Lion Feyxtvanger. Doktor B. kashfiyoti (hikoya)

Fiziolog doktor B. o‘z hamkasblari orasida katta mavqega ega edi. Tadqiqotlarining puxtaligi va xulosalarining beg‘arazligini bilganlar tomonidan ayniqsa juda qadrlanardi, bundan quvongan B. ko‘ngli qanchalik sust ketmasin, erishgan natijalarini sinchkovlik bilan qayta-qayta tekshirib, nazaridan o‘tkazishni qo‘ymasdi. Har qanday boshqa odam bunday iqtidor va mehnat bilan katta amaldor bo‘lib ketardi. U esa kamtargina lavozimda, ko‘pdan beri universitetning kichik bir kafedrasini boshqarardi. Buning asosiy sababi esa olimning ignadek sanchiladigan, yoqimsiz, injiq fe’lida edi. Indamas, ichimdagini top atvori suv ichgan chashmalarni uning zerikarli-zaharxanda, ajabtovur qiyofasidan izlash joizdir, balki. Qiziq-da, ojizgina kichik gavdadan kattakon soqolli kalla ko‘zlarini lo‘q qilib tikilib tursa. Hamkasblari ham ko‘pincha u bilan yuzma-yuz muloqotdan qochardi. Doktor sovuq muomalasi bilan, ba’zan ularni xush ko‘rmasligini o‘zi anglamagan holda, ochiq bilintirib qo‘yardi. Odatda ular bilan faqat kasbga aloqador mavzularda suhbatlashar, agar biror fikr bildiradigan bo‘lsa ham, u qat’iy oyoq tirab olib o‘zinikini ma’qullardi.
B. sochiga oq oralab, yoshi o‘tinqirab qolganda, avom xalqdan chiqqan restoran xizmatchisi bo‘lgan ayolga uylandi va ma’ruzalar oralig‘ida ayolning huzurida biror yegulikni shosha-pisha tamaddi qilishga ko‘nikdi. E’tirof etish kerakki, u hurmatli kishilar muhitiga nisbatan, xizmatchi ayolining huzurida o‘zini erkinroq his qilishini hech kimdan yashirmasdi. B. shu tarzda tinchgina ellik yoshga to‘lib, undan oshdi ham. Qolgan umrini ham endi odamlar ko‘zidan panada betashvish yashash va oxirat safariga ham shu tarzda ravona bo‘lish, sermulohaza B.ning ezgu orzusi bo‘lishi kerakdek tuyulardi nazarida.
Nogahon tarqalgan mish-mishdan odamlar hayron bo‘ldi, go‘yoki professor kurrai zamin hayotiga ta’sir eta oluvchi olamshumul kashfiyot yaratganmish… Bu ovoza qayerdan paydo bo‘ldi o‘zi? Aniqlash qiyin. Og‘zi metin olim yaratayotgan kashfiyoti haqida qo‘l ostidagilarga biror narsa deyishi yoki ishora qilish ehtimoli xayolga ham kelmasdi. Ammo hatto noxolis muhiblarining tan olishicha, uning tomonidan kichik ishora ham, kibrga berilgan ba’zi bir erkak olimlarning akademik xabarnoma yoki shu kabi ilmiy nashrlardagi maqtanchoq iddaolaridan ham ishonchliroq emish. Agar mish-mishlarga quloq solinsa, professor B. tirik inson miya faoliyatini nazorat qilishga imkon beruvchi uskuna yasagan va odamning aqliy qobiliyatini tajriba orqali o‘lchash imkoniyatini topgan, asbobining nomini intellektofotometr deb atagan emish.
Doktor B.ning kashfiyoti haqida avval tibbiy, so‘ngra esa boshqa sohalarning turli rangdagi gazetalari yoza boshladi. Ko‘pgina taniqli siyosiy arboblar, sanoatchi va ilm peshvolari intellektofotometr haqidagi matbuot xabarlarini xavotir bilan o‘qidilar. Yozuvchi, rassom va artist kabi boshqa ijod ahli bu xabarlarni beparvolik bilan kuzatishdi, chunki o‘sha davrning odatiga ko‘ra, ulardan faqat “ijodiy ibtido” deb nomlanuvchi qandaydir sirli xayoliy tuyg‘u talab etilardi xolos. Bu tuyg‘u esa aniqki, hech bir ta’rifga bo‘ysunmaydi yoki umuman aqliy faoliyat bilan bog‘liqligi shubhaliga o‘xshaydi.
O‘jar professor sukut saqlab vaziyatni ziyraklik bilan kuzatdi. Balki ushbu jimlik sababli intellektofotometr haqidagi mish-mishlar bolalab, uning atrofidagi qizg‘in bahslarga bahona bo‘lgandir. Va, nihoyat ular qo‘ng‘izmo‘ylovning qulog‘igacha yetib bordi.
Qo‘ng‘izmo‘ylov B.ni huzuriga chaqirdi. Olim uni o‘zicha iste’dodli, lekin nodon odam deb hisoblar, zehni amal o‘rindig‘ida ko‘p o‘tirgani sababli aziyat chekkan deb o‘ylardi. Faylasuflarning mutlaq hokimiyat inson aqlini xira torttirib qo‘yadi degan aqidasiga professor astoydil ishonardi. Mana jussasi ushoqdek, har doimgidek soqol qo‘ygan odmi olim, qiyofasi mamlakatning ramziga aylanib ulgurgan amaldorning tob­lanib qoraygan chehrasi qarshisida turibdi. Qo‘ng‘izmo‘ylov odamlar bilan muloqotda o‘zini ulug‘vor rasmiyatchilik bilan tutishga o‘rganib qolgan. Ammo hozir u badqovoq bu pakanaga nisbatan bunday yondashuv noto‘g‘ri ekanligini darrov angladi. Chunki unda suhbatdoshning nozik ruhiyatini anglash va o‘ziga moyil qilish iqtidori bor edi va u doimo odamlar davrasida o‘zini kamtar va samimiy tuta olardi. To‘g‘ri, shu onda, u bunga qanchalik erisha oldi, lekin pakana mamnuniyat bilan bu intilishni sezib ichidan quvondi.
– Odamlar ishonyaptilarmi, – kinoyasiz gap boshladi mo‘ylov, – siz rostdan ham uskuna yordamida insonning aqliy qobiliyatini aniqlab, darajasini o‘lchay olasizmi? – Ulkan yozuv stoli atrofida o‘tirgan sersavlat janobning yoqimli jilmayishi aks etgan lablaridan so‘zlar qushdek yengil uchardi. – Rostdan ham shundaymi? – shunchaki so‘radi u.
Professor B. ham shunchaki javob berdi:
– Ha, shunday.
Tabiiyki, boshidanoq mo‘ylovning shuurini olimga nisbatan ishonchsizlik qamrab olgandi. Mutaxassislarning uning ish stolida yotgan xulosalari, garchi ezmalik bilan tushunarsiz tilda mujmal yozilgan bo‘lsa ham, biror narsani na tasdiqlardi yoki inkor etardi. Xuddi shuning uchun ham B.ning sovuqqon, yoqimsiz ohangi uning shubhalarini tumandek tarqatib yubordi.
– Sizning kashfiyotingiz, – dedi u ta’kidlab, – davlat va ayniqsa, millatning gullab yashnashi uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Professor indamadi, aftidan, bu e’tirofni o‘ta siyqasi chiqqan hisoblab, unga ahamiyat berishni lozim topmadi. Mo‘ylov bu dengiz tip­ratikani bilan suhbatlashish oson emasligini sezdi va tezroq maqsadga ko‘cha qoldi:
– Men sizga yuboradigan odamlarning aqliy darajasi haqida, barchaga tushunarli shaklda xulosa qilib bera olasizmi? – dedi beparvolik bilan quruqqina qilib.
– Bera olaman, – deb javob berdi professor.
– Avvaldan aytmoqchi edimki, – davom etdi mo‘ylov, – anglashilmovchilik bo‘lmasligi uchun men masalani qanday tushunishimni sizga yetkazmoqchi edim.
– Marhamat, – dedi professor.
– Aql-zakovat deganda shuni tushunamanki, – dedi mo‘ylov. Shu tobda u, zarur so‘zlarni topolmay, fikridan adashib sukutda qiynalayotgan maktab o‘quvchisiga o‘xshardi. – Aql-zakovat deganda, men sabab-oqibat alomatiga ko‘ra voqelikni baholash qobiliyatini tushunaman, – fikrini tugatdi yasama sipolik bilan.
– Bu eng ma’qul ta’rif, – dedi professor. Maqtovdan bilag‘on qo‘ng‘izmo‘ylov og‘zining suvi qochdi. Ikkovlon ko‘ngillari bir-birlaridan o‘zaro to‘lishib xayrlashdilar.
Lekin shu palladan boshlab professor qayerda hozir bo‘lmasin, uning yaqinida qozonqalpoq kiygan g‘alati shaxslar paydo bo‘lardi. Ular mavjudliklarini tirishqoqlik bilan qanchalik yashirishga urinmasinlar, hatto murg‘ak bolalar ham ularni “Xayrli kun, janob maxfiy agent” deb olqishlay boshlardilar. Professor uchun bu kishilar ermakdek gap, uni ovuntirardi. Xotinidan boshqa, yana mana shulargina professorning ularga qay darajada xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lganini tasdiqlashlari mumkin, xolos.
Mo‘ylovning istagiga ko‘ra, tez orada professorning laboratoriyasida tekshiruvdan o‘tishi lozim bo‘lgan janoblar paydo bo‘la boshladi. Amaliyotning o‘zi qisqa va og‘riqsiz bo‘lsa-da, hech kimga xavotirdan boshqa tuyg‘u keltirmasdi. Ikki hafta mobaynida mo‘ylov professor oldiga yetti kishini jo‘natdi. Professor xotirjamlik bilan o‘z vazifasini bajardi, formulalar va ularga qisqa va aniq izohlar yozdi. Olti tahlilning xulosalari to‘g‘ri tuzildi, ammo yettinchisi professor tomonidan ataylab o‘zgartirildi. Bir oy o‘tgach qo‘ng‘izmo‘ylov huzuriga professorni ikkinchi marotaba chaqirdi. Bu gal rasmiy qabul dabdabali o‘tdi. Qovog‘i soliq pakana saroyning asosiy zinasidan qo‘ng‘izmo‘ylov gvardiyachilarining tantanavor olqishlari ostida ko‘tarildi. Ko‘plab kinooperatorlar professorning har bir qadamini diqqat bilan suratga olardi. Ma’lum vaqt mo‘ylov va professor o‘zaro yolg‘iz qoldilar. Suratchilardan hech kim ularni bezovta qilmadi. Mo‘ylovning ko‘ngli shod edi. U huzurlanib baland ovozda, mug‘ombirlik bilan so‘radi:
– Professor! Yettinchi raqamli tahlil natijalari bilan meni aldash sizga nima uchun zarur bo‘lib qoldi? – u shunday deb mamnun kuldi. Professorning ham lablarida tabassum alomatlari mujassam edi.
Gazetalar qabul marosimini matbuotda dabdaba bilan keng yoritdilar. Ularda shaxsan qo‘ng‘izmo‘ylovning professor B.ning tadqiqotlariga katta qiziqish bildirayotganligi e’lon qilindi va buyuk olim faoliyatini davlat monopoliyasi deb e’lon qilish haqida hukumat qarori chiqdi. Chunki u davlat uchun ulkan amaliy qimmatga ega edi.
Fiziolog poytaxtda shinamgina uy va mukammal jihozlangan laboratoriya bilan ta’minlandi. Maorif vaziri o‘zining eng zo‘r maqtovlaridan so‘ng, B.ning faoliyati davlat uchun qay darajada muhimligini hisobga olib aytish mumkinki, uni vazirlikning ruxsatisiz poytaxtdan chiqarmaslik zarur, deb jar soldi. Professorning atrofidagi qozonqalpoqlarning soni yana ikki hissa oshdi. Aslida uning mehnati mashaqqatli emasdi. Mo‘ylovning topshirig‘iga ko‘ra, vaqti-vaqti bilan aql-idroki tekshirilishi kerak bo‘lgan shaxslar kelib qolardi. Tahlillardan qanday foydalanilishi na professorga va na boshqasiga ma’lum edi. “Professor B.ga jo‘natish” – mamlakatda sevimli iboraga aylanib qoldi. Istakka ko‘ra undan ba’zan hazil, ba’zan ogohlantirish ma’nosida foydalanadigan bo‘ldilar.
Birin-ketin ikki yil o‘tdi. Qo‘ng‘izning davlat ishlarida borgan sari uquvi oshdi, belgi va alomatlarni mahorat bilan boshqarishga o‘rganib, kurrai zaminda bu vazifani mohir bajaruvchi ikki kishidan biriga aylandi. U mukammal qurolli kuchlarni tashkil etdi. A’lo darajadagi politsiya va boshqa muhim ma’muriy lavozimlarni yillar mobaynida sadoqatini namoyish etgan tarafdorlari bilan to‘ldirildi. Endi u erishilgan yutuqlarga qarab, burchimni yaxshi bajardim deb o‘zini xotirjam his qila olardi. Ammo u tunlari yomon uxlar, chunki hammasi hali o‘zi orzu qilganidek tashkil etilmaganini o‘ylardi. Faqat tarafdorlarigina farovon turmush kechirayotganidan qiynalardi. U esa avvalambor, mamlakatning butun aholisiga yaxshi bo‘lishini istagandi.
Mo‘ylov olimni yana ham tez-tez yo‘qlaydigan bo‘ldi. Garchi o‘ziga oson bo‘lmasa-da, u bilan samimiy muloqot qilishga intildi. Ko‘pincha u professor huzuridagina bemalol kulardi. Amal toblagan qiyofasini biladiganlarni istisno qilganda, hech kim bu odamning bunday go‘zal kula olishini tasavvur eta olmasdi. Professor ham unga qo‘shilib kulardi. Balki ba’zan suhbatlariga yashirincha quloq soluvchi qozonqalpoq janob­lar ham shunday damlarda qayerdadir mazza qilib kulishgandir.
Ikkinchi yilning oxiridagi kunlarning birida, xonadonidagi tushlik chog‘i, professor biroz sukunatdan so‘ng g‘amgin istehzo va yarim hazil aralash mo‘ylovdan so‘rab qoldi:
– To‘g‘risini ayting-chi, sizga mendan nima kerak o‘zi? Mana ikki yildirki hammangiz atrofimda aylanasiz.
Bu gap mo‘ylovga yoqmay xo‘mraydi… Biror boshqa mulozimi bo‘lsami, jahldan qoraygan qiyofasidan ne ko‘yga tushardi… Ammo mo‘ylov o‘zini tutdi, sir boy bermay yana asliga qaytdi. Uchinchi yili, professor ayolini uzoq kurortga jo‘natgan yoz oqshomlaridan birida, mo‘ylov so‘rab qoldi:
– Mening ham aql-idrokimni tahlil qilib ko‘rmaysizmi?
Professorning yuzi matodek oqarib ketdi.
– Demak, ish shu darajagacha yetib kelibdi-da? – dedi u o‘ychan.
– Yoki tahlilning natijasini ko‘rishni xohlamaysizmi? – so‘radi qo‘ng‘iz.
– Yo‘q, istamayman, – javob berdi professor.
Mo‘ylov olimga avval uni hech qachon ko‘rmagan va u bilan yurakdan suhbatlashmagandek, uzoq va samimiy tikildi…
– Siz biroz firibgarlik bilan natijalarni soxtalashtirishingiz mumkin, – deya kuldi. Ko‘zlari esa professorga ko‘tarinki ohangda, ishonch bilan boqardi.
– O‘ylaymanki, bu gap ortiqcha, janob, soxtalashtirishga hojat yo‘q. Meni osongina fosh qilishingiz mumkin, – kulimsirab e’tiroz bildirdi olim, yirik sariq tishlarini ko‘rsatib.
Nihoyat, professor mo‘ylovning o‘zi juda xohlagan tahlilni amalga oshirdi. Bu tadbir ko‘p vaqt talab qilmadi va egasini ham uzoq toliqtirmadi. Ammo olim keyin xotirlar ekan, jarayon unga uzoq davom etgandek, aslida inson umriga tatigudek soniyalarda vujudi bir necha bor yosharib, yana qayta keksaygandek tuyulganini aytdi. Professor o‘lchovni o‘tkazarkan, eng asosiy mezonlar haqida xayollarga berildi. Raqamli ifodalarni qog‘oz varag‘iga o‘z qo‘li bilan tez-tez yozdi. Mo‘ylov bu formulalarni ko‘p marotaba ko‘rgan. Ularni yaxshi taniydi, jami yigirma uchta va ularni mayda harf va raqamlar bilan tushunarli tilda yozilishini biladi.
Professor oxirgi ifodani yozib varaqni mo‘ylovga uzatdi. U: “Rahmat sizga” deya, varaqni buklab konvertga soldi va yelimladi-da, olimning qo‘lini samimiy siqib ketdi. Qo‘ng‘izmo‘ylov ketgach, professor o‘zini yomon his qila boshladi. Xuddi tushkunlik dardiga mubtalo bo‘lgan bemordek, zildek oyoqlarini yerdan uzolmadi, ularning titrashini aytmaysizmi. Ammo bir joyda o‘tira olmadi ham. Laboratoriyada aylandi, ko‘ngli yomon bir narsani sezgandek, asbob-uskunalarini siladi, uy va bog‘ini gir aylanib chiqdi. Qabuliga kelgan mijozlaridan tezroq qutilishga intilgan odatdagi injiq fe’l odamga sira ham o‘xshamasdi. Negaki uyi ham, bog‘i ham nihoyatda ulkan va eng qizig‘i, bo‘m-bo‘sh tuyuldi. U xotini, yordamchilariga qo‘ng‘iroq qilishga urinib ko‘rdi. Ammo hech kim bilan telefonda ulana olmadi. Aslida shunday bo‘lishini o‘zi ham kutgandi. Shu damda qozonqalpoq janoblardan biri bilan bo‘lsa ham dildan suhbatlashishga rozi edi. Ammo, go‘yo atay qilgandek ulardan birortasining bugun qorasi ko‘rinmadi. Nihoyat, u o‘zining sobiq ilmiy xizmatchisini izlab topdi. Professorga qo‘li ostida yigirma yil ishlagan qadrdoniga oid barcha tafsilotlar: uning qon tarkibi, buyrak va hatto yuragining ahvoligacha ma’lum edi. Lekin bugun u birinchi marotaba qariya yordamchisining ichki dunyosi bilan qiziqdi. Uning ruhiy olami: xudo, oxirat haqidagi fikr­larini so‘radi. Ma’lum bo‘ldiki, laboratoriya xizmatchisi bularga katta ahamiyat berar ekan.
– Men e’tiqod uchun yaratilgan insonman, – dedi u o‘zi haqida. Bu so‘zlar professorga yoqdi va ularning oqilona va samimiy ekanligiga ishondi.
U pastga, bog‘ga olib tushuvchi ayvonda o‘tirardi. Ko‘ngildagi bezovtalik birpasda o‘tib ketdi. “Ko‘chani yana bir marta sayr qilib, aylansam yaxshi bo‘lardi, – xayolidan o‘tdi, – ammo zumda qozonqalpoqlilar paydo bo‘ladi-da”, – bu damda ularning sovuq basharalarini ko‘rish istagi yo‘q edi va joyidan jilmadi. U keyingi paytlarda o‘zining yonida bo‘lganlar – xotini, yordamchilari haqida ko‘p o‘ylar va barchasidan rozi, hamfikr edi. U hatto mo‘ylovning faoliyatini ham ma’qullardi. Inson vaziyatning quli va shu sababli u turlicha harakatlar qilishga majbur bo‘ladi. Ehtimol, o‘z hokimiyatini mustahkamlash yo‘lida mening yordamimdan foydalangani ortiqcha bo‘lgandir, deb o‘yladi professor.
U xotini uyiga qaytishga, yordamchilari bilan gaplashishga ham ulgurmagan o‘sha oqshomda mazasi qochib kasal bo‘lib qoldi. Tonggi gazetalar jiddiy kasallik haqida, kunduzgilari esa o‘ta og‘ir ahvoldan xabar berdilar. Keyingi kuni ertalab, xotinining kurortdan qaytishini kutmasdanoq professor bandalikni bajo keltirdi. Mo‘ylov bemorning holidan xabar olib, har soatda ahvolini tez-tez surishtirib turgandi. Buyuk olimning dafn marosimi tadbirlari hukumat hisobidan katta dabdaba bilan amalga oshirildi. Oradan ikki hafta o‘tgach, butun mamlakat qo‘ng‘izmo‘ylov hokimiyat tepasiga kelganining o‘n yilligini nishonladi.
Bu kun qo‘ng‘izmo‘ylov uchun buyuk iftixor kuni edi. Lekin g‘animlari haqli ravishda undan qattiq nafratlandilar. Chunki u dushmanlarining o‘z maqsadlariga yetishlariga hech qanday umid qoldirmagandi. Ko‘plar esa bugun uning tarafdori bo‘la olish imkonini uzil-kesil yo‘qotganliklari uchungina undan nafratlanardilar. Chunki mo‘ylov o‘z tarafdorlarining ko‘payish yo‘llarini to‘sdi. Aks holda bunday ulkan oqimga g‘amxo‘rlik qilishni hatto u ham eplolmay qolardi.
Ilgari qo‘ng‘iz bunday dabdabali tantanalarni juda sevardi. Bayramlar unga dalda berar, o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada oshirardi. Bugun esa bundan faqat yengil betoqatlik his etdi xolos, tantanalar uning uchun siyosiy vositaga aylangan va qalbida kechayotgan tug‘yonlarga hech qanday erk berolmasdi. Tushlikdan keyingi qisqa dam olish daqiqalarigina unga xush yoqar, chunki bu damlarda o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolardi. Bu vaqtning ham bir qismini u murabbiyi bilan gimnastikaga bag‘ishlardi. Massajdan so‘ng esa, bor anjomi kushetka, yozuv stoli va kreslodan iborat, ostonasini kotibidan boshqa hech kim hatlab o‘tolmaydigan kichik salqin xonada yotib, biroz dam olardi.
Kushetkada uning horg‘in vujudi og‘ir aqliy mehnatdan bo‘shashgandek shirin orom olar, tanasidagi yoqimli jismoniy og‘riqlar ruhiy zo‘riqishdan yuz marta afzaldek asablarini tinchlantirardi. Uzoqdan qulog‘iga ulkan maydonda askarlarni qasamyod uchun safga tizayotgan zobitlarning bo‘g‘iq buyruq ovozlari chalindi. Yigirma ikki daqiqadan so‘ng u balkondan nutq so‘zlashi kerak. Lekin nima haqida gapirishini o‘zi ham hali aniq bilmaydi, faqat mahorat bilan so‘zlay olishini va xalq radiokarnay ostida nafasini ichiga yutib uni tinglashini biladi, xolos.
O‘rnidan turib, hammom xalatida stol yaqiniga keldi. Qulfli tortmada faqat o‘zi uchun ahamiyatli bo‘lgan ming xil mayda-chuyda, suvenir, bir nechta xat, eski fotosurat va mundirdan o‘q yulib o‘tgan tugma yotardi. Bu osori-atiqalarni u juda avaylar, qo‘liga olib lazzatlanardi, o‘tmish bilan bog‘lab turgan sog‘inchdan o‘zini ruhan yanada kuchliroq sezardi. U kalitni olib stolning g‘aladonini ochdi. Ichidan yashirin kalitni olib, ikkinchisini ochdi va so‘nggi tortmadan yelimlab so‘rg‘ichlangan, o‘n to‘rt kundan beri egasini kutib charchagan konvertni oldi. Uning ichidagi qog‘ozda nima yozilganini taxmin qildi. Ehtimol, shuning uchun ham oyoqlari uni stol oldiga olib kelgandir. Bir necha daqiqa marhum professorning xulosalari bandi qilingan konvertni ushlab turdi. Keyin qaychini qo‘liga oldi. Konvertda nima yozilgan ekan-a, juda ko‘rgisi keldi. Donolik va manfaat, bu to‘g‘rida qandaydir nazariyalar bor edi shekilli. Marhum professor bu haqda nimalarnidir bilardi. Bir necha bor o‘ziga ishoralar qilganini esladi. Balki marhum B. hayot bo‘lganida uni majburlab bo‘lsa ham, bu haqda ko‘proq narsa bilib olish mumkin bo‘lardi. Qo‘ng‘izmo‘ylov aqlsiz odam emasdi, professor ham uni iqtidorsiz deb o‘ylamasdi. Faqat tarixiy zaruriyatgina uning bo‘yniga yo‘lboshchilik tashvishlarini yuklab qo‘ygandi xolos. Amal esa odamni ahmoqqa aylantiradi. Agar hokimiyat kishisi bo‘lmaganda, balki u buyuk inson bo‘larmidi. Pastdan olomonning besabr shovqini eshitildi. Mo‘ylov kiyinishi lozim, o‘n to‘rt daqiqadan so‘ng xalqqa murojaat qiladi. Agar konvertdagi haqiqatni bilsa, kayfiyati buziladi, yaxshi nutq so‘zlolmaydi. U qaychini chetga surib qo‘ydi, konvertni ham ochmay, ichidagi yozuvlari bilan birga burda-burda qilib tashladi va katta qabullar zali osha balkonga o‘tib nutqqa hozirlandi.

Rus tilidan Yorqin Inog‘omov tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 8-son