Mirza Ibrohimov. Gulabatin (qissa)

HASRAT…

Tabrizning bog‘-rog‘li, anchagina obod dahalaridan birida baland g‘ishtin devor bilan o‘ralgan hovlida ichkari va tashqari xonalardan tashkil topgan bir qavatli uy savlat to‘kib turibdi. Uy unchalik katta bo‘lmasa ham, ancha hashamatli va chiroyli qurilgan, yashash uchun juda qulay. Xonadon ichida barcha sharoit muhayyo. Ichkari uch xona, tashqari esa ikki xona va bir dahlizdan iborat. Dahliz ayollar yotog‘i — ichkari bilan erkaklar yotog‘i – tashqarini tutashtirib turadi. Uyning mo‘jazgina bog‘dor hovlisi ham bor. Uy va hovli odatda, jimjit bo‘ladi. Lekin ba’zi kunlarda, ertalabki nonushta mahali yoki kechqurunlari ayni bir paytning o‘zida har tarafdan “Gulabatin” chaqiriqlari eshitilib qoladi.
— Gulabatin, hoy Gulabatin! Bu yoqqa qara!
— Gulabatin, hoy Gulabatin! Samovarga suv quysang-chi!
— Gulabatin, hoy Gulabatin! Ko‘ylagimni olib ber!
Bugun sokinlik hukmron. “Gulabatin” deya qichqiruvchilar yo‘q. Ertalabki choy jimgina ichilib bo‘lgach, beka dahlizning chekkasiga uyilgan kir kiyimlarni Gulabatinga ko‘rsatdi:
— Gulabatin, bugun bozor-o‘char yoki baqqolga bormaysan, hovlini supurib-sidirmaysan, boshqa ishimiz ham yo‘q, suv isit, yeng shimarib kiyimlar-ni yuv!
— Xo‘p bo‘ladi, bekam! — deya Gulabatin darhol ishga kirishdi.
Albatta, yeng shimarishga hojat yo‘q edi, chunki busiz ham ko‘ylagining yengi tirsakkacha edi, xolos. Beka bir hafta burun kenja qizining yengi yirtiq ko‘ylagini tutqazib:
— Yirtilgan joyini kesib tashla, — degandi. — Kiyib ol, yengsiz yanayam yaxshi!
Gulabatin beka aytganday qilib, ko‘ylakning yengini kesib tashlagan, kiyib olgach esa, yengsiz ko‘ylak qizlargagina emas, bekaga ham ma’qul tushgandi.
— Qaragin, qanday yarashibdi… Yaxshi bo‘ladi, degandim-ku.
— Rahmat, bekam. Xudo yarlaqasin sizni! — deya Gulabatin onasining bunday hollarda bekaga hamisha duo qilish kerakligi haqidagi topshirig‘ini eslab, xushomad qiladi.
Hozir beka Gulabatinning qo‘li tirsagigacha yalang‘och ekanini ko‘rib turardi. Shunga qaramay, “eng shimarib” deyishdan o‘zini tiyolmadi. Zero, shunga odatlanib qolgandi. Beka uchun ham, Gulabatin uchun ham bu gaplar o‘zgacha ma’no kasb etardi. Beka “eng shimarib” dedimi, demak, bugun ish og‘ir bo‘lishini Gulabatin yaxshi bilardi. Masalan, bugun uyni boshdan-oyoq supurib-sidirish, changlarni artish, sholchalarni hovliga olib chiqib, qoqib tashlash kerak bo‘lardi. Mayda-chuyda ishlar payti beka bu gapni aytmasdi. Bu gapning sehri borga o‘xshardi. Gulabatinni ham, bekaning o‘zini ham harakatga solardi, hushyor bo‘lishga chorlardi. Qizgina hamisha egnida yengli ko‘ylak bo‘lsa, bekaning ko‘z o‘ngida yeng shimarib ishga kirishardi. Hozir bunga hojat bo‘lmagani uchun darhol kiyimlar to‘dasini olib, ish boshlab yubordi.
Gulabatin uyatchan qiz edi. Uning bu odati bekaga xush yoqardi. Beka dastlabki kunlardayoq Gulabatin ziyrak, epchil qiz ekanini sezgan edi. Uning yanada tirishqoq bo‘lishiga harakat qilardi beka. Do‘q-po‘pisa, qo‘rqitish bilan emas, havas uyg‘otish, ruhlantirish orqali erishardi o‘z maqsadiga. Beka rahmdil va aqlli ayol edi.
— Barakalla qizim, hushyor bo‘l, gapni tez ilg‘ashga odatlan, biror ish buyurishdimi, darhol bajarishga o‘rgan.
Albatta, bu odatni qizgina o‘z onasidan o‘rgangandi. Barcha ayollar qatori u ham o‘z qizining qo‘li chaqqon, zehni tez bo‘lishini xohlardi. Beka bo‘lsa, qizginaning “qonida bor” bu harakat chuqur ildiz otishini, yanada mustahkam bo‘lishini istardi. Beka har gapida: “Yaxshi otga qamchi ne hojat” deya takrorlashni xush ko‘rardi.
Kattalardan, xususan, o‘z bekasidan eshitgan bu ta’riflar yosh Gulabatinning sa’y-harakatlari va mehnatiga mukofot bo‘lish bilan birga, o‘ziga ham yoqib tushardi. Har holda bu ta’rif achchiq haqorat va ta’nadan ko‘ra ancha yaxshi edi-da. Shu boisdan ham Gulabatin kundan-kunga yaxshiroq ishlar, buyurilgan ishni o‘sha zahotiyoq bajarishga harakat qilardi. Ba’zan uni sinab ko‘rish uchun har xil topshiriqlar berishar, orqasidan kuzatishardi. Uzoq joyda yashovchi tanishinikiga yuborib: “Falon ko‘cha bilan borib, piston ko‘cha bilan qaytgin, chetga chiqa ko‘rma” deb tayinlashardi. U bu topshiriqni bir qadam chetga chiqmay bajarganini ko‘rib tasannolar o‘qishardi.
Hozir ham so‘z xonimning og‘zidan chiqishi bilan Gulabatin aralash-quralash bo‘lib ketgan yostiq va ko‘rpa-to‘shak jildlarini, dastro‘mol va sochiqlarni, ichki kiyimlarni yig‘ishtirib, eshikka yo‘naldi. Xonim uning orqasidan xursand qarab qoldi. Qizning bo‘yi past bo‘lganidan quchog‘idagi kiyim-kechak ostida ko‘rinmay ketganini ko‘rib kulimsiradi va “juda yaxshi qiz ekan, qo‘ldan chiqarmasligim kerak” deb o‘yladi.
Gulabatin esa xursand bo‘lib ketayotib, eshik oldida to‘xtadi va orqasiga qayrilib bolalarcha nozik ovozi bilan so‘radi:
— Xonim, ruxsat bering, tashqarida yuvay, hovuzning bo‘yida, maylimi?
Xonim derazadan tashqarini nurga g‘arq qilgan yoz oftobiga qarab ushbu xohishning sababini darhol tushundi va o‘zicha “nima qilganda ham bola bola-da” degan xayolga bordi, ruxsat bera qoldi:
— Mayli, boraqol, — dedi. — O‘sha joyga olib borib taxla, suv isit, idishlarni ham olib bor. Faqat ehtiyot bo‘l, mag‘zava suvni yerga to‘kma, gullarning tagiga sovunli suv to‘kilganini ko‘rsa, og‘aning jahli chiqadi.
— Xo‘p bo‘ladi! — deya Gulabatin quvnoq holda tashqariga chiqdi. Kiyim-kechakni hovuz bo‘yiga olib bordi. Bir chekkaga taxladi. Suv isitish, tos-tog‘ora va boshqa idishlarni olib kelish uchun orqaga qaytmoqchi bo‘ldi, lekin qayta olmadi. Chunki xuddi shu payt bir juft kabutar uchib kelib, hovuzda cho‘mila boshlashdi. Gulabatin ularni tomosha qilarkan, yana bir go‘zal kabutar uchib keldi. Hammayoqni “qu-qu”, “g‘u-g‘u” ovozlari tutib ketdi. Ajoyib bir jo‘r ovoz vujudga keldi. Tabrizning chiroyli, rang-barang kabutarlarini Gulabatin juda yaxshi ko‘rardi. Xuddi shuning uchun ham xonimdan kiyimlarni tashqarida, hovuz bo‘yida yuvish uchun ruxsat so‘ragandi. Kabutarlar shu qadar chiroyli edilarki, qizcha ularni tomosha qilib to‘ymasdi. Ular to‘shlarini suvga tekkizib olardilar-da, hovuz chetida o‘tirib qanotlarini yoyar, o‘zlarini oftobga toblardilar. Shunda biram chiroyli bo‘lib ketishardiki, qarab ko‘z to‘ymasdi! Kun nurida taroq-taroq ochilgan patlari yuz xil rangda jilolanardi. Boshlari oppoq edi. Bo‘yinlariga esa go‘yo yashil tumor osib olishgandi. Oyoqlari tizzagacha xina qo‘yilganday. Gulabatin ularni miriqib tomosha qilardi. U anchadan beri cho‘ntagida don-dun olib yurar, hozir ularni kabutarlarga socharkan, ularning talashib don cho‘qishlaridan qalbi quvonchlarga to‘lardi.
Qizginaning kabutarlarga havasini orttirgan ularning yolg‘iz zohiriy go‘zalliklari, ko‘zni quvontiruvchi ranglarigina emasdi. Gulabatin ularga qaragan sari qalbida ajoyib hislar uyg‘onar, xayol olib qochardi. Go‘yo sehrli bir qo‘l uzanib Gulabatinning ehtiyojga to‘la hayotining devorlarini yiqitar, o‘sha yerdan bizning sovuq dunyomizga o‘xshamagan bir olamga tuynuk ochganday bo‘lardi. O‘sha go‘zal olamda oppoq va moviy nurlar bilan oqib kelgan, iliq bir narsa qizning siynasini to‘ldirar, uni behush qiluvchi sharbat misol butun a’zoyi badaniga yoyilardi.
Oh, baxtiyor kabutarlar. Qani edi, men ham sizlar kabi ucha olsaydim!

Albatta, Gulabatin bizning zamonda qushdan ham, shamoldan ham tez uchadigan mashinalar yaratilganini bilardi. Hatto, bir marta xonimning jahldor o‘g‘li Shohpalank mashinaning suratini ko‘rsatib: “Tayyora!” degandi. Bunday mashinalarda faqat erkaklar emas, ayollar, qizlar ham uchganini aytganda Gulabatin qo‘rqa-pisa va bolalarcha sevinch bilan pichirlagandi:
— Armonim qolmasdi, agar bir kun men ham ko‘kda uchsaydim!
Bu gapni eshitgan Shohpalankning kulgisi qistadi. Ikki qo‘li bilan qornini ushlab rosa kuldi, keyin terli ko‘ylagini Gulabatinning boshiga irg‘itdi:
— Voy-voy, mana bu ko‘kda uchuvchiga qaranglar! Yerda eplab yurolmaydi-yu, osmonga chiqmoqchi! Olib borib yuv, qurit, dazmolla. Ertalabgacha tayyor bo‘lsin!
Oh, baxtiyor kabutarlar! Sizlar istagan paytingizda, xohlagan joyingizga uchib borasiz. Shohpalank kimligini sizlar bilmaysizlar! Men esa uning sassiq ko‘ylagini ham yuvishim kerak!
Kabutarlar uni tushunishganday yoqimli “g‘u-g‘u”lashganda Gulabatin go‘yo bir ajoyib kuyni tinglaganday bo‘ldi.
Chetdan qaraganda kabutarlar chindan ham Gulabatinni tanishi va sevishi, uning tuyg‘ularini his etishganday bo‘lib tuyulishi mumkin. Undan biror zarar ko‘rishmaydi, balki uning siymosida fidokor himoyachilari bor, deb o‘ylashadi. Chunki kabutarlar qizni hovuz bo‘yida ko‘rishlari bilan qizil g‘ishtli taxtapushning ostidagi inlaridan uchib, pastga tushardilar.
— Gulabatin, qushlarga ovora bo‘lma, vaqt o‘tayapti! — deya baqirdi oynavand dahlizdan xonim.
— Xo‘p bo‘ladi, xonim, hozir! — deya Gulabatin kabutarlarni qoldirib kirxonaga yugurdi…

SUYuNDIK

Gulabatin o‘n to‘rt yoshda; Tabrizning yozda chang, qishda balchig‘i tizzaga chiqadigan ko‘chalaridan birida, paxsa devorlari nuray boshlagan bir uyda tug‘ilgandi. Ular yashagan uyning kun chiqish tomonida “No shahr” zindoni joylashgan. Kunbotar tomonida — shahar tugagan joy esa qabriston. Uch-to‘rt yoshdan boshlab ko‘rgani — ko‘chalaridan yo mahbus olib o‘tishardi yoki o‘lik. Ha, bu yerda u kelin tushirilganini ham, to‘y marosimini ham ko‘rgan… Bunday hollarda mahalla bolalari chuvillashib, tobut ustida boshidan tirnog‘igacha qora kafanga o‘ralgan mayyitni yoki qurolli soqchilar olib ketishayotgan mahbuslarni tomosha qilishardi. Kelin olib o‘tishayotganda esa “maroq bo‘lsin” deb qichqirishar, o‘yinga tushishardi. Albatta, tobut ustidagi mayyit ularga juda sirli va dahshatli ko‘rinardi. Ularga hozir mayyit kafanni yirtib chiqadi-yu, taxtaday uzun, ozg‘in va yalang‘och qo‘llarini cho‘zib, bolalardan duch kelganini ushlab, o‘zi bilan olib ketadigandek tuyulardi. Shuning uchun bir-birining qo‘lidan mahkam ushlab, eshik og‘zidan bir qadam ham nari jilishmasdi. Ularning eng yoqtirgani to‘y marosimi edi. Chunki bunday paytlarda kattalar ham xushmuomala bo‘lar, hatto bolalarga shirinliklar ulashardi…
Mahbus olib o‘tilayotganda esa vaziyat butunlay boshqa bo‘lardi. Bolalar mahbusning kim ekani, nima ish qilib qo‘ygani haqida surishtirishar, bahslashardilar, hatto katta yoshlilar ular orqasidan ergashib “No shahr” darvozasigacha borishardi. Agar mahbus “siyosiy” bo‘lsa, bolalar yanada maroq bilan kuzatib qo‘yishardi. Kattalardan eshitganiga qarab, bolalar o‘g‘rilarga, do‘kon o‘maruvchilarga oshkora nafrat bilan qarardilar. Hatto o‘z tuyg‘ularini bildirishdan ham tortinmasdilar.
— Bo‘yini qaranglar, kap-katta kishi o‘g‘irlik qilsa-ya!
— Yegani harom, teshib chiqsin!
“Siyosiylar”ini esa tantanavor bir sukut bilan kuzatishar, gaplashganda ham pichirlab so‘zlashardi. Ularga nisbatan ko‘zlari maroq bilan yonardi. Go‘yo ular g‘ayrioddiy odamlar edi-yu, hayotlari sirli, o‘zlari ertaklardagi qahramonlar singari qo‘rqmas va jasur bo‘lib ko‘rinardi. Bir safar bitta “siyosiy”ning orqasidan qarab qolarkan:
— Katta bo‘lsam, men ham siyosiy bo‘laman! — deya maqtandi o‘zidan yetti yosh katta akasi Hamza uning qulog‘iga asta shivirlab.
Hamza darhol Gulabatinning ko‘ziga boshqacha ko‘rinib ketdi: qahramon, jasur, matonatli… Lekin o‘sha paytda na uning, na Hamzaning xayoliga siyosiy bo‘lish qanchalik og‘ir ish ekani kelmagan edi. Bu narsa oila boshiga qanchalar kulfat keltirishini ular qayoqdan bilsin?!
O‘sha paytda Gulabatinning otasi Namoz kishi ham, katta akasi Suyundik ham Tabriz ko‘n korxonasida ishlashardi. Ikkalasi ham oddiy ishchi edilar, oilani bir amallab tebratishardi. Namoz kishi ham, xotini Norinj ham bir burda nonlari borligi uchun kechayu kunduz xudoga shukr qilardilar. Faqat Suyundik qo‘lini duoga ochmas, shukr qilmasdi. U hayotidan, korxonadagi ish sharoitidan, ishchilar maoshining ozligidan shikoyat qilar, otasi ham, onasi ham uni tergab qo‘yishardi.
— Odam bunaqa noshukr bo‘lmaydi, bolam. Bundoq qaragin, Tabrizda qancha ishsiz bor. Bir burda nonga muhtojlar qancha! O‘shalarga qarab, o‘z ahvolingga shukr qil!
— Nimaga shukr qilayin, ota?! Bizning yerimiz, tuprog‘imiz kimda bo‘lsa, o‘shalar — kattayu-kichik hammasining tuvagi ham tilladan. Bizning hasratimizdan esa chang chiqadi. Nimaga shukr qilayin, ota?! — derdi Suyundik alam bilan. Uning ko‘pgina gaplariga Gulabatin tushunmasdi. Lekin uning gaplariga quloq solarkan, eshiklari oldidan olib o‘tilayotgan mahbuslar ko‘z o‘ngida jonlanardi. Shunda u Suyundik o‘sha mahbuslarning hammasidan jasur, hammasidan botir, — deb o‘ylardi, — hammasidan qahramon! — degisi kelardi.
Ana shunday his-tuyg‘ular ta’siri bilan u onasining tizzalari orasidan sirg‘alib chiqar, akasining qo‘ltig‘iga kirib, boshini uning ko‘ksiga qo‘yardi, keyin akasining qora jingalak sochlarini silay boshlardi. Akasi bo‘lsa otasi bilan bahslasha-bahslasha Gulabatinning boshini silar, jajji qo‘lchalarini hovuchi ichiga olib isitardi. Bahsning befoydaligini his qilib, so‘zida davom etardi:
— Bizlar hech kimmiz, ota! Bizning hayotimiz bir burda non bilan nihoyasiga yetadi. Bularni o‘ylash kerak! Hech bo‘lmasa, bular yaxshiroq kun ko‘rishsin. Jonim sog‘ bo‘lsa, Gulabatinni o‘qitaman. Ko‘zlaridan farosatli ekani shundoq ko‘rinib turibdi, o‘qitaman. Institutgacha olib boraman. Bitirsin, do‘xtir bo‘lsin, kasallarni davolasin…
Lekin taqdir taqozosi shunday bo‘ldiki, Suyundik o‘z orzusiga yeta olmadi. U Gulabatinni oltinchi sinfgacha o‘qita oldi. Qizning yoshi o‘n uchga to‘lib, u yettinchi sinfga borishga tayyorlanayotganda, bir kuni kechqurun qurolli odamlar kelib, “siyosiy” deya Suyundikni olib ketmoqchi bo‘lishdi. Onasi o‘zini yo‘qotib qo‘ygan bir holatda yig‘lar edi. Avvaliga dod solib yuz-ko‘zini yumdalamoqchi bo‘ldi. Suyundik: “Oyijon, o‘tinaman, jim bo‘ling” degan ma’noda qaragan edi, ayol jim bo‘ldi. Lekin ko‘zlaridan oqayotgan yosh tomchilari yuzidan o‘rmalab tushardi. Otasining rangi dokaday oqarib ketgandi. Ich-ichiga botib ketgan ko‘zlari isitmasi bor odam ko‘zlariday yonib turardi. Bu ko‘zlarda isyonkor fikrlar o‘ynardi. Lekin Namoz kishi hech so‘z aytmadi, qotib qolganday qarab turardi. Faqat Hamzagina o‘zini dadil tutardi. Ko‘zlari nafrat bilan boqardi. Bu paytda u o‘n to‘qqiz yoshda edi, o‘zi gilam fabrikasida ishlardi. U bir chekkada turib qurolli odamlarning shosha-pisha uy tintishlarini, ko‘rpa-to‘shaklarning astar-avrasini ag‘darib ko‘rishlarini kuzatarkan, yuziga qon tepar, mushtlari tugilardi. Gulabatin Suyundikka yopishib olgandi. Pastdan tepaga qarab turgan ko‘zlarini akasining yuzidan uzmasdi. U juda xotirjam ko‘rinardi. Qora qoshlari kerilgan, yirik ko‘zlari bamaylixotir tintuvchilarni kuzatardi. Go‘yo zindonga emas, boshqa joyga ketayotganday-u, ikki-uch soatdan keyin qaytib keladiganday tutardi o‘zini. Endi u, Gulabatinning ko‘z o‘ngida chindan ham bir qahramon edi va u akasi bilan faxrlanardi.
Lekin bu tuyg‘u uzoq davom etmadi. Onaning betinim oqayotgan ko‘z yoshlari, dunyodan umidini uzgan otasining murdaday oqarib ketgan yuzi oila boshiga katta baxtsizlik tushganini ko‘rsatib turardi. Birdan Gulabatinning miyasiga akasining tunlari uyda yotmasligi keldi-yu, uni vahima bosdi. Go‘yo akasidan butunlay ayrilib qoladigandek, uning qo‘lini qattiq qisdi. Buni his etgan Suyundik uning boshini mehr bilan siladi. Go‘yo ko‘zlari bilan: “Nima qilibdi, Gulabatin? Men qaytib, yoningizga kelaman. Seni o‘qitib, do‘xtir qilaman. Ishonaver…” – deganday bo‘ldi.
Akasining vazminlikni yo‘qotmagan, qo‘rqmas, mard va iliq qarashlari Gulabatinni muayyan muddat tinchlantirsa hamki, uydagi g‘am-g‘ussaning og‘ir yukidan xalos qila olmadi. Bir onda qizning boshida dog‘uli fikr charx urdi: kerakmas, qahramon bo‘lishingni istamayman, hammaga o‘xshash bo‘l-u, uyimizda qol…
Ana shu fikr ta’siri ostida u Suyundikka mahkamroq yopishdi, uning qo‘lini takroran qisdi. Yaxshiyamki Suyundik buni singil muhabbatining ifodasi deb tushundi. Unga go‘yo Gulabatin: irodali bo‘ling, qo‘rqmang! — deyayotgandek edi. U singlisini xotirjam qilmoqchiday unga tepadan pastgacha qarab chiqdi-da, kulimsirab: “Mendan xavotir olma, irodali bo‘laman” deganday ko‘zlarini yumib-ochdi.
Keyin Suyundikni olib ketishdi…
Dastlabki kunlar Gulabatin akasining uyda yo‘qligiga hech ishona olmasdi. Qariyb har kuni akasining aytganlari xayolida jonlanaverardi. Ayniqsa, qamoqqa olinishidan bir hafta oldin qilgan suhbatlarini unuta olmasdi. Uyda hech kim yo‘q edi, Suyundik bilan Gulabatin yolg‘iz edilar. O‘shanda suhbat kelajak haqida borardi. Akasi juda ajoyib bir olam haqida gapirardi:
— Hayot tubdan o‘zgaradi, singiljon, shundayligicha qolmaydi. Yeyish-ichish va kiyish haqida qayg‘uradiganlar bo‘lmaydi. Bizning bu Tabrizni hali ko‘rasan, uni biz jannatga aylantiramiz. Birorta ham paxsa uy qolmaydi. Changli ko‘chalarini, loysuvoq uylarining hammasini buzib, yangi uylar quramiz. Kattalarning hammasiga ish beramiz, kichkinalarni o‘qitamiz…
Lekin hayotning ehtiyojlari, turmushning og‘irligi yonida bular bir xayolga o‘xshardi, Gulabatinga tush kabi ko‘rinardi.
Suyundikni olib ketganlaridan so‘ng bir hafta o‘tmay turib, ko‘n korxonasidagi ishchilarni qisqartirish boshlandi. Aytishlaricha, fabrika egasi zarar ko‘ra boshlabdi, bozorda terining qiymati shu qadar tushib ketibdiki, ishchilarga maosh to‘lashning iloji bo‘lmay qolibdi. Tabiiyki, birinchi qisqartiriluvchilar ro‘yxatida Namoz kishi ham bor edi. Endi oila Hamzaning gilam fabrikasidan oladigan ozgina maoshi bilan kun kechirishi kerak edi. Bu maosh ularning uyi kirasini ham qoplamas edi. Namoz kishi o‘zini u yoq-bu yoqqa urib ko‘rdi, biror ish topolmay uyda o‘tirib, yolg‘iz xudogagina umid bog‘ladi. Usta Zeynal singari o‘ylab:
— Hech kim peshonasiga yozilganidan ortig‘ini ko‘rolmaydi, — dedi. — Peshonamizga nima yozilgan bo‘lsa o‘shani ko‘ramiz!
O‘sha paytlarda onasi yaxshi bir xonimga yugurdak kerakligini bilib qoldi. O‘sha xonim uydagi mayda-chuyda ishlarni bajarish, bozor-o‘charga boradigan, do‘kondan ul-bul narsalar olib keladigan ziyrak va qo‘l-oyog‘i chaqqon qiz bola axtarayotgan ekan. Bunday imkondan foydalanmaslik ahmoqlik bo‘lardi. Ular Gulabatinni darhol xonimning uyiga ro‘para qilishdi. Xonim dastlab oyiga o‘n tumandan1 berishga va’da qildi. Agar qiz o‘zini oqlasa va ularga ma’qul tushsa, bir ozdan keyin maoshini o‘n besh tuman oshirishga ko‘ndi. Bu shartga Gulabatinning onasi ham, otasi ham rozi bo‘lishdi. Chol-kampir bu xonimni oddiy bir xonim emas, farishta ekan, ularning dodlariga yetsin deb osmondan xudoning o‘zi yetkazdi, deb o‘ylashdi.
— Allohi karim, bir joydan berkitganda, boshqa yerdan ochadi! — deb Namoz kishi qo‘llarini ko‘ksiga ko‘tarib shukronalar aytdi.
Albatta, ikki yil badalida xonim Gulabatinni yaxshigina bilib oldi va undan juda ham rozi bo‘ldi. Va’da qilinganiday maoshini ham oshirgandi. Endi yeyish va kiyishdan tashqari unga yigirma tuman berib turardi. Yanada to‘g‘rirog‘ini aytadigan bo‘lsak, “qiz bolani pul buzadi” deb, o‘ziga emas, onasiga berardi. Har oyning oxirida Norinj kelib, ming bir duolar bilan yigirma tumanni olib ketar va Hamza keltirgan maoshning ustiga qo‘shib, ro‘zg‘or tebratishga harakat qilardi.

YaXShI XONIM

Gulabatin sahar ko‘z yorishi bilan uyg‘onishga odatlangandi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi. Albatta, sahar uyqusi uning uchun juda shirin edi. Lekin uxlasa bo‘lmasdi. Xonim va oilaning boshqa a’zolari uyqudan turguncha bozorga borib kelish, hovlini supurish, samovarga o‘t yoqish kerak edi. Har kun oftob nurlarining tog‘lar osha yoyila boshlaganini his etganday uyg‘onib ketar, go‘yo kimdir qo‘lidan tortib silkitayotganday, “tur!” — deyayotganday bo‘lardi.
Uyda ertalab kimning zarur ishi bo‘lsa, barvaqt turgisi kelsa:
— Gulabatin, ertalab meni yettida uyg‘ot!
— Gulabatin, ertalab soat oltiga chorak daqiqa qolganda meni uyg‘otish esingdan chiqmasin! — deb tayinlashardi.
U aytilgan paytda topshiriq berganning eshigini taqillatib:
— Og‘a, soat olti bo‘layapti, turing! — derdi.
Ertalabki nonushta payti, u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirisharkan, gap shu mavzuga kelib taqalganda hammasi baravariga hayrat bilan so‘rashardi:
— Hoy, Gulabatin, qanday sir borki, qachon istasang o‘sha paytda uyg‘onasan?
Gulabatin boshini xam qilib, javob bermasdi. Faqat uning bu fazilati xonimning va uydagilarning barchasiga ma’qul ekanidan ich-ichidan sevinardi. Barvaqt turishning sirini esa faqat o‘zi bilardi. Uning nazarida bunda hech qanaqa sir ham yo‘q edi. U oftobning chiqishi va botishiga qarab yotish-turishga odatlangandi. Gulabatinni uyqudan vaqtida uyg‘otuvchi sehrgar quyosh edi. Qizcha dahlizda oftob yorug‘ining ozmi yoki ko‘pligiga qarab soat necha bo‘lganini bilardi. U har oy va har kun qaysi vaqtda quyosh nurlari devorning qayeriga tushadi va odatda, qizchaning yotadigan joyi bo‘lgan dahliz qay darajada yorishganini bilardi. Yoz boshlaridan kuzning o‘rtalarigacha oftob uzluksiz nurlarini Tabriz uzra, uning go‘zal safoli bog‘-rog‘lariga sochgani uchun Gulabatin istagan paytida uyg‘ona olardi.
Bu Gulabatin burab qo‘yilgan soat singari aniq ishlardi degan ma’noni anglatadimi? Hecham-da! U ham o‘z o‘rnida maza qilib yotardi. Jajjigina qo‘llarini boshining ostiga qo‘yib, ko‘zlarini derazaning eng tepasidagi moviy bo‘shliqlarga tikkancha xayol surgan, ba’zan uxlab qolgan damlari ham bo‘lardi. Lekin bu narsa xonimning Gulabatin haqidagi yaxshi o‘ylariga putur yetkazmasdi. Chunki bunday hollar juda kamdan-kam ro‘y berardi. Bunday kunlar esa, ertalabdan bajariladigan zarur ishlar yo‘qligi tufayli Gulabatinga ma’lum bo‘lardi. Bunday paytlarda qizcha kechqurundan bamaylixotir yotar, ertalablari bemalol uyg‘onardi. Uyg‘onib o‘yga tolardi. Nimalarni o‘ylardi? Shunday damlarda u ko‘proq akasi Suyundikni o‘ylardi. Endi Suyundikni Tabriz zindonidan Tehronga o‘tkazishgandi. Tabrizda bir-ikki bor zindonning temir panjaralari ortidan uning yuzini ko‘rsa bo‘lardi. Gulabatinga akasi zindonga tushgandan beri ko‘zlari yanada kattalashganday bo‘lib tuyulardi. U odamga qaraganda naqd yuragining ichini ko‘rganday bo‘lardi. Lekin yashirin g‘azab bilan yonguvchi bu ko‘zlar temir panjaralar orqali Gulabatinga qaraganda yumshab, muloyimlashar, ajib bir tabassum bilan yorishib ketardi, tushunib bo‘lmas g‘azabning o‘rnini hasrat egallardi. Endi esa, Gulabatin haftada bir marta bo‘lsa-da, bu ko‘zlarni ko‘rish saodatidan mahrum edi. Rost, Suyundikning ko‘zlari hamisha Gulabatinning yuragida edi. Tong yulduzi singari uning yuragi ichida yonib turardi va hech qanday kuch uni u yerdan chiqara olmasdi. Hatto o‘n, yigirma, o‘ttiz yil o‘tsa ham bu yulduz singilning yuragiga nur sochib turadiganday edi. Lekin, qiziq! Vaqt o‘tgan sayin Gulabatinga noma’lum bir kuch har kuni uni Suyundikdan uzoqlashtirayotganday tuyulardi. Go‘yo bu yulduz olis-olislarda sovuq porlab turganday bo‘lardi. U akasini ertalablari yoki kechalari uxlayotganda eslab qolardi. Suyundik yosh qizning hayotida hammadan yashirin siriga aylandi. Shu sir bilan qizning ming bir orzulari, xayollari, tushunib bo‘lmas holatlari, jamiyatning, inson hayotining o‘rgimchak to‘ri misol chuvalangan hodisalari, ziddiyatlari bog‘lanib turardi. Har holda, Gulabatin Suyundik haqida hammaning yonida o‘ylashdan ham ehtiyot bo‘lardi. Go‘yoki ko‘zining ichiga qarashlari bilan zindonda yotgan “siyosiy” akasi haqida o‘ylayotganini bilib olishadiganday. U birorta begona ko‘zning yuragiga tushmasligini, u yerdagi eng muqaddas, eng aziz tuyg‘ulariga tegishini istamasdi. Shu bois, Suyundik haqida o‘yga tolgan saharlarda Gulabatin vaqtni unutib qo‘yar, ba’zan xonimdan ham kech turib hovliga chiqardi. Goho hech qayerga bormasligini bilgan kezlari ham kechikar, yotgan o‘rnida bemalol cho‘zilib qolar, ko‘rpasida nozlanishni o‘ziga ravo ko‘rar, “yana biroz yotay” deb ko‘ngliga erk berardi. Shunda ham ko‘zini mundoq ochib qarasa, yarim soat kech qolibdi — na oz, na ko‘p! Darhol hovliga quloq solardi. Ha, xonim turib yuz-qo‘lini yuvibdi, dastro‘molini hovlidagi ipga osmoqda. Shartta o‘rnidan turib, ko‘ylagini kiyar, sochini naridan-beri tarab, tashqari chiqib, titroq tovushda:
— Salom, xonim, — derdi. — Xayrli tong!
Uning ovozidagi gunohkorlik ohangini his etgan xonim mehribonlarcha kulimsirardi:
— Salom, Gulabatin, sal uxlab qolibsan-a? — derdi va darhol ilova qilardi: — Hechqisi yo‘q, sahargi uyqu shirin bo‘ladi. Bugun negadir men barvaqtroq turibman.
Gulabatin qalbida xonimga ming bir tashakkur tuyg‘usi bilan darrov yuz-qo‘lini yuvar, samovarga o‘t tashlar, hovlini supurishga kirishardi.
Gulabatinning baxtiga xonim umuman najib tabiatli bir ayol edi. Ba’zan alaf ichida shunday xushbo‘y gul ko‘karadiki, hidi va chiroyi ko‘rganni hayratga soladi. Mol-davlat va boylik kekkaytirgan, mehnatga va mehnat kishilariga nafrat bilan qaraydigan usti yaltiroq, ichi qaltiroq tekinxo‘rlarni yaratgan buzuq muhitda xonim nodir istisnolardan edi. Hech qanday boylik, noz-ne’mat va meros, saodat uning insoniy tabiatini buza olmagan, munis va mehribon inson qalbini toshga aylantirmagandi. Shu boisdan ham o‘n to‘rt yashar Gulabatinning inson irodasidan tashqari bo‘lgan sa’y-harakatlarini, mehnat qobiliyatini, ishchanligini, ota-onasiga tabiiy va behad muhabbatini ko‘rganda, bularning barchasini o‘zining kenja qizining o‘rinsiz shaltoqligini, har kuni soat o‘ngacha uxlashi, yeyish va kiyishda ko‘rsatadigan injiqliklari bilan, o‘g‘lining hech bir mezonga sig‘maydigan xarxashalari, biron-bir ne’matning qadrini bilmasligi, buzuq va xudbin tabiati bilan qiyoslaganda Gulabatinni yurakdan sevib qolgan va shuning uchun unga nisbatan qalbida samimiy muhabbat uyg‘onganini his etgandi. Xonim Gulabatindan ko‘rgan hurmat-e’tiborni faqat katta qizidan ko‘rardi. Uydagi qolgan oila a’zolari unga faqat azob berar, qonini qaynatar, hayotini zaharlar, yuragini dard bilan to‘ldirar edilar. O‘z bolalaridan kutganlarini begona qizdan topishi onaning qalbida qanchalik achchiq taassuf hislarini uyg‘otsa ham Gulabatinni keragicha qadrlashga monelik qilmasdi. Gulabatin bularni yaxshi his qilgani uchun xonimni sevardi va qo‘lidan kelgancha uni rozi qilishga urinardi.
Gulabatin ko‘pdan beri shuni ham sezib yurardiki, xonimning eri Hoji Salmon ayolining butunlay aksi: jahldor, insofsiz, jizzaki bir odam edi. Jahli chiqqanda bosar-tusarini bilmay qolar, bunday paytlarda xotinidan boshqa hech kimga quloq solmasdi. U og‘ziga kelganini qaytarmas, achchiq so‘zlari bilan odam qalbini jarohatlamay qo‘ymasdi. Xonimga og‘ir gap aytolmasligining, jahli chiqqan paytlarda u bilan ehtiyotkorona muomala qilishning sababi esa muhabbat yoki hurmat emas, qo‘rquv edi. Zero, Hoji Salmon xotinidan tortinardi va buni Gulabatin ham sezardi! Shunga qaramay, Hoji Salmon ba’zan xonimni ham zaharlardi. Xususan, xonimning Gulabatinga muloyim raftori, qizgina uxlab qolganida achchig‘lanmasligi, jazolamasligi, aksincha, xushmuomalasi hojining nazarida axloq qoidalarining buzilishiga teng edi. Shu munosabat bilan Gulabatin hojining to‘ng‘illaganini, xonimga ta’nali gaplar aytganini bir necha bor o‘z qulog‘i bilan eshitgandi:
— Sen rasvo qilasan bu qizni. U – xizmatkor, uni joyida o‘tirg‘iz, boshingga mindiraverma!
— Boshimga mindirayotganim yo‘q. Rasvo qilmayman, qo‘rqmang! — deya xonim o‘ziga xos muloyimlik bilan javob berardi. — Siz xotirjam bo‘ling! Gulabatin joyini bilib o‘tiradigan qiz, boshga minadiganlardan emas!
Bugun Gulabatin yana uxlab qolgandi. Aksiga olib bu safar hoji xonimga nisbatan barvaqt turgandi, qayoqqadir shoshayotgan edi. Samovarning qaynab turmaganini ko‘rib, Gulabatinni chaqirdi. Oppoq, semiz qo‘li bilan iyagidagi uzun, siyrak soqolini o‘ynagancha:
— Choy olib kel, shoshib turibman, — dedi.
— Hozir, og‘a, — deya Gulabatin shoshib samovarga suv soldi, ko‘mir qalab, tutashtirdi. Bularni ko‘rib turgan hoji og‘a ko‘rmaganlikka olib derazasi boqqa qarab ochiladigan katta yemakxonadan qichqirdi:
— Gulabatin, choy nima bo‘ldi?
— Hozir qaynaydi, og‘a, damlayman! — deganicha qo‘rqib javob berdi Gulabatin.
Hoji achchiqlanmadi, do‘q qilmadi, ammo zaharxandalik bilan “xi-xi” deb kuldi va ko‘sa soqolini o‘ynatdi:
— Vaqtida turish kerak, xonim qiz, vaqtida!
U “xonim qiz” so‘zini shunday bir istehzo bilan aytdiki, Gulabatinning siynasiga o‘q sanchilganday bo‘ldi. Shunday muloyimlik bilan aytilgan achchiq, zaharli so‘zlardan ko‘ra, hoji qichqirsa, do‘q qilsa yaxshiroq bo‘lardi.
Yaxshiyamki shu payt xonim chiqib qoldi va hojiga yaqinlashdi. Ular nima haqdadir gaplasha boshlashdi. Gulabatin tutab, sira o‘t olmayotgan samovar yoniga cho‘kkaladi, mo‘rkonni olib tashlab, qattiq-qattiq pufladi, o‘tin va ko‘mir alanga olgach, mo‘rkonni yana kiygazib qo‘ydi. Xonim bilan hoji hamon pichirlashardilar. Lekin ovozlari borgan sari ko‘tarila boshlagandi. Gulabatin istar-istamas ularning suhbatini eshitib qoldi.
— Hoy kishi, xudo haqqi, bas qiling, bir piyola choy deb qonimizni qaynatmang! — deya xonim bosiqlik bilan gapirardi.
— Men hech kimning qonini qaynatganim yo‘q, xonim, aksincha, mening qonimni qaynatishmoqda! — derdi hoji muloyim, lekin zug‘umli bir ovozda. — Bilolmayapman, men bu uyda kimman o‘zi… Bir xizmatkor qizchaga gap ham aytaolmasam!?
— Sizdan iltimos, hoji, borib do‘konda bilganingizni qiling. Uy ishlariga, xizmatkor ishiga aralashavermang. Men o‘zim bilaman oqsoch bilan qanday gaplashishni. Ko‘zimni ochibmanki, oqsochlar, xizmatkorlar bilan muomala qilib kelaman.
Xonimning oxirgi gapi hojiga boplab tikon sanchib olish, uning popugini pasaytirib qo‘yish uchun aytilganini Gulabatin tushundi. Xonim aslida mo‘tabar bir odamning qizi edi. Otasi butun Tabrizda ma’lum va mashhur edi. Ovro‘pa mamlakatlari bilan aloqasi bor edi uning. Aslida qishloq bog‘boni naslidan bo‘lgan bu odam yaxshi tahsil olgan, Ovro‘pa tillariga oshna edi, ingliz tilini juda yaxshi bilardi. Hatto mukammal forscha-inglizcha lug‘atlardan birining muallifi edi. Mol-davlat jihatidan ham Tabriz kiborlarining eng taniqlisi bo‘lgandi. Faqat ulardan ma’rifiy qarashlari bilan ajralib turardi. U qiziga yaxshi tarbiya bergandi, hoji esa ota-bobolari o‘rta toifadagi bir baqqolning bolasi edi. Oilaning yolg‘iz farzandi bo‘lgan xonimga uylanganidan so‘ng, qaynotasining yordami bilan do‘kon ochgandi. Gap aylanib nasl-nasabga taqalgach, hoji jimib qoldi, choyini ichib tamomlaguncha na xonimga, na Gulabatinga biror so‘z demadi. Ularning yuzlariga ham qaramay, indamay-netmay chiqib ketdi. Faqat Gulabatin kun bo‘yi o‘yga toldi. Xonim bilan og‘a o‘rtasidagi tortishuvga sabab bo‘lganidan uning ko‘ngli juda g‘ash edi. Bundan keyin sira ham uxlab qolmayman deb, o‘z-o‘ziga so‘z berdi. Endi hammavaqt oldin turaman deb ont ichdi. Nima ham qilardi, taqdir taqozosi shunday ekan-da!

ONA TILI

Kechqurun yotish oldidan xonim Gulabatinni yoniga olib, qo‘liga sariq qalam tutqazdi-da, bir varaq qog‘ozni oldiga qo‘ydi.
— Yoz. Qani, ko‘raylik-chi, ertaga bozordan nimalar olarkanmiz.
Bu ishni Gulabatin juda yoqtirardi. Xonimning topshiriqlari ichida eng ma’quli shu edi. Qizcha qalamni barmoqlari orasiga olib, mahkam qisdi-da, qog‘ozni oldiga tortib, xonimga qaradi. Gulabatinning tayyorligini ko‘rib, dedi:
— Sariyog‘ — uch kilo. Qora mayiz — ikki kilo. Yozdingmi?
Gulabatin hech narsa yozmay, taajjub va savol nazari bilan xonimga qaradi. Axir, bunday narsalarni hoji og‘aning o‘zi olib, berib yuborardi. Buning ustiga, xonim aytganiday, uch kilo, ikki kilo emas, o‘n-o‘n besh baravar ko‘p. Uyga bir yarim-ikki oyga yetadigan bo‘lardi. Xonim qizning qarashlaridagi savolni tushunib, dedi:
— Hoji tayinlabdi, olib kelishadi. Kech qoladimi degan xavotirdaman. Ovqat paytigacha olib kelisha olmasa kerak. Sariyog‘ qancha dedim?
— Uch kilo, dedingiz, xonim…
— Ha, sariyog‘ — uch kilo, qora mayiz — ikki kilo, xurmo — bir kilo, kashtan — bir kilo, turshak — bir kilo, yozdingmi?
Xonim Gulabatinga birinchi sinf o‘quvchisiga yozdirganday mehribonlik bilan dona-dona qilib aytib turdi.
— Yozdim, xonim, — dedi Gulabatin xonimga boshdan-oyoq qarab chiqarkan, “Xonimda shunday fazilat bor ekan, undan juda ajoyib o‘qituvchi chiqardi-da!” deb o‘yladi. Bu fikrini hatto xonimga aytmoqchi ham bo‘ldi. Lekin istihola qildi, negadir tortindi. Xonim sezgir edi. Gulabatin ko‘zlarining harakatidan nimadir demoqchi ekanini fahm etdi.
— Qani ayt-chi, nima demoqchisan?
Gulabatin jim turishning endi mumkin emasligini angladi. Xonim so‘rab turganda fikrini undan yashirishni gunoh deb bildi. Lekin ayta olmadi.
— Hech, xonim…
Xonim avvaliga Gulabatin bugun bozor xususida biror narsa demoqchi shekilli, deb o‘yladi. Lekin qizning qizarganini ko‘rib, boshqa gapi borligini tushundi.
— Xo‘sh, Gulabatin?
— Demoqchimanki, xonim, sizdan juda yaxshi muallim chiqadi! Siz dars bergan bolalarning hammasi yaxshi o‘qishardi…
Gulabatinning o‘zi ham sezmagan holda xonimning qalbidagi shunday torga beg‘araz tegib ketgan ediki, u barcha insonlar siynasidagi eng hassos torlardan bo‘lib, birgina so‘z ham uni titratib yuborishi hech gapmas. Kichkinagina qiz bolaning, oddiy bir oqsoch qizchaning og‘zidan shunday gapni eshitish xonimni junbushga keltirdi. U qo‘lini qizning boshiga qo‘ydi.
— Qayerdan bilasan?
Gulabatin tetiklandi, bu go‘zal xonimning ruhini ko‘taradigan bir gap aytgani uchun suyunib, soddadillik va samimiylik bilan javob berdi.
— Juda sabrlisiz, odamga o‘shqirmaysiz! — dedi, — bolalarni yaxshi ko‘ruvchilarni hech kim ranjitmaydi.
Xonimning siymosida birdan afsus va nadomat hislari ko‘rindi:
— Axir, Shohpalank, kichik xonim meni nega ranjitishadi? Nima, men ularni kam sevamanmi?
Gulabatin bu savolga javob topa olmadi. Faqat g‘ira-shira tarzda shuni his etdiki, chindan ham odamlarning hayoti o‘zi o‘ylaganchalik sodda emas, xuddi o‘rgimchak to‘ridek aralash-quralash sirlar bilan to‘la. Xonim bo‘lsa, yomon bolalarining qiliqlaridan, yuragini o‘rtovchi og‘ir va alamli o‘ylardan chalg‘ishga urinib:
— Mayli, yoz qani: to‘sh go‘shti — besh kilo, — dedi va peshonasiga osilib tushgan sochini qayirib qo‘ydi-da, davom etdi: —ko‘katlar, hammasidan bir bog‘dan. Faqat shovil esdan chiqmasin. Agar bo‘lsa, bir dona tosh qalam ham olgin.
Xonim yana ba’zi narsalarni yozdirganidan so‘ng, hali uydan chiqib ulgurmagan Gulabatinga tayinladi:
— Og‘irlik qilsa, baqqolning o‘g‘liga ayt, senga yordamlashib yuborsin. Bir-ikki tanga bersang…
Xonim ketgach, Gulabatin ertalab olinadigan narsalar ro‘yxatini saharmardon turishim bilan ko‘zim tushsin deb, deraza tokchasiga qo‘ydi. Keyin yostig‘i tagidagi ko‘k jildli kitobni olib, deraza oldiga o‘tirdi-da, o‘qiy boshladi. Bu kitob demokratlar hokimiyati paytida Tabrizda beshinchi sinf o‘quvchilari uchun chiqarilgan “Ona tili” kitobi edi. Gulabatin kechqurunlari ishdan bo‘shadi deguncha undagi kichik hikoyalarni, adabiy parchalarni, xalq ertaklarini, topishmoqlarni zo‘r maroq bilan o‘qirdi.
Ham sodda yozilgani hamda akasi Suyundikdan yagona yodgor bo‘lgani uchun bu kitob Gulabatinga dunyoning barcha qimmatli narsalaridan aziz edi. U uchinchi sinfda o‘qiyotganida akasi bu kitobni sandiqchadan olib bergan va shunday degandi:
— O‘z tilimizda yozilgan. Uni yaxshi asra. Toki sen o‘z tilimizda bundan ham qiyin kitoblarni tushunadigan bo‘lganingdan, forschani ham yaxshi o‘rganganingdan keyin bu kitobni tashlab yuborma, saqlab qo‘y, boshqalarga kerak bo‘ladi. Lekin hech kim bilmasin, xo‘pmi…
Gulabatin kitobni olib varaqladi, u yoq-bu yog‘iga qaradi. Rasmlarini tomosha qildi:
— Nega hech kim bilmasin?! Siyosiymi? — deya so‘radi, — qayerda bosib chiqarishgan?
— Siyosiy emas, o‘z tilimizda, — shuning uchun ham siyosiydan yomonroq-da…
— Voy, nega axir?!
— O‘zim ham bilmayman! — deya Suyundik asabiy javob qildi. Uning gapni cho‘zishni istamayotgani ko‘rinib turardi. Gulabatin esa badtar qiziqardi:
— Voy xudoyim-ey, nega axir?
— Katta bo‘lsang, bilib olasan…
— Buni kim chiqargan o‘zi? Nima, hukumat bilmaydimi?
Suyundik kitobning boshqa odamlar tomonidan chiqarilganini aytdi. O‘sha odamlar haqida Gulabatinning savollariga birgina javob qildi:
— Yodingda bo‘lsin: ular yaxshi odamlar edi. Ular hamma joyda ozodlik bo‘lishini, hammaning ishlashini, barchaning noni, kiyimi bo‘lishini istashardi. Birov birovga zulm qilmasligini xohlar edi ular.
Suyundik gapirgan sayin Gulabatinning qiziqishi ortib borardi. Bolalarcha o‘jarlik bilan so‘rayverardi:
— Keyin o‘sha hukumatga nima bo‘ldi?
— Tarqatib yuborishdi.
— Voy… Kim tarqatdi? Yaxshi narsani ham tarqatib yuborisharkanmi?!
— Katta bo‘lsang, bilib olasan! — deya Suyundik singlisining yuzidan o‘pdi. — Shu kichkinagina boshingda yaxshi miya bor. Faqat kitobni yirtma, xo‘pmi, toza saqla, yo‘qotib qo‘yma.
Ko‘pincha kitobni oldiga qo‘yib o‘qirkan, Gulabatinning ko‘zlari sahifadagi satrlararo to‘xtab qolardi. Chunki Suyundik kitob orasidan boshini ko‘tarib, unga qarab turganday, qiz akasining ovozini eshitganday bo‘lardi. U bilan gaplasha boshlardi… Uyda xonimdan bo‘lak hech kimning “Ona tili” kitobidan xabari yo‘q edi. Gulabatin bu kitobni hammadan, ayniqsa, hojidan, uning o‘g‘li Shohpalankdan yashirib yurardi, ularning tortib olib, yirtib qo‘yishlaridan qo‘rqardi. Xonimga bo‘lsa Gulabatinning o‘zi aytgandi. Uning yaxshi, rahmdil ekanini bilganidan keyin aytgandi.
Xonimlarnikida ishlayotganining ikkinchi yili edi. Avvallari Gulabatin o‘zining maktabga qatnaganini, sal-pal o‘qish, yozishni bilishini uydagilardan yashirardi. Nega? Yashirin bir tuyg‘u unga agar bilib qolishsa, ularda shubha uyg‘onadi, derdi. Yeyishga non topolmaydigan yugurdak bir qizcha qayerda-yu, maktab qayerda, o‘qish qayerda, demaydilarmi? Keyin Suyundik haqida ham bilib qolishadi. Siyosiy mahbusning singlisini bunaqa uyda qo‘yib qo‘yishadimi? Yo‘q, albatta. Atrofida ko‘rganlari va eshitganlari Gulabatinni nihoyatda ehtiyot bo‘lishga o‘rgatgandi. Shu boisdan u maktabda o‘qiganini yashirishga majbur edi.
Lekin keyinchalik xonimning hech kimga yomonlik qiladigan odam emasligini bilgach va har jihatdan uning e’tiborini qozongach, Gulabatin biroz yozish-chizishni bilishini undan yashirmaslikka qaror qildi. Avvallari xonimning bozor topshiriqlarini yodida saqlab, aytganiday qilib bajarardi. Sarflagan pullarini ham tiyiniga qadar yodaki hisoblardi. Ammo, xonimni yaxshi tanib, savodi borligini undan yashirmaslikka qaror qilgach, bekasi topshiriq berishi bilan qog‘oz-qalam olib yozishga kirishdi. Xonim hayratlanib so‘radi:
— Hoy qiz, sen yozish-chizishni ham bilarkansan-da?! — javobini ham kutmay ilova qildi: — Xudo haqqi, Gulabatin, sen tilla qiz ekansan-ku. Hojini ko‘ndirib, seni o‘qitaman!
O‘sha kundan boshlab, Gulabatin bozordan olinadigan narsalarning ro‘yxatini tuzib, yoniga miqdorini yozadigan bo‘ldi. Bozordan qaytgach esa, har biriga qancha pul sarflaganini yozib, hammasining yakunini chiqargach, oxirida jamlab barcha harajatlarni hisoblardi-da, so‘nggi tiyinigacha xonimga topshirardi. Ba’zan xonim topshiriqlarni xonasida o‘z qo‘li bilan yozib kelardi. Dastlab Gulabatin xonimning bitganlarini uncha tushuna olmasdi, lekin tezda o‘rganib olib, uning dastxatini qiynalmay o‘qiydigan bo‘ldi. Ana shunday yaqinlikdan keyin bir kuni Gulabatin bekasining kayfiyati yaxshi paytida onasini ko‘rish uchun ijozat so‘radi va uylariga bordi. Qaytganida “Ona tili” kitobini qog‘ozga o‘rab olib keldi va xonimga ko‘rsatdi:
— Bekam, ruxsat bering, kechalari mana shu kitobni o‘qiy…
Xonim kitobni olib, varaqladi, bir parchani o‘qib, Gulabatinga qaytardi.
— Bunda nima borki, ruxsat so‘rayapsan? Xohlaganingcha o‘qiyver.
Gulabatin bekaga “bu boshqa hukumat davrida chop qilingan, endi ruxsat berishmayapti”, demoqchi edi. Lekin aytmadi… Endi bo‘lsa dahlizda deraza oldida o‘tirib, o‘sha kitob — “Ona tili”ni o‘qiyapti. Gulabatin yashayotgan dahliz uyning orqasida, har tomondan berk dahliz edi. Xonim bu yerni ortiqcha kiyim-kechak, har zamonda ochiladigan sandiq va gilamlar saqlanadigan omborga aylantirgandi. Bu yerdan bir eshik umumiy dahlizga, yana bir eshik bekaning yotoqxonasiga ochilganidan kirib-chiquvchilar bo‘lmasdi. Beka bo‘lsa kechayu kunduz istagan paytida Gulabatinni chaqira olardi. Shu mulohaza bilan unga atab bu yerda bir burchak ajratgandi. Har holda Gulabatin juda rozi edi. Chunki u yotgan joy oyoq osti emasdi, chekka joy, shu yerda bemalol o‘tirib, o‘y-xayollarga erk bersa bo‘lardi.
Lekin Gulabatin negadir o‘zini g‘alati his qilar, bezovta bo‘lardi. Bir ozdan so‘ng bu tuyg‘u vijdon azobiga aylanardi. Ich-ichidan bir tovush kelar, unga shunday derdi: “Uyat emasmi, Gulabatin , beka senga shunchalik ishonadi, sen bo‘lsang, nonko‘rlik qilayapsan, uni aldayapsan. Nega aytmaysan axir, xonim, bu kitob topilgan joyni “siyosiy” hisoblaydilar, gunohkor qiladilar”, – deb.
Gulabatin ana shunday o‘ylar bilan o‘zini bir gunohkor bandaday hisoblab, qilayotgan ishidan norozi tarzda uyquga ketdi. U toshday qotib uxlab, sahar payti ko‘zini ochdi. Lekin bozorga borib-kelib xonimga salom berib, “xayrli tong, bekam” deganida ma’lum bo‘ldiki, u kechani unchalik ham tosh qotib uxlab o‘tkazmagan ekan.
— Gulabatin, aftidan, sening o‘sha kitobingda qo‘rqinchli ertaklar borga o‘xshaydi. Uxlash oldidan o‘qima, kechasi alahsirab chiqding. Uyqungda gapirding, baqirib-chaqirding…
Gulabatin bekasi oldida gunohini yuvish uchun yaxshi fursat kelganini anglab:
— Xonim, o‘sha kitob haqida sizga aytmoqchi edim, — dedi. — Sizga gap tegmaydi-a? Axir u boshqa hukumat davrida yozilgan?!
— Qanaqa boshqa hukumat, hoy qiz? Sen nimalar deyapsan o‘zi?! — deya xonim kitobni oldi, u yoq-bu yog‘iga qaradi-da, qizga qaytarib berdi. — Qaysi hukumat paytida yozilsa yozilgandir. Bolalar uchun ertak kitobi!
— Xonim, bu juda qimmatli kitob, lekin afsuski, siyosiy-da! — “Siyosiy” so‘zini aytganda katta bir sirni ochayotganday Gulabatinning ko‘zlari yiriklashib ketdi.
Xonim esa:
— Eh, Gulabatin, — men siyosiy-piyosiyni tushunmayman, — dedi beparvogina. Keyin qo‘shib qo‘ydi: — Beraqol, hojiga ko‘rsatay-chi, siyosatda u bilan tenglashadigani yo‘q.
Gulabatin kitobni mahkam bag‘riga bosdi:
— Iltimos, jon beka, bu kitobni ularga ko‘rsatmang!
— Nimaga, hoy qiz?
— Og‘a juda jahldor, g‘azablanib yirtib tashlaydi, men kitobsiz qolaman…
— Bo‘pti, ko‘rsatmayman, bor, ishingni qilaver! — dedi xonim. U bu gaplardan hech narsa tushunmadi va Gulabatinning vahimasini dunyo ishlaridan bexabar qizchaning soddaligi bilan izohladi. Gulabatin bo‘lsa yugurib dahlizga o‘tdi-da, kitobni yostig‘ining tagiga yashirdi.

ShOHPALANK

Kuzning o‘rta oyi yarmidan o‘tgandi. Tabrizning ochiq osmonida bo‘z bulutlar endi tez-tez ko‘rina boshlagandi. Kunlar qisqarib, tunlar uzaygandi. Barglar sarg‘ayib, to‘kilar, toklar ship-shiydon bo‘lib borardi. Gulabatin hovlini, uyning bo‘sag‘asidan hovli eshigigacha, bog‘ning pana joyida, g‘isht devorning o‘ng burchagida yashiringan hojatxonadan bog‘ning o‘rtasidagi hovuzga olib boruvchi g‘ishtin yo‘lakni supurarkan, xazonning kundan-kunga ortib borayotganini ko‘rardi. Supurgi uchida va oyog‘ining ostida g‘ichirlayotgan xazon bir tomondan unga xush yoqardi, ikkinchi tomondan yuragiga g‘ussa solardi. Bu dunyoda sarg‘ayib-so‘lgan, o‘tib ketgan har bir foydali narsa qayg‘uli iz qoldirmaydimi?
Shunga qaramay, Gulabatin kuzni sevardi. Kuz o‘zi bilan birga hamma yoqqa mo‘l-ko‘llik va salqinlik olib kelardi. Ko‘chada, bozorda odamlar yanada xushchaqchaq ko‘rinar, o‘tgan-ketganga qo‘l cho‘zib tilanuvchilar soni go‘yo kamaygandek bo‘lardi. Go‘zal va safoli Tabrizda bitta ham mana shunday qo‘l cho‘zib tilanuvchi, ayniqsa, gadoy bolalar bo‘lmasligini juda-juda istardi.
Tilanchi bolani, ayniqsa, qizchalarni ko‘rganda Gulabatinning yuragi qinidan chiqib ketgudek bo‘lardi. Buning boisi bor edi, albatta. Avvallari u bunaqa narsalarga e’tibor bermasdi. Bozorga borib-kelarkan, Shohpur xiyobonidan Guliston chorbog‘iga qadar do‘konlardan xonim buyurgan narsalarni ola turib, yig‘layotgan, yoqasi yirtiq kambag‘al va tilanchi bolalarni ko‘rmasdi go‘yo. Lekin, mana bir necha oydirki, u bu go‘zal shaharning shu qora dog‘ini ko‘ra boshladi. Bu dog‘, bu yara unga har kun ko‘rinib yuragiga dahshat solardi. Shu paytgacha ko‘ngilni aynituvchi yarani yashirib turgan parda o‘z-o‘zidan yirtilgani yo‘q, dahshatli qo‘rquv qalbini behuda egallamagandi. Bularning bariga sabab Shohpalank edi!
Gulabatinni bu uyga topshirarkan, onasi qattiq tayinlagandi: “Qizim, hushyor bo‘l, hamisha sergak yur, xizmatga shay tur, harholda, begona uy, ehtiyot bo‘l, o‘zingga gap tekkizma. Sen aqlli qizsan, avvalboshdan ziyraksan. U yerda uyimizdagidan ham hushyor bo‘l, yaxshining yomondan farqiga yet!” Xonimning uyida xizmat qilishga kelgandan beri onasining bu gapini sira esidan chiqargani yo‘q. Bu uyda yashovchilardan har birining qanday odam ekanligini, fe’l-atvorini yaxshi bilib olgandi. Oilaning to‘ng‘ich qizi — katta xonimning onasiga tortganini, onasi singari sodda va sofdil ekanini bilib olgandi. Katta xonim har kuni muayyan paytda borib uxlar, muayyan paytda turardi, o‘rnini o‘zi yig‘ishtirardi, xonasini toza asrar, kiyimlarini joy-joyiga ilib qo‘yardi. Unga: “dars tayyorla, ozoda bo‘l” deguvchi bo‘lmasdi. Chunki hamma narsani o‘zi qilardi. Hatto keyingi paytlarda nonushtadan keyin idish-tovog‘ini o‘zi yig‘ishtirib, tozalab, joyiga qo‘yadigan bo‘ldi. Uning oppoq, yumaloq yuzi, pista dahani, g‘uncha lablari, yirik qora ko‘zlari, tutash qoshlariyu keng peshonasi hamisha yorug‘ edi. Chehrasidan xush tabassum arimasdi. Gulabatin uni juda yaxshi ko‘rardi. Katta xonim aytmasa ham uning xonasini supurib-sidirar, bog‘da yangi ochilgan gullardan uzib, ko‘zguli stoli ustidagi guldonga solib qo‘yardi. Albatta, bular katta xonimning nazaridan chetda qolmas va u har safar Gulabatinga tashakkur bildirardi.
— Yaxshi qizsan-da, Gulabatin! — derdi u. — Oliy bilimgohda imtihonlarni topshirib, sal qo‘lim bo‘shasin, senga o‘qish-yozishni o‘rgataman.
— O‘qish-yozishni bilaman! — deya bir kuni Gulabatin sirini unga aytib qo‘ydi.
Katta xonim darhol Gulabatinning qo‘liga kitob tutqazdi:
— Qani, o‘qi-chi…
Kitob forscha edi. Ustiga “Siyahatnomeyi Ibrohimbay” deb yozilgandi. Gulabatin bu so‘zlarni o‘qidi, hatto ma’nosini ham aytib berdi. Katta xonim unga ona tilida yaxshi kitoblardan topib berishni va’da qildi.
Oilaning kenja qizi — kichik xonim opasining tamomila aksi, erkatoy va shaltoq edi. Hech bir narsada nizom-intizomni bilmasdi. Xohlasa, masalan, ertalabki choyini ichib bo‘lgach, borib uxlardi. Kechasi allamahalgacha radioning qulog‘ini burab, allambalolarni tinglardi. Keyin soat o‘nga qadar uxlab yotardi. O‘rnini yig‘ishtirmas, kiyimlarini to‘g‘ri kelgan joyga tashlar, keyin axtarib yurardi. Darslarga qiziqmasdi. Opasi maktabni a’lo baholar bilan bitkazib, hakimlikka o‘qiyotgani holda, u ko‘zgu oldiga o‘tirib olib, o‘ziga oro berish bilan ovora edi. Moda ketidan quvar, tufli va ko‘ylaklarning eng oldini kiyardi. Kichik xonimni bunchalik erkatoy va olifta qilgan onasi emasdi, albatta. Xonimning o‘zi uning bu qiliqlaridan norozi edi. U bu noroziligini shunday ifodalardi:
— Nima qilay, boylik, badavlatlikning ham mana shunday balosi bo‘larkan. Bolani mehnatga o‘rgata olmaysan. Odamlardan shunday narsalarni o‘rganib keladiki, sira tuzatib, yo‘lga solib bo‘lmaydi. Na yegan nonining qadrini biladi, na boylikning. Hammasi osmondan tushadi deb o‘ylaydi, hamisha shunday bo‘ladi deb xayol qiladi…
Biroq bu so‘zlar kichik xonimga ta’sir qilmasdi. Gulabatinga bu qiz onasini tushunmaganday, uning so‘zlarini eshitmayotganday bo‘lib tuyulardi. U onasining gaplarini eshitgisi kelmas, fikri-xayoli boshqa narsalarda edi. Gulabatin mumkin qadar o‘zini undan uzoq tutar, biror narsa so‘raganda ham darhol bajo keltirib, o‘z joyiga borib o‘tirardi.
Ammo Shohpalankka qaraganda, kichik xonimning qiliqlari holva edi. Qizlarining ikkalasidan ham katta bo‘lgan Shohpalank yigirma ikki yoshdan oshgandi. Biroq uning g‘ayriodatiy qiliqlarini, gap-so‘zini, oila a’zolari bilan munosabatini, bema’ni ishlarini ko‘rgan odam o‘n uch, o‘n to‘rt yoshda bo‘lsa kerak deb o‘ylardi. Umuman, o‘zi ham, qiliqlari ham telba-teskari edi. Ko‘ngli nima tusasa, shuni qilardi. Uning bema’ni qiliqlarini ko‘rib, hayratdan yoqa ushlamay ilojing yo‘q edi.
U bilan ilk bor uchrashganidayoq Gulabatin uzoqroq yurgan ma’qul ekanini his etgandi. Buni qarangki, dastlabki ko‘rganidayoq Shohpalankda bu oqsoch qizga nisbatan nafrat uyg‘ongandi. Gulabatin ularnikiga kelganining ikkinchi oyi edi. O‘tgan bir oy mobaynida Gulabatin Shohpalankning yuzini qariyb ko‘rmagandi, u haqda sal-pal eshitgandi, xolos. Shohpalank, odatda, har kuni o‘rnidan turgach, nonushta qilib, uydan chiqib ketar va hammadan keyin qaytardi. Shu bois Gulabatin uni qariyb ko‘rmasdi. U o‘rnidan juda kech turardi. Ko‘pincha u uyqudan uyg‘onganda do‘konu bozor allaqachon ochilgan, maktablarda dars yarmidan o‘tgan, korxona ishchilari tushlikka chiqishgan bo‘lardi. Bir so‘z bilan aytganda, oftob ko‘tarilib, vaqt choshgohdan oshganda Shohpalank uyqudan turib, yuzini naridan-beri yuvib, esnay-esnay, kerishgancha, hech kimga salom ham bermasdan, nonushtaga o‘tirardi. Voy, xudoyim-ey, bu qanaqa non yeyish! Nonni tortib burdalar, ustiga bir bo‘lak sariyog‘ qo‘yib, og‘ziga tiqardi. Lunjlari shishib ketardi. Uni chaynab yutmasdan turib, qovurilgan tuxumni oldiga tortardi. Quymoqni maydalab, eng yirik bo‘laklarini og‘ziga tashlay boshlardi. Lunjlari yana shishib ketardi. Gulabatin birinchi marta ko‘rgan bu manzarani sira unutolmasdi. O‘shanda, hali aytganimizday, nonni, sariyog‘ni, tuxumni yutoqib yeb bo‘lganidan so‘ng. Shohpalank bir chekkada uni asabiy, alam bilan kuzatib turgan onasiga tashlandi, g‘azabli, qizargan ko‘zlari bilan xonimga tikildi. Xuddi g‘animiga o‘dag‘aylaganday:
— Yeyishga biror narsa bo‘ladimi, yo‘qmi?! — deb baqirdi.
— Nima kerak o‘zi, axir, dasturxonda hamma narsa bor-ku, — dedi xonim yuzi dokaday oqarib.
Bu gapni eshitib, Shohpalank portlab ketdi:
— Hech balo yo‘q-ku! Hammaga yedirasiz-u, menga kelganda qo‘lingiz qaltiraydi. Otamning ham, sizning ham. Ertalab tovuq dimlamasi yoqtirishimni yaxshi bilasiz-ku?! Bilasiz, lekin ataylab bermaysiz, yegani zahar bo‘lsin deb!
Xonim ham bo‘sh kelmadi, bor g‘azabini to‘kib soldi:
— Uyal-e, bu gapingdan! — dedi. — Nega bizga do‘q qilayapsan? O‘shqirishga nima haqqing bor?! Kap-katta odamsan, qo‘lingdan bir tiyinlik ish kelmaydi, na uydagi ishga qarashasan, na daladagi! Kelasan, jo‘naysan! Qayerda sarflaysan, kim bilan sarflaysan, bilmaymiz! Hammasini sovurib bo‘lgach, yana kelasan, bizga do‘q urib!
Shohpalank onasiga shunday javob qaytardiki, buni eshitib Gulabatin dahshatga tushdi. Esi yo‘q, nima deyayotganining farqiga bormaydigan tentakkina onasiga shunday javob berishi mumkin.
— Men sening noningni yeyayotganim yo‘q, qachon o‘zing ishlab topsang, shunda bermaysan!
Shunday deb likopchani stolga urdi-da, choyni, nonni chala qoldirib o‘rnidan turdi, telbalarcha yugurib o‘z xonasiga kirib ketdi. Bechora xonim ham rangi bo‘zday oqarib, bir ahvolda yemakxonadan chiqib ketdi. O‘z xonasiga kirdi. Gulabatin dasturxonni yig‘ishtirib, idish-tovoqni yuva boshladi. Biroz vaqtdan keyin o‘z xonasida o‘tira olmagan beka hovliga chiqib, dordagi quritish uchun osilgan kiyimlarni ag‘darib ilish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Holbuki, ular ertalab ag‘darib qo‘yilgan edi. Xonim o‘zini qo‘yarga joy topolmayotgani, har xil o‘y-xayollardan o‘zini chalg‘itish uchun biror ish bilan band bo‘lishga urinayotgani ko‘rinib turardi. Shu paytda Gulabatin qandaydir shitirlashni eshitib, orqaga qaradi. Shohpalank o‘zining kelishgan bo‘yi bilan (zotan, u juda kelishgan yigit edi) yemakxonaning eshigi oldida savlat to‘kib turardi. Qiziq, uning qora ko‘zlari kulib turardi. Chehrasi ochilgandi. Sal oldinroq hunar ko‘rsatib, zug‘um qilgan odamga sira o‘xshamasdi. Uning nozik qora mo‘ylovi o‘ziga shunday yarashib turardiki, Gulabatinning qalbida taassuf uyg‘ondi. Shunday kelishgan, bo‘y-bastli yigit uyning tirgagi, ota-onasining faxri bo‘lish o‘rniga, qora tosh misol ularning bo‘yniga osilib, bo‘g‘ishga intilardi.
Shohpalank kulimsiragancha ko‘rsatkich barmog‘i bilan Gulabatinni chaqirdi. Gulabatin oldinga yurdi. Shohpalank eshikdan dahlizga o‘tdi va orqasiga o‘girilib, hurkak va ehtiyotkor ko‘ringan Gulabatinga “kel” deb ishora qildi. Gulabatin ajdarho nafasi bilan sehrlangan chumchuqday qo‘rqa-pisa uning izidan dahlizga chiqdi. Shohpalank dahlizning qorong‘i burchagidan katta bir tugunchani olib qizga tutqazdi va shivirladi:
— Olib borib, hovli darvozasining orqasiga yashir. Kelib olib ketaman. Oyim bilmasin.
Gulabatin qotib qoldi. Go‘yo oyoqlari yerga qoqib qo‘yilganday edi. Na qimirlay olar, na gapira bilardi. Uning qo‘lidan tugunchani olishga qurbi yetmas, qo‘rqqanidan “yo‘q” ham deyolmasdi. Qizning ikkilanib turganini ko‘rgan Shohpalank yana avvalgi holiga kirdi, bo‘riga aylandi:
— Nega bo‘zrayib qarab turibsan?! Ol deyapman!
Kiyikday hurkak, qo‘rqoq qiz bola yirtqich vahimasiga bardosh bera olmadi, qaltirab-qaqshab uning qo‘lidan tugunchani oldi, ikki qo‘li bilan quchoqlagancha hovliga chiqdi. G‘ishtin yo‘lak bilan darvozaga yo‘naldi. Tuguncha shunday og‘ir ediki, Gulabatin zo‘rg‘a yurib borardi. Yo‘lakning o‘rtasiga yetganda oyog‘i toldi, yiqilib qolmaslik uchun yo‘lak chetidagi mirzaterakka suyandi. Oyoq tovushlarini eshitgan xonim bu tomonga qaradi va so‘radi:
— Gulabatin, nima qilayapsan?
Qiz nima deyishni bilolmay, qotib qoldi. “Ey, xudo, qanday baloga qoldim!” deya o‘yladi. Xonim unga qarab yurarkan, butunlay quturgan vahshatni eslatuvchi ko‘zlaridan g‘azab o‘ti chaqnab turgan Shohpalank ham uydan chiqib shu yerga keldi. Xonim savolini takrorladi:
— Bu nima, Gulabatin? Qayoqqa olib ketayapsan?
Xonimning orqasidan mo‘ralayotgan Shohpalank qo‘li bilan “aytma, aytma” ishorasini qildi. Lekin aytmay bo‘larmidi?! Gulabatin bu bo‘ri bilan abadiy dushman bo‘lganini va undan qochib qutulishning imkoni yo‘qligini his etdi. Xonimning savoliga javoban ko‘zlari bilan Shohpalankni ko‘rsatdi:
— Og‘a berdi, xonim. Eshikka olib chiq, dedi…
Xonim engashib tugunchani yechdi. Uning ichidagi sariq qutini ko‘rib Shohpalankka qaradi:
— O‘lib, qora yerga kirgur, sen ham erkakmisan, sen ham akaman deb yuribsanmi? Axir, bu singlingning sepi-ku! Endi shu qolganmidi, sotib-sovurmaganing?!
Shohpalank qon to‘lgan ko‘zlarini onasidan olib Gulabatinga qadadi. Keyin yana onasiga tikildi:
— Pul bermasangiz, bundan ham badtar qilaman! — dedi barmog‘ini bigiz qilib onasiga. — Esingizda bo‘lsin, bundan keyin yalinib o‘tirmayman, so‘ramayman ham. Cho‘ntagimda hamisha pul bo‘lmasa, o‘zlaringdan ko‘ringlar!
U yelday yugurib hovlidan chiqib ketarkan, xonim qo‘llarini osmonga ko‘tardi:
— Yo Tangrim, men nima gunoh qilgan edimki, shunday jazolayapsan?! — dedi. Gulabatinga esa, bundan keyin xonimning ruxsatisiz uydan biror cho‘pni ham olib chiqmaslikni qat’iy tayinladi.
O‘sha kuni Gulabatin Shohpalankning ko‘ziga boshqa ko‘rinmaslikka qaror qildi. Ammo bu mumkin emasdi. Axir u bu uydan qochib ketolmasdi-da. Shohpalank uyda paytida ham dahlizda qololmasdi. Shunga ko‘ra, Gulabatin voqealarning borishiga tobe bo‘lolmasdan iloji yo‘qligini his qilardi. U o‘z taqdiriga qarshi borishga majbur. Balki taqdiri taqozo etgandirki, Shohpalank uni tushunib yetdi, qalbida Gulabatinga nisbatan muruvvat uyg‘otdi va uni kechirdi. “Axir buni tushunishning hech qiyin joyi yo‘q, —deya mulohaza qilardi Gulabatin . — Men bu uyda bir oqsochman, xolos. Xonimdan yashirin ish qilishga nima haqqim bor?! Meni bunday ishga boshlash noinsoflik emasmi? Ertaga ko‘chaga haydashsa nima qilaman? Busiz ham otam ish topolmay yuribdi, oyim kasalmand. Hamza sho‘rlik Shohpalankning yarmicha kelmaydi, uch odamni qanday boqsin?!”
Ana shunday o‘ylar bilan u juda ehtiyot bo‘lib xizmatini davom ettirardi. Shohpalank uyda bo‘lgan paytlarda o‘zini go‘yo hech narsa yuz bermaganday, go‘yo hech qanday mudhish voqeaning guvohi bo‘lmaganday tutardi. Gulabatin yosh va kam hayot tajribasiga ega bo‘lishiga qaramay, yoshlikdan o‘zlariga yo‘l ochishi kerak bo‘lgan kambag‘al bolalarga xos hushyorlik bilan bir haqiqatni yaxshi ilg‘ab olgandi. Yomondan yaxshilik kutma, der edi bu haqiqat. Faqat ahmoqlargina bunday odamlardan yaxshilik kutishlari mumkin.
Shularni o‘ylarkan, Gulabatinni vahima bosardi. Dunyo ko‘zlariga qorong‘ulashganday bo‘lardi. Tabrizning musaffo moviy osmoni, oynadek tiniq ufqlari torayishga, uni bo‘g‘ishga boshlardi. Demak, bundan bu yog‘iga vahima ichida yashashi, nogahoniy bir zarbadan qo‘rqib titrab-qaqshashi, yomon tushlar ko‘rishi kerak?! Yo‘q! Bu dunyoda har narsani kechiruvchi, har gunohdan o‘tuvchi, birovga kin saqlamovchi, yuragi toza odamlar ham bor-ku, axir. Ana shundaylardan biri Suyundik! Undan odamlar har qancha yuz o‘girmasin, vafosizlik qilmasin, yomon kunida teskari qarab ketganlar, og‘ir ahvolga tushib qolgan paytlarda qo‘lidan keladigan yaxshilikni ayamasdi! — bu fikrdan Gulabatin quvonib ketdi. “Axir, har qancha bo‘lmasin Shohpalank ham odam-ku. Uning ham yuragi bor. Mening boshqacha qilolmasligimni tushunsa kerak. Agar boshqacha bo‘lsam ularga zarar bo‘ladi, uylarida qo‘l-oyog‘i to‘g‘ri odam bo‘lgani yaxshi-ku, axir. Yoki qo‘li egri, yolg‘onchi odam yaxshimi?! Boshqani senga sotuvchi odam, axir, bir kuni seni ham boshqasiga sotadi-ku!”
Rostdan ham dastlabki kunlar Shohpalank Gulabatinga biror gap aytmas, hamishagiday dastro‘mol, choy so‘rashdan nariga o‘tmasdi. Hatto qarashlari ham sal yumshaganday edi. Ba’zan esa o‘zini go‘yo Gulabatinning bu uyda borligini his etmayotganday tutardi. Gulabatin bundan xafa bo‘lmasdi, chunki u Shohpalankning diqqatini jalb qilish zarardan boshqa narsa emasligini his qilardi.
O‘sha voqea yuz bergan kundan ancha vaqt o‘tgandi. Bu orada Shohpalank qayta-qayta onasi bilan, bir necha bor otasi, ora-sira singillari, xususan, katta singlisi bilan aytishib qolgan, janjallashib, ularga o‘z zahrini sochgandi. Lekin Gulabatin bilan bir marta ham urishmagandi.
Bir kuni tunda haddan tashqari kech qaytib, kunduzi juda kech turdi. Yuz-ko‘zidan yana zahar tomardi. Ko‘zlarining tagida qopchiqqa o‘xshash qora dog‘lar bor edi. Yana hovliga yoqavayron holda chiqdi, jundor ko‘kragini ko‘rsatgan holda kerisha boshladi. Gulabatin Shohpalank charchagan paytlari odamgarchilikdan chiqishini yaxshi bilardi. Hech narsadan tap tortmay zahrini sochar, kim bilan gaplashsa, uning dilini og‘ritishdan lazzatlanardi. U hovlining o‘rtasida turib olgandi. Bir soatdan so‘ng, bir kun, bir oy, bir yildan keyin, butun umri bo‘yi nima qilishini bilmaydigan odam singari maqsadsiz ko‘zlari bilan u tomon – bu tomonga qarardi. Gulabatin yana hovuz bo‘yida kir yuvar, kabutarlarning quvnoq “g‘u-g‘u”siga quloq solardi. Shu payt eshik taqilladi. Gulabatin sovunli qo‘lini yuvdi, yugurib borib darvozani ochmoqchi edi. Shohpalank qo‘li bilan imo qilib, uni to‘xtatdi:
— Men ochaman, — deb darvoza tomon yurdi. Darvozani ochib, to‘xtab qoldi. O‘ng qo‘li yalang‘och to‘shining junini o‘ynagancha o‘yga toldi. Shunda Gulabatinning qulog‘iga tashqaridan zaif bir qiz ovozi eshitildi:
— Og‘ajon, xudo yo‘liga sadaqa bering!
Shohpalank nimani o‘yladiyu tilanchi qizni ichkari chaqirdi. U mo‘ltoni bolasiga o‘xshardi. Past bo‘yli, ozg‘in, qoramag‘iz bir qizcha edi. Egnida eski, yirtiq-yamoq ko‘ylagi bo‘lib, u ham badanini, uyat joylarini zo‘rg‘a berkitardi. Shohpalank uni ichkari kiritib, hovuzga o‘girildi va chaqirdi:
— Gulabatin, bu yoqqa kel!
Gulabatin Shohpalank uni chaqirib, “mana bu qizchani olib bor, qornini to‘yg‘az, oyimga ayt, kiyishga biror narsa bersin, keyin chiqarib yubor” deb aytadi deb gumon qildi. Shunday o‘ylar bilan tez yurib uning oldiga keldi. Shohpalank unga qarab turgan tilanchi qizni ko‘rsatib:
— Gulabatin, sening egizak tenging yo‘g‘-a, qaragin, senga biram o‘xshaydiki! — deya bor ovozi bilan kula boshladi. Bu qahqaha chaqir tikanday qizning qalbiga sanchildi. Sanchildi-yu, uning ko‘zlaridan qandaydir pardani olib tashladi. Vahima bosib, g‘ururi tahqirlangan Gulabatin ho‘ngrab yubordi va orqasiga o‘girilib, yig‘laganicha o‘zini xilvat dahlizga urdi…

GULABATIN, HOY GULABATIN!

Tabrizda ajoyib tong otgan edi. Ko‘k yuzida ufqdan-ufqqacha bir parcha qora dog‘, bir parcha ham bulut ko‘rinmasdi. Gulabatin ko‘zini ochganda dahlizdagi yorug‘likning mo‘lligidan havo bugun behad go‘zalligini his etdi. Chaqqongina kiyinib hovliga chiqdi. Oq-qizil gullagan chinnigullarning yonidan o‘tib hovuz bo‘yiga bordi. Havo shu qadar sokin ediki, daraxtlardagi biror barg ham qimir etmasdi. Hatto hamisha mayin shitirlashi eshitiladigan teraklar ham jimjit edi. Hovuzning suvi tip-tiniq edi. Suvning zangori rangi Gulabatinning qalbiga ajoyib bir sevinch baxsh etdi. Hovuzdagi suvga bu qadar zangorilikni bergan osmonning musaffoligi ekanligini Gulabatin bilardi, albatta. Axir, havo bulutli bo‘lganda hovuz ham tund, loyqa ko‘rinardi-da. Qiz boshini ko‘tarib, osmonga qaradi. Beg‘ubor osmonga zavq bilan tikildi. Naqadar ajoyib!
Gulabatin osmonni tomosha qilishni yaxshi ko‘rardi. Bolaligida sokin kechalarda hovlida uxlaganlarida uning fikri-xayolini osmonga tortgan onasi bo‘lgandi.
— Qara, ko‘k yuzidek yulduzlar qanday sochilib yotibdi! — deya onasi o‘zi bilgan ertaklardan aytib berardi. “Yana aytib bering” degan Gulabatinga fikrini chalg‘itish, uxlatib qo‘yish uchun osmonni ko‘rsatardi. Keyin yulduzlar haqida ming yillar burun ota-bobolarimiz yaratgan afsonalarni aytib berardi. Go‘yo osmonda har bir odamning yulduzi bor emish, ko‘kda yulduz uchsa, yer yuzida bir odam o‘lar emish, onadan yana bir go‘dak tug‘ilganda esa, ko‘k yuzida yana bir yulduz paydo bo‘lar emish. Shunday qilib yulduzlar ham odamlar singari bittasi o‘lsa, ikkinchisi tug‘ilar ekan.
— Yulduzlar nimadan ekan, oyijon, — deb so‘rardi uyqusi kelmagan Gulabatin.
— Nurdan, yorug‘dan, qara, qanday porlab turishibdi, — deya javob berardi onasi.
— Nega unda bittasining yorug‘i oz, boshqasiniki esa ko‘p?
— Bu odamiga bog‘liq. Kim baxtli bo‘lsa, yulduzi yorug‘ bo‘ladi, kimning baxti bo‘lmasa — yulduzi ham shamchiroqqa o‘xshagan xira bo‘ladi.
— Nega endi hammaning baxti bir xil emas, oyi?
— Men qaydan bilay, bolam, bu xudoning ishi.
— Xudo nega hammaning yulduzini yorug‘ qilib yaratmaydi, oyi? Nega hammani birdek ko‘rmaydi? — deya so‘rayvergach, onasining jahli chiqardi:
— Tangri sirlarini hali hech kim tushunib yetmagan, bolam, bo‘ldi, uxla endi!
… Gulabatin hovuz bo‘yida turib Tabrizning musaffo osmonini kuzatarkan, ko‘ksida yanada murakkab tuyg‘ular uyg‘onardi. U hozirgi dunyoda o‘ta sodda va tabiiy insoniy saodat orzulari, oila muhabbati, ushbu oilada ko‘rganlari va eshitganlari haqida ko‘p o‘ylardi. Erkatoy kichik xonim taqdiri bilan o‘z taqdirini, yaramas, aqlsiz va dunyoga yovuzlik uchun kelgan Shohpalank bilan odamlarga saodat berish orzusida yashayotgan Suyundikning taqdirini qiyoslardi. Bu dunyoning ishlari yulduzlardan ham chalkash va tumanli sirlarga to‘la edi. Albatta, bu tumanlarni tarqatish Gulabatinning ishi emasdi. Lekin bu borada ham u o‘yga tolardi: adolatsizliklarni ko‘rib yuragi junbushga kelardi…
Bugun ko‘kda charx urayotgan kabutarlar hovuz tepasiga kelishmasdi. Kuz ertasi quyoshning nafasi shu qadar iliq ediki, jonivorlar juda baland uchardilar. Ular Gulabatinning ko‘ziga qora nuqtalarday bo‘lib ko‘rinardilar. Huv, baland osmonda temirqanot burgut ko‘rindi. Gulabatin bu qushning tayyora ekanini, uning yuzlab odamni bemalol ko‘tarib, dunyoning u boshidan bu boshiga elta olishini bilardi. “Oh, qaniydi, Suyundik kelsaydi, meni tayyoraga mindirib uzoq o‘lkalarga olib borsaydi!” — deb o‘yladi qiz. Xuddi shu payt xonalardan birining eshigi ochildi va erkak kishining ovozi uni chaqirdi:
— Gulabatin, hoy Gulabatin! Bu yoqqa kel, tez!
Gulabatin Shohpalankning ovozini darhol tanisa ham quloqlariga ishonolmasdi: “Tavba, nega muncha erta turibdi?” — deb o‘yladi. Shohpalank esa Tabriz ustidan hali uzoqlashmagan tayyorani ko‘rib, Gulabatinning nega osmonga tikilib turganini tushundi va kesatdi:
— Osmonda uchganing yetar, tush endi yerga, bu yoqqa kel! — dedi-da, “xi-xi”lab kuldi. Shunda Gulabatin uning otasiga o‘xshab kulishini ilg‘adi va “xudoga shukr-e, bunda ham ota-onasiga o‘xshash bir narsa bor ekan”, deb qo‘ydi. Lekin o‘sha zahoti o‘z-o‘ziga e’tiroz bildirdi: “Yo‘q, onasiga o‘xshash hech narsa yo‘q unda. Ammo baqqol otasidan ancha-muncha narsa o‘tganga o‘xshaydi”.
Gulabatin shularni o‘ylarkan, hovuz yonidan uyning eshigigacha keldi. Shohpalank nomini eshitganda g‘ayriixtiyoriy sergaklangan qiz qalbi to‘la nafrat ila yigitga qaradiyu ko‘zlarini chetga oldi. (Onasi unga tayinlagandi: ajdarhoning ko‘zida afsun bo‘ladi, bir qaraganni ham afsunlab komiga tortadi. Ba’zi odamlar ham shunday. Yaxshisi, ko‘zingni ularning ko‘zidan olib qoch!)
— Ol, mana bu shimni, dazmolla. Tez! — deya Shohpalank qimmatbaho shol gazmoldan tikilgan tim qora shimini uning ustiga otdi.
Gulabatin hech narsa demay, shimni oldi-da, Shohpalankdan uzoqlashdi. Borib elektr dazmolni qizishga qo‘ydi. Dazmol qizigunga qadar yugurib samovarni suvga to‘ldirdi va o‘t qaladi. Tezda supurgini olib yo‘lakni supurishga tushdi. Hoji turgunga qadar hech bo‘lmasa yo‘laklar supurilmapti deyish uchun bahona topib ta’blarini tirriq qilishini bilgani uchun chaqqon harakat qilib, uyining eshigidan hojatxonagacha va ko‘chaga chiquvchi yo‘laklarni tozalab qo‘ydi. Fikri-zikri esa dazmol va Shohpalankda edi. Sal kechiksa, uning qichqirishidan, qo‘pol so‘z aytishidan qo‘rqib, u tezroq uydan chiqib ketsaydi, deb xudoga iltijo qilardi. Chindan ham Shohpalank uyda bo‘lgan paytida hamma notinch bo‘lardi, uning tezroq daf bo‘lishini istashardi. U uyda ekan, hamma biror voqea bo‘lishini kutardi. Yo xonalardan birida kiyim-kechak, idish-tovoq ostin-ustin qilinishi, kimning biror narsasi yo‘qolishi yoki deraza oynalaridan biri sinishi, yoxud bog‘ning o‘rtasida gulxan yoqilishi tayin edi. Bularning hech qaysi biri bo‘lmagan taqdirda ham ikki-uch marta kiygan o‘z ko‘ylagining yenglarini qaychilab tashlardi, nega deganda yengi uzun emish yoki shimining pochasidan bir qarichini kesib tashlardi: chunki kaltasi yaxshi emish. Keyin esa ularni hay-haylab o‘tirgan onasining ustiga otib:
— Pul bering, yangisini olaman! — derdi.
— Hoy, Gulabatin, nega hovlida laqillab yuribsan. Shoshib turibman, axir! — deya labiga sigaret qistirgan Shohpalank uning o‘yini to‘zg‘itdi.
— Dazmol qizisin, bosib beraman, — dedi boshini ko‘tarmay Gulabatin.
— O‘n soatdan beri dazmol qizimadimi? Ming marta aytgandim, dazmol hamisha issiq bo‘lsin deb. Aytganni qilsanglar o‘lib qolasanlarmi? — deya Shohpalank zahrini sochdi. Qachon javrashdan to‘xtashi noma’lum. Telefon jiringlamasa, hali-beri to‘xtaydigan emasdi. Gulabatin uning qanchalik shoshib telefonga tashlanganini, go‘shakni ko‘tarib, ohista, birov eshitmasmikin deganday qo‘rqa-pisa gapirayotganini ko‘rgach, “o‘lganing yaxshi-ya” dedi-yu, xayolidan: “bilmadim xudo senga o‘xshaganlarni nega yaratadi?” degan fikr kechdi.” Tuproqning ustini ifloslashdan boshqa nima foydalaring bor? Tag‘in gerdayishini qarang buning! Nima qilay, falakning ko‘zi ko‘rmi deyman, agar Suyundik shu yerda bo‘lsaydi, boplab ta’ziringni berardi. Ko‘rarding baqirish qanaqa bo‘lishini?!”
Gulabatin yo‘laklarni supurib tozalagach, uyga kirdi. Dazmol qizigandi. Yuragida nafrat qaynab tursa-da, noiloj shimni to‘g‘rilab stolning ustiga yoyib, dazmollay boshladi. Kuz quyoshi hammayoqni yoritib yuborganiga qaramay, xonimning shu paytgacha turmagani Gulabatinga qiziq tuyuldi. Odatda u juda barvaqt turardi. Odam bolaligida o‘rgangan odatini kech tark etarkan. Ba’zi shunday narsalar borki, o‘lgunga qadar unuta olmaysan ham, tark etolmaysan ham. Sahar payti turish, ishga unnash, bekor turmaslik, aftidan, xonimga otasidan o‘tgan irsiy ko‘nikma va yodgor edi, uni bu uyda ham davom ettirardi. Nega endi bugun uxlab qoldilar?!
Gulabatinning bezovtaligini sezganday xonim yotoqxonadan chaqirdi:
— Gulabatin, beri kel.
Xuddi shu payt to‘rt tomondan ovozlar eshitildi:
— Gulabatin, hoy Gulabatin! — deya baravariga Shohpalank, katta xonim va kichik xonim uni chaqira boshlashdi. Gulabatin bir zumga o‘ylanib qoldi: oldin qaysi biriga yugursin. Albatta, oyog‘i uni bekasining xonasiga tortardi. Narigi xonimlardan esa, ovozlar tinmasdi. Sabrsizlik bilan qichqirishardi:
— Gulabatin, hoy Gulabatin!
— Hozir, hozir borayapman! — deganicha narigi xonalarga javob qaytarib, bekaning xonasiga kirdi.
Beka xonasida cho‘zilib yotardi. Yuzi so‘lg‘in, ko‘zlari ostida xaltachalar shishinqiragandi. Kechasi ancha qiynalgan, uxlamaganga o‘xshardi.
— U yerda nima qilayotuvding, Gulabatin? — deya so‘radi beka past va zaif ovozda.
— Shohpalankning shimini dazmollayapman, xonim! — dedi qiz bekasiga qarab.
O‘g‘lining ismini eshitib beka seskanib ketganday bo‘ldi. Yuzi g‘alati tus oldi. Ich-ichidan bostirib kelayotgan og‘riqni bosib, o‘zini qo‘lga olishga tirishdi, o‘z-o‘ziga gapirayotganday:
— Dunyoda yomon farzanddan og‘ir dard yo‘q. Alloh hech kimga bunday dard bermasin! — dedi va tirsagini yostiqqa tirab, qo‘shib qo‘ydi: — Boshim og‘riganidan ko‘zimni ocholmayapman, katta xonimni yonimga chaqirib yubor.
Xuddi shu payt yana to‘rt tomondan ovozlar keldi:
— Gulabatin, hoy Gulabatin!
Birinchi eshikdan qichqirgan ovoz ilova qildi:
— Qayerdasan, hoy itning qizi, o‘lib qoldingmi?! Oyog‘ingni sindirmasam…
Beka Gulabatinning qizarib ketganini ko‘rib, dedi:
— E’tibor berma, bolam. Bor, shimini ustiga ot, kiyib, yo‘qolsin. Keyin katta xonimni chaqirarsan.
Gulabatin katta dahlizga chiqib, Shohpalankning xonasiga qarab borarkan, hoji bir tomondan, kichik xonim ikkinchi tomondan qichqira boshlashdi:
— Gulabatin, hoy Gulabatin! Kel, qarasang-chi, bu la’nati qayoqqa yo‘qoldi?
— Gulabatin, hoy Gulabatin, bu yoqqa kel, mana bu ko‘ylakni tugmasini qadab ber!
Gulabatin bu chaqiriqlarning hech qaysinisiga e’tibor bermay, Shohpalankning eshigiga yaqinlashdi. U bo‘lsa tizzadan yuqori kalta ishtonda qizga ro‘para bo‘ldi.
— Biram imillaysanki, o‘lib qoldingmi?! — deya shimini oldi, o‘sha yerdayoq kiyindi. Kulganicha Gulabatindan uzoqlashdi-da, hovliga chiqayotib orqasiga o‘girildi:
— Oyimga aytib qo‘y, bizlar Shoh ko‘liga ketayapmiz. Kechasi kelmay qolsam, xavotir olmasinlar!
Gulabatin qandaydir bema’ni, qo‘pol harakati bilan kechasi onasining yuragini yaralagan, azob berib uyqusini qochirgan, yovuzona xatti-harakati bilan uni o‘lim holatiga keltirgan Shohpalankning birdaniga bunday o‘zgarib qolishi, ertalab bunchalik barvaqt turishining sababini endi tushuna boshladi: demak, yana o‘zi singari bekorchixo‘jalarga qo‘shilib shahardan chiqmoqchi, yeb-ichmoqchi, xudo biladi yana qanaqa bemaza ishlar bilan shug‘ullanib, bor-budini sarflab, cho‘ntaklarini butunlay bo‘shatgach, hammaning havasi keladigan, aslida baxti qora onasining ustiga bostirib keladi: ber, pul ber!

TUSh

Xonim betob bo‘lib qolganidan so‘ng, Gulabatinning ishi birga o‘n barobar ortdi: kichik qiz hamon avvalgiday oyna oldida o‘tirib, pardoz-andozni joyiga qo‘ygach, dugonalariga qo‘shilib shahar ko‘chalarini “bezash” bilan ovora edi. Vaqtini har kuni biror qizning uyida, kinolarda o‘tkazardi. Shohpalank hali Shoh ko‘lidan qaytmagandi. Gulabatin qaytmasin deb kecha-kunduz xudoga iltijo qilardi. Hech bo‘lmasa uningsiz uy ancha tinch edi-da. Har holda odamni har go‘shada biror vahima kutmasdi-da! Hoji uyga faqat yeb-ichgani va dam olgani kelardi. Kunning qolgan qismini gilam do‘konida, oqshomlarni esa turli-tuman tojirlar bilan uchrashuvlarda o‘tkazardi. Nima olib, nima sotish foydali-yu, nima zararli ekani haqidagi suhbatlarga quloq solardi. O‘g‘li sokin Shoh ko‘lida suzgani holda o‘zi bozorning hamisha taloto‘pda bo‘lgan loyqa va qaltis ko‘lida goh u tomonga, goh bu tomonga quloch otar, inqirozga uchramaslik, sarmoyasini sal bo‘lsa-da, orttirish yo‘llarini qidirardi. Katta qiz kunduzlari o‘qishda bo‘lar, kechalari bir to‘da daftar-kitobni oldiga qo‘yib dars tayyorlardi. Onasining betobligi uchun u Gulabatinni chaqirib, tayinladi:
— O‘rgilay, Gulabatin, oyim juda betob. Shunday qilki, uydan bezovta bo‘lmasin. Bir necha kun dam olib, o‘ziga kelsin. Mening ishim boshimdan oshib yotibdi, o‘zing ko‘rib turibsan…
Shu tariqa uyning barcha ishlari Gulabatinning bo‘yniga qolgandi: beka betob bo‘lsa ham qizga bozordan olinadigan narsalar, uyda qilinadigan ishlar haqida ko‘rsatmalar berardi. Gulabatin ham uning gaplariga diqqat bilan quloq solar, yozib olar, yozilishi kerak bo‘lmaganini esida saqlab, amalga oshirardi. Xonimning har kuni yoki kunora Gulabatinga bozor hisob-kitobini yozdirishi qizchada qog‘oz-qalamga bo‘lgan havasini shunchalik orttirgan ediki, kechqurunlari tinch dahlizga kirgach, “Ona tili” kitobini yostig‘ining ostidan chiqarib, o‘zi tayyorlagan daftarni ochib, qalam olardi-da, kitobda yozilganlardan yoqtirganini ham, yoqtirmaganini ham daftarga ko‘chirardi. Yozish Gulabatinga shu qadar zavq berardiki, shu onlarda uni chetdan kuzatgan odam qizning yuz-ko‘zida saodat nurini ko‘rardi. Bir kuni uning Suyundikka xat yozgisi kelib qoldi. Albatta, bu xatni Suyundikka yetkazib bo‘lmasligini Gulabatin bilardi. Siyosiylarga yozilgan xatlar yetib bormasligini avval eshitgandi. Bundan tashqari, yetib borgan taqdirda ham, xatni yubora olmasdi. Chunki Suyundikning qayerda, qaysi zindondaligini na onasi bilardi, na otasi. Birov uni Tehronda desa, boshqasi yo‘q, Tehrondan ham nariyoqqa, juda issiq joyga jo‘natishgan, derdi. “Sho‘rlik akam! Siz odamlarga nima yomonlik qildingizki, sizni onamizdek sevganingiz Tabrizdan ayirib, na qo‘l, na tovush yetadigan joylarga eltib tashlashdi!..”
Shunga qaramay, Gulabatinning Suyundikka xat yozgisi kelaverardi. O‘ziyam bitta emas, ikkita emas, juda ko‘p yozgisi, har kuni yozgisi kelardi. Bu xatlarni yubormasa ham yig‘ib, asramoqchi, bir kuni Suyundik kelganida bermoqchi edi — hammasini birdan o‘qisin. Axir, qachon bo‘lsa ham bir kuni keladi-ku! (Eh bechora, munis Gulabatin, muncha sodda bo‘lmasang, dunyodan bexabar bo‘lmasang! Odamlarni so‘nggi nafasigacha, umr bo‘yi ozodlikdan, quyosh nuridan, musaffo, bulutsiz osmonga qarash saodatidan mahrum qiluvchi qonunlardan sening xabaring yo‘q-da!) Akasining bir kuni ozod bo‘lib kelishiga Gulabatin shubha qilmasdi. Qiz birovlar eshigida ishlash azobiga chidardi, Shohpalank singari vahshiyning tahqirlariga bardosh berardi, chunki u kelajakdan umidvor edi. Hozirgi hayoti yomon bir tush, qorong‘u tun va bu tun bir kun tugaydi, yomon tush bitadi, tong otadi, oftob chiqadi, deb ishonardi. Suyundik keladi va o‘zi bilan yaxshi, go‘zal hayotni olib keladi. Shunda u xatlarni o‘qiydi, singlisi ne kunlarni ko‘rganini, nimalarni o‘ylaganini, qalbida qanday tuyg‘ular jo‘sh urganini bilib oladi…
Ana shunday g‘amgin va shirin, yorug‘ va hasratli tuyg‘ularini yozmoqchi bo‘ldi. Lekin qanchalik urinmasin, hech narsa yoza olmadi. Qog‘oz va qalamni bir chekkaga qo‘yganda akasiga aytadigan fikrlari miyasida uymalashib qolgandi, biri mendan boshla desa, ikkinchisi mendan, derdi. Aqliga shu qadar ko‘p gap kelardiki, bir daftarga sig‘masdi. Ammo qalamni qo‘liga olib, qog‘ozga tekkizishi bilan ikki-uch kalimadan ziyod so‘z topolmasdi. “Aziz Suyundik akajonim. Biz sog‘-salomatmiz. Tashvishimiz faqat sizdan…”
Shundan keyin hech narsa yoza olmasdi. Daftarning oq varaqlari kundan kunga kamayib, yozilgan sahifalar ko‘payib borgani holda, Suyundikka bitilgan xat sira tugamasdi, oq qog‘oz go‘yo Gulabatinga ta’na bilan qarab: akasini sevgan bunaqa qilmaydi. Nega yozib tamomlamayapsan? — deganday bo‘lardi.
Shunday bir ahvolda ham Gulabatinni uyqu bosdi. Bu juda og‘ir, juda shirin uyqu edi. Avvaliga ko‘zlari yumila boshladi. Kimdir unga go‘yo bir piyola sharbat berganday bo‘ldi. Bu shirin va mazali sharbat asta-sekin uning a’zoyi badaniga singib, butun tomirlariga yoyilgancha, unga g‘ayrioddiy yengillik berib, rohat baxsh etdi. Birozdan keyin esa u butunlay yengillashib, ucha boshladi. Dahlizning derazasidan uchib chiqdi-da, kabutarlarga qo‘shilib moviy bo‘shliqlarda qanot qoqa boshladi. Xuddi kabutarlarday! U goh ufqlarga qarab uchar, goh yuqoriroqqa, yulduzlarga ko‘tarilar, goh esa pastga qarab sho‘ng‘irdi. Cheti-chegarasi ko‘rinmas moviy kengliklar quchoq ochib, uni o‘ziga chorlar, olis-olislarda porlab turgan yulduzlar o‘zlariga imlardi. Eng ajoyib tomoni shunda ediki, kecha bilan kunduz orasida farq yo‘q edi. Yulduzlar qorong‘i kechalardagi singari porlab turgani holda, moviy fazolar tip-tiniq edi, ufqda porlayotgan quyoshning nurlariga g‘arq bo‘lgan edilar.
Gulabatin birdaniga temir qanotli tayyora unga qarab uchib kelayotganini his qildi. U bilan to‘qnashmaslik uchun qiz yuqori ko‘tarilishga harakat qildi. Lekin tayyora ham bo‘sh kelmadi, yanada jadal sur’at bilan yuqori ko‘tarildi-da, unga tashlandi. Shunday kuch bilan tashlandiki, Gulabatin o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Go‘yo tayyora uni yanchib tashlamoqchiday edi. Gulabatin tovushi boricha qichqirib, temir qanotli qushning oldidan qochishga, hovuz bo‘yiga qo‘ngan kabutarlar yoniga tushishga urindi. Lekin eplay olmadi. Temir qanotli qush tezlik bilan pastga sho‘ng‘ib, yo‘lini to‘sdi. Gulabatin Shohpalankning istehzoli, achchiq, zaharxanda ovozini eshitdi:
— Axir qo‘limga tushding-ku! Endi uchish nimaligini senga ko‘rsatib qo‘yaman. Sening ishing — hovli supurish, shim dazmollash, idish-tovoq yuvish. Uchishni kim qo‘yibdi senga?!
Shohpalank temir kiyim kiygan emish, panjalari temirdan emish. U uzun, kuchli qo‘lini tayyoraning oynasidan cho‘zib, Gulabatinni havodayoq g‘ijimlab ichkari tortibdi. Qizning yuragi siynasidan chiqib ketishiga sal qolibdi. U bor kuchini to‘plab qichqirdi:
— Qo‘lingni tekkizma menga. Egasi, himoyachisi yo‘q deb o‘ylama. Suyundik oladi mening o‘chimni sendan!
Xuddi shu payt Suyundik keldi. Gulabatin sevinchdan qichqirib yubordi. Uni quchoqlab oldi.
— Gulabatin, hoy Gulabatin! Yostig‘ingni to‘g‘rila, qanaqa tush ko‘rayapsan o‘zi?! Goh qichqirasan, goh kulasan! — degan ovoz keldi. Bu bekasining ovozi edi. Xonim yotog‘idan dahlizga chiqadigan eshikni taqillatib qizni uyg‘otib yubordi. Gulabatin ko‘zlarini yumib-ochdi. To‘rt tomoniga qaradi. Hammayoq jimjit edi. Kecha yarmidan oshgandi. Afsuski, xonim uni ko‘rayotgan tushining eng shirin, eng yaxshi joyida uyg‘otdi. Suyundik uni sutdek oppoq mashinaga mindirib, Tabrizni aylantirayotgan paytda uyg‘otdi-ya…
Gulabatinning uyqusi qochib ketdi. O‘tirgan joyida tushida ko‘rganlarini eslay boshladi. Go‘yo hali ko‘rgani kino edi-yu, xotirasida jonlana boshladi. “Mana shu tushimni Suyundikka yozsam-chi! — o‘yladi qiz, — bo‘lmasa esimdan chiqib ketadi…” U yarim kechada joyida o‘tirganicha yozishga kirishdi… Endi so‘zlar ham o‘z-o‘zidan quyulib kelardi. Qalam qog‘oz uzra shunday jadal yurib ketdiki, go‘yo oppoq mashina yangi Tabrizning oynaday silliq va top-toza ko‘chalarida suzib borardi.
Hayajon bilan, yuragi urib turgan bir holatda yozgani uchun ba’zan shoshar, chiziqdan chiqib ketardi. Lekin to‘xtamasdan yozardi. Bu na xotiralarga, na ertakka, na-da kundalikka o‘xshardi. Bu bir qiz bolaning o‘z akasi bilan suhbatiga o‘xshardi. Gulabatinning qanday uchgani, Shohpalankning uni qanchalar do‘q-po‘pisa bilan tayyoraga tortganini bilasiz, bu tuyg‘uda uning hasrat, orzu, g‘am va sevinch, qo‘rquvlari bir-biriga aralashib ketgandi. Undan keyingi hislarida esa birdaniga orzulariga erishgan bolaning sevinchi hokim edi: “Shohpalank meni tayyora ichiga tortganida qo‘rqqanimdan ko‘zlarimni yumib oldim, endi tamom bo‘ldim, deb o‘yladim. Xuddi shu payt endigina qanot chiqargan, lekin uzoqqa ucholmaydigan kabutar bolasi esimga tushdi. Bilasizmi, Suyundik, biznikida katta bir mushuk bor, xuddi yo‘lbarsga o‘xshaydi. Sap-sariq bo‘lganidan bekamiz uni “Sariqvoy” deb chaqiradi. Bir kuni kabutarlar hovuz bo‘yiga qo‘nishgandi. Endi ucha boshlagan yosh kabutar ham onasining yonida, o‘zini oftobda toblardi. Birdaniga qayerdandir paydo bo‘lgan “sariqvoy” ularning ustiga tashlandi. Hammasi parillab osmonga ko‘tarildi. Mundoq qayrilib qarasam, yosh kabutar “sariqvoy”ning tishlari orasida tipirchilab yotibdi… To yetib borgunimcha, mushuk o‘zini daraxtlar orasiga urdi va kabutarchani g‘ajib tashladi… Men ham ko‘zimni yumganimcha tilka-pora qilinishimni kutardim. Lekin Shohpalank meni tayyoraga tortayotganda sizning ovozingizni eshitdim va ko‘zlarimni ochib yubordim. Voy, xudoyim-ey, bu qanaqa tush edi o‘zi! Siz kattakon, kuchli qo‘llaringiz bilan Shohpalankning yoqasidan ushlab shunday silkidingizki, u paxsa devorday uvalanib ketishiga sal qoldi. Mening bilagimni qo‘yib yuborib, sizga yalina boshladi:
— Meni kechiring, og‘oyi kapitan, gunohimdan o‘ting, xato qilibman! — U sizga yolvorib, “og‘oyi kapitan!” derdi. O‘zi esa oldingizda tiz cho‘kib turardi. Shunday ham kichkina bo‘lib ketgandiki, xuddi liliputga o‘xshab ko‘rinardi.
Siz unga:
— Menga og‘a deyaverma, — dedingiz. — Og‘a sizlarsiz, men emasman. Endi joyingda tek o‘tir, agar birortasini xafa qilsang, kuningni ko‘rsataman!
Keyin siz kuchli qo‘llaringiz bilan meni quchoqlab ko‘tarib oldingiz! Yuzimdan, ko‘zimdan o‘pdingiz. Men sizning bo‘yningizdan quchoqlab oldim. Sizni to‘yib-to‘yib o‘pdim. Sizdan juda ko‘p narsani so‘ramoqchi edim. Hech ilojini qilolmasdim. Qora kostyum, oq ko‘ylak kiygan, yelkalarida qizil belgisi bor bir yigit sizga yaqinlashib:
— Qayoqqa haydaylik, janob kapitan? — deb so‘radi.
Siz meni bir go‘dak misol quchog‘ingizda ushlagan holda (men suyunganimdan o‘zimni shu qadar yo‘qotgan edimki, quchog‘ingizdan yerga tushishni ham unutgandim, xuddi bolaligimdagiday qo‘llarimni bo‘yningizga chirmashtirib siynangizga qisingandim) haligi yigitga:
— Tabrizga, albatta Tabrizga haydanglar, — dedingiz.
— Unda bularni nima qilamiz, — deya haligi yigit kimlarnidir ko‘rsatdi. Siz o‘girilib qaraganingizda, ularni men ham ko‘rdim. Bilasizmi, kim edi ular? Sizni “siyosiy” deb zindonga olib borgan, onamning taxmonini, sandiqchasini, bizning ko‘hna kiyim-kechaklarimizni titkilab tekshirgan haligi qizil yuzli zobit va ikkita qurolli odamlar! Ular suvga tushgan jo‘jaday sizning yoningizda bukchayib turishardi. Siz ularga qaraganda, zobit yolvorardi:
— Rahm qiling, janob kapitan! Bizga zulm qilmang.
Siz esa asta kulib:
— Nima, bizni ham o‘zingizday o‘ylayapsizmi? Biz rahmsizlik qilmaymiz! — dedingiz, yosh yigitga buyurdingiz: — Bularni ham Tabrizga olib boringlar. Bizga ko‘plab ishlaydiganlar kerak. Shaharni qaytadan quramiz. Ishlasalar — yaxshi, ishlashmasa o‘zlaridan ko‘rishsin…
Tayyora qachon yerga qo‘ndi, biz undan qachon tushdik, bilmayman. Ko‘rganim shu bo‘ldiki, hokimiyat oldidagi maydonchada ekanmiz. Maydoncha ham, Shohpur xiyoboni ham, usti yopiq bozorga olib boruvchi ko‘chalar ham odamlar bilan gavjum. Tabrizliklar hammasi ko‘chaga chiqibdi, erkagu ayol, yigitu qizlar bir-birlariga aralashib, hayqiriq, qiyqiriqlardan quloq qomatga keladi: bir tomonda gapirib kuylashmoqda, ikkinchi tomonda chalib, o‘ynashmoqda. Hokimiyatning eshigi oldida taxtalardan minbar tiklanibdi. Uning ustida bir to‘da odam. Bizlar ham o‘shalar orasidamiz. Men sizning qo‘lingizni qo‘yib yubormasmishman. Siz oq ko‘ylak kiygan emishsiz. (Bilmadim, nima uchun sizni hamisha oq ko‘ylakda ko‘raman? Aftidan, oq ko‘ylak sizga juda yarashsa kerak-da!) Sochlari oqargan, past bo‘yli nuroniy bir kishi oldinga chiqdi, qo‘lini ko‘tarib, odamlarni tinchlanishga undadi. Keyin ohista gapira boshladi. “Bu kundan e’tiboran, Tabrizning, Vatanimizning yangi tarixi boshlanadi. Bundan buyog‘iga bizlarni bir-birimizdan ayirgan devorlar qulatiladi. Ruhlarimizni, qalblarimizni birlashishga qo‘ymagan va adovat, dushmanlik, nifoq solgan g‘ovlar qulaydi. Ochlik va ehtiyoj tugatiladi. O‘zidan ojizlarga zulm qiluvchilar va tanballar qolmaydi. Mehnat shunchalar go‘zallashib, jozibador bo‘ladiki, hech kim ishlamasdan yashay olmaydigan bo‘ladi. Lekin bularning hammasi qanday vujudga keladi? Biz jannatdan ham go‘zal bo‘ladigan yangi Tabrizni qanday bunyod etamiz? Bu haqda gapirish uchun so‘zni aziz do‘stimiz Suyundikka beraman…
Eh, akajon, xalq sizni qanday olqishlaganini ko‘rsangiz edi. Hamma bir ovozdan “Suyundik! Suyundik!” deb olqishlashardi sizni. Bilasizmi, xaloyiqqa murojaat qilib, siz nima dedingiz. Bilmaysizmi? Unda men yodingizga solay sizning. Eslang-a!
— Aziz birodarlar! Mening sevimli yurtdoshlarim! — dedingiz. — Xalqimiz juda topib aytgan: — Holva, holva degan bilan og‘iz chuchimaydi. Og‘iz chuchishi, maza qilib shirin holvani yeyish uchun uni tayyorlash kerak. Demak, mehnat qilish kerak. Kelinglar, qo‘lni qo‘lga beraylik, butun kuch-g‘ayratimizni ishga solib Tabrizni yangidan bunyod etaylik!
Oh, Suyundik, mening iftixorim! Siz shu so‘zni aytishingiz bilan minglab qo‘llar birlashdi. Belkuraklar, mashinalar harakatga keldi. Tabrizning eski guvala uylari, tor qing‘ir-qiyshiq ko‘chalari buzildi. Ko‘rkam bog‘lar, hashamatli uylar, po‘rim ko‘chalarning chiroyi ochildi. Maralan, Ark qal’asi, Ko‘k masjid yiroqlardan ko‘zga tashlanadigan bo‘ldi. Bizlar yashagan uy ham buzildi. Ana “No shahr”zindoni ham ko‘zga tashlandi. Chunki u bu yerlarda eng baland, eng yangi qurilgan bino edi-da.
— Buni ham buzaylikmi? — so‘rashdi sizdan.
Lekin sizning o‘rningizga kimdir javob berdi:
— Buzinglar. Bundan keyin zindonning keragi bo‘lmaydi.
Bu gapni aytgan tayyoradagi haligi chiroyli yigit edi. U ham sizga o‘xshab yengini shimarib olgandi. Bir to‘da ishchilarga boshchilik qilardi. Siz “No shahr”ni buzishga ruxsat bermadingiz:
— Rost, bundan keyin bizlarga zindon kerak bo‘lmaydi… Lekin binoni biz yangidan ta’mirlaymiz. Temir panjaralarni olib tashlaymiz. Qorong‘i, zax xonalarga derazalar o‘rnatamiz. Bu yerda yetim bolalarni san’atga o‘rgatamiz. Axir, Tabrizda ishlamaydigan birorta ham bekorchi odam bo‘lmaydi…”
Xatning shu yerida qalam sirg‘anib qo‘lidan tushdi. Gulabatinni yana uyqu elitdi. U yana tushlar ko‘ra boshladi…

HAYoT

Ertasi kuni uyqudan uyg‘onganida Gulabatin qayerda ekanini birdaniga bilolmay qoldi. Bu yerda ko‘ziga duch kelgan narsalar oddiy narsalar edimi? Dahlizning sariq rangli deraza oynalari har kuni ko‘rib yurgan oynalarmidi? Hali hayotning og‘ir yuki ostida charchagan, sof bola xotirasi kecha ko‘rgan sehrli tushini to‘laligicha saqlab qolgandi. Shuning uchun ham Gulabatin shoshib qolgandi. Tush ko‘rdimi yoki o‘ngida ro‘y berdimi?
Birdaniga uch tomondan:
— Gulabatin, hoy Gulabatin! — degan chaqiriqlar uni hushiga keltirdi. Bugun ancha kech turganini his etdi. Og‘a ham, katta xonimu bekaning o‘zi ham allaqachon turishgan ekan. U apil-tapil kiyinib hovliga chiqdi.
Bu kungi havo kechagiga sira ham o‘xshamasdi. Tabrizning osmonini bu ufqdan u ufqqa qadar bulut qoplagandi. Mayda yomg‘ir tomchilardi. Havolar soviy boshlagandi. Kundan-kunga yalang‘ochlashib borayotgan daraxtlar havolar salqin tortganini his qilayotganday edilar. Kabutarlar buni, ayniqsa, yaxshi his qilishayotgani ko‘rinib turardi. Ular hovuz bo‘yiga qo‘nishmasdi, havoga ko‘tarilishmasdi. Inlarining oldida hurpayishib o‘tirishardi.
Kechagiga qaraganda, havo o‘zgargandi, daraxtlar o‘zgargandi, qushlar o‘zgargandi. Lekin ularning hammasidan ko‘ra Gulabatinning o‘zi o‘zgargandi. Endi u dunyoga butunlay boshqacha ko‘z bilan qarardi. Go‘yo bir kechada u shu qadar kattargan, shu qadar to‘lishgan ediki, endi hech kimning unga bola deyishga haqqi yo‘qdek ko‘rindi. Endi u ko‘plab kattalarning ko‘rmaganini ko‘rar, bilmaganini bilar edi. U hayot naqadar og‘irligini, uning qanchalik yaxshi bo‘lishi mumkinligini bilardi. U odamlarning qanchalar azobda ekanliklarini va naqadar baxtli bo‘lajaklarini bilardi. Gulabatin Tabriz ishsizlar, muhtoj odamlar bilan to‘la ekanini yaxshi biladi. Holbuki, u millionlarni to‘ydira oladi. U qanchadan-qancha qudratli qo‘llar ishsizlikdan qovjirab qolganini yaxshi biladi. Holbuki, bu qo‘llar Tabrizni jannatga aylantira oladilar. U yaxshi biladiki…
Yana uch tomondan chaqiriqlar eshitildi:
— Gulabatin, hoy Gulabatin! Bu yoqqa qara, qanaqadir hashorat ko‘rpamga kirib olibdi.
— Gulabatin, hoy Gulabatin! Mana bu tugmani qadab yubor, institutga kechikayapman.
— Gulabatin, hoy Gulabatin! Bu yoqqa qarab yuborsang-chi…
Bunday hollarda Gulabatin mashina singari chaqqon ishlardi. Eng avval hoji huzuriga yugurardi. Chunki ko‘rpasiga narsa kirib qolgan kichik xonim kutib tursa ham bo‘ladi. Ilon yoki chayon bo‘lsa ekan, chaqib o‘ldirsa. Balki parvonadir yoki qo‘ng‘iz yoruqqa uchib kelgan-da, hech narsa qilmaydi. Katta xonim darsga shoshayotgan bo‘lsa, boshqa ko‘ylagini kiysin, nima ko‘p, yoqalik oq ko‘ylagi. Nima, sariq, tugmali ko‘ylagini kiyish shartmi? Buning ustiga uning yoniga kechroq borsa ham bo‘ladi, ishi qanchalik shoshilinch bo‘lsayam, jahli chiqmaydi, sal xo‘mrayib qo‘yadi, xolos. Ammo hoji boshqa gap, ayniqsa, keyingi kunlarda! Bir zumga kech qolsang, bir kitoblik gapni to‘kib soladi: “Bu uyda men kimman?.. Bu uyda meni qadrlashmaydi, hammasi o‘z bilganidan qolmaydi, katta-kichikni bilishmaydi!” Kim biladi yana nimalar deydi. Xonimning ko‘z o‘ngida tiliga yomon gap olmaydi, beka bo‘lmaganda esa…
Gulabatin o‘yini oxiriga yetkazmay, hojining oldida hoziru nozir bo‘ldi. Uning yuziga qarab, gapirmoqchi ekanini tushundi. Hoji gapirmoqchi bo‘lsa, ko‘zlarini qisib qayoqqadir qarardi, lablari pirpirab, oldida turgan odamni ko‘rmasdi: “Xuddi ko‘rga o‘xshaydi, aftimga qaraydiyu o‘zimni ko‘rmaydi!” — deya Gulabatin asta so‘radi:
— Og‘a, nima demoqchisiz, buyuring!
Hojini go‘yo uyqudan uyg‘otganday bo‘lishdi, bir seskanib tushdi. Ko‘zlarini uqalab Gulabatinga qaradi:
— Qayoqdan bilaman, nima buyurishimni? — dedi o‘ziga o‘zi. — Shu qadar shoshib qoldimki, hushim boshimda emas. Esimda hech narsa qolmayapti. O‘zimni hakimga ko‘rsatmasam bo‘lmaydi, shekilli.
Hoji yana ko‘zlarini qisib uzoqlarga tikildi, xayolga berildi. Yana Gulabatinni ko‘rmasdi. Hatto uni chaqirganini esidan chiqarib yubordi. Hojining o‘z-o‘zicha gapirishidan Gulabatin shunday tushundiki, qay vaqtdir, yo yarim tunda, yoki kallayi saharda Shohpalank uyga kelgan. Hoji bilan gaplashgan. Nima haqda gaplashgan ekan? Nima haqda bo‘lardi — pul haqda-da! O‘ziyam ko‘p pul so‘ragan bo‘lsa kerak. Ellikdan oshig‘iga hojiga murojaat qiladi. Hojidan pul so‘rash esa jonini sug‘urib olishday gap!
Gulabatin yana so‘radi:
— Og‘a, menda ishingiz bo‘lmasa, yumushimdan qolmay?
Hoji dik etib o‘rnidan turdi, go‘yo mudrayotgan nashavand to‘satdan tovush eshitganday, cho‘chib tushdi.
— Nega ishim bo‘lmas ekan! Mana bu xatni olib borib, bodomchi o‘g‘liga ber, kutib tur, javobini yozsin, olib kelasan.
Gulabatin mo‘jazgina oq jildli xatni oldi va choydan keyin borishga ruxsat so‘ramoqchi bo‘ldi. Lekin hojining jahli chiqishidan hayiqib, taraddudlangancha unga qaradi.
— Nega qarab turibsan, bor! — dedi. Hoji shoshirgan shu damda qizning miyasiga yangi fikr keldi: “Boraman, yo‘l-yo‘lakay onamnikiga ham kiraman. Uyimiz yo‘l ustida. Choyni ham o‘sha yerda ichaman”.
Burilib ketmoqchi bo‘lganida ko‘zi yana hojiga tushdi. Hoji yumshoq oromkursida yoyilib o‘tirardi. Oyoqlarini keng ayirib, qo‘llarini ko‘ksida chalkashtirib olgandi. O‘ng oyog‘ida qorayib turgan tuflining poshnasini yerga qo‘yib, panjasini ko‘targancha o‘ynatib o‘tirardi. Ko‘zini tuflisining uchiga qadab, o‘zidan rozi bir holatda o‘yga tolgandi. Yuzidagi sal oldingi norozilik va yomon ifoda johil bir takabbur tusini olgandi. Shu ahvolda u Gulabatinga shunchalik jirkanch ko‘rinib ketdiki, uning jig‘iga tekkisi, asabiylashtirgisi keldi. Uning tug‘ilganidan e’tiboran biror daqiqa ham ochlik nimaligini bilmagan, qorni to‘qlarga xos hayvoniy takabburini tarqatib yuborish uchun Gulabatinda havas uyg‘ondi.
— Kechirasiz, og‘a, — dedi, — xatni kimga berishni bilmayman-ku?!
— Nima, ko‘rmisan, ustida yozilgan, — dedi hoji ot singari pishqirib.
— Xatingizni o‘qiyolmayman, og‘a, — dedi Gulabatin.
— Xonimning yozuvini o‘qiysan, menikini yo‘qmi? Yaxshilab qara, o‘qiysan!
Gulabatin o‘zini yo‘qotmadi. Ataylab hijjalay boshladi: “Bbb barbo oo bodo… bodo…”
— Juvonmarg, bbb-bobo! — dedi hoji uni kalaka qilib va qo‘shib qo‘ydi: oborib ber, bodomchi o‘g‘liga, bildingmi? Bodomchi o‘g‘liga!
— Og‘a, bordi-yu, bodomchi o‘g‘li do‘konda bo‘lmasa nima qilaman?
— Kutib tur.
Gulabatin yana jiddiy so‘radi:
— Og‘a, judayam kech qolsa-chi, unda nima qilaman?
Hoji oromkursida g‘imirlab qo‘ydi, ko‘zini poyabzalining uchidan olib, Gulabatinga qadadi. Uni birinchi marta ko‘rayotgandek tikildi, qizning boshidan oyog‘igacha qarab chiqdi.
— Kallang ishlay boshlabdi, Gulabatin xonim! — dedi va ko‘zlari yoshlanguncha yo‘talib, dastro‘mol bilan og‘zi-burnini artib bo‘lgach, ilova qildi: — Kechqurungacha kelmasa ham kutib tur.
Gulabatin o‘zining hojidan ustunligini his etib, avvalgidan ham soddalik bilan so‘radi:
— Og‘a, umuman kelmasa-chi?
— Yiqilib o‘l! — dedi hoji achchiqlanib. — Uylariga bor, surishtir, qayerdaligini bil, yerning tagida bo‘lsa ham top, xatni ber, javobini olib kel, tushundingmi?
— Tushundim, og‘a! — dedi-da, Gulabatin hovliga chiqdi. Jo‘nashdan oldin bekasiga aytib qo‘yishni lozim topdi. Xonim samovarning oldida ekan. Kichkinagina guldor choynakni chayib tashlab, qoshiqcha bilan ichiga choy tashladi-da, samovardan dog‘ suv to‘ldirib, damlash bilan mashg‘ul edi.
Gulabatin unga yaqinlashdi. Xonim qizning qo‘lidagi xatni ko‘rdi.
— U nima, Gulabatin? — deb so‘radi.
Gulabatin qayoqqa ketayotganini aytdi. Xonim g‘azabini yutib, zo‘rg‘a rozilik berganini his etdi. Beka bugun ichkari-tashqarini tozalash niyatida edi. Shuning uchun ham jahli chiqdi. Tobi qochib yotgani tufayli sholchalar qoqilmagan, eshik va derazalar changi artilmagan, havolar sovushi tufayli yozgi buyumlar yig‘ishtirilmagan, qishki ashyolar taxt qilib qo‘yilmagandi. Aftidan, hoji bilan aytishib o‘tirishni istamagani uchun chor-nochor rozi bo‘ldi.
— Boraqol. Iloji boricha tezroq qayt…
Gulabatin hovlidan chiqdi. Ko‘ngli g‘ash edi. Chunki hojidan ko‘ra bekasidan norozi edi. U hojidan yaxshilik kutmasdi. Ammo xonimning bunday muomalasi uning qalbiga tegdi. Kallayi sahardan och qorniga bor, deyishyapti, shaharning narigi chekkasiga borib kelishning o‘zi bo‘ladimi? Bolam, bir piyola choy ich, bir burda non yeb ol, keyin borib kel, deyish hech kimning esiga kelmasa-ya! Gulabatin shunday o‘ylaridan o‘zi hayratlandi. Bunday fikr miyasiga qayerdan kelib qoldi?! Axir, u shu kunga qadar xonimdan hech qachon xafa bo‘lishni xayoliga ham keltirmagandi. Kuni kechagacha shunday bir xonimning borligiga kunda ming marta shukr qilgan o‘zi emasmidi? Axir, bu uyda nimadandir norozi bo‘lganday Shohpalankning hovli darvozasidan ichkari kiritib: “Gulabatin sening egizak tenging yo‘qmi?” — deb ko‘rsatgan sho‘rlik tilanchi qizcha ko‘z o‘ngidan ketmas, shuning uchun har narsaga chidashga, taqdiriga tan berishga rozi emasmidi? Axir, Tabrizda oyiga o‘n tuman maosh uchun unga o‘xshagan yuzlab, minglab qizlar bundan yuz marta badtar mehnatga, og‘irlikka, aziyat chekishga rozi emasmilar? Biroq bu fikrlar qanchalik og‘ir bo‘lmasin, Gulabatinga unchalik qo‘rqinchli ko‘rinmasdi. Bu fikrlarning aynan tilanchi ruhidan tug‘ilganini his etardi qiz. Axir, o‘sha bechora qizchaning gunohi nimaki, bir burda non uchun Shohpalankka o‘xshaganlarning eshigini taqillatishga majbur? Ertaga uni yanada yomon vaziyatga solishi mumkin. Natijada odamga o‘xshamay qolishi, o‘t-alaf yeyishga majbur bo‘lishi mumkin. Uni boshqalarga ko‘rsatib: “Qara, ko‘rib qo‘y, qay ahvolda yashayotganlar bor!” deyish insofdanmi? Inson aqli bunday adolatsizlikni, bunday zulmni qabul qiladimi?! Odamni och qoldirib va unga tasalli berib: “Sendan ham yomonroq ochlar bor”, — deyish naqadar ahmoqona ish!
— Yo‘q, aftidan, to‘qlarning ko‘ziga dunyo boshqacha ko‘rinadi. Ular to‘qlik o‘zlari uchun otameros huquq deb o‘ylashadi, shekilli. Hatto bilishmaydiki, to‘qlik miyalarini aynitganidan bir qizcha his etganini ular his qilmaydilar. Xonimning o‘zi o‘sha kichik qizini sahar mardondan och holida uydan chiqarib, biror ishni bajarishiga yo‘l qo‘yarmidi? O‘sha zahoti to‘xtatib: “O‘tir, non ye, choy ich, keyin borasan!” — derdi. Xo‘sh, men-chi? Axir, men ham unga o‘xshagan odamman-ku. Mening ham unga o‘xshagan qornim bor, yegim keladi. Ovqat yemasa, quldirab, surnay chaladi. Ko‘z oldim qorong‘ilashib ketadi.
Gulabatin shuni yaxshi his qilardiki, bu fikrlarni nainki hojiga, xonimga ham aytib bo‘lmaydi. Ularning hech qaysi biri qizni tushunmaydi. Bu fikr ularni vahimaga soladi va darhol Gulabatinni uylaridan haydab yuborishadi. Unda nima qilish kerak? Hozirgacha yashagani singari yovuz taqdiriga bo‘yin egishi, badbaxtlikni xudoning yaxshi bir ne’mati sifatida qabul qilib yashashi kerakmi? Yo‘q! Gulabatin istasa ham bundan keyin bu ahvolda yashay olmasdi. Birgina yo‘l bor edi. Ushbu ko‘rko‘rona mutelikning og‘ir toshini uloqtirish kerak. Shuni yaxshi bilki, bir burda non uchun shu og‘ir yukni yelkangga ortgansan, lekin o‘zingni aldama, malaylik hislari yuragingga uya solishiga yo‘l qo‘yma. Ruhing mag‘rur bo‘lsin. Hech kimning oldida bosh egma, tilanchiga berilgan sadaqa, malayga ko‘rsatilgan saxovat hayoting mazmuniga aylanmasin. Bundan keyin hoji bilan bugungiday muomalada bo‘lish kerak, o‘zingni soddalikka solib, uni o‘ynatish, qo‘lga olish, kulish lozim…
Ana shunday o‘ylar bilan Gulabatin Shohpur xiyobonidan, Shir-Xurshid teatri oldidan va Ark qal’asi yonidan o‘tib, yo‘lida davom etardi. Sahardan shivalab yog‘a boshlagan yomg‘ir allaqachon to‘xtagandi. Bulutlar tarqalib, Tabrizda muloyim oftob chiqqan edi. Bir to‘da boshpanasiz bolalar Ark qal’asining qalin devorlari yonida o‘zlarini quyoshga tutib, yarimyalang‘och badanlarini qizdirishardi. Xiyobondan biror yaxshi kiyingan odam o‘tib qolsa, hammasi o‘rinlaridan turib haligi odamning qoshiga yugurishar, qo‘l cho‘zib: “og‘a, jon og‘a, xudo yo‘liga xayri sadaqa qiling!” — deya yalinishardi. Bu bolalarning orasida qizlar ham bor edi. Ular ba’zan sadaqa so‘ragancha haligi odam ketidan ergashar, biror narsa undirmaguncha orqaga qaytmasdilar. Ba’zan esa sovqotgancha orqaga qaytib kelardilar-da, devor tagida quruq tuproq ustida o‘tirgancha o‘yinni davom ettirardilar. Juda g‘alati! Gulabatin nochor hayotlaridan bu qadar vahimaga tushib, yashashlariga shunchalik achinish bilan qaragan bu bolalar bir-birlari bilan o‘ynab o‘tirishar, ashula aytib, kulishardi ham. Go‘yo tilanchilik ular uchun ermak edi. Shuning o‘ziyam Gulabatinga dahshatli ko‘rindi. “Bechoralar, birovga qo‘l cho‘zib, sadaqa so‘rash qanchalik xo‘rlik ekanini bilmaydilar ham!” — deya ularning yonidan tez o‘tib, g‘ishtin uyli magazinlarni ortida qoldirib bodomchi o‘g‘li do‘koniga yetib keldi. Bodomchi o‘g‘li joyida ekan. Hojining xatini oldi, ochib o‘qidi. Nimadir yozib boshqa jildga soldi-da, Gulabatinga qaytardi.
Gulabatin uylariga borishga qat’iy qaror qildi. Ko‘pdan beri Hamzani, onasini, otasini ko‘rmagandi. Shu onda ularni juda ham sog‘inganini his etdi. Gaplashib, yuzlariga to‘yguncha qarab, onasining mayda-chuyda ishlarini qilib qaytadi. Bir oz kechiksa nima qilibdi. Juda borsa, bodomchi o‘g‘li do‘konida kutib o‘tirdim, deydi. Endi u hoji singari odamlarni aldashni ham o‘ziga ep ko‘rardi…

NOMA’LUM KIShI

Gulabatin bir paytlar bolaligi o‘tgan chang-to‘zonli, qing‘ir-qiyshiq ko‘chaga yetganda yuragi gupurlab ura boshladi. Unga o‘shandan beri ellik, yuz yil o‘tib, o‘sha kunlar juda olis qolib ketganday tuyuldi.
Ko‘chaning har ikki tomoni bir qavatli uylar edi. Ora-sira ikki qavatli uylar ham uchrab turardi. Uylarning ko‘pi xom g‘ishtdan yoki somon aralashtirilgan bo‘z tuproqdan yasalgandi. Aksariyat uylarning orqa tomoni ko‘chaga qarar va birorta ham derazasi yo‘q edi. Shuning uchun ham bu uylar ko‘cha tomondan paxsa devorli bo‘lib ko‘rinardi. Kichkina, tor hovlilarga ochiluvchi eshiklar va darvozalarning ayrimlari ochiq, ba’zilari yopiq bo‘lib, kul rangi bilan devordan ajralib turardi. Boshqa-boshqa uylarning derazalari esa bo‘z devorlarga yarashgan naqshlarday ko‘rinardi, Gulabatinning hayajoni hali bosilmagan, atrofga nazar solgan sayin charx urayotgan tarqoq o‘ylarini bir joyga jamlamay turib o‘z uylariga yaqinlashganini his etdi. “Muncha tez!” — deya to‘xtab orqasiga o‘girildi. Hayron qolasan kishi! Go‘yo ko‘chalar qisilgan, qisqargan va torayib kichkina bo‘lib qolganday edi. Xotirasida esa, kattakon, enli bir ko‘cha bo‘lib yashardi. Gulabatin bolaligida bu ko‘chaning boshiga bir o‘zi borishga jasorat qilolmasdi. Endi esa ko‘cha oldingi chiroyini ham yo‘qotganga o‘xshardi. Devorlar ko‘p joyidan qulagan, uylarning ohagi ko‘chib tushgandi. Ba’zilarining esa u yer-bu yeridagi oq dog‘lar bu uylar qachonlardir oqlanganidan dalolat berardi. Albatta, bu ko‘cha va uylar qayoqdayu hojilarning to‘g‘ri tortilgan, yonma-yon ikki mashina sig‘adigan tosh to‘shamali, asfalt yo‘lakli, u tomoniyu bu tomonida teraklar qad rostlagan ko‘chasi qayoqda! U yerdagi qizil g‘ishtdan yoki toshdan tiklangan qo‘sh derazali, aksariyati ikki qavatli, bog‘-rog‘li uylar qayerda-yu, bu bo‘z derazasiz dahmalar qayerda?! Shunga qaramay, Gulabatin o‘zini bu yerda boshqacha his etdi. Yuragi boshqacha ura boshladi. Ushbu sevinchda yashirin bir g‘am, hasrat va taassuf bo‘lsa-da, juda-juda yoqardi.
Oldinda ko‘cha qayrilib chapga burilgan joyda Gulabatinning ko‘ziga bir to‘da bolalar ko‘rindi. Oralarida qizlar ham, o‘g‘il bolalar ham bor edi. Ba’zilari yalangoyoq, yalangbosh edilar. Kiyimlari juldir edi. Ular nimagadir ergashib borishardi. Marosim qatnashchilari burilib ketganidan Gulabatin ularning oxirgilarinigina ko‘rib qoldi. Birorta mahbusni olib ketishayotganmikin yoki mayyitni. Albatta, bu to‘y marosimi emasdi. Chunki na cholg‘u ovozi kelardi, na o‘yin-kulgining. Buning ustiga to‘y, odatda, tushdan keyin, kechgacha bo‘lardi.
Gulabatin kichik taxta eshikka yaqinlashib to‘xtadi. Yarim ochiq eshikdan ovoz eshitilmasdi. Bolalar shovqini ham kelmasdi. Demak, barcha qo‘shni bolalar marosim orqasidan ergashib ketishibdi. Eshik qiya ochilib turardi. Gulabatin eshik taxtalaridan birining ko‘chib, yarmidan yuqori qismi singaniga e’tibor qildi. “Suyundik bo‘lganida allaqachon tuzatardi!” deb o‘ylaganicha ichkari kirdi. Kichkinagina to‘rtburchak hovlining chap tomonidagi uyning eshigi berk edi. Kichikroq qulf osig‘liq. Bir xonali bu uyda o‘g‘il nevarasi bilan Gulsum degan bir kampir yashardi. Nabirasi haydovchi bo‘lib ishlardi va umrining ko‘pini Tabriz bilan boshqa shaharlar orasida yuk yoki odam tashib o‘tkazardi. Gulsum xola balki bozorga ketgandir. Boshqa bir ikki xonali uyda yetti bosh oilasi bilan Farhod amaki yashardi. U ko‘n korxonasida ishlardi. Xotini esa bolalarini Gulabatin bilan teng yoshgina qizi ixtiyoriga qoldirib, butun kunini gilam fabrikasida o‘tkazardi. Qo‘li gul edi uning, qo‘shiqlarni ham juda qotirib aytardi. Gulabatinlar ular bilan yon qo‘shni edilar. Gulabatin o‘z uyining eshigini ochiq ko‘rib suyundi. Demak, yo otam, yo onam uyda. Ikkovidan birini yoki ikkalasini ham ko‘raman! Avvaliga ishonmasdan ichkari kirmoqchi bo‘ldi. Lekin qandaydir tuyg‘u bunga yo‘l qo‘ymadi. Gap shundaki, xonim uni eshikni taqillatmay ichkari kirmaslikka o‘rgatgandi. Gulabatin shunga odatlangandi. Ikkinchidan, to‘satdan kirib borsam, onamlar qo‘rqib ketishadi, xudo asrasin, biror baxtsizlik yuz berdimi, deb o‘ylashadi.
— Oyi! — deya chaqirdi astagina.
Onasi Norinj uni darrov tanidi va tashqariga qaradi:
— Jon qizim! Aylanib ketay sendan! — deya shimarilgan ho‘l qo‘llarini bir eski lattaga artib, o‘zini Gulabatinning ustiga tashladi, quchoqlab, bag‘riga bosdi, yuz-ko‘zidan o‘pdi. Shu zumda Gulabatin ona quchog‘ining haroratiga muhtoj yosh go‘dakday sezdi o‘zini. Eh, ana shu haroratni u qanchalar sog‘ingan edi! Bug‘ va sovun isi anqib turgan onasining bo‘yniga chirmashdi. “Oyim kir yuvayotganga o‘xshaydi, o‘zim yuvib berib, keyin ketaman” deb o‘yladi qiz. Ona esa uni hamon bag‘riga bosgancha derdi:
— Qadamingdan o‘rgilay, qizim. Guli, jon bolam, kelganing juda yaxshi bo‘ldi-da! Kecha biram aralash-quralash tushlar ko‘rdim-ey! — Birdan qizining yelkalaridan ushlab o‘zidan uzoqlashtirdi va horg‘in ko‘zlari bilan uning yuziga qaradi: — Biror narsa bo‘lmadimi, ishqilib?!
Gulabatin uni tinchlantirishga urindi:
— Hech narsa, oyijon! Yo‘lim shu tomonlarga tushgan edi. Bir ko‘rib ketay, dedim.
— Juda yaxshi kepsan-da, mening Gul qizim. O‘t, ichkariga o‘t, otangning ham ko‘ziga ko‘rin, bir oz mazasi qochgan…
Gulabatin ichkari kiraman degan payt ostonada otasi bilan uchrashib qoldi. “Salom, ota” deb uning bag‘riga tashlandi. Namoz kishi taxtadek jonsiz, quruq qo‘llari bilan qizining boshini silab, peshonasidan o‘pdi. Diqqat bilan yuziga qaradi.
— Mosholloh, katta qiz bo‘lib qolibsan! — dedi. — Xudoga shukr, ko‘rinishing juda yaxshi. Ko‘rib ko‘zim quvondi. Alloh senga baxt ato qilsin.
Gulabatin otasining ovozini taniy olmadi. Uning tovushi juda zaiflashgandi. Dunyo bilan hisob-kitobini qilgan, so‘nggi safarga otlangan odam ovozini eslatardi. Ana shu og‘ir hissiyotning ta’sirida Gulabatin otasiga tikilib qaradi. Otasi go‘yoki faqat suyakdan yo‘nilgan haykaldek edi. Gulabatin ko‘zlarini olib qochdi, lekin haykal yo‘qolmadi. U qizning ko‘zlarida qotib qolgan edi.
— Nima bo‘ldi, ota, — so‘radi Gulabatin.
— Hech narsa, qizim! Men juda yaxshiman. Oyingning gapiga quloq solma. Ellik yildirki, ko‘ziga kasal ko‘rinaman. Sizlar yaxshi bo‘lsanglar bas, mening kunim o‘taveradi. O‘zing yaxshimisan, ishqilib?
— Juda yaxshiman, ota. Mendan hech tashvishlanmang.
— Bo‘ldi. Tik turib qoldingiz. O‘tib, joyingizga cho‘ziling, — deya onasi Namoz kishining qo‘liga turtdi. — Qo‘ying, men ham ishimni tugatay.
Gulabatinning ko‘zi endigina onasining oldidagi taxta kursini, ustidagi sovunlangan kiyim-kechak to‘la tog‘orani, yonidagi suvi bug‘lanib turgan katta qozonni, yerda yuvilmagan kiyimlar uyumiga tushdi.
— Oyi, men yuvay, siz otamga qarang!
— Yo‘q, o‘rgilay, sen kel, o‘tir. O‘zim yuvaman, — deb Norinj xola Gulabatinga burchakdagi eski gilamning bir chetidan – otasining to‘shagi yonidan joy ko‘rsatdi. — O‘tir, dardingni olay.
Gulabatin o‘tirmadi. Mo‘jazgina uyga ko‘z yugurtirdi. Onasiga qanday yordam berish haqida bosh qotirardi. Buni sezgan onasi:
— Bekor o‘tira olmayapsan, a, o‘rgilay sendan? Unda ol, anavi otangning ichki ko‘ylagining yengini yamab qo‘y…
Gulabatin yostiqning tagidan oq bo‘z ko‘ylakni, sariq taxta qutidan igna, ip va angishvona oldi. Otasi to‘shagining oyog‘i tomonida chordona qurib o‘tirdi-da, ko‘ylakni tikishga kirishdi. Shunda qorni ochganini his etdi. Lekin ochligini bildirmadi. Agar uylarida biror yegulik bo‘lsaydi, onasi uni o‘zi nonushtaga taklif qilgan bo‘lardi.
— Hamza qanday, oyi, ishlari yaxshimi?
— Xudoga shukr, qizim, yaxshi, — dedi onasi, Gulabatin esa ko‘zini unga qadab, berilmagan savolga javob kutardi. Ona qizining ko‘zlaridan savolni uqirdi. Boshini sarak-sarak qilib, hech qanday xabar yo‘q, derdi. Ular otaning yonida Suyundik haqida faqat shunday — tilsiz, so‘zsiz gaplashishardi. Chunki uning nomini eshitsa otaning yarasi yangilanardi — qo‘l-oyog‘i qaltirar, rangi oqarib ketardi. “Devday o‘g‘ilning ishlaydigan payti, ota-onasining og‘ir ishini yengil qiladigan payti, qamoqda yotsa… Uni o‘sha yerdan bo‘shatishganda zo‘rg‘a o‘ziga qaraydigan bo‘ladi. O‘zini eplasa ham mayli edi. Yuz marta aytdim, qayt bu yo‘lingdan deb. Hech kim baraka topmagan bu ishdan. Gapimga kirmadi” deb o‘z-o‘zidan o‘ksinar, tutoqib ketardi… Gulabatinning savoliga onaning javobini qoniqarli hisoblamagan ota dedi:
— Juda yaxshi, qizim. Hali bundan ham yaxshi bo‘lib ketadi. Ko‘nglimdagidek yigit bo‘layapti. O‘z ishini yaxshi ko‘radi. Qo‘lidan hamma narsa keladi.
Hamza haqida gapirgan sari Namoz kishining ko‘zlari yorishardi. Gulabatin buning sababini yaxshi bilardi. Suyundik qamalib ketganidan keyin Hamza bir muddat qaynab jo‘shdi, kimlarningdir orqasidan gapirib yurdi, do‘q-po‘pisa qildi, so‘kindi. Go‘yo qandaydir yuzboshli ajdarho haqida gapirar, barcha badbaxtliklarning sababchisi o‘sha yovuzday alamzada bo‘lib yurdi. Lekin bu jahl va g‘azab bir bezgak misoli o‘tib ketdi. Bezgak xuruj qilganda alahsiragan odam kasali qaytgach, qanchalik horg‘in, majolsiz bo‘lsa, Hamza ham shunday bo‘ldi, ancha vaqt jimib qoldi, gapirmay qo‘ydi, odamoviga aylandi-qoldi. Hamza ishlayotgan gilam fabrikasida esa undan nihoyatda rozi bo‘lib maqtay boshlashdi: “Bunaqangi sa’y-harakatli, farosatli odam topilmaydi, faqat ishi haqida, kasbi haqida bosh qotiradi. Ko‘p o‘tmay Tabrizda eng yaxshi gilam to‘qiydigan bo‘ladi” deyishardi. Hamza esa bunga parvo ham qilmasdi. Uning fikri-zikri ishda edi. Otasi bundan juda xursand edi. Eng muhimi Suyundikning ahvoliga tushadigan biror ish qilmasligidan ko‘ngli to‘q edi, hatto korxonada unga yaqinda maoshingni oshiramiz deb va’da berishibdi. Yana nima kerak, qo‘lingda hunaring bor, yaxshi maosh olasan, ishla, qandingni ur, yasha. Kim ham nima derdi… Namoz kishi uchun ideal — a’lo hayot mana shu edi!
Albatta, Gulabatin kichik akasining korxonada yaxshi nom chiqarganidan juda xursand edi. Hunari tufayli olqish olayapti, hech bo‘lmaganda keksa otasiga sevinch va tasalli berayapti. Gulabatinning yuragida unga nisbatan iliq bir muhabbat uyg‘ongandi, uni jon-dilidan yaxshi ko‘rardi. Ammo Suyundik Gulabatinning nazarida butunlay boщqacha edi. U xayoliy bir qahramon edi. Shunday qahramon ediki, uning o‘ylari, niyatlari nafis parda bilan to‘sib qo‘yilgandi. Gulabatinning nazarida ana shu to‘siq orti mo‘jizakor sirlar bilan to‘la edi.
Gulabatin ko‘ylak yengini tikib, joyiga qo‘ydi-da, onasiga ko‘maklasha boshladi: yuvilgan ko‘ylaklarni suvga chayib hovlining o‘rtasidan tortilgan ipga ilardi. Kirini yuvib bo‘lgan onaning qalbiga g‘alati bir havas keldi. Gulabatinga mehri jo‘shib, uni samovar choyiga taklif qilishni o‘yladi:
— Hoy, otasi, — dedi. — Samovar qo‘ymoqchiman. Gulabatin qizimga samovar choy ichirgim kelayapti. Siz ham ertalabdan beri choy ichganingiz yo‘q. Bir choyxo‘rlik qilaylik…
— Juda savob ish qilasan-da! — dedi Namoz kishi zo‘rg‘a eshitilar ovoz bilan yotgan joyidan. — Ko‘miring bormi?
— Topaman! — deya Norinj kichkina samovarni taxmon yonidan olib, changini artganda Gulabatin ota uyidagi muhabbatdan yuragi hapriqib onasiga qaradi. Qaradi-yu, yuragiga igna sanchilganday bo‘ldi: voy xudoyim-ey! Onasi shunchalar ham qarib ketibdiki. Sochlari oqargan, beli sal bukchaygan, suyagi chiqib turgan qo‘llarining terisi taram-taram edi…
— Oyi, siz biroz dam oling, samovarga o‘zim o‘t qalayman! — deya ishga kirishdi Gulabatin.
Kichkinagina guldor choynakka choy tashlab, qaynatilgan suvga to‘ldirdi-da, dam yesin deb samovarning ustiga endigina qo‘ygan ham ediki, eshikdan ayol kishining ovozi keldi:
— Norin, hoy Norin! Uydamisan?
Ayol ovozidan ko‘ra da’vogar erkak ovozini eslatuvchi bu tovush Gulabatinga juda ta’sir qildi. Qayrilib qaradi-yu, ko‘zlariga ishonmadi. Uning ro‘parasida Salmi xonim turardi.
Gulabatin hali o‘z uylarida yashayotgan paytida Salmi xonimning epchil bir dallolga turmushga chiqqanini eshitgandi. Biroz vaqt o‘tgach, dallol o‘z mulkiga ega bo‘ldi. Avvaliga bir, keyin ikki, so‘ngra uch va nihoyat o‘nlab ming tuman pul topishganini aytib yurishardi. Bundan bir yil oldin u Gulabatinlar yashayotgan uyni egasidan sotib olib, o‘z qo‘liga kiritgandi. Endi Salmi xonim oddiy dallollar safidan boy-badavlat dallollar safiga o‘tayotgan bir odamning xotini edi. Gulabatin keyingi to‘rt yil ichida bir marta ham ko‘rmagan edi. Oldinlari u kelishgan bir ayol edi. Endi bo‘lsa go‘shtdor qisir sigirlar singari semirib et bog‘lagandi. Buqog‘idan ikki enlik go‘sht osilib turardi. Badaniga munosib tarzda fe’li ham, ovozi ham o‘zgargandi. Katta-katta qora ko‘zlari odamga shunday tikilardiki, “g‘ajib tashlayman” deganday bo‘lardi. Ana shunday yomon taassurot olganiga qaramay, Gulabatin unga hurmat bilan salom berdi. Salmi xonim qizga mensimay qarab qo‘ydi, salomni esa go‘yo eshitmagandi.
— Oying qani, hoy qiz? Mosholloh, kap-katta bo‘lib qolibsan. Bo‘ying yetib qopti-ku, a! — derkan Gulabatinga emas, hayrat to‘la ko‘zlari bilan, biqirlab qaynayotgan samovarga qaradi. Yuz-ko‘zidan Salmining kelishi Gulabatinga yoqmaganini sezgan Norinj unga peshvoz chiqdi:
— Ichkariga marhamat, Salmi xonim, choy ich!
— Zo‘rsan-ku, samovar qo‘yibsan-da! — deya Salmi rahmat o‘rniga istehzo va baxillik aralash achchiq bir tuyg‘u bilan javob qaytardi. — Uyning ijara haqiga kelgandim. Bu kun uch oy bo‘ldi. Erim aytivordi, bizning ham ming harajatimiz, qarzimiz bor, deb…
Gulabatinga shunday tuyuldiki, hovlining naqd yarmini egallab turgan Salmi xonim ayolga emas, balki achchiq, zaharli so‘zlar purkayotgan vulqonga o‘xshardi. Nima deyayotganini, og‘zidan chiqayotgan so‘zlarning o‘q singari odam siynasini teshib o‘tayotganini his etmasdi ham, o‘ylamasdi ham. Gapiraverdi, gapiraverdi, ichidagi bitmas-tuganmas, so‘z lavasi tinmay otilib chiqardi. Agar gapirmasa bormi, so‘z lavasi uni portlatib yuboradi-yov… Vulqon bir zumga nafasini rostladi-da, yana pishqirdi:
— Bolam, osmondan tushganingiz yo‘q-ku, xudoga shukr, Tabrizda yashayapsiz, uy topish — non topishdan qiyin. Ijara haqini to‘lay olmasangiz, chiqib ketinglar, cho‘ntagingizga loyiq joy topinglar. Uyga navbatda turgan odam qanchadan-qancha!
Gulabatin mundoq qarab angladiki, onasi fursat kutayapti, toki Salmi xonim imkon bersinu u gapini aytsin. Gulabatinlarnikida gapirayotgan odamning so‘zini bo‘lish odobsizlik sanalardi. Lekin Salmi xonim gapga tushib ketgancha, hali-beri to‘xtaydigan emasdi. Shunga ko‘ra jumlasini to‘xtatib, nafas olgan zahoti Norinj fursatdan foydalanib qoldi:
— Salmi xonim, nega unaqa deyapsiz? Yigirma yildirki, biz mana shu uyda yashayapmiz, qayoqqa chiqib ketamiz? Hozir qo‘limiz sal kaltaroq, imkon bo‘lishi bilan tezda to‘laymiz.
Onasi gapirarkan, Gulabatin Salmi xonimning g‘ayrioddiy darajada kattalashgan va yomon bir fikr bilan o‘ynay boshlagan ko‘zlarini o‘z vujudida his qildi. Unga bu ayolning yovuz boqishlari butun badanini yondirayotganday tuyuldi:
— Sen nega puling yo‘qligidan noliyapsan? — deya vulqonning og‘zi yana ochildi. Har narsani yondirib, kulu vayron qilayotgan balchiq, yonib-qaynab bug‘lana-bug‘lana oqib kela boshladi:
— Shunday qizi bo‘la turib ham pulsizlikdan noliydimi odam? Bilasanmi, Fahmi xonim bir yillik maoshingni shundoqqina qo‘lingga tutqazadi…
Fahmi xonim nomini eshitib, hovlida g‘ayrioddiy hodisa yuz berdi. Xuddi Norinj xolaning boshidan bir chelak qaynagan suvni quyib yuborganday bo‘lishdi. U qo‘l cho‘zib, eshik oldida turgan xokandozni oldi-da, Salmi xonimning boshiga tushirdi. Salmi o‘zini chetga olmaganda boshida yaxshigina g‘urra hosil bo‘lishi turgan gap edi.
— Fahmi xonim dallol qizlarining mijozi-ku, meningmas! — dedi nafasi tiqilib Norinj.
Gulabatin bu manzarani o‘zini yo‘qotgan bir ahvolda kuzatib turardi. Chunki Salmi xonimning kutilmaganda, aql bovar qilmas darajada hayosizlarcha Tabrizdagi ko‘ngilochar uylardan birining sohibi Fahmi xonimning ismini tilga olishi qizni butunlay gangitib qo‘ygandi. Lekin u tezda o‘zini o‘nglab oldi va uning qalbida onasinikidan ham dahshatli bir g‘azab qaynadi:
— Unaqa uylar sizga yarashadi, chiqing bu yerdan! — dedi qo‘li bilan eshikni ko‘rsatib.
Salmi xonim qip-qizarib ketdi:
— Mayli, ko‘ramiz hali, Norinj xonim! — deb burildi va ketmoqchi bo‘ldi.
— To‘xtang, ketmang, Salmi xonim! — degan ovoz eshitildi. Hamma eshikdan kirayotgan noma’lum kishiga qaradi. O‘ta yevropacha kiyingan, qo‘lida aso, yengiga sariq paltosini tashlab olgan, boshiga tsilindr kiygan haligi noma’lum og‘a uning yo‘lini to‘sdi. Salmi xonim ham, Gulabatin va uning onasi ham qimmatbaho qora kostyum-shim kiygan, qora lak tuflilik, nafis madaniyatli va xushmuomalali bu odam qarshisida shoshib qolishdi. Uning bashang kiyimini ko‘rib, hatto Salmi xonim yog‘day eriy boshlagandi.
Noma’lum kishi boyvachchalarcha harakat bilan, shoshilmay, ich cho‘ntagidan kattagina bir hamyon chiqardi. Uning ichidagi beli bukilmagan yap-yangi o‘n tumanliklardan yigirma to‘rttasini sanab, Salmi xonimga uzatdi.
— Marhamat, Salmi xonim, uyning bir yillik haqini oldindan olib qo‘ying! — deb pulni ko‘zlari kosasidan chiqqan, sal oldingi tahqirlarni darhol unutgan Salmi xonimning hovuchiga bosdi-da, Gulabatinning onasiga o‘girilib ilova qildi: — Men Tehrondan kelganman, xonim, siz meni tanimaysiz. Ammo men sizni yaxshi taniyman. Siz rahmatlik Hoshim kishining qizisiz. Mening otam tojir edi. Bir paytlar qo‘li kaltalik qilib turgan paytda Hoshim kishi otamga naqshli gilamini bergan ekan. Otam uni sotib, o‘ziga sarmoya qilgan ekanlar. Bizning hozirgi bisotimiz o‘sha gilamning pulidan ko‘paygan. Otam o‘layotganlarida sizni izlab topishimni va qarzimizni uzishimni vasiyat qilgan edilar. Shuning uchun izlab keldim. O‘tirsam maylimi?
— Marhamat qiling, — deya bu gaplarni hali ham ertakka yo‘yib o‘tirgan, tush deb o‘ylayotgan Norinj uni ichkariga taklif qildi. Noma’lum kishi hali ham ketmagan Salmi xonimga yuzlandi:
— Dunyoda bunaqa ishlar ko‘p bo‘ladi, xonim, taajjublanmang. Endi bo‘lsa, marhamat qilib yo bizlar bilan bir piyola choy iching, yoki ruxsat eting…
— Osh bo‘lsin, sizlar choyingizni ichingizlar, men esa kechirasizlar, borishim kerak! — dedi Salmi xonim. U nima deyishini bilmas, go‘yo vulqon so‘nib, lava to‘xtab qolgandi.
U hovlidan chiqib ketishi bilan noma’lum kishi Gulabatinga hovli eshigini berkitish ishorasini qildi. So‘ng ehtiyotkorlik bilan asta gapirdi:
— Norinj xola, men rostdan ham Tehrondan kelganman. Faqat na tojirman, na tojir o‘g‘li. Men Suyundikning jo‘rasiman, hech tashvish tortmanglar. Sog‘-salomat yuribdi. Tabrizda ishim bor, shunga keluvdim. Sizlarni bir ko‘rib o‘tishni burchim deb bildim.
Bu payt Namoz kishi ham o‘rnidan turib, ko‘rpani yelkasiga tashlaganicha, hovliga chiqib, noma’lum kishiga qarardi. Suyundikdan xabar olib kelgan bu odamga girdikapalak bo‘layotgan Norinj xola:
– Ko‘p yashang, bolam, – dedi, – ichkari kiring. Bir piyola choy iching. Gulabatin qizim, samovarga qara, sovib qolgandir…
— Gulabatin shumi, a? Suyundikning senga alohida salomlari bor. Yodida bo‘lsin, har kuni kitob o‘qisin deb, tayinlab yubordi… Yigit onaga yuzlandi: — Endi men ketishim kerak. Norinj xola, kechiksam bo‘lmaydi. Salmi xonim endi olamga jar soladi. Bir ozdan keyin eri ham, qo‘ni-qo‘shni ham bu yerga yog‘ilib keladi. Nima so‘rashsa ham, bilmaymiz, Hoshim kishining qarzini berib ketdi, denglar. — U bir nechta o‘n tumanlikni dasturxon ustiga qo‘ydi. — Hozircha… Salomat bo‘lingizlar.
Gulabatin faqat endigina Suyundikdan xabar olib kelgan, Suyundikning do‘sti va jo‘rasi bo‘lgan bu odam chiqib ketayotganda uyqudan uyg‘onganday bo‘ldi:
— Suyundik menga xat yozmadimi?
— Hozircha qiyin, singiljon, — deya kulimsiradi noma’lum kishi. — Endigi safar, albatta, xat ham yozadi, hozircha…
U eshikdan chiqayotganda ona yo‘lini to‘sdi:
— Hoy bolam, hech bo‘lmasa ismingni, uy-joyingni aytib ket.
— Keragi yo‘q, Norinj xola. Sizga uning foydasi bo‘lmaydi. Bizga esa zarar keltirishi mumkin. Shunisi muhimki, men sizlarni topdim. Yana kelaman. Ko‘rishguncha…
Noma’lum kishi qanday g‘oyibdan kelgan bo‘lsa, shunday g‘oyib bo‘ldi. Gulabatin va onasining ko‘zlarida buyuk bir sevinch, umid uchqunlari porladi. Namoz kishi qo‘rquv, vahima va shubha ichida boshini chayqab ichkari kirdi.

KATTA XONIM

Kunlar sezdirmasdan o‘tib borardi. Oldinlari Gulabatinga kunlar bir-biriga o‘xshaganday bo‘lib tuyulardi, biri ikkinchisidan biroz shod kelar, yoki sal g‘amgin bo‘lardi. Endi bo‘lsa uning nazarida kunlar boshqa ma’no kasb etgandi. Albatta, hojining uyida rostdan ham uning uchun hamma kunlar bir-biriga o‘xshardi, bir-birining aynan o‘zi edi: ertalab barvaqt turish, hovlini supurib chiqish, samovar qo‘yish, bozorga borish, kir yuvish, bekaning boshqa ko‘rsatmalarini bajarish, kechqurun esa xorib-tolib dahlizga kirib biroz yotish, biroz o‘qish, sal-pal xayollarga berilish, nihoyat uxlash. Gulabatin ulg‘aygani sayin bularning hammasi faqat uning qo‘llari, bilaklari, oyoqlari, a’zoyi badanining ishiga aylanib borardi. Uning o‘yi, shuuri esa shular bilan kifoyalanmasdi. Hovlining to‘rt devori orasidan chekkalarga bo‘ylanardi. Osmonga qarardi, qo‘ni-qo‘shnilarga e’tibor berardi. Kuchli shamollar qayerlardandir olib kelgan butunlay boshqa o‘lkalarning havosini simirardi. Davrining bu havosida ko‘z ilg‘amas nelar bor edi?
Ular Gulabatinning fikriga oziq berardi, har kuni takrorlanadigan ishini zohiran indamay va qoyilmaqom qilib bajarsa-da, aslida beorom tuyg‘ular bilan yashardi. Shu tariqa bu kunlar bir xillik ohangini yo‘qotar, boshqa ma’no bilan to‘lardi. Xususan, bizga ma’lum bo‘lgan ajoyib tushidan va undan ham ajoyib noma’lum kishi bilan uchrashuvidan keyin o‘ylaydigan bo‘lib qolgandi. Ko‘zlari odamlarga va dunyoga nisbatan o‘chmas bir maroq bilan porlardi. Kunlarning tinimsiz oqimi ichida kuz tugab, qish boshlanib Tabrizning bog‘lariga, tog‘lariga mo‘l-ko‘l qor-yomg‘ir yog‘dirgandi. So‘nggi chorshanba edi. Shahar an’anaviy tantana va dabdaba bilan Navro‘z bayramini kutib olishga tayyorlanardi. Xonim ham kosa va likopchalarda bug‘doy ko‘kartirib derazalarga tergan, qo‘llariga xino qo‘ygan, turli-tuman shirinliklar olib, bayram dasturxoni tuzagandi.
Shu kunlarda hoji uyda tez-tez ko‘rinib turardi. Ayniqsa, kechqurunlari hech qayerga bormasdi. Gulabatin har holda keyingi kunlarda hojining huzuriga kelib-ketuvchilarning ko‘payganini payqagandi. Ularning ko‘pi birinchi marta kelishar, avvallari bu yerga qadam bosmagan odamlar edi. Tag‘in hammasi bashang kiyinganidan tojirga, arbobga o‘xshashardi, bari jiddiy ko‘rinar, Gulabatin ularning yuziga qarashdan qo‘rqardi.
— Xonim, samovar qo‘yaymi? Og‘aning oldiga yana bir to‘da odam keldi, — deya xonasida o‘tirgancha o‘yga tolgan bekadan so‘radi.
— Turqi qursin hammasining! — dedi xonim savolga javob bermay.
— Xonim, aftidan, og‘amizning savdosi baroridan kelganga o‘xshaydi. Shuncha odam kelganini qarang, — dedi Gulabatin soddadillik bilan. Xonim ham shunday soddalik bilan, lekin hojiga nisbatan istehzoli ovozda to‘ng‘illadi:
— Yo‘q, endi og‘a boshqa dardga chalinibdi. Siyosatchi bo‘lmoqchi emish. Hizbi guruh tuzayapti. Bor, choy damla… Hozir chaqirib qoladi.
Rostdan ham sal o‘tmay hoji eshikdan boshini chiqarib qichqirdi:
— Xonim, choy!
Shu ikki kalimani shoshilib aytdi-da, hojining basharasi g‘oyib bo‘ldi. Ichkarida bir-biriga gal bermay chug‘urlayotgan aralash tovushlar borgan sari kuchaymoqda edi. Xonim ana shu tovushlarga ishora qilib:
— Jazavalari tutayapti! Yer yutgurlar, Tabrizni farovon qilisharmish! — dedi xonim va mayiz, xurmo, bodom, pista, g‘oz oyog‘i singari turli-tuman bayram shirinliklari to‘ldirilgan vazalar va likopchalarni birma-bir Gulabatinga berib, ichkari kiritib yubordi. Gulabatin xonaga kirganda, suhbat ayni qizigandi. Ular turli vaziyatda o‘tirgancha, sigara chekishar, xona tutunga to‘lib ketgandi. O‘tirganlar qizga bir-bir qarab qo‘yishdi-da, yana gapga berilib ketishdi. Gulabatin shoshmasdan saranjom-sarishtalik bilan likopchalarni mayda dumaloq stollar ustiga qo‘yib chiqdi. Qulog‘i esa ularda edi. Ularning gaplaridan shuni tushundiki, kimlarnidir qo‘lga olishibdi. Qo‘lga tushganlarning esa xalq orasiga nizo solishdan, to‘palon chiqarishdan, dunyoni ostin-ustin qilishdan boshqa niyatlari yo‘q emish. Hammasi yalangoyoq, qiladigan ishining tayini yo‘q, dinsiz-imonsiz, xudobezori odamlar. Shuning uchun ham bundaylar dorga tortilishga, tiriklayin o‘tda kuydirilishga loyiqdirlar!
Gulabatin xonadan chiqqanida qip-qizarib ketgandi. O‘yida faqat bir narsa charx urardi: “Ilohim, o‘sha odam qo‘lga tushganlar ichida bo‘lmasin-da”… (Gulabatin haligi noma’lum kishini o‘zicha “o‘sha odam” deb atardi). Hojining odamlari xuftondan biroz o‘tganda tarqalishdi. Gulabatin idish-tovoqni yig‘ishtirgach, bir bahona bilan katta xonimning yotog‘iga kirishga qaror qildi. Katta xonim shahardagi voqealardan yaxshiroq xabardor bo‘lsa kerak, deb o‘ylardi u. Uning gapi hamisha to‘g‘ri chiqardi. Ehtimol, bu talaba qo‘lga tushgan kim ekanini yaxshi bilar. “O‘qishga biror kitob so‘rayman, o‘zi va’da bergandi”, — deb o‘yladi va asta uning eshigini chertdi. Katta xonim taqillatayotgan Gulabatin ekanini darhol bildi.
— Kiraver, Gulabatin! — deya chaqirdi.
Gulabatin ichkari kirganida, u divanda yonboshlagancha qandaydir bir kitobni o‘qib o‘tirgan ekan. Aftidan, ko‘p kitob o‘qiganidan ko‘zlari shishinqiragandek ko‘rindi. Boshini ko‘tarib qaradi, ko‘zlarini pirpiratdi.
— Qani, bu yoqqa kel-chi, nima gap Gulabatin? — deya u qizni yoniga chaqirdi. Hol-ahvol so‘radi. Ota-onasi qandayligini surishtirdi. Gulabatin tashakkur bildirdi.
— Do‘kon-bozorda nima gaplar?
Gulabatin katta xonimning nimani so‘rayotganini yaxshi tushundi. U ko‘pdan beri ko‘chada, bozorda yuz bergan voqealar haqida Gulabatindan surishtirib turardi. Gulabatin esa ko‘rganlari va eshitganlarini unga gapirib berardi. Lekin hozir Gulabatin uning savoliga o‘zi tushunganicha javob berdi:
— Xonim, shaharda yomon gaplar yuribdi. Aytishlaricha, bir guruh siyosatchilarni qo‘lga olishibdi. Jazolamoqchi emishlar. Siz hech narsa eshitmadingizmi, xonim?
Katta xonim Gulabatinga qarab kuldi:
— Bunaqa narsalarni sen ham tushunasanmi, Gulabatin?! Xavfli narsa bular…
— Men sira tushunmayman, xonim. Bozorda eshitgandim. Boya og‘aning yonidagi odamlar ham gapirishayotgandi. Hammasi dinsiz, imonsiz ular, deyishdi, hammasini dorga osish kerak…
— Qoraguruhlar! — dedi katta xonim kimnidir nazarda tutib.
— Ular yomon odamlarmi, xonim? Siz ham siyosatchilarni aytayapsizmi, xonim?
Xonim Gulabatinning peshonasiga tushib turgan sochlarini orqaga taradi.
— Yo‘q, Gulabatin, men ularni aytmayapman. Ular vatanlariga jon tikkan odamlar. Fidoyi odamlar ular. Sen bilasanmi, ular nima istashyapti? Eh, Gulabatin, Gulabatin, senga qanday tushuntirsam ekan? Ular istashadiki, biz ham olg‘a bossak, ilg‘or bo‘lsak, madaniy xalqlar safiga qo‘shilsak. Hamma joyda haq va adolat qaror topsa. Mana qaragin, nima desam ekan, mana sen ana u hovuzni ko‘rayapsan-a? Ikki oy, uch oy tozalanmasa, toza suv quyib turilmasa, sasib ketadi, tagida har xil qurtlar paydo bo‘ladi. Bizning jamiyatimiz ham shunaqa. Suvlar almashtirilib, havolar yangilanib turilishi kerak. Agar ular istagandek bo‘lganda, sen ham o‘qirding, senga o‘xshagan minglab bolalar ham… Ha, Gulabatin, yaxshiyam esimga tushdi. Senga yangi kitob olib kelgandim, o‘zi ham ona tilimizda.
Xonim kitoblarning tagidan kichkinagina sariq kitobchani oldi. Uni Gulabatinga berdi. Qiz kitobni olib, yozuvini o‘qidi: “Haydarboboga salom”. Varaqlab, keyingi sahifaga qaradi. U yerda qora qosh, o‘tkir nigohli, aqlli bir kishining surati bor ekan. Gulabatinning unga diqqat bilan qarayotganini ko‘rgan katta xonim:
— O‘z shoirimiz, — dedi. — Shahriyor. O‘qigin, juda sodda va chiroyli yozibdi. O‘qiganingdan keyin tushunmaganingni so‘ra. Tamom qilganingdan keyin gaplashamiz…
Gulabatin shu asnoda taqdiridan shu qadar rozi ediki, go‘yo butun dunyoni unga baxshida qilishgandi. U xayolida so‘nggi chorshanba oqshomining shunday yaxshi kelishini yanada kattaroq sevinchlarning mujdasi hisoblab, katta xonimga chin dildan minnatdorchilik izhor qildi:
— Katta rahmat, xonim! Alloh sizga hamisha baxt ato qilsin! — dedi-da, eshikka qarab yo‘naldi, keyin bo‘sag‘adan orqasiga qaytib: — Tuningiz xayrli bo‘lsin, xonim! — deb xonadan chiqdi. Lekin shu mo‘jazgina, shinam xonani ham, uning ichida yashayotgan go‘zal xonimni ham qalbida olib ketdi. Unga shunday tuyulardiki, xona billur oynadan ishlangan, bu g‘ishtin imoratga qachon, qayerdan qaramang, eng avval shu yorug‘ xonaga ko‘zingiz tushadi. Katta xonim esa ana shu billur xonada yonib turgan bir chiroq, porlab turgan bir yulduz edi, uning nurlari esa olis-olislarga yoyilib turardi.
Gulabatinning esiga tushdi: bir paytlar Suyundik ham xayoliga yulduz bo‘lib o‘rnashib olgandi. Yo‘q, u hozir ham xayolining musaffo osmonida porlab turibdi. Lekin borgan sari uzoqlashib borayotibdi, yanada porloq nur taratayapti. Endi bu yulduz juftlashganday edi. Bunday muqoyasa singil qalbida mumkin bo‘lmagan va shuning uchun ham yanada shirin ko‘ringan bir orzu uyg‘otdi: “Suyundik bilan Katta xonim bir-biriga shunchalar ham moski! Qani endi yulduzlari mos kelsa! — deb o‘yladi. Keyin esa o‘yga toldi: Nega mumkin bo‘lmasin? Axir, aytishadi-ku, zamonamizda shunday ishlar bo‘ladiki, avvallari bunday gaplar kap-katta odamlarning ham xayoliga kelmasdi…”

XOIN

Gulabatinni dahshat qoplagandi. Ko‘zining o‘ngida Suyundikka tuzoq qurishardi. Yuziga kula turib, ming bir hiyla ishlatib turib, xilvatga tortib mahv etmoqchi bo‘lishardi. Gulabatin esa bularni ko‘ra-bila turib hech qanday yordam berolmasdi. Bir chekkada qarab turardi: hech bo‘lmasa bu yovuz xiyonat haqida, bu qonli qopqon haqida akasini xabardor qilsa qaniydi!
Yo‘q, Gulabatinning bunga ham hech iloji yo‘q edi. Axir, u Suyundikni faqat xayolida, faqat tushlarida ko‘ra olardi. Ro‘yodagi odamga gapirib bo‘lmaydi…
Xo‘sh, nima qilish kerak? Bu qopqonni qanday qilib urib parchalasa bo‘ladi? Gulabatin xiyonat haqida, o‘z yo‘ldoshini, o‘z do‘stini sotgan xoinlar haqida juda ko‘p eshitgandi. Endi esa ana shunday xoinlardan biri kelib Suyundikni topibdi. Hech kutilmaganda, xaloskor bir farishta singari ularning eshigini ochib, behayo, nomussiz Salmi xonimdan ularga najot bergan bu odam, endi hojining uyida, yangi hizbi tuzuvchilarning, Suyundik singarilarni isyonchi, xudosiz deb atab, ularni dorga osishni talab qiluvchilar orasida yuribdi. Tavba, bu dahshat-ku! Odam ham shunaqa ikkiyuzlama, xoin bo‘ladimi?
Bunday xiyonat tufayli yolg‘iz Suyundik emas, kim biladi yana qanchadan-qancha Suyundiklar qurbon bo‘ladi… Nima qilish kerak? Borib onasiga aytsin, lekin ne foydasi bor! Bechora ayolning yuragi portlamaydimi, o‘g‘lining qayerda bo‘lsa ham sog‘-salomat ekani, zindonda bo‘lsa ham yashayotgani va bir kuni qutulib kelishi haqidagi o‘ylari ona qalbiga tasalli edi. Endi shu umidni, shu tasallini ham puchga chiqarishning nima foydasi bor? Yo‘q, bu sirni onaga aytishning ma’nosi yo‘q. Lekin bu xiyonatni shundayligicha qoldirib bo‘lmaydi, xo‘sh, nima qilish kerak?
Gulabatin qizg‘in, hayajonli o‘ylar girdobida qolgandi. Bu o‘ylar bir-biriga gal bermay miyasida g‘ujg‘on o‘ynardi. Nihoyat, Gulabatin ayovsiz o‘ylar qurshovidan qutulish yo‘lini topdi. Toki xiyonatning oldini olishga kuchi yetmas, toki xiyonat qurbonlariga yordam berolmas ekan; hech bo‘lmasa xoinning yuragini yaralash kerak, u ichayotgan xiyonat bodasiga zahar qo‘shish lozim. Bir ko‘zgu bo‘lib, unga iflos afti-basharasini ko‘rsatish joiz, toki o‘zini ko‘rsin, o‘z-o‘zidan jirkansin.
Ammo xoinni qanday qilib ko‘radi, qanday fursat topib xanjarni uning yuragiga sanchadi? Xoin eng to‘rda o‘tiribdi, hojining bayram dasturxoni to‘ridan joy olib, yeb-ichayapti, gapirib-kulayotibdi, g‘azablanayotibdi. Gulabatin bo‘lsa goh hovliga chopadi, goh dahlizga yuguradi, bo‘shagan likopchalarni yig‘ishtiradi. Mana shu idishlarga xoinning qo‘li tekkan, xoinning yovuz, iflos nafasi ularni bulg‘agan. Likopchalar xurmo danaklari va yong‘oq po‘choqlari, tishlab tashlangan paxlava1 qoldiqlari bilan to‘la. Gulabatinni goh og‘a chaqiradi, goh xonim. U goh kenja qizning, goh Shohpalankning chaqirishiga yugurishi kerak. To‘rt tomondan shovqin solinadi:
— Gulabatin, hoy Gulabatin! Choy ber…
— Gulabatin, hoy Gulabatin! Kel, poyabzalimni tozala.
— Gulabatin, hoy Gulabatin, dazmol qani?
Bayramdan bir hafta o‘tayapti, lekin bayram dasturxoni hali yig‘ilgani yo‘q, kelib-ketuvchilarning keti uzilmaydi. Hoji siyosiy bo‘lgach, uyi karvonsaroyga aylandi. Yangi hizbning odamlari biri kelib, biri ketib turibdi. Aytishlaricha, hoji boshliqlari emish. Yer yutkurlar. Odam qurib ketganmidi o‘zlaringga katta qilib saylashga! Bu yoqda esa kundan-kunga kichik xonimning havasi ortar, har kuni bir qilig‘i bilan onasining ham, Gulabatinning ham joniga tegardi. Tag‘in Shohpalank! Yana Tabrizda o‘ralashib qoldi. Uyda kechasi janjal, kunduzi janjal. Yuz tumanlik kostyumni ikki kun kiyadi, hammayog‘ini dog‘ qilib keladi-da, dahlizga uloqtiradi.
— Gulabatin, tozala!
Shohko‘liga, Tehronga aylangani, Qoratoqqa ovga borganda besh-olti kun jonlari tinchib, yuzini ko‘rishmaganidan xursand yurishdi. Bugun u ham uyda, odam kamlik qilganday yoniga o‘ziga o‘xshash besh-oltita bekorchixo‘jalarni olivolgan. Hammasining ko‘zlaridan o‘t chaqnaydi.
Chaqnasa jahannamga! Gulabatin o‘zini shunday tutayaptiki, go‘yo ularni hech ko‘rmayotganday… Ammo, uni, o‘sha xoinni ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi. Undan qasos olmasdan qo‘ymaydi. Lekin qanday qilib?! O‘zicha o‘yladi, bu safar choy olib kirganda shunday qiladiki, choynakni ustiga ag‘daradi. Bir oyog‘i kuysin, dazmollangan, silliq qilib tekislangan ingliz sholidan tikilgan shimiga dog‘ tushsin. Keyin mundoq o‘ylab qarasa, bu bilan xoinga katta zarba berolmaydi. Gulabatinning yuragi ham tinchimaydi. Shu ham intiqom bo‘ldi-yu! Bolalar o‘yini-ku, bu. Yaxshisi, xilvatda uchratib, sen xoinsan, sotqinsan, pastkashsan, deb yuziga aytay! Ammo qanday qilib!
Qanday reja tuzmasin, qanday o‘ylab ko‘rmasin oxiri kelib shu savolga taqalardi. Bu savolga esa u javob topolmasdi.
— Gulabatin, hoy Gulabatin, chilim olib kel! — degan hojining ovozi qizni bu og‘ir, azobli o‘ylardan qutqardi. Borib shishasi ko‘k va qizg‘ish naqshlar bilan bezalgan chiroyli chilimni tayyorlab hojining xonasiga olib kirdi. U yerda juda balandparvoz gaplar qilishar, bir-birining gapini bo‘lishar, orada qah-qah urishar, ba’zan hammasi jimib qolib, o‘yga tolishardi. Bunday paytda faqat sariq qahrabo yoki qora munchoq tasbehlarning shiqillashi eshitilardi. Gulabatin eshikka yaqinlashganda, hozir xoinning aftini ko‘raman deb o‘ylarkan oyoqlari qaltirab, qo‘lida chilim titrayotganini his qildi. “Men nima qilayapman o‘zi, — deb o‘yladi. — Rostdan ham hali bolaman. Bunaqasi ketmaydi! O‘zingni qo‘lga ol, Gulabatin!”
Bir amallab o‘zini qo‘lga oldi, ichkari kirdi. Unga qaramaslikka ahd qildi. U tomonga qayrilib ham qaramaydi.
To‘g‘ri hojiga qarab yurdi. Bu payt hoji gapirardi. Gulabatin ancha-muncha gaplarni eshitdi. Hoji bu safar ham o‘tgan galgi fikrini aytardi. Xuddi to‘tiqushga o‘xshardi. Yodlab olgan so‘zlarni takrorlardi, xolos.
— Ahmoqlik qilibmiz, shu paytgacha siyosatga aralashmabmiz. Maydonni yalangoyoqlarga bo‘shatib bergan ekanmiz!
Gulabatin chilimni hojining oldiga qo‘ymoqchi bo‘lganda, u qo‘li bilan anavi yerga qo‘y, ishorasini qildi. Gulabatin hojining qo‘li cho‘zilgan tomonga qarab, xoinni ko‘rdi.
U hozir ham birinchi martadagidek sokin va tamkin edi. Ko‘rinishi jiddiy. Gapirayotganlarga diqqat bilan quloq solardi. Gulabatin hech bo‘lmasa uyalib qizaradi, deb o‘yladi. U bo‘lsa juda bemalol o‘tirardi! Chilimni uning oldiga qo‘yayotganda, bir zumga ularning ko‘zlari to‘qnashdi. Gulabatinning qo‘li qaltirardi, chilim qo‘lidan tushib ketishiga sal qoldi. U bo‘lsa qizga boshqa qaramasdan chilimni qo‘liga oldi, hech kim buni payqamadi ham. Gulabatin tez chiqib ketdi. Agar sal to‘xtab qolsa yig‘lab yuborishni yoki yuzini hojiga burib “bu odamga ishonmanglar, bu xoin” deb yuborishni his etganidan bo‘sh stakanlarni, likopchalarni ham yig‘ishtirmay xonadan chiqib ketdi…
Bir ozdan keyin ular tarqala boshlashdi. Oftob allaqachon botgan, qayerdandir azon ovozi kelardi. Muazzin musulmonlarni shom namoziga chorlardi. Hojining o‘zi singari uning uyiga keluvchilar ham vaqtida namoz o‘qiydiganlardan emasdilar. Namozlarini ko‘pincha qazo qilishardi yoki boshqalarga o‘qittirishardi. Ular Tangri taolo ishlarining ko‘pligini, boshlarini qashishga vaqtlari yo‘qligini nazarda tutishiga amin edilar. Gulabatin dahlizning rangli derazalari orqasidan ularni kuzatardi. Aftidan, hoji ularni hovli darvozasigacha kuzatib qo‘yadiganga o‘xshaydi. Asta-sekin, suhbatlashib, tasbehlarini o‘girgancha, bir-biriga yo‘l bo‘shatib g‘ishtin yo‘lakdan yurib borishardi. U – “o‘sha odam” – sal orqaroqda, tamkinlik bilan, bamaylixotir yurib borardi. Xonada bo‘lgani singari o‘zi gapirmas, boshqalarning gapiga quloq solardi. Darvozaga yetgach, to‘xtadi. Hamma chiqib ketgach, hojiga nimadir dedi. Hoji burilib chaqirdi:
— Gulabatin, hoy Gulabatin!
Gulabatin yugurib keldi. Hoji ko‘chaga qarab turgan noma’lum kishini ko‘rsatdi:
— Og‘a bilan bor, omonat bor edi, berib yuboradi, olib kelasan.
Gulabatin bunday fursat tasodifiy emasligini tushundi. Xudoyim shunday qildi, xoinni bir dog‘lasin, nashtar urib yuragini yaralasin deb buyurdi!
U, Gulabatinga hech ahamiyat bermasdan, go‘yo sira tanimaganday oldinda yurib borardi. Qiz bir zumga balki rostdan ham tanimagandir yoki men adashdimmi, bu boshqa bo‘lsa-chi, deb o‘yladi va darhol fikridan qaytdi, yo‘q adashmayapman, bu o‘sha…
U, tabrizliklar dushurga deb ataydigan, avvallari Bokuda gazalag nomi bilan mashhur yolg‘iz ot tortadigan kichkinagina foytunni to‘xtatdi. O‘zi o‘tirdi va ishora qilib qizga ham yonidan joy ko‘rsatdi. Ular Firdavsiy mehmonxonasi yonidan o‘ngga burilishdi. Biroz yurib borib tor ko‘chalardan birida foytundan tushishdi, torgina hovliga kirishdi. Keyin ikkinchi qavatda bir necha derazasi bo‘lgan katta xonaga ko‘tarilishdi. U, hassasini bir burchakka qo‘ydi. Silindr shlyapasini ilgakka ilib qo‘yib, nihoyatda mehribon, kulib turgan ko‘zlari bilan qizga qaradi:
— Shunaqa, Gulabatin xonim! — dedi, — hojining uyida ishlayotganingni nega menga aytmaganding?
Uning mehribon ovozi ham, kulib turgan ko‘zlari ham Gulabatinga nafratomuz ko‘rinardi. Qiz unga qo‘lida pichog‘u odam o‘ldirishga tayyorlanayotgan bir jallodga qarayotgandek tikildi.
— Men sizdan nafratlanaman. Siz xoinsiz, pastkashsiz! — dedi Gulabatin unga zahrini sochib. U bo‘lsa, bu gaplarga jimgina quloq soldi, yuzidagi tabassumi jiddiy ifodalardan darak bersa ham, achchiqlanmadi. Nihoyat:
— Mening xoin ekanimni qayoqdan bilasan? — deya sekingina so‘radi.
— Shundan bilamanki, hoji singari odamlar bilan hamtovoqsiz. Uning partiyasiga kirayapsiz. Ular bo‘lsa Suyundik singarilarni isyonchi, xudosiz deb atashadi. Hammasini dorga tortish kerak! — deyishadi.
Qiz gapirarkan, uning ko‘zlari kattalashib, g‘ayrioddiy holatga tushayotganini his qilardi. Gulabatin gapirib bo‘lgach, u xonada naridan-beri yurib turdi, ancha o‘yga toldi. Kelib, Gulabatinga diqqat bilan tikildi, xuddi avvalgiday iliq tabassum bilan kulimsiradi.
— Sen meni rosa quvontirding, hoy qiz. Sen qurrotulayn Tohira bo‘ladigansan! Sizlarni o‘qitadigan bo‘lsa, har biringiz bir qahramon bo‘lasiz!
— Men Tohira-pohirani tanimayman! — dedi Gulabatin haliyam jahlidan tushmay, — xudo xayringizni bersin, Suyundikni o‘limga mahkum qilmanglar! Yolvoraman!
Birgina shu so‘zni eshitganda, u butunlay o‘zgardi. G‘am to‘la ko‘zlarini Gulabatinga tikib, qo‘lidan ushladi:
— Mening aqlli qizim, mening singilginam! — dedi. — Men o‘zim boraman o‘sha dorning tagiga. Ularning boshlaridan biror tuk to‘kilgani qo‘ymayman. Ayt, nimaga qasam ichay, seni qanday ishontiray?
— Xo‘sh, unda hojinikida nima qilib yuribsiz?! Yo u tomonda bo‘ling, yo bu tomonda. Ikki yuzli odamlarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q.
U yana o‘yga toldi. Derazadan ko‘chaga qaradi. Keyin yana Gulabatinga o‘girildi:
— Qayerda zarurat talab qilsa, men o‘sha yerda bo‘laman…
— Unaqa bo‘lmaydi. Hayot taqozosi yo u yoqda, yo bu yoqda! — dedi Gulabatin . Shu bilan uni tilidan ilintirdim, endi javob berib ko‘rsin-chi, deb o‘yladi qiz.
U esa shoshilmay javob qildi:
— Hayot haqida tasavvuring munchalar sodda bo‘lmasa, Gulabatin! — Uning tovushi taassuf bilan to‘la edi. Go‘yo juda yaxshi bilgan bir haqiqatni Gulabatinga tushuntira olmagani uchun taassuf qilardi.
— Seni ko‘p ushlab qololmayman, — dedi-da, shubhaga o‘rin qoldirmaydigan ovozda gapirdi. — Men hojiga eltadigan narsani tayyorlaguncha, sen mana bu xatni o‘qi…
Gulabatin qo‘ldan-qo‘lga o‘taverib, ezg‘ilanib ketgan oq xatjildni ochdi. Maktubning ustxatini o‘qidi. “Akang Suyundik” degan imzoga ko‘zi tushib, qo‘llari qaltirab ketdi. Hapriqib ketgan yuragidan issiq haroratli bir to‘lqin turib butun badaniga yoyildi. Birdan oyoqlari qaltirab, deraza oldidagi kursiga cho‘kdi, xatni o‘qiy boshladi. Xat bir varaq oq qog‘ozga yozilgandi. Harflar aniq va chiroyli yozilganidan Gulabatin akasining xatini tanidi. Xatning shoshib yozilgani ko‘rinib turardi. Bu xat emas, imkoni topilgan bir onlik fursatni qo‘ldan chiqarmaslik uchun hapriqqan, hayajonli bir yurakning tipirchilashi edi. Suyundik yozardi: “Aziz singlim Gulabatin! Ko‘zimning nuri, jonim, jigarim! Ushbu xat yordamida bo‘lsa ham sen bilan, aziz onam, otam, ukam bilan gaplashish qanday katta saodat ekanini bilsangiz edi. Hozir hammalaringiz ko‘z o‘ngimdasiz, yuzlaringizni ko‘rib turibman. Ovozingizni eshitayapman. Sizlardan iltimos, mening azizlarim, menga bunday g‘amgin qaramanglar, yomon o‘ylarga bormanglar. Yomon kunning umri qisqa bo‘ladi. Tez orada sizlarni ko‘rish nasib etadi. Hammamiz baxtli yashaymiz. Gaplarimga ishoninglar, kelajakdan noumid bo‘lmanglar. Aqlli singlim! Sen o‘qishni bilishingdan juda xursandman. Sening ushbu xatimni otam, onam, ukam Hamzaga o‘qib berayotganingni, ularning miriqib tinglashayotganini o‘ylasam butun dunyoni menga bag‘ishlashganday bo‘ladi. Sog‘-omon bo‘linglar, azizlarim. Bir-biringizni ehtiyot qilingizlar!..”
Gulabatin o‘tirgan joyidayoq xatni bir necha bor o‘qib chiqdi. Qalbida jo‘shib qaynagan tuyg‘ulariga nozik yuragi dosh berolmadi. Ko‘zlarida yosh halqalardi.
— Bu nimasi! — dedi noma’lum kishi qo‘l chamadonini eshik oldiga qo‘yarkan, — nega yig‘layapsan, Gulabatin? Bu senga yarashmaydi. Men seni jangovar, o‘t yurakli qiz deb bilardim.
Gulabatin qo‘lining orqasi bilan yonoqlarini artdi. Endi uning qalbida bu noma’lum kishiga nisbatan shunday muhabbat uyg‘ongandiki, u go‘yo Suyundikning egizagi edi, Gulabatinning katta akasi edi.
— Yo‘q, yig‘layotganim yo‘q! — dedi u xatni buklab qo‘yniga yashirarkan.
Noma’lum kishi esa xonada naridan-beri yurarkan, o‘z-o‘zicha gapirganday dedi:
— Sen haqingda o‘ylash kerak, Gulabatin. Seni o‘sha uydan qutqarishim kerak. Maktablarning birida yoki maorifda seni kichik bir ishga joylashtirmoqchiman. Nima deysan? Axir, birovning uyida malay bo‘lib ishlash boshqa, idorada yoki korxonada ishlash boshqa narsa. U yerda ishlasang yolg‘iz bo‘lmaysan, sheriklaring bo‘ladi. Shunday ishda bo‘lsang, balki o‘qishing ham mumkin…
— Bilmadim, o‘zingiz yaxshi bilasiz! — dedi Gulabatin e’tiroz bildirmasa-da, ikkilanganday taraddudlanib. Noma’lum kishi esa yana o‘z-o‘ziga gapirganday davom etdi:
— Hojining o‘g‘li menga yoqmadi. Shunaqa bir ahmoqki, qo‘lidan har qanday yovuzlik keladi…
— Lekin xonim juda yaxshi ayol! — deya Gulabatin ikkilanganining sababini aytdi. — Ha, sizga shuni ham aytib qo‘yay, katta qiz uydagilarning butunlay aksi. Menimcha, u qalbi bilan sizlarga o‘xshaydi.
— Eh, Gulabatin, bunaqalar juda ko‘p. Sen ularning boy-badavlat ekanliklariga qarama, noz-ne’matlar ichra yashashsa ham, har bir uyda ong-shuuri uyg‘ongan, zamonning havosidan nafas olib yashayotgan bunaqa yoshlar ko‘p. Musaffo yellar esishi bilan ular oshkora biz tomonga o‘tishadi, yordam berishadi… Endi boraqol, juda kech qolding! — deya eshik oldidagi qo‘l chamadonini olishni ishora qildi, — dilijonga o‘tirasan, manavi pulni ol. Shu narsa yaxshi esingda bo‘lsin, meni faqat hojinikida ko‘rgansan, vassalom. Bundan keyin meni ko‘rganda tumtayma, chilim uzatayotganda qo‘llaring qaltiramasin.
Gulabatin qizardi. Noma’lum kishi haqida yomon fikrda bo‘lgani esiga tushib o‘z-o‘zidan uyalib ketdi. Gunohkorday sekingina gapirdi:
— Siz haqda qanday yomon gaplar aytganimni, qanchalar qarg‘aganimni bilsangiz edi!
Noma’lum kishi uning barcha gunohlarini kechirganday bir tabassum bilan dedi:
— Sen xoinni qarg‘agansan, meni emas. Sen insoniyatga, do‘stlikka, saodatga xiyonat qilgan odamni qarg‘agansan. Men esa ayni shu yo‘lda, saodatga erishish yo‘lida xizmat qilayapman.
Gulabatin o‘z-o‘zicha o‘yladi: “Hamma narsani bilar ekan…”

TILLA SOAT

Tabriz bayram libosida. Shaharning faqat bog‘-rog‘larigina emas, xiyobonlari, bozoru do‘konlari ham bahor atridan nafas olardi. Bahor quyoshining har bir narsaga hayot baxsh etuvchi nurlari kun bo‘yi dalalarga, bog‘larga qo‘nar, gul-chechaklarning ochilishiga, daraxtlarning butoq chiqarib, barg yozishiga, mevalarning pishib yetilishiga yordam berardi. Sahardan shomgacha quyoshning rangini oftobdan olgan alvon-alvon qizil gullarning yonidan o‘tayotganda atir bo‘ylaridan dimog‘ yayrardi. Ming uch yuz metr balandlikda bo‘lgan bu go‘zal shaharda tog‘ havosi hamda ertalabdan kechga qadar hamma joyni qizdirguvchi Aran quyoshi bog‘u bo‘stonlarning yashnashi uchun, shirin mevalar yetishishi uchun mustasno sharoit yaratardi. Gulabatinning kabutarlari ham bahor havosidan yayrab, moviy osmon uzra yayrab uchishar va hovuz bo‘ylariga qo‘nishardi.
Gulabatin ularni tomosha qilib, bahorning sof nafasini yutgancha siynasining shu paytgacha u bilmagan, tushunib bo‘lmas, tumanli hamda shirin hislar bilan urayotganini sezardi. Bahor gullarni yashnatgani singari qizning ham o‘sishiga, uning yonoqlari yal-yal yonishiga ko‘maklashardi. Negadir u tez-tez ko‘zguga qaraydigan bo‘lib qoldi. Ko‘zguning oldidan har o‘tganda beixtiyor to‘xtar, unga qarab sochlarini tuzatib olardi.
Bahor go‘yo o‘zi bilan ularga ham ozmi-ko‘pmi yaxshi kunlar mujdasini olib kelgandi. Korxonada Hamzaning darajasini va maoshini orttirish haqidagi umid ro‘yobga chiqarilgandi, har holda omonsiz ehtiyojga ancha barham berilgandi.
Avvalgi singari oilaning yashirincha tortayotgan, ichlariga solib yurgan birgina dardi bor edi: Suyundik! Bu dard Gulabatinning qalbini bir kun ham tark etmasdi, aksincha, kundan-kunga og‘irlashib borayotgandek edi. Axir, qachondan beri Suyundikdan biror xabar yo‘q edi. U haqda faqat tildan-tilga o‘tgan biror narsa eshitishardi, vujudining borligini sezishmasdi, go‘yo u juda uzoqlarda edi. Yolg‘iz xotiralardan, qandaydir xayolotdan iborat edi. Endi bo‘lsa u qayerda bo‘lsa-da, yashayotganini, nafas olayotgan jonli vujud ekanini bildirgandi. Ota-onaning, Hamzaning, ayniqsa, Gulabatinning qalbida shu vujudni ko‘rish, u bilan yuzma-yuz o‘tirish, uning haroratini his qilish hasrati ortgandi.
Ya’ni yaraning ko‘zi ko‘chgan va uning og‘rig‘iga chidash juda qiyin edi. Shubhalarni, bezovta o‘ylarni orttirgan narsa shu ediki, xat olgan kunidan noma’lum kishi ham g‘oyib bo‘lgandi. U hojilarnikiga ham kelmayotgandi. Gulabatin bozorga yoki do‘konga borganda ko‘zi to‘rt, yaxshi kiyingan, tsilindrli, qo‘lida hassasi bor kishini izlay boshlardi. Lekin topolmasdi.
Gulabatin uni ko‘rishga, gaplashishga, suhbatlashishga ehtiyoj sezardi. Eh, yuragiga, xayoliga shunchalar narsa to‘planib qolganki, ularni hal qilishni bilmay garang. Har kuni boshida ming bir xayol charx uradi, ularning hech qaysi biriga to‘g‘ri javob topolmaydi. Gulabatin bunday bezovta bo‘lishining, oromini yo‘qotganining boisi o‘sha deb bilardi. Bir odamda qat’iyan bilmagan, umuman tasavvur qilmagan havaslarni uyg‘otish, aqliga ham kelmagan o‘ylarga solish, keyin esa bir chekkaga chiqib turish insofdanmi?
Gulabatin o‘sha payt, hali tor ko‘chadagi ikki qavatli uydagi keng va yorug‘ xonada, uning gaplarining ma’nosini yaxshi tushunib yetmagandi. Lekin o‘sha so‘zlarning hammasini esida saqlab qolgandi. Tuya yeganini kavshanib hazm qilgani singari u keyinroq soatlab o‘yga tolib, uning so‘zlarining asl ma’nosini tushuna boshladi. Ayniqsa, ish haqida aytganlari Gulabatinning xayolidan ketmasdi: “Axir, birovning uyida malay bo‘lish boshqa, idorada, korxonada ishlash boshqa narsa. U yerda yolg‘iz bo‘lmaysan, sheriklaring bo‘ladi”. Bu gaplar uning miyasida aylangancha qizni bezovta qilardi. Avvallari shunchalar rozi bo‘lgani, xudoga ming qatla shukr qilgani – bu uydagi ishi – ko‘ngliga urib, hatto bir kamchilikdek ko‘rina boshladi. Bir safar u bu fikrini mo‘min-qobil Hamzaga gapirdi. Hamza nima ham derdi? Jimgina quloq soldi, tirnoqlarini chaynab turdi. Lekin Gulabatin sezdiki, u juda bezovta bo‘layapti, azoblanayapti, o‘zining ojizligini, o‘z singlisiga yordam berolmasligini his qilgani sayin yuragi o‘rtanardi. Hamzaning iztiroblari uchun ham Gulabatin o‘zini gunohkor sezdi. Axir, nega akamga azob berayapman?! Noma’lum kishi haqida o‘ylaganda ham o‘ziga ta’na qildi. “Nega o‘shanda hozirgiday tushunmagandim, qo‘l-oyog‘im qaltirab, ko‘zlarim yosh to‘kib xo‘p bema’ni gaplarni aytibman…”
Eh, aziz Gulabatin, Suyundik sening bu qarama-qarshi fikrlaringni, o‘zingga na qadar azob berganingni ko‘rsaydi, qanchalar quvonardi. “Singlim, sen shunday narsalarni o‘ylayapsanki, — derdi u, — ular buyuk faylasuflarning idrokiga loyiq. Sen yana biroz yashasang, sal-pal inson amallari bilan tanish bo‘lsang, o‘qisang, o‘ylasang, bu amallarni tahlil qilib ko‘rsang, odamlar qo‘llarini, oyoqlarini, tillarini qimirlatguncha, tushunchalari, aqli va fikrlarini ishlatsaydilar, a’zolarining harakatini idroklari hukmiga topshirganlarida bashariyat naqadar baxtli bo‘lardi! Shunda xalqlarning taqdiri tasodiflar hukmiga tushib qolmasdi. Nasl-nasabiga, maslaksizligiga, siyosiy hiylalar sohasida epchillik qilganiga ko‘ra davlat tepasiga kelgan xudbin, kaltafahm hokimlar xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi insoniy tuyg‘ularni yovuz, hayvoniy og‘alik va ustunlik tuyg‘ulariga qurbon qilmasdilar. Toki, hamma, yer yuzidagi barcha shohlar o‘z insoniy mohiyatlarini anglab yetsaydilar, ko‘r-ko‘rona harakatlari aqlga bo‘yinsindirilsa edi, bir talay balolar, iztiroblar, fojialarning oldi olingan bo‘lardi…”
Albatta, Gulabatin bularning hech birini bilmasdi. U tabiiy ravishda butun qalbi bilan saodatga moyil edi. Axir, gullar quyoshdan jon oladilar, kungaboqar oftobning asiriga o‘xshab unga qarab buriladi. Xuddi shunday, saodat ham bir ehtiyoj edi, yosh qizning yuragida uyg‘ongandi. Qiz o‘sgan-ulg‘aygan sari, a’zolari kuch-quvvatga to‘lgani, yonoqlari qizillashgani sayin bu ehtiyoj ham kattalashar, ortar, kuchayardi. Kambag‘allarning bolalari shuning uchun ham shohpalanklardan zehnli, ziyrak va qobiliyatli bo‘ladilarki, kichikligidan boshlab hayotning o‘zi ularga muallimlik qilib saboq beradi.
Harholda Gulabatin noma’lum kishi haqida hech kimga, hatto katta xonimga biror so‘z aytmaslikka ahd qildi. Yomon xayollarga bormaslik, umidsizlikka tushmaslik uchun esa yaxshi darmon-dorisi bor edi! Kitob! Og‘ir fikrlar bostirib kelgan kechalarda u “Haydarboboga salom”ni o‘qirdi. Bu kitobni o‘qigan sayin u onasi ertaklarini tinglaganday bo‘lardi. Yoki shirin orzular qanotida qayerlargadir uchib borganday bo‘lardi. Kitobning ba’zi joylarini qayta-qayta o‘qir, yodlab olgan edi. Hatto ishlayotganda, kir yuvgan, uy tozalagan paytlari yodlagan joylarini ichida o‘qib, ancha yengil tortardi…
— Gulabatin, o‘z-o‘zingcha ko‘p gaplashadigan bo‘lib qolding, nima gap o‘zi? — deb so‘rab qoldi xonim va javobini kutmasdan ilova qildi, — bor, og‘aning xonasini tozala. Bir ozdan keyin yig‘ilishadi. Hovlini keyin supurasan.
Gulabatin hovli supurgisini joyiga qo‘yib, uy supurgisi, xokandozni olib hojining xonasiga yo‘naldi. Hovlida o‘zini bahor oftobiga toblayotgan xonim unga qarab:
— Ma, ushbu soatni ham hojining xonasiga olib kirib tokchasiga qo‘y. Mening xonamda esidan chiqarib qoldiribdi…
Gulabatin zanjirli, qopqoqli qadimiy tilla soatni olib xonaga kirdi, hoji siyosatga berilgandan keyin es-hushi ham joyida emas, — o‘yladi qiz. — Bu soatni hech qayerda qoldirmasdi, biror odamga ishonib bermasdi, doimo cho‘ntagida olib yurardi. Odamlar orasida chiqarib tugmachasini bosar, birdan yuqori ko‘tarilib, ochilgan qopqog‘iga zavq bilan qarar, vaqtni aniqlar va darhol yopib cho‘ntagiga solardi. Endi bo‘lsa boshi shu qadar gangib qolibdiki, shunchalar sevgan soatini esidan chiqarib o‘tiribdi.
Gulabatin hojining yotog‘ini supurayotganda tashqarida Shohpalankning yo‘g‘on ovozi eshitildi. Qiz derazadan cho‘zilib qaradi. U qayoqqadir ketishga tayyorlangandi. Pidjagini yengiga tashlab olgan, og‘zida sigaret, onasining tepasida turardi. Gulabatin “bering, turing o‘rningizdan, yuz tuman bering” deganini eshitib, onasidan yana pul qistayapti, deb o‘yladi. Lekin xonim o‘rnidan jilmadi. Ular ancha tortishishdi.
— Otang hozir kelib qoladi, o‘zidan so‘ra! — dedi xonim qat’iy.
Shohpalank jahl bilan o‘z xonasiga kirib ketdi.
Gulabatin hojining xonasini tozalab bo‘lgan zahoti xonim unga yangi ish buyurdi:
— Yugur qizim, o‘sha muyulishdagi baqqoldan biroz dolchin olib kel. Uyda tugab qolibdi, hoji dolchinli choyni yaxshi ko‘radi. Birdan so‘rab qolsa, topib bermasam baloga qolamiz. Yugur.
Gulabatin qo‘lini tez yuvdi-da, ko‘chaga yugurdi. O‘n daqiqa o‘tmay dolchin olib qaytdi, hoji uning orqasidan hovliga kirib keldi.
— Qayerdan kelayapsan, Gulabatin xonim? — deya yarim istehzo bilan so‘radi. Qiz qisqa javob qildi:
— Xonimning topshirig‘i bilan…
Boshqa payt bo‘lganda hoji surishtirardi: “Qanaqa topshiriq, ne topshiriq?!” deb. Lekin hozir kayfiyati soz edi, fikri boshqa narsa bilan band edi, indamadi. Hovlining o‘rtasida xotinini ko‘rib, ovoz berdi:
— Xonim, o‘sha o‘tirgan joyingizda, hovuz bo‘yida, menga bir stakan choy tayyorlang, boshmoqlarimni kiyib kelaman.
Hoji xonasiga kirib oyoq kiyimini yechgan edi, Shohpalank uning boshiga tiklandi. Gulabatin dolchinni xonimga berib, hovlini supurardi. Bir qulog‘i ular tomonda edi. Lekin nima gaplashayotgani aniq eshitilmasdi. Ular ancha gaplashishdi. Hoji o‘zini tutolmadi, o‘g‘liga qattiq baqirib berdi. U shunday baqirib berdiki, uning bunaqa o‘shqirishini hech kim eshitmagandi.
— Nima istaysan mendan?! O‘ldirmoqchimisan meni? Tort qo‘lingni! — deya hoji titrab-qaqshagancha hovliga chiqib keldi, hovuz bo‘yiga o‘tirdi. Shohpalank pidjagini yelkasiga tashlab:
— Mayli, bo‘lmasa! — deganicha hovlidan yeldek chiqib ketdi.
Birozdan keyin hoji ochiq havoda daraxtlar soyasida o‘tirib, xonim o‘z qo‘li bilan tayyorlab kelgan choydan ichib o‘ziga keldi-da, xonasiga kirdi, o‘sha zahoti qaytib chiqib, xotinini chaqirdi:
— Xonim, mening soatim qayerda?
Hovlida turgan xonim Gulabatindan so‘radi:
— Gulabatin, hojining soatini qayerga qo‘yding?
— Siz aytgan joyga – tokchaga qo‘ygandim, xonim, — deya javob berdi hovlidan Gulabatin.
Ichkaridan hojining asabiy va tashvishli ovozi eshitildi:
— Tokchada hech qanaqa soat yo‘q… Kelib topib ko‘ringlar-chi…
Xonimning o‘zi ichkari kirdi. U yoq-bu yoqqa qaradi, topolmay, Gulabatinni chaqirdi.
— Hoy qizim, kelib qara, qayerga qo‘yuvding, — dedi va asabiylashib o‘zini yo‘qota boshlagan hojini tinchlanishga urindi. — Qo‘ysangiz-chi, hoy kishi, soatni yeyishmagandir, axir, topilib qolar.
Gulabatin uyni ostin-ustun qildi. Tokchayu taxmonlarni qarab chiqdi. Tilla soat hech qayerda yo‘q edi. Chekkada turib qizning harakatini kuzatib turgan hoji dag‘dag‘a qildi:
— Xudo haqqi, agar soatni topolmasanglar dunyoni ostin-ustun qilaman!
Rangi quv o‘chgan xonim Gulabatindan so‘radi:
— Qizim, yaxshilab eslab ko‘r, balki boshqa joyga qo‘ygandirsan. Cho‘ntaklaringga qarab ko‘r.
Hech kutilmagan bu mash’um voqeadan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, shoshib, sarosimaga tushgan Gulabatinning xotirasi bir daqiqaga tumanlashdi. Soatni tokchaga qo‘yganiga o‘zi ham shubhalana boshladi. “Balki, rostdan ham boshqa joyga qo‘ygandirman?” deb o‘yladi. Ko‘ylagining yoqalarini, cho‘ntaklarini qidirib ko‘rdi. Xonim bilan birgalikda boshqa xonalarni ham qidirib ko‘rishdi. Xilvat dahlizdagi Gulabatinning xonasini, kiyim-boshlarini tintib chiqdilar. Soat qush bo‘lib ko‘kka uchib ketganday, hech qayerda yo‘q edi!
Uylarning hamma joyini axtarib topolmagach, qaytadan izlay boshlashganini ko‘rgan hoji Gulabatinning tepasiga keldi:
— To‘g‘risini ayt, muyulishda kimga berib kelding?
Gulabatinning boshiga xuddi katta tayoq bilan urganday bo‘lishdi. Qiz turgan joyida qotib qoldi. Unga dunyo tamom bo‘lganday, bundan keyin unga hayot yo‘qday tuyuldi. Xonim ta’nali ko‘zi bilan eriga qaradi:
— Bas qiling, hoy kishi!
Hoji sal oldinroq Shohpalankka qichqirganidan ham badtar o‘shqirdi:
— Nega bas qilaman? Nima uchun?! Uyingda o‘g‘ri asrab yuribsan-ku! — deya Gulabatinga o‘girildi: – Bor, kimga bergan bo‘lsang ham olib kel. Bo‘lmasa, otangni ham, onangni ham bu yerga to‘playman. Naslingni Tabrizdan quritaman.
Dunyo Gulabatinning ko‘zlariga qorong‘ulashdi. Yoz oftobi ham, go‘zal daraxtlarni, chiroyli gullarni ham zulmat bosdi. Qizning gapirgisi, baqirgisi kelardi, “yolg‘on, men o‘g‘ri emasman!” degisi kelardi. Lekin so‘zlari tomog‘idan bo‘g‘ar, nafas olishga qo‘ymasdi. Yuragi qinidan chiqib ketayotganday, o‘pkasi og‘ziga tiqilib qolayotganday bo‘lardi.
Lekin birdan ko‘zlaridan yosh quyilib keldi va bo‘g‘ilmadi, yengillik his qilib, yuzini devorga o‘girib oldi. Hoji bo‘lsa qichqirar, do‘q qilardi:
— Ko‘z yoshi yordam bermaydi, bor soatni olib kel!
Shu payt yumshoqqina, muloyim bir qo‘l Gulabatinning yelkasiga qo‘yildi, uning boshini ko‘ksiga bosdi.
— Ota, yalinaman sizga, yuragimni o‘rtamang. Bilasiz-ku, men bunday narsalarni ko‘tara olmayman! — deya katta xonim otasiga murojaat qildi. Keyin ho‘ngrayotgan Gulabatinni quchoqlab, o‘z xonasiga yetakladi. Hali ichkari kirmasdan ularning qulog‘iga hojining ovozi eshitildi:
— Hammasi odamu faqat men boshqa! Hammasida yurak bor, bitta menda yo‘q! Soat topilmasa tinchlana olmayman, xotin!
Gulabatin og‘zini ochib gapirmoqchi, hech bo‘lmasa katta xonimni ishontirmoqchi, o‘lsam o‘lamanki, bunaqa ishni qilmayman demoqchi bo‘ldi. Lekin katta xonim gapirgani qo‘ymadi:
— Xudo otamni insofdan ayiribdi, Gulabatin! Yig‘lashning, o‘zingni o‘ldirishning keragi yo‘q. Sen yig‘lasang, u seni gunohkor deb o‘ylaydi. Tushunayapsanmi? Sira yig‘lay ko‘rma. Axir, sen olganing yo‘q-ku, nega azob tortayapsan?! Nega ojizlik qilayapsan?! Sen shuni yaxshi tushunki, naqadar ojizlik qilsang, seni shunchalik toptaydilar. Oltinning, boylikning qonuni shunday. Sen ularning soyasida adolat, insof axtarib ovora bo‘lma!
Katta xonimning gaplari qanchalik g‘ayrioddiy va maroqli bo‘lsa-da, Gulabatinga ko‘p tasalli berolmasdi, uni bunday sharmandalikdan qutqara olmasdi. Peshonasiga “o‘g‘ri” tamg‘asi bosilishini o‘ylaganda qizni yana vahima bosdi. U yuzini devorga o‘girganda, katta xonimning nafrat to‘la ovozini eshitdi:
— La’nat bo‘lsin bunday hayotga, odamning yegani ham zaharga aylanadi!

ALVIDO, BOLALIK!

Hovlida esa hojining jazavasi tutib yotgandi. Go‘zal bahor havosini, gullar atrini, qushlar nag‘masini, hamma-hammasini unutgandi. Hammasi uning uchun hech narsaga arzimasdi. Ko‘ziga biror yaxshi narsa ko‘rinmasdi. Ko‘ringan narsalarning eng yomoni sho‘rlik Gulabatin edi. O‘sha bechora Gulabatin necha yildirki nozik qo‘llari bilan hojining kir ko‘ylaklarini yuvar, hovlisini tozalar, xizmatida hoziru nozir turardi! Endi bo‘lsa hammasi unutilgandi.
Hoji bilan xonim ancha gaplashishdi. Hoji soatni Gulabatin olgan, o‘g‘irlagan, vassalom, deb turib oldi. Xonim bo‘lsa, Gulabatin bunday qilmaydi deb uni oqlashga urinardi. Hoji shunchalik gapirdiki, axir xonimni ham o‘z aytganlariga ko‘ndirdi. Hoji dedi: “Inson xom sut emgan banda, undan har narsani kutsa bo‘ladi”. Bu gaplar xonimni ham yo‘ldan urdi.
— Qayoqdan bilay, xudo haqqi! — deya taslim bo‘ldi. Buni ko‘rib hoji badtar hujumga o‘tdi.
— Bulardan nimani kutasan o‘zi, otasi — och, onasi — och, hech narsadan qaytishmaydi! Sen bor, gaplash, bo‘yniga qo‘y!
Xonim chor-nochor katta qizining yotog‘iga kirdi. Gulabatinni yoniga o‘tqazdi. Dardli va tashvishli ovozda:
— Gulabatin, qizim, — dedi, — balki senga o‘rgatishgandir. Ehtimol, ochlik majbur qilgandir. Menga ayt. Hojini bir amallab ko‘ndiraman, gap shu yerda qoladi.
Gulabatinni ilon chaqqanday bo‘ldi. Xayolida bir chiroq o‘chdi, umidi puchga chiqdi:
— Xonim, siz ham shunaqami? — deb yig‘lab yubordi. Katta xonim esa shiddat bilan onasiga yuzlandi:
— Bas qiling, oyi! Shunchalar bag‘ri toshmisiz? Nega muncha iskanjaga olasiz bechorani?!
— Men nima qilay, axir?! Qurib ketsin bunday hayot, bunaqa turmush! — deganicha ayol pushaymon bo‘lib tashqari chiqdi.
Oradan ikki daqiqa o‘tmay, hojining yana jazavasi tutdi. Qo‘shni bolani chaqirdi-da, dilijonga mindirib, buyurdi:
— Bor, hozirning o‘zida otasiniyam, onasiniyam, uylarida yana kim bo‘lsa, erkakmi, ayolmi, dilijonga o‘tqazib darhol bu yoqqa olib kel.
Yarim soatga qolmay Norinj va Hamza bu voqeadan xabardor bo‘lishdi. Ularning ikkalasi ham mayyit rangida edilar. To ular yetib kelguncha hoji goh xotiniga tashlanar, goh Gulabatinga zug‘um qilardi. Katta qiz bu to‘s-to‘polonga, haqoratlarga bardosh berolmay, kitoblarini olib qayoqqadir jo‘nab qoldi. Hojining istaganicha ayyuhannos solishiga monelik qiladigan hech kim yo‘q edi. Gulabatinning onasi hovliga kirishi bilan:
— Kechirasiz, xonim, ayting, qizimga nima bo‘ldi? — deb xonimga tashlandi.
— Qo‘rqmanglar, qizingiz o‘lgani yo‘q! — dedi hoji ularni qarshilab. Hovuz bo‘yida o‘tirgancha ahvolni tushuntirib berdi. Soatni darhol qaytarib berishni talab qildi.
Bir soat tufayli ozib-to‘zib, kichkinagina bo‘lib qolgan, ko‘zlari ich-ichiga tushib ketgan Gulabatinga qarab onaning yuragi orqasiga tortib ketdi. Uni bag‘riga bosib ovutishga urindi. Gulabatinning ko‘zi esa o‘yga botgan, lablari pirpirayotgan, tirnoqlarini chaynab turgan Hamzada edi. U nimani o‘ylayotgan ekan? U ham Gulabatin haqida yomon fikrda bo‘lsa, bundan so‘ng dunyoda yashashning ne ma’nosi bor?!
Hoji goh do‘q-po‘pisa qilar, goh tiliga erk berib soatni Gulabatin o‘g‘irlaganiga shubha yo‘qligini gapirardi. Nihoyat, yuzini Hamzaga burdi:
— Sen bundan kattasan, akasisan, tushuntir, ayt mundoq, soat qayerdaligini aytsin.
Gulabatin Hamzaning lablari badtar titray boshlaganini, panjalari musht bo‘lib tugilganini ko‘rdi. U hojiga qarab ikki qadam tashlaganida qiz qo‘rqib ketdi, biror falokat yuz bermasaydi, deb xavotirga tushib qichqirib yuborishiga sal qoldi. Lekin Hamza to‘xtadi va hojining ko‘zlariga tikildi.
— Hoji, biz o‘g‘irlik bilan mol topadiganlardan emasmiz! — dedi. – Biz halol sut emganmiz, halol non yeganmiz. Qo‘lingizdan kelganini qiling!
Hoji “Bo‘y, bo‘y, bo‘y!” — deya kinoya bilan bir xonimga qaradi, bir Norinjga va Hamzaning yoqasidan olib: “Chiq bu yerdan!” — demoqchi bo‘lganida ko‘cha darvozasi ochildi va boya Hamzalarni aytib kelgani borgan qo‘shni bolasi ko‘rindi. U yugurib hojining yoniga keldi:
— Hoji og‘a, — meni Shohpalank yubordi. Bozor eshigida kutaman, dedi. Otamga ayt, yuz tuman bersin, olib kelib, tilla soatni olib ket. Yarim soat ichida olib kelmasang soatni yuz tumanga sotib yuboraman, deyapti…
Hoji o‘g‘irlik ustida qo‘lga tushgan odamday shoshib qoldi, suvga tushgan qari tovuqday burishib qoldi. Xonimning rangi oqardi. Keyin asta-sekin o‘ziga keldi. Yelkasidan bosib turgan og‘ir yuk olib tashlanganday bo‘ldi. Gulabatin, Norinj va Hamza esa haykalday qotib hojiga qarab turishardi. Bu qarashlarning og‘ir yuki va kuchini his qilganday hoji bir silkinib qo‘ydi.
— Sutingga la’nat, emgan suti harom uning! — dedi-da, narigi tomonga burildi. Titroq qo‘llari bilan hamyonini chiqarib, yuz tuman sanadi-da, haligi bolaga uzatdi.
— Mana, olib borib, tezda soatni olib kel! Ming tumanlik soatni yuz tumanga sotarmish-a, tez chop! — dedi-da, qora ko‘lanka misol o‘z xonasiga sho‘ng‘idi.
Xonim Gulabatinga yaqinlashdi.
— Ke, qizim. Yur, uyga kiraylik… Onang va akangni ham chaqir, choy ichishsin! — deya qo‘lidan ushlamoqchi bo‘ldi. Gulabatin qo‘lini tortib oldi, sekin va alam bilan:
— Rahmat, xonim, — dedi, — sizning yaxshiligingizni unutmayman, menga ko‘p narsani o‘rgatdingiz.
Gulabatin onasining qo‘lidan ushlab eshikka yo‘naldi. Hamza bo‘lsa ularni himoya qilganday orqalaridan yurib borardi. Xonim joyida qotib qolgandi. Gulabatinning so‘nggi so‘zlari uning qulog‘ida jaranglab turardi. Ular uzoqlashgan sari chuqur afsus tuyg‘usi vujudini titratmoqda edi.
Gulabatin xiyobon bo‘ylab ancha yurgach, orqasiga qayrilib, o‘zi xizmat qilgan uyga qaradi. Unga bolaligini shu yerda qoldirib ketayotgandek tuyuldi. Endi hayotining boshqa davri boshlanmoqda edi. Hali bilmagan, ko‘rmagan yo‘llar kutmoqda uni… Ancha vaqt yonma-yon, indamay yurib borishgach, onasi uning o‘ylarini tarqatib yuborish uchun noma’lum kishini eslatdi:
— Ikki kun oldin biznikiga kelgandi. Suyundikdan xat olib kelgandi…
Gulabatin o‘zini shunchalik horg‘in his qilardiki, hech narsa deya olmadi, faqat onasining sovuq va quruq qo‘lini topib mahkam qisdi…

1965 yil.

Ozarbayjon tilidan Fayzi Shohismoil tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 10-son