Agar Berlin shahrining fuqarolari ajnabiylar bo‘lganida Passaudan Flensburggacha, butun Germaniyada tarqalgan yurimsik gaplarning bir og‘iz so‘zini aytishga hech kim jur’at eta olmasdi. Ammo ular haqiqatan ham ajnabiy emas, balki poytaxt fuqarolari kabi o‘zlariniki, mahalliy, qo‘ying-chi, kindik qonlari shu yerga to‘kilgan, qolgan hammasi, ularning sha’niga aytiladigan har qanday betgachopar gap-so‘zlar ham irqiy kamsitish yoxud kamsonli millatlarning haq-huquqini yoqlash deb hisoblanmas, aksincha nihoyatda haqqoniy va odilona deya qabul qilinardi.
Yaqindagina, poyezdda Ulmadan Berlinga qaytaturib, sakkiz soatlik yo‘l davomida haligacha biron marta Berlinda bo‘lmagan va nihoyat, talaba o‘g‘lini ko‘rgani birinchi marotaba ana shu – o‘zi uchun zerikarliroq sayohatga otlangan erkak bilan bir kupeda suhbatlashib qoldim.
Hamrohim ko‘rinishidan hali ellik yoshga ham to‘lmagan edi. Egnida mayda-mayda katak gulli nimcha, jigarrang shim va jigarrang botinka. Eshik yonidagi ilgakda to‘qima astarli yengil kamzuli osig‘liq turardi.
Ma’lum bo‘lishicha, Berlin qo‘shilgunicha, garchi GDR chegarachilari sabab va yana ularning hammasi o‘zlarini buyuk qahramonlar kabi ko‘z-ko‘z qilganlari uchun ham achchiq qilib, u yerga bormagan ekan. Berlinliklar shaxsan unga hech qachon yoqmagan va o‘zi aytmoqchi umri davomida bunaqalarning ko‘pini ko‘rgandi! Chunki, ular boshqa yerga emas, aynan uning vataniga, janubiy Germaniyaga dam olgani borishardi.
– Hamma dam oluvchilar ham farishta bo‘lmasalar kerak,– nimanidir fahmlagandek bo‘ldim men.
– Bo‘lishi mumkin, bo‘lishi mumkin,– javob berdi u.– Faqat shu… berlinliklar ular orasida eng bema’nilari… bir so‘z bilan aytganda, baqiroq, sershovqin, qo‘pol, quyib qo‘ygan prussaklarning o‘zi!
– Ha, balki, siz haqdirsiz,– dedim men.– Har qalay ko‘pchilik shunday deydi.
– Lekin asosiysi bu emas. Faqat, iltimos, mendan xafa bo‘lmang,– davom etdi hamrohim,– asosiysi, ularning hammasi qo‘rqinchli darajada qo‘pol, o‘g‘lim aytmoqchi – xalq orasidan chiqqan dag‘al odamlar. Shunga qaramay, u baribir Berlinga o‘qishga ketdi. Ularning o‘zlari haqidagi fikrlarini-ku, asti so‘ramang! Birinchi marta Alpga borib qolgan berlinlik bola haqidagi latifani eshitganmisiz? Unga tog‘lar xuddi pastqam tepaliklardek tuyulgan emish! Shunda unga “Sizlarning Berlinda shunaqasiyam yo‘q-ku”, deyishsa, u: “Ha, lekin bo‘lgandayam sizlarnikidan balandroq bo‘lardi”, – debdi. Qalay?
– Bu shunchaki hazil,–ehtiyotkorlik bilan javob berdim men.
– Hamma gap unga qanday qarashda,– javob berdi hamrohim.– Mayli, hazil-huzul ham bo‘laqolsin. Ammo u menga mutlaqo jiddiy aytilgandek ko‘rinadi. Men negadir berlinliklarda yumor hissini haligacha payqamaganman.
Turgan gap, bularning hammasi, sekin-asta mening g‘ashimni keltira boshladi. Chunki men Berlinda yashaydigan ayol, bunaqa, bizning unchalik xushmuomala emasligimiz haqidagi bema’ni gaplarni jimgina eshitishga ko‘nikmagan edim. To‘g‘ri, biz o‘zimizning qo‘polligimiz, ayni chog‘da ko‘ngilchanligimizni juda yaxshi bilardik va shu bois hech nimaga xomtama ham emasdik. Lekin, duch kelgan “dono” bizda yumor hissi yo‘qligini aytib turtkilayversa – endi bunisi haddan tashqari! “Qolaversa, yana bizning shevamizni eslash ham yetmay turuvdi”,– o‘yladim va bo‘shliqqa tikilgandek jim bo‘lib qoldim.
– … so‘zlarni buzib talaffuz qilishlari-chi,– dedi hamrohim xuddi ko‘nglimdan o‘tganlarni sezgandek.– “Hozir” o‘rniga “hoze” (uning o‘zi ham shunday dedi), “yana” o‘rniga “yanna” (o‘zi ham shunday dedi), yoki “nima” o‘rniga “nema” deyishadi…
– Nafasingizni yel olsin,– dedim men va paltomni olib kupemni almashtirish uchun eshik tarafga yurdim.
– O, yo‘q, iltimos,– o‘rnidan sapchib turdi u.– Qayoqqa? Nahotki, sizni shunchalik qo‘rqitib yuborgan bo‘lsam? Ketmang!
U shunday deya paltomni tortib olib yana ilgakka osib qo‘ydi va qo‘yarda-qo‘ymasdan meni joyimga o‘tqazdi.
– Mana ko‘rayapsizmi, aytdim-ku sizga, berlinliklarda umuman yumor hissi yo‘q,– dedi u.
– Qanaqa kulgili gap aytdingizki…– dedim men o‘zimni arang bosib.
Hamrohim quvonchdan qarsak chalib yubordi.
– Men yumor hissinglar yo‘q, o‘z ustinglardan kula olmaysizlar,– dedim, xolos.
U zimdan norozi qiyofada nazar tashladi va men uning ko‘zlari kulgidan yoshlanib ketganini sezdim.
– Siz o‘zingiz ham o‘z ustingizdan emas, mening ustimdan kulayapsiz,– e’tiroz bildirdim men.
– Agar siz meni o‘z ustimdan qanchalar ochiqdan-ochiq kulishimni bilganingizda edi. Ana, xotinimdan so‘rang. Bizning janub tomonlarda butunlay boshqacha madaniyat, siz berlinliklar esa juda o‘z-o‘zinglarni avaylaysizlar. Hatto dotatsiyalarga shunchalar ko‘nikkansizki, bugungi ijara haqinglar uchun to‘lovlaringiz biz oltmishinchi yillarda Ulmada to‘laganlarimizga to‘g‘ri keladi. Yana ko‘z yoshi qilasizlar.
– Kim ko‘z yoshi qiladi?
– Siz berlinliklar-da, kim bo‘lardi?
– Yetar,– toqatim toq bo‘lib ketdi. – Endi menga quloq soling. Biz hozir Gannoverdamiz, demak, Soogacha qolgan yo‘l davomida gaplarimga quloq solib ketishingizga to‘g‘ri keladi. Xuddi men sizni qanday tinglagan bo‘lsam, siz ham shunday eshitasiz. Mayli, yumor hissi yo‘q deganingizni ham kechiraman. Shunday qilib, agar o‘n yil avval Ulma, Myunxen yo Haydelberg fuqarolari agar qolgan butun umrlarini qurilishlarda o‘tkazishlari e’lon qilinsin deyilsa, ular, sizningcha, nima qilgan bo‘lardilar?“Bas, shunday ekan, nimayam qilardik. Bundan beshbattar bo‘lishi mumkin edi-ku?” To‘g‘rimi? Berlinliklar esa aytardilarki, endi ular xudoning bergan kuni markaz atrofidagi yangi aylanma yo‘llarni izlardilar va u sizning Ulmangizdagiga qaraganda ko‘proq norozi bo‘lardilar. Mabodo, qandaydir rus mafiyasi tasodifan Ulma shahriga kirib qolsa, mahalliy gazetalar uchun uch haftaga yetarli material vujudga kelar va bu xavfsizlik xizmati savdogarlari uchun tillaga arzigulik kunlar bo‘lardi. Bizga, rus mafiyasidan tashqari, vetnam, rumin, alban, yana xudo biladi, polyakmi, bolgarmi, xayriyatki mo‘g‘ullarniki yo‘q, bordir-u, hali bizga yetib kelmagandir. O‘ylaysizki, har bir so‘zga yumshatgich so‘z yasovchi qo‘shimchalar osib qo‘yilaversa, ular boshqa hammasidan ko‘ra samimiyroq bo‘ladi deb o‘ylaysizmi? Xuddi buldog qo‘lga o‘rgatilgan laychaga aylangani kabi hammasi itvachcha deyilaveradimi? Mana berlinliklardagi bolalarcha to‘g‘rilikni, ko‘ngilchanlikni siz his qilmayapsiz va ularni yumor hissidan mahrum deyapsiz… Lekin berlinliklar “Biz butun shahringizni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlaymiz, sizlarga esa o‘nqir-cho‘nqirliklarni ko‘rish uchun ajoyib tomosha maydonchasi qurib beramiz”, deydilar. Ular do‘stona tarzda yuqoriga chiqib oladilar va u yerdan barcha vayronagarchiliklarni kuzatadilar, bunday manzaradan lazzatlanadilar. Agar berlinliklarga, Reyxstag minorasi tiklandi, endi unga bemalol qarash mumkin deyishsa, ular ertasigayoq uch soatlab navbatga turadilar, keyin minoraning borligidan hayajonga tushib atrofida uzoq aylanadilar. Berlin muzeylari tomoshabinlarni kechqurun kiritishni boshlasa, ular g‘ing demay boraveradilar va u yerda o‘zlarining biron tanish-bilishlarini uchratib quvonadilar. Mabodo, berlinliklar,– dedim men Ulmalik janobga,– ertaga keyingi besh-o‘n yil mobaynida eng kuchli yomg‘ir yog‘adi desam, ular xuddi kelishgandek rezina etiklarini kiyib, soyabonlarini ko‘tarib, bu g‘aroyib hodisani o‘tkazib yubormaslik uchun ko‘chaga chiqadilar, ayrimlari, balki oyoqyalang va soyabonsiz ham kelishlari mumkin. Ana shunaqa!
Men tinimsiz gapirardim. Hamrohim esa hadiksirab jim bo‘lib qoldi, ikkinchi toifa oromkursisining yumshoq suyanchig‘iga yopishib oldi va aytarimni aytib, yuragimni bo‘shatib olmagunimcha hayrat to‘la ko‘zlarini mega tikkancha (kim bilsin, qo‘pol, hamisha azmoyish qiladigan kimsalar bilan suhbatlardan asabiylashgan paytlarimda o‘zim ham shunaqadirman) o‘tirdi.
– Yana,– dedim men ulmalik janobga, – berlinliklar o‘z maydonlarini musiqachilarga, yuguruvchilar, velosipedchilar, bolalar, gullar ko‘targan namoyishchilarga, milliy liboslar kiyib olgan yaramas kimsalarga bo‘shatib beradilar, chunki, berlinliklar aslida ham ko‘ngilchanlar,– qo‘shib qo‘ydim men va bir lahza hovlidagi ijaraga beriladigan xonalarni o‘ngu tersiga qaramay sotib yuboraveradigan traktir xo‘jayini kabi Berlin senatini tez-tez ayblashimni esladim.
Sezdim, hamrohimga mening maqtovga loyiq nutqimni eshitish yoqmasdi. Bu uning qahr to‘la ko‘z ifodasi, vaqt o‘tgani sayin tundlashib borayotgan yuzida zohir bo‘ldi. U mening kutilmagan tanaffusimdan foydalandi, holbuki biz tashabbusni qo‘lga kiritish uchun hali Berlin hududiga yetib bormagan edik.
– Bu, berlinliklarning o‘z vaqtida natsistlar va kommunistlar yuksak baholagan mehmondo‘stligi emasmi?– dedi u va chuqur nafas olgandi, burun kataklari kerilib, turqi o‘zgardi va tuyqus ayanchli tovushda baqirdi: – Buyuk Germaniya yo‘q, diktatura yo‘q!
– Ana,– dedim men,– siz bu gaplarni xuddi o‘qituvchilar kabi aytayapsiz, kasbingiz ham hoynahoy o‘qituvchidir-a? Sizga yaxshi ma’lum bo‘lsa kerak, Gitler Berlinda hech qachon ko‘p ovoz ololmagan. Kommunistlar esa, ko‘p ovoz olish uchun shaharga sakslarni joylash-tirganlar. Leyptsigdagi namoyishlar ham, agar ularda berlinliklar faol ishtirok etmaganlarida bunchalar darajaga yetmasdi.
So‘nggi jumlani men ochig‘i, allanechuk ishonchsizlik bilan, ammo xuddi shunday bo‘lgandek ohangda aytdim.
– Agar siz Prussiya va munkillagan Frits haqida suhbatlashmoqchi bo‘lsangiz, – davom etdim men,– avvalo o‘ylab ko‘ring, bizning Fridrix (xuddi shunday, “bizning Fridrix” dedim) Volterning yaqin do‘sti edi, mamlakatga kartoshka olib kirgan va yahudiylarni himoya qilgandi.
Men irod etayotgan nutqimning shu yeriga kelganda poyezdimiz “Berlin–Vannzee” bekatiga kirib keldi. Hamrohim suhbatimizdan bezgandek, deraza tarafga qarab oldi. Endi xulosaga o‘tishim kerak edi.
– Mana nega sizga bularni aytayapman,– dedim men.–Aslida, hammamiz yaxshimiz. Bizdan qo‘rqmang. Mabodo sizga kimdir, aytay-lik, siz yo‘l-yo‘lakay chiqqan yuk mashinasining haydovchisi yoki siz biron nima xarid qilish oldidan uzoq o‘ylab qolayotganingizni sezgan sotuvchi ayol qo‘pollik qilsa, xafa bo‘lmaslikka harakat qiling, bundan janjal chiqarmang, shunchaki xotirjamlik bilan “Siz, nega so‘kinayapsiz?” deb so‘rang!
– Endi shunisi yetmay turgandi,– burnini jiyirdi u.
– Siz urinib ko‘ring. Balki, o‘shanda “E-e-e, og‘ayni, bunaqasi har kuni necha marotaba uchrashini bilsang edi”, degan javobni eshitasiz. “Yo‘q, sen qara, qaragin, yana jim bo‘lib qolding, u beo‘xshov bo‘laqolsin, sen esa bir kunda yuz marotalab aytasan, men esa, qariyb o‘n ikki yildan beri bunaqa hodisalar qancha bo‘lganini hisobiga yetolmayman” deydi… Va shundan keyin o‘sha hodisani aytib beradi va oxirida: “Shunaqa, sen esa gapirasan. Mayli, omon bo‘l, qariya, lekin aytganlaring esingda tursin”, deydi. Sotuvchi ayol bilan ham taxminan shunday bo‘ladi. Shu taxlit qarshingizda bir qancha hayot muammolari paydo bo‘ladi. Chunki, ko‘ngil to‘lmaslik ortida hamisha oddiy xohish turadi, ishoning menga, men buni bilaman. Balki siz, suhbatimizni shu asnoda davom ettirishingiz mumkin va o‘shanda siz bu odamlardan o‘zingizni qiynagan savollarga javob topasiz, buni esa “o‘z-o‘zidan ro‘yobga chiqadigan g‘oya” deydilar. Aslida esa, biz hammamiz yaxshimiz, bunisi rost. To‘g‘ri, o‘zingizning berlinliklar haqidagi tasavvurin-gizga mos keladigan kishilarni topa olishingiz mumkin, ammo ular bilan istaysizmi-yo‘qmi, biringiz ikki bo‘lmaydi. Ana o‘shanda ularning berlinlik emas, brandenburglik ekanligi ayon bo‘ladi. Taassufki, ko‘pincha bizni ular bilan adashtiradilar. Branden-burgliklar haqiqatan ham siz aytganingizdek odamlar…
– Yo‘g‘-e, nima deyapsiz?– xitob qildi hamrohim va uning ovozida allanechuk soxtalik sezildi.
U eshik oldida ham uzrxohlik qildi, mening saboq bo‘lgulik suhbatim uchun minnatdorchilik bildirdi.
“Ana xolos, pishdi gilos, surbet!” – kulgim qistadi va ayni chog‘da unga Berlinda ko‘ngilchog‘lik tilab xayrlashdim.
– Qizil chiroq yonib turganda ko‘chani kesib o‘tishdan uyalmang,– qichqirdim uning orqasidan, ammo aftidan, u meni eshitmadi…
Rus tilidan Erkin Usmonov tarjimasi