
Shoirlik cheksizlikdir, u haqda so‘zlash qiyin. Shoirlik qayerdan boshlanadi? Qayerda tugaydi?
Hamma narsani o‘z qarashlarim asosida chegaralayman, ammo ular ichida cho‘ntagida bir miri yo‘q g‘irt shoir – Balmont haqida bir narsa deya olmayman.
Kulmang, janoblar. Men na Yesenin, na Mandelshtam, na Mayakovskiy, na Gumilyov, hatto Blok haqida ham shunday demagan bo‘lardim. Chunki ularda shoirdan tashqari yana katta-kichik, yaxshi-yomon nimadir bor edi. Axmatovada ham she’rlaridan tashqarida iltijolari yashardi.
Balmontning esa shoirdan boshqa hech narsasi yo‘q. Balmont xos va mos shoir. Shuning uchun ham uyidagilar uni so‘rashsa: “Shoir uxlayapti” yoki “Shoir tamaki olgani chiqdi” – deyishadi. Buning kulgili yoki izohtalab joyi yo‘q. Deylik, uxlayapti, u ko‘rayotgan tushlar ham – shoirniki, tamakiga chiqdi, do‘kondor uni rastasida ko‘rib ajablanmaydi, nima uchun kelganini biladi.
Balmontning har bir xatti-harakati, so‘zi – muhr – yulduz.
Talab etgan emas hali shoirni
Apollon muqaddas qurbonlikka, bu
G‘ala-g‘ovur dunyo tashvishlariga
Bola ko‘ngli bilan cho‘kib ketgan u.
Sukutda ilohiy ilhom parisi,
Shirin tushlar qalbga bag‘ishlar lazzat.
Balkim haqir dunyo bolalaridan,
Baridan notavon, arzimas va past.
Bular Balmont haqida emas. Apollon Balmontni hamisha talab qilgan. Balmont hech qachon g‘urbat dunyo tashvishlariga ko‘milib qolmagan, uning ilohiy ilhom parisi tinmagan, qalbi shirin tushlardan lazzatlanmagan, haqir dunyo bolalari ichida Balmont hech qachon notavon bo‘lmagan, umuman, ular ichida hech qanday bog‘liqlik yo‘q, uning o‘zi esa notavonlik tushunchasidan yiroq yashagan.
Bilmadim, bilmadim, nimadir – nafrat,
Menda hech kimsaga yo‘q gina-kudrat.
Ojiz lahzalarda gar cheksam hasrat,
Hatto dushmanimga socholdim hayrat.
Aniqlikni olaylik. Balmont undan butunlay va eng baland darajada xoli, hatto kundalik hayotiy suhbatlarda ham: “Marina, men senga chaqa olib keldim”, – derdi. Uning pullari chaqa edi, arzimas qog‘oz banknotlar – chervon, oddiy pul. U franklar va so‘mlar oldida o‘zini yerga urmasdi, rostini aytsam, u bunday hayot bilan tanish emas edi, uni bilmasdi.
Klamar, Parij tashqarisidagi shaharcha. Balmontni uzoq tanaffusdan so‘ng katta ko‘chada uchratib qoldim. Shahar atrofi, bunday joyni hamma yerda ko‘rish mumkin. Quvonch, qo‘l siqishlar, diydor, do‘stona ginalar, hayrat… “Shuncha payt qanday yashading? Tuzukmisan? – “Marina, men juda baxtli edim, ikki oy ko‘hna Hindistonda bo‘ldim”.
Bo‘lgan. Hammasi shu.
Balmont bilan hamisha ertakdagiday. U qachonlardir “Tog‘ cho‘qqilari”da turib, shunday degan edi: “Hayot yo‘llari boy”. “Ha, agar unda Balmont bilan ketsang”, – qo‘shilaman.
Men tez-tez Balmontning balandparvozligi haqida eshitib qolaman.
Ha, bu – eng yaxshi so‘z.
U yuksaklarda uchib yuradi, pastlashni istamaydi. Xohlamaydimi yoki uddalay olmaydimi? Men yer hamisha Balmont oyoqlari ostida yuksalib turadi, degan bo‘lardim.
Agar Balmont xonada bo‘lsa, xona qo‘rqinchli.
Hozir tushuntiraman.
Tug‘ilganimdan buyon hech kimdan qo‘rqmaganman. Faqat ikki odam bundan mustasno: knyaz Sergey Mixaylovich Volkonskiy (unga “O‘quvchi” nomli she’rimni bag‘ishlaganman ) – va Balmont.
Qo‘rqardim, qo‘rqaman, qo‘rqqanim uchun ham baxtliman.
Men erkin odam uchun qo‘rqaman.
“Qo‘rquvim” – dahshatni anglash, o‘ziga-o‘zi ziyon yetkazish emas, balki ilohiy nazarlarga tushib qolishni anglatadi. Biroq knyaz Volkonskiy va Balmont o‘rtasida qanday bog‘liqlik mavjud? Qo‘rquvdan boshqa hech narsa yo‘q. Qo‘rquv hayratlanishdir. Bir voqeani hech unutolmayman.
1919 yil. Moskva. Qish. Men har doimgiday Balmontlarnikiga keldim. Balmont sovuq xonada ayollarning shotlandcha ro‘moliga o‘ranib yotardi.
Balmont:
– Albatta, chekking kelayapti-ya?
Men:
– Unchalikmas…( ko‘ngilda esa iztirob).
– Mana, hafsala bilan chek. Trubka parishonxotirlikni yoqtirmaydi. Muhimi, gapirma. Keyin gapirasan.
O‘tirdim, hafsala bilan ichimga tortaman, lekin o‘xshamaydi.
Balmont xursand:
– Yoqdimi?
– M…m…m…
– Kirib kelishing bilan yuzingda shunday iztirob ko‘rdimki, Marina, ancha paytdan buyon chekmaganingni tushundim. Esimda, bir kuni Tinch ummonda…
So‘zlay boshlaydi. Men chekmasdan, qo‘rquv ichida hafsala bilan tortaman. Balmont buni sezib qolmasmikan, degan xavotirdaman.
– Ana, chekib bo‘lding. Endi ber.
Uzataman.
Balmont trubkada tamaki to‘la ekanligini ko‘rib:
– Hech qancha chekmabsan-ku…
Men:
– Yo‘q… shunday sal-pal…
Balmont:
– Axir, u o‘chib qolgan, sen uni hatto yoqmabsan ham. (Trubkani tekshirib ko‘radi.) Men tamakini yaxshilab maydalaganman! Marina, seni yaxshi ko‘rganimdan shunchalik ko‘p solib yuboribmanki, u yonolmabdi! Trubka mehr-muhabbatga to‘liq edi. Bechora Marina! Nimaga menga aytmading?
– Chunki sendan qo‘rqaman!
– Mendan qo‘rqasan? Yelena, Marina mendan qo‘rqarkan. Negadir bu menga yoqayapti. (Qadrdonim, men sendan qo‘rqqanim yo‘q, bir lahzaga bo‘lsayam, seni xafa qilolmayman. Axir, trubka mehrga to‘la.)
Balmont menga hamisha oxirgisini berardi. Nafaqat menga, hammaga. So‘nggi trubka, so‘nggi po‘stloq, so‘nggi o‘tin, so‘nggi gugurt.
Achinganidan emas, ochiqko‘ngilligidan. Tug‘ma oliyjanoblik.
Xudo bermasa bo‘lmaydi. Podsho bermasa bo‘lmaydi. Shoir bermasa bo‘lmaydi.
Biroq u olishni eplay olmasdi. Bir voqea yodimda. Ko‘chadan hayajonlanib kirib keldi, lekin ta’bi xira, o‘zida emas.
– Marina! Yelena! Mirra! Men hozir shunday dahshatli, shunday ajoyib bir ish qildimki, hatto oqibatda afsuslanayapman.
– Afsuslanayapsan?
– Volxonka bo‘ylab ketayotgan edim. Kimdir meni chaqirdi, ayol ovozi. Qaradim, mashinada yasangan, chiroyli, yoshgina, xuddi maftunkor shved qiziday, esingdami, Yelena, biz u bilan paroxodda go‘zal oqshomni birga o‘tkazgan edik? O‘sha. Mashinani olib keldi. O‘tirdim. Suhbat. Lahzalar uchmoqda. U hayajonda. Men ham. Lahzalar uchmoqda.
Birdan qarasam, juda uzoqlashib ketibmiz, to‘g‘rirog‘i, men uydan ancha olislab ketibman, qaytish amri mahol. U esa qo‘llarimdan ushladi, sochlarining uch-uchlarigacha qizarib ketdi – shimol ayollarigina shunday qizaradilar: “Konstantin Dmitrovich, menga ochig‘ini ayting, buni sizdan so‘rayotganim uchun uzr: qanday yashayapsiz? Men sizga nimadir… menda hamma narsa bor: un, qand, yog‘, shu kunlarda jo‘nab ketaman…”
Shu yerda, Marina, dahshatli ish qildim: “Yo‘q”, – dedim. Mening hamma narsam bor, dedim. Marina, men faqat nafas olardim. Chunki o‘sha paytda menda hamma narsa bor edi: ajoyib mashina, hamrohim – malohatli, yosh, oliyhimmat, sochlari tillarang ayol… Biz yurmasdik, uchardik… Kutilmaganda un, yog‘? Qanday qilib shunday uchrashuvni o‘ldirardim? Keyin esa kech bo‘ldi. Marina, qasam ichaman, unga o‘n martalab aytgim keldi: “Ha, ha. Un, qand ham, yog‘ ham, hammasi kerak”. Chunki mening hech narsam yo‘q. Mutlaqo! “Unda sizni uyingizga olib borib qo‘yishga ruxsat bering, qayerda yashaysiz?” Marina, yana tuzatib bo‘lmas ish qildim: unga aytdim: “Shu yerda”. Pokrovkaning o‘rtasiga chiqdim. Kutilmaganda bir-birimizni quchdik. Kech kirib qoldi. Endi hammasi tugadi. Men uni qayerda yashashini bilmayman, u esa meni…
* * *
Ilk bor uchrashganimizdan buyon o‘n to‘qqiz yil o‘tibdi. Balmontni hech qachon, bir daqiqa ham kundalik tashvish bilan yashaganini ko‘rmaganman. O‘n to‘qqiz yillik muloqotdan so‘ng ham men Balmontga ko‘nikolmadim. O‘n to‘qqiz yillik ehtirom to‘lqinlari kamaymadi. Balmont huzurida o‘zingni doim oliymaqomda his etasan. Uning qarshisida men o‘zgacha kayfiyat va ishtaha bilan tanovul qilaman. Balmont bilan quritilgan non – haqiqiy non, kartoshka – moskvanikimi, klamarnikimi farqi yo‘q – to‘kin ziyofat.
Yoxud Balmont bor joyda oliy darajadagi mavjudlik mujassamdir.
Bu ilohiy titroqni faqat knyaz Volkonskiy va Balmont qarshisida tuyaman. Buni hatto go‘dak o‘g‘lim ham his etadi.
Bunga adabiyot zahmatining aloqasi yo‘q. Muhojirni adabiyotchilardan kami bormi?
Nihoyat, mening munosabatim ham o‘g‘lim uchun hech qanday rol o‘ynamaydi. Zamonaviy bola, ehtimol, barcha davrlar bolasi, sog‘lom bola uchun ota-ona namunasi… yaxshisi, davom ettirmayman. Yo‘q, na keksalik, na shon-shuhrat, na itoatkorlik mustaqil va anchayin gap uqmas bolani o‘zini dadil tutishga, savollarga tez va aniq javob berishga majbur qilolmaydi. Aksincha, kuch uning nomi, shaxsi, yuksakligi, ulug‘vorligidadir.
Balmontning shavkati haqidagi so‘zlar tez-tez qulog‘imga chalinadi, yaxshilar ham gapirishadi. Mish-mishlarni birinchi va oxirgi marta tilga olaman. Birinchidan, shoir hech kimning oldida savlat to‘kib o‘tirmaydi, qani – uning musavviri? Ikkinchidan, bunga hojat yo‘q: chunki u shunchalik ko‘zga yaqinki, iloji boricha odamlarning ko‘ziga tashlanmay o‘tib ketishni istaydi.
“Valeriy Bryussov bo‘lishni istamasdim” yoki “Umrim bo‘yi hamma qatori yashab o‘tishni xohlardim” – Boris Pasternak. Agar shoir savlat to‘ksa, uning aksi ham mavjud, ya’ni u sezilmaydi.
Ko‘p hollarda savlat o‘rnida shoir tabiatini qabul qilishadi, bu oddiy odamlar uchun g‘alati tuyuladi. Masalan, “en” va “in” tovushlarini Balmont dimog‘ida aytardi. Ha, Balmont ularni boshqacha talaffuz qilardi, bu tovushlar unda bo‘g‘iq yo‘lbarsnikiday jaranglardi. Yana uning qadam tashlashlari ham boshqalarnikiga o‘xshamasdi, o‘zgacha. Agar u so‘zlarni hamma qatori talaffuz etganida hayratlangan bo‘lardik. U esa eng oddiy so‘zni ham o‘zgartirmay, to‘liq va o‘ziga xos aytadi.
Bundan tashqari, janoblar, boshqalarga qaraganda shoirda qon kuchliroq tilga kiradi: ajdodlar. Bu itlarnikidan qolishmaydi. Litva buloqlari Balmont “savlati”dagi o‘ziga xoslikni ifodalaydi.
Boshni baland tutmoq? Biroq Yaratganning o‘zi uni ko‘tarib qo‘ygan. Yigirma yoshida mana bu satrlarni yozgan odam boshini itoatkorlik bilan egib yurolmaydi:
Ko‘raman, anglayman, titrayman pinhon,
Bilaman, qaylardan kelmoqda bo‘ron.
Gar o‘zga ko‘zlarga boqsam, nogahon
Yumib olajakdir ko‘zin begumon.
Shu yerdan Balmontning men hayotda ko‘rgan eng dovyurak qarashlari boshlanadi. Aniqrog‘i: qarashlar – she’rlar. Yana: fors shoiri kungaboqar tili bilan shunday deydi: “Kimdakim quyoshga tez-tez tikilsa, boshini hammavaqt baland tutadi”.
Yana bir narsa: savlat to‘kmoq – tabiatga zid. Balmontning tabiat haqidagi so‘zlari hayotidagi eng muhim va dahshatli daqiqalarida aytilgan.
Ikki yil burun. O‘sha – Klamar. Balmont ko‘rish qobiliyati zaiflashayotganidan aziyat chekardi: titrar, ko‘zlari miltillar, jimirlar… U qo‘limdan harflari yirik-yirik kitobni oldi.
– Andre Shene. Men bu uchrashuvni qachondan buyon orzu qilaman! Biroq noshir do‘stim 1830 yilda ko‘zlarimni hisobga olmadi.
Quyoshli kun. Daricham yonida turibmiz.
– Marina! Meni aqldan ozibdi dema! Agar ko‘r bo‘lib qolsam, buni qabul qilaman. Chunki bu – tabiat. Men hamisha uning qonuniyatlari bilan yashadim.
Men o‘zimning qizg‘in minnatdorchiligimni doktor Aleksandr Petrovich Prokopenkoga bildirmoqchiman. U Balmontni sadoqat, o‘zaro yaqinlik, samimiyat bilan davoladi, hayotining so‘nggi davrini nur bilan bezadi. Men sizlarni bir-biringizga tuhfa qilganimdan baxtliman.
Janoblar, men hali hech nima aytolmadim. Bu kechada ko‘z yummasdan tirik Balmont, sodiqligi, o‘n to‘qqiz yillik muloqot baxti, hech kim tushunolmagan va hech qayerda muhrlanmagan shoir haqida gapirishim mumkin edi. Unga atab esdalik daftar tutganman, barini yozib borganman, u minnatdorchilik tuyg‘ulariga limmo-lim.
So‘zimni eng muhim va zarur fikrlarim bilan tugallamoqchiman.
Balmontga yordam zarur.
Balmont – Xudo yorlaqagan shoir va juda katta zahmatkash.
Balmont – 35 ta kitob muallifi, ya’ni 3750 sahifalik bosma kitoblar. 20 ta nasriy kitoblar yaratdi, ular 5000 bosma sahifalarda, yana qanchasi – sandiqlarda.
Balmontning tarjimalari raqamlarda 10 000 dan oshiq sahifalarni tashkil etadi, bular – faqat chop etilganlari. Bundan tashqari, Balmont sandiqlari – (eski, mashhur, iztirobli) qo‘lyozmalardan titrab turadi, barcha qo‘lyozmalar tayyor.
Men uning bu so‘zlarini quloqlarim bilan eshitganman. Balmont o‘n sakkiz yoshidan, u tengilar o‘ynab-kulib, sevib-sevilib yurgan bir paytda lug‘atlar bilan do‘st tutindi. O‘n beshta lug‘atda o‘n beshta xalq yashardi. Rus tilshunosligini o‘zlashtirdi, uning xazinalarini boyitdi, barchaning umumbashariy minnatdorchiligiga musharraf bo‘ldi.
Agar shunday ulug‘ rus shoiri o‘z Vatanidan tashqarida qolib ketsa, qaytolmasa, buning ulkan uvoli muhojirlikka yoziladi, mabodo u shoir uchun qo‘lidan kelganini, undan ham ortig‘ini qilolmasa…
Balmontdan minnatdor bo‘lish – bizning birinchi vazifamiz, ko‘maklashish esa – har kimning o‘z vijdoniga havola…
Balmontga tabiat, odamlar bilan muloqot, o‘z xonasi bo‘lsa bas! – boshqa narsa kerak emas…
U – bemor, biroq Balmontligicha qoldi.
U har kuni yozuv stoliga o‘tiradi.
Agar hozir u haqda yozishsaydi, eng ajoyib kitoblardan biri yaratilgan bo‘lardi.
U kasal holida ham o‘tgan yilgi Pasxa nonushtasini esladi. Biz yetti yildirki, yelkama-elka notanish katta bog‘ ichidagi trubali uy cherkovida – yosh yaproqlar, yulduzlar ostida, qog‘ozli fonuslar bilan kutib olamiz. Balmont bularni qanday gapirganini hech qachon unutmayman.
So‘zimni tugatayotib, bir voqeani aytib o‘tmoqchiman. O‘tgan 1935 yil bahori. Balmontda kasallik boshlangan. Klamar. Men uning sog‘ligini bilgim keladi, ammo ichkariga kirishga botinolmayman, bor-yo‘g‘i chorak soat vaqtim bor, kirish mumkin – keyin chiqib ketolmaysan. Balmont hecham qo‘yib yubormaydi. Biznikiga bizdan sal olisda yashaydigan tanish xonim turmush o‘rtog‘i bilan kelgan edi. Undan faqatgina kirib, ayolidan Balmont ahvolini so‘rab chiqishni so‘radim. Xonim – bo‘lg‘usi shifokor ketgach, uning turmush o‘rtog‘i va iti bilan shoir uyiga bir qadam joyda – dalada kutayapman.
Turibmiz, kutayapmiz. O‘n daqiqa o‘tdi, o‘n besh, yigirma. Yarim soat o‘tdi hamki, – undan darak yo‘q.
– Men kirib ko‘ray-chi… Marina Ivanovna, marhamat qilib, itimga qarab turing. Men hozir! Uning ism-sharifi?
– Konstantin Dmitrovich.
Begona it bilan birga turibman. Kutayapmiz. O‘n daqiqa, o‘n besh, yigirma (men boradigan joylarimga kechikib bo‘ldim) – qirq daqiqa o‘tdi… xuddi ertakdagiday… bittasi ketdi, ortidan ikkinchisi, endi uchinchisi… Men itni qidiruvga jo‘natsammikan, deb o‘ylay boshladim. Yaxshi turibmiz, deb faqat tilda ayta olaman. It joyida tinch turolmaydi, sakraydi, otilib tizgindan chiqib ketaman, deydi. Kutilmaganda u qo‘limdan sirg‘alib chiqdi: egasining oldiga chopdi.
Uning ortidan yuguraman:
– Nima bo‘ldi, janoblar? Xudo haqqi! Nima bo‘ldi?
– Hech nima, Marina Ivanovna, hammasi joyida, u a’lo kayfiyatda.
– Uzoq qolib ketdingiz? Hamma ishlarimga kechikdim, qirq daqiqa o‘tdi.
Ikkalasi jo‘rovoz:
– Qirq daqiqa? Bo‘lishi mumkin emas! Kechiring, xudo haqqi! Sezmay qolibmiz! U bilan suhbatlashish shu qadar qiziqki, men hali hayotimda bunday odamni uchratmagandim. U mendan birdan so‘radi: “Siz sobiq ofitsermisiz?” – Men: “Qachonlardir bo‘lganman”. – “Men har bir jangchini hurmat qilaman, lekin urushni yomon ko‘raman”. Mendan urushdan keyin qayerda bo‘lganimni surishtirdi. Bulg‘oriyada, dedim. U bulg‘orlar haqida shunday so‘z boshladiki, hayratlanasiz. Umuman, yozma adabiyotimiz, hatto nasroniylik ham o‘sha tomonlardan kelgan, ajoyib xalq! U aytganidek, hamma xalqlar birdek ajoyib. Har bir xalq betakror va beqiyos. U menga nima uchun shundayligini tushuntirdi. Oddiy xalq … u – ajoyib! Agar u shunday bo‘lmaganida, u xalq emas, olomonga aylanardi.
Menga Bulg‘oriya haqidagi kitobni sovg‘a qildi – u meni bulg‘orday qabul qildi. Uning kitob javonlaridagi sarishtalikni ko‘rib, hayron qoldim, Marina Ivanovna! Shunday bordi-yu, xuddi tushmug‘i bilan ilganday oldi-qo‘ydi… shu yerda o‘zimni tutib turolmadim: “To‘g‘risi, Konstantin Dmitrovich, yozuvchilar hayotida tartib bo‘lmaydi, deb o‘ylagandim”. “Bu, oliyhimmat do‘stim, g‘iybatchilarning gapi, ularni madaniyatsiz va vijdonsiz odamlar tarqatadilar. Miya tiniq ishlashi uchun stol toza bo‘lishi kerak. Miyangda tiniqlik bo‘lsa, stoling ozoda turadi”. Ijodining ilk kunlaridan so‘z boshladi: zulmatdan taralgan nur va suv qattiqligi… Birinchi tartib. Bir yunon faylasufini esladi: sanoqlar va yulduzlar… Men falsafani chuqur bilmayman, lekin uni tushundim. Shoirlar faqat she’rdan gapirishni biladi, deb yurarkanman – qayoqda! Hamma narsani biladi, unda xuddi yuzta professor borday – yana qanaqa professorlar! Hammasi oddiy va zeriktirmaydi – har bir so‘zni ko‘zing bilan ko‘rasan (ayoliga qarab)… Albatta, bu tibbiyot ishi, mening tishim o‘tmaydi. (Marina Ivanovna, ayiqday soppa-sog‘man, hatto tishlarim og‘rimagan!) – biroq u sog‘lom fikrlaydi, hech qanday ruhiy kasallik yo‘q, xudoyim bizni ham keksayganimizda shunday tiniq aqldan ayirmasin.
Ayoli:
– Uning boshi chiroyli ekan! Dahliz qorong‘u, u xonaning bo‘sag‘asida to‘xtadi, yuzi ko‘rinmaydi, boshi atrofida yorug‘lik. Boshida men kirishni istamadim, siz aytganday, sekingina Yelena Konstantinovnani chaqirdim. Biz zinada turardik, shivirlashayapmiz. Kutilmaganda ovoz:
– Men notanish ovozni eshitayapman, ayol shiviri. Kim keldi?
Kirishga to‘g‘ri keldi. Tushuntiraman: Marina Ivanovna mendan qanday ahvolda ekanligingizni bilib chiqishni so‘radi, sizga nimadir kerakmi – u kelolmaydi…
U iltifot ko‘rsatdi:
– Ichkariga kiring, kiring, mehmonlar kelsa, xursand bo‘laman. Ayniqsa, Marinadan.
Qarshimdagi eshikni ochib, meni hurmat bilan xonaga taklif etdi…
U naqadar yosh! Ko‘zlari yosh, shaffof. Tik boqadi! U oq sariqdan kelgan, deb o‘yladim, faqat sal keyinroq soch-soqoli oqarganini payqadim, borlig‘ida allaqanday o‘ziga xoslik mavjud, soddalik va ayni paytda ulug‘vor. Yuragim tez urib ketdi, hozir ham shunday. Stoli shu qadar batartibki! Kitoblar, daftarlar – hammasi qat-qat terilgan, qalamlar tarashlangan, uchlangan. Siyohdon yarqiraydi, biron bir joyda keraksiz qog‘oz ko‘rmaysiz. Siz haqingizda: “Mening singlim bo‘lmagan. U – mening singlim.” Sizlar bilan birga Moskvada yashaganliklaringizni esladi. Siz kvartira kalitini yo‘qotib qo‘ygansiz, shunda u sizni bezovta qilmaslik uchun zinada tong ottirgan ekan.
U she’rlar o‘qidi – hayratomuz. Jodugar kampir, qo‘rqoqlar, Rossiya haqida… avval yoddan, keyin kitobdan. Men kitobni ko‘rmoqchi edim, u berdi. Harflar munchoqday terilgan! Hozirgina bosmadan chiqqanday.
U menga dastxat yozib berdi va sovg‘a qildi. Mana o‘sha kitob.
Daladamiz: bo‘lg‘usi shifokor ayol, sobiq ofitser, kulrang it va men – she’rlar o‘qidik. O‘zimizga kelganda, yana qirq daqiqa o‘tgan ekan.
Janoblar, yillar o‘tadi. Balmont – adabiyot, adabiyot esa – tarix.
Rus muhojirligida yuvib bo‘lmas dog‘ qolmasin: loqaydlik, xuddi shu narsa kasalmand ulug‘ shoirni aziyat chekishiga yo‘l qo‘ymoqda.
Rus tilidan Oygul Suyundiqova tarjimasi

