Mark Tven. U o‘lganmi yo tirik? (hikoya)

1882 yil mart oyida men Mantonadagi Riverada yashab turardim. Monte-Karlo yoki Nitsada bo‘lgani kabi odamlar soyasida emas, balki shahar chekkasidagi bu joyda tanholikdan rohatlanasiz. Yana men aytmoqchimanki, quyoshning yorqin nurlari, hayotbaxsh havo va tip-tiniq zangori dengiz tinib-tinchimagan odamlarning shovqin-suronlari hamda g‘ala-g‘ovurlari bilan xiralashmaydi. Mantona — dabdabavozlikka sira da’vo qilmaydigan sokin, tinch shahar. Badavlat va aslzoda kishilar, odatda, bu shaharni nazarga ilmasdilar. Shunday bo‘lsa ham ba’zi-ba’zida bu yerda bir-ikki davlatmand paydo bo‘lib qoladi. Yaqinda men ana shunday bir odam bilan tanishib qoldim. Uning yashirin ismini oshkora qilmaslik uchun Smit deb atadim. Bir kuni ikkalamiz Ingliz mehmonxonasida nonushta qilib o‘tirganimizda Smit menga:
— Tezroq, eshikdan chiqib ketayotgan anovi odamga qarang, — dedi hovliqib. — Uning tashqi qiyofasini iloji boricha eslab qoling!
— Nima uchun?
— Uning kimligini bilasizmi?
— Ha. U sizdan bir-ikki kun avval shu mehmonxonaga qo‘ngan. Aytishlaricha, bu lionlik shoyi sanoat korxonasining badavlat egasi bo‘lib, ishidan chetlashgan. U ko‘rinishdan bu dunyoda yakka-yolg‘izga o‘xshaydi. Qiyofasi doim g‘amgin, xayolchan, hech kim bilan gaplashmaydi ham. Uning ismi, Teofil Manyan.
Men Smit nima uchun mose Manyanga qiziqib qolganini izohlab berar deb o‘ylovdim, biroq buning o‘rniga u chuqur xayolga cho‘mdi va nazarimda shu damda nafaqat meni, balki dunyodagi barcha narsani unutgandek edi. U tinmay ipakdek oq sochlarini paypaslar, stoldagi nonushta esa sovub qolgan edi.
— Yo‘q, hech eslay olmayapman, — dedi u nihoyat.
— Nimani?
— Andersenning ajoyib bir ertagi bor, lekin u xayolimdan faromush bo‘libdi. Unda o‘zining qushchasi bo‘lgan bir bola ta’riflanadi. Bola qushchani juda yaxshi ko‘radi-yu, biroq hadeganda qushcha borligini unutib qo‘yaveradi. O‘z holiga tashlab qo‘yilgan qushcha kun bo‘yi qafasda o‘tirib, sayragani-sayragan edi. Bu orada vaqt o‘tib borar, bechora qushcha esa tez kunda ochlik va chanqoqlikdan azob chekib, qo‘shig‘i ham borgan sari g‘amginlashib, pasayib borar, oxir-oqibatda tinib qoladi. Qushcha o‘ladi. Bola kelib bu ahvolni ko‘radi-yu, chuqur iztirobga tushib, achchiq ko‘z yoshlarini to‘kkanicha o‘rtoqlarini yig‘adi. Ular bechora qushni chuqur qayg‘u bilan dafn etishadi…
Biroq shu payt bizning suhbatimizni bo‘lib qo‘yishdi. Kechqurun soat o‘nlarda men Smit bilan uchrashdim. U meni chekishib, bir shisha shotland viskisini ichishga taklif etdi. Shinamgina xonada qulay oromkursilar qo‘yilgan, fonus yoruq nur sochib turar, kaminda zaytun daraxtining quruq tarashalari charsillab yonar edi. Tinchlik va osoyishtalik hissini deraza ortidagi dengiz to‘lqinlarining shovqini buzardi. Biz birmuncha vaqt suhbatlashib o‘tirdik. Ikkinchi qadahdan so‘ng Smit jonlandi:
— Mana endi men sizga g‘aroyib bir voqeani so‘zlab beraman. Biz o‘rtog‘im bilan buni uzoq vaqtgacha sir saqlab kelardik, Smit menga quyidagilarni so‘zlab berdi:
— Ancha yillar burun, men hali yosh, juda yosh rassom edim. Frantsiya qishloqlarida daydib, etyudlar chizib yurardim. Ko‘p o‘tmay ikkita yoqimtoy yosh frantsuz yigiti qatorimga qo‘shildi — ular ham etyud chizar ekan. Biz qanchalar baxtiyor bo‘lsak, shunchalik faqir yoinki qay darajada faqir bo‘lsak, shunchalik baxtiyor edik — xohlagan tomonini tanlayvering. Yigitchalarni Klod Frer va Karl Bulanje deyishardi. Ular ajoyib bolalar edi. Doim dilkash va xushchaqchaq. Ular qashshoqlik ustidan kulishar, har qanday ob-havoda ham kayfiyatlari buzilmasdi.
Oxir-oqibatda Breton shaharchalarining birida biz juda nochor ahvolga tushib qoldik. Biz kabi kambag‘al mahalliy bir rassom bizga o‘z uyidan joy berdi va to‘g‘risi, ochlik o‘limidan saqlab qoldi. Fransua Mille…
— Nahot o‘sha buyuk Fransua Mille bo‘lsa?
— Buyuk? O‘sha paytdagi buyukligi bizdan ortiq emasdi. Uning hatto o‘zining qadrdon shahrida ham dong‘i chiqmagan va shu darajada nochor ediki, bizni faqat sholg‘om bilan boqar edi, o‘sha ham doim yetishmasdi. Biz to‘rtovimiz qadrdon, ajralmas do‘st bo‘lib qoldik. Tunu kun tinmay jonimizni jabborga berib rasm chizar edik. Uyimiz rasmlarga to‘lib-toshib ketgan, biz esa ulardan birontasini juda kamdan-kam hollarda sota olardik. Vaqtimizni shod-xursand o‘tkazdig-u, lekin xudo asrasin, biz ko‘rgan muhtojlikdan!
Ikki yil shu alfozda o‘tdi. Nihoyat, ajoyib kunlardan birida Klod:
— Bolalar, biz so‘nggi nuqtaga yetib keldik, — deya e’lon qildi. — So‘nggi nuqta. Hamma bizga qarshi kelishib olgan. Men butun shaharni aylanib chiqdim. Xuddi shunday ham bo‘lgan — hammasi kelishib olishgan, chunki toki biz barcha qarzlarimizni to‘lamagunimizcha bir santim ham qarz bermaymiz, deb po‘pisa qilishmoqda.
Ustimizdan sovuq suv quygandek bo‘ldi. Hammaning yuzida dahshat aks etib turardi. Biz umidsizlik girdobiga tushdik. Oraga uzoq sukut cho‘kdi. Nihoyat, Mille og‘ir xo‘rsinib dedi:
—Nima qilishniyam bilmayman, to‘g‘risiyam bilmayman. Bolalar, biron narsa o‘ylab toping.
Unga javoban oraga ma’yus sukunat cho‘kdi — agar sukutni javob o‘rniga o‘tadi deb hisoblansa. Karl o‘rnidan turdi-da, bir dam xonada u yoqdan-bu yoqqa hayajon bilan yura boshladi. So‘ngra:
— Qanday sharmandalik — dedi u. — Manavi polotnolarga qarang — ajoyib rasmlar tax-tax bo‘lib yotibdi, vaholonki, bular har qanday yevropalik ustalarning asarlaridan hech kam joyi yo‘q. Ha, ha, sandiraqlab yurgan ko‘plab bekorchi chet elliklar xuddi shunday deb tasdiqlashgan — harholda shunga o‘xshash gap aytishgan.
— Lekin birontasini ham sotib olishmagan, — deb qo‘shib qo‘ydi Mille.
— Nima farqi bor, axir shunday deyishgan va eng muhimi bu haqiqat. Hech bo‘lmaganda o‘zingning “Oqshom iforlari”ngga qara. Aytinglar…
— “Oqshom iforlari” bo‘lsa nima qipti! Buning uchun menga besh frank taklif etishgan.
— Qachon?
— Kim?
— Qayerda u?
— Nega rozi bo‘lmading?
— Bas qiling, baravar baqirmanglar. Men u ko‘proq beradi, deb o‘ylovdim, bunga ishonchim komil edi — ko‘rinishi ham shunga tortar edi — qiyofasiga qarab, men sakkiz dedim.
— Xo‘sh, keyin-chi?
— U keyingi safar kirarman, dedi.
— Dahshat bu, dahshat! Menga qara, Fransua…
— Bilaman! Bilaman! Xato qildim, o‘taketgan ahmoqlik qildim. Bolalar, ishoning, niyatlarim juda boshqacha edi mening…
— Bo‘lmasam-chi, biz senga ishonamiz, og‘aynichalish! Lekin keyingi safar bunday ahmoqlikka yo‘l qo‘ymaslikka harakat qil.
— Menmi? Endi birontasi oldimga kelib, bir bosh karam taklif qilsa ham rozi bo‘laman. O‘shanda ko‘rasiz!
— Bir bosh karam! Oldimda bunaqa so‘zlarni ayta ko‘rma, og‘zimdan so‘laklarim oqib ketadi. Odamning havasini kamroq keltiradigan boshqa mavzuga o‘taylik.
— Bolalar!— xitob qildi Karl. — Ayting-chi, mana shu rasmlar e’tiborga loyiq emasmi, axir?
— Loyiq.
— Ayting-chi, bular e’tiborga loyiqligi bilan ajralib turmaydimi?
— Ajralib turadi.
— Shunchalik e’tiborga loyiq bo‘lishi mumkin, qachonki, ularning ustida mashhur ism tursa, shundagina ularni yuqori narxga sota olamiz. Ha yoki yo‘q denglar?
— Albatta — ha. Bunga hech kim shubha qilmaydi.
— Hazillashmayapman — shundaymi yoki yo‘qmi?
— Albatta, shunday. Biz ham hazil qilayotganimiz yo‘q. Lekin bu bilan nima o‘zgaradi? Nima? Bunga bizning qanday aloqamiz bor?
— Aloqamiz shundan iboratki, ularga mashhur ismni yozamiz.
Qizg‘in suhbat tinib, hamma Karlga tikilib qoldi. Bu qanday jumboq bo‘ldi? Mashhur ismni qayerdan topamiz? Uni bizga kim beradi?
Karl o‘tirdi-da, dedi:
— Sizga aytadigan jiddiy taklifim bor. G‘aribxonadan qutulishning yagona yo‘li, menimcha — shu, nazarimda eng to‘g‘ri yo‘l ham — shu. Bu fikr dunyo tarixida ko‘plab va allaqachon ma’lum va mashhur dalillarga asoslangan. Ishonchim komilki, mening rejam barchamizga boylik keltiradi.
— Boylik! Esingni yeb qo‘yibsan.
— Hecham bunday emas.
— Yo‘g‘-e, sen, shubhasiz, jinni bo‘lib qolibsan. Boylik deb nimani nazarda tutmoqchisan?
— Har boshga yuz ming frankdan.
— Aqldan ozganing aniq. O‘zim ham shunday deb o‘ylagandim.
— Ha, shunaqaga o‘xshaydi. Bechora Karl, sen yo‘qchilikni ko‘tara olmay…
— Karl, sen achchiq dori ichgin-da, darhol o‘ringga yot.
— Avval unga malham qo‘yish lozim. Keling, boshini bog‘laymiz, so‘ng…
— Yo‘q, yaxshisi oyog‘ini bog‘laymiz — men uning boshi ishlamasligini allaqachon payqagandim, lekin oyoqlariga kelsak…
— Ovozlaring o‘chsin! — do‘q urdi Mille g‘azabi qo‘zib. — Maqsadini aytishga imkon bering, axir. Karl, gapir, rejalaringni o‘rtaga tashla! Indallosi nimada?
— Xo‘sh, gapning daromadi o‘rnida e’tiboringizni quyidagilarga qaratay: bu narsa dunyo tarixida keng o‘rin olgan narsa. Ko‘plab buyuk rassomlarning qadr-qimmati toki ular ochlikdan o‘lmaguncha tan olinmagan. Bu ko‘p marta qaytarilib kelganini hisobga olgan holda men umumiy bir qonun ishlab chiqishga jur’at etdim. Qonun shundan iborat: har bir noma’lum va e’tiborsiz qolgan musavvir tan olinishi kerak va tan olinadi ham, binobarin, ular chizgan rasmlari faqat vafotlaridan keyingina juda katta mablag‘ keltiradi. Mening rejam quyidagicha: biz o‘rtaga qur’a tashlaymiz — oramizdan bir kishi o‘lishi kerak.
So‘nggi jumla nihoyatda xotirjam va bexos yangradiki, biz hatto o‘rnimizdan sapchib turishga ham ulgurmadik. So‘ngra palapartish ovozlar eshitila boshladi: hamma biri olib, biri qo‘yib Karlning kasal miyasini qanday davolash to‘g‘risida turli takliflar bera boshlashdi. Karl nash’ali shavq tingunga qadar sabr qilib kutib turdi-da, o‘z rejasini tobiga yetkazishda davom etdi:
— Ha, bittamiz o‘lishimiz kerak, qolganlar va o‘zini ham qutqarish uchun o‘lishi lozim. Qur’a tashlaymiz. Kimni ko‘rsatsa, o‘sha mashhur bo‘ladi. Shundagina boyib ketamiz. Jim, jim bo‘ling, xalaqit bermang, nima deyayotganimni o‘zim bilaman, g‘oya shunday: o‘lishi lozim bo‘lgan odam o‘z asarlari iloji boricha ko‘paygunga qadar rasm chizishi kerak bo‘ladi, lekin sharti shuki rasm emas, yo‘q, bular yuzaki chizgilar, eskizu etyudlar, etyudlardan lavhalar — har birida o‘ndan ortiq bo‘yoq chizgisi bo‘lmasin — turgan gapki chizgilar hech qanday ma’noni anglatmaydi, ammo rasm uniki va ostida uning imzosi turadi. U kuniga kamida ellikta rasm chizishi va har bir rasm bir-biridan tanib olishi qulay bo‘lgan faqat chizgan odamga xos, alohida xususiyati bilan ajralib turadigan bo‘lishi kerak. Xuddi shundaylar qadrlanishi barchangizga ma’lum, ayniqsa, buyuk insonning vafotidan keyin dunyodagi barcha muzeylar ularni aql bovar qilmaydigan narxda sotib oladi. Biz bunday rasmlarni eng kamida bir tonnasini tayyorlaymiz! Bu vaqtda qolgan uch kishi o‘layotgan odamni boqib turadi va Parij hamda savdogarlarni yaqin kelajakda sodir bo‘ladigan voqeaga tayyorlash borasida tashviqot ishlarini olib borishadi. Ish bitishi hamonoq rassomning to‘satdan vafot etganligi bilan hammani esankiratib qo‘yamiz. Keyin dabdabali dafn marosimini o‘tkazamiz. Ishimizning asl mohiyatini endi tushungandirsiz?
— Yo‘-o‘-o‘-q, ya’ni uncha…
— Unchalik emasmi? Nahot anglab olmagan bo‘lsangiz? Rassom hech ham o‘lmaydi. U shunchaki ismini o‘zgartiradi, xolos, so‘ngra g‘oyib bo‘ladi. Biz esa qo‘g‘irchoqni dafn etamiz. Men…
Biroq shu pallada so‘zini bo‘lishdi. Hamma zavq-shavqqa to‘lib, qiyqirib chapak chalib yubordi. O‘rnilaridan turib, xonada raqsga tushar, quvonch bilan bir-birlarining quchoqlariga otilar edilar. Ochligimizni ham unutib qo‘yib, Karlning ajoyib rejasini muhokama etardik. Barcha tafsilotlarni puxta o‘ylab ko‘rganimizdan keyin qur’a tashladik. Qur’a Millega tushdi, endi u “o‘lishi” kerak. So‘ngra odam faqat boyib ketishi arafasida voz kechishi mumkin bo‘lgan barcha buyumlarimizni — esdalik sovg‘alaru, har turli mayda-chuydalarimizni yig‘ishtirdik-da, olib borib garovga qo‘ydik. Evaziga kamtarona kechki xayrlashuv dasturxoni, ertalabki nonushtaga yetadigan va hatto yo‘lkira, Mille yeyishi uchun sholg‘om va biroz oziq-ovqat g‘amlashga yetadigan pul oldik.
Erta bilan nonushtadan keyinoq uchovimiz, turgan gapki, piyoda yo‘lga tushdik. Sotish uchun har birimiz Mille chizgan rasmlarini o‘nta-o‘ntadan olivoldik. Karl belgilangan vaqtgacha Millening shuhratini ta’minlash maqsadida Parijga jo‘nab ketdi. Biz Klod ikkovimiz shahar atrofidagi mahallalarni aylanish uchun boshqa-boshqa tomonga ravona bo‘ldik.
Omadimiz qanchalar yurishganiga ishonmaysiz. Ikki kun daydib, katta bir shaharning chekkasidagi villaning rasmini chiza boshladim. Yuqori qavat ayvonida turgan villa egasiga ko‘zim tushib qoldi. O‘ylaganimdek, u xabar olish maqsadida pastga tushib keldi. Men u zerikib qolmasin deb tezroq ishlashga harakat qildim. Goh-gohida u ishimni ma’qullab qo‘yardi, so‘ngra rasmimga qoyil qola boshladi va meni haqiqiy usta deb maqtadi.
Men mo‘yqalamni chetga qo‘ydim-da, Millening etyudlaridan birini oldim, surat burchagidagi uning imzosini ko‘rsatib, faxr bilan dedim:
— Uni tanisangiz kerak? U mening ustozim. O‘z ishimni uddalashim bejizdan emas!
Villa egasi xijolatga tushib jim turardi.
— Nahot, Fransua Milleni tanimayman demoqchi bo‘lsangiz? — dedim nadomat bilan.
Turgan gapki, imzo unga notanish, biroq qiyin ahvoldan osongina olib chiqqanim uchun u chuqur minnatdorchilik hissiga to‘lib dedi:
— Yo‘g‘-e, qo‘ysangiz-chi! Albatta, bu Mille! Mille ekanini nega darrov fahmlay olmaganimga o‘zim ham hayronman. Albatta, bu Millening imzosi!
So‘ngra u etyudni sotib olishga ixtiyor bildirdi. Lekin unchalik boy bo‘lmasam-da, u darajada nochor emasman, dedi. Oxir-oqibatda men surat narxini sakkiz yuz frankka tushirib berishga rozi bo‘ldim.
— Sakkiz yuz frank!
Mille rasmni cho‘chqa go‘shtidan qilingan kotletga ham almashgan bo‘lardi. Men esa shu arzimas surat uchun sakkiz yuz frank oldim. Hozir men uni jon deb sakson mingga qayta sotib olgan bo‘lardim. Ammo u davrlar allaqachon o‘tib ketdi… Uning koshonasini juda chiroyli aks ettirganim bu surat uchun bor-yo‘g‘i o‘n frank so‘ramoqchi edim. Lekin buyuk ustozning shogirdi chizgan suratni shu darajada past baholash noqulay bo‘lardi va men uni yuz frankka sotdim. Sakkiz yuz frankni shu zahotiyoq Millega jo‘natib yubordim. Ertasiga yo‘limda davom etdim.
Endi men piyoda yurmay qo‘ydim. Transportda yura boshladim. Har kuni bittadan surat sotdim. Hech qachon kuniga ikkitadan surat sotishga intilmasdim. Men xaridorimga doimo shunday derdim:
— Umuman olganda, men Fransua Millening suratlarini sotib ahmoqona ish qilayapman. Uning uch oylik umri qolgan, Millening vafotidan keyin suratlarining bahosi bo‘lmaydi.
Men nima qilib bo‘lsa ham bu ovozaning tarqashiga harakat qilardim, zero xalqni yaqinda bo‘ladigan voqeaga tayyorlash lozim edi.
Suratlarni sotish rejasi menga tegishli edi. Shu bois buni haqqoniy ravishda mening xizmatim deb bilardim. Men bu rejani bo‘lajak tadbirni muhokama qilayotgan o‘sha oqshomda taklif etdim. Uchovimiz boshqa reja tuzish o‘rniga bunisini yaxshilab sinovdan o‘tkazish kerak, degan qarorga keldik. Hammamizning omadimiz yurishdi. Men bor-yo‘g‘i ikki kun piyoda yurdim, xolos. Klod ham shunday. Ikkovimiz ham uyimiz atrofida Millening dong‘ini chiqarishdan qo‘rqar edik.
Biz ba’zan bironta chekka viloyat gazetasining muharriri bilan kelishib, kichik-kichik maqolalar yozib berardik. Ushbu maqolalarda hech qachon biz yangi rassomni kashf etdik deyilmas — aksincha, biz Fransua Milleni go‘yoki allaqachon hammaga ma’lum va mashhurdek ko‘rsatar edik. Maqolada hech qanday maqtov bo‘lmasdi, faqat “buyuk ustozning” hol-ahvoli haqida bir-ikki og‘iz so‘z aytilar — ba’zida umid uchqunlari aks etar, lekin satrlar ostida oqibati juda yomon bo‘lishi mumkinligiga shama sezilar edi. Barcha maqolalarni chizgi bilan ajratib bizdan surat sotib olganlarga jo‘natardik.
Karl bu orada Parijga yetib bordi va bu ishni keng ko‘lamda boshlab yubordi. U chet el muxbirlari bilan tanishib oldi va Millening xastaligi haqidagi xabar butun Yevropa, Amerika, dunyoning boshqa davlatlariga tarqalishini ta’minladi.
Bir yarim oydan keyin uchovimiz Parijda uchrashib, endi bizga suratlarni jo‘natish kerak emasligi haqida Millega xabar berishga qaror qildik. Shunday shovqin-suron ko‘tarildiki, oqibatda ishga nuqta qo‘yib, kechiktirmay harakat qilish kerakligi bizga ayon bo‘ldi. Biz Millega o‘ringa yotib olib, o‘n kundan kechikmay vafot etishi kerakligini buyurdik.
So‘ngra hisob-kitob qilib, amin bo‘ldikki, uchovlon sakson beshta chizgi hamda etyudlarni sotib, oltmish to‘qqiz ming frank daromad olibmiz. Karl eng so‘nggi va ajoyib bitimni amalga oshirdi. U “Oqshom iforlari”ni ikki ming ikki yuz frankka sotdi. Uni rosa maqtadik! Biz shunday kun kelib, shu surat uchun butun Frantsiya talashadi, oqibatda qandaydir chet ellik besh yuz ellik mingni naqd to‘lab, suratga ega chiqishini oldindan bila olmas edik.
O‘sha oqshom shampan vinosi bilan ziyofat uyushtirdik, ertasi kuni esa Klod ikkovimiz yiqqan-terganlarimizni yig‘ishtirib, Millening o‘lim to‘shagi oldida o‘tirib, shilqim ziyoratchilarni xonaga yaqinlashtirmaslik maqsadida jo‘nab ketdik. Bundan tashqari biz Karl beshta qit’a gazetalariga bemorning ahvoli haqida xabar yuborib turishi uchun axborotlarni har kuni jo‘natib turdik. Nihoyat, qayg‘uli voqea sodir bo‘ldi. Karl dafn marosimini tashkil etishga o‘z vaqtida yetib keldi.
Siz dabdabali dafn marosimi va butun dunyoga tarqagan shov-shuvdan boxabar bo‘lsangiz kerak. Esingizdami, ko‘hna va yangi dunyoning dongdor kishilari o‘z qayg‘ularini izhor etish uchun marosimda qatnashgan edilar. Biz — har doimgidek ajralmas to‘rtovlon hech kimni yordamga yo‘latmasdan tobutni o‘zimiz ko‘tarib bordik. Yaxshi qildik — axir tobutda mumdan yasalgan odam shaklidan boshqa narsa yo‘q edi-da, zotan boshqa birov tobut juda yengil ekanini sezib qolardi. Darhaqiqat, og‘ir kunlarimizda bir jon, bir tan bo‘lib mangulikka g‘arq bo‘lgan qiyinchiliklarimizni baham ko‘rgan to‘rtovlon tobutni ko‘tarib olgandik…
— Qanaqasiga to‘rtovlon bo‘lasiz?
— Hammamiz! Axir Mille ham o‘z tobutini ko‘tarib borgan. U o‘zini qarindoshdek ko‘rsatdi — esingizdami, uzoq qarindosh.
— Aql bovar qilmaydi!
— Lekin shunday bo‘lsa ham bu haqiqat. Albatta, yodingizda bo‘lsa kerak, suratlarning narxi nihoyat darajada oshib ketdi. Pullar-chi? Ularni qo‘yishga joy topolmasdik. Parijdagi bir odamda Millening yetmishta surati bor. U suratlar uchun bizga ikki million frank to‘ladi. Frantsiyani kezib yurganimiz o‘sha bir yarim oy davomida Mille bizga qoplab yuborib turgan chizgilar va etyudlarga kelsak,— oh, agar ularni necha puldan sotayotganimizni bilsangiz edi, hayratga tushardingiz, avvalambor, bizda ulardan ajralish istagi paydo bo‘lishi kerak!
— Ajab, g‘ayritabiiy tarix!
— Ehtimol, shundaydir.
— Xo‘sh, Millega nima bo‘ldi?
— Siz sir saqlay olasizmi?
— Ha, albatta.
— Esingizdami, yemakxonada men e’tiboringizni bir odamga qaratgan edim? Fransua Mille — o‘sha.
— Buyuk…
— Tavba! Ha, bu — odamlar buyuk iste’dodni dastlab ochlikdan o‘ldira olmay, so‘ngra unga nasib etilgan oltinlar bilan birovning cho‘ntaklarini to‘ldirgan yagona voqea. Biz o‘z hasratlarini sayrab bo‘shatib olgan, oxir-oqibatda mukofotiga sovuq va dabdabali dafn tantanasiga munosib topilgan qushcha tanholikdan o‘lib qolmaslik g‘amini yeb qo‘yganmiz.

Ruschadan Shoir Usmonxo‘jayev tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 11-son