Mark Tven. O‘xshatish (hikoya)

Bir necha yillar avval Nyu-Yorkdagi Salamanka shaharchasiga keldim. Bu yerda men poyezdni almashtirishim va uxlab ketiladigan vagonga chiqishim kerak edi. Platforma odamlar bilan gavjum, ularning bari allaqachon liq to‘lib bo‘lgan uzun vagonga chiqib olishga urinishardi. Men chipta sotiladigan kassada o‘tirgan kishidan: “Yotib ketish uchun joy ololamanmi, yo‘qmi?” deb so‘ragan edim, qat’iy “Yo‘q!” degan javob oldim. Nariroq borib boshqa bir mahalliy xodimdan vagondan hech bo‘lmaganda torgina bir burchak topib berishini iltimos qildim. U esa g‘azab bilan gapimni bo‘ldi:
— Iloji yo‘q! Hamma burchaklar liq to‘lgan! Endi meni ortiq bezovta qilmang, — U ortiga qaramay yurib ketdi. Juda dilim og‘ridi. Hamrohimga:
— Agar bu odamlar kimligimni bilsalar edi… — dedim.
Baxtga qarshi hamrohim ham meni eshitishni istamadi.
— Bo‘lmag‘ur gaplarni qo‘y. Bunga ko‘nikishimiz kerak, — dedi u. — Nima, ular sening kimligingni bilishsa, hech qanday bo‘sh joyi bo‘lmagan vagondan biror bo‘sh o‘rin topib beradilar, deb o‘ylaysanmi?
Biroq uning so‘zlari zarracha ham ahvolimni yaxshilamadi. Lekin shu payt vagon kuzatuvchisining menga qarab turganini sezib qoldim. Birdan uning yuzidagi ifoda o‘zgardi. Yonidagi hamkasbiga meni ko‘rsatib nimalardir deb shivirladi. Sezdimki, ular men haqimda so‘zlashmoqdalar. So‘ng kuzatuvchi ochiq chehra bilan biz tomon yurib kela boshladi.
— Biron xizmatlari bormi, ser? — dedi u xushmuomalalik bilan. — Bo‘sh o‘rin kerakmi?
— Ha, — dedim men, — topib berolsangiz behad mamnun bo‘lar edim. Boshqa hech narsa kerak emas.
— Bizda oilaga mo‘ljallangan kupe qoldi, xolos. Unda ikki kishilik o‘rin hamda bir juft yumshoq o‘rindiq bor. Kupe butkul sizning ixtiyoringizda, ser. Tom, bu yoqqa qarab yubor, mana bu jomadonlarni vagonga olib chiq.
Biz platforma bo‘ylab xush kayfiyatda yurib ketdik. Hamrohimga bir nimani -aytishga shaylandimu, lekin fikrimdan qaytdim. Vagon kuzatuvchisi kupeda bizga qulayliklar yaratib berdi, tavoze va tabassum bilan dedi:
— Boshqa biron nima istamaydilarmi, ser? Aytganingizni bajo keltiramiz.
— Issiq suv keltirib bera olasizmi? — so‘radim men.
— Albatta. Hozir keltiraman.
— Yaxshi, krovat ustidagi chiroq juda ham yuqori ilinibdi. Boshqa bir yorug‘roq chiroq topib, boshimga yaqinroq qilib o‘rnatib bersangiz…. Qulayroq o‘qishim uchun…
— Albatta, janob. Siz xohlagan chiroq qo‘shni xonaga o‘rnatilmoqda. Hozir uni olib kelib, shu yerga o‘rnatib beraman, u butun kecha yoniq turadi. Yana istagan narsangizni so‘rashingiz mumkin. Butun yo‘l davomida nimaga ehtiyoj sezsangiz, tortinmay aytavering, ser.
So‘ng u chiqib ketdi. Men hamrohimga qarab jilmaydim:
— Xo‘sh, endi nima deysan? Ko‘rdingmi, ular mening Mark Tven ekanimni bilishgach munosabatlarini o‘zgartirishdi.
Hamrohim jim edi.
— Senga shunday xizmat ko‘rsatilishini xohlamasmiding? Tag‘in chipta narxi bir xil bo‘lsa, — qo‘shib qo‘ydim men.
Shu payt yo‘lakda kulib turgan kuzatuvchining chehrasi ko‘rindi:
— Ser, men sizni bir ko‘rishdayoq tanigan edim.
— Shundaymi, bo‘talog‘im? Xo‘sh, kim ekanman men? — so‘radim unga yaxshigina choychaqa berayotib.
— Janob Maklellan — Nyu-York meri! — dedi u.

Ingliz tilidan Munira Norova tarjimasi.


G‘ALATI O‘XShAShLIK

Ancha yillar ilgari Nyu-York shtatidagi Solomonka vokzaliga keldim. Aslida, u yerdan boshqa bir poyezdga o‘tib uzoq safarga otlanishim kerak edi. Vokzalda odamlar karvoni zich-zich bo‘lib borar, anglashimcha ularning bari men minmoqni istayotgan poyezdga minmoqni istardi. Kassadan juda shoshilayotganimni, tezroq menga bilet topib berishini so‘radim. U esa bosh irg‘ib “yo‘q” degan javob qaytardi. Olomon orasidan oralab zo‘rg‘a vokzal hizmatchisini topdim va undan men uchun oddiyroq bo‘lsa ham bironta joy topib berishini talab qildim. U gapimni ham eshitmay, jiddiy yuzini battar buzgancha “Mumkin emas, vagonning hatto burchaklari ham odam bilan to‘lgan, boshqa meni bezovta qilmang, iltimos!” degancha yuz burib ketib qoldi. Men o‘zimni tahqirlanganday sezardim va yonimdagi hamrohimga o‘zimga achingan holda gapirdim:
– Qaniydi, mening kimligimni bilsaydi bular…
Hamrohim so‘zimni cho‘rt kesdi:
– Asabingni buzma, vaziyatni to‘g‘ri tushunaylik, kel! – dedi, – agar ular sening kimligingni bilgan taqdirda ham, aytchi, nima yordam bera olardi axir?!
Bu chorasiz vaziyatga biron-bir yechim topilishi mushkul, ha-ha, anchayin mushkul. Vokzalda, bilet topish degan xayolimni to‘satdan bir vagon biletchisining hayrat va mexr bilan boqib turgan nigohi buzib yubordi. U mendan sira ko‘zini uzmasdi. Men ham unga qaraganim zahoti qiyofasidagi hol tushunarsiz darajada o‘zgardi. U meni yonidagi mundirli bir ma’murga bosh burib ko‘rsatar ekan, uning qulog‘iga nimanidir pichirlardi, o‘ylashimcha ular men haqimda so‘z yuritishmoqda. Birozdan keyin o‘sha biletchi yuz-ko‘zlaridan tabassum yog‘ilib men tomon yaqinlasha boshladi.
– Sizga biron-bir ko‘mak bera olamanmi, janob? – deya hushmuomala ohangda gapirardi, – Sizga bu poyezddan joy kerakmi?
–Ha, – dedim, quvonib ketganimni bazo‘r yashirib. – Agar menga bironta vagondan joy topib bersangiz mamnun bo‘lardim juda. Qanday sharoitdagi joy bo‘lishining farqi yo‘q, mayli.
– Bizda katta oila kupesidan boshqa joy qolmagan, – u yanayam chiroyli ohangda davom etdi, – Yumshoq ikkiyotoqli, ichida ikkita kreslosi ham bor, kupe tamomila sizning ihtiyoringizda! Qani, Tom, tezroq bo‘l, janobning chamadonlarini vagonga ort, – yonidagi vokzal xizmatchisiga buyurdi.
So‘ngra shlyapasini yechib mulozamat ko‘rsatdi va yo‘ldoshim bilan meni kupega kuzatib qo‘ydi. Hamrohimga bu vaziyat haqida maqtanib bir-ikki so‘z aytish uchun harakat qilardim, lekin vagonga chiqqan paytimizda fikrim butkul o‘zgardi. Biletchi bizni kupega joylashtirdi va ta’zim qilgancha miyig‘ida kulib so‘radi:
– Hurmatli janob, yana nimadir xohlaysizmi? Aytgan narsangizni muhayyo qilishga tayyorman!
– Ozgina qaynagan suv topishning iloji bormi?
– Albatta, siz uchun darrov topib kelaman!
– Xo‘p, rahmat! Lampa juda tepaga osilgan ekan. Mumkin bo‘lsa, shu lampani yotog‘imga yaqinroq joyga o‘rnatishingizni istardim, oqshomda kitob o‘qishni xush ko‘raman, maylimi, iloji bo‘lsa?
– Nega mumkinmas ekan, albatta mumkin, janob! Siz istagan narsani topib kelish bizning vazifamiz. Lampa siz aytgan joyga o‘rnatiladi, butun kecha davomida o‘chmaydi, bemalol kitob o‘qishingiz mumkin. Janob, nima lozim bo‘lsa ayting, shahsan men buni chin dildan ado etaman! Kerak bo‘lsa, butun vagonni ostin-ustun qilib bo‘lsa-da istaklaringizni bajaraman! – deganicha kupedan chiqib ketdi.
Yonimdagi hamrohimga qarab istehzoli jilmaydim:
– Ana, endi gapir, sen so‘zimga shubha qilganding, ko‘rdingmi, ular mening Mark Tven ekanimni bilgach munosabatlari qanchalik o‘zgardi, natija esa ko‘z oldingda, shunday emasmi?
Hamrohim endi o‘zini biroz erkin tuta boshladi. Men esa gapimga ko‘shib qo‘ydim:
– Senga ko‘rsatilgan xizmatdan noroziliging bormi, nima istaysan oshna. Tortinma, aytaver! Bularning hammasiga alohida pul talab qilinmaydi, hammasi yolg‘iz bilet puli evaziga.
Men shunday deb maqtanib turganimda eshik oldida yana o‘sha miyig‘ida jilmaygan yuz, sermulozamat ohangda gapiruvchi mehribon pravadnik paydo bo‘ldi va so‘zimni tasdiqlab gapira ketdi:
– Ha janob, men vokzalda paytim sizni bir ko‘rishdayoq tanidim, ha, bir ko‘rishdayoq, ishoning. Boshliqqa ham sizni o‘zim ko‘rsatdim!
– Shundaymi, minnatdorman azizim?! – deya unga choy puli uzatdim, – Men kimman?
– Mister Mak Kallen – Nyu-Yorkning meri!
Bu gapdan keyin hamrohim menga, men unga anqayib qarab qoldik…

Rahmat Bobojon tarjimasi