Marina Svetayeva. Pasternakka maktublar

Pasternak!
Siz mening birinchi shoirimsiz. Tirik shoirim. Sizning ertangi kuningizga o‘zimnikiga ishonganday ishonaman. Beqiyossiz, shoirim.
Pasternak men hayotimda ko‘p shoirlarni ko‘rdim:: kattasini ham, kichigini ham. Ular she’r yozuvchilar edi, hatto ajoyib qilib yozib qo‘yishardi.
Vassalom. Ularning birontasining manglayida shoirlik qismatini ko‘rmadim. Bu qismat, mashaqqat olis-olislarga borib yetguvchi, yondirguvchidir! Shoirlikni yorliq qilib olganlar ham ko‘p ekan, aytgancha ular juda osonlik bilan turmush sinovlaridan yengiladilar. Ular so‘zlarning kushandasi, ayni chog‘da, umrlarini ham bexudaga yerga sovuradilar.
Qiziq, xuddi shu narsa ularni qoniqtiradi, qoniq-tiradigina emas, to‘ydirib yuboradi. Hatto haddilaridan hm oshib ketishadi bu to‘qlik bois. Endilikda ular she’r yozishni hordiq chiqarish usuli deb qaray boshladilar. Yoki shunchaki sayrga chiqishganday qo‘liga qalam oladilar… Ayni chog‘da shoir bo‘la olmaganliklari uchun ham xudbinlashadilar: yozgan-chizganlari uchun to‘lov talab etadilar, to‘lov! Bular-tavoze, ta’zimlar, lagnbardorlik, tiriklik chog‘idayoq qo‘yilgan haykallar. Men ham xushomadni qoyillatdim-ulardan ketdim.
Men shoirlarni ishtaha bilan ovqatlangisi kelganda yaxshi ko‘rib ketardim. Negaki, ular ham oddiy odamlar. Ularga ham kimdir mehr bilan enagalik qiladi, kimdir shirin taomlar pishiradi. Shunday shoirlar oldida shoirligimni unutardim. Ilhom parisiga emas, aynan enagaga aylanardim. Shoirligimni esga solishsa, tonardim.
Qizig‘ shundaki, avvaliga men ularning she’r yozishiga ishtiyoqini ko‘rib, daholarga tengladim. O‘zimning tantiq qalamimga qaradim. “Men ham shoirmanmi? Men yashayapman, xolos. Quvonaman, yig‘layman, mushugimni sevaman, she’rlar hm yozaman. Mana, Mendelshtam, mana, Churilin. Ularni shoir desa bo‘ladi”.
Shunday holat yaraldiki, mendan hamma o‘zini olib qocha boshladi. 1912 yildan (o‘shanda 18 yoshda edim) 1922 yilgacha bironta to‘plamim nashr etilmadi. Holbuki, qo‘limda beshta kitobga yetarli qo‘lyozmalarim bor, taxt.
Yaxshisi sizga qaytaylik, Pasternak, yuragi toza shoirsiz. Bundaylar kam yoki boshqa yo‘q. Siz Bayron kabi ertasi bor dahosiz. Zamondoshlarim orasida faqat sizga shu quvonchimni ishonch bilan ravo ko‘raman. Bu yerda gap na men, na sizda. Na mening, na Sizning gunohingiz bor bunda. Siz bundan yuz yil oldin hayotdan ko‘z yumganligingiz uchun aybdor emassiz. Gap nimadaligini tushunib turibsiz. Odamlar ruhoniyga emas, xudoga sig‘inadilar. Men ham sizga emas, sizdagi ruhga sig‘inaman. U sizdan-da ulug‘ va buyuk, ishonaman, unga rashk qilmaysiz.
Kuzning so‘nggi kunlarini Sizga, hayolingizga bag‘ishladim. Hatto mutolaaga qo‘lim bormadi. Yaqinda Pragaga yo‘lim tushdi. Bizning kichikkina namxushgina poyezd stantsiyasiga g‘ira-shirada, hali tong otmasdan yetib bordim. Qorong‘u platformaning u yog‘idan bu yog‘igacha boraman-kelaman, qanday uzoq masofa! Chirog‘i yoniq ustunlarning biri oldida to‘xtadim. Sizni chaqirdim: “Pasternak!” – yonma-yon turib uzoq suhbatlashdik darbadarlarcha. Men Sizni hamisha ikki joyda ko‘rib qolishni juda istardim: Veymer va Kavkaz. Bu-xayol og‘ir…
O‘sha kuzda Sizni chorlaganim-o‘zim ham tizgingiz tuyg‘ular izmida edim. Ich-ichimdan shuni hohladim. Sizni, yuragingizni chorlash hamisha sirlarni chorlashday oson va zavqli, chunki ularning qachon, qayerda bo‘lishini bilmaysan hech qachon!
“Vokzalga” va “Pasternakka”. Bu bir xil hodisa, tushuncha, holat. Men vokzalga emas, Sizga borardim. Tushimda uchayotgan yo‘llar, balandlik yerga tegmayotgan oyoqlar. Stantsiyadan uzoqlashib, poyezdga o‘tirdimmi, bas, o‘zimga kelardim, hushimga kelardim. Siz mening hayotimga kirmagansiz. Men hech qachon hech yerga ataylab bormaganman. Pragaga yo‘lim tushmay qolgan damdan boshlab, Siz ham tugadingaz. Neki bo‘lsa – bo‘lib o‘tdi, aytdim. Hamisha, hamisha, hamisha. Pasternak, hayotimning barcha vokzallari, taqdirimning chiroqli ustunlari, ravon yo‘llar uzra – mening chorlovim. Sizing tashrifingiz.
Kitobingiz qo‘limda. Pasternak, bir o‘tinchim bor: “Lo‘lilar shunday boshlaydilar” she’ringizni menga bag‘ishlang. (Xayolimda aytayapman, uzr.) Tuhfa eting menga shu she’rni. U faqat menga tegishli ekanligini his etay. Toki hech kim u meniki deya o‘ylay olmasin, haddi sig‘masin.
Pasternak, Siz sirli chiziqlarga yashiringansiz. Sizni “omma” tushunmasligini unga nokeraksan, deya qaraganlarining mohiyati shunda. Sizda shohonalik yohud sarkardalik hislati bor. Peshonangizga Pasternak dahosining chiziqlari topilgan. Sizni sevmaslar Sizdan qo‘rquv hissini tuyadilar. Kimdir “Ortda qolish”dan cho‘chiydi, kimdir-hujumga shay, faqat qo‘rqoqlarcha, zimdan. Ammo sizni bilmoq, sizni anglamoq ne sir…Buni hatto men bilmayman. Balki Pasternak ham bilmas. Pasternak harflarni teradi, yozadi, yarim tunda yog‘dusida anglab yetadi. Axir, tongda uni unutib yuborishadi-ku. Dunyoda esa boshqa olam ham bor, Pasternak. Bu – bolalik yozuvlari. Boshingizni egmang, tik turing! Ana, qarang, Sizni “Politexnika zal”ingiz kutib turibdi! Ikki safardan buyon xatlaringiz og‘ir, juda og‘ir. Sababi- odamlar Sizni siqib qo‘yibdi. Siz uchuvchisiz! Kengliklar farzandisiz. Uchib keting. Tangrining oldigi boring, daraxtlarga yaqinlashing. Bu lirik emas, shifokor maslahati. Odamlar shaxar tashqarisida bekorga yashamaydi. Germaniyada bu osonroq kechadi hozirgi kunda. Birdan hamma istagan istaganingizga yetishasiz. Kitoblar, daraxtlar, daftarlar, havo, orom, qadr. Mana bu yer xatingizdagi eng og‘riqli joy: o‘ylaysizki, “men achchiq va siqiq” tuyg‘ularni o‘ldirmoq o‘yida Berlindan tashqarida yashayotibman! Yo‘q, aksincha!
Berlin meni talab bo‘ldi, qo‘llarim bo‘sh, yo‘llarim yopiq, ruhim chilparchin.
Qalam ahli-xarob! Yaratganda esa hamisha bir narsani so‘rayman, shu hayotimni ko‘p ko‘rma. Butxonali quduq, jilg‘alar tovushi, baland cho‘qqim, echkilarim, daraxtlarim, daftarlarim, Seryoja va Alya. Sizning va S.Volkonskiy kitoblaridan meni ayirmasin.
Men haqimdagi o‘zgalar quloq solmang. Do‘stlarimnikiga ham! Negaki, men ko‘plarning joniga tegdim. Sevdim-sevmay kuydim, o‘stirdim-ko‘ndim. Ularning bari-bariga tantilik bilan omonlik tilayman.
Siz ularni tinglamang. So‘zlarim og‘ir, beshafqat, biroq haqiqat!
Qadrli Pasternak!
Men bu gal Sizning yozuvlaringiz mabodo vaqt va qog‘oz yetsa, o‘zim haqida yozmoqchiman. Kitobingiz – olov. Avvalgisi, jala edi, bunisi gulxan. Ushladim – qo‘lim kuydi. O‘qidim – dilim yondi, vujudim, ruhim chatnadi, toblandim. Tunlarim ham kunlarim ham yo‘q. Yolg‘iz – Siz. Men – yig‘uvchiman. O‘zimdan olaman kuchni. O‘zimni o‘zim talab, yeb bo‘lgandan so‘nggina orom topaman.
Azizim, Pasternak! Sakrashga izm bering. Siz favqulodda hodisasiz, Siz hech narsaga ko‘nmay yashay olgansiz. Aslida, Tangri Sizni eman daraxtiday qudratli va yengilmas qilib yaratganu, odamga aylantirgan. Sizni chaqin ham, pul ham, balo ham urmaydi. Bu – qismat.
Siz – she’rsiz ham shoirsiz. Sizning – suhbatingiz shoir, chehrangiz shoir. Nima uchun har bir she’ringiz eng so‘nggisiday jaranglayveradi, tuyulaveradi? “U shundan so‘ng bir satr ham yozmadi”. Siringizmi bu?
Sirlar. Birinchisi, so‘zga bo‘lgan ishtiyoqingiz. Bu dadil, bu-manba. Ishtiyoq – bu, tanglikdan, umidsizlikdan chiqa olish uslubi. Tovushni so‘zdan ham kuchliroq sevasiz, shovqin tovushdan ham qudratli. Chunki, unda hammasi mujassam. Siz – so‘zlar tutqunisiz. Siz so‘zlar diyorida qilib bo‘lmas ishlarga qo‘l urasiz. Siz nishonga olib bo‘lmas shoirsiz. Sizni xudo saqlaydi.
Ikkinchisi. Siz tomoshabin emas, taqdir boshqaruv-chisisiz. G‘aroyib xislatlaringiz she’laringizda harakatlanadi, jonlanadi, yashaydi. Bilasizmi, Pasternak, siz katta ishga bel bog‘lashingiz zarur. Bu – Sizning ikkinchi hayotingiz. Birinchisi, xudo bergan umr. Yoza boshlasangiz, barcha og‘irliklar ko‘tariladi. Kishanlar yechiladi ruhingizdan, ozod bo‘lasiz. Hech kim va hech narsani sezmaysiz. “Og‘irligingiz” shundaki, siz odamlarga, she’rlarga, zo‘rma-zo‘raki suqilib kirmoqdan zo‘riqib ketmoqdasiz. Bularning bari befoyda. Bu bilan mushkulotlaringizni hal qila olmaysiz. Eshiting, bir marta berilgan umrda necha yoshgacha kirishingiz ahamiyatli emas, muhim emas. Gap – qanday yashashda! Bu dunyoga kim to‘yibdi, kim armonsiz ketibdi, kimning ishi bitibdi, deysiz! O‘zingizni qog‘oz va qalamga topshiring. Aks holda, ilhom daqiqalari telbalik soatlariga aylanib ketishi hech gap emas.
Lirik she’rlar – harakatning oniy lahzalari. Bolaligingizdagi aylanuvchi koleydoskoplarni eslaysizmi? Harakatni ko‘z oldingizga keltiring, burasangiz bas shiddatli burilish. Lirik – bu yo‘nalish, olisdan qora bo‘lib ko‘rinadi. Tikilib qarasang, nuqtalar orasidagi masofalar havosiz kengliklarga olib boradi. Mana, nima uchun siz she’rdan she’rgacha o‘lib borasiz. Bu – har bir she’r eng so‘nggisi degani.
Roman, poema, hatto maqolalarning o‘z qonuniyatlari bor. Ularda bunday holatga duch kelmaysiz. Chunki kitob yozuvchini, yozuvchi kitobni, qahramonlar esa kitob va yozuvchini boshqarib boradi. Ayniqsa, qahramonlar juda yashovchan bo‘lishadi. Sira o‘lishni istashmaydi. Siz ham nasrda yozasiz deb, eshitganim bor. Bolalik haqidamikin … O‘qib ko‘rmaganman, qo‘limga tushmadi hali. Moskvada bu bu haqda o‘zingiz so‘z ochmaganmidingiz? Yo Lilitdan eshitdimmi? Gelikon gapirganday bo‘ldimi? Nima bo‘lganda ham menga bu haqda yozib yuborishni unutmang.
Endi kitob haqida. Eng sevimli she’rlar – Margarita. “Bulut, yulduzlar. Va yonboshdan…”, “Men ularni unutaman” – va oxirgisi. Ulardan olov ufuradi, olov. Qachondir, qayerdadir, nimadir yozilishi tabiiy, gap bu haqda emas. Kitobingizda “Umri boqiy” she’rlar shu qadar ko‘pki, ular yetti qavatni yorib, bosh ko‘tarib chiqa oladilar. Ayta olasizmi, qaysi kitobingiz siz uchun birinchilarning birinchisi, o‘sha kitobni yoza olganmisiz?

Oygul Suyundiqova tarjimasi

Tarjimondan: Marina Svetayeva – ulug‘ rus shoirasi, uning betakror ijodida zamondosh shoirlarga yozgan maktublar alohida xususiyatga ega. Ularda o‘sha davr nafasi, ijod, she’riyatning qismat ekanligi ufurib turadi. Xususan, e’tiboringizga havola etilayotgan Boris Pasternakdek katta shoirga yozilgan maktublarda shoir shaxsi aks etadi.