Bizning hovlimizda yoshini yashab, oshini oshagan, munkillagan bir chol umrguzaronlik qilardi. Qariyaning ismi Pimen Timofeich bo‘lib, aftidan, to‘qsonni qoralagan edi. Chol nevarasining uyida istiqomat qilar, yoshi bir joyga borib qolgani bois qo‘lidan hech bir ish kelmasdi. Qariyaning gavdasi biroz oldinga egilgan, u hassasiga tayanib, o‘ziga bir umr beminnat xizmat qilgan oyoqlarini zo‘rg‘a bosib yurardi. Tishlari butkul to‘kilgan, yuzlarini qo‘ng‘ir-qoramtir ajinlar batamom qoplagandi.
Chol yurayotganda pastki lablari tamshanib titrar, gapirayotganida nimanidir g‘o‘ldirar, nima deyayotganini hech kim anglab yetmasdi. Bizning oilamizda to‘rt o‘g‘il yashar, hammamiz ham o‘g‘il bo‘lganimiz uchun otda sayr qilishni xush ko‘rardik. Lekin otxonamizda bizbop yuvosh to‘riq yo‘q edi. Biz, bolakaylar faqat bitta ot – Qari yo‘rg‘aga minishimiz mumkin. Bir kuni onam bizga o‘sha Qari yo‘rg‘ada sayr qilishga ijozat berdi. Xursand bo‘lib, tog‘am boshchiligida otxonaga yo‘l oldik. Otboqar otni egarlab berdi, Qari yo‘rg‘aga birinchi bo‘lib katta akam o‘tirdi.
Akam otda uzoq sayr qildi, don ombori yonidan o‘tib, chorbog‘imizni aylanib chiqdi va bizning yonimizga yaqinlashdi. O‘shanda biz, bolakaylar birvarakayiga qiyqirdik:
– Endi men, endi men!
Katta akam ot jonivorni beayov qamchilar, oyoqlari bilan biqiniga niqtardi. Ot bechora og‘riqlar zarbidan yo‘rg‘alab, yonimizdan ildam o‘tib ketdi. Katta akamdan so‘ng otga ikkinchi akam o‘tirdi, u ham otni rosa qiynadi. Yo‘rg‘ani qamchilab, tepaga haydab chiqdi. U otni yana biroz haydash ilinjida edi, ammo kenja akam bunga ko‘nmadi. U otni yo‘rg‘alatib, avval don ombori atrofida, keyin bog‘da va so‘ngra qishloqda rosa sayr qildi. Akam bizga yaqinlashganida bechora to‘riq rosa pishqirar, bo‘yni va o‘mrovi qora terga botgan edi.
Otda sayr qilish gali menga kelganda, men akalarimni hayratga solish, epchil chavandozligimni ko‘rsatish ilinjida Qari yo‘rg‘ani bor kuchim bilan savalay ketdim. Lekin qirchang‘i charchaganidan zo‘rg‘a qadam bosar, tez-tez ortiga qarab qo‘yardi. Otning bu qilig‘idan jahlim chiqib, uni yanayam qattiqroq savalardim. Otni tinimsiz qamchilar, ayniqsa, jonivorning og‘riydigan joylariga ko‘proq tushirardim, hatto uning boshi ham bu zarblardan quruq qolmadi.
Qari yo‘rg‘a menga hech bo‘ysunmas, oyoqlarida zo‘rg‘a turardi. Shunda men otni ortga burib, tog‘amning yoniga keldim va undan qattiqroq xipchin berishini talab qildim. Tog‘am bo‘lsa:
– Endi sayrni bas qilsak ham bo‘ladi, taqsir! Qani, marhamat qilib otdan tushsinlar. Axir, ot bechorani buncha qiynamang-da! – dedi.
Men esa o‘zimni xafa bo‘lgan ko‘rsatib:
– Axir, men hali otda sayr qilmadim-ku! Qarang, tog‘a, men hozir otni choptiraman. Menga baquvvatroq xipchin bersangiz bo‘ldi. Bu otni shunday choptirayki! – dedim qizishib.
Tog‘am boshini chayqab javob berdi:
– Eh, taqsir, sizda rahm-shafqat yo‘q! Bu otning nimasini choptirasiz? Uning yoshi yigirmada bo‘lsa! Ot bechora charchagan, zo‘rg‘a nafas olayapti. Bu ot qo‘shnimiz Pimen Timofeichday qartaygan bo‘lsa, yaxshisi, cholni minib, xipchin bilan savalay qoling, taqsir. Nima, cholga rahmingiz kelmaydimi?
Hamsoyamiz Pimen Timofeichni esladim, tog‘amning yurakdan aytilgan so‘zlari meni chuqur o‘yga toldirdi.
Qari yo‘rg‘adan tushib, otga qaradim. Otning biqinlari rosa terlagan, o‘zi bo‘lsa harsillab nafas olayotgan edi. O‘sha damda otga juda rahmim kelib ketdi. Men Qari yo‘rg‘aning terlagan bo‘yni va peshonasidan o‘pib, uni qamchilaganim uchun jonivordan kechirim so‘radim.
O‘sha voqeadan buyon ko‘p suvlar oqib o‘tdi. Men doimo Qari yo‘rg‘a va Pimen Timofeichni eslab turaman. Ayniqsa, otlarni qiynayotgan insonlarni ko‘rganimda, o‘sha ot va qariya ko‘z oldimda butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi.
Rus tilidan Rahmat To‘la tarjimasi