Finlyandiyaning sobiq fuqarosi Vixtori Virtanen 1944 yilning bahorida foniy dunyodan boqiy dunyoga rixlat qilgan edi. Dastlab u o‘zini yaxshi his qilib yurdi. Biroq asta-sekin farishtalarning jo‘r nag‘malariyu, chiltorning ting‘ir-ting‘iri ham joniga tega boshladi. U uyini qo‘msay boshladi va hatto bir xil ohang azbaroyi joniga tekkanidan bundan ko‘ra xotinimning vaysashini eshitish ham yomon bo‘lmasdi, deb o‘ylardi.
Joydan-joyga tinimsiz parvoz qilar ekan, u bir kuni mushtdekkina, burishgan qariyani uchratib qoldi. Qariya shu qadar badbashara bo‘lishiga qaramay, allanechuk jozibali ham edi. Bu mitti, qoqsuyak qariya o‘qituvchi bo‘lib ishlardi. Uning nega bunchalik ozib, eti ustixoniga yopishgani mutlaqo ravshan edi, chunki o‘qituvchilarga juda yomon haq to‘lanishini hamma yaxshi bilardi. Qariya hozirgina darsni tugatib, to‘biy daraxti soyasida abadiyat va hayotning uzluksizligi to‘g‘risida xayol surib o‘tirardi.
– Oh, xudoyim, sen qariya qanchalik qo‘rqinchlisan-a! – dedi Vixtori Virtanen bolaligidan hammavaqt to‘g‘ri so‘zlashni miyasiga quyganlari bois.
– Men yanada badbashararoq bo‘lishim mumkin edi, – muloyim javob berdi nuroniy; uning yoqimli jilmayishi chehrasini yorishtirib yubordi.
– Agar men bunday badburush bo‘lganimda, chin so‘zim, allaqachon o‘zimni osgan yoki zaharlagan bo‘lardim.
– Men ham shunday qildim, – javob berdi qariya, – lekin o‘zimning turqi-tarovatimdan norozilikdan emas, balki odamlarning yovuzligidan.
– Ko‘rib turibman, tilingning suyagi yo‘qqa o‘xshaydi! – xitob qildi Vixtori Virtanen. – Bu o‘lkalarga qachon tashrif buyurgansan?
– Eramizdan avvalgi to‘rt yuzinchi yilda.
– Tag‘in lof urayotgan bo‘lmagin?
– Yo‘q, men har doim haqiqatni gapirganman.
– Qayerdansan?
– Yunonistondan. Men o‘zimning jonajon shahrim Afinada yoshlarga hayotni anglashdan saboq berardim.
– Ey, qariya! Yoshlarni o‘z holiga qo‘ysang bo‘lardi. Ular jaz ohanglari ostida raqs tushishsin. Kinolar ko‘rishsin, dilxushliklar qilishsin.
– Men sening so‘zlaringga tushunmayapman. O‘zing qaysi tilda gapiryapsan?
– Sen so‘zlayotgan samoviy tilda-da.
– Ha, albatta. Biroq, “jaz”, “qiziqchilik”, “kino” – ular nima degani?
Vixtori Virtanen qo‘llarini qanot kabi qoqib, bopladimmi deganday miyig‘ida kuldi.
– Axir o‘zing hech nimani bilmaysan-u, nimani ham o‘rgatarding?
– O‘zining bilmasligini bilgan kishigina donishmanddir.
– Quloq sol, qariya, sen meni laqillatma. O‘zingni aqlli ko‘rsatmoqchimisan? Hech bo‘lmasa o‘qish va yozishni bilasanmi?
– Yo‘q. Bu shart ham emas. Aksariyat bama’ni odamlar aqlli kitoblarni o‘qib, bema’ni bo‘lib qoladilar. Ayrimlar donolikdan asar bo‘lmagan kitoblar yozadilar. Ular g‘irt safsatabozlardir. Ularning soxta ta’limotlari yovuzlikka xizmat qiladi, xolos. Ular pul uchun ko‘ngillariga kelgan har bir narsani isbotlashga urinadilar. Masalan, ular osmon ko‘k, deb aytsalar osmon faqat ko‘k rangdangina iborat bo‘lib qolardi. Holbuki, ko‘k – bu rang, xolos. Sen bu yerda qandaydir ko‘kni ko‘rding-mi? Bu yerda hammasi oq yoki rangsiz. Inson haqiqiy va aniq bilimga intila borib, narsalarning mohiyatini tadqiq qilishi kerak.
Vixtori Virtanen betoqatlandi va dedi:
– Agar odam yer yuzida uzoq yashasa, mana shunaqa g‘iybatchiga aylanib qoladi. Oting nima, qariya?
– Suqrot.
– Suqrot! Esimga tushdi, men bu ismni qachonlardir eshitganman. Mutlaqo to‘g‘ri! Maktabda bizga aytishgan… Nahotki, o‘sha – xotini yalmog‘izga o‘xshagan qariya sensan? Aytmoqchi, uning oti nima edi?
– Ksantippa. Biroq u aslo yalmog‘iz emas, balki shunchaki vaysaqi va umrning egovi bo‘lgan oddiy xotin edi, xolos. Xotin bo‘lgandan keyin, albatta, egov bo‘ladi-da, aks holda u qanday xotin?
– Mana, endi sen mutlaqo to‘g‘ri gapirding! – xitob qildi Vixtori Virtanen. – Meniki ham shunaqa egov edi. Har doim, tinimsiz vaysardi. “Sen, Vixtori, soqolingni qirtishla, soqolingni qirtishla, qirtishla, qirtishla, la, la, la. Yana balchiqqa bulandingmi cho‘chqaga o‘xshab, yana balchiqqa bulandingmi cho‘chqaga o‘xshab, yana cho‘chqaga o‘xshab – cho‘chqaga –qaga, qaga, qaga… Sen pullarni bekorga sovurasan, men esa uvadada yuraman, uvadada, uvadada, – dada, dada, dada…”
Suqrot boshini tebratib, ma’qul ishorasini bildirar ekan, dedi:
– Ksantippa vaysaqi xotinlarni ifodalash uchun turdosh otga aylanib qoldi.
– Mening xotinimning oti Anna edi. Lekin uning vaysashlari haddan ziyod jonimga tekkan edi.
– Sen bu yerga qachon kelding?
– Bir ming to‘qqiz yuz qirq to‘rtinchi yilning bahorida.
– Oy-kuni bormi?
– Oy-kunning bunga nima daxli bor? Men endigina yigirma sakkiz yoshga kirgan edim. Men frontda bo‘ldim va qo‘qqisdan yo‘qolib qoldim.
– Hech narsa izsiz yo‘q bo‘lmaydi. Faqat shaklini o‘zgartiradi, xolos.
– Bilog‘onlikni yig‘ishtir, oshna. Oddiy askar Vixtori Virtanen izsiz yo‘qoldi. O‘q ko‘kragiga tegdi va snaryad portlashi vaqtida tuproqqa ko‘mildi. O‘sha okopchada. Na biror qahramoncha qabr, na biron-bir nishon. Bu yerga esa meni polkdoshlarim bilan birga olib keldilar. Darvoza oldida shunday to‘polon ediki, hatto yo‘qlamasiz ham o‘tkazib yubordilar. Faqat qayta-qayta takrorlardilar: “O‘tinglar, oldinga o‘tinglar. U yer bo‘sh”. Xuddi tramvaydagi kabi.
– G‘alati so‘zlar, g‘alati, juda g‘alati, – ming‘irladi Suqrot, – O‘q, okop, tramvay? “O‘q” degani nima?
– O‘qni bilmaysanmi, otaxon? O‘q shunday bir narsaki, mana bu yerdan kirib, mana bu yerdan chiqib ketdi.
Vixtori Virtanen o‘z ko‘kragini ko‘rsatdi, ammo u yerda hech qanday jarohat o‘rni ko‘rinmasdi. Suqrot yigitcha lof urayapti, deb o‘yladi.
– Sen kamon o‘qi yoki nayzadan halok bo‘lganingni aytishni xohlamayapsan, shekilli? – deb so‘radi u.
– U ham emas, bu ham emas. Tasodifan pulemyotdan qatorasiga otilgan o‘q. Sening harbiy xizmatga chaqirilgunga qadar tayyorgarlikdan o‘tmaganing ko‘rinib turibdi. Hatto, zamonaviy qurolni ham bilmaysan. Sen o‘z joyingda nimadan saboq berding o‘zi?
– Men hech qachon o‘ldirishdan saboq berganim yo‘q. Buning uchun donishmandlikning ham hojati yo‘q.
– Hech narsani idrok qilolmaysan! Ayni shu yerda katta donishmandlik zarur. Hatto, men maxsus ta’lim oldim. Miltiq esa piyodalarning eng muhim qurolidir. Piyodasiz urush esa – urush emas. To‘plar dushman marrasini obdon o‘qqa tutgandan so‘ng piyoda askarlar harakatga tushadi. Piyodalarning ishi ko‘p. Ular hududni talaydilar, qishloq va shaharlarga o‘t qo‘yadilar, keksalar va bolalarni o‘ldiradilar, ayollarni zo‘rlaydilar…
– Bas, bas! – hayqirdi Suqrot. – O‘zing qayerdansan?
– Finlyandiyadan.
– Bunday mamlakatni bilmayman. U qayerda – Osiyodami yoki Afrikada?
– Ovrupoda, tentak. Xelsinki – mening jonajon shahrim. U yerda bo‘lib qolishni qanchalik xohlayotganimni bilsang edi…
– Agar u yerda xotiningni uchratib qolsang-chi?
– Ha, albatta, u o‘z diydiyosini yana boshlaydi. “Qayerlarda sang‘ib yuribsan, shu vaqtgacha, vaqtgacha, vaqtgacha, vaqtgacha, -gacha, gacha, gacha?.. O‘larmiding bir enlik xat yozsang, yuzsiz, yozsang, yuzsiz, yozsang, yuzsiz, yuzsiz, yuzsiz, yuzsiz…” Shak-shubhasiz u egovlaydi. Axir shuning uchun ham u xotin-da! Biroq bu samoviy musiqani qaytadan eshitaverish toqatimni toq qilib yubordi! Tongdan kechga qadar kuy va chiltorning ting‘ir-ting‘iri, kechdan tungacha chiltor va jo‘r bo‘lib kuylash. Hammavaqt o‘sha ohang va o‘sha kuy. Loaqal tanaffuslarda qandaydir tango, fokstrot yoki shunga o‘xshagan Shtrausning biron-bir valsini yoki garmon nag‘masini eshitsang ham mayli edi. Shunday emasmi? Bu bittagina plastinkani aylantirishgani-aylantirishgan. Albatta, aynan shu narsa tashviqotning o‘zidir.
– Tashviqot? U nima degani?
– Eshit, Suqrot. Bizning Xelsinkida, chin so‘zim, senga oydan tushganmisan, degan bo‘lar edilar. Sen boshimga bitgan balo bo‘lding. Sen, yaxshisi ayt: bu yerdan qandaydir yo‘l bilan bo‘lsa ham, loaqal bir necha kunga juftakni rostlashning iloji bormi? Men Xelsinkiga borishni xohlayman.
– Bironta hujjat-pujjating bormi?
– Menda faqat parol bor, xolos.
– Seni nima deb chaqirishardi?
– Virtanen.
– Men bu ismni ilgari ham eshitganman.
– Finlyandiyada Virtanenlar yuz minglab.
– Suqrot esa Yunonistonda bitta edi.
Vixtori yerni qo‘msashdan, xuddi tish og‘rig‘idan azob chekkandek, dodlab yuboray derdi.
Voqea-hodisalar juda ajablanarli edi. Chunki farishtalar jannatda umuman og‘riqni sezmaydilar. Bundan faqat osmonga nojoiz yo‘llar bilan suqulib ko‘tarilib qolganlargina mustasnodir. Biroq Vixtori jannatga mutlaqo qonuniy kirgan edi.
Farishta Suqrot bilan farishta Virtanen bir daqiqa jim qoldilar. Nihoyat Suqrot ohista so‘z qotdi:
– Demak, shunday qilib, yergami? Meni u yerda yoshlarni yo‘ldan toydirganim va davlat dinini inkor qilganim uchun ayblashgan edi. Bizda, Finlyandiyada, vijdon erkinligi bor, – ta’kidladi Virtanen. – Men ham cherkov bilan xayrlashib, fuqarolik bo‘yicha ro‘yxatda turganman. Yoshlarga kelganda esa, endi ularni bundan ortiq buzish mumkin bo‘lmasa kerak. Sen yoshlarni buzganing uchun jazolanganmisan? Nima, qoradori sotganmisan?
– Tushunmadim?
– Bo‘lmasa, demak, erkin sevgini targ‘ib qilganmisan yoki yashirincha pornografiya bilan savdo-sotiq qilganmisan?
– Yana tushunmadim, garchi hozir sen qandaydir yunoncha so‘zni aytgan bo‘lsang ham.
– Bu qanaqasi, alvasti? Men finman, axir.
– Qiziq, sen aytayotan ko‘pgina so‘zlar yunonchani eslatadi. “Pornografiya” mening ona tilimda sharm-hayosiz suratlarni anglatadi.
– Finchada ham u shu ma’noni anglatadi. Seni shunday narsalar uchun ayblashlari mumkin ekanliklarini o‘ylamabman. Ehtimol, sen yoshligingda ashaddiy Don Juan bo‘lgandirsan?
– Men bunday nomdagi kishini bilmayman, – qisqa javob qildi Suqrot.
– To‘g‘risini ayt, sen yer yuzida qanday bema’ni ish qilding?
– Bema’ni. Men hech qanday bema’ni ish qilganim yo‘q. Aks holda bu yerda bo‘lmagan bo‘lardim.
– Bo‘lmasa qayerda bo‘larding?
– Aytish qiyin. Ehtimol, Afinada do‘stlar bilan hayot jumboqlarining abadiyligi to‘g‘risida fikrlashib, suhbatlashayotgan bo‘larmidim.
Farishta Virtanen miyig‘ida kulib qo‘ydi.
– Oh, bechora qariya! Sen bu yerdasan va vaqt qanday o‘tayotganini payqay olmaysan.
– Vaqtning o‘zi nima? Balki sen tushuntirib berarsan?
– Vaqt? Bu soat millari ko‘rsatadigan narsa.
– Qaysi soat?
– Ey, sen bema’ni savollaring bilan boshimni og‘ritaverma. Bildingmi-yo‘qmi, ular bu yerga kelganlarning hammasidan birinchi galda soatlarini olib qo‘ydilar. Menikini ham olishdi. Vaqt, vaqt… Ha, darvoqe. Mening o‘zim ham vaqt nima ekanligini bilmayman.
– Mana ko‘rdingmi? O‘zing ham bu senga noma’lum narsa ekanligini e’tirof qilyapsan. Bu senda donishmandlik alomati borligini ko‘rsatadi. Nima uchun yerga qaytishni xohlayapsan? Axir unda bu yerdagi uyg‘unlik yo‘q-ku!
– Uyg‘unlik emish! Bu uyg‘unlik ko‘nglimga zig‘ir yog‘day tegib ketdi! Loaqal ozgina xilma-xillik bo‘lsa edi! Parvoz qilib ko‘ray-chi, ehtimol, bironta tanishimni uchratib qolarman.
Virtanen qanotlarini yozmoqchi bo‘lgan edi, biroq Suqrot uni to‘xtatib qoldi.
– Modomiki, ixtiyorimizda abadiylik bor ekan, nimaga shoshilamiz? – dedi Suqrot. – Balki men senga yordam qilarman. Men bu yerda sayohat byurosi xizmatchisi bilan tanishib qoldim. Ularning yer bilan aloqalari yaxshi. To‘g‘risini aytganda, mening o‘zimning ham u yerga uchish niyatim bor. Eshitishimcha, mening ta’limotimni u yerda buzib talqin qilishibdi. Talabalarim yangi maktab yaratishib, tafakkurning yangi yo‘nalishini rivojlantira boshlabdilar. Aytishlaricha, epikuriylar, tsinniklar va stoiklar paydo bo‘lgan emish.
– Bundaylar hech qulog‘imga chalinmagandi-ku? – Suqrotning so‘zini bo‘ldi Virtanen. – Harholda men u yerdan ketishim oldida yo‘q edi. Biroq buning nima ahamiyati bor? Faqat qo‘yib yuborishsa bo‘ldi. Oh, yer! Men u yerga qaytishni naqadar xohlayotganimni bilsang edi! Bu yerga ancha erta kelgan ekanman-da.
Jannatda vaqt bo‘lmaydi. Shuning uchun ular sayohatlar byurosiga qachon kelganliklarini va safar imkoniyatlari haqidagi ma’lumotlarni surishtira boshlashganini aytish qiyin. Amaldorlar ular taqdim etgan hujjatlarni shoshilmay ko‘zdan kechirishar, ahyon-ahyonda o‘zaro maslahatlashishar va qo‘shimcha izohlar talab qilishardi. Safardan maqsad? Til bilasizmi? Osmonda eng yaqin qarindoshingiz bormi? Ta’tilning davomiyligi yerdagi hisob bo‘yicha: soat, sutka, haftami? Sizlar borayotgan joydagilar qarindoshlaringizmi yoki tanishlaringizmi?
Barcha savollarga bizning sayohatchilar jins alomatlarini va shoshilish odatlarini yo‘qotgan farishtalarga xos tarzda xotirjam javob berdilar. Uch marta ularning arizalarini rad etdilar. Rad etishga asos: yerda Suqrot ismli ustozning tashrif buyurishidan hech kim manfaatdor emas. Virtanen qabriga va unga o‘xshaganlarga esa allaqachon noma’lum askar yodgorligi o‘rnatilgan. Biroq farishtalar umidsizlikka tushmadilar. Ular Prezident Pyotrga iltimosnoma bilan murojaat qildilar va oxir-oqibat safarga ruxsatnoma oldilar. Albatta, bu safarda ma’lum cheklashlar bor edi. Ular birgalikda jo‘nashlari va birga qaytishlari kerak edi. Ularga faqat Xelsinkiga borishga ruxsat berildi. Siyosiy mulohazalarga ko‘ra, Suqrotga, garchi u rasmiy ravishda xudolar yurti deb tan olingan vatanida yoshlarni tinch qo‘yishga va’da qilgan bo‘lsa ham, Gretsiyaga ruxsatnoma bermadilar.
Kichkina, bujmaygan Suqrotning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi. Lekin qanotlarini yoymadi. O‘zining qalbi bilan maslahatlashib, u farishta Virtanenni Finlyandiyaga kuzatib borishga qaror qildi. U xayolan u yerda olimlar yunoncha gapirishiga, oddiy xalq esa loaqal samoviy tilni tushunishiga umid qilardi.
1966 yil dekabr oyi oxirlaridagi iliq kunlarning birida, tush chog‘larida xelsinkilik bekorchilar vokzal maydonidagi Aleksis Kivi yodgorligi oldida uymalashishardi. Ularni, albatta, Tilii ibodatxonasiga orqa o‘girib o‘tirgan Finlyandiyaning milliy yozuvchisi qiziqtirmasdi. Ularning nigohlari yodgorlik supachasi yonidan boshpana topgan ikki daydiga qaratilgan edi. Ulardan biri keksa va ancha munkillagan chol bo‘lib, keng, iflos plashga o‘rangan edi. Uning oyog‘ida yirtiq shippak, qo‘lida serbutoq tayoq bor edi, ikkinchisi esa soldat kiyimida, boshida kaska, uning eski to‘zigan shineli iflos va qon yuqi edi. U iyagini qattiq qashir ekan, soatli minora tomon ishora qilib dedi:
– Ketdik.
– Orqagami? – shippakli chol so‘radi.
– Yo‘q, jin ursin, bu yoqqa kel! Faqat, bugun qaysi kun? Bayrammi yoki begim kunimi?
– Bu qanday maxluq? – qo‘rquvdan qichqirib yubordi chol.
– Bu avtomobillar.
– Avto?.. Mening ona tilimdagi so‘zga o‘xshaydi… Nima ular – maxluqlarmi?
– Avtomobillarmi? Yo‘q, albatta. Ular mashinalar. Ma-shi-na!
– Mashina, bu ham mening tilimdan… ya’ni «maxina».
– Agar bugun yakshanba bo‘lsa, xotinim bolalar bilan uyda. Biroq begim kuni bo‘lsa, xotinim ishda, kichkintoylar esa bog‘chada. Men ularni qachonlardan… Ehtimol, necha oylardan beri ko‘rganim yo‘q… Ammo bizda urush ketyapti-ku… Ie, ana, trevoga! Havo trevogasi! Yo-ting-lar!
Osmon samolyot motorining guvillashidan titrab ketdi, go‘yo samolyot shiddat bilan yaqinlashayotganga o‘xshardi. Soldat sherigining qo‘lidan mahkam tutib, haykal supasi yoniga yiqitdi va o‘zi ham yoniga uzala tushib yotib oldi.
– Bu yerda nima shovqin? Tarqalinglar, tarqalinglar! – Politsiyachining hayqirig‘i eshitildi. Yoshi o‘tinqiragan bir ayol hokimiyat vakili bilan yordamga shoshilgan mo‘ylovli kishiga qarata dedi:
– Mana, bu yerda qandaydir ikki piyanista jamoat tinchini buzmoqda. Aroqqa desa pul topadi, ammo kiyimga – yo‘q. Bundaylarni darrov ushlab, majburiy ishlar lageriga jo‘natish kerak!
– Balki, ular o‘sha yerdan qochgandir, – dedi kelishgan janob.
– Tarqalinglar! – qichqirdi politsiyachi va qattiq hushtak chalib, yordamga chaqira boshladi.
– Siz kimsiz? – deb politsiyachi harbiy kiyimdagi kishiga ovozi boricha baqirdi va bir turtgan edi, haligi kishi dik etib o‘rnidan turib ketdi..
– Oddiy askar Vixtori Virtanen, uchinchi piyodalar polkidan.
– Siz mastsiz. Bu yerda nimaga ag‘anab yotibsiz? Oyoqda turolmaysizmi?
– Men ag‘anab yotganim yo‘q. Uchib kelayotgan samolyot tovushini eshitdim va o‘zimni yerga otdim. Keyin bilsam, bu o‘zimizning samolyot ekan.
– Bu formani sizga kim berdi?
– Ombor mudiri. Jin ursin, meni so‘roq qilishga sizning nima haqqingiz bor? Men harbiy boshliqqagina hisob berishga majburman, politsiyaga emas.
– Siz butun bir jamoatchilikka hisob berishga majbursiz. Kishi o‘zini baloga giriftor qilishining hojati yo‘q. Mana bu tentak kim? Ana u yerda supachaga biqinib qaltirayotgan? U nima deb aljirayati? Gapidan hech narsani tushunib bo‘lmaydi.
– U mening ustozim.
– Tur, tur, qariya! Qani! Familiyang nima?
– U finchani tushunmaydi, – uning o‘rniga javob berdi Vixtori.
– U qaysi tilda gapiradi?
– Samoviy tilda… yana yunon tilida. Uning oti Suqrot.
Olomon quvonib ketdi. Har bir hazil oltinga teng bo‘lgan Xelsinkida o‘ziga xos tekin tomosha ko‘rish noyob hodisa edi. Suqrot atrofga qo‘rquv bilan qarar ekan, Virtanenni qo‘lidan ushlab olib, eshitilar-eshitilmas shivirladi:
– Afinada bunday hodisa hech qachon bo‘lmas edi…
– Hozirda u yerda ham xuddi shunday, – javob berdi Virtanen.
To‘satdan qayerdandir politsiya mashinasi paydo bo‘ldi. Suqrot bezgak tutgandek qaltirar va plashiga yanada qattiqroq o‘ralar edi. Go‘yo bechora afsonaviy hayvonlar, Gomer rivoyatlaridagi aql bovar qilmaydigan maxluqlar badbo‘y nafaslari bilan havoni zaharlab, uning tevaragida irillab uymalashishardi. U kaftlari bilan ko‘zlarini bekitdi, kimdir qo‘li bilan uni tutib, Virtanen bilan birga politsiya mashinasiga itarib tiqdi.
– Nahotki, bu Argus bo‘lsa? – pichirlab so‘radi u Virtanendan, mashina o‘rnidan qo‘zg‘algach.
– Nima?
– Mana, bu bizni qorniga sig‘dirgan maxluq?
– Bu kichikkina avtobus.
– Argus emasligini aniq bilasanmi? Uning oldida ham va ketida ham bahaybat ko‘zlari bor ekan, men ko‘rdim.
– Bema’ni gapni qo‘y. Bu faralar.
– Pichirlashni bas qiling! – do‘q urdi politsiyachi. – Yana qandaydir o‘g‘rilarning gaplari. Ha, Virtanen, shinelingizdagi qon qayerdan tegdi?
– Men aniq bilolmayman. Yarador bo‘ldim.
– Qayerda?
– Frontda.
– U osmondan tushgan, – dedi ikkinchi politsiyachi o‘rtog‘iga ko‘zini qisib, – U bilan gaplashib o‘tirishning foydasi yo‘q, ikkalasining ham miyasi aynigan ko‘rinadi. Ehtimol, qandaydir politur yoki antifriz ichishgan bo‘lsa kerak.
– Mening boshim joyida! – Virtanenning jahli chiqdi. – Men boshliqqa arz qildim. Polk komandiri sizlarga tegishli jazoni beradi. Men harbiy davrning qonunlarini bilaman.
– Harbiy davr? – hiringladi politsiyachi. – Hozir tinchlik-ku!
– Tinchlik? Nahotki! Qachondan beri?
– Eh-ha, yigirma yildan oshib ketdi.
Mashina politsiya uchastkasi oldida to‘xtadi va ularni so‘roq qilgani olib kirdilar. U yerda Virtanen haqiqatan ham ko‘kragidan yarador bo‘lgani aniqlandi. O‘q ko‘krak qafasiga tegib, ikki kuragi orasidan teshib chiqib ketgan ekan. Tanish alomatlarni ko‘zdan kechirishgach, uning shaxsini tekshirdilar va uning Vixtori Virtanen, qachonlardir halok bo‘lgan, deb e’lon qilingani ma’lum bo‘ldi. So‘roqnomada yosh politsiya zobiti quyidagilarni qayd qilib qo‘ydi: a) oddiy askar Vixtori Virtanen barcha savollarga poyma-poy va juda eskicha usulda javob berdi; b) qon tahlili tutqun hech qanday ichkilik yoki boshqa biron-bir narkotik modda iste’mol qilmaganligini ko‘rsatdi; v) modomiki, qonun barcha o‘liklarni dafn etish yoki kuydirish mutlaq zarur ekanligiga hukm etar ekan, oddiy askar Virtanenni ko‘mish yoxud hafta ichida kuydirish lozimligi belgilab qo‘yildi; g) u soliq boshqarmasiga bunchalik uzoq muddat davomida tegishli soliqlarni to‘lamagani sababini tushuntirib berishi uchun tutqun ikki sutkaga ozodlikka qo‘yib yuboriladi.
Shunday qilib, Virtanenga bog‘liq narsalarning hammasi ravshan bo‘ldi. Biroq Suqrotni so‘roq qilish qiyin kechdi. U faqat Virtanen tushunadigan tildagina gapirar edi.
– Nahotki, bu qari maymun biron-bir insoniy tilni bilmasa?
– Ustozim yunoncha gapiradi, – dedi Virtanen.
– Nima, u yunonmi?
– O‘zi shunaqa dedi.
– Yaxshi, hozir biz buni tekshirib ko‘ramiz.
Darhol Gretsiya elchixonasidan yosh kotibni chaqirdilar. U yurtdoshiga erinibgina nazar tashlar ekan, boshini sarak-sarak qilib, quruqqina dedi:
– Hurmatli janoblar! Men buni haqorat deb bilaman. Mening olijanob mamlakatim tarixi bunday badbashara nusxani bilmaydi. Uning oti nima?
–Suqrot, – javob qildi politsiya ofitseri.
–Elchixona kotibi cho‘chib tushdi. U plashiga o‘ralgan qariyaga yaqin kelib so‘radi:
– Qayerda tug‘ilgansiz?
Suqrot yelkasini qisdi va hech nima demadi.
– O‘zingni yunon deb hisoblashga qanday hadding sig‘di? – davom etdi yosh diplomat.
Suqrot ustozlarga xos tabassum bilan mayin jilmaydi va yosh yigitning kelishgan qiyofasiga razm solar ekan, dedi:
– Birodar, sening nutqingdagi tovushlar menga tanish, biroq sening nima deyayotganingni tushunmayapman.
– Balki, u qadimgi yunon tilida gapirayotgandir? – jilmaydi elchixona xizmatchisi. – Periklning soqoli bilan qasam ichamanki, bu yunon tarixining juda katta kitoblaridagi aqldan ozgan qandaydir olimga o‘xshaydi. Mening tarjimon sifatida sizlarga foydam tegmaydi. Kechirasizlar, men bandman. Uzrimni qabul aylang, janoblar!
Elchixona xizmatchisi ta’zim qildi va jo‘nab ketdi. Endi tilmochlikka Xelsinki universitetining mumtoz filologiyasi bo‘yicha professorini taklif qildilar. U Suqrotga ikki tomchi suvdek o‘xshar edi, ularni egizaklar desa bo‘ladi, o‘shanday bo‘jmaygan, muloyim va zamondan ikki ming yil orqada qolib ketgan bir odam.
– Juda soz, juda soz! – hayqirib dedi professor. – Men siz bilan, janob Suqrot, ko‘rishishni har doim orzu qilardim. Platon siz haqingizda batafsil va chiroyli hikoya qilgan edi, biroq uning so‘zlariga hamisha ham ishonib bo‘lmaydi. Demak, siz hali ham chin fazilat bilimda, deb hisoblaysizmi?
Bu ikki xushfe’l nuroniy ustozlar gapga tushib ketdilar va vaqtni mutlaqo unutdilar. Ular uchun endilikda soat, taqvim degan tushunchalar yot edi. Politsiyachilar beixtiyor mushtlarini qisdilar, oddiy askar Virtanen havo trevogasini kutib, bezovtalik bilan derazaga qaradi, yosh zobit esa hafsala bilan quloqlarini kavlardi. Mumtozlarning ajoyib suhbati juda uzoq – roppa-rosa ikki soat davom etdi va nihoyat politsiya zobiti o‘rnidan turib, o‘zining qo‘l ostidagilariga baqirdi:
– So‘roq qilish tugadi! Ularni bu yerdan yo‘qoting!
– Mana bu qochoqni hammi, mana bu uchinchi ta’viyani hammi?
– Yo‘qoling! Hammangiz yo‘qoling!
Mumtoz filologiya professori o‘zining kasbdoshi bilan astoydil xayrlashdi va bir necha bor uni uyiga mehmondorchilikka taklif etdi, biroq parishonxotirligi tufayli o‘z otini va manzilini aytishni unutdi. U yoqimli his-tuyg‘ular og‘ushida o‘zidan ketib borar ekan, qadimiy yunon tilida uzluksiz g‘o‘ng‘illardi:
– Ha, Suqrot haq edi. Agar odam vijdon hukmiga amal qilsa, u hech vaqt o‘z qilmishlaridan pushaymon bo‘lmaydi… Haqiqiy bilim fazilatli ezgu hayotga yetaklaydi… Bularning hammasini men universitetdagi hamkasblarimga va xotinimga, vaysaqi xotinimga qaytadan gapirib berishim kerak…
Oddiy askar Virtanen va ustoz Suqrot qo‘l ushlashib ko‘chaga chiqishdi-da, Virtanenning uyi tomon ketishdi. Ko‘chalar odatdagidek g‘ala-g‘ovur edi. Xelsinkida chet el tsirklaridan biri o‘z tomoshalarini boshlagan edi. Xaloyiq Virtanen bilan Suqrotni tsirkning o‘ziyurar reklamasi, deb bildi. Shuning uchun odamlar ularga reklamaga qaragandek munosabatda bo‘ldilar, ya’ni ko‘pda e’tibor bermadilar. Kulimsirab, yelka qisib qo‘yardilar-u, yonlaridan o‘tib ketaverar edilar. Oshnalar deyarli hech qanday to‘sqinliksiz shahar markazidan tobora uzoqlashib borishardi.
Shogird ustozini qo‘lidan ushlab borar ekan, uning barcha savollariga itoatkorona javob qaytarar edi.
– Bu nima?
– Univermag ko‘rgazmasi..
– U nimaga kerak?
– Tovarlarni namoyish etish uchun.
– Qo‘l tegizib ko‘rish mumkinmi?
– Marhamat.
Suqrot sip-silliq oynaga ohista qo‘lini olib bordi, mo‘jizaviy shaffofga burnini tirab, do‘kon ichkarisiga qarashga harakat qilardi.
– Mana bu nima?
– Radiopriyomniklar.
– Ular nima uchun kerak?
– So‘nggi axborotlar, ko‘ngilochar musiqalar va qiziqarli eshittirishlar uchun.
– Bu odamga ziyon yetkazadimi?
– Biror narsa deyish qiyin…
– Mana bu nima? Ana u yerdagi!
– Kir yuvish mashinasi.
– U nima qiladi?
– Kirlarni yuvadi.
– Nima uchun mashina bilan?
– Vaqtni tejash uchun.
– Tejalgan vaqtni nima qilishadi?
– Jin ursin, kim bilibdi! Juda ko‘p savol beraverma. Shunday bo‘lsa ham, so‘ra. Biroq bu yerda uymalashishimiz yetar, ketdik.
– Qayoqqa?
– Menikiga, albatta.
– Sen ham shunday qo‘rqinchli ulkan minorada yashaysanmi?
– U aslo minora emas. Oddiy ko‘p qavatli uy. Unda tez harakatlanadigan lift bor.
– Lift nima?
– Bu bir kichkina xona, shu uyda yashovchilarni qavatma-qavat olib chiqib qo‘yadi.
– Bu xona, ehtimol, og‘ir bo‘lsa kerak. Uni qo‘llar ko‘taradimi?
– Yo‘q, u elektr bilan harakatlanadi.
– Elektr bilan? U nima?
– Bilmayman… Qani ketdik.
– Nima uchun sen mana bunga o‘xshash kichikroq uyda turmaysan?
– E, bu axir tramvay-ku. Unda yashamaydilar, unda yuradilar. U xuddi arava kabi harakatlanadi.
– Bunday aravaga kimni qo‘shadilar?
– Hech kimni. U o‘zi yuradi.
– Qanday qilib, o‘zi? Nahotki abadiy harakat topilgan bo‘lsa? Harakatlanuvchi uy! Yersiz odamlar uchun ajoyib turar joy. To‘xtab tur.
– Nima qilmoqchisan?
– Qovug‘imni bo‘shatib olay.
– Esingni yedingmi. Bu yerdan odamlar o‘tadi.
– Men ularga orqa o‘girib olaman.
– Sen kallavaram ahmoq ekansan! To‘nka… vahshiy! Bir oz sabr qil, juda oz qoldi. Ana, mening uyim ham ko‘rinib qoldi.
– Biroq u yerda mumkin emas. Axir, u sening yashash joying.
– U yerda hojatxona bor.
– U nima degani? Buning inson salomatligi uchun zarari yo‘qmi?..
– Mutlaqo. U maxsus moslashtirilgan alohida xona.
– Uni nima tozalaydi?
– Suv. Katta chanoqdagi iflos narsalarni quvur orqali dengizga chiqarib tashlaydi.
– Yo‘q, men bunga toqat qilolmayman. Kishi o‘z turar joyini molxonaga aylantirmasligi kerak.
– Suqrot, quloq sol, seni qachonlardir odamlarga hayotiy donishmandlikdan saboq bergan deb kim aytadi?
– Ha, o‘qitganman. Ammo odamlar, ko‘rinib turibdiki, hech qanday saboq olmaganlar… Men Afinani ko‘rishni xohlardim. U yerda bunday narsalar bo‘lishi mumkin emas…
– Hozirda u yerda ham shuning o‘zi. Tamaddun! Hamma qulayliklar yaratilgan…
– Qulaylik baxt keltirmaydi.
– Mana, nihoyat yetib keldik… Men bir oz hayajonlanayapman. Ko‘ramiz, xotinim nima derkin.
– Bolalar, ular, albatta, darhol qo‘limga yopishadilar. Men esa ularga hech qanday sovg‘a keltirmadim. Axir frontdan nima ham keltirish mumkin? Eshit-yapsanmi, yuragim qanday dukillab urayapti? Loaqal tamaki tutatib olsam edi… Suqrot, hoy, Suqrot! Qayoqqa ketding? Darvoza tagidagi teshikka burningni suqma… Bizga bu yoqqa, ko‘chadan to‘g‘ri kiriladigan eshik orqali! Eh, sen cho‘chqa! Qanday jur’at qilding? Yaxshi, qorovul ko‘rmadi, aks holda politsiya chaqirar edi… Qanday sharmandagarchilik! Nahotki, o‘zingni hech idora qilolmaysan? Axir men senga aytgan edim-ku…
– Sen nega bunchalik achchiqlanasan, do‘stim?
– Sen mening nafratimni qo‘zg‘ayapsan! Sen o‘zingni tutolmayapsan.
– Qachon men biron-bir kimsaga yomonlik qilsam, o‘z vijdonimning ta’naomuz ovozini eshitaman. Biroq hozir vijdonim tinch.
– Xo‘p… Ketdik!
– Hozir, shippagimni yechib olay.
– Bema’nilikni yig‘ishtir. Liftga kir. Oltinchi qavatga ko‘tarilamiz.
– Ketdik. Bizni u yoqqa kim olib chiqadi?
– Eshak!
– Qani u?
– Qarshimda. Axir men hozirgina lift elektr bilan harakatlanadi, dedim-ku. Tayog‘ingning keragi yo‘q. Uni shu burchakka, radiator yoniga qo‘y. Ko‘ryapsanmi: lash-lushlar uchun joy. Menga ber, olib borib qo‘yaman. Qani, kir. Nimani o‘ylayapsan?
Oddiy askar Virtanen Suqrotni liftga itarib kiritdi, keyin esa o‘zi ham kirdi. Bir daqiqa o‘tmay, ular xonadon eshigi oldida paydo bo‘ldilar va Virtanen taxtadagi yozuvga odatdagidek nazar tashladi.
– Nima, bu shayton vasvasasimi? Taxtachani kim o‘zgartirdi? Mekinen… Bu yerda hech qanday Mekinen yo‘q. Bu mening xonadonim. Xo‘sh, nima ham qildik, qo‘ng‘iroqni bosamiz…
Suqrot cho‘chib tushdi.
– Bu nima o‘zi?
– Eshik qo‘ng‘irog‘i.
– Uni kim o‘ynaydi?
– Men. Axir ko‘rmadingmi mana bu tugmani bosganimni?
– Bu mo‘jiza. Men ham bosib ko‘rsam maylimi?
– Bos, bos… Bosaver, qo‘rqma, tishlab olmaydi.
Eshik orqasidan ayol kishining jahldor tovushi eshitildi:
– Borayapman, borayapman!
– Eshikni qari, sochlari paxmoq, chala kiyingan, og‘zining burchagida tamaki tutatgan xotin ochdi.
– Sizlarga nima kerak? – jahl bilan so‘radi xotin.
– Men uyimga keldim, – javob qildi Virtanen, – uyga kirmoqchiman.
– To‘xta, mal’un! Bu yerda senga pishirib qo‘ygani yo‘q.
– Bu mening uyim. Men Vixtori Virtanenman. Bundan ikki yil avval frontdan ta’tilga kelgan edim. Bu yerda mening xotinim va ikki nafar kichkintoylarim turadi.
Xotin qo‘rqib ketib ortiga tislandi, biroq keyin ishonqiramay va diqqat bilan kelganlarga qarab, dedi:
– Mening birinchi erimning oti haqiqatan ham Vixtori Virtanen edi. Biroq u frontda qachonlardir halok bo‘lgan. Men sizga to‘g‘risini aytaman, meni laqillata olmaysiz.
Suqrot xotin qo‘lida asabiy holda aylantirib turgan tamakiga hayrat bilan boqardi. Dabdurustdan:
– Bu mangu olovmi? – deb so‘radi u.
– Bu martishka nima deyapti? – so‘radi Virtanenning xotini. – Ha, siz ikkalangiz ham jinnisiz! Qayerdan keldingiz?
– Osmondan, – javob qildi Virtanen.
– Oh, xudo! Esko, Eero! Tezroq bu yerga kelinglar!
Xotin qo‘lidagi tamakini polga tushirib yubordi va birpasda hammasi alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi. Virtanen Suqrotni yelkasidan tutib, qulog‘iga shipshidi:
– Ular mening o‘g‘illarim! Esko uch yoshda, Eero esa yaqinda ikkiga to‘ladi.
Biroq Suqrot hech narsani eshitmadi. U tutab turgan tamaki ustida tizzalab, tinmay g‘o‘ldirardi:
– Mangu olov… Mangu olovni tashlab yuborishdi…
Qarshilarida ikki nafar er kishi namoyon bo‘ldi.
– Bu nusxalarga nima kerak ekan? – so‘radi ulardan biri. – Oyi, ular sizning pulingizga po‘pisa qilishmoqdami?
– Bilmadim, bilmadim. Balki politsiya chaqirarmiz.
– O‘sha fir’avnlarsiz ham uddalaymiz. Qara, Eero! Mana bu daydi bizning otamizga o‘xshab ketar ekan!
– Men sizlarning otangizman, – dedi Virtanen hazin tovush bilan. –Bu mening xonadonim.
– A? Ee, qo‘ysang-chi! Sen sohildagi qayiq tagida endi yashamayapsanmi?
– Ey xudoyim, iflos choyshabga o‘ralgan mana bu momaqaymoq kim bo‘ldi? U, albatta, sening otangdir? To‘g‘rimi?
– U mening ustozim, Suqrot.
Virtanenning o‘g‘illari kulishdi. To‘ng‘ich o‘g‘il sobiq askarga deyarli jips keldi va yuzini uning qattiq soqol bosib ketgan yuziga yaqinlashtirib, dedi:
– Men aslida hech kimga iltifot qilmayman, lekin sen yoqimli qariya ekansan, senga ichishing uchun ikki marka beraman. Ma, ushla!
– Yana mana, bir nechta tamaki va gugurt, ol! – dedi kichik o‘g‘li. – Biroq yana qaytib kelib, onamizni qo‘rqitib yurma! Omading bor ekan, o‘gay otamiz uyda yo‘q edi. Bo‘lmasa, bilasanmi, u jahli chiqib, har ikkingizning tumshug‘ingizga tushirishi turgan gap edi. Tushunarlimi?
– Yo‘q, hech nima tushunarli emas, – javob qildi Virtanen so‘niq ohangda.
– Tag‘in nimani istaysan o‘zi?
– Uyga kirishni, o‘z oilamni ko‘rishni istayman.
Katta o‘g‘il oddiy askar Virtanen shinelining yoqasidan ushladi-yu, birdan dahshat bilan qichqirdi:
– Sening hammayog‘ing qon-ku! Sen yaralandingmi?
– Qon allaqachon qotib bo‘lgan… Aniq nishonga tekkan…
– Qandaydir daydi senga pichoq sanchganga o‘xshaydi? Sizlarning hammangiz, piyanistalar, bir go‘rsizlar. Endi, bas! Oyoqni qo‘lga ol-da, yo‘qol bu yerdan! Bo‘l tez! Qorangni o‘chir, turqi-tarovating u yoqda tursin, arvohing ham ko‘rinmasin. Sen ham, qari maymun juftakni rostla.
Eshik qarsillab yopildi. Tomosha tugadi. Oddiy askar Vixtori Virtanen bilan ustoz Suqrot ikkovlon pillapoyada turib qolishdi. Suqrot dedi:
– Shunday qilib biz asosiy mo‘jizani ham ko‘rmadik.
– Qanaqa mo‘jizani?
– Dengizga quvur orqali chiqindilar chiqadigan maxsus binoni. Inson bilimi shu qadar nochorki, bizdan tashqarida ham bizga buysunmaydi. Faylasuflarning olam va uning paydo bo‘lishi haqidagi fikrlari bor-yo‘g‘i shunchaki mulohazalar, xolos. Odamda uning xatti-harakatlarini boshqarib turadigan ruh yashasa kerakki, u biror nimani amalga oshirishi uchun unga jasorat bag‘ishlaydi, bema’ni ishlarni qilishdan saqlaydi…
– Bas, bas! To‘xta! Men nima yaxshi-yu, nima yomon ekanligini bilmayman. Ketdik, bir piyoladan qahva ichamiz. Menda pul bor.
– Bu pulmi?
– Xuddi o‘zi.
– Ular tilla emas-ku. Qiziq, ushlab ko‘rsam bo‘ladimi?
– Marhamat.
– Qog‘oz, pullar… vazni yo‘q, tilla… qalbaki oltin.
– Bema’ni gapni qo‘y! Bu yoqqa ber. Hozir biz unga bir narsa xarid qilamiz…
– Ehtimol, zaytun olarmiz? Qo‘lingdagi nima?
– Tamaki.
– Uni nima qiladi?
– Og‘izga soladi, yondiradi va chekadi. Mana bunday.
– Nega uni og‘izda yondiradi?
– Senga nima desam ekan, shunchaki odat. Yoki qiziqish. Aslida o‘zim ham bilmayman.
– Bu nima? Mana mo‘jiza!
– Hech qanday mo‘jiza emas. Oddiy gugurt.
– Gugurt, tayoqchada olov yashaydi. Bu olamdagi mo‘jizalarning mo‘jizasidir. Bu haqda Afina xalqiga gapirib berish kerak. U qanday yonishini menga yana bir ko‘rsat.
– Mana bunday. Oddiygina, shunday emasmi?
Barcha mo‘jizalar odatda jo‘n bo‘ladi… Olov yashaydigan gugurt! Zaytun sotib olish mumkin bo‘lgan yupqa qog‘oz… Barmoqni tekkizsa tovush beradigan eshik. O‘z-o‘zidan harakat qiladigan uy. Suv ifloslarni quvur orqali dengizga chiqarib tashlaydigan idish. Bularning hammasi buyuk mo‘jiza. Biroq eng buyuk mo‘jiza bu – olov yashaydigan gugurt.
– Xuddi bolaga o‘xshaysan, Suqrot. Plashingni ol, ko‘chaga chiqamiz.
– Gugurt, olovli gugurt! Axir bu to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, to‘g‘ri. Hadeb bir narsani qaytaraverishni bas qil. Nega buncha ko‘p javraysan. Ma, butun qutini olaqol.
– Men buni Afina fuqarolariga ko‘rsataman. Bu mo‘jiza…
Gugurt mo‘jiza bo‘ldi. Biroq biri iflos soldat shinel kiygan, ikkinchisi esa oq jun mantiyaga o‘ralgan bizning hamrohlarimizni birorta ham qahvaxonaga kiritmasliklari u qadar mo‘jiza bo‘lmadi… Ularni eshik oldidanoq quvib soldilar. Qahvaxonalar hozirga va kelajakka xizmat qilardi-yu, biroq o‘tmishni inkor etardi. Hamrohlarimiz esa vaqtdan: biri ikki ming yildan, ikkinchisi yigirma yildan ko‘proq ortda qolgan edilar.
Virtanen qayg‘uga tushdi. U vaqt bilan qanday hisoblashishni, uni qayoqqa qo‘yishni aqliga sig‘dirolmasdi. Qonunga muvofiq butun bir hafta o‘tgandan keyin Virtanenni kuydirishlari yoki dafn etishlari kerak bo‘lgan vaqtni qanday o‘tkazish kerak? Lekin shunday bo‘lsa ham, Suqrot baxtiyor edi. U olamni baxt-saodatga erishtiradigan gugurtni – mo‘jizaviy kashfiyotni topdi!
Dekabr kechalari haddan tashqari uzoq bo‘ladi. Yo‘lovchilar qarshisida barcha eshiklar taqa-taq yopilgan edi. Virtanen zerikib, siqila boshladi. U umr bo‘yi xoh samoda bo‘lsin va xoh yerda bo‘lsin nimadandir norozi bo‘ladigan kishilar toifasidan edi. Suqrot esa, aksincha, u dunyoda ham va bu dunyoda ham o‘zini baxtli his etardi. Uning chehrasi, ular Virtanen bilan qonundan tashqari holatda qolib, dengiz sohilidagi eski saroyga tunash uchun kelganlarida ham porlab turardi. Bu saroyda qayiqlar saqlanar va ularda Finlyandiya poytaxtining o‘nlab turar joyi bo‘lmagan aholisi boshpana topgan edi. Bu yer o‘z fikriyu tanasida chandiqdan boshqa hech qanday mulki bo‘lmagan kambag‘al va qashshoqlarning umumiy turar joyi edi.
Qayiq saroy yashovchilariga Virtanen tarjimasidagi Suqrotning nut-qi juda yoqdi. Hech kimni na siyosat, na moliyaviy tanglik, na xotin-qizlarning yasanishi, na avtomobillar va radiopriyoniklar, na uy-joy haqining oshishi va na AQShning Vetnamdagi urushi qiziqtirar edi. Hammaning diqqat-e’tibori o‘zlarida bo‘lgan birdan-bir narsaga – faqat endi fahmlaganlari: haqiqiy mo‘jiza – gugurtga qaratilgan edi. Hamma narsa shundan boshlandi va shu bilan tamom bo‘ldi. Gugurtning mo‘jizaviy xususiyatiga ishonch hosil qilish uchun ular eski qayiq saroyni yoqdilar va bexosdan yetib kelgan politsiya va o‘t o‘chiruvchilar noqonuniy charog‘onlikni o‘chirmagunlariga qadar dabdabali gulxanda isina boshladilar. Saroy yashovchilarini ushladilar. Ular orasida faqat ikki daydi: ta’tilga kelgan oddiy askar Virtanen, deb o‘zini tanishtirgan, soqollari anchadan beri olinmagan askar va barcha ushlanganlar aql darajasi qariyb olti yoshlik bolaning aqliga teng keladi, deb ta’kidlagan noma’lum kichkina qariyagina yo‘q edi. Qattiq qidiruvlarga qaramay, yo‘qolganlarni topa olmadilar. Holbuki, ularning belgilarini Xelsinkida chiqadigan barcha gazetalar bosib chiqargan va politsiya hammayoqqa maxsus e’lon yopishtirib chiqqan edi.
Kecha oqshom universitetning majlislar zalida qiziqarli ma’ruza bo‘ldi. Mumtoz filologiya professori to‘planganlarga yaqinda u Xelsinkida Suqrotni uchratgani haqida xabar qildi. Shuni ham aytish kerakki, keksa professor shu bilan birga oddiy askar Vixtori Virtanen haqida bir og‘iz ham eslamadi. Balki sukut saqlashga Virtanenning hech bo‘lmasa kiyim-kechagi bo‘yicha, mumtozlar qatoriga qo‘shish mumkin bo‘lmaganligi sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak. Holbuki harbiy libos, garchi undan ikkinchi jahon urushining qoni allaqachon yuvilib ketgan bo‘lsa-da, bizning kunlarimizda hali ham urfdir.
Ruschadan Sur’at Abdukarimov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 12-son