Mening olmon tilidagi hayotim
Inson qalbi tarixidan hikoya qilish tarjimai holni o‘rab-chirmashdan xalos bo‘lishdir. Mening olmon tilim mohiyatan madhiya bo‘lib yangraydi. Qalb xotirasida. Botinimdagi gobelen vujudimning birdan-bir, yagona jon qulog‘iga aylangan. Bunda Yevropani bosh deb olsak, undagi xotira inson yanglig‘ libosga burkanadi. Suratlar esa mening hayotim, unda botinan va zohiran bir vujud bo‘lib yashayman.
Bolaligimda ismim ilk bor olmon tilida yangradi. O‘shanda o‘z ismim meni harflar olamiga olib kirib, go‘yoki zabt etilayotgan sayyoraga aylandi. Slavyan tilimni esa o‘z-o‘zidan yozishga kirishga-nimdagina anglay boshlayman. Birlamchi tildagi ana shu doimiy kafolat meni o‘z haqimda so‘ylashga undaydi. Biroq, avvalo olmon tilidagina tug‘ilib o‘sgan o‘z uyim o‘zimga eshitila boshlaydi. O‘z orzu-o‘ylarim, kelib chiqishim, tarjimai holim, avvalo, xudoni tanigandek, harflarda o‘z aksini topdi. Mana shu narsa nafaqat meni va gapni bog‘laydi, nafaqat qusurlarni bekitadi, balki yana bardavom hikoyaning tug‘ilishiga imkon yaratadi. Bu esa nafasning ko‘chma manzarasi, unda ko‘rinmas olam yo‘sinida narsalar bir-biri bilan qo‘shilishib ketadi, faqat harflardagina dunyo haqida yozaverib charchagan bu qo‘l, so‘zlar ovozini ruhlantirgan holda hamda ma’no uchun Iakov narvoni bo‘lib, bexosdan ko‘rinib qoladi.
Mutanosib tarzda jonlanib borayotgan ushbu hikoya menga olmon tilida gapira boshlaydi, u go‘yo telefon qo‘ng‘irog‘i, unga, ushbu suhbatdan, xuddi aziz kishing bilan bo‘lganidek, umrbod ajralmaslik uchun, qabul qiluvchi moslama o‘rnatgim keladi.
Biron nima haqida hikoya qilish, biron nimani saqlash, asrash istagi menga bobomdan o‘tgan, ilk bor nasrga qo‘l urishga jur’at qilganim ham u kishi tufaylidir. Aslida bu fikr menda bir kuni u kishining porlab turgan ko‘k ko‘zlari, qirmizi olmadek tiniq yuz-ko‘zlari bolalarcha tasavvurimda surat yanglig‘ ko‘z oldimda namoyon bo‘lgan paytda tug‘ilgan edi, bunday suratni esa faqat, agar unga inson qiyofasidagi botiniy mohiyatni yaqqol tasvirlab berish vazifasi topshirilgan bo‘lsa, buyuk musavvir yarata olar edi. Bobom qiyofasi shunday, rassomlar orzu qiladigan edi. Menga u hamisha shakl va insoniylik timsoli bo‘lib ko‘ringan, men ilk bor tasavvur qilganim — uning qiyofasi edi.
Boqiy qiyofa hamda qalbim xotirasida yashayotgan ko‘k ko‘zlarning mana shu suratini men hech qachon birlamchi tilimda yod olmaganman. Olmonchada u xuddi uyimda birga yashayotgan yaqin kishimdek, yodimga tushaverdi va qo‘limga qalam olib, uni tasvirlashga kirishmagunimga qadar namoyon bo‘laverdi. Yuz va ko‘zlar surati menga nimaiki aytgan bo‘lsa, barchasini bayon qilib bo‘lindi, deb tuyulgunga qadar, o‘limning vazifasi — bizga yashab bo‘lingan hayot xotirasini yodga solish ekanligini tushunib yetgunimga qadar, hammasi shundayligicha qolaverdi. U (o‘lim) bizga boy berilgan narsalarni, bizni hayotdan mosuvo qiladigan narsani, shuningdek, bizni o‘z qobiliyatimizni his etishga monelik qiladigan ojizlikni ham eslatib turadi. Binobarin, tilda o‘zni sevishni his qilishni ham.
Gaplarda nafas yashaydi. U shuni xohlaydi, u gapni puxta ishlab chiqadi, pishitadi. Agar yurak hayajondan gupillab ursa yoki ko‘z yoshlari o‘z-o‘zidan dumalab ketaversa, nafas biroz «dam oladi». Nafas endi boshqa biror yoqqa borib, shu daqiqada biror boshqa kishiga, ehtimol cherkovdagi tuhfa tarqatuvchiga yoki o‘zini kaltakka ro‘para qilgan biror mushukka bakor kelishi mumkin. O‘sha mushukni uradigan inson qo‘li toshga o‘xshab, o‘zi haqida hech narsa bilmasdi, tosh bag‘rida esa orzu-umid va atirgul quvonchi mujassam edi.
Nafas uxlayotgan paytda harflar bir-birlarini topolmaydilar, Iakov narvoni ham dam oladi. Tilning botiniy qismi saralanib, uni hisoblab chiqish mumkin bo‘ladi. Endi harflar jimlikdan foydalanib, insonlarning quloqlariga o‘zlari qanday xohlashsa, shunday eshitiladilar. «Men» o‘zining kerakliligini his qilishi va qaytadan Yerning yangi bir ovoz (ohang) turiga to‘qnash kelishi uchun ham sukunat zarur bo‘ladi. Musavvirlarning qizil tuprog‘i vergulli nuqtada, nuqtada, vergulda, so‘z bilan so‘z o‘rtasidagi yo‘qlikda, katta va kichik harflar orasida yashaydi. Mana shu oqimni men faqat olmon tilida his qilaman, mana shu tildagina harflarning negizlari, botiniy makon aholisi butunlay men bilan bog‘langandir, slavyan tili undagina ritm va fan musiqasi sifatida yashaydi, biroq hech qachon harflar jo‘ravozligi, kuy-qo‘shiq bo‘lib emas. Faqat olmon tilida o‘ylash mumkin. Farishtalar ham muhabbat harflaridagi, o‘y-xayolning hayotiy jabhasidagi mushkulotlar bilan ish yuritishlari kerak bo‘ladi, bu mushkulotlar insonlarga xos, u L harfi bilan to‘ldirilgan va muhofaza qilingan, Yerga o‘ziga mansub narsalardan bir nima keltirish uchun unga yuqoridan, tik va yotiq nur tushib turadi. Nur botinidan esa qo‘shiqlar taraladi, bu qo‘shiqlar to‘g‘ri chiziq bo‘ylab, unumdor zaminga shoshiladi, bu zaminda odamlar uylar quradilar, orzu-umidlar qiladilar, g‘am-qayg‘uga botadilar.
Mening birlamchi tilimda «muhabbat» so‘zi ljubav deyiladi, u L bilan namoyon bo‘ladi, mana shu harf surati menga shunday ko‘rinadi, ana undan so‘ng J harfi keladi, uning kattagina qismi yerda, o‘simliklar va daraxtlarning ildizlari bir-birlaridan bo‘sa olib, tutashgan, bir-birlari bilan bitishib, ranglarining istiqboli xususida kelishib olishgan joyda yashaydi. Ushbu harf xuddi katta cho‘michga o‘xshaydi. Keyinchalik yana qaytadan yangilanish uchun yerga kirib turadi. Shu tufayli muhabbat bilan yangilik menga hamisha bir narsa bo‘lib tuyulib kelgan, ba’zan ularning, o‘sha birlamchi, o‘sha ikkinchi, o‘zimga o‘zim haqimda hikoya qilayotgan va boshqa har bir jonli tilda azob bera olishining boisi ham shunda. Nomlarda esa ba’zan birlamchi tilning isbotlasa bo‘ladigan jo‘shqinligi saqlanib qolgan. Masalan, «Filomena» so‘zi menga xuddi olmon tili eshiklari oldiga qo‘yilgan safar chamadoniga o‘xshab ketadi. So‘z shu yerda yashab, mening o‘zimning boshqa tarafimda esa mustahkam til manziliga ega bo‘lib, qo‘lga kiritilishni xohlardi, u xuddi boshqa qit’alarni o‘rganganidan so‘ng endi o‘tmish vositachisi va hozirgi zamon sari qurilgan ko‘prik sifatida o‘zligini bilishi lozim bo‘lgan sayyoh qarindoshga o‘xshardi.
Bu haqda singlimga gapirib, bu nomni uzoq izlab, figura uchun topganligimni, Sanya va Paula «Filomena»dan oldinroq chiqqan bo‘lishsa-da, biroq o‘zlarini oqlay olmaganligini aytgan edim, singlim, Filomena to‘g‘ri so‘z, dedi. Va: «Bu bir paytlar men edim, mening o‘zim bir paytlar shunday edim».
Mana shu «bir paytlar»ni u boshqa bir hayotdami yoki bir zamonlar Yer yuzida berilgan barcha nomlarning arxivlashgan nafasidanmi, qayerdan topgan bo‘lsa ham, u singlimning o‘z ovozi bilan aks-sado berdiki, endi men uchun u katta odam bo‘lib qolgan edi va bil’aks men, uning opasi, endi o‘zimni allakim deb hisoblashim, qo‘l uzatishim va o‘zimni ojiz deb his qilishim mumkin edi, bunga ijozat uning ovozidan va bu yerdagi nomidan ufurib turardi. Uning ismi Zdravka bo‘lib, uni talaffuz qilishdan oldin, uni o‘ylagandayoq, barcha fikrlar boshlangan o‘sha joydayoq odamlar notanish kimsadan qanday hayiqsalar, o‘zlaridan ham xuddi shunday birdek qo‘rqqanlari yanglig‘, olmoncha tillar ham mushaklaridagi yengilgina og‘riqni his qiladilar. Bunda zdrav shunchaki sog‘lom degan ma’noni anglatadi va undagi ka esa mana shu sog‘lom insonning kichik do‘stidek jaranglaydi, u asli tog‘lik bo‘lsa kerak, insoniy so‘zlarni u tog‘ cho‘qqisidan bu tog‘ cho‘qqisiga olib yurib, bu bilan odamlarga ushbu so‘zlarni yaxshiroq o‘rganish o‘z vazifasi ekanligini bot-bot eslatadi, uning aytishicha, ulkan bir koinot qalpog‘i borki, unda har bir aytilgan so‘z fidoyilik bilan yashaydi. Bu qalpoqda joy haqida gap bo‘lmaydi, Vaqt koinotning hamma joyida o‘rtacha kattalikdagi shamdir, u moddiylik qancha izn bersa, shunchalik uzoq yonaveradi; faqat Yer yuzidagina ahvolot shunday, go‘yo Vaqt haqiqatan ham tekshirib ko‘rsa bo‘ladigan o‘zgarmas narsadek.
Mening singlim topishmoqlarni yaxshi ko‘radi va havoda faqat son-raqamlarnigina ko‘radi, tomlar ham uning uchun yonma-yon turgan sonlardan iborat bo‘lib ko‘rinadi. «Men ancha yillardan buyon sonlarda o‘ylayman», dedi u bir kuni menga va men unga: «bu ish faqat juda ziyoli kishilarning qo‘lidan keladi», dedim. Bugungi kunda esa shuni tasavvur qilayapmanki, mening sog‘lom singlim uchun sonlar birlamchi hamda ikkinchi til o‘rtasida vositachilik rolini o‘ynagan ekan.
Sonlarning ham qushlarga o‘xshab, o‘z osmonlari bor, bu bilan ilk bolalikda boshlangan kuy-qo‘shiqning yana imkoni topilgan. O‘zni asrab qolishning birdan-bir yo‘lini sonlar o‘zlashtirib olishgan va ishonchli, xavfsiz joyni qo‘msab, qiynalgani bois, ular huzuriga sonlar farishtasi tashrif buyurib, o‘zini ularning olamlarida ijarada yashovchi, deb tanishtirgan. Uning ota-onasi unga hamisha u tungi suratlar manzarasini kundalik hayotiga ham olib kirayotganini, bu ahvol shunday davom etaversa, bu borada onasi bilan otasining fikrlari istisno tariqasida bir joydan chiqqan edi, undan hech nima chiqmasligini ta’na qilishgani-qilishgan edi.
Sonlar farishtasi atirgul kvartsini olib kelib, uni yurak atrofiga qo‘yadi va gazeta o‘qiy boshlaydi, gazetada esa hech qanday xabarlar, umuman, hech nima, sukunatdan boshqa hech narsa yo‘q edi. Mana shu jimjitlik singlimga asta shivirlab, na Paula, na Sanya Filomena bo‘lolmasligini aytadi, shuning uchunmi, mening Zdravkam o‘zining ehtimol tog‘larda, balki olmonzabon ko‘l bo‘yida uzoq yashagan Filomena ekanligini yaxshi biladi, u yerda o‘zlik hujjati avvalboshdanoq arzimas qog‘oz, biroq baribir yalang‘och fikrga o‘xshash bir nima bo‘lgan ekan, u o‘sha yerda o‘sgan giyoh-mavjudotdan, agar orzularimizning tasvirlasa bo‘ladigan yarmi o‘simliklar dunyosiga aylanib qolsa, unda nima bo‘ladi va mabodo, biz esishimiz zarur bo‘lib qolsa, unda havo bilan shamol kabi esishimiz lozimmidi, deb so‘ragan bo‘lar edi.
O‘ylash mumkin, qoraqarag‘aylarning qanotlari yaxshiroq, teraklarning esa kiftlari kattaroq, ular bilan harflar ahil yashay oladilar va ular havoning to‘g‘ri sarhadini aniqlay olishlari uchun nafaqat bosh (kalla)ning to‘siqlarini va quloqlarning orasidagi masofani yengib o‘tishlariga to‘g‘ri keladi. Quloqlar orasidagi yorug‘lik o‘lchovi qoraqarag‘ay va teraklarning qobiliyatlarini kishilarning mumkin bo‘lgan indamasliklari bilan bog‘laydi. Agar til xohlasa, agarki so‘zlarni ega bo‘lish istagi qamrab olsa va gaplar jahannam qa’riga, nomsiz o‘liklar huzuriga yo‘l olsa, unda yorug‘lik o‘lchovi ham o‘lishi mumkin, biz o‘liklardan qo‘rqamiz, buning boisi, ular bizga aytilishi joiz bo‘lgan narsalarning chegaralanganligidan saboq beradilar, shundan bo‘lsa kerak, ehtimol.
Olmon tilida men mana shu chegaralarni tushunib, hayotga ishona boshladim. Daraxt tepasidagi shox-shabbalarning va o‘zimdagi xotiraning bilinib turgan qat’iyatining opa-singilligiga ham. Mana shu xotiraning o‘zini hech qachon xonadagi bir chiziq deb o‘ylab bo‘lmasa agar, uni yer yuzidagi uzluksizlikka qo‘shsa bo‘ladi, u nafas va suratlar bilan qon-qardoshdir.
Alifboda taajjubning o‘ziga xos turi boshlanadi, u boshqa biror insonni chuv tushirmasdan, biron-bir ulug‘ ishni amalga oshirish qobiliyatiga bo‘lgan botiniy ishonchdagi hissiy quyoshning olmon tilidagi sezsa bo‘ladigan ibtidoning aks-sado maydonidir. Bunda balki birdan-bir yo‘sin shuki, olmoq xuddi meva hosilini olishdek gap, bundan hech kim zarar ko‘rmaydi va hech kimdan hech nima olinmaydi, beruvchi bo‘lgan daraxtdan tashqari, demak uni ham hech qanday o‘g‘ri urmaydi.
Ozodlikning ulug‘vorligi menga olmon tilida nasib bo‘ldi, faqat qalbga yaqin bo‘lgan barcha narsalardan mahrum bo‘lish hisobiga. Daraxtlarning nomlarini qaytadan o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Lipa (jo‘ka) daraxti endi lipa deb atalmasdi, uning hidi ham ilgarigidek, bolalikdagidek kuchli emasdi, o‘sha yillarda issiqqa chidaydigan o‘t-maysalar ustida bo‘lg‘usi alifbo va o‘z ismimizdan bexabar, bolalarcha beg‘amlik bilan it va mushuklar panjalari ila yonma-yon yotgan paytlarimiz bo‘lardi.
Ismimdagi slavyancha harflar olami bolada, endi meni ismim orqali tanisholmaydi, degan hadik-xavotir uyg‘otdi. Bunda bugungi botinimdagidek hech qanday gap yuzaga kelmagandi. Faqatgina qiyinchilikning og‘ir bo‘yi mening yangi bolalarcha «men»imga kirib keldi, ichkari tomonga darhol yorug‘ xonalar ochildi, yuz-ko‘zlarim esa uzoq qishlarning soyasini va ancha keyin olmon yozini ham o‘zim uchun foydali hisoblashimga izn bera boshladi. Olmon yoziga qiyin bo‘ldi. Uning katta raqobatchisi bor edi: u O‘rta yer dengiz (bo‘yi)dan kelgan edi va bolalikning mohiyatan voyaga yetgan ishtirokchisi edi. Ota-onalar tomonidan havoda ta’qiq mavjud bo‘lib, aniq bo‘lmagan O‘rta yer dengiz (bo‘yi)ga oid kelib chiqishga ega edi. Olmon tili janubnikidek haqiqiy yozni keltirib chiqara olmasdi.
Bu uzoq cho‘ziladiganga o‘xshab ko‘rindi. Biroq qachonlardir olmon tili bilim, so‘rab o‘rganish sohasiga aylandi va shu tariqa hayotimga qat’iyatga o‘xshash nimadir olib kirdi. Faqat olmon tilidagina bu haqda aniq orzu qilish mumkin edi. Til oqimi aniqlikka, vidolashayotgan sir-sinoatlarning matematikasiga aylandi. Go‘yo xalos bo‘lmagan narsa bolalik jarohatlari bilan chulg‘ab olingan joyga, o‘zidan, mendan, o‘zining muvaqqat hokimidan nomlar va so‘zlar nafas oladigan dunyoga, asossiz bo‘lsa-da, o‘zimni oqlashim kerak bo‘lmasa-da, hech bir niyatsiz, qalblarimizning markazlashgan ko‘chasida hech bir taqvimsiz borib tushmoqni xohlardi, bu ko‘cha esa pirovardida bizni tashqi bir o‘lkaga boshlab borgan edi. Endi biz qayerda yashayapmiz o‘zi, so‘rardik biz, bolalar o‘zimizdan. Va bir kuni men, biz voqelikda o‘z botinimizda, o‘z hayotimizning teran musofirxonasida o‘zimiz aylanib yurar ekanmiz, tashqi ko‘rinish teatrga o‘xshash bir ixtiro bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.
Haqiqatan ham hech birimiz — men o‘ylaymanki, bu gapni eng kamchilik odamlar uchun aytish mumkin edi — ish yuzasidan boshqa bir tilli viloyatga, garchi tashqaridan qaraganda, bizga yaqin bo‘lmasa ham, bormagan edik. Biz, bolalar buni usiz ham yo‘lda bo‘lish deb, qarar edik. Avstriya biz uchun haqiqiy manzarasini namoyish qilayotgandek, sohildan sohilga va undan so‘ng tog‘lar bag‘riga qishda qori va yozda charaqlagan quyoshi bilan, xuddi bizga o‘xshab yo‘l-yo‘lakay, o‘ziga ato etilgan yuksak cho‘qqilarni yuvayotgandek tuyulardi.
Har holda onam ketdi, chunki ketish unga or-nomus, mol-mulk, dalalar va o‘z oilasining urf-udumlari tuyg‘usi uchun yashashga qaraganda boshqa bir nima uchun birdan-bir imkoniyat tug‘dirgan edi. U gastarbayter emasdi. O‘z sog‘inchini o‘zi bilan olib, bir kuni Germaniyada ish topgan ikkala singillari huzuriga shunchaki ketvordi-qo‘ydi. Germaniyadagi bir cherkovda bir-birlarini uchratib qolishgan ota-onam tarixini men faqat olmon tilida tushuna olardim, birlamchi tilda an’ana zaruratdek taassurot qoldirgan, go‘yo u yerda bu tilda aytilgan gap barcha zamonlar uchun, davrlar osha o‘z kuchini saqlaydigandek va hech kimning, hatto mening onamning ham zamona zulmidan xalos bo‘lishga haq-huquqi yo‘qdek tuyulardi.
Olmon tilida menga bu an’ana umuman tushunarli emasdi, bu balki mana shu tilda jarohat va mo‘jiza bir-biriga shu qadar yaqinligidan bo‘lsa kerak, go‘yo bir so‘z boshqasining hosil bo‘lishiga xizmat qilgandek, bu bilan yagona bir harfning ta’sir kuchi abadiyatga aylana olardi, bu bilan mana shu harf mening yulduzlar olib kelgan hayotim alifbosida nafaqat muhim vositachilik rolini o‘z zimmasiga olardi, balki uni tanish hayot va o‘limga ishonchni hal qilgan va ota-onam o‘rtasidagi muhabbatni ham ifodalagan edi.
Buni tushuntirishning hojati yo‘q, biroq bu ikkala so‘z orqali men har bir hujayram bilan hayot va o‘lim emas, balki hayot va o‘lim o‘sha bir-biriga zid tushunchalar ekanligini anglayman, ular har bir insonga hamrohlik qiladi, chunki har bir odam o‘zicha, o‘ziga xos chegara bo‘ylab yuruvchi, chegaradan o‘tuvchidir. Har biri butunicha o‘sha ulkan fazoviy qalpoqning yashovchisidir, unda shu Yerning nomlari bilan sayyoramizning tillari ham yonma-yon yashaydi, ular o‘sha yerda, osmonning bir bo‘lagida anglash mumkin bo‘lgan burjlarga, ohanglar, sonlar, harflar va inson ovozlaridan iborat ta’sirotlarga aylangan.
Aytilgan gap, otilgan o‘q. Hech qaysi boshqa tilda men o‘z-o‘zimga ovoz ham yo‘lda bo‘lish, chegaralarini o‘zim o‘ylab topganim ichki harakatlanadigan biron-bir a’zo atrofida bo‘lish ekanligini tasavvur qilolmayman, bundan ko‘zlagan maqsadim — tanamning o‘zida sakrashni, daryolar va soylar ustidan, o‘z soyam ustidan va oyoq chalishlar ustidan sakrashni mashq qilish edi. Narigi tarafga sakrab o‘tganimdagina meni tanishadi, ana unda sakrab bo‘lgan bo‘laman va mening oyoqlarim endi istaklarim, tashvishlarimning og‘ir yukiga aylanadi, ularni har bir yozilgan olmoncha so‘z bilan uloqtirib tashlayman, har bir gap bilan tashvishning ko‘rinmas qiyofasini tanib, ularning sheriklik va ishonchliligini bilib boraman va bu narsaning haqiqatan ham inson hayotiga daxldor ekanligi ro‘yirost oshkor bo‘ladi.
Yillar osha mening sog‘lom singlim unga hech qanday bir hayot qonun-qoidasi yordam bera olmayotganidan qayg‘urib, g‘am chekardi. Birlamchi tilda uning har bir mustaqil fikri unga xudbinlarcha sakrab o‘tish harakati bo‘lib chap berar, nokerak narsa bo‘lib eshitilar va har birimiz o‘z hayotimiz haqida jo‘n va birdek go‘zal narsalarni ifoda etishga urinishga ulgurmasimizdan, birlamchi til bizni tepib yuborar, uning tasarrufidagi ko‘plab otlar go‘yo boshqa birovlar tomonidan boshqarilgandek, bizsiz yo‘rtib qochib qolar va faqatgina og‘amiz, o‘smir yigit bizga ikkala tilda ham hayotga to‘g‘ri yo‘llanma berayotgandek ko‘rinardi. Uni u balki o‘zi bilan birga, o‘zining eski hayotidan, o‘zi tug‘ilgan, kelib chiqqan yurtdan yoki faqatgina ota-onalarining muhabbat haqidagi fikrlaridan olib kelgan edi. Agar biz, Zuhro, Sirius yoki Pleyada (yulduzlar to‘dasi)dan deb aytganimizda, bu — bizga yanada go‘zalroq tuyulgan bo‘lar edi. Biroq bu muhabbat shohidlari bo‘lgan va yashash huquqlarini erta tanigan savol bergan bolalarga ham kifoya bo‘lishi kerak edi.
Singil va aka birlamchi tilda bir-birlariga qarashli edilar, ular hatto mening mansublik huquqimni ham rad etdilar, aka(m) men uning singlisi emasligimni va butunlay boshqa odamlarga daxldor ekanligimni baralla aytib yubordi. Olmon tilida nafaqat jarohat va mo‘jiza saqlanib qolgandi, balki ozodligimning mazkur tiliga umid ham kirib kelgan edi va olmon zaminidagi har bir orzuim bilan, akam mening boshqa yaqin kishilarim yo‘qligini va singlimsiz men bu dunyoda bir umrga yakkayu-yolg‘iz bo‘lib qolishimni anglab yetsin, tushuna olsin, deb umid qilardim. Xonadondan tashqarida, maktab hovlisida men hatto uni deb, olishgandim ham, chunki kunlarning birida, u nihoyat, «katta singlisi»ni yordamga chaqirib qoldi, boisi uni boshqa bolalar qiyin-qistovga olishib, unga qarab mushtlarini do‘laytirib turardilar. Men bir soniya ham o‘ylab o‘tirmasdan, yenglarimni shimarib, xezlanganimcha ularga tashlandim, singil degan nomni qozonish uchun bakor keldim, bugun menga shunday tuyuladiki, endi mening kimimdir bor edi, men ham mana shu olmon maktabida unga tegishli edim va bundan buyon endi qo‘llarim vositasida erishgan haqiqiy nomim bor edi.
Bu orada singlimni bir kasalxonadan boshqasiga olib borishardi. Qutqaruv xizmati doim ikkinchi katta tanaffusda kelar edi, yetti yildan buyon u botiniy aldov haqida gapirardi. Biz birgalikda birlamchi so‘zni unutib qo‘ygan edik, hattoki uni o‘rganganmizmi-yo‘qmi, bilmas ham edik va ba’zan, yugoslavcha qo‘shiqlar tinglagan paytimizda (bu paytda «yugoslavcha» so‘zini aytish ta’qiqlanmagan, hali urush bunday «buyruq» chiqarmagan edi) har birimiz o‘zimizcha yig‘lar edik; chunki «tuga» so‘zi, ya’ni «qayg‘u-g‘am» «duga», ya’ni «kamalak» so‘zi bilan hamon qofiyaga tushardi, biroq «yomg‘ir» so‘zi yolg‘iz bizning ichimizda qolgan, «yoy» esa barcha ranglarni o‘zi bilan birga olib, g‘oyib bo‘lgan edi.
Olmon ekrani orqali sobiq yurtimizni tuman bosganligini, to‘satdan yo‘q narsadan miltiqlar va snaryadlar paydo bo‘lganligini ko‘rdik, bir necha o‘n yillar davomida g‘aflatda qolishib, mana shu ur-yiqitni kutishgani keyinroq ma’lum bo‘ldi, o‘sha biz bilgan va sevgan haqiqiy odamlar esa, o‘zlariga yangi qiyofalar kasb etishib, ko‘zlarida o‘t chaqnab, hokimiyat so‘zlarini o‘rgandilar, o‘z xohish-irodalarini kuchlilar soatlariga to‘g‘rilab, barcha narsalarni yodlab oldilar, zamon esa, mana shu, ichuvchi va odamlarni aldovchi, odamlarga ochlik, ochlik va telbanamo, qo‘ltiqtayoqda yuruvchi shon-shuhrat olib keluvchi zamon esa, shir yalang‘ochlanib, aroq icha boshlagandi.
Men esa, men o‘sha, mening birlamchi tilimda orzu qilgan, o‘z insoniylik orzulariga xiyonat qilgan va qo‘zichoqni qushxonaga olib borganlarga haqiqat, to‘g‘rilik hamda bunkerdagi xoinliklari sababli, ularga endi ortiq mansub emas edim. Barcha o‘zicha qudratli, to‘satdan kuchlilar hammayoqda paydo bo‘lishgandi, kuchsiz, bechora, aziz chehra hech qayerda yo‘q edi, faqatgina g‘oliblar yo‘lning ikki chetida go‘yo chindan ham odamlarni o‘ldirib yashash mumkindek, tizilishib turardilar.
Endi odamlar bizning birlamchi o‘sha yerimizdan ikkinchi o‘sha yerimizga, o‘sha boshqa bu yerdan mana shu boshqa bu yerga kelishayotganini va endi o‘zlarining eski chegaralari va pasportlari xususida ham soxtakorlik qilishayotganlarini ko‘rar edik. Ba’zilar Sarayevodan, ba’zilar Gertsegovina, Sloveniyadan yoki sohil bo‘yidagi Riyekadan ham kelishardi. Singlim va men ikki nafar yangi kelganlarni bir ko‘rishdayoq sevib qoldik. Mile sarayevolik, Rasho esa — Riyekadan edi. Ulardan birinchisi — bosniyalik xorvatni men, ikkinchisini — xorvatiyalik serbni esa singlim sevib qoldi. Yoz edi, urush kuchaygandan kuchaygan payt, o‘sha yili o‘n sakkiz bahorimni nishonlagan edim. Iliq va bo‘liq edi o‘sha avgust oyi, egnimda qizil tusli o‘g‘il bolalar ko‘ylagi, qop-qorong‘i qovoqxonada o‘tirib, xorvat tilida yozilgan ilk she’rlarimni o‘qib bergandim.
Men o‘zim mana shu tilda ilk bor kuylash nima ekanligini mutlaqo bilmas edim, esimda qolgani shu ediki, o‘shanda Mile yig‘lab yuborgandi. U mana shu qorong‘i yemakxona o‘rtasida o‘tirvolib yig‘lardi va bizning Yugoslaviyamiz toabad o‘z imkoniyatini yo‘qotgan edi. O‘zimcha ilk bor, ko‘k ko‘zli insonni so‘z bilan yig‘latish ham o‘zi go‘zal ish bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Biz uchta mashhur yugoslav estrada-cholg‘u ansambllaridan birining musiqasini, Azra, Byelo Dugma va Riblya Chorba yoki allaqanday dalmatsiya laparlarini uzluksiz tinglardik, ularda dengiz, onaning hayoti yoki yana hijron azobiga duchor bo‘lgan muhabbat tarixi kuylanardi.
Rasho gitarada mashhur yugoslav qo‘shig‘i — «Balkane moj» («Mening Bolqonim»)ni ijro etardi, biz istirohat bog‘ida o‘tirib, tun yarmidan oqqunga qadar sigareta pachkalarini chekib tugatdik, yangi do‘stlarimizga olmon tilini tushuntirdik, «rollen» so‘zidagi «r»ni qayta-qayta uqtirdik. Televizorda Yugoslaviyadan lavhalar ko‘rsatishdi. Urush o‘z basharasini namoyon qildi. U yig‘lardi. Olmon tilining himoyasi bilangina televizor oldida ko‘z yoshlarimni arang tutib tutardim.
Odamlar bunga ko‘nikishdi. Ota-onam pastki xonalarning biriga gertsegovinalik qochoqlar — go‘zal ko‘k ko‘zli er-xotinni qabul qilishdi. Bizning Olmoniyadagi tushdan keyin bo‘ladigan suhbatlarimizga yangi so‘zlar kirib keldi, jangovar zonalar, harbiy bo‘linmalar, miltiqlar, granatalar bizning kamtarona kichkinagina sinchli uyimizga ham bostirib kirdi, bu uy hessenlik bir dehqonga qarashli bo‘lib, biz unda ijarada turardik, uy yillar osha ta’mirlanmas edi. Ikkinchi jahon urushidan keyingina har qalay uy fasadiga oddiy oq plitalar yotqizildi. Endi dehqon uyni sotish uchun uning bahosini chamalay boshladi. Buning uchun aynan mening xonamning derazasi ostidan ba’zilarini olishdi. Baho chamalab ko‘rilgandan so‘ng, gap haqiqiy ko‘hna sinchli uy haqida ketayot-ganligi va uy egasi uni arzon-garov sotvorishga hech qanday haqqi yo‘q ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Agar yanglishmasam, «yodgorliklarni muhofaza qilish» degan gap paydo bo‘ldi. Bu dehqonni biroz cho‘chitib yuborgan bo‘lishi kerak, shuning uchunmi, u yana oq plitalar yotqizishni xohlab qoldi. U uyda mana shu tamg‘ani qoldirdi va uyning yonidan o‘tgan har bir kishi, uy ko‘rinishdan chet elliklarniki bo‘lsa kerak, deb o‘ylardi. Bundan men uyalardim, biron nima uchun, kichkina derazalar uchun, singlim va men uxlaydigan, eski yog‘och pechkali, isitish tizimi yo‘q bo‘lgan xona uchun ham doimiy tarzda uyalib yurardim. Ota-onalar bu haqda, hatto tushlarida ham o‘ylashmaydi, o‘ylardim o‘zimcha va yerto‘laga tushib, u yerdan yog‘och yoki ko‘mir opkelardim. Ba’zan ortga o‘girilib, menga shunday tuyuladiki, go‘yo mana shu uy butun olmon tarixini o‘zida mujassamlashtirganu, mening o‘zim ham xuddi qari xotin bo‘lib qolganman, yosh va hali qiz bola bo‘lishimga qaramasdan, yerto‘laga bukilib tushib-chiqardim, chunki u yerda tik turishning iloji yo‘q edi.
Xotiramda uy ham o‘z joyida emasdek, go‘yo bizning zamonamizga tegishli emasdek, unda nimadir boshqacha bo‘lib qolgan edi. Nafaqat yerto‘ladan, balki uydan ham chirigan hid kelardi. Go‘yo mamla-katimizdagi voqealar Hessendagi yashayotgan uyimizning fasadiga ham yetib kelgandek edi, u shunday huvillagan va qarovsiz ediki, xuddi yuzidan o‘q yegan odamga o‘xshardi. Ko‘rinishi siri ochilgan va hafsalasi pir bo‘lgan odam qiyofasini eslatardi. O‘shanda to‘satdan kapitalistga aylangan dehqonning mana shu vayronasini har ko‘rganimda televizordagi xabarlardan ham ko‘ra ko‘proq iztirobga tushganman.
Gohida «Yangiliklar»da shunday xabarlar ham bo‘lardiki, ularda vatandoshlarimning ovozlarini ham eshitish mumkin bo‘lib qolardi. Olmon sharhlovchisi gap boshlamasdan, ona tilimni sezib, payqab, aniq-tiniq tinglay boshlardim. Uch-to‘rt so‘zni ilg‘ab ulgurmasimdan, yuragimga timsoh o‘rmalab kirib, ko‘ksimda nimadir ko‘krak qafasimni majaqlab tashlayotgandek tuyulardi. Voqealar birlamchi tilda, bolalikdagi tilimda tasvirlangudek bo‘lsa, nega meni bu qadar iztirobga solishini sira-sira tushunolmasdim. Meni olmon tili ham hayajonga solardi. Biroq u meni ko‘proq chalg‘itardi, xolos. U menga sodir bo‘layotgan dahshatning joyini aniqlab, uni o‘zimdan odatdagi ahamiyatsiz narsalar olamiga soqit qilishimda yordam berardi, bu esa o‘z navbatida menga o‘n sakkizga to‘lgan kunimni odatdagidek, bemalol nishonlashimga imkon berardi.
Joylarning nomlarini, odamlarning ismlarini buzib, ras-vosini chiqarib talaffuz qilishlari meni ranjitardi. Endi biz, yugoslavlar, odamlarni qiziqtirib qo‘ygandik. Kimning qayerdan kelayotgani, u «yovuz» serblarga mansubmi yoki «rahmdil» xorvatlarga qarashlimi, buni har bir kishi bilishni istardi.
Rasho bizga o‘xshab, bunga parvo qilmasdi. Mileni ham bu kam qiziqtirardi, biz bir-birlarimizni ko‘zlarimiz va hamisha qalblarimizda yashaydigan qo‘shiqlarimiz bilan sevar edik, bu qo‘shiqlar biz uchun chin insonlardek edi va vaqt o‘tishi bilan ularni eng ashaddiy xorvatlar ham birga kuylay boshladilar. Biz suzishga borardik, sayr qilardik va o‘rmonni ko‘zdan kechirardik. Davramizga yangi odamlar, yoshlar, oilalar, endigina voyaga yetgan navqiron shaxslar kelib qo‘shilardi, ular uchun endi hayot xorvat yoki serb o‘zligidan ko‘ra ko‘proq ma’no kasb etardi.
Uylarimizda qahva ichayotganimizda singlim, akam va men bir-birimiz bilan ilk bor butunlay ona tilimizda so‘zlashardik, bu paytda tug‘ilib o‘sgan yurtimizda urush kundalik voqeaga aylangan edi. Biz hamon, urush bizlarni va xotiramizni vayron qilish qo‘lidan kelmaydi, deb o‘ylar edik. Chunki xotira bo‘lsa, quyosh nurlari bo‘lsa, qay bir tizimga arzirdi, axir unda lochinlar ozod uchib yurgan, umumyugoslav tabassumi ostida chumolilar tirikchilik deb, ularning qizillari qoralariga qaraganda chaqqonroqlik-larini tushunishni istamayotgan hayron bolalarning va bizning oyoqlarimiz yonginasidan katta o‘ljalarini tashib ketayotgan bo‘lishsa. Biz yashashni istardik va bunga qalblarimiz qodir, deb hamisha ishonar edik.
«Qalb» va «dil» so‘zlaridan qo‘rqmas edik, biz ular bilan birga o‘sgan, barcha qayg‘u va g‘am-alamlarga qaramasdan, bizni ular katta qilgan edi. Har bir dalmatsiyalik bolani hayotining faqat bir kunida o‘z ismi sharifi qolib, yuz marta «dil va qalb» so‘zlari bilan chaqirishadi. Faqat uchinchi samimiy o‘pichni quyosh deyiladi. Bu bilan har bir murg‘ak qalbda ong o‘sib boradi, u o‘zini quyoshcha, bizga hayot baxsh etadigan katta sariq Quyoshning vakili deb his qiladi. Hayot va Yorug‘lik: O‘sishga ta’sir ko‘rsatadi. Va har bir so‘zda holdan toydiruvchi aniqlik mujassam emas, agar men birgina «Dalmatsiya» so‘zini oladigan bo‘lsam, unda «alma» «dil» (uning organi esa «qalb»). Dalmatsiya — ta’sirchanlikning analogiyasi hamda mehrobi. Agar ona bolasini o‘z oldiga chaqirsa, u shunday deydi: Duљo moja dodi ovamo, ya’ni jonim, kelaqol oldimga. Mana shu chaqirishda har doim mohiyat mujassamdir, u barcha tillardagi kenglikka, muhabbat tiliga ilhaq, undagi flyuid esa kishining o‘ziga va yaqin kishiga hadya qilinadi, u olmon tilida mana shu dunyoni o‘zgartiruvchi, quvonch baxsh etguvchi so‘zlarni ayta oladi.
Singlim hamon achchiqlangani-achchiqlangan edi. Rasho bilan do‘stligi uchun undan qochadigan, uni cherkov maydonida ko‘rishgach, ola qarab, har xil gaplarni tarqatishib, serblarning do‘sti ekanligi sabab uni la’natlaydiganlar ko‘plab topilardi. Biroq u chuqur sukut saqlagan ko‘yi sevgili bo‘lib qolaverdi, o‘zini oqlab yurmadi, balog‘at yoshiga yetayotgan ayolning ilk sog‘inchlari bor edi unda, do‘stining huzuriga yo‘l olganida yuzidagi kuldirgichlari qatrada quyosh aks etgandek jilva qilardi.
Oradan bir necha oy o‘tgach, u indamaygina ko‘pchilikning o‘z Rashosiga nisbatan xolis niyatli bo‘lishiga erishdi. Buning uchun u hech narsa qilmadi, hech qanday haq-huquq talab qilmadi, baqirib-chaqirmadi, hech kimni o‘z xatti-harakatining bema’niligiga ishontirib o‘tirmadi. U faqat sevardi va shuning o‘zi kifoya edi. Butun qish bo‘yi biz barchamiz Bistro yo‘sinidagi qahvaxonada uchrashib yurdik, u yer, ma’lum bo‘lishicha, barcha sobiq yugoslavlar diydorlashadigan joy ekan. Ko‘z ochib yumgunimizcha, o‘zimizni zagrebliklar, belgradliklar, makedoniyaliklar, Novi Sad, Sarayevo, Split va Mostardan, har tomondan kelgan odamlar davrasida ko‘rardik, ular har doimgidek yugoslavlarga xos tarzda bir-birlari bilan ahil edilar. Agar odamlar mendan, yugoslavlarga xos yo‘sin, bu nima o‘zi, deb so‘rashganlarida, ularga buni ishonarli qilib tushuntirishga, eng avvalo, buni baland ovoz bilan gapirishga qiynalgan bo‘lar edim. Urush oldida bularning barchasi deyarli bema’ni, tuturiqsiz jaranglaydi. Biroq men buni mana shu vajdangina aytmayapman. Meni vatan sog‘inchiga o‘xshash nimadir chulg‘ab olgani va sodir bo‘lgan voqealarni rad qilishim mumkinligi uchun ham emas, balki menda butunlay ishonarli bir nima bor edi. Men uni asrab-avaylashni istardim. Umrni botiniy o‘xshashliklar bilan poyoniga yetkaza olamiz, deb ishongim kelardi.
Menga mudom, bu ham yana tasodif emas, dunyoning hamma yerida mana shunday, deb ishonuvchilar uchragan. Ularning barchasi, xuddi menga o‘xshab, xorijlik yugoslavlar, deya e’tiroz bildirish mumkin. Biroq biz o‘zimizda, nimani asrash lozim bo‘lsa, shuni avaylab, saqlab qoldik-ku. Mana shu — bus-butun joy. Ya’ni barcha tushunadigan tinchlik ko‘prigini.
Azaliy Yugoslaviya xalqlariga xos e’tiborga molik narsa hamisha saqlanib qolgan: agar ular o‘z uylarida bir-birlari bilan tortishib, urishib, qirpichoq bo‘lishgan bo‘lsa, xorijda bir-birlaridan ajralmas, bir xalq laparlarini, boshqa bir xalqning qo‘shiqlarini tinglashardilar va shu tariqa barchasi birlashib ketar edi. Bu faqat quvonch bag‘ishlar edi, bunga hamisha har bir kishi o‘z hayotida, o‘z xotirasida guvoh bo‘lishi mumkin edi. Hech bir to‘y-tomosha bo‘lmasdiki, unda mana shu barcha qo‘shiqlar kuylanmagan bo‘lsa, unda mandolina (musiqa asbobi), gitara, garmon va zarb bilan chalinadigan musiqa asboblari ijro etilmagan bo‘lsa, hech narsa, tomoq qirib ashula aytishlar ham esdan chiqmasdi, hatto devorga qaratib, qadah uloqtirishlar ham bo‘lardi; bir kuni buning sababini, nega endi yaxshi ko‘rgan narsani irg‘itish kerak ekan, deb so‘rasam, musiqa tufayli, deya javob berishdi.
Musiqa biz uchun mudom ko‘prik bo‘lib xizmat qilardi. Eng qayg‘uli damlarimizda, Byelo Dugma yoki biz haqimizda o‘zimizga shamol kabi bir nimalarni so‘ylab beradigan qandaydir Roma ansamblining qo‘shiqlarini tinglar edik. Buning asli nimaligini o‘zimiz ham bilmas edik, biroq u hayotimizga bir qadar jon bag‘ishlar, dunyoni ham ma’nodor qilib ko‘rsatardi. Mana shu holatlarni men Emir Kusturikaning ba’zi bir filmlarida payqaganman, u Yer yuzida bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha narsalar bilan, hamma narsalarga qaramasdan o‘zimiz uchun vazifa qilib olganimiz — quvonch bilan qon-qardosh bo‘lgan tushkunlik edi.
Kuylash bizga unutmaslikda ko‘mak berardi. Rashoning singlisini Seka deb chaqirar edik, bu singilcha yoki kichik singilcha degan ma’noni anglatadi. Sekaning sochlari uzun, yong‘oqrang, oyoqlari ham uzun, kelishgan edi, uni mutlaqo kichkina deb bo‘lmasdi. Va uning butunlay jiddiy tusli yuzi navqiron xorvatni barcha narsani, o‘z kelib chiqishi, ota-ona xonadoni va o‘zining milliy ong tushunchasi tufayli hessenlik barcha xorvatlar orasida taniqli otasining katolik qattiqo‘lligini ham unutishiga olib kelgan edi. Otasi aynan cherkovda xorvat milliy madhiyasini birinchilar qatorida baralla kuylagan insonlardan edi. Endi esa, uning o‘g‘li bir go‘zal serb qiz bilan jamoat joylarida qo‘ltiqlashib sayr qilib yurardi. Bundan biz barchamiz xursand edik, chunki ikkalovi bir-birlarini yaxshi ko‘rishar va bir-birlari bilan hamisha qo‘l ushlashib yurardilar. Asta-sekin bu hech kimni ortiq tashvishlantirmay qo‘ydi. Bir, ikki yildan so‘ng qurama oshiq-ma’shuqlar o‘zlarini bemalol his qila boshladilar va bu haqda ortiq hech kim g‘alayon qilmay qo‘ydi. Bosniyada odamlar o‘la boshladi. Amakivachchalarimizni ko‘chirib olib kelishdi. «Urush» so‘zi hammaning og‘zida, qashshoqlik, shahardagi xolamning ham puli qolmadi, yemish tortilib qoldi. Qashshoqlik va ochlik. Bular qarindosh-urug‘larimizga daxldor yangi so‘zlar edi, biz esa o‘zimizni 21 asrda yashayotgandek his qilib, chiroyli jinsilarga alanglab qarardik, bir maromda hayot kechirishga, kinoga tushib, allaqanday yangi filmlarni ko‘rishga yoki atigi bir qadah kapuchchino (ichimlik) ichish uchun jiddiy harakat qilardik. Hamisha onamdan ustalik bilan pul undirishning evini qilardik va muhim maktab uchrashuvlarini o‘ylab topardik, kinozalga borib, Jon Travolta, Melaniya Griffits va Robert de Nirolarni tomosha qilardik.
Vatandan olisdalik paytimda amakivachchalarim yana yangi frontga ko‘chganliklarini eshitdim, Dubrovnikni o‘qqa tutishar, Zagrebni ham butunlay xavfsiz deb bo‘lmasdi. Mile anchadan buyon Xorvatiya poytaxtida edi, u o‘zining Sarayevosini qo‘msar va ota-onam bilmasligi uchun menga kirill yozuvida shifrlangan xatlar yozardi. Bosniyalik bilan nima qilmoqchisan o‘zi, so‘rardi otam o‘smoqchilab, axiri u seni go‘rga tiqadi, tamom-vassalom.
Milega nega atigi bir martagina javob yozganman, buning sababini o‘zim ham bilmayman. U Zagrebda o‘zining me’morlik o‘qishini tugallab, so‘ng qaytib kelmoqchi edi. Yoki sen o‘zing oldimga kelasan, degandi u, men esa, ba’zan o‘zimcha bu gapni xayolimda, o‘y-xayolim asosida tasavvur qilganman deb o‘ylab, mamlakatimiz parchalangan va Bosniyada odamlarning hayoti qil ustida turgan, bolalari bilan ularga yana bir kun yoki bir soat yashash nasib qiladimi-yo‘qmi, ana shunday bir paytda ushbu do‘stligimiz istiqboliga ishongan edim.
Ana shu do‘stlik Milening jo‘nab ketishi bilan mendan yuz o‘girgan ekan. Bizning botiniy vujudimizda o‘sha davrdayoq tirishqoq bir rejissyor bor edi va garchi men uning rejissurasidan ko‘p iztirob chekkan bo‘lsam-da, baribir yaxshilikka umid bog‘lab, haqiqiy maktubni intizorlik bilan kutardim, unda gapni ortiq aylantirib o‘tirmasdan, barcha narsalar ochiq-oydin aytilishi kerak edi. Biroq ana shunday xat hech qachon kelmadi. Shuning uchunmi, mening rejissyorim ham o‘zining xatti-harakat yo‘sinini dalil sifatida keltirib, orqaga tislangan ko‘rinadi, u bilardiki, hammasi reja bo‘yicha borayotibdi, hijron azobi yomon va u meni yigirmanchi yilga po‘sti archilmagan, kuzgi behiga o‘xshatib topshirvordi, buni esa hech kim tushuna olmasdi. Hatto o‘zim ham.
Rasho va uning oilasi Riyekaga boshqa qaytib kelmadi. Singlimdan eshitishimcha, ukasi bilan Serbiyaga kelgan zahotiyoq uni harbiylar hibsga olishgan ekan. Bizning yugoslavcha qo‘shiqlarimizni kuylovchi bu xushovoz xonandani hanuzgacha qo‘lida qurol bilan tasavvur qilolmayman. Men uni ham boshqa barcha askarlar singari sigareta tutatib turgan holda tasavvur qilaman. Uning hamisha bir nimalarni izlayotgan yuz-ko‘zlari, bir nimalar bilan andarmon bo‘lishni istagan qo‘llari ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘laveradi, toki u gitarasi haqida bemalol o‘ylay olsin, deyman.
U singlimni tark etmasidan oldin, bu ular uchun tahlikali zamon taqozo qilgan qismat edi va ular taqdirga tan berishga majbur edilar, uni bir o‘pay deb tegajoqlik qilgan ekan. Zdravka esa hafsalasi pir bo‘lib, bunga ko‘nmagan. Qizning qalbiga yo‘l topolmagan yigit unga kasseta qoldirib, xayrlashadi. Singlim uni uzoq vaqt tinglab yuradi.
Kassetaga u bilan birgalashib kuylagan barcha qo‘shiqlarimiz gitara jo‘rligida yozilgan edi. Bir kuni menga qo‘yib berdi. Biz bir-birlarimizga qaramasdan, olis-olislarga termilganimizcha, ko‘zlarimizda yosh bilan Rashoni tinglardik, kassetani aniq yigirma marta ag‘darib qo‘ydik, oxiri oddiy hayotni muhabbat-la sog‘inib, charchaganimizdan uxlab qolibmiz.
Rashoni menga boshqa ko‘rish nasib qilmadi. Faqat, uning o‘rniga, yozdagi ijodiy safar chog‘ida u yashagan shahar — ikkinchi jahon urushi tugagach, xorvatlar Riyekasiga aylangan shaharni ko‘zdan kechirdim. Yoz, olam uning bezavol nurlari birla charog‘on edi. Sayr qilib yurib uni, oilasini, ukasi Batoni, singlisi Sekani, ota-onasini, ularning Hessenda uzoq vaqt amakilarinikida bepul ijarada yashagan paytlarini esladim, amaki bir kuni ulardan ko‘p pul olib, ertasiga uydan chiqarib yuborgan edi, chor-atrofda esa urush borar, hamon granatalar portlar, ikkala yigit aftidan, frontga borishga majbur bo‘lishgandi, chog‘i. Amakining dastidan ular oxirida Serbiyaga ham bordilar. Ular endi, o‘zlari xohlarmidi-yo‘qmidi, shu yurtga mansub edilar.
Endi Yugoslaviya bilan, Xorvatiya bilan qiladigan ishim qolmagandi. Ko‘p yillar mustaqil inson bo‘lish haqida o‘yladim, bu — birdaniga, ha, har gal birdaniga — bugungi kunda jurnalistlar va siyosatchilar buni boshqacha ko‘rishni istaydilar — parchalanib ketadigan mamlakatning o‘zlik hujjatiga qaraganda ancha arzigulik ish sanalardi. Yugoslaviyaning qizil pasporti aslida umuman qizil ham emas edi, u qoramtir uzum novdasi rangida bo‘lib, unda uchta chiroyli oltinrang yolqin yonib turardi, bu aniq esimda qolgan. Pasportimdagi ana shu yolqinlarni ko‘rganimda, o‘n yashar bola edim, ana shu yolqinlar edi, meni Yugoslaviya, Avstriya va olmon chegaralari orqali Hessendagi Zultsbaxga olib kelgan, u yerdagi uylarning raqamlari, ko‘chalarning va joylarning nomlari yozilgan top-toza lavhalar, barcha yangi narsalar kishini junbishga keltirsa-da, biroq baribir yuragimdagi kichkinagina qishloq maktabimizga muhabbatni bosib ketolmas edi, bu muhabbat, eng avvalo, o‘sha yetmishinchi yillardagi olmon xonadonlari uchun hamisha mezon bo‘lib xizmat qilardi.
2005 yilning yozidagi kashfiyotim, inchunin, hafsalamni pir qildi; bir paytlar mo‘jazgina bo‘lgan qishloq maktabimning derazalariga panjaralarni ustma-ust qalashtirib tashlashibdi. Buni ko‘rib, shuni his qildimki, bu — shunday bir odamning ishi ediki, uning ichki dunyosi ham ana shu panjarali derazalarga o‘xshab taqa-taq berk, chunki bolalarga dunyoni panjaralar ortidan ko‘rsatish fikrini bundan boshqacha nima ham deb baholash mumkin.
Yugoslaviya pasporti o‘z umrini o‘tab bo‘lgan edi, bundan uni na uzum va na rang teranligi qutqara olardi. U tez orada yoshlarning qo‘llarida ham eskilik sarqitidek ko‘rina boshladi. Men havorang xorvat pasportini oldim, biroq uni olishdagi qiyinchilik mening biroz kayfiyatimni buzdi. Mas’ul mutasaddining qabuliga kirish uchun soatlab navbatda turdik. Yoz, issiq, odamlar terlab-pishgan, qandaydir muhim ish chiqsa, esda qoladigan voqea bo‘lsa, nuqul yozga to‘g‘ri keladi, yo‘laklarda navbat kutib turgan shahar hamda qishloqlardan kelgan odamlarning qo‘ltig‘idan chiqayotgan terning qo‘lansa hidi nafasni bo‘g‘adi. Shaharda yashaydigan xolam tanish-bilishlarini ishga solib, bizni navbatda turganlar yonidan bildirmasdan olib o‘tmoqchi bo‘ldi. Albatta, buni odamlar sezib qolib, qarg‘ana boshladilar. Men bundan uyalib ketdim, xolam bilan onamning yonida qaddimni bukib yurganimcha ichkari kirdim. U yerda ish bilan o‘ta band, jiddiy qiyofali odamlar o‘tirishardi.
O‘shanda mana shu barcha o‘zgarishlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, guvohi bo‘lganman, biroq butun bir davlat yangidan barpo etilayot-ganligini ko‘pam tushunib yetmaganman. Va insoniyat hamda davlatlar tarixida hamisha bo‘lganidek, odamlar ishni avvalo arxivdan boshlagan. Biz endi xorvatlarmiz, degan gapni hammayoqda eshitish mumkin edi. Ha, albatta, o‘ylardim men, mana shu paytgacha ichimizda bekinib yotgan narsa, nihoyat yuzaga chiqdi va yana, terlab-pishib, olislarga nazar tashlab, o‘ylardimki, bu yangi barpo etilgan mamlakatda odamlar qo‘ltiqtayoqda yurishsa, hammayoqda oyog‘i kesib tashlanganlar bo‘lsa, so‘zlar ham qandaydir g‘alati eshitilarkan — xorvat, granata, anor, apelsin, kinematograf — dunyo almashinuvchan bo‘lib qoldiyov, deyman.
Shunga qaramasdan mana shu almashinuvchanlik har bir alohida narsa uchun, buyum-ashyolar uchun, nomlar, mahsulotlar, xonalar va yuz, qiyofalar uchun ma’noni kuchaytirib yubordi. Eng avvalo, yuz, qiyofalar uchun, jilmayish turi ham o‘zgargan edi. Odamlarning tabassumi va yuvoshligiga nima bo‘lgan ekan? U yerda bir gal bo‘lgan paytimda, o‘z-o‘zimdan, bolaligim boshqa bir yulduzlar makonidan boshlangan bo‘lishi va men yuz, qiyofalarni ideallashtirib yuborgan bo‘lishim mumkinmi, deb so‘radim. Dahshatni men hamisha odamlarda ko‘rganman, ularni, qanday bo‘lishsa, shundayligicha sevganman. Bu narsa bolalikning o‘sha lahzalarida ongli ravishda kechmagan, u paytda gap nima yoki kim haqida ketayotganligidan qat’i nazar quruq sarosab solishu dil xayrixohligi bo‘lgan, xolos.
Keyinchalik xotiralarda mening o‘zim ana shu lahzalarga aylandim, ana shu soniyalar birin-ketin yonma-yon tizilishib, vaqtning o‘rtasida turib, vaqtga bog‘liq bo‘lmaslikni isbotladilar. Nima bo‘lgan bo‘lsam, mana shu odamlar bilan bo‘lganman, ular bilan va ularning orasida bola ham bo‘lganman. Uzoq vaqt men o‘zimni olmon tilida bundan narida, deb o‘ylab keldim. Kichkintoy yillarning qadamlari ko‘milib ketgandek edi, go‘yo. Bobomning qiyofasini olmoncha so‘zlar bilan tasvirlay boshlaganimda, mehr-muhabbatga to‘la ushbu qiyofa, mana shu ilk inson vatani ham menga murojaat qilgandi, mendan sakrab chiqib avtonom olamga aylandi, ko‘p yillar ichra menda botinan nimaiki bo‘lgan bo‘lsa, u zohiran qiyofa kasb etdi. Bu olam tevaragidagi aniq va lo‘nda fan esa meni xotirasi bor insonga aylantirdi. Xotira shuki, men unga xodim sifatida, o‘z yulduzimning burchak va qursoq atroflaridagi shay vakil sifatida kerakman. Biroq nima u, mening yulduzim? Kim u, mening yulduzim? Albatta, men yetti yoshimda, yangi chiqqan yugoslav kashshofi sifatida, bu yulduz, chunonchi yagona, favqulodda bo‘lmasa-da, biroq har holda qandaydir Tito va uning partizancha telpagidagi yulduz bilan tutash, u bilan aloqada hamda uning byurosi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanadigan telefon liniyasiga ega, deb ishonar edim.
Olmonchadan Mirzaali Akbarov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 4-son