Lev Tolstoy. Iblis (qissa)

“Lekin men sizga aytaman: kim bir ayolga shahvat nazari bilan qarasa ham, allaqachon ko‘nglida u bilan zino qilgan bo‘ladi.
Agar sening o‘ng ko‘zing gunoh qilishingga sabab bo‘lsa, uni sug‘urib tashla. Chunki butun badaning jahannamga tashlanishidan ko‘ra, a’zo­yingdan birining nobud bo‘lgani sen uchun yaxshiroqdir.
Agar sening o‘ng qo‘ling gunoh qilishingga sabab bo‘lsa, uni chopib tashla. Chunki butun badaning jahannamga yo‘liqishidan ko‘ra, a’zo­yingdan birining nobud bo‘lgani sen uchun yaxshiroqdir”. (Injil, Motto – V: 28, 29,30)

I

Evgeniy Irtenevni oldinda katta amal-martabalar kutardi. Buning uchun qancha fazilat zarur bo‘lsa, bari unda bekam-ko‘st ham edi. Irtenev oilasida juda ajoyib tarbiya ko‘rgan, Peterburg universitetini yakunlab, yurist diplomini olgan, yaqinda qazo qilgan otasi sabab aslzodalar davrasida ancha-muncha tanish orttirgan, bundan tashqari ministrlikda shaxsan ministrning himoyatida xizmatni ham boshlab yuborgan edi. Yana kattagina yer-mulki ham bor edi-yu, ammo bu yer-mulk sal shubhali edi. Otasi onasi bilan birga umrini aksar chet elda va Peterburgda o‘tkazar, ikki o‘g‘li – Yevgeniy va uning kavalergarddagi akasi Andreyga har yili olti ming rubldan cho‘ntak puli berib turardi. U faqat yozda ikki oyga yer-mulkiga kelar, shunda ham xo‘jalik ishlariga bosh qo‘shmas, barcha vakolatni kelgindi ishboshiga topshirib qo‘ygan, ishboshi esa xo‘jalikni o‘z holiga tashlab qo‘ygan-u, ammo xo‘jayin unga batamom ishonardi.
Otalari vafotidan so‘ng aka-uka o‘rtasida meros taqsimlanadigan bo‘lganda marhumning shu qadar ko‘p qarzlari borligi yuzaga chiqdiki, marhumning ishonchli vakili oxiri ularga buvilarining yuz ming rubl turadigan yer-mulkini saqlab qolib, merosning boshqa qismidan butunday voz kechishni maslahat berdi. Ammo keksa Irtenevga bergan nasiya pulini so‘roqlab, qo‘lida veksel bilan kelgan qo‘shni pomeshchik, garchi qarzlar ko‘p bo‘lsa-da, kattakon yer-mulkni saqlab qolish va oyoqqa turg‘izish mumkinligidan so‘z ochib qoldi. Uning fikricha, o‘rmonni va bo‘sh yotgan taqir yerlarni sotib, asosiy serdaromad joy – Semyonovskiyni to‘rt ming desyatina unumdor qora tuprog‘i, shakar zavodi va ikki yuz desyatina yaylovi bilan saqlab qolinsa, o‘z hayotini shu ishga bag‘ishlab, qishloqqa ko‘chib kelinsa-da, aql va tadbir bilan xo‘jayinlik qilinsa, kifoya emish.
Evgeniy bahorda yer-mulkiga keldi-yu (otasi qishda – ro‘zada qazo qilgandi), uni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirgach, xizmatidan iste’fo berishga, qishloqqa onasi bilan ko‘chib kelib, asosiy yer-mulkni saqlab qolish uchun xo‘jalik bilan shug‘ullanishga qaror qildi.
O‘zi ko‘pam do‘st-inoq bo‘lmagan akasi bilan esa quyidagi bitimga keldi: unga har yili to‘rt ming rubldan pul berib turadi yoki biryo‘la sakson ming rubl to‘laydi, akasi esa buning evaziga merosdagi ulushidan voz kechadi.
U, rostdan ham, qishloqqa ko‘chib keldi-da, onasi bilan keng-mo‘l uyga joylashib, xo‘jalik ishlari bilan qizg‘in, ayni chog‘da ehtiyotkor shug‘ullana boshladi.
Odamlar qarilarni konservator, yoshlarni esa novator bo‘ladi, deb hisoblashadi. Vaholanki, bu mutlaqo noto‘g‘ri fikr. Aslida, qarilar emas, yoshlar konservator bo‘ladi. Ular yashashni juda xohlaydi-yu, ammo qanday yashashni mulohaza qilmaydi yoki bunga vaqti ham bo‘lmaydi. Shuning uchun odamlar ulargacha qanday yashagan bo‘lsa, shunday yashab ketaveradi.
Evgeniy ham xuddi shunday qildi. U qishloqqa ko‘chib keldi-yu, otasining davridagi emas – chunki otasi no‘noq xo‘jayin edi – bobosining zamonidagi hayot tarzini qayta tiklashga bel bog‘ladi. Yevgeniy bu turmush tarzini uyda ham, bog‘da ham, xo‘jalikda ham, albatta, yangi zamonga moslab qayta tiklash – katta-katta xarjlab, badavlat, to‘q yashash, har yerda batartiblik va sarishtalik o‘rnatish uchun o‘zini o‘tga-cho‘qqa urardi. O‘shanday hayotni oyoqqa qo‘yish uchun bir dunyo ishni bajarish lozim edi: haqdorlar va banklarning talabini qondirish, buning uchun yerlarni sotish va qarzlarni cho‘zdirish, to‘rt ming desyatina unumdor yerga va shakar zavodiga ega Semyonovskiydagi kattakon xo‘jalikning bir qismini ijaraga berib, bir qismini esa o‘z kuchi bilan ekib, saqlab turish uchun ham ozmuncha pul kerak bo‘lmasdi! Yot ko‘zlarga tashlandiq holga kelib, zavolga yuz tutgandek ko‘rinmasin uchun uyni ham, bog‘ni ham bir navi parvarishlab turish zarur edi.
Evgeniyning ishlari boshdan oshib-toshib yotardi-yu, biroq uning kuch-quvvati – xoh jismoniy, xoh ruhiy bo‘lsin – har qancha yumushga yetib ortardi. U yigirma olti yoshdagi o‘rta bo‘yli, muskullari bo‘rtib chiqqan, baquvvat, xushchaqchaq, ta’sirchan va chaqqon yigit bo‘lib, ikki yuzi qip-qizil, tishlari sadafdek oq, lablari juda xushbichim, sochlari siyrakroq, mayin va jingalakka moyil edi. Uning yakkayu yagona kamchiligi ko‘zi uzoqni ko‘rmasligi bo‘lib, ko‘zoynakka ruju qo‘yganidan bu kasalini zo‘raytirib olgan, endi pensnesiz yurolmaydigan bo‘lib qolgan, shu matoh burnining do‘ngchasiga botib, ko‘kish iz qoldirib ham ulgurgan edi. Uning jismoniy qiyofasi ana shunday edi. Ruhiy qiyofasi esa yanayam ajoyib, uni kimki qancha ko‘proq bilsa, shuncha ko‘proq yoqtirib qolardi. Onasi ilgaritdan uni boshqalardan ko‘proq avaylar, eri qazo qilgandan keyin esa nafaqat bor mehri, balki bor hayotini ham unga atagan edi. Ammo uni bu qadar sevgan faqat onasining o‘zi emas edi. Gimnaziya va universitetda orttirgan o‘rtoqlari ham uni sevar, ayni chog‘da hurmat ham qilardi. U yettiyot begona odamlarga ham xuddi shunday ta’sir ko‘rsata olardi. Irtenevning og‘zidan chiqqan birortayam gapga ishonmaslik mumkin emas edi. Axir, halollik aks etib turgan bunday ochiq yuz, yanayam to‘g‘rirog‘i, ko‘zga boqib, undan aldov, yolg‘on kutish mumkinmi?!
Umuman, yigitning halolligi uning ishlarida ko‘p bor asqotgan edi. Qarz beruvchilar boshqalarning iltimosini rad etsa ham, unga yo‘q deyolmasdi. Ishboshi, oqsoqol, mujiklar ham har kimga qabihlik qilsa, har kimni aldasa-da, xushfe’l, sodda, yanayam muhimi, ichi bilan tashi bir bu yigitni chuv tushurishni esdan chiqarib qo‘yardi.
May oyining oxirlari edi. Yevgeniy bekor yotgan taqir yerlarini bir savdogarga sotadigan bo‘lib, ularni garovdan chiqargani shaharga bordi-yu, bu boshog‘rig‘idan bir amallab qutulgach, xo‘jalikning ashqol-dashqollari, ya’ni otlar, ho‘kizlar va aravalarni yangilash, yanayam muhimi, xutorda ba’zi qurilishlar qilish uchun o‘sha savdogarning o‘zidan qarz ko‘tardi. Ana shundan keyin ishlar jonlanib ketdi. Taxta-yog‘ochlar tashib keltirildi, duradgorlar ishga kirishdi, saksonta arava go‘ng tashishga qo‘yildi, ammo hammayoq puturdan ketgan, liqqillab omonat turardi.

II

Shu chop-choplar orasida, garchi muhim bo‘lmasa-da, ammo Yevgeniyni behalovat qilgan bir vaziyat yuzaga keldi. U ham yoshligini barcha navqiron, sog‘lom bo‘ydoq yigitlardek o‘tkazar, ya’ni har turli ayollar bilan aloqada bo‘lib turardi. Uni buzuq deb bo‘lmasdi-yu, ammo o‘zi tan olganidek, rohib deb ham bo‘lmasdi. Yevgeniy bunga, uning o‘z iborasi bilan aytganda, jismoniy sog‘lig‘i va aqliy erkinligi qancha talab qilsa, faqat shuncha mayl ko‘rsatar edi, xolos. U o‘n olti yoshidan ana shu yo‘lga kirgan, hozirgacha bari ko‘ngildagidek borardi. Ko‘ngildagidek degani shu ma’noda ediki, u buzuqlikka berilib ketmadi, birortasiga telbalarcha elakishmadi, yana kasal-pasal ham ottirmadi. Peterburgda oxirgi marta bir chevar qiz bilan ishqibozlik qilib yurdi, ammo keyingi paytda qizning axloqi buzildi, shunda u bilan darhol orani ochiq qildi. Hartugul, qizni pul bilan ta’minlab qo‘yganidan, ortiqcha hijolat ham tortib o‘tirmadi.
Lekin qishloqqa ko‘chib kelganiga, mana, ikki oy bo‘lyaptiki, bu borada qanday yo‘l tutishni bilmay, boshi qotar edi. O‘zini majburan tiyish yigitning mazasini qochirib borardi. Nahotki, shuginani deb shaharga tushish kerak bo‘lsa? Xo‘sh, shaharga tushmasa, qayerga borsin? Qanday qilib betoqat hirsini qondirsin? Uni faqat shu savollar qiynar, chunki shunday qilmasam bo‘lmaydi, deb hisoblar edi. Xayolida zarur deb bilgani hayotida ham zarurga aylandi, shu asno u erki qo‘ldan ketgani, har bir ayolga hirs bilan qarayotganini payqab qoldi.
Evgeniy shu qishloqdan biror ma’shuqa topishni nojoiz deb bilardi. Odamlardan eshitishicha, otasi ham, bobosi ham, boshqa pomeshchiklardan farqli o‘laroq, o‘z uyida hech qachon hech qanday dehqon ayol bilan oshiq-ma’shuqlik qilmagan ekan. Avvaliga u ham bunday ish qilmaslikka qaror berdi. Ammo keyin shu nafsi bedavoga qanchalik bog‘lanib qolganini tushunib yetib, shaharda boshiga qanday ko‘rguliklar tushishini dahshat-la ko‘z oldiga keltirib, hozir krepostnoylik bekor qilingan, demak, shu yerdanam jazman topsam bo‘ladi, degan fikrda to‘xtaldi. Faqat shunday ish tutish kerakki, hech kim buni payqamasin, yana buzuqlik uchun emas, sog‘liq uchun qilsin, u o‘ziga nuqul shunday deb gap uqtirardi. Yigit shu qarorga keldi-yu, bezovtaligi battar ortdi. U oqsoqol bilanmi, biror dehqon yoki duradgor bilanmi gaplashib qolsa, o‘ziyam sezmagan holda gapni ayollar mavzusiga burar, shu xususda so‘z ochildi deguncha esa go‘yo mum tishlab olardi. Yigit ayollarga yanayam ko‘proq qaraydigan bo‘lib borayotganini payqadi.

III

Ahd qilish boshqa gap ekan-u, uni bajarish boshqa gap ekan. O‘zi biror ayolga gap otay desa, barin degan nomiga sira to‘g‘ri kelmaydi. Qaysi ayolga, qayerdayam gap otsin! Birovni o‘rtaga solsinmi yoki? Ammo kimdan iltimos qiladi buni?
Bir gal chanqog‘ini bostirgani qorovulxonaga kirdi. Qorovul – ota­sining sobiq ovchisi Danila chol edi. Irtenev cholni gapga solgandi, qorovulning qulfi dili ochilib ketdi – avvallari ov payti xo‘bam sharobbozlik qilishganidan so‘zlay ketdi. Shunda yigitning xayolidan o‘sha sabilni shu qorovulxonada yoki o‘rmonda qilinsami, juda bopta bo‘lar edi, degan fikr o‘tdi. Ammo buning ilojini qanday topsa bo‘ladi? Darvoqe, Danila chol shu ishni bo‘yniga olmasmikan? “Balki buni iltimos qilsam, cholning achchig‘i chiqar, o‘zim esa sharmanda bo‘larman? Balki oppa-oson rozi bo‘lar”. U Danila cholning hikoyasiga quloq tutar ekan, xayolidan ana shu fikrlar o‘tar edi. Danila Pryanichkov bilan dyachixaning ovbop dalasiga qanday borib qolishgani-yu, sherigini o‘sha xotin bilan qanday qovushtirib qo‘yganidan so‘zlardi.
“Cholga aytsam bo‘lar”, deb o‘yladi Yevgeniy.
– Joyi jannatda bo‘lgur otangiz hech bunaqa ahmoqona ishlar qilmasdi.
“Yo‘q, aytib bo‘lmaydi”, deb o‘yladi bu gapni eshitib Yevgeniy, ammo bir sinab ko‘rish uchun tavakkal so‘z boshladi:
– O‘zing nega bunaqa chatoq ishlar qilgansan unda.
– Buning nimasi chatoq ekan. Ayoli tushmagur ham xursand, Fyodor Zaxarovichning-ku og‘zi qulog‘ida. Yana hamyonga bir rubl tushib turibdi. Nima qilsin o‘sha bechorayam. U ham tirik jon! Ehtimol, sharob ichar!
“Ha, aytsa bo‘ladi”, deb o‘yladi Yevgeniy va darhol so‘z boshladi:
– Senga aytsam, Danila, – u shunday dedi-yu, duvva qizardi, – juda qiynalib ketdim. – Danila unga kulimsirab qarab turardi. – Rohib emasman, axir, tarki odat…
U gapi ahmoqona chiqqanini anglab, uyaldi-yu, ammo Danila ma’qullab turganini ko‘rib, suyundi.
– Ilgariroq aytmaysizmi shu dardingizni, iloji yo‘q ish ekanmi bu! Siz faqat falon juvonni desangiz, bas.
– Oh, rosti, menga farqi yo‘q. Faqat ko‘hlik, sog‘lom bo‘lsa, degandim.
– Tushundim, – dedi labini qimtib Danila. U o‘yga tolgandi. – Ha, juda ketvorgan bittasi bor, – deb birdan gap boshladi u. – O‘tgan kuzda erga chiqqan, shuni sinab ko‘rsangiz-chi? – Danila bu yog‘iga shivirlashga o‘tdi. – Eri hech nima qila olmaydi. Ovchiga shuyam qayg‘u bo‘libdi-yu!
Evgeniyning yuzi uyatdan burushib ketdi.
– Yo‘q, yo‘q, – dedi u shosha-pisha. – Menga bunaqasi kerak emas. Menga shunaqasi kerakki, o‘zi ko‘hlik ham sog‘lom-u, ammo tashvishi ozroq bo‘lsin – askarlikka ketgan birortasining xotinimi yoki boshqa shunga o‘xshaganimi…
– Topdim! Demak, sizga Stepanida bop ekan. Eri pul topgani shaharga ketgan, askarning xotini, desa ham bo‘laveradi. Lekigin o‘zi ko‘hlik, sog‘lom juvon. Ko‘nglingiz, albatta, to‘ladi. Bir og‘iz bor desam, o‘zi kelaveradi…
– Xo‘sh, qachon?..
– Xohlang, ertagayoq! Tamakiga borganda, kirib o‘taman. Tush payti shu qorovulxonaga yoki hovli etagidagi hammomga keling. Hech kim halal bermaydi. Hamma tushki uyquga ketgan bo‘ladi.
– Mayli, men – rozi!
Uyga qaytayotganida Yevgeniyni qattiq hayajon bosdi. “Ertaga nima bo‘ladi endi? Qanaqa juvon o‘zi u? Biror tasqara bo‘lsa-chi? Yo‘q, qishloqi juvonlar ko‘hlik bo‘ladi, – xayolidan o‘tkazdi u o‘zi ortidan ko‘z uzolmay qarab qolgan yosh ayollarni eslab. – Ammo unga nimalar deyman, qanday qo‘l tekkizaman?”
Evgeniy kun bo‘yi hardamxayol bo‘lib yurdi. Ertasiga soat o‘n ikkida qorovulxonaga keldi. Uni eshik oldida jim qarshilagan Danila boshi bilan o‘rmon tarafga ma’noli ishora qildi. Yevgeniyning yuragi dukillab urib ketdi, u yuragi ovozini eshitgan ko‘yi hovli etagiga qarab yurdi. Ammo bu yerda hech kim ko‘zga tashlanmas edi. Hammomga yaqin bordi – bu yerda ham hech zog‘ yo‘q. Hammomni ko‘zdan kechirib, tashqari chiqqan hamono novdaning “qirs” etib singan ovozini eshitdi. Yigit ovoz kelgan tarafga qaragan edi, jar ortidagi butazorda bir juvonga ko‘zi tushdi. Yevgeniy jar osha o‘zini o‘sha yoqqa otdi. Ammo jarda qichitqi o‘sib yotgan ekan, hovliqishda buni payqamabdi – butun badani achishib-qichishdi-yu, burnidagi pensnesini ham tushirib, yana ortiga chopib chiqdi. Juvon kashtagulli oq fartuk, to‘q qizil tivit yubka, och qizil ro‘molda yalangoyoq turar, durkun, sog‘lom, chiroyli edi. U o‘sha yerda turgancha, hayiqibroq kulib qarardi.
– O‘sha yerda aylana so‘qmoq bor, shundan yura qolsangiz-chi, – dedi u Yevgeniyga. – Biz kelganimizga hiyla bo‘ldi. Yo‘g‘-ey, ko‘p emas.
Evgeniy juvonning yoniga bordi, birrov ko‘z tashladi va sekin qo‘l tekkizdi.
Chorak soatdan so‘ng ular ikki tarafga qarab ketdilar. Yevgeniy pensnesini qidirib topdi-da, Danilaning oldiga kirdi. Uning “Mamnunmisiz, barin?” degan savoliga javoban indamay bir rubl uzatdi-da, uyiga qarab ketdi.
U mamnun edi. Avvaliga biroz uyaldi. Keyin uyat o‘tib ketdi. Bari ko‘ngildagidek edi. Eng muhimi, endi o‘zini yengil, xotirjam, tetik his qilardi. Juvonga esa tuzukroq razm ham solmadi. Esida qolgani – shu: u pokiza, sog‘lom, ko‘hlik va oddiygina edi.
“Kimning xotini ekan-a bu, – der edi u o‘ziga-o‘zi. – Danila, Pchelnikovning degandek bo‘luvdi-ya? Qanday odam ekan o‘sha Pchelnikov? Pchelnikovlar – bir emas, ikki oila. Aftidan, Mixayla cholning kelini bo‘lsa kerak. Ha, aniq o‘shaniki. Chunki o‘g‘li Moskvada yuradi. O‘rni kelganda, Daniladan so‘rarman”.
Shu kundan boshlab Yevgeniyning hayotidagi o‘sha ko‘ngilsizlik – o‘zini o‘zi tiyilishga majburlash barham topdi. Endi har xil fikrlarga chalg‘ishdan ham qutulib, o‘z ishlari bilan bemalol shug‘ullana boshladi.
Evgeniy boshlab qo‘ygan ishni yengil deb bo‘lmasdi: unga ba’zan o‘zining bu ishga irodasi yetmaydigandek, oxiri yer-mulkini sotishga majbur bo‘ladigandek, butun mehnati chippakka chiqqani bir sira, yana hech bir ishni eplolmaydigan landovurga chiqib qoladigandek bo‘lib ko‘rinardi. Uni hammasidan ham shu hadik ko‘proq azoblar edi. Yevgeniy endi bir teshikni yamadim deganda, boshqa yerda darrov yangisi paydo bo‘lardi.
Bu orada otasining, o‘ziga ilgari noma’lum bo‘lgan, qancha yangi qarzlari chiqib qoldi. Otasiyam umrining oxirida kim to‘g‘ri kelsa, o‘shandan qarz ko‘taravergan ko‘rinadi. Yevgeniy may oyida – meros taqsimlanayotganda otamning hamma qarzlarini bilaman, deb o‘ylagandi. Biroq yozning o‘rtalarida uning qo‘liga bir xat kelib tegdi, unda otasi beva ayol Yesipovadan o‘n ikki yarim ming rubl qarz ko‘targani bitilgan edi. Qarz olingani haqida veksel yo‘q, oddiy tilxat bor edi, xolos. Advokatning aytishicha, bu tilxatni tan olmasa ham bo‘lardi-yu, lekin shu vajdangina otasi chindan ham olgan qarzdan bo‘yin tovlashni Yevgeniy xayoliga ham keltirolmas edi. U faqat bu chindanam qarzmi yo tagida boshqa gap bormi, shuni bilgisi kelardi.
– Oyi, Kaleriya Vladimirovna Yesipova deganlari kim o‘zi? – deb so‘radi u onasi bilan tushlik qilib o‘tirishganda.
– Yesipovami? U – bobongning asrandisi. Nima edi?
Evgeniy onasiga xat haqida so‘zlab berdi.
– Hayronman, nahotki bu ayol uyalmasa? Otang unga qancha pul bergan edi-ya, – dedi onasi.
– O‘zi qarzdormizmi undan yoki yo‘qmi?
– Buni senga qanday aytsam ekan. Qarzdorlikka qarzdor emasmiz-a, ammo otang azbaroyi valine’matligidan…
– Ha, biroq otam buni o‘ziga burch sanardi.
– Rosti, biror yo‘l ko‘rsatolmayman. Boshim qotgan. Axir, senga hozir shundog‘am og‘ir…
Marya Pavlovna nima deyarini ham bilmay kalovlanib turar, bu kayfiyati o‘g‘liga ham yuqqan edi.
– Bundan chiqdi – qarz, uni uzish kerak, – dedi Yevgeniy. – Ertagayoq unikiga boraman-da, muhlatni uzaytiring, deb iltimos qilaman.
– Oh, senga shunaqayam rahmim kelyaptiki… Lekin, bilasanmi, yaxshisi, unga ayt: ozroq kutib tursin. – Onasi o‘g‘lining qaroridan ko‘ngli tinchib va g‘ururi jo‘shib ana shunday dedi.
Onasi o‘g‘li bilan birga yashasa-da, uning ahvolini tushunmasligi Yevgeniyni nihoyatda azoblar edi. Marya Pavlovna umrbo‘yi dabdabali yashab o‘rganganidan, bugun yoki ertaga ishlar butkul orqaga ketib, yer-mulkidan hech vaqo qolmasligi, o‘g‘li bor-budini sotib qarzlarni uzgach, o‘zini ham, onasini ham davlat xizmatidan olajak maoshi hisobidan boqishga majbur bo‘lishi, o‘g‘lining mavqeidagi odam uchun esa bu maosh yiliga ikki ming rubldan oshmasligini xayoliga ham keltira olmasdi. U hozirgi vaziyatdan faqat har bir yerda xarajatlarni qisqartirish evaziga qutulib qolish mumkinligini tushunmas, shu boisdan Yevgeniy har xil mayda-chuydalar, masalan, bog‘bonlar, izvoshchilar, xizmatkorlar va hatto das­turxonga tortilajak osh-ovqatlardan ham tejab sarflashga iymanayotganini payqamasdi. Bundan tashqari u, ko‘pchilik beva ayollar kabi, marhum erining xotirasini shunchalar e’zozlar ediki, uning o‘ziga tirikligida bu qadar e’zoz ko‘rsatmagandi. U marhumning qilgan ishlari-yu, o‘rnatgan tartiblari nobop deb topilib, o‘zgartirilishi mumkin degan fikrni esa xayolining yaqiniga aslo yo‘latmas edi.
Evgeniy bog‘ va gulxonani ikki bog‘boni, otxonani ham bir juft izvozchisi bilan saqlab turaman, deb jonini jabborga berardi. Marya Pavlovna esa soddadillarcha oshpaz chol dasturxonga tortayotgan osh-ovqatdan ham, xiyobondagi ba’zi yo‘lkalar tozalanmay qolayotganidan ham, gumashtalar o‘rniga bittagina bolakay qolganidan ham nolimayotganini jonfido ona o‘g‘li uchun nimaiki qilishi mumkin bo‘lsa, barini ado etishga yo‘yar edi. Yevgeniy bunisi endi juda ortib tushdi-ku, deya zo‘rg‘a bo‘yniga olgan bu qarzga ham Marya Pavlovna o‘g‘liga o‘z oliyjanobligini ko‘rsatish uchun bir bahonai sabab deb qaradi. U Yevgeniyning moddiy ahvolidan uncha tashvishga tushmayotganining yana bir sababi – agar o‘g‘liga tuzukkina sepli kelin topsa, bari yana avvalgi iziga tushib ketishiga ishonishi edi. Marya Pavlovna o‘g‘liga aynan shunday kelin topishiga sira shubha qilmasdi. U qizini Yevgeniyga jon-jon deb qo‘shqo‘llab topshirishga shay bir necha oilalarni bilardi. Ona o‘g‘lini iloji boricha tezroq uylantirish taraddudiga tushib qolgandi.

IV

Evgeniyning o‘zi ham uylanishni orzu qilardi-yu, ammo uning orzusi onasinikiga o‘xshamas edi. Uylanish hisobidan ahvolini o‘nglab olish unga qabihlik bo‘lib ko‘rinardi. U kimga bo‘lmasin, halol yo‘l bilan, sevib uylanishni istardi. Yevgeniy o‘zi to‘qnash kelgan qizlarni ko‘z ostiga olar, ular o‘zining tengimi-yo‘qmi chamalar, ammo bu borada hali toleyi kulmay turar edi. Shu orada, o‘ziyam kutmagan holda, Stepanida bilan pinhona uchrashuvlari davom etar, hatto barqarorlashib borardi. Yevgeniy buzuqlikdan yiroq edi, shuning uchun yashiriqcha ish qilayotganidan azoblanar, bu qilmishi chakkiligini his etar va hatto ilk uchrashuvdan keyinoq Stepanidani boshqa ko‘rmaslikka umid bog‘lagan edi. Ammo bir­oz vaqt o‘tgach, yigit yana betoqat bo‘la boshladi va o‘z ahvolini yana o‘sha “eski dard”dan deb bildi. Bu gal endi unga kim bo‘lsa ham baribir emasdi. U aynan o‘sha porlab turuvchi qora ko‘zlarni, o‘sha past, mayin ovozdagi “Yo‘g‘-ey, ko‘p emas!” degan so‘zlarni, o‘sha badandan taralayotgan shirin, o‘tkir hidni, o‘sha peshbandni turtib turgan durkun ko‘krakni, yana bularning barini o‘sha quyosh charaqlab turgan mahal yong‘oq va zarang butalari orasida ko‘rishni xohlardi. Har qancha xijolatli bo‘lmasin, u yana Danila cholga murojaat qildi. Uchrashuv bu gal ham tush paytiga, o‘rmonga tayin etildi. Endigi uchrashuvda Yevgeniy juvonga tikilibroq qaradi, juvon uning ko‘ziga jozibali ko‘rindi. Yevgeniy uni gapga solib, eri haqida so‘radi. Chindan ham, eri – Mixayla cholning o‘g‘li ekan, hozir Moskvada izvoshchilik qilarkan.
– Har qalay, sen nega bunday… – Yevgeniy, eringga xiyonat qilib yuribsan, deb so‘ramoqchi bo‘ldi.
– Xo‘sh, qanday qilib ekan? – deb so‘radi juvon. U o‘ziga yetkancha aqlli va farosatli edi.
– Men bilan uchrashib yuribsan deyman-da?
– Obbo, – quvnoq ohangda so‘z qotdi juvon.– Erim o‘sha yoqlardan birortasini allaqachon topib olgandir. Men ham bu yerdan birortasini topib olgan bo‘lsam, nima qipti?
Juvonning o‘zi sho‘xlik va tegajoqlik qilib turardi. Bu Yevgeniyga yoqib tushdi. Lekin shundayam juvonga uchrashuvni o‘zi tayin qilmadi. Stepanida Danila chol unga ko‘pam yoqmasligidan zorlanib, uni oraga suqmay, o‘zimiz ko‘rishaversak bo‘ladi-ku, deganida Yevgeniy bunga ko‘nmadi. U mana shu uchrashuv oxirgisi bo‘ladi, deb umid qilardi. Juvon Yevgeniyga yoqardi. Shunday xushtorlikni o‘zi uchun zarur deb bilar va buning hech qanday yomon joyi yo‘q, deb hisoblardi. Biroq qalbining tub-tubida shunday bir talabchan hakam bor ediki, u yigitning bu qilmishlarini aslo ma’qullamas va shoyad shunisi oxirgi marta bo‘lsa, deb umid qilardi. U shunday deb umid qilmagan taqdirda ham, har qalay, bu tomoshalarda ishtirok etishni, kelasi gal ham tag‘in shunga shay turishni xohlamas edi.
Butun yoz shu zaylda o‘tdi, bu orada Yevgeniy juvon bilan o‘n martacha uchrashdi va har gal Danila chol o‘rtakashlik qildi. Bir gal eri Moskvadan kelib qoldi-yu, juvon uchrashuvga chiqolmadi, shunda Danila Yevgeniyga boshqasini topmoqchi bo‘ldi. Ammo yigit bu taklifni nafrat bilan rad etdi. Keyin juvonning eri Moskvaga qaytdi-yu, uchrashuvlar yana o‘sha-o‘sha davom etaverdi. Avvaliga Danila o‘rtakashlik qildi, so‘ngra Yevgeniyning o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuv tayinlashga o‘tdi. Stepanida Proxorova degan xotin bilan birga kelar, chunki ayol kishining bir o‘zi yurishi noravo edi. Bir gal ayni uchrashuv tayin etilgan vaqtda Marya Pavlovna o‘g‘liga kelin qilaman deb ko‘z ostiga olib yurgan qizini yetaklab yaqin tanishlari mehmonga kelib qoldi-yu, Yevgeniy odob yuzasidan ularni tashlab chiqa olmadi. Lekin imkon bo‘ldi deguncha, xirmonni borib ko‘rmoqchi bo‘lgandek, uni yonlab o‘tuvchi so‘qmoq orqali o‘rmonga – uchrashuv joyiga shoshildi. Juvon ko‘rinmas edi. Ammo har doimgi joyda qayergaki qo‘l yetsa, barchasi – shumurut, yong‘oq, hatto qoziq yo‘g‘onligidagi zarang ko‘chati ham sindirilgan edi. Juvon uni kuta-kuta, toqati toq bo‘lgan, dimoq-firoq qilgan va yigitga o‘ynoqilarcha shunday xotira qoldirgan edi. U turdi-turdi-da, ertaga juvonni chaqirtir, deb iltimos qilgani Danila cholning qorovulxonasiga qarab ketdi. Juvon ertasiga keldi-yu, o‘zini har doimgidek tutdi.
Shu taxlitda yoz o‘tdi. Ular har gal o‘rmonda uchrashardi. Ammo bir gal, kuz arafasida don saqlanadigan omborxonada, uning xilvatroq joyida birga bo‘lishdi. Shu uchrashuvlar o‘zi uchun biror qadr-qimmatga egami, bu savol Yevgeniyning xayoliga ham kelmasdi. Juvon haqida-ku bosh qotirib o‘tirmasdi. Qo‘liga pul tutqazardi-da, o‘z yo‘liga qarab ketaverardi. Ikkovining xushtorligi butun qishloqqa yoyilgani, Stepanidaga boshqalar hasad bilan qarayotgani, qaynota-qaynonasi uning qo‘lidan pulni olib qo‘yayotgani va kelinining bu xurmacha qilig‘ini rag‘batlantirayotgani, juvonning gunoh haqidagi tasavvurlari pul ta’siri va qaynota-qaynonasining xayrixohligi orqasida butkul chilparchin bo‘lganini bilmas, buni bilishga harakat ham qilmas edi. Juvon, menga odamlarning hasadi kelyaptimi, demak, savob ish qilyapman, degan fikrga kelib bo‘lgandi.
“Faqat sog‘liq uchun qilyapman-ku buni, – deb o‘zini o‘zi ovutardi Yevgeniy. – Xo‘p, bu ishimni nojo‘ya ham deylik, ammo uni hamma yoki ko‘pchilik bilsa ham, hech kim malomat qilmayapti-ku! Juvon bilan birga kelib-ketuvchi xotin barini biladi. Bilganidan keyin boshqalarga ham aytmay qo‘ymaydi, albatta. Xo‘sh, u nima qilsin endi? Bu qilmishim – xunuk, – deb o‘ylardi Yevgeniy. – Lekin qo‘limdan nimayam kelardi? Uzoqqa cho‘zilmas, har qalay…”
Evgeniyni xijolatga soladigan tomoni juvonning eri edi. Avvaliga u juvonning erini o‘taketgan yomon odam bo‘lsa kerak, deb o‘yladi – bu uning gunohini bir qadar oqlar edi. Biroq juvonning erini ko‘rdi-yu, hayratda qotdi. U shovvoz va olifta yigit bo‘lib, o‘zidan ortiq bo‘lsa ortiqki, aslo kam emas edi. Yevgeniy keyingi ilk uchrashuvdayoq juvonga uning erini ko‘rgani va shovvozligiga havasi kelganini aytdi.
– Bunaqasini qishloqdan boshqa topib bo‘psiz, – dedi juvon g‘urur bilan.
Bu gap Yevgeniyni lol qilib qo‘ydi. Endi juvonning eri borligi uni battar azoblardi. Bir kun Danila cholning qorovulxonasiga kirib qolgandi, u suhbat orasida bunday deb qoldi:
– Burnog‘i kun Mixayla, barin o‘g‘limning xotini bilan uchrashib yurarmish, shu gaplar rostmi, deb so‘rab qoldi to‘satdan. Men qayoqdan bilay, deb qo‘ya qoldim. Nafsilamrini aytganda, dedim, mujik bilan bo‘lgandan ko‘ra, barin bilan bo‘lgan afzalroq.
– U-chi, u nima dedi.
– Hay, mayli, dedi u: baribir, buning tagiga yetaman, kelinning jazosini bermay qo‘ymayman.
“Ha-ya, eri qishloqqa qaytsa, men ham undan kechardim”, deb o‘yladi Yevgeniy. Biroq juvonning eri hamon shaharda yurar, ikkovining uchrashuvlari esa to‘xtamasdi. “Qachon zarur bo‘lsa, o‘shanda aloqani uzaman, bariga nuqta qo‘yaman”, deb o‘ylardi u yana.
Evgeniy bunga shubha qilmasdi, chunki yoz bo‘yi turli-tuman yumushlar – yangi xutorni qurish, bug‘doyni o‘rib olish, uyni epaqaga keltirish, yanayam muhimi, qarz-nasiyalarni uzish va bo‘sh yotgan taqir yerlarni sotishdan boshi chiqmadi. Bularning bari shunday yumushlar ediki, ular Yevgeniyning xayolini butkul egallab olgan, yotsa ham, tursa ham xayoli shularda edi. Hayot deganlari, aslida, shu edi o‘zi. Stepanida bilan uchrashib yurishlari esa – u bularni aloqa o‘rnida ham ko‘rmasdi – mayda-chuydalar edi, xolos. To‘g‘ri, juvonni ko‘rgisi kelib qolganda, uni bu istak shunchalar betoqat qilardiki, boshqa hech narsa ko‘ngliga sig‘may qolardi. Lekin bu holat uzoq davom etmas, yana uchrashuvga chiqishardi-yu, u juvonni bir hafta, ba’zan bir oy ham esdan chiqarib yuborardi.
Evgeniy kuzda shaharga tez-tez qatnab yurdi-yu, bu yerda u Annenskiylar oilasi bilan yaqinlashib ketdi. Annenskiylarning bo‘y yetgan qizi bo‘lib, endigina institutni bitirgan edi. Xuddi shu yerda Marya Pavlovnaning dilini siyoh qilgan voqea yuz berdi: Yevgeniy, onasining iborasi bilan aytganda, juda past ketdi – Liza Annenskayani sevib qolib, uning qo‘lini so‘radi.
Ana shundan keyin Stepanida bilan uchrashuvlar barham topdi.

V

Hech qaysi erkak nega boshqa bir ayol emas, aynan shu ayolni tanlaganini hech qachon izohlab berolmaganidek, Yevgeniy ham nega aynan Liza Annenskayani tanlaganini izohlab berolmas edi. Sabablar, xoh ijobiy, xoh salbiy bo‘lsin, juda ko‘p edi. Uning Marya Pavlovna ko‘z ostiga olgan qizlardek boy kelin emasligi, o‘z onasi – Varvara Alekseevnaga taqqoslaganda juda oddiy va xoksorligi, odam ko‘z uzolmay qolar darajada go‘zal ham emas-u, biroq ko‘hlikkina ekanligi ana shunday sabablardan edi. Eng asosiy sabab esa, u bilan yaqinlashuv Yevgeniy uylanish uchun ayni yetilgan pallada boshlangani edi. Yigit endi uylanmasam bo‘lmaydi, degan qarorga kelgani uchun ham sevib qolgandi.
Liza Annenskaya avval-boshda Yevgeniyga faqat yoqqandi, xolos. Ammo yigit shu qiz xotinim bo‘ladi, degan qarorga kelgach, unga nisbatan ancha kuchli tuyg‘uni his qila boshladi. U sevib qolganini fahmlab turardi.
Liza bo‘ychan, ozg‘in qiz edi. Uning yuzi ham, burni ham, barmoqlari ham, oyoq kaftlari ham uzunchoqdan kelgan edi. Yuz terisi juda yupqa, oq-sariq tusda bo‘lib, yanog‘iga sezilar-sezilmas qizil rang yugurgandi. Uzun malla sochlari mayin bo‘lib, quyilib turar edi. Chaqnoq go‘zal ko‘zlari odamga beozor va inonib boqardi. Yevgeniyni, ayniqsa, shu ko‘zlar maftun etgandi. U qachon Liza haqida o‘ylab ketsa, har gal shu sof, yuvosh va inonuvchan ko‘zlar xayolida gavdalanardi.
Liza tashqi jihatdan ana shunday edi. Uning ichki olami haqida esa yigit hech nima bilmas, ana shu ko‘zlardan boshqasi uni qiziqtirmas ham edi. Bu ko‘zlar o‘zi bilishi kerak bo‘lgan hamma gapni go‘yo aytib turgandek edi Yevgeniyga. Lizaning ko‘zlariga ana shunday ma’no joylangan edi.
Hali institutdalik payti, o‘n besh yoshidanoq Liza biror xushbichim yigit bilan tanishsa, darrov uni sevib qolar, faqat sevgan chog‘larida daf’atan jonlanib, o‘zini baxtli his etardi. Institutni tugatgach ham, o‘zi tanishgan barcha yigitlarga shaydo bo‘lib yurdi, tabiiyki, u Yevgeniyni ham bir ko‘rishdayoq sevib qoldi. Xuddi o‘sha shaydolik qizning ko‘zlariga Yevgeniyni maftun qilgan sehrli ifodani baxsh etgan edi.
Shu yil qishda Liza bir vaqtda ikki yigitga shaydo bo‘lib qolgandi. Ular Annenskiylarni yo‘qlab kelgandagina emas, shunchaki nomlari tilga olinganda ham, qizni hayajon bosar, yuzi qizarib ketardi. Biroq onasi Yevgeniyning niyati jiddiy ekaniga sha’ma qilgach, uning shu yigitga mahliyoligi kuchaydi-yu, anavi ikkoviga deyarli loqayd boqadigan bo‘lib qoldi. Yevgeniy ularnikidagi ballar, yig‘inlarga qatnay boshlagach esa, boshqalardan ko‘ra u bilan ko‘proq raqs tusha boshladi. Chamasi, yigit ham qiz chindan-da o‘zini sevadimi-yo‘qmi, shuni aniqlashtirib olish payida edi. Lizaning Irtenevga shaydoligi allanechuk xastalikka aylangach, qiz uchun boshqa barcha odamlar yo‘qolib, tushida ham, o‘ngida ham faqat ugina ko‘rinadigan bo‘lib qoldi. Yigit qizning qo‘lini so‘raganda, ota-onasi bu nikohga rozilik berdi, shunda qiz Yevgeniyga ilk bo‘sa tortiq etib, ikkovi kelin-kuyov deb e’lon qilindi, o‘shandan keyin Lizada qaylig‘ini o‘ylashdan boshqa xayol qolmadi, qiz faqat yigit bilan birga bo‘lishni, uni sevishu o‘ziyam sevilishni xohlar edi, xolos. U bo‘lg‘usi eri bilan g‘ururlanar, unga ham, o‘ziga ham, sevgisiga ham mehri avj olar, Irtenevga bo‘lgan sevgisidan tobora es-hushi og‘ib, ko‘ngli yumshab borardi. Yevgeniy ham qizni qancha ko‘p bilgani sayin uni shuncha qattiq sevib qolayotgandi. Yigit shunday sevgiga muyassar bo‘laman, deb hech qachon o‘ylamagandi, shungami bu baxt uning his-tuyg‘ularini yanada kuchaytirib yuborgandi.

VI

Bahor arafasida Yevgeniy yer-mulkini, yanayam muhimi, to‘yga yasatilayotgan uyini ko‘zdan kechirib, zarur topshiriqlar bergani Semyonovskiyga keldi.
Marya Pavlovna o‘g‘li shu qizni tanlaganidan norozi edi. Kelin unga yoqmaganidan emas, o‘g‘limga yanayam yaxshirog‘ini topa olardim, deb ishonganidan shu kayfiyatda edi. Bo‘lg‘usi xotin quda – Varvara Alekseevna ko‘ngliga o‘tirmagani ham uning o‘g‘lidan norozi bo‘lishiga yana bir sabab edi. Varvara Alekseevnaning fe’l-xo‘yi qanaqa – yaxshimi yo yomonmi – buni hali bilmas, demak, hukm ham chiqara olmas edi-yu, ammo uning vijdonli, andishali, halol ayol, comme il faunt, Marya Pavlovna iborasicha, ledi emasligini bir qarashdayoq payqadi va bundan dili siyoh bo‘ldi. Dili shuning uchun ham siyoh bo‘ldiki, Marya Pavlovna tabiatan vijdonlilik, andishalilik, halollikni qadrlar, Yevgeniyning qalbi ham bunga juda sezgirligini his etar va shu ayol hali o‘g‘lining ko‘nglini ko‘p bor og‘ritishini qalban anglab turardi. Lizaning o‘zi esa Marya Pavlovnaga yoqdi. Aniqrog‘i, o‘g‘liga yoqqani uchun unga ham yoqdi. U endi qizni nainki yoqtirishi, balki sevishi ham kerak edi. Marya Pavlovna bunga ham bajonidil tayyor edi.
Onasi Yevgeniyni shod, mamnun kutib oldi. U uy jihozlarini o‘zi bosh-qosh bo‘lib, joy-joyiga qo‘ydirgan va o‘g‘li kelinni olib kelishi hamono jo‘nashga shaylanayotgan edi. Yevgeniy onasini, biz bilan qoling, deb qistashga tushdi. Ammo bu masala chala qoldi. Marya Pavlovna oqshomda, choyxo‘rlikdan so‘ng, har doimgi odaticha, qarta bilan fol ochib, Yevgeniy esa unga yordam berib o‘tirdi. Ona-bola hech qachon shu oqshomdagidek dildan suhbat qurmagan edi. Bir pasyanni tugatib, yangisini boshlar ekan, Marya Pavlovna Yevgeniyga bir qarab oldi-da, biroz tutilibroq gap boshladi:
– Senga bir gap aytmoqchi edim, Jenya. Bunga garchi aqlim yetmasa ham, baribir, maslahat bersam, degandim. To‘y oldidan bo‘ydoqlikdagi har xil sang‘ishlarni darhol to‘xtatish kerak. Toki bu yog‘iga hech kim seni ham, Xudo ko‘rsatmasin, xotiningni ham bezovta qilib yurmasin. Nima demoqchiligimni tushungandirsan?
Darhaqiqat, Yevgeniy darrov fahmladi – Marya Pavlovna uning Stepanida bilan elakishib yurganiga sha’ma qilmoqda edi. Holbuki, u o‘sha juvon bilan aloqasini kuzdayoq to‘xtatgandi. Onasi barcha beva ayollardek bu uchrashuvlarga keragidan ortiqcha baho berayotgandi. Yevgeniy duv qizarib ketdi. Bu qizarish uyatdan emas, o‘kinchdan edi. To‘g‘ri, Marya Pavlovna Yevgeniyni ayaganidan uning ishlariga aralashyapti. Ammo, baribir, aralashmagani ma’qul edi. Chunki bu masalada onasi hech nimani tushunmaydi, tushunishi mumkin ham emas. U, odamlardan yashiriqcha hech qanday ayb ish qilmadim, hech nima uylanishimga monelik qilmasin, deb o‘zimni doim shunday tutdim, deb javob qaytardi.
– Unda judayam soz, do‘stginam. Sen, Jenya, onangdan xafa bo‘lib yurma tag‘in, – dedi Marya Pavlovna xijolat tortib.
Biroq Yevgeniy onasi hali gapini tugatmagani, eng asosiy gap hali oldindaligini fahmlab turardi. Darhaqiqat, shunday ham bo‘lib chiqdi. Oradan bir ozgina vaqt o‘tgach, Marya Pavlovna o‘g‘li shaharda yurganida Pchelnikovlar undan yangi chaqalog‘ini cho‘qintirib berishni iltimos etib kelishgani haqida hikoya qila boshladi.
Endi Yevgeniy o‘kinch, hatto uyatdan ham emas, yo‘q, onasi shu tobda o‘ziga aytayotgan bu gaplarning juda mas’uliyatli ekanini anglashning allanechuk g‘alati hissiyotidan qizarib ketdi. Bu anglam Yevgeniyning aqliga bo‘ysunmas va hatto u bilan ixtilofda edi. Shunaqa bo‘lishini ko‘ngli sezgandi-ya. Marya Pavlovna, o‘zini suhbatdan bo‘lak hech qanday niyati yo‘q kishidek tutib, bu yil faqat o‘g‘il bolalar tug‘ilyapti-ya, deya o‘zini hayron bo‘lganga soldi, so‘ng, ishqilib, bu urushdan nishona bo‘lmasin-da, deb qo‘shib qo‘ydi. Vasinlarnikida ham, Pchelnikovlarnikida ham to‘ng‘ich farzand o‘g‘il tug‘ildi. Marya Pavlovna buni xonasi kelgani uchungina aytayotgandek ko‘rinmoqchi edi-yu, ammo o‘g‘li duv qizarib ketgani, pensnesini dam-badam asabiy yechib shaqillatgancha, yana qayta taqayotgani, shu orada papirosni ham ustma-ust tortayotganiga ko‘zi tushib, o‘ziyam xijolat bo‘lib ketdi. Ona jim bo‘lib qoldi. O‘g‘il ham mum tishlab o‘tirar, jimlikni qanday buzishni bilmasdi. Ikkovi ham bir-birini tushunganini anglab turardi.
– Qishloqda, eng muhimi – adolatli bo‘lish, yana tog‘angga o‘xshab, ba’zilarni arzanda qilib yuborma.
– Oyijon, – dedi nihoyat tilga kirib Yevgeniy – bu gaplarni nega aytayotganingizni bilaman. Siz behuda xavotirlanyapsiz. Men uchun bo‘lg‘usi oilaviy hayotim shu qadar muqaddaski, unga hech qanday vaziyatda ham xiyonat qilmayman. Bo‘ydoqlik paytimdagi sang‘ishlarga kelsak, bariga nuqta qo‘yganman. Men hech kimga hech qanday va’da bermaganman va menga hech kim hech qanday talab qo‘yolmaydi.
– Bundan mamnunman, – dedi ona.– Oliyjanob orzular bilan yurganingni bilaman.
Evgeniy bu so‘zlarni onasining yengilganiga yo‘ydi va yana jim qoldi.
Ertasiga yigit shaharga jo‘nadi, yo‘l-yo‘lakay qaylig‘i haqida, dunyodagi ko‘p narsalar to‘g‘risida o‘ylab ketdi, lekin Stepanidani xayoliga yaqin ham yo‘latmadi. Biroq, xuddi jo‘rttaga qilgandek, xuddi o‘sha juvonni eslamoqchidek, u cherkov oldida to‘xtadi-da, bu yerga kelib-ketayotgan odamlarni kuzata boshladi. U Matvey chol va Semyonni, yigitlar va qizlarni, yana ikki ayolni uchratdi. Bu ikki ayoldan biri qariroq, boshqasi esa yoshroq bo‘lib, ancha bashang kiyingan, boshiga och-qizil ro‘mol o‘ragan, qandaydir tanish ko‘rinar edi. U yengil va tetik odim tashlar, qo‘lida bola ko‘tarib olgandi. Yevgeniyning yonidan o‘tishayotganda qarirog‘i eski zamonlardagidek bir dam to‘xtab, bukilib ta’zim qildi, qo‘lida bolasi bor yoshrog‘i esa boshini xiyol egib qo‘ydi, xolos. Ro‘mol ostidan sho‘x kulib boquvchi tanish ko‘zlar charaqlab ketdi.
“Ha, bu – o‘sha, ammo o‘sha uchrashuvlarga nuqta qo‘yganman, endi unga qarashga hojat yo‘q”, deb o‘yladi Yevgeniy. So‘ng birdan “Ehtimol, bolasi ham mendandir, – degan fikr yuragini jizillatib o‘tdi. – Yo‘q, qanday aljirash bo‘ldi bu tag‘in?! Axir, eri bor-ku boshida, o‘shandan orttirgan bolani”. U juvon bilan uchrashib yurgan o‘sha paytlardan beri qancha o‘tganini cho‘tlab ham o‘tirmadi. Yevgeniy uzil-kesil hal qilib bo‘lgandi: sog‘lig‘im uchun zarur bo‘lganidan shu ishni qilganman va bu xizmati uchun juvonga haqini to‘lab qo‘yganman, tamom-vassalom. O‘zi bilan shu juvon o‘rtasida hech qanday aloqa yo‘q, bo‘lmagan, bo‘lmaydi, bo‘lmasligi ham kerak. Yevgeniy vijdon ovozini bosib qo‘yishga urinmasdi, chunki vijdoni lom-mim demayotgandi. U onasi bilan ochiqchasiga gaplashgani va juvon bilan qo‘qqis to‘qnashganidan so‘ng ham uni biror marta esga olmadi. Shundan keyin unga biror marta yuzma-yuz ham kelmadi.
Pasxadan keyingi dastlabki yakshanba – Krasnaya Gorka bayramida Yevgeniy shaharda nikohdan o‘tdi-da, yosh xotini bilan darhol qishloqqa jo‘nadi. Uy, odatda, yangi kelin-kuyovlarga qanday hozirlansa, shunday hozirlangan edi. Marya Pavlovna shaharga ketmoqchi bo‘lgan edi, Yevgeniy, yanayam asosiysi, Liza, shu yerda qoling, deb yalinib turib oldi. U kelin-kuyov bilan birga qoldi, ammo uyga taqab qurilgan yondosh binoga ko‘chib o‘tdi.
Shu tariqa Yevgeniyning yangi hayoti boshlanib ketdi.

VII

Oila qurganlarining birinchi yili Yevgeniy uchun qiyin kechdi. Qiyin kechishiga sabab – u nikohdan o‘tish tashvishlari bilan yurganida orqaga surilgan barcha yumushlar endi, to‘ydan so‘ng uning boshiga birdan yopirilgandi.
Qarz balosidan qutulishning sira iloji yo‘q edi. Dalahovli sotildi, oshig‘ich qarzlarni uzdi, ammo haliyam nasiyalar bor-u, pul esa yo‘q edi. Yer-mulk tuppa-tuzuk daromad keltirardi-yu, ammo akasiga pul jo‘natishi, to‘y chiqimlarini ham qoplashi zarur edi. Pul yo‘q bo‘lsa, zavod ham yurmas, uniyam to‘xtatishga to‘g‘ri kelardi. Bu tanglikdan qutulishning birgina yo‘li xotinining pullarini ishlatib turish edi. Liza erining ahvolini tushunib yetdi-yu, o‘zi shuni talab qila boshladi. Yevgeniy bunga rozi bo‘ldi, lekin bir shart qo‘ydi: yer-mulkining yarmini xotinining nomiga vasiqa qilib beradi. U ana shunday qildi ham. Ammo buni xotini uchun qilgani yo‘q, chunki Lizaga bu ishi haqorat bo‘lib ko‘rinardi. U qaynonasining ko‘ngli tinch bo‘lishi uchun shu yo‘lni tanladi.
Bir tomondan, xo‘jalik ishlari goh ilgari bosib, goh ortga ketib, Yevgeniy oila qurgan dastlabki yilni zahar-zaqqumga aylantirsa, boshqa tomondan, Lizaning sog‘lig‘i yomonlashishi dard ustiga chipqon bo‘ldi. Ular bir yostiqqa bosh qo‘ygan yilda, to‘ydan yetti oy o‘tib, kuzda Lizaga balo-qazo yopishdi. U shahardan qaytayotgan erini kutib olgani yakka ot qo‘shiladigan ikki g‘ildirakli aravada yo‘lga chiqdi. Yovvoshgina ot birdan o‘ynoqilab berdi-yu, Lizaning yuragi qinidan chiqqudek bo‘lib, o‘zini aravadan yerga otdi. Xayriyatki, unga shikast yetmadi, agar etagi arava g‘ildiragiga o‘ralashib qolsa, o‘shanda ko‘rardingiz haqiqiy falokatni! Ammo Lizaning qornida homilasi bor ediki, o‘sha kechaning o‘zidayoq uni dard tuta boshladi. Oxiri esa bola tashlab qo‘ydi-da, anchagacha o‘ziga kelolmay yurdi. To‘ng‘ichini boy berib qo‘yishi, xotiniga dard yopishishi, oqibatda hayoti to‘s-to‘polon bo‘lib ketishi, yanayam besh battari, Liza betob bo‘lgani hamono qaynonasi yetib kelishi – bularning bari Yevgeniyga bu yilni chandon og‘irlashtirdi.
Biroq, shunday og‘ir ahvoliga ham qaramay, dastlabki yil oxirida Yevgeniy o‘zini duppa-durust his etardi. Birinchidan, uning puturdan ketgan xo‘jalikni yana oyoqqa qo‘yish, bobosining hayot tarzini yangitdan tiklash haqidagi ardoqli orzusi, garchi qiyinchilik va sekinlik bilan bo‘lsa-da, ushalib bormoqda edi. Endi qarzlardan qutulish uchun butun yer-mulkni savdoga qo‘yish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi. Garchi teng yarmi xotini nomiga vasiqa qilib berilgan esa-da, asosiy yer-mulk saqlab qolingan, agar lavlagi hosilining cho‘g‘i va uning bozordagi narxi binoyidek bo‘lib bersa, kelasi yilga o‘tib, muhtojlik va tanglik barham topishini, uning o‘rnini to‘kinchilik va xotirjamlik egallashini kutsa bo‘lardi. Bu – Yevgeniyning o‘zini duppa-durust his etishining faqat bir sababi edi, xolos.
Yana boshqa sababi shu ediki, u xotinining juda ko‘p fazilatlarga egaligini bilar edi-yu, ammo undan aynan shu fazilatni topaman, deb sira o‘ylamagan edi. Bu uning kutgan narsasi emasdi-yu, ammo kutganidan ham ziyoda edi. Garchi Yevgeniy har qancha harakat qilsa ham, o‘zi bilan Liza o‘rtasida bir-birini hayajon bilan jo‘shib suyish kuzatilmas, kuzatilsa ham sust kuzatilar edi. Biroq ular orasida butunlay boshqa munosabat kuzatildiki, yashash nainki quvnoqroq, yoqimliroq, hatto yengilroq bo‘lib qoldi. Yevgeniy nima sababdan bunday bo‘lganini bilmas, lekin shunday bo‘lgani mutlaqo haqiqat edi.
Bunga sabab shu ediki, Liza nikohdan o‘tgan zahotiyoq Yevgeniy – dunyodagi barcha odamlar ichida eng a’losi, aqllisi, haloli, oliyjanobi, demak, barchaning burchi Yevgeniyga xizmat qilish va uning ko‘ngliga yoqish, degan qarorga kelib bo‘ldi. Ammo bunga barchani majbur qilib bo‘lmas, binobarin, o‘zi kuchi yetganicha shunga harakat qilishi lozim edi. Liza buning uddasidan chiqdi ham, chunki uning bor ruhiy quvvati eri nimani yaxshi ko‘rishini aniqlash, so‘ng u nima bo‘lsa ham, qancha qiyin bo‘lsa ham, bajo keltirishga qaratilgan edi.
Lizada xotin zotini erining ko‘ziga g‘oyat jozibador qilib ko‘rsatuvchi bir xislat bor edi. Bu – erini sevgani bois uning qalbini xuddi kaftidagidek ko‘rishi edi. Liza Yevgeniyning ruhiyatidagi har qanday holatni, uning his-tuyg‘ularidagi har qanday o‘zgarishni erining o‘zidan-da yaxshiroq payqar va shunga qarab ish tutar, hech qachon uning his-tuyg‘ularini tahqirlamas, aksincha, har doim qayg‘usini aritish, quvonchini oshirishga harakat qilardi. U erining nafaqat his-tuyg‘ulari, balki o‘y-fikrlarini ham shunday tushuna olardi. U o‘ziga butunlay yot bo‘lgan qishloq xo‘jaligi va zavod asbob-uskunalari, bulardan ham ortib ba’zi odamlarning fe’l-xo‘yigacha darrov fahmlab olar va Yevgeniyga nainki suhbatdosh, balki, eriyam tan olib aytganidek, foydali, benazir maslahatgo‘y ham bo‘lar edi. U har bir odam, har bir narsa va har bir hodisaga Yevgeniyning ko‘zi bilan qarardi. Liza onasini juda yaxshi ko‘rsa-da, Yevgeniyga qaynonasining kelin-kuyov hayotiga aralashishi yoqmayotganini ko‘rgach, darrov eri tarafga shunchalar qat’iyat bilan o‘tib oldiki, hatto Yevgeniyning o‘zi Lizaning hovuridan biroz tushirib qo‘yishga majbur bo‘ldi.
Bularning ustiga, did, muomala va asosiysi, yuvoshlikda hech kim unga tenglasha olmas edi. Liza har qanday yumushga unnamasin, boshqalar buni payqamay qolar, faqat uning mehnati samarasi, ya’ni har yerda tozalik, tartib va nafosatga ko‘zi tushar edi, xolos. U erining hayotdagi orzusini darrov fahmlab oldi-yu, uyni jihozlash va sarishta tutishda Yevgeniy nimani xohlasa, o‘shani muhayyo qilishga kirishdi va buning uddasidan ham chiqdi. Lizaga birgina bola yetishmay turar, ammo bola ko‘rishiga ham shubha qilmasdi. Qishda Yevgeniy akusher ko‘rigidan o‘tkazish uchun xotinini Peterburgga olib bordi, akusher Lizani soppa-sog‘ deb topdi va bemalol bola ko‘rsa bo‘ladi, dedi.
Bu orzu ham axiyri ushaladigan bo‘ldi, yil oxirida Liza yana homilador bo‘ldi.
Garchi ikkovining baxtini og‘ulamasa ham, ammo bunga soya solib turgan yagona narsa bu – Lizaning rashki edi. U rashkini ichiga yutar, sirtiga chiqarmasdi-yu, lekin shundan ko‘p siqilardi. Yevgeniy birorta ayolni sevib qolishi mumkin emas, chunki unga munosib ayolning o‘zi bu dunyoda yo‘q ( eriga o‘zi munosibmi yoki yo‘qmi, bu savolni esa hech qachon berib ko‘rmagandi), shu sabab birorta ayol ham uning erini sevib qolishga jur’at etmasligi lozim edi.

VIII

Kelin-kuyov bir tartibda yashardi: Yevgeniy har kuni uyqudan barvaqt uyg‘onar, xo‘jalik va zavoddagi ahvolni borib ko‘rar, ba’zan dalaga yo‘l olardi. Soat o‘nlarda qahva ichgani uyiga qaytardi. Qahvani ayvonda Marya­ Pavlovna, bu yoz ularnikida yashab turgan tog‘asi va Liza bilan birga ichardi. Qahva ustidagi gangur-gungur suhbatdan so‘ng hamma tushlikkacha ajralar edi. Soat ikkida tushlik ovqat tortilardi. So‘ng hazmi taom uchun piyoda yoki izvoshda sayr qilib kelishardi. Yevgeniy oqshomda idoradan qaytgach, kechki choyxo‘rlikka o‘tirishar, ba’zida u biror kitobni ovoz chiqarib o‘qib berar, Liza esa yumushlariga unnar yoki royalda kuy chalardi, uyda mehmonlar bo‘lsa, uzoq gurunglashib o‘tirishardi. Yevgeniy ish bilan shaharga ketganda Lizaga har kuni xat yozar, o‘zi ham undan kun sayin xat olardi. Ba’zan Liza Yevgeniyga hamroh bo‘lib borar, shunda safar, ayniqsa, quvnoq kechardi. Er-xotinning tug‘ilgan kunlarida uy mehmonlar bilan to‘lar, Liza ular yayrab o‘tirishi uchun barcha ishni epchil tindirishidan Yevgeniyning ko‘ngli huzurlanar edi. U katta-kichik barchasi yosh, yoqimtoy bekaga mahliyo bo‘lib qarashini ko‘rib, uni yanada ko‘proq sevib qolardi. Xullas, bari ajoyib edi. Liza boshqorong‘ilikni ancha yengil o‘tkazdi, har ikkisi ham, garchi sal cho‘chibroq bo‘lsa-da, bolani qanday tarbiyalash haqida reja tuza boshlashdi. Qaysi tarbiya usullarini tanlashni Yevgeniyning bir o‘zi hal qildi, zero, Liza uning istagini so‘zsiz ijro etishga astoydil rozi edi. Yevgeniy tibbiyotga oid bir talay kitobni o‘qib chiqdi-da, bolani fanning barcha talablariga rioya etib tarbiyalamoqchi bo‘ldi. Liza uning fikrini ma’qulladi-da, ham yozbop, ham qishbop yo‘rgaklar tikishga, belanchakni hozirlashga unnadi. Shu tariqa, oila qurganlarining ikkinchi yili, ikkinchi bahori kirib keldi.

IX

Troitsa kuni arafasida bir voqea yuz berdi. Liza yukli bo‘lganining beshinchi oyi edi. U o‘zini ko‘pam urintirmasa-da, ammo quvnoq va tiyrak edi. Har ikki ayol quda ham Lizaga ko‘z-quloq bo‘lib turish uchun shu yerda yashar, bir-biriga piching gap otib, nuqul uning halovatini o‘g‘irlardi. Yevgeniy xo‘jalik ishlariga boshi bilan sho‘ng‘ib ketgan, lavlagi parvarishidan tashvishga botib yurardi.
Troitsa kuni arafasida Liza uyni bir sidra tozalab chiqishga qaror qildi, chunki Pasxadan beri bu ishga hech qo‘li tegmagan edi. Pol va derazalarni yuvib artish, mebel va gilamlarni qoqib tozalash, g‘iloflarni taqishda xizmatkorlarga yordam beradi deb kunbayga ikki ayolni yolladi. Ular tong saharda keldi-yu, cho‘yan pechkada suv isitib, ishga kirishib ketdi. Ikki juvondan biri Stepanida edi. U endigina chaqalog‘ini ko‘krakdan chiqarib, idora mirzasining oldiga yugurgilab keldi-da, pol yuvgani meni yuboring, deb yalinib turib oldi. U barinning yosh xotinini yaqindan ko‘rib olmoqchi edi. Stepanida haliyam avvalgidek ersiz yashar, dastlab uni o‘tin bilan tutib olgan Danila chol, keyin barin, endi esa idoradagi shu yoshgina mirza bilan o‘ynashib yurardi. U barinni allaqachon xayolidan chiqarib yuborgan edi. “Uning endi xotini bor, – deb o‘ylardi u. – Yosh bekani ko‘rishni esa shunaqayam xohlayapmanki! Eshitishimcha, uyini xo‘b chiroyli bezatgan emish”.
Evgeniy Stepanidani qo‘lida bolasi bilan uchratgandan buyon boshqa ko‘rmagan edi. Juvon chaqalog‘i bo‘lgani uchun ham kunbay ishlashga chiqmas, barinning esa qishloqqa onda-sonda oyog‘i yetardi. Xullas, Troitsa kuni arafasida Yevgeniy soat beshda, kallai saharlab uyg‘ondi-da, kuzda begona o‘tlardan tozalash uchun haydab qo‘yilgan, ammo bahorda urug‘ sepilmay, dam berilgan dalaga qarab yo‘l oldi. Bu dalaga fosforit septirishni mo‘ljallab qo‘ygan edi. U uydan chiqqan paytda juvonlar doshqozonda suv isitish uchun hovlidagi pech yonida kuymalanib yurardi.
Evgeniy nonushtaga qorni ochqab, ammo shod va mamnun qaytdi. U darvoza oldida otdan tushdi-da, jilovni o‘ziga peshvoz chiqqan bog‘bonga tutqazib, bel baravar bir o‘tni qamchi bilan savalagancha, har doimgi odatiga ko‘ra, bir aytgan gapini yana takrorlab, uyga qarab yurdi. Bu galgi shunday jumlasi “Fosforitlar o‘zini oqlaydi”, degan gap bo‘lib, ular nimani oqlaydi, kimning oldida oqlaydi, buni o‘ziyam bilmas, o‘ylab ham o‘tirmas edi. Maysazorda gilamlarni qoqib tozalashar, mebellar tashqariga chiqarib qo‘yilgan edi.
“Obbo Lizasi tushmagur-ey, astoydil kirishibdi-ku tozalashga! Fosforitlar o‘zini oqlaydi. Beka degani mana shunday bo‘lsa-da! Kiroyi beka! Ha, kiroyi beka, – deya u o‘ziga-o‘zi gap uqtirib borar va xotinini uy ichida kiyiladigan odmi oq ko‘ylakda, yuzi quvonchdan yal-yal yongan bir suratda ko‘z oldiga keltirar edi. – Ha-ya, etigimni almashtirishim kerak, aks holda, fosforitlar o‘zini oqlaydi, yo‘g‘-ey, undan tezak hidi anqiyapti. Bekachaning ahvoli esa bunaqa bo‘lsa! Ha-ya, bekachaning ahvoli nega endi bunaqa? Chunki qornida jajjigina Irtenev o‘syapti. Ha, fosforitlar o‘zini oqlaydi”. Yevgeniy miyasiga kelgan bu fikrdan jilmaygancha, xonasining eshigiga qo‘l uzatdi. Ammo uni itarmasidan burun eshik ichkaridan ochilib ketdi-yu, etagini beliga qistirgan va yengini tirsagigacha shimargan ko‘yi, paqir ko‘tarib chiqib kelayotgan oyoqyalang juvonga to‘qnash keldi. U juvonni o‘tkazib yuborish uchun o‘zini chetga olgandi, juvon ham baringa yo‘l bo‘shatib, ho‘l qo‘li bilan sirg‘alib tushgan ro‘molini to‘g‘rilagancha, chetga o‘tib turdi.
– O‘t, o‘taver, sen o‘tmaguncha… – Yevgeniy shunday deb so‘z boshladi-yu, juvonni tanib qolib birdan to‘xtadi.
Juvon ko‘zlari porlab, unga sho‘x qarash qildi. So‘ng himarilgan etagini tushirdi-da, eshikdan tashqari chiqdi.
“Bu qanaqa bema’nilik? Nima degan gap bu? Bo‘lishi mumkin emas”, deya ko‘nglidan o‘tkazdi Yevgeniy juvonni qo‘qqis ko‘rib qolganidan norozi bo‘lgancha, qovoq-tumshug‘i osilib va pashsha haydayotgandek ust-boshini qoqib. U juvonni shunchaki ko‘rib qolganidan emas, bu-ku mayli-ya, uning bor gavdasini silkitib epchil, kuchli odim tashlovchi yalang oyoqlaridan, bilaklari, yelkasi, ko‘ylagining chiroyli burmasiyu oppoq boldirlaridan sal tepada hilpillagan qizil tivit yubkasidan ko‘z uzolmay qolganidan norozi edi.
“Nega qarayapman o‘zi, – dedi u o‘ziga-o‘zi juvonga boqmaslik uchun ko‘zini yerga qadab. – Ha-ya, ichkariga kirmasam bo‘lmaydi, boshqa etigimni olishim kerak”. U shunday deb o‘z xonasiga yo‘naldi. Ammo bir-ikki qadam ham bosmay, juvonni yana birrov ko‘rib qolish uchun orqasiga qayrilib qaradi. Juvon shu payt burchakka yetib bordi-yu, u ham Yevgeniyga o‘girilib boqdi.
“Oh, nimalar qilyapman o‘zi, – deya hayqirib yubordi Yevgeniy ko‘nglida. – Meni unutmabdi-da, deb o‘ylamaydimi? Balki allaqachon shunday deb o‘ylagandir ham”.
Evgeniy hali poli qurimagan xonasiga kirdi. Juvonning sherigi – qari, oriq xotin hali ham shu yerda edi – pol yuvardi. Yevgeniy kir suv halqoblangan joylardan oyoq uchida hatlab o‘tib, javondan etigini oldi-da, endi chiqaman deb turgan edi, anovi xotin eshikka qarab yo‘naldi.
“Bunisi chiqsa, anavisi – Stepanida yolg‘iz kiradi”, deya tilga kirdi ko‘ksida allaqanday ovoz.
“Ey Xudoyim! Bu – nima xayol, bu – nima qiliq!” U o‘z-o‘ziga shunday degancha, etigini changalladi-da, dahlizga yugurib chiqdi, shoshib etigini kiydi, ust-boshini qoqdi va ayvonga o‘tdi. Bu yerda onasi va qaynonasi qahva ichib o‘tirishardi. Liza, tabiiyki, erini kutardi. U Yevgeniy bilan bir paytda boshqa eshikdan ayvonga kirib keldi.
“Ey Xudoyim! U meni shunaqayam halol, sofdil, begunoh deb o‘ylaydiki, agar bilib qolsa bormi!..” – degan alamli fikr o‘tdi uning xayolidan.
Liza uni har doimgidek yuzi yal-yal yonib kutib oldi. Biroq u endi Yevgeniyga rangpar, zaxil, novcha va nimjon bo‘lib ko‘rindi.

X

Qahva ustida, har kungi odatga muvofiq, yana ayollarga xos o‘sha suhbat bordiki, unda hech qanday mantiqiy bog‘liqlik yo‘q edi. Lekin, chamasi, uni boshqa bir nima bog‘lab turardiki, suhbat hech ham uzilmay davom etardi.
Har ikkala xonim ham bir-biriga tinimsiz pichinglar otar, Liza esa ikki orada bir amallab jon saqlar edi.
– Sen daladan qaytguncha, xonangni yuvdirib qo‘yolmadim, bundan juda xijolatdaman, – dedi u eriga. – Hamma joyni bitta qoldirmay tozalatsam, deyman.
– Mendan keyin uxladingmi o‘zi?
– Ozroq mizg‘ib oldim, ahvolim – yaxshi.
– Shu jazirama issiqda uningdek yukli ayolning ahvoli qanday qilib yaxshi bo‘lsin, tag‘in derazaga hech vaqo tutilmagan bo‘lsa, – deya gapga aralashdi Lizaning onasi Varvara Alekseevna.– Na ichdan darpardasi bor, na tashdan soyabonchasi. Biznikida doim soyaboncha bo‘lgich edi.
– Qo‘ysangiz-chi, bu yerga soat o‘ndayoq soya tushadi-ku, – deya so‘z bilan chimchilab oldi Marya Pavlovna qudasini.
– Xuddi shundan kelib chiqadi-da bezgak. Xuddi shu rutubatdan, – dedi Varvara Alekseevna hozirgina o‘zi aytgan gapning butkul teskarisini aytayotganiga parvo ham qilmay. – Bizning doktor bemorning fe’l-atvorini bilmay turib, uning kasalini aniqlab bo‘lmaydi, deb uqtiradi. Agar bilmasa, bunday demasdi, axir, u – eng o‘tkir shifokorlardan, biz unga yuz rubl maosh to‘laymiz. Marhum erim doktorlarga hecham ishonmasdi, ammo mendan hech vaqt hech nimani qizg‘onmagan.
– Xotinining ham, bolasining ham hayoti shunga qarab qolsa, qaysi erkak qizg‘onib o‘tirardi…
– Ha-da, agar xotinning qo‘lida mablag‘i bo‘lsa, eriga muhtoj bo‘lib qolmaydi. Yaxshi xotin eriga itoatda bo‘ladi, – dedi Varvara Alekseevna, – Faqat Liza kasaldan turganidan beri sal kamholroq.
– Unday demang, oyijon, tuppa-tuzukman. Darvoqe, sizga hali qaymoq tortishmadimi?
– Qaymoq shart emas. Pishloqning o‘zi yetarli.
– Varvara Alekseevnadan so‘rovdim, o‘zlari rad etdilar, – dedi Marya Pavlovna kelini oldida o‘zini oqlab.
– E-e, qo‘yaver, keragi yo‘q endi! – Varvara Alekseevna noxush mavzuga yakun yasash uchun o‘zini oliyjanoblik bilan yon bergandek tutib, endi Yevgeniyga yuzlandi:
– Xo‘sh, qalay, fosforitlarni sepib oldingizmi?
Liza qaymoq olib kelgani chopdi.
– Qaymoq yegim yo‘q, dedim-ku senga!
– Liza! Liza! Sekinroq, – deya tergadi kelinini Marya Pavlovna. – Senga bunaqa chopish zararli!
– Ko‘ngil xotirjam bo‘lsa, hech narsa zararli emas, – deya gapga aralashdi yana Varvara Alekseevna go‘yo bir nimaga sha’ma qilayotgandek. Lekin uning o‘zi ham bu gapi hech nimaga sha’ma qilmasligini juda yaqqol bilib turardi.
Qaymoq ko‘tarib, Liza kirdi. Yevgeniy qahvasini ho‘plagancha, tund qiyofada o‘tirardi. U bunaqa suhbatga odatlanib ketgan bo‘lsa-da, ammo shu tobda qattiq jahli chiqib borardi. U boyagina yuz bergan voqeani bir sidra o‘ylab olsam der, poyma-poy gaplar esa bunga xalaqit berardi. Varvara Alekseevna qahvasini oxirigacha ichdi-yu, lekin dili, baribir, xufton bo‘lib chiqib ketdi. Liza, Yevgeniy va Marya Pavlovna yolg‘iz qolishdi. Bu yog‘iga suhbat yengil, yoqimli davom etdi. Ammo sevgi bois ko‘ngli sezgir bo‘lib qolgan Liza eriga nimadir azob berayotganini darrov payqadi va undan “Biror noxushlik yuz bermadimi, ishqilib”, – deb so‘radi.
Evgeniy bunday savolni kutmagan edi, shuning uchun “Hech qanaqa noxushlik bo‘lgani yo‘q”, deyishdan oldin biroz dovdirab qoldi. Bunday javob esa Lizani battar xavotirga solib qo‘ydi. Yevgeniyni nimadir azob­lar, qattiq azoblar, sutga tushgan pashsha qancha aniq ko‘rinsa, Liza ham buni shunday aniq ko‘rib turar, ammo eri unga dilini yormasdi.

XI

Nonushtadan so‘ng hamma tarqaldi. Yevgeniy har safargi odaticha, kabinetiga yo‘l oldi. Bu yerda u na xatlarni o‘qidi, na ularga javob yozdi, faqat kresloga cho‘kkancha, ustma-ust papiros tutatib, o‘yga cho‘mdi. Ko‘nglida o‘sha bulg‘anch tuyg‘u yana qo‘qqis bosh ko‘tarib qolgani Yevgeniyni ham hayron qoldirar, ham qiynoqqa solar edi. Holbuki, u uylanganidan buyon o‘zini bu kuch changalidan ozod hisoblab yurardi. Yevgeniy o‘shandan buyon bu tuyg‘uni na anavi tanish juvonga nisbatan, na o‘zga birorta xotinga nisbatan tuymagan, faqat hasmi haloli – Liza bundan mustasno edi, xolos. U o‘zining bunday ozod bo‘lganidan necha marta ko‘nglida quvongan edi. Ammo Stepanida bilan tasodifan to‘qnash kelib qolish, bu voqea garchi arzimasdek bo‘lib ko‘rinsa-da, uning hali ham ozod bo‘lolmaganini isbotlab qo‘ydi. Yevgeniyni yana o‘sha bulg‘anch tuyg‘uga bo‘ysunayotgani, yana o‘sha qishloqi juvonni xohlayotgani emas – yo‘q, uning bu haqda hatto o‘ylagisi ham kelmasdi – balki shu hissiyot hali ham qalbida tirik qolganiyu bunga qarshi hushyor turishi zarurligi azobga solardi. Bu tuyg‘uni tiyib tura olishiga esa hozir ham shubha qilmasdi.
Evgeniy hali javob yozmagan bitta maktub va to‘ldirib jo‘natmagan bitta hujjat bor edi. U stol yoniga o‘tirdi-da, yozuv-chizuvga tutindi. Bu mashg‘ulotni tugatgach esa, boyagi azobli o‘ylarni ham unutib, otxonaga borish uchun kabinetidan chiqdi. Yana xuddi aksiga olgandek yoki jo‘rttaga qilgandek, endigina zinapoyaga yetgandi, burchakdan o‘sha to‘q qizil tivit yubka bilan och qizil ro‘mol chiqib keldi-da, qo‘llarini silkitib dadil yurgancha, Yevgeniyning yonidan o‘tib ketdi. Boz ustiga, u barinning yonidan shunchaki o‘tmadi, balki noz-karashma qilgandek, o‘ynoqilab, chopqillab o‘tdi-da, sherigiga yetib oldi.
Evgeniyning xayoli qa’ridan kun charaqlab turgan tush mahali, a’zoyi badanini achishtirgan qichitqi o‘ti, qorovulxona hovlisining etagi, zarang daraxti soyasida og‘zida yaproqni tishlagancha, o‘ziga kulib qarab turgan juvon siymosi qalqib chiqdi.
“Yo‘q, buni shunday qoldirib bo‘lmaydi, – dedi u o‘ziga-o‘zi va juvon ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha kutib turgach, to‘g‘ri idoraga qarab ketdi. Tush payti bo‘lganidan ishboshini shu yerdan topaman, deb o‘ylagandi. U haqiqatdan ham idorada ekan. Ishboshi biroz mizg‘ib olgan-u, hozirgina uyg‘ongani ko‘rinib turardi. U oyoqda turgancha, goh kerishib, goh esnab, molboqarning arzi holini tinglardi.
– Vasiliy Nikolayevich!
– Labbay, barin!
– Siz bilan gaplashib olsam, degandim.
– Buyuring, barin!
– Mayli, suhbatingizni tugatib oling.
– O‘zing olib kela qolsang-chi? – deb o‘smoqchiladi Vasiliy Nikolayevich molboqarga.
– Qiyin-da, Vasiliy Nikolayevich.
– Nima gap o‘zi? – deb so‘radi Yevgeniy.
– Sigir yaylovda bolalab qo‘yibdi. Mayli, hoziroq otni aravaga qo‘shishni buyuraman. Nikolayga ayt, Lisuxani aravaga qo‘shsin, o‘lik tashiladigan aravaga bo‘lsayam qo‘shsin!
Molboqar chiqib ketdi.
– Sizga aytsam, – deya qizarib-bo‘zarib gap boshladi Yevgeniy. – Sizga aytsam, Vasiliy Nikolayevich, bo‘ydoqlik paytimda ba’zi gunoh ishlar qilib qo‘yuvdim… Balki o‘zingiz ham eshitgandirsiz…
Vasiliy Nikolayevich jilmayib boqdi-da, barinni ayagan ohangda so‘radi:
– Stepashkani nazarda tutyapsizmi?
– Ha-da! Sizdan iltimos, endi uni biznikiga kunbay ishga yollamasangiz… O‘zingiz bilasiz-ku, juda xijolat tortyapman…
– Ha, ko‘rinib turibdi. Vanya jo‘natgan-da uni.
– Sizdan iltimos… Ha, aytmoqchi, fosforitning qolganini sepishyaptimi? – deya gapni boshqa mavzuga burdi Yevgeniy xijolatdan qutulish uchun.
– Hoziroq o‘sha yoqqa jo‘nayman.
Shu bilan ish hal bo‘ldi. Yevgeniyning ko‘ngli tinchidi: juvon bilan uchrashmay bir yil yashadi, bu yog‘i ham xuddi shunday yashayveradi. “ Vasiliy boyagi gapimni Ivanga, Ivan esa juvonga yetkazadi, shunda juvon uni ko‘rishni xohlamasligimni tushunadi”, derdi o‘ziga-o‘zi Yevgeniy. U har qancha og‘ir bo‘lmasin, o‘zida iroda topib, Vasiliyga bor gapni aytganidan mamnun edi. Ha, shunaqa gumonda qovrilgani, shunaqa uyatda azoblanganidan har nimaiki bo‘lsa, o‘sha durust”. U Lizaga hatto xayolan bo‘lsin, hiyonat qilishdan titrab ketdi.

XII

Uyatni yengib, Vasiliy Nikolayevichga bor gapni aytganidan Yevgeniyning dili taskin topdi. Uning nazdida, go‘yo barcha falokat ortda qolgandek edi. Liza ham erining juda xotirjam va mamnun bo‘lib qolganini payqadi. “Onalarimiz bir-biriga tinmay piching otishi dilini xufton qilgan, shekilli. Yevgeniydek ta’sirchan va oliyjanob odamga adovat va beodoblik bilan otilgan pichinglarga chidash osonmi?” deb o‘yladi Liza.
Ertasiga Troitsa kuni edi. Havo ajoyib kelgani bois qishloq xotinlari, har safargidek, gulchambar yasagani o‘rmonga boraturib, barinning uyi oldida to‘xtadilar-da, qo‘shiq aytib, raqsga tusha ketdilar. Marya Pavlovna va Varvara Alekseevna ham bayrambop ko‘ylaklarini kiyib, qo‘llarida soyabon tutib, eshik oldiga chiqishdi-da, davra yasab, vaqtichog‘lik qilayotgan xotinlarga yaqinlashishdi. Bu yoz Yevgeniynikida yashab turgan xotinboz, aroqxo‘r, xomsemiz tog‘asi ham ular bilan birga chiqdi.
Har galgidek, yorqin rangli ko‘ylaklar kiygan yosh qiz va juvonlar eng o‘rtada doira yasagan bo‘lib, uning atrofida esa, go‘yo sal narida aylanayotgan sayyora va yo‘ldoshlar kabi, goh qizaloqlar bir-birining qo‘lini ushlagancha, yangi chit sarafanlarini hilpiratib, goh bolakaylar nimadandir piq-piq kulgancha, bir-birining ortidan u yoqdan-bu yoqqa chopqillab, goh burmali ko‘k yo qora kamzul, qizil ko‘ylak va kartuz kiygan yigitchalar basma-basiga pista po‘chog‘ini tuflab, qishloq xotinlari davrasini chetdan tomosha qilar, barinning qarollariyu begona kishilar ham shu yerda o‘ralashib yurardi. Ikki begoyim eng o‘rtadagi davra yoniga keldi. Ustiga ko‘k ko‘ylak kiyib, peshonasiga ko‘k tasma bog‘lagan Liza ham ular ortidan ergashdi. Uning tirsigidan bukilgan uzun oppoq qo‘llari ko‘ylagining keng yenglari ichidan ko‘rinib turardi.
Evgeniyning bu tomoshaga hushi yo‘q edi-yu, ammo berkinib o‘tirsa ham kulgiga qolardi. Shuning uchun papirosini tutatgancha, eshik oldiga chiqdi, bolalar va erkaklar bilan salom-alik qilgach, ulardan biri bilan suhbatlasha ketdi. Bu paytda xotinlar ovozini baralla qo‘yib, ashula aytar, goh barmoqlarini qarsillatib, goh qarsak chalib, o‘yinga tushar edi.
– Barin, sizni chaqirishyapti, – dedi bir bolakay Lizaning ovozini eshitmay qolgan Yevgeniyning yoniga chopqillab kelib. Lizaga bir juvonning raqsi juda yoqib qolgan-u, buni erim ham ko‘rsin deb uni chaqirayotgandi. O‘sha juvon esa – Stepanida edi. U egniga sariq sarafan, uning ustidan esa duxoba nimcha kiyib, boshiga shoyi ro‘mol o‘ragan, serbar, jo‘shqin, sog‘lom va quvnoq edi. Chamasi, u o‘yinni rostdan ham qoyillatmoqda edi. Bunga baho bergani Yevgeniyda uquv kamroq edi.
– Ha shunday, ha shunday, – derdi u pensnesini goh yechib, goh taqib. – Balli, balli!
“Bundan hecham qutula olmaydiganga o‘xshayman”, derdi ayni chog‘da Yevgeniy ko‘nglida.
U Stepanidaga boqmaslikka intilar, uning jozibasidan qo‘rqar edi. Shu sababmi, birrov ko‘ziga ilinganlariyam uni yanada jozibador ko‘rsatardi. Juvonning chaqnoq ko‘zlari: “Barin menga zimdan qarayapti, mendan zavq-shavq olyapti, buni ko‘rmay o‘libmanmi?” deya unsiz so‘ylardi. Yevgeniy odob yuzasidan qancha vaqt turishi lozim bo‘lsa, shuncha vaqt turdi-da, Varvara Alekseevna juvonni yoniga chaqirib, beso‘naqay harakat bilan yasama ohangda “Azizam”, deya so‘z boshlagach, ortiga qayrildi-yu, ulardan nari ketdi. Yevgeniy shu ketishda uyga kirdi. U juvonga qaramay deb, uyga qochib kirgandi. Ammo yuqori qavatga ko‘tarildi-yu, nega bundan qilayotganini o‘zi ham anglamay, deraza oldiga bordi va qishloq xotinlari uy yonida qancha vaqt tursa, shuncha vaqt derazadan uzoqlashmadi – juvondan ko‘z uzmadi, unga boqib dili yayradi.
So‘ng birortasi ko‘rib qolmasidan burun derazadan nari ketdi-da, sekin qadam tashlagancha, balkonga chiqdi. Bu yerda papiros tutatdi-yu, o‘zini sayrga otlangandek ko‘rsatib, bog‘ning juvon ketgan tarafiga yo‘l oldi. Xiyobonda ikki qadam ham tashlamagan ediki, o‘sha duxoba nimcha, sariq ko‘ylak va qizil ro‘mol daraxtlar orasidan lip etib o‘tdi. Juvon yonida bir ayol bilan ketib borardi: “Qayoqqa ketishayotgan ekan-a?”
Evgeniyni birdan shahvoniy nafs o‘rtab yubordi, birov yuragini kaftiga olib siqayotgandek edi. U yot bir irodaga bo‘ysungancha, atrofga olazarak nazar tashladi-da, juvon tomon yurib ketdi.
– Yevgeniy Ivanich! Yevgeniy Ivanich! Iltimos, muruvvat ko‘rsatsangiz, – degan ovoz eshitildi orqadan. Yevgeniy o‘ziga quduq qazib bergan Samoxin cholni ko‘rdi-yu, es-hushi tez o‘ziga qaytib, darrov ortiga qayrildi va Samoxinning yoniga bordi. Yevgeniy Samoxin bilan suhbatlashayotib, Stepanida anavi xotin bilan birga etakka, quduq yoniga tushganini ko‘rdi, ular shu yerda bir zum turdilar-da, so‘ng yana davra yasab, vaqtichog‘lik qilayotgan xotinlar oldiga chopdilar.

XIII

Evgeniy, Samoxin bilan suhbatlashgan ko‘yi, uyga xuddi jinoyat qilgan odamdek, qayg‘uga botib qaytdi. Birinchidan, Yevgeniy o‘zi bilan uchrashishni xohlayotganini juvon fahmladi va o‘zi ham shunga jon-jon deb turganini yashirmadi. Ikkinchidan, u bilan birga yurgan anavi xotin – Anna Proxorovna ham buni payqadi.
Evgeniy uchun eng og‘iri – o‘zining mag‘lub bo‘lganini anglash edi. Unda zig‘ircha ham iroda yo‘q ekan, o‘zga kuch boshqarayotgan ekan uni. Bugun-ku bir tasodif bilan qutulib qoldi. Ammo ertaga yo indinga u halokatga yuz tutishi aniq edi.
“Ha, halokatga yuz tutadi, – u buni boshqacha atay olmasdi, – yosh, vafodor xotiniga butun qishloq ko‘zi o‘ngida boshqa juvon bilan xiyonat qilsa, buni halokatga yuz tutish demay, yana nima deb atasin?! Bu shu qadar mudhish jinoyatki, uni qilgandan keyin yashash dushvor.! Tezroq, tezroq biror chorasini ko‘rish kerak”.
“Ey Xudoyim, ey Xudoyim! Ayt, nima qilay? Nahot halokatga yuz tutib ketaversam, – der edi u o‘ziga-o‘zi. – Nahot biror chorasini topib bo‘lmasa? Axir, biror chora ko‘rish kerak-ku!.. O‘sha juvonni esdan chiqarish kerak, – deya o‘z-o‘ziga buyruq berdi u. – Esdan chiqarish kerak, tamom-vassalom!” Ammo shu paytning o‘zidayoq yana juvon haqida o‘ylab ketdi, uni shundoq qarshisida ko‘rdi, zarang soyasini ham ko‘rdi.
U bir avliyo haqida o‘qiganlarini eslab ketdi. O‘sha avliyo bir xotinni darddan qutqarish uchun unga o‘ng qo‘lini tekkizishi zarur bo‘lganda, shayton vasvasasiga uchramaslik uchun chap qo‘lini manqaldagi cho‘qqa bosgan ekan. U ana shu voqeani xayolida jonlantirdi. “Men ham halokatga yuz tutgandan ko‘ra, barmoqlarimni kuydirganim afzal”. U atrofga olazarak ko‘z tashladi-da, xonada hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, gugurt chaqib, unga barmog‘ini tutdi. “Qani, endiyam u haqda o‘yla-chi”, – deya o‘ziga o‘zi piching qildi u. Yevgeniy jonida og‘riqni his qildi va kuya boshlagan barmog‘ini tortib oldi-da, gugurtni irg‘itib yuborib, birdan qahqaha otib kuldi. “Qanday bema’ni qiliq! Yo‘q! Boshqa chora topish kerak. Toki, bundan keyin juvonga ko‘zi tushmasin. O‘zim biror yoqqa ketishim yoki uni bu yerdan da’f qilishim kerak! Ha, da’f qilishim kerak! Shaharga yo boshqa qishloqqa ko‘chib ket, deb eriga pul tutqazsa-chi?! Bu gap qishloqqa tarqaladi, uni malomat qilishadi. Xo‘sh, gap qishloqda tarqalsa, uni malomat qilishsa, nima bo‘pti, manavi xavfdan ko‘ra afzalroq-ku! Ha, shunday qilish kerak”, dedi o‘ziga-o‘zi u. Biroq Yevgeniy shunday deb turib ham juvondan ko‘z uzolmasdi. “Qayoqqa ketyapti o‘zi u?”– deya qo‘qqis so‘roqqa tutdi o‘zini o‘zi Yevgeniy. Barin derazadan kuzatib turganini ko‘rdi shekilli, juvon unga yalt etib qaradi-da, xotinlardan biri bilan qo‘ltiqlashgancha, qo‘lini tez-tez siltab, boqqa qarab ketdi. Yevgeniy negaligini ham anglamay, xayollarga g‘arq bo‘lgan ko‘yi, idoraga qarab yo‘l oldi.
Yangi syurtik kiyib, sochiga yog‘upa surgan Vasiliy Nikolayevich xotini va gilamnusxa ro‘mol o‘ragan mehmon ayol bilan choyxo‘rlik qilib o‘tirardi.
– Vasiliy Nikolayevich, sizda, gapim bor edi.
– Bemalol. Marhamat. Choyni ichib bo‘ldik.
– Yaxshisi, tashqariga chiqa qolsak, degandim.
– Mayli, faqat kartuzimni kiyib olay. – Ishboshi shunday deya boshiga karuzni qo‘ndirdi-yu, eshikdan chiqayotib, – Sen, Tanya, samovarni berkitib qo‘y, – deb tayinladi xotiniga quvnoq ohangda.
Evgeniyga Vasiliy Nikolayevich shirakayfdek ko‘rindi, ammo iloji qancha, balki shirakayf bo‘lgani ham durustdir, barinning ahvolini yaxshiroq tushunar.
– Men yana anavi juvon masalasida, – dedi Yevgeniy tortinibgina.
– Undan xotiringiz jam bo‘lsin. Bundan buyog‘iga ishga yollamang, deb buyruq berdim.
– Mayli, buni qo‘ya turing, men boshqa narsani o‘ylab qoldim, shunga sizning maslahatingiz kerak. O‘sha ayolni oila-poilasi bilan ko‘chirib yuborishga nima deysiz?
– Qayoqqa ko‘chirib yuborasiz? – dedi ensasi qotib Vasiliy Nikolayevich istehzo ohangida.
– Qo‘liga pul tutqazsak yoki Koltovskiydan yer bersak, rozi bo‘lishar balki. O‘sha juvon ko‘zdan da’f bo‘lsa, bas.
– Qanday qilib ko‘chirib yuborasiz? Tup qo‘yib, palak yozgan joyidan-a? Sizga nima zarili bor buning? Nima, u sizga xalaqit beryaptimi?
– Oh, Vasiliy Nikolayevich, tushunsangiz-chi, axir, xotinim shu gaplarni eshitsa bormi, shunaqangi dahshatga tushadiki…
– Kim ham yetkazardi xotiningizga.
– Shuni o‘ylab qo‘rquvda yashash-chi? Yuragim dosh berolmaydi bunga!
– Nimadan bunga behalovat bo‘lyapsiz o‘zi? Kim eski gapni qo‘zg‘asa, o‘zim o‘yib olaman ko‘zini. Xudoning oldida begunoh, poshshoning oldida beayb kishi bor ekanmi?
– Baribir, ko‘chirib yuborsak durust bo‘lardi. Eri bilan o‘zingiz gap­lashib ko‘rolmaysizmi?
– Nimaniyam gaplashar edim. Eh Yevgeniy Ivanovich, qo‘ya qolsangiz-chi shuni. Bari o‘tib, unutilib ketgan, axir. Hayotda nimalar bo‘lmaydi, deysiz. Hozir kim ham sizni yomonlab gapira olardi?!
– Baribir, aytib ko‘ring.
– Xo‘p, mayli, aytaman.
Evgeniy bundan hech qanday naf chiqmasligini halitdan bilsa ham, baribir, ishboshi bilan suhbatdan biroz dili yupandi. Eng muhimi, hovliqishda pashshadan fil yasab yuboribdi.
Axir, Yevgeniy juvon bilan uchrashuvga borgani yo‘q-ku! Bunday bo‘lishi mumkin ham emas. U shunchaki bog‘ oralamoqchi bo‘ldi, juvon esa bexos o‘sha yoqqa chopib qoldi.

XIV

Shu kun tushlikdan so‘ng Liza bog‘da sayr qilib yurgandi, Yevgeniy, senga yo‘ng‘ichqani ko‘rsataman, deb uni o‘tzorga yetakladi. Liza tor bir ariqchadan hatlab o‘tayotib, qoqilib ketdi-yu, yiqilib tushdi. Liza yonboshiga sekin ag‘darildi-yu, lekin “oh” tortib yubordi – Yevgeniy uning yuzida nafaqat qo‘rquv, balki og‘riq ham ko‘rdi. U Lizani turg‘izmoqchi bo‘lgandi, xotini qo‘lini nari surdi.
– Yo‘q, biroz shoshma, Jenya, – dedi u bazo‘r jilmayib. So‘ng eriga ko‘z ostidan gunohkor odamdek qarab qo‘ydi. – Oyog‘im sal qayrildi, xolos.
– Har qancha tayinlayman, quloq osishsa qani! – darhol jag‘i ochildi Varvara Alekseevnaning. – Homilador ayolga ariqdan sakrashni kim qo‘yibdi.
– Hechqisi yo‘q, oyi. Turyapman, hozir mana.
U erining qo‘liga suyanib turdi, ammo shu ondayoq yuzi quv oqardi: chehrasida qo‘rquv aks etdi.
– Ha, ahvolim chatoq. – U shunday dedi-yu, onasining qulog‘iga bir nima deb pichirladi.
– Oh Xudoyim, nimalar qilib qo‘yding! Axir, yurma degan edim-a! – deb qichqirdi Varvara Alekseevna. – Shoshmanglar, hoziroq odam jo‘nataman. Liza aslo yura ko‘rmasin. Ko‘tarib oborish kerak uni.
– Yana qo‘rqib yurmagin-a, Liza. O‘zim ko‘tarib oboraman seni, – dedi Yevgeniy chap qo‘lini xotinining qo‘ltig‘i ostidan o‘tkaza turib. – Bo‘ynimdan mahkam quchoqla. Ha, ana shunday!
Evgeniy shu so‘zlarni aytdi-da, o‘ng qo‘lini Lizaning oyoqlari ostidan o‘tkazib, uni dast ko‘tarib oldi. Shu tobda xotinining yuzini qoplagan azob-uqubatu huzur-halovat ifodasi uning yodiga bir umr muhrlanib qoldi.
– Og‘irlik qilmayapmanmi, azizim, – dedi Liza jilmayib. – Oyim chopib ketyapti, Shoshmang, desang-chi unga!..
Liza shunday dedi-yu, Yevgeniyning betiga yuzini bosdi, erini o‘pdi. U o‘zini eri qanday ko‘tarib ketayotganini onam ham ko‘rsa, derdi.
Evgeniy, Varvara Alekseevnaning ortidan:
– Siz shoshmay yuravering, Lizani o‘zim olib boraman, – deb qichqirdi. Varvara Alekseevna to‘xtadi-yu, battar jazavaga tushdi:
– Yiqitib yuborasan uni, xo‘p de, yiqitib yuborasan. Nima balo o‘ldirmoqchimisan qizimni. Zig‘irchayam vijdon qolmapti senda.
– Binoyidek ko‘taryapman-ku!
– Lizani azoblashingga yo‘l qo‘ymayman, bunga jim qarab turolmayman.
– Hechqisi yo‘q, o‘tib ketadi buyam, – dedi Liza jilmayib.
– Faqat anavi galgidek asorati qolmasaydi…
– Buni aytayotganim yo‘q. Bu – arzimas gap. Men onamni aytyapman. Dam olsang-chi, charchab ketding, axir!
Evgeniy, har qancha qiyin bo‘lsa-da, xotinini mag‘rur bir quvonch bilan uyigacha ko‘tarib bordi va Varvara Alekseevna yugurgilab kelgancha, topib jo‘natgan oqsoch va oshpaz qo‘liga topshirmay, yotoqxonaga olib kirib, o‘zi choyshabga yotqizdi.
– Mayli, endi boraqol, – dedi Liza erining qo‘lidan tutib, o‘pib qo‘ygach. – Bu yog‘ini Annushka bilan o‘zimiz eplaymiz.
Marya Pavlovna ham o‘z uyidan chopib chiqdi. Lizani yechintirib, o‘rniga yotqizdilar. Yevgeniy qo‘lida kitob bilan mehmonxonada kutib o‘tirardi. Varvara Alekseevna kuyovi yonidan o‘tayotib, ta’na bilan shunaqayam xo‘mrayib qaradiki, bundan Yevgeniyning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi.
– Nima bo‘pti, – deb so‘radi u.
– Nima bo‘pti, emish. Nimayam bo‘lardi. Xotiningizni, ariqdan hatla, deb qistaganingizda nimani xohlagan bo‘lsangiz, o‘sha narsa bo‘ldi.
– Varvara Alekseevna! – deb baqirib yubordi Yevgeniy. – Bunisi endi ortib tushdi. Modomiki, odamlarni azoblab, hayotini zaharlamoqchi ekansiz… – U, bu ishni boshqa joyga borib qiling, demoqchi bo‘ldi-yu, ammo o‘zini arang tutib qoldi. – Nahot vijdoningiz qiynalmasa?!
– Endi kech bo‘ldi!
Varvara Alekseevna chepchigini g‘olibona silkitdi-yu, hovliga chiqib ketdi.
Liza, darhaqiqat, qaltis yiqilgandi. Oyog‘i yomon qayrilgan, shu falokatni deb, yana homilasi tushishi mumkin edi. Hamma hech qanday muolaja qilmaslik kerakligi, Liza qimir etmay yotsa kifoyaligini bilsa-da, baribir, doktorga odam yuborishni ma’qul topdi.
“Muhtaram Nikolay Semyonovich, – deb boshladi doktorga xatni Yevgeniy, – siz har doim menga va oilamga marhamat ko‘rsatib kelgansiz, bu safar ham xotinimni ko‘rib qo‘ygani vaqtingizni ayamaysiz, deb umid qilaman. Xotinim o‘rmonda…” Shundan so‘ng bo‘lgan voqea bir boshdan hikoya qilinar edi. Yevgeniy xatni yozib tugatgach, otni izvoshga qo‘shish yuzasidan buyruq bergani otxonaga qarab ketdi. Ba’zi otlarni doktorni olib kelishga, ba’zi otlarni esa uni eltib qo‘yishga hozirlash kerak edi. Qayerda xo‘jalik dast oyoqqa turib olmagan bo‘lsa, o‘sha yerda biror ishni darrov hal etish qiyin, buning uchun aql va tadbir ishlatish zarur bo‘ladi. Yevgeniy barcha ishga o‘zi bosh-qosh bo‘lib, izvoshchini doktornikiga jo‘natdi-da, soat o‘nlarda uyiga qaytdi. Xotini choyshabda yotar va: “Ahvolim juda yaxshi, hech qayerim og‘rimayapti”, deb yaqinlarini tinchlantirmoqchi bo‘lardi. Ammo moychiroq ortida o‘zini qo‘lidagi notalar bilan Lizadan pana qilib o‘tirgan Varvara Alekseevna keng qizil adyolni shunday vajohat-la yulqidiki, bu avzoyidan shuncha mashmashadan so‘ng janjal chiqmasligi mumkin emas, degan ma’noni osongina uqib olsa bo‘lardi. “Birovlar nima qildi – bilmadim-u, ammo men o‘z burchimni vijdonan o‘tab qo‘ydim”.
Evgeniy qaynonasi piching qilayotganini bilsa ham, o‘zini hech nimani fahmlamaganga solib, yuziga quvnoq va beg‘am ifoda bergancha, otlarni qanday qilib izvoshga qo‘shgani, Kavushka degan baytal chap tarafga binoyidek shatakchi bo‘lgani haqida so‘zlay ketdi.
– Ha, izvoshga ot qo‘shishning ayni mavridi hozir. Chunki yordam kerak bo‘lib turibdi sho‘rlik qizimga. Doktorniyam biror o‘raga yiqitib yuborishmasa go‘rga edi, – dedi Varvara Alekseevna kashtasiga pensnesi ustidan boqib, uni moychiroqqa yaqin tutgancha.
– Axir, doktorga odam yubormasak bo‘lmasdi. Otlarni o‘zim qo‘shmasam, ko‘nglim to‘larmidi?!
– Ha, judayam yaxshi esimda, meni otlaringiz poyezdning tagiga kiritib yuborishiga bir bahya qolgan.
Bu – Varvara Alekseevnaning eski uydirmasi edi. Shu tobda Yevgeniyning og‘zidan: “Hecham unaqa bo‘lmagan”, degan gap chiqib ketdi-yu, naq baloga qoldi.
– Hech qachon og‘zimdan qo‘ymayman, knyazgayam necha martalab aytganman, eng qiyin azob – yolg‘onchi, riyokor odam bilan yashash, men boshqa hamma narsaga chidayman, ammo bunisiga chiday olmayman.
– Eng ko‘p azob chekayotgan o‘zimdirman bu yerda, – dedi Yevgeniy tutoqib.
– Ha, bu ko‘rga hassadek ko‘rinib turibdi.
– Nima dedingiz?
– Hech nima, kashtamdagi gullarni sanayapman.
Bu payt Yevgeniy choyshab yonida tik turar, Liza esa yotgan joyida eridan ko‘z uzmasdi. U adyol ustiga tashlagan namchil qo‘li bilan Yevgeniyning barmoqlarini tutdi-da, asta qisib qo‘ydi. “Oyimning pichinglariga men uchun chida. U, baribir, ikkimizning sevgimizga to‘siq bo‘lolmaydi”, der edi Lizaning nigohi.
– Xotirjam bo‘l. Xuddi shunday, – dedi Yevgeniy shivirlab va avval Lizaning uzun, nam qo‘llariga lab bosdi, so‘ng muloyim boquvchi ko‘zlaridan o‘pdi, shunda Liza qoboqlarini yumib oldi.
– Nahot yana o‘shandagidek bo‘lsa? – dedi Yevgeniy. – O‘zingni ko‘ngling nima deyapti?
– Yanglishmay, deb aytgani qo‘rqyapman-u, ammo ko‘nglim, u – hozir tirik, soppa-sog‘ tug‘iladi, deyapti.
– Shunday bo‘lsin-da, iloyo. Aksini o‘ylashning o‘zi dahshat, dahshat!
Liza, ketaqol, deb har qancha qistasa ham, Yevgeniy bu kecha uning yonida qoldi, agar yordam kerak bo‘lib qolsa, darrov uyg‘onay, deb sergak yotdi. Ammo Liza tunni osoyishta o‘tkazdi, doktorga odam yuborishmaganda, o‘rnidan ham turib ketardi.
Doktor tush payti keldi-da, Lizani ko‘zdan kechirib, har holda, homila tushishidan saqlangan ma’qul, dedi. Homila tushishini aniq tasdiqloqchi alomatlar yo‘q emish. Ammo homila tushmasligini aniq tasdiqlovchi alomatlar ham ko‘rinmasmish. Xullas, unisini ham, bunisini ham kutsa bo‘larmish. Shuning uchun o‘rindan qo‘zg‘almay yotishi kerak emish.
– Xapdori yozishga hushim yo‘g‘-u, baribir, manavini ichib, qimirlamay yoting, – dedi doktor.
Shu orada, u Varvara Alekseevnaga ayollar anatomiyasi haqida uzundan-uzoq ma’ruza o‘qidi, Varvara Alekseevna ham uni kamoli diqqat bilan bosh irg‘ab tingladi. Doktor odatdagidek, muolaja haqini yeng ichiga yashirgancha jo‘nab ketdi. Bemor esa bir hafta o‘rnidan turmadi.

XV

Evgeniy ko‘p vaqtini xotini yonida o‘tkazdi: dorisini ichirdi, gap­lashib o‘tirdi, kitob o‘qib berdi, eng og‘iri, Varvara Alekseevnaning hamlalariga nolimay chidadi, hatto ularni hazilga aylantirishni ham uddaladi.
Ammo u hadeb uyda o‘tira olmasdi. Birinchidan, xotini uzzukun o‘zi bilan o‘tiraversa, kasal bo‘lib qolishini eslatib, uni bor endi, boraqol, deb qistar, ikkinchidan, xo‘jalikning ahvoli haliyam chatoq, har bir ishga o‘zi aralashmasa bo‘lmasdi. U uyda o‘tira olmas, goh dala, goh o‘rmon, goh bog‘, goh xirmonda yurar, biroq qayerda bo‘lmasin, barcha joyda uni Stepanidaning nafaqat xayoli, balki o‘zi ham tinmay ta’qib etar, juvon yodidan ko‘tarilgan paytlar juda oz bo‘lardi. To‘g‘risi, Yevgeniy bu hissiyotni ham yenga olardi-yu, biroq, eng yomoni, u juvonni avval oylab ko‘rmasa, endi har on, har qadamda to‘qnash kelardi. Juvon Yevgeniyning o‘zi bilan yana uchrashgisi kelayotganini fahmlab qolgan-u, atay uning qarshisidan chiqishga urinayotgandek edi. Yevgeniy ham, juvon ham yurak yutib, bir-biriga so‘z qotmaganidan na unisi va na bunisi to‘g‘ri uchrashuvga kelavermas, ammo duch kelib qolishga intilar edi.
O‘sha duch kelib qolinadigan joy esa o‘rmon edi. Bu yerga xotin-xalaj o‘t o‘rgani qop ko‘tarib kelardi. Yevgeniy buni bilar, shuning uchun har kun o‘rmon yonidan o‘tar edi. U har kuni o‘ziga, bo‘ldi, endi bormayman, deb so‘z berar, lekin oyoqlari, baribir, o‘sha yoqqa tortaverar, yuragi qinidan chiqqudek bo‘lib, anavi juvon o‘sha emasmikan, deb alanglagani-alanlagan edi.
Xo‘sh, o‘sha bo‘lsa, nima qilardi? Buni Yevgeniyning o‘zi ham bilmasdi. O‘sha juvon Stepanida bo‘lsa-yu, bir o‘zi turgan bo‘lsa ham, u juvonning yoniga borolmas, qochib ketar edi. Bunga Yevgeniyning imoni komil edi-yu, lekin juvonni ko‘rolmay ham turolmasdi. Bir safar u chindanam Stepanidani o‘rmonda uchratib qoldi: Yevgeniy o‘rmonga kirgan paytda u ikki xotin bilan o‘t solingan og‘ir qopni yelkalab, undan chiqib kelayotgan edi. O‘rmonga biroz oldinroq kirsa, uni yolg‘iz uchratgan bo‘lardi-ya. Endi anavi xotinlar oldida uni yana o‘rmonga qaytarishning iloji yo‘q. Ammo Yevgeniy buni aniq bilib tursa ham, anavi xotinlar ko‘rib qolishidan cho‘chimay, yong‘oq daraxti panasida ancha vaqtgacha turaverdi. O‘z-o‘zidan ayonki, juvon ortiga qaytmadi, o‘zi esa bu yerda uzoq qolib ketdi. Ey Xudoyim, Yevgeniyning xayolida u naqadar dilbar edi. Bu uning birinchi bor shunday ahvolga tushishi emas, yo beshinchi, yo oltinchi martasi edi. U Yevgeniyning xayolida har safar yanada dilbarroq bo‘lib gavdalanardi. Juvon avval unga hech qachon bu qadar jozibador ko‘rinmagandi. Jozibador demoq nima, tuzukroq jalb etmagandi.
Evgeniy o‘zini-o‘zi idora qilolmayotgani, qariyb jinni bo‘layozganini his etdi. Vaholanki, undagi o‘z-o‘ziga talabchanlik qilcha ham susaygani yo‘q. Aksincha, o‘z xohishlari, hatto qilg‘iliqlari naqadar jirkanchligini ro‘y-rost anglab turardi. Uning o‘rmonda sandiraqlab yurishlari jirkanch qilg‘iliq bo‘lmay, yana nima?! Yevgeniy juvon bilan biror pana-pastqamda, qorong‘iroq joyda to‘qnash kelsa-yu, qo‘li ilkis badaniga tegib ketsa, ehtirosga so‘zsiz qul bo‘lishini anglab turardi. U odamlar oldidagi, o‘sha juvon va o‘zi oldidagi uyat hissigina uni tutib turganini bilardi. Ayni chog‘da Yevgeniy bu his juvon bilan ikkovini ko‘zdan panalovchi o‘ng‘ay sharoitni – boyagidek qorong‘ilik yoki teginib ketishni (o‘shanda hayvoniy hirs uyatni yutib yuborar edi) qidirayotganini ham ang­lab turardi. Shuning uchun ham u o‘zini ablah bir jinoyatchi deb sanar, qalbining bor kuchi bilan o‘zidan jirkanar, nafratlanar edi. Yevgeniy har kuni Xudoga “Men bandangga kuch-iroda ato et, halokat domiga tashlab qo‘yma”, deya iltijo qilar, har kuni, bo‘ldi endi, o‘sha juvon tomonga bir qadam ham bosmayman, unga bir martayam qayrilib boqmayman, uni butkul unutaman, deb o‘z-o‘ziga so‘z berardi. U har kuni shaytoniy vasvasaga qarshi bir chora izlab topar va uni amalga oshirar edi.
Lekin bari behuda edi.
Shunday choralardan birinchisi hammavaqt band bo‘lish, ikkinchisi holdan toyguncha jismoniy mehnat qilish va ro‘za tutish, uchinchisi o‘zining qabihligi hammaga – xotini, qaynonasi, odamlarga oshkor bo‘lsa, qanchalik sharmanda bo‘lishini ko‘z oldiga keltirish edi. U ana shu choralarni ko‘rar, o‘zimni o‘zim yengayapman, deb ovunar, ammo ilgari juvon bilan uchrashib yurgan yoxud yaqinda o‘t terib qaytayotganda duch kelgan payti – tush kirishi bilanoq o‘rmonga qarab yo‘l olaverardi.
Besh kun shu tarzda azob ichida o‘tdi. U har gal juvonni uzoqdan ko‘rdi, biror marta ham yaqiniga yo‘lolmadi.

XVI

Liza xiyla o‘ziga kelib, oyoqqa turib ketdi. Eri o‘zgarib qolganidan ko‘ngli notinch bo‘lsa-da, lekin buning tagiga hech yetolmas edi.
Varvara Alekseevna bir muddatga shaharga ketdi, mehmonlardan faqat tog‘asi hamon shu yerda edi. Marya Pavlovna, har doimgidek, o‘zinikida bo‘lardi.
Iyunda bulutli kunlardan so‘ng aksar sharros yomg‘ir quyadi-da, ikki kungacha tinmaydi. Shunday yog‘in-sochin kunlarda Yevgeniy salkam telba ahvolda yurardi. Yomg‘ir yoqqani uchun barcha ishlar to‘xtab qolgan edi. Yog‘ingarchilik va loygarchilik sabab go‘ng tashishni ham bas qilishdi. Butun qishloq uyiga qamalib oldi. Cho‘ponlar ham chorva ortidan yurib charchadi-yu, hayvonlarni uy-uyiga haydab keldi. Mol va buzoqlar o‘tloqlarda yurar, chorbog‘larga chopib kirardi. Ro‘mol yopingan sarpoychan xotinlar loyni shaloplatgancha, har yoqqa to‘zib ketgan mol-holini qidirib izg‘iydi. Yo‘llarda yomg‘ir ariq bo‘lib oqadi. Barg va maysalar yomg‘ir ostida shalabbo bo‘lgancha turadi, tarnovlardan suv serpufak ko‘lmakchalarga quyiladi. Yevgeniy ham uyga xotini bilan qamalib olgan, shu kunlarda yanayam dilgir edi. Liza necha marta Yevgeniydan, ayt, nega xafasan, deb so‘radi, u esa jahl aralash, hech gap yo‘q, deb javob qaytardi. Shundan keyin so‘roqqa tutishni bas qildi-yu, ammo ko‘ngli ranjidi.
Ular nonushtadan so‘ng mehmonxonada gurunglashib o‘tirar edi. Tog‘asi yuzinchi marta bo‘lsa kerak, oliynasab tanish-bilishlaridan lof urardi. Liza boshlab qo‘ygan koftasini yana to‘qigani qo‘liga oldi-da, rutubatli havoyu belidagi og‘riqdan shikoyat qilgancha, xo‘rsinib qo‘ydi. Tog‘asi unga, yotib dam ol, deb maslahat berdi, o‘ziga esa sharob keltirishni buyurdi. Yevgeniy uyda diqqinafas bo‘lib ketdi. Hamma narsa unga lanj, maroqsiz tuyulardi. Yevgeniy tamaki tutatgancha, kitob o‘qir, ammo kallasiga hech vaqo kirmasdi.
– Qirg‘ich moshinani ko‘rgani boraman, uni kecha keltirishuvdi, – dedi u to‘satdan o‘rnidan turib, eshik tomon yurarkan.
– Soyabonni olsang-chi!
– Yo‘g‘-ey, charm yopinchig‘im bor-ku. Tag‘in zavodga boraman, xolos.
U etigini kiydi, yopinchiqni ildi-da, zavodga qarab yo‘l oldi. Biroq yigirma qadam ham yurmagan edi, yo‘lda bir juvon peshvoz chiqib qoldi. U etagini beliga qistirib olgan, oppoq boldirlari ko‘rinib turardi. Juvon bosh va yelkasini chirmagan shol ro‘molini qo‘li bilan tutgancha yurib kelardi.
– Nima qilib yuribsan? – deb so‘radi Yevgeniy avvaliga juvonni tanimay. Taniganida esa kech bo‘lgan edi. Juvon taqqa to‘xtadi-da, jilmaygancha unga termulib qoldi.
– Buzoqchamni qidirib yuribman. O‘zingiz-chi, shu yomg‘irda qayoqqa ketyapsiz? – Juvon o‘zini har kun barin bilan ko‘rishib-gaplashib yurgan odamdek erkin tutardi.
– Chaylaga bor, – deb buyurdi o‘zi ham anglamay birdan Yevgeniy. Bu so‘zni boshqa birov uning nomidan aytgandek edi.
Juvon ro‘molining uchini tishladi-yu, xo‘p degandek kiprik qoqdi-da, o‘z yo‘liga – boqqa, chaylaga qarab chopib ketdi. Yevgeniy esa siren butasi ortiga o‘tgach, o‘ziyam chaylaga burilish uchun yo‘lida davom etdi.
– Barin, – degan ovoz keldi ortidan. – Bekam chaqiryaptilar. Bir daqiqaga kirib o‘tarkansiz.
Bu – ularning gumashtasi Misha edi.
“Ey Xudoyim, meni ikkinchi marta ham qutqaryapsan”, dedi “oh” urib Yevgeniy va shu zahotiyoq ortiga qaytdi. Xotini tush payti bir kasal xotinga dori eltib berishga va’da qilganini esiga solib, o‘sha dorini ola keting, deb iltimos qildi.
Dorini topib chiqishguncha oradan besh daqiqacha vaqt o‘tdi. Dorini cho‘ntagiga joylab chiqqach esa, chaylaga borishga jur’at etolmadi. O‘sha yoqqa ketayotganiga uyidagilarning ko‘zi tushib qolishidan qo‘rqdi. Ammo ko‘zdan pana bo‘lgan zahoti tez qayrildi-yu, chaylaga qarab jo‘nadi. U juvonning chayla o‘rtasida turgancha, sho‘x jilmayayotganini ko‘z oldiga yaqqol keltirdi. Biroq juvon chaylada yo‘q edi, bu yerda bo‘lganini tasdiqlovchi biror alomat ham ko‘rinmasdi. U endi, juvon chaylaga kelmagan: mening so‘zimni yo eshitmagan, yo tushunmagan, deya tusmollay boshladi. Yevgeniy o‘sha so‘zlarni, juvon eshitib qolishidan qo‘rqib, ming‘irlab aytgan edi.
“Ehtimol u chaylaga kelishni xohlamagandir? Nega endi o‘zini quchog‘imga otishi kerak ekan? Bu xomxayol qayerdan keldi o‘zi kallamga? Boshi ochiq emas, birovning hasmi, axir! Bu dunyoda faqat mengina – ra­zilman, xolos. Shunday ajoyib xotinim bo‘laturib, boshqasining ortidan chopib yuribman”. U tepasidan chakka o‘tib, yerga tomchilab turgan chaylada o‘tirgancha, shularni o‘ylar edi. “Agar kelganidami, naqadar soz bo‘lardi! Ikkalasi chaylada yolg‘iz qolardi. Uni bir bor bag‘riga bossa-yu, keyin qiyomat qoyim qo‘psa ham mayli edi. Ha-ya, – deya birdan eslab qoldi u, – kelgan bo‘lsa, izidan topish mumkin!” U chaylaga kiraverishdagi tuproqqa va undan naridagi so‘qmoqqa razm soldi, so‘qmoqda birozgina sirpangan yangi yalangoyoq izini ko‘rdi. “Demak, u – kelibdi. Endi g‘isht qolipdan ko‘chdi. Qayerda ko‘zim tushsa, to‘g‘ri yoniga boraman. Shu kechadayoq u bilan uchrashaman”. Yevgeniy chaylada uzoq o‘tirdi, undan horg‘in va g‘amgin qiyofada chiqdi. Dorilarni eltib berdi-yu, uyiga qaytib, xonasida tushlikni kutib yotdi.

XVII

Tushlikdan oldin Yevgeniyning oldiga Liza kirdi-da, eri nega siqilib yurganidan qayg‘urgancha, o‘ziniyam qo‘rquv bosayotgani, ko‘ngli behuzur bo‘layotgani, onalari uni Moskvada tug‘dirishni istayotgani-yu, o‘zi esa shu yerdan ketgisi kelmayotganidan so‘zlay boshladi. “O‘laqolsam ham Mos­kvaga bormayman”, derdi u qat’iy ohangda. Yevgeniy Lizaning, tug‘uruq og‘ir kechmasmikan ishqilib, bolaning to‘rt muchasi sog‘ bo‘larmikan, deb qo‘rqayotganini fahmlab turardi. Xotini eriga chin sevgisi bois jonini garovga tikayotganini ko‘rib, Yevgeniyning ko‘ngli iyib ketdi, albatta. Uyida barcha-barchasi joyida, shod-xurram, ozoda-sarishta edi. Qalbida esa barcha-barchasi rasvo, jirkanch, qabih edi. Yevgeniyni tuni bilan bir fikr o‘rtab chiqdi. U o‘zining irodasi bo‘shligidan har qancha nafratlansa, juvon bilan aloqani uzishga har qancha va’da bersa ham, ertaga baribir, yana eski, jirkanch ahvol takrorlanishini anglab turardi.
“Yo‘q, bunday davom etishi mumkin emas, – der edi u xona bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa yurgancha. – Bunga qarshi biror chora bordir, axir! Ey Xudoyim, yo‘l ko‘rsat, nima qilay?”
Kimdir eshikni oliftalarcha taqillatdi.
– Kiring, – dedi Yevgeniy.
Tog‘asi, o‘z ixtiyori bilan Lizadan elchi bo‘lib kelibdi.
– Sen, jiyan, sal boshqacha bo‘lib yuribsan, buni tog‘am ko‘rmaydi, bilmaydi, deysanmi, – dedi u ovoziga atay jiddiy tus berib. – Bundan sho‘rlik Liza ham azoblanyapti. Ko‘p ajoyib ishlarni boshlab qo‘ygansan, to‘g‘ri, ularni tashlab ketish oson emas senga. Lekin bundoq yorilgin-da, darding nima o‘zi, que veux tu? Tog‘a bo‘lib beradigan maslahatim – xotiningni ol-da, sayohatga jo‘na! Bu – o‘zingga ham, Lizaga ham foydali. Xullas, maslahatim – Qrimga boringlar. Iqlimiyam tug‘uruqqa juda bop. Qolaversa, hozir ayni uzum pishig‘i!
– Tog‘a, – deya qo‘qqis tilga kirdi Yevgeniy, – sizga o‘z sirimni, uyatli, jirkanch sirimni aytsam, hech kimga oshkor qilmaysizmi?
– Ana, xolos. Nahotki tog‘angga ishonmasang, jiyan?!
– Tog‘a! Siz menga yordam bera olasiz. Hatto halokatdan saqlab ham qola olasiz, – dedi Yevgeniy hayajonlanib. O‘zi hurmat qilmagan tog‘asiga eng nozik sirini ishonib ochish, unga eng xunuk qiyofada ko‘rinish, uning oldida o‘zini pastga urish fikri Yevgeniyga lazzat bag‘ishlayotgan edi. U o‘zini qabih, jinoyatchi kimsadek his etar va shuning uchun ham o‘zini sazoyi qilishni istardi.
– Ayta qol, do‘stim, bilasan-ku, juda yaxshi ko‘raman seni, – dedi jonlanib tog‘asi. U, aftidan, jiyanining siri borligi, bu sir uyatliligi, uni tog‘asiga to‘kib solmoqchiligi, o‘zining esa jiyaniga nafi tegayotganligidan mamnun edi.
– Sizga, avvalo, bir gapni aytishim kerak: men – ablah, pastkash, muttaham, ha, aynan muttaham odamman.
– Qo‘ysang-chi bu gaplarni, – dedi tog‘asi o‘zini xafa bo‘lganga solib.
– Men Lizadek, ha, Lizadek bir ayolning eri bo‘laturib, uning pok sevgisini oyoqosti qilgancha, qayoqdagi bir xotin bilan unga xiyonat qilmoqchi bo‘lsam, ablah bo‘lmay, kimman tag‘in?!
– To‘xta, nimalar deyapsan o‘zi? Lizaga xiyonat qilmadingmi hali?
– Yo‘q, lekin shuni xohlash ham xiyonat qilgandek gap-da! Bir tasodif bo‘lmasa, xiyonat ham qilardim. Axir, bunga tap-tayyor edim. Menga xalaqit berishdi, aks holda, hozir… Ahvolim ne kechardi, bilmayman!
– Bunday tushuntiribroq gapir-da, jiyan…
– Xo‘p, tog‘a, eshiting. Bo‘ydoqlik paytimda aqlsizlik qilib, shu joyda, qishloqda bir juvonga elakishib qoluvdim. Ya’niki, u bilan o‘rmonda, dalada uchrashib yurardim.
– Ko‘hlikkina edimi? – deb so‘radi to‘satdan tog‘asi.
Bu savoldan Yevgeniyning yuzi burushib ketdi, ammo tog‘asining yordamiga muhtojligidan bu gapni eshitmaganga oldi-yu, so‘zida davom etdi:
– Qachon xohlasam, aloqani uzaman, shu bilan bari tugaydi, deb o‘ylagan edim. Uylanishimdan avval aloqani uzdim-u, o‘sha juvonni bir yilcha ko‘rmadim ham, o‘ylamadim ham. – Yevgeniyga o‘z dardini o‘zi eshitish juda g‘alati tuyuldi. – Keyin esa uni to‘satdan ko‘rib qoldim-u, ko‘ksimni g‘ashlik kemira boshladi. Sehr-jodu qilib, o‘ziga isitib olganmi, nima balo! Men har daqiqa gunoh qilib qo‘yishdan cho‘chib, o‘zimni har qancha koyib-tergasam ham, oyog‘im, baribir, o‘sha juvonga qarab yetaklayveradi. Agar shu kungacha bu gunohga botmagan bo‘lsam, meni yolg‘iz Xudoning o‘zi asradi. Kecha Liza chaqirtirganda ham o‘sha juvonning yoniga ketayotgan edim.
– Yomg‘ir quyib turganda-ya?
– Ha, judayam ezilib ketdim, tog‘a. Shuning uchun sizga ko‘nglimni yorib, yordam so‘rab turibman.
– To‘g‘ri, o‘z yer-mulkingda bunaqa qilg‘iliqlar qilish yaramaydi. Bir kunmas-bir kun oshkor bo‘ladi. Yana Liza sho‘rlik – mo‘rtgina bo‘lsa, ayash kerak uniyam. To‘xta, shu xushtorlikni bu yerda emas, boshqa joyda qilsang bo‘lmaydimi?!
Evgeniy tog‘asining gapini yana eshitmaganga oldi-da, to‘ppa-to‘g‘ri maqsadga ko‘cha qoldi:
– Siz meni o‘zimdan qutqara olasiz, tog‘a. Sizdan bir narsani iltimos qilmoqchiman. Shu kungacha menga tasodifan xalaqit berishgan bo‘lsa, ertaga, boshqa safar xalaqit qilisholmaydi. Men Lizaga bor gapni shu ondayoq aytishim kerak. Iltimos, uning oldiga bir o‘zimni kiritmang.
– Xo‘p, sen aytgandek bo‘la qolsin, – dedi tog‘asi. – Ammo nahot shunchalar sevib qolgan bo‘lsang?
– Yo‘q, bu – sevgi emas, boshqa narsa. Qandaydir kuch mahkam yopishib olgan-u, hech qo‘yib yuboray demaydi. Nima qilishni ham bilmayman, tog‘a. Yo bo‘lmasa, sal o‘zimga kelib olib, keyin aytaymi?..
– Baribir, mening aytganim bo‘lib chiqyapti, – dedi tog‘asi.– Bora qolinglar o‘sha Qrimga.
– Ha, boramiz, albatta boramiz… Siz yonimda bo‘lsangiz, dardimni ham to‘ka olaman.

XVIII

O‘sha yomg‘irli kundan so‘ng tog‘asiga o‘z sirini ishonib aytgani, yanada muhimi, shu orada kuchli vijdon azobi va uyat hissini boshdan kechirgani Yevgeniyni ancha hushiga keltirdi. Bir haftadan so‘ng Yaltaga jo‘nab ketishga qaror qilishdi. Yevgeniy shungacha safarga pul topish uchun shaharga borib keldi, ishboshiga uy va xo‘jalikka doir zarur topshiriqlar berdi, so‘ng xotini bilan yana apoq-chapoq bo‘lib, kunlarni beg‘am, quvnoq o‘tkaza boshladi. Unda ruhan jonlanish ko‘zga tashlanib qoldi.
O‘sha yomg‘irli kundan so‘ng Stepanidaga biror marta ham duch kelmay, xotini bilan Qrimga jo‘nab ketdi. Ular Qrimda ikki oyni juda maroqli o‘tkazishdi. Yevgeniy shu qadar ko‘p taassurotlar orttirdiki, ular go‘yo butun o‘tmishini yodidan yuvib tashlagandek edi. Er-xotin Qrimda eski tanishlarini uchratib qolib, ular bilan yanayam yaqinlashib ketishdi. Bundan tashqari, bir talay yangi tanishlar ham orttirishdi. Qrimdagi hayot Yevgeniyga oxiri yo‘q bayramdek tuyulardi. Buning ustiga, u Yevgeniyga ham ibrat bo‘ldi, ham foyda qildi. Er-xotin Qrimda gubernyalarining sobiq boshlig‘i bilan inoqlashib ketishdi. Bu zukko liberal insonning Yevgeniyga mehri tushib qoldi-yu, unga ko‘pgina masalalar mag‘zini chaqib berib, tez fursatda o‘z tarafiga og‘dirib oldi. Avgust oyining oxirrog‘ida Liza yoqimtoy, sog‘lom qiz tug‘di. Buni qarangki, tug‘uruq oson kechdi.
Ular sentyabrda uyiga to‘rt kishi bo‘lib – o‘zlari, qizchasi va enaga ayol bilan yo‘l olishdi. Liza chaqaloqni emizolmaganidan enaga yollashgan edi. Eski vasvasadan butkul qutulgan Yevgeniy endi boshqa, baxtiyor odamga aylangan edi. Xotinini to‘lg‘oq tutganda, har qanday erkak nimani boshdan kechirsa, uyam shuni boshdan kechirdi-da, xotinini avvalgidan ham ko‘proq sevib qoldi. Chaqaloqni qo‘lga olgandagi hissiyoti esa g‘aroyib, yangicha, xuddi qitig‘ing kelgandagidek yoqimli edi. Ilgari Yevgeniyni faqat xo‘jalik ishlari qiziqtirgan bo‘lsa, endi unda sobiq gubernya boshlig‘i Dumchin bilan inoqlashish ortidan qisman shuhratparastlik, qisman burch hissi sabab zemstvo ishlariga qiziqish ham paydo bo‘ldi. Oktyabrda zemstvoning shoshilinch majlisi o‘tkazilishi, unda o‘zi ham a’zo bo‘lib saylanishi kerak edi. Uyga qaytgach, u bir marta shaharga, bir marta Dumchinnikiga borib keldi.
Evgeniy endi shaytoniy vasvasa bilan kurashish azobini esidan chiqarib yuborgan, o‘sha vaqtdagi kechinmalarini bazo‘r xayolida tiklay olar edi. Bular unga o‘zi mubtalo bo‘lgan telbalik kasalining xuruj qilishiga o‘xshab ko‘rinardi.
Evgeniy endi o‘zini shayton vasvasasi shu qadar ozod his etar ediki, oqibatda ishboshi bilan ilk bor yolg‘iz qolishgandayoq undan qo‘rqmay Stepanidani so‘rab-surishtirdi. Yevgeniy ishboshi bilan o‘sha juvon haqida ilgari ham gaplashganidan, bu gal uyatdan qizarib-bo‘zarmadi.
– Darvoqe, Sidor Pchelnikov uyiga qaytdimi?
– Yo‘q, haliyam shaharda.
– Uning xotini-chi?
– Zig‘irchayam uyat qolmagan unda. Hozir Zinovevga elakishib yuribdi. Juda suyulib ketdi megajin.
“Unda yanayam soz, – deb o‘yladi Yevgeniy. – Endi menga baribir, shu qadar o‘zgarib ketdimki, bu – naqadar hayratlanarli!”

XIX

Evgeniyning barcha orzusi ushaldi. Yer-mulk o‘zida qoldi, zavod ishlab ketdi, qand lavlagi mo‘l hosil berdi, mo‘may daromad – cho‘ntakda desa bo‘lardi. Xotinining ko‘zi eson-omon yoridi. Qaynonasi oxiri shaharga qaytdi. Uni zemstvoga bir ovozdan saylashdi.
Saylovdan so‘ng Yevgeniy shahardan qishloqqa qaytadigan bo‘ldi. Barcha uni qutlar, o‘zi bo‘lsa minnatdorchilik bildirardi. U mamnun kayfiyatda tushlik qildi-da, shampan vinosidan besh qadahini sipqordi. Hozir Yevgeniyning miyasida butunlay yangi hayotiy rejalar yetilmoqda edi. U uyiga qaytar ekan, shular haqida o‘ylardi. Kuzning ilk kunlari o‘tib borardi. Tarantas yumshoqqina ilgarilar, quyosh charaqlab turardi. Yevgeniy zemstvoga saylangach, xalq orasida o‘zi orzu qilgan mavqeni qanday egallash haqida bosh qotirardi. Avval yer va zavodi bilan xalqqa ish topib berib, qayg‘usini aritgan bo‘lsa, endi unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatish imkonini qo‘lga kiritgandi. Oradan uch yil o‘tsin-a, qo‘li ostidagi va boshqa yerlardagi dehqonlar og‘zidan Irtenev tushmay qoladi!.. “Mana bular og‘zidan ham”, deb o‘ylar edi u qishloq oralab borar ekan, katta yog‘och chelakda limmo-lim suv ko‘targancha, yo‘lni ko‘ndalang kesib o‘tmoqchi bo‘lib turgan erkak va ayolga ko‘z tashlab. Erkak va ayol to‘xtab, izvoshni o‘tkazib yubordi. Erkagi – keksa Pchelnikov, ayoli esa – Stepanida edi. Yevgeniy uni ko‘rdi, tanidi, ammo yuragi jig‘ etmadi. Yevgeniy bundan judayam mamnun bo‘ldi. Juvon haliyam yoqimtoy edi-yu, ammo Yevgeniyni entiktirmadi. Izvosh qo‘rg‘onga kirib keldi. Xotini zinapoyada kutib oldi. Ajoyib oqshom cho‘kib borardi.
– Xo‘sh, tabriklasak bo‘ladimi? – deb so‘radi tog‘asi.
– Ha, bir ovozdan saylashdi.
– Juda soz-ku. Yuvish kerak unda.
Ertasi kuni tongda Yevgeniy qarovsiz qolgan xo‘jaligini ko‘zdan kechirgani chiqdi. Qishloqda g‘alla yanchuvchi yap-yangi mashina ishlab turardi. Mashina qanday ishlayotganini kuzatish uchun Yevgeniy xotinlar oralab borar, ularga diqqatini chalg‘itmaslikka urinar edi. Biroq har qancha tirishsa ham, baribir, somon tashiyotgan Stepanidaning timqora ko‘zlariyu qizil durrachasiga ikki bor ko‘zi tushdi. Unga Yevgeniyning ikki bor ko‘zi tushdi-yu, qalbida g‘alati hissiyotni tuydi, lekin bu qanday tuyg‘uligini ajrata olmadi. U faqat ertasiga yana xirmonga borib, zarurati bo‘lmasa ham, ikki soat o‘sha yerda qolib ketganda, Stepanidaning go‘zal qad-qomatini tinmay nigohi bilan suyib erkalayotganini payqab qoldi-da, endi adoyi tamom bo‘lgani, butkul odam siyog‘idan chiqqanini angladi. Tag‘in o‘sha azob, tag‘in o‘sha dahshat, tag‘in o‘sha vasvasa! Endi unga hech bir najot yo‘q!
U nimadan qo‘rqqan bo‘lsa, o‘sha yuz bergan edi. Ertasiga Yevgeniy tunda, o‘zi ham sezmagan holda, Pchelnikovlarning hovlisi etagiga, pichan saqlanuvchi omborxona yoniga kelib qoldi. Avvalgi yili kuzda ular bir gal shu yerda uchrashgan edi. U o‘zini sayr qilib yurgan odamga solib, papiros tutatgancha, o‘sha tanish joyda to‘xtadi. Qo‘shni xotin ko‘rib qolganda, darrov ortiga qaytdi. O‘sha xotin uning ortidan kimgadir tinmay javrardi:
– Borsang-chi, toqati toq bo‘ldi-ku! Naq o‘ladi hozir bechora. Ana kut­yapti, borsang-chi, esi past!
U Stepanidaning omborxonaga qarab chopib ketganini ko‘rdi, ammo o‘zi endi ortiga qayta olmasdi, chunki oldidan bir erkak chiqib qolgandi. Yevgeniy noiloj uyiga qarab ketdi.

XX

U mehmonxonaga qadam qo‘yganda, bu yerdagi hamma narsa beo‘xshov va soxta ko‘rindi. Biroq tongda, hayriyatki, o‘sha juvonni hayotidangina emas, xayolidan ham chiqarib tashlashga ont ichgancha, tetik uyg‘ondi. Biroq, o‘zi ham anglamagan holda, xo‘jalik ishlari bilan qiziqmaslik tugul, hatto ulardan qutulishga ham intildi. Ilgari juda muhim ko‘ringan va dilini quvontirgan narsalar endi unga mutlaqo arzimas bo‘lib tuyulardi. Yevgeniy beixtiyor har qanday yumushdan holi bo‘lishga urinardi. U obdan o‘ylab olishim, bir qarorga kelishim uchun qo‘lim bo‘sh bo‘lishi kerak, deb hisoblardi. Oxiri ishlardan qutuldi-yu, bir o‘zi yolg‘iz qoldi. Ammo yolg‘iz qolgani hamono bog‘ni, o‘rmonni keza boshladi. Bog‘ ham, o‘rmon ham yoqimli xotiralarga burkangan edi. U daf’atan anglab qoldiki, garchi bog‘da tentirab yurib, o‘zini xuddi o‘ylayotganga solsa-da, aslida, hech nimani o‘ylamayotgan, o‘sha juvonni telbalarcha kutayotgan ekan, xolos. Go‘yo Stepanida, qandaydir mo‘jiza yuz berib, barin uni kutayotganini payqab qoladi-da, oyog‘ini qo‘liga olib, shu yoqqa chopadi. Yo odamlar ko‘zidan pana boshqa biror joyga keladi. Yo bo‘lmasa, oysiz qop-qorong‘i kechada uyi­dan chiqadi-yu, Yevgeniyni birortayam kimsa, hatto juvonning o‘ziyam ko‘rmaydi. Shunda u Stepanidaga yaqinlashadi-da, asta belidan tutadi…
“Mana senga qachon xohlasam, tashlab ketaveraman, deyish. Mana senga sog‘liq deb ko‘hlik, sog‘lom juvonga elakishish, – deb o‘z-o‘zini achchiq tergardi Yevgeniy. – Yo‘q, u bilan bunaqa o‘yin qilmasligim kerak ekan. Men uni to‘rga ilintirdim, deb yuruvdim. Aslida, u meni to‘rga ilintirgan ekan. Qani endi qo‘yib yuborsa. O‘zimni ozod sanab yuruvdim. Aslida, quldan battar ekanman. Uylangan paytimda ham o‘zimni o‘zim aldabman. Bari – safsata, aldov ekan. Men o‘sha juvon bilan qovushgandagina boshqacha tuyg‘u, chin erlik tuyg‘usini tuydim. To‘g‘risi, men faqat u bilan yashashim kerak ekan.
Hozir qarshimda ikkita hayot turibdi. Birinchisi – Liza bilan birga yashash, bu – xo‘jalik, zemstvo, bola-chaqa, odamlar hurmati, degani. Agar asil hayot shu bo‘lsa, bu hayotda anavi juvon – Stepanidaga joy yo‘q. Uni, avval reja qilganimdek, yo ko‘chirib yuborishim, yo yo‘q qilib tashlashim kerak. Ikkinchi hayot esa – buning teskarisi. Juvonni eridan tortib olib, evaziga mo‘may pul tutqazish, uyatsizlik va sharmandalikni bo‘yinga olib, u bilan birga yashash. Ammo bu hayotda Liza bilan qizim Mimiga joy yo‘q. Darvoqe, bola xalaqit qilmaydi. Biroq Liza da’f bo‘lishi, onasinikiga ketishi kerak. U xiyonat qilganimni eshitishi, meni rosa qarg‘ashi, keyin bosh olib ketishi kerak. U qishloqi juvonni o‘zidan ortiq ko‘rganimni, xiyonatkor va muttaham odamligimni bilishi kerak. Yo‘q, bu – naqadar dahshat! Aslo bunday qilmaslik kerak. Biroq, – deya o‘ylashda davom etdi u. – bir tasodif yuz bersa-chi? Axir, shunaqasi ham bo‘ladi-ku! Liza betob bo‘lib, o‘lib qolsa! Shunda hammasi ajoyib bo‘lardi.
Ajoyib bo‘lardi, deydi-ya! Ey ablah, razil! Kimdir o‘lishi kerak bo‘lgan taqdirdayam, o‘sha juvon o‘lishi kerak. Ha, Stepanida o‘lsa, olam guliston bo‘lardi!
Lekin xotinim yo anavi juvonni qanday qilib zaharlasam yo otsam bo‘ladi? Revolverni qo‘lga olaman-u, biror joyga chaqirtiraman, kelganda bag‘rimga bosish o‘rniga ko‘ksidan otaman. Shunda barcha azoblarga nuqta qo‘yiladi.
Ammo o‘sha juvon shayton-da. Iblisning xuddi o‘zi! O‘z izmiga bo‘ysundirib, egallab olmadimi, axir. Nima qilgan ma’qul? O‘ldirishmi? Ha! Faqat ikkita yo‘l bor: xotinimni yoki uni o‘ldirish. Chunki bunday yashab bo‘lmaydi. Hech iloji yo‘q! Yetti o‘lchab, bir kesish kerak. Mabodo bari avvalgidek qolsa-chi? Unda nima bo‘ladi?
Unda tag‘in, bo‘ldi, juvonni tashlayman, deyman-u, lekin tunda, baribir, omborxonasi yoniga boraman, juvon buni payqaydi-da, yonimga yugurib chiqadi. Yo bo‘lmasa, odamlar meni tanib qoladi-yu, darrov xotinimga kelib aytadi. Yoki Lizaga o‘zim bor gapni aytaman. Sababi, yolg‘on so‘zlayolmayman, bunday yashayolmayman. Aslo! Xotinim biladi. Boshqalaram biladi: Parasha ham, temirchi ham. Xo‘sh, bilsa nima qipti! Axir, hozirgidek yashab bo‘larmidi?!
Yo‘q! Faqat ikki yo‘l bor: yo xotinimni o‘ldiraman, yo o‘sha juvonni. Darvoqe, yana…
Ha-ya, uchinchi yo‘l ham bor: o‘zimni o‘ldirish! – U bu gapni ovozini chiqarib ohista aytdi. Shuni aytdi-yu, birdan seskanib ketdi. – Ha, o‘zimni o‘ldiraman, o‘shanda ularni o‘ldirishga hojat qolmaydi”. Yevgeniy faqat shu yo‘lgina to‘g‘riligini his etib, dahshatga tushdi. “Revolver-ku bor. Ammo nahot o‘zimni o‘ldirsam?! Buni hecham xayolimga keltirmovdim. Bu shunchalar g‘alati ish bo‘ladiki…”
Evgeniy xonasiga qaytdi-da, shkafning eshigini ochdi. U revolverni aynan shu joyda saqlar edi. Pistoletga endi qo‘l uzatgandi, xotini kirib qoldi.

XXI

Evgeniy ustiga gazeta yopib, xotinidan revolverni yashirdi.
– Yana o‘sha ahvolmi? – dedi Liza eriga xavotirlanib boqqancha.
– O‘sha ahvolmi, deganing nimasi?
– Qara, yuzingda yana o‘sha dahshat ifodasi. Uni avval ham ko‘rganman. O‘shanda menga dilingni yormagansan. Jenya, azizim, ayt menga. Ko‘rib turibman: juda qiynalib ketding. Ayta qol menga, yengil tortasan ancha. Qanday gap bo‘lsayam, mayli aytaver. Hech nima buncha azob chekishingga arzimaydi. Axir, ko‘nglim sezib turibdi, yomon gapning o‘zi yo‘q.
– Ko‘nglim sezyapti emish? Qo‘y shu gaplarni.
– Ayt, aytaqol, aytaqolsang-chi. Aytmaguningcha tinch qo‘ymayman seni.
Evgeniy ayanch bir ahvolda jilmaydi.
“Aytsammikan-a? Yo‘q, buning iloji yo‘q! Nimani ham aytardim…”
U xotiniga balki ko‘nglini ham to‘kib solar edi-yu, lekin shu payt enaga kirib, sayr qilgani chiqsak maylimi, deb so‘rab qoldi. Liza chaqaloqni kiyintirgani u bilan birga chiqdi:
– Xo‘sh, aytasan-a? Bir zumda qaytaman.
– Mayli, aytarman balki…
Eri bu so‘zlarni naqadar ayanchli jilmayish bilan aytganini Liza bir umr unuta olmay yurdi. Xotini chiqdi.
Evgeniy, xuddi qaroqchilardek, revolverni shosha-pisha qo‘lga oldi-da, g‘ilofdan chiqardi. “U – o‘qlangan, ammo ancha vaqt avval, tag‘in bitta o‘qi kam. Nima bo‘lsa, bo‘lar, tavakkal!”
U revolver og‘zini chakkasiga qadadi-da, bir zum esankirab qoldi, Stepanida esiga tushdi-yu, uni miyasidan chiqarish uchun kurashishi, shahvoniy hirs vasvasasiga uchrashi va ma’nan yuztuban ketishi, so‘ng yana kurashishi haqida o‘ylab, dahshatdan titrab ketdi. “Yo‘q, shunisi afzal”. U tepkini bosdi.
Liza xonaga chopib kirganida – u endigina balkonga yetgandi – Yevgeniy polda yuztuban yotar, qop-qora, issiq qon yaradan sharillab oqar, badani hali titrab turardi.
Mirshablar kelib, savol-so‘roq qilishdi. Hech kim bu suiqasd sababini tushunolmas, izohlab berolmas edi. Tog‘asi bu fojianing Yevgeniy ikki oy avval uning qoshida keltirgan istig‘forga biror aloqasi yo‘qmikan, degan fikrni xayoliga ham keltirmadi.
Varvara Alekseevna, bir kunmas-bir kun shunday bo‘lishini ko‘nglim sezgan edi, deya hammani ishontirmoqchi bo‘ldi. U Yevgeniy bilan janjallashib qolgan paytlarida shunga amin bo‘lgan emish. Liza bilan Marya Pavlovnaning esa nega shunaqa bo‘lganiga hecham aqli yetmasdi. Doktorlarning, Yevgeniy ruhiy xastalikka chalingan, degan gapiga ular zig‘ircha ham ishonmasdi. Chunki ikkovi ham o‘zlari tanigan yuzlab odamlardan Yevgeniy sog‘lomroq fikr yuritishini bilardi.
Darhaqiqat, Yevgeniy ruhiy xasta bo‘lsa, unda hamma odamlar ham ruhiy xasta bo‘lib chiqadi. Eng ashaddiy telbalar esa boshqalarda jinnilik alomatlarini ko‘radi-yu, ammo o‘zidayam shunday alomatlar borligini payqamaydi.

1889 yil 12 noyabr. Yasnaya Polyana.

[“Iblis” qissasi yakunining varianti]

… dedi u o‘ziga-o‘zi va stol yoniga borib, g‘aladondan revolverni oldi-da, o‘qdonni tekshirib ko‘rib – bitta o‘q kam edi – shimining cho‘ntagiga tiqdi.
– Ey Xudoyim, nima qilganim bu o‘zi, – deya qichqirib yubordi u qo‘qqis, so‘ng qo‘llarini qovushtirgancha, ibodat qila ketdi. – Xudoyim, O‘zing qo‘lla, O‘zing halos et! O‘zing – bilguchi zotsan, bu bandang gunoh qilmoqchi emas, ammo bir o‘zi ojizlik qilib qolyapti. O‘zing qo‘lla, – dedi u ikona qoshida cho‘qingancha.
“Yo‘q, o‘zimni qo‘lga olishga hali kuchim yetadi. Biroz tashqarini aylanaman, obdan o‘ylab olaman”.
Evgeniy dahlizga o‘tdi, kalta po‘stini va kalishini kiydi-da, zinapoya­ga chiqdi. U bularni xayoli to‘zg‘igan bir holda bajardi. So‘ng oyoqlari Yevgeniyni bog‘ yonidan o‘tuvchi dala yo‘lidan qishloqqa boshlab ketdi. Qishloqda haliyam g‘alla yanchuvchi mashina gurillar, cho‘pon bolalarning qichqirig‘i eshitilardi. U bostirmaga kirdi. Stepanida shu yerda edi. Uni Yevgeniy darrov ko‘rdi. Juvon sochilib yotgan boshoqlarni to‘dalardi. U barinni ko‘rgan zahoti ko‘zlari chaqnadi-da, yanayam epchillik va sho‘xlik bilan ishga tutindi. Yevgeniy unga qaramaslikka intilar, ammo irodasi yetmas edi. Stepanida ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandagina u o‘ziga keldi. Ishboshi hozir mog‘orlab qolgan somon yanchilayotgani, shu sabab don kam chiqayotganidan so‘zlardi. Yevgeniy somon bog‘lamlari behafsala yoyilganidan har uzilish bo‘lganda taraqlab qo‘yayotgan baraban yoniga keldi-da, ishboshidan bunaqa mog‘orlab qolgan somon ko‘pmi, deb so‘radi.
– Besh aravacha bor.
– Unda bunday qiling… – Yevgeniy shunday deb so‘z boshladi-yu, ammo gapini oxiriga yetkazmadi. Juvon tag‘in baraban yoniga qaytdi-da, uning ostidan boshoqlarni kurakda surgancha, chaqnoq ko‘zlarini Yevgeniyga qadab, bag‘riga o‘t yoqdi.
Bu ko‘zlar ikkovi o‘rtasidagi o‘sha quvnoq, beg‘am sevgidan so‘ylardi. Yana, siz hozir ham meni qo‘msaysiz, balki chiqib qolar, deb omborxonam atrofida sanqib yurasiz, buni bilmaydi, deb o‘ylaysizmi, der edi. Nihoyat, bu ko‘zlar juvonning baringa hech qanday shart qo‘ymay, hatto oqibatini ham parvosiga keltirmay, xuddi avvalgidek, u bilan birga bo‘lishga, uning ko‘nglini ovlashga tayyorligidan so‘ylardi. Yevgeniy juvon o‘zini sehrlab olganini angladi, biroq taslim bo‘lishni xohlamadi.
Eski duosi yodiga tushdi, uni pichirlashga kirishdi. Ammo shu ondayoq to‘satdan bu – befoyda ekanini tushunib qoldi.
Evgeniyni ayni damda, juvonni boshqalardan yashirincha qanday qilib uchrashuvga chaqirsam bo‘ladi, degan fikr domiga tortgandi.
– Shu g‘aramni ertaroq tugatsak, yangisiga o‘taveraylikmi yoki ertani kutaylikmi? – deb so‘radi ishboshi.
– Ha, ha, – deya mujmal javob berdi Yevgeniy va juvon ortidan boshoqlar uyib qo‘yilgan joyga qarab ketdi. Juvon yana bir xotin bilan birga kurakda boshoqlarni shu uyumga tomon surib borardi.
“Nahotki o‘zimni qo‘lga ololmasam”, – dedi u o‘ziga o‘zi. – Nahotki adoyi tamom bo‘lgan bo‘lsam. Madad ber, ey Xudoyim! Yo‘q! Hech qanday Xudo yo‘q. Shayton bor, xolos. O‘sha shayton – mana shu juvon! Meni shayton yo‘ldan ozdiryapti. Lekin buni hech xohlamayman, yo‘q, xohlamayman!” U juvonga yaqin bordi-da, cho‘ntagidan revolverni chiqarib, uning yelkasiga birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘qni bo‘shatdi. Juvon qo‘rqib qochdi-yu, boshoqlar uyumiga yuztuban yiqildi.
– Ey Xudoyim, nimasi bu tag‘in, – deya qichqirib yubordi xotinlar.
– Yo‘q, bexosdan emas, ataydan o‘ldirdim uni, – deb bo‘kirdi Yevgeniy ko‘zlari ola-kula bo‘lib. – Mirshabxonaga odam yuboring!
Evgeniy uyga qaytdi-da, xotiniga lom-mim demay, xonasini ichdan qulflab oldi.
– Ket bu yerdan, ket, – deb qichqirdi xotini kelganda eshik ortidan. – Bilasan hali barini.
Bir soatdan keyin u qo‘ng‘iroqni chalib, gumashtasini chaqirdi. Gumashta eshik oldiga kelganda esa unga:
– Borib bil-chi, Stepanida tirikmikan, – deb buyurdi.
Gumashtaga hozirdanoq bari ma’lum edi, shu sabab bir soat oldin joni uzilganini aytib qo‘ya qoldi.
– Juda soz! Endi meni tinch qo‘y. Mirshabxonadan odam kelsa, aytarsan.
Mirshabxonadan odam ertasiga keldi. Yevgeniy xotini va bolasi bilan xayrlashdi, mahbusni qamoqxonaga olib ketishdi.
Evgeniyni sud qilishdi. O‘shanda sud maslahatchilari endigina joriy etilgan edi. Uni ruhiy xastalikka chalingan deb topishdi va cherkovga borib istig‘for keltirishga hukm etishdi, xolos.
Evgeniy qamoqxonada to‘qqiz oy, monastirda bir oy bo‘ldi.
U qamoqxonada aroqqa ruju qo‘ydi, bu odatini monastirda ham tashlamadi, oqibatda uyiga sharti ketib, parti qolgan, aqli ham kirdi-chiqdi bir piyanista bo‘lib qaytdi.
Varvara Alekseevna, bir kunmas-bir kun shunday bo‘lishini ko‘nglim sezgan edi, deb hammani ishontirmoqchi bo‘ldi. U Yevgeniy bilan janjallashib qolgan paytlarida shunga amin bo‘lgan emish. Liza bilan Marya Pavlovnaning esa nega shunday bo‘lganiga hecham aqli yetmasdi. Doktorlarning, Yevgeniy ruhiy xastalikka chalingan, degan gapiga ular zig‘ircha ham ishonmasdi. Chunki ikkovi ham o‘zlari tanigan yuzlab odamlardan ko‘ra Yevgeniy sog‘lomroq fikr yuritishini bilardi.
Darhaqiqat, agar Yevgeniy ruhiy xasta bo‘lsa, unda hamma odamlar ham ruhiy xasta bo‘lib chiqadi. Eng ashaddiy telbalar esa boshqalarda jinnilik alomatlarini ko‘radi-yu, ammo o‘zidayam shunday alomatlar borligini payqamaydi.

Rus tilidan Muhiddin Rahim tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 7-son