini so‘rashdi. Yashirishning hojati yo‘q – men sharm-hayoni yig‘ishtirib qo‘yib, hammalariga xayolimga kelgan birinchi raqamlarni aytdim.
Ertasiga ertalab, kecha bo‘lgan voqealarni esladim. Buni qarangki, alam ichida o‘z qo‘llarim bilan uydan o‘zimning eng yaxshi kostyumimni chiqarib tashlabman, axir, yoqasidan olib ko‘chaga uloqtirganim “shoir” Mustafoxonning ustida mening kostyumim bor edi-ku!
Ammo otilgan o‘qni qaytarib bo‘larmidi? Yana bir bora amin bo‘ldim: “Nimaiki ro‘y bersa, barchasiga o‘zimiz sababchimiz” degan naql g‘oyatda dono va to‘g‘ri naql ekan. O‘shanda o‘zimga o‘zim umrim mobaynida hech qachon amalga intilmaganim bo‘lsin, deya ahd qilgan edim.
Ruschadan Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 6-son